730 kun

730 KUN
ILYOS AZIZOV
(UZB)В 80-годы прошлого столетия высшим политическим руководством бывшего СССР, с учетом сложившееся геополитической обстановки было принято решение ввод ограниченного контингента советских войск на территорию ДРА (Демократическая Республика Афганистан, ныне ИЭА (Исламский эмират Афганистан). В этой связи, для исполнения интернационального долга в ДРА в числе других также были направлены узбекские сыновя проходившие действительную военную службу в рядах советской армии.
Книга написана Илёсом Азизовым, проходившим службу связистом в составе советских войск в провинции Гардез Афганистана, основана на собственных воспоминаниях автора, а также на реальных событиях того времени.
Надеемся читатель поймет, что мир и покой это благо, которое человечеству дано всевышним. В то время, когда где-то происходили или идут бессмысленные войны мы должны понимать, что понятие “МИР” очень хрупкий и обязаны научится ценить сегодняшний день подаренный нам сотворителем.

ILYOS AZIZOV
730 KUN

UMRINING HAR BIR KUNI O‘N YILGA
CHO‘ZILGANLAR HAQIDAGI KITOB
Assalomu alaykum, qadrdonim Ilyosxon!
Xotiralaringizni o‘qib chiqdim. Kundaliklaringiz ichida yashadim, ochig‘i, o‘zimning boshimdan o‘tkazgan, ularga aynan o‘xshab ketadigan voqealar girdobiga tushib qoldim. Avvalo shuni aytay, Siz yuborgan zahotingizoq esse-romanni o‘qib chiqqan edim, ha, ishonavering, bir yarim kunda mutolaa qildim. Men asaringiz ichiga “singib” ketdim. Anchagacha Sizga hech narsa demadim. Siz mendan xafa ham bo‘lgandirsiz, ehtimol, biror og‘iz fikr aytish shuncha qiyinmikin, deb.
Mening hayratimni oshirgan narsa, eng avvalo, yozganlaringiz juda ravon va samimiy, yumor va og‘riqlar qorishib ketganligi, badiiy ifodaning ham rangin va yorqinligi edi. Bu mavzuda uncha-muncha yozuvchi shu taxlitda yozolmasligini bilganim uchun ham boshida biroz shubha bilan qaradim. Chunki, “Afg‘on mavzusi”da bilsa-bilmasa u-bu narsa qoralab, odamlarning e’tiborini tortish uchun yolg‘on-yashiqlarni yozib, ketma-ket kitoblar chiqarib, buning ortidan pul va obro‘ topaman, degan aksariyat tumtoqqalam va uyatsiz (uzr, boshqa so‘z topolmadim) kimsalarning qoralamalarini o‘qib, yuzimdan jonim chiqar darajada ter ko‘pchir, uyalib va jirkaniblar ketardim. Chunki, ularning ba’zi to‘qimalaridan ko‘nglim aynir, qo‘ling singur, inson qadri va qalbi bilan shuncha hazillashasanmi, urush haqida yolg‘on yozib bo‘lmaydi-ku, urush eng avvalo Insonning yuragini yaralaydi, o‘chmas jarohat va og‘riq soladi, urushda bo‘lgan odam urushdan qaytib kelmaydi, qaytib kelsa ham urushni o‘zi bilan birga olib keladi, yuragida qamab yashaydi-ku, degan o‘ylar azob beradi.
To‘g‘ri, urushda bo‘lgan odamning hammasi ham urush haqida yozavermaydi, bunga majbur ham emas. Axir, yozish qobiliyati hammaga ham berilmagan. Bu ayb emas. Yozuvchilik yuqmagan ekan, yozmaslik ayb emas, lekin qalam tebratishga iqtidoring bo‘lmasa ham, yozuvchilik yuqmagan bo‘lsa ham, urush mavzusini “o‘yin” qilib yozishing ayb.
Eh-he, ayrimlarni bilaman, urush nimaligini his qilmay, urushni ko‘rmay turib taxlam-taxlam nimarsalarni yozib, o‘zlaricha kitob chiqarishmoqda. Baraka topgur, odamlarni aldama, boshqa yo‘ldan yura qol, bu uyat, urush haqida yozish uchun hech narsani bo‘rttirma, faqat yuragingga quloq sol, o‘zi aytib turadi, yozaverasan, degim keladi.
Shu o‘rinda bir gapni aytay, ulug‘ ustozimiz O‘tkir Hoshimov “Tushda kechgan umrlar” romanini yozguncha yuzlab “afg‘onchi”lar bilan gaplashgandilar. Hatto menga ham romanning qo‘lyozmasini o‘qib chiqishga bergandilar. Asarda tasvirlangan har bir voqea, har bir detal haqida o‘sha yoqda bo‘lib qaytgan jangchilardan qayta-qayta so‘rab, ishonch hosil qilgach, nashrga bergandilar. Shunday ulkan yozuvchi bu mavzuda yozish osonmasligi, urush haqida yozayotib xato qilish urushda xato qilgandan ham yomon ekanligini his qilgandilar. Shuning uchun ham u kishining romani inson qalbi og‘riqlari, urush azoblarini mukammal ifoda etgan asarlar sirasiga kiradi.
Ilyosxon, qadrdonim! Siz bu qo‘lyozmangizni bemalol kitob qiling. Ishonaman, barcha quroldoshlarimizning xotirasida ko‘p voqealar qayta jonlanadi, balki bu biroz og‘riqli kechar. Lekin, afg‘on urushi ishtirokchisi bo‘lgan 18-20 yoshdagi yigitlarning, urushning har bir kunida umri o‘n yilga uzaygan, shu yoshida keksayib qolgan, urushdan qarib-qartayib, bu hayotda tiriklikning o‘zi bir ne’mat ekanligini his qilib qaytgan va bugun ham shunday o‘y bilan yashayotgan qismatdoshlaringizning qalbiga taskin bo‘lsa ne ajab.
Men qo‘lyozmadagi voqea-hodisalarni sharhlab, gapni maydalab o‘tirmadim. Munaqqid emasman, yozuvchiman. Yozuvchi sifatida aytamanki, kitobingiz o‘z o‘quvchisini topadi. Nasib qilsa, uni birinchi bo‘lib o‘zim sotib olaman. Omon bo‘ling!
Hurmat bilan,
Qo‘chqor NORQOBIL


Ushbu kitobni padari buzrukvorim G‘iyos hoji Abduazizxon o‘g‘li xotiralariga hamda ayajonim Sagida hoji Abdulhaq qiziga bag‘ishlayman.
Muallif

730 kun. Afg‘oniston
Muqaddima. Safarbarlik
Alloh tomonidan insonga berilgan eng ulug‘ ne’mat nima ekanligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Yo‘qmi?! Men esa bu haqda bosh qotirib ko‘rganman. To‘g‘rirog‘i, qatnashish qismatimda bitilgan “Afg‘on urushi” deb atalgan mash’um urushda kechgan hayot-mamot orasidagi kunlarimning har daqiqasi menga bu savolni ro‘baru qo‘ygan. Aytsam ishonmassiz, lekin o‘shanda ayni o‘n sakkizdan o‘n to‘qqizga o‘tgan paytlarim edi. Eng ulug‘ ne’mat bu -bizga berilgan HAYOT! Uni qanday yashashimiz,qanday sarf etishimiz esa har birimizning o‘zimizga bog‘liq deb o‘ylayman. Lekin, har doim ham bunday emasday. Hayot so‘qmoqlari gohida bizni o‘zimiz istamagan taraflarga ham chunonam chirpirak qilib olib ketadiki, aql bilan qarasangiz, ular almisoqda bitilgan taqdir yozug‘imiz harflaridagi zeru zabarlari, ilmoqchalari ekanligiga iymon keltirishdan boshqa ilojingiz qolmaydi…
Chirchiq tank poligoni. Ajdodlarimiz asrlar davomida qo‘sh haydab g‘alla ekib, ardoqlab kelgan bepoyon qirliklar. Qudratli mashinalar oyog‘i ostida ezg‘ilanib charchagan, mehribon dehqonini sog‘ingan dala. Oyoq ostidagi bilqillagan tuproqning himoga mahtal zarralari kichik harakatda ham, ona yer faryodi yanglig‘ ko‘kka o‘rlaydi.
Bu yerdagi uch mingga yaqin askarlarning hammasi, sobiq Sovet Ittifoqining barcha hududlaridagi harbiy okruglardan, “afg‘on” urushiga yuborish uchun, Turkiston harbiy okrugiga yordam tariqasida, “K – 20 A” tamg‘asi bilan jo‘natilgan va shu yerda to‘plangan edi. Tartibsiz qurib tashlangan palatkalar shoshma-shosharlik bilan tiklanganmidi yoki afg‘on sharoitiga sal bo‘lsa ham ko‘zimizni qotirish maqsadida maxsus qilinganmidi, aytish qiyin. Noyabr oyi boshlangan bo‘lsa-da kun issiq. Bosh tiqishga-da soya topmoqlikni iloji yo‘q. Ertalabki nonushtaga boramiz, deb yo‘lga chiqib, navbat kutib palatkadan yasalgan oshxonaga yetib borgunimizgacha tushlik vaqti bo‘lib qolar, nonushta va tushlikni bitta qilib qaytib kelib, tuproq ustiga qurilgan palatkamizga kirib olardik. U yerda esa na karavot, na stol-stul bor edi. Faqat quruq yerga tashlangan matras bor edi xolos. Soyalab yotganingda biron bir farosati g‘ovlagan chopib kirsa, ko‘tarilgan changda bo’g‘ilib qolmaslik uchun tashqariga chiqishga majbur bo‘lardik.
Men bu yerda o‘tkazgan to‘qqiz kun mobaynida tartib bo‘lmagan joyda yashash, ishlash va xizmat qilish naqadar qiyinchilik tug‘dirishini his qildim. Chunki bu yerda to‘plangan askarlar o‘zlari bo‘ysunadigan komandirini tanimasdi, agar u haqiqatan ham bor bo‘lsa. Bor bo‘lsa ham faqat “qabul qildim, jo‘natdim“ qabilidagi hisobot yuritish bilan mashg‘ul bo‘lsa ne ajab. Chunki, bu yerdan askarlar Afg‘onistonga har kuni jo‘natilar va har kun yangi kelganlar qabul qilib olinaverardi. Undan tashqari, o‘g‘lining shu yerdaligidan xabar topib, dilbandini bu xatarli “safar”dan olib qolish “yo‘llarini qidirgan” otalar ham ko‘rinib qolardi2ki, farzandini ko‘rish ilinjida tikanli simlar orasidan mo‘ralagancha kun bo‘yi tik oyoqda turishardi.
Ahvol bunaqaligini ko‘rib, vaziyatni tushunib olgandan so‘ng o‘zimiz to‘rt-besh so‘m pul yig‘ib, shaharga tushib yegulik olib keladigan bo‘ldik. Yegulik ham antiqa: faqat buxanka non va baqlajon ikrasi. O‘sha paytda shahar do‘konlaridan topganimiz shu edi.
Xayriyat bizning navbatimiz kelib, qatorlashib kelgan bahaybat “Ural” mashinalariga joylashib, bir soatlar chamasi yo‘l bosib harbiy aerodromga yetib keldik.
Samolyotga chiqyapmiz, taxminan “afg‘on”ga uchishimizni bilib tursam-da, qalbimning tub-tubida “boshqa joyga olib ketishsa edi”, degan xom xayol ham yo‘q emasdi.
–Afg‘onga ketishimiz rostga o‘xshab qoldi, yigitlar, meni bitta irimim bor, -dedi To‘ra, cho‘ntagidan bir dona qurut chiqara turib.
–Mana shuni yarmini bo‘laklab hozir yeymiz, yarmini esa u yoqqa tushgandan so‘ng, -deb yarimta qurutni olti kishiga taqsimlab berdi.
Otasi birrov kelib ko‘rib ketganidan so‘ng g‘alati bo‘lib qolgan Elbek,[1 - Ma’lum sabablarga ko‘ra ayrim qahramonlarning ismi-sharifi o‘zgartirilgan. Har qanday o‘xshashlik mutlaqo tasodifiydir (Muallif).] negadir qurut yeyishni istamadi.Biz beshovlon esa To‘rani og‘ziga termulgancha qo‘limizga tekkan “ulush”imizni shimiy boshladik.
–Shunday qilsak, hammamiz sog‘-salomat vatanimizga qaytamiz, -deb qurutning qolgan qismini qog‘ozga o‘rab cho‘ntagiga soldi.
Samolyot juda haybatli edi. Shu vaqtgacha uch-to‘rt marta fuqaro aviatsiyasiga qarashli bo‘lgan samo kemalarida uchib ko‘rganim uchun bu harbiy desant qo‘shinlarining IL-76 samolyoti ko‘zimga juda qo‘pol ko‘rinardi. Bir qatorda saflanib, samolyotning tushirilgan dumidan yuqoriga navbat bilan chiqishni boshladik. Ism-sharifimizni o‘qigan zobit, aftimizga birrov termuladi-da so‘ng harbiy guvohnomamizni qo‘limizga tutqizib, yelkamizga shapatilab samolyot sari yo‘naltiradi. Navbat Elbekka kelgach, uning hujjatini o‘z qo‘liga emas, boshqa bir zobitga berdi-da, uni o‘zini bosh bilan irg‘ab safdan chetga chiqardi. Trapdan ko‘tarilib samolyot saloniga chiqyapman-u “ha, otasi ishni pishitgan ekan-da, qurut yemagani ham bejizga emas ekan”, degan xayol bilan ortga qaradim. U allaqachon sal narida turgan mashina yoniga yetib borgan, u yerda esa undan boshqa yana uch-to‘rt nafar hammadan “aqlli” yigitlar yig‘ilib turardi.

Do‘st sinasang, safarda sina derlar,
Do‘st uchun zahar yut, begina derlar,
Do‘stga vafo boshing ustina derlar,
Qo‘rqoq yigit yo‘qotgay safdoshini,
Botirlarga tog‘lar egar boshini.[2 - Keltirilgan she’rlar ustoz- shoir Hasan Qurbonov qalamiga mansub.]

