Беш болали йигитча

Беш болали йигитча
Худойберди Тухтабоев

Xudoyberdi To‘xtaboyev
Besh bolali yigitcha / Sarguzasht roman

ACHCHIQ HAQIQAT
Ushbu kitob qo‘lyozmasini o‘qir ekanman, yuragim bir-ikki martagina siqilgani yo‘q. Nihoyat – ajoyib, dedim oxirgi sahifani yopar ekanman, ko‘nglim yorishib. Achchiq qismat haqida hikoya qilib, iliq harorat hadya etish – har kimga ham berilmaydigan iste’doddir. Xudoyberdi To‘xtaboyev buni uddalay olgan.
Men bunday qobiliyat egasini iste’dod targ‘ibotchisi, degan bo‘lardim. O‘zidagi ezgulikni o‘zgalarga tarqatmoqchi bo‘lgan odamni g‘allakorga mengzash mumkin emasmi?
“Besh bolali yigitcha” – ajoyib asar. Urush davridagi bolalik haqida kam yozilmagan. Men buning salbiy jihatini ko‘rmayman. Yer yuzida o‘zining bolaligini yodga olmagan yozuvchilar deyarli yo‘q. Endi esa bu bilan zamon mashg‘ul – adabiyotga shunday odamlar kirib kelishdiki, ularning bolaligi, o‘smirligi urushga to‘g‘ri kelgan, aniqrog‘i, urushning og‘ir ko‘lankasi ularning bolaligi, o‘smirligi, yoshligiga soya solgan. Buni qalamda aks etgan urush davridagi bolalik xotiralari bilan izohlash mumkin.
Yana bir gap. Urush katta-kichik, hatto eng kichik yoshdagi go‘daklar uchun ham iztiroblar, kurashlar davri ediki – to‘rt yilda yigirma million inson yo‘qotilganini eslang – hozir, oradan shuncha yillar o‘tgan bo‘lsa-da, dard, og‘riq bilan yodga olinadi. Dushmanga qarshi urush olib borilar va bu haqda go‘zal she’rlar va romanlar bitilgandi. Front ortidagi mehnat haqida ham kam yozilmagan. Iztiroblari, intilishlari, g‘am-kulfatlari bilan yosh bolalar ham urush zahmatini his qilgan, beixtiyor ravishda unga jalb etilgan edi. Bu go‘daklar ertaga katta odamlarga aylanadigan buyuk ishtirokchilar edilar. Bu kelajak ishtiroki edi.
Kimki Aleksandr Neverovning “Toshkent – non shahri” qissasini o‘qigan bo‘lsa, Xudoyberdi To‘xtaboyev kitobidagi talay jihatlar tanish ko‘rinadi. Bu histuyg‘ular, fikrlarning ajoyib uyg‘unligidir.
Kitobdagi kichik qahramonlarning yetimligi, muhtojligi, darbadarligi fuqarolar urushi davridagi yosh tengqurlarining azob-uqubatlarini esga soladi. Esga soladi, xolos. Va bunday yodga solish Neverov va To‘xtaboyev kitoblarining ajoyib tarzdagi tafovutini namoyon etadi. Mazkur asarlardagi zamon, davr ulardagi o‘ziga xoslikni, jamiyat ruhiyatini ochib beradi.
Bosh qahramon Orif – nafaqat besh nafar go‘dakning akasi, u qarovchisiz bolalarning, o‘z oilasining kichik yo‘lboshchisi ham. Oila shamchirog‘i o‘chib qolmasligi uchun Orifning zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklangan.
Ota-onasidan judo bo‘lgan bolalar o‘z dunyosida yashalarsa-da, urush, vayronagarchiliklarni to‘la his etadilar.
Front uchun zambarak sotib olish maqsadida borbudini sotgan qariya-chi? Adolat uchun o‘zini o‘tga, cho‘qqa urishga shay turgan bolalar uyining omadsiz direktori rus ayoli Mariya Pavlovna-chi?
Oriflar oilasi yaxshi odamlar orasida yashaydi, biroq hayot kabi haqiqat qissasi ham shafqatsiz va yaxshi odamlar hamma vaqt ham boshiga musibat tushgan bolalarga yordam qo‘llarini cho‘za olmaydilar. Ammo ular go‘daklar yonida bo‘lmasalar-da, mehribonlik ko‘rsata oladilar. Bu esa yaxshi qahramonlarning emas, balki yovuzlikka qarshi kurashib, dunyoni munavvar etuvchi yaxshilik, ezgulikning kuchidir! Adib mazkur haqiqatni tasdiqlar ekan, bolalarning Toshkentdan Qo‘qonga – qadrdon qishloqlariga kelishdagi mashaqqatli yo‘lida ezgulik yordam qilgani, yovuzlik esa xalaqit berganini yorqin aks ettiradi.
Xudoyberdi To‘xtaboyev – ajoyib iste’dod egasi. Urush yillaridagi o‘smirlar hayotini yorituvchi kitobi ham achchiq qismatdan hikoya qiluvchi ajoyib asardir.
Axir, yaxshilikning faqat shirin ta’mi borligi haqida kim aytdi?
Hayotda yaxshilik, xotirjamlik, ravon yo‘l emas, aksincha, sinovlar insonni inson darajasiga ko‘taradi. Bu sinovlar achchiq bo‘lmasa qani edi! Modomiki, davr shuni taqozo etgan ekan, nachora!
Besh bolali Orif achchiq sinovlarni boshidan kechirdi. U g‘olib bo‘ldi.
Aytish mumkinki, u zafar quchgan Orifdir!

    Albert LIXANOV

«TANISHING, DO‘STINGIZ ORIFJON!»
Og‘ir urush yillari… Shu urushning kasofati tufayli butun-butun qishloqlar huvillab qolgan. Yosh-u qari – barcha urushning tashvishi bilan yashaydi, ular orasida bir oz quv, bir oz sho‘x-shaddod, bir oz latifago‘y, ammo juda ham pok Orifjon ismli bola ham bor. Urushning kulfatlari uning ham yelkasiga tushgan. Bu haqda uning o‘zi yarim hazil, yarim chin qilib shunday deydi: «Belim sal bukikroq, buni o‘zim ham tan olaman, ukalarimni ko‘taraverib, shunaqanggi bo‘lib qolganman, bo‘yim ham tengqurlarimga qaraganda sal pastroq, buni ham inkor qilmayman. Men yuqoriga qarab o‘saman deganimda ukalarim yelkamga minib olib, pastga qarab bosishavergan. Shuning uchun pakanaroq bo‘lib qolganman. Besh bolali deyishlariga ham, rostini aytsam uncha jahlim chiqmaydi. Nega desangiz, chindan ham ropparosa beshta ukam bor. Beshoviniyam o‘zim katta qilganman, oyijonim traktorchi, urush boshlanganidan buyon kechasi-yu, kunduzi dalada».
Orifjon tabiatan sho‘x bola. Og‘ir paytlarda o‘ziga-o‘zi latifa aytib, ovunib o‘tiradi. Kuni bo‘yi makka uqalaydi, sigirining tagini tozalaydi, pol artadi, o‘tin yoradi, kir yuvadi. Ba’zan o‘zi singari tengqurlarining o‘yinlariga aralashib ketishni xayol qiladi. Ammo o‘yinga berilib ketib, uydagi ishlarning qolib ketishidan qo‘rqadi.
Shu tariqa iste’dodli yozuvchi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Tuxtaboyevning «Besh bolali yigitcha» romanining qahramoni Orifjonning qiziqarli, ammo og‘ir hayot yo‘li boshlanadi. Uning xarakteridagi ba’zi bir jihatlar adibning «Sariq devni minib» romanidagi yoqimtoy Hoshimjonni esga tushiradi. Ularning sho‘xligi ham, quvligi ham, xayolparastligi ham, adolatga intilishlari ham go‘yo bir qarashda birbirlariga aynan o‘xshashdek bo‘lib tuyuladi. Ammo «Besh bolali yigitcha» romanini sinchiklab uqigan kitobxon bu xildagi o‘xshashlikning juda ham yuzaki ekanligiga ishonch hosil qiladi. Bu farq avvalo hayotiy materialning o‘zgachaligida, qahramon-larning turli sharoitlarda harakat qilishlarida, ularning bir-birlariga mutlaqo o‘xshamaydigan yorqin taqdirlarining haqqoniy yaratilganligida.
«Besh bolali yigitcha» romanidagi voqealar Orifjonning hikoyasi orqali beriladi. Uning hikoyasi bilan tanishar ekansiz, gohida beixtiyor jilmayasiz, qah-qah otib kulasiz, gohida urush yillaridagi kecha-yu kunduz tinimsiz mehnat qilgan vatanparvar odamlarning buyuk ishlariga tasanno aytasiz, gohida ko‘pchilikdan ajralib qolgan «ortiqcha» kishilarning qiliqlaridan jirkanasiz. Hech kimga sir emaski, bolalarning hayot va odamlar haqidagi tasavvurlari juda ham toza va musaffo bo‘ladi. Ular borliqni tabiiy holda qabul qiladi. Shu sababli Orifjonning odamlar haqidagi hikoyalari kishini o‘ylashga, fikrlashga undaydi.
Mana uning dadasi. Bir o‘zi «bitta traktorning ishini bemalol» bajaradigan bu odam armiyaga chaqiruv qog‘ozi kelganida kolxozdagi ishining qolib ketayotganligidan ko‘ngli o‘ksiydi. Tuni bilan urushdan qaytib kelguniga qadar yetib ortadigan o‘tin tayyorlab chiqadi. Oyisining xatti-harakatlari va qiliqlariga bir e’tibor bering. Butun umri mehnat bilan o‘tgan bu ayolning oyog‘ida doimo «kerza etik, erkaklarning paxtali shimi, egnida serpaxta fufayka, boshida quloqchin, yuzlari kir, qo‘llari moy» bo‘lib yuradi. U eriga chaqiruv qog‘ozi kelganida uni hijjalay-hijjalay o‘qib chiqadi-da, huzur qilib non chaynayotgan o‘g‘li Omonning kir boshiga yuzini bosib, o‘y surib ketadi. Uyqusizlikdan traktorning tagida qolib ketgan bu ayolning obrazi uzoq vaqt kitobxonning xotirasida saqlanib qoladi.
Adib hayotiy bo‘yoqlar va ranglardan juda ham o‘rinli foydalanadi. Shu sababli romanda yaratilgan ayrim obrazlar va kartinalar yozuvchining mahorati tobora takomillashib borayotganligini ko‘rsatib turibdi. Men bu o‘rinda urushda bir oyog‘ini yo‘qotib kelgan, general bilan qo‘l berib so‘rashganligini pesh qilib gapirib yuradigan To‘ron amakini ham, darsda afandi latifalarini aytib beradigan Roziq amakini ham, ona-bola raisni ham, har gapining birida «mozori sharif» deb turmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydigan Meli baqqolni ham, mo‘ylovining uchlari buralib-buralib borib qulog‘ining orqasiga o‘tib ketgan temir yo‘l qorovulini ham, pakana buvani ham ko‘zda tutayotirman. Har biri o‘zining xulqi, odati, qiliqlari, taqdiri bilan kitobxonning ko‘z o‘ngida ravshan gavdalanadi. Shuningdek, urush yillaridagi o‘qish kartinasi ham, bolalar uyidagi yetim bolalarning yashash tarzlari ham juda tiniq «chiziladi». Yosh kitobxon kichkintoylarning urush davridagi hayoti bilan tanishar ekan, bugungi kundagi farovon hayotning qadriga shu qadar yetgisi keladi.
Romandagi Parpi buva va O‘ris xola obrazlari ham yozuvchi tomonidan alohida mehr-muhabbat bilan chiziladi. Ikkala obraz talqinida ham Xudoyberdi To‘xtaboyev ijodiga xos eng yaxshi fazilatlar aks etgan. Qolaversa, bu obrazlar Orifjonning tasavvuri orqali beriladi. Orifjon bo‘lsa Parpi buva bilan O‘ris xolaning inson sifatidagi o‘ziga xos fazilatlari va nuqsonlarini juda ham samimiy hikoya qiladi. Aytaylik Parpi buva – chin vatanparvar. U bir paytlar qo‘lida qurol bilan jang qilgan. Oradan yillar o‘tadi. Nemis-fashist bosqinchilari Parpi buvaning nazarida «girmonning har bitta o‘qi aravaning gupchagidek keladi», «o‘sha girmon deganlari juda zo‘r bo‘lsa, Ko‘rshermatcha bo‘lar-da», deydi u. U girmonni yengish uchun frontda jang qilayotgan o‘g‘illariga zambarak sovg‘a qilmoqchi bo‘ladi. Shu maqsadda mayizi, o‘rigi, oq jo‘xorisi, sigiri, buzog‘ini sotadi. To‘plangan bir xurjun pul ham yetmaydi. Hatto yomon ko‘rgan kishisi Meli baqqoldan qarz olib bo‘lsa ham zambarak sotib olmoqchi bo‘ladi. O‘ris xola Yurtning boshiga og‘ir kun tushganda yetimxonaga tushgan bolalarning boshini silaydi.
«Besh bolali yigitcha» romaniniig asosida Orifjon ukalari va do‘stlarining hayoti turadi. Orifjon bo‘lsa hamisha to‘g‘ri yo‘ldan yuravermaydi. U ba’zan adolatni qaror toptirish uchun xatolarga ham yo‘l qo‘yadi. Ukasi Sultonni izlab ko‘pgina qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazadi. Kichik singlisi o‘lim to‘shagida yotganida unga u-bu olib kelish uchun chayqov bozorida tuflisini sotmoqchi bo‘ladi. Hatto birovlarning qovunini o‘g‘irlab bo‘lsa ham, ukasining ko‘nglini olmoqchi bo‘ladi. Bola baribir bola-da! U doimo adolat bo‘lishini istaydi va adolat qidiradi. Lekin turmush murakkab. Turmushning murakkabligini osongina anglab olish ham qiyin. Shu jihatdan romandagi «Sarsonlik-Sargardonlik» bobi o‘zining hayotiyligi, tasvirning tiniqligi bilan alohida ajralib turadi.
Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Besh bolali yigitcha» romani adibning ilgarigi asarlaridan ba’zi bir jihatlari bilan farq qiladi. Bu birinchi navbatda yozuvchi ijodida hayotiy voqealarning yana ham boyiganligi va kuchayganligida ko‘rinadi. Agar adibning avvalgi romanlarida sehrli qalpoqcha yordami bilan ezgulikni qaror toptirish yo‘lida harakat qiladigan beg‘ubor Hoshimjon bilan tanishgan bo‘lsak, bu asari orqali og‘ir urush yillarida hayotning qiyinchiliklarini kattalar bilan bab-baravar tortgan, ammo yaxshi kishilar ta’sirida tarbiya topgan, adolatparvar, ezgulikni qaror toptirish yo‘lida tinib-tinchimaydigan Orifjon va uning do‘stlari obrazlari bilan do‘stlashib qolamiz. Mana shu tariqa adib o‘z kitobxonlarini Ikkinchi jahon urushi yillari erta-yu kech tinimsiz mehnat qilib, g‘alabani tezlatishga munosib hissasini qo‘shgan xalqimizning buyuk bardoshi va mislsiz matonati bilan tanishtiradi.

