Капитан Грант болалари
Jyul Vern
Буюк француз ёзувчиси, замонавий фантастика отаси ҳали ҳаётлигидаёқ «афсона»га айланиб кетган инсонлардан бири эди. Замондошлари уни «тиним билмас саёҳатчи» деб ҳисобласалар, кимлардир уни «денгизчи, кема капитани» деб ўйлашар, яна кимлардир «кўчирмакаш ёзувчи» деб ғийбат қилар, бошқалар эса, «бунақа ёзувчи йўқ. Жюль Верн – бу географик жамиятнинг номи. Ана шу ташкилотнинг аъзолари шу ном остида китоблар ёзадилар», деб исботлашга уринадилар. Аслида эса, Жюль Верн ёзиб чарчамайдиган ёзувчи эди. У фақат ижод оғушидагина хордиқ чиқарарди. 60 йилдан ортиқ давом этган ижодий фаолияти мобайнида тинимсиз ёзди ва адабиёт ихлосмандларига, авлодларга 97 китобни мерос қилиб қолдирди.
Jyul Vern
Kapitan Grant bolalari
BIRINCHI QISM
Birinchi bob
BOLG‘A BALIQ
1864-yil 26-iyulda Shimoliy kanalning to‘lqinlarida shimoli-sharqdan kuchli shamol urib turganda ajoyib bir yaxta yeldek uchib kelmoqda edi. Uning bizan-machtasida[1 - Bizan-machta – kemaning quyruq tomonidagi machta.] ingliz bayrog‘i hilpirar, grot-machtadagi havorang vimpelda[2 - Grot-machta – yelkanli kemada: o‘rtadagi eng baland machta. Vimpel – harbiy kemalarda: uzun, kambar bayroqcha, taniqlik belgisi.] esa zar bilan tikilgan «E» va «G» harflari ko‘rinib turardi. Bu yaxtaning nomi «Dunkan» bo‘lib, u Temzadagi butun Angliyaga mashhur bo‘lgan qirol yaxt-klubining eng ko‘zga ko‘ringan a’zosi Eduard Glenarvanga qarashli edi.
«Dunkan»da kema xo‘jayini Glenarvan, uning yoshgina xotini Elen va Eduardning amakivachchalaridan biri, mayor Mak-Nabbs bor edilar.
Bu yaxta Klayd qo‘ltig‘idan bir necha mil narida, ochiq dengizda sinovdan o‘tkazilib, endi yana Glazgoga qaytib kelmoqda edi.
Vaxtada turgan matros «Dunkan»ning orqasidan katta bir baliq suzib kelayotganini xabar qilganida ufqda Arran oroli ko‘rinib qolgan edi. Kapitan Jon Mangls darhol bu to‘g‘rida Glenarvanga xabar berishni buyurdi, Glenarvan esa Mak-Nabbs bilan birga darrov yutga[3 - Yut – kemaning old tomoni.] ko‘tarildi.
‒ Menga qarang, bu qanday baliq deb o‘ylaysiz? – deb so‘radi u kapitandan.
‒ Menimcha, bu katta akula, ser, – deb javob berdi Jon Mangls.
‒ Bu atrofdagi suvlarda akula nima qilsin! – deb yubordi Glenarvan.
‒ Bunga hech qanday shubha yo‘q, – deb davom etdi kapitan, – bunday akulalar barcha dengizlarda va barcha kengliklarda uchraydi. Bu bolg‘a baliq. Yo men qattiq yanglishyapman, yo biz o‘shanday yirtqichlardan biriga duch keldik. Agar ijozat etsangiz, ser va missis Glenarvan bu g‘alati ovni tomosha qilishga rozi bo‘lsalar, uning qanday baliq ekanini aniq bilish uchun biz darhol ov qilishga boshlaymiz.
‒ Siz nima deysiz, Mak-Nabbs? – deb so‘radi Glenarvan mayordan. – Ov qilib o‘tirishga arzirmikin?
‒ Oldinoq aytib qo‘ya qolay, siz nima desangiz men ham fikringizga sherikman, – dedi mayor bamaylixotir.
‒ Umuman-ku, yirtqich maxluqlarni iloji boricha ko‘proq qirish kerak-a, – deb qo‘ydi Jon Mangls. – Duch kelgan fursatdan foydalanaylik, juda g‘alati tomosha ko‘ramiz, ayni vaqtda foydali ish ham qilamiz.
‒ Bo‘lmasa boshlang, Jon, – dedi Glenarvan.
Keyin u xotiniga aytib qo‘yishni buyurdi, bu ajoyib baliq ovini tomosha qilishga juda qiziqqan Elen eri oldiga chiqishga shoshildi.
Kapitan ko‘prikchasida turib, akulaning barcha harakatlarini kuzatib turish qiyin emas edi: akula goh sho‘ng‘ib ketar, goh hayron qolarlik darajadagi zo‘r kuch bilan suv yuziga otilib chiqardi.
Jon Mangls zarur buyruqlarni berdi. Matroslar yaxtaning o‘ng bortidan uchiga changak bog‘langan pishiq arqon tashladilar, changakka kattagina bo‘lak cho‘chqa yog‘i ilib qo‘yildi. Ochko‘z akula «Dunkan»dan ellik yardlar[4 - Yard – 0,91 metr.] chamasi narida bo‘lsa ham changakdagi yog‘ni sezdi va yaxtani tez quvib kela boshladi. Endi uning uchi kulrang va past tomoni qora qanotlari suv to‘lqinlarini kuch bilan yorib kelayotgani, dumi esa to‘ppa-to‘g‘ri suzishga yordam berayotgani ko‘rinib turardi. Kemaga yaqinlashib kelgan sari uning ochko‘zlik bilan yongan ola ko‘zlari tobora aniq ko‘rina bordi; baliq ag‘darilgan paytlarida uning katta ochilgan og‘zidagi to‘rt qator tishlari ko‘rinib qolardi. Akulaning boshi yapaloq bo‘lib, bitta dastaga o‘rnatilgan ikkita to‘qmoqni eslatar edi. Jon Mangls yanglishmagandi – bu haqiqatan ham akulalar oilasiga kiradigan baliqlarning eng ochko‘zi – bolg‘a baliq edi.
«Dunkan»ning yo‘lovchilari ham, komandasi ham akulaning harakatlarini diqqat bilan kuzatib turar edilar. Mana, u changakka juda yaqinlashib keldi, mana, yog‘ni osonroq yutish uchun qornini osmonga qilib to‘ntarildi. Bir lahzadan keyin katta bo‘lak cho‘chqa yog‘i uning og‘ziga kirib yo‘q bo‘ldi. Yana bir lahzadan keyin baliq arqonni qattiq siltab tortdi va changakni o‘z etiga o‘zi sanchdi. Shundan so‘ng matroslar, vaqtni qo‘ldan bermay, grot-reyaga o‘rnatilgan chig‘irlar yordami bilan o‘ljani torta boshladilar.
Akula o‘zini qadrdon suvdan ajratib olishayotganini sezib, qattiq tipirchilay boshladi, lekin uning dumiga sirtmoq tashlab, qimir ettirmay qo‘ydilar. Yana bir necha sekunddan so‘ng akulani tortib oldilar va bortdan oshirib, palubaga tashladilar. Shu zahotiyoq matroslardan biri ehtiyotlik bilan unga yaqinlashdi va baliqning dahshatli dumini bolta bilan shart uzib tashladi.
Baliq ovi tugadi. Endi bu yirtqichdan qo‘rqmasa ham bo‘lardi. Matroslarning akuladan o‘ch olish hissi qondirildi, lekin hali unga qiziqib qarar edilar. Shuni aytish kerakki, barcha kemalarda ushlangan akulalarning qornini sinchiklab ko‘zdan kechirish odat bo‘lib qolgan. Bu nihoyatda ochko‘z baliqning to‘g‘ri kelgan narsani yutib yuboraverishini bilgan matroslar, odatda, baliqning qornidan hech kutilmagan narsalar chiqib qolishiga qiziqishar, ularning kutgani ham ko‘pincha to‘g‘ri chiqardi.
Elen Glenarvan bu jirkanch «ko‘rikni» tomosha qilishni istamay, rubkaga[5 - Rubka – kema palubasi ustiga qurilgan va kemani boshqarish postlari turadigan joy.] o‘tib ketdi. Akula hali nafas olar, uning uzunligi o‘n fut[6 - Fut – 30 santimetrdan sal ortiq.] va og‘irligi olti yuz qadoqdan ortiq kelardi. Odatda bolg‘a baliqlarning uzunligi va og‘irligi shuncha bo‘ladi. Lekin bolg‘a baliq akulalarning eng yirigi bo‘lmasa ham, ularning eng xavflilaridan hisoblanadi.
Ortiq cho‘zib o‘tirmay, tezda bu kattakon baliqning qornini bolta bilan yordilar. Changak baliqning bo‘m-bo‘sh oshqozoniga borib qadalgan ekan. Aftidan, baliq ancha vaqtdan beri och edi. Hafsalasi pir bo‘lgan matroslar akulani endi dengizga tashlab yubormoqchi bo‘lib turgan edilarki, birdan baliqning ichiga juda mahkam o‘rnashib qolgan qattiq bir narsa kapitan yordamchisining diqqatini jalb qilib qoldi.
‒ Iye! Bu nima? – deb qichqirib yubordi u.
‒ Hoynahoy, bu baliq o‘z og‘irligini oshirish uchun yutib olgan qoya parchasi bo‘lsa kerak, – deb javob berdi matroslardan biri.
‒ Ol-a, – dedi boshqa bir matros. – Bu oddiy zambarak yadrosi: bu maxluqning qorniga tushgan-u, lekin hali hazm bo‘lib ulgurmagan.
‒ Jim bo‘linglar, hay! – deb gapga aralashdi kapitan yordamchisi Tom Ostin. – Bu maxluqning nihoyatda piyonista bo‘lganni ko‘rmayapsizlarmi? Ichkilikning bir tomchisini ham qoldirmay qorniga joylab, shishasini ham yutib yuboribdi!
‒ A! – deb yubordi hayron bo‘lib Glenarvan. – Akulaning qornidan shisha chiqdimi?
‒ Rostakam shisha, – deb javob berdi kapitan yordamchisi, – lekin, ko‘rinishidan, ombordan chiqqaniga ancha vaqt bo‘lgan.
‒ Tom, bo‘lmasa shishani oling, lekin ehtiyot bo‘ling, – dedi Glenarvan, – ko‘pincha dengizdan topilgan shishalar ichida muhim hujjatlar bo‘ladi.
‒ Siz shunday deb o‘ylaysizmi? – deb so‘radi mayor Mak-Nabbs.
‒ Har holda, shunday bo‘lishi mumkin.
‒ Mutlaqo qo‘shilaman. Shishaning ichida biror sir bo‘lsa ham ajab emas.
‒ Buni hozir bilamiz, – dedi Glenarvan, – Xo‘sh, Tom nima gap?
Kapitan yordamchisi akulaning qornidan o‘zi zo‘rg‘a ajratib olgan bir narsani ko‘rsatdi:
‒ Mana, – dedi u.
‒ Juda soz! – dedi Glenarvan. – Bu badhazm narsani tozalab yuvdirib, rubkaga olib kiring.
Tom buyruqni bajardi, ko‘p o‘tmay bunday g‘alati vaziyatda topilgan shisha kayut-kompaniyadagi stol ustiga keltirib qo‘yildi. Glenarvan, mayor Mak-Nabbs, kapitan Jon Mangls va Elen (aytishadi-ku, xotinlar doim har narsaga qiziqadigan bo‘lishadi deb) stol atrofidan joy oldilar.
Dengizda har qanday hodisa ham kishini qiziqtiradi. Bir minutcha hammalari jim o‘tirishdi. Har kim bu mo‘rtgina idishga qiziqib qarardi: bu shisha ichida biror kema falokati to‘g‘risida xabar bormidi, yo biror bekorchi dengizchining zerikkanda yozib to‘lqinlar quchog‘iga otgan ahamiyatsiz biror qog‘ozimi?
Har holda, unda nima gap borligini bilish kerak edi, shu maqsadda Glenarvan, bunday paytlarda zarur bo‘lgan barcha ehtiyot choralarini ko‘rib, shishani ko‘zdan kechira boshladi. Bu paytda Glenarvan yuz bergan jinoyatning sirini topishga tirishayotgan koronerga[7 - Koroner – Angliyada biror kishi to‘satdan va shubhali bir tarzda o‘lib qolganda tekshirish ishlari olib boradigan kishi.] o‘xshar edi. Albatta, Glenarvan ishga bunday diqqat bilan qarab, juda to‘g‘ri qilayotir, chunki ko‘pincha yuzaki qaraganda ahamiyatsiz ko‘rinadigan eng mayda ikir-chikirlar ham ko‘p yangiliklarning ochilishiga sabab bo‘ladi.
Shishaning og‘zini ochishdan oldin Glenarvan uni tashqi tomondan tekshirib chiqdi. Shisha uzun va mahkam bo‘lib, unda zanglab ketgan bir bo‘lak sim hali ham saqlanib qolgan. Yon tomonlari bir necha atmosfera bosimga chidaydigan darajada qalin. Bu uning Shampanida chiqarilganini ko‘rsatib turardi. Eperne bog‘dorlar xuddi shunaqa shishalar bilan stullarning suyanchig‘ini urib sindirardilar, lekin shisha biror joyidan bo‘lsin qit etib darz ketmasdi. Ana shuning uchun ham bu shisha uzoq safarning barcha qiyin sinovlariga bahazur dosh bergan.
‒ Kliko firmasida ishlangan shisha, – dedi mayor.
Mayor bu sohadan yaxshigina xabardor kishi bo‘lganidan, uning gapini rad qilishni hech kim xayoliga ham keltirmadi.
‒ Qimmatli mayor, – dedi Elen unga qarab, – shishaning qayerda ishlanganini bilganimiz bilan uning qayerdan kelib qolganini bilmasak, bundan nima foyda?
‒ Buni bilib olamiz, qimmatli Elen, – dedi Glenarvan. – Hozir ham uning juda uzoq safar qilgani ko‘rinib turibdi. Ustini qoplab olgan tosh quyqalariga diqqat qiling. Bular dengiz suvidagi mineral moddalardan paydo bo‘lgan. Akulaning qorniga tushib qolishdan oldin bu shisha okean to‘lqinlarida uzoq vaqt suzib yurgan.
‒ So‘zingizga qo‘shilmaslikning iloji yo‘q, – dedi mayor. – Tosh qatlamga o‘ralib olgan bu mo‘rt shisha uzoq sayohat qila olar edi, albatta.
‒ Xo‘sh, qayerdan kelgan u? – deb so‘radi Elen.
‒ Shoshilmang, azizim Elen, shoshilmang, – dedi Glenarvan, – shishalar oldida kishi sabr-toqatli bo‘lishi kerak. Menimcha, bizning hamma savollarimizga shishaning o‘zi javob beradi.
Shunday deb Glenarvan shishaning bo‘yniga yig‘ilib qolgan tosh quyqalarini tozalay boshladi, hademay dengiz suvi chiritib yuborgan probka ko‘rindi.
‒ Esizgina, – dedi Glenarvan, – agar ichida biror qog‘oz bo‘lsa, juda ham chirib qolgani aniq.
‒ Men ham shunday bo‘lsa kerak deb qo‘rqib turibman, – dedi mayor.
‒ Yana shuni qo‘shimcha qilishim mumkinki, – deb davom etdi Glenarvan, – og‘zi yaxshilab berkitilmagan bu shishaning cho‘kib ketishi ham hech gap emasdi. Baxtni qarangki, akula uni vaqtida yutib, «Dunkan»ga olib kelgan.
‒ Shubhasiz, to‘g‘ri, – deb uning so‘zini ma’qulladi Jon Mangls. – Lekin, har holda, biz uni ochiq dengizda, ma’lum bir kenglik va uzunlikdan topib olganimizda yaxshiroq bo‘lar edi. Unda biz havo va dengiz oqimlarini o‘rganib, bu shishaning bosib o‘tgan yo‘lini belgilashimiz mumkin bo‘lardi, ma’lumki akuladek pochtalyon shamol va oqimga qarshi suza oladi, shuning uchun endi buni belgilash juda qiyin.
‒ Ko‘ramiz, – dedi Glenarvan va juda ehtiyotkorlik bilan probkani tortib ola boshladi.
Shishaning og‘zi ochilgandan keyin kayut-kompaniyani dengiz sho‘r suvining o‘tkir hidi tutib ketdi.
‒ Xo‘sh? – deb so‘radi Elen, xotinlarga xos qiziqsinish bilan.
‒ Men yanglishmabman, – deb javob berdi Glenarvan, – shishaning ichida qog‘oz bor ekan.
‒ Hujjatlar! Hujjatlar! – deb qichqirib yubordi uning xotini.
‒ Lekin namdan juda shikastlangan ko‘rinadi, – dedi Glenarvan, – shishaga shunchalik yopishib qolibdiki, olishning sira iloji yo‘q.
‒ Bo‘lmasa, sindiraylik uni, – dedi Mak-Nabbs.
‒ Shishani sindirmasak degan edim-da, – javob berdi Glenarvan.
‒ Men ham, – dedi mayor.
‒ Shishani sindirmaganimiz yaxshiroq edi, albatta, – deb gapga aralashdi Elen, – lekin ichidagi narsa shishaning o‘zidan qimmatliroq-da, shuning uchun shishaning bahridan o‘tib qo‘ya qolsak deyman.
‒ Bo‘ynini sindirsak ham kifoya qiladi, – deb maslahat berdi Jon Mangls, – hujjatlarni urintirmasdan chiqarib olishimiz mumkin.
‒ Shunday qiling, azizim Eduard! – dedi Elen.
Haqiqatan ham, hujjatlarni boshqa yo‘l bilan chiqarib olish juda qiyin edi, shuning uchun Glenarvan qimmat baho shishaning bo‘ynini sindirishga rozi bo‘ldi. Shisha dengizda yuraverib, granitdek qattiq bo‘lib ketgani uchun bolg‘a bilan urishga to‘g‘ri keldi. Ko‘p o‘tmay stol ustiga shisha siniqlari sochilib ketdi va shisha ichiga yopishib qolgan qog‘ozlar ko‘rindi. Glenarvan ularni ehtiyot bilan chiqarib oldi-da, oldiga yozib qo‘ydi. Elen, mayor va Jon Mangls stol ustiga engashdilar.
Ikkinchi bob
UCH HUJJAT
Shishadan chiqarib olingan qog‘oz bo‘laklarining yarmini dengiz suvi chiritib yuborgan edi. Deyarli butunlay o‘chib ketgan satrlardan bir-biriga qovushmaydigan ayrim so‘zlarnigina o‘qib olish mumkin edi. Glenarvan ularni diqqat bilan ko‘zdan kechira boshladi. U qog‘ozlarni har qanaqasiga aylantirib ko‘rar, yorug‘ga tutib boqar, dengiz suvi rahm qilib qoldirgan o‘sha bir qancha so‘zlarni o‘qishga tirishar edi. Keyin u o‘ziga qiziqib qarab turgan do‘stlariga o‘girildi.
‒ Bunda, – dedi u, – uchta har xil hujjat bor ekan, aftidan, bitta hujjatning uch tildagi: ingliz, fransuz va nemis tillaridagi uch nusxasi bo‘lsa kerak. Men saqlanib qolgan so‘zlarni bir-biriga urishtirib ko‘rib, shu fikrga keldim.
‒ Har holda o‘sha so‘zlardan biror ma’no chiqarib bo‘ladimi? – deb so‘radi Elen.
‒ Aniq bir narsa deyish qiyin, azizim: omon qolgan so‘zlar juda oz.
‒ Ular bir-birini to‘ldirmasmikin? – deb so‘radi mayor.
‒ Turgan gap, – deb javob berdi Jon Mangls. – Chunki dengiz suvi uchala hujjatda ham nuqul bir joyni yuvib ketmagandir axir. Saqlanib qolgan so‘zlarni bir-biriga ulab, ma’nosini topib olamiz.
– Ana shunday qilamiz, – dedi Glenarvan, – lekin bu ishni shoshmasdan, tartib bilan qilish kerak. Ingliz tilidagi hujjatdan boshlaymiz.
Bu hujjatda saqlanib qolgan so‘zlar quyidagicha joylashgan edi:
‒ Hmm, – dedi hafsalasi pir bo‘lib mayor, – bundan biror narsa tushunib olish qiyin.
‒ Nima bo‘lganda ham, bu ingliz tilida yozilgan ekani aniq, – deb qo‘ydi kapitan.
‒ Bunga hech shubha yo‘q, – dedi Glenarvan, – sink, aland, that, and, lost so‘zlari saqlanib qolgan, skipp degani skipper bo‘lsa kerak. Aftidan, bunda gap allaqanday mister Gr… to‘g‘risida boryapti, halokatga uchragan biror kemaning kapitani bo‘lsa ham ajab emas.
‒ Bularga yana uzuq-yuluq saqlanib qolgan monit va ssistance[8 - Inglizcha so‘zlar ma’nosi: sink – halokatga uchramoq; lost – yo‘qolgan; atand – yerda; that – bu; and – va; skipper – savdo floti kapitani; monition – hujjat; assistance – yordam.] so‘zlarini qo‘shsak, gapning ma’nosi ravshan bo‘ladi-qo‘yadi.
‒ Ana, ba’zi narsalarni bilib ham oldik! – dedi Elen quvonib.
‒ Baxtga qarshi, butun-butun satrlar yetishmaydi hali, – dedi mayor. – Halokatga uchragan kemaning nomi bilan uning qayerda halokatga uchraganini qanday qilib bilamiz?
‒ Buni ham bilib olamiz, – dedi Glenarvan.
‒ Shubhasiz, – deb ma’qulladi doim umumiy fikriga qo‘shilishadigan mayor. – Lekin qanday qilib?
‒ Bir hujjatni ikkinchisi bilan to‘ldirib.
‒ Qani bo‘lmasa, tezroq ishga kirishaylik! – dedi Elen.
Ikkinchi qog‘oz birinchisidan ham ko‘proq chirib ketgan edi. Unda bir-biriga yopishmagan bir nechagi na so‘z omon qolgan bo‘lib, ular quyidagicha joylashgan edi:
‒ Bu nemis tilida yozilgan, – dedi Jon Mangls qog‘ozga qarab.
‒ Siz bu tilni bilasizmi, Jon? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Juda yaxshi bilaman.
‒ Bo‘lmasa, shu bir necha so‘zing ma’nosini bizga aytib bering.
Kapitan hujjatni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi.
‒ Hammadan oldin, – dedi u, – endi biz kema halokati qachon yuz berganini belgilay olamiz: u 7-juni; ya’ni 7-iyunda halokatga uchragan, buni ingliz tilidagi «oltmish ikki» raqami yoniga qo‘ysak, aniq ko‘rsatkichga ega bo‘lamiz: 1862-yil 7-iyun.
‒ Juda soz! – dedi sevinib Elen. – Xo‘sh, naryog‘i-chi, Jon?
‒ Xuddi o‘sha satrning o‘zida, – deb davom etdi kapitan, – Glas degan so‘z turibdi. Uni birinchi hujjatdagi gow degan so‘zga qo‘shsak, Glasgow bo‘ladi. Chamasi, so‘z Glazgo portidan chiqqan kema to‘g‘risida borayotgan bo‘lsa kerak.
‒ Men ham shunday fikrdaman, – dedi mayor.
‒ Bu hujjatda ikkinchi satr butunlay o‘chib ketibdi, – deb davom etdi Jon Mangls, – lekin uchinchi satrda ikkita juda muhim so‘z bor: zwei – buning ma’nosi «ikki»; so‘ng atrosen, to‘g‘rirog‘i, matrosen, buning tarjimasi – «matroslar» demakdir.
‒ Undan chiqdi, bu yerda gap kapitan bilan ikki matros to‘g‘risida ekan-da, a? – deb so‘radi Elen.
‒ Shunaqaga o‘xshaydi, – deb javob berdi Glenarvan.
‒ E’tirof qilishim kerakki, – deb davom etdi kapitan, – undan keyingi graus so‘zi meni qiyin ahvolga solib qo‘yyapti – uni nima deb tarjima qilishni bilmayapman. Ehtimol, buning ma’nosini bizga uchinchi hujjat ochib berar. Oxirgi ikki so‘zga kelsak, ularni tushunish oson: bringt ihnen – «ularga… qiling» degan ma’noni bildiradi. Buni birinchi hujjatning xuddi shu so‘zlar singari yettinchi satrida turgan inglizcha assistance so‘ziga qo‘shsak, o‘z-o‘zidan: «ularga yordam qiling» degan ifoda kelib chiqadi.
‒ To‘g‘ri! «Ularga yordam qiling» degan ifoda kelib chiqadi! – deb takrorladi Glenarvan. – Lekin u bechoralar qayerda? Hozirgacha falokat yuz bergan joy to‘g‘risida hech gap yo‘q.
‒ Zora fransuzcha hujjat aniqroq bo‘lsa, – dedi Elen.
‒ Bo‘lmasa fransuzcha hujjatni o‘qiylik, – dedi Glenarvan, – bu tilni hammamiz bilganimiz uchun uni o‘qish uncha qiyin bo‘lmaydi.
Fransuz tilidagi hujjatning aniq ko‘chirmasi mana bunday edi:
‒ Bunda raqamlar bor ekan! – deb yubordi Elen. – Qaranglar, janoblar! Qaranglar!
‒ Ishni marom bilan qilaylik, – dedi Glenarvan, – boshdan boshlaymiz. Bu uzuq-yuluq so‘zlarni birin-ketin tiklab ko‘rishga ruxsat etinglar. Dastlabki so‘zdanoq ma’lum bo‘ladiki, gap uch machtali kema to‘g‘risida boryapti. Kemaning nomi inglizcha va fransuzcha hujjatlardagi so‘zlardan ma’lum bo‘ldi: uning nomi «Britaniya». Qolgan ikki – gonie va austral[9 - Austral – janubiy.] – so‘zdan biz uchun faqat ikkinchisi tushunarli.
‒ Mana bu qimmat baho tafsilot, – dedi Jon Mangls, – demak, kema halokati janubiy yarim sharda yuz bergan.
‒ Bu u qadar aniq emas, – deb e’tiroz bildirdi mayor.
‒ Davom etaman, – dedi Glenarvan. – Abor so‘zi aborder[10 - Aborder – yetib olmoq, chiqib olmoq.] fe’lining o‘zagidir. U bechoralar qandaydir bir sohilga chiqib olganlar. Lekin qayerga? Contin so‘zining ma’nosi nima? Qit’a emasmikin?[11 - Continent – qit’a, materik.] So‘ngra cruel[12 - Cruel – shafqatsiz.].
‒ Gruel, – deb qichqirib yubordi Jon Mangls. – Nemischa hujjatdagi graus so‘zining ma’nosi bu yoqdan chiqdi: grausam shafqatsiz degani!
‒ Davom etamiz! Davom etamiz! – dedi Glenarvan. U uzuq-yuluq so‘zlarning ma’nosi ochila borgan sari tobora ko‘proq ehtiros bilan hujjatlarga yopishar edi: – Indi… Bu nima bo‘ldiykin? Ularni dengiz Hindiston qirg‘oqlariga chiqarib tashladimikin? Unda ongit degani nima bo‘ldi? Haa! Longitude[13 - Longitude – uzunlik.]. Mana kenglik haqidagi ma’lumotga ham yetib keldik: 37°11´ Nihoyat aniq ko‘rsatkichga ega bo‘ldik.
‒ Ha, – dedi Mak-Nabbs, – lekin qo‘limizda uzunlik to‘g‘risida ma’lumot yo‘q-ku!
‒ Hamma ma’lumotlar ham bo‘lavermaydi-da, aziz mayor, – deb javob berdi Glenarvan. – Kenglikni aniq bilishimizning o‘zi ham katta gap. Hujjatlar ichida eng to‘lig‘i shu fransuz tilidagisi ekan. Bu hujjatlar bir-birining aniq tarjimasi ekanligi shubhasiz, chunki har uchala hujjatdagi satrlar miqdori bir xil. Shuning uchun bu uchala hujjatni bir-biriga qo‘shib, bitta tilga tarjima qilish, so‘ngra esa uning ishonarli, to‘la va mantiqiy ma’nosini topishga harakat qilish kerak.
‒ Bu uchala tilning qaysinisiga tarjima qilmoqchisiz? – deb so‘radi mayor.
‒ Fransuzchaga, – deb javob berdi Glenarvan, – chunki hujjatlar ichida shu tildagisi to‘laroq saqlanib qolgan.
‒ Siz tamomila haqlisiz, – deb uning fikriga qo‘shilishdi Jon Mangls. – Buning ustiga, fransuz tilini hammamiz ham yaxshi bilamiz.
‒ Demak, bu masala hal bo‘ldi! Men bu hujjatni mana bunday usulda to‘lataman: ifodalar va so‘zlarni birlashtiraman, ularni bir-biridan ajratib turgan oraliq esa ochiq qolaveradi: ma’nosi shubhasiz aniq bo‘lgan so‘zlarni to‘latib yozaveraman. Keyin esa biz ularni solishtirib, muhokama qilamiz.
Glenarvan qo‘liga qalam olib, darhol ishga tushdi. Bir necha minutdan so‘ng quyidagi so‘zlar yozilgan qog‘ozni do‘stlariga uzatdi:
Shu payt kayutaga bir matros kirib, kapitanga «Dunkan» Klayd qo‘ltig‘iga kirayotganini xabar qildi va biror buyruq bo‘lish-bo‘lmasligini so‘radi.
‒ Sizning maqsadingiz qanday, ser? – deb so‘radi Jon Mangls Glenarvandan.
‒ Mumkin qadar tezroq Dumbartonga yetib olish. U yerdan missis Elen uyga, Malkolm-Kestlga ketadi, men esa mana bu hujjatlarni ko‘rsatish uchun Londonga jo‘nayman.
Jon Mangls lozim bo‘lgan buyruqlarni berdi. Matros ularni kapitan yordamchisiga yetkazish uchun chiqib ketdi.
‒ Endi esa, do‘stlarim, – dedi Glenarvan, – o‘z tekshirishlarimizni davom ettiramiz. Biz yuz bergan katta halokat iziga tushib qoldik, endi bir necha kishining hayoti bizning fahm-farosatimizga bog‘liq bo‘lib qoldi. Bu muammoni hal qilish uchun butun idrokimizni ishga solaylik.
‒ Biz tayyormiz, azizim Eduard, – dedi Elen.
‒ Dastavval, – deb davom etdi Glenarvan, – biz bu hujjatlardagi uch xil narsani: birinchidan, bizga hozir ma’lum bo‘lgan narsalarni, ikkinchidan, taxmin qilish mumkin bo‘lgan narsalarni va nihoyat, uchinchidan, bizga ma’lum bo‘lmagan narsalarni muhokama qilishimiz kerak. Xo‘sh, bizga nima ma’lum? 1862-yil 7-iyunda Glazgo portidan chiqqan uch machtali «Britaniya» kemasining halokatga uchragani, so‘ngra, ikki matros bilan kapitan 37°11’ kenglikda mana shu hujjatni dengizga tashlashgani va yordam so‘rashayotgani bizga ma’lum.
‒ Juda to‘g‘ri, – deb qo‘shilishdi unga mayor.
‒ Endi biz nimalarni taxmin qilishimiz mumkin? – deb davom qildi so‘zida Glenarvan. – Dastlab biz falokat janubiy yarim sharda yuz bergan deb taxmin qilishimiz mumkin. Men sizlarning diqqatingizni allaqanday bir so‘zning gonie degan bo‘lagiga jalb qilaman. Bu biror mamlakatning oti emasmikin?
‒ Patagoniya bo‘lmasin yana? – deb so‘radi Elen.
‒ Shubhasiz.
‒ O‘ttiz yettinchi kenglik Patagoniyadan o‘tadimi? – deb so‘radi mayor.
‒ Buni tekshirib ko‘rish oson, – dedi Jon Mangls Janubiy Amerikaning xaritasini ocha turib. – Xuddi shunday: o‘ttiz yettinchi parallel Araukaniyani kesib o‘tadi, Patagoniyaning shimolidagi qirlar orqali Atlantik okeaniga chiqib ketadi.
‒ Juda soz! Endi taxminlarimizni davom ettiramiz, ikki matros bilan kapitan abor… yetib oldilar… qayerga? Contin… qit’aga. Diqqatingizni shunga jalb qilaman. Ular orolga emas, qit’aga yetib olganlar. Xo‘sh, ularning taqdiri nima bo‘ldi? Baxtimizga ikki harf, ya’ni pr harflari bor, bu harflar ularning qayerdaligini ko‘rsatib turibdi. Bechoralar! Ular prisonniers, ya’ni asirlikdadirlar. Kimning qo‘lida? Gruels indiyens – shafqatsiz hindlar qo‘lida. Ishonarlimi? Uzuq-yuluq so‘zlarning ma’nosi o‘z-o‘zidan oydinlashmayaptimi? Hujjatning ma’nosi ko‘z oldimizda tobora ochilmayaptimi?
Glenarvan shunday ishonch bilan so‘zlar, ko‘zlarida shunday ishonch porlar ediki, uning bu ishonchi o‘z-o‘zidan boshqalarga ham o‘tdi, shuning uchun ular baravariga:
‒ Albatta! Albatta shunday! – deb uning so‘zini tasdiqladilar.