Biz qo‘rqqan – Afg‘on. Boshlandi.
Uch yuz chog‘li askarni o‘z bag‘riga olgan uchoq havoga ko‘tarilib, bir yarim soat ham uchmasdan qo‘nishga chog‘lana boshladi va chap tarafga keskin burila turib aylanasiga pastlay boshladi. “Harqalay, Termizga tushyapmiz shekilli” deb xayolimdan o‘tkazdim, lekin pastga tushgach bizni o‘rab olgan, qo‘llarida avtomat ko‘targan askarlarni, atrofimizdagi sarg‘ish tusdagi baland tog‘larni ko‘rib hafsalam pir bo‘ldi: ha, bu joy biz qo‘rqqan ”AFG‘ON” edi!
“Ha, Ilyos, qo‘rqyapsanmi… ” o‘zimga o‘zim savol berdim va atrofimdagilarga zimdan nazar soldim. Ular ham xuddi mendek tushkun kayfiyatda edilar. Oramizda bizdan bir yoshlar chamasi kattaroq bo‘lgan O‘tkir ham chuqur o‘yga tolgan, ko‘zlarini qayoqqa yashirishni bilmasdi. Doimo quvnoq yurguvchi To‘ra ham qandaydir xayollari to‘zg‘in, baland kelbatli Ravshanning qaddi esa, go‘yo bukilib qolgandek edi. Jikkakkina gavdasi tufayli vazni yetmasada, afg‘onga kelishdan bosh tortgan bolani o‘rniga, biz bilan kelib qolgan Husan va baland bo‘yli, vazmin G‘oliblarning ham kayfiyati biznikidan a’lo emasdi.
–Ha polvonlar, jimib qoldilaring, -dedim, ularning kayfiyatini ko‘tarish niyatida. Hamma jim… Qo‘rquvdan tashqari, ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘lgan nohaqlik ham barchamizni karaxt ahvolga solgan edi.
Lekin bizning bu tushkun holatimiz tezda o‘tib ketdi va yoshlarga xos qiziquvchanlik ustunlik qilib atrofni kuzata boshladik.
–Saflaninglar, -kimdir buyruq berganday bo‘ldi, lekin biz saflanib-saflanmay, sudralishib qayta taqsimlash punktiga yetib keldik.
–Uzoqlashmanglar, kechqurun qismlarga jo‘naysizlar, -qisqa berilgan ko‘rsatmadan so‘ng, o‘sha joyning o‘zida yuklarimizga suyanib o‘tirib oldik.
Cho‘ntagidan yarimta qurutni chiqargan To‘ra hech gap-so‘zsiz uni bo‘laklab bizga taqsimlab berdi. U bu irim haqida birovdan eshitganmidi yoki o‘zi o‘ylab topganmidi- biz uchun o‘shanda uning ahamiyati yo‘q edi. Muhimi bizni ko‘nglimiz shu bilan taskin topgani edi. Ovoz chiqarib birortamiz duo qilib biror tilak bildirishni bilmasak-da, lekin hammamiz ham ich-ichimizda “Sog‘-salomat qaytib ketaylik bu yerlardan, ilohim” deb xayolan duo qilganimiz rost.
Atrofni kuzata boshladim: chap taraf baland-past tog‘lar bilan o‘ralgan. Biz turgan joydan janub tarafda katta, biroq ko‘rimsiz shahar yastanib yotardi. Bu Kobul shahri edi.
Shaharning kunbotar tarafidagi katta tepalik e’tiborimni tortdi. Prizma shaklidagi bu ulkan tepalikni yon bag‘irlaridan aholi uy-joy qurib yuqoriga chiqib ketgandi. “Suvni bu balandlikka qanday qilib chiqarib berisharkin?”, qishloq bolasi sifatida, xayolimga kelgan birinchi fikr shu bo‘ldi. Shaharda ko‘p qavatli uylar kam, lekin bizdan shimol tarafdagi tog‘ yon bag‘irlarida o‘nlab shunday uylar qad rostlagan.
–Azizov!
Bu buyruq ohangidagi ovozdan hushyor tortdim.
–Ya, -deb o‘rnimdan turdim.
Qarshimda chiroyli formasi o‘ziga yarashgan desantchi kapitan turardi .
–Ti so mnoy poletish, bud zdes, -dediyu orqasiga burilib ketdi.
–Ilyos, sen desantga tushding, qoyil, -dedi To‘ra ko‘zlari yonib.
Yana bir ofitser biz tomon kela boshladi:
–Rahmatov, Zoidov!
–Ya.
–Ya.
To‘ra bilan O‘tkir sakrab turishdi.
–Vi oboi so mnoyu v Djelalabad, ponyatno?
–Tak tochno!
Ofitser ketgandan so‘ng ular ikkalasi yana joylashib o‘tirib olishdi.
O‘rtaga yana og‘ir sukunat cho‘kib, bir-birimizga horg‘in nigoh-la termula boshladik. Mash’um taqdir biz vatandoshlarni shu tariqa har tarafga sochib, bir-birimizdan ajratayotgandi!
Bu juda og‘ir edi! Chunki besh oy mobaynida ona Vatandan uzoqda, yana qaerda deng, – Sibirda, biz go‘yo bir tanu bir jon bo‘lib bir-birimizga o‘rganib qolgandik. Lekin na iloj, odamzot bundan battariga ham chidaydi.
Shu tariqa unsiz xayrlasha boshladik…
Kech kuzning kunlari qisqa bo‘ladi, haligina tepamizda turgan quyosh zarrin nurlarini so‘ndirgancha tog‘lar ortiga berkindi. Etni junjiktiradigan salqin shabada boshlandi.
Qorong‘ulik tushishi bilan aerodromda jonlanish sezilib, vertolyotlar ovozi eshitila boshladi.
Birinchi bo‘lib qarshilik To‘raev Husan bilan ukrainalik Sergey Sobachkinni G‘azna shahriga, ulardan keyin qamashilik G‘afforov Ravshan bilan kosonlik Pirnazarov G‘oliblarni Bagramga jo‘natishgandan so‘ng, meni chaqirib olishdi.
Kapitan bilan birga yetti kishi MI-8 vertolyotiga chiqdik. Quloqni kar qilgudek varillab o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘algan vertolyot aerodrom ustidan aylanganicha yengilgina ko‘kka ko‘tarildi. Bir necha marta aylanib, ma’lum balandlikka ko‘tarilgandan so‘ng pastda son-sanoqsiz chiroqlari ko‘rinib turgan Kobul shahrini ortda qoldirib noma’lum tarafga uchib ketdik.
Zim-ziyo qorong‘ulik qa’rida bir soatga yaqin uchdik. Vertolyot chap tarafga burilib pastlashni boshlagandagina pastda bir chiziqda qo‘shqator bo‘lib miltillab turgan chiroqlar ko‘rindi. Bu qo‘nish maydonchasi edi!
Vertolyot to‘satdan pastga tomon shunday tezlik bilan sho‘ng‘idiki, azbaroyi butun vujudim bosh qismimda yig‘ilib qolganday bir zum ruhiy holatimni boshqarolmay qoldim. Nihoyat qo‘ndik…
Biz o‘tirgan yuk mashinasi katta chiroqlarini yoqmasdan yarim soatlar chamasi o‘rmalagancha soylikka tushgach to‘xtadi. Bizga joylashish buyurilgan palatkaga kirgach yorug‘likdan ko‘zlarim qamashib ketdi.
Palatka harbiylarga xos tartib-qoidalar bilan mahkam qilib joylashtirilgan, orasiga issiq-sovuqdan himoya qiladigan vositalar joylashtirilib, ularning ustidan oq rangli qattiq mato did bilan qoplangan, qo‘sh qavatli karavotlar ikki tarafdan qatorlashtirib o‘rnatilgan, qirq-ellik askarga mo‘ljallangan xos xona edi. Bizgacha ham bu yerga olib kelingan yosh askarlar anchagina bor ekan. Uxlashga chog‘langan bu yigitlar bizni ko‘rib jonlanib qolishdi.
Yo‘l azobidanmi yoki urush bo‘layotgan joyga kelib qolganligimiz qo‘rquvidanmi, bilmadim, o‘zim tanlab yotgan karavotdagi oppoqqina choyshablar orasiga kirgandan so‘ng ham anchagacha uxlay olmadim. Kim xurrak otgan, kimdir pishillabgina uxlab yotibdi… Mening ko‘zlarimga ham uyqu ina boshladi.
Qancha vaqt uxlaganimni aniq bilmayman. Bir payt atrof yashin chaqnagandek bo‘lib yorishdi-yu, nimadir “povv” etib, palatkamiz ustidan uchib o‘tdi. Avtomat tarillab, uzun-qisqa otishma tovushlari eshitila boshladi. Kimdir “mamochka” deb baqirib, uyg‘onib, o‘tirib oldi. Ozgina jimlikdan so‘ng yana boyagi yorug‘lik va “povv-povv-povv” deb ovoz chiqargancha ustimizdan ketma-ket uchib o‘tayotgan narsalar nimaligini bilamiz deguncha tong yorishib qoldi. Otishma ovozlari tinib atrofga sukunat hukmronlik qila boshladi.
–Podyom!!! Stroitsya na vixod!-buyrug‘idan so‘ng sakrab turib, kiyingancha tashqariga shoshildik.
Tong yorisha boshlagan, atrofdagi bino-yu palatkalar, harbiy texnikalar bemalol ko‘rina boshlagandi . Saflandik. Jami bo‘lib o‘ttiz-o‘ttiz besh chog‘li, biz, yosh askarlardan boshqa hech kim yo‘q edi. Biznikidek palatkalar qator qilib tartib bilan joylashtirilgan torgina uzun soylik dushman ko‘zidan anchagina himoya qilingan, yov hujumidan yaxshi mudofaa qilinadigan tabiiy istehkom edi.
–Rovnyaes! Smirno! Nale-vo! Medlennim shagom, begom marsh!-buyrug‘idan so‘ng ertalabki badantarbiyani boshladik.
“Shu soydan chiqmasdan badantarbiya qilsak kerak” deb o‘yladim. Yo‘q, yanglishgan ekanman, o‘ng tarafdagi qirning ustiga qarab yo‘nalgan dala yo‘lidan yuqorilab katta yalanglikka chiqdik.
Chap tarafimizda baland tog‘lik boshlanib ketgan, o‘ng tarafimizda qirlar tugagan joydan boshlab ko‘z ilg‘agan joygacha yam-yashil vodiy ko‘rinib turardi. Soydan chiqishimiz bilan daraxtzor tarafga yo‘naltirilgan artilleriya qurollarini ko‘rgachgina kechqurun bizni “qo‘rqitgan”, ustimizdan uchib o‘tgan “ajdaho purkagan olovlar” nima ekanligini tushundim. “Grad” reaktiv snaryadlar otish qurilmasi pastlikka qarab to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltirib raketalarini otgan, ular esa bizni palatka tomiga tekkudek balandlikdan, naq ustimizdan uchib o‘tgan ekan.
Yalanglikka chiqqandan so‘ng “endi qaytsak kerak, endi qaytsak kerak” degan o‘y bilan yugurishda davom etdik. Lekin bizni boshlab ketayotgan serjantning parvoyi falak, qaytish haqida unutgandek- bamaylixotir yugurtirardi. “Esi joyidami buni, dushman hozir bizni otib tashlaydiku, bu yer ochiq yalanglik bo‘lsa, yashirinadigan joyning o‘zi bo‘lmasa, qayoqqa olib ketyapti bizni… ” degan savollar miyamda charx urardi.
Keyinchalik vaziyatni, atrofni o‘rganganimdan so‘ng, bu fikrlarimdan, o‘z o‘zimdan uyalib yurdim. Harholda bu yerda dushmanning o‘qotar quroldan otish ehtimoli kam bo‘lsada, reaktiv snaryadlar hujumidan himoyalangan emasdi. Xullas, ikki kilometrlar yugurib, harbiy qism markazi ko‘zga tashlangach, ortga qaytdik va tushunib yetdimki, biz ishonchli qo‘riqlanadigan harbiy qismning bir chetida joylashgan artilleriya divizionida ekanmiz.
Har xil o‘ylar qurshovida o‘tkazgan bu risoladagidek badantarbiya mashg‘uloti men uchun “afg‘on”dagi birinchi va oxirgisi bo‘lishini ham, hali bu yerdan yanada uzoqroqda joylashgan boshqa bo‘linmaga ketishimni ham xayolimga keltirmac edim. Chunki men boradigan joyda bunaqa mashg‘ulotlar o‘tkazishni hatto tasavvur etish ham mushkul edi. Bu haqda esa keyinroq…
Palatkaga qaytganimizdan so‘ng meni Nosir Rahmonov, Stepanyuk va Ivanov degan bolalar bilan (harbiyda shunaqa, askarlarni familiyasi bilan chaqirishadi, ba’zilarining ismini hozirgacha bilmayman) qo‘shib olib ketishdi. Qism markazidan o‘tib, kechqurun biz uchib kelgan vertolyot yonidan o‘tib shahar tomon yo‘naldik. Bu Gardez shahri edi.
Shaharga kirish yo‘lida, shundoqqina mahalliy aholi uylari yaqinidagi shlagbaumga kelgach, uning chap yonida turgan pastqamgina, paxsadan qurilgan imorat yoniga yetib, mashinadan tushdik.
Qiziq, bu yer harbiylar joylashgan maskanga ham o‘xshamasdi. Uch-to‘rtta har xil yumushlar bilan ovora bo‘lib yurgan navbatchi askarlardan boshqa birov ko‘rinmas, tinchgina, zerikarli joyday bo‘lib ko‘rinardi. Lekin bu aldamchi taassurot edi. Bizni o‘z xonalarimizga joylashtirishdi. “Kazarma” deb ataladigan bu imoratda uchta kichik-kichik yotoqxonalar bo‘lib, har biriga o‘n besh-yigirmatadan karavot joylashtirilgan. Birozdan so‘ng yelkalariga avtomat, pulemyot va granatomyotlar osib olgan bir talay askarlar shovqin-suron bilan kelib qolishdi. Ularning qayoqdan kelishganini ham bilmay qoldim. Ular qurollarini kichkinagina, temir panjarali eshiklar o‘rnatilgan, lekin, hech qachon qulflanmaydigan xonaga kiritib qo‘yishdi-da, yuvinib kelishgach, “Stroitsya, na zavtrak” komandasi berilib, biz ham ularga qo‘shilib, tashqariga yo‘naldik.
Lekin safga hamma ham kelib qo‘shilmadi, ayrimlar o‘z kotelog[3 - Kotelok – quyuq-suyuq ovqatlar solib yeyishga, zarurat bo‘lganda esa ostidan olov yoqib taom pishirishga mo‘ljallangan, askarlar o‘zi bilan olib yuradigan qozoncha.]ini ko‘tarib, palatkadan qurilgan oshxona tomon o‘z holicha jo‘navorishdi. Ular xizmatni deyarli o‘tab bo‘lgan “ded”lar (harbiyda hamma askarlar orzu qiladigan shunday “martaba”bor) ekanligini tushundim.
Uch kungacha bizga hech kim ortiqcha gap-so‘z qilmadi. Bu, biz yosh askarlar, ya’ni “dux”lar uchun moslashib, ular bilan kirishib ketishimiz uchun berilgan “srok” edi. Shu muddat ichida ichki tartib-qoidalar, o‘zimizga tegishli hududlar bilan tanishib olish imkoniga ega bo‘ldik.
Bu yer men o‘ylagandek zerikarli, tinch joy yemasdi. Aksincha, harbiy qismga kirish-chiqish uchun mo‘ljallangan asosiy yo‘ldagi KPP (nazorat o‘tkazish joyi) va uning yonboshidagi ikkita artilleriya vzvodlariga biriktirilgan, bir yarim kilometrlar uzunlikdagi hudud, pastqam joyda usti niqoblovchi to‘rlar bilan yopilgan garaj, garajning orqasida esa, toki aerodromgacha bo‘lgan oraliqda joylashgan afg‘on harbiylarining hududi birlashgan gavjum maskan edi.
Oshxonamizning orqa tarafida oltmish metrlar kenglikdagi yantoqzor tugagan joydan ensizgina dala yo‘li o‘tgan bo‘lib, yo‘lning narigi tarafida esa tartibsiz holda paxsadan baland qilib qurilgan mahalliy aholi uylari joylashgandi. Keyinroq bizga bildirishlaricha bu yantoqzor –minalashtirilgan maydon ekan.
Artilleriya vzvodlariga biriktirilgan hudud uzunasiga okoplar qazib birlashtirilgan, ma’lum oraliq masofalarda joylashtirilgan D-30 zambaraklari shunday ustomonlik bilan ko‘zdan pana qilingandiki, ularning uzun stvollari tikanaklar orasidan arang ko‘zga tashlanardi. Okopdan narigi tarafdagi katta maydon tikanzor bo‘lib, u ham minalashtirilgan edi. Bu maydondagi minalar gohida o‘z-o‘zidan portlab qolar yoki signal beruvchi minalar ishga tushib qolardi. Buning asosiy sababi esa, aksar hollarda, turli yovvoyi hayvonlar va daydi itlarning hududga adashib kirib qolganliklari bo‘lardi.
Okoplar boshlangan yerdagi kuzatuv punkti shunday qulay joyda o‘rnatilgan ediki, u yerdan shahar kaftdek ko‘rinib turardi. Bu shahar xuddi o‘rta asrlardagi shaharlarga o‘xshab ketar, qadim qurilgan masjid-u obidalari bilan birga inglizlar mustamlakasi davrida bunyod etilgan zamonaviy binolar ham ko‘zga tashlanar, masjidlarda aytilgan azon, shamol janubdan esganda, baralla eshitilib turar, shahar biqinida joylashgan neft burg‘ularidan chiqadigan g‘alati tovushlar esa ahyon-ahyonda eshitilib qolardi.
Gardez Paktiya viloyatining ma’muriy markazi bo‘lib, uch tarafdan purviqor tog‘lar bilan o‘ralgan, faqat g‘arb tomon pasttekislikdan iborat. Shaharning janubi- sharqiy tarafidagi tog‘ning bir qismi alohida bo‘lib, shunaqangi ajoyib joylashgandiki, u xuddi askarlar pilotkasiga o‘xshardi, nomini ham shundan kelib chiqib “pilotka tog‘i” deb atardik (Pilotka – to‘nkarilgan qayiqni eslatuvchi harbiy bosh kiyimi). U strategik jihatdan atrofni kuzatishda qulayligi uchun ham u yerda bitta vzvod joylashtirilgandi. Uzoqligi besh-olti kilometrlar bo‘lgan bu “nuqta”mizga har oyda bir-ikki marotaba vertolyot bilan askarlar o‘rin almashtirib kelinardi.
Shaharning shimol tomonidagi tog‘ sari yo‘nalgan, dovondan pastga tushgach, to‘g‘ri Kobulga boradigan bir yuz yigirma chaqirimlik , qachonlardir asfaltlangan yo‘l haqida keyinroq to‘xtalib o‘taman. Janub tarafga yo‘nalgan yo‘l janubiy dovonga borib tutashgan. Dovon esa, toki Jadran qabilasi yopib olgunga qadar, Xost okrugi bilan bog‘lab turardi.
Borganimizdan so‘ng uch-to‘rt haftalar o‘tgach, batareya komandiri kapitan Balushkin, bizni kazarmadagi stol-stullar joylashtirilgan, hammamiz “lenkomnata” deb ataydigan xonaga yig‘ib, burgutqarash nigohi bilan har birimizni birma bir “rentgen nuridan o‘tkazgancha” so‘z boshladi:
– Xo‘p, yigitlar, tez kunlarda “Vardak” amaliyotiga chiqamiz, kimlar borishini esa faqat men hal qilaman, -deyishi bilan ko‘pchilik askarlar qo‘l ko‘tarishib“men boraman, men boraman” deb chug‘urlashib qolishdi.
Mening       xayolimda esa hali ham avvalgi qo‘rquv bor: “ Nima bo‘lgan bularga, urushga ham shunchalik qo‘rqmasdan “men boraman” deyishadimi?”
O‘sha paytda ko‘nglimdagi ko‘zlarimda aks etgandir, balki, bilmadim.
Bir muddat jimlikdan so‘ng Balushkin davom etdi:
–Bu gal aloqachi yoshlardan Azizov, Stepanyuk va Ivanovlar borishadi. Kim nimaga qodirligini bilib olaylikchi, a, nima dedinglar? Vzvodlardan kim borishini esa vzvod komandirlari hal qilsin, – deya gapni qisqa qilib chiqib ketdi.
Men, amaliyotga qachon jo‘nashimiz mumkinligini surishtira boshlab, shuni angladimki, uning qachon boshlanishi harbiy sir hisoblanarkan, hamma tayyorgarlik ko‘rib qo‘yishi, bitta buyruq bilan o‘ziga biriktirilgan mashinalarga chiqishi lozim ekan.
Tayyorgarlikni o‘zimcha boshlab yubordim. “Ryukzak desantnika” yoki qisqa qilib “RD” deb ataladigan yo‘l xaltaga kerakli narsalarni yig‘a boshladim: o‘q- dori, granatalar, uch kunlik oziq-ovqat, dori-darmon, sovun-sochiq kabi narsalarning o‘zini joylashtirish uchun bitta emas ikkita RD ham kamlik qilardi. Bulardan tashqari o‘n besh kilolar yuk bosadigan radiostansiya, avtomat, o‘q o‘tkazmaydigan bronejelet hamda ichiga kirib uxlashga mo‘ljallangan xalta (спалный мещок) ham bor edi.
Ularning hammasini joylash, qaysi biridan qancha miqdorda olishni bilish ham tajriba, mahorat talab qilar ekan.
“Ded”larning biridan istihola bilan maslahat so‘radim:
–Kak delat? Chto vzyat?
U juda og‘ir-bosiq, ko‘p janglarni ko‘rganligidan bo‘lsa kerak, ko‘zlari juda ziyrak boqardi.
–Sen, ukajon, ko‘proq oziq-ovqat olgin, -dedi u men yig‘ib qo‘ygan o‘q-dorilarni bir chetga surib qo‘yar ekan, davom etdi:
–Avtomating magazinlarining o‘zida to‘qsonta patron bor, so‘rashtirib lifchik[4 - Lifchik – uch-to‘rt dona o‘qdon sig‘adigan cho‘ntaklari bo‘lgan, ko‘krakka taqib olinadigan, qattiq matodan tikilgan qulay moslama.] topib olsang unga ham uch-to‘rtta o‘qdon o‘qi bilan sig‘adi. Zahiraga yana yuz-ikki yuz dona patron va granatalardan uch-to‘rtta ol, yetadi, chunki o‘q-dorini senga yetkazishadi, o‘ylama, lekin oziq-ovqat masalasi qiyin. (Ammo keyinchalik o‘q-dori yetkazib berish imkoni topilmay qoladigan vaziyatlarga ham tushib qolish mumkinligiga guvoh bo‘ldim.)
U karton qutilarga joylashtirilgan “suxoy payok” deb nomlanuvchi uch kunlik oziq –ovqatlarimni titib, ikkiga ayira boshladi. Har bir qutida mayda-katta konserva bankalarning o‘zidan olti-yetti dona, pechenyega o‘xshatib qadoqlangan non mahsulotlaridan ikki-uch xil va yana men hali nimaligini aniq bilmagan boshqa narsalar ham bor edi.
–Bulardan kaloriyaliklarini ol, yukni ko‘paytirma, -deb bankalardan bir nechtasini olib tashladi.
O‘zini Glazev deb tanishtirgan rus yigiti juda muloyim chiqib qoldi.
–Sen, ukajon, bu yerda o‘lib ketishdan emas, obro‘yingni yo‘qotib qamalib ketishdan qo‘rqqin. Nizom bo‘yicha yasha, komandirlarning ko‘rsatmalaridan chetga chiqma, boylikka qiziqma, hammasi yaxshi bo‘ladi, -deb aytgan so‘zlari hamon quloqlarim ostida jaranglab turadi.
Yoshi deyarli o‘zimga tengdosh bo‘lgan bu yigitning akalarcha bergan nasihatlariga quloq solarkanman, “Nahotki “ded”larning hammasi shunday odamoxun, muloyim bo‘lsa?”– degan savol xayolimga keldi. Lekin keyinchalik besh barmoq barobar emasligiga amin bo‘ldim.
Uch-to‘rt kunlik tayyorgarlikdan so‘ng tongda jangovar texnikalardan iborat kolonna bilan yo‘lga chiqdik. Yuklarimni BMP ning ichiga joylashtirib, “ichkarida o‘tirsa bo‘lmasmikan?” deb o‘yladim-u, lekin boshqa askarlardan o‘rnak olib, uning ustiga chiqib oldim. Va nihoyat qo‘rqinchla intizorlik bilan kutilgan ilk “safar”im boshlandi. Shaharning ichki ko‘chalaridan o‘tib borarkanmiz, atrofga qiziqib boqardim, yo‘l chetidagi tomoshaga chiqqan afg‘on bolalarini va tinch aholi vakillarini kuzatardim. Ularning ayrimlari xayrixohlik bilan boqsa, ayrimlari yuzini burar, ba’zilari esa oshkora nafrat bilan qarab qolardi.
Shahardan chiqib g‘arb tomondagi pasttekislik tomon yo‘naldik. “Zelyonka” deb atalmish daraxtzorlarni chap tarafimizda qoldirib, yalanglikdagi tuproq yo‘ldan ketayapmiz, lekin yo‘limiz sira unmas, kolonna juda sekin yurardi.
Kolonnani o‘z tumshug‘idan to‘rt metrlar oldinda katta va og‘ir g‘ildiraklarini g‘ildiratib ketayotgan tank boshlab boryapti. Yo‘l minalashtirilganligi sababli, u sekin yurib ana shu g‘ildiraklar yordamida avtomashinalar uchun yo‘l ochib boryapti. “Yo‘l ochyapti” degani shuki, mabodo shu izda mina bo‘lsa, u portlab temir g‘ildirakni nari borsa o‘rnidan chiqarib yuborar, keyin esa yana shu g‘ildirakni qayta o‘rnatib, yo‘lda davom etilaverardi. Haydovchilar mashinalarini juda ehtiyotkorlik bilan boshqarib, shu izdan chiqmaslikka harakat qilishardi.
Tushgacha besh chaqirimcha yo‘l bosdik. To‘satdan portlash tovushi eshitildi. Men o‘tirgan BMP dan uchta mashina oldinroqda borayotgan, egiluvchan uzun antennalar bilan jihozlangan, katta komandirlar uchun mo‘ljallangan MTLB (многоцелевой тягач лёгкий бронированный) minaga tushdi. Gumburlash asnosida ko‘tarilgan qop-qora tutundan ham yuqoriroqda, portlash zarbidan otilib ketgan, to‘rt nafar askar havoda muallaq, oyoq-qo‘llarini qimirlatgancha yerga qaytib tushishardi. Bu bir necha soniyalar ichida ro‘y berdi, ammo mening xayolimda juda uzoq cho‘zilgandek bo‘ldi.
Kolonna to‘xtab qoldi. Biz mashinalardan tushar-tushmas, jangga hozirlana boshladik. Lekin yon atrofda xavfdan darak yo‘q edi.
–Fugas ekan, -dedi kimdir yonimdan.
Oldinda ketayotgan tank o‘tganda ham, undan keyingi beshta mashina o‘tganda ham portlamagan fugasli mina nega aynan shu mashina g‘ildiraklariga dosh berolmadi?
Xayolimdan o‘tgan bu savolga javob topish maqsadida yonimdagi askardan sekingina so‘radimu, uning javobidan yuragim orqaga tortib ketdi.
Minani chuqurroq ko‘mib, ustidan yana qisman tuproq tortib, snaryadning bo‘sh gilzasini to‘nkarib shunday moslashtirib qo‘yisharkanki, endi u besh-oltita mashina o‘tmagunicha portlamas ekan. Har qaysi bosib o‘tgan mashina yarim-bir santimetrdan pasaytirib borib, to‘nkarib qo‘yilgan gilzani portlatgichgacha yaqinlashtirib borar, va nihoyat kimningdir chekiga portlatgichni ishga tushirib yuborish to‘g‘ri kelarkan. Bu birinchi taxmin. Komandir mashinasi portlaganini nazarga oladigan bo‘lsak, ikkinchi taxminni ham ilgari surishimiz mumkin. Chetdan kuzatib turib, komandir mashinasi belgilangan joyga kelishi bilan uzoqdan boshqariladigan mina portlatilgan bo‘lishi ham mumkin. Taxminlar bisyor. Qaysi usulda portlatilganidan qat’iy nazar, oqibati ayanchli. MTLB haydovchisi Yura Samsonov halok bo‘ldi, havoga chumchuqdek ko‘tarilib, yerga qurbaqadek kelib urilgan askarlar esa turli jarohatlar olgan bo‘lishsada, har holda tirik qolishgandi. Shundagina men, nega hamma askarlar jangovar mashinalarning saloniga emas, ustiga chiqib olishganini tushundim. Haydovchi uchun esa tanlash imkoni yo‘q edi!
Yura Samsonov o‘zimizning bo‘linmadan edi. Mendan olti oy oldin afg‘onga kelgan bu yigit og‘ir-vazminligi, boshqalar bilan yaxshi muomalada bo‘lishi bilan, hamda o‘z ishining ustasi-mohir haydovchiligi sabab mening xotiramda qolgan.