    Pirmat SHERMUHAMEDOV,
    filologiya fanlari doktori

OPAJONIM BOR EDI…
Birinchi qism

CHAQIRIQ QOG‘OZI
Meni qishlog‘imizdagi jamiki o‘g‘il bolalar yomon ko‘rishadi, shuning uchun ham menga «besh bolali» deb laqab qo‘yishgan.
Besh bolali deyishlariga, rostini aytsam, uncha jahlim chiqmaydi. Nega desangiz, chindan ham roppa-rosa beshta ukam bor. Beshoviniyam o‘zim katta qilganman, opam traktorchi, urush boshlanganidan buyon kechasiyu kunduzi dalada. Otam bo‘lsa, bola yupatishni hech bilmaydi, ukalarim yig‘lagudek bo‘lsa, to‘nini yelkasiga tashlab sekingina guzarga jo‘nab qoladi.
Bolalar meni nega yomon ko‘rishlarini aytsam, ular men tufayli yo opasidan, yo otasidan dakki eshitadi. «Sen ahmoq, kun bo‘yi ko‘cha changitib o‘ynaysan, sen tengi Orif bo‘lsa ukalariniyam o‘ynatadi, uy ishlariniyam tinchitadi…» deb quloqlaridan cho‘zishadi. Bir kuni mahallamizdagi bolalar to‘planib: «Sen ahmoqni hozir suvga pishamiz», – deb o‘rtaga olib qolishdi.
–Mayli, – dedim parvoyimga ham keltirmay, – besho‘n kundan buyon bet-qo‘limni yuvganim yo‘q edi, bahonada cho‘milib olaman.
–Endi seni o‘yinga qo‘shmaymiz, – deyishdi, yana bolalar.
–Unda sizlarga bittayam afandi aytib bermayman, – deb yana bo‘sh kelmadim.
Aytgandek, sizga gapirib bermadim shekilli, bizning qishloqni Afandi qishloq deyishadi. Kattalr u yoqda tursin, men tengi, mendan kichkina bolalar ham birbiriga afandi aytib, bir-birini qiqirlatib kuldirishni juda, juda ham yaxshi kurishadi. Men hammasidan ham ko‘p bilaman. Soy mahalladagi o‘zim bilan birga o‘qiydigan Mahmud sallani ham, Qibla mahalladagi Olim mallaniyam og‘iz ochtirmay qo‘yaman. Mana, hozir ham tomda o‘tirib makka uqalayapman-u, qiziq-qiziq afandilarni o‘ylab, o‘zimni-o‘zim ovuntirib, o‘zimni-o‘zim kuldirib o‘tiribman… Ho‘ narida, jarlik orqasidagi yalanglikda bo‘lsa, o‘rtoqlarim ko‘zimni kuydirib varrak uchirishyapti, osmonda katta-kichik varraklar shunaqangi ko‘pki, biri shoh tashlab, boshqasi havolab, chiroyli uchyaptiki, bepoyon osmonda xuddi qush bozori bo‘layotganga o‘xshaydi.
Yoki men ham varragimni ko‘tarb, o‘sha yoqqa yugurib qolsammikin… Xo‘sh, makkani ertaga uqalasak nima bo‘libti, sigirning tagini buguncha tozalamasa ham bo‘ladi, sut bermaganidan keyin hadeb tozalayveramanmi! Poya qirqish kerak, o‘tin yorishim kerak… Ufuf, qay birini qildim endi? Yo‘q, men ham birpas o‘ynab kelaman. Shunday deb sekin o‘rnimdan turayotgan edim, ko‘chada qo‘ylarini oldiga solib haydab, varragini boshi uzra avaylab ko‘tarib borayotgan Akrom bilag‘onga ko‘zim tushib qoldi. Qarab turgan edim:
–Ha, oyimqiz, tomga chiqib oftob chuvoqda ko‘rpa qaviyapsanmi, – deb so‘radi.
–O‘zing oyimqizsan, bildingmi! – dedim achchig‘im chiqib.
–Idish-tovoq yuvishing yolg‘onmi?
–Yolg‘on!
–Kir yuvishing-chi?
–Yolg‘on!
–Sigir sog‘ishing-chi?
–Hozir boshingga kesak bilan tushiraman!
–Qo‘lingga xina-yu, qoshingga o‘sma qo‘yishing ham yolg‘onmi? – deb Akrom bilag‘on qiqirlab kulayotgan edi, doni qoqib olingan makka so‘tani otgan edim, essizgina, mo‘ljalni sal noto‘g‘ri olib qo‘ygan ekanman, qulog‘ining yonidan zuvillab o‘tib ketdi. Ikkinchisini otmoqchi bo‘luvdim, bilag‘on shataloq otib qochib qoldi, bexavotirroq joyga borib olib:
– Yig‘lama,qiz, yig‘lama. Ertaga to‘ying bo‘ladi! – deb yelkalarni uchirib, o‘yinga tushib, meni masxara qila boshladi… Mana shunaqa, menga hech kun berishmaydi. Uyda opalaridan kaltak yeb chiqib, alamini mendan olishadi. Shoshmay turishsin hali, ukalarim eson-omon katta bo‘lib, uyga qaraydigan bo‘lib qolishsin, men ham shunaqangi o‘yinqaroq bo‘lib ketayki, shunaqangi qiziq o‘yinlar topib o‘ynayki, alam qilganidan sochlarini yulib olishsin. Hozir esa hecham o‘ynay olmayman, o‘yinga berilib ketsam, uydagi ishlarim qolib ketadi. Keyin opam xafa bo‘lib qolishi mumkin. Men opamni yaxshi ko‘raman, juda, juda ham yaxshi ko‘raman, hecham xafa qilmasam, hecham yig‘latmasam deyman. Opam ham meni yaxshi ko‘radi: «Hayriyatam esim yo‘g‘ida seni tug‘ib olgan ekanman, bo‘lmasa, ahvolim nima kechardi» – deb, erkalatganierkalatgan. Ukalarim bo‘lsa, yosh, Sulton endigina o‘n ikkiga kirdi, Zulayho o‘n birga, biz hali hammamiz ham bir-birimizdan bir yoshdan farq qilamiz. Sulton fe’ldor, ko‘ngli xushlasa, eshakday ishlaydi, xushlamasa yana o‘sha eshakka o‘xshab, to‘rt oyog‘ini bir joyga tirab turaveradi. Zulayhoga o‘zim ataylab ishni kam buyuraman, qiz bolalar nimjon bo‘lishadi, nimjon bo‘lgandan keyin ularni ehtiyot qilish kerak deb o‘ylayman. Usmon ukam juda xayolparast, qozon-tovoq qilib o‘tirib ba’zan o‘choq boshida uxlab ham qolaveradi. Buning ustiga, shunaqangi ozg‘inki, xuddi tandirga olov yoqadigan kosovga o‘xshaydi. Kun bo‘yi rasm chizganichizgan, qo‘li ham ancha kelishib qolganga o‘xshaydi. Shu ukamdan hammamizning ham umidimiz katta. Zo‘r rassom bo‘ladi deb o‘ylaymiz. Shuning uchun ham unga hech ish buyurmayman. Bo‘sh vaqti ko‘p bo‘lsa, ko‘p chizadi, ko‘p chizsa, tezroq kamolga yetadi deb o‘ylayman. Endigina besh yoshga kirgan Omon ukam bo‘lsa temir qanot bo‘lgan chumchuq bolaga o‘xshab chirqillab, ovqat so‘ragani-so‘ragan. Shunaqangi mechkayki, hatto uxlaganda ham og‘zini ochib uxlaydi, deng. Jajji singlim Robiya endigina ikki yoshga kiryapti…
– Ha, besh bolali! – degan ovoz eshitildi qulog‘imga. Bir cho‘chib tushib, atrofga alanglab qarasam, pastda Hayit kalla turibdi. Eshagiga yantoq ortib, ustiga minib ham olibdi, – ja boshingni egib, nimalar haqida o‘ylayapsan, yo yangi latifa to‘qiyapsanmi?
– Ha, yangi latifa to‘qiyapman, – deb yolgon gapirdim.
– Qani ayt-chi.
– Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, Hayit kalla degan bir afandi bo‘lgan ekan, – deb gap boshladim.
– Senga o‘xshab beshta bolasiyam bo‘lganmikan? – kesatib dedi Hayit kalla.
– Yo‘q, senga o‘xshab bitta urg‘ochi eshagi bor ekan.
– Xo‘sh, keyin nima bo‘libdi?
– Keyin daladan eshagiga yantoq yuklab kelayotgan ekan, to‘satdan o‘t chiqib, alanga ichida qolibdi. Sakrab eshakdan tushib, nima der emish degin?
– Xo‘sh, nima dermish?
– Eshagiga qarab: «Esing bo‘lsa o‘zingni suvga tashla!» – deb baqirarmish…
Hayit kalla afanding ham o‘zingga o‘xshagan bemaza ekan deb, eshagini yo‘rg‘alatib jo‘nab ketdi. Men negadir xafaroq bo‘lib qoldim. Nega desangiz, shu paytda kim bilan bo‘lsa ham birpas gaplashgim kelayotgan edi… Yoki jarlik orqasiga borib varrak uchirayotganlarga qo‘shilsammikan… Yo‘q, u yoqqa hecham bormayman, Akrom bilag‘onga qo‘shilib, boshqa bolalar ham: «Oyimqiz keldi» – deb meni masxara qilishadi… Undan ko‘ra shu yerda, tomda o‘zimga-o‘zim latifalar aytib, o‘zimni-o‘zim kuldirib mazza qilib o‘tiraverganim yaxshi… Bir bor ekan, bir yo‘q ekan bir afandi bo‘lgan ekan, qo‘shnisi g‘alvir so‘rab chiqsa: «G‘alvirga suv quyib qo‘yganman» debdi, «Ie, g‘alvirgayam suv quyiladimi» desa, «bergisi kelmagandan keyin har narsa quysa ham bo‘laveradi», dermish…
– Hu Mirza aka! – degan ovoz eshitilib qoldi ko‘chadan. O‘rnimdan turib qarasam, qo‘ltiqtayog‘iga suyanganicha kolxozimizning qorovuli To‘ron amaki turibdi. O‘ziga o‘xshagan cho‘loq oti bor edi, ko‘rinmaydi, piyoda kelganga o‘xshaydi.
– Nima deysiz? – dedim.
– Uqachapolvon qayerda? – so‘radi qorovul.
Uqachapolvon… kechirasiz, mening otam bo‘ladi. Otam, bechoraga ham xuddi menga o‘xshatib roppa-rosa beshta laqab qo‘yishgan.
– Otang qayerda, deyapman?
– Qirda dedim-ku!
– Oying-chi?
– Traktor xaydayapti.
– Dadangga chaqiruv qog‘ozi bor, tezda yetkazish kerak.
Qorovul chaqiruv qog‘ozini qo‘ltiqtayog‘ining uchiga ilib tomga uzatdi-da, otamga tezda yetkazishimni qayta-qayta tayinlab, o‘zi jo‘nab ketdi… O‘tirgan joyimda o‘tirib qoldim. Juda g‘alati bo‘lib ketyapman, xafamanmi, xursandmanmi, o‘zim ham bilmayman, yig‘lashim kerakmi kulishim kerakmi, ishonsangiz, bunisiniyam bilmayman. Makkani qopga solib, pastga olib tushdimda, eshakni to‘qimlab, dalaga, opamning oldiga qarab choptirib ketdim.

ESHAK MINGAN XABARCHI
Eshagimning o‘lar-qolariga ham qaramay ketma-ket xala bosib, qamchilab uchirib ketyapman. Bu xabarni tezroq opamga yetkazishim kerak otamning oldiga esa hozir borib bo‘lmaydi, juda uzoqda, qirning tagida! Armiyaga olsa nima bo‘pti? Hammaning otasini olganda, mening otamni ham olishlari aniq edi-ku! Qishlogimizda uch yuz xonadon bor, shu xonadonlardan hozir uch yuz yigit urushga ketgan. Har bir uydan bittadan. Parpi buvamning uch o‘g‘li ketgan. To‘lg‘on xolamning ikki o‘g‘li, ukasi …hammasi bo‘lib ulardan ham uch kishi urushyapti, demak bizdan ham bir kishi borib urushishi kerak-da, sal kattaroq bo‘lganimda-ku, o‘zim borardim-a, belimda qalin remen, yelkamda o‘qdon, qo‘limda miltiq, oh qanday yaxshi bo‘lardi-ya! Ana undan keyin birortasi meni mazax qilolmagan bo‘lardi… Lekin bari bir opam javob bermaydi-da, men ketib qolsam idish-tovoqlarni kim yuvadi, ukalarimga kim qaraydi? Mollar-chi, xo‘sh, eshakning tagini kim tozalaydi? «Yo‘q, men urushga bormayman, traktorchi bo‘laman» o‘shanda opam uyda qolib ukalarimga qaraydi, kirniyam o‘zi yuvadi, yamoqniyam o‘zi qiladi, to‘yib-to‘yib uxlab oladi, hozir, mana bir yil bo‘lib qolyapti, uyquga hech to‘ymaydi.
Eshagim goh yo‘rg‘alab, goh, chopqillab boryapti, o‘zim bo‘lsam har xil o‘ylar qanotida olislarga uchaman, qarang-a, dalalar juda gashtli bo‘lib ketibdi. Ariqlar bo‘yida o‘tlar ko‘karib, chuchmo‘malar gullabdi, qizchalar, ukam tengi bolalar to‘p-to‘p bo‘lib jag‘-jag‘, otquloq uzishyapti, ko‘k beda terishyapti. Kattalar ho‘kiz qo‘shib, ot qo‘shib yer haydashadi. Ayollar chopaymi-chopmaymi deb, darmonsiz ketmon urib, yer tekislashadi. Zambilda tuproq tashiyotganlar ham ko‘p.
– Cho‘, eshagim! – deb xala bosaman, eshagim yana yo‘rtib ketadi.
Xayriyat yaqinginadan traktorning tarillagan ovozi eshitilib qoldi. Demak opam shu atrofda. Hozir ko‘raman uni, hozir! Lekin bu xabarni qanday aytaman unga, xafa bo‘lib yig‘lashga tushmasmikan, opajonim hecham yig‘lamasa, ko‘zlarida hecham yosh ko‘rmasam deyman. Hu ana, traktor ham yaqqolroq ko‘rinib qoldi, o‘xho‘, ishlar kattaku! Traktorga bir yo‘la uch ayol minib olibdi. Opam rulda, qolganlari yonida – tik turib ketishyapti, mazza qilib kataysa qilishayotganga o‘xshaydi.
Ukalarim beriroqda, katta qari tutning tagida o‘ynab o‘tirishgan ekan. Robiya hali aytganimdek endigina ikkiga kiryapti. O‘shani ovuntirib o‘tirish uchun Zulayho ataylab maktabga bormaydi. Zulayho bormayaptiku, deb bahona qilib, Usmon ham o‘qishni yig‘ishtirib qo‘ygan hisob. Hozir hamma ukalarim tut tagida jamuljam bo‘lib o‘ynab o‘tirishibdi. Robinisa uxlab qolibdi, dadamning eski choponiga o‘rab qo‘yishganidan bildim. Zulayho bilan Usmon bo‘lsa, to‘ptosh o‘yiniga berilib ketishibdi. Omon ariq ichida g‘imirlab endigina nish urgan yalpizlarning uchini chimdib yuribdi. Ukalarim o‘yinga shunaqangi berilib ketishibdiki, yonginalarida eshakdan tushib, qancha mahal tikilib turdim hamki, sezishmadi. Bir mahal Usmon boshini ko‘tardi:
– Voy, akam kelibdi! – deb irg‘ishlab o‘rnidan turib ketdi. Bilmadim, negadir shu ukamning mehri menga sal boshqacharoq. Bir xil bolalarga o‘xshab yig‘laganda otam yoki opam deb yig‘lamaydi, yo‘q, akam, akajonim deb yig‘laydi. Bitta-yarimtasi xafa qilgudek bo‘lsa ham, «Hali qarab turgin, Orif akam kelsin, ta’ziringni berib qo‘yadi» deb maqtanadi. O‘ziyam yo‘rgakdan chiqibdiki, men bilan birga, mening yelkamda katta bo‘ldi desam ishonavering. Usmon darrov arz-dod qilishga tushdi:
– Aka, Zulayhoni qarang, qizil toshlarimni olib qo‘ydi!
– Hecham-da, – o‘zini oqladi Zulayho, – men ularni o‘ynab yutib oldim.
– Sen g‘irrom o‘ynaysan!
– O‘zing o‘ynashni bilmaysan-ku! – bo‘sh kelmadi Zulayho. Ovozimizni eshitib, ariq ichida piypalanib yurgan Omon ham oldimizga yugurib keldi.
– Aka, akajon, – deb u ham arz qila ketdi, – Zulayho bilan Usmoningiz nonimni yeb qo‘yishdi.
– Yo‘g‘-e, – dedim ishonqiramay.
– Rost, o‘lay agar, mana, ishonmasangiz qornimni ko‘ring, juda och! – shunday deb Omon etagini ko‘tarib palapon bo‘lgan chumchuq bolaning qornidek qip-qizarib irg‘ib chiqqan qornini ko‘rsata boshladi. Yaxshiki, cho‘ntagimda bir kaft turshak bor ekan, olib darrov ukamga uzatdim.
– Zulayho, nega uning nonini yeb qo‘yding, – deya urishgan bo‘ldim, – yana shunday qilsang, seni eshakka mindirmayman.
Omon men bergan turshakni cho‘ntagigami, bilmadim, qayerigadir berkitib yana arz-dod qila boshladi;
– Aka, Usmoningiz ham nonimni yeb qo‘yyapti, to‘g‘rimi, Usmon, yeb qo‘yding-a?
Ukaginam shunday mo‘ltirab turibdiki, rahmim kelib ketganidan, darrov cho‘ntagimni kavlashtira boshladim. Xayriyat, bir chekkasida besh-olti dona mayiz qolgan ekan olib, chang-chungdan tozalab, uzatgan edim, ukaginam shosha-pisha uni og‘ziga soldi-yu, tomog‘iga don tiqilgan xo‘rozdek ketma-ket yutinib:
– Aka, men kasalman, mana, qornimni ushlab ko‘ring, mayiz yesam tuzalib qolaman, – deb yolvora boshladi.
Endi nima qilsam ekan, cho‘ntagimda hech narsam qolmadi-ku, bir jihatdan olganda, shu ukaginamga ham qiyin, ayni yeb-ichadigan payti. Goh to‘yib, goh to‘ymay kun bo‘yi dalada, traktorning ortidan ergashib yuradi… Yerdan dast ko‘tarib oldim-da, peshanasi-dan o‘pib:
– Yur, oyijonimni oldiga boraylik – dedim, – ehtimol senga non olib qo‘ygandir.
Omon nonning daragini eshitib, tipirchilab qo‘limdan tushdi-da, hozirgina haydalgan shudgor oralab traktor tomonga yugurib ketdi, ortidan o‘zim ham jo‘nadim. Yerlarni traktor juda chuqur haydabdi, qora nam tuproqdan hovur ko‘tarilib turibdi. Chigirtkalar, har xil qurt-qumursqalar tuproq yuzasiga chiqib qolgani uchun qushlar g‘ujg‘on o‘ynab, ularni ovlash bilan ovora....
Yo‘q, men yanglishgan ekanman, opamning yonida o‘tirganlar kataysa qilgani chiqqan qizlar emas ekan, shogirdlari ekan. Bittasi eri urushga ketayotganda bo‘yniga osilib yig‘lab, hammaning dilini ezgan Qumrinisa opa, ikkinchisi eridan yaqindagina tilla soat bilan ikkita jun ro‘mol solingan posilka olgan Mukarram xola. Mukarram xolamning ham emizikli bolasi bor. O‘sha bolaga ham qarab yurgani uchun ro‘mollardan bittasini Zulayhoga hadya qilgan.
Traktor marzaga yaqin kelib to‘xtadi. Opam mashinaning rulini Mukarram xolamga berib, uning ingalab yig‘lab turgan chaqalog‘ini qo‘liga oldi-da, juda avaylab sekin-asta yerga tusha boshladi. Mashina yurib ketgach, anchagacha ortidan tikilib turdi. Xuddi shu paytda negadir chaqaloq ham jim bo‘lib qoldi.
– Bari bir to‘g‘ri haydashni uddalay olmayapti, – dedi opam xuddi uh tortgandek qilib. Men opajonimga tikilib qoldim, juda uzoq tikildim. Shu turishida u ayol kishiga hecham o‘xshamaydi, oyog‘ida juda, juda ham og‘ir kerza etik erkaklarning paxtali shimi, egnida serpaxta fufayka, boshida quloqchin, yuzlari kir, qo‘llari moy… Eh-eh, tezroq katta bo‘la qolsaydim, trakorni o‘zim boshqarib, opamni hecham ishlatmagan bo‘lardim.
Opam marzaga, qalin tuproq ustiga o‘tirib, huzur qilib esnadi-da, Omonni tizzasiga oldi. Cho‘ntagidan suvi qochib, uqalanib ketay-uqalanib ketay deb turgan zog‘ora non olib, unga uzatdi. Keyin, «bugun vaqtliroq kelibsanmi, o‘g‘lim», deb menga yuzlandi.
– O‘zim… – dedim-u, u yog‘ini aytolmay chaynalib qoldim.
– Sholini tuydingmi?
– Tuydim.
– Qatiq uvitdingmi?
– Uvitib qo‘ydim.
– Makkani nima qilding?
– Tomga yoyib, yarmini uqaladim.
– Ajoyib o‘g‘lim bor-da, kel, peshanangdan bir o‘pib qo‘yay, barakalla! Yaxshiyamki, esim yo‘qligida seni tug‘ib olgan ekanman…
Shu paytda negadir juda, juda ham g‘alati bo‘lib ketdim. Tomog‘imga iliq bir narsa tiqilgandek butun vujudim bo‘shashib ketgandek bo‘ldi, yig‘lab yubordim.
– Ie, tentak, nega yig‘laysan?.
– Ona!
– Nima gap o‘zi?
– Xafa bo‘lmaysizmi?
– Nega xafa bo‘lar ekanman!
– Yig‘lamayman, deb so‘z bering!
– Avval ayt-chi!
– Yo‘q, avval so‘z bering.
– Ha, aka so‘z berdim.
– Otamni… – dedim-u, yana yig‘lab yubordim, – urushga olib ketar ekan.
Yo‘q, opam xafa bo‘lmadi, bir qalqidi-yu, jim bo‘lib qoldi, chaqiruv qog‘ozini hijjalay-hijjalay o‘qib chiqdida, bir so‘z demay menga qaytarib berdi. So‘ngra shu paytda huzur qilib non chaynayotgan Omonning kir boshiga yuzim bosib, o‘y surib ketdi. Nimalar haqida o‘ylayotgan ekan, har qalay xursand emas, bo‘lmasa ko‘zini mendan olib qochmasdi…
Otamning oldiga, qirga jo‘naydigan bo‘ldim, hali erta, kech kirguncha bemalol borib kelsam bo‘ladi. Ochig‘i, otam ishlayotgan joy bu yerdan uncha uzoq ham emas. Uchta qishloqning odami uchta qishloqqa suv beradigan anhorni kovlashyapti. Anhor suvi yozda loyqa, bo‘tana bo‘lib qoladi. Quyqa tashlab, ariqlarni ko‘mib yuboradi, bahorda kovlashmasa, yozda katta suv haydab bo‘lmaydi.
Anhorga tezgina yetib bordim. Tabelchilar har bir kishining chekini alohida-alohida qilib o‘lchab beribdi. Ketmonchilar katta anhor ichiga tushib olib, yuqoriga qum, shag‘al otishyapti, otamning oldiga tabelchi Murodxon aka boshlab bordi. U chaqiriq qog‘ozi kelganini eshitib, baribir Polvon tog‘ani urushga olishmaydi, u hozir to‘rt-besh norma ishlayapti, otangdakadan yana uch-to‘rt kishi ketib qolsa, kolxozning ishi yotib qoladi, deb qo‘ydi. Chindan ham boshqalarga to‘rtbesh metrdan o‘lchab berilgan, otamning cheki bo‘lsa naq yigirma metrcha keladi, uniyam tugatay deb qo‘yibdi. Otam shoshmasdan, bir me’yorda to‘xtovsiz yuqoriga qum irg‘itardi. Qo‘lidagi katta ketmoning ustaga o‘zi buyurtirib olgan. Bu ketmonda boshqa odam chopolmaydi, naq supraday keladi, og‘ir, juda og‘ir. Murodxon tog‘a bir oz kuzatib turdi-da:
– Polvon tog‘a, sizga eshak mingan xabarchi kelibdi, – deb qo‘ydi.
Otam ketmon urishdan to‘xtab, sopiga ko‘ksini qo‘yib, bizga qaradi. Menga ko‘zi tushgach, nazarimda kulimsirab qo‘ygandek bo‘ldi. Peshanasi terlab ketibdi, chuqur-chuqur nafas olyapti, to‘nining etagini qayirib, beliga qistirib olgan. Negadir bir yengini chiqarib, bilagini ham yalang‘ochlab olibdi.
– Orifjonmisan? – dedi nihoyat dadam.
– Menman, ota.
– Polvon tog‘a, bu yoqqa chiqavering, – gapga aralashdi tabelchi, – muhim bir gap chiqib qoldi.
Otam, chekimdan ozginasi qoldi, bir yo‘la tugatib chiqaman deb ko‘nmadi…
Anhordan chiqqach, men olib borgan xabarni eshitib: «Qara-ya, Murodxon, shu bugun tushimda ham ayon bo‘luvdi, oq ot minib kun botar tomonga qarab ketayotgan emishman», – deb qo‘ydi. So‘ngra boshqa hech narsa demay, goh burnini, goh chakkasini qashlab kulimsiragancha uzoq jim turib qoldi.