Biroz jim turgach, Glenarvan yana so‘zini davom ettirdi:
‒ Do‘stlarim, mening nazarimda bu farazlarimizning hammasi ham to‘g‘riga o‘xshab ko‘rinyapti. Menimcha, kema Patagoniya qirg‘oqlariga yaqin yerda halokatga uchragan. Har qalay Glazgoga yetganimizda men «Britaniya»ning qayoqqa jo‘nab ketganini surishtirib ko‘raman. Ana o‘shanda biz uning Patagoniya tomonlarga borgan bo‘lishi mumkinmi, yo yo‘qligini aniq bilib olamiz.
‒ Yo‘q, Glazgoga borib o‘tirishning hojati yo‘q, – dedi Jon Mangls, – menda «Savdo floti gazeta»sining komplekti bor, biz undan eng aniq ma’lumotlarni bilib olishimiz mumkin.
‒ Ko‘ra qolaylik bo‘lmasa! – deb yubordi Elen Glenarvan.
Jon Mangls gazetaning 1862-yilgi komplektini varaqlab, tez ko‘zdan kechira boshladi. U ko‘p qidirmadi. Ko‘p o‘tmay mamnuniyat bilan quyidagi xabarni o‘qib berdi:
‒ «1862-yil 30-may. Peru. Kalyao. Jo‘nab ketgan joyi Glazgo. «Britaniya», kapitan Grant».
‒ Grant! – dedi Glenarvan. Ulug‘ okeanning allaqayerida yangi Shotlandiya barpo etmoqchi bo‘lib yurgan shotlandiyalik dovyurak kapitan emasmi?
‒ Ha, – dedi Jon Mangls, – xuddi o‘sha Grant. U 1861-yilda «Britaniya» kemasida Glazgodan jo‘nab ketgan edi, o‘shandan beri dom-darak yo‘q.
‒ Endi hech qanday shubhaga o‘rin yo‘q, hech qanday shubhaga! – dedi Glenarvan. – Masala ravshan! «Britaniya» Kalyaodan 30-mayda yo‘lga chiqqan, bir haftadan keyin, 7-iyunda Patagoniya sohillariga yaqin yerda halokatga uchragan. Mana, biz bunday qaraganda hech narsa tushunib bo‘lmaydigan uzuq-yuluq so‘zlardan bu falokatning butun tarixini bilib oldik. Do‘stlarim, shunday deb taxmin qilishga imkoniyat bor edi. Endi bizga falokat qaysi uzunlikda yuz bergani noma’lum, xolos.
‒ Uning bizga keragi ham yo‘q, – dedi Jon Mangls, – falokat yuz bergan kenglik bilan mamlakatning nomi ma’lum bo‘lgandan keyin men u joyni shunday ham topib beraman.
‒ Demak, bizga hamma narsa ma’lum, shundaymi? – deb so‘radi Elen.
‒ Shunday, azizim, endi men hujjatning suv yuvib ketgan joylarining xuddi kapitan Grant og‘zidan eshitib turgandek ishonch bilan aytib bera olaman.
Shundan so‘ng Glenarvan yana qo‘liga qalam oldi va ishonch bilan quyidagilarni yozdi:
«1862-yil 7-iyunda Glazgo portidan chiqqan uch machtali «Britaniya» kemasi janubiy yarim sharda, Patagoniya sohillari yaqinida halokatga uchradi. Ikki matros bilan kapitan Grant sohilga chiqib olishga harakat qildilar, u yerda shafqatsiz hindularga asir tushadilar. Ular bu hujjatni… gradus uzunlik va 37º11’ kenglikda dengizga tashladilar. Yordam qilinglar, yo‘qsa ular halok bo‘ladilar».
‒ Juda soz! Juda yaxshi, azizim Eduard! – dedi Elen. – Agar vaqti kelib, bu bechoralar o‘z vatanlariga qaytsalar, hayotlarini qutqarganingiz uchun sizdan minnatdor bo‘ladilar!
‒ Ular o‘z vatanlarini ko‘radilar! – deb javob berdi ishonch bilan Glenarvan. – Bu hujjat shunday aniq, ravshan va ishonchliki, Angliya bo‘m-bo‘sh dengiz qirg‘og‘iga chiqarib tashlangan o‘zining uch farzandiga yordam bermay qololmaydi. U bir vaqtlar Franklin[14 - Jon Franklin (1796 – 1848) – mashhur ingliz dengiz sayyohi, Shimoliy Muz okeaniga sayohat paytida yo‘qolgan. Angliya uni topish uchun bir qancha ekspeditsiyalar uyushtirgan (Muharrir).] va ko‘pgina boshqa odamlarga qilgan yordamini «Britaniya»da halokatga uchraganlardan ham ayamaydi.
‒ U bechoralarni o‘ldiga chiqarib o‘tirgan oilalari ham bor bo‘lsa kerak, albatta, – dedi Elen. – Ehtimol, bechora kapitan Grantning xotini, bolalari bordir…
‒ Gapingiz to‘g‘ri, azizim, umid tamom uzilmaganidan ularni xabardor qilishni men bo‘ynimga olaman. Do‘stlarim, endi palubaga chiqamiz, portga yaqinlashib qolganga o‘xshaymiz.
Haqiqatan ham, «Dunkan» bu vaqtda tezligini oshirib But oroli oldidan o‘tib bormoqda edi. O‘ng tarafda Rotsey ko‘rinib turardi. Keyin kema qo‘ltiqning ensiz farvateriga[15 - Farvater – suvning kemalar yura oladigan chuqur joyi, kema yo‘li.] kirib, Grinok yonidan o‘tdi va kechqurun soat oltida Dumbartondagi bazalt qoya yaqinida langar tashladi; bu qoyaning cho‘qqisida shotlandiyalik qahramon Uollesning mashhur qasri joylashgan edi.
Pristanda Elen bilan mayor Mak-Nabbsni Malkolm-Kestlga olib ketishi lozim bo‘lgan kareta kutib turar edi. Glenarvan o‘zining yosh xotini bilan quchoqlashib xayrlashdi-da, tezyurar poyezdga tushib Londonga jo‘nash uchun vokzalga yugurdi.
Jo‘nab ketishdan oldin u xabar berishning eng tez bo‘ladigan usulini qo‘lladi: bir necha minutdan so‘ng telegraf «Tayms» va «Morning Kronikl» gazetalarining redaksiyasiga quyidagi mazmundagi e’lonni yetkazdi:
«Kapitan Grant va «Britaniya» kemasining taqdiri to‘g‘risida ma’lumot olmoqchi bo‘lganlar mister Glenarvanga murojaat qilsinlar. Shotlandiya, Dumbarton grafligi, Lyuss, Malkolm-Kestl».
Uchinchi bob
MALKOLM-KESTL
Malkolm-Kestl – tog‘li Shotlandiyaning eng ko‘rkam qasrlaridan biri. U Lyuss qishlog‘iga yaqin yerda, go‘zal manzarali vodiy tepasida qad ko‘targan. Lomond ko‘lining ko‘m-ko‘k suvlari uning granit devorlarini yuvib turadi. Bu qasr Rob-Roy va Fergus Mak-Gregorlarning vatanida ko‘p zamonlardan beri Valter Skott qahramonlarining qadimiy mehmondo‘stlik urf-odatlarini saqlab kelgan Glenarvanlar avlodining mulki hisoblanadi.
Glenarvan juda badavlat odam edi. U odamlarga juda ko‘p yaxshilik qilar, qilgan yaxshiligi hatto saxiyligidan ham oshib ketar edi, chunki uning yaxshiligining cheki yo‘q edi, saxiylikning esa, istasa-istamasa, chegarasi bo‘ladi. Uni Angliya davlat arboblari uncha yoqtirmas edi, buning sababi dastlab shu ediki, Glenarvan o‘z ota-bobolarining yo‘lidan borar va «bu janubliklar»ning siyosiy siqiqlariga qattiq qarshi chiqar edi. U butun yuragi bilan doim Shotlandiyaning sodiq farzandi bo‘lib qoldi; hatto o‘z kemalari bilan Qirollikning Temzadagi yaxt-klubi uyushtirgan musobaqalarda qatnashganda ham faqat o‘z vatani Shotlandiyaning shon-sharafini o‘ylar edi.
Eduard Glenarvan o‘ttiz ikki yoshda bo‘lib, baland bo‘yli, chehrasi biroz jiddiy, lekin boqishlari g‘oyat muloyim, nihoyatda jasur, epchil, tashabbuskor va olijanob kishi edi. Undan tog‘li Shotlandiyaning toza nafasi gurkirab turardi.
Glenarvanning uylanganiga endi uch oy bo‘lgan edi. Xotini Elen o‘z hayotini geografiya fani va geografik kashfiyotlar yo‘lida qurbon qilgan mashhur sayyoh Vilyam Tuffnelning qizi edi.
Elen dvoryanlar oilasiga mansub emasdi, u shotlandiyalik qiz edi, bu esa Glenarvan uchun hamma narsadan ham afzal. Glenarvan o‘ziga umr yo‘ldoshi qilib ana shu go‘zal, jasur va fidokor qizni tanladi. Glenarvan Elen bilan u otasidan yetim qolib, otasining Kilpatrikdagi uyida hech qanday mablag‘siz, tanho o‘zi yashab turgan paytda tanishdi. Glenarvan bu g‘arib qizning sadoqatli va fidokor xotin bo‘lishini darhol payqadi va unga uylandi. Elen yigirma ikki yoshdagi sarg‘ish sochli, Shotlandiya ko‘llarining go‘zal bahor tongidagi shaffof suvlarini eslatuvchi ko‘m-ko‘k ko‘zli ayol edi. U o‘z erini nihoyatda yaxshi ko‘rardi. Xizmatkorlarga kelsak, ular o‘zlarining yosh bekachlaridan jonlarini ham ayamas edilar.
Yosh er-xotin tog‘li Shotlandiyaning go‘zal va yovvoyi tabiati quchog‘iga solingan Malkolm-Kestlda baxtli hayot kechirar edilar. Ular ikki chetiga dub va klyon daraxtlari ekilgan alleyalarda, ko‘l sohillarida sayr qilib yurishar, qadimiy xarobalar Shotlandiyaning tarixini aks ettirib turadigan yovvoyi daralarga tushishar edi. Ular goh qayinzor va qarag‘ayzor o‘rmonlarda, o‘tlari sarg‘aya boshlagan keng dashtlarda kezib yurishar, goh tik ketgan tog‘ cho‘qqilariga chiqib ketishar yoki bo‘m-bo‘sh vodiylarda ot choptirib yurishar edi. Ular shu paytlargacha «Rob-Roy o‘lkasi» deb atalib keladigan bu go‘zal o‘lkani, Valter Skott [16 - Valter Skott (1771 – 1832) – ingliz yozuvchisi, tarixiy roman janrining asoschisi. Shotland xalq balladalarini toʻplab, 3 jildli «Shotland hududlari qoʻshiqlari» toʻplamini (1803) nashr etgan. U 9 doston, 26 roman, bir necha qissa hamda adabiy-tanqidiy va tarixiy asarlar muallifi (Muharrir).] g‘oyat boplab tasvir qilgan bu mashhur joylarni o‘rganishar va juda sevishar edi. Kechqurunlari ufqda «Mak-Farlanning fonari» yoqilganda – oy chiqqanda ular Malkolm qasrini belbog‘ singari aylanib o‘tadigan qadimiy galereyani kezgani chiqib ketishar edi.
Ularning to‘ydan keyingi dastlabki oylari shu tarzda o‘tdi. Lekin Glenarvan o‘z xotini mashhur sayyohning qizi ekanini unutmadi. U otasining sayohatga bo‘lgan ehtiroslari qizga ham o‘tgan bo‘lsa kerak, deb faraz qilar va bu bilan yanglishmagan edi. Shu maqsadda «Dunkan» qurildi. «Dunkan» Eduard va Elen Glenarvanlarni yaqin kunlarda O‘rta dengizga olib ketishi kerak edi. Eduard «Dunkan»ni butkul Elenning ixtiyoriga topshirganda uning qanchalik sevinganini tasavvur qilish qiyin emas.
Mana, Glenarvan Londonga jo‘nab ketdi. Lekin gap kema halokatiga uchragan bechoralarni qutqarish ustida borayotgani uchun Elen erining to‘satdan jo‘nab ketganiga xafa bo‘lmadi. Faqat u erini juda zoriqib kutar edi. Ertasiga olingan telegrammada Glenarvan tez orada qaytib kelishni va’da qilgan edi. Kechqurun esa undan xat keldi, bunda Glenarvan o‘zi boshlagan ish ba’zi moneliklarga duch kelib qolgani uchun bir qancha vaqt Londonda ushlanib qolishini xabar qildi. Uchinchi kun yana bitta xat keldi, Glenarvan bu safar admiralteystvodan[17 - Admiralteystvo – harbiy flot boshqarmasi.] norozi ekanini yashirmagan edi.
Shu kundan boshlab Elen xavotirlanishga tushdi. Kechqurun o‘z xonasida o‘tirgan edi, Malkolm-Kestl qasrining boshqaruvchisi Xelbert kelib, mister Glenarvanni so‘rayotgan bir yosh qiz bilan bir o‘g‘il bolani qabul qila olasizmi, deb so‘radi.
‒ Ular shu yerlikmi? – deb so‘radi Elen.
‒ Yo‘q, missis, – deb javob berdi boshqaruvchi, – men tanimayman. Balloxgacha poyezdda, u yerdan Lyussga piyoda kelishibdi.
‒ Chaqiring ularni, Xelbert, – dedi Elen.
Boshqaruvchi chiqdi. Bir necha minutdan keyin Elenning xonasiga yoshgina bir qiz bilan bir o‘g‘il bola kirib keldi. Ular opa-uka edilar. Qiz bilan bola bir-biriga juda o‘xshash bo‘lganidan ortiqcha shubhaga o‘rin ham yo‘q edi. O‘n olti yoshlarga kirgan bu qizning biroz horg‘in, chiroyligina chehrasi, chamasi, halitdan ko‘pgina ko‘z yosh to‘kib ulgurgan ko‘zlari, kamtarinlik va ayni vaqtda jasorat sezilib turgan boqishlari, oddiy, lekin ozoda kiyimlari kishida unga mehr uyg‘otadi. U o‘n ikki yoshlar chamasidagi o‘g‘il bolaning qo‘lidan yetaklab olgan edi. Bolaning chehrasida qat’iyat aks etib turar, ko‘rinishidan u o‘zini opasining homiysi hisoblar edi. Ha! Bu yigitcha opasi bilan gaplashganda uning hurmatini joyiga qo‘yib muomala qilmagan har qanday kishining ta’zirini berib qo‘yishga tayyor ekani shubhasiz.
Opasi Elen bilan yuzma-yuz kelgach, biroz o‘ng‘aysizlandi, biroq Elenning o‘zi darhol gap ochdi:
‒ Siz men bilan uchrashmoqchi edingizmi? – deb so‘radi Elen, qizga dalda berishga tirishib.
‒ Yo‘q, siz bilan emas, – deb javob berdi bola, qat’iy qilib. – Biz mister Glenarvanning o‘zini ko‘rmoqchimiz.
‒ Siz uni kechiring, xonim, – dedi qiz va ta’na qilganday ukasiga qarab qo‘ydi.
‒ Mister Glenarvan hozir bu yerda emas, – deb izoh berdi Elen, – lekin men uning xotini bo‘laman. Agar men uning o‘rnini…
‒ Siz mister Glenarvanning xotinimisiz? – deb so‘radi qiz.
‒ Ha, miss.
‒ «Tayms» gazetasida «Britaniya» kemasining halokatga uchragani to‘g‘risidagi xabarni e’lon qilgan Malkolm-Kestllik mister Glenarvanning xotini bo‘lasizmi?
‒ Ha, ha! – de javob berdi Elen, shoshib. – Sizlar…
‒ Men kapitan Grantning qizi bo‘laman, bu esa mening ukam.
‒ Miss Grant! Miss Grant! – deb yubordi hayajon bilan Elen va shaxt bilan qizni quchoqladi, bolaning kulcha yuzlaridan o‘pdi.
‒ Xonim, – deb Elenga murojaat qildi miss Grant, hayajon bilan, – otam kapitanlik qilgan kemaning halokati to‘g‘risida nimalar bilasiz? U tirikmi? Biz uni yana qaytib ko‘ramizmi? O‘tinaman, tezroq ayting!
‒ Oh, yaxshi qiz! Men sizning porloq umidlaringiz qarshisida ojizman…
‒ Aytavering, xonim! Men har qanday g‘amga ham bardosh bera olaman, hammasini aytavering.
‒ Jonginam, – deb javob berdi Elen, – umid har qancha oz bo‘lsa ham, har holda, bir kun kelib otangiz bilan yana diydor ko‘rishsangiz ajab emas.
‒ Yo rabbiy, yo rabbiy!.. – deb qichqirdi miss Grant va ortiq o‘zini tutib turolmay, ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Ukasi Robert esa hayajon bilan Elenning qo‘lidan o‘pardi.
Bu alamli sevinchning dastlabki hayajonlari bosilgach, qiz Elenni behisob savollar bilan ko‘mib tashladi, Elen ularga hujjatning qanday topilganini, «Britaniya»ning Patagoniya sohillarida halokatga uchraganini, kapitan bilan ikki matrosning kema halokatidan so‘ng omon qolganini, chamasi, ular qirg‘oqqa chiqib olgan ekanini va, nihoyat, uch tilda yozib okeanga tashlangan hujjatda ular yordam so‘rab, butun dunyoga murojaat qilganliklarini so‘zlab berdi.
Elen hikoya qilar ekan, Robert Grant go‘yo o‘zining butun hayoti Elenning og‘zidan chiqayotgan ana shu so‘zlarga bog‘liqday, ko‘zlarini uzmasdan, unga tikilib turdi. Uning bolalik tasavvuri otasi boshidan kechgan butun dahshatlarni ko‘zi oldida jonlantirar, u otasini halokatga uchragan «Britaniya»ning palubasida, to‘lqinlar orasida ko‘rar, u bilan birga qirg‘oqdagi qoya toshlarga tirmashar, to‘lqin urib turgan qum ustida hansirab emaklar edi. Elenning hikoyasini eshitar ekan, u o‘zi ham sezmagani holda bir necha marta:
‒ Oh, otajon! Bechora otajonim! – deb yubordi. Keyin opasining pinjiga yana ham qattiqroq qisildi.
Miss Grant esa qo‘llarini qovushtirib, bir og‘iz ham so‘z demay tingladi.
‒ O‘sha hujjat qani, xonim, o‘sha hujjat?! – deb so‘radi qiz, Elen hikoyasini tugatishi bilan.
‒ Hujjatlar hozir menda emas, jonginam, – deb javob berdi Elen.
‒ Endi yo‘qmi?
‒ Ha, mister Glenarvan otangizga bir nafi tegarmikin deb, hujjatlarni Londonga olib ketdi. Lekin men sizga hujjatning mazmunini so‘zma-so‘z aytib berdim-ku, uni qay usulda o‘qiganimizni ham aytdim. Deyarlik butunlay o‘chib ketgan bu uzuq-yuluq ifoda va so‘zlar orasidan dengiz to‘lqinlari bir necha raqamga insof qilibdi. Baxtga qarshi, uzunlik…
‒ O‘shasiz ham topsa bo‘ladi ularni, – deb qichqirib yubordi Robert.
‒ Albatta, mister Robert, – dedi Elen bolaning bunday qat’iyat bilan so‘zlashiga beixtiyor tabassum qilib. – Ko‘rib turibsizki, miss Grant, – deb u yana qizga tomon o‘girildi, – men u hujjat to‘g‘risida nima bilgan bo‘lsam, eng mayda ikir-chikirlarigacha – hammasi endi sizga ham yaxshi ma’lum.
‒ Ha, xonim, – deb javob berdi qiz, – lekin men otamning qo‘li bilan yozilgan xatlarni bir ko‘rsam degan edim!
‒ Ehtimol, bugun-erta mister Glenarvan uyga qaytib qolar. U qo‘lidagi hech qanday shubhaga o‘rin qoldirmaydigan bu hujjatni admiralteystvoga taqdim qilib, kapitan Grantni axtarish uchun darhol biror kema yuborilishiga erishmoqchi bo‘lib ketgan.
‒ Iloji bormikin buning! – deb yubordi qiz. – Nahotki, sizlar biz uchun harakat qilib yurgan bo‘lsangiz?
‒ Oppoq qiz, – deb javob berdi Elen, – biz tashakkurga arziydigan hech qanday ish qilganimiz yo‘q: bizning o‘rnimizda har qanday odam ham shunday qilgan bo‘lar edi. Ishqilib, hammamizning umidimiz puchga chiqmasa bo‘lgani! Albatta, sizlar erim qaytib kelguncha shu yerda qolasizlar…
‒ Xonim, men sizning marhamatingizni suiiste’mol qilmoqchi emasman. Axir biz sizga tamomi begona odamlarmiz…
‒ Begona! Yo‘q, jonim, siz ham, ukangiz ham bu uyda begona emassizlar! Men mister Glenarvan kelib, kapitan Grantning bollariga ularning otasini qutqazish uchun nima ishlar qilinajagini aytib berishini istar edim.
Bunday chin yurakdan qilingan taklifdan bosh tortib bo‘lmas edi. Miss Grant bilan ukasi mister Glenarvanning qaytishini kutib, Malkolm-Kestlda qoldilar.
To‘rtinchi bob
ELEN GLENARVANNING TAKLIFI
Elen kapitan Grantning bolalari bilan gaplashar ekan, admiralteystvo Glenarvanning iltimosini qanday qarshi olgani to‘g‘risida hech narsa demadi. Shuningdek, kapitan Grantning Janubiy Amerika hindulariga asir tushib qolgan bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida ham indamadi. Bola bechoralarni battar xafa qilib, ularning ota bilan ko‘rishish umidini qaytadan so‘ndirishning nima hojati bor! Buning biror foydasi ham tegmas edi. Shuni tushungan Elen miss Grantning savollariga javob berib bo‘lgach, endi o‘zi Meri Grantga uning hayoti to‘g‘risida savollar bera boshladi.
Meri Grantning ta’sirli va oddiy hikoyasi Elenning unga bo‘lgan mehrini yana ham oshirib yubordi.
Kapitan Grantning Meri bilan Robertdan boshqa bolasi yo‘q edi. Garri Grantning xotini Robertni tug‘ishda vafot qildi. Kapitan Grant o‘zining uzoqqa cho‘ziladigan dengiz safarlari vaqtida bolalarini o‘zining bir keksa mehribon xolavachchasiga topshirib ketar edi. Kapitan Grant o‘z ishini puxta bilgan, jasur dengizchi edi. Asli shotlandiyalik bo‘lgan ka pitan Shotlandiyada Pert grafligiga qarashli Dendi shahrida yashar edi.
Garri Grantning oldin kapitan yordamchisi, so‘ngra kapitan sifatida qilgan dastlabki uzoq safarlari muvaffaqiyatli o‘tdi. Robert tug‘ilgandan keyin oradan bir necha yil o‘tgach, u bir qadar mablag‘ egasi bo‘lib qoldi.
Butun Shotlandiyada uning dong‘ini chiqargan fikr ham kapitanning miyasida ana shunda tug‘ildi. Glenarvan va ba’zi boshqa kishilar kabi kapitan Grant ham Angliya Shotlandiyani asirlikka solgan deb hisoblar edi. Uning fikricha, Shatlandiyaning manfaatlari anglo-sakslarning manfaatlariga mos kelmas edi, shuning uchun u Tinch okeandagi orollardan birida Shotlandiyaning katta mustamlakasini vujudga keltirmoqchi edi. U o‘zining bo‘lajak mustamlakasiga mustaqillik bermoqchi edimi? Ehtimol. U o‘zining bu yashirin niyatlarini bitta-yarimtaga aytib qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin. Har holda, bu niyatlarini amalga oshirishda hukumat unga yordam bermadi. Yordam bermadigina emas, u kapitan Grantga turli vositalar bilan xalaqit bera boshladi. Lekin kapitan taslim bo‘lmadi. U o‘z vatandoshlariga murojaat qildi, o‘zining butun bor-yo‘g‘ini sarflab, «Britaniya» kemasini qurdi va saralangan komanda tuzib, Tinch okeandagi katta orollarni tekshirgani jo‘nab ketdi. Bolalarini esa xolavachchasi bo‘lgan keksa bir kampirning qo‘liga topshirdi. Bu 1861-yilda bo‘lgan edi. 1862-yilning may oyigacha, bir yil mobaynida u o‘zi to‘g‘risida xabar berib turdi. Lekin «Britaniya» 1862-yil iyun oyida Kalyaodan jo‘nab ketganidan keyin hech kim ular to‘g‘risida hech nima eshitmadi. «Dengizchilar gazetasi» ham kapitan Grantning taqdiri to‘g‘risida hech qanday xabar bosmadi.
Bu orada Garri Grantning keksa xolavachchasi to‘satdan vafot qildi va uning bolalari dunyoda yolg‘iz qoldilar. Meri Grantning yoshi o‘n to‘rtda edi, lekin jasur qiz og‘ir ahvolga tushib qolganidan qo‘rqmadi, ruhi tushmadi va butun diqqatini hali juda ham yosh bola bo‘lgan ukasiga qaratdi. Robertni tarbiyalash, o‘qitish kerak edi. Rejali, ziyrak, saranjom va qanoatli qiz o‘zi to‘g‘risida o‘ylamadi, kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay ishlab, ukasini tarbiyaladi, unga onalik qildi.
Yetim qolgan bolalar muhtojlik bilan mardona kurashib, Dendi shahrida yashadilar. Ularning ahilligiga kishining havasi kelardi. Meri faqat ukasi to‘g‘risida qayg‘urar va uning kelajakda baxtli bo‘lishini o‘ylardi. Bechora qiz «Britaniya»ning halok bo‘lganiga va otasining o‘lganiga ishonib qolgan edi. «Tayms» gazetasidagi e’longa tasodifan ko‘zi tushib qolganda, uning qanday hayajonga tushganini tasvirlab berish qiyin. Bu xabar uning so‘ngan umidlarini birdan jonlantirib yubordi.
Meri darhol harakat qilishga qaror berdi. Kimsasiz begona sohillarda halokatga uchragan kema qoldiqlari orasidan kapitan Grantning jasadi topilibdi, degan mash’um xabarni eshitishga ham rozi edi, hatto shunday xabar ham doimiy shubhalar va doim azob beruvchi noma’lumlikdan ko‘ra yaxshiroq edi.
Meri bor gapni ukasiga bildirdi. O‘sha kuniyoq kapitan Grantning bolalari Pertdan o‘tadigan poyezdga chiqdilar, kechqurun Malkolm-Kestlga yetib keldilar. Qanchadan-qancha ruhiy azoblardan so‘ng Merining qalbida qaytadan umid tug‘ildi.
Meri Grant Elen Glenarvanga ana shunday qayg‘uli hikoya so‘zlab berdi. Qiz bu uzoq sinov yillarida o‘zini qahramonona tutganini xayoliga ham keltirmay, oddiygina so‘zlar edi. Lekin Elen buni juda yaxshi tushundi, shuning uchun u qizning hikoyasini tinglar ekan, ko‘z yoshlarini yashirmas va kapitan Grantning bolalarini tez-tez quchoqlar edi.
Robert esa o‘zlarining qanday ahvolda qolganliklarini endigina tuygandek bo‘ldi. Opasining hikoyasini eshitar ekan, u Meriga ko‘zlarini katta ochib qarardi. Robert Merining uni deb nimalar qilganini, qanday azoblar chekkanini faqat endigina anglab yetdi va ortiq o‘zini tutolmay opasining bo‘yniga tashlandi va uni mahkam quchoqladi.
‒ Oh opajon! Aziz opajonim! – dedi g‘oyat hayajonlangan bola. Suhbat davom etar ekan, asta-sekin qorong‘u tushdi, bolalar juda charchaganini payqagan Elen gapni to‘xtatdi.
Meri bilan Robert o‘zlari uchun ajratilgan xonalarga kirib, porloq kelajak to‘g‘risidagi shirin xayollar og‘ushida uxlab qoldilar.
Ular chiqib ketgach, Elen mayor Mak-Nabbsni chaqirishni buyurdi va unga kechqurun bo‘lgan hamma gapni so‘zlab berdi.
‒ Meri Grant juda ajoyib qiz ekan-da, – deb baho berdi Mak-Nabbs, Elenning hikoyasini eshitib bo‘lib.
‒ Gap erimning o‘zi boshlagan ishni muvaffaqiyat bilan tugatishida qoldi, – dedi Elen, – aks holda, bu ikki bolaning ahvoli nihoyatda og‘ir bo‘ladi!
‒ Glenarvan o‘z maqsadiga erishadi, – dedi Mak-Nabbs. – Nahotki, admiralteystvodagi lordlarning[18 - Lord – Angliyada: dvoryanlarning avloddan-avlodga o‘tib keladigan oliy unvoni va shu unvonga ega bo‘lgan odam.] yuragi Shotlandiya sementidan ham qattiq bo‘lsa.
Mak-Nabbsning bu ishonchiga qaramay, Elen kechani juda tashvishlanib, mijja qoqmay o‘tkazdi.
Ertasiga ertalab, Meri bilan Robert barvaqt turib, Malkolm-Kestlning keng hovlisida sayr qilib yurisharkan, yaqinlashib kelayotgan foytunning ovozi eshitildi. Glenarvan Malkolm-Kestlga qaytib kelayotgan edi. Otlar ola-tasir yugurib kelardilar.
Glenarvan qasrga kirib kelishi bilanoq mayor va Elen uning qarshisiga yugurdi.
Glenarvan g‘amgin, xomush, ayni vaqtda darg‘azab ko‘rinardi. U indamasdan xotinini quchoqladi:
‒ Xo‘sh, nima bo‘ldi, Eduard? – deb so‘radi Elen.
‒ Chatoq, azizim, bu odamlarning qalbi toshdan ekan! – deb javob berdi Glenarvan.
‒ Rad qilishdimi?
‒ Ha, kema borish to‘g‘risidagi taklifimni rad qilishdi. Franklinni axtarish uchun bekorga sarf qilingan million-million pullar haqida gapirdilar. Hujjat aniq emas degan vaj ko‘rsatdilar. Kema bundan ikki yil oldin halok bo‘lgan, endi bu bechoralarni topish amrimahol deb bahona qildilar. Falokatga uchragan kishilar hindular qo‘liga asir tushganidan keyin, albatta mamlakatning ichkarisiga olib ketilgan, uchta odamni, uchta shotlandiyalikni topish uchun butun Patagoniyani tintib chiqish mumkin bo‘lmaydi-ku, deb ishontirmoqchi bo‘ldilar. Bu xavfli, befoyda qidirish ishlarida qutqarmoqchi bo‘lganimizdan ko‘ra ko‘proq odam halok bo‘ladi, dedilar. Xullas, iltimosimni rad qilishga ahd qilgan kishilarning barcha dalillarini keltirdilar. Ular kapitan Grantning maqsadlarini hali unutganlari yo‘q. Endi bechora kapitan butunlay halok bo‘ldi!
‒ Otam! Bechora otam! – deb yubordi Meri Grant, Glenarvan qarshisida tiz cho‘kar ekan.
Glenarvan oyoqlari ostiga tiz cho‘kkan qizga hayron bo‘lib qaradi:
‒ Otam dedingizmi?! Nahotki, siz miss…
‒ Ha, Eduard, – dedi gapga aralashib Elen, – miss Meri va uning ukasi Robert – kapitan Grantning bolalari. Admiralteystvodagi lordlar ularni yetimlikka mahkum qilibdilar.
‒ Oh, miss, – dedi Glenarvan qizning turishiga yordamlashar ekan, – men sizlarning shu yerda ekaningizni bilganimda…
Uning gapi chala qoldi. Qasr hovlisida og‘ir jimlik cho‘kdi, bu jimlikni faqat ho‘ng-ho‘ng yig‘i tovushi buzar edi. Na Glenarvan, na Elen, na mayor va na o‘z xo‘jayinlari atrofida xomush turgan qasr xizmatkorlari churq etib og‘iz ochmas edilar. Bu barcha shotlandiyaliklarning qalbida ingliz hukumatiga nisbatan g‘azab qaynayotgani ochiq ko‘rinib turardi.
Bir necha minutdan so‘ng mayor Glenarvandan:
‒ Demak, endi hech qanday umid yo‘qmi? – deb so‘radi.
‒ Hech qanday!
‒ Unday bo‘lsa, – deb qichqirdi kichkina Robert, – o‘sha janoblarning oldiga men o‘zim boraman. Ko‘ramiz…
Opasi uning gapini tugatishiga imkon bermadi, lekin bolaning mahkam qisilgan mushtlari uning niyatlaridan darak berib turardi.
‒ Yo‘q, Robert, yo‘q! – dedi Meri Grant. – Bizga qilgan barcha yaxshiliklari uchun bu qasrning olijanob xo‘jayinlariga tashakkur aytamiz-u, ketamiz. Biz ularning bu yaxshiligini hech vaqt unutmaymiz.
‒ Meri! – deb qichqirdi Elen.
‒ Nima qilmoqchisiz endi? – deb so‘radi Glenarvan qizdan.
‒ Men qirolichaning oyog‘iga yiqilaman, – deb javob berdi qiz, – ko‘ramiz, u ham otasini qutqarishni so‘rab yolvorgan ikki bolaning gapiga quloq solmay qo‘yaverarmikin.
Glenarvan bosh chayqab qo‘ydi, u qirolichaning biror iltifot ko‘rsatishigagina emas, Meri Grant uning huzuriga kira olishiga ham shubha qilardi.