Ma’no , mantig‘i yo‘q, besar bu urush,
Kim va nima uchun biz tutdik qurol.
Har qadamda xatar, aqling faromush,
Ko‘ngilda ming bitta javobsiz savol.

Bir soatlar davom etgan to‘xtalishdan so‘ng kolonna yana jildi. Endi avvalgidanda sekin yurayotgan kolonna kun botish arafasida yo‘lning chap tomonidagi keng joyga burilib, jangga hozirlanayotganday bo‘linib-bo‘linib joylasha boshladi.
Biz tunash uchun to‘xtagandik. Vzvod komandiri biz joylashmoqchi bo‘lgan hududni piyodalarga qarshi qo‘llanadigan minalardan tozalash maqsadida “Ural” yuk mashinasini bir oldinga, bir orqaga qilib shunday yurdirtirib chiqdiki, mashina g‘ildiragi bosmagan bir qarich ham bo‘sh joy qolmadi. Shunday qilinganda, piyodalarga qarshi mina, mabodo bo‘lsa, hech kimga ziyoni tegmasdan portlaydi. Hududni to‘rt burchagiga belgi qo‘ydirgan vzvod komandiri, hammamizga shu chegaradan chiqmaslikni tayinladi.
Endigina joylashib, o‘zimizni “o‘z uyimizdagidek” his qila boshlagandik hamki, havoda nimadir chiyillab biz tomon uchib kelayotgani eshitildi. Bu artilleriya snaryadining havoni kesib uchganda chiqaradigan ovozi edi.
Ellik qadamcha nariga tushgan snaryad portlab oskolkalari tun qorong‘usida shu qadar chiroyli manzara hosil qilib sochilar ediki, unga mahliyo bo‘lib tikilganimcha Toshkentda bayram oqshomlari otiladigan feyerverklar xayolimdan o‘ta boshladi.
Portlash manzarasi xuddi kino tasmasini sekinlashtirib namoyish qilinayotgandek uzoq davom etayotgandi…
–Lojis, … tvoyu mat!– kimdir yelkamga qattiq urib, meni yerga yotqizib oldi, ustimizdan oskolkalar vizillab uchib o‘tgani qulog‘imga elas-elas eshitildi. Meni “so‘kkan” kim ekan, deb o‘girilib qarab, unga minnatdorchilik bildirgan bo‘ldim (albatta so‘kkani uchun emas). U hayotimni saqlab qolgandi.
-Ti jivoy? Ukrivaysya, tolko nachinaetsya, – degandan so‘nggina esimni yig‘ib oldimu, qurolimni otishga shaylab, o‘zimni yuk mashinasi ostiga “urdim”. Radiostansiyamni ishga tushirib, belgilangan chastotaga qo‘yib, quloq sola boshladim. Bu orada yana ketma-ket snaryadlar uchib kela boshladi.
Qiziq, aslida meni xavotirga solgan urush atrofimda olov sochyapti-yu, lekin, ayni shu damda menda qo‘rquvdan asar ham qolmagandi.
Radioto‘lqinda har xil atamayu nomlar yangray boshladi.
–Chetvyortiy, chetvyortiy, ya perviy, priyom.
Hartugul mening, o‘zimning to‘rtinchi ekanligim, yodimdan chiqmabdi. “Ko‘ch-ko‘ron”imni ko‘targancha, vzvod komandiri yoniga yugura turib javob berdim:
–Ya chetvyortiy, priyom.
–Prinimay koordinati, priyom.
–Yest, primu koordinati, priyom.
–Iks-37040, igrek – 12510, visota- 200, priyom.
Eshitganlarimni yozib oldimu, yozganlarim to‘g‘riligini tekshirish va buyruqni qabul qilib olganimni tasdiqlash maqsadida, aytilgan raqamlarni rus tili talaffuzini ancha-muncha buzib bo‘lsada takrorladim.
–Xorosho, … tvoyu mat. Odin dimovim ogon, priyom.
–Yest, odin dimovim
Vzvod komandiriga buyruqni yetkazishga chog‘langandim, u kerak emas, deb ishora qildi. U allaqachon olingan ma’lumotlarni, mening so‘zlarimdan, yozib olib PUO deb ataladigan dastgohi yordamida o‘lchab, ularni to‘pchilar ishlatadigan raqamlarga aylantirib ulgurgandi.
Xullas, to‘pchilarimiz, o‘zini qaerga tushganini quyuq tutuni bilan bildiradigan “dimovoy snaryad”dan bir donasini jo‘natishdi.
–Chetyortiy, ya perviy, priyom.
–Ya chetvyortiy, priyom.
–Plyus, pyatdesyat, cheteri oskolochnim ogon! Priyom.
Artilleriyachilarimiz, o‘ng tarafga ellik metr sozlab, aytilganlarni jo‘natishdi.
Ustimizga snaryadlar yog‘ilishi to‘xtab, atrof sokinlashib qoldi.
Tunash uchun to‘xtagan joyimizdan, bir oz ham tin olmasdan, jo‘nashga hozirlik ko‘ra boshladik.
Yetmish chaqirimli masofani uch kun yo‘l yurib, bir qancha yo‘qotish-u talafotlar bilan bosib o‘tib, G‘azna shahriga yetib keldik.
Boshimdan o‘tgan voqealarni oradan yillar o‘tgach xotirlab yozarkanman, beixtiyor hozirgi davrimizdagi obodonchilik, farovon hayotimiz bilan taqqoslab ko‘raman.
O‘shanda uch kunda bosib o‘tilgan yo‘lni, hozirda bir soatga ham qolmasdan yurib, yana qanchadan-qancha yumushlarimizni bajarib, tushlikkacha yoki kechga qadar uyimizga qaytib kelishlarimiz – bular hammasi tinchlik ne’mati ekanligiga yuz karra amin bo‘lib, shukronalar aytaman…

