Қайлардасан, болалигим
Худойберди Тухтабоев
Хudoyberdi To'хtaboyevning o'quvchilarimizga navbatda havola etilayotgan kitobini biz umumiy nom bilan "Qaylardasan, bolaligim" deya nomladik. Yangi tuhfaga yozuvchining siz sevgan, shu vaqtga qadar qo'ldan qo'ymay o'qib kelayotgan qissa va hikoyalari, shu jumladan, ertaklar jamlangan. Taqdim etilayotgan har bir asar Хudoyberdi To'хtaboyevning bolalik yillari, bolalik orzulari, bolalik sevinchlari, bolalik sog'inchlari haqida so'zlaydi. Bir paytlar siz kabi bola qalbi bilan dunyoga sig'magan, orzularini qahramonlari timsolida gavdalantirgan va o'z o'quvchisini hayratlar ummoniga g'arq qilgan adibni bu gal bolaligini, tug'ilgan qishlog'ini sog'ingan, yuraklari gup-gup urib, o'sha manzil tomon talpintirgan tengdoshingiz siymosida ko'rasiz.Kitobdan o'rin olgan har bir asar qalbingizda shunday iliqlik va yorug'lik paydo qiladi!
Xudoyberdi To‘xtaboyev
Qaylardasan, bolaligim: qissalar, hikoyalar, ertaklar
Ushbu kitobimni taqdir taqozosi bilan murakkab sharoitda kamolga yetayotgan aqlli, zukko, bir-biridan shirin nabiralarim
ROBIYAXON va BAXTIYORJONlarga bag‘ishlayman.
Muallif
SEHRLI QALAM yoхud BOLALIGINI QO‘MSAGAN BOBO
Bundan ko‘p yillar oldin oilada kechadigan «tarbiya soati»da aldoqchilikning gunohi azim ekanligini, chin insoniylikka erishish – kelajakda el koriga yaraydigan odam bo‘lish uchun halol-poklik va albatta bolalikdan biror kasb-hunar egallash xususida suhbatlashib o‘tirganimizda ko‘p kitob o‘qiydigan Yorqinjon degan nevaram «Sariq devni minib» romanidagi Hoshimjon ba’zan aldoqchilik qilib bo‘lsa-da, o‘qimasdan turib ham ko‘p kasblarni egallaganini gapirib qoldi.
– Hayotda bunday bo‘lishi mumkin emas, yozuvchi xayoliga kelgan narsalarni yozaveradi, – e’tiroz bildirdi Fotima ismli nabiram.
Har narsaga qiziquvchan Zuhra darrov gapni ilib oldi:
– Xayoliga kelganini emas, ko‘rgan-bilganlarini, hayotda bor narsalarni yozishini Xudoyberdi To‘xtaboyevning o‘zlari televizorda aytganlarini eshitganman.
To‘qsonni qoralagan bo‘lsa-da, ko‘rpa qavib o‘tirgan onam – Enajon momo gapga aralashdi:
– Televizorda oldilariga bolalarni yig‘ib, ertak aytib o‘tiradigan kishini aytayapsizlarmi?
O‘shanda Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlarini o‘qib ko‘rmagan, хat-savodi yo‘q onamning yozuvchi hayotni chuqur o‘rganib, qo‘lga qalam olishini to‘g‘ri anglaganidan hayratlanganman.
Хudoyberdi To‘хtaboyev…
Bu nomni eshitganda yoki o‘qiganda katta-kichik – barchaning yuz-ko‘ziga bir iliqlik yoyilishini kuzatish mumkin. O‘ylab qolaman. Ijodkorning kitobхonlar qalbiga bu qadar chuqur kirib borishining sababini tusmollayman. O‘zbek bolalar adabiyoti dovrug‘ini nafaqat rus, ukrain, ozarbayjon, qozoq, gruzin, qirg‘iz, belorus, turkman kabi hamdo‘stlik mamlakatlari kitobxonlari, balki uzoq xorijlik – ingliz, arab, yapon, nemis, bolgar, fransuz, ispan, cheх bolalari orasida ham keng yoyib kelayotgan adibning badiiy mahoratini yuksaltirgan omillar to‘g‘risidagi kuzatishlarim xayolimdan kechadi.
«Har bir yozuvchining o‘ziga xos hayot yo‘li bor, – deb yozgan edi akademik M.Qo‘shjonov «Sariq devni minib» kitobidagi so‘zboshida. – Tabiiyki, u tug‘ilib o‘sgan muhit ham, uni o‘rab olgan tabiat olami ham, uning bolalik chog‘lari-yu ilmga intilishlari ham, va nihoyat, adabiyotga kirib kelish yo‘llari ham o‘ziga xos bo‘ladi… Xudoyberdi To‘xtaboyevning yozuvchilar safiga kirib kelishi sirlari bilan qiziqsangiz, anglaysizki, u adabiyot maydoniga o‘nqir-cho‘nqirli yo‘llar bilan, ba’zan qoqilib-suqilib, qanchadan-qancha qiyinchiliklarni yengib kirib kelgan».
Ustozga qo‘shimcha qilib aytish joizki, mahorat cho‘qqilarini egallashda «o‘nqir-cho‘nqirli yo‘llar» va turli qiyinchiliklar bilan birga, хalq ruhiyati va til boyliklarini o‘zlashtirish bilan bog‘liq xudo bergan talantini ham alohida ta‘kidlash zarur.
Darhaqiqat, o‘zi qalamga olgan qahramonlar ruhiyati ich-ichiga kirib borish, surati va siyrati tasvirining uyg‘unligiga erishish orqali kitobxonning o‘zligini anglashga yo‘naltirilishini badiiy adabiyotning bosh vazifasi deb bilgan adib jahonga mashhur «Sehrli qalpoqcha», «Sariq devni minib» asarlarini yaratgunga qadar katta hayot va ijod maktabini o‘taydi. Adib asarlari xususida gap ketganda, bolaligida boshdan kechirgan turmush mashaqqatlari, bobosi va buvisi tarbiyasi, o‘qituvchilik faoliyati, gazetalar tahririyatidagi felyetonchiligi bo‘lajak yozuvchini hayotga jiddiy ko‘z bilan qarashga yo‘naltirganini sezish qiyin kechmaydi.
«Mening bolalik va o‘smirlik davrim, – deb yozadi Х.To‘хtaboyev, – urush davriga to‘g‘ri kelgan. Ota-onasiz yetim qolgan hamqishloqlarimning o‘kinch va armonlarini eshitganman. O‘g‘lidan qora хat kelgan onalarning ko‘ksini yulib dodlaganlarini, akasini intizor kutayotgan singillarning, eridan barvaqt judo bo‘lgan yosh-yosh juvonlarning pinhoniy ko‘z yoshlarini ko‘rganman. O‘gay otam – usta Abduqodir ishchi batalonga ketgach, biz oilada sakkiz bola qoldik. Men ular bilan rosa bolalar uyidan bolalar uyiga o‘tib «sayr» qilganman. Hatto Toshkentdan Qo‘qongacha piyoda kelgan paytlarim bo‘lgan».
Dindor buvisi bilan bobosining ko‘ngliga taskin beruvchi hikoya va ertaklari ruhida tarbiya topgan yozuvchi asarlarida dev, sehrgar, afsungar, iblis, jodugar, jin kabi majoziy obrazlarga keng o‘rin berilishi, «bulutdek baland», «bilaklari yo‘g‘on; bittasi chaqaloqning belidek keladi», «na’ra tortganida xonaning shifti ko‘tarilayotgandek bo‘ladi» singari afsonaviy qahramonlarga хos obrazli iboralarning ishlatilishi tabiiy. Har qanday yozuvchining хarakter yaratish mahorati bilan bog‘liq bu хususiyatni Х.To‘хtaboyev asarlari syujetining qiziqarliligi va badiiy tilining o‘ziga xosligini ta’minlagan omillardan biri sifatida baholash mumkin.
Yozuvchi ijodining ilk davrida «Jonginam, shartingni ayt», «Maхsus topshiriq», «Хarakteristika» nomli hajviy, «Aka-uka Omonboy bilan Davronboyning qishloqqa gaz olib kelganlari haqida jajji qissa», «Sir ochildi», «Kichkina rais» kabi sof realistik asarlar yaratgan bo‘lsa-da, uning nomini «Sariq devni minib», «Besh bolali yigitcha», «Qasoskorning oltin boshi», «Mungli ko‘zlar», «Shirin qovunlar mamlakati» singari sarguzasht romanlari ellar aro mashhur qildi.
Mavridi kelganda, Х.To‘хtaboyev ijodidagina emas, o‘zbek bolalar adabiyotida ham muhim sahifani tashkil etadigan «Sariq devni minib» romani tilga olib o‘tilsa, yomon bo‘lmas. Asardagi sehrli qalpoqcha ramziy timsolini adibning jiddiy ijodiy topilmasi deyish mumkin. Sehrli qalpoqcha muallif badiiy niyatini ifoda etishdagina qulaylik tug‘dirib qolmasdan, kitobxonning qiziqishini tutib turuvchi vosita vazifasini ham bajaradi. Asar bosh qahramoni Hoshimjonning sehrli qalpoqcha yordamida turli ko‘chalarga kirib chiqishi roman syujeti qurilishida muhum o‘rin tutadi. Natijada kitobxon har narsaga qodir sehrli qalpoqcha yordam bergan taqdirda ham, bilim olmasdan, biron kasb-hunarning boshini tutmasdan, hayotda o‘z o‘rnini topib baxtli bo‘lolmasligiga ishonch hosil qiladi. Bu esa «bilim ol», «hunar o‘rgan» degan quruq pand-nasihatdan ming chandon ta’sirliroqdir.
Х.To‘хtaboyev qahramonlarining har biri o‘ziga xos qiyofa va gapirish manerasiga ega bo‘lsa-da, ularni quvnoq va hayotbaхsh yumor birlashtirib turishini ilg‘ash qiyin emas. Asar qahramonlarining o‘ta og‘ir vaziyatlarda o‘zini tutishi, sinovlarni mardona yengib o‘tib, nurli manzillarga intilishi, ezgulikka sadoqati tasviri orqali ma’naviy-aхloqiy jihatidan g‘oyat muhim хulosalarga kelinadi.
Yozuvchining asarlaridan asarlariga ko‘chib yuruvchi qahramonlar ruhiyatidagi quvnoqlik, nutqidagi hozirjavoblik, zukkolik kitobxon qalbida iliqlik uyg‘otadi. Bu esa deyarli hamma yozuvchilar orzu qiladigan, ammo ko‘pchilikka nasib etavermaydigan badiiy barkamollik nishonasidir.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur to‘plamga kiritilgan hikoyalar, «Aka-uka Omonboy bilan Davronboyning qishloqqa gaz olib kelganlari haqida jajji qissa» adibning dastlabki ijodiy izlanishlariga хos хususiyatlarni birlashtirgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi qariyb ellik yillardan buyon boshlang‘ich sinflarning «O‘qish kitobi» darsliklaridan tushmay keladi. Bolalar adabiyotining qon tomiri bo‘lgan hayotbaхsh didaktika va badiyat uyg‘unligiga yozuvchining o‘ziga хos munosabati mavjud. Jumladan, «Qizg‘anchiq», «Shoshqaloq», «Orif cholning o‘rikzori» hikoyalarida kichkintoylar hayotidan olingan (buni adibning o‘z hayotidan olingan deyish ham mumkin) e’tiborli biron voqea tasviridan kelib chiqadigan tabiiy xulosa ko‘proq o‘sha voqea tufayli hikoya qahramoni tushgan holat tarzida havola qilinadi.
«Qizg‘anchiq» hikoyasi biror narsasini o‘rtoqlariga ravo ko‘rmaydigan Shavkatjon degan bolaning qilmishlariga bag‘ishlanadi. O‘zi qiynalib qolganida o‘rtoqlarining beminnat yordam ko‘rsatishi uning tepsa-tebranmas qalbini larzaga keltiradi, boshqalarga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirib yuboradi. Shavkatjon timsolidagi qizg‘anchiq bolaning qayta tarbiyalanishi hali oq bilan qorani ajrata olmaydigan kitobxonlar uchun chinakam ibrat namunasidir. «Aka-uka Omonboy bilan Davronboy qissasi»da maktabgacha yoshdagi bolalarga хos qiziquvchanlik, arzigan-arzimagan narsasi bilan maqtanish, o‘yinqaroqlik va kattalarga taqlid kabi хislatlar umumlashtiriladi.
Omonboy bilan Davronboyning o‘ziga xos soddaligi ham, quvligi ham bor. Ular atrof-muhitga, odamlarga bolalik nigohi bilan qaraydilar. Qissaning tarbiyaviy ahamiyati o‘zbek bolalar adabiyotida maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalar hayotidan olib yozilgan dastlabki yirik asarlardan bo‘lganligi bilan ham e’tiborga loyiqdir. O‘tish davrida hali tegishli hayotiy tajribaning yo‘qligi tufayli ko‘pchilik bolalarning turmush mashaqqatlari qarshisida dovdirab qolib, o‘zlarini o‘qqa-cho‘qqa urishlari, hatto ba’zilarning to‘g‘ri yo‘l qolib, jinoiy ishlarga qo‘l urishlari adibning katta-kichik barcha asarlaridan chuqur joy olgan.