«BIR KO‘ZLI YOVNING BOSHI UZILSIN»
Kolxozimizning ona-bola raisi otamni urushga jo‘natmaslik uchun ko‘p harakat qildi, voyenkomatga ham borib keldi. Mirzapolvonning bir o‘zi bitta traktorning ishini qilyapti, u ketib qolsa kolxozdagi ishlarni kim qiladi, degan gaplarni ham aytibdi, ko‘nishmabdi. Hozir urushga shunaqangi pahlavon yigitlar kerak deyishibdi.
Otam, men kelguncha o‘tindan qiynalib qolmanglar deb, tuni bilan uxlamay bog‘dagi katta o‘rikni kesib, o‘tin tayyorladi, azonda tegirmonga borib bug‘doy bilan jo‘xori tortib keldi. Bitta burdoqi qo‘yimiz bor edi, ukam Omonning to‘yiga boqib yuruvdik o‘shani so‘yib, go‘shtyog‘idan bir qismini sotib, otamga yo‘l xarj qilib berdik bir qismini qovurib katta kastryulga bosdik otam olib ketadigan bo‘ldi.
Kechqurun uyimizga erkak-ayollar to‘planishdi, lekin ko‘pchilik kelmadi, nega desangiz, o‘sha kuni kishlog‘imizdan yana to‘rt kishi armiyaga ketayotgan ekan. Odamlarning qolgan qismi xayr-xush qilish uchun o‘shalarnikiga ketishibdi.
To‘lg‘on xolam frontga ketgan ikki o‘g‘li bilan ukasiga atab uchta xaltada quruq meva olib chiqibdi, borgan kuniyoq darrov bergin, onang soppa-sog‘ yuribdi deb qo‘ygin, dedi-yu, ko‘ngli buzilib ketdi shekilli, to‘satdan yig‘lab yubordi. Ketidan Parpi buvam bilan xotini To‘xta xolamlar chiqishdi. Buvam otamning ota avlodidan bo‘lar ekan. Umuman, qishloqda bizning urug‘larimiz juda kam. Bor-yo‘g‘i shu Parpi buvam, xolos. Opamning bo‘lsa urug‘laridan hech kim qolmagan deyishadi. Parpi buvam bilan To‘xta xolam ham o‘g‘illariga atab sovg‘a-salomlar olib chiqipdi. Buvam hassaga tayanib, oqsoqlana-oqsoqlana zo‘rg‘a yurib chiqti. Ko‘zini mo‘ltillatib boshi-boshi qilgancha ichkariga, erkaklarning oldiga kirib ketdi-yu, o‘tirganlardan bitta-yarimtasi ko‘ngliga yoqmadi shekilli, darrov orqasiga qaytib chiqdi.
– Polvon, qani beri kelchi, – deb dadamni chaqira boshladi, so‘ng hovli o‘rtasida tik turgan kelini yotqizib, yonma-yon o‘tirishgach, xo‘rsina-xo‘rsina so‘zini davom ettirdi: – Xudo nasib qilib o‘g‘illarimni ko‘radigan bo‘lsang, uchovining ham peshanasidan o‘pib qo‘ygin, xudoyo boshlari toshdan bo‘lsin. Mana bunisi – o‘risvoyga, ichida quloqchin bor, darrov kiyib olsin, nomard kelinim er qilib ketganini aytma, ko‘ngli eziladi… Mana bunisi – Anorvoyga, tezroq bergin, ichida patiri bor, qotib qolmasin tag‘in. Mana bu, ola xalta, esingda bo‘lsin, olasi, kenjatoyimga… Esizgina, bola g‘o‘r edi-ya! Endi o‘n oltiga to‘luvdi-ya! Meli baqqolning chaquvi bilan ketdi bola… Eson-omon qaytib kelsalaring, bu ziqna baqqolning ta’zirini o‘zlaring berasizlar. Inshoollo, o‘sha kunlarga yetaylik… Kenjatoyimga aytgin, rasmini jo‘natsin, juda sog‘indim, har kuni tushimga kiradi… Tavba qildim-ey, nuqul oyog‘imni uqalaydi, degin… Bolala-chaqangdan tashvishlanma, xudo jonimni omon qo‘ysa, bularni xo‘rlatmayman, o‘rtadagi devorni ertagayoq buzib, hovlini bitta qilib olamiz. Mana Orifing ham katta yigit bo‘lib qoldi.
– Amaki, o‘zim yetimlik bilan o‘sib, yuragim to‘la qon edi, – sekingina dedi otam uning ovozi qaltirab ketgandek bo‘ldi. Ko‘zlarida miltillab yosh tomchilari ko‘rindi. Katta odam yig‘lasa, g‘alati tuyularkan. O‘zimni o‘ng‘aysiz seza boshlab, teskari o‘girilib oldim. Parpi buvam ertalab seni o‘zim kuzatib boraman, endi uyga kirib, oyoq qurg‘urga kepak qizdirib bosaychi, zora og‘rig‘i bosilsa deb, chorvoq orqali uylariga chiqib ketdi.
Ichkarida ancha-muncha odam to‘planib qoldi. Qo‘shnimiz, hozir kolxoz omboriga tungi qorovul bo‘lib ishga kirib olgan Meli baqqol, To‘ron amakim, urushda bir oyog‘ini yo‘qotib kelgan qiziqchi Roziq tog‘am, soy bo‘yida yashaydigan chapaqay Xo‘janazar aka, yoshyalanglar, keksalar kelishdi. Otam kuzda xumga musallas solib, ustini suvab qo‘ygan ekan, men ketsam buni kim ham ichardi deb, bugun o‘sha chapaqay Xo‘janazar aka ikkovlari suzishgandi, choynakda olib kirib har joy-har joyga quyib chiqdim. Mehmonlarga sho‘rva tortgach, men ham ostona yoniga cho‘kib, kattalarning gapiga quloq solib o‘tirdim. Urushdagi ahvoldan, biznikilar juda qattiq jang qilayotganligidan, bozordagi narx-navo oshib borayotganligidan nolib gaplashishardi. Bir xil yurtlarda qattiq ocharchilik boshlanib ketibdi. Odamlar ko‘chalarda sulayib qolayotgan emish, qo‘shni qishloqda o‘n bir kishi shishib o‘libdi. Bittasi sholining to‘ponidan non yopgan ekan, tandirda yonib ketibdi. Qo‘shni qishloqlik Dehqon shapka degan odam Isfaradan bug‘doy olib kelayotgan ekan, yo‘lda o‘ldirib ketishibdi.
Parpi buvam uyida o‘tirolmadi shekilli, darrov orqasiga qaytib chiqib, davraga qo‘shildi-yu, qiziq-qiziq gaplardan gapirib odamlarni kuldirishga tushdi.
– Roziqvoy, bu Girmonni bitta ko‘zi oldida, bitta ko‘zi orqasida bo‘ladi deyishadi, shu rostmi? – so‘radi buvam.
– Men bunaqasini kurganim yo‘q, – deb qo‘ydi Roziq tog‘a sho‘rva ho‘plab.
– Yo‘q, men haligi lashkarboshisini aytyapman.
– Unisiyam siz bilan menga o‘xshagan bir odam.
– Sen uni o‘z ko‘zing bilan ko‘rdingmi?
– Ko‘rganman.
– Ko‘rgan bo‘lsang, qani ayt-chi, o‘sha Girmon kofirmi, musulmonmi?
– Kofir.
– Kofir bo‘lsa, demak, bitta ko‘zi oldida, bitta ko‘zi orqasida bo‘lishi to‘g‘ri, sen payqamabsan. Qadimgi kitoblarda shunday deb yozilgan… Xo‘b, mayli, bunisini qo‘yaylik. Qani aytchi, o‘sha Girmonning har bitta o‘qi aravaning gupchagidek keladi, deyishyapti, shu to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, – tasdiqladi Roziq tog‘am, – lekin biznikilar ham ularnikidan qolishmaydi.
– Demak biznikilar ham zo‘r degin?
– Bo‘lmasam-chi, shunday o‘qlarimiz borki, nima desam ekan, hovlidagi kelini ko‘rdingizmi?
– Ko‘rdim.
– Har bitta o‘qimiz ana o‘sha kelidek keladi!
– Bay-bay-bay, – deya yoqasini ushladi Parpi buvam, – o‘sha o‘q bilan ham o‘ldirib bo‘lmayaptimi? Joni to‘ng‘iznikidan ham qattiq ekanda. Ha, ishqilib hukumat omon bo‘lsin.
Musallasni hammadan ko‘ra ko‘proq To‘ron amaki ichib, hammadan oldin mast bo‘lib qolgan ekan, oldiniga ko‘zlarini g‘alati suzib kulimsiragancha o‘y surib o‘tirdiyu, keyin to‘satdan tutaqib ketdi. Katta mushti bilan dasturxondagi tozalanmagan suyakni bir urdi-da:
– Roziq! – deb chaqirdi.
– Nima deysan? – so‘radi Roziq tog‘a ham hushyor tortib.
– Nima deb aljiyapsan o‘zing?
– Aljiganim yo‘q.
– Mana, dushmanni mendan so‘ra, elliktasini o‘ldirganman! Yoki yolg‘onmi?
– G‘irt yolg‘on! – dedi Roziq tog‘am boshqalarga qarab ko‘zini qisib.
– O‘zing yolg‘onchisan… Men o‘n marta nayzabozlik jangiga kirdim, har kirganimda beshtadan nemisni o‘ldirdim, ko‘kragiga mana bunday qilib nayza sanchib o‘ldirdim, bildingmi? Sen… sen… Parpi buva, men bitta nemisni kallasini qiyiqqa tugib, olib kelayotgan edim… Mana shu o‘zimizning Qo‘qonga kelganda, ug‘irlatib qo‘ydim, kisovur bolalar o‘g‘irlab ketishibdi…
– Yolg‘on, qip-qizil yolg‘on! – deb Roziq tog‘am o‘tirganlarga birma-bir qarab chiqadi.
– Yolg‘onmi? – qo‘ltiqtayog‘iga suyanib o‘rnidan tura boshladi To‘ron amaki.
– Yolg‘on! Agar ellikta nemisni o‘ldirgan bo‘lganingda qahramon bo‘larding. Ko‘ksing to‘la orden bo‘lardi!
– Orden dedingmi?
– Orden bor.
– Qani ko‘rsat-chi?
– Hoy Roziq, sen men bilan ko‘p pachakilashaver-ma, bildingmi! Men orden talashib urushganim yo‘q, qongaqon, jonga-jon deb urushdim, bildingmi. Gospitaldan chiqayotganimda yangi borgan askar bolalarga ordenlarimni esdalikka ulashib berdim. To‘ron tog‘angdek urushinglar dedim, bildingmi! Sen Roziq cho‘loq, razvedkachiman, shuhrat ordenim bor deb kerilaverma… Men… men serjant To‘ron O‘runov bo‘laman, generallar bilan qo‘l berib so‘rashganman! Serjant O‘runov slushayet, bildingmi..
To‘ron amaki to‘satdan ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Ko‘ksini yirtib, boshlariga ikki qo‘llab mushtlab, urushga birga ketgan o‘rtoqlarining nomini aytib chaqirib, shunaqangi uzoq yig‘ladiki, oxiri qo‘ltig‘idan olib uyigacha eltib qo‘yishdi.
Odamlar anchagacha bir-birlariga gap qo‘sholmay g‘alati bo‘lib o‘tirishdi, Hamma sukutda… xuddi to‘satdan tillari yo‘q bo‘lib qolganday oshni yeb bo‘lishguncha ham gaplari bir-birlariga qovushmadi. Nihoyat Roziq tog‘am:
– Polvon, shunday qilib erta junaysizlarmi? – deya sukunatni buzdi.
– Shunaqa shekilli… – yo‘tal aralash dedi dadam.
– Ishqilib o‘g‘lim, tagobli yigitlarning yuzini yerga qaratmagin-da, – nasihat qilgan bo‘ldi Parpi buvam, – astoydil urushgin, og‘zingdan kalimai shaxodat hech tushmasin, shunda senga o‘q kor qilmaydi… Tagoblilar bosmachilarga qarshi yomon urushmovdi, endi bunisigayam bo‘sh kelmanglar… O‘sha Girmon deganlari juda zo‘r bo‘lsa Ko‘rshermatcha bo‘larda… o‘shani yengdigu… Nima deding Roziqvoy?
– To‘g‘ri, amaki, – tasdiqladi Roziq tog‘a, – muhimi, Polvon, urushda shoshib qolma! Keyin, ruslarning yonida bo‘lishga harakat qil, ulardan o‘rganasan… Meniyam urush maydonidan o‘shalar olib chiqdi. Yetti yot begona o‘ris ko‘tarib chiqdi-ya!.. Qani, Parpi buva, bir duo qiling, sekin qo‘zg‘alaylik endi.
Parpi buvam cho‘kka tushib, ikki qo‘lini yuqori ko‘tardi:
– Iloyo omin, – shunday dedi-yu, nazarimda u yog‘ini esidan chiqarib qo‘ydi shekilli, bir nafas jim bo‘lib qoldi, – iloyo omin, oy borib, omon kelgin. Girmon otli bir ko‘zli yovni boshi tanidan judo bo‘lsin, hammalaringa xudo madadkor bo‘lsin, oblohu akbar!
– Oblohu akbar, – deyishdi boshqalar ham. Mehmonlar hovliga chiqib otam bilan quchoqlashib yuzko‘zlaridan o‘pishib, xayrlasha boshlashdi. Ayollar ulu tortib yig‘lab yuborishdi, ukalarim ham bo‘zlab yig‘lashga tushishdi…
Nihoyat mehmonlar tarqab, qop-qorongi hovlida o‘zimiz qoldik. Men mollarga xashak olgani og‘ilxonaga kirib ketdim. Opam hozirgina erkak mehmonlar o‘tirgan katta yorug‘ uyga hammamizga bitta qilib joy solibdi. Ilgari uchta uyda, uchga bo‘linib yotardik Usmon ikkimiz oshxonada, Omon bilan otam mana shu katta uyda, opam ukalarimni yoniga olib kichkina uyda uxlashardi. Bugun otam bilan so‘nggi kecha birga bo‘layotganimiz uchun opam joyni ataylab birga solibdi. Uyga kirsam, Omon bilan Robinisa otamning tizza-siga o‘tirib olib, topishmoq ayttiryapti. Opam Zulayhoning sochini maydalab o‘rib o‘tiribdi. Usmon mis laganning ustiga shaltoq daftarini yozib, ko‘ksini yerga bergancha inqillab rasm chizish bilan ovora.
Men halidan buyon razm solmagan ekanman, opam negadir saylga ketayotgandek yasanib olgan ekan, sandiqdagi hamisha behining hidi anqib turadigan atlas ko‘ylagi, qora baxmal to‘nini kiyib olibdi, peshanasida ko‘k shohi durra, sochini ham yuvib, silliq qilib tarab olibdi.
– Ishqilib xatni kanda qilmasangiz bo‘lgani, – deyapti opam.
– Bo‘lmasachi, sen ham tez-tez xat bitib turgin, – javob qilpti otam, – boqqolning pulini berdingmi?
– Berdim.
– Yaxshi qilibsan… Bundan keyin undan qarzga hech narsa olmanglar.
– Xudo betini teskari qilsin! – qarg‘andi opam, – yana omborga qorovul bo‘lib olibdi-ya!
– Kattalar bilan bordi-keldisi bor deyishadi, tushuntirdi otam.
– Voy esim qursin, – shunday deb opam cho‘ntagini kavlashtirib tumor chiqarib, otamga uzatdi. – Ko‘kragingizga taqib oling!
Otam avvaliga shunaqa irim-sirimlaringni qo‘ysangchi, deb ko‘nmagandi, opam bu yerga hamma bolalaringizning nomini yozdirganman degan edi, otam tumorni olib shosha-pisha bo‘yniga osib oldi.
Men shu paytda negadir juda, juda ham xursand edim. Hozirgina uyimiz to‘la aziz mehmonlar, qadrdon kishilarimiz bo‘lgani uchunmi, butun oilamiz bilan hammamiz jamuljam o‘tirganimiz uchunmi yoki o‘zim ham bilmagan boshqa biror sababdanmi, har qalay men behad xursand, ta’riflab bo‘lmaydigan darajada shod edim. Shu xilda xursandligimcha uxlab qolibman. Tong pallasida uyg‘onib ketdim, ko‘zimni ochsam, opam otamning tizzasiga boshini qo‘yib piq-piq yig‘layapti, otam, qo‘y, qo‘ysang-chi, deb katta qo‘llari bilan opamning sochlarini avaylab silab o‘tiribdi…
– Polvon, uxlab qolmadingmi? – Parpi buvamning ovozi eshitildi tashqaridan.