Qo‘riqlovchi farishta
G‘aznada joylashgan harbiy qism tashqarisidan, kirish darvozasining yonginasidagi yantoqzordan, bizga joylashishimiz uchun maydon ajratildi. Aftidan, biz kechikib kelganligimiz sababli qism ichkarisidan joy topib bera olishmagan.
Ko‘rsatilgan maydondan bizning batareyamiz uchun ajratilgan joyni komandirimiz buyrug‘iga ko‘ra, yuk mashinasi bilan bir-ikki bostirib chiqqandan so‘ng, joylashib oldik. Yengillashib kelish maqsadida pana joy izlab, “razvedka” qila boshladim. Yigirma-o‘ttiz qadamlar narida tikanli sim tortilgan, uning narigi tarafida harbiy qism zambaraklarining biz tomonga yo‘naltirilgan stvollari yurakka vahima solib ko‘rinib turardi. Tikanzorni oralab, qulay joy izlagan ko‘yi o‘n-o‘n besh qadam yurdim. Menga ovloqroq ko‘ringan, atrofi tikanaklar bilan to‘silgan chuqurlikka ko‘zim tushdi. Chuqurlikka tomon hali bir qadam ham qo‘yib ulgurmasimdan “To‘xta, u yoqqa borma”, -deb sof o‘zbek tilida aytilgan ovoz meni to‘xtatib qo‘ydi. Kimdir menga hazillashayapti shekilli, degan o‘yda, atrofga alanglab hech kimni ko‘rmadim, shunday bo‘lsa-da “qulay joy”dan voz kechib, chap tarafga uch-to‘rt qadam yurib joylashib o‘tirdim…
Bir-ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas quloqlar tom bitgudek qattiq gumburlash eshitilib, ustimdan kimdir chelaklab tuproq sochayotgandek bo‘ldi. Bir muddat hech narsani eshitmagan ko‘yi o‘ylay boshladim: “Zambaraklarni ham shu paytda otishadimi, a, zang‘arlar? Yo‘q, shoshma, zambaraklardan biznikilar otishgan bo‘lsa, unda ustimga tuproq qayoqdan sochildi?! Yo‘q, hoynahoy bu dushman snaryadidir…?” Shu kabi javobsiz savollar tinimsiz miyamda charx urar, lekin jo‘yali bir to‘xtamga kelolmasdim. Qancha muddat shu holatda o‘tirdim – bir daqiqami yoki bir necha soniyami, buni ham bilmayman.
Boshqa portlash bo‘lmadi, chang bosilib, atrof ko‘rina boshlagach, qulog‘imga qanaqadir ovozlar elas-elas eshitila boshladi. Ammo bu ovozlar ichidan faqat “mama, mamochka” degan so‘zlargina boshqalariga nisbatan aniqroq va balandroq eshitilardi.
Ust-boshimni qoqqancha o‘rnimdan turdim. Safdoshlarim bezovta, sarosimaga tushib qolishgan, hammasi negadir men tomonga qarab turardi.
–To‘xta, joyingdan qimirlama! –uzoqdan menga berilgan ko‘rsatmani bajarishdan o‘zga ilojim yo‘q edi.
Atrofga alangladim, zambaraklar yonida hech kim ko‘rinmas, ular otishmagani aniq; qiziq, bu nima edi?
Shunda… Yonginamdagi boyagi “qulay joy” o‘rnida hosil bo‘lgan o‘raga ko‘zim tushdi. Undan sal narida qonga belangancha bir askar dodlab yotardi. Uning ahvolini tasvirlashga tilim ojiz…
Nahotki… U askar minaga tushgan bo‘lsa? Menga nima sababdan “ajal og‘zi”dan chiqib kelayotgan odamga qaragandek hayratlanib boqishganini, joyimdan qimirlamaslik haqida ko‘rsatma berishganini va qay vajdan dodlab yotgan askarga yordam berish uchun, uning oldiga kela olmayotganliklarini tushunganday bo‘ldim: men minalashtirilgan maydonning qoq markazida edim!
Sapyorlar kelib atrofni “tozalagan”laridan so‘nggina shok holatida tinchib qolgan yaradorni olib chiqishdi. Piyodalarga qarshi qo‘llanadigan minalar ma’lum bir sxemadan foydalanib, uch donadan qo‘yilarkan. Yigit o‘zimiznikilar ancha yillar oldin qo‘ygan minaga tushgan edi.
Bizga “qo‘nishga” joy ajratgan mutasaddi boshliqlar nahotki shundan bexabar bo‘lishsa? Shunchalik ham loqaydlik, shunchalik ham inson taqdiriga befarqlik bo‘ladimi? Dushmanlar tomonidan yetkazilayotgan talafotlar kammidi?
Minaga tushgan askar sal o‘tmay halok bo‘ldi. Men esa, o‘limga tik borib, bir qadam qolganda burilib, Allohning inoyati ila chap bergandim. Shundan so‘nggina boyagina quloqlarim ostida yangragan so‘zlar ichki ovoz ekanligini angladim va doimo unga quloq solib yurishga odatlandim…

Yo‘q emish yigitga o‘lim, o‘zin tig‘ga tutarmish,
Umr kosang to‘kilmas, to‘lmasa, chil-chil sinmasa.
Peshonada bitilganin inson ko‘rib o‘tarmish,
Ajal ham qochqilar sendan, agar Alloh asrasa.

Bir kecha tunab, ertasi kuni Vardak viloyati tomon yo‘lga tushdik. G‘aznada to‘plangan o‘nlab harbiy qismlar armiya miqyosidagi amaliyotga qatnashish uchun navbati bilan kolonnadan o‘z o‘rnini egallagan.
Biz Kobul – Qandahor yo‘nalishidagi katta yo‘lga chiqib, Kobul tomonga bir soatlar chamasi yurgandan so‘ng chap tarafdagi dara orqali yo‘limizda davom etdik.
Ajoyib manzara: atrof yam-yashil daraxtzor, yo‘lning chap tarafidan suvlarini toshlar uzra sharqiratib kichik daryo oqmoqda, undan naryog‘ida esa tik qoyalar boshlangan, yo‘lning kengaygan qismlarida esa yakka-yakka paxsadan qurilgan uylar uchrab turardi.
Dara kengaygan joydagi qishloqdan o‘tiboq qulay hududda joylashdik. To‘pchilarimiz buyruqdan so‘ng gaubitsalarni jangovar holatga keltirishdi, razvedkachilarimiz o‘ng tarafdagi tog‘ tomon, qoyalar oralab, o‘rmalagancha chiqib ketishdi.
Bu orada zampolit[5 - Zampolit- rota (batareya) komandirining siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari] qishloqdagi uylarga, savdo do‘konlariga kirmaslikni, bunday holat yuzaga kelgan taqdirda “maradyorstvo” statyasi mavjudligi, o‘zbekchasiga aytganda “talonchilik” qilish mumkin emasligi, bundan tashqari har qaysi uy yoki savdo do‘koni minalashtirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirib, boshimizni “qotira” boshladi.
Qishloqda biror tirik jon qolmagan, hammalari o‘z uylarini tashlab, tog‘ tomon qochib ketishgandi. Darchayu eshiklarga katta-kichik yarqiroq qulflar o‘rnatilgan, bu esa talonchilarni qaytarishdan ko‘ra, ko‘proq o‘ziga jalb qilardi.
O‘n sakkiz- yigirma yoshli, kuch-g‘ayrati ichiga sig‘magan, hatto joni ko‘ziga ko‘rinmagan yigitchalarning ayrimlari uchun zampolitning gaplari bir qulog‘idan kirib, ikkinchisidan chiqib ketgan, shekilli, payt poylab do‘konni o‘marib kelganlar ham bo‘ldi. Lekin “ko‘za kunda emas, kunida sinadi” degan naql bejiz aytilmagan. Vova degan yigit do‘kon eshigini ochib, ichkariga kirganda ishga tushadigan qilib moslab qo‘yilgan granata portlashi oqibatida halok bo‘ldi. Shundan keyingina “talonchi”larning sal bo‘lsa ham “popugi” pasayib qoldi.
Sakkiz kun davom etgan amaliyot davomida, har kuni yangi-yangi koordinatalarni qabul qilardim, besh xonali sonlardan iborat bo‘lgan “iks”, “igrek”lar qulog‘im ostida yangrar, hisob-kitoblar yakunida esa to‘pchilarimiz gumburlatib, tog‘ oralatib otishar, “ajal urug‘i”ni tashuvchi snaryadlari qayoqqa borib tushayotganligini, hatto tasavvur ham etishmasdi. Gohida qiziqib raqamlarni xaritaga solib ko‘rardim, ahyon-ahyonda esa bu nuqtalar tog‘lar orasida joylashgan qishloqlar ustida birlashardi. U yerlarda qanday dahshatli voqealar sodir bo‘layotganini tasavvur eta olsamda, lekin haqiqiy holatni bundan keyingi janglarda,razvedkachilar bilan toqqa chiqqanda, ko‘rdim.
Vardak amaliyotidan o‘z jonajon qismimizga qaytgandan so‘nggina men, askarlarning qo‘rqmasdan “men boray, men boray” deb jangga otlanishlarining sababini tushunganday bo‘ldim: qismda qolib janglarga bormaganlarga nisbatan amaliyotga borganlarning “obro‘”si bir pog‘ona balandroq turarkan, shekilli, xo‘jalik ishlariga bizni umuman jalb qilishmasdi. Faqatgina tungi qorovullikka har oqshom tonggacha turardik. Shu sabab nonushtadan so‘ng tushlik vaqtigacha uxlab, undan so‘ng yana tunggi navbatchilikka tayyorgarlikni boshlab yuborardik.
Janglarga bormaydiganlar esa buni qismat deb qabul qilishgandek doim bizning xizmatimizda bo‘lishardi. “Xizmat” deganda to‘g‘ri tushunasiz deb umid qilaman, ya’ni oziq-ovqat bilan ta’minlash, nonushta, tushlik va kechki ovqatlarni tayyorlash, kazarma va tashqi hududlarni tozalash kabi xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanishardi.
Albatta, kiyim-kechagini hamma o‘zi yuvardi, bu esa birinchi navbatda ularni qaynatishdan boshlanardi. Kiyimlarni      qaynatish nima uchun kerak, deb qiziqayotgan bo‘lsangiz, aytaman: bu, bizning doimiy mehmonlarimiz bo‘lmish- bitlarni o‘ldirish uchun o‘tkaziladigan majburiy tadbir edi. Jang maydonidagi yashash sharoitlarining og‘irligi va u yerlarda sanitariya ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish imkoniyati bo‘lmaganligi sababli askarlar o‘zlari bilan “ergashtirib” kelgan jonivorlar kazarmalarda yaxshi joylashib, moslashib olishgan ediki, bu to‘shaklarda bir kecha tunagan odam borki, biz bilan bir xil holatga tushar edi.
To‘shaklarni ulardan xalos qila olishmaganligi sababli askarlar antiqa usul o‘ylab topishgandiki, unga hammamiz so‘zsiz amal qilardik. Bu usul – oddiygina, to‘shakka kirishdan avval kiyimlarimizning hammasini yechib, onadan tug‘ilganday yalang‘och bo‘lib o‘z joyimizga “sho‘ng‘ib” ketardik. Uxlab turganimizdan so‘ng esa, badanimizni qoqilab, ustimizga ilashib qolganlarini tushirib tashlab, yana kiyimlarimizni kiyib ketaverardik.
Tungi qorovullikdan qaytgandan so‘ng xuddi shu usulda uxlab yotganimizda kazarmamizni tekshirish uchun kelgan general yotoqxonamizga kirib kelgan holatni ko‘z oldingizga keltiring. Hamma charchagan ko‘yi qattiq uyquga ketgan va tabiiyki, kimlarningdir usti ochilib qolgan…
Bu holat haqidagi xabar armiya shtabiga yetib bordi. Nima emish, ustav bo‘yicha mumkin emasmish. Lekin bizning, o‘z yashash sharoitimizdan kelib chiqqan o‘z qonun-qoidalarimiz bor ediki, biz ularga toki “dembel” [6 - Dembel –Demobilizatsiya so‘zidan olingan harbiy jargon. Harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar safidan urush (harbiy muddatli xizmat) yakunidan so‘ng zahiraga bo‘shatilishi.] gacha sodiq qoldik…