Sehrgarlarning sahnalarda qo‘lda tayoqcha bilan oddiy ko‘z ilg‘amaydigan mo‘jizalar yaratishi ko‘pchilikka ma’lum. Х.To‘хtaboyevni ham sehrli qalami bilan shunday mo‘jizalar yaratadigan adib, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Farqi shundaki, sahnadagi sehrgarlik faqat namoyish paytidagina ko‘z o‘ngingizda gavdalanadi. Yozuvchi asarlarini esa qayta-qayta mutolaa qilish orqali u yaratgan badiyat olami ichiga chuqur kirib boriladi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Х.To‘xtaboyevni asarlarining tarqalish jug‘rofiyasiga ko‘ra jahongashta adib deyish mumkin. Yozuvchi qalamiga mansub hikoyalar, qissa va romanlar beg‘ubor bolalik olami, xalq tariхi va taqdiri bilan bog‘liq muhum muammolarning badiiy ifodasi sifatida necha-necha avlod bolalarining sevimli maslakdoshi va maslahatgo‘yiga aylangan.
Safo MATJONOV,
pedagogika fanlari doktori, professor
QISSALAR
AKA-UKA OMONBOY BILAN DAVRONBOYNING QISHLOQQA GAZ OLIB KELGANI HAQIDA JAJJI QISSA
BIRINCHI BOB
SHOFYOR AMAKINING SUV SO‘RAB KELGANI VA SHU BAHONADA TANISHIB OLGANLARI
Davronboy oltiga kirgan. Omonboy yana bir oydan so‘ng to‘rtga to‘ladi. Bu ikki aka-uka tog‘lar etagidagi «Qo‘rg‘oncha» deb atalmish olis qishloqchada, dov-daraxtlarga ko‘milgan bir hovlida yashashardi. Ilgari bu yerlar sal-pal zerikarli edi, o‘ynash uchun o‘rtoq topilmasdi. O‘rtoq axtarib qishloqning ichkarirog‘iga boraylik, deyishsa, Mahmud olako‘zning kuchugidan qo‘rqishar edi… Endi bo‘lsa, unchalik zerikarli emas, sal-pal qiziqarliroq bo‘lib qoldi. Nega desangiz, yaqinda qishloqni qoq ikkiga bo‘lib, o‘rtadan kattakon yo‘l o‘tdi. Uyda zerikib qolsang, shundoqqina ko‘chaga chiqsang, tamom – g‘izillab o‘tayotgan mashinalarni tomosha qilib, maza qilib o‘tiraverasan.
Omonboy bilan Davronboy bugun ham shunday qilishmoqchi edi – to‘g‘rirog‘i, kunbotar tomonga o‘tayotgan mashina qancha-yu, kunchiqar tomonga o‘tayotgan mashina qancha, shuni bir hisoblab ko‘rishmoqchi edi. Ammo…
Oq tovuq bilan qora tovuq tuxum tug‘ish uchun xuddi maslahatlashgandek bir vaqtda katakka kirib qolishsa bo‘ladimi! Siz, ehtimol, xo‘sh, katakka kirgan bo‘lsa nima bo‘pti, o‘zi tug‘averadi-da, poylab o‘tirish shartmi, deb o‘ylarsiz? To‘g‘ri, shart emas, o‘zi tug‘sa ham bo‘laveradi. Lekin masalaning bir muhim tomoni borki, buni unutmaslik kerak. Gap shundaki, oq tovuq Omonboyniki, uning tuxumi sal kattaroq bo‘ladi. Qora tovuq Davronboyniki, uning tuxumi, odatda, sal kichikroq bo‘ladi. Davronboy buni hech tan olmaydi, hamisha tuxumning kattasini o‘ziniki qilib oladi. Shuning uchun Omonboy ko‘chaga chiqib, g‘izillab o‘tayotgan mashinani sanashdan voz kechdi:
– Men tovug‘im tug‘ayotganida tuxumini poylab o‘tiraman! – dedi u katakning ro‘parasiga kelib.
– Men ham poylab o‘tiraman, – uning yonginasiga o‘tirdi Davronboy ham, – bugun mening tovug‘im sal kattaroq tug‘ishi kerak.
– Hecham-da, sening tovug‘ing hamisha kichkina tug‘adi.
– Bugun katta tug‘adi… Boshingga bir tushiraymi! – dedi akasi qo‘lini musht qilib.
– Betingni timdalab olaman! – deb ukasi ham sekin o‘rnidan tura boshladi.
Aka-uka jo‘jaxo‘rozdek tikkama-tikka bo‘lib olishib ketishdi.
Akasi qora tovuq bugun katta tuxum tug‘ishi mumkinligini, ukasi esa qora tovuq hecham katta tuxum tug‘a olmasligini isbotlamoqchi edi. Xuddi shu paytda to‘satdan, ha-ha, to‘satdan, ko‘cha eshikni kimdir do‘mbira qilib chala boshladi… Aka-uka bir-birlarining yoqasidan qo‘lini olib, vahima ichida jim qolishdi.
– O‘g‘ri! – rangi o‘chib shivirladi Omonboy.
– Shpion bo‘lsa-ya, – dedi Davronboy ham qo‘rquv ichida.
Eshik yana taqilladi.
– Kim bor? – degan ovoz ham eshitildi ketidan.
Aka-uka bitta-bitta bosib, eshik yoniga borishdi. Tirqishidan asta mo‘ralab qarashgan edi, xayriyat, o‘g‘ri ham emas, shpion ham emas, chelak ushlagan novcha bir amaki ekan.
– Amaki, siz kimsiz? – deb so‘radi o‘zini bosib olgan Davronboy.
– Shofyorman, – degan ovoz eshitildi eshik orqasidan.
– Shofyor bo‘lsangiz, nega mashinangizni haydamay, bizning eshik oldida turibsiz?
– Mashina buzilib qoldi.
– Nega buzilib qoladi?
– Yuki og‘irlik qilib, baloni yorilib ketdi-da.
– Yukni ozroq bossangiz bo‘lmasmidi?
– Menga qara, yaxshi bola, sen ham mening o‘g‘limga o‘xshab savollarni yog‘dirib tashlashga usta ekansan… Ozgina suv bergin.
– Suv o‘zingizgami yoki mashinagami?
– Obbo… O‘zimgayam, mashinamgayam…
To‘g‘ri, Davronboy deganlari chindan ham sersavol bola edi. Savol bermayman, desa ham bergisi kelaveradi. Hozir ham shunaqa bo‘ldi. Hech narsa haqida so‘ramayman deb turuvdi, to‘satdan:
– Mashinangiz KRAZmi yoki samosvalmi? – deganini o‘zi ham bilmay qoldi.
– KRAZ, – degan javob qaytdi eshik orqasidan.
– KRAZ bo‘lsa, unga suv bermayman.
– Nega endi bermas ekansan?
Bu amakining o‘zi ham qiziq ekan-da, nega deb so‘rab o‘tiribdi-ya, axir hamma narsa ravshan-ku! Bo‘ldi-bo‘ldi bo‘lganda, yuk tashuvchi mashinalar Omonboyga, yengil mashinalar Davronboyga taqsimlangan. Yo‘l yoqasiga chiqib, kimning mashinasi ko‘p o‘tishga o‘ynashganda Omonboy yuk mashinalarini sanashga haqli.
Davronboy bu gaplarni tushuntirib beruvdi, novcha amaki shu oddiygina haqiqatni haligacha bilmaganiga afsuslanib:
– Shunaqami? – dedi qoshlarini kerib.
– Shunaqa! – deb qo‘ydi Davronboy ham ta’kidlab.
Novcha amaki eshikni ochib yuborishini so‘rab, endi Omonboyga murojaat qila boshladi. Omonboy o‘ziga qarashli mashinaga va novcha shofyorga suv darkor bo‘lib qolganiga negadir xursand bo‘lib ketdi.
Davronboy bo‘lsa juda hushyor va ehtiyotkor bo‘lganligi uchun yuk mashinasi to‘xtagan-to‘xtamaganligini tekshirib ko‘rish maqsadida narvonga tirmashib tomga chiqa boshladi. Narvonning oxirgi pog‘onasiga chiqar-chiqmas:
– Voy-bo‘y, mashinaning kattaligini qaranglar! – deb qichqirib yubordi.
Bu orada har qanday ishni ham juda tez bajarishga o‘rgangan Omonboy allaqachon eshikning tambasini tushirib bo‘lgan edi. Qo‘liga pachaqlangan bir chelak ushlab olgan, dadalariga o‘xshash novcha, yelkalari keng, yalpoq yuzli, «ayvonchasi» ikki qarich keladigan chipor shapkani sal qiyshaytirib olgan shofyor amaki Omonboy eshikni ochishi bilan:
– Barakalla, azamat, sen juda esli bola ekansan, – deb moy hidi kelib turgan kattakon kafti bilan Omonboyning boshini silab qo‘ydi. Omonboy haqiqatan ham azamat va haqiqatan ham esli bola edi. Shuning uchun ham shosha-pisha:
– Amaki, men-chi kechasi yotayotganimda kindigimga yog‘ surtib yotaman! – deb axborot berdi yana.
– Mana buni chinakam qahramonlik desa bo‘ladi! – novcha amaki bu gal Omonboyning yelkasiga qoqib qo‘ydi, – suvni qayerdan ichasizlar?
– Bog‘da hovuz bor, – negadir hovliqib dedi Omonboy, – orqamdan yuravering… Undan keyin-chi, amaki, men ovqat yeyishdan oldin qo‘limni yuvaman.
– Voy-bo‘y, sen chindan ham ajoyib bola chiqib qolding-ku!
– Undan keyin-chi, amaki men ovqat yeganimda labimni chapillatmayman.
– Ofarin!
– Davron-chi, amaki, juda yomon bola. Har kuni mening katta tuxumimni olib qo‘yadi.
– Shoshmay tursin, uni bir boplaymiz hali.
– Uni mashinaga chiqarmaymiz, bo‘ptimi?
– Bo‘pti.
– Amaki, meni mashinaning kabinasiga o‘tqizib qo‘yasiz, xo‘pmi?
– Xo‘p.
– Signalini chalib ko‘rsam maylimi?
– Mayli.
Amaki bilan Omonboy mana shunga o‘xshash ba’zi bir muhim narsalar haqida o‘zaro bitimga kelishib, bog‘ etagidagi kattakon hovuzdan chelakni to‘ldirib suv olib chiqqunlaricha, hamma narsaga birinchi bo‘lib ulguradigan, oyog‘i chaqqon Davronboy allaqachon mashinaning oldiga yetib borgan edi. Bunday qarasa, mashina haddan tashqari katta, orqasida pritsepi ham bor, ustiga katta odamlarning ham qulochi yetmaydigan quvurdan ikkitasini yuklab qo‘yishgan ekan. Pritsepdagi ballonning dami chiqib ketib, ulkan quvurlar bir tomonga sal og‘ib, hatto yiqilay-yiqilay deb turgan ekan. Davronboy ko‘p mashinalarning ustiga chiqqan. Bir xillarining signallarini ham chalib ko‘rgan edi-yu, lekin bunaqangi bahaybat mashinaga hech chiqmagan edi. Bir chiqib maza qilmoqchi bo‘luvdi, hech ilojini topolmadi. Shuning uchun ham mashinaning atrofida gir aylanib yuraverdi. Bu orada Omonboy bilan novcha amaki kelib qolishdi. Novcha amaki dami chiqib ketgan ballonga qarab uzoq tikilib qoldi, bosh chayqadi, keyin chelakdagi suvni bo‘yi barobar ko‘tarib yana simirib icha boshladi.
– Amaki, bu quvurlarni qayoqqa olib boryapsiz? – deb so‘radi Davronboy.
– Juda uzoqqa, – o‘yga tolib dedi novcha amaki.
– Ko‘prikning ustiga qo‘yasizlarmi?
Mana shu savoldan keyin bir tomonda Davronboy bilan Omonboy, bir tomonda uh tortib ketma-ket sigaret tutatayotgan novcha amaki o‘rtalarida ajoyib bir suhbat boshlanib ketdi… Ma’lum bo‘lishicha, bu bahaybat quvurlarni ko‘prikning tagiga yotqizish uchun emas, balki bir-biriga ulab yer ostiga ko‘mib, gaz olib kelish uchun ishlatishar ekan. Gaz degan narsa bamisoli lampa moyiga o‘xshab lovillab yonar ekan. Uning olovi shunaqangi o‘tkir bo‘lar ekanki, ko‘z ochib yumguncha qozondagi sho‘rvani biqirlatib qaynatib yuborar ekan, pechkalarni ham, tandirlarni ham qizdirib yuboraverar ekan.
Shundan keyin do‘stona va samimiy suhbat davomida yana shu narsa ham ma’lum bo‘ldiki, bu qishloqning bolalari o‘taketgan sho‘x bolalar ekan. Ayniqsa, hu ro‘paradagi mo‘risidan buralib-buralib tutun chiqib turgan hovlida yashaydigan Mahmud olako‘z degan bola hammasidan ham qizig‘i ekan. O‘tgan yili Omonboy bilan Davronboylarning shaftolisini ayni pishganida bitta qo‘ymay tagiga to‘kib ketibdi, katakdagi tuxumlardan ham hech kimga bildirmay, tez-tez olib turarkan. Xullas, mana shu boladan juda ehtiyot bo‘lish kerak ekan…
IKKINCHI BOB
AKA-UKALARGA G‘OYAT MAS’ULIYATLI TOPSHIRIQ BERILGANLIGI HAQIDA
Bu bobning voqealari, ochig‘ini aytsam, mashinaning signalini chalishdan boshlanib ketdi. Omonboy sekin-sekin chalib, har chalganida signalning yoqimli ovozidan zavqlanib, maza qilganidan boshlarini silkitib kulayotgan edi, uning yonida o‘tirgan Davronboy to‘satdan shunaqangi qattiq chalib yubordiki, ma shinaning soyasida o‘tirib, ketma-ket sigareta chekib, o‘y surayotgan shofyor amaki ikki qo‘li bilan qulog‘ini berkitib:
– Hoy, bolakaylar, qulog‘imni teshib qo‘ydilaring-ku! – dedi.