Ingliz kemalarining shturvali oldiga yozib qo‘yiladigan: «Passangers are requested not to speak to the man ad the wheel»[19 - «Passajirlardan rulevoy bilan gaplashmaslik so‘raladi».] degan so‘zlar go‘yo podsho saroyining eshiklariga ham yozib qo‘yilgandek, kishilarning ohi tojdorlarga kamdan-kam yetib boradi.
Elen erining fikrini tushundi. U qizning barcha urinishlari natijasiz tugashini bilardi. Elen shu bugundan boshlab bu ikki bolaning hayoti umidsizlik va g‘am bilan o‘tishi aniq ekaniga shubha qilmasdi.
Xuddi shu payt uning miyasiga g‘oyat yuksak va olijanob bir fikr keldi…
‒ Meri Grant! – dedi u. – Biroz shoshmang, ketmay turing. Menga quloq soling.
Ukasining qo‘lidan ushlab, ketmoqchi bo‘lib turgan qiz to‘xtadi.
Elen, ko‘zlari yoshlanib, hayajon bilan eriga murojaat qildi.
‒ Eduard! – dedi u qat’iy tusda. – Kapitan Grant mana bu hujjatlarni dengizga tashlar ekan, o‘z taqdirini shu hujjat borib tegadigan kishining qo‘liga topshirgan. Hujjat bizning qo‘limizga kelib tegdi…
‒ Bu bilan nima demoqchisiz, Elen? – deb so‘radi Glenarvan.
Atrofdagilarning hammasi jim turishar edi.
‒ Men, – deb javob etdi Elen, – o‘z hamjihat hayotimizni xayrli ish bilan boshlash – buyuk baxtdir, demoqchiman. Azizim Eduard, siz xursand qilish uchun meni sayohatga olib chiqishni maqsad qilib qo‘ygansiz. Lekin o‘z vatani tomonidan taqdirning hukmiga tashlab qo‘yilgan baxtsizlarni xalos etishdan ham buyukroq sevinch, shundan ham foydaliroq ishning bo‘lishi mumkinmi?
‒ Elen! – deb yubordi Glenarvan.
‒ Ha! Siz mening fikrimni tushudingiz, Eduard. «Dunkan» – pishiq, ishonchli kema. U janubiy dengizlarda bemalol suzib yura oladi, butun dunyoni aylanib chiqishga ham chidaydi. Agar lozim bo‘lsa, bunday sayohatga chiqadi ham! Yo‘lga chiqaylik, Eduard! Kapitan Grantni axtarib topaylk!
Yoshgina xotinining bu mardona so‘zlaridan hayajonga kelgan Glenarvan uni quchoqladi va tabassum bilan bag‘riga bosdi, Meri bilan Robert esa uning qo‘llarini o‘pa boshladilar. Bu manzaradan xursand bo‘lib, qattiq hayajonlangan Malkolm-Kestldagi xizmatkorlar ham ovozlarining boricha:
‒ Ura! Ura, Eduard va Elen Glenarvanlar sharafiga uch martalab ura! – deb qichqirishar edi.
Beshinchi bob
«DUNKAN»NING JO‘NAB KETISHI
Elen Glenarvanning olijanob va dovyurak ayol ekanini biz ilgari aytib o‘tgan edik. Kapitan Grantni axtarib topish to‘g‘risidagi taklifi bunga shubhasiz bir dalildir. Glenarvan uning fikrlariga darhol tushunadigan va hayot yo‘lini u bilan birga mardlarcha bosib o‘ta oladigan bu olijanob xotini bilan har qancha faxrlansa ham arzir edi. Londonda, uning fikrini rad qilganlaridayoq, o‘zining ham miyasiga kapitan Grantni izlagani safarga chiqish fikri kelgan edi, lekin xotini bilan uzoq vaqt ayrilishni istamagani uchungina buni oldinroq ayta olmadi. Endi, kapitan Grantni axtarish taklifini Elenning o‘zi o‘rtaga tashlagandan keyin hech qanday ikkilanishga o‘rin qolmadi. Malkolm-Kestldagi xizmatkorlar bu taklifni shodlik bilan tabriklashdi, – axir gap xuddi ular kabi shotlandiyaliklarni qutqarish to‘g‘risida borayotgan edi-da. Shuning uchun Glenarvan ularning Elen sharafiga aytayotgan «ura» xitoblariga butun yurakdan qo‘shildi.
Yo‘lga chiqish masalasi hal bo‘lgandan keyin bir soatni ham bekor o‘tkazmaslik kerak edi. O‘sha kuniyoq Glenarvan Jon Manglsga «Dunkan»ni Glazgoga keltirish va unda janubiy dengizlarda suzish uchun barcha tayyorgarliklarni ko‘rish to‘g‘risida buyruq berdi; bu ekspeditsiya butun dunyo sayohatiga ham aylanib ketishi mumkin edi. Shuni ham aytish kerakki, «Dunkan»da sayohatga chiqishni taklif qilar ekan, Elen kemaning layoqatiga baho berishda yanglishmagan edi. Bu juda pishiq va tezyurar kema uzoq dengiz sayohatlariga bemalol chidash bera olardi.
«Dunkan» ikki yuz o‘n tonna hajmdagi, bug‘ kuchi bilan yuradigan ajoyib kema edi, vaholanki, Amerika qirg‘oqlariga yetib borgan dastlabki kemalar – Kolumb, Vespuchchi va Magellanning kemalari bunga nisbatan ancha kichik hajmda edi[20 - Xristofor Kolumb Amerikaga to‘rtinchi marta sayohat qilganda to‘rt kemada borgan edi. Bu kemalardan eng kattasi – Kolumbning o‘zi tushgan karavella yetmish tonna hajmli, eng kichigi esa ellik tonna hajmdagi kema edi. Ular faqat qirg‘oq bo‘ylab suzishga yaraydigan kemalar edi, xolos (Muallif izohi).].
«Dunkan»ning ikkita machtasi: marsel[21 - Marsel – machtadagi pastdan ikkinchi yelkan.] va bram-stengali fok-machta[22 - Bram-stenga – stenga (machtaning yuqori qismi; u machtaning pastki asosiga ulangan bo‘ladi)ning davomi. Fok-machta – kemaning oldingi machtasi.], kontr-bizan va flagshtokli grotmachtasi bor edi; bulardan tashqari kemada uchburchakli yelkan – fok-staksel, katta va kichik kliverlar, shuningdek shtangaga[23 - Shtanga – uzun metall sterjen.] o‘rnashtirilgan yelkanlar ham bor edi. Xullas, «Dunkan» oddiy kliperdan[24 - Kliper – uch machtali, tez yurar yelkanli kema.] sira qolishmasdan suza olish darajadagi yelkanga ega edi.
Lekin, albatta, kemaning mexanik kuchi – par mashinalariga hammasidan ko‘proq tayanish mumkin edi. Eng yangi sistema asosida ishlanib, peregrevatellar bilan jihozlangan, bir yuz oltmish ot quvvatiga ega bo‘lgan bu mashinalar ikki qavat vintni harakatga keltirar edi. Barcha yelkanlarini ochib yurganda «Dunkan» o‘sha vaqtga qadar sira ko‘rilmagan tezlikda suza olardi. Sirasini aytganda, Klayd qo‘ltig‘ida sinovdan o‘tayotgan paytda «Dunkan»dagi patent-lag[25 - Patent-lag – strelka yordamida kemaning harakat tezligini ko‘rsatadigan siferblatli asbob.] kemaning tezligi soatiga o‘n yetti dengiz miliga[26 - Dengiz mili 1852 metrga baravar.] yetganini ko‘rsatdi.
«Dunkan» hatto dunyo sayohatiga ham bemalol chiqa olardi, albatta.
Jon Mangls kemani ichki tomondan jihozlasa bo‘lgani edi. U eng oldin ko‘proq ko‘mir g‘amlab olish uchun ko‘mirxonalarni kengaytirdi, chunki yo‘lda kemaga ko‘mir topish oson emas edi. Kema kambuzi[27 - Kambuz – oshxona.] zaxiralarini to‘ldirishga ham u alohida e’tibor berdi. U ikki yilga yetadigan oziq-ovqat g‘amlab oldi. To‘g‘ri u pulga muhtojlik sezmasdi; uning qo‘lidagi puli hatto durustgina bir to‘p sotib olib, kemaning tumshuq tomoniga o‘rnatishga ham yetdi. Yo‘lda nimalar yuz berishini kim biladi deysiz!
Shuni ham aytish lozimki, Jon Mangls o‘z ishiga mohir dengizchi edi, hozirda u faqat yaxtaga qo‘mondonlik qilayotgan bo‘lsa ham, lekin Glazgoda eng yaxshi shkiperlardan[28 - Shkiper – savdo kemasining kapitani; dengiz kemasida: xo‘jalik boshlig‘i.] hisoblanardi. U o‘ttizga kirgan edi. Uning biroz xunuk yuzidan mard va olijanob yigit ekani ko‘rinib turardi. Uni yosh bolaligida Malkolm-Kestlga keltirgan edilar. Glenarvanlar oilasi uni o‘qitib tarbiyaladi va ajoyib dengizchi qilib yetishtirdi. U bir necha marta uzoq dengiz sayohatlariga chiqqan, o‘shanda o‘zining butun dengizchilik san’atini, g‘ayrati va sovuqqonligini ko‘rsatgan edi. Glenarvan «Dunkan»ga qo‘mondonlik qilishni taklif qilganda, u bajonidil rozi bo‘ldi, chunki Malkolm- Kestlning xo‘jayinini o‘z akasidek yaxshi ko‘rar, unga o‘zining sodiq ekanini ko‘rsatishga doim tayyor edi.
Jon Manglsning yordamchisi Tom Ostin bahazur ishonish mumkin bo‘lgan eski dengizchi edi. Kapitan bilan uning yordamchisini ham qo‘shib hisoblaganda «Dunkan»ning komandasi yigirma besh kishidan iborat edi. Ularning hammasi Dumbarton grafligidan bo‘lib, tajribali va saralangan dengizchilar edi. Ular kemada ham mard shotlandlar klani[29 - Klan – oila, urug‘.] tashkil qilgandek edilar. Ular orasida hatto traditsion piperbag[30 - Piper-bag – polk surnaychilari (Muallif izohi).] ham bor edi. Shunday qilib, kema komandasi Glenarvanga sodiq, o‘z ishiga juda berilgan, tajribali, qurol tutishni bilgan eng qaltis ekspeditsiyalarda ham ish bera oladigan, mard dengizchilardan iborat edi. «Dunkan» komandasi kemaning qanday safarga chiqishidan darak topganda dengizchilar o‘z quvonchlarini hech qayerga sig‘dirolmay, qattiq aytilgan «ura» sadolari bilan Dumbarton qoyalarini larzaga keltirdilar.
«Dunkan»ga ko‘mir va oziq-ovqat ortish ishiga g‘ayrat bilan kirishgan Jon Mangls Eduard va Elen Glenarvanlarning kayutalarini uzoq safarga tayyorlashni ham unutmadi. Shuningdek, u kapitan Grantning bolalari uchun ham kayutalar hozirlab qo‘yishi lozim edi – axir, Elen Merining bu ekspeditsiyada ishtirok etish to‘g‘risidagi iltimosini rad qilolmas edida. Kichkina Robert esa qirg‘oqda qolgandan ko‘ra tryumga yashirinib olishni afzal ko‘rgan bo‘lardi. Shunday yigitchani tashlab ketib bo‘larmidi! Bunga urinishmadi ham. Shuningdek, Robertning yo‘lovchi qilib emas, balki kema komandasi sostaviga a’zo qilib olish to‘g‘risidagi talabiga ham rozi bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Unga dengizchilik ishlarini o‘rgatish Jon Manglsga topshirildi.
‒ Yashasin! – dedi Robert. – Agar men biror ishni o‘rniga keltirib qilolmasam, kapitan meni ayamay qamchin[31 - Ingliz flotida matroslarni jazolash uchun ko‘pincha qamchin ishlatilar edi (Muallif izohi).] bilan savalasin.
‒ Unisidan xotirjam bo‘l, o‘g‘lim, – dedi Glenarvan jiddiy tusda, ammo u «Dunkan»da qamchin bilan jazolash taqiqlangani to‘g‘risida hech narsa, demadi.
«Dunkan»dagi yo‘lovchilar ro‘yxatini tugallash uchun mayor Mak-Nabbsni ham eslatib o‘tish lozim. U elliklarga kirgan, chiroyli va xotirjam yuzli, ajoyib tabiatli, kamtarin, indamas, beozor va soddadil kishi edi. Mak-Nabbsni qayerga boshlasangiz ketaverar, hech vaqt birov bilan tortishib o‘tirmas, hech kim bilan aytishmas, aslo achchig‘lanmas edi. U xarob etilgan transheyalarga ham o‘z yotoqxonasiga chiqayotgandek bamaylixotir ko‘tarilar, uni hech narsa, hatto bomba ham hayajonga keltirolmas va yo‘lidan qaytarolmas edi; u butun umrida bir marta ham achchig‘lanmay o‘lib ketsa kerak. Mak-Nabbs faqat jismoniy jihatdan baquvvat bo‘lgan kishilarga xos jangovar jasoratga, jismoniy quvvatgagina emas, balki bundan ham qimmatliroq bo‘lgan fazilatga, ya’ni bukilmas ma’naviy quvvatga ham ega edi. Uning birdan-bir kamchiligi butun borligi bilan shotlandiyalik bo‘lishi, shotlandiyalik ham emas Kaledoniyaning chin farzandi bo‘lishi, o‘z vatanining qadimiy urf-odatlariga qattiq amal qilishi edi. Shuning uchun u hech vaqt Angliyaga xizmat qilishni istamadi, o‘zining mayorlik unvonini esa komanda sostavi nuqul shotlandiyalik dvoryanlardan iborat bo‘lgan 42-gvardiyachi tog‘ polkida oldi. Mak-Nabbs Glenarvanning yaqin qarindoshi bo‘lgani uchun Malkolm-Kestlda yashardi, mayor bo‘lgani tufayli esa «Dunkan»da safarga chiqishni tabiiy deb topdi.
Kutilmagan sabablarga ko‘ra zamonamizning eng ajoyib sayohatlaridan biriga otlanayotgan kemaning yo‘lovchilari ana shunday kishilar edi.
«Dunkan» Glazgodagi paroxod pristanida paydo bo‘lgan paytdan boshlab hammaning diqqatini o‘ziga tortdi. Har kuni odamlar to‘p-to‘p bo‘lib uni tomosha qilishar edi: hamma «Dunkan» to‘g‘risida gapirar, unga qiziqar edi. Bu esa ko‘p kapitanlarga xush kelmas, shu jumladan, pristanda «Dunkan» bilan yonma-yon turgan va Kalkutta safariga tayyorlanayotgan «Shotlandiya» nomli ko‘rkam paroxodning kapitani Bertonga ham yoqmas edi. Haqiqatan ham bu kattakon paroxodning kapitani o‘zining kichkina qo‘shnisi «Dunkan»ni nazar-pisand qilmaslikka haqli edi. Shunga qaramay, xalqning kundan-kun oshib borayotgan nazar-e’tibori Glenarvanning kemasiga qaratilmoqda edi.
«Dunkan»ning jo‘nab ketish payti yaqinlashib kela boshladi. Jon Mangls mohir va g‘ayratli kapitan ekanini ko‘rsatdi. Kema Klayd qo‘ltig‘ida sinovdan o‘tgan kundan bir oy keyin ko‘mir, oziq-ovqat bilan ta’minlanib, uzoq safarga zarur bo‘lgan barcha asbob-uskuna bilan jihozlangach, «Dunkan» dengizga chiqishga tayyor edi. 25-avgustda jo‘nab ketadigan bo‘ldilar. Demak, kema janubiy kengliklarga taxminan bahorning boshlanishiga yetib borar edi.
Glenarvanning rejasi odamlarga ma’lum bo‘lib qolgach, ko‘p kishilar uni bunday sayohatning qiyin va xavfli ekani to‘g‘risida ogohlantira boshladilar. Lekin Glenarvan bu so‘zlarga zarracha ham e’tibor bermadi, u kapitan Grantni topib kelish maqsadidan aslo qaytmadi. Glenarvanning bu ishini qoralagan kishilarning ko‘pi ayni vaqtda ichdan unga qoyil bo‘lardilar. Borib-borib, butun afkor-omma ochiqdan-ochiq Glenarvanni yoqlab chiqdi, shuning uchun ham hukumat gazetalaridan tashqari barcha matbuot admiralteystvodagi lordlarni bir og‘izdan qoraladi. Glenarvan esa maqtovlarga ham, qoralashlarga ham e’tibor bermasdi – u o‘zining burchi deb hisoblagan ishni amalga oshirmoqda, boshqasi bilan uning nima ishi bor?
24-avgustda Glenarvan, Elen, mayor Mak-Nabbs, Meri va Robert Grantlar, kema styuardi[32 - Styuard – bufetchi.] mister Olbinet, uning Elen Glenarvanga xizmat qiluvchi xotini missis Olbinet Malkolm-Kestldan jo‘nab ketishdi. Glenarvan oilasiga sodiq bo‘lgan xizmatkorlar ularga butun yurakdan oq yo‘l tilab, xayrlashdilar.
Bir necha soatdan so‘ng sayohatchilar «Dunkan» bortiga chiqdilar. Tinch, rohat turmushidan kechib, halokatga uchragan baxtsizlarni qutqarishga oshiqqan mard xotin Elenni Glazgo aholisi mehr bilan qizg‘in tabrikladi.
Glenarvan bilan Elenga ajratilgan kayutalar «Dunkan»ning yut qismida bo‘lib, ikki yotoqxona, mehmonxona va kiyinibyuvinish uchun ajratilgan ikkita kichkinagina bo‘lmadan iborat edi. So‘ngra kemada yana bir umumiy kayut-kompaniya bo‘lib, unga oltita kayutaning eshigi ochilar edi, undan beshtasini Meri va Robert Grantlar, mister va missis Olbinetlar va mayor Mak-Nabbs egallagan edilar. Jon Mangls bilan Tom Ostinning kayutalari kemaning tumshuq tomonida joylashgan bo‘lib, eshigi palubaga ochilardi. Komanda esa palubalar o‘rtasidagi kayutalarga joylashtirilgan edi; joy keng va butun qulayliklari bor edi, chunki kemada ko‘mir, oziq-ovqat va quroldan boshqa hech qanday yuk yo‘q edi. Shunday qilib, kapitanning ixtiyorida joy juda ko‘p edi, u esa bundan ustalik bilan foydalandi.
«Dunkan» 25-avgust erta tong soat uchlarda, suv qayta boshlaganda dengizga chiqishi kerak edi.
Kechqurun soat o‘n birda hamma kemada bo‘ldi. Kapitan bilan komanda jo‘nab ketish uchun oxirgi tayyorgarlik ishlarini ko‘ra boshladilar. Yarim kechada bug‘ qozonlariga o‘t yoqildi. Kapitan o‘tga tezroq ko‘mir tashlash to‘g‘risida buyruq berdi, ko‘p o‘tmay kema trubalaridan chiqqan qop-qora tutun tungi tumanga ulanib ketdi. Janubi-g‘arb shamoli esayotgani uchun yelkanlardan foydalanib bo‘lmas edi – dudlanib qolmasligi uchun ularni kanop g‘iloflar bilan yaxshilab o‘rab qo‘yildi.
Soat ikkida «Dunkan»dagilar bug‘ qozonlarining kuchi bilan kemaning titray boshlaganini sezdilar; manometr to‘rt atmosfera bosim kuchini ko‘rsatardi; qizib ketgan bug‘ klapanlar ostidan chiyillab otilib chiqa boshladi. Dengiz suvining ko‘tarilishi to‘xtadi, suvning qaytishidan oldingi vaqtincha tinish payti boshlandi. G‘ira-shira tong otib kela boshladi, Klayd daryosining farvateri, uning tong yorig‘ida xiralasha boshlagan baken[33 - Baken – suv yo‘llarida xavfli joylarni va kemalar yo‘lini ko‘rsatuvchi suzg‘ich.] chiroqlari ko‘rina boshladi. Yo‘lga chiqish payti keldi. Jon Mangls buni Glenarvanga xabar qilishni buyurdi. Glenarvan tez palubaga ko‘tarildi.
Ko‘p o‘tmay suv qayta boshladi. «Dunkan»ning qattiq hushtagi yangradi: kema bog‘lab qo‘yilgan qoziqlardan bo‘shatildi va qirg‘oqdan ajraldi. Vint ishga tushdi va «Dunkan» daryo farvateridan yo‘lga chiqdi. Jon lotsman[34 - Lotsman – kemalarga yo‘l ko‘rsatuvchi mutaxassis.] olmadi; Klayd daryosining farvaterini u juda yaxshi bilar, kemani ochiq dengizga hech kim undan yaxshiroq olib chiqa olmas edi. Kema o‘z kapitanining irodasiga bo‘ysunib, itoat bilan borardi. Kapitan ishonch bilan o‘ng qo‘lida mashinani va so‘l qo‘lida rulni boshqarar edi. Ko‘p o‘tmay qirg‘oqdagi eng so‘nggi zavodlar ham orqada qoldi, qirg‘oqdagi tepalar ustiga joylashgan villalar ko‘zga tashlana boshladi. Shahar shovqini orqada qoldi.
Bir soatdan so‘ng «Dunkan» Dumbarton qoyalari oldidan o‘tdi; ikki soatdan so‘ng u Klayd qo‘ltig‘iga yetib bordi… Ertalab soat oltida esa «Dunkan» ochiq dengizga chiqib oldi.
Oltinchi bob
OLTINCHI KAYUTADAGI YO‘LOVCHI
Safarning birinchi kuni dengiz ancha notinch edi; kechga borib shamol yana biroz kuchaydi. To‘lqinlar «Dunkan»ni kuchligina chayqar edi. Shuning uchun ayollar palubaga chiqmadilar. Ular kayutalardagi koykalarda yotar edilar.
Ertasiga shamolning yo‘nalishi bir qadar o‘zgardi. Kapitan Jon Mangls fok, kontr-bizan va kichik marsel yelkanlarini ochishni buyurdi. Shundan so‘ng «Dunkan»ning chayqalishi kamaydi. Elen bilan Meri Grant ertalab palubaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Glenarvan, mayor va kapitan ham shu yerda edilar.
Quyoshning chiqib kelishi juda jozibador edi. Kattakon oltin doiraga o‘xshagan quyosh nihoyatda katta galvanik vannadan ko‘tarilib kelayotgandek edi. «Dunkan» zarrin nurlar ustidan suzib borar, uning yelkanlarini shamol emas, quyosh nurlari kelib yoyayotgandek tuyulardi.
Kema yo‘lovchilari quyoshning ko‘tarilib kelishini indamay turib tomosha qildilar.
Nihoyat bu jimlikni Elen buzdi.
‒ Qanday go‘zal manzara-ya! – dedi u. – Quyoshning bunday chiqishi kunning yaxshi bo‘lishidan darak beradi. Faqat shamol o‘z yo‘nalishini o‘zgartirmay, orqadan esib tursa bo‘lgani!
‒ Bundan yaxshi shamolni orzu qilish ortiqcha, azizim Elen, – dedi Glenarvan, – sayohatimizning bunday muvaffaqiyatli boshlanishidan mamnun bo‘lishimiz kerak.
‒ Azizim Eduard, biz manzilga qancha vaqtda yetamiz?
‒ Buni faqat kapitan Jon ayta oladi, – dedi Glenarvan. – Qalay ketyapmiz, Jon? Kemangizdan xursandmisiz?
‒ Juda xursandman, ser. «Dunkan» juda yaxshi kema, bunday kemada suzgan har bir dengizchi o‘zini baxtiyor sezadi. Mashina ham, korpus ham bir-biriga juda mos tushgan. Shuning uchun kema to‘lqinlarni osongina yorib o‘tib, orqada tekis iz qoldirib kelmoqda. Biz hozir soatiga o‘n yetti dengiz milyasi tezligida ketyapmiz, agar bu tezlik kamayib qolmasa, o‘n kundan keyin ekvatordan o‘tamiz, besh haftaga ham qolmay Gorn buruniga yetib boramiz.
‒ Eshitdingizmi, Meri? Besh haftaga ham qolmay! – dedi qizga qarab Elen.
‒ Eshitdim, xonim, – deb javob berdi Meri. – Kapitanning bu so‘zlarini eshitib, yuragim gupullab urib ketdi.
‒ Dengiz sayohatida o‘zingizni qalay his qilyapsiz, Meri? – deb so‘radi undan Glenarvan.
‒ U qadar yomon his qilayotganim yo‘q, ser. Hademay dengizga butunlay o‘rganib olaman.
‒ Kichkina Robertimiz-chi?
‒ Robertmi?! – deb gapga aralashdi Jon Mangls. – Agar u hozir mashina bo‘limida bo‘lma-sa, machtaga chiqib olgani aniq. Bu yigitcha dengiz kasalining nima ekanini mutlaqo bilmaydi… Ana, o‘zingiz bir tomosha qiling-a. Qayerga chiqib olganini ko‘ryapsizmi?
Hamma kapitan qo‘li bilan ko‘rsatayotgan tomonga – fok-machtaga qaradi: Robert palubadan yuz futcha balandlikda bram-stengoning arqonlarida osilib turardi. Meri beixtiyor titrab ketdi.
‒ Xotirjam bo‘lavering, miss! – deb unga tasalli berdi Jon Mangls. – Uning yiqilib tushmasligiga men kafilman. Tez orada men yigitchani jasur dengizchi sifatida kapitan Grantga taqdim qilishga so‘z beraman, men hurmatli kapitanni topishimizga zarracha ham shubha qilmayman.
‒ Koshki edi shunday bo‘lsa! – deb javob qildi qiz.
‒ Umidimiz katta, miss Meri, – dedi Glenarvan. – Ishimiz muvaffaqiyatli boryapti. Bizning bu olijanob maqsadimizni amalga oshirishga bel bog‘lagan mana bu azamatlarga bir qarang. Ular bilan biz albatta maqsadga erishamiz, erishganda ham ko‘p qiynalmasdan erishamiz. Men Elenga ko‘ngil ochish sayohatiga olib boraman, deb va’da qilgan edim, bu va’damni amalga oshiraman deb ishonaman.
‒ Eduard, siz bebaho odamsiz! – dedi Elen Glenarvan.
‒ Yo‘q, aslo, lekin mening komandam – komandalarning, kemam esa – kemalarning eng yaxshisi. Nahotki, siz bizning «Dunkan»ga qoyil qolmagan bo‘lsangiz, miss Meri!
‒ Juda qoyilman, ser, – deb javob berdi qiz, – qoyil bo‘lganda ham dengizchilik ishlariga tushunadigan kishi sifatida qoyilman.
‒ Rosti bilan-a?!
‒ Men hali yosh bola ekanimdayoq otamning kemalarida o‘ynab yurar edim. U meni dengizchi qilib yetishtirishi kerak edi. Lozim bo‘lib qolsa, men hozir ham yelkan ochish ishlarini bajara olaman.
‒ Rostdan ham-a, miss? – deb xitob qildi Jon Mangls.
‒ Unday bo‘lsa, – dedi Glenarvan, – siz kapitan Jon bilan juda do‘stlashib ketasiz, chunki u dunyoda dengizchilik hunarini hammadan ham yuksak qo‘yadi. Hatto ayollar uchun ham bundan yaxshi ish yo‘q deb hisoblaydi. Shunday emasmi, Jon?
‒ Juda to‘g‘ri aytdingiz, ser, – deb javob berdi yosh kapitan, – shunday bo‘lsa ham men miss Grantning yelkan yozishdan ko‘ra kayutada tinchgina o‘tirganini afzal ko‘raman. Shunga qaramay missning boyagi so‘zlari menga juda yoqib tushdi.
‒ Ayniqsa «Dunkan»ga qoyil bo‘lib turganda, a?.. – deb qo‘shib qo‘ydi Glenarvan.
‒ U bunga loyiq kema, – deb javob berdi Jon Mangls.
‒ Rostimni aytsam, siz kemani shunday maqtab yubordingizki, men uni boshdan-oyoq, to tryumlarigacha ko‘zdan kechirgim kelib qoldi, – dedi Elen. – Shu bilan birga azamat matroslarimiz qanday joylashganlarini ham ko‘rib kelamiz.
‒ Ular juda yaxshi o‘rnashib olishgan, – dedi Jon Mangls: – xuddi o‘z uyidagiday.
‒ Ular haqiqatan ham o‘z uylaridalar, azizim Elen, – dedi Glenarvan. – Axir bu kema – o‘z yurtimizning bir qismi, Dumbarton grafligining okean to‘lqinlarida suzib ketayotgan bir bo‘lagi-da! Biz o‘z vatanimizdan ketganimiz yo‘q: «Dunkan» – Malkolm-Kestlning xuddi o‘zi.
Elen:
‒ Azizim Eduard, bo‘lmasa bizga o‘z qasringizni bir ko‘rsating, – deb hazil qildi.
‒ Jonim bilan! – dedi Glenarvan. – Lekin oldin Olbinetga ikki og‘iz so‘z aytishga ruxsat etsangiz.
«Dunkan»ning bufetchisi Olbinet o‘z ishiga nihoyatda mohir kishi bo‘lib, o‘z vazifasini jon-dili bilan, juda o‘rinlatib bajarar edi. U xo‘jayinining chaqirganini eshitib, darhol yetib keldi.
Glenarvan, go‘yo gap qasrning atrofida sayr qilish to‘g‘risida borayotgandek, Olbinetga dedi.
‒ Olbinet, biz ovqatdan oldin biroz sayr qilib kelmoqchimiz. Biz qaytganda ovqat stol ustiga taxt qilib qo‘yilgan bo‘ladi deb umid qilaman.
Olbinet g‘urur bilan bosh egdi.
‒ Biz bilan borasizmi, mayor? – deb so‘radi Mak-Nabbsdan Elen.
‒ Buyursangiz, boraveraman, – deb javob berdi mayor.
‒ Mayor hozir, o‘z sigarasining tutuniga qarab zavq qilib o‘tiribdi, – deb gapga aralashdi Glenarvan, – qo‘yinglar, uning rohatini buzmaylik. Bilasizmi, miss Meri, bizning mayor chekishga nihoyatda berilgan odam – hatto uyqusida ham sigarasini og‘zidan qo‘ymaydi.
Mayor to‘g‘ri degandek qilib bosh silkitdi. Undan boshqa hamma kubrikka[35 - Kubrik – kemada komanda joylashadigan umumiy xona.] tushib ketdi.
Palubada yolg‘iz qolgach Mak-Nabbs o‘z odati bo‘yicha atrofini quyuq tutun bilan qoplab, o‘zi bilan o‘zi suhbat qilishga kirishdi. U qimirlamay turar va kemaning orqasida qolayotgan ko‘piklangan izni tomosha qilardi. Bir necha minut indamasdan turib tomosha qilgandan so‘ng orqasiga o‘girilib qaradi-yu, ko‘zi notanish bir kishiga tushdi. Agar biror narsa mayorni taajjubga sola oladigan bo‘lganda edi, hozir u bu odamni ko‘rib taajjublangan bo‘lardi, chunki qarshisidagi bu odam unga mutlaqo notanish edi.
Bu notanish kishi qirq yoshlar chamasidagi baland bo‘yli, qotmadan kelgan odam edi. U qattiq qalpoqli uzun mixga o‘xshardi. Kallasi katta va dumaloq, peshonasi keng, burni uzun, og‘zi katta, dahani o‘tkir. Katta dumaloq ko‘zoynak orqasiga yashiringan ko‘zlarining qarashi kechasi ham kunduzgidek bahuzur ko‘raveradigan kishining boqishiga o‘xshardi. Basharasidan aqlli va quvnoq odam ekanligi ko‘rinib turar edi. U o‘zining mayda va miskin odam ekanini jiddiylik niqobi ostiga yashirishga tirishib, mutlaqo kulmay, doim gerdayib yuradigan odamlarga aslo o‘xshamas, aksincha, o‘zini erkin va samimiy tutishi bu noma’lum kishining odamlardagi va narsalardagi yaxshi jihatlarni ko‘rishga moyil ekanidan darak berardi. U hali bir og‘iz so‘z aytmagan bo‘lsa ham suhbatni sevadigan odam ekani ko‘rinib turardi. U qarab turgan narsasini ko‘rmaydigan va unga aytilayotgan so‘zlarni eshitmaydigan parishon kishilarni eslatardi. Notanish kishi boshiga safar shapkasi, oyog‘iga pishiq sariq botinka va charm getr kiygan edi. Egniga qo‘ng‘ir baxmal shim va xuddi shunday kurtka kiygan, kurtkasining son-sanoqsiz cho‘ntaklari liq to‘la ekanligini sezish qiyin emasdi, chunki ulardan har xil yon daftarchalar, bloknotlar, karmonlar, xullas, yonda olib yurish sira ham zarur bo‘lmagan har xil ortiqcha narsalar ko‘rinib turardi. Uzun tasmasini yelkasidan oshirib ilib olgan dengizchilar trubasi ham bor edi.
Bu noma’lum kishining betinchligi bilan mayorning xotirjamligi bir-birining butunlay aksi edi. U Mak-Nabbsning atrofida gir aylanar, uni ko‘zdan kechirar, unga savol nazari bilan qarar edi, mayor esa, aftidan, bu janobning qayerdan paydo bo‘lib qolgani, qayoqqa ketayotgani va «Dunkan»ga qanday tushib qolganiga mutlaqo qiziqmas edi.