“Plats”dagi lolalar
Qish kirib qalin qor yog‘di. “Afg‘onistonda qor yog‘adi”, desa, ko‘pchilik, hatto, afg‘onning boshqa hududlarida bo‘lganlar ham, ishonishmaydi, ba’zida. Lekin bu rost. Gardez shahri dengiz sathidan ikki yarim kilometr balandlikda joylashgan. Shu sababdan qishi-ku sovuq, yoz oylari ham kunduz kunlari issiq, jazirama bo‘lsa ham, kechasi salqin bo‘lardi. Yozda tungi qorovullikka turganimizda qalin kiyim – bushlat[7 - Bushlat-harbiylarning qalin ustki kiyimi, kurtka] kiyardik. Bahor kelishi bilan esa hamma yoqda lolalar, ha-ha, haqiqiy tog‘ lolalari ochilardi. Faqat qizil emas, sap-sariq rangda bo‘lardi ular. Ularni hatto qismimiz saf maydoni, ya’ni platsda ham ko‘rganman .
“Platsda ham lola ochiladi”, degan gap ham kimlargadir kulguli tuyulishi mumkin, lekin bu ham rost. Chunki plats asfaltlanmagan, tekislab olingan oddiy qumloq joy edi-da.
Plats to‘g‘risida so‘z ketganda, yana bir katta kamchiligimiz haqida ham aytib o‘tsam. Bu – biz afg‘onda yo‘l qo‘yganimiz, juda katta isrofgarchiligimiz xususida: platsda ko‘zni yumib yerni paypaslab izlasangiz ham (bu lof emas) hech bo‘lmasa bir dona patron topishingiz mumkin edi. Oddiy gilza emas, haqiqiy jangovar patron! Endi platsdaki ahvol shu bo‘lsa, chekka joylarda va axlatxonalarda vaziyat qandayligini tasavvur qilib olavering.
Postda turganimizda ham avtomatlarimiz o‘qdonini to‘ldirish maqsadida jangovar o‘qlar saqlanadigan maxsus qutini ochib, ichidagi ikkita germetik yopilgan qutilardan birini olib, qopqog‘ini bir azobda ochgach, undan ishlatganimiz to‘rt-besh qadoq (qog‘oz o‘ram)dagi patron bo‘lar, qolgani esa xuddi “sarqit”day tashlab yuborilardi. Shu sababli qismimiz axlatxonasida har xil o‘q-dorilar – jangovar patrondan tortib, reaktiv snaryadlargacha to‘lib-toshib yotardi. Endi, qaerdaki axlatxona bo‘lsa, o‘sha yerda yong‘in bo‘lib turishini ham bilamiz. Bunda axlatxona haqiqiy jang maydoniga aylanib ketardi. U yerga bir necha yuz metrgacha yaqinlashish – hayot uchun xavfli edi. O‘t olib havoga ko‘tarilgan reaktiv snaryadi qism markaziga kelib tushgan holatlar ham bo‘lgan.
Bular yo‘l qo‘yilgan “isrofgarchilik”larning kichikkina bir qismi, xolos. Harbiy amaliyotlar vaqtida chiqitga chiqadigan harbiy mashinalar-u jangovar texnikalar, vertolyot-u samolyotlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Bularni yozishimdan asosiy maqsad, isrofgarchiliklar natijasida axlatga tashlanib yong‘in oqibatida otilgan har bir jangovar o‘q yoki snaryadlarning o‘tkir tig‘li parchalari bir yoki bir necha jonga qasd qilishi mumkinligini fikr qilsak, Afg‘on urushidagi holat bebosh va besaranjomligi bilan, inson qadrini, yosh yigitlar umrini bir chaqaga qimmat qilib qo‘ygan, mash’um kunlarni opichlagan dahshatning o‘zi edi.

Sevgi mojarosi
Bahor kelib kunlar ancha isigan vaqtda, Jalolobod atrofida o‘tkazilishi mo‘ljallangan, “Qoratog‘” amaliyotiga borishimiz aniq bo‘lib qoldi. Balushkin yig‘ilish o‘tkazib, kimlar borishini aniqlamoqchi bo‘lganda, endi men ham “ men boray, men boray”chilar qatoriga qo‘shilib bo‘lgandim. G‘azna, Vardakdagi harbiy harakatlar chog‘ida aloqada rus tili talaffuzini buzib so‘zlagan bo‘lsam-da, men komandirlarning talablariga mos kelib, ularning “o‘z” odamlariga aylanib ulgurdim, shekilli, keyingi janglardan birortasini ham qoldirmasdan, to “dembel”gacha amaliyotga boradiganlar ro‘yxatining eng boshida turardim.
Birinchi amaliyotimizga men bilan birga borgan Stepanyuk va Ivanov degan rus yigitlari aloqada menchalik muloqot qilisholmadimi yoki ularda jangovar ruh yetishmadimi, bilmadim, lekin, ularning ham birinchi, ham oxirgi qatnashgan amaliyotlari shu bo‘ldi. Qaysi holat bo‘lganda ham ularning “dembel”gacha pol va kosa-tovoq yuvganligi rost, ungacha esa ota-onasining erkatoy, tantiq o‘g‘illari bo‘lgani aniq.
Gardezning shimol qismidagi tog‘ tomon tutashib ketgan adirliklar oralab, bir zamonlar asfalt qoplamali bo‘lgan xaroba yo‘ldan ketyapmiz. Dovondan oshib o‘tishda chog‘roq ko‘ringan tog‘ tepasiga ikki yuz metrlar ko‘tarilgandan so‘ng pastlikka ena boshladik. Chuqur jarlikda, biqinida qizil yulduz yarqirab turgan, dushmanlar urib tushirgan vertolyot qoldig‘i ko‘rindi. Bu vertolyotga o‘z harbiy xizmat muddatini o‘tab, uyiga qaytayotgan o‘n nafar askar yigitlar bo‘lganligini va ular dushman “Stenger” raketasi yordamida urib tushirilganligini “ded”lardan eshitgandim.
Dovonning narigi tarafidagi juda tik qoyalar oralab bir kilometrdan ziyodroq pastladik va tekis yo‘lga tushib oldik. Ortimizda qolayotgan tog‘dan qanchalik uzoqlashsak, u shunchalik haybatliroq tuyulib, bizni quvib kelayotgandek ko‘rinardi. Shundagina men Gardez shahri joylashgan, tog‘lar orasidagi ulkan yalanglik qanchalik balandlikda ekanligini tasavvur qildim.
Biz brigadamizga qarashli batalyon joylashgan Baraki qishlog‘idan o‘tganimizdan so‘ng, o‘ng tarafda uzunasiga qishloqlar joylashgan xavfli hudud – “zelyonka” boshlandi. Biz o‘tadigan yo‘l esa “zelyonka”dan anchagina balandlikda shunday joylashgandiki, u yoqdagilar uchun bizning mashinalar xuddi “tir”da harakatlanayotgan nishonning o‘zginasi edi.
Ular bizni o‘qqa tuta boshlashdi. Daraxtzorning har-har joyida o‘zidan chaqnashlar chiqarib, biz tomon snaryadlar uchib kela boshladi. Kolonnamiz tezligi yanada oshirildi. Reja bo‘yicha bu yerdan katta tezlikda o‘tib ketish nazarda tutilgandi. “Hech kim o‘t ochmasin”, degan buyruqqa amal qilgan holda, qurollarimizni quchoqlagancha, BMP lar ustida bir-birimizga qapishib olgandik. Chap tarafimizda esa ustma-ust qalashtirib tashlangan metallolom uyumlari ko‘zga tashlandi. Bu olti yil davomida shu yerdan qatnagan kolonnalardan qolgan, hamma turdagi jangovar mashinalarning ushbu “tir”dan o‘tish nasib qilmagan, kuyib ketgan qoldiqlari edi. Ularning katta qismi yuk mashinalari – Ural va Kamaz rusumli harbiy texnikalar edi. Shu yerdan o‘tishda kolonnalar yakson qilinavergan va yana yo‘lni ochish uchun ularni chetga surib tashlayverishgan. Shu tariqa ulkan temir-tersak chiqindilari “tog‘”i – mashinalar “qabristoni”hosil bo‘lgandiki, uning eni uch yuz metrdan ortiq, uzunligi esa bir necha kilometrlargacha cho‘zilgandi. Shu sababli, yillar davomida to‘plangan tajribalarga tayanib, bu “tir”dan katta tezlikda “qochib o‘tish” samara berardi.
Qancha mashina izdan chiqdi, bilmadim, lekin biz sekinlashmasdan yo‘limizda davom etdik. Yo‘lda qolganlarni ortdan kelayotgan tankchilar yig‘ib kelishdi. Metall tog‘ining o‘sishiga o‘z “hissa”mizni qo‘shgancha, bir yuz yigirma chaqirimli masofani bosib o‘tib, Kobul shahriga yetib keldik.
Kobul shahri, poytaxt bo‘lganligi sababli, qattiq qo‘riqlanar va boshqa joylarga nisbatan tinchroq edi. Shaharning shimoliy qismida, tog‘ yon bag‘irlarida qurilgan ko‘p qavatli binolarga yetmasdan, katta yalanglikda to‘xtadik. Jalolobodda o‘tkazilishi mo‘ljallangan harbiy harakatlar armiya miqyosida bo‘lib, u yoqqa borishi mo‘ljallangan harbiy qismlar shu yerda to‘planishi lozim edi. Shu sababdan bu yerda uch kecha-kunduz turib qoldik.
Stvollari yuqoriga yo‘naltirib qo‘yilgan BMP lar qator qilib shimol tomonga, ya’ni tog‘ yonbag‘ridagi Afg‘oniston hukumati harbiylariga tegishli bo‘lgan ko‘p qavatli turar joy binolariga qaratib qo‘yilgan. Bunga sabab, u tarafdan biror xavf kutilayotganligida emas, balki butunlay tasodifiy holat edi.
Harbiylarda bir yaxshi “odat” bor, hech kim bo‘sh, bekor o‘tirishi mumkin emas. Ya’ni bo‘sh vaqting bo‘ldimi, yo qurolingni tozalaysan, yo mashinangga texnik qarov o‘tkazasan, yo kiyim yuvasan, yoki o‘zingga qaraysan. Xullas, ish ko‘p, hech ham ish topolmasang, uydagilarga xat yozasan…
Shunday “bekorchi” BMP ekipaji texnik qarov o‘tkazayotgan bir paytda, ( bu qanday ro‘y berganini bilmadim) bir juft snaryad o‘z-o‘zidan ketma-ket otilib ketdi: “bum-bum”. Hammamiz “endi nima bo‘ladi?” deb afg‘on harbiylariga tegishli turar joy binolari tomon tikilib qoldik. “Ana, hozir borib tegadi, mana tegadi” degan hadik bilan qarab turibmiz. “Tegsa nima bo‘ladi? Tushunmovchilik bo‘lib ular ham bizga qarab otsa-chi?”– degan o‘y-xayollar barchamizni bezovta qilgani rost. Harqalay, snaryadlar bino ustidan uchib o‘tib, orqa tarafidagi qirlikka tushib portladi.
O‘zi aslida BMP pushkasi stvoli to‘g‘riga tushirilgan holatda turishi kerak, lekin sal avvalroq qaysi bir qism askarlari joylashgan kolonna to‘xtab, mashinalar ketma-ket yig‘ilib turgan joyida pushka o‘z-o‘zidan bir juft snaryad otib qo‘yib, oldingi BMP ning ustida o‘tirgan askarning boshini yulib ketganligi sababli, ehtiyot tariqasida, stvollarni ko‘tarib yurish buyurilgandi. Mana endi xuddi shunday holat ikkinchi marta takrorlanishi, harqalay bu safar betalafot bo‘ldi.
Pushkani otish mexanizmi elektr toki bilan ishlarkan, balki qandaydir nuqsoni bo‘lgandir, qisqa tutashuv bo‘lganda otilib ketgandir yoki kimningdir xatosi bilan yuz bergandir, bilmadim, lekin bu holat mutaxassislar tomonidan o‘rganib chiqilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. U yerda buning uchun vaqt ham, e’tibor ham yetarli bo‘lmagan. Bu holat yuqoridagilarga balki umuman bildirilmagandir, gap-so‘zga qolishlaridan qo‘rqib, yashirilgandir. (Bunaqa holatlar u paytlarda oddiy hol edi-ku!)
Ertasi kuni kechga yaqin yonimga Valeriy Purgin kelib, meni aloqachi bo‘lganligim sabab komandirlar yonida ko‘proq bo‘lishimdan, maxfiy hisoblangan ma’lumotlardan xabardor bo‘lishim mumkinligidan umidvor bo‘lib, bu yerdan Jalolobodga qachon jo‘nab ketishimiz mumkinligini so‘radi.
–Xabarim yo‘q, Valeriy, qachon jo‘nab ketishimiz noma’lum. Bu senga nega kerak bo‘lib qoldi, damingni olib yotaver. Buyruq bo‘lgandan jo‘nayveramiz, – dedim sovuqqonlarcha.
–Ilya, (meni ismimni o‘zlariga o‘ng‘ay qilib o‘zgartirib, shunday deb chaqirishardi) men senga Valentina haqida gapirib bergandim, yodingdami?
–Ha, albatta.
–Uning yoniga borishim kerak. Harbiy gospitalda hamshira bo‘lib ishlaydi.
–Esing joyidami?! Sen jo‘nading ham deylik, ketishing bilan yo‘lga tushishimiz haqida buyruq kelsa-chi, unda qanday qiyin ahvolga tushib qolishingni bilasanmi?
–Bilaman, dezirtirlik hisoblanadi. Lekin ilojim yo‘q, bormasam bo‘lmaydi. Xudo haqqi, yordam ber, Ilya, -dedi ko‘zlari iltijoli boqib.
Valeriy bilan sirdosh edik. U ko‘nglidagini ochiqchasiga gapiradigan,
so‘zamolligi bilan ajralib turadigan, hech narsadan hayiqmaydigan, chapdast yigit edi. O‘zidan yosh jihatdan anchagina katta bo‘lgan Valentina bilan munosabatlarini ko‘p bora so‘zlab bergan, uning xatlarini-da tortinmasdan o‘qib bergandi. Kobulga yo‘li tushdimi, ilojini topib u bilan ko‘rishib ketardi. Ularning bu munosabatlari, sevgi yosh tanlamasligiga yorqin misol edi.
“Har qanday holatda ham u hozir uning yoniga jo‘navoradi. U yoqqa ketib kolonnadan qolib ketsa-chi?”-o‘ylay boshladim. Uning iltijoli ko‘zlariga boqdim. “Yo‘q, yordam bermasam bo‘lmaydi”.
–Yaxshi, Valera, bunday qilamiz.
U xursand bo‘lib menga yanada yaqinroq surilib o‘tirdi.
–Senga kichik ratsiyamni beraman, kattasi bu yerda qoladi. Lekin men uxlamoqchiman, sen uchun navbatchilik qilish niyatim yo‘q . Senga, sen qaytib kelguningcha aloqada bo‘lib turishi kerak bo‘lgan, ratsiyani tushunadigan biror askar kerak bo‘ladi.
Aytar so‘zlarim tugamasdan, “Men hozir”, -degancha sakrab turib chiqib ketgan Valeriy, zum o‘tmay, kim nima ish buyursa, og‘rinmay bajarib yuradigan, bo‘shang yosh askar Petrovni boshlab keldi.
“Boshqa odam qurib qolganmidi?” degan ma’noda tikilganimda, u yelka qisib qo‘ya qoldi.
Men ikkala ratsiyani ham bitta to‘lqinga sozlab, kichigini Valeriyning qo‘liga topshirgancha, unga tushuntira boshladim:
–Sen “Turist”, Petrov esa “Gid”. Tag‘in aloqada ismi-sharifingizni aytib yurmang. Yo‘lga tushishimiz aniq bo‘lgach aloqada faqat “Turist, orqaga qayt”degan so‘zlarni aytasan, tushundingmi, Petrov?
U boshini qimirlatgan ko‘yi, tushunganligini bildirdi.
–Shundan keyin, Valera, seni bir soat vaqting bo‘ladi.
–Tushundim, Ilya, senga rahmat, unutmayman, -deb ratsiyani qo‘yniga yashirganicha, shoshilib chiqib ketdi.
Petrovga yana bir marta uning “vazifasi” naqadar mas’uliyatli ekanligini tushuntirib, ratsiyadan foydalanish qoidalarini uqtirib, rosa qulog‘iga quyganimdan so‘nggina, unga “post ”ni topshirib, uxlashga yotdim…
Saharda uyg‘onib tashqariga chiqiboq, palatkamiz yonida terlab-pishib, changga botganicha o‘ra qaziyotgan Petrovga ko‘zim tushdi. O‘ra bir odam bo‘yi chuqurligida qazilgan bo‘lsa ham, u hansiragancha tuproqni boshi uzra uloqtirib, tinimsiz ishlardi.
“Hay-hay”lab to‘xtatib uni tergay boshladim.
–Senga nima bo‘ldi, esingni yedingmi? Bu o‘ra senga nega kerak? Kim buyurdi senga?
U savollarimga javob berib ulgurmasdan qo‘shni palatkadan yugurganicha Valeriy chiqib keldi.
–Qo‘yaver, kovlayversin. U bunga xizmat qilib erishdi. Meni ustimdan kulmoqchi bo‘lib, aldaganni jazosi – shu.
Nima voqea bo‘lganini sal-pal tushunganday bo‘ldim-u, lekin surishtirib o‘tirishga vaqt yo‘q. Chunki bu gaplar komandirning qulog‘iga yetsa bormi, men ham baloga qolishim aniq.
–Petrov, qo‘lingni ber, -deya uni chuqurdan chiqarib oldim va qo‘shimcha qildim:
–Tezda ko‘mib tashla o‘rani.
U ikkilanganicha, qo‘rqa-pisa, bir menga, bir Valeriyga qarab-qarab o‘rani ko‘ma boshladi.
–Meni qiyin ahvolga tushirib qo‘yishing mumkin edi, Valera, ha aytgancha, qani apparatlar?
Ratsiyalarni keltirib bergach, savolomuz nigohimdan ko‘zini olib qochgancha tushuntira boshladi:
–Ilya, bilasan, Valentinani sevaman. Uyga qaytgach albatta unga uylanaman. Bormasam bo‘lmasdi.
–Tushunaman, lekin o‘ra nima uchun?
–Meni kechir, jahlimni jilovlay olmadim, – deya bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi.
Kobulning ichkari qismida joylashgan gospitalgacha bu yerdan anchagina yo‘l bosib o‘tishga, bir qismini esa mahalliy aholi turar joylari oralab o‘tishga, ham mahalliy aholidan (ular ham albatta, kulib qarshi olmasligi aniq), ham o‘zimizning patrullardan yashirinib ming bir azobda gospitalgacha yetib borgan Valeriyni ahvolini tushunsa bo‘lardi. Yetib borib navbatchilikda bo‘lgan qizni topib salom-alik qilishga ham ulgurmagan “Turist”ni “Gid” chaqirib qoladi:
““Turist” tezda qayt, “Turist” tezda qayt”. Valeriyning savollariga umuman javob bermagan Petrov bu so‘zlarni o‘nlab marotaba takrorlagan.
Aslida Petrov ham atayin qilmagan. Uchragan jangchining buyruq va “topshiriq”laridan qattiq toliqqan sho‘rlik Petrov uxlab qolib, uyqusida tush aralash ratsiyani ishga tushirib “topshiriq”ni sadoqat bilan bajargan. (Bu holni tom ma’noda haqiqiy galyutsinatsiya deyish mumkin). “Daryoga borib, suvsiz qaytgan” Valeriy esa bor alamini bechora Petrovdan olayotgandi…