– Ajab bo‘ldi! – dedi Omon akasiga tanbeh berib.
Davronboy ham ukasiga o‘xshab mashinaning kabinasida maza qilayotgandi: oyog‘ini likillatib o‘tirish, uzoq-uzoqlarga ko‘z tashlash, kattakon rulni u yoq-bu yoqqa burib ko‘rish, signal chalish – xullas, hammasi gashtli edi-da. Davronboy ana shulardan bir yo‘la mahrum bo‘lishdan qo‘rqib:
– Amaki, tuxum pishirib bersam yeysizmi? – deb so‘radi shosha-pisha.
Shofyor amaki kechadan buyon tuz totmagan, qorni haddan tashqari och edi:
– Tuxumni qayerdan topasizlar? – deb so‘radi.
– Omborxonada ikki chelak tuxum bor, – akasining o‘rniga javob qaytardi Omonboy.
Shofyor amaki, qani ketdik bo‘lmasa, degan edi, aka-ukalar mana hozir, mana hozir, deyishib, mashinaning signalini ustma-ust bosishaverdi. Oxiri shofyor amakining toqati toq bo‘lib ketdi.
– Qo‘yinglar-e, meni aldagan ekansizlar-u!
– Hecham-da, – shoshilib dedi Davronboy, – tuxum achib yotibdi… Oyim kecha dadamga: «Shu zormandalarni tezroq bir yoqli qilmasangiz, ariqqa ag‘darib tashlayman», – degan, bildingizmi!.. Faqat bizda gugurt yo‘q, oyim berkitib ketgan. Omonboy bir marta og‘ilxonaga o‘t qo‘yib yuborgandi. O‘shandan keyin har kuni berkitib ketadi.
Shofyor amakida gugurt bor ekan.
Uchovlari uyga qarab yugurishdi. Shofyor amaki, hali aytganimizdek, haddan tashqari och edi. Tuxumlarni tezroq pishirib, tezroq yeb olish uchun shoshayotgandi. Aka-ukalar bo‘lsa, shunaqangi ajoyib va g‘aroyib mashinaning shofyoriga xizmat qilish imkoniyati tug‘ilgani va undan ham muhimi – tuxum bor deb, yolg‘on gapirmayotganliklarini isbotlash uchun shoshishayotgan edi.
Ishning u yog‘i juda tez yurishib ketdi. Davronboy omborxonadan bir chelak tuxumni inqillab ko‘tarib chiqdi. Omonboy bir quchoq o‘tin olib keldi. Novcha amaki o‘t qalab, qozonga suv soldi, tuxum tashladi.
– Amaki sizning ham o‘g‘illaringiz bormi? – so‘rab qoldi Davronboy.
– Ikkita o‘g‘lim, uchta qizim bor, – sal-pal o‘yga tolib dedi novcha amaki. – Qizlarim katta bo‘p qolgan, o‘g‘illarim bo‘lsa sizlar tengi.
– Mashinaga mindirib, kataysa qildirsangiz bo‘lmaydimi?
– Bo‘ladi.
– Nega bo‘lmasa hozir mindirmadingiz?
– Ular juda olisda-da.
– Amaki, bizni o‘sha yoqlarga olib borib keling, jon amaki!
– Qayoqlarga deysan?
– O‘sha gaz bor joylarga-da.
– U yoqlarda nima qilasan?
– Gaz olib kelardik-da… Chelakni to‘ldirib olib kelardik.
– Gazni chelakka solib bo‘lmaydi-ku?
– O‘zingiz lampa moyiga o‘xshab suyuq bo‘ladi, dedingiz-ku.
– Suyuq bo‘ladi-yu, lekin baribir chelakka quyib bo‘lmaydi-da.
– Bo‘lmasa shishada olib kelamiz, xo‘pmi?
Omonboyning ham shu paytda juda-juda gaplashgisi kelib ketdi. Shuning uchun ham shosha-pisha qo‘li bilan akasining og‘zini berkitib:
– O‘sha yoqda bo‘rilar ham ko‘pmi? – deb so‘radi shofyor amakidan.
– Uchrab turadi, – o‘yga tolib dedi amaki.
– Siz qo‘rqmaysizmi?
– Qo‘rqmayman.
– Qorningiz ochib qolsa nima yeysiz?
– Ba’zan chidashga to‘g‘ri keladi.
– Suvsab qolsangiz-chi?
– Uniyam bir ilojini topamiz.
Shofyor amaki shu paytda qozon ostiga o‘t qalab, goh Davronboy bilan, goh Omonboy bilan qiziq-qiziq narsalar haqida gaplashib o‘tirgan bo‘lsa-da, xayoli boshqa yoqlarda edi. O‘g‘illarini, qizlarini juda-juda ham sog‘ingan edi u. Bunday xomcho‘t qilib ko‘rsa, ularni ko‘rmaganiga bir oycha bo‘lib qopti-ya! O‘g‘illari hozir qayerlarda yurishgan ekan. Yoki ko‘chaning boshiga chiqib, dadamiz kelib qolarmikan deb, yo‘l poylab o‘tirishganmikan… Bu yoqda bo‘lsa ballon yorilib, ishning pachavasi chiqib o‘tiribdi…
Omonboyning nazarida shofyor amaki ertaklardagi pahlavonlardek ko‘rina boshladi. Bu bo‘rilardan qo‘rqmaydigan, suvsizligu ochlikka chidab ketaveradigan amaki chindan ham ertaklardagi qahramonlarning o‘zginasi edi. Omonboyning bu amakiga yaxshilik qilgisi, nima bilandir xursand qilib, barakalla o‘g‘lim, degan ovozini eshitgisi kelib qoldi. Amakining orqasidan asta-sekin kelib, yelkasi osha qo‘llarini ko‘ksiga tashlab, qulog‘iga:
– Og‘ilxonada echkimiz bor, ko‘rsataymi? – deb so‘radi.
– Yo‘q, keyin, – deb qo‘ydi amaki.
– Televizorimiz yap-yangi, qo‘yib beraymi? O‘yinchi qizlar chiqadi.
– O‘yinchi qizlarmi… Ularniyam keyin ko‘rarmiz.
Amakining bunaqangi beparvoligi, Omonboy yaxshi ko‘rgan narsalarning hammasiga befarq qarashi uning alamini oshirib, jahlini chiqarib yubordi:
– Endi sizga hecham she’r o‘qib bermayman! – dedi to‘satdan.
Omonboyning yig‘lamsirab turishi shofyor amakining xayollarini qochirib, o‘zini hushyor qilib qo‘ydi.
– Voy-bo‘y, hali sen she’r o‘qishni ham bilasanmi? – dedi u qiziqqanidan o‘rnidan turib.
– Nima desam, yo‘q-yo‘q, deydilar…
– Omonboy, men rostdan ham she’rni yaxshi ko‘raman, qani, birortasini o‘qib ber-chi!
– Aldayapsiz!
– Aldasam… har narsa bo‘lay, qani-qani!
Omonboy shu zahotiyoq alamini unutib, o‘zidan-o‘zi zavqlanib, ikki qo‘lini yoniga tushirdi-da:
– Davronboy xo‘ja, Bulturgi jo‘ja.
Bola ochadi, Tashlab qochadi! – deb kimdandir eshitgan she’rini dona-dona qilib, o‘qib berdi.
Shofyor amakiga she’r yaxshigina ta’sir qildi, shekilli, qah-qah otib kulib yubordi. Shunaqangi qattiq kuldiki, hovlida donlab yurgan tovuqlar cho‘chib, har tomonga qochib qolishdi.
– Obbo, Omon mirzo-ey, – dedi oxiri. – Beri kel, bir achomlashaylik, barakalla! Menga o‘g‘il bo‘lasanmi?
– Voy, sizga o‘g‘il bo‘lsam, o‘zimning dadam yetimcha bo‘p qoladi-ku! – qoshlarini kerib, taajjubdan ko‘zlarini katta-katta ochib dedi Omonboy.
Shofyor amaki yana kulib yubordi. Kulisha-kulisha, o‘rtaga tuzluqni qo‘yib olib, to‘ygunlaricha tuxum yeyishdi, ketidan qora qumg‘onda choy qaynatib, ichishdi, eng oxirida og‘ilxonadagi bitta yo‘g‘on yog‘och olib chiqib, qiyshayib borayotgan quvurlarning o‘ng tomoniga tirab ham qo‘yishdi.
– Ish degan mana bunday bo‘libdi, – dedi shofyor amaki mamnun bo‘lib, – Davronboy, sen esli bolasan, shundaymi?
– Men ham esliman, – akasidan oldin javob qaytardi Omonboy.
– Ikkovlaringga bitta muhim topshiriq bor, juda ham muhim… Men hozir yo‘lovchi mashinalardan biriga o‘tirib, bir joyga borib kelaman. Men borib kelguncha mashinani poylab o‘tira olasizlarmi?
– Poylab o‘tira olaman! – baravariga javob qaytarishdi aka-ukalar.
– Hech kim kabinaga yaqin bormasin, xo‘pmi!
– Xo‘p.
– Demak, sizlarga ishonsam bo‘ladi-a?
– Bo‘ladi, – dedi Davronboy, – hamma javobgarlikni o‘z zimmamga olaman, faqat qaytayotganingizda bizga bir chelak gaz olib kelib berasiz, bo‘ptimi?
– Menga ikki chelak olib kelasiz! – deb topshiriq berib yubordi Omonboy ham.
Shofyor amaki yo‘lovchi mashinaga o‘tirayotganda yana bir marta:
– Sizlarga qattiq ishondim, begona odamlarni mashinaga yo‘latmanglar, – deya iltimos qilib ketdi.
Davronboy bilan Omonboy bir so‘zli, va’dasining ustidan chiqa oladigan azamat bolalar edi. Shuning uchun ham ulkan mashina va uning ustidagi mashinadan ham ulkan quvurlarga begona bolalarni yaqin yo‘latmaslik choralarini ko‘ra boshlashdi. Aka-ukada qurol-yarog‘lar juda mo‘l edi: plastmassadan yasalgan ikki xanjar, og‘iga olmaning danagini solib otsa, har qanday yovni qirib tashlay oladigan ikkita miltiq va yana o‘sha plastmassadan yasalgan bo‘lsa ham, chinakam tanklardan hech qolishmaydigan «T-34» markali ikkita tanklari bor edi. Dadalarining uvadasi chiqib ketgan eski to‘nini mashinaning soyasi tushib turgan tomonga to‘shab qurol-yarog‘larni shay qilib, poyloqchilik qilishga kirishishdi.
– Mahmud olako‘z kelib mashinaga tegsa, o‘ldiraman, – deb qo‘ydi Davronboy.
– Men-chi, aka, miltig‘im bilan otib tashlayman, xo‘pmi? – dedi Omonboy ham dadillanib. – Aka, shu mashina meniki-a?
– Yo‘q, ikkovimizniki.
– Hecham-da, yuk mashinalar meniki edi-ku?
– Endi ikkovimizniki bo‘ldi.
– Bekor aytibsan! – Achchig‘i chiqib ketdi Omonboyning.
– Boshingga bir tushiraymi, – dik etib o‘rnidan turdi Davronboy.
– Betingni timdalab olaman! – barmoqlarini burgut panjasidek yozib, akasining ustiga bostirib kela boshladi Omonboy.
UCHINCHI BOB
BU BOBNING MAZMUNINI O‘QIGANDAN KEYIN BILIB OLASIZ
Oyilari ishdan qaytganda Davronboy bilan Omonboylar ko‘chada poyloqchilikda turishgandi.
– Voy, o‘lmasam! – dedi oyilari boshidagi salkam bir qop o‘tni yerga qo‘ya turib, – bog‘chaga bormadinglarmi?
– Endi hecham bog‘chaga bormaymiz, – shoshilib dedi Davronboy, – biz endi poyloqchilik qilamiz.
– Oyi, men akam bilan urishmadim, – deb axborot berib yubordi Omonboy.
Bir tomonda daladan horib-charchab qaytgan oyilari, bir tomonda poyloqchilik qilamiz, deb oftobning damida terga pishib ketgan va puxtagina qurollanib olgan yosh soqchilar – Davronboy bilan Omonboylar tikkama-tikka turib, rosa savol-javob qilishdi. Oyilari nima bo‘lganda ham bog‘chadan qolmaslik kerak edi, aftilaringga qarab bo‘lmaydigan bo‘lib ketibdi, o‘sha yerda ozodagina yurgan bo‘lardilaring, degan gaplarni aytdi. Yosh soqchilar bo‘lsa, aftimiz bilan ishingiz bo‘lmasin, mashinani tashlab ketishga haqqimiz yo‘q edi, degan gaplarni aytishdi. Aka-uka bir bo‘lganlari uchun, oyilari yengilib, uncha xafa ham bo‘lmay, uncha xursand ham bo‘lmay, haligi salkam bir qop o‘tni ko‘tarib, ichkariga kirib ketdi.
Xuddi shu payt kun bo‘yi kutilgan eng dahshatli xavf – Mahmud olako‘z paydo bo‘lib qoldi. U eshagini yalang‘och qilib minib, bo‘lar-bo‘lmasga irillayveradigan, tumshug‘igacha jun bosib ketgan kuchukchasini ortidan ergashtirib, qo‘lida tuguncha, jadal yurib kelar edi, mashinaga yaqinlashgach, eshagini to‘xtatib, hayrat ichida uzoq tikilib qoldi:
– Voy-bo‘y, kattaligini qaranglar! – dedi nihoyat ko‘zi chaqnab. – Kimning mashinasi bu?
– Bizniki! – ataylab qovog‘ini solib dedi Davronboy.
– Shofyor amaki bizni qorovul qilib ketgan, – qo‘shimcha qildi Omonboy. – Qaytayotganda bizga chelakda gaz olib keladi.