Notanish kishi o‘zining barcha urinishlari mayorning xotirjamligi oldida bekor ketgach, yelkasiga osib olgan durbinini qo‘liga oldi – uzuniga yozib yuborganda bu durbin to‘rt futga yetardi, – u oyoqlarini kerib yo‘l yoqasidagi simyog‘ochdek qotib turgan holda dengiz bilan osmon birlashib ketgan ufqni ko‘zdan kechira boshladi. Shu tarzda besh minutcha dengizni tomosha qilgandan keyin u durbinini palubaga qo‘ydi-da, hassaga tayangandek unga suyandi; lekin trubasining qismlari biri-birining ichiga kirib ketib, birdan yig‘ilib qolgan edi, yangi yo‘lovchi tayanch nuqtasini yo‘qotib, grot-machta oldiga uzala yiqilishiga oz qoldi.
Mayordan boshqa odam bo‘lganda juda bo‘lmasa jilmayib qo‘ygan bo‘lardi, lekin u pinagini ham buzmadi. Shundan so‘ng notanish odam ishga kirishdi.
– Styuard! – deb qichqirdi u, ajnabiylarga xos talaffuz bilan.
Lekin hech kim kelmadi.
‒ Styuard! – deb qattiqroq chaqirdi u.
Mister Olbinet shu payt kambuzga o‘tib ketayotgan edi. U noma’lum bir novcha kishi o‘zini bunday odobsizlik bilan chaqirayotganini ko‘rib, shunday ham hayron qoldiki, asta qo‘yaverasiz!
«U qayerdan kelib qoldiykin? – deb o‘ylar edi Olbinet. – Mister Glenarvanning bironta do‘stimikin? Yo‘q-e!»
U notanish kishining oldiga keldi.
‒ Siz shu kemaning styuardi bo‘lasizmi?
‒ Ha, ser, lekin men sizni…
Lekin noma’lum yo‘lovchi uning so‘zini birdaniga shart kesdi:
‒ Men oltinchi kayutadagi yo‘lovchiman, – dedi u.
‒ Oltinchi kayuta yo‘lovchisi? – deb takror so‘radi Olbinet.
‒ Ha, ha! Sizning ismingiz nima?
‒ Olbinet.
‒ Gap bunday, do‘stim Olbinet, – dedi oltinchi kayutali notanish kishi, – menga biroz ovqat bersangiz bo‘lardi, lekin tezroq. Men o‘ttiz olti soatdan beri og‘zimga hech narsa olganim yo‘q, to‘g‘rirog‘i, men o‘ttiz olti soat qimir etmay uxladim, bu esa Parijdan Glazgoga hech qayerda to‘xtamay yetib kelgan odam uchun yo‘l qo‘yiladigan narsa. Aytingchi, bu kemada nonushta soat nechada bo‘ladi?
‒ To‘qqizda, – deb javob berdi hech o‘ylamasdan Olbinet.
Notanish kishining soatga qaragisi kelib qoldi, lekin bu ancha vaqtni oldi, chunki u soatini faqat to‘qqizinchi cho‘ntagidan topdi.
‒ Juda soz. Lekin hali sakkiz ham bo‘lmapti-ku! Unday bo‘lsa, Olbinet, nonushtagacha menga biskvit bilan bir stakan cherri bera turing – ochimdan o‘lar holdaman.
Olbinet hech narsaga tushunmay, unga quloq solib turar, notanish kishi esa bir mavzudan ikkinchiga o‘tib to‘xtovsiz gapirar edi.
‒ Xo‘sh, kapitan qani? Hali turgani yo‘qmi? Uning yordamchisi-chi? U ham uxlab yotibdimi? – deb bidirlardi notanish kishi. – Baxtimizga, havo ochiq, shamol orqadan esmoqda, kema juda yaxshi suzib bormoqda.
Xuddi shu payt yutdagi zinadan Jon Mangls chiqib keldi.
‒ Kapitan mana shu kishi bo‘ladi, – dedi Olbinet.
‒ Oh, juda baxtiyorman! – dedi notanish kishi. – Siz bilan tanishganimga juda xursandman, kapitan Berton!
Jon Manglsning hayronligi cheksiz edi. U o‘zini kapitan Berton deb ataganlari uchungina emas, balki o‘z kemasida butunlay noma’lum odamning paydo bo‘lib qolganidan ham hayron edi.
Notanish kishi esa hamon shirin so‘zlarni yog‘dirib tashlamoqda edi:
‒ Qo‘lingizni qisishga ijozat bersangiz, – dedi u. – Buni bundan uch kun oldin qilmaganimga sabab, safarga chiqish oldidan hech kimni bezovta qilmay deb o‘ylaganimdan edi. Lekin bugun men siz bilan tanishish sharafiga erishganim uchun behad xursandman, kapitan.
Jon Mangls ko‘zlarini katta ochib, hayronlik bilan goh Olbinetga, goh notanish kishiga qarar edi.
‒ Mana, tanishib ham oldik, bundan buyoq qadrdon do‘st bo‘lamiz, qimmatli kapitan, – deb so‘zida davom etdi notanish kishi. – Keling, endi u yoq-bu yoqdan otamlashaylik. Aytingchi, siz o‘z «Shotlandiya»ngizdan mamnunmisiz?
‒ Qaysi «Shotlandiya» to‘g‘risida gapiryapsiz? – deb so‘radi nihoyat Jon Mangls.
‒ Siz bilan bir ketayotgan «Shotlandiya» paroxodi to‘g‘risida-da. Ajoyib kema. Menga uning tashqi sifatlarini ham, uning hurmatli komandiri ajoyib kapitan Bertonning yuksak axloqini ham rosa maqtashdi. Ha, aytgandek, siz jasur Afrika sayyohi Bertonning qarindoshi emasmisiz? Agar shunday bo‘lsa, mening qizg‘in tabriklarimni qabul etgaysiz.
‒ Ser, men sayyoh Bertonning qarindoshi ham emasman, kapitan Berton ham emasman, – deb javob berdi Jon Mangls.
‒ Ha-a… – dedi cho‘zib notanish kishi, – demak, men kapitan Bertonning yordamchisi mister Berdnes bilan gaplashayotgan ekanman-da-a!
‒ Mister Berdness dedingizmi? – deb takror so‘radi Jon Mangls.
U endi masalaga tushuna boshlagan, lekin qarshisidagi kishining qanday odam ekanini: biror ahmoq odammi yo shunchaki devonatabiat kishi ekanini aniqlay olmay turgan edi. Yosh kapitan bu masalani endi uzil-kesil hal qilmoqchi bo‘lib turgan ediki, palubaga Glenarvan, uning rafiqasi va miss Grant chiqib kelishdi.
Notanish kishi ularni ko‘rib, qichqirib yubordi:
‒ A, yo‘lovchilar! Juda soz! Mister Berdnes, meni ular bilan tanishtirib qo‘yarsiz deb umid qilaman…
Ammo o‘zi Jon Manglsning tanishtirishini ham kutmay bemalol yurib, o‘rtaga chiqdi.
‒ Missis… – dedi u miss Grantga. – Missis… – dedi u Elenga. – Ser… – deb qo‘shib qo‘ydi u Glenarvanga qarab.
‒ Mister Glenarvan, – deb tanitdi Jon Mangls.
‒ Ser, – deb davom qildi notanish kishi, – sizlar bilan o‘zim tanishayotganim uchun kechirim so‘rayman, lekin, o‘ylashimcha, dengizda nazokat qoidalaridan biroz chetga chiqilsa ham zarari bo‘lmasa kerak. Umidvormanki, biz tez do‘stlashib ketamiz va bu xonimlar bilan birga «Shotlandiya» kemasidagi safarimiz ham ko‘ngilli, ham qisqa ko‘rinadi.
Na Elen, na miss Grant bunga javob berishga so‘z topolmadilar. Ular bu notanish kishining «Dunkan» palubasida qanday paydo bo‘lib qolganiga sira tushunolmas edilar.
‒ Ser, – deb unga murojaat qildi Glenarvan, – men kim bilan suhbatlashish sharafiga muyassarman?
‒ Parij geografiya jamiyatining sekretari, Berlin, Bombay, Darmshtadt, Leypsig, London, Peterburg, Vena, Nyu-York geografik jamiyatlarining korrespondent a’zosi, shuningdek qirollikning sharqiy Hindistondagi geografiya va etnografiya institutining faxriy a’zosi Jak-Eliasen-Fransua-Mari Paganel. Qarshingizdagi kishi o‘z kabinetida o‘tirib yigirma yil ishlagandan keyin, nihoyat geografiya fani bilan amalda shug‘ullanishga qaror qilib, buyuk sayyohlarning ilmiy asarlarini bir butun asarga birlashtirish maqsadida hozir Hindistonga jo‘nab ketyapti.
Yettinchi bob
JAK PAGANEL QAYERDAN PAYDO BO‘LDI-YU, QAYERGA KETAYOTGAN EDI
Geografiya jamiyatining sekretari, aftidan, juda yoqimtoy odam edi, chunki u yuqoridagi gaplarini g‘oyat nazokat bilan so‘zladi. Endi Glenarvan ham uni tanib qoldi: Jak Paganelning hurmatli ismi unga yaxshi tanish edi. Uning geografiyaga oid asarlari, geografiya jamiyatining byulletenlarida bosiladigan eng yaxshi kashfiyotlar to‘g‘risidagi dokladlari, deyarlik butun dunyo bilan xat olishib turishi – bularning hammasi Paganelni Fransiyaning eng ko‘zga ko‘ringan olimlardan biri darajasiga ko‘targan edi. Shuning uchun Glenarvan o‘zining kutilmagan mehmoniga samimiyat bilan qo‘l cho‘zdi.
‒ Endi, siz bilan tanishib olganimizdan so‘ng, janob Paganel, sizga bitta savol berishga ruxsat etsangiz, – dedi u.
‒ O‘nta savol bersangiz ham mayli, ser, – deb javob berdi Jak Paganel, – siz bilan suhbatlashish menga xush yoqadi.
‒ Siz kemaga bundan ikki kun oldin kechqurun chiqqansiz, shundaymi?
‒ Ha, ser, ikki kun oldin, kechqurun soat sakkizda. Poyezddan tushdim-u o‘zimni kebga[36 - Keb – bir otli izvosh.] urdim, kebdan tusha solib esa, to‘ppa-to‘g‘ri «Shotlandiya»ga chiqdim, hali Parijda ekanimizdayoq oltinchi kayutaga bilet buyurib qo‘ygan edim. Tun qop-qorong‘u edi. Men palubada hech kimni ko‘rmadim. O‘ttiz soatli yo‘l yurib, juda charchagandim, buning ustiga dengiz kasaliga mubtalo bo‘lmaslik uchun kemaga chiqqach, darhol yotib uxlash va dengiz sayohatining dastlabki kunlarida krovatdan turmaslik kerakligini bilardim, shu sabablarga binoan darhol kayutaga kirib yotib uyquga ketdim. Sizni ishontirib aytamanki, sof vijdon bilan rosa o‘ttiz olti soat qimirlamay uxladim!
Endi uning hikoyasini tinglab turganlarga Jak Paganelning «Dunkan»da qanday paydo bo‘lib qolgani ravshan bo‘ldi. Fransuz sayyohi qorong‘uda yanglishib, kemada deyarlik hech kim yo‘g‘ida «Dunkan»ga chiqib qolgan. Hamma gap oydin bo‘ldiqo‘ydi. Lekin o‘zi tushib qolgan kemaning nomini va qayoqqa ketayotganini bilgandan keyin geografiya olimi nima deyarkin?
‒ Janob Paganel, demak, siz Kalkuttaga borib tushmoqchisiz va quruqlikdagi sayohatingizni o‘sha yerdan boshlamoqchisiz, shundaymi? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Ha, ser. Men shu vaqtga qadar Hindistonni ko‘rishni orzu qilardim. Mana, nihoyat men ko‘ngildagi orzularimga yetadigan bo‘ldim!
‒ Demak, janob Paganel, siz Hindiston o‘rniga boshqa mamlakatga borib qolishga rozi bo‘lolmasdingiz, shundaymi?
‒ Bunga men rozi bo‘lmasdimgina emas, juda xafa ham bo‘lardim, chunki mening Hindiston general-gubernatori lord Sommerset nomiga yozilgan tavsiyanomalarim bor, buning ustiga geografik jamiyat menga vazifa topshirgan, men uni bajarishim kerak.
‒ Ha-a! Demak, vazifa topshirilgan deng?
‒ Ha, menga bitta foydali va juda qiziq ekspeditsiya tashkil qilish topshirilgan; ekspeditsiyaning plani mening olim do‘stim va hamkasabam janob Viven de-Sen-Marten tomonidan tuzilgan. Bu planga muvofiq men aka-uka sayyoh Shlaginvaytlar, polkovnik Vou, Vebb, Xodjon, missionerlardan Xuk va Gabe, Murkroft, Jyul Remi va ko‘pgina boshqa sayyohlarning izidan borishim kerak. Men 1846-yilda missioner Krik amalga oshirolmay qolgan vazifani bajarmoqchiman, ya’ni Himolay tog‘larni shimoliy tomonidan aylanib o‘tib, bir ming besh yuz kilometrli masofada Tibetni suv bilan ta’minlab turadigan Yaru-Dzangbo-Chu daryosining oqimini tekshirmoqchiman. Nihoyat, men bu daryoning Assamadan shimolisharqda Bramaputra daryosi bilan qo‘shilish-qo‘shilmasligini aniqlamoqchiman. Hindiston geografiyasi uchun g‘oyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu masalani hal qilib bergan sayyohga esa oltin medal berilishi aniq.
Paganelga qoyil bo‘lmay iloj yo‘q edi. U g‘oyat zavqlanib so‘zlar, qizg‘in tasavvuri qanot yozib, uni ko‘klarga ko‘tarib ketardi. Reyn shalolasining suvini to‘xtatib bo‘lmaganidek, so‘zlab turgan Paganelni ham to‘xtatishning sira iloji yo‘q edi.
‒ Janob Jak Paganel, – deb gap boshladi Glenarvan, mashhur olim bir minutgina tinchiganidan foydalanib, – siz aytgan sayohat, albatta, ajoyib sayohat, buning uchun fan sizdan g‘oyat minnatdor bo‘ladi. Lekin men endi sizdan haqiqatni yashirib o‘tirmoqchi emasman, endi siz vaqtinchalik bo‘lsa ham Hindiston safari to‘g‘risida o‘ylamay turishingiz kerak bo‘ladi.
‒ O‘ylamay turishim kerak? Nechuk?
‒ Chunki siz hozir Hindiston yarimoroliga tamom qarama-qarshi tomonga ketyapsiz.
‒ Nima! Kapitan Berton…
‒ Men kapitan Berton emasman, – deb javob berdi Jon Mangls.
‒ Axir «Shotlandiya»…
‒ Bu kema «Shotlandiya» emas!
Paganelning hayronligini tasvir qilib bo‘lmaydi, u navbati bilan tamomila jiddiy qarab turgan Glenarvanga, olimga achinib va xafa bo‘lib qarab turgan Elenga va Meri Grantga, kulumsirab turgan Jon Manglsga, pinagini buzmagan mayorga bir-bir qarab chiqdi, keyin peshonasidagi ko‘zoynagini burni ustiga tushirib, yelkasini qisib qo‘ydi-da:
‒ Bu qanday o‘rinsiz hazil! – dedi.
Lekin xuddi shu payt ko‘zi shturvaldagi yozuvga tushib qoldi, unga: «Dunkan, Glazgo», – deb yozib qo‘yilgan edi.
‒ «Dunkan!», «Dunkan!» – deb qichqirdi hayratda qolgan Paganel, so‘ng zinapoyadan otilib tushdi-da, o‘z kayutasiga qarab yugurdi.
Bechora olim ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilanoq mayordan boshqa hamma qah-qah urib kulib yubordi, hatto matroslar ham o‘zlarini tiya olmadilar. Temiryo‘lda poyezdni adashtirish, masalan, aytaylik, Dumbarton poyezdi o‘rniga Edinburg poyezdiga tushib qolish – bir nav edi-ya, lekin kemalarni adashtirib qo‘yish va Hindistonga jo‘nab ketish o‘rniga Chiliga qarab yo‘l olish, bu, endi o‘taketgan parishonlik edi!
‒ Lekin Jak Paganelning bu ishi meni aslo ajablantirmaydi, – dedi Glenarvan. – Paganel bunday sarguzashtlari bilan dong‘i chiqqan kishi, bir marta u Amerikaning ajoyib xaritasini nashr qildirganda unga Yaponiyani joylab qo‘yibdi. Lekin bu uning mashhur olim va Fransiyaning eng dongdor geograflaridan biri sifatida tanilishiga sira ham xalaqit berolmaydi.
‒ U bechorani endi nima qilamiz? – deb so‘radi Elen. – O‘zimiz bilan birga Patagoniyaga olib keta olmaymiz-ku, axir!
‒ Nima uchun olib ketolmas ekanmiz? – deb gap qistirdi Mak-Nabbs. – Uning parishonligiga biz javobgar emasmiz-ku? Yanglishib boshqa poyezdga tushib qolganda nima qilardi, uni to‘xtata olarmidi?
‒ To‘xtata olmas edi, lekin eng birinchi stansiyadayoq tushib qolgan bo‘lardi, – deb e’tiroz qildi Elen.
‒ Xohlasa yo‘lda uchragan dastlabki gavandayoq tushib qolishi mumkin, – dedi Glenarvan.
Shu payt yuklari shu paroxodda ekaniga ishonch hosil qilgan Paganel yana palubaga chiqdi. Uyalgan va xunobi chiqqan olim, go‘yo boshqa so‘z topolmagandek nuqul: «Dunkan», «Dunkan» deb takrorlar, kemaning machtalarini ko‘zdan kechirib, atrofda yastlanib yotgan bepoyon dengizga nazar tashlab, u yoqdan-bu yoqqa yurar edi. Nihoyat, u yana Glenarvan oldiga keldi.
‒ Bu, «Dunkan» qayoqqa ketyapti? – deb so‘radi u.
‒ Amerikaga, janob Paganel.
‒ Amerikaning qayeriga?
‒ Konsepsionga.
‒ Chiliga! Chiliga! – deb qichqirib yubordi sho‘rlik olim. – Mening ekspeditsiyam esa – Hindistonga edi! Markaziy komissiyaning prezidenti Katrfaj janoblari nima deydi endi? Kortamber janoblarichi! Viven de-Sen Marten janoblarichi! Men endi Geografik jamiyatning majlisida qay yuz bilan ko‘rinaman!
‒ Ko‘p xafa bo‘lavermang, janob Paganel, – deb unga tasalli bera boshladi Glenarvan, – hammasi to‘g‘rilanib ketadi, Hindistonga biroz kechikibroq yetib borasiz, xolos. Yaru-Dzangbo-Chu daryosi esa sizni Tibet tog‘larida kutib tura turadi. Biz ko‘p o‘tmay Madeyra orolida to‘xtaymiz, Yevropaga ketayotgan biror kemaga o‘tib olarsiz.
‒ Tasalli berganingiz uchun tashakkur, ser. Boshqa iloj ham yo‘qqa o‘xshaydi. Qarang-a, bundan ham qiziq ish bo‘lishi mumkinmi! Mendan bo‘lak hech kim bunday qilmas. «Shotlandiya»dagi buyurtirib qo‘ygan kayutamni aytmaysizmi…
‒ Endi «Shotlandiya»ni hozircha unutsangiz ham bo‘ladi.
‒ Lekin «Dunkan» ko‘ngil ochish sayohatiga chiqqan kema ko‘rinadi, – deb davom etdi Paganel, «Dunkanni» yana bir marta ko‘zdan kechirib.
‒ To‘g‘ri aytdingiz, ser, – deb javob berdi Jon Mangls, – u mister Glenarvanga qarashli kema…
‒ … u esa bu kemada mehmon bo‘lib qolishingizni iltimos qiladi, – deb uning so‘zini tugatdi Glenarvan.
‒ Ko‘pdan ko‘p rahmat, ser, – deb javob berdi Paganel. – Iltifotingiz uchun benihoyat xursandman. Lekin sizga oddiy bir fikr aytishga ruxsat etsangiz: Hindiston – ajoyib mamlakat, unda sayohatchilar har qadamda hech kutilmagan voqealar va mo‘jizalarga duch keladi. Xonimlaringiz u yerlarni ko‘rishmagan bo‘lsa kerak… Shunday bo‘lgandan keyin kapitan kemaning rulini bunday burib yuborsa, «Dunkan» Konsepsion o‘rniga Kalkuttaga qarab yo‘l oladi-qo‘yadi, sayohatingiz ko‘ngil ochish uchun uyushtirilgan bo‘lgandan keyin…
Lekin Paganel shu payt Glenarvanning, bu mumkin emas degandek bosh chayqatganini ko‘rdi-yu, gapi og‘zida qoldi.
‒ Janob Paganel – dedi Elen, – agar biz ko‘ngil ochish maqsadida sayohatga chiqqan bo‘lganimizda, men o‘ylabnetib o‘tirmay, sizga: «Kelinglar, hammamiz birga Hindistonga boramiz», deb javob bergan bo‘lardim, ishonamanki, ser Glenarvan ham bunga mutlaqo qarshi chiqmasdi. Lekin gap shundaki, «Dunkan» Patagoniya qirg‘oqlarida halokatga uchragan kishilarni o‘z vataniga qaytarish maqsadida Amerikaga ketyapti, shuning uchun u o‘zining bunday insonparvar maqsadidan kecholmaydi.
Bir necha minutdan keyin fransuz sayyohi hamma gapdan xabardor bo‘ldi. Hujjatlarning qanday qiziq ahvolda topilgani, kapitan Grantning butun tarixi va Elenning olijanoblik bilan qilgan taklifi to‘g‘risidagi hikoyalarni u hayajon bilan tingladi.
‒ Xonim, – dedi u Elenga qarab, – sizning himmatingiz va jasoratingizga men g‘oyat qoyil qoldim. Kemangiz o‘z yo‘lida davom etaversin! Men uni bir kun bo‘lsa ham yo‘ldan qo‘ysam, vijdon qiynog‘ida qolgan bo‘lardim.
‒ Demak, bizning ekspeditsiyamizga qo‘shilasiz, shundaymi? – deb so‘radi Elen.
‒ Sira ilojim yo‘q: men topshiriqni bajarishim kerak. Men sizlar birinchi to‘xtagan yeringizdayoq tushib qolaman.
‒ Demak, Madeyra orolida tushib qolasiz, – dedi Jon Mangls.
‒ Madeyra orolida bo‘lsa bo‘la qolsin, mayli. Men u yerda Lissabondan nihoyati bir yuz sakson milya masofada bo‘laman va biror kemaning kelishini kutib tura-turaman.
‒ Bo‘pti, janob Paganel, – dedi Glenarvan, – shunday qilamiz bo‘lmasa. Menga kelganda esa, shu bir necha kun ichida kemada mehmon bo‘lishingizga g‘oyat xursandman. Biz bilan juda ham zerikib qolmasangiz kerak, degan umiddamiz!
‒ Yo‘g‘-e, – dedi olim, – yanglishib, bu kemaga tushib qolganimga xursandman! Lekin, har holda, e’tirof etishim kerak. Hindistonga ketayotgan odamning Amerikaga yo‘l olishidan ham kulgili gap bo‘lmas.
Yuz bergan bu voqea qanchalik xunuk bo‘lmasin, Paganel Hindistonga kechikibroq borish fikriga ko‘nishga majbur bo‘ldi, chunki boshqa iloji yo‘q edi. Uning yoqimtoy, quvnoq va, albatta, parishon odam ekanligi ma’lum bo‘ldi, u o‘zining doimiy quvnoqligi bilan xonimlarni maftun qildi. Birinchi kunning o‘zidayoq Paganel hamma bilan do‘stlashib ketdi. U kapitan Grant haqidagi hujjatlarni ko‘rsatishni iltimos qildi, barcha ikir-chikirlarigacha nazardan qochirmay, diqqat bilan uzoq o‘rgandi va buni boshqacha izohlash mumkin emas degan fikrga keldi. U Meri Grant bilan ukasining holiga butun yurakdan achindi, otalari bilan albatta uchrashajaklariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga harakat qildi. U «Dunkan» ketayotgan ekspeditsiyaning muvaffaqiyat bilan tugashiga shunday ishonar, bu ishlarga shunday xushchaqchaqlik bilan qarar ediki, uning gaplarini tinglar ekan, qiz o‘zini tabassum qilishdan tiya olmasdi. Turgan gapki, vazifa topshirilgan bo‘lmaganda u ham hech so‘zsiz kapitan Grantni axtarish ishiga kirishib ketgan bo‘lardi.
Paganel, Elen mashhur sayyoh Vilyam Tuffnelning qizi ekanini eshitib, shunday ham iyib ketdiki, asti qo‘yavering! U Elenning otasini tanir edi. Qanday mard sayyoh edi u! Vilyam Tuffnel Parij geografik jamiyatining korrespondent a’zosi ekanida ular bir-birlariga qanchadan-qancha xat yozishgan edilar-u! Tuffnelni jamiyatga a’zo qilib olishni ham Paganel bilan Malt-Bryun janoblari taklif qilishgan edi!.. Mana bu uchrashuvni qarang-a! Vilyam Tuffnelning qizi bilan sayohat qilish qanday yaxshi!
Oxiri u Elendan bitta o‘pishga ruxsat so‘radi. Garchi bu biroz «adabsizlik» bo‘lsa ham o‘pishga ijozat berildi.
Sakkizinchi bob
«DUNKAN»DAGI YAXSHI ODAMLARNING SONI YANA BITTA ORTDI
«Dunkan» esa Shimoliy Afrika qirg‘oqlaridagi yo‘ldosh oqimlar yordami bilan ekvatorga tez yaqinlashib kelmoqda edi. 30-avgustda Madeyra oroli ko‘rindi. Glenarvan o‘z va’dasida turdi va Paganelga «Dunkan» uni qirg‘oqqa tashlab ketish uchun bu orolda to‘xtashi mumkinligini bildirdi.
‒ Azizim Glenarvan, – deb javob berdi Paganel, – keling, takallufni yig‘ishtirib qo‘yaylikda, ochig‘ini gaplashaylik: kemada men paydo bo‘lib qolishimdan oldin Madeyra orolida to‘xtamoqchi edinglarmi?
‒ Yo‘q, – dedi Glenarvan.
‒ Bo‘lmasa bu badbaxt parishonligimdan foydali bir ish chiqarishga ruxsat etsangiz. Madeyra oroli juda yaxshi o‘rganilgan, unda geografni qiziqtiradigan hech bir narsa yo‘q. Orol to‘g‘risidagi gaplarning hammasi aytilib va yozilib bo‘lgan; buning ustiga unda bir vaqtlar taraqqiy qilgan vinochilik hozir tanazzulga uchragan. O‘ylab qarang-a: Madeyra orolida uzum bog‘lari yo‘q endi! 1813-yilda orolda yigirma ikki ming pipa[37 - Pipa – 50 gektolitrga teng (Muallif izohi).] vino tayyorlangan bo‘lsa, 1845-yilda bu miqdor ikki ming olti yuz oltmish to‘qqiz pipaga tushdi. Hozir u yerda tayyorlanadigan vinoning miqdori besh yuz pipaga ham yetmaydi. Qanday achinarli hol! Qisqasi, agar sizga baribir bo‘lsa, meni bu yerda emas, Kanar orollarida tushirib ketsangiz…
‒ Bo‘lmasa Kanar orollarida to‘xtab o‘tamiz, – dedi Glenarvan, – shunday yo‘limiz ustida-ku.
‒ Bilaman buni, azizim Glenarvan. Uch guruhdan iborat bo‘lgan Kanar orollari meni ko‘pdan beri qiziqtirib kelayotgan Tenerif cho‘qqisini hisobga olmaganda ham, o‘rganishga arziydigan joy. Mana endi bunga juda qulay payt keldi. Fursatdan foydalanib, meni qayta Yevropaga eltib tashlaydigan kema kelguncha bu mashhur toqqa chiqib tushaman.
‒ Ixtiyoringiz, aziz Paganel, – dedi beixtiyor jilmayib Glenarvan.
Kulishga arzigudek asoslari bor edi.
Kanar orollari Madeyradan uzoq emas, hammasi bo‘lib ikki yuz ellik milya masofada, bu masofani bosib o‘tish esa «Dunkan»dek tezyurar kema uchun hech gap emas.
31-avgust kunduz soat ikkida Jon Mangls bilan Paganel palubada sayr qilib yurar edilar. Fransuz olimi o‘z hamsuhbatiga Chili to‘g‘risida savollar yog‘dirmoqda edi.
Birdan kapitan uning so‘zini kesdi:
‒ Janob Paganel! – dedi u ufqning janub tomonidagi allaqanday bir nuqtani ko‘rsatib.
‒ Nima gap, aziz kapitan? – deb so‘radi olim.
‒ Anavi tarafga bir qarang. Hech narsa ko‘rmayapsizmi?
‒ Hech narsa ko‘rayotganim yo‘q.
‒ Siz boshqa tomonga qarayapsiz. Ufqqa emas, balandroqqa, bulutlar orasiga qarang.
‒ Bulutlar orasiga? Qancha qarasam ham…
‒ Endi bushpritning[38 - Bushprit – kemaning tumshuq tomonidagi machta.] reykasi yo‘nalgan tomonga qarang.
‒ Hech narsa ko‘rmayapman.
‒ Siz ko‘rishni istamayapsiz, xolos! Ishonavering, Tenerif cho‘qqisidan hali qirq milya masofada bo‘lsak ham, uning tik qoyasi ufqda yaqqol ko‘rinib turibdi.
Paganel u tog‘ni ko‘rgisi kelsa-kelmasa, bir necha soatdan keyin o‘zining ko‘r emasligini isbot qilish uchun Jon Manglsning fikriga qo‘shilishga majbur bo‘ldi.
‒ Xayriyat, – dedi unga kapitan, – nihoyat uni ko‘rdingiz-a.
‒ Ha, ha juda yaxshi ko‘ryapman. Tenerif cho‘qqisi deganimiz hali shumi? – dedi geograf, uni mensimaganday.
‒ Xuddi o‘sha.
‒ Juda ham baland toqqa o‘xshamaydi-ku.
‒ Har holda, u dengiz sathidan o‘n bir ming fut baland.
‒ O‘shanda ham u Monblan bilan tenglasha olarmidi.
‒ Ehtimol, lekin siz bu toqqa chiqa boshlaganingizda uning juda baland ekaniga amin bo‘lasiz.
‒ Chiqish deysizmi? Tenerif cho‘qqisiga chiqamanmi? Gumboldt bilan Bonplandan[39 - Aleksandr Gumboldt (1769 – 1859) – nemis tabiatshunosi, sayyoh, geograf. 1799 –1804-yillarda fransuz botanigi E.Bonplan bilan birga Markaziy va Janubiy Amerikani tadqiq qilib Yevropaga qaytgach, toʻplagan kolleksiyalarini 30 jildli asarida umumlashtirdi (1807 – 1834). 1829-yil Rossiya va Oʻrta Osiyoga kelgan (Muharrir).] keyin unga chiqishning nima keragi bor? Genial Gumboldt bu toqqa chiqib, uni shunday tasvirlab berganki, endi unga hech narsa qo‘shib bo‘lmaydi. U o‘sha paytdayoq bu tog‘ni besh mintaqaga bo‘lgan: tokzorlar mintaqasi, lavr daraxtlari mintaqasi, qarag‘aylar mintaqasi, alp archalari mintaqasi va, nihoyat, hech qanday o‘simlik o‘smaydigan mintaqa. Gumboldt Tenerif cho‘qqisining eng uchigacha chiqqan, unda hatto o‘tiradigan joy ham yo‘q ekan. Uning ko‘z oldida Ispaniyaning to‘rtdan biriga teng keladigan sahn ochilgan. Keyin u bu so‘nib qolgan vulqon kraterining eng tagigacha tushgan. Gumboldtday buyuk odamdan keyin bu tog‘da men nima ham qilardim?
‒ To‘g‘ri, undan keyin siz biror yangilik ocholmasangiz kerak, – deb uning so‘ziga qo‘shildi Jon Mangls. – Afsus, to biror kema kelguncha Tenerif portida juda zerikib qolasiz-da. Bu yerda kishini ovutadigan hech narsa ham yo‘q.
‒ Turgan gap, bu yerda umid faqat kishining o‘zidan, – deb kuldi Paganel. – Azizim Jon, Yashil Burun orollarida biror kattaroq port yo‘qmi?
‒ Bor, albatta. Masalan, Villa-Prayyada Yevropaga ketayotgan biror o‘tkinchi paroxodga osonlik bilan o‘tib olishingiz mumkin.
‒ Buning yana bir qulaylik jihati bor, – dedi Paganel. – Yashil Burun orollari Senegalga yaqin joyda, Senegalda esa men hamshaharlarimni topib olishim mumkin. To‘g‘ri, bu orollar gruppasining mutlaqo qiziq joyi yo‘q, bo‘m-bo‘sh joylar ekanini, buning ustiga ob-havosi yomon ekanini men yaxshi bilaman. Lekin geograf uchun hamma narsa ham qiziq: ko‘ra bilishning o‘zi – fandir. Ba’zi odamlar hech narsani ko‘rolmaydilar, ular shunday «oqilona» sayohat qiladilarki, qisqichbaqasimonlardan mutlaqo farq qilmaydilar. Lekin men undaylardan emasman, bunga amin bo‘lavering.