«TEZROQ KELING, OTAJONIM!»
Barvaqt yo‘lga chiqdik.
Parpi buvam bilan To‘xta xolam o‘zlarining eshaklariga minishdi.
Zulayho, Usmon, Omon uchovlari bizning eshakka minishdi.
Otam to‘nining etagini qaytarib, orqasiga Robinisani solib oldi.
Sulton, oyim uchovimiz piyoda jo‘nadik.
Rayon markaziga borish uchun katta yo‘ldan ketsak ham bo‘lardi-yu, otam so‘qmoqdan bora qolaylik yo‘limiz olti chaqirimga qisqaradi, deb taklif qilib qoldi.
So‘qmoqdan yurdik.
Eshaklilar oldinga o‘tib olishdi. Hammamiz jim borayapmiz, qiziq, xuddi gaplashadigan gapimiz tamom bo‘lib qolgandek. Otam o‘zi aslida kamgap odam, so‘rasang javob beradi, bo‘lmasa xaftalab ham jim yuraveradi. Men bo‘lsam xuddi shu paytda dadajonimni gapga solsam, ko‘p narsalarni so‘rab bilsam, ovozlarini eshitib ketsam deyman. Yelkamdagi qopchiqni sal yuqoriroq ko‘tarish uchun ikki oyog‘imni kerib silayotgan edim:
– Charchadingmi? – deb gapirib qoldi otamning o‘zi.
– Charchaganim yuq, – dedim shosha-pisha.
– Orifjon!
– Labbay, ota!
– Senga qiyin bo‘ladigan bo‘ldi-da, o‘g‘lim!
– Nega unday deysiz?
– Hali ukalaring yosh, oying kun buyi dalada, butun ro‘zg‘or o‘zingga qolyapti-da, o‘g‘lim.
– Tashvishlanmang ota, men ishdan qochmayman.
– Rahmat o‘g‘lim, ishqilib o‘qishingni tashlab yubormagin. Ukalaringning ham o‘qishidan o‘zing boxabar bo‘lib tur… Endi shunaqa ekan-da… Ko‘pga kelgan to‘y, nima ham qilardik… Bo‘lmasa sizlarni o‘qitaman, katta maktablarda o‘qitaman, deb mo‘ljal qilib qo‘yuvdim… O‘qish kerak… Men ahmoq o‘qisam ham bo‘lardi-yu… haligi savodsizlarni tugatadigan maktabga olib borishsa, Nisormat maxsumning tapqi hovlisida shunaqa maktab ochiluvdi, derazadan tashlab qochibman-a.. Mana endi sizlarga xatni qanday qilib jo‘natar ekanman, deb o‘ylanib ketyapman.
– Sheriklaringizga aytib yozdirsangiz bo‘lmaydimi, ota?
– Endi, o‘g‘lim, sheriklar ham bir kun yozib berar, ikki kun yozib berar, oxiri zerikadi-da, to‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, ota!
– Shuni bilsang o‘qishni payidan bo‘l, haligi ko‘zoynak taqib, qizil papka ko‘tarib yuradigan katta domla bo‘lish payidan bo‘laver…
– Ota, siz miltiq otishni bilasizmi?
– E o‘g‘lim, mendan ketmon chopishni so‘ra. Rosmana milittsiya hali ko‘rganim ham yo‘q… Keyin, o‘g‘lim, yana bitta iltimosim shuki, opang bechorani xafa qilmanglar.
– Xo‘p!
– Kechalari ukang Omonni o‘zing olib yotgin, ertaklar aytib bergin… Ertak eshitmasa uxlay olmaydi u, shu ukang sal g‘alatiroq chiqdimi deyman, ertak bilan topishmoqni biram sevadiki, tavba!
– Ota, uningiz she’r to‘qishniyam biladi, she’rini eshitganmisiz ?
– Bir xillarini eshitganman. Ha mayli, xudo xohlasa eson-omon qaytib kelsam buniyam o‘qitamiz… Orifjon!
– Labbay, ota!
– Qo‘ying tug‘sa sigirni sotib yuboringlar, qo‘yning sutini amallab turarsizlar, oyingga ham aytdim… Sigiring qarib qoldi, endi yolchitib sut bermaydi… Bolasini olib qolinglar…
Oldinda ketayotgan eshak uynoqlab, andek bo‘lmasa Zulayho bilan Usmonni ustidan ko‘tarib urayozdi. Umuman, yo‘lga tushganimizdan buyon tuzuk yurmayapti u. Goh chopgisi kelib oldingi ikki oyog‘ini osmonga ko‘tarib nag‘ma ko‘rsatadi, goh «nos chekib», engashib, yerni hidlab turgan joyida gir aylanadi, hala qilsa, shattalab yana bezor qiladi. Aslida ayb o‘zimda, kecha musallas suzganimizda katta tog‘ora bilan liq to‘la chori chiqqan edi. Tog‘orapog‘orasi bilan eshakning oxuriga qo‘yuvdim, paqqos tushirib olgan ekan, mast bo‘lib qolganga o‘xshaydi, ha-ha mast bo‘lib qolibdi u! Ana, ikki oyog‘ini osmonga ko‘taryapti yana!
– Otajon! – qichqirib yubordi Zulayho. Eshak uchov ukamni ustidan itqitib tashlab, chap tomonga – shudgor qilingan yerlarga qarab yugurdi, hamma yoq qiy-chuv bo‘lib ketdi. Tasodifni qarangki, shoshilib eshakdan tushayotib Parpi buvam bilan To‘xta xolam ham ketmaket gupillab yiqilib tushishdi. Ukalarimning joni qiynalganini ko‘rib opam ham yig‘lab yubordi.
Otam ikkovimiz eshakni quvib ketdik ortimizdan Sulton ham yugurdi. Eshak xaydalmagan taqir yerga chiqib olgach o‘ynoqlab, shataloq otib, xuddi bizga o‘yin ko‘rsatmoqchi bo‘lgandek g‘alati-g‘alati qiliqlar qilib qocha boshladi. To‘xtab, biz tomonga tumshug‘ini cho‘zib turadi-da, yetay-etay deganimizda yana o‘ynoqlashga tushadi. Sulton bizga qaraganda chopag‘onroq ekan, ikki marta yetib olib tizginini ushladi-yu, ammo eshak siltanib chiqib ketdi. Ikki soat chamasi ovora bo‘ldi quva-quva baland-past qirlarga borib qolibmiz. Tepalikdan u yog‘i terak bo‘yi keladigan jarlik. Shu yerda ushlab olarmiz deb xalqaga olib yaqinlashib kelayotgan edik eshak ikki oyog‘ini ko‘tarib, jarlikka shunday sakradiki, otam:
– Eh, – deb uh tortib yubordi.
Eshak jarlik tubiga gupillab urildi-yu, baqadek yalpayib qolgandek bo‘ldi.
– Tamom! – dedi otam bosh chayqab.
Otam bilan Parpi buvam bizga juda ilxaq bo‘lishibdi. Ehtimol dasht orqali rayonga jo‘nab ketgandir deb ham o‘ylashibdi.
– Ro‘zg‘orga yarab turuvdi, – xuddi kechirim so‘ragandek bir ohangda dedi otam.
– Mayli, Polvon, qayg‘urma, bolalaringning boshiko‘zidan sadaqa, – otamning ko‘nglini ko‘tardi buvam, – eshagim tug‘sa bolasini berarman, endi tezroq jo‘naylik tag‘in hukumatdan gap eshitib yurmagin.
Harbiy komissariatning hovlisiga choshgoh mahalida yetib bordik. Hamma yoqqa odam demagani sig‘may ketibdi. Chol-u kampirlar, yosh-yosh qiz-u juvonlar, men tengi, mendan kichkina bolalar – igna tashlasang yerga tushmaydigan bo‘lib ketibdi.
Otam tengi, undan yoshroq ikki yuz chog‘li kishini hovlining qoq o‘rtasiga ikkitadan qilib safga turg‘izib qo‘yishibdi. Safdagilarning bir xillari tartibga rioya qilib tikka turibdi, bir xillari bor-e, oyog‘im tolib ketdi, qo‘lingdan kelganini qilmaysan-mi deb, qopining ustiga o‘tirib olibdi, atrofdagilar bo‘yinlarini cho‘zib, bir xillari qo‘lini og‘ziga kuvacha qilib safdagilarga gap ham qo‘shib turishibdi:
– Dada, dadajon, men bu yerdaman!
– Hakim, bora solib adresingni jo‘natgin!
– Bolaginam, bemahalda ko‘chaga chiqmagin!
– Akajon, rasmingizni jo‘natib yuboring, oyimga darmon bo‘ladi.
– Adasi, bolalaringizdan ko‘nglingiz tinch bo‘lsin, bir yaxshi qilib olib o‘tiraman.
Otam Parpi buvam bilan quchoqlashib xayrlashdi, bolalarimni sizga, sizni xudoga topshirdim, dedi. Hammamizni bir-bir bag‘riga bosib peshanamizdan o‘pdi. Opam bo‘lsa otamning yelkasiga qo‘lini qo‘yishi bilan, negadir ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Otam nihoyat o‘rtaga o‘tib yoshgina rus komandiriga ro‘baro‘ bo‘ldi. Komandir ro‘yxatdan otamning familiyasini topib, qo‘lini shop qilib bir narsalar degan edi otam yo‘lda eshak qochib ketib ovora bo‘lib qoldik dediyu, oxirida yana:
– Eshshak… – deb qo‘shimcha qilib qo‘ydi.
– Eshshak?! – xayron bo‘lib so‘radi komandir.
– Da, eshshak! – dedi yana otam.
Komandir negadir battarroq tutaqib ketdi, yer tepindi, otam yana qayta boshdan tushuntira boshladi. Eshak mast bo‘lib qolgan ekan dedi va:
– Piyanista, – deb qo‘shimcha ham qilib qo‘ydi.
– Piyanista?! – qoshlarini kerib takrorladi komandir.
– Ha, eshak piyanista, – dedi otam nihoyat tushuntira olganidan mamnun bo‘lib. Ammo komandir jahl otiga minib oldi. Nazarimda sochlari tikka bo‘lib ketgandek bo‘ldi, vizillaganicha ichkariga kirib, o‘zi tengi bir uzbek komandirni boshlab chiqdi.
– Nega komandirni haqorat qildingiz? – so‘radi yigit. Otam bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, o‘zbek xaxolab kulib yubordi, rusga tarjima qilgan edi, u ham xaxolab kulib yana bir narsalar deb qo‘ydi.
– Nima deyapti? – qiziqsinib so‘radi otam.
– Essizgina, eshagini olib kelganda otliq askarlar safiga yozib qo‘yardim, minib jang qilardi, deyapti, – tushuntirdi o‘zbek komandir.
Safda turganlar o‘rtasida yengilgina kulgi ko‘tarildi. Otam ham kulib, shosha-shosha javob qaytardi:
– Komandirga aytgin, Parpi amakining eshagi tug‘sa xo‘tikchasini berib yuboraman deyapti, o‘shani minib jangga kiraveraman.
O‘ris komandir yana kuldi, yaqin kelib otamning yelkasiga shappatilab, safga qo‘ya boshladi. Otamning bo‘yi juda baland ekan, qayerga qo‘ysa yoni-beridagilar beli barobar bo‘lib qolaverdi. Oxiri safning eng oldiga o‘tkazib ko‘rdi, unda ham bo‘lmadi. Sheriklarining bo‘yi otamning yelkasidan bo‘lib qoldi.
– Sal engashib turaman, – dedi otam bo‘yi novchaligidan xijolat bo‘lib.
– Hechqisi yo‘q, – dedi komandir, – artilleriyaga sizdaqangi pahlavonlar kerak.
Komandir orqaroqqa chekinib, safga tiziling deya o‘rischa buyruq berdi. O‘tirganlar o‘rinlaridan turib, bir xillari qopchigini qo‘liga oldi, boshqalari yelkasiga tashladi. Komandir chapga buriling deb buyurgan bo‘lsa ham safdagilarning yarmi o‘ngga, yarmi orqaga burilishdi. Bir xillar yurib keta boshladi, yana bir xillari turgan joyida qoqilgan qoziqdek jim turishaverdi. Komandir safni avvalgi holiga keltirguncha naq terlab ketdi. Chapga deganda qayoqqa, o‘ngga deganda qayoqqa burilish kerakligini rosa tushuntirgach:
– Chapga! – deb buyruq berdi yana. Yo‘q, bu gal uncha anglashilmovchilik bo‘lmadi, hamma chapga burildi.
– Olg‘a! – buyruq bo‘ldi yana. Saf qo‘zg‘alishi bilan kuzatuvchilar ulu tortib yig‘lashga tushdi. Minglab odamlarning jam bo‘lib yig‘lagani juda qo‘rqinchli bo‘larkan.
– Otajon!
– Akajonim!
– Pahlavonim!!!
– Hoy, adasi, to‘xtang! – degan ovozlar eshitilib qoldi har tomondan. Nazarimda, butun olam yig‘layotgandek yer-u ko‘k daraxtlar ham ko‘z yoshi to‘kayotgandek bo‘lib ketdi. Usmon yig‘layapti, Omon bo‘zlayapti, Robiya chinqiryapti…
– Voy xudoyim!
– Alining qilichiga uchrasin o‘sha Girmon!
– Essizgina yigitlar!
– O‘g‘ilginam! – deb xayrlashishyapti odamlar. Opam negadir jim, yig‘lamaydi ham, gapirmaydi ham, to‘satdan loqayd, beparvo bo‘lib qoldi. Kun bo‘yi shu ahvolda yurdi. Miting paytida ham, askarlarni mashinaga chiqarishayotganda ham toshdek qotib turaverdi. Ukalarim yopishsa, siltab tashlaydi. Uyga qaytib kelgunimizcha ham kayfiyati o‘zgarmadi. Xuddi jin chalib ketgandek tili yo‘q gung bo‘lib qoldi.
Uyga kelsak ish juda rasvo bo‘libdi. Oy-kuni yetib turgan sovlig‘imiz cho‘zilib yotibdi, tug‘aman deb ko‘p urinibdi-yu, tug‘olmay o‘lib qobdi.
– E attang! – dedi Parpi buvam bosh chayqab, – bolasi teskari kelgan ekan… O‘zim oldida bo‘lganim-da osongina qutulardi-ya.. Ha mayli, kelgan balo shunga urgan bo‘lsin.
Omon opamga surkalib non berasiz, qornim og‘riyapti deb xarxasha qilgan edi, opam to‘satdan portlab ketdi:
– Yo‘qol!!!