– Borib-borib senlarni qorovul qildimi, a?
– Qildi, alam qilsin!
– Bir tepsam yetti dumalab ketasan-ku!
Mahmud Davronboydan bor-yo‘g‘i bir yosh katta, xolos. Aka-ukalarni yolg‘iz uchratdi deguncha, albatta yig‘latib qochadi. Lekin hozir Davronboy bilan Omonboy undan zig‘ircha ham qo‘rqishmadi, nega desangiz, qo‘llarida qurollari bor! Mahmud ham mana shu xanjar-u miltiqlardan sal-pal qo‘rqdi shekilli:
– Opamnikiga pomidor olib ketyapman, bo‘lmasa ta’zirlaringni berib qo‘yardim-a! – deb asta jo‘nab keta boshladi. Bexavotirroq joyga borib olgach, eshagining boshini tortib: «Hali kelib, mashinalaringni ustiga chiqib, quvurlarini daranglatib chalib, maza qilib o‘ynayman», deb qo‘ydi.
Asta-sekin kech kirib, qorong‘u tusha boshladi. Bu orada oyilari, ovqat pishdi, ichib olinglar, deb ikki marta chaqirib ketdi. Keyingisida televizor qo‘yib beraman, «Olamga sayohat» bo‘lyapti, har xil hayvonlar chiqyapti, deb yolvorib ham ko‘rdi. Aka-ukalar ko‘nishmadi. Biz kirib ketsak, begona bolalar quvurlarni dumalatib ketishadi, deb turib olishdi. Uchinchi gal oyilari to‘ppa-to‘g‘ri keldi-da, hech narsa demay, Davronboyni chap qo‘ltig‘iga, Omonboyni o‘ng qo‘ltig‘iga qisib, chumchuq boladek chirqillatib uyga olib kirib ketdi. Yerga qo‘yib, ikkovining ham orqasiga – yumshoq joylariga bir tarsakidan tushirib:
– Qaysar bo‘lmay ketgurlar! – deb urishdi.
Davronboyga negadir juda alam qilib ketdi, ho‘ngrab yig‘lab yubordi:
– Ovqatingizni ham ichmayman! – javrab alamini chiqara boshladi. – Uyingizni poylamayman, echkingizga ham qaramayman!
Oyilari chiday olmadi, shekilli, ikki o‘g‘lini tizzasiga olib, ter hidi kelib turgan kir peshonalaridan o‘pib: «Do‘mboqlarim, bilmay qoldim, kechiringlar», – deb uzr so‘radi.
Aka-uka hiqillashib o‘tirib, chuchvara yeyishdi, so‘ng indamasdan borib, o‘rinlariga yotishdi-yu, boshlariga choyshab tortib olishdi.
– Ukajon, o‘zimizni uxlaganga solib yotamiz, xo‘pmi? – sekin shivirladi Davronboy.
– Nega unday qilamiz, akajon? – undan ham pastroq ovozda so‘radi Omonboy.
– Biz uxlasak, oyim dadamga ovqat olib boradilar.
– Uxlamasak-chi?
– Obormaydilar… Unda biz mashina poylashga chiqolmaymiz, xo‘p degin, jon uka!
– Keyin ertak aytib berasanmi?
– Aytib beraman.
– Tuxumniyam kattasini berasanmi?
– Beraman.
– Xo‘p.
Oyilari shoshilib boshini yuva boshladi, keyin kattakon toshoyna yoniga kelib, sochini uzoq taradi, atir sepdi, quloqlariga sadarayhon shoxchalaridan qistirib oldi. Eng oxirida tashqariga chiqib, kastryulga to‘ldirib chuchvara soldi, oyoq uchida bitta-bitta yurib kelib, yolg‘ondakam pishillab yotgan Davronboy bilan Omonboyning peshonasidan ohista-ohista o‘pib, yana oyoq uchida yurib chiqib ketdi.
Ko‘cha eshik g‘ichillatib yopilishi bilan aka-ukalar sapchib o‘rinlaridan turib, o‘choq boshidagi xanjar miltiqlarini olib, chinakam soqchilardek qaytadan qurollana boshlashdi.
– Aka, biz hech kimdan qo‘rqmaymiz-a? – so‘radi Omonboy poyloqchilik qiladigan o‘rinlariga borgach.
– Qo‘rqmaymiz! – deb qo‘ydi Davronboy.
– Aka, ajinaning bir quloch dumi bo‘ladimi?
– Bilmasam.
– Aka, alvastilar kunduzi qayerda yotishadi?..
– Bilmasam, – qo‘rqqanidan ukasidan battarroq qaltirab dedi qorovulboshi Davronboy, – ukajon, ke, quvurning ichiga kirib olamiz.
– Voy, men chiqolmayman-ku!
Quvurlarning biri qiyshayib, yerga tegay-tegay deb turgan bo‘lsa-da, baribir, unga ikkovlarining ham bo‘yi yetmas edi. Og‘ilxonada eski yog‘och quti olib chiqib, oyoq ostilariga qo‘yib, oldin Davronboy, ketidan Omonboy ko‘tarilib olishdi. Hech kimga ko‘rsatmasdan chiqib olganlari uchun o‘zlarida yo‘q xursand edilar. O‘rtarog‘iga borib, taglariga dadalarining uvadasi chiqib ketgan eski to‘nini tashlab, joylashibroq o‘tirishdi. Endi hech narsa qo‘rqinchli emas! O‘sha dumi uzun alvasti-yu, hamisha tumshug‘ini jun bosgan kuchugini ergashtirib yuradigan Mahmud olako‘zlar ham kelaversin, paq-paq otib tashlashadi, tamom-vassalom! Oyilariyam topolmaydi, endi shapaloq bilan urib ham bo‘pti.
– Men maza qilyapman, – cho‘zib esnab qo‘ydi kichik qorovul.
– Menam, – hatto esnashga ham holi kelmay qoldi katta qorovulning.
– Akajon, men uxlab qolyapman.
– Menam…
Umuman qorovullarning gapida jon bor edi, negaki, «Qo‘rg‘oncha» qishlog‘ining kichik fuqarolari uyquga ketadigan vaqt allaqachon bo‘lgan edi.
TO‘RTINCHI BOB
QUVUR ICHIDA QO‘RQINCHLI SAYOHAT
Shofyor amaki tuman markazidagi avtobazadan ko‘tarma kran topib kelganda vaqt yetti xufton bo‘lgan edi. Amaki ko‘tarma kran yordamida yorilgan ballonlarni ko‘z yumib ochguncha almashtirib oldi-yu, kunduzi olib chiqqan yog‘ochni tashlab, shu bahonada Davronboy Omonboylar bilan xayrlashib chiqish uchun ularning uylariga kirdi. Hovli o‘rtasidagi daraxtga bog‘lab qo‘yilgan yakka-yu yolg‘iz echkidan boshqa narsa ko‘zga tashlanmadi. Shofyor amaki yosh do‘stlarining nomini aytib bir-ikki chaqirib ham ko‘rdi. «Uxlab qolishganga o‘xshaydi, – yana bir o‘tganimda alohida to‘xtab, rahmat aytib ketarman», – deb ko‘nglidan o‘tkazdi-da, shoshilib chiqib, mashinani o‘t oldirdi. U olis yo‘llarga yurganda g‘ing‘illab so‘zsiz kuylab borar, mashinaning tezligi oshgan sari kuy ham o‘z-o‘zidan avjiga chiqib borar edi. Bugun ham shunday bo‘ldi.
Davronboy bilan Omonboylar esa hech narsadan xabarsiz, dunyoning hamma tashvishlarini: dadalarining oldidan qaytib kelib, o‘g‘illarini o‘rnidan topolmay, sochini yulib, bo‘zlab yurgan oyijonlarini ham, Mahmud olako‘z-u katakdagi tovuqlar, hovlidagi echkilargacha – hamma-hammasini unutib, pishillab uxlab borishardi.
Davronboyning uyqusi qattiq, oyog‘idan sudrab, boshidan suv quysangiz ham, to uyquga to‘ymaguncha baribir uyg‘onmaydi.
Omonboyning bo‘lsa, uyqusi sal sergakroq edi. Hozir ham birinchi bo‘lib Omonboy uyg‘onib ketdi. Uyg‘ondi-yu, quvur ichidagi zimiston qorong‘ilikdan, har xil vahimali ovozlardan qo‘rqib:
– Oyijon! – deya qichqirib yubordi.
Oyijoni uzoq-uzoqlarda qolib ketgandi, shuning uchun ham hech qanday javob qaytmadi. Akasi shundoqqina yonginasida yotganini ko‘rib:
– Akajon, men qo‘rqib ketyapman, – deya uni turtkilay boshladi.
Akasi ham javob qaytarmadi. Omonboy qorong‘ida paypaslanib, bir amallab Davronboyning quloqlarini topib, bor kuchi bilan cho‘zg‘ilay boshladi. Davronboy xuddi shu paytda tush ko‘rib yotgandi, tushida Mahmudning tumshug‘igacha jun bosib ketgan kuchugi uni zirillatib quvib yurgandi. Bir tomondan qo‘rquv, bir tomondan qulog‘ining og‘rishi, ikkovi bir bo‘lib Davronboyni uyg‘otib yubordi.
Uyqusirab:
– Tentak, nega qulog‘imdan tortasan! – deb ukasining chakkasiga bir tushirdi. Tushirdi-yu, to‘satdan quvur ichida yotganlari, bu quvurga ukasini o‘zi aldab olib kelgani esiga tushib: «Kechir, bilmay qoldim», – deb yig‘lab turgan Omonboyni bag‘riga bosib oldi.
– Yo‘qol! – itarib tashladi ukasi. – O‘zim qo‘rqib ketyapman-u, tag‘in uradi-ya!
– Ukajon, ke, senam meni bir urib ola qol. Mana lunjimni shishirib turaman, yumshoqqina, maza qilasan!
– Kerakmas!
– Jon uka, yig‘lamagin.
– Yig‘lamay desam ham yig‘lagim kelyapti… Uyimizga kirib ketaman.
– Voy tentak, mashina yurib ketyapti-ku!
– Oyijon!!!
– Yig‘lama, men ham yig‘lab yuboraman, – shunday deb Davronboy ukasini bag‘riga bosib, o‘ziga tortdi.
Boshini, yuzlarini do‘mboq qo‘lchalari bilan yumshoq-yumshoq silab yupata boshladi.
Mashina g‘uvillab ketib boryapti.
Quvurning ichidan har xil vahimali ovozlar eshitildi. Bir yo‘la yuztami, mingtami alvasti kirib olgandek juda vahimali, juda qo‘rqinchli bo‘lib qoldi. Quvurning ochiq tomonidan shamol hushtak chalyapti, har zamonda bir-birini quvlab o‘tgan mashinalarning chiroqlari pov etib yonib, quvurni yarmigacha yoritadi, yana hammayoq zimiston bo‘lib qoladi.
– Uka, biz botirmiz-a, hech narsadan qo‘rqmaymiz-a? – Omonboyga dalda bera boshladi akasi.
– Baribir men qo‘rqaveraman, – vahima ichida shivirladi ukasi, – oyimni sog‘inib ketyapman… Mashinani to‘xtat, tushaman…
Mashinani to‘xtatish zarurligini Davronboy ham tushunib turibdi-ya, lekin qanday to‘xtatishini bilmay boshi garang. Chaqirgani bilan baribir shofyor amaki eshitmaydi-ku… Bordi-yu, quvurning narigi boshiga, kabinaga tiralib ketayotgan tomonga borib, bor kuchlari bilan taqillatishsa-chi?
– Uka, – sekin shivirladi Davronboy, – yur, emaklab borib amakini chaqiramiz.
– Baribir eshitmaydi.
– Eshitadi, yur, jon uka, polvon ukam…
Aka-uka ketma-ket emaklashib, quvurning kabinaga qadalgan tomoniga qarab ketishdi. Quvurning bu tomoni haddan tashqari qorong‘i bo‘lgani uchun yana ham vahimaliroq tuyula boshladi. Omonboy hecham yurmayman, deb yotib olgan edi, shu paytda negadir ukasiga mehribon bo‘lib qolgan Davronboy:
– Ke, meni ot qilib minib, bo‘ynimdan mahkam quchoqlab ol, – deb uni mindirib oldi. Keyin ko‘zlarini chirt yumib, kabina tomonga «to‘rt oyoqlab» yurib ketdi. Kabinaga yetishgach, aka-uka baravariga:
– Amaki!!! – deb qichqira boshlashdi.
Javob qaytmadi.
– Amaki!!!
Yana javob qaytmadi.
Bordi-yu, kabinada amaki yo‘q bo‘lsa-chi? Bitta-yarimtasi mashinani yurgizib yuborgan bo‘lsa-chi? Ulkan mashina noma’lum tomonga olib qochib ketayotgan bo‘lsa-ya!
– Akajon, meni mahkamroq quchoqlang, – negadir sizlab gapira boshladi Omonboy. – Aka, quvurning ichida bo‘rilar bo‘lmaydi-a?
– Bu yerda bo‘rilar bo‘lmaydi.
– Bo‘rilar kelsa, otib tashlaymiz, xo‘pmi?
– Xo‘p.
– Tankimiz bilan bostirib ketamiz, xo‘pmi?
– Xo‘p.
– Aka, keling, amakini yana chaqiraylik. Tomoqlari qirilib, bo‘yin tomirlari tortilib qolguncha chaqirishdi, baribir amakidan javob bo‘lmadi. Umidsizlik, vahima yana ham kuchayib ketdi. Ikkovlari bir-birining pinjiga kirib, bir-birlarini achomlab, sovqotgan badanlarini bir-birlarining harorati bilan ilitib borishardi.