– Ixtiyoringiz, janob Paganel, – deb javob berdi Jon Mangls. – Sizning Yashil Burun orollarida bo‘lishingiz geografiya fanini albatta boyitishiga shubhasiz ishonamiz. Biz esa ko‘mir g‘amlab olish uchun u yerda albatta to‘xtab o‘tishimiz shart. Ana shunda siz qirg‘oqqa tushib olasiz, bu bizni mutlaqo yo‘ldan qo‘ymaydi.
Kapitan shunday dedi-yu, kemani Kanar orollarining g‘arb tomoniga qarata yo‘lladi. Mashhur Tenerif cho‘qqisi orqada qoldi. Ilgarigidek tez yo‘l bosib borayotgan «Dunkan» 2-sentabr ertalab soat beshda Qisqichbaqa tropikidan o‘tdi. Ob-havo o‘zgara boshladi. Havo yomg‘irgarchilik paytlarida bo‘lganiday og‘ir va rutubatli bo‘lib qoldi. Bunday paytlarni ispanlar «ko‘lob payti» deb ataydilar. Bu sayohatchilar uchun juda og‘ir tushadi, lekin Afrika orollaridagi o‘simlikning kam bo‘lishidan, demak, namgarchilikning yetishmasligidan azob chekuvchi aholi uchun esa foydali bo‘ladi. Dengiz notinch bo‘lganidan kemadagi yo‘lovchilar palubaga chiqmas edilar, lekin bu kayut-kompaniyadagi suhbatlarni sovuta olmadi.
3-sentabrda Paganel kemadan tushib qolishga tayyorlanib, yuklarini saranjomlay boshladi. «Dunkan» endi Yashil Burun orollari o‘rtasidan o‘tib bormoqda edi. U qumloq qabrga o‘xshagan bo‘m-bo‘sh va yalang‘och Tuz oroli yonidan o‘tdi, keng marjon riflari yoqalab suzdi, keyin esa shimoldan janubga qarab cho‘zilgan bazalt tog‘ tizmalari ikkiga bo‘lib turgan muqaddas Yakov orolini chetda qoldirib, Villa-Prayya buxtasiga kirdi-da, shunday shahar qarshisiga kelib, langar tashladi. Ob-havo juda yomon edi, buxta dengiz shamollaridan to‘silganiga qaramay, unda to‘lqinlar quturar edi. Yomg‘ir chelaklab quygandek yog‘ar, shahar zo‘rg‘a ko‘rinardi. Shahar vulqondan paydo bo‘lgan uch yuz fut balandlikdagi toqqa borib taqaladigan tekislikka joylashgan edi. Qalin yog‘ayotgan yomg‘ir orqasida orol g‘oyat ma’yus ko‘rinardi.
Elen Glenarvan shaharni aylanaman degan o‘yini amalga oshira olmadi. Kemaga ko‘mir ortish juda qiyinchilik bilan bormoqda edi. Dengiz bilan osmon o‘z suvlarini allaqanday iztirob ichida bir-biriga qo‘shayotgan bir paytda yo‘lovchilarimizning kayut-kompaniyada o‘tirishdan boshqa iloji yo‘q edi. Tabiiyki, kemada hamma tabiat mavzuida so‘zlashar, bu to‘g‘rida har kim ham biror gap aytardi. Faqat mayor bir og‘iz ham so‘z demadi; u butun dunyoni suv olib ketsa ham pinagini buzmasa kerak.
Paganel bosh chayqab, kayutada u yoq-bu yoqqa yurardi.
‒ Havo buni jo‘rttaga qilayotganga o‘xshaydi-ya! – deb takrorlar edi u.
‒ Haqiqatan ham tabiat kuchlari sizga qarshi bosh ko‘tarishdi, – dedi Glenarvan.
‒ Baribir men ular ustidan g‘alaba qilaman.
‒ Shunday havoda kemadan qanday qilib tushasiz, axir? – deb so‘radi Elen.
‒ O‘zim-ku, xonim, sohilga bemalol yetib olaman-a, lekin yukim bilan asboblarimdan xavotirdaman: hammasi rasvo bo‘lib ketadi-da.
‒ Qiyini faqat sohilga yetib olish, – dedi Glenarvan, – Villa-Prayyaga yetib olganingizdan so‘ng boplab joylashib olasiz; to‘g‘ri, tozalik masalasi juda ham yaxshi emas bu yerda: maymunlar va cho‘chqalar bilan yonma-yon yashashga to‘g‘ri keladi, ular bilan qo‘shnichilik qilish esa hamma vaqt ham ko‘ngilli bo‘lavermaydi. Lekin sayyoh bunday arzimagan narsalarga e’tibor qilmasligi kerak. Siz bu yerda uzoq qolib ketarmidingiz, yetti-sakkiz oydan keyin Yevropaga ketayotgan biror kemaga chiqib olasiz.
‒ Yetti-sakkiz oydan keyin dedingizmi?! – deb so‘radi Paganel.
‒ Ha, kam deganda yetti-sakkiz oydan keyin: yog‘ingarchilik davrida Yashil Burun orollariga kemalar kamdan-kam kiradilar-da! Lekin siz bu vaqtdan yaxshi foydalanishingiz mumkin. Bu arxipelag hali yaxshi o‘rganilgan emas. Bu yerda topografiya sohasida ham, klimatologiya sohasida ham, etnografiya va gipsometriya[40 - Topografiya – geodeziyaning yer sathini o‘lchash hamda uni plan va kartalarda ifodalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi. Klimatologiya – iqlim turlarini, ularning yuzaga kelishi va ta’sirini o‘rganuvchi fan. Etnografiya – xalqlarning kelib chiqishini, turmushini, moddiy va ma’naviy madaniyatini o‘rganadigan fan. Gipsometriya – biror joyning balandligini o‘lchash (Muharrir).] sohasida ham qilinadigan ishlar ko‘p.
‒ Siz daryolarni tekshirish ishi bilan shug‘ullanishingiz mumkin, – dedi Elen.
‒ Bu yerlarda daryo yo‘q, xonim, – deb javob berdi Paganel.
‒ Unda kichikroq oqar suvlarni tekshirasiz.
‒ Bunday oqar suv ham yo‘q.
‒ Unday bo‘lsa o‘rmonlarni o‘rganishga to‘g‘ri kelar ekanda, – deb gapga aralashdi mayor.
‒ O‘rmon bo‘lish uchun daraxt bo‘lishi kerak, bu yerda esa daraxt degan narsaning o‘zi yo‘q.
‒ Zap go‘zal o‘lka ekanmi! – deb qo‘ydi mayor.
‒ Xafa bo‘lmang, aziz Paganel, – deb unga tasalli berdi Glenarvan, – har holda tog‘lar bor-ku.
‒ Be, ser! Bu yerdagi tog‘lar baland ham emas, qiziq ham. Buning ustiga ular allaqachon o‘rganib bo‘lingan.
‒ Rostdan-a? – deb hayron bo‘di Glenarvan.
‒ Ha, yana omadim yurishmadi. Kanar orollarida hammayoqni Gumboldt tekshirib qo‘ygan edi, bu yerlarni esa janob Sharl Sen-Kler Devil degan bir geolog mendan oldinroq o‘rganib chiqqan.
‒ Nahotki?
‒ Afsuski, shunday! – dedi ma’yuslik bilan Paganel. – U olim «Qat’iyatli» degan fransuz korvetida[41 - Korvet – uch machtali yelkanli kema.] Yashil Burunga kelgan, kemaning bu yerda to‘xtab turganidan foydalanib, arxipelagdagi tog‘larning eng qizig‘i bo‘lgan Fogo orolidagi vulqonga chiqqan. Shunday bo‘lgandan keyin, men bu yerda nima ham qilardim?
‒ Bu haqiqatan ham achinarli hol, – dedi Elen. – Endi nima qilmoqchisiz, janob Paganel?
Paganel bir necha minut indamay qoldi.
‒ Asli vinosi qolmagan demay Madeyrada tushib qolaversangiz bo‘lar ekan, – dedi Glenarvan.
Parij geografiya jamiyatining sekretari hamon indamay turardi.
‒ Men sizning o‘rningizda bo‘lsam, hozir tushmay turardim, – dedi mayor, odati bo‘yicha pinagini ham buzmay.
‒ Aziz Glenarvan, – dedi nihoyat jimlikni buzib Paganel, – endi qayerda to‘xtaysizlar?
‒ Endi shu bilan Konsepsionga borib to‘xtaymiz.
‒ Obbo! Unda men Hindistondan juda uzoqlashib ketaman!
‒ Aksincha: Gorn burnini aylanib o‘tgach, siz Hindistonga yana yaqinlashib boraverasiz.
‒ Unisini bilaman-a.
‒ Buning ustiga, – deb davom etdi Glenarvan, – g‘arbiy Hindistonga bordingiz nima-yu, Sharqiy Hindistonga bordingiz nima? Baribir emasmi?
‒ Rostimni aytsam, ser, – dedi Paganel, – bu gap sira ham yodimga kelmabdi!
‒ Oltin medalni esa, aziz Paganel, – deb davom etdi Glenarvan, – xohlagan mamlakatda ham olishingiz mumkin. Har joyda ham ishlash, kashf qilish mumkin: Kordiler tizma tog‘larida ham, Tibet tog‘larida ham.
‒ Xo‘sh, unda Yaru-Dzangbo-Chu daryosini tekshirishim nima bo‘ladi?
‒ Nima bo‘lardi, Yaru-Dzangbo-Chu o‘rniga Rio-Koloradoni tekshirasiz-qo‘yasiz. Shunday katta daryo kam tekshirilgan, axir. Geograflar uni har xil xaritalarda har xil joylardan oqishga majbur qiladilar.
‒ Bilaman buni, azizim, bilaman. Hatto bir necha gradusga qilingan xatolar ham uchraydi. Istasam Geografiya jamiyati meni Hindistonga yuborishga rozi bo‘lganidek Patagoniyaga ham hech so‘zsiz yuborgan bo‘lar edi-ya, lekin bu fikr mening miyamga kelmagan edi-da.
‒ Bunga ham parishonligingiz sabab.
‒ Biz bilan yuravering-da, janob Paganel, – deb iltimos qildi Elen, g‘oyat samimiy ravishda.
‒ Xonim! Menga berilgan topshiriq nima bo‘ladi unda?
‒ Aytib qo‘yay: biz Magellan bo‘g‘ozi orqali o‘tamiz, – dedi Glenarvan.
‒ Ser, siz odamni yo‘ldan urishga usta ekansiz!
‒ Biz Ochlik portida ham bo‘lamiz.
‒ Ochlik portida-ya! – deb qichqirdi har tomonlama hujum ostida qolgan fransuz. – Axir u geografiya tarixi yozilgan barcha asarlarda tilga olinadigan mashhur port-ku!
‒ Yana shuni ham unutmangki, janob Paganel, – deb davom etdi Elen, – sizning bu ekspeditsiyada ishtirok etishingiz Fransiyaning nomini Shotlandiya bilan yonma-yon qo‘yadi.
‒ Albatta, albatta!
‒ Bizning ekspeditsiyamizga geografiya olimi katta foyda keltirishi mumkin, fanni kishilik foydasiga xizmat qildirishdan go‘zal ish bo‘lishi mumkinmi?
‒ Juda ma’qul gap aytdingiz!
‒ Xo‘p deyavering: siz ham birga o‘xshab, tasodifning irodasiga bo‘ysuning. Tasodif bizga o‘sha hujjatlarni yetkazdi, biz yo‘lga tushdik. Sizni ham tasodif «Dunkan»ga keltirib tashladi, siz ham unda qolavering.
‒ Hozir nimalar o‘ylayotganimni aytaymi, do‘stlarim? – dedi Paganel. – Mening qolishimni juda xohlaysizlarmi?
‒ O‘zingizning ham qolgingiz kelib turibdi-ku, axir, – dedi Glenarvan.
‒ To‘g‘ri! – deb yubordi geografiya olimi. – Men sizlarga ortiqcha yuk bo‘lishdan cho‘chib turgan edim.
To‘qqizinchi bob
MAGELLAN BO‘G‘OZI
Paganelning bu qarorini eshitib «Dunkan»dagilar hammasi xursand bo‘lishdi. Kichkina Robert shaxt bilan uning bo‘yniga osilib, oz bo‘lmasa geografiya jamiyatining hurmatli sekretarini yiqitib yuboray dedi.
– O‘ktam yigitcha! – dedi Paganel. – Men unga geografiyani o‘rgataman.
Aftidan, Robert juda o‘tkir odam bo‘lib yetishadiganga o‘xshab qoldi, chunki Jon Mangls uni dengizchi qilib yetishtirishga, Glenarvan – mard, mayor – sovuqqon, Elen – mehribon va olijanob yigit qilib yetishtirishga ahd qilgan edilar. Meri Grant esa uni bu barcha murabbiylaridan minnatdor qilib tarbiyalashga tirishdi.
«Dunkan» ko‘mir yuklashni tezda tugatib, bu ko‘rimsiz, g‘amgin orollardan jo‘nab ketdi. U g‘arb tomonga qayrila borib, Braziliya qirg‘oqlari yaqinidan o‘tadigan dengiz oqimiga tushib oldi, 7-sentabrda esa shimoldan esib turgan kuchli shamol ostida ekvatordan o‘tib, Janubiy yarim sharga kirdi.
Safar qiyinchiliksiz borardi. Hamma ham ekspeditsiyaning muvaffaqiyat qozonishiga ishonar edi. Kapitan Grantni topishga bo‘lgan umid borgan sari oshganday tuyulardi. Bunga juda ishonganlardan biri «Dunkan»ning kapitani edi. Uning bunchalik qattiq ishonch bildirishiga asosiy sabablardan biri Meri Grantni umidvor va baxtli holda ko‘rishga qizg‘in intilishi edi. Jon Mangls bu qizga juda boshqacha qiziqib qolgan bo‘lib, qizga bo‘lgan o‘z hislarini shunday muvaffaqiyat bilan yashirar ediki, buni Meri Grant bilan uning o‘zidan boshqa hamma sezib oldi. Geografiya olimiga kelsak, butun Janubiy yarim sharda undan baxtli odam yo‘qday edi. U kun bo‘yi kayut-konpaniyadagi stol ustiga yozilgan kartalarni o‘rganar, stolga dasturxon yozmoqchi bo‘lgan Olbinet bilan Paganel o‘rtasida har kuni bir tortishuv bo‘lardi. Shuni ham aytish kerakki, bu tortishuvda kemadagi butun yo‘lovchilar Paganel tarafini olar, faqatgina mayor bundan chetda qolar edi; u o‘z odaticha geografiyaga ham tamomi sovuqqonlik bilan qarardi, ayniqsa ovqat vaqtlarida unga mutlaqo qiziqmasdi. Paganel o‘ziga geografiya bilan shug‘ullanishdan boshqa ham ish topdi. U kapitan yordamchisining yashigidan bir qancha kitob topib keldi, bu kitoblar orasidan bir nechta ispancha kitob topib oldi-da, Servantesning tilini o‘rganishga qaror qildi. Eslatib o‘taylikki, kemada bu tilni hech kim bilmas edi. Ispan tilini bilish geografiya olimiga Chili sohillarini o‘rganishda yordam berishi kerak edi. O‘zining til o‘rganish qobiliyati kuchli ekanidan foydalanib, u kema Konsepsionga yetib borguncha bu tilni gaplashadigan darajada egallab olmoqchi edi. Shuning uchun u ispan tilini o‘rganishga jon kuydirib kirishdi va notanish so‘zlarni to‘xtovsiz ravishda takrorlay boshladi.
Buning ustiga Paganel bo‘sh paytlarida Robertni yoniga chaqirib olar va unga «Dunkan» tezlik bilan yaqinlashib borayotgan sohillar to‘g‘risida so‘zlab berardi.
10-sentabrda «Dunkan» 5°37’ kenglik va 31°15’ uzunlikka yetib bordi, shunda Paganelning yangi do‘stlari hatto durustgina ma’lumotli kishilar ham bilmagan narsalardan xabardor bo‘ldilar. Paganel ularga Amerikaning tarixini so‘zlab berdi. Gap hozir «Dunkan» o‘tib borayotgan yo‘llardan yurgan buyuk dengiz sayyohlariga kelgach, u Xristofor Kolumb haqida gapi rib ketdi va o‘z hikoyasini genuyalik bu buyuk sayohatchi Yangi Dunyoni topganini o‘zi bilmasdan o‘lib ketdi, deb tugatdi.
Shunda uning hikoyasini eshitib o‘tirganlarning hammasi qattiq e’tiroz bildirdilar, lekin Paganel o‘z so‘zida turib oldi.
‒ Bu tamoman tasdiqlangan gap, – dedi u. – Men Kolumbning shuhratini pastga urmoqchi emasman, lekin fakt faktligicha qoladi. O‘n beshinchi asrning oxirida kishilarning butun fikri-zikri Osiyo bilan munosabatni yengillashtirish va g‘arb tomondan Sharqqa borish masalasiga qaratilgan edi. Qisqasi, «noz-ne’matlar o‘lkasiga» boradigan eng qisqa yo‘lni axtarib topishga intilar edilar. Kolumb ham o‘z oldiga shu vazifani qo‘ydi. U to‘rt marta sayohat qildi, Kuman, Gonduras, Maskit sohillari, Nikaragua, Veragua[42 - Veragua – Panamaning eski nomi.], Kosta-Rika va Panamadan chiqdi, lekin, bu yerlarni Yaponiya va Xitoy sohillari deb gumon qildi. Shunday qilib, u kattakon qit’aning mavjudligidan bexabar vafot qilib ketdi, afsuski, bu qit’a uning nomiga ham qo‘yilmadi.
‒ Men sizga ishonmoq istardim, aziz Paganel, – dedi Glenarvan. – Lekin juda hayron bo‘lib qoldim. Sizga bitta savol bermoqchiman: Kolumbning ixtirosini dengiz sayyohlaridan kim to‘g‘ri tushungan?
‒ Shu ishni undan keyin davom ettirganlar: Kolumbning sayohatlarida ishtirok qilgan Oxeddan tortib, Vinsent Pinson, Amerigo Vespuchchi, Mendosa, Bastidas, Kabral, Solis, Balboagacha. Bu dengiz sayyohlari Amerikaning sharqiy sohillari bo‘ylab o‘tib, uning chegarasini kartaga tushirib borganlar: bundan uch yuz oltmish yil burun ular ham hozir bizni oqizib ketayotgan okean oqimi bilan janubga tushib borganlar. Shuni ham aytayki, do‘stlarim, biz ekvatorning o‘n beshinchi asrning oxirgi yilida Pinson kesib o‘tgan yeridan o‘tdik, hozir esa biz Pinsonning Braziliya sohillariga tushgan yeri – janubiy kenglikdagi sakkizinchi gradusga yaqinlashib kelayotirmiz. Pinsondan bir yil keyin portugaliyalik Kabral undan ham pastroqqa – hozirgi Seguro portigacha tushdi. Undan so‘ng dengiz sayohatchisi Vespuchchi o‘zining uchinchi sayohati paytida, 1502-yilda, yana ham janubroqqa tushdi. 1508-yilda Vinsent Pinson bilan Solis Amerikaning sohillarini hamjihatlik bilan tekshirish maqsadida birlashdilar, shundan so‘ng 1514-yilda Solis La-Plata daryosining dengizga quyiladigan yerini ochdi va xuddi o‘sha yerda o‘zi yovvoyilarga go‘sht bo‘ldi. Solisning halok bo‘lgani tufayli materikni birinchi bo‘lib aylanib o‘tish sharafi Magellanga nasib etdi. Bu ulug‘ sayyoh 1519-yilda beshta kema bilan Amerikaga yo‘l oldi. U Patagoniya sohillari yoqalab o‘tdi, Huzurijon portini, shuningdek muqaddas Yulian portini ham ochdi va bu portda uzoq turib qoldi. So‘ng o‘sha kenglikning ellik ikkinchi gradusida keyinchalik uning nomiga qo‘yilgan o‘n bir ming Qiz bo‘g‘ozini ochib, Magellan Tinch okeanga chiqdi. Ko‘zi oldida quyosh nurlari ostida tovlanib turgan yangi dengiz ochilganda u o‘zida yo‘q xursand bo‘lib, yuragi shodlikdan o‘ynab ketgan bo‘lsa kerak deyman!
‒ Eh, qani endi men ham o‘shanda u bilan birga bo‘lgan bo‘lsam! – deb yubordi geografiya olimining so‘zlaridan to‘lqinlangan Robert.
‒ Buni men ham istardim, o‘g‘lim, bundan uch yuz yil burun tug‘ilganimda bunday hodisada albatta ishtirok qilgan bo‘lardim-a.
‒ Bundan biz xafa bo‘lgan bo‘lardik, janob Paganel, – dedi Elen, – chunki unda siz hozir biz bilan «Dunkan»da o‘tirmagan bo‘lardingiz, biz esa siz hozir aytib bergan gaplarni eshitmagan bo‘lardik.
‒ Men bo‘lmasam, boshqa biror kishi so‘zlab berardi, xonim. U Amerikaning G‘arbiy sohilini aka-uka Pisarrolar tekshirganini ham qo‘shib aytgan bo‘lardi. Sarguzasht axtargan bu jasur kishilar qator shaharlarga asos qo‘ydilar. Kusko, Kvito, Lima, Sant-Yago, Villa-Rika, Valparayso va hozir «Dunkan» ketayotgan Konsepsion shaharlarining hammasiga o‘shalar asos solgan. Aka-uka Pisarrolarning kashfiyotlarini Magellanning kashfiyotlariga qo‘shib, Amerika qit’asining sohillarini kartaga tushirish mumkin bo‘ldi, bu esa Eski Dunyo olimlarini juda xursand qildi.
‒ Lekin men bu bilan kifoyalanmagan bo‘lardim, – dedi Robert.
‒ Nima uchun endi? – deb suradi. Meri, bu kashfiyotlar to‘g‘risidagi hikoyalarga juda qiziqib qolgan ukasiga qarab.
‒ Rost-a, o‘g‘lim, nima uchun? – deb takror so‘radi dalda beruvchi tabassum bilan Glenarvan ham.
‒ Chunki men Magellan bo‘g‘ozining nariyog‘ida nima borligini bilishga qiziqqan bo‘lar edim.
‒ Barakalla, do‘stim! – dedi Paganel, – Men ham qit’a Janubiy qutbgacha cho‘zilib ketadimi yoki Dreyk degan sizning vatandoshlaringiz taxmin qilgandek, ochiq dengizga chiqadimi – mana shuni bilishga qiziqqan bo‘lardim. Xullas, ishonamanki, Robert Grant bilan Jak Paganel o‘n yettinchi asrda yashagan bo‘lsalar, bu geografik jumboqni hal qilishga intilib albatta Sxouten bilan Lemer ketidan ketgan bo‘lardilar.
‒ Ular olimlar edimi? – deb so‘radi Elen.
‒ Yo‘q ular kashfiyotlarning ilmiy jihati bilan kam qiziqqan oddiy komersantlar edi. U vaqtlar Gollandiyada Ost-Indiya kompaniyasi mavjud bo‘lib, Magellan bo‘g‘ozi orqali tovar olib o‘tish huquqiga faqat shu kompaniyagina haqli edi. Osiyoga olib boradigan bundan boshqa yo‘lni bilishmaganidan, bo‘g‘oz Ost-Indiya kompaniyasining haqiqiy monopoliyasi edi. Shu sababdan bir qancha kommersantlar boshqa bo‘g‘oz topish orqali Ots-Indiya kompaniyasi bilan kurash olib borish payiga tushdilar. Bu kommersantlar orasida Isaak Lemer degan aqlli va bilimli kishi bor edi. U o‘z hisobidan ekspeditsiya tashkil qilib, unga jiyani Yakov Lemer bilan gornlik tajribakor dengizchi Sxoutenni bosh qilib qo‘yadi. Bu jasur sayyohlar Magellandan deyarli yuz yil keyin, 1615-yilning iyun oyida yo‘lga chiqadilar. Ular Shtatlar territoriyasi bilan Olovli Yer o‘rtasida keyinchalik Lemer bo‘g‘ozi deb atalgan bo‘g‘ozni kashf etdilar. 1616-yilning fevralida esa ular hozir juda mashhur bo‘lgan Gorn burunini aylanib o‘tdilar; bu burunda Bo‘ronlar buruni deb nom chiqargan Yaxshi Umid burniga qaraganda ham qattiqroq bo‘ron quturib yotardi.
‒ Eh, qani endi men ham o‘shalar bilan birga bo‘lsam! – deb yubordi Robert.
‒ O‘g‘lim, ular bilan birga bo‘lganingda unutilmas shodiyona daqiqalarni boshdan kechirgan bo‘larding! – dedi qizg‘inlik bilan Paganel. – Chindan ham, dunyo xaritasiga o‘z kashfiyotini tushirayotgan dengizchining mamnunligi va sevinchidan ham ortiq narsa bo‘larmikin! Ko‘z oldida go‘yo sekin-asta dengiz to‘lqinlari orasidan chiqib kelib, yangi-yangi yerlar, orollar, burunlar bunyod bo‘layotganday tuyuladi. Dastlab bu yangi yerlar sal-pal ko‘zga chalinadi, bo‘lak-bo‘lak bo‘lib ko‘rinadi, ularni aniq ajratib, ilg‘ab olib bo‘lmaydi: bir chetda sho‘ppayib chiqqan yolg‘iz burun ko‘rinib qoladi, bir tarafda buxta, yana bir tarafda uzoqdan ko‘rfaz ko‘zga tashlanadi. Lekin vaqti kelib, kashfiyotlar biri-birini to‘ldiradi, kartadagi uzuq-yuluq chiziqlar ulanib ketadi, undagi nuqtalar o‘rnida aniq chiziqlar paydo bo‘ladi; bu burunlar ma’lum bir joyda quruqlikka tutashadi burunlar ma’lum bir yerdan joy oladi, shu tarzda sekin-asta globusda butun boshli qit’aning qiyofasi paydo bo‘ladi, unda yangi qit’aning butun ko‘llari, daryolari, anhorlari, tog‘lari, vodiylari, pasttekisliklari, qishloqlari, shaharlari, poytaxtlari ko‘rsatilgan bo‘ladi. Oh, do‘stlarim, yangi yer ochgan kishi – bir kashfiyotchi! U ham kashfiyotchining hayajonlarini, hech kutilmagan hollarni boshidan kechiradi. Lekin bizning davrimizda bunday kashfiyotlar manbai tamom bo‘lgan: hamma yoqni ko‘rib, tekshirib kashf qilish mumkin bo‘lgan narsalarni kashf qilib bo‘lganlar, bizday hozirgi geograflarga qiladigan ish qolmagan.
‒ Yo‘q, aziz Paganel, – deb e’tiroz bildirdi Glenarvan. – Hali qilinadigan ish bor.
‒ Nima ekan u?
‒ Biz qilayotgan ish-da!
«Dunkan» esa Vespuchchi va Magellan o‘tgan yo‘llardan shitob bilan suzib bormoqda edi. 15-sentabrda kema Jaddiy tropigidan o‘tib, mashhur bo‘g‘ozga qarab yo‘l oldi. Bir necha bor ufqda Patagoniyaning past sohillari sal-pal ko‘zga ilg‘ab qoldi. Kema bu sohillardan o‘n mildan ham ortiqroq masofadan o‘tib borardi, shuning uchun o‘zining ajoyib dengiz trubasidan sohilni ko‘rishga harakat qilgan Paganel ham Amerika qirg‘oqlari to‘g‘risida tuzukroq bir taassurot ololmadi.
25-sentabrda «Dunkan» Magellan bo‘g‘oziga yetib keldi. Yosh kapitan kemani bo‘g‘ozga dadillik bilan olib kirdi. Tinch okeanga ketayotgan kemalar odatda shu yo‘ldan o‘tadilar. Magellan bo‘g‘ozining uzunligi nihoyati uch yuz yetmish olti mil keladi. U shunchalik chuqurki, hatto eng katta kemalar ham shunday sohilning yonidan bemalol suzib o‘ta oladilar. Bo‘g‘ozning tagi kemalarning langar tashlab turishi uchun juda qulay. Uning sohillarida chuchuk suv manbalari, baliqqa boy daryolar, yovvoyi parrandaga boy o‘rmonlar juda ko‘p, kirish oson va xavfsiz bo‘lgan bir qator limanlar[43 - Liman – ko‘rfaz, qo‘ltiq.] bor. Qisqasi, bu yerda doim bo‘ron va dovul quturib yotgan, haybatli qoyalari ko‘p Gorn burunida ham, Lemer bo‘g‘ozida ham yo‘q bo‘lgan qulayliklar juda ko‘p edi.
Magellan bo‘g‘ozidan o‘tishda dastlabki soatlardagi, ya’ni Gregori burunigacha bo‘lgan taxminan oltmish-sakson mil yo‘ldagi sohil past va qumloq yerlardan iborat. Jak Paganel sohilning biror qarich joyini, bo‘g‘ozning bironta detalini qo‘ymay ko‘rib o‘tishga tirishar edi. Bo‘g‘ozdan o‘tish uchun o‘ttiz olti soatdan kamroq vaqt ketardi, shuning uchun jozibali janub quyoshining nurlari ostida tovlangan har ikki sohilning go‘zal manzarasi zavq bilan ko‘z uzmay tomosha qilishga haqiqatan ham arzir edi. Shimoliy sohilda bironta ham odam ko‘rinmas, Olovli Yerning yalang‘och qoyalari ustida esa bir nechagina shu yerli odamlar kezib yurishar edi.
Paganel bironta ham patagoniyalikni uchratmaganiga achindi, olim bunga qattiq xafa bo‘lar, uning yo‘ldoshlari esa bundan juda zavqlanishardi.
‒ Patagoniyaliklarsiz qanday Patagoniya bo‘ldi bu! – deb takrorlardi u achchig‘lanib.
‒ Sabr qiling, hurmatli geograf, hali patagoniyaliklarni ko‘p ko‘ramiz, – deb unga dalda berar edi Glenarvan.
‒ Men bunga ishonmay qo‘ydim.
‒ Ular mavjud-ku, axir, – dedi Elen.
‒ Birontasini ham ko‘rmaganimdan keyin bunga shubhalanib qoldim, xonim.
‒ Har holda ispanchada «katta oyoqlar» degan ma’noni bildiradigan «patagoniyaliklar» xayoliy odamlar emas-ku.
‒ E! Ism hech narsani bildirmaydi hali! – deb tortishuvni qizitish uchun qaysarlik bilan so‘zida turib oldi Paganel. – Lekin, rostimni aytsam, ularning ismi qanday ekani ham noma’lum.
‒ Ana xolos! – dedi Glenarvan. – Mayor, siz buni bilarmidingiz?
‒ Yo‘q, – deb javob berdi Mak-Nabbs, – buni bilish uchun bir funt shotland sterlingi ham bermagan bo‘lardim.
‒ O‘shanday bo‘lsa ham hozir shu to‘g‘rida ba’zi gaplarni eshitasiz, odamning beparvosi! – dedi Paganel. – To‘g‘ri, Magellan bu yerli odamlarni patagoniyaliklar deb atagan, lekin fidjinliklar ularni tiremeneylar deb, chililiklar koukalular deb, Karmen koloniyachilari – teguelxlar deb, araukanliklar – uilixlar deb atashadi. Bugenvil ularni chauxlar deb atagan. Ularning o‘zlari esa o‘zlarini umumiy ism bilan ipakslar deb ataydilar[44 - XVIII – XIX asr geograflari asarlarida Janubiy Amerikaning etnografik nomlari bo‘yicha chalkashliklar mavjud edi. O‘sha paytlarda Patagoniya Buenos-Ayres kengligidan Olovli Yergacha bo‘lgan hududning nomi bo‘lgan. Aslini olganda, patagoniyaliklar texuelche hindular guruhi bo‘lib, ular shimoliy va janubiy to‘dalarga bo‘lingan (Muharrir).]. Ana endi menga shuni ayting: bularning qaysi biri rost, shunday ko‘p ism bilan ataladigan xalq bo‘lishi mumkinmi?
‒ Ana dadil-u! – deb yubordi Elen.
‒ Shunday deb ham faraz qilaylik, – dedi Glenarvan, – lekin do‘stimiz Paganel patagoniyaliklarning ismi masalasida shubhalar bo‘lsa ham, juda bo‘lmaganda, ularning bo‘yi masalasida har xil fikrlar yo‘qligini e’tirof qilar, deb o‘ylayman.
‒ Bunday fikrni men mutlaqo tasdiqlay olmayman! – dedi Paganel.
‒ Ular baland bo‘yli bo‘ladi, – deb o‘z fikrida turib oldi Glenarvan.
‒ Bu menga noma’lum.
‒ Demak, past bo‘yli ekan-da? – deb so‘radi Elen.
‒ Buni ham hech kim tasdiqlay olmaydi.
‒ Bo‘lmasa o‘rta bo‘yli odamlar bo‘ladi-da, – dedi hammani kelishtirib qo‘yish uchun Mak-Nabbs.
‒ Menga bunisi ham noma’lum.
‒ Yo‘g‘-e, o‘jarlikni juda oshirib yubordingiz! – dedi Glenarvan, – ularni ko‘rgan sayyohlar…
‒ Ularni ko‘rgan sayyohlar, – deb uning so‘zini bo‘ldi Paganel, – har xil fikr aytadilar. Masalan, Magellan mening bo‘yim zo‘rg‘a ularning belidan keldi deydi…
‒ Ana, ko‘rdingizmi?
‒ Ha, lekin Dreyk inglizlar eng novcha patagoniyalikdan ham balandroq degan fikrni aytgan.