Yer ostidagi shahar
Ko‘p o‘tmay jo‘nashga buyruq berildi. Kobul –Jalolobod yo‘nalishidagi Mohipar dovoniga yaqinlashganimiz sari bizga peshvoz kelayotgan, Hind daryosining o‘ng irmog‘i bo‘lmish Kobul daryosini o‘z bag‘ri orqali yetkazib berayotgan tog‘ o‘z salobatini ko‘z-ko‘z qilganday tobora haybatliroq ko‘rinib borardi.
Maktab davrida fototo‘garakka qatnab, bu borada ancha –muncha ko‘nikmalarga ega bo‘lib qolgandim. Kazarmaning bir burchagida hech kimga kerak bo‘lmay yotgan “Smena” fotoapparatiga ko‘zim tushdi-yu, guyoki u menga ”men seni kutib yotibman“ deyayotganday tuyuldi. Olib, tekshirib ko‘rdim. “Ishlaydi” deb yuklarimga qo‘shib qo‘ygandim.
Mana hozir shu narsa ish berib qoldi. Kolonna dovonga o‘rmalab chiqib borar, men esa urush davri og‘ir yukini unutganimcha, tabiat go‘zalligidan zavqlanib, suratga olardim. (Shu suratlardan ba’zilarini quyida keltirdim)
Dovon juda tik bo‘lib, inglizlar mustamlakasi davrida qurilib, uch-to‘rt joyidan tonnel o‘tkazilgan, ayrim joylarda pastdan to‘ldirib tosh terib ko‘tarilgan hamda keyinchalik biznikilar tomonidan o‘tkazuvchanligi ancha yaxshilangan yo‘llar, ajoyib manzara hosil qilardi. Dovonning narigi tarafida esa bundanda chiroyli manzara: atrofdagi archazorlar tobora qalinlashib borar, ora-sira palma daraxtlari ham ko‘zga tashlanib qolardi. Harbiy texnikalar shovqinidan qo‘rqib shoxdan shoxga sakrab qochib ketayotgan maymunni ko‘rdim-u, ko‘zlarimga ishonmay qoldim, ”nahotki, bu yerlarda maymunlar bo‘lsa?”. Ha, bu rost edi, Jalolobodga yaqinlashganimiz sari bunga tobora ishonchim komil bo‘la bordi. Chunki, katta maydonlardagi daraxtzorlar yoqalab o‘tarkanmiz, qiyg‘os ochilgan apelsin gullarining yoqimli hidi dimog‘imni qitiqlardi. Qishin-yozin yam-yashil bo‘lib yashnab turuvchi sitrus mevalar ham bunda ochiq maydonlarda o‘sardi. Ha, Nangarhor viloyatida joylashgan Jalolobod shahri bamisoli Hindistonni eslatardi. Shaharning shimoliy qismidan Kobul daryosi oqib o‘tadi, janubiy qismi esa biz oshib kelgan tog‘ tizmalariga tutashib ketgan adirliklarga taqalgan, g‘arbiy qismida esa pasttekislik, sharqiy qismi Pokiston chegarasi bo‘ylab cho‘zilgan tog‘ tizmalari tomon yo‘nalgan adirliklardan iborat edi.
Bizga notanish harbiy qism yonboshidagi yam- yashil qirga joylashdik. O‘tkir bilan To‘ra ikkalasi Jalolobodga tushganligini aniq bilaman, lekin “qaerdan surishtirsam ularni” degan o‘y bilan o‘sha qismdagi askarlardan so‘roqlay boshladim, lekin biror kimsa ham “ularni taniyman” demas edi. Surishtirish asnosida bu yerda bir emas, balki bir nechta harbiy qism borligini bilib oldim. Lekin, surishtirish ishlari natija bermasdan burun “Qoratog‘” amaliyotiga jo‘nab ketdik. Shahardan sharq tomonga yo‘nalgan, Pokistonning Peshovar shahriga olib boradigan yo‘ldan taxminan o‘ttiz chaqirimlar yurganimizdan so‘ng o‘ng tarafga dala yo‘llari orqali harakatimizni davom ettirdik.
Qoratog‘ deganlari shu bo‘lsa kerakki, yo‘lning avval chap, keyinroq o‘ng tarafidan boshlangan tog‘lar tobora balandlashib borar, ayrim cho‘qqilarning rangi ham qoramtir bo‘lib ko‘rinardi.
“Xudo bersa quliga- chiqarib qo‘yar yo‘liga” deganlaridek, O‘tkir bilan To‘ra ham shu amaliyotga qatnashayotganligini tasodifan bilib qoldim. Lekin bu yirik masshtabli, armiya miqyosidagi amaliyot o‘tkazilayotgan hududdan ularni izlash- somon orasidan igna qidirish bilan barobar edi. Xuddi shu jangda O‘tkir yaralangan, To‘ra esa u yerdan qaytganidan so‘ng o‘tkazilgan amaliyotda minaga tushib bir oyog‘idan ajralganligi haqidagi xabarni esa yetti oydan so‘ng, O‘tkir bilan Gardezda uchrashganimizda uning o‘zidan eshitdim, xolos.
Qoratog‘ tomonga ancha yurganimizdan so‘ng, bir qishloq ko‘zga tashlangach, yalanglikda to‘xtab, joylashishga ham ulgurmasimizdan bizni o‘qqa tutib qolishdi. Qaysi tarafdan otishganini aniqlaymiz deguncha to‘pchilarimizdan ikkitasi yarador bo‘ldi.
Qishloq chetidagi uy tomiga oq bayroq tikilgan, tirik jon ko‘rinmaydi. Qiziq, qaerdan otishyapti ?
–Topdim!, – deya qichqirdi leytenant Monich, – qishloqdan o‘ng tarafdagi “zelyonka”dan!
To‘pchilarimiz o‘zlarini o‘nglab, zambaraklarini otishga shaylab olishlari uchun imkon yaratib berishimiz, ularni to‘sib turishimiz kerak bo‘lardi. BMP lar oldinga o‘tib daraxtzorga o‘q yog‘dira boshladi.
Aloqaga chiqqan “Birinchi” bergan ma’lumotlarni Monichga yetkazdim. Ma’lumotlar bo‘yicha sozlangan to‘p stvollari esa, qishloq tomonga emas, umuman boshqa tarafga yo‘nalgandi.
“Odin dimovim, ogon!”. Uning ortidan esa sal o‘tib, “Zalpom ogon!” buyrug‘ini leytenant Monichga yetkazdim. To‘pchilarimizning qo‘li qo‘liga tegmas, atrof chang to‘zon, baqir-chaqir bo‘lib turgan bir paytda, ustimizga snaryadlar tusha boshladi.
Qishloqdagi oq bayroq va daraxtzordagi pistirma bizni chalg‘itish uchun qo‘yilgan bir tuzoq edi. Dushmanlarning asosiy kuchi cho‘qqining narigi tarafida ediki, ular «Katyusha» reaktiv snaryadlari otish qurilmalariga ega edi. To‘g‘ri, ular aynan,o‘sha biz bilgan “Katyusha”lar emas, balki, uning avlodlari edi. Ularning tog‘ sharoitida ishlatish uchun qulay qilib ishlab chiqarilgan yengil turlari mavjud ediki, ularni bir-ikki kishi bemalol joydan-joyga ko‘chirib “ajal urug‘i”ni sochaverishi mumkin edi.
Tezkor harakatlarimiz o‘z natijasini ko‘rsatdi. Biz dushmanning asosiy kuchiga ulardan avvalroq zarba bera oldik.
Uzoq davom etgan otishma tinganidan so‘ng, cho‘qqining narigi tomoniga o‘tib bordik. Reaktiv qurilmalar yakson qilingan, atrofdagi dushman istehkomlari vayron bo‘lgandi. Lekin birorta ham yaralangan yoki halok bo‘lgan dushman jasadini topa olmadik. To‘ntarilib yotgan reaktiv qurilmasidan chetga qarab ketgan simga ko‘zim tushdi. Yonimda turgan Valeriyga imlab uni ko‘rsatdimu, sim yoqalab ehtiyotkorlik bilan atrofni kuzatgancha yura boshladim.
–Shoshilma, Ilya, mina bo‘lishi mumkin, -dedi ortimdan yetib kelgan Valeriy.
– Sim qayoqqacha borganligini bilmasdan ortga qaytishni istaysanmi?– dedim.
–Yo‘q, albatta, har holda ehtiyot bo‘lishimiz kerak.
Ellik-oltmish qadam masofadan so‘ng bir quduqqa duch keldik. Sim uning tubiga tortilgan edi. Quduq anchagina chuqur, tubida suvning jimirlagani aniq ko‘rinib turar edi. Ratsiyadan Monichga chiqib, vaziyatni tushuntirib, quduqqa tushishga ruxsat so‘radim.
–Yo‘q, tezda qaytinglar, tushundingmi?
–Xuddi shunday, tezda qaytamiz.
Monichga “xo‘p bo‘ladi” deb qo‘ydim-u, shunda ham qiziqish ustunlik qilib, tushib ko‘rmoqchi ham bo‘ldik. Yaxshiki o‘z vaqtida yetib kelgan “ichki ovoz”, bu yerda ham ish berdi. Qaltis harakatdan o‘zimizni tiydik. Quduqqa ehtiyot shart ikkita granata tashlab, so‘ng buyruqni bajarishga qaror qildik.
Qaytishga shaylanib, o‘ng tarafga burilib, tepalik yonboshidagi katta tuynukka ko‘zim tushdi-yu, beixtiyor Valeriyga qaradim. Uning ko‘zlaridagi shijoatni ko‘rib, endi buni tekshirmasdan qayta olmasligimizni angladim. Bir-birimizni so‘zsiz tushunib, tuynuk sari yaqinlasha boshladik. Tuynuk yonboshida yotgancha, avtomatdan bir-ikki sidra ichkariga qaratib o‘q uzdimu, kutib turdim: hech qanday javob alomatlari sezilmadi. Tuynuk inson qo‘li bilan ochilgani aniq, chunki ichkaridan chiqarib jarlikka to‘kilgan tuproqning salmog‘iga qaraganda, uning narigi tomoni, anchagina katta bo‘lishi kerak.
–Kiramizmi?, -degan Valeriy, mening “ha“ degan ma’nodagi tasdiq ishoramdan so‘ng, emaklagancha ichkariga kirdi. Men uning ortidan ergashdim. Ichkariga kirgandan so‘nggina, tuynuk kengaytirilib odam bo‘yi keladigan yo‘lak hosil qilinganligini ko‘rdim. Qo‘l chirog‘imni yoqib yo‘lak oxirini ko‘rishga urindim. Tik turib yurishga imkon bo‘lsada, emaklagan ko‘yi oldinga intildik. O‘n besh metrlar uzunlikdagi yo‘lak bizni keng xonaga olib chiqdi.
Xonada ko‘rpa- to‘shaklaru, har xil bankalardagi oziq-ovqatlar qoldig‘i, eski-tuski kiyimlar sochilib yotardi. Hamma burchaklarni tekshirib chiqdik, boshqa tarafga ketgan yo‘l yo‘q. Ikkita akkumulator batareyasi va unga ulab yoqish uchun mo‘ljallangan kichik-kichik lampochkalarni topdimu, simlarni ulab, ularni yoqdim. Xona nurafshon bo‘lib, endi undagi o‘yib ishlangan tokchalar ham ko‘zga tashlandi. Tokchalarda ingliz, rus tillaridagi va arab imlosidagi kitoblaru gazeta-jurnallar taxlanib turibdi. Ularni birma bir ko‘zdan o‘tkazib, xaritalar va joy chizmalari tushirilgan qog‘ozlarni qo‘ynimga tiqdim.
“Bularni Monichga topshirsam rosa xursand bo‘ladida”, deb o‘yladimu, uning “tezda qaytinglar” degan buyrug‘i yodimga tushdi. Ratsiyadan qaerda ekanligimizni bildirmoqchi bo‘lib, uning murvatini buradim. Xayolni qarang, biz axir yer ostidamiz-ku! Buerda aloqa to‘lqini bo‘lmaydi-ku. Xonani tekshirishda davom etdim. Shiftga yaqin bo‘lgan burchaklarni ko‘zdan kechiraturib, kichikkina tirqishni payqab qoldim. U yerdan topilgan qo‘lyozma daftar va lattaga o‘rab qo‘yilgan to‘pponchani pinjimga urgancha qidiruvda davom etdim. Valeriy oyoq ostidagi to‘shamalarni ostini tekshira boshladi.
–Ilya, bunga qara!
–Nima topding?, -deya unga yaqinlashib, uning oyoq ostidagi qulflangan eshikni ochmoqchi bo‘lib urinayotganligini ko‘rdim.
–Tegma, chetga o‘t!, -deya avtomatim bilan qulfni mo‘ljalga oldim. O‘q tovushi quloqni kar qilgudek varanglab ketdi.
Eshikka sim bog‘lab, uning ikkinchi uchini yo‘lakka olib chiqib o‘zimizni panaga olgach, uni tortib, eshikni ochdik va “portlash bo‘lishi mumkin” degan o‘y bilan yerga qapishib bir muddat yotdik. Yo‘q minalashtirishga ulgurishmagan ekan.
Yerto‘laga aylanma zina orqali tushilarkan. Yon tarafga kengaytirilgan bu xona o‘q dori ombori bo‘lib chiqdi. Har xil turdagi minalar, reaktiv snaryadlar, granatalar va bir necha qutida AKM patronlari bor edi.
–Valeriy, hech narsaga tegma, ketamiz.
– Ketdik, bu yerga portlatuvchi mutaxassislarni chaqirish kerak.
Yuqori xonaga chiqqach, Valeriy “Shoshma, nima, quruq ketamizmi bu yerdan? – deb, o‘rab qo‘yilgan, ichiga kirib uxlash uchun mo‘ljallangan qopdan bir dona menga uzatib, ikkinchisini o‘ziga oldi-da, qo‘shimcha qildi: “Yaponlarniki ekan”.
Tashqariga chiqishimiz bilan yonimdagi ratsiya, o‘zining borligini eslatmoqchi bo‘lganday, vishillab ishlay boshladi. Tugmachasini bosib javob berdimu Monichning darg‘azab ovozini eshitdim.
– Qaerdasan, he onangni…
Ayrim rus tilida so‘zlovchilarni tanglayini qaysi bir so‘kong‘ich ko‘targan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Chunki “onangni…” demasa aytmoqchi bo‘lgan gaplarini u yog‘i bilan bu tarafini bir-biriga olib kelib ulay olmaydi. Bu illat ayniqsa harbiylarda kuchli namoyon bo‘lardiki, buni u joylarda xotin-qizlarning deyarli yo‘qligi bilan bog‘lash mumkin edi. Harbiyni harbiy ekanda desak, boshqa soha vakillarida ham bu keng quloch yoygandi. Taniqli bir futbol sharhlovchisining jonli efirda so‘kinib yuborganligi ham hech kimga sir emas. “Ularning so‘kinishlari rostakamiga emas…” deb quloqlarim ancha moslashib qolgan bo‘lsa ham, baribir o‘zbekligimga borib gohida malol olganimda, men ham uni “yumaloqlab” egalariga qaytarardim. Bu gal ham xuddi shunday bo‘ldi. Monichning so‘kishlarini o‘zimcha unga qaytarib yo‘llagancha javob berdim:
– Birinchi mo‘ljaldan plyus ikki yuz. Katta sovg‘a topdik, sapyorlar kerak.
– Joyingda tur, hozir boramiz.
– Tushundim.
Monich yo‘l-yo‘lakay o‘z komandiriga bildirgan shekilli, bir zumda sapyorlar ham yetib kelishdiyu asboblarini ko‘tarib ichkariga kirib ketishdi.
O‘lja tushgan hujjatlar va qurolni Monichga berdim, u esa o‘z navbatida, ularni o‘z boshliqlariga topshirdi.
Ichkaridan sim tortib chiqib kelgan sapyorlar, atrofni tozalab, o‘q dori omborini portlatishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Monichga quduq haqida eslatib, uni tekshirib ko‘rishga ruxsat so‘radim.
– Qo‘yaver, Azizov, foydasi yo‘q, ular ketib bo‘lishgan. Sen yer osti shaharlari haqida eshitmagan ko‘rinasan-a?
– Qanaqa yer osti shaharlari? – savolga savol bilan javob qaytardim.
– O‘sha sen aytgan quduq yer osti shaharlarining bir qismi, tushunyapsanmi, qator qilib qazilgan quduqlar ostidan bir-biri bilan bog‘langan va suv bilan ta’minlash tizimini tashkil etgan. Bunaqa tizim o‘nlab chaqirimgacha cho‘zilgan bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, u yerda odamlar yashamaydi, lekin dushmanlar undan unumli foydalanishadi, – deb xaritani ocha boshladi, – mana, qara, biz bu yerdamiz, mana yer osti shaharlari, ko‘ryapsanmi, Jalolobodgacha yetib borgan, – deb uzuq-yuluq chiziqchali belgilarni ko‘rsatdi.
– Shuning uchun, bundan keyin qulog‘ingda bo‘lsin, bunaqa joyga burningni suqma, senga maslahatim shu, -deb xaritani yig‘ishtirdi.
–Yur, endi qolganini yo‘lda tushuntiraman. Sapyorlar o‘z ishini yakunlasin. Xalaqit qilmaylik, – deya meni o‘z ortidan ergashtirdi. Men Valeriyni chaqirib oldimu yugurgancha Monichga yetib oldim.
– Dushmanlar reaktiv snaryadi otish qurilmalarini nishonga to‘g‘rilab qo‘yishadida, simni tortib quduq tubiga tushvolib, murvatini burasa bo‘ldi, birin- ketin uchib chiqqan snaryadlar nishon tomon yo‘l olaveradi. Bir otishda o‘n ikkitagacha otishi mumkin har bittasi. Ma’lum muddatdan so‘ng vaziyatga qarab quduqdan chiqib kelib, o‘q dori omboridan snaryadlarni tashib chiqib yana o‘qlashadi va shu tariqa yana otaverishadi. Biz esa o‘t chaqnagan joyni mo‘ljallab otaveramiz, otaveramiz… Moddiy talafotlar yetkazishimiz, demakki, reaktiv uskunalarini izdan chiqarishimiz, mudofaa istehkomlarini tit-pitini chiqarishimiz mumkin, ammo yer osti shaharlari atalmish maskan “fuqarolari”ga hech qanday zarar yetkaza olmaymiz.
Shu payt sapyorlar portlatgan yer osti omborxonasi yerni zirillatib gumburlagancha, osmonga ko‘tarilgan quyuq chang va tutun aralashmasi atrofga tarqalishni boshladi.
– Ha, aytmoqchi, Azizov, Purgin ikkalangizni bu ko‘rsatgan xizmatlaringiz uchun“ Jangovar xizmatlari uchun” medaliga tavsiya etaman.
O‘shanda mukofotga loyiq ish qilsangiz, tavsiyanoma yozib bergan komandirlar uni harbiy qism shtabiga topshirishar, harbiy qismlar esa 40- armiya shtabiga jo‘natishar, armiya bo‘yicha yig‘ilgan tavsiyanomalar esa Moskvaga yuborilar va o‘sha yerda lozim topilgan mukofotlar bir necha oy o‘tib, o‘z egalariga yetib kelardi. Ha-ha, yetib kelardi, agar yo‘lda “qaroqchi” larga duch kelmasa, albatta.
Bu mening nomimga yozilib, o‘zimgacha yetib kelmagan mukofotlarning birinchisi edi. Yo‘lto‘sar mukofot o‘g‘rilaridan biri kim ekanligini esa men uyga qaytayotgan kunim tasodifan bilib qoldim. Bu qism shtabida “kotib” bo‘lib xizmat qilgan, qismdan tashqariga biror qadam chiqib jangovar amaliyotlarga bormagan, bir askar edi. Men kabi alamzadalar ko‘p ekan. Uyga qaytmoqchi bo‘lib hammadan oldin medal va ordenlar qatorlatib taqilgan bayram formasini kiyib chiqqan askarning, bizni ko‘rganda oqarib ketgan yuzi hammasini oshkor etib qo‘ydi.
Mayli, bu haqda keyinroq so‘zlab berarman, hozir mavridi emas…