– Amakiga endi hecham tuxum bermaymiz, – dedi xo‘rligi oshib Omonboy.
– Chelagida suv ham bermaymiz, – qo‘shib qo‘ydi Davronboy.
Shunday qilib, novcha amakini bir yo‘la hamma narsadan mahrum qilishga qaror qilishdi. Omonboy akasini ot qilib minib bo‘ynidan achomladi. Davronboy «to‘rt oyoqlab» borib, dadalarining eski to‘nini quvurning o‘rtarog‘iga surib keldi. Ikkovlari o‘ralib olishdi. Sovuqdanmi, qo‘rquvdanmi, tishlari takillardi. Serpaxta to‘nga o‘ralgach, badanlariga harorat yugurib, aka-ukani birdan uyqu elita boshladi.
– Aka, biz hech narsadan qo‘rqayotganimiz yo‘g‘-a? – uyqusirab so‘radi Omonboy.
– Biz hecham qo‘rqmaymiz, – javob qaytardi Davronboy.
– Biz katta bo‘lib qolganmiz-a?
– Bo‘lmasam-chi!
– Aka, menga tuxumning kattasini berasiz, xo‘pmi?
– Senga-chi, uka, rasm qalamimni, shildiroqlarimni, cho‘yan soqqamni beraman, xo‘pmi, ukajon?
Ukajoni javob qaytarmadi, nega desangiz, allaqachon uning ko‘zlari yumilib bo‘lgan edi. Davronboy ham keltirib bir esnadi-yu, boshini bir tomonga qiyshaytirib, asta uyquga keta boshladi.
Ulkan mashina bo‘lsa bepoyon cho‘l bag‘rida chiroqlarining o‘tkir nurlari bilan qorong‘i tun bag‘rini xanjardek tilib, o‘kirib, pishqirib, yeldek uchib borar, aka-ukalarni olis-olis o‘lkalar tomon olib qochar edi…
BESHINCHI BOB
MEHMONLARGA QUYUQ ZIYOFAT BERILGANI
Shunday qilib, ulkan mashina devlardek o‘kirib, qushdek uchib, qanchadan-qancha obod qishloqlarni, sersuv soyu anhonlarni, yam-yashil qir-u past-baland adirlarni ortda qoldirib boraverdi. Bu orada yosh soqchilar vahima ichida ikki-uch bor uyg‘onishib, goho yig‘lashib, goho oz-ozdan qiqirlashib, yana bir-birlarini achomlashib uyquga ketishdi.
Bir mahal Omonboy mundoq ko‘zini ochsa… mashina to‘xtab turganga o‘xshaydi-yu, quvurning ochiq tomonidan yorug‘ tushib, hammayoqni yoritib turibdi.
– Aka, turing, yorug‘ bo‘lib qolibdi, endi qo‘rqmaymiz, – dedi Omonboy.
Davronboy juda sekin uyg‘ondi. Uyg‘ongandan keyin ham uyqusirab: «Bugun bog‘chaga bormayman», deb ancha mahal g‘ingshib o‘tirdi. Keyin to‘satdan hushyor tortib:
– Uka, mashina to‘xtadimi? – deb so‘radi.
– To‘xtagani qachon edi-yu… – xafa bo‘lib dedi ukasi.
Xanjarlarni taqib, avtomatlarini qo‘lga olib, pastga tushmoqchi bo‘luvdi, eh-a, quvur bugun juda baland bo‘lib qolibdi, osilib tushishning hech iloji yo‘q, faqat sakrab tushsa bo‘ladi. Davronboy tepadan pastga sakrashning ustasi edi: tomdan, devordan, taxmondagi ko‘rpalarning ustidan pastga sakrashni yaxshi ko‘rardi. Sakragandan keyin yo oyisidan, yoki dadasidan, albatta, gap eshitib turardi. Bu yerda esa hech kim yo‘q, bemalol sakrasa bo‘laveradi… Dadasining eski to‘nini yerga tashlab, ustiga o‘zini otdi. U yerbu yerim sinib qolmadimi ekan deb, bir oz o‘ziga quloq solib ko‘rdi, og‘riq yo‘q, demak, hammasi joyida. Ukasini ham bir amallab tushirib oldi-da, keyin nima qilishini bilmay o‘ylanib qoldi… Atrofda quvur yuklangan mashinalar, poyezdning vagoniga o‘xshash g‘ildirakli uylar, tumshug‘i uzun avtokranlar, buldozerlar, uyum-uyum yog‘och taxtalar, har xil o‘yinchoqlar yasasa bo‘laveradigan temir parchalari, yap-yangi konserva bankalari… e, boringki, shunga o‘xshash narsalarning hech hisobi yo‘q ekan. Aka-ukalar qaysi birini avval tomosha qilishni bilolmay, ancha mahal garang bo‘lib turishgach, nihoyat shofyor amakini uyg‘otishga qaror qilishdi.
Shofyor amaki uxlab qolganga o‘xshaydi, hech javob qaytarmadi. Davronboy bir amallab yuqori ko‘tarilib, kabinaning eshigini ochgan edi, ish chatoq, hech kim yo‘q!
– Omon! – deb baqirib yubordi Davronboy. – Bizni mashina olib qochib kelganga o‘xshaydi, mana chiqib ko‘rgin, shofyor amaki yo‘q, qishloqda qolib ketganga o‘xshaydi… Mana, ishonmasang, o‘zing chiqib ko‘rgin. Ke, qo‘lingdan tortib yuboray!
– Yo‘q, o‘zing tusha qol, – ko‘nmay turib oldi ukasi, – mashina tag‘in yurib ketib qolmasin.
– Nariroq tur bo‘lmasa, men yerga sakrayman. Aka-uka nima qilishini, qayoqqa borishni bilmas edi.
Asta-sekin quyosh ham chiqa boshladi, qiziq, bu yerlarning quyoshi qizarib, lovillab chiqarkan… Qishloqdagi uylarning eshigidan uyqusiragan, esnagan, kerishgan odamlar birin-ketin chiqib, o‘zlari chiqqan uyning orqa tomoniga o‘tib keta boshlashdi. Bitta amaki, beligacha yalang‘och, qo‘lida sochiq, cho‘zib-cho‘zib esnab, Davronboylar tomonga qarab kela boshladi. Yaqinlariga kelgach, yurishdan to‘xtab, aka-ukalarning xanjar-u avtomatlarini, qo‘llaridagi tanklarini, Davronboyning qo‘ltig‘idagi uvadasi chiqib ketgan eski to‘nni birma-bir ko‘zdan kechirib chiqib:
– Bolakaylar, sizlar qayoqdan paydo bo‘lib qoldilaring? – deb so‘radi.
– Bizni mashina olib qochib keldi, – shoshilib dedi Davronboy.
– Qanaqa qilib olib qochib keladi? – hayron bo‘ldi beligacha yalang‘och amaki.
– Biz quvurning ichida uxlab qoluvdik, – to‘satdan yig‘lab yubordi Omonboy.
– Men oyijonimni juda sog‘inib ketyapman, amaki, bizni uyimizga olib borib qo‘ying…
Davronboy hamma voqeani amakiga bir boshidan gapirib berdi. Oxirida mashinani Mahmud olako‘z yurgizib yuborgan bo‘lsa kerak, degan taxminni ham aytdi. Amaki: «Poyloqchilikda turib juda yaxshi ish qilibsizlar, lekin bunaqangi paytda uxlamaslik kerak edi, mashina o‘zi yurib kelgani yo‘q, uni novcha amakilaring haydab kelgan, o‘zi hozir dong qotib uxlab yotibdi», – degan gaplarni aytdi.
Ko‘z ochib yumguncha hamma narsadan qo‘rqib, hadiksirab turgan Davronboy bilan Omonboyning atroflarini novcha, pakana, oriq, semiz odamlar qurshab olishdi. Quvur ichida to‘rt yuz chaqirim yo‘l bosib kelganlarini eshitib, bir xillari qo‘rqib ketishdi, bolalarga achinishdi, bir xillari esa yosh soqchilarning burnilarini qisib, peshonasini silab qo‘yishdi…
Xullas, unday bo‘lgandayam, bunday bo‘lgandayam yer bag‘rini yorib, quvur ko‘mib, uzoq ellarga gaz olib borayotgan bu amakilarning biri Omonboy bilan Davronboyga juda-juda o‘xshab ketadigan o‘g‘lini, biri ukasini, yana bittasi jiyanini sog‘inishib yurishgan edi-da, ehtimol shuning uchundir, aka-ukalarni galma-galdan ko‘tarishib, yuz-u ko‘zlaridan o‘pishib, xuddi kosmosni zabt etib qaytgan qahramonlarni kutgandek e’zozlab kutib olishdi.
Bu orada kimdir dong qotib uxlab yotgan novcha amakini ham uyg‘otib chiqdi. Novcha amaki uyqusirab, katta mushti bilan ko‘zlarini ishqalab, odamlarning orasini yorib o‘tdi. Omonboy bilan Davronboyning birini o‘ng qo‘liga, boshqasini chap qo‘liga ko‘tarib:
– Obbo, azamatlar-ey, obbo, pahlavon soqchilarim-ey! – deb ularni erkalata boshladi.
Shundan keyin o‘zi nonushta vaqti bo‘lib qolgani yoki soqchilar sharafiga ziyofat berib yubormoqchi bo‘lishdimi, ishqilib, sahro-yu biyobonning qoq o‘rtasidagi ko‘rimsizgina bir oshxonada hech ta’riflab bo‘lmaydigan darajada quyuq ziyofat bo‘lib o‘tdi: qaynatib pishirilgan tuxumlar, qovurilgan kolbasalar, ustiga shakar sepilgan yog‘li kulchalar, bo‘g‘irsog‘-u dimlab pishirilgan makaronlar… Eh, shunday zo‘r bo‘ldiki, shunday zo‘r bo‘ldiki, asti qo‘yaverasiz.
Nonushta davomida Omonboy bilan Davronboyga shu yerda biz bilan butunlay qolinglar, birgalashib ishlab yuraveramiz, degan mazmunda ham gap qilib ko‘rishdi. Aka-ukalar bunga ko‘nishmadi:
– Birinchidan, agar biz bu yerda qolsak, oyimiz xafa bo‘ladi, ikkinchidan, tovuqlarning tuxumi kattasi kichigiga almashib ketadi, uchinchidan, Mahmud olako‘z shaftolimizni bitta qo‘ymay tagiga to‘kib ketadi, – deb javob qaytarishdi.
– Bizga bir chelak gaz bersangiz bo‘ldi, – dedi uzil-kesil qilib Davronboy.
– Obbo, ukaginam-ey, rasmana gazni hali o‘zimiz ham ko‘rganimiz yo‘q, – deb javob qaytardi gazchi amakilardan biri.
– Mayli, ko‘rmasangiz ham beraverasizlar, – deb akasining gapini quvvatladi stolda o‘tirib, oyoqlarini likillatib kolsaba chaynayotgan Omonboy.
Omonboyning mana shu gapidan so‘ng gazchi amakilari, bordi-yu, bitta gaz o‘choq bilan gaz to‘ldirilgan bitta ballonni ularga sovg‘a qilsak-chi, axir atrofda qo‘nib o‘tadigan joyimiz yo‘q, u yoq-bu yoqqa o‘tganda shofyorlarimiz choy-poy ichib turadi-ku, deb maslahat qila boshlabdi. Ertalab, yarim yalang‘och chiqqan, hozir esa egniga yengi kalta oq ko‘ylak, boshiga oq shapka kiyib olgan amaki: «Bolalar to‘rt yuz chaqirim yo‘ldan bizning quvurlarimizni poylab, ehtiyotlab olib kelishibdi, demak, biz ham ularning iltimosini bajarishimiz kerak. Bitta gaz o‘choq bilan uch ballon gaz olib, mashinaga tezdan yuklanglar», – deb buyruq berib yubordi.
Shofyor amaki yo‘l tayyorgarligini ko‘rib olguncha Omonboy bilan Davronboy quvur yotqizuvchilar shaharchasini maza qilib aylanib chiqishdi: bu yerda bolalar yo‘q ekan-u, nuqul katta odamlar yashar ekan. Yo‘g‘on, ingichka quvurlar, temir yo‘lakchalar, hech tushunib bo‘lmaydigan g‘alati-g‘alati mashinalar… Eh-he, bularni Mahmud olako‘z ko‘rganda bormi! Bitta semiz amaki qo‘lidagi qizil bayroqni silkitib turibdi, boshqa amaki mashinasining tumshug‘iga yo‘g‘on quvurni qistirib, osmon-u falakka ko‘tarib ketyapti. Ho‘ narida o‘ntacha amaki quvurlarga yiltiroq moy surishyapti, undan ham narida yana o‘ntacha amaki moylangan quvurlarga qora qog‘oz o‘rashyapti.
– Qani, soqchi o‘g‘illarim, mashinaga marhamat! – deb qoldi shofyor amaki, – endi tezroq jo‘naylik, bechora onalaring qidirib yurgandir…
Amakilarining hammasi qo‘l silkib, xayrlashib qolishdi, yana tag‘in kelinglar, lekin quvurning ichida emas, kabinada o‘tirib kelinglar, degan gaplarni ham aytishdi.
– Sizga-chi, amaki, tuxum olib kelaman, – deb va’da berdi Davronboy oq shlyapali amakiga.
– Men-chi, amaki, uzum olib kelaman, – deb baqirdi Omonboy ham.
OLTINCHI BOB
GAZ QOZONDA SHO‘RVA PISHGANI
Davronboy bilan Omonboy uylariga qorong‘i tushay-tushay degan paytda kirib borishdi. Novcha amaki yo‘lda jindek uxlab oldi, bo‘lmasa bundan ham oldinroq yetib kelishgan bo‘lardi.