‒ Albatta, bu yerda gap inglizlar to‘g‘risida emas, – dedi nafrat bilan Mak-Nabbs. – Gap shotlandiyaliklar to‘g‘risida bo‘lsa kerak.
‒ Kevendish, patagoniyaliklar baland bo‘yli baquvvat odamlar degan edi, – deb so‘zida davom qildi Paganel. – Naukins ularni pahlavon odamlar deb tilga oladi. Lemer bilan Sxouten esa ularning bo‘yi o‘n bir fut keladi degan fikrni bildiradilar…
‒ Juda soz! Ularning gapiga ishonsa bo‘ladi, – dedi Glenarvan.
‒ To‘g‘ri, lekin Vudning ham, Narboroning ham, Falknerning ham gapiga ishonsa bo‘ladi, ularning fikricha esa – patagoniyaliklar o‘rta bo‘yli, to‘g‘ri, Bayron, La-Jirode, Bugenvil, Uells va Karterelar patagoniyaliklarning bo‘yi o‘rtacha olganda olti fut olti dyumga to‘g‘ri keladi, degan fikrni bildiradilar, vaholanki, bu mamlakatni ancha yaxshi bilgan olim janob d’Orbini ularning bo‘yi o‘rta hisob bilan besh fut to‘rt dyumga to‘g‘ri keladi, xolos deb aytgan.
‒ Bo‘lmasa bu qarama-qarshi fikrlar ichidan haqiqatni qanday qilib topamiz? – deb so‘radi Elen.
‒ Haqiqat mana bunday: patagoniyaliklarning oyog‘i kalta, gavdasi uzun bo‘ladi. Hazilga burib aytsak, o‘tirganda ularning bo‘yi olti fut, turganlariga esa – faqat besh fut.
Glenarvan:
‒ Ofarin, bopladingiz, aziz Paganel! – dedi.
‒ Patagoniyaliklarning o‘zi tagida bo‘lmagandan keyin, barcha qarama-qarshi fikrlar ham o‘z-o‘zidan kuchini yo‘qotadi, – deb davom etdi Paganel. – Endi esa, do‘stlarim, so‘zimning oxirida bitta tinchlantiruvchi gap aytmoqchiman: Magellan bo‘g‘ozi patagoniyaliklarsiz ham g‘oyat go‘zal joy ekan.
Bu payt «Dunkan» Brunsvik yarimorolini aylanib o‘tmoqda edi. Ikkala sohil manzarasi ham tobora go‘zallashib bormoqda. Daraxtlar orasidan Chili bayrog‘i bilan cherkov qo‘ng‘iroqxonasi ko‘rinib qoldi. Bo‘g‘oz suvi katta-katta granit massivlar orasidan oqib o‘tardi. Tog‘lar etagi ulkan o‘rmon ichida yo‘qolib ketgan, abadiy qorlar bilan qoplangan cho‘qqilari esa bulutlar orasiga kirib yashiringan edi.
Janubi-g‘arb tomonda olti ming besh yuz fut balandlikdagi Tarn tog‘i qad ko‘targan edi.
Uzoqqa cho‘zilgan oqshomdan so‘ng qorong‘u tushdi. Kunduz yorug‘ligi sezilmaygina so‘ndi, yerga qop-qora soyalar cho‘kdi. Osmonda yulduzlar charaqladi. Janubiy Qutb yulduzlar turkumi dengiz sayohatchilariga janubiy qutb yo‘lini ko‘rsatib turardi.
Kema qop-qorong‘u tunda madaniyatlashgan mamlakatlardagi mayaklar o‘rnini bosadigan porloq yulduzlarga qarab, bo‘g‘ozda ko‘plab uchrab turgan to‘xtash uchun qulay buxtalarning birontasida ham langar tashlamay, dadillik bilan yo‘lida davom etdi. Uning reyalari[45 - Reya – kema machtalarida yelkan bog‘lanadigan ko‘ndalang yog‘och.] tez-tez to‘lqinlar ustiga egilib turgan janub qora qayinlarining shoxlariga tegib o‘tar, vintlari esa yovvoyi g‘ozlar, o‘rdaklar, bedana-moshaklar, churraklar va bu yerdagi botqoqlarda yashovchi boshqa barcha qushlar olamining osoyishtaligini buzib, katta daryolarning bo‘g‘ozga quyiladigan joydagi chuchuk suvlarni ko‘piklantirib o‘tardi. Ko‘p o‘tmay allaqanday xarobalar va o‘pirilgan joylar ko‘rindi. Tunda ular vahimali ko‘rinardi.
Bu tashlab ketilgan koloniyalarning ko‘ngilsiz qoldiqlari bo‘lib, bu koloniyaning ismiyoq bu yerlar serhosil yerlar, o‘rmonlar esa qushlarga boy, degan fikrni tamom rad qilardi. «Dunkan» Ochlik porti yonidan o‘tib bormoqda edi.
Bu yerga 1581-yilda ispaniyalik Sarmiento boshchiligida to‘rt yuzta emigrant ko‘chib kelgan edi. Sarmiento bu yerda San-Filipp shahriga asos soldi. Ko‘chib kelganlarning bir qismi qahraton qish sovuqlariga bardosh berolmay halok bo‘ldi, qishdan omon chiqqanlar ochlikdan o‘lib ketdilar, 1587-yilda korsar Kevendish kelganda bunda olti yil yashagan, lekin olti asrning azobini tortib qiynalib ketgan bechora to‘rt yuz emigrantdan faqat bittasini tirik uchratgan.
«Dunkan» mana shu bo‘m-bo‘sh sohillar yonidan o‘tib bordi. Tong paytida kema qoraqayin, shumtol va oqqayin o‘rmonlari orasidagi tor bo‘g‘ozdan o‘tdi.
Kema avliyo Nikolay buxtasi mansabi yonidan o‘tib bordi. Bir vaqtlar Bugenvil uni Fransuz qo‘ltig‘i deb atagan edi. Uzoqda tyulenlar, shuningdek kitlar to‘dasi o‘ynoqlab yurar, kitlarning qay darajada katta ekanini ularning haddan tashqari kuchli fontan otayotganidan bilib olish mumkin edi, bu suv fontanlari to‘rt mil masofadan ham ko‘rinib turardi. Nihoyat, «Dunkan» hali qishki muz bilan qoplanib yotgan Frouord burunini aylanib o‘tdi. Bo‘g‘ozning narigi tomonida Olovli Yerda, Sarmiento tog‘i olti ming fut balandlikka bo‘y cho‘zib turar, orasida bulutlar suzib yurgan bu qoyatoshlar va xarsanglar uyumi osmon bo‘shliqlarida go‘yo bir arxipelag tashkil qilgan edi.
Aslida, Frouord buruniga kelib Amerika qit’asi tugaydi, chunki Gorn buruni ellik oltinchi gradus janubiy kenglikda okean qa’riga kirib yo‘qoluvchi tog‘-toshlardan boshqa narsa emas.
Frouord burunidan o‘tgandan keyin, Brunsvik yarimoroli bilan Umidsizlik Yeri oroli o‘rtasida bo‘g‘oz torayadi. Xarsang toshlar sochilib yotgan qirg‘oqqa to‘lqin chiqarib tashlagan bahaybat qit’ani eslatadigan bu uzun orol bir qancha mayda orollar orasida cho‘zilib yotadi. Amerikaning parcha-parcha bo‘laklarga bo‘linib ketgan bu uchi Afrika, Avstraliya va Hindistonning yaxlit, tekis burunlariga sira-sira o‘xshamas edi. Ikki okean orasiga joylashgan bu kattakon burunni bizga noma’lum bo‘lgan qanday falokat bunchalik parchalab tashladi ekan?
Keyin serhosil sohillar o‘rniga bu chalkash labirintni tor qilib kesib o‘tgan bo‘m-bo‘sh tosh sohillar cho‘zildi.
«Dunkan» trubalaridan chiqqan tutunni o‘zini o‘rab yotgan tumanga aralashtirib, bu tez-tez qayrilib-burilib turgan yo‘ldan to‘xtovsiz va xatosiz o‘tib borardi; ba’zan tuman orasidan qoyatoshlar mo‘ralab qo‘yadi. Kema yurishini sekinlatmay bu bo‘m-bo‘sh sohillarga o‘rnashgan bir necha ispan faktoriyalari[46 - Faktoriya – ajnabiy savdogarlarning mustamlaka mamlakatlardagi savdo-sotiq olib boradigan manzili, kontorasi.] oldidan o‘tib ketdi. Tamar buruni oldida bo‘g‘oz yana kengayadi. «Dunkan» Narboro orollarining tik sohillarini aylanib o‘tib, janubiy sohilga yaqinlashib kela boshladi. Nihoyat, «Dunkan» Magellan bo‘g‘oziga kirganiga o‘ttiz olti soat bo‘ldi deganda kemadagilar Umidsizlik Yerining eng chetidagi Pilar burunining qoyasini ko‘rdilar. «Dunkan» forshteveni[47 - Forshteven – kema tagyog‘ochining kema tumshug‘iga o‘tgan tomoni.] qarshisida bepoyon dengiz quloch yozib yotar edi, shu payt uni xursandlik bilan tabriklagan Jak Paganelning hayajoni «Trinidad» kemasi Tinch okean shamollariga urilib chayqalgandagi Magellanning hayajonlaridan kam emas edi.
O‘ninchi bob
O‘TTIZ YETTINCHI PARALLEL
«Dunkan» Pilar burunini aylanib o‘tganiga bir hafta deganda, jadal suzib Talkaguano buxtasiga – uzunligi o‘n ikki mil va kengligi to‘qqiz mil bo‘lgan ajoyib daryo mansabiga kirib keldi. Havo juda yaxshi edi. Bu o‘lkada noyabrdan martgacha osmonda qilt etgan bulut ko‘rinmaydi, Kordiler tog‘lari pana qilib turgan qirg‘oq bo‘ylab doim janub shamoli esib turadi. Eduard Glenarvanning buyrug‘iga muvofiq Jon Mangls kemani Chiloe arxipelagi va Amerika materigining bu yerlardagi boshqa sonsiz-sanoqsiz orollariga yaqin olib yurdi. Bu yerlarda uchrab qolgan biror siniq holda yoki taxta, odam qo‘lidan chiqqan bir parcha yog‘och «Dunkan»dagilarga «Britaniya»ning halokatdan darak berishi mumkin edi, lekin atrofda hech narsa ko‘rinmadi. Kema o‘z yo‘lida davom etdi va, nihoyat, tumanli Klayd qo‘ltig‘idan chiqqaniga qirq ikki kun bo‘ldi deganda, Talkaguano portida langar tashladi.
Glenarvan o‘sha zahotiyoq suvga qayiq tushirishni buyurdi, Paganel ikkovi qayiqqa o‘tdilar-da, ko‘p o‘tmay yog‘och to‘siq qilib qo‘yilgan qirg‘oqqa chiqdilar. Geografiya olimi ko‘p mehnat sarf qilib o‘rgangan ispan tilini amalda sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi, lekin yerlilar uning bir og‘iz so‘ziga ham tushunmadilar.
‒ Aftidan, yomon talaffuz qilayotganga o‘xshayman, – deb qo‘ydi Paganel.
‒ Yuring bojxonaga, – dedi Glenarvan.
Bojxonadagilar bir necha inglizcha so‘z va imo-ishoralar yordamida ularga ingliz konsuli bu yerdan bir soatli yo‘ldagi Konsepsion shahrida turadi, deb tushuntirdilar. Glenarvan tezda ikkita chopqir ot topdi, ko‘p o‘tmay Paganel ikkovlari aka-uka Pisarrolarning yo‘ldoshi uddaburon Valdivia tufayli qurilgan bu katta shaharga kirib bordilar.
Qarang, bir vaqtlar juda gullagan shahar endi qanday tushkunlikka uchrabdi! 1819-yildagi yong‘indan hali ham devorlari qorayib yotgan, bo‘shab qolgan va xarobaga aylangan shaharning aholisi endilikda zo‘rg‘a sakkiz ming kishiga yetardi. Uning o‘rniga qo‘shni shahar Talkaguano gullab ketdi. Konsepsion aholisi shunday ham dangasa odamlar ediki, hatto ko‘chalari o‘t bosib, o‘tloqqa aylanib ketibdi. Shaharda hech qanday savdo-sotiq, faoliyat, ish-harakat yo‘q. Har bir uyning balkonidan mandolina ovozi kelar, panjarali derazalardan nozli ashula tovushi eshitilar edi. Bir vaqtlar erkaklar shahari bo‘lgan Konsepsion endi xotinlar va bolalar qishlog‘iga aylangan.
Paganel shaharning bunday ahvolga tushish sabablari to‘g‘risida gap ochgan bo‘lsa-da, Glenarvan bunga uncha qiziqmadi. U bir minut ham vaqtni qo‘ldan bermay, Britaniya konsuli mister J. R. Bentok huzuriga yo‘l oldi. Bu e’tiborli janob ularni juda yaxshi qashi oldi va kapitan Grant voqeasini eshitib, butun qirg‘oqni daraklab ko‘rishga kirishdi.
Konsul Bentok «Britaniya» nomli uch machtali kema o‘ttiz yettinchi parallel yaqinida, Chili yoki Araukan sohillarida falokatga uchragan-uchramaganini bilmas edi. Na unga, na uning do‘stlari – boshqa mamlakatlarning konsullariga bunday ma’lumot kelmagan edi. Ammo bu Glenarvanning ruhini tushirmadi. U Talkaguanoga qaytib keldi-da, g‘ayratini ham, pulini ham ayamay butun sohilni razvedka qilishga odamlar yubordi. Afsus; sohilda yashovchi aholidan har qancha surishtirilmasin, natija bermadi. Bundan, falokatga uchragandan keyin «Britaniya»dan hech qanday nom-nishon qolmagan ekan, degan xulosa chiqar edi.
Glenarvan qidirish ishlarining natija bermaganini do‘stlariga kelib aytdi. Meri Grant bilan ukasi o‘z qayg‘ularini yashirolmadilar. «Dunkan»ning Talkaguanoga kelganiga olti kun bo‘lgan edi. Hamma yo‘lovchilar kemaning yut qismiga to‘plandilar. Elen kapitan Grantning bolalariga, albatta shirin so‘z bilan (boshqa nima ham qila olar edi!) tasalli berishga harakat qilardi. Jak Paganel yana hujjatlar ustiga muk tushdi: u hujjatlardan biror yangi sirni tortib olmoqchi bo‘lgandek, ularga nihoyatda zo‘r diqqat bilan tikilib o‘tirar edi. Geografiya olimi hujjatlar ustida bir soatcha bosh qotirib o‘tirgandan keyin to‘satdan Glenarvan unga murojaat qilib:
‒ Paganel! Men sizning kamol idrokingizga ishonaman. Hujjatni o‘qishda biz biror xato qilmadikmikan? Biz qo‘shgan so‘zlarda mantiq bormi?
Paganel hech narsa deb javob bermadi – u fikr yuritmoqda edi.
‒ Ehtimol, biz kema halokatga uchragan joyni noto‘g‘ri belgilagandirmiz? – deb so‘radi yana Glenarvan. – Har qanday esi past odam ham buning «Patagoniya» ekanini darhol fahmlab olmaydimi?
Paganel yana indamadi.
‒ Nihoyat, «hindu» so‘zi bizning to‘g‘ri xulosa chiqarganimizni ko‘rsatmaydimi? – deb qo‘shib qo‘ydi yana Glenarvan.
‒ Shubhasiz, – dedi Mak-Nabbs.
‒ Shunday ekan, halokatga uchraganlar bu xatni yozayotganda hindlar qo‘liga asir tushish xavfi ostida bo‘lgani o‘zo‘zidan ravshan emasmi?
‒ Mana shu yerda so‘zingizni bo‘laman, azizim Glenarvan, – dedi nihoyat Paganel. – Dastlabki chiqargan xulosalaringiz to‘g‘ri bo‘lsa ham, mana shu keyingisi, menimcha, to‘g‘ri emasdek ko‘rinadi.
‒ Bu bilan nima demoqchisiz? – so‘radi Elen.
Hamma geografga tikilib qoldi.
‒ Men kapitan Grant hozir hindular qo‘lida asirlikda demoqchiman, – javob berdi Paganel har bir so‘zini alohida ta’kidlab, – yana shuni ham qo‘shib qo‘ymoqchimanki, hujjat bu jihatdan sira shubha qoldirmaydi.
‒ Ochiqroq tushuntirib bering, janob Paganel, – deb iltimos qildi miss Grant.
‒ Bundan ham oson ish bormi, azizim Meri: «asir tushadilar» degan ifodani «asir tushdilar» deb o‘qilsa, gap ravshan bo‘ladi-qo‘yadi.
‒ Bu mumkin emas! – dedi Glenarvan.
‒ Mumkin emas deysizmi? Nima uchun mumkin bo‘lmasin, aziz do‘stim? – deb so‘radi jilmayib Paganel.
‒ Chunki shisha kema qoyaga kelib urilgan paytdagina dengizga tashlangan bo‘lishi kerak. Bundan esa hujjatda ko‘rsatilgan kenglik va uzunliklar halokat yuz bergan joyni ko‘rsatadi, degan xulosa kelib chiqadi.
‒ Bunga hech qanday dalil yo‘q, – darhol e’tiroz bildirdi Paganel. – Hindlar halokatga uchraganlarni qit’aning ichkarisiga olib ketgan, deb faraz qilaylik. Xo‘sh, nima uchun u bechoralar xuddi o‘sha shisha yordami bilan o‘zlarining qayerda asirlikda ekanliklarini xabar qila olmadilar ekan?
‒ Bunday qilolmasliklarining sababi juda oddiy, aziz Paganel: shishani dengizga tashlash uchun juda bo‘lmaganda dengizga yaqin yerda bo‘lish kerak.
‒ To‘g‘ri, lekin dengizdan uzoqda bo‘lsangiz, dengizga kelib quyiladigan daryo sohilida bo‘lishingiz ham kifoya.
Kutilmagan, lekin bo‘lishi tamomila mumkin bo‘lgan bu javobni eshitib, hamma hayron bo‘lib jim qoldi. Hamrohlarining chaqnab ketgan ko‘zlariga qarab, Paganel ularning yuragi yana umid bilan ura boshlaganini tushundi.
Jimlikni birinchi bo‘lib Elen buzdi.
‒ Qanday yaxshi fikr-a! – dedi u.
‒ Yaxshi bo‘lganda qandoq! – dedi soddadillik bilan Paganel.
‒ Endi, sizning fikringizcha, qanday tadbir ko‘rishimiz kerak? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Mening fikrim bunday: Amerika qit’asining o‘ttiz yettinchi parallel o‘tadigan joyini topish kerak, keyin yarim gradus ham chetga chiqmay, shu parallel Atlantik okeaniga chiqib ketadigan joygacha qit’ani kesib o‘tish kerak. Shu marshrut bilan yurib, «Britaniya» kemasida halokatga uchraganlarni topsak ham ajab emas.
‒ Ishonch kam, – dedi mayor.
‒ Ishonch qanchalik bo‘lmasin, biz buni nazarga olmay qololmaymiz, – deb e’tiroz bildirdi Paganel. – Agar mening bu taxminim to‘g‘ri chiqib, shisha haqiqatan ham shu qit’adagi okeanga kelib quyiladigan daryolardan biriga tashlangan bo‘lsa, biz asr tushganlarning iziga uchramay o‘tib ketishimiz mumkin emas. Qaranglar, do‘stlarim, bu mamlakatning xaritasiga qaranglar: men fikrimning to‘g‘riligini to‘la isbotlab bera olaman.
Shunday deb, Paganel stol ustiga Argentina viloyatlari bilan Chili kartasini yozib qo‘ydi.
‒ Qarab turinglar, – deb takrorladi u, – Amerika qit’asida qilinadigan bu sayohatda mening orqamdan boraveringlar: ingichkagina Chili yerini kesib o‘tamiz. And tog‘laridan[48 - And tog‘lari (ink xalqlari tilida anta – mis konli tog‘lar) – dunyodagi eng uzun (qariyb 9000 km) va eng baland (6960 m) tog‘ tarmoqlaridan biri. Eni 800 km gacha. And togʻlari Janubiy Amerikani butun uzunligi bo‘ylab g‘arb tomonidan o‘rab turadi. U ko‘plab parallel, asosan meridional tizmalardan iborat bo‘lib, ular Kordiler deb ataladi. Shu bois And tog‘lari Kordiler tog‘lari deb ham yuritiladi (Muharrir).] oshamiz. Pampaslarga[49 - Pampas (kechua indeyslari tilida pampa – oʻtloq) – Janubiy Amerikadagi, asosan, oʻt oʻsimliklari oʻsadigan baʼzi bir tekisliklarning nomi. Aslida Argentina hududining 29 – 39° janubiy kengliklar orasi va gʻarbda Sʼyerras-de-Kordova togʻlarigacha boʻlgan joylar Pampas deyiladi (Muharrir).] tushib boramiz. Bu yerlarda soylar, daryolar, tog‘ jilg‘alari kammi? Yo‘q, juda ko‘p. Mana bu Rio-Negro, mana bu Kolorado, mana bular ularning irmoqlari; ularning hammasi o‘ttiz yettinchi paralleldan oqib o‘tadi, hammasi ham hujjat solingan shishani dengizga oqizib ketgan bo‘lishi mumkin. Ehtimol, o‘sha yerlarda, hindularning biron o‘troq qabilasi orasida, kam o‘rganilgan daryolardan birining sohilida biror sherdarasida biz o‘zimizning do‘stlarimiz deb atashga haqli bo‘lgan kishilar asirlikda yordamga mushtoq bo‘lib o‘tirgandirlar. Biz ularning umidini puchga chiqara olamizmi? Men hozir barmog‘im bilan ko‘rsatayotgan chiziqdan hech qayoqqa og‘ishmay, qit’ani bosib o‘tishimiz kerak degan fikrga hammangiz qo‘shilasizmi? Bordi-yu, taxminim o‘rinsiz chiqib, men bu safar ham xato qilayotgan bo‘lay, o‘ttiz yettinchi paralleldan yo‘limizni davom ettirib borish va agar zarur bo‘lib qolsa, falokatga uchraganlarni topish uchun shu parallel bo‘ylab dunyoni aylanib chiqish bizning vazifamiz emasmi?
Paganelning bu qizg‘in va samimiy so‘zlari tinglovchilarning hammasiga ham chuqur ta’sir qildi. Hammalari turib, uning qo‘lini qisa boshladilar.
‒ To‘g‘ri! Otam mana shu yerda! – deb qichqirdi Robert ko‘zlari bilan yeb yuborgudek darajada kartaga tikilib.
‒ Otangni topmay qo‘ymaymiz, o‘g‘lim, – dedi Glenarvan. – Haqiqatan ham, do‘stimiz Paganel hujjatni juda asosli tushuntirib berdi, biz hech ikkilanmay u ko‘rsatgan yo‘ldan borishimiz kerak. Kapitan Grant yo biror katta qabilaga, yoki aksincha, biror kichkina, kuchsiz qabilaga asir tushgan. Agar kichkina, kuchsiz qabilaga asir tushgan bo‘lsa, uni o‘zimiz qutqazib olamiz. Bordi-yu, u katta qabilaga asir tushgan bo‘lsa, kapitanning qayerdaligini, hol-ahvolini bilib olamiz keyin sharqiy sohilga qaytib, «Dunkan»ga o‘tiramiz-da, Buenos-Ayresga yo‘l olamiz. Mayor Mak-Nabbs u yerda shunday bir otryad tuzadiki, Argentina viloyatlaridagi barcha hind qabilalariga ham kuchi yetadigan bo‘ladi.
‒ To‘g‘ri, ser, to‘g‘ri! – dedi Jon Mangls. – Shuni ham aytish kerakki, qit’a orqali qilinadigan bu safaringiz bexatar o‘tadi.
‒ Bexatar va yengil o‘tadi, – deb uning so‘zini tasdiqladi Paganel. – Bu yo‘lni juda ko‘p odamlar bosib o‘tganlar, tag‘in ularda bizdagiday, imkoniyatlar ham, bizning oldimizda turgan olijanob maqsadlar ham bo‘lmagan! Bazilio Vilarmo degan bir kimsa 1782-yilda Karmendan to Kordilergacha bo‘lgan joylarni bosib o‘tmaganmidi? Konsepsion viloyatida yashovchi chililik sudya don Luiz de-la Kruts 1806-yilda Antukodan yo‘lga chiqib va Kordiler tog‘idan oshib o‘tib, o‘ttiz yettinchi paralleldan og‘ishmay, qirq kun deganda Buenos-Ayresga yetib olmagan edimi? Nihoyat, polkovnik Garsia Alesid d‘Orbini va mening muhtaram kasbdoshim doktor Martin de-Mussi – ular, ham hozir biz insonparvarlik burchimiz deb otlanganday, fanni boyitish niyatida otlanib, bu o‘lkani boshdan-oyoq kezib chiqmaganlarmi!
‒ Janob Paganel! Janob Paganel! – dedi hayajondan titragan tovush bilan Meri Grant. – Bizni deb bunday xavf-xatarlar qarshisiga otlanayotganingiz uchun sizga qanday tashakkur bildirishni ham bilmay qoldim!
‒ Xavf-xatar? – deb so‘radi Paganel. – «Xavf xatar» degan so‘zni kim aytdi o‘zi?
‒ Men emas! – dedi Robert.
Bolaning ko‘zlari porlab turar, uning boqishlarida qat’iyat aks etardi.
‒ Xavf-xatar-a! – deb so‘zida davom etdi Paganel. – Umuman xavf-xatar degan narsa bo‘ladimi o‘zi? Buning ustiga, gap nima to‘g‘risida boryapti? Nihoyati bir ming to‘rt yuz kilometrga cho‘ziladigan sayohat to‘g‘risida boryapti, – axir biz qit’ani to‘ppa-to‘g‘ri kesib o‘tamiz-ku, gap Shimoliy yarim shardagi Ispaniya, Sitsiliya, Gretsiya kengliklariga to‘g‘ri keladigan kenglikda bo‘ladigan sayohat to‘g‘risida, demak, o‘sha mamlakatlar ob-havosiga to‘g‘ri keladigan sharoitda o‘tadigan sayohat to‘g‘risida boryapti; nihoyat, gap ko‘p deganda bir oyga cho‘ziladigan sayohat to‘g‘risida boryapti. Bu sayohat emas, sayr-ku!
‒ Janob Paganel, – deb unga murojaat qildi Elen, – demak, siz halokatga uchraganlar hindular qo‘liga tushgan bo‘lsa, hindular ularni sog‘ qo‘ygan deb o‘ylaysiz-a?
‒ Albatta, xonim. Bu yerlik hindular odamxo‘r emas-ku. Mening bir vatandoshim, Geografiya jamiyatidagi tanishlarimdan biri Ginor degan kishi pampaslardagi hindular qo‘lida uch yil asirlikda yashagan. To‘g‘ri, u juda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirgan, unga juda yomon muomala qilishgan, lekin oxiri u bu qiyinchiliklarni yengib chiqqan. Bu o‘lkalarda yevropalik odamni foydali kishi deb hisoblaydilar. Hindular yevropaliklarning qadriga yetadi va ularni eng qimmatli hayvondek ehtiyot qiladilar.
‒ Unday bo‘lsa, ikkilanishga o‘rin yo‘q, – dedi Glenarvan. – Hech bir kechiktirmay tezda yo‘lga chiqish kerak. Biz qaysi yo‘ldan boramiz?
‒ Oson va ko‘ngilli yo‘ldan, – deb javob berdi Paganel. – Yo‘limiz oldin tog‘dan o‘tadi, lekin bu uzoqqa cho‘zilmaydi, keyin Kordilerning qiya yonbag‘ridan pastga tushib boramiz, naryog‘i tekis maysazor va qumloq joylar: bog‘ sayri deysiz.
‒ Karta ko‘rib olaylik, – deb taklif qildi mayor.
‒ Mana karta, aziz Mak-Nabbs, o‘ttiz yettinchi parallel Chili sohilidagi Rumen buruni bilan Korneyro ko‘rfazi o‘rtasida Amerika qit’asiga kirib keladigan punktni topamiz-da, o‘sha yerdan yo‘lga chiqamiz. Araukaniyaning markazi yonidan o‘tib, Antuko tog‘ yo‘li orqali Kordilerdan oshamiz, vulqon bir chetda, janub tomonda qoladi. Keyin biz tog‘ning qiya yonbag‘ridan pastga tushamiz, Kolorado daryosini kechib o‘tamiz va pampaslar orqali Salinas ko‘liga, Guamini daryosiga, Serra-Tapalkvemga yetib boramiz. Bu yerdan Buenos-Ayres viloyatining chegarasi o‘tadi. Chegaradan o‘tib, Serra-Tandil tog‘lariga chiqamiz va qidirish ishlarimizning Atlantik okeani sohilidagi Medano burunigacha davom ettiraveramiz.
Bo‘lajak ekspeditsiya bosib o‘tishi kerak bo‘lgan marshrutni chizib berar ekan, Paganel oldida ochiq yotgan xaritaga qayrilib ham qaramadi: u bunga zarurat sezmasdi. Uning Freze, Molin, Gumboldt, Mor, d’Orbini asarlariga tayangan o‘tkir xotirasi aldanishi ham, yanglishib qolishi ham mumkin emas edi. Bu geografik nomenklaturani tugatgach, Paganel qo‘shimcha qildi:
‒ Shunday qilib, do‘stlarim, yo‘limiz to‘ppa-to‘g‘ri yo‘l. Bu yo‘lni biz bir oy ichida bosib o‘tamiz, agar g‘arbdan esgan shamol «Dunkan»ni yo‘lda ushlab qolsa, biz sharqiy sohilga hatto undan oldinroq yetib boramiz.
‒ Demak, «Dunkan» Korrientes buruni bilan muqaddas Antoniy buruni o‘rtasida u yoqdan-bu yoqqa suzib yurib turishi kerak ekan-da!
‒ Xuddi shunday.
‒ Ekspeditsiyamiz qatnashchilari qilib kimlarni belgilamoqchisiz? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Ekspeditsiya qatnashchilari ko‘p bo‘lmaydi. Axir biz faqat kapitan Grantning ahvolini bilib kelmoqchimiz, xolos. Biz hindular bilan darhol jangga kirishish maqsadida emasmiz-ku. Menimcha, Glenarvan bizning boshlig‘imiz bo‘lishi tabiiy; mayor, u, albatta, o‘z o‘rnini birovga berishni sira istamasa kerak; kaminangiz Jak Paganel…
‒ Men ham! – deb qichqirdi Robert.
‒ Robert! Robert! – deb uni to‘xtatmoqchi bo‘ldi opasi.
‒ Nima uchun yo‘q deysiz? – dedi Paganel. – Sayohat yoshlar uchun foydali narsa: chiniqadi, ko‘p narsalarni o‘rganadi. Shunday qilib, bizdan to‘rt kishi, yana «Dunkan»dan uchta matros olinsa bo‘ldi…
‒ Ana xolos, – dedi Jon Mangls Glenarvanga qarab, – demak, bu ekspeditsiyada men ishtirok qilmas ekanman-da?
‒ Azizim Jon, biz paroxodda yo‘lovchilarimizni, ya’ni biz uchun dunyodagi eng qimmatli ayollarni qoldirib ketyapmiz. Ularga «Dunkan»ning sodiq kapitanidan ham yaxshiroq kim g‘amxo‘rlik qila oladi!
‒ Bundan chiqdi, biz birga borolmas ekanmiz-da? – dedi Elen g‘amginlik bilan boqib.
‒ Sevimli Elen, – deb javob berdi Glenarvan, – bizning sayohatimiz juda tez sur’at bilan o‘tkaziladi. Biz uzoq vaqtga ajralmaymiz, shuning uchun…
‒ Yaxshi, azizim, tushunaman, – dedi Elen. – Oq yo‘l, sizlarga chin yurakdan muvaffaqiyat tilayman!
‒ Buning ustiga, uni sayohat deb ham atab bo‘lmaydi, – dedi Paganel.
‒ Unda nima deb atash kerak uni?
‒ Shunchaki bir sayr. Biz sof vijdonli odamlarmiz, shuning uchun safarimiz vaqtida ko‘proq yaxshilik qilishga tirishamiz.
Agar hamma bir fikrda bo‘lgan hozirgi muhokamada «muzokara» so‘zini ishlatish o‘rinli bo‘lsa, Paganelning ana shu gapi bilan muzokaralar tugadi. Shu kuniyoq ekspeditsiyaga tayyorgarlik boshlandi. Hindularning diqqatini tortmaslik uchun uni qattiq sir tutishga qaror qilindi.
Safarga chiqish 14-oktabrga belgilandi. Ekspeditsiyaga matroslardan kim qatnashadi, degan masalada so‘z ochilganda, barcha matroslar bunga hozir ekanliklarini bildirdilar. Qiyin ahvolga tushib qolgan va bu ajoyib yigitlardan birontasini ham xafa qilishni istamagan Glenarvan chek tashlashga qaror berdi. Shunday qilishdi. Orzu qilingan chek kapitan yordamchisi Tom Ostin, baquvvat Vilson va boksda hatto Tom Sayersning[50 - Tom Sayers – londonlik mashhur boksyor (Muallif izohi).] o‘ziga ham bo‘sh kelmaydigan Myulredilarga tushdi.