PARPI BUVAM ZAMBARAK SOTIB OLMOQCHI
To‘ron amaki bilan Roziq tog‘am uyma-uy yurib jangchilar uchun meva-cheva, qo‘lqop, jun paypoq, quloqchinga o‘xshash narsalar yig‘ishyapti, biz bolalar bo‘lsak qani kim nima berarkin, qancha berarkin deb qiziqqanimizdan galalashib ularning ortidan ergashganmiz. Navbat Parpi buvamga kelganda Roziq tog‘am:
– Bir xillar shu bir kap mayizini ham qizg‘anadi, – deb gap boshladi, – toshkentlik bir odam butun boshlik tanka sotib olib beribdi!
– Tankang nimasi? – so‘radi Parpi buvam.
– Tanka deb urushadigan traktorga aytishadi.
– Yopiray, tanka ham urushadimi!
– Urushadi, – gapga aralashdi To‘ron amakim – bitta sizga o‘xshagan chol to‘plab yurgan puliga samolyot olib beribdi.
– Ayriplonmi? – xayron bo‘ldi buvam.
– Ha, ayriplon.
– Bu hukumat shunaqa ishga ruxsat berarmikan?
– Beradi, – ishonch bilan dedi To‘ron amakim, – qani endi, siz, ham o‘g‘illaringizga atab bitta zambarak olib jo‘natsangiz…
Parpi buvam soqolining uchini chaynab bir oz o‘ylanib turdi-da, oxiri «Qo‘ysangchi shunaqa gaplarni, hozir bozordan tuzukroq otashkurak topib bo‘lmaydi-yu, zambarakni qayerdan topaman» – deya qo‘l siltadi. Roziq tog‘am «Siz zambarakning pulini jam qilib bersangiz bo‘lgani, hukumatning o‘zi u yog‘ini to‘g‘irlab oladi» – dedi.
Parpi buvam soqolining uchini chaynashdan to‘xtab:
– Xo‘sh, bu zambaragingning bahosi qancha ekan?– deb so‘radi.
– Yuz ming!
– A?! – Nazarimda Parpi buvam turgan joyida bir qalqib ketgandek bo‘ldi.
– Nima, siz uni uchiga tosh boylab otadigan sopqon deb o‘yladingizmi?
– Roziq, menga qara, sal arzonroqqa ko‘ndirishning iloji yo‘qmi?
Roziq tog‘am «Sizni birov zo‘rlayotgani yo‘q, xohlamasangiz shu bir yelpig‘ich mayizingiz ham yetadi, hali aytdim-ku, bir xillar shuniyam berishmayapti…» deb qo‘ydi-yu, sekin yurib keta boshladi. Parpi buvam, «To‘xtab tur, men kampir bilan bir maslaxatlashib ko‘ray» deb ichkari kirib ketdi. To‘xta xolam hovlida kir yuvib o‘tirgan edi, bobom uning yoniga borib gapni juda uzoqdan boshladi: hozirgi urushda zambarak bo‘lmasa dushmanni yengib bo‘lmaydi, mana o‘zing bilasan, Ko‘rshermatni qo‘rg‘ondan quvib chiqarishda zambarak ish bergan edi, dedi. To‘xta xolam:
– To‘g‘ri, zambarakka cho‘yan soqqa solib otisharmish, – deb qo‘ydi.
Parpi buvam o‘rnidan turib mabodo kampir quvlab qolsa qochib ketishim osonroq bo‘ladi deb o‘yladi shekilli, ko‘cha eshik yoniga borib:
– Kampir, – deb chaqirdi.
– Qulog‘im karmas, sekinroq gapiravering, – deb qo‘ydi To‘xta xolam.
– Men ham o‘g‘illaringga atab bitta zambarak olaman!
Yo‘q xolam bobomni quvlamadi, o‘rnidan ham turgani yo‘q, «Zambarakni o‘g‘illarimga hukumatning o‘zi olib beradi» deb qo‘ya qoldi. Bobom xolamga sal yaqinlashib: «Hukumat hammaga zambarak olib berolmaydi, pul yetkazolmaydi», – dedi. Xolam yana parvosiga keltirmay: «Hukumatning pul ishlab chiqaradigan zavodi bor, siz tashvishini tortmay qo‘ya qoling, undan ko‘ra ichkariga kirib bo‘zingizni to‘qing» dedi. Bobom: «Hukumatning pul ishlab chiqaradigan zavodi bir hafta oldin dushmanning qo‘liga o‘tib ketibdi» dedi. Bu gapni eshitib xolam bir oz o‘ylanib qoldi, nihoyat kir yuvishni to‘xtatib:
– O‘sha zambaragi necha pul turarkan? – deb so‘radi.
– Orif, bolam, sen aytgin, necha pul deyishdi? – -deb buyurdi bobom.
– Yuz ming! – dedim shosha-pisha.
– Nima?! – sekin o‘rnidan tura boshladi xolam, – ehtimol Orifjon, yaxshi eshitmagandirsan?
– Yo‘q, aniq eshitdim.
– Nima, sen zambarakni uchiga tosh boylab otadigan sopqon deb o‘yladingmi! – dedi bobom zardasi qaynagandek bo‘lib, – uni qora po‘latdan quyishadi, bildingmi!
– Miyangiz aynab qopti! Shuncha pulni qayerdan topasiz?
– Xudo xohlasa topaman!
Bobom gapga juda chechan ekan, bora-bora xolamni og‘iz ochirtirmay qo‘ydi. Urushda yengib chiqishimiz mana shu bobom jo‘natadigan zambarakka bogliq. Xolamning o‘g‘illari Anorvoy akam, Bo‘rivoy akam, Dehqonboy akamlarning ham sog‘-salomat qaytib kelishlari mana shu zambarakka bog‘liq ekan, shu zambarak eson-omon urush maydoniga yetib borsa, qishlog‘imizdan ketgan uch yuz yigit ham tezroq qaytarkan, e boringki, shu kecha-kunduzda avj olib borayotgan ocharchilik ham mana shu zambarak tufayli daf bo‘lishi mumkin ekan…
– Ha bo‘pti, – dedi oxiri xolam rozi bo‘lgandek bo‘lib, – bilganingizni qiling!
Bobom pul sanashni bilmas edi, shuning uchun ertasiga bozorga meni o‘zi bilan birga olib ketadigan bo‘ldi. Kolxozdan ot-arava olib, ikki qop mayiz, uch qop o‘riq, to‘rt qop oq jo‘xori yukladik. Bozordagilar ham Parpi buvamning kelishini kutib turishgan ekanmi, olib borgan narsamizni, ishonsangiz, ko‘z yumib ochguncha talab ketishdi. Chorshanba bozoriga sigir bilan buzoqni ham xaydab borib pullab keldik, tomdagi ikki-uch yildan buyon qurib yotgan beda ham tuzukkina pul bo‘ldi. Nihoyat o‘tirib pulni hisoblab ko‘rgan edik mo‘ljalga yetmabdi.
– Endi nima qildik? – Mendan maslahat so‘rab qoldi bobom. Men nima deb maslahat berishni bilmas edim, shuning uchun yelkamni qisib qo‘ya qoldim.
– Xolangda pullasa bo‘ladigan narsalar bor, – dedi bobom, – akalaringni uylantiraman deb yig‘ib yuribdi beqasam, shoyi hammasidan bor… Lekin bermaydi-da…
– Yolvorib so‘rasak-chi? – deb maslaxat bergan bo‘ldim.
– Yo‘q bari bir bermaydi… Yashirib olsak bo‘ladi-yu…
– O‘g‘irlab olsak deysizmi?
– Yig‘lab-yig‘lab joyiga tushib qolarmikin deymanda.
– Bilmasam… – dedim men yana yelkamni qisib. Xu narida charx yigirib o‘tirgan xolam suhbatimizga zimdan quloq solib o‘tirgan ekanmi, jimgina o‘rnidan turib, omborxonaga kirib ketdi-yu, xiyol o‘tmay Dehqonboy akamga atab qilingan bannani katta qiyiqqa tugib chiqdi. «O‘g‘illarim eson-omon qaytib kelsa, bir amallab to‘ylab olarman» deb tugunni bizning oldimizga tashladi.
Bozor kuni bannani ham sotib keldik. Pul yana mo‘ljalga yetmagan edi, Parpi buvam bu gal negadir tutoqib ketdi. «Sen kallavaram, dadangga o‘xshamay o‘lgur, ko‘zingni ochibroq sana, bir xillarini shunday o‘tkazib yuboryapsan» deb andek bo‘lmasa meni quvlab chiqarayozdi.
– Bir xurjun pul mo‘ljalga yetmadimi, a?
– Yetmayapti, – deb qo‘ydim yana urishib berishidan qo‘rqib.
– Xo‘sh, qancha yetmaydi?
– O‘n ming deyapman-ku.
– Endi nima qildik sotadigan hech narsa qolmadi-ku?
– Qarz ola qolaylik.
– Boqqoldanmi? – ko‘zlarini katta-katta ochib so‘radi Parpi buvam.
Boqqoldan boshqa odamda pul bo‘larmidi? Pulning kattasi o‘shanda-da! Odamlarning aytishiga qaraganda pulning sassig‘iga yotolmay kechalari yurib chiqarmish. Lekin Parpi buvam Meli boqqolni yoqtirmaydi, ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q. Aslida-ku, boqqolni hech kim yoqtirmaydi-ya, yoqtirishmaydi-yu bari bir ishini o‘sha bilan bitirishadi. Bobom ham pulni Meli boqqoldan so‘rashga qaror qildi. Uning hovlisi ichkari-tashqarili, ichkarisida bola-chaqalari turadi, tashqarida mehmonxona, mehmonxonaning yonida kichkinagina eshikchasi ko‘chaga ochiladigan boqqolxona bor. Bu yerda lampa moyi-yu zig‘ir moy, arpa bo‘g‘do-yu qandqurslar, e boringki, eshakning taqasidan tortib qalampirmunchoqqacha hamma narsa topiladi.
Biz kirganda Meli boqqol oldida katta daftar, yonboshida chut bir narsalarni hisoblab o‘tirgan ekan.
Boqqol amaki, o‘zi pakana-yu lekin yuzi katta, peshanasi keng, yakkam-dukkam soqolli, burni puchuq, iyagi kalta bir odam. Qorni ham xaddan tashqari katta bo‘lgani uchun o‘tirganda xuddi bir qop go‘shtdek bo‘lib qoladi. O‘ziyam juda g‘alati odam, sergapmi, kamgapmi bilib bo‘lmaydi. Bir qarasangiz, qiziq-qiziq gaplardan gapirib odamlarni kuldirib o‘tiradi, yana bir qarasangiz xuddi shu kechasi tili yo‘q bo‘lib qolganday, gung bo‘lib boshini egib oladi. Shunaqangi qasamxo‘rki, asti qo‘yaverasiz, agar gapning birida «mozori sharif ursin» deb turmasa, ko‘ngli joyiga tushmaydi…
Xayriyat, bugun kayfiyati joyidaga o‘xshaydi, bizni shunaqangi xursand bo‘lib kutib oldiki, ishonsangiz, o‘tqizgani joy topolmay tor uyda pildirab qoldi, ammo bobom qarz so‘ragani chiqqanini eshitib, nafasi ichiga tushib ketdi.
– Pul yo‘q! – dedi xuddi uh tortganday qilib.
– Xudodan ko‘rqsangchi! – deb yolvorishga tushdi bobom.
– Parpi amaki, siz otamni ko‘rgan odamsiz, sizdan jonimni ham ayamayman pulim bo‘lganda o‘sha siz olmoqchi bo‘lgan zambarakni, xudo ursin agar, o‘zim olib bergan bo‘lardim.
– Men senga ikki barobar qilib qaytaraman.
– Aytdim-ku o‘zimda pul yo‘q deb.
– Birovdan bo‘lsayam topib berasan!
– Lekin u odam ikki barobarga ko‘nmas deb qo‘rqaman.
– Xo‘sh, o‘sha odaming qanchaga ko‘narkan?
– Ikki yarim barobar so‘rasa kerak deb qo‘rqaman.
– O‘sha odamga aytgin, men rozi! – dedi bobom ish o‘ngidan kelayotganiga o‘zida yo‘q sevinib.
Meli boqqol yana ancha mahalgacha uni-buni bahona qilib, talashib-tortishib o‘tirdi, qasam ustiga qasam ichib, o‘zimda bo‘lganda sizga, otamni ko‘mgan mehribon bir amakimga yeb ketarga bergan bo‘lardim, dedi. Oxiri katta qornini arang ko‘tarib, ko‘k beda yeb bo‘kib qolgan sigirdek pishillab zo‘rga o‘rnidan turdi-da, qayoqqadir chiqib ketib, bir osh hamlam fursat yo‘q bo‘lib ketdi… nihoyat yana inqillab, kimnidir imonsiz deb qarg‘ab qaytib keldi-da, bobomning oldiga bir dasta pul tashladi:
– Padar la’natini arang ko‘ndirdim!
Bobomning topshirig‘iga binoan pulni sanab ko‘rdim, bir haftadan buyon kechasi-yu kunduzi pul sanayverib o‘ziyam usta bo‘lib ketgan ekanman, ko‘z yumib ochguncha hisobini chiqarib:
– Uch yuz kam, – dedim.
Gapimga Meli boqqol ishonmay, o‘zi pulni qayta boshdan sanab ko‘ra boshladi. Oxiri «Obbo nomard-ey, aldabdi-ya, deb o‘sha qarz bergan odamni boplab bir so‘kib qo‘ydi. Lekin kamini bari bir to‘ldirmadi, olmasangiz olmang, men o‘rtada turganim uchun zarar ko‘rishni istamayman deb pulni qaytarib chuntagiga solayotgan edi:
– Ha mayli, kam bo‘lsayam bera qol, – dedi bobom shosha-pisha.
Ertasiga ishlarimiz juda tez yurishib ketdi. Pulni xurjunga solib, kolxoz idorasiga olib borgan edik kolxozning ona-bola raisi rayonga olib borib o‘z qo‘lingiz bilan topshirib kelasiz, boshliqlar xursand bo‘ladi deb yonimizga hisobchi amakini ham qo‘shib berdi…
Harbiy komissariatda bizni hu birda dadamga, eshagingizni minib kelganingizda otliq askarga yozib qo‘yardim, deb hazillashgan rus komandiri kutib oldi. Gap nimadaligini bilib, ichkaridan yana bitta komandirni boshlab chiqdi. Ichkaridan chiqqan katta komandir o‘zi o‘ris bo‘lsa ham o‘zbekcha gapirishni yaxshi bilarkan, Parpi buvamni quchoqlab peshanasidan, soqollaridan o‘pib:
– Yo‘q, biz urushda yengilmaymiz, sizga o‘xshagan otaxonlar, mana bu yigitchaga o‘xshagan askar bolalarimiz omon ekan, yanchib tashlaymiz, – deb qo‘ydi.
Pul bilan kecha uyda yozib qo‘yganimiz xatni ham qo‘shib topshirdik. Xatda: «Ushbu pulga sotib olingan zambarakni Katta Tagob qishlog‘idan borib jang qilayotgan usta Parpi buvaning o‘g‘illari Anorboy, Bo‘rivoy, Dexqonboylar va, shuningdek usta buvaning ota avlodidan bo‘lgan Mirzapolvon, Ahmadpolvon o‘g‘illari birgalikda otishsin…» degan so‘zlar bor edi.

SULTON IZDAN CHIQIB BORYAPTI
Otam armiyaga ketgandan keyin opam bizga sal mehribonroq bo‘lib qoldi. Nima bo‘lsa ham maktabdan qolmanglar, otalaringning birdan-bir iltimosi shu edi, deb maktabga qatnash uchun Zulayhoga ham ruxsat berdi. Tong saharda Omon bilan Robinisani oyim traktor haydayotgan joyga eltib tashlayman, so‘ng Usmon, Zulayho, Sulton to‘rttovimiz maktabga jo‘naymiz. Usmon birinchi sinfni bitiray deb qoldi-yu, haligacha harf tanimaydi, bir chekkaga o‘tirib olib, rasm chizganichizgan.
Zulayho bo‘lsa juda tirishib, astoydil o‘qiy boshladi. Qolib ketgan darslarni ham yetkazib oldi. Maktabdan har kuni mukofotga yarimtadan non olib yeyapti, Sulton bo‘lsa… juda rasvo bo‘lib ketdi. Maktabga biron marta bo‘lsin jild ko‘tarib bormaydi, jildida hech narsa yo‘q, nimaiki bo‘lsa hammasini yo sotgan, yo nonga, mevachevagami almashtirib yuborgan. Ochig‘ini aytsam, maktabga u o‘ynagani, bundan ham ochiqroq qilib aytsam, maktabda ulashiladigan nondan qolmaslik uchun boradi, orqa partaga o‘tirib olib, uxlagani-uxlagan.
– Nega tuzukroq o‘qimaysan? – deyman ba’zan xafa bo‘lib.
– Tag‘in qanaqa o‘qiyman axir, – shovqin soladi Sulton, – har kuni boryapman-ku.
– Axir doim «yomon» olasan!
– Muallimlarda boshqa baho bo‘lmasa nima qilay!
Sulton otam ketgach, hayiqadigan odami bo‘lmagani uchunmi, uy ishlariga ham butunlay qarashmay qo‘ydi, ish buyursam: «Omborxonaning kaliti senda turadi-yu, men ahmoq bo‘lib sening ishingni qilar ekanman-da» deb erta-yu kech men bilan kalit talashadi. Bir kuni kalitni unga qoldirib ukalarimni olgani dalaga ketuvdim, qaytgunimcha ishni rasvo qilib qo‘yibdi. Ozgina tuzlangan go‘sht bor edi, olib chiqib jarlik tomonga o‘tishibdi-da, ho‘l novdadan six tayyorlab o‘rtoqlari bilan kabob pishirib yeyishibdi. Bir-ikki marta uni opamga chaqib ham berdim, bari bir unga ham bo‘yin egmadi u.
– O‘zingiz-chi, o‘zingiz! – dedi ostona oldiga borib va mabodo opam hamla qilib qolgudek bo‘lsa qochib qolish uchun shaylanib, – o‘zingiz ham dalada mazza qilib yuribsiz-ku.
– Men traktor xaydayapman, – jig‘ibiyroni chiqib dedi opam.
– Xotin kishi uyda o‘tirib ro‘zg‘orga qarashi kerak bolalarini yuvib-tarashi kerak bildingizmi!
– Voy, tilingni xakka cho‘qigur, bu gapni senga kim o‘rgatdi?
– Ichimdan chiqaryapman, bildingizmi.
– Yo‘q, buni senga birov o‘rgatgan.
– Hecham-da, hammasini o‘zim bilaman. Xotin kishining qo‘liga traktorning rulidan ko‘ra sigirning emchagi yarashadi, bildingizmi! Undan ko‘ra bizni yetim xonaga berib qo‘ya qoling bo‘lmasa!.. Mana, etigimni ko‘ring, paytavasi chiqib yotibdi… Xotinlar, oying O‘sha patilloq traktorini silab-siypalaguncha kiyimlaringni yuvib bersa bo‘lmaydimi deyapti.
– To‘xta, to‘xta bolaginam, – deb yolvordi opam, – bu gaplarni senga kim aytdi o‘zi?
– Aytmayman! – Sulton eshikni sharaqlatib yopib chiqib ketdi. Ko‘chadan turib: «Siz, erkaksabzisiz!» deb baqirdi. Opam Sultondan bunaqangi gap chiqishini hech kutmagan ekanmi, xang-u mang bo‘lib qoldi. Bu hoynahoy qo‘shnilarimizdan chiqqan gap. Nega endi to‘ppa-to‘g‘ri opamning o‘ziga aytmay, Sulton orqali ayttirishar ekan, axir hozir urush pallasi, erkag-u xotin barobar ishlashi kerak-ku… opajonim tikka turgancha o‘ylanib qoldi. Nazarimda shu holida tikka turgancha uxlab qoladiganday, nega desangiz, esnab-esnab qo‘yyapti, ko‘zlari ham yumilib boryapti.
– Orifjon! – dedi bir mahal o‘ziga kelib.
– Labbay, opa!
– Beri kel, o‘g‘lim, – opamning issiqqina ko‘ksiga boshimni qo‘ydim. Peshanamdan o‘pib, dag‘al qo‘llari bilan yelkamni uzoq siladi, – sening esing borku, hammasiga tushunasan-ku?
– Tushunaman, opajon!
– Urush ham tugar, otang ham qaytib kelar, – chuqur xo‘rsindi opam, – men ham traktorni urushdan qaytgan yigitlarga topshirib uyda qolarman, to‘g‘rimi, o‘g‘lim?
– To‘g‘ri!
– O‘shanda men ham sizlarni yuvib-tarab, popukdekkina qilib qo‘yarman, to‘g‘rimi o‘g‘lim?
– Siz qo‘shnilarning gapiga parvo qilmang.
– O‘zimni esligim, – opam yana yuzlarimdan o‘pa boshladi. Opam istar-istamay dalaga jo‘nab ketdi. Keta turib ostona tagida o‘ziga g‘alati qarab turgan Sultonning ham peshanasidan o‘pdi. – Akangni ko‘p kuydirmagin, kelasi bozorga yangi etik olib beraman deb shivirladi qulog‘iga…
Xullas, Sulton mana shunaqangi cho‘rtkesar, hech ta’riflab bo‘lmaydigan darajada dangasa bo‘lib borayapti, aftiga qarab bo‘lmaydi. Yuziga xuddi tug‘ilganidan buyon suv tegmaganga o‘xshaydi. Bo‘ynining kiri xoh ishoning, xoh ishonmang xuddi eski maxsidek qat-qat bo‘lib ketgan. Sovunlab yuvgin desam:
– Ertaga tag‘in kir bo‘ladi! – deb qo‘l siltab qo‘ya qoladi. Bugun ertalab u meni yana kuydirdi. Saharda Robinisa bilan Omonni dalaga olib keta turib, men kelguncha sigirning tagini tozalab, choy qaynatib qo‘ygin, deb tayinlab ketuvdim. Men ketishim bilan yana o‘rniga yotib olibdi.
– Nega sigirga qaramading? – dedim achchig‘im chiqib.
– Otam uni sotinglar deb ketgan! – parvosiga ham keltirmay dedi Sulton.
– Axir sotguncha qarab turish kerak-ku?
– Sut bermaganidan keyin ahmoq bo‘pmanmi qarab, – shunday deb Sulton sekin o‘rnidan turayotgan edi, qo‘ltig‘idan yarimta qotirma tushib ketdi. Ana xalos, ishning bu yog‘i yana rasvo bo‘lganga o‘xshaydi, yugurib borib, qozonning qopqog‘ini ko‘tardim, – to‘rtta qotirma bor edi, nonushtaga asrab qo‘yuvdim – yo‘q, bittasi ham yo‘q.
– Qotirmani kim yedi? – dedim qaltirab.
– Men yedim, – dedi Sulton kerishib.
– Nega yeding?
– Qornim och bo‘lgandan keyin yeyman-da.
– Oqshom To‘xta xolam bergan shavlani ham bitta o‘zing tushirding-ku?
– Ilitma shavla ekan… Og‘zim suv ochib ketdi, – shunday deb Sulton betini ham yuvmasdan maktabga jo‘nab ketdi.
Usmon, Zulayho uchovimiz nonushtasiz qoldik. Bir kapdan mayiz olib, biz ham maktabga otlandik. Ochig‘ini aytsam, shu kunlarda o‘qishning ham mazasi ketgan. O‘qish bo‘lib o‘qishmas, bekorchilik bo‘lib bekorchilikmas. Ilgarilari o‘n uch-o‘n to‘rtta sinf xonasi liq to‘la bo‘lardi, hozir bo‘lsa ba’zan bitta, ba’zan ikkita sinf xonasi arang to‘ladi. Ilgarilari besh-olti soatlab o‘qiyverib naq miyalarimiz suyulib ketar-di, endi bo‘lsa nari borsa ikki soatgina o‘qiymiz, xolos. Qolgan vaqtda nuqul o‘ynaganimiz-o‘ynagan. Muallimlarning hammasi armiyaga ketib qolishgan. Roziq tog‘amdan boshqa erkak o‘qituvchi yo‘q. Rahima opa sinfga kirib bo‘r bilan doskani qoq ikkiga bo‘ladi-da, yarmiga boshlang‘ich sinf bolalari uchun ona tilidan mashq yozib beradi, yarmiga yuqori sinfdagi-lar uchun arifmetika dan masala yozib qo‘yadi, shu bilan tamomvassalom. Sinfda to‘polon, shovqin-suron avjiga chiqadi, musht ketdi boshlanib ketadi, muallima bo‘lsa parvosiga ham keltirmaydi. Bir chekkada eridan kelgan xatni o‘qib, yoki shilq-shilq yig‘lab eriga xat yozib o‘tiraveradi. Muallima Ro‘zixon opa bo‘lsa, qo‘ng‘iroqdan narigi qo‘ng‘iroqqacha bo‘lgan vaqtni sinfdagi to‘polonni bostirish, bolalarga tanbeh berish bilan o‘tkazadi. Endi sinf tinchiganda tanaffus bo‘lib qoladi-yu, dars o‘tmasdan chiqib ketaveradi. Biz o‘quvchilar bundan aslo xafa bo‘lmaymiz, nega desangiz, ko‘pchiligimiz maktabga dars tinglashga emas, balki nonushtaga yarimtadan zog‘ora, tushlikka ikkitadan pishirilgan kartoshka olgani kelamiz.
Roziq tog‘am «Voyenniy dela»dan dars beradi. Faqat o‘shaning darsigina sal qiziqarli o‘tadi. Nega desangiz, Roziq tog‘am ko‘pincha darsda afandi aytib beradi, ba’zida bolalarning o‘ziga ham ayttiraveradi.
Shunday qilib desangiz, Sultonni na maktab, na oyim, na men yo‘lga sololyapmiz, boshimizga bitgan balo bo‘ldi u, tinchgina o‘yinini o‘ynab, berganimni yeb yursa ham mayli edi-ya! Eng yomoni qo‘li qalb bo‘lib qolyapti uning. Kuni kecha kelida tuyib, suyuq osh qilamiz deb bir tovoq makkani oftobga yoyib ketgan edim, xomligicha yeb qo‘yibdi… Endi nima qildim-a? Nima qilsam ukamni yo‘lga solib olar ekanmiz?