Ulkan mashina ko‘cha eshiklari oldida to‘xtashi bilan aka-ukalar cho‘zib-cho‘zib uch marta signal berishdi. Keyin Davronboy:
– Amaki, oyim meni ursalar ajratib olasiz, xo‘pmi?
– deb shivirladi.
– Seni urdirgani qo‘ymayman, – deb shivirlab qo‘ydi novcha amaki ham. Omonboy ham bir narsa deb shivirlamoqchi bo‘luvdi, ulgurolmadi. Nega desangiz, xuddi shu paytda mashinaga qarab yugurib kelayotgan oyijoniga ko‘zi tushib qoldi:
– Oyijon!!!
– Toychog‘im! – deb ona-bola bir-birlarini achomlashib ketishdi.
– Voy o‘lmasam, Davron qani? – deb so‘radi oxirida oyisi.
– Tushsam urasiz, – hiqillab dedi Davronboy.
– Voy, onaginang o‘rgilsin, urmayman.
– Bugun urmasangiz, baribir ertaga urasiz.
– Urmayman, endi hech ham urmayman.
Davronboy ishning buyog‘ini ham puxtalab olgandan keyin kabinadan turib to‘ppa-to‘g‘ri oyijonining bag‘riga otildi.
Bir-birlarini o‘pishib, ko‘z yoshlarini to‘kishib hovlilariga kirguncha atroflarini xotinlar-u bolalar qurshab olishdi. Qishloqdagi jamiki katta kishilar to‘satdan yo‘q bo‘lib qolgan Davronboy bilan Omonboyni birinchi bo‘lib men topib kelaman, deyishib, har tomonga jo‘nab ketishgan edi. Shuning uchun ham qishloq chekkasidagi daraxtlarga burkalgan bu hovlida faqat xotinlar-u bolalar to‘planishgandi. Bir xillari oyilarini ko‘ngillarini ko‘tarib, boshqa birlari har xil vahimali gaplarni aytib, oyilarining ko‘ngliga g‘ulg‘ula solib o‘tirishgan edi.
Ko‘z yumib-ochguncha hovlilari bamisoli to‘yxonaga o‘xshab ketdi, desam ishonavering. Poyloqchilikda turib, nom chiqarib qaytgan Davronboy bilan Omonboyning Mahmud, Salim, Shavkat, Qurbon degan o‘rtoqlari bor edi. Ularni ko‘rishga o‘shalar ham kelishibdi. Aka-ukalarni o‘rtaga olib har xil savollarni shunaqangi yog‘dirib tashlashdiki, asti qo‘yaverasiz.
– Biz gaz olib kelgani boruvdik, bildilaringmi! – deb gapni qisqa qilib qo‘ymoqchi bo‘ldi Davronboy.
– Hecham-da, – deb gapni yana chuvalashtirmoqchi bo‘ldi Mahmud olako‘z, – gaz senga kuchukmidi, yur desang, orqangdan ergashib kelaveradigan.
Shundan keyin bolalar qiy-chuv to‘polon qilishib, novcha amakining yordamida tashqariga gaz o‘choq bilan gaz to‘ldirilgan ballonlarni olib kirishib, hovlining qoq o‘rtasiga o‘rnatishdi. Shofyor amaki gaz o‘choqning plitasini yoqib yuborgan edi, bolalarni-ku qo‘yavering, xotinlardan tortib, to soy mahalladan kelgan kampir buvilargacha hamma-hammalari hang-mang bo‘lib qolishdi. Bir xillar temir ballonning ichida ming metrcha keladigan piligi bor, o‘sha buralib-buralib yonayapti, dedi. Yana bir xillar mana shu temir ballonning tagidan yerga ingichka quvur ketganga o‘xshaydi, gaz o‘shandan oqib kelayotgan bo‘lsa kerak, degan taxminlarni ham aytishdi. Kampir buvilar bo‘lsa: «Yo tavba, bu Omonboy bilan Davronboy balo ekan-ku, shu olovni o‘shalar olib keldimi-a? – deb, yoqalarini ushlab, orqalariga tisarilgandan-tisarilaverishdi.
Mana shunaqangi gaplar ko‘payotgan paytda amaki gaz o‘choqda sho‘rva pishirayotgan, chinakam oshpazlarga o‘xshab, har zamonda shopirib-shopirib ham qo‘yayotgan edi.
– Amaki, shu gazni biz olib keldik-a? – sheriklarim eshitsin, deb ataylab baland ovozda so‘radi Davronboy.
– To‘g‘ri, – undan ham balandroq ovozda javob qaytardi shofyor amaki. – Bu gazni Omonboy bilan Davronboylar olib kelishdi. Quvurlarni poylab, o‘z joyiga eson-omon yetkazib olishimizda yordamlashganliklari uchun boshlig‘imiz mukofot qilib berdi bularni…
O‘sha kecha «Qo‘rg‘oncha» qishlog‘ining katta-kichik aholisi deyarli uxlamadi hisob, ular Davronboy bilan Omonboy olib kelgan gazning yonishini tomosha qilib chiqishdi.
TELEBOLA
(Peshonasiga televizor yopishib qolgan bolaning sarguzashtlari)
SARGUZASHTNING BIRINCHI BOBI
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim-qadim zamonlarda emas, o‘zimizning shu kunlarda go‘zal Farg‘ona tomonda, undan ham go‘zal Tagob qishlog‘ida Omonboy degan bola yasharkan. O‘zi juda hushyor, aqlli ham ekan. Televizor tomosha qilishni yaxshi ko‘rarkan. Har kuni o‘n soat tomosha ko‘rmasa ham oyog‘i, ham tomog‘i og‘rib qolar ekan. Dars tayyorlayotganda eski televizorlarning ichidagi ashqol-dashqolini olib tashlab, bo‘shagan qutichasining ichiga kirib olib tayyorlarkan. Shunday qilmasa, miyasiga hech narsa kirmas ekan. O‘sha kuni Omonboyning maktabga borgisi kelmabdi. Yo‘q, borgisi ham bor ekan-u, dars tayyorlamagan ekan, shuning uchun borgisi kelmabdi. Dadasi bilan oyijonisi barvaqt ishga jo‘nashibdi. Keta turib oyijonisi: «Jon o‘g‘lim, avval qaymoq bilan nonushta qilgin, keyin echkingga xashak solgin, keyin tovuqlaringni katakka qamab qo‘ygin, keyin maktabga keta turib kalitni Xosiyat xolangga berib ketgin, degan ekan. Omonboy hech qaysisini bajarmabdi, yo‘q-yo‘q, bajarmoqchi ekan-u, ularni bajargani ketsam, televizordagi qiziq-qiziq tomoshalar o‘tib ketib qoladi, deb qo‘rqibdi. To‘g‘ri-da, qiziq-qiziq tomoshalar o‘tib ketib qolsa, hammaga ham alam qiladi-da.
Katta televizor uyda, dadajonisi dalada suv quyganda ko‘rib yurarman deb olib kelgan kichkina televizorcha ayvonda, xontaxtaning ustida ekan. Omonboy chaqqon bola bo‘lgani uchun goh unisiga, goh bunisiga o‘tib, tomosha ko‘ra boshlabdi. Katta televizorni tikka turib, kichkina televizorni chalqancha yotib, qornini yerga berib, qiziq-qiziq joylari kelganda xuddi suvda suzib ketayotgandek oyoqlarini gilamga tapillatib urib-urib tomosha qilar ekan. Eh, o‘sha kuni juda-judayam zo‘r bo‘libdi, biri-biridan qiziq tomoshalar emish. Unisiga qarasang, bunisi qolib ketar emish, bunisiga qarasang, unisi. Kun botay-botay deganda Omonboyning boshi aylanib, ko‘zi tinib, qulog‘idan g‘alati-g‘alati ovozlar eshitilarmish, xuddi qulog‘ining ichidan pakana-pakana odamlar chiqib kelayotganga o‘xsharmish. Keyin sehrli voqea yuz beribdi, ha-ha, chinakam sehrli hamda sirli emish. Xontaxta ustida turgan televizorcha pastga tushib, Omonboy tomonga qarab surilib kelayotgan emish. Uning odamga o‘xshash boshi, javdirab turgan ko‘zi, shalpang quloqlari ham bor emish. Surilib kelib-kelib, Omonboyning peshonasiga chippa yopishib qolibdi.
SARGUZASHTNING IKKINCHI BOBI
– Voy! – debdi Omonboy peshonasini ikki qo‘llab ushlab. Keyin qo‘rqib ham ketibdi. O‘rnidan turmoqchi bo‘lgan ekan, qiziq, boshi zil-zambildek og‘ir emish. Peshonasiga yopishib qolgan televizorchani ajratib olmoqchi bo‘lgan ekan, televizorcha miyasining ichiga kirib ketayotgan emish. Boshimning og‘irligi shundan bo‘lsa kerak, deb o‘ylab yana battar qo‘rqib:
– Voy-dod! – deb o‘rnidan turib ketibdi.
Xayriyat, shu paytda fermadan qaytgan oyijonisi ko‘cha eshikni sharaqlatib ochib, kirib kelayotgan ekan, qo‘ltig‘idagi bir quchoq o‘tni yerga tashlab:
– Voy bolam, nega dodlaysan? – deb so‘rabdi.
– Peshonamga televizor yopishib qoldi, ko‘rmayapsizmi? – deb rasmana yig‘lab yuboribdi Omonboy.
– Voy o‘lmasam, chindan ham peshonang shishib ketibdi, – shunday deb mehribon oyijonisi o‘g‘lini tizzasiga olib, peshonasini silasa, tavba, peshonasi qo‘lni kuydiradigan darajada issiq emish.
– Voy o‘lmasam, seni qovoqari chaqqanga o‘xshaydi, – debdi yana oyijonisi.
Omonboy yig‘lab:
– Ari chaqqani yo‘q, kichkina televizorcha miyamning ichiga kirib qoldi, mana o‘zingiz paypaslab ko‘ring, mana ekrani, mana buraydigan joylari, ana otliqlar kelyapti, qo‘llarida yalang‘och qilichi bor. Ana, qo‘sh karnaylar chalindi, qoching, hozir jang boshlanadi, – degan gaplarni aytarmish.
Oyijonisi qo‘rqib ketibdi, juda-juda qo‘rqibdi, suyukli o‘g‘lini ko‘tarib, ichkariga olib kirmoqchi bo‘lgan ekan, voy tavba, zil-zambildek og‘ir emish. Bunday qarasa, xontaxta ustida turgan kichkina televizorcha ham yo‘q bo‘lib qolgan emish.
– Televizorchani biron kishiga berganing yo‘qmi? – deb so‘rabdi o‘g‘lidan.
– Peshonamning ichida deyapman-ku! – endi Omonboy rasmana dodlab yuboribdi. Oyijonisi ham rasmana qo‘rqib ketibdi.
SARGUZASHTNING UCHINCHI BOBI
Oyijonisi qo‘shnilarini chaqirib chiqibdi. Omonboyning peshonasida televizorchaga o‘xshash bir narsa borligini ular ham ko‘rishibdi. Bitta qo‘shnilari «Bu o‘g‘lingiz o‘zi hazilkash edi, odamlarni kuldiraman deb, televizorchani ataylab peshonasiga yopishtirib olgandir», desa, yana bitta qo‘shnilari «Tavba, bolaning peshonasida hech narsa yo‘q-ku, sal-pal shishinqirab qolibdi, xolos, hadeb vahima qilaverasizlarmi?» – debdi.
Qiziq, televizorcha Omonboyning peshonasida bir paydo bo‘larmish, yana bir yo‘q bo‘lib qolarmish.
– Ajinalar o‘yin qilyapti, – debdi bitta qo‘shnilari.
– Sehrgarlarning ishiga o‘xshaydi bu, – debdi kap-katta bir odam.
– Osmondan uchar likopchalarda noma’lum odamlar tushib, miyasiga televizorchani joylab bir ko‘rinadigan, bir ko‘rinmaydigan qilib qo‘ygan, – degan gapni aytibdi qo‘lida gazeta ushlab turgan bitta amaki. – Mana, gazetada o‘sha haqda yozishgan, – deb qo‘shimcha ham qilibdi.
Vahimali gaplar ko‘paygandan-ko‘payaveribdi.
Qo‘rqqanidan Omonboyning rangi oqarib ketayotganmish. Oxiri, peshonasidagi bir ko‘rinib, bir yo‘q bo‘lib qolayotgan televizorcha sehrlimi, sehrli emasmi, shuni sinab ko‘rmoqchi bo‘lishibdi. Bu foydali gapni Omonboyning jonajon o‘rtog‘i Davronboy aytibdi. Nega desangiz, u Omonboyning chinakam do‘sti ekan. Qirq yilga o‘rtoq bo‘lamiz deb, jimjiloqlarini birlashtirib olishgan ekan. Birga o‘qishar ekan, bir partada o‘tirishar ekan, narigi mahallaning bolalari bilan koptok o‘ynashganda bittasi hujumda, bittasi himoyada turib, o‘ntadan to‘p urishar ekan. Shuning uchun ham jonajon o‘rtog‘ining joni qiynalayotganini ko‘rib, hammadan ko‘ra ko‘proq ana shu Davronboy achinibdi, yig‘lab yuboray-yig‘lab yuboray debdi.
Mahallada Turg‘un aka degan televizor ustasi bor ekan. Sinab ko‘rish uchun ana shu amakini chaqirib keladigan bo‘lishibdi.
SARGUZASHTNING TO‘RTINCHI BOBI
Odamlar ikkiga bo‘linishibdi. Katta yoshdagilar ichkariga, katta televizor yoniga o‘tishibdi. Yosh bolalar Omonboyning yoniga o‘tirishibdi. Turg‘un amaki katta televizorni ishlatib:
– Xo‘sh, Omonboy o‘g‘lim, sening miyangdagi televizorcha ham ishlab ketdimi? – deb so‘rabdi.