Bu tayyorgarlik ishlarida Glenarvan katta g‘ayrat ko‘rsatdi. U har qanday qilib bo‘lsa ham belgilangan kuni yo‘lga chiqishga tayyor bo‘lishiga ahd qildi va maqsadiga erishdi. Jon Mangls ham Glenarvandan kam g‘ayrat qilmadi. U darhol ochiq dengizga chiqish uchun ko‘mir g‘amlab olishga shoshildi. Jon Argentina sohillariga ulardan oldin yetib borishni istardi. Shu jihatdan Glenarvan bilan yosh kapitan o‘rtasida haqiqiy musobaqa vujudga keldi va bu, albatta, ishga foyda keltirdi.
14-oktabrda tayin qilingan soatga hamma tayyor edi. Jo‘nab ketishdan oldin yo‘lovchilar kayut-kompaniyaga to‘plandilar. «Dunkan» langarini ko‘tara boshladi, yassi vint parraklari Talkaguano qo‘ltig‘ining tiniq suvlarini loyqatdi. Karabinlar va Kolt revolverlari bilan qurollanib olgan Glenarvan, Paganel, Mak-Nabbs, Robert Grant, Tom Ostin, Vilson va Myulredi kemadan tushib ketishga tayyorlanardilar. Yo‘l boshlovchilar bilan yuk ortilgan xachirlar ularni qirg‘oqda kutib turar edi.
‒ Vaqt bo‘ldi, – dedi nihoyat Glenarvan.
‒ Xo‘p, oq yo‘l, azizim, – dedi Elen hayajonini bosishga tirishib.
Glenarvan uni bag‘riga bosdi. Robert opasining bo‘ynidan quchoqladi.
‒ Endi, aziz do‘stlarim, – dedi Paganel, – kelinglar, ajralishdan oldin bir-birimizning qo‘limizni qisaylik, shunday mahkam qisaylikki, to Atlantik okeani qirg‘og‘ida uchrashgunimizcha shu qo‘l qisishganimiz sezilib tursin!
Paganel juda katta ketdi. Lekin xayrlasha turib, ba’zilar shunday qizg‘in quchoqlashdilarki, muhtaram olimning orzusi haqiqatan ham amalga oshadiganga o‘xshab qoldi.
Hamma yana palubaga chiqdi, ekspeditsiyaning yetti a’zosi «Dunkan»ni tark etdilar. Ko‘p o‘tmay ular sohilga yetib oldilar. Bu vaqtda manyovr qilayotgan kema qirg‘oqqa yarim kabeltovdan[51 - Kabeltov – dengizda: 185,2 metrga teng uzunlik o‘lchovi.] ham yaqinroq keldi.
‒ Oq yo‘l, do‘stlarim, muvaffaqiyat tilayman! – deb qichqirdi oxirgi marta Elen kemaning yut qismidan.
‒ Olg‘a! – deb komanda berdi Jon Mangls mashinistga.
‒ Ketdik! – dedi Glenarvan go‘yo kapitan bilan til biriktirgandek.
Sayohatchilar sohil yoqasidagi yo‘ldan ot choptirib ketganlarida «Dunkan» shitob bilan ochiq dengizga yo‘l oldi.
On birinchi bob
CHILIDAN O‘TISH
Glenarvan o‘z ekspeditsiyasiga mahalliy kishilardan to‘rtta yo‘l boshlovchi qo‘shib oldi: ulardan uchtasi katta kishilar va bittasi yosh bola edi. Yo‘l boshlovchilarning boshlig‘i bu mamlakatda yigirma yildan ham ortiqroq yashagan bir ingliz edi. U xachirlarini sayohatchilarga garovga berib, o‘zi Kordiler dovonlaridan oshib o‘tishda ularga yo‘l boshlovchilik qilardi. Tog‘dan oshib o‘tgach, u odatda o‘z sayohatchilarini bakeanoga – pampaslardagi yo‘llarni yaxshi bilgan argentinalik yo‘l boshlovchiga topshirardi. Bu ingliz hindular orasida uzoq yashaganiga qaramay, o‘z ona tilini butunlay esdan chiqarib yubormagan bo‘lib, bizning sayohatchilar bilan bemalol so‘zlasha olardi. Bu, unga har xil topshiriqlar berish va ularning qanday bajarilganini tekshirishda Glenarvanning ishini ancha yengillashtirdi. Paganelning ispan tilini o‘rganaman deb har qancha harakat qilganiga qaramay, hozircha hech kim uning so‘ziga tushunmagani vajidan bu ayniqsa muhim edi.
Chili shevasida «katapats» deb yuritiladigan inglizning qo‘l ostida ikki peon bilan o‘n ikki yashar bir bola bor edi. Peonlar ekspeditsiya yuklari ortilgan xachirlarni haydab kelishar, bola esa madrilani – bo‘yniga qo‘ng‘iroqlar osilgan kichkinagina xachirni yetaklab borar edi. Madrila o‘z orqasidan kelayotgan o‘nta xachirni boshlab ketayotgandek karvonning oldida borar edi. Xachirlarning yettitasida bizning sayohatchilarimiz, sakkizinchisida – katapats kelar edi. Qolgan ikki xachirga oziq-ovqat va pampas katsiklarining[52 - Katsik – hindu qabila boshlig‘i.] ko‘nglini ovlash uchun olingan bir necha toy gazlama ortilgan edi. Pionlar o‘z odatlariga ko‘ra piyoda borardilar. Sayohatchilarimizning Janubiy Amerikani kesib o‘tish safarlari juda yaxshi sharoitdan ham tez, ham bexatar o‘tadigandek tuyular edi.
Kordiler tog‘ tizmalaridan oshib o‘tish u qadar oson ish emas. Juda chidamli xachirlarsiz bunday sayohatni amalga oshirib bo‘lmaydi, bu xildagi tog‘ sayohatlari vaqtida eng ish beradigan xachirlar Argentina xachirlaridir. Bu jonivorlar o‘zlarining dastlabki nasllarida bo‘lmagan ajoyib xususiyatlarga egadirlar. Ular ovqat tanlab o‘tirmaydilar, kunda bir marta suv ichadilar, sakkiz soatda qirq kilometrdan yo‘l bosadilar va o‘n to‘rt arrob[53 - Arrob – 11 kilogrammga to‘g‘ri keladigan mahalliy og‘irlik o‘lchovi.] yukni ko‘rdim demaydilar.
Bir okeandan ikkinchi okeanga cho‘zilgan bu yo‘lda bitta ham karvonsaroy yo‘q. Sayohatchilar odatda qotirilgan go‘sht, murch sepib pishirilgan guruch va yo‘lda otib olingan qushlar bilan ovqatlanadilar. Tog‘larda jilg‘alardan, pasttekislikda ariqdan suv ichadilar. Suvga har bir sayohatchining yonidagi ho‘kiz shoxi – shiflda saqlanadigan romdan bir necha tomchi qo‘shiladi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, u yerlarda spirtli ichimliklarni kamroq iste’mol qilish kerak, chunki asablar o‘shasiz ham juda tarang bo‘ladi. O‘rin-ko‘rpa masalasiga kelsak, yo‘lda u faqat mahalliy egar – rekadodan iborat bo‘ladi. Bu rekado bir tarafi oshlangan, ikkinchi tarafi yungli qo‘y po‘stagidan – peliondan qilinadi va chiroyli gul tikilgan serbar ayil bilan xachir ustiga bog‘lanadi. Sayohatchi kechasi shu issiq pelionga o‘ralib yotib, bemalol uxlayveradi: undan hech qanday zax o‘tmaydi.
Bir vaqtlar juda ko‘p sayohat qilgan va mahalliy urf-odatlarga tez moslashib olishga odatlangan Glenarvan Chili kiyim-boshlarini kiyib oldi va hamrohlarini ham shunday kiyintirdi. Paganel bilan Robert – biri katta, biri kichik bu ikki go‘dak o‘rtasida teshigi bor keng plashch – chili ponchosidan boshlarini chiqarib, oyoqlariga toychoqning keyingi oyog‘i terisidan tikilgan etik kiyganlarida aytib bo‘lmas darajada quvonib ketdilar. Chiroyli egar-jabduq bilan yasatilgan xachirlarni bir ko‘rsangiz edi: arab so‘liqlari, metall bezaklar taqilgan yugan, chilvirdan eshilgan uzun jilov (u ayni vaqtda qamchin vazifasini ham bajaradi), bir kunlik oziq-ovqat g‘amlab qo‘yilgan guldor ajoyib alforxas – xurjunlar. Doim parishonxotir bo‘lgan Paganel bunday bezatilgan xachirga to minib olguncha undan bir necha tepki yeyishi ham gap emas edi. U doim birga olib yuradigan uzun durbinini yelkasiga osib xachirga minib olgach, oyog‘ini uzangiga tirab, o‘zini butunlay xachirning ixtiyoriga topshirib qo‘ydi; shuni ham aytib o‘tish kerakki, u bundan bir marta ham pushaymon bo‘lmadi. Robert esa xachir ustiga minib olishi bilanoq, o‘zining yaxshi chavandoz ekanini darhol ko‘rsatdi.
Yo‘lga chiqdilar. Havo juda yaxshi edi. Osmonda qilt etgan bulut ko‘rinmasa-da, kun issiq emas, dengizdan mayin shabada esib turadi. Kichkina otryad o‘ttiz mil janubdan o‘tadigan o‘ttiz yettinchi parallelga yetib olish uchun Talkaguano ko‘rfazining ilang-bilang qirg‘og‘idan tez ilgarilab bordi. Kuni bilan qurib qolgan botqoqlar o‘rnidan o‘sib chiqqan qamishlar oralab xachirlarni tez haydab bordilar, lekin kam so‘zlashdilar, chunki kemada qolganlar bilan xayrlashuvning taassuroti hali nari ketmagan edi. «Dunkan»ning o‘zi ufqda ko‘rinmay ketgan bo‘lsa ham, uning tutuni hali ko‘zga chalinib turardi. Paganeldan boshqa hamma jim, tirishqoq geograf ispan tilida o‘ziga-o‘zi savollar berar va o‘sha tilda yana o‘zi javob qaytarar edi.
Yo‘l boshlovchilarning boshlig‘i – katapats – ancha indamas odam edi; uning kasbi ham ortiqcha sergab bo‘lishni ko‘tarmasdi. U o‘z peonlariga deyarlik hech gapirmasdi. Peonlar o‘z vazifalarini juda yaxshi bilar edilar. Biror xachir to‘xtab qolsa, ular baqirib-chaqirib uni haydashar, agar bu ham yordam bermay, xachir o‘jarlik qilib turib qolsa, peonlar unga mohirlik bilan tosh otib haydar edilar. Ayili bo‘shashib ketsa yoki yugan chiqib ketsa, peon o‘z plashchini yechar va u bilan xachirning boshini yopib qo‘yib, ishni saranjomlardi, keyin xachir yana yo‘lga tushardi.
Xachir haydovchilar odatda nonushtadan keyin, ertalab soat sakkizda yo‘lga chiqadilar va kunduz soat to‘rtgacha yo‘l yuradilar, soat to‘rt bo‘lganda esa tunash uchun to‘xtaydilar. Glenarvan shu odatga binoan ish tutdi. Katapats to‘xtash uchun signal berganda ko‘pik sochib to‘lqinlanayotgan okean sohili bo‘ylab kelayotgan sayohatchilarimiz ko‘rfazning eng janubiy qismida joylashgan Arauko shahriga yaqinlashib qolgan edilar. Bu shahardan to o‘ttiz yettinchi parallel boshlanadigan yer – Karneyro qo‘ltig‘igacha g‘arbga qarab yana yigirma milcha yo‘l yurish kerak edi. Lekin Glenarvan yuborgan odamlar bu yerlarni juda sinchiklab tekshirib ketgani uchun sohilning bu qismini yana tekshirib o‘tirish ortiqcha edi. Shuning uchun ekspeditsiya Arauko shahridan to‘ppa-to‘g‘ri sharqqa yo‘l oladi, deb qaror qilindi.
Kichkina otryad shu shahardagi qovoqxonalardan birining hovlisida tunadi, qovoqxona ichkarisida tunash juda noqulay edi.
Arauko – Araukaniya degan kichkinagina davlatning poytaxti, bu davlatning territoriyasi hammasi bo‘lib uzunligi olti yuz kilometr va eni bir yuz yigirma kilometr maydondan iborat. Araukaniyada Chilining eng qadim xalqlari moluxlar yashaydilar. Ikkala Amerikada faqat shu mag‘rur va kuchli moluxlar qabilasigina chet ellarga bo‘ysunmagan. To‘g‘ri, bir vaqtlar Araukoni ispanlar bosib olgan edilar, lekin Araukaniya aholisi ularga bo‘ysunmadi[54 - Araukaliklar (o‘zlarini mapu-che deb ataydilar) – Chilining indeys aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi xalq. Ispanlar kelgunigacha araukaliklar hozirgi Chilining butun hududiga tarqalganlar. Ularning bosqinchilar va mustamlakachilarga qarshi kurashi 300 yildan ortiq davom etgan. Hozirgi araukaliklar Markaziy Chilining janubiy qismida to‘plangan; ularning anchagina qismi rezervatsiyalarda yashaydi (Muharrir izohi).]. Hozir Chili chet elli bosqinchilarga qanday qarshilik ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Araukaniya aholisi ham o‘sha vaqtda ispanlarga shunday qattiq qarshilik ko‘rsatgan edi. Hozir ham moviy osmondagi oq yulduz tasvir qilingan uning bayrog‘i poytaxtni mudofaa qiladigan mustahkamlangan tuproq qo‘rg‘on ustida hilpirab, Araukaniyaning mustaqilligidan darak berib turardi[55 - Ispan mustamlakachilari Araukaniyani bosib olishga muttasil harakat qilishgan, araukanlarni mamlakatning chetki viloyatlariga siqib chiqarishgan. 1773-yilda Ispaniya hukumati Araukaniyaning mustaqilligini rasman tan oldi. XIX asrning 80-yillarida u Chili tarkibiga qo‘shib olindi (Muharrir izohi).].
Kechki ovqat tayyor bo‘lguncha Glenarvan, Paganel va katapats tomi poxol bilan yopilgan uylar tushgan shahar ko‘chalarida aylanib yurdilar. Araukoda cherkov binosi bilan fransiskan monastirining xarobalaridan boshqa durustroq imorat yo‘q edi. Glenarvan «Britaniya» kemasi to‘g‘risida undan-bundan surishtirib ko‘rgan edi – foydasi bo‘lmadi. Paganelning zo‘r berib jon kuydirishiga qaramay, mahalliy aholidan hech kim uning tiliga tushunmadi.
Biroq Paganel bu yerlilar to Magellan bo‘g‘ozigacha araukan lahjasida gaplashadigan bo‘lganlaridan keyin, ular uchun ispan tili ham qadim yevropaliklar tilidek bir gap, deb o‘ziga o‘zi tasalli berdi. Shuning uchun Paganel o‘z qulog‘idan foydalanmadi, faqat ko‘zidan foydalanib, olimlarga xos zavq va mamnuniyat bilan har xil tipdagi moluxlarni tomosha qilardi. Erkaklar baland bo‘yli, qizg‘ish qora yassi betli, soqol qo‘ymaydigan kishilar edi: ularda chiqqan soqolni yulib tashlash odat edi. Ular sayohatchilarga ishonchsizlik bilan qarar edilar. Erkaklar tinchlik paytlarida nima qilishni bilmagan jangchilarga o‘xshab, bekorchilik bilan kun o‘tkazadiganday ko‘rinar edilar. Ayollar ro‘zg‘orga tegishli butun og‘ir ishlarni bajarar, shu bilan birga otlarni va qurol-yarog‘larni tozalashar, yer haydashar, o‘z xo‘jayinlari – erkaklar o‘rnida ov qilishar edi. Molux ayollari shuncha ishdan vaqt orttirib, yana poncho – feruza rangli milliy plashchlar tikardilar. Bunday bitta ponchoni tayyorlash ikki yilga cho‘zilar va bahosi yuz dollardan kam bo‘lmasdi. Umuman, moluxlar hali yovvoyilik urf-odatlarni saqlab qolgan, turmushi uncha qiziq bo‘lmagan xalq. Ularda odamzotga nimaiki illat xos bo‘lsa bor, lekin ular bitta juda yaxshi fazilatga ega, u ham bo‘lsa – ozodlikka muhabbat.
– Spartaliklarning xuddi o‘zi-ya! – deb takrorlar edi Paganel sayrdan qaytib kelib, ovqatlanar ekan.
Albatta, muhtaram olim ularga juda ortiqcha baho berib yubordi. Lekin u Arauko shahrida sayr qilib yurganda, uning fransuz yuragi qattiq-qattiq urganini bildirib, hamsuhbatlarini yana ham hayron qoldirdi. Mayorning, yuragingizning birdan bunday urib ketishiga sabab nima edi, deb bergan savoliga Paganel bu juda tabiiy, chunki yaqinginada mening vatandoshlarimdan biri Araukoniya taxtida o‘tirdi, deb javob berdi. Mayor u podshoning nomi nima edi deb so‘radi. Jak Paganel, u perigyolik eks-advokat, juda sersoqol ajoyib bir odam – janob de-Tonnen edi, deb g‘urur bilan javob berdi va janob de-Tonnen ham taxtdan tushgan qirollar «o‘z fuqarolarining ko‘rnamakligi» deb ataydigan holga uchradi, deb ilova qildi. Mayorning taxtdan quvilgan sobiq advokat to‘g‘risidagi bu gapni eshitib, jilmayib qo‘yganini ko‘rgan Paganel jiddiy ravishda, qirolning yaxshi advokat bo‘lishidan ko‘ra advokatning yaxshi qirol bo‘lishi osonroq deb ilova qildi. Paganelning bu so‘zlari hammaning qah-qah urib kulishiga sabab bo‘ldi. Keyin shu zahotiyoq hammalari Araukaniyaning sobiq qiroli Oreliy Antoniy I ning sog‘lig‘iga qadah ko‘tardilar.
Bir necha minutdan keyin sayohatchilarimiz o‘z poncholariga o‘ralib olgan holda dong qotib uxlab yotardilar.
Ertasiga ertalab soat sakkizda kichkina otryad o‘ttiz yettinchi parallel bo‘ylab sharqqa yo‘l oldi. Ilgarigi tartib bilan bordilar: karvon boshida madrila, eng keyinda peonlar. Yo‘l serhosil yerlardan o‘tardi: atrofda uzumzor bog‘lar, katta-katta podalar o‘tlab yurgan bepoyon yaylovlar uchrab turdi. Lekin borgan sari atrof bo‘m-bo‘sh bo‘la bordi. Ahyon-ahyonda butun Amerikaga mashhur bo‘lgan, yovvoyi otlarni o‘rgatuvchi hindlarning chaylasi – rastreadoreslar yoki hozir biroz sayoq hindga boshpanalik xizmatini o‘taydigan bo‘lib qolgan sobiq pochta stansiyasi uchrab qolardi. Shu kuni sayohatchilarimizning yo‘lini ikki daryo to‘sib chiqdi, bular Rake va Tubal daryolari edi, lekin katapats ikkala daryodan ham kechuv joyi topdi va sayohatchilar daryoning narigi sohiliga o‘tib oldilar. Ufqda borgan sari yaqqollashib va shimol tomonga qarab tizilib ketgan cho‘qqilari aniq-ravshan ko‘rinib, Kordiler tog‘ tizmalari yastlanib yotardi. Lekin bu hali yangi dunyoning bahaybat gavdasini tutib turgan umurtqaning pastki bo‘g‘inlari edi, xolos.
O‘ttiz besh mil yo‘l bosib o‘tgach, soat to‘rtda sayohatchilarimiz qirning o‘rtasida o‘sgan baland mirta chakalakzoriga yetib kelib, dam olishga to‘xtadilar. Xachirlarni jilovdan chiqarib, egarlarini olib, qo‘yib yubordilar, jonivorlar darhol o‘zini yaylovdagi qalin barra o‘tga urdi. Chiroyli gullar tikilgan xurjun – alforxaslardan odatdagi safar ovqati, go‘sht bilan gurunch olib yedilar. Ovqatdan keyin sayohatchilar qo‘y terisidan tikilgan pelionlarga o‘ralib, boshlari tagiga yostiq o‘rniga rekado – egarni qo‘yib, yangitdan kuch to‘plash uchun qattiq uyquga ketdilar. Kechasi bilan katapats va peonlar galma-galdan navbatchilik qildilar.
Havo yaxshi bo‘lgani uchun ekspeditsiyaning barcha ishtirokchilari, hatto Robert ham, o‘zlarini juda yaxshi his qilardilar. Hamon bu sayohat shunchalik yaxshi boshlangan ekan, uning yaxshi natijalar bilan tugashiga umid qilaverish kerak edi.
Ertasiga yana shitob bilan yo‘l bosib, eson-omon Rio-Bell ostonalaridan o‘tdilar, kechqurun ispan Chilisi bilan mustaqil Chilini bir-biridan ajratib turadigan chegara – Rio-Biobio daryosi qirg‘og‘ida to‘xtashganida Glenarvan ekspeditsiya yana o‘ttiz besh mil yo‘l bosdi, deb yo‘l daftariga yozib qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tevarak-atrofda o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. O‘lka juda serhosil bo‘lib, atrofda juda ko‘p amarilislar, binafsha daraxtlari, bangidevona va tilla rang gul ochib kaktuslar o‘sib yotardi. Chakalaklarda allaqanday yirtqich hayvonlar yashirinib yurar, ular orasida otselot – yovvoyi mushuklar ko‘rinib qolardi. Qushlar ko‘p emas edi: goh-gohida biror qarqara, boyqush yoki lochin changaliga tushib qolmaslik uchun qochib ketayotgan mayna yo chomga ko‘rinib qolar edi. Yerli xalq deyarlik uchramadi. Ahyon-ahyonda hindular bilan ispanlarning qoni aralashib dunyoga kelgan biror guassos yalang oyog‘iga taqib olgan katta shporni otining qonab ketgan biqiniga niqtab, soyadek lip etib o‘tib qolardi. Yo‘lda ekspeditsiyani qiziqtirgan masalada surishtirib biror narsa bilsa bo‘lguday hech jon uchramadi. Lekin Glenarvan bunga ko‘nikib qoldi. U kapitan Grantni asir qilgan hindular uni Kordiler tog‘ining narigi tomoniga olib o‘tib ketganlar, demak, uni qidirish ishlari tog‘ning bu tomonida emas, balki pampaslarda natija beradi, deb o‘zini ishontirishga tirishar edi. Demak hozircha sabr qilish va tez sur’atlar bilan yo‘l bosish kerak.
17-oktabrda odatdagi vaqtda va odatdagi tartib bilan yo‘lga chiqdilar. Robert uchun bu tartibni saqlab yurish qiyin edi. Tinib-tinchimagan bola o‘z xachirini haydab hadeb madriladan oldinga o‘tib ketmoqchi bo‘lar, faqat Glenarvanning jiddiy qichqirishigina uni qaytarib qolardi.
Atrof o‘z tekisligini yo‘qota bordi. Tez-tez uchrab turgan adirlar va sharillab oqayotgan riolar, ya’ni soylar tog‘ning yaqinligidan darak berardi. Paganel tez-tez kartaga qarar, yo‘lda uchragan soylardan birontasi kartaga tushirilmagan bo‘lsa – bunday hol esa ko‘p uchrab turardi – geografiya olimining qoni qaynab, xunobi oshib ketardi.
‒ Oti yo‘q soyning huquqsiz odamdan hech farqi yo‘q! – derdi u, jahli chiqib. – Geografiya qonuni uchun u yo‘q narsa.
Shu sababga ko‘ra olimimiz ismsiz soylarga hech tortinmay ot qo‘yar, qo‘yganda ham juda jarangdor qilib ispancha ism qo‘yardi-da, darhol qo‘lidagi kartaga kiritardi.
‒ Zap til ekan-da! – deb takrorlar edi Paganel. – Juda ham ohangdor va jarangli-a! Xuddi metalldan quyilganga o‘xshaydi! Imonim komilki, bu tilning tarkibi qo‘ng‘iroq quyiladigan bronzaga o‘xshash, yetmish sakkiz qismi mis-u yigirma ikki qismigina qalayi.
‒ Lekin o‘zingiz ispan tilini o‘rganyapsizmi? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Bo‘lmasam-chi. Faqat talaffuzimning mazasi yo‘q! Shunisi chatoq!
Shundan keyin Paganel sira ruxini tushirmay ovozini baland qo‘yib, ispan tilining talaffuzi bilan kurashishga tushib ketar, lekin bu geografik kuzatishlar olib borishiga sira xalaqit bermas edi. Bu sohada u hayron qolar darajada kuchli bo‘lib, albatta, bu borada hech kim uning oldiga tusha olmasdi. Glenarvan bu o‘lkaning biror xususiyati to‘g‘risida katapatsdan biron narsa so‘rab qolguday bo‘lsa, geografiya olimi, doim yo‘l boshlovchidan ilgariroq javob berar edi. Katapats unga juda hayron bo‘lib qarardi.
Shu kuni kunduz soat ikkilarda otryad allaqanday bir yo‘lni kesib o‘tdi. Tabiiyki, Glenarvan katapatsdan bu yo‘lning nomini so‘radi, xuddu shunday tabiiy ravishda unga Jak Paganel javob berdi:
‒ Bu Yumbeldan Los-Anjelosga olib boradigan yo‘l.
Glenarvan katapatsga qaradi.
‒ To‘ppa-to‘g‘ri, – deb tasdiqladi katapats, so‘ng geografdan so‘radi: – demak, siz bu yerlardan o‘tgan ekansiz-da?
‒ Albatta! – deb javob berdi Paganel tamomila jiddiy.
‒ Xachirdami?
‒ Yo‘q, kresloda.
Katapats uning gapiga tushunmadi shekilli, yelkasini qisib qo‘ydi-da, otryad boshidagi o‘z joyiga ketdi.
Kechqurun soat beshda Loxa shaharidan bir necha mil naridagi u qadar chuqur bo‘lmagan bir darada tunashga to‘xtadilar. Bu kechani sayohatchilar serra etaklarida, ya’ni Kordiler tog‘larining dastlabki pog‘onalaridan birida o‘tkazdilar.
O‘n ikkinchi bob
O‘N IKKI MING FUT BALANDLIKDA
Chilidan o‘tishda safar shu paytgacha hech qanday qiyinchiliksiz davom etdi. Lekin endi tog‘ sayohati bilan bog‘liq bo‘lgan barcha qiyinchiliklar va xavflar bir yo‘la uchray boshlashi kerak edi. Tabiiy qiyinchiliklar bilan kurash boshlanmoqda edi.
Yo‘lga chiqishdan oldin muhim bir qarorga kelish, ya’ni keyinchalik belgilangan yo‘ldan og‘ib ketmaslik uchun Kordilerdan qaysi yo‘l bilan oshib o‘tishlarini aniqlab olish kerak edi. Katapatsning fikrini so‘rashdi.
‒ Men Kordilerning bu qismida xachir bilan o‘tish mumkin bo‘lgan faqat ikkita dovonni bilaman, – deb javob berdi u.
‒ Siz Valdivia Mendosa ochgan Arika dovonini nazarda tutyapsiz, shundaymi? – deb so‘radi Paganel.
‒ Ha.
‒ Ikkinchisi, Viarika dovoni to‘g‘rimi?
‒ To‘ppa-to‘g‘ri.
Lekin bu dovonlarning bittasi ham bizga to‘g‘ri kelmaydi, do‘stim, nega desangiz ulardan biri bizning yo‘limizdan ancha shimolda, ikkinchisi esa ancha janubda.
‒ O‘zingiz boshqa bir yo‘l ko‘rsatolmaysizmi? – deb so‘radi mayor geografiya olimidan.
‒ Ko‘rsata olaman, – dedi Paganel, – men Antuko vulqoni yonidan o‘tadigan 37°3’ janubiy kenglikdagi yo‘lni nazarda tutaman, u bizning yo‘limizdan taxminan yarim graduscha chetdan o‘tadi. Yana tag‘in, u nihoyati yetti ming fut balandlikdan o‘tadi.
‒ Juda soz! – dedi Glenarvan. – Katapats, siz ham bu dovonni bilasizmi?
‒ Ha, bu dovondan bir o‘tgan edim, lekin bu yo‘l tog‘ning sharqiy yonbag‘ridan hind cho‘ponlari poda haydab o‘tadigan yolg‘izoyoq so‘qmoq yo‘l bo‘lgani uchun indamagan edim.
‒ Hechqisi yo‘q, do‘stim, – dedi Glenarvan, – yilqi, ho‘kiz va qo‘y podalari o‘ta olgan joydan biz ham o‘tamiz. Rostki u yo‘l bizni o‘ttiz yettinchi paralleldan olib yuradimi, o‘sha yo‘ldan bormog‘imiz kerak.
Darhol yo‘lga chiqish uchun signal berildi, otryad katta-katta ohak toshlar orasidan yurib, Las-Laxas vodiysiga kirib ketdi. Yo‘l sezilar-sezilmas ko‘tarila borardi. Ertalab soat o‘n birlarda kichikroq bir ko‘lni aylanib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Bu tabiiy suv ombori go‘yo bir-biriga hamma qo‘shni daryochalarning va’dalashib uchrashadigan joyi edi: ular shildirab oqib kelib, musaffo ko‘l suvida jimgina qovushar edilar. Shu ko‘lning yuqorisidan toqqa qarab lyanoslar, ya’ni hindular mol boqadigan boshoqli o‘simliklar to‘la keng adirlar boshlanar edi. Ko‘p o‘tmay, otryad janub va shimolga cho‘zilib ketgan botqoqlikka duch keldi. U yerdan faqat xachirlarning instinkti soyasidagina eson-omon o‘tib ketdilar. Soat birga borib, Ballenare qal’asi ko‘rindi, baland qoya ustida qad ko‘targan bu qal’aning yarim xaroba devorlari cho‘qqiga kiygizilgan tojga o‘xshab turardi. Otryad qoya yonidan o‘tib ketdi. Yo‘l tik tosh yo‘lga aylana bordi; xachirlar oyog‘i ostidan ko‘chgan tosh suron ko‘tarib, pastga otilar edi. Soat uchlarda 1770-yil qo‘zg‘oloni vaqtida vayron qilingan boshqa bir qal’aning xushmanzara xarobalari ko‘rindi.
Shu yerdan boshlab yo‘l qiyingina emas, hatto xavfli bo‘lib qoldi. U tobora tikkalashib, jarliklar chuqurlashib, ular yoqasidan o‘tgan so‘qmoq tobora torayib bordi. Xachirlar boshini egib, yo‘lini hidlab-hidlab, ehtiyot bilan ilgarilab borar edilar. Oldinma-ketin tizilib borishar edi. Ba’zida oldinda ketayotgan madrila tik muyulishda birdan ko‘zdan g‘oyib bo‘lardi, bunday paytda kichkina karvon uning uzoqdan eshitayotgan qo‘ng‘iroq tovushiga qarab boraverar edi. Ko‘pincha ilon izi bo‘lib ketgan so‘qmoq bo‘linib ketar, ikki qator bo‘lib yurishga imkon tug‘ilardi, shunday paytlarda katapats kengligi nihoyati ikki sajen[56 - Sajen, sarjin – uch gazga yoki 2,134 metrga teng uzunlik o‘lchovi; dengiz sarjini 1,83 m (Muharrir izohi).] chiqar-chiqmas, lekin chuqurligi ikki yuz sajen keladigan o‘tib bo‘lmas o‘pqon osha o‘z peonlari bilan gaplashib borardi.
Bu yerlarda o‘t hali toshga so‘z bermay, ular orasidan chiqib o‘sib yotar, lekin hademay minerallar dunyosi o‘simlik olami ustidan g‘alaba qilajagi sezilib turardi. Antuko vulqonining yaqinligi goh unda, goh bunda ko‘zga chalinib qolayotgan, ninasimon sariq kristallar bilan qoplanib, qotib qolgan temir rangli lava oqimidan sezilib turardi. Biri ustiga biri mingashib ketgan qoya toshlar muvozanat qonuniga xilof ravishda o‘z joyidan qimirlamay turar, mana hozir ustlaridan bosib tushadiganday ko‘rinardi. Yer qimirlash paytida bu yerlar o‘z qiyofasini osonlik bilan o‘zgartirib yuborishi mumkin edi, albatta. Bir yonga qiyshaygan nayza uchli cho‘qqilarni, gumbazsimon tosh uyumlarini, yonboshlatib qo‘yilgan tepalarni ko‘rganda bu tog‘lik yerlarning hali tamom tashkil topib bitmagani ravshan bo‘lib qolardi.
Bunday sharoitda yo‘lni topib yurish oson ish emas. Kordiler yer osti qatlamining deyarlik tinmay tebratib turishi yo‘lni tez-tez o‘zgartirib yuborar, undagi belgilar ko‘pincha yo‘qolib ketardi. Shuning uchun katapats ikkilanib tez-tez to‘xtab qolardi. U to‘xtab, atrof-tevarakni ko‘zdan kechirar, qoyalarning shakliga diqqat qilar, tez maydalanib ketadigan toshlar orasidan hindularning oyoq izini axtarar edi. Lekin, aftidan, mo‘ljal qilib yo‘l yurishning iloji qolmadi.
Glenarvan yo‘l boshlovchidan ajralmay, qadam-baqadam uning ketidan bordi. Yo‘l yurish qiyinlashgan sari katapatsning ikkilanishi ortayotganini ko‘rib va sezib turardi. U faqat xachirlardagina emas, ehtimol yo‘l boshlovchilarda ham ishonsa bo‘ladigan instinkt bordir degan umidda unga savol bermas edi.