TEPALIK UCHUN BO‘LGAN MUSHTLASHUV
Katta tanaffusdan so‘ng qizlarga javob berib yuborildi. Nega desangiz, ular harbiy ishga butunlay yaroqsiz deb topilgan. Bir marta «hujum» darsida qatnashib birbirlarining betini timdalab, sochlarini yulib olishgan, hatto uylariga qaytib borgandan keyin ham tinchishmay, bir-birlarini rosa yumdalashibdi. O‘shandan buyon ular harbiy darsga butunlay kiritilmaydigan bo‘lishgan.
Birinchi sinfdan to yettinchi sinfgacha bo‘lgan jamiki o‘g‘il bolalar oltinchi «A»ning xonasiga to‘plandi. Sinf xonasi xuddi uzumga qora yaloq tushgandek shovqinsuron bo‘lib ketayotuvdi, xayriyat, ostonada yog‘och oyoqlarini qo‘qon aravaning gupchagidek g‘ichirlatib Roziq tog‘am ko‘rinib qoldi:
– Bu nima to‘polon! – dedi u qo‘ltiqtayogi bilan ostonani urib.
Sinf suv quygandek jimib qoldi. Roziq tog‘am muallimlar stuliga o‘tirib, sinfga ko‘z yugurtirib chiqdi, qo‘ltig‘idan buklangan daftar olib oldingi partada, menga biron ish buyurib qolmasmikan, deb umidvor bo‘lib ko‘zini lo‘q qilib o‘tirgan Hamroqulga uzatdi:
– Ma, bor bolalarning familiyasini yozib qo‘y.
– O‘tgan jangda halok bo‘lganlar ham yoziladimi? – so‘radi Hamroqul.
– Yoziladi.
– Bedarak yo‘qolganlar-chi? – savol berdi orqada o‘tirganlardan biri.
– Ahmoq! – dedi Roziq tog‘am ovoz chiqqan tomonga qarab.
– Domla, ahmoqlar qaysi ro‘yxatga yoziladi? – deb so‘radi boshqa burchakda o‘tirganlardan biri. Sinfda yengilgina kulgi ko‘tarildi, Roziq tog‘am ham kulib qo‘ydi. Kula-kula sekin o‘rnidan turayotgan edi, sinf yana jim bo‘ldi. Nega desangiz, Roziq tog‘am kulib-kulib odamning jonini oladi. Qulog‘ingdan cho‘zib, bo‘yi barobar ko‘taradi-da, to dodlab yubormaguningcha ushlab turaveradi. Xayriyat, bu gal unaqa qilmadi, yana o‘rniga o‘tirib:
– O‘tgan darsda nimani o‘tuvdik? – deb so‘radi.
– Nasriddin afandining sarguzashtlarini, – javob qaytardi bir bola.
– Til ushlab kelishni.
– Akromning og‘ziga latta tiqishni!
– Toshtemirning boshiga mushtlashni… – deya har tomondan chuvillab qolishdi bolalar. Muallim qarasa bo‘lmaydigan, shartta o‘rnidan turdi-da, oyog‘i bog‘langan xo‘rozdek hakkalab kelib, Toshtemir bilan Akromning qulog‘idan cho‘za boshladi:
– Xo‘sh, qaysi darsni o‘tuvdik?
– Qulog‘imni qo‘yib yuborsangiz keyin aytaman, – yig‘lamsirab dedi Akrom.
– Qaysi darsni o‘tuvdik deyapman! – quloqlarini battarroq cho‘zdi muallim.
– Domla, o‘tgan darsda quloq cho‘zmani o‘tganmiz! – deb yana qiziqchilik qila boshladi Toshtemir. Shu paytda qiziq voqea yuz berdi, muallim ikkovining qulog‘idan battarroq cho‘zish, o‘tirganlarning yuragiga ko‘proq qo‘rquv solish o‘rniga to‘satdan qo‘yib yuborib, qaytib o‘rniga utirdi. Qiziq, u sinfdan ko‘zlarini olib qochyapti, qilgan ishidan xijolat bo‘ldimi, yoki qalbida shu yarim och, yarim yalangoch o‘tirgan, ochlik hissini qiziqchilik bilan bosayotgan bolalarga nisbatan beqiyos rahm-shafqat uyg‘ondimi bilib bo‘lmaydi. Cho‘ntagidan popukli xaltacha olib maxorka o‘ray boshladi. Qo‘llari tinmay qaltirab maxorkani to‘kib yuboryapti, sinf jim, pashsha uchsa eshitilgudek jimlik… Roziq tog‘amga rahmim kelib ketdi, unga qiyin, juda ham qiyin, armiyadan qaytishi bilan xotini tashlab ketib qoldi, bitta cholga erga tegib ketdi, Roziq tog‘am yolg‘iz, hech kimi yo‘q. Uyi ham bo‘m-bo‘sh, eski sholcha, qora qumg‘on, jo‘mragi qadoqlangan choynak – boshqa hech narsasi ham yo‘q. Bir oyog‘i yo‘q, kechalari kesilgan joyi zirqirab og‘rib chiqarmish, buning ustiga o‘ng qo‘li ham yaxshi ishlamaydi… Qiyin juda qiyin unga! Biz bo‘lsak uni oq ko‘ngil, yumshoq tabiatli, sal qiziqchiroq bo‘lgani uchun mayna qilganimiz-qilgan…
Bir mahal mening ukam Usmon qo‘l ko‘tarib:
– O‘tgan darsni men aytsam maylimi? – deb so‘radi sekingina.
– Ayt-chi, – maxorka tutunini chuqurroq tortib dedi Roziq tog‘am.
– Razvedka.... – xuddi esidan chiqarib qo‘yayotgandek shoshilib dedi Usmon.
– To‘g‘ri, – tasdiqladi muallim, – xo‘sh, razvedka-chi qanaqa bo‘lishi kerak?
– Botir.
– Yana?
– Qo‘rqmas.
– Yana?
– Mushuk… – Bu so‘z Usmonning og‘zidan chiqishi bilan sinfda yana sekingina, bilinar-bilinmas kulgi ko‘tarildi. Roziq tog‘am ham kulimsirab «ya’ni mushukdek chaqqon bo‘lishi kerak demoqchisan, shundaymi?» deb so‘radi. Usmon, ha, deb tasdiqlagach, unga besh yozib qo‘y deb tayinladi Hamroqulga.
– Endi, bolalar, yangi dars boshlaymiz, – sekin o‘rnidan turayotib dedi muallim. Ammo bolalar yana chuvillab qolishdi, afandi aytib berasiz, afandining urushdagi sarguzashtlaridan so‘zlab berasiz deb, partalarni chalib to‘polon ko‘tarishdi, Ishonsangiz, o‘zim ham shuni talab qila boshladim, chunki Roziq tog‘am qishlog‘imizning eng usta latifachisi, kattalar bilan o‘tirganda hammani sharaqlatib kuldirgani-kuldirgan. Hozir foydalanib qolmasak, keyin bizga hecham aytib bermaydilar.
– To‘g‘ri! Afandi bo‘lsin!
– Afandi aytib bermaguningizcha tinchimaymiz! – deb qichqira boshladik.
– Ha, mayli… – nihoyat rozi bo‘ldi muallim. U afandi boshlashdan oldin odatda bir kulib olardi, hozir ham shunaqa bo‘ldi, kulib, obbo senlar-ey, deb qo‘ydi. – Mulla Nasriddin armiyaga chaqirilgan ekan, komandir granata otish, nayza sanchish, o‘z-o‘zini himoya qilish mashqini o‘ta boshlabdi. Bir mahal komandir bunday qarasa, Nasriddin okopga tushib cho‘zilib yotgan emish, ha afandi nega yotibsiz, desa:
– Men o‘lishni mashq qilyapman! – dermish afandi.
Bir oz kulishib olganimizdan so‘ng yangi dars boshlandi. Bugun biz, ya’ni pishirilgan kartoshka qachon ulashilar ekan deb so‘lagini yutib, ko‘zini lo‘q qilib o‘tirgan shu qirq ikki nafar askar dushmanning mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib, noma’lum bir tepalikni egallashimiz kerak ekan. Muallim qanday qilib mudofaa qilish, nayzabozlik jangini qanday o‘tkazish, qanday qilib granata irg‘itish yo‘llarini o‘rgata boshladi, u shunday berilib, shunaqangi bir shavq-zavq bilan gapirar ediki, nazarimizda biz o‘zimizni chinakam askarlardek his qilib o‘tirardik.
– Oyoqqa! – baqirib yubordi bir mahal, hammamiz sapchib o‘rnimizdan turib, to‘polon, ur-yiqit bilan hovliga chiqib, ko‘z yumib-ochguncha, safga ham tizilib bo‘ldik. Maktabimizda qirqta yog‘och miltiq, o‘nta yog‘och granata, ikkita yog‘och pulemyot bor edi. Bu qurollar chinakam qurollardan hech qolishmasdi, faqat otayotganda og‘zing bilan «paq-paq», «gumbir», «tirrtaqa-taqa-taqa» deb turishing kerak ana shunda har qanday yovni ko‘z yumib ochguncha qirib tashlasa bo‘ladi.
– Muxtorali akaning devoriga qarang! – buyruq berdi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni. Askarlar Muxtorali akaning devori tomonga, ya’ni o‘ngga burilishdi. O‘ng qatordagilar mudofaada turadigan, chap qatordagilar hujum qiladigan bo‘ldi, mudofaada turganlarga Hayitkalla, hujum qiluvchilarga, tasodifni qarangki, meni komandir qilib tayinlashdi. Qurollar teppa-teng taqsimlandi.
– Maktabning orqasiga qarab yuring! – buyruq berdi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni.
Chinakam askarlarga o‘xshab tap-tup qadam tashlab yurib ketdik.
– Bir-ikki-uch! – deb qo‘yadi bosh qo‘mondon oyoq tashlashimizga moslab.
– Birlikdadir kuch! – deydi askarlardan biri.
– Qanot boylab uch! – deydi ikkinchisi.
– Xayollaring puch! – masxara qiladi uchinchisi.
Yog‘och oyoqlarini g‘ichirlatib xuddi oyog‘i bog‘langan qushdek hakkalab-hakkalab kelayotgan bosh qo‘mondon:
– Kim u gapirgan? – deydi-achchig‘i chiqib.
– O‘zingiz gapirdingiz! – deydi Mahmudxon.
– Mahmudxon ham gapirganday bo‘ldi! – gapga qo‘shiladi Akrom.
Maktabimizdan uch yuz metr narida uncha baland bo‘lmagan bir tepalik bor. Avvalgi darslarda uning atrofiga o‘zimiz okop qaziganmiz, pulemyot o‘rnatiladigan tokchalar ham qilganmiz. Safimiz ana shu okoplar yaqiniga kelgach, maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni to‘xtashga buyruq berdi, burchimiz nimadan iborat ekanligini yana bir bor tushuntirib:
– Himoyada turganlar ham, hujum qilayotganlar ham shu tepalik ona Vatanimizning bir parchasi, uni dushmanga bermayman deb jang qilishi kerak! Tushunarlimi? – deb so‘radi oxirida.
– Tushunarli, – javob qaytardi askarlar.
– Menda savol bor? – qo‘l ko‘tardi Akrom, – Ayt-chi.
– Kim yaxshi jang qilsa o‘shanga ikki norma kartoshka beriladimi?
– Xuddi shunday.
– Oramizdan qo‘rqoq yoki xoinlar chiqib qolsa-chi?
– Bir xafta davomida kartoshka berilmaydi, tushuntirdi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni.
O‘z o‘rnimizni egalladik. Dushman qo‘shinlari tepalik atrofidagi okoplarga joylashib olishdi, granatalar shay, pulemyotlar o‘rnatilgan… Men ham o‘z askarlarim bilan hujum chizig‘iga saf tortdim.
Raketa – tosh tugilgan oq latta osmonga otildi, xuddi shu paytda qoidaga ko‘ra biz pulemyotlardan o‘t ochishimiz kerak ammo mening yonginamda yotgan Usmon o‘rnidan turib, «Ur-re» deb qichqirganicha dushman pozitsiyasiga qarab yugurib ketdi, o‘sha tomondan «paq-puq» degan miltiq ovozlari eshitildi. Tepalikda jang maydonini kuzatib turgan maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni:
– Usmon, sen o‘lding! – deb qichqirdi.
– O‘lganim yo‘q! – javob qaytardi Usmon.
– O‘q tegdi senga, yot!
– O‘q tekkani yo‘q, xudo ursin agar!
– Yot deyapman!
– Yotsam kartoshka bermaysiz-da?
– Yot, axmoq!
Bechora ukaginamga juda achinib ketdim, yo‘q o‘q tekkani uchun emas, yo‘q-yo‘q, u och edi, ertalab nonushta qilgani yo‘q, yaxshiroq urushsam ko‘proq kartoshka olarmikanman deb, hammadan oldin yugurgan edi u, mana kartoshkaga yetay-etay deganda bevaqt nobud bo‘lib ketdi u…
Yuz metr chamasi emaklab borgach, o‘rnimdan turib:
– Vatan uchun jangga!! – deb o‘z askarlarimga komanda berdim «Ur-ra!» deya qichqirishib, nayzabozlik jangiga tashlandik. Tepalik uchun chinakam jang boshlanib ketdi: avvaliga yog‘och miltiqlarning uchini urishtirib nayzabozlik qildik keyin o‘zimiz ham bilmagan holda miltiqlarni uloqtirib, qulochkashlab mushtlashishga tushib ketibmiz. Bunday qarasam, askarlar dushman tomon bilan aralashquralash bo‘lib ketibdi. Bir-birini bosib olgan kim, birbirini yoqasidan bo‘g‘ib olgan kim, qo‘ltig‘ining tagidan qo‘l o‘tka-zib pahlavonlardek kurash tushayotgan kim, bilib bo‘lmaydi.
– Endi chekininglar axir! – deb qichqiramiz.
– Ha, biz chekinsak kartoshka o‘zlaringga qoladi-daa! – deydi dushman tomondagilar.
– Hoy, sekinroq bo‘g‘, qusib yuboraman!
– Bo‘lmasa, siyohni to‘la, kecha siyohdonimni sindirib qo‘yuvding.
– Og‘zingga latta tiqmasammi, sen shaytonni!
– Mana senga shayton, mana! – degan gaplar ham eshitilib, turibdi. Bir mahal ukam Sulton (u dushman tomonda turib tepalikni himoya qilayotgan edi) yelkamga tarmashib yerga bosib olsa bo‘ladimi! Bilasiz-ku, u xirsdan ham kuchli! Shu harakat qilaman, qani endi tagidan chiqib keta olsam.
– Ahmoq, tur endi! – dedim siltanib.
– Omborxonaning kalitini ber, keyin turaman!
– Tur deyapman!
– Kalitni ber!!
Xayriyat xuddi shu payt maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni teshik tog‘orani «dang-dung» qilib chalib, bizga chekinish uchun buyruq berib qoldi, bo‘lmasa kim biladi deysiz, aka-uka chinakam mushtlashib qolarmidik. Sapchib o‘rnimdan turib askarlarimga chekinish haqida qo‘shimcha buyruq berdim, yarador bo‘lganlarini yelkamizga opichlab, jang maydonini sharmandalarcha tashlab chiqib ketdik. Maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni oldimizga kelib, «Rahmat, chakana jang qilmadilaring, lekin taktika ishlatish kerak edi, bo‘lmasa dushmanni tepalikning naryogiga uloqtirib bo‘lmaydi» dedi.
Biz boshimizni qotira-qotira nihoyat bir hiyla o‘ylab topdik. Ya’ni yolg‘iz turgan dushmanga bir yo‘la uchtamiz hujum qilib qurshovga olamiz-da, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, navbatdagisiga tashlanamiz…
Yana osmonda raketa porladi, o‘rnimdan turib:
– Vatan uchun, xalq uchun! – deya ovozimning boricha qichqirdim.
Ishonsangiz, o‘ylab topgan hiylamiz juda qo‘l keldi, yarim soat o‘tar-o‘tmas battol dushmanning yigirma bir jangchisini asir oldik. Qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, og‘zini yerga qilib yotqizib qo‘ydiq. Oxiri Sulton qo‘lga olindi, beliga minib olib:
– Xo‘sh, Sultonboy, omborxonaning kaliti kerak-mi? – deb so‘radim.
– Sen hali shoshmay turgin! – dedi Sulton pitillab.
Urush tugaganligi haqida yana tog‘ora chalindi. Hammamiz hozirgina og‘ir janglardan so‘ng qo‘lga kiritganimiz tepalikka to‘plandik yarador bo‘lganlar-u, o‘lganlarni ham o‘sha yerga sudrab olib chiqdik.
– Muallim, menda savol bor? – deb qoldi bir mahal dushman tomonning asir olingan komandiri Hayitkalla.
– Xo‘sh?
– Bular bizni aldadi.
– Aldab nima qildi?
– Urushdan oldin siz qo‘l-oyoqni bog‘lash haqida hech narsa demagan edingiz-ku?
– Bu – taktika, – dedim men.
– To‘g‘ri, – tasdiqladi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni, – ba’zan urushda mana shunaqangi kutilmagan usullarni ham qo‘llashga to‘g‘ri keladi. Ochig‘ini aytsam, men bularning topqirligidan xursand bo‘ldim… Hammalaring ham chinakam qahramonlik ko‘rsatdilaring! Hayitvoy, sening askarlaring ham bo‘sh kelishmadi, rahmat sizlarga, har bir jangchi ana shunday fidoyilik bilan jang qilsa biz dushmanni majaqlab tashlaymiz.. Xo‘sh, bugungi jangda eng ko‘p qahramonlik ko‘rsatgan kim bo‘ldi?
– Sulton.
– Sulton Mirzayev! – deb qichqirishdi askarlar.
Maktab qo‘shinlari qo‘mondonining buyrug‘i bilan noma’lum tepalik uchun bo‘lgan jangning qahramoni Sulton Mirzayevga eng oliy mukofot – ikki norma kartoshka beriladigan bo‘ldi.
– Endi, hurmatli askarlar, – murojaat qildi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni, – eng so‘nggi tepalik – kartoshka qaynab turgan dosh qozonni qurshab olish uchun olg‘a! Bir-ikki-uch…
– Birlikdadir kuch!
– Qozon tomon uch!
– Kartoshkalar puch!
– Kim u gapirayotgan? – tartibga chaqiradi maktab qo‘shinlarining qo‘mondoni.
– O‘zingiz gapirdingiz, – javob qaytaradi Mahmudxon.