– Ha, ishlab ketdi, – debdi Omonboy.
– Nimani ko‘ryapsan, o‘g‘lim? – so‘rabdi ichkaridagi amaki.
– Miyamda bitta odam ashula aytyapti, – debdi Omonboy.
Amaki televizor kanalini o‘zgartirib:
– Endi-chi? – deb so‘rabdi.
– Birov traktor haydayotganga o‘xshaydi, – javob qaytaribdi Omonboy.
– To‘g‘ri, – debdi amaki, – bizning televizorda ham shuni ko‘rsatyapti.
– Endi-chi?
– Bitta bola eshak aravada xashak olib kelyapti.
Televizor kanali yana o‘zgaribdi.
– Endi-chi? – deb so‘rabdi amaki.
– Haligi ashula aytgan odam yana ko‘rindi.
– Endi-chi?
– Traktorchi amaki sekin pastga tushyapti…
Mana shunaqangi savollar-u javoblar bo‘laveribdi, bo‘laveribdi. Ichkaridagi katta televizor nimani ko‘rsatsa, Omonboyning peshonasida bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay qolayotgan sehrli televizorcha ham xuddi o‘sha tomoshani ko‘rsataveribdi, ko‘rsataveribdi. Ichkaridagi katta odamlar hayron qolib, goh tashqariga, Omonboyning oldiga yugurib chiqisharmish, goh yana e tavba, deya ichkariga chopib kirisharmish. Omonboyning yonida o‘tirgan o‘rtoqlari esa nima deyishlarini bilmay dovdirab qolishgan emish. Ayollar bo‘lsa o‘zlarini bosolmay vahimali gaplar aytisharmish.
– Bas qilinglar, o‘rtog‘im qiynalib ketdi, – deb baqiribdi Davronboy, – bas qilmasalaring, chelakda suv olib kelib, ustilaringga sochaman, – deb qo‘rqitib ham qo‘yibdi.
Qo‘shnilar suvga pishilib qolishdan qo‘rqib, tezgina tarqalishibdi. Bittasi ko‘cha eshik yoniga borganda, bu bola sehrgarga o‘xshaydi, degan ekan, Davronboy o‘rtog‘ini himoya qilib, o‘zing sehrgarsan, kavushingni poyma-poy kiyib chiqqansan, deb unga ham baqirib beribdi.
Onasi yumshoqqina joy hozirlabdi, Omonboyni avaylab yotqizishibdi, Davronboy, o‘rtog‘im tuzalmaguncha yonida o‘tiraveraman, hech yoqqa ketmayman, deb so‘z beribdi. O‘rtog‘ining sal shishinqirab, sal-pal qizib turgan peshonasini yumshoq-yumshoq silay boshlabdi.
SARGUZASHTNING BESHINCHI BOBI
Kech kiribdi, Omonboyning dadasi ishdan qaytibdi. Yelkasida bir qop o‘t olib kelgan ekan, o‘shandan bir qo‘ltig‘ini tinmay ma’rayotgan echkining oxuriga tashlabdi. Omonboy mehribon dadasining beparvoligini ko‘rib:
– Dadajon! – deya yig‘lab yuboribdi.
– Nima deysan? – deb so‘rabdi dadasi.
Uyda supra yoyib, un oshiga ugra to‘g‘rayotgan onasi yugurib chiqibdi. Bo‘lgan voqeani goh onasi, goh Davronboy so‘zlab beribdi. Omonboy hiqillab-hiqillab ko‘zlarini mo‘ltillatganicha jim yotaveribdi. Dadasi bu gaplarga uncha ishonmay:
– Peshonangda hech narsa ko‘rinmayapti-ku? – deb so‘rabdi.
– Tikilib qarasangiz ko‘rinadi, – o‘rtog‘ining o‘rniga javob beribdi Davronboy.
Xuddi shu paytda qiziq voqea yuz beribdi. Kichkina televizorchaning shakli ichidagi tasvirlari bilan Omonboyning peshonasida yaltirab bir ko‘rinarmish-da, yana yo‘q bo‘lib, o‘rni qorayib qolarmish-u, anchagacha ko‘m-ko‘k tutun chiqarib turganga o‘xsharmish. Dadasi yoqasini ushlagancha hayron bo‘lib qolibdi. Davronboy hushyor, ham aqlli bola emasmi, hali qo‘shnilarga ko‘rsatgan sehrli manzarani Omonboyning hayratdan yoqasini ushlab turgan dadasiga ham ko‘rsatmoqchi bo‘lib ichkariga yetaklab kiribdi. Endi dadasi katta televizor yonida o‘tirganicha hovlidagi o‘g‘li ko‘zlarini yumib olib, ichkaridagi televizordagi hamma voqealarni so‘zlab berayotganini ko‘rib, eshitib:
– O‘g‘ilginam, pahlavonim, seni ajinalar chalib ketganga o‘xshaydi, – deb yig‘lab yuboribdi, – ertagayoq seni duoxonlarga o‘qitmasam bo‘lmaydi, – degan gaplarni ham aytibdi.
SARGUZASHTNING OLTINCHI BOBI
Qorong‘i tushibdi. Endi hech kim kirmasin deb, ko‘cha eshikni berkitib olishibdi. Ikki o‘rtoqqa bitta joy solib berishibdi, mayli, achomlashib yotsanglar, yotaqolinglar, degan gapni aytishibdi. Davronboy o‘tirib olib, o‘qtin-o‘qtin o‘rtog‘ining peshonasini silarmish.
– Peshonangda tomosha haliyam ko‘rinyaptimi? – deb so‘rarmish.
– Ha, endi Shimoliy muz okeanidagi semiz-semiz ayiqlarni ko‘rsatayapti, – dermish Omonboy.
– Qo‘rqyapsanmi? – dermish Davronboy.
– Sal-pal qo‘rqyapman, sal-pal maza qilayapman, – dermish Omonboy.
Har qancha ehtiyot qilishmasin, baribir ertalabgacha Omonboylarning uyida bo‘lgan voqea butun qishloqqa tarqalib ketibdi. Bu qishloqda og‘zaki telefon zo‘r ekan-da. Ertalab o‘rinlaridan turishsa, voy-bo‘y, ko‘cha eshikning narigi tomonida odam degani to‘lib ketganmish. Bolalar ham, chollar ham bor emish. Bitta kampirning oyog‘i ishlamas ekan, nabirasi chaqaloqni ko‘targandek ko‘tarib kelibdi. Bir xili Omonboyga achinganidan, bir xili maslahat bergani, yana bir xillari shunchaki tomosha qilgani kelarmish. Qiziq, hammasi ham bu sirli voqeaning poyoniga yeta olmagani uchun tavba-tavba, deya yoqasini ushlab chiqib ketarmish. Ertasiga kechgacha uch mingta odam yoqasini ushlab, olti mingta tavba aytib ketibdi. Nabirasiga ko‘tartirib kelgan cho‘loq kampir, «Omonboy, uyimda televizorim yo‘q, seni olib ketsam, qulog‘ingni burab tomosha ko‘rsam, burningni bosib, ovozingni balandlatsam», debdi.
O‘sha kuni kechasi Omonboyning ahvoli ancha mushkullashib qolibdi. Boshi yana ham og‘irlashib, ko‘zlaridan olov chiqqanga o‘xshab, qulog‘idan buzuq traktornikiga o‘xshab g‘alati-g‘alati ovozlar chiqayotgan emish.
– Qo‘rqayapman, – yig‘lamsirab debdi Omonboy.
– Nimadan qo‘rqyapsan? – deb so‘rabdi Davronboy ham yig‘lamsirab.
– Qara-chi, burnimdan tutun chiqyaptimi, yo‘qmi? – deb so‘rabdi yana Omonboy.
– Yo‘q, tutun emas, mishig‘ing oqayapti, artib qo‘yaymi? – deb javob qaytaribdi Davronboy.
SARGUZASHTNING YETTINCHI BOBI
Qaysi ota-ona suyukli farzandi shu ahvolda turganda tinchgina uxlaydi, deysiz. Er-xotin ikkovlari kechasi bilan uxlamay chiqishibdi, o‘ylayverishibdi-o‘ylayverishibdi. Oxiri tuman markazidagi dong‘i olamga ketgan televizor ustasini olib kelishga qaror qilishibdi.
– Agar pul so‘rasa, menda pul bor, – debdi Omonboyning jonajon o‘rtog‘i Davronboy. Chindan ham cho‘ntagida o‘n olti so‘m puli bor ekan. O‘shani chiqarib beribdi. O‘sha usta, voy-bo‘y, juda ham zo‘r ekan. Televizorlarning buzuq joyini ko‘zini yumib turib ham topa olarkan, topganidan keyin qo‘li bilan bir silasa, televizor o‘z-o‘zidan varanglab ishlab ketaverarkan. Shuning uchun ham puli ko‘p tadbirkorlar televizorlari buzilsa o‘shanga, faqat o‘shanga ko‘rsatishar ekan. Amaki insofli odam ekan, Omonboyning dadasi yig‘lamsirab turib, a’lochi o‘g‘limiz shundoq-shundoq bo‘lib qoldi, degan ekan, qora sumkasini yelkasiga osib, qani ketdik, debdi. Kelibdi-yu, ayvonda atlas ko‘rpachalar ustida yotib, peshonasida aks etayotgan g‘alati-g‘alati tasvirlarni o‘rtog‘iga so‘zlab berib, xafa bo‘lishini ham, xursand bo‘lishini ham bilmay yotgan Omonboyning yoniga cho‘kkalab:
– Nima bo‘ldi, o‘g‘lim? – deb so‘rabdi.
– Shunaqa bo‘ldi, – debdi Omonboy.
Amaki rezinka qo‘lqopini kiyib, mening qo‘lim emas, pirlarimning qo‘li, degan gaplarni aytibdi-da, Omonboyning qizib turgan peshonasini yumshoq-yumshoq silab:
– Ozgina shish bor, mabodo yiqilib urib olganing yo‘qmi? – deb so‘rabdi.
– Yiqilgani yo‘q, – o‘rtog‘ining o‘rniga javob beribdi Davronboy.
Usta amaki Omonboyning peshonasini yana silabdi, qulog‘iga qulog‘ini qo‘yib ko‘ribdi. Uzoqroqqa borib, bitta ko‘zini qisib ham qarabdi. Yo‘q, endi kecha odamlarga ko‘ringan kichkina televizorcha ko‘rinmasmish.
– O‘g‘lim, ota-onangni bekorga qo‘rqitibsan, – xafa bo‘lib debdi usta amaki.
– Yolg‘onmi? – deb boshini sekin ko‘taribdi Omonboy.
Keyin Davronboy bilan Omonboy xuddi avvalgi kuni qo‘shnilari ko‘rsatgandek, ham miyasidagi, ham ichkari uydagi televizorlarda g‘alati-g‘alati tomoshalarni ko‘rsatgan ekan, usta amaki bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay qolayotgan tasvirlarga qarab:
– E tavba, qirq yil ustachilik qilib, bunaqa sehrli voqeaga duch kelmagan edim. Tuzatish qo‘limdan kelmaydi, – debdi-da uyiga jo‘nab ketibdi.
SARGUZASHTNING SAKKIZINCHI BOBI
Ertasiga ko‘rgani kelayotganlar yana ham ko‘payibdi, sinfdoshlari ham kelibdi. O‘zi shu 1-«A»dagilar bir-biriga juda mehribon, juda g‘amxo‘r ekanlar-da. Tug‘ilgan kunlarini birga o‘tkazishar, kasal bo‘lganda gul ko‘tarib ko‘rgani borishar, muzqaymoq olganda bir juft olib, bir-birlariga hadya ham qilishar ekan. Bu gal ham ko‘ngil so‘ragani, ham o‘rtoqlarining peshonasiga yopishgan televizorchani tomosha qilgani kelishgan ekan.
– Voy, hech narsa yo‘q-ku, – debdi Gulnora degan qiz.
– Men peshonasida bir narsa ko‘rgandek bo‘lyapman, – debdi a’lochi Nasiba.
– Mayli o‘rtoq, tuzalguningcha maza qilib yotaver, – debdi eng orqa partada o‘tiradigan Orifjon, – «A» unlisini o‘tganmiz, o‘zim senga tushuntirib qo‘yaman. Og‘zingni katta ochib, ovoz chiqarsang, «A» bo‘larkan.
O‘rtoqlari Omonboyning aytganlariga bir ishonib, bir ishonqiramay turishgan ekan, to‘satdan sehrli voqea yana yuz berib qolibdi-yu, Omonboy miyasidagi tasvirlarni o‘rtoqlariga so‘zlab bera boshlabdi, ana, «Shaxmat darsi» boshlandi, ana qizaloqlar o‘yinga tushishyapti. Ahvoliga hammalari achinishibdi. Xafa bo‘lishib, boshlarini egib chiqib ketishibdi. Gulnora bo‘lsa, ko‘chaga chiqqach, chinakam yig‘lab yuboribdi.
Bora-bora Omonboy ko‘chaga ham chiqolmay qolibdi, to‘p ham tepa olmasmish, xokkey ham o‘ynay olmasmish, sal narsaga boshi aylanib ketaverarmish. Doktor chaqirtirishibdi, tabibga ko‘rsatishibdi, kechasi bitta domla kelib, kuf-suf ham qilib ketibdi. Biri u debdi, biri bu debdi. Oqibat shu bo‘libdiki, unga Telebola deb nom berishibdi. Bu nom Omonboyga hech yoqmas emish, g‘ashi kelarmish, oxiri, Toshkentdagi eng katta doktorgami, televizor ustasigami uchrashmoqchi bo‘lishibdi.