Olovli tig‘
Kolonna Alixeylga yaqinlashib qolganda dushman tomonidan katta qarshilik bilan kutib olindi. Dvigatellarning quloqlarni qomatga keltiruvchi ovozlari sabab snaryadlar hushtagi eshitilmas, lekin atrofdagi portlashlarning cheki ko‘rinmas, hamda ular tobora mashinalarga yaqinlashib kelayotganligidan sezish mumkin ediki, dushman kuzatuvchilari biznikilarni yaqqol nazorat qilib turardi.
Ortiga D-30 gaubitsasini tirkab, ustiga artilleriyachilarni mindirib olgan MTLB ni, oldinda ketayotgan mashina izidan chiqarmasdan haydashga bor e’tiborini qaratgan bekobodlik Baxtiyor Suyarqulov, ortidan kelayotgan mashinalarga ham ko‘zgu orqali qarab qo‘yishni unutmasdi. Kolonnadagi zanjirli yurish qismiga ega mashinalar, tuproqni tirnab olib sochib tashlashi oqibatida ko‘tarilgan quyuq changga qo‘shimcha qilib, har bir portlagan snaryad, yer bag‘rida yaratilganidan buyon tinchi buzilmagan qatlamni ham uyg‘otib, olovli tig‘lariga aralashtirib atrofga sochardi.
Shunday sharoitda ham Baxtiyor ko‘zgu orqali, ortidagi mashinaning, chiroqlarini yoqib-o‘chirib, to‘xtashga ishora qilayotganini payqadi. Sezdi-yu, mumkin bo‘lmasada, kolonnadan ajralib chetga chiqib, mashinani to‘xtatdi. Orqadan kelayotgan MTLB ham allaqachon to‘xtagan, uning ustidan esa, kimnidir qo‘lma-qo‘l qilib pastga tushirishayotgan edi. Baxtiyor va uning hamrohlari ular tomonga yugurisharkan, to‘xtamasdan o‘tib ketayotgan mashina ustidagilar “To‘xtama, hayda mashinani, hayda”, deb baqirib o‘tib ketishardi. MTLB ning ustiga qapishib kelayotganlardan Aleksey Astashov yaralangandi. Ustiga bronejelit taqib, boshiga kaska kiyib olgan bo‘lsada, shum ko‘rgulik, snaryadning uzun tig‘li bo‘lagini, uning naqd bo‘yniga qadagan edi. Baxtiyor bilan birga Soso Okropiridze, Dima Borovkov, Vartan Melikyan va Aleksandr Nikitinlar yordamga kelishganda, u mashinadagilar allaqachon uni yerga yotqizib, hech qanday yordam berolmasliklarini anglab, ilojsiz turishardi. Boshi ostida qolgan kaskasini yechib, yonboshiga qo‘yishgan, u esa qonga to‘lay deb qolgandi…
Unga, balki yordamim tegib qolar, degan o‘y bilan, Astashovning ustiga kelib engashgan Baxtiyor, oskolkaning bo‘yindan chiqib turgan qismidan ushlab, uni olib tashlamoqchi bo‘ldi. Tortib ko‘rib, uning ancha chuqur kirib, hatto suyakka qadalganini sezdi. Sezdi-yu, u ham ilojsizlikdan, uning qonga botgan peshonasiga qo‘lini qo‘ydi. Qo‘l taftini sezgan Astashov ko‘zini ochdi, lablari qimirlab nimadir demoqchi bo‘ldi, lekin jon, allaqachon tildan chekingan edi. Sal oldin “Meni aybim nimada?” demoqchi bo‘lganday boqqan, uning hali ham tirik ekanligini bildirib turgan ko‘zlari xira torta boshladi-yu, bir daqiqa o‘tar-o‘tmas, ko‘kka tikilgancha qotdi. Hali ko‘p yillar o‘ziga makon etishni istagan ruh, uning tanasini majburan tark etdi. Baxtiyor kuni kecha u bilan bo‘lgan suhbatni esladi: “Uyga qaytganimdan so‘ng, sizlarga birma-bir sim qoqaman. Shundoqqina uyimiz yonida telegraf bor. Kutilmaganda qo‘ng‘iroq qilib “men Astashovman, tanimadingmi?” desam, qanchalar xursand bo‘lsang kerak-a?”
Baxtiyorning bo‘g‘ziga nimadir tiqildi, ”nasib bo‘lsa, degan so‘zni qo‘shib aytsang bo‘lmasmidi, do‘stim… ”Lekin yig‘lay olmadi. Yig‘lab o‘tiradigan payt ham emasdi-da!
Aloqachilar xabar berishdimi yoki kolonnani yuqoridan kuzatib borayotgan uchuvchilar o‘zlari ko‘rishdimi, aytish qiyin, lekin tezda pastlab yonlariga qo‘ngan vertolyotga mayitni ortib, jo‘natib yuborishganidan so‘nggina, uzoqda faqat ko‘tarilgan changigina ko‘rinib turgan kolonnani quvib yetishlari kerak ekanligi yodlariga tushib, mashinalari tomon yugurishdi.
Kolonna to‘xtab yo‘lning o‘ng yonboshidagi yalanglikka joylashayotganda yetib borib mashinalardan tushishgandi hamki, Astashov yaralanganda uning yonida bo‘lgan Bondarchuk o‘zini yomon his qila boshladi. Rangi oqarib hushidan ketgan Bondarchukga nima bo‘lganini, uning biqinidan oqayotgan qon oshkor qildi. U ham o‘sha paytda yaralangan-u, buni hatto, uning o‘zi ham sezmagan ekan. Aloqachilar chaqirgan vertolyot bir zumda yetib keldi…
Alixeyl Gardezning kunchiqar tomonidagi hudud bo‘lib, brigadamiz joylashgan yerdan ko‘pi bilan o‘n kilometrlar uzoqlikda bo‘lsada, unda makon topgan dushman guruhlar o‘ta faol edi. Bu hududda har yili bir-ikki marta jangovar amaliyotlar o‘tkazilib, ulardan tozalab turilardi. Afsuski, biz qo‘nalg‘amizga qaytib ulgurmasdan, ular yana joylashib o‘z faoliyatlarini davom ettirishardi. Bu yer Pokiston chegarasiga yaqin bo‘lganligidan, u tarafdan qurol-yarog‘ ortilgan karvonlar qulay yo‘llar bilan kelib, to‘planar va yana har-xil yo‘llar bilan mamlakat ichkarisiga yetkazib berilardi. Alixeyl ular uchun strategik muhim hudud bo‘lganligi uchun ham, tish-tirnoqlari bilan qarshilik ko‘rsatishga harakat qilishardi.
Bir oyga yaqin davom etgan amaliyotdan qaytishganida, Bondarchukni, harbiy xizmatga yaroqsizligi uchun, uyiga qaytarishayotgandi. Biqiniga sanchilgan oskolka bir emas, balki ikkita bo‘lib, bittasini jarrohlar olib tashlagan, ikkinchisini esa, “asab tolalariga yaqin bo‘lgan nozik joyda bezarar turibdi, endi u bilan umring oxirigacha kelishib yashashga majbursan”, deb aytishgandi.
Marhum Astashovning ko‘rpa-to‘shaklari, o‘z urfimizga binoan, bir muddat bo‘sh turdi. AKSU avtomati esa, eng yaqin do‘sti sifatida Baxtiyor Suyarqulovga topshirildi.