OTAMIZDAN XAT KELDI
Rostini aytsam, otam ketgandan buyon xuddi yetim bolalardek mung‘ayib qolganmiz. Uyimizda tuzukroq bir xursandchilik ham yo‘q. Har kuni bir dilisiyohlik. Omon kech kirishi bilan ko‘cha eshik oldiga o‘tirib olib, «Ota keling, non olib keling» deb yig‘lash-ga tushadi. Bir amallab qornini to‘yg‘azib qo‘ysam, «Ota keling, ertak aytib bering…» deb yig‘isining ikkinchi qismini boshlab yuboradi. Ba’zan qo‘ni-qo‘shnilar, Omonboy, nega hadeb yig‘layverasan deb so‘rashsa, nima qilay axir boshqa ishim bo‘lmasa, deb qo‘yadi. Goho yig‘lay-yig‘lay og‘zida noni bilan ostona tagida uxlab qoladi.
Opam bo‘lsa hamon daladan beri kelmaydi. Sulton aytganidek u traktorni o‘ziga o‘g‘il qilib olgan, o‘shani silab-siypaydi, onda-sonda kelsa ham, esnab-esnab o‘tirish yoki jindek mizg‘ib olish uchun keladi. O‘zim bo‘lsam goh dalaga, goh maktabga, goh uy ishlariga yuguraverib naq abjag‘im chiqib ketgan. Ko‘pincha o‘tirib olib yig‘lab-yig‘lab olaman yoki kuchim yetadigan ukalarimdan bitta-yarimtasini savalab, sal hovrimdan tushganday bo‘laman, urishga uraman-u, lekin ularga qo‘shilib o‘zim ham yig‘lashga tushaman…
Bir kuni kechqurun hovlida Zulayho bilan g‘ijillashib turgan edik eshikning ikkov tavaqasi sharaqlab ochilib ketdi-yu, hovliqqancha Sulton kirib keldi.
– Aka, akajon! – dedi entikib.
– Nima deysan?
– Suyunchi, suyunchi ber.
– Nima gap axir?
– Yo‘q, avval suyunchi cho‘zasan!
Suyunchi bersam bera qolay, xushxabarni tezroq eshita qolay deb ukamga omborxonaga kirib, bir hovuch o‘rik olib chiqib berdim.
– Otamdan xat keldi! – qichqirib yubordi Sulton.
– Xat?! – Zulayho ham qichqirib yuborgandek bo‘ldi.
Ichkari uyda o‘ti uchib qolgan tanchada oyoqlarini qo‘lga tiqib boshqa ukalarim ham o‘tirishgan edi. «Otam, otam kepti!» deya qiyqirishib yalang oyoq yugurib chiqishdi. Men ham xuddi otamning o‘zi kirib kelgandek o‘zimda yo‘q sevinib ketdim. Huvillab turgan hovlimiz bir nafasda quvonch-u shodliklarga to‘lib-toshgandek bo‘ldi. Ichkari kirib, qora chiroqni yoqdik-da, tancha atrofiga qaldirg‘och bolalaridek tizilishib xatni o‘qiy boshladik.
«Sog‘inchli salom!
Uzoq ellardan borib ma’lum bo‘lsinkim, men kim Mirzapolvon Ahmadpolvon o‘g‘li oqil-u dono komandirlarimizning tarbiyasida sog‘-salomatdurman.
Tun-u kun traktor haydab, yerlarning tanobini tortib yurgan jufti halolimiz Karomatbibiga, onasining ham o‘g‘il-u ham qizi, ukalariga ham aka-yu ham ota bo‘lib qolgan aqlli o‘g‘limiz Orifjonga, pahlavon Sultonboyga, kamtaru kamgap, jondan yaxshi ko‘rgan qizim Bibizulayhoga, rasmlar chizib, chopqillab o‘ynab yurgan Usmonjonga, shoir o‘g‘lim, ertakchi o‘g‘lim, suyukligim Omonjonga, kenjatoyim, ona qizim, tili chuchuk Robiyabibiga alangali salomlar bo‘lsin va yana otam o‘rniga otam, suyangan tog‘im, o‘g‘il-qizlarimning mehriboni Parpi amakimga, onam o‘rnida onam, ko‘zimning nuri To‘xta xolamga lak-lak duoi salomlar yo‘llab qolaman va ularga ma’lum bo‘lsinkim, haligacha na Anorvoyni, na Bo‘rivoyni, na Dehqonboyni ko‘ra oldim. Ular boshqa jang maydonida urushayotgan bo‘lsa kerak. Xolajonim berib yuborgan sovga-salomlarni qopga solib orqalab yuribman, ko‘rib qolsam albatta topshiraman.
Sizlarga xat yozmaganimning boisi shuki, Toshkentga kelgandayoq hamqishloklarimdan ajralib ketganman, xat yozib beradigan odam topolmay yurdim.
Bir oy kechasi-yu kunduzi yo‘l bosdik mana hozir kichkinagina bir shaharchamiz, Miltiq otishni, pulemyot o‘qlashni, «Ur-ra!» deb hujum qilishni o‘rganyapmiz. Komandirlar mendan xursand, zehningiz tuzuk ekan deyishyapti. Tunov kuni yolg‘ondakam hujumga o‘tganimizda og‘zidan o‘q yeydigan zambarak loyga tiqilib qoldi, yelkam bilan itarib quruqlikka olib chiqib bergan edim, katta komandir, sen yaxshi askarsan, deb orqamga urib qo‘ydi, shunisiga ham shukur.
Qimmatli o‘g‘lim Orifjon, bilaman, senga juda og‘ir, shunday bo‘lsa ham, baribir sendan yana iltimos qilaman, opangni ko‘p kuydirmanglar, o‘sha sho‘ring qurg‘urga ham oson emas, chigitni ekib bo‘lguncha yordam berib turinglar.
Sigirni sotdilaringmi? Uni yelinini to‘ldirib turib sotinglar, keyin, o‘g‘lim, tokning tagini choptirib qo‘ygin, bo‘lmasa novda surmaydi. Haligi katta uyda chuqur tokcha borku, o‘sha yerda mening Farg‘ona kanalida Oxunboboyev bilan tushgan rasmim bor, qog‘ozga o‘rab qo‘yibman, ushani olib, sandiqqa solib qo‘yinglar, tag‘in sichqon kemirib ketmasin.
Endi, esli o‘g‘lim, senga oxirgi iltimosim shuki, yaxshi o‘qigin, ukalaringning o‘qishidan ham boxabar bo‘lib tur, opang ikkovimizning savodsiz bo‘lganimiz ham yetar.
Ushbu duoi salomni Qo‘rg‘oncha qishloqlik Sa’dulla Burxonov degan yigitga aytib yozdirdim. Bu akang uch kun oldin bizga komandir bo‘lib keldi, to‘ppa-to‘g‘ri urushdan chiqib kelibdi, bizni urushga o‘zi olib borarkan, vaqt topib Qo‘rg‘onchaga borib, akangning onasiga ko‘pdan-ko‘p salom aytib qo‘ygin. Xudo xohlasa, tez kunda yuz ko‘rishib qolarmiz.
Qo‘l qo‘ydim Mirzapolvon Ahmadpolvon o‘g‘li».
Ishonsangiz, xatni bir emas, uch bora o‘qib beribman hamki, ukalarim:
– Yana!
– Tag‘in o‘qib bering! – deb chuvillashadi deng. Nihoyat suyunchi olish uchun To‘xta xolamnikiga qarab yugurdik. Bechora xolam negadir o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, pildirab goh eshikka chiqadi, goh uyga kiradi, nuqul «Voy xudoyim»laydi. Bizga suyunchi olib chiqaman deb bir mahal omborxonadan bir lagan tuz kutarib chiqibdi deng.
– Xola, buningizni yeb bo‘lmaydi-ku, – deb kulib yubordi Sulton.
– Voy, esim qursin! – deb xolamning o‘zi ham kulib qo‘ydi. Keyin bizga xatni tezda Karomatbibiga yetkazinglar, bechora xat so‘rayverib yurak-bag‘ri ezilib ketdi, deb tayinladi. Men shoshilib dalaga otlangan edim, Sulton ham indamasdan yirtiq etigini oyog‘iga torta boshladi. Sultonni ko‘rib, Usmon ham taraddudlanib qoldi, e boringki, yana galalashib hammamiz boradigan bo‘ldik-da.
Traktor tulkixonaning orqasiga o‘tib ketgan ekan. Izlab topgunimizcha naq yarim kechasi bo‘lib qolayozdi. Buning ustiga traktor ham yurmayotgan ekan, bo‘lmasaku, ovoz chiqqan tomonga qarab tusmollab boravergan bo‘lardig-a. Traktor buzilib qopti, Mukarram opa tarasha yoqib atrofni yoritib turibdi, opam traktorning ostida, paypaslanib allakimni «og‘zidan qoning kelgur» deb qarg‘ab yotibdi. Biz kelganimizni ko‘rib opam:
– Orifjon, tinchlikmi? – deb so‘radi.
– Otamdan xat keldi! – chuvillashdi ukalarim.
– Voy tillaringga shakar-ey – dedi opam entikib, lekin negadir xatni darrov o‘qimadi, Robiyabibini qo‘liga olib, xabarchi qizimdan o‘rgilay, deb yuz-ko‘zlaridan o‘pdi, Omonni tizzasiga o‘tqazib boshlaridan siladi, Zulayho, Usmon – hammamizni bir-bir erkalab chiqdi. Suvi qochib qolgan piyozli patiri bor ekan, o‘sha bilan bizni mehmon ham qildi.
– Qani, Orifjon, xatni o‘qichi, – dedi nihoyat. Mukarram opam tarasha yoqib atrofni yoritib turdi, men xatni deyarli yoddan o‘qib berdim.
– Xayriyat, eson-omon ekan, – dedi opam xo‘rsinib. Keyin negadir yig‘lab yubordi…
Traktorni yurgizishning iloji yo‘q ekan, hammamiz uyga qaytadigan bo‘ldik. Opam Robiyani, Mukarram opam qora po‘stinga o‘ralib uxlab yotgan qizchasini, shu holicha, po‘stinga o‘ralganicha ko‘tarib oldi. Yo‘lyo‘lakay qiziq-qiziq gaplardan gaplashib, qiqirlashib kulishib keldik. O‘ringa yotayotganimizda Omon:
– Opa, endi traktoringiz hecham yurmasin, xo‘p mi? – dedi esnab.
– Nega unday deysan, shirin o‘g‘lim?
– Endi har kuni men bilan yotasiz, traktor bilan yotmaysiz.
– Obbo shirinim-ey, beriroq yot, orqangni qashib qo‘yay, – kulib dedi opam.
Kechasi hammamizning tushimizga otam kiribdi. Omon otamni ot qilib minib yurgan emish, otam rasmana otga o‘xshab, kishnab to‘rt oyoqlab choparmish, Omon qiqirlab kularmish. Usmonni qovun sayliga olib borgan emish, otam, Usmonjon, qovunni ko‘p yemagin, kechasi ko‘rpangni ho‘l qilib qo‘yasan dermish. Zulayhoga otam chit ko‘ylak bilan popukli ro‘mol olib bergan emish-u, meni quvlab yetsang keyin beraman deb hadeb qochar emish. Sulton ko‘rgan tushini yaxshi eslay olmay:
– Men o‘ngimda ko‘rdim, o‘lay agar, kechasi hovliga chiqsam otam o‘tin yorayotgan ekan, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, xudo ursin agar! – deb qasam ichib turib oldi.
Men bo‘lsam, otam armiyaga ketayotganda eshagimiz qochib ketgan edi-ku, o‘shani ko‘rgan emishman. Eshak qocharmish ikkovimiz quvlar emishmiz… Ota, keta qolayliq axir siz kechga qolyapsiz, desam, «yo‘q, buni ushlab o‘qitish kerak eshak o‘qimasa odam bo‘lmaydi» deb yana quvlar emish. Bir mahal eshaklar juda ham ko‘payib ketdi, hammasi oldingi oyoqlarini ko‘tarib, og‘zini ochib men tomonga bostirib kela boshladi:
– Ota, otajon! – deb baqirib yubordim.
Ehtimol otam opamning ham tushiga kirgandir-u, lekin buni biz bilolmay qoldik. Nega desangiz biz o‘rnimizdan turganimizda opam allaqachon dalaga ketib bo‘lgan ekan.