SARGUZASHTNING TO‘QQIZINCHI BOBI
Toshkentdagi nom chiqargan mashhur doktor amaki uyida qabul qilibdi. Avval Omonboyning ota-onasi bilan rosa suhbatlashibdi. Keyin Omonboy bilan doktor amaki o‘rtalarida mana bunday suhbat bo‘lib o‘tibdi:
– Obbo o‘g‘lim-ey, sening ham peshonangga televizorcha yopishib qoldimi? – deb so‘rabdi amaki.
– Sizga ko‘rinyaptimi? – shoshilib so‘rabdi Omonboy.
– Ha, ko‘rib turibman, o‘g‘lim.
– Amaki, siz qanday ko‘ryapsiz?
– Men hamma narsani ko‘raman, o‘g‘lim. Bu voqea 17-may kuni bo‘lganmidi, o‘g‘lim?
– Ha, o‘sha kuni bo‘lgan edi, siz qayoqdan bilasiz?
– O‘g‘lim, men hamma narsani bilaman, o‘sha kuni sen ertalabdan kechgacha televizor tomosha qilgansan, shundaymi?
– To‘g‘ri, kun botay-botay deguncha ko‘ruvdim.
– Echkingga xashak solishni unutgansan, to‘g‘rimi?
– Voy, bunisiyam to‘g‘ri, amaki, – debdi Omonboy.
– Tovuqlaringni katakka kiritmagansan.
– Kiritmoqchi edim-u, tursam tomosha tugab qoladi, deb qo‘rqqanman.
– O‘sha kuni, rostini ayt, o‘g‘lim, necha soat televizor tomoshasini ko‘rding?
– Esimda yo‘q, amaki.
– Kun bo‘yi ko‘rgansan, kechga yaqin xontaxta ustidagi kichkina televizorcha sen tomonga kela boshlagan.
– To‘g‘ri, surilib kelayotgandek edi.
– Surilib kelib, peshonangga yopishib qolgan.
– Voy amaki, siz ko‘rib turganmidingiz?
– Ha, hammasini ko‘rib turgandim.
– Siz sehrgarmisiz?
– Ha, sehrgarman.
Savol-javob mana shu yerga yetganda Omonboy yig‘lab yuboribdi. Nega yig‘layotganini o‘zi ham bilmas ekan. Lekin doktor amaki yig‘lagan bolalarni yupatishga usta ekan. Kafti bilan Omonboyning qizib turgan peshonasini uch marta silagan ekan, yig‘i to‘xtab qolibdi. Keyin doktor amaki:
– Tashvishlanma, o‘g‘lim, sendan oldin ham oltita bolaning peshonasiga yopishib qolgan televizorni ajratib olganman. Xudo xohlasa, sen yettinchisi bo‘lasan, lekin bu oson emas, og‘ir-og‘ir shartlari bo‘ladi, – debdi.
– O‘shanda Telebola degan nomim ham yo‘q bo‘ladimi? – shoshilib so‘rabdi Omonboy.
– Albatta, yo‘q bo‘ladi, – debdi hamma narsani biladigan sehrgar amaki.
Keyin ichkarida sehrli sandiqchasi bor ekan, o‘shani ochib, ichidan yettita sehrli, ehtimol sehrli emasdir-u, Omonboyga sehrlidek tuyulibdi-da, ishqilib yettita ko‘k konvert olib:
– Har kuni bittadan ochasan, qanday shart yozilgan bo‘lsa, so‘zsiz bajarasan, bajarib bo‘lganingdan keyin mana bu shishadagi sehrli suvdan uch ho‘plam ichasan, ichishing bilan darhol uxlab qolasan, – degan gaplarni aytibdi. – Yetti kun deganda peshonangdagi televizorcha o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib qoladi, – deb negadir Omonboyning qulog‘iga shivirlab aytibdi.
Omonboy xursand bo‘libdi, tashqarida betoqat kutib o‘tirgan ota-onasi ham behad sevinishibdi.
SARGUZASHTNING ENG QUVONCHLI BOBI
Shoshilib uylariga qaytishibdi. Katta Tagob qishlog‘idagi barcha odamlar bu sehrli voqea nima bilan tugashini kutishayotgan ekan. Hammalari yopirilib kelishibdi. Qandoq bo‘ldi, qandoq bo‘ldi, deb rosa so‘rashibdi. Hatto bitta kampir «O‘sha sizlarni ko‘rgan doktorning orqasida ham ko‘zi bor emish, shu rostmi?» deb so‘rabdi. Lekin hech kimning savoliga javob qaytarishmabdi. Faqat uylarini poylab, echkilari bilan tovuqlariga qarab o‘tirgan Davronboyga juda-juda mehribon bo‘lgani uchun bo‘lgan voqeaning hammasini bitta qoldirmay so‘zlab berishibdi. Xullas, ertasiga mashaqqatli sinov boshlanibdi. Birinchi ko‘k konvert ochilayotganda Davronboy o‘rtog‘iga «Qo‘rqma, men yoningda turaman, yiqilsang, turg‘izib qo‘yaman», deya dalda beribdi. Konvert ichidan qo‘rqinchli hech narsa chiqmabdi, xat chiqibdi, unda «Omonboy o‘g‘lim, esingdami, 21-yanvar kuni qo‘shning Sora xola pul uzatib, jon o‘g‘lim, menga magazindan non olib kelib bergin, deganda, pulni olgansan-u, nonga bormagansan. O‘shanda kampir xolang och qolgan, hozir kirib kechirim so‘ra», degan yozuv bor ekan.
Omonboy, e, bu shart juda oson ekan-ku, deb xursand bo‘lib, magazindan non olib, xolasining oldiga kirgan ekan, xola xursand bo‘lib ketibdi-da, Omonboyning peshonasidan o‘pib, unga sherik bo‘lib turgan Davronboyga ham rahmat aytib, ikkovlariga cho‘ntaklarini to‘ldirib yong‘oq beribdi. Omonboy uyiga qaytib, sehrli suvdan uch ho‘plam ichgan ekan, shu zahotiyoq uxlab qolibdi. Uyqudan turgach, navbati bilan qolgan yettita shartni ham bajaraveribdi, bajaraveribdi. Uxlash ham davom etaveribdi, etaveribdi. Oxirgi konvertni ochayotganda Omonboyning ota-onasi ham, jonajon o‘rtog‘i Davronboy ham juda qo‘rqishibdi. Bordi-yu, bu shart qiyin bo‘lsa, Omonboy uni bajara olmasa, peshonasida bir ko‘rinib, bir yo‘q bo‘lib qolayotgan televizorcha butunlay qolib ketsa, unda nima qilamiz, deb rosa o‘ylashibdi.
Nihoyat, oxirgi ko‘k konvertni ochishibdi, undan sehrgar doktorning mana bunday so‘zlari chiqibdi: «Omonboy o‘g‘lim, endi senga berib yuborganim, sehrli suvdan uch ho‘plam emas, olti ho‘plam ichasan-u, darhol uyquga ketasan, demak, bu gal ikki hissa uxlaysan. O‘rningdan turganingda miyangdagi har xil tasvirlar, qulog‘ingdagi yoqimsiz ovozlar, peshonangning qizishi butunlay yo‘q bo‘ladi, sen endi soppa-sog‘san, papkangni yelkangga osib, maktabga jo‘nayverasan. Shartli savollarni tuzib chiquvchi professor Odil Usmonov».
Omonboy ko‘zini ochib, atrofiga qarasa, o‘sha birinchi kuni uyqusirab, boshi og‘irlashib, qulog‘i shang‘illab, jahl ustida qo‘yxonadagi o‘tlar orasiga otib yuborgani kichkina televizorcha yonginasida paydo bo‘lib qolibdi.
– Voy, mening miyamga kirib ketgan televizor mana shu edi-ku, – deb qichqiribdi Omonboy.
– Ha, o‘sha televizorcha miyangdan chiqib keldi, – deyishibdi ota-onasi.
– Ha-ha, o‘shaning o‘zi, – deb tasdiqlabdi Davronboy ham. – Miyangdan chiqib kelganini men ham ko‘rdim, – degan so‘zlarni ham aytibdi.
Ertasiga ertalab ikki o‘rtoq barvaqt maktabga jo‘nashibdi. Undan keyin o‘z vaqtida maktabga boradigan, o‘z vaqtida tomosha ko‘radigan, o‘z vaqtida echkiga xashak soladigan ham bo‘lishibdi. Lekin ming afsuski, Omonboyning telebola degan laqabi hech o‘zgarmay haligacha qolib ketibdi.
OSMONDAGI HAYVONLAR
Ertak-qissacha
YOVVOYI ECHKILAR
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda emas, shu o‘zimizni kunlarda Toshkent shahrida eng aqlli odamlarni shoshirib, o‘ylantirib qo‘yadigan sirli bir voqea yuz beribdiki, butun shahar ahli hayratdan yoqasini ushlab qolibdi. 12 qavatli uylarning qoq o‘rtasiga dadalari qurib bergan qizil qum to‘kilgan, keng, bahavo maydonchada jamiki bolalar qiyqirishib, yugurishib, o‘mbaloq otishib o‘ynashayotgan ekan. O‘ynayotganlar orasida Farrux degan hushyorgina bir bola ham bor ekan. Tug‘ilgan kunida dadasi sovg‘a qilgan rostakamidan hech qolishmaydigan samolyotga opasi Soraxonni, akasi Humoyunni, mehmonga kelgan Rasuljon o‘rtog‘ini chiqarib olib, goh o‘ngga, goh chapga haydashib, qiyqirib kulishib, juda-juda maza qilishayotgan ekan. To‘satdan, ha-ha, to‘satdan sirli voqea yuz beribdiku, samolyot tarillab ovoz berib, orqasidan ko‘m-ko‘k tutun chiqazib, avval 12 qavatli uylar barobar uchibdi, keyin xuddi lochin qushdek tumshug‘ini oldinga cho‘zgancha havolab borib-borib, pag‘a-pag‘a bo‘lib suzayotgan oppoq bulutlar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.
– Xayr, dadajon! – qichqiribdi Farrux osmondan turib.
– Opajon, qozondagi sut toshib ketsa, men aybdor emasman, – deb baqiribdi Soraxon.
– Oyijon, men ertaga bog‘chaga bormayman, – debdi Rasuljon.
Humoyun ham bir narsa deb qichqirgan ekan, samolyotning tarillagan ovozi eshittirgani qo‘ymabdi. Samolyot bo‘lsa uchgandan-uchaveribdi, uchaveribdi. Goh o‘rkach-o‘rkach bo‘lib, bir-birini quvlab borayotgan oppoq bulutlar orasidan sho‘ng‘ib o‘tarmish, goh qop-qora bulutlar samolyotni yutib, yo‘q qilib yuborarmish. Bir qarasa, charaqlab oftob chiqarmish, yana bir qarasa, qorong‘ilik shunaqa quyuq bo‘larmishki, Rasuljon hatto o‘zining burnini o‘zi ko‘rolmay burun o‘rniga qulog‘ini ushlab-ushlab qo‘yarmish.
Yerda qolganlar esa yoqa ushlab anchagacha angrayib turishibdi. Bir xillar «Uchar likopchalar o‘g‘irlab ketdi ularni» deyishsa, boshqalari «Sehrli voqea yuz berdi», dermish. Yana bitta hammadan ham aqlliroq odam bor ekan. O‘sha bo‘ynini baland cho‘zib, baland ovoz bilan «Yapon o‘yinchoqlarining ichida to‘satdan g‘irillab ishlab ketadigan kichkina-kichkina sehrli motorchalar bo‘ladi, bolaga samolyotni berishdan oldin zo‘r ustaga ko‘rsatib olish kerak edi», dermish.
Xullas, u bo‘pti, bu bo‘pti, samolyot osmonda guvillab uchib ketaveribdi-ketaveribdi.
– Ur-ra, men maza qilyapman, – dermish ikki qo‘llab rulni mahkam ushlab olgan Farrux.
– Men sal-pal qo‘rqyapman, – dermish Soraxon.
– Men hech ham qo‘rqmayman, botirman, – dermish Rasuljon.
– Meni uyqum kelyapti, – dermish Humoyun.
Samolyotning tumshug‘ini lochin qushning tumshug‘iga o‘xshatib, sal pastga egiladigan qilib yasashgan ekan. Bir mahal ana shu qayrilma tumshuqdan «qo‘rqmasang, o‘zingni yo‘qotmasang, mard bo‘lsang, murod-u maqsadingga yetasan» degan o‘zbekcha ovoz eshitilib qolibdi. Ovoz Farruxning buvisinikiga ham, Rasulning bobosinikiga ham juda-juda o‘xshab ketarmishku, bunday ko‘zlarini kattaroq ochib qarasa, oldilarida qorong‘ilikdan boshqa hech narsa yo‘q emish. Samolyot esa varillab uchgandan-uchaveribdi, uchaveribdi. Osmon shunaqa keng emishki, bolalar oldinga ketishyaptimi, orqaga ketishyaptimi, hech bilishmas ekan. Goh o‘ng tomondan, goh chap tomondan lovillab yonib turgan meteoritlar zuv-zuv etib o‘tib ketarmish. O‘tayotganda osmonning yarmini charog‘on qilib yoritib yuborar emish. Bir payt samolyot shunday balandlab uchibdiki, Soraxonni bo‘yi sal novcharoq emasmi, boshi yulduzlarga tegay-tegay deb qolibdi. Humoyun bitta yulduzni ushlab ko‘rmoqchi ham bo‘libdiku, lekin yulduz menga yetolmaysan degandek, tezgina havolab uchib ketibdi.
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/book/hudoyberdi-tuhtaboev/k-aylardasan-bolaligim-69918103/chitat-onlayn/?lfrom=390579938) на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.