Dushmanning bolasi ham dushmanmi?
Jangchilar o‘rtasida menga yoqqan shunday bir an’ana bor ediki, bu yillar osha saqlanib, uni yosh askarlar ham, hamon davom ettirib kelmoqda edilar. Bu – harbiy amaliyotga ketish chog‘ida va undan qaytishdek quvonchli onlarda, yo‘l chetida nimaningdir umidida turgan afg‘on bolakaylariga sovg‘alar ulashish edi. Bu holat jangga ketayotganimizda kamroq, qaytayotganimizda esa ko‘proq yuz berardiki, buning sababi ayon: borishda oziq-ovqatimizni tejaymiz, qaytishda esa o‘zimizdan orttirganlarimizni bolakaylarga tarqatamiz.
Shunday farahbaxsh kunlardan biri. Alixeyl amaliyotidan Gardez shahrining chekka ko‘chalari bo‘ylab qaytyapmiz. Yo‘l chetida to‘p-to‘p bo‘lib turgan bolakaylarga kimdir non, kimdir shirinliklar, yana kimdir konserva mahsulotlaridan uloqtirib kelmoqda.
– Baxshish davay, baxshish davay, – degancha pushtun va rus tillari qorishmasida baqirayotgan bolalar ovozi harbiy texnikalar shovqini ostida yo‘qolib ketar, sovg‘aga erishganlari xursand, o‘ljani qo‘ldan chiqarmaslik maqsadida o‘zini tezda to‘dadan chetga olar, sovg‘a tegmagan alamzadalar esa sherigining qo‘lidagidan umidvor bo‘lib unga tashlanib qolishar va hatto o‘zaro tortishib qolishgacha ham borishardi.
Ayrim joylarda esa bolalarini yo‘l chetidan olib ketishga besamar urinayotgan paranji yopingan ayollar ham ko‘rinib qolishar, erkaklar esa deyarli ko‘rinmasdi.
Yonimda o‘tirgan Jenya, qo‘lidagi bir quti pechenyesini namoyishkorona aylantirgancha uloqtirayotganda unga qistirib bog‘lab qo‘yilgan granata zapaliga ko‘zim tushdi.
– Nima qilyapsan, Jenya, – degancha qo‘lidagini uloqtirishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘ldim. Afsuski, ulgura olmadim. Uning qo‘lidan ozod bo‘lishi bilan ochilgan saqlagichning “shirq” etib chiqargan ovozi texnikalar g‘ovuri ichidan-da quloqlarimgacha yetib keldi.
Portlovchi pechenye havoda uchib borar ekan, “baxshish”umididagi besh-olti nafar bolakaylar uni tutish ilinjida bir-birovlarini quvlagancha u tomon intilishdi. Buni xuddi futbol maydonida burchakdan tashlab berilgan to‘pga egalik qilmoqchi bo‘lgan o‘yinchilar holatiga o‘xshatish mumkin edi.
Lekin pechenye hech kimning qo‘liga tushmasdan o‘tib, eng orqada qolgan, yosh jihatdan tengqurlaridan kichikroq bo‘lgan bolaning panjalari orasiga tushdi va o‘zini ortga tashlab, pechenye ushlagan qo‘llarini ko‘kragi bilan bosgancha yerga yiqildi. Sheriklari uning qo‘lidagiga egalik qilish uchunmi, yoki “o‘yinga” qiziqib ketganliklaridanmi o‘zlarini uning ustiga otishdi. Shu damda “paq” etgan tovushni eshitdim va biz ketayotgan mashina yo‘l chetidagi uy yoniga yetishi bilan uning tomi bizni voqea joyidan to‘sib qo‘ydi. Shu sabab “o‘yin”ning oxirini ko‘rolmadim. Balki ko‘rmaganim yaxshi bo‘lgandir.
– Bu nima qilganing, Jenya, axir bular bolalar-ku, – deya uning ko‘zlariga qaradim. Unda o‘z qilmishidan pushaymonlikni emas, balki dushmanidan o‘ch olgandek sovuq yiltillashni ko‘rib, etim jimirlab ketdi.
– Dushmanning bolasi ham dushman, -dedi sovuq iljayib.
– Juda xunuk ish qilding, bu javobsiz qolmaydi, – endi uning sovuq yuziga qaragim kelmas, unga qarshi aytolgan so‘zlarim faqat shu bo‘lgandi.
“O‘yin”ning oxirini ko‘rmagan bo‘lsam-da, u norasida bolaga qanchalik jiddiy jarohat yetkazganini tasavvur qila olardim. Bir necha oy burun, xizmati tugab, uyga qaytishiga bir-ikki hafta muddat qolgan bir askar postda turib, bekorchilikdan o‘zini chalg‘itish maqsadida granata zapalini o‘ynab qo‘lida ochib qo‘ygan holatini hali yodimdan chiqarganim yo‘q. Granata zapalining o‘zi uning o‘ng qo‘lini uzib ketgan, ustiga- ustak, kichik oskolkalari yuziga va ko‘ziga tekkandi.
O‘zlariga gap tegishidan qo‘rqqan boshliqlar uni “jang paytida qahramonlik ko‘rsatib qattiq yaralandi” qabilidagi soxta ma’lumotlar bilan mukofotga tavsiya qilib gospitalga jo‘natishgandi. “Zapal portlashi xavfli emas, granata qobig‘i bilan portlashi xavfli, ”-deb noto‘g‘ri tushungan bir yigit mayib-majruh bo‘lib uyiga qaytgandi.
Gardez shahri tinch aholi yashaydigan maskan hisoblanar, bundan bir necha yillar ilgari panadan qo‘rqinch bilan mo‘ralaydigan bolalar hozirda do‘stona “baxshish” so‘raydigan darajaga kelishgandi. Shu birgina nojo‘ya harakat qanchadan-qancha ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Tinchlik o‘rnatish niyatida kirgan qo‘shinning barcha harakatlari shu birgina bolalarcha “sho‘xlik” tufayli havoga sovurilishi mumkin edi. Ular “intiqom”ni uzoq kuttirishmadi: o‘sha kuni kechqurun shlagbaumda turgan soqchini otib ketishdi.

Vafoni sotish mumkinmi?!
Men uchun “dembel”gacha bo‘lgan masofa hali juda uzoq, “ded”lar tilidan aytadigan bo‘lsam “polzkom do Ameriki”, ya’ni, Amerikagacha emaklab borishga yetadigan vaqt bor edi.
“Ded”lar uyiga qaytadigan vaqti yaqinlashgani sayin muloyim tortib o‘zini avaylaydigan, bo‘lar bo‘lmas “sarguzashtbozlik”lardan o‘zlarini chetga tortadigan bo‘lib qolisharkan. “Avaylagan ko‘zga cho‘p tushar” deb bejiz aytilmagan.
Faqat tungi tekshiruvlardagina ko‘rinib, qolgan vaqtini ofitserlar kamdan-kam qadam ranjida qiladigan uchinchi vzvod hududidagi “bungal”[8 - Bungal-jangovar pozitsiyadagi yarim yerto‘la.]da o‘tkazadigan N. N. va K. N. lar bilan shunday ko‘ngilsizlik yuz berdiki, ular umrining oxirigacha ham o‘zini kechira olmasa kerak. Uyga qaytishiga besh-o‘n kun qolgan askarlarga ofitserlar ham ortiqcha topshiriq berib o‘tirmas, jangovar amaliyotlarga ham, imkon darajasida, jalb qilmaslikka harakat qilishardi. Ularning bu kabi ehtiyotkorliklarini suiiste’mol qilgan holda “bungal”dan panoh topgan N. N. va K. N. zerikib, vaqt o‘tkazish va “dembel”ni nishonlash maqsadida feyerverk uyushtirishgan. Lekin bu maqsadda ishlatiladigan raketachalar yo‘qligi aniq. Ixtiyorimizga beriladiganlari esa “jangovar” raketachalar edi. Ya’ni ular tunda yoritish uchun mo‘ljallangan –yorituvchi va signal berishda ishlatiladigan –qizil, yashil rangli olov chiqarib uchadigan raketachalar bor edi, xolos. Ularni ko‘p martalab ishlatib ko‘rganman, osmonga qaratib otsang, vizillab ikki-uch yuz metrlar yuqoriga chiqib boradi-yu, so‘ng chaqnab pastga sho‘ng‘ishni boshlaydi. Lekin bu bilan kimni ham lol qoldirarding…
Bosh qotirib o‘zicha “kashfiyot” qilgan N. N. yorituvchi raketani “Ochish mumkin emas” deb yozilgan qog‘ozini olib tashlab, trubka ichidan sug‘urib olingan kichik parashyutchani o‘rniga portlatishda ishlatiladigan detonatorni shunday joylab qo‘ydiki, porox kuchi bilan yuqoriga chiqib olgan raketacha yonib, parashyut yordamida sekin pastga tushish o‘rniga, o‘sha joyda portlab atrofga olovli tig‘larini sochishi, bu esa qorong‘u tunda feyerverk bo‘lib ko‘rinishi lozim edi. Nazariy jihatdan yaxshi o‘ylangan. Endi amalda sinab ko‘rish qoldi, xolos.
Ilk “namuna” tayyor bo‘ldi. N. N. uni iltifot bilan do‘stiga uzatdi. Sinov muvaffaqiyatli o‘tdi. Xuddi reja qilinganidek chiroyli olovli guldasta taqdim qilgan “namuna”dan so‘nggisi bir zumda tayyorlandi. Endigi otish navbati o‘ziniki. Chap qo‘lidagi raketachani boshi uzra ko‘tarib, o‘ng qo‘li bilan ilgagini tortishga shaylangan N. N. ikkinchi vzvoddagilar ham bu tomoshadan bebahra qolishlarini istamadi va g‘olibona qichqirdi:
– Qaranglar va havas qilinglar!
Ilgak tortildi. Lekin raketacha, vizillab ko‘kka o‘rlashdan, joyida yonishni afzal ko‘rdi. N. N. uni o‘zidan uzoqlashtirishga ulgurolmadi.
Qo‘lida portlagan raketacha uning chap qo‘l kaftini nimtalab tashladi. Yetmaganiga yuziga ham uch dona oskolka tegib yaraladi. Bekorchilikdagi “kashfiyot” qimmatga tushdi. Ular har qanday mahsulot ham zavoddan “brak” chiqishi mumkinligi ehtimolini hisobga olishmagandi.
Tibbiyot maskaniga tezda yetkazilganiga qaramasdan uning qo‘lini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Bir haftadan so‘ng uyi tomon uchishi lozim bo‘lgan askar bir yarim oy gospitalda davolanib, undan so‘nggina qahramon sifatida Vatanga qaytdi. Komandirlar o‘zlariga gap tegishidan qo‘rqib, yopdi-yopdi qilib, haqiqiy janglarda kimdir ishlab topgan mukofotni uning nomiga rasmiylashtirib bera qolishdi, azamatlar. Ularning “aqlli”ligini ko‘ring. O‘z jangovar mukofotini intiq kutayotgan askarga esa “Moskva qabul qilmadi” deb qo‘ya qolishadi. Qolaversa, haqiqiy qahramonlar tanti bo‘ladilar. Ular gap quvib yurishmaydi. “He, o‘rgildim, o‘sha orden-medalingdan. Kerakmas menga. Sog‘-salomat onajonim bag‘riga qaytsam bo‘ldi” degancha qo‘l siltab qo‘ya qolishadi.
Jangovar amaliyotlar oralig‘ida qismda turganimizda ana shunday ko‘ngilsizliklardan tashqari, har xil tushunmovchiliklar ham bo‘lib turardi. Shunday voqealardan biri Valeriy Purgin navbatchiligida ro‘y berdi. Kazarmamizning kunchiqar tomoni minalashtirilgan maydon bilan himoyalangan, uning narigi tarafida esa aholi uylari boshlanib ketgandi. Maydon bilan kazarmamiz o‘rtasida esa, oshxonamiz joylashgandi. Oshxona yonidagi yantoq ko‘karmaydigan yalanglikda esa kiyim –boshlarimizni qaynatib, yuvib, quritib olishimiz uchun sharoit qilib olgandik. Minalarni ham o‘zimiznikilar, bir necha yillar oldin o‘rnatishgan. Ularni oralab o‘tish uchun maxfiy yo‘lak ham qoldirishgan va uni o‘zlaridan keyin qoladigan izdoshlariga ko‘rsatib ketishardi. Shunday bo‘lsa-da, barchamiz ham, uni aynan qaerda ekanligini aniq bilmasdik. Biz uchun unga zarurat yo‘q edi-da. Ajal urug‘i qadalgan, ushbu maydon borligi uchun ham, bu hudud maxsus qo‘riqlanmas, ichki naryaddagilar va oshxonadagilar tomonidan shunchaki kuzatib turilardi.
Kechgi tanovulga kelganlarga, ovqatlarini taqsimlab berayotgan Nosir, mina maydonini oralab, pisib kelayotgan sharpalarni sezib qolib, yaqinida navbatchilikda turgan Valeriyga bildirdi.
–Menga qurolingni ber, -dedi Valeriy.
Nosir yonboshida turgan avtomatini tezlik bilan unga uloqtirdi, uni ilib olgan Valeriy esa, bor ovozi bilan qichqirdi:
–Stoy, kto idyot!
Sharpalar esa ovoz berish yoki to‘xtash o‘rniga ortga qarab qochishdi. Orqasidan quvib, tusmollab otilganidan so‘ng, ular ko‘rinmay qolishdi.
–Boplading, Valeriy! Ularni yer tishlatding.
–So‘qmoqni qay biring bilasan, borib ko‘raylikchi.
Oshxona atrofini yaxshi bilgan Nosir bilan borgan Valeriy dushmanlarning o‘ligini emas, balki, o‘z askarlarimizdan ikkitasini qo‘lini ko‘tartirib, oldilariga solib kelishdi. Ma’lum bo‘lishicha, ular afg‘onlarga sotish uchun bronejilet olib chiqishgan, nimadir bo‘lib, uni sotolmay, ustilariga kiyib qaytishayotgan ekan. Omadlari kelib, ular vafo qilmagan aslahalar, ularning hayotini asrab qolgan edi! O‘q zarbidan yuztuban yiqilgandan so‘ng, qimirlamay yotishga majbur bo‘lgan askarlar, qaysi rotadan ekanliklari aniqlanib, komandirlari shu yerga chaqirtirildi. Ushbu voqeadan ham o‘zimizga kerakli xulosa chiqarib, kiyib yurish gohida malol keladigan bronejiletni ustimizdan yechmaydigan bo‘ldik.

Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/pages/biblio_book/?art=71111137?lfrom=390579938) на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.

notes
Примечания

1
Ma’lum sabablarga ko‘ra ayrim qahramonlarning ismi-sharifi o‘zgartirilgan. Har qanday o‘xshashlik mutlaqo tasodifiydir (Muallif).

2
Keltirilgan she’rlar ustoz- shoir Hasan Qurbonov qalamiga mansub.

3
Kotelok – quyuq-suyuq ovqatlar solib yeyishga, zarurat bo‘lganda esa ostidan olov yoqib taom pishirishga mo‘ljallangan, askarlar o‘zi bilan olib yuradigan qozoncha.

4
Lifchik – uch-to‘rt dona o‘qdon sig‘adigan cho‘ntaklari bo‘lgan, ko‘krakka taqib olinadigan, qattiq matodan tikilgan qulay moslama.

5
Zampolit- rota (batareya) komandirining siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari

6
Dembel –Demobilizatsiya so‘zidan olingan harbiy jargon. Harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar safidan urush (harbiy muddatli xizmat) yakunidan so‘ng zahiraga bo‘shatilishi.

7
Bushlat-harbiylarning qalin ustki kiyimi, kurtka

8
Bungal-jangovar pozitsiyadagi yarim yerto‘la.
730 kun ILYOS AZIZOV

ILYOS AZIZOV

Тип: электронная книга

Жанр: Книги о войне

Язык: на русском языке

Издательство: Автор

Дата публикации: 18.09.2024

Отзывы: Пока нет Добавить отзыв

О книге: (UZB)В 80-годы прошлого столетия высшим политическим руководством бывшего СССР, с учетом сложившееся геополитической обстановки было принято решение ввод ограниченного контингента советских войск на территорию ДРА (Демократическая Республика Афганистан, ныне ИЭА (Исламский эмират Афганистан). В этой связи, для исполнения интернационального долга в ДРА в числе других также были направлены узбекские сыновья проходившие действительную военную службу в рядах советской армии.

  • Добавить отзыв