OPAM BOZORGA OLIB BORDI…
Bugun yakshanba, maktabga bormaymiz, issiq o‘rnimizdan turgani erinib, bir-birimizga tush aytishib, tili burro Robiyani gapga solib kulishib yotgan edik to‘satdan eshik ochilib ostonada opam paydo bo‘lib qoldi:
– Voy sho‘rim, haliyam yotibsizlarmi? – ranjigandek bo‘lib so‘radi.
– Sigirga xashak solib qo‘yganman, – dedim nima qilishimni bilmay.
– Qani, tezroq turinglar, – ish kiyimlarini yecha boshladi opam, – bozorga boramiz.
– Hammamizni? – hovliqib so‘radi Sulton.
– Hammamiz!
Shu paytda yuz bergan to‘polonni ko‘rsangiz: biri ko‘ylagini axtargan, biri shimini kiyolmay tepingan, boshqasi yuzini yuvish uchun hovliga yugurgan, yana bittasi ishtonini teskari kiyib shunday ketaveraman deb irg‘ishlagan…
– Opa! – deb qoldi bir mahal Omon.
– Nima deysan, shirinim?
– Usmonni olib bormaysiz.
– Nega endi olib bormas ekanmiz?
– Har kuni tuya qilib beraman deb nonimning chekkasini yeb qo‘yadi u.
– Obbo mug‘ambir-ey!
– Undan keyin, opa mana shu Sultonniyam olib bormaymiz.
– Xo‘sh, nega olib bormas ekanmiz?
– Har kuni ko‘rpada yotganda ajina kelyapti deb meni qo‘rqitadi.
– Qulog‘ini kesib olaman uning! – dag‘dag‘a qildi opam.
– Opa, bozorda xo‘rozqand ham olib berasizmi? – maydalab so‘rashda davom etdi Omon.
– Olib beraman, toychog‘im. Bibi Robiyaga ham olib beramiz.
Opamning oyoqlari ostida pildirab yurgan Robiya qopqora ko‘zlarini chaqnatib:
– Qand? – deb so‘radi.
– Ha, ona qizim, qand olib beraman.
– Menga?
– Ha, senga dilbarim, do‘ppingni to‘ldirib olib beraman… – deb opam engashib Robiyaning lo‘ppi yuzidan cho‘lpillatib o‘pib oldi. Ana shundan keyin Bibirobiya deganlarining kerilganini ko‘rsangiz, ko‘zlarini suzib, lablarini cho‘chchaytirib, kallasini bir tomonga qiyshaytirgancha g‘alati-g‘alati qiliqlar qila boshladi. Opam kim yuz-qo‘lini sovunlab yuvsa, o‘shanga yangi kiyim-bosh olib beraman, degan edi, ukalarim oldin men yuvinaman deb obdasta talashib, naq bo‘lmasa mushtlashib ketishayozdi. Bir mahal bunday qarasam, bir oydan buyon betiga suv tegmagan Sultonboy mol paqirga suv to‘ldirib olib chapillatib bo‘ynini yuvib, atrofga suv purkab yotibdi.
Nonushtaga sut pishirib ichdikda, tezdan bozorga jo‘nab ketdik. Sulton Omon ukamni, men Robiyani ko‘tarib olganmiz, Zulayhoning qo‘lida yog‘cheva, Usmonda tugun, yugurishimizni ko‘rsangiz, tezroq bozorga yetsag-u, tezroq yangi-yangi kiyim-boshlarni oldirib bir birimizga ko‘z-ko‘z qilsak deymiz.
Bozor joyga odam sig‘maydi, nima balo, hammasi ham bugun ko‘ylak-ishton olgani kelganmi? Bir-biriga yo‘l bermaydi-ya! Bir tomonda bo‘z, qalami bozori, bir tomonda meva-cheva bozori, don bozori, un bozori… Mis choynag-u piyola sotgan kim, eski etik charm tasma sotgan kim, bir xillari uncha-muncha tutilgan kigiz-u u yoq-bu yog‘i yirtilgan gilamini yozib xaridor kutayapti, bir xillar chala qoplangan ko‘rpasini ko‘z-ko‘zlab xaridorning etagidan tortyapti.
– Kep qoling, qand-u novvot bu! – deydi nisholdafurush oppoq ko‘pikni shopirib.
– Yarmi asal, yarmi qand, – deydi pishirilgan qizilcha sotayotgan men tengi bir bola.
– Hoy, sizda insof bormi?
– Hozir odamlarda insof qoptimi?
– Voydod, cho‘ntagimni kesib ketishyapti!
– Qoch, yog‘ bo‘lasan!
– O‘g‘limga atab tikkandim, jon inim, shuni siz oling!
– Sizda oq rang bormi?
– Tovba, oq rang ham bo‘ladimi dunyoda?
– Qo‘shnim aytuvdi.
– Sizni laqillatibdi.
– Essizgina echkim-a, yuz so‘m arzon ketdi-ya!
– Olmacha anoringga balli!.. Kimga patefon kerak?
– Katta buvingga olib bor!
– Kalamush fol ochayotgan emish, qo‘shni.
– Voy yuring, Olimjonni ko‘rsataylik ovsin.
– Bir qop sabziga bir kilo guruch olsam-a.
– Guruch qayerda bor ekan?
– Paranjingni yig‘ishtirsang-chi!
– Tort eshagingni! – degan baland ovozlar ham hech to‘xtamaydi. Bozor guvillaydi, bamisoli uzumzorga yaloq qush qo‘ngandek hamma yoq chag‘-chug‘. Tiqilinchda yo‘qolishib qolmaylik deb xuddi «qoch bolam, soy keldi» o‘yinini o‘ynayotgandek bir-birimizning etagimizdan ushlashib olganmiz. Boshida opam, oxirida men, o‘rtada besh bola. Bir xillar:
– Hammasi o‘zingiznikimi? – deb so‘raydi.
– Xudoga shukur, o‘zimniki! – deb qo‘yadi opam. Yana bir xillari:
– Oxir zamonning bolalari, uyda o‘tirsanglar bo‘lmaydimi! – deb turtib o‘tib ketadi.
Opam MTSdan bir yo‘la uch oylik maoshini, uch oylik mukofotini ham qo‘shib, naq bir xurjun pul olgan ekan, hammamizga boshdan-oyoq sarpo olib berdi, kiyimboshining eng chiroylisi Sultonga tegdi: yurganda g‘archg‘urch ovoz chiqaradigan xirom etikcha, ko‘k trinkadan it yoqa qilib tikilgan ko‘ylak pochasi keng shim, chamanda gul do‘ppi… Xoh ko‘ring, xoh ko‘rmang xuddi go‘shangaga kirib ketayotgan kuyov bolaning o‘zginasi bo‘lib qoldi.
– Bo‘yginangdan o‘rgilay! – deb qo‘ydi opamning o‘zi ham suyunib.
Zulayho bo‘lsa… o‘zi qiz bolalarning hammasi ham shunaqa bo‘ladimi yoki bu sal boshqacharoq chiqdimi, tovba qildim-ey, opam ikkovimizni naq bir soat qiynasaya! Bo‘z ko‘ylak kiymas emishlar, yo gulli batis, yoki rohatibadan oldirarmishlar, obbo! Idish-tovoq yuvishni bilmay uzzukun yig‘lab o‘tiradi-yu, nozi firoqlarini qarang! Oxiri u ham aytganini oldirdi. Bodom gulli ko‘k farang ko‘ylak amirkon maxsi-kalish, zar do‘ppi…
– Mana endi Mahmudxon bilan qo‘l ushlashib xohladimga borsalaring ham bo‘laveradi! – deb jig‘iga tegdi Sulton. Ammo Zulayho ham bo‘sh kelmay: «O‘zingchi, o‘zing, o‘zing ham Saddiniso bilan xohladimga borarsan» dedi boshlarini g‘alati silkitib.
Bozordan chiqayotganimizda:
– Opa, o‘zingizga hech narsa olmadingiz-ku? – deb so‘radim.
– Sizlarning kiyganlaring meni kiyganim, – deb qo‘ydi opam. Darvoza oldida har xil pishirilgan taomlar qatori no‘xatsho‘rak ham sotishayotgan ekan, mana shu yerdan Omonni olib o‘tishning hech iloji bo‘lmadi. Bir tovoq nisholda olib choyxonada bug‘doy non bilan mazza qilib yeb, issiq-issiq choy ichib sal isinib ham olmoqchi edik. Omon nisholda yesam qornim og‘riydi deb yerga o‘tirib oldi, yesak yeya qolaylik deya no‘xatsho‘rak solingan tog‘ora atrofiga davra qurdik. O‘zi tortib yegan narsangga qorin to‘ymas ekan, sotuvchi ayol jag‘i-jag‘iga tegmay javrab, aylanay-aylanay deb tortib beryapti, biz tushirib turibmiz, tortib beryapti… bir mahal bunday qarasak bir tog‘ora no‘xatsho‘rakni pok-pokiza tushirib qo‘yibmiz.
– Puli qancha bo‘ladi? – o‘rnidan turib so‘radi opam.
– Ot bilan tuya bo‘larmidi, aylanay, – dedi sotuvchi xotin sal mujmalroq qilib.
– Qancha deyapman? – negadir jerkib so‘radi opam.
– Uch yuz so‘m bera qoling, aylanay.
Opam gilam xurjunning ko‘zidan uchta yuz so‘mlik chiqarib berdi. Endi bitmagan yana bitta ishimiz qoldi! – otamga jo‘natish uchun hammamiz rasmga tushmoqchimiz.
Rasmxona yog‘och bozorining orqasida ekan, so‘roqlay-so‘roqlay arang topdik borsak bizga o‘xshab rasmini otasiga jo‘natish uchun kelganlar navbat kutayotgan ekan. Navbatimiz yetgach, bir ko‘ziga qora lenta taqib olgan sochi jingalak odam bizni ichkariga, g‘alati narsalarning hidi kelib turgan pastakkina uyga taklif qildi. O‘rtaga opam, ikki yoniga Sulton ikkovimiz turdik ukalarim yerga o‘tirishdi, rasm oladigan apparati juda qo‘rqinchli ekan: yerga tiralgan uchta yog‘och oyog‘i teppasiga patefonning qutisiga o‘xshash yashikcha o‘rnatilgan, qutichaning yonboshida non yopadigan yengchaga o‘xshash bir narsa xunuk osilib turibdi. Qutichaning old tomonida kattaligi piyolacha keladigan ko‘zi ham bor ekan. Bir ko‘zli suratchi boshiga qora choyshab yopib apparatning vahimali ko‘zini bizga to‘g‘rilayotgan edi, halidan buyon dag‘-dag‘ qaltirab o‘tirgan Omon:
– Otajon, – deb sakrab o‘rnidan turdi-da, o‘zini ko‘chaga urdi. Ketidan miltiqning o‘qidek otilib Usmon ham chiqib ketdi… ana xolos, bu yog‘i endi necha puldan tushdi! Koshki bu Omon deganlarga yetib bo‘lsa, bir qochishga tushsa bormi, hurkak kiyikning o‘zginasi deysiz – tog‘dan-toqqa sakraydi u. Ikkovlarini ushlab kelguncha Sulton bilan men qora terga botib ketdik lekin, bari bir suratga tushirib bo‘lmadi, ularni, ikkovi ham dodlab, tepinib, hamma yog‘imizni tishlab uzib olishdi…
Suratga o‘zimiz tushib, MTSga jo‘nadik. Direktor opam tengi bir ayol ekan, Usmon bilan Omonning hiqqilab turganini ko‘rib:
– Karomatxon, nega bularni xafa qilib qo‘ydingiz? – deb so‘radi. Opam bo‘lgan voqeani aytib bergan edi, direktor opa xandon otib kuldi, yoshligimda men bir shunaqa bo‘luvdim, tog‘dan-toqqa qochuvdim deb ichkaridan bir hovuch dandon qand olib chiqdi-da, hammamizga ulashib berdi.
Opam minayotgan traktorning allaqaysi joyi buzilib qolgan ekan, ertaga, uzog‘i bilan indinga ertalab o‘zgartirib jo‘nataman, dedi direktor opa.
Shu gapdan keyin dala yo‘li bilan uyga jo‘nab ketdik. Xiyol o‘tmay, haligi suratxona oldidagi dilsiyohlikni unutib, tezroq qishloqqa yetib borib, o‘rtoqlarmizga yangi kiyim-boshlarimizni ko‘z-ko‘zlash ishtiyoqida yonib bir-birimizni ortda qoldirib keta boshladik ayniqsa, Sulton o‘zida yo‘q shod edi, o‘zicha Bog‘ aro qo‘ysam qadam, gulg‘uncha qolmay xandadir» deb ashula aytib boryapti, sog‘iga piston qadalgan etikchasini ko‘z-ko‘zlab chopqillab oldinga o‘tib ketgan Omon:
– Opa, bitta she’r o‘qib beraymi? – deb so‘radi.
– O‘zing to‘qiganmisan?
– O‘zim to‘qiganman.
– Qani, qani eshitaylik-chi.
Omon ikki qo‘lini biqiniga tirab, boshini bir tomonga xiyol qiyshaytirgancha ko‘zlarini chaqnatib:
Pista sotar baqqolman,
O‘zim echki soqolman,
Nasiyaga mol bersam,
Tong otguncha o‘larman.
– deya she’r o‘qiy boshladi. Opam yurishdan to‘xtab, xuddi qo‘rqib ketgandek ko‘zlarini katta-katta ochib:
– Voy o‘g‘lim, boqqol buvang eshitib qolsa nima qilamiz? – deb so‘radi.
– Nega bo‘lmasa qurutidan bermaydi?
– Qurutidan bermagani uchun masxaralab she’r o‘qidingmi?
– Qurutiga qurt tushsin,
Soqoliga bit tushsin,
Holsidan bermasa,
Omboriga o‘t tushsin
– deb Omon yana irg‘ishlay boshladi. Opam Omonni ushlab bag‘riga bosmoqchi bo‘luvdi, ukam qiyqirib qochishga tushdi.
Boshqa ukalarim uni quvlab ketishdi.

SUMALAK, SUMALAK, JON SUMALAK!
Kechqurun To‘xta xolamning hovlisi xoh ko‘ring, xoh ko‘rmang, xuddi sayilgohga aylanib ketdi. Hovlining qoq o‘rtasiga katta o‘choq kovlab, qirq quloqlik dosh qozonga sumalak solishgan, sumalak biqirlab qaynab turibdi. Biz mahallaning jamiki bolalari bo‘lsak hovlida goh u yoqqa, goh bu yoqqa yugurishib kun bo‘yi ovora bo‘lib tayyorlagan kurakchalarimizni bir-birimizga ko‘z-ko‘z qilishib, ur-to‘polon qilib yuribmiz.
– Hoy, qoqvoshlar, birpas ko‘chaga chiqsanglar-chi! – deb katta kaltakni olib quvlab qoladi To‘xta xolam.
– Sumalak, sumalak, jon sumalak! – deb sakray boshlaydi Akrom bilag‘on.
– Qorni ochga non sumalak – jo‘r bo‘ladi Mahmudxon.
– Joni yo‘qqa jon sumalak! – deydi yana bittasi irg‘ishlab.
Shundan keyin To‘xta xolam butunlay tutoqib ketgandek bo‘ladi. «Senlarni ushlab, terilaringga somon tiqmasammi» deb uzun yenglarini shimarib, ko‘ylagining etagini sal yuqori ko‘tarib quvlashga tushadi. Bilasizku, bunaqangi paytda biz echkidan ham shaytonroq bo‘lib ketamiz: birimiz devordan, birimiz quradan, yana bittamiz eshikning boshidan oshib ko‘chaga chiqib ketamiz…
Ko‘chaga chiqsak qizlar guruh-guruhlarga bo‘linib «Lapta», «To‘p urar», «Qoch bolam, soy keldi» singari o‘yinlarni o‘ynashayotgan ekan. Guruhlarga o‘zimizni urib, qizlarni bir qiyqiratib oldik-da, o‘zimiz ham biron o‘yin boshlash payiga tushib qoldik:
– Besh bolali, ke, bov ustiga bov o‘ynaymiz! – taklif qilib qoldi Hayitkalla.
– Boshladik! – dedim ko‘chaning sertuproq joyiga yugurib. Bunaqangi o‘yinni hech o‘ynaganmisiz! Oh-oh, juda gashtli bo‘ladi-da, uch-to‘rtta baquvvat-baquvvat bola o‘rtaga turib oladi, o‘nlab mayda-chuyda chuldirvoqilar ularga tashlanib yiqitmoqchi bo‘lishadi, goh chuldirvoqilar ularni yiqitgan bo‘ladi, goh haligi baquvvatlar chuldirvoqilarni bosib olgan bo‘ladi.
– Bos!
– Ustiga min!
– Oyog‘idan tort!
– Ur-re, biz yengdik! – degan qiyqiriqlar eshitilib turadi.
O‘ziyam o‘tgan yilgi sumalakdan buyon bunaqangi ko‘p bola to‘planmagan, o‘yin ham shu bugungidaqangi qizimagan edi. Bov ustiga bov o‘ynab charchagach, «Eshak mindi»ga o‘tdik ketidan «G‘itting-bitting» degan bir o‘yinni boshlab yubordik. Endi, nimasini aytsam ekan, qiziqdikda aslida bunga teng keladigan o‘yin yo‘q dunyoda. Bir bolaning yelkasiga minib, oyoqlaringni ko‘kragiga tashlab, qorning bilan chekkasiga suyanib olasan. O‘n metr narida ikkinchi bola ham shunday qilib turgan bo‘ladi, tepada turgan bola;
– G‘itting! – deya do‘ppisini narigi bolaga otadi, narigi bola ilib olsa:
– Bitting! – deya egasiga qaytaradi. Do‘ppining egasi ilolmasa yutqazgan bo‘ladi, sherigi bilan o‘rin almashtirib oladi.
Men Hayitkallaning yelkasiga bahuzur minib olib, endi mazza qilayotgan edim, ichkaridan hovliqqancha Usmon chiqib: «Tez yur, opam chaqiryapti» deb oyog‘imdan tortqilay boshladi.
– Nima ishi bor ekan? – dedim jerkib.
– Robinisani uxlatolmayapti, – tushuntirdi ukam. Shu Robinisa juda qiziq bola bo‘ldi-da, uyqusi kelib qolsa tuqqan opasi u yoqda qolib, mening tizzamga bosh qo‘ymaguncha uxlay olmaydi deng.
– Ha, katta xola, bolang yig‘lab qoptimi? – deb mazax qildi Hayitkalla.
– Ha, ha, yig‘layverib kallasi pishib ketganga o‘xshaydi, – dedim men ham bo‘sh kelmay.
Ichkari kirsam chindan ham jajji singlim yig‘layverib ko‘karib ketibdi, opam bechora menga ko‘zi tushishi bilan:
– Orifjon, buningni o‘zing tinchit, jon bolam, – deb yolvordi.
Robinisani qo‘limga olib lu-lu-lu qilganimcha o‘choq boshiga bordim. To‘g‘ridagi uyda To‘xta xolamga o‘xshagan yigirma chog‘li kampir-u, amma-buvilar yig‘ilishib olib, savobi urushga ketgan o‘g‘illarimizga tegsin, eson-omon qaytib kelishsin, deb «Mushkulkushod» o‘qishyapti. Otinbibi xolam sal g‘amginroq, lekin shirali ovoz bilan xuddi allakimga yolvorgandek nola qilib:
Salli olo saodat,
Har kim aytsa bir soat,
Duo bo‘lgay ijobat,
Lo iloho illo anta…
deb men tushunmaydigan g‘alati-g‘alati she’rlar o‘qiyapti. Amma-buvilar uning g‘amgin, qaltiroq ovoziga hamohang chayqalishib, har zamonda:
– Huvvv! – deb yig‘lab qo‘yishadi.
Otinbibi xolam sumalak qanday kelib chiqqanini ham gapira boshladi, ilgarigi zamonda Bibifotima degan bitta ayol, o‘zi juda obro‘li odamning xotini bo‘lishiga qaramay, bexad kambag‘al bo‘lganidan bolalariga ovqat topib berolmay qozonga tosh bilan ko‘k o‘t solib qaynata boshlabdi. Bir mahal bunday qarasa, shu sumalak pishib qolgan emish, ko‘zini kattaroq ochib qarasa, o‘choq boshida seyimalak ya’ni o‘ttizta farishta o‘tirgan emish.
– Huvvv! – yig‘lab yuborishdi yana amma-buvilar.
Xullas, bu sumalak deganlari xudoyi taoloning taomi emish, kimda-kim pishirib, yaxshi niyat bilan yalasa niyatiga yetarmish, bitta yetim qiz shu sumalak tufayli naq podshoning o‘g‘liga erga tegib olgan emish.
– Huvvv! – degan ovoz eshitildi yana ichkaridan. Mana shunaqangi gaplardan eshitib, mazza qilib o‘tiraverar edim-u, ammo Robinisa tizzamda uxlab, yuk bosib oyoqlarim uvishib qoldi.
Jajji singlimni uyimizga yotqizib chiqdim. Yotqizib chiqqanimni opamga aytib qo‘yishim kerak edi. Opam bo‘lsa, kampirlarning orasida ko‘rinmayapti. To‘xta xolamlarning hovlisi, sizga aytuvdim shekilli, ichkaritashqarili, sumalak tashqarida pishyapti, «diydiyo»ni ham shu yerda o‘qishyapti, ichkari hovliga o‘tdim… O‘hho‘, ishning kattasi bu yoqda ekan-ku!
Parpi buvam chekkaroqdagi pastakkina uychada butun dunyoni unutib shaq-shuq moki otib, bo‘z to‘qiyapti, uning sumalak bilan ham, podshoning o‘g‘liga tegib olgan yetimcha qiz bilan ham ishi yo‘q, faqat bo‘zini tezroq to‘qib, pulini ko‘paytirib, Meli boqqoldan olgan qarzini tezroq to‘lasa bo‘lgani! Beriroqda bo‘l-sa… hali aytganimdek ishlar gumbir! O‘ttiz chog‘li qiz-u juvonlar to‘planishib, yaxshi qizdirilmagan childirmani dapir-dupur urishib o‘yin qilishyapti. Opam davraning o‘rtasida, galma-galdan qizlarni o‘yinga tortib:
– Hoy, yosh narsa kimdan uyalasan, – deb tanbeh ham beryapti.
– Karomatxon, o‘zingiz ham bir o‘ynab bering, – taklif qilib qoldi ayollardan biri.
– Ha-ha, o‘zlariyam o‘ynasin.
– O‘rtadan chiqarmanglar, – deya qiz-u juvonlar opamni davradan chiqarishmay, o‘ynab bermaguningizcha javob bermaymiz, deb turib olishdi. Opam qo‘llarini o‘yinga moslab bir ko‘tardi-yu, bir oz o‘ylanib turgach, «Yo‘q, bo‘lmaydi» deya kulib yubordi. Qiz-juvonlar qiyqirishib talab qila boshlashdi.

Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/book/hudoyberdi-tuhtaboev/besh-bolali-yigitcha-69918088/chitat-onlayn/?lfrom=390579938) на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.
Беш болали йигитча Худойберди Тухтабоев
Беш болали йигитча

Худойберди Тухтабоев

Тип: электронная книга

Жанр: Книги о приключениях

Язык: на узбекском языке

Издательство: Kitobxon

Дата публикации: 30.04.2024

Отзывы: Пока нет Добавить отзыв

О книге: Беш болали йигитча, электронная книга автора Худойберди Тухтабоев на узбекском языке, в жанре книги о приключениях

  • Добавить отзыв