Shu tarzda katapats tavakkaliga yana bir soatcha adashib yurdi, lekin tobora toqqa ko‘tarilaverdi. Nihoyat u to‘xtashga majbur bo‘ldi. Otryad hindular «kebradas» deb ataydigan tor daralardan birining tagida edi. Tik ketgan bir porfir qoya yo‘lni to‘sib qo‘ydi. O‘tib ketish uchun yo‘l axtarib rosa ovora bo‘lgach, katapats xachirdan tushdi-da, qo‘llarini ko‘ksida qovushtirib, payt poylayotganday jim turib qoldi. Glenarvan uning oldiga keldi.
– Adashdingizmi? – deb so‘radi u.
‒ Yo‘q, ser, – deb javob berdi Katapats.
‒ Lekin biz hozir Antuko yo‘lida emasmiz-ku?
‒ Biz shu yo‘ldamiz.
‒ Yanglishayotganingiz yo‘qmi?
‒ Yanglishayotganim yo‘q. Ana hindular yoqqan gulxanning kuli, anavilar esa biya va qo‘y podalari qoldirgan iz.
‒ Demak, ilgari bu yo‘ldan o‘tish mumkin ekan-da?
‒ Ha, o‘tsa bo‘lardi, lekin endi o‘tib bo‘lmaydi: oxirgi yer qimirlash bu yo‘lni o‘tib bo‘lmaydigan qilib berkitib tashlabdi.
‒ Xachirlar o‘ta olmasligi mumkin, lekin odam o‘ta oladi, – deb gap qistirdi mayor.
‒ Bu endi sizning ishingiz, – dedi katapats, – men qo‘limdan kelgan hamma ishni qildim. Agar lozim topsangiz, biz xachirlar bilan orqaga qaytib, Kordilerdan o‘tish mumkin bo‘lgan boshqa yo‘l axtarib ko‘ramiz.
‒ Bu qancha vaqtimizni olishi mumkin?
‒ Kamida uch kun.
Glenarvan bu gaplarga indamay turib quloq soldi. Katapats bo‘yniga olgan majburiyatni halol bajarishga harakat qilayotgani aniq ko‘rinib turardi, lekin uning xachirlari nari borolmasdilar. Katapats orqaga qaytishni taklif qilganda Glenarvan hamrohlariga o‘girilib, so‘radi:
‒ Nima bo‘lsa ham shu yo‘ldan qolmay, safarni davom ettirishga rozimisizlar?
‒ Biz sizdan qolmaymiz, – dedi Tom Ostin.
‒ Hatto sizdan o‘tib ketamiz, – deb qo‘shib qo‘ydi Paganel. – Bunday o‘ylab qaraganda, gap nima to‘g‘rida boryapti? Narigi yonbag‘irning qiyaligi hozir biz turgan tomonning qiyaligiga qaraganda ancha tekis bo‘lgan bir tog‘ tizmasidan oshib o‘tish to‘g‘risida boryapti. Tog‘ning narigi etagiga tushib olgach, biz argentinalik yo‘l boshlovchi – bakeanoslar ham, tekis qirlarda tez yuradigan uchqur otlar ham topib olamiz. Hech qanday ikkilanmasdan, olg‘a!
‒ Olg‘a! – deb uning so‘zini quvvatlashdi Glenarvanning hamrohlari.
‒ Siz ham biz bilan bormaysizmi? – deb so‘radi katapatsdan Glenarvan.
‒ Men xachir haydovchiman, – deb javob berdi katapats. – Ixtiyoringiz.
‒ Usiz ham bir amallaymiz, – dedi Paganel. – Tog‘dan oshib o‘tgach, yana Antuko yo‘lining so‘qmog‘iga tushib olamiz-ku, axir. Eng yaxshi mahalliy yo‘l boshlovchidan ham yaxshiroq yo‘l boshlab, Kordilerning etagiga olib tushish mening bo‘ynimga.
Glenarvan katapatsning haqini to‘ladi-da, peonlari va xachirlari bilan birga unga javob berib yubordi. Qurollar, kerakli asbob-uskuna va bor oziq-ovqatni yetti sayohatchi o‘zaro bo‘lishib oldilar. Darhol yo‘lga tushish va agar kerak bo‘lib qolsa, tunda ham bir necha soat yuqoriga ko‘tarilib borish to‘g‘risida umumiy bir fikrga kelindi. Tog‘ning so‘l yonbag‘rida xachirlar o‘tolmaydigan tik so‘qmoq ilonizi bo‘lib cho‘zilib ketgan edi. Bunday so‘qmoqdan toqqa ko‘tarilish haddan tashqari qiyin bo‘lishiga qaramay, ikki soatli zo‘r berishdan keyin Glenarvan bilan hamrohlari yana Antuko yo‘liga tushib oldilar.
Endi ular Kordiler tizmalariga yaqinlashib qolgan edilar. Lekin atrofda odam bosib o‘tgan yo‘l ko‘rinmas, yaqinda bo‘lib o‘tgan zilzila bu yerlarning qiyofasini tamom o‘zgartirib yuborgan edi, shuning uchun endi tog‘ cho‘qqilariga hech qanday yo‘lsiz ko‘tarilishga to‘g‘ri keldi. Yo‘lning birdan yo‘qolib qolishi Paganelni juda shoshirib qo‘ydi. Balandligi o‘rtacha olganda o‘n bir ming futdan o‘n ikki ming olti yuz futgacha yetadigan Kordiler cho‘qqilari tepasiga yetib olish juda qiyinlashib ketadigan bo‘ldi, deb o‘yladi u. Sayohatchilarning baxtiga, yilning eng yaxshi payti edi: havo tinch, osmonda qilt etgan bulut yo‘q. Qish oylarida – maydan oktabrgacha[57 - Janubiy yarim sharda qish Shimoliy yarim shardagi yoz oylariga to‘g‘ri keladi.] – tog‘ tepasiga chiqish sira mumkin bo‘lmasdi. Qor ko‘chkilari sayohatchilarni halok qilar, ulardan omon qolgan kishilarni esa, yil sayin yangi-yangi qurbonlarni Kordilerdan tagsiz jarlarga otib tashlaydigan rahmsiz temporaleslar (mahalliy bo‘ronlar) yo‘q qilardi.
Sayohatchilar kechasi bilan toqqa ko‘tarilishni davom ettirdilar. Ular goh deyarlik sira chiqib bo‘lmaydigan joylarga tarmashib chiqishlar, goh keng va chuqur yoriqlar ustidan sakrab o‘tib ketishardi. Bunday paytlarda hamrohlarning yelkalari bir-biri uchun zina vazifasini o‘tar, bir-birlariga uzatilgan qo‘llar esa arqon vazifasini bajarardi. Jasur sayohatchilar allaqanday epchil akrobatlarga o‘xshab tushardilar. Myulredining kuchi bilan Vilsonning epchilligi juda ish berdi. Bu ajoyib, fidokor va har yerda hozir-u nozir shotland yigitlari bo‘lmaganda kichkina otryad necha martalab to‘xtab qolishi turgan gap edi. Glenarvan Robertdan ko‘z uzmay borardi, chunki bola juda o‘t bo‘lganidan o‘zini hech ehtiyot qilmasdi. Paganel fransuzlarga xos qizg‘inlik bilan olg‘a intiladi. Mayorga kelsak, u zarur bo‘lganida boshqa bironta ham ortiqcha harakat qilmay to‘xtovsiz yuqoriga ko‘tarilib borar edi. Umuman, mayor bir necha soatdan beri toqqa ko‘tarilayotganini sezyaptimikan? Bu savolga javob berishi mushkul edi. Ehtimol, u o‘zini tog‘dan tushayotgandek sezayotgandir.
Ertalab soat beshda barometr sayohatchilarning yetti ming besh yuz fut balandlikka chiqqanlarini ko‘rsatdi. Ular yog‘och o‘simliklar tugaydigan yassi tog‘likka yetgan edilar. Bu yerlarda ovchilarni ham xursand qiladigan, ham boy qiladigan hayvonlar sakrashib yurar, lekin bu xususiyatlarini o‘zlari ham yaxshi bilganlaridan, odamlarni uzoqdan ko‘rish bilanoq ura qochar edilar. Bu qo‘yning ham, ho‘kizning ham, otning ham o‘rniga o‘ta oladigan, hatto xachir tirikchilik qilolmaydigan balandlikda ham bahazur yashay oladigan lamalar edi. Bu yerlarda mo‘ynasi qimmat turadigan, quyon bilan qo‘shoyoq o‘rtasidagi kichkinagina, hurkak, beozor kemiruvchi hayvon – shinshilla yashar edi. U orqa oyoqlarida tursa kenguruga o‘xshab ketardi. Bu chaqqon jonivorning olmaxonga o‘xshab daraxtlar tepasida yugurib yurishini tomosha qilish juda maroqli edi.
– Bu hali qush emas, lekin oyoqli ham emas, – dedi Paganel.
Lekin toqqa ko‘tarilish paytida kichkina otryad uchratgan jonivorlar lama bilan shinshillagina emas edi. To‘qqiz ming fut balandlikda, abadiy erimay yotadigan qorlar boshlanadigan joyda kavsh qaytaradigan nihoyatda chiroyli hayvonlar poda-poda bo‘lib yurardi, bular: yungi ipakdek mayin, uzun tolali bo‘lgan pakoslar va yungi nihoyatda nozik, o‘zi chiroyli va yuvosh vigon – shoxsiz echkilar edi. Lekin bu tog‘ go‘zallariga aslo yaqinlashib bo‘lmas, xato yaxshilab tomosha qilish ham qiyin edi, chunki ular ko‘zni qamashtirar darajada oppoq qor gilamlari ustidan sirpanib, hech qanday shovqin-suronsiz ura qochib qolar edilar.
Manzara butunlay o‘zgardi: to‘rt tomonda osmonga bo‘y cho‘zgan, ba’zi yerlari ko‘kish, yaltiroq katta-katta muz parchalari ko‘tarilib kelayotgan quyoshning ilk nurlari ostida jilvalanardi. Toqqa ko‘tarilish juda xavfli bo‘lib qoldi. Endi qor ustida biror yoriq yo‘qmikan deb oldindan ehtiyot bilan paypaslab ko‘rmasdan tavakkaliga oyoq bosib bo‘lmasdi. Vilson otryad oldida oyog‘i bilan muzning qanchalik mustahkamligini sinab ko‘rib borar edi. Uning hamrohlari xuddi u bosgan yerga oyoq bosishga harakat qilib, uning ketidan borishar, qattiq gapirmaslikka tirishar edilar, chunki salgina shovqin ham havoni titratib, tepalarida, yetti yuz-sakkiz yuz fut balandlikda uyilib yotgan qorlarni ko‘chirib yuborishi mumkin edi.
Sayohatchilarimiz shu tarzda changalzorlar mintaqasiga yetib oldilar; yana bir ming yetti yuz fut ko‘tarilganlarida changalzorlar boshoqli o‘simliklar va kaktuslar bilan almashindi. O‘n bir ming fut balandlikda ular ham yo‘qoldi. Unumsiz tog‘ bag‘rida endi hech qanday o‘simlik ko‘rinmas edi. Butun bu ko‘tarilish paytida sayohatchilar faqat bir marta, ertalab soat sakkizda birpasgina dam oldilar. Tezgina, nariberi ovqatlanib olib tobora ortib borayotgan xavf-xatarlarni pisand qilmay, mardlik bilan yana toqqa tarmashdilar. Ular nayza uchli tog‘ o‘rkachlaridan, pastga qarashning o‘ziyoq kishini dahshatga soladigan o‘pqonlar yoqasidan o‘tib bordilar. Ko‘pgina joylarda ilgari bu yerlarda yuz bergan falokatlardan guvohlik berib, yog‘och butlar qaqqayib turardi. Kunduz soat ikkilarda faqat toshdan iborat bo‘lgan, cho‘qqilar orasida cho‘zilib yotgan va hech qanday o‘simlik zoti o‘smaydigan taqir cho‘lga o‘xshagan yassi tog‘liklar boshlandi. Havo quruq, osmon ko‘m-ko‘k. Bunday balandlikda yomg‘ir mutlaqo yog‘maydi: namlik bu yerlarda yo qorga, yo do‘lga aylanib ketadi. U yer bu yerda skelet suyaklari singari oppoq qor ostidan porfir va bazalt cho‘qqilar so‘rrayib chiqib turardi. Ba’zan shamol yalab yemirilishi natijasida kvars yoki gneys jinslari gumburlab ko‘chib tushardilar; siyraklashib qolgan havo ularning tovushini deyarli o‘tkazmas edi.
Sayohatchilar qancha jasorat ko‘rsatmasinlar, baribir charchab qoldilar. Hamrohlarining bunchalik toliqib qolganlarini ko‘rgan Glenarvan ularni tog‘ning bu qadar baland yerlariga boshlab kelganiga pushaymon qila boshladi. Yosh Robert charchoqqa so‘z bermaslikka tirishardi, lekin uning kuchi tugab bormoqda edi.
Soat uchda Glenarvan to‘xtadi.
‒ Dam olish kerak, – dedi u o‘zi aytmasa hech kimdan bunday gap chiqmasligini sezib.
‒ Dam olish kerak-ku, lekin qayerda dam olamiz? – deb so‘radi Paganel. – Bu yerda dam oladigan joy yo‘q-ku.
‒ Baribir dam olish zarur, juda bo‘lmasa Robert uchun.
‒ Yo‘q, ser, men hali yura olaman… – deb e’tiroz bildirdi jasur yigitcha. – To‘xtamanglar…
‒ Seni ko‘tarib olishadi, o‘g‘lim, – deb uning so‘zini bo‘ldi Paganel, – lekin biz har nima qilib bo‘lsa ham tog‘ning sharqiy yonbag‘riga yetib olishimiz lozim. U yerda dam oladigan biror chayla-payla topsak ham ajab emas. Ana shuning uchun, menimcha, yana ikki soatcha yurishimiz kerak.
‒ Shunga rozimisizlar? – deb hamrohlarining rayini so‘radi Glenarvan.
‒ Rozimiz, – deb javob berdi hamma.
‒ Bolani men o‘zim ko‘tarib olaman, – dedi Myulredi.
Shundan so‘ng otryad sharqqa qarab yana yo‘lga tushdi. Toqqa chiqishdek nihoyatda mashaqqatli yo‘l yana ikki soat davom etdi. Tog‘ning eng baland cho‘qqisiga yetib olish lozim edi. Havo siyraklashib ketgani uchun nafas olish qiyin bo‘lib qoldi, sayohatchilarning milk va lablari qonab keta boshladi. Havo siyrakligi natijasida sekinlashib qolgan qon yurishini tezlatish uchun tez-tez nafas olishga to‘g‘ri kelardi, bu esa qorda aks etib, ko‘zni qamashtirayotgan quyosh nuridan ham ko‘proq charchatar edi. Sayohatchilarning irodasi qanchalik kuchli bo‘lmasin, ularning eng baquvvatlari ham holdan to yib qoldi, tog‘larda yurgandagi eng yomon hol – bosh aylanish ularni jismoniy kuchdangina emas, balki ruhiy quvvatdan ham mahrum qildi. Bunday haddan tashqari charchoqni nazar-pisand qilmaslikning sira ham iloji yo‘q, sayohatchilardan goh bittasi, goh ikkinchisi yiqilib qolar, qaytib turgandan keyin esa yurishga qurbi kelmay, emaklab sudralib yo‘lida davom etardi. Bu nihoyatda holdan toygan odamlarning ko‘p o‘tmay sira ham siljiy olmay qolishlari aniq ko‘rinib turardi. Glenarvan muz va qor bilan qoplangan bu cheksiz, mash’um o‘lkaga, bo‘m-bo‘sh cho‘qqilarni qora pardaga o‘rab kelayotgan kechki g‘ira-shira qorong‘ulikka qo‘rqib-qo‘rqib qarar va atrof-tevarakda bitta ham boshpana yo‘q-a, deb alam bilan o‘ylar ekan, birdan mayor uni to‘xtatib, bamaylixotir:
‒ Chayla, – dedi.
O‘n uchinchi bob
KORDILER TOG‘LARIDAN TUSHISH
Mak-Nabbsning o‘rnida boshqa odam bo‘lganda bu chaylaning yonidan, hatto ustidan yuz marta o‘tib ketganda ham uning borligini sezmagan bo‘lardi. Qor bosib qolgan chayla atrofida do‘mpayib yotgan minglab xarsang toshlardan deyarlik farq qilmas edi. Uni qor tagidan ochib olishga to‘g‘ri keldi. Vilson bilan Myulredi yarim soatcha zo‘r berib ishlaganlaridan so‘ng kichkina otryad chaylaga kirib joylashdi.
Kazucha deb atalgan bu chaylani oftobda kuydirilgan g‘isht-adobes bilan hindular qurgan edilar. Kazucha tomonlari o‘n ikki futdan keladigan kub shaklidagi bino bo‘lib, bazalt qoya ustiga qurilgan edi. Chaylaga kiriladigan torgina birdanbir teshik oldiga toshlardan zinapoya qilingan, teshik qanchalik tor bo‘lmasin tog‘larda temporales quturgan vaqtda undan shamol, qor va do‘l yo‘l topib kira olardi.
O‘n kishi bahazur joylasha oladigan bu chaylaning yog‘ingarchilik paytlarda namdan unchalik saqlay olmaydigan devorlari hozir achchiq sovuqdan ancha saqlashi mumkin edi – termometr o‘n gradus sovuqni ko‘rsatib turardi. Buning ustiga, g‘ishtdan nari-beri qo‘nqaytirib qo‘yilgan trubali o‘choqqa o‘t yoqib, sovuq bilan kurashish ham mumkin edi.
‒ Mana boshpana ham topdik, – dedi Glenarvan, – u qadar qulay bo‘lmasa ham, har holda o‘ziga yarasha.
‒ Nima, nima?! – dedi Paganel. – Saroy-ku, saroy! A’yonlar bilan qorovullar yetishmaydi, xolos. Mazza qilib dam olamiz bu yerda!
‒ Ayniqsa o‘choqqa o‘t yoqib yuborsak bormi, – dedi Tom Ostin. – Axir sovuq bizga ochlikdan kam azob berayotgani yo‘q, hozir bir bog‘ o‘tin meni bir parcha mazali go‘shtdan ham xursand qilgan bo‘lar edi.
‒ Tashvish tortmang, Tom, o‘tin ham topamiz, – dedi Paganel.
‒ Kordiler cho‘qqilarida o‘tin nima qilsin! – dedi Myulredi, ishonmaganday bosh chayqab.
‒ Kazuchaga o‘choq qilganlaridan keyin, yaqin oradan o‘tin ham topilishi kerak, – dedi mayor.
‒ Do‘stimiz Mak-Nabbs juda to‘g‘ri aytdi, – dedi Glenarvan. – Sizlar ovqat taraddudini ko‘raveringlar, o‘tin topib kelish mening bo‘ynimga.
‒ Vilson ikkovimiz ham birga boramiz, – dedi Paganel.
‒ Mening ham foydam tegib qolar… – dedi o‘rnidan turar ekan Robert.
‒ Yo‘q, jasur o‘g‘ilcham, sen dam ol, – deb javob berdi Glenarvan. – Tengdoshlaring hali yosh bola chog‘ida sen kamolga yetgan yigit bo‘lib olasan.
Glenarvan, Paganel va Vilson kazuchadan chiqdilar. Kech soat olti edi. Tiq etgan shabada bo‘lmasa ham havo juda sovuq. Moviy osmon qorayib kela boshladi, botib borayotgan quyoshning oxirgi nurlari tog‘ cho‘qqilarining nayza uchida jilolanib o‘ynardi. Paganel barometrni o‘zi bilan olib oldi. Uning simobi o‘n bir ming yetti yuz fut balandlikni ko‘rsatib turar, demak, Kordilerning bu qismi Monblandan nihoyati to‘qqiz yuz o‘n metr past edi. Shveytsariyaning gigant tog‘larida har qadamda uchrab turadigan qiyinchiliklar bu yerlarda ham uchrab, sayohatchilarimiz bo‘ron va qor to‘fonlariga duch kelgudek bo‘lganlarida ularning birontasi ham Yangi Dunyoning qudratli tog‘ tizmalaridan oshib o‘tolmagan bo‘lardi.
Glenarvan bilan Paganel porfir qoya ustiga chiqib, ufqqa nazar soldilar. Ular Kordiler tog‘ tizmalarining eng baland cho‘qqisida turar, qirq kvadrat mil masofani ko‘zdan kechirar edilar. Tog‘ning sharqiy yonbag‘ri qiya bo‘lib, undan tushish qiyin emas edi, peonlar hatto undan yuz sajenlab masofalarda sirg‘anib tushib ketaverar edilar. Uzoqda muzlar siqib tushirib yuborgan toshlar va xarsanglar to‘planib hosil bo‘lgan katta-katta morenalar[58 - Morena – muzliklar bilan birga ko‘chib kelgan tog‘ jinslari uyumi (Muharrir).] ko‘rinib turardi. Kolorado vodiysida qosh qoraya boshlagan: quyosh g‘arbga botib bormoqda. Sharqdagi uning so‘nggi shu’lalari tushib turgan do‘ngliklar, qoyalar, cho‘qqilar birin-ketin so‘nib, tog‘ning butun sharqiy yonbag‘ri sekin-asta qorong‘ulasha bordi. G‘arbiy tik yonbag‘irdagi hamma past-baland tizmalar esa hali yorug‘. Botib borayotgan quyosh nurida bu qoya va muzliklar juda chiroyli tovlanadi. Shimol tomonga esa borgan sari pastlashib borgan qat-qat cho‘qqilar cho‘zilib ketgan: asta-sekin bir-biriga qo‘shila borib, oxiri ko‘rinmay ketgan bu qator cho‘qqilar tajribasiz odam qo‘li bilan chizilgan to‘g‘ri chiziqqa o‘xshaydi. Lekin janub tomondagi manzara g‘oyat go‘zal bo‘lib, tun yaqinlashib kelgan sari yana ham go‘zal va ulug‘vor bo‘la bordi. Pastda yovvoyi bir vodiy yastlanib yotar, uning tepasida esa, bizning sayohatchilar turgan yerdan ikki mil narida Antuko krateri og‘iz ochib turardi. Vulqon og‘zidan o‘t, kul va tutun purkab, bahaybat ajdahodek o‘kirar, uni qurshab turgan tog‘lar o‘t tushgandek qizarib turar edi. Vulqon og‘zidan do‘ldek otilib turgan, qiziganidan oppoq oqarib ketgan toshlar, burqsib chiqayotgan qizg‘ish tutun, to‘xtovsiz oqib chiqayotgan lava – bularning hammasi qo‘shilib yarqiroq bir oqim hosil qilgan. Quyosh o‘chib borayotgan chiroqdek botib, qorong‘u ufq orqasiga yashiringan sari, vulqonning tobora kuchayib borayotgan o‘tkir yog‘dusi ko‘z ilg‘amas masofada butun atrofni yorita borardi.
Tasodifiy o‘tinchilarimiz Paganel bilan Glenarvan qalbida rassomlik hissiyoti uyg‘ondi, ular zavqlanib tabiatni tomosha qilishga berilib ketdilar, agarda o‘zini hushyorroq tutgan Vilson haqiqat olamiga qaytarmaganda ular osmon va yer yog‘dusi o‘rtasidagi bu ajoyib kurashni hali uzoq tomosha qilgan bo‘lar edilar. To‘g‘ri, bu atrofda o‘tin topilmadi, lekin baxtlaridan bo‘lib, qoyalar ingichka, quruq lishaynik bilan qoplangan ekan. Sayohatchilarimiz shu lishaynik bilan ildizi yaxshi yonadigan lyaretta degan o‘simlikdan anchagina g‘amlab oldilar. Bu qimmatbaho o‘tinni kazuchaga olib kelish bilanoq, darhol o‘choqqa qaladilar. Lekin o‘tni yoqish, ayniqsa uni o‘chirmay yoqib turish juda qiyin ish edi. Siyraklashib qolgan havoda o‘tning o‘chib qolmasligi uchun yetarli darajada kislorod yo‘q edi, to‘g‘rimi-yo‘qmi, har holda, mayor bunga shunday izoh berdi.
‒ Lekin, – deb qo‘shib qo‘ydi u, – bu yerda qaynatish uchun suvni yuz gradusgacha isitish shart emas; suvni yuz gradus issiqda qaynatib kofe ichishni yaxshi ko‘rgan kishi bu yerda kamroq issiqlikda qaynagan suvga qanoat qilishi lozim bo‘ladi, chunki kofe to‘qson gradusdan ham kamroq issiqda qaynab ketadi[59 - Taxminan har 324 metr balandlikda suv bir gradus past temperaturada qaynaydi (Muallif izohi).].
Mak-Nabbs to‘g‘ri aytgan ekan: suv qaynatganda uning ichiga tushirilgan termometr faqat sakson yetti gradusni ko‘rsatdi. Hammalari ham mazza qilib bir necha qultumdan kofe ichishdi. Qoq go‘shtga kelsak, u yo‘lovchilarga kam lazzat berdi, shunda Paganel garchi to‘g‘ri bo‘lsa ham, hozir tamoman foydasiz bir fikr bildirdi.
‒ Rostimni aytsam, – dedi u, – hozir bir parcha qovurilgan lama go‘shti bo‘lsa ortiqchalik qilmasdi-da. Bu ajoyib jonivor ho‘kizning ham, qo‘yning ham o‘rnini bosa oladi, de yishadi. Bu gap uning go‘shtiga ham taalluqlimikin, shuni bir bilishni istardim.
‒ Ana xolos! Hali ovqatimizdan rozi ham emassiz deyman, olim Paganel? – deb so‘radi Mak-Nabbs.
‒ Yo‘q, hurmatli mayor, men ovqatdan juda minnatdorman, lekin bir parchadan yangi go‘sht bo‘lsa juda o‘rniga tushardi-da.
‒ Siz noz-ne’matni sevgan odam ekansiz, – dedi Mak-Nabbs.
‒ Bu qochirig‘ingizga qo‘shilishaman, mayor, lekin ochig‘ini ayting, hozir yaxshilab pishirilgan bifshteks bo‘lsa, yemas edingizmi?
‒ Yo‘q demasdim, albatta, – dedi mayor.
‒ Bordi-yu, sovuqqa ham, qorong‘uga ham qaramay, hozir sizni ovga yuborishsa, borar edingizmi?
‒ Albatta. Agar lozim topsangiz…
Mak-Nabbsning hamrohlari unga tashakkur bildirib, uning doim xizmatga tayyor ekanini suiiste’mol qilmoqchi emasliklarini bildirmoqchi bo‘lib turgan edilarki, uzoqdan uvlagan tovush eshitildi. Bu biror yakka jonivorning emas, balki yaqinlashib kelayotgan butun bir podaning tovushiga o‘xshar, tinmay eshitilib turardi. Geografning miyasiga lop etib, bizga boshpana bergan tasodif, yana shirin taom ham yetkazib bermoqchi emasmikan degan fikr keldi. Lekin Glenarvan Kordilerning bunchalik baland yerlarida to‘rt oyoqli jonivorlar uchramaydi, deb uning hafsalasini pir qilib qo‘ydi.
‒ Bo‘lmasa bu nimaning ovozi? – deb so‘radi Tom Ostin. – Yaqinlashib kelyapti, eshityapsizmi?
‒ Ko‘chki bo‘lmasin yana? – dedi Myulredi.
‒ Yo‘q! – deb e’tiroz bildirdi Paganel. – Bu hayvonlarning uvlagan tovushi.
‒ Hozir ko‘ramiz, – dedi Glenarvan.
‒ Ko‘rganda ham qo‘lga qurol ushlagan holda ko‘ramiz, – deb qo‘shimcha qildi qo‘liga karabin olib mayor.
Hammalari kazuchadan yugurib chiqishdi. Qop-qorong‘u tun, yulduzlar charaqlab turibdi. Hali oy chiqmagan edi. Shimol va sharq tomondagi cho‘qqilar qorong‘ulik qo‘yniga g‘arq bo‘lgan; eng yaqindagi bir necha qoyaning xayoliy shakllarigina g‘ira-shira ko‘zga ilg‘ardi. Allanarsadan cho‘chib ketgan hayvonlarning uvlagan tovushi tobora yaqinlashib kelar edi. Tovush qop-qorong‘u zimiston ichiga g‘arq bo‘lgan tog‘lar tomonidan eshitilardi.
U tomonda nima hodisa yuz berdi ekan-a? Birdan yassi tog‘ ustiga qo‘rquvdan es-hushini yo‘qotgan tirik jonivorlardan iborat quyun yopirildi. Butun yassi tog‘ tebranib ketgandek bo‘ldi. Havo siyrak bo‘lishiga qaramay, quloqni kar qilar darajada shovqin ko‘tarib, yuzlab, ehtimolki, minglab jonivorlar yugurib kelar edilar. Bu – pampaslarda yashovchi yovvoyi hayvonlar edimi, yoki faqat lama va vigonlar podasi edimi? Glenarvan, Mak-Nabbs, Robert, Ostin va ikki matros o‘zlarini tappa yerga tashlashlari bilanoq tepalaridan, nihoyati bir necha fut balanddan jonli quyun o‘tib ketdi. Kechasi kunduzgidan yaxshiroq ko‘radigan va chopib kelayotgan jonivorlarni tomosha qilish uchun tik turganicha qolgan Paganel bir zumda ag‘darib tashlandi.
Xuddi shu payt o‘q tovushi eshitildi. Bu o‘qni tavakkaliga mayor otgan edi. Nazarida bir necha qadam narida allaqanday jonivor yiqilgandek tuyuldi, poda esa yana ham battarroq uvlab vulqon o‘ti yorug‘idan qizarib turgan tog‘ yonbag‘ri tomonga o‘qdek uchib o‘tib ketdi.
‒ Ey! Mana bu yoqda ekan! – degan tovush eshitildi, bu Paganelning tovushi edi.
‒ Nima u? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Ko‘zoynagim-da. Bu ur-yiqitda ko‘zoynak yo‘qotmay bo‘ladimi!
‒ O‘zingizga biror shikast yetmadimi?
‒ Yo‘q! Sal-pal ezib ketdi, xolos, lekin nima ezganini bilmayman.
‒ Mana bu ezgan, – dedi mayor, o‘zi otgan jonivorni sudrab kelar ekan.
Hammalari kazuchaga kirib, o‘choqdagi o‘t yorug‘ida Mak-Nabbs otib olgan jonivorni ko‘zdan kechira boshladilar.
Bu kichkinagina tuyaga o‘xshagan, lekin o‘rkachi yo‘q, boshi chiroyli, gavdasining bichimi kelishgan, oyoqlari uzun, ingichka, och jigarrang yungi ipakday mayin, qorinda oq-oq xollari bor chiroyli jonivor edi. Paganel uni ko‘rgani hamon:
‒ Bu guanako-ku! – deb qichqirib yubordi.
‒ Guanako qanday hayvon? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Go‘shtini yesa bo‘ladigan hayvon, – dedi Paganel.
‒ Juda shirin bo‘ladi. Olimp tangrilariga loyiq taom! Yangi go‘sht yeyishimizni bilgan edim! Yana qanday go‘sht deng! Xo‘sh, qassoblikni kim qiladi?
‒ Men, – dedi Vilson.
‒ Juda soz! Qovurish mening bo‘ynimga, – dedi Paganel.
‒ Demak, oshpazlikni ham bilar ekansiz-da, janob Paganel? – deb so‘radi Robert.
‒ Fransuz bo‘lganimdan keyin bilaman-da, o‘g‘lim. Har bir fransuz o‘tkir pazanda bo‘ladi.
Besh minutdan keyin Panagel o‘choqdagi laqqa cho‘g‘da katta-katta bo‘lak go‘shtni pishira boshladi. O‘n minutlardan keyin u hamrohlari oldiga juda ishtaha ochadigan «guanako file»sini tayyor qilib qo‘ydi. Hech kim noz qilib o‘tirmadi, hamma ham bu «tangrilar taomi»ga zo‘r ishtaha bilan o‘zini urdi.
Lekin go‘shtni og‘ziga olgan odam borki, basharasini burishtirib, uni tuflab tashladi.
‒ Tuf-e! Biram bemazaki! – dedi kimdir.
‒ Mutlaqo og‘izga olib bo‘lmaydi! – deb qo‘shib qo‘ydi ikkinchisi.
Bechora olim o‘zi pishirgan go‘shtni totib ko‘rib, rost, och odamlar ham og‘ziga ololmaydigan go‘sht ekan, deb e’tirof qilishga majbur bo‘ldi. Hamrohlari uni askiyaga oldilar, bunga o‘zi ham qo‘shilishib, «tangrilar taomi»ni masxara qilib kula boshladi. U hammaning maqtoviga sazovor bo‘la olgan mazali guanako go‘shti qanday qilib bemaza bo‘lib qoldiykin, deb rosa bosh qotirdi. Shunda lop etib miyasiga bir fikr keldi…
‒ Topdim! – deb yubordi u. – Sababini topdim! Gapning nimada ekanini bilaman endi!
‒ Bu go‘sht uzoq yotib, buzilib qolgan bo‘lsa kerak, a? – deb kesatdi xotirjamlik bilan Mak-Nabbs.
‒ Yo‘q, achchiq so‘z do‘stim, bu go‘sht ko‘p yotib emas, ko‘p chopib buzilib qolgan. Shuni ham esimdan chiqarib qo‘yibman-a!
‒ Bu bilan nima demoqchisiz, janob Paganel? – deb so‘radi Tom Ostin.
‒ Guanakoni dam olib yotgan vaqtda otib olsangiz go‘shti shirin bo‘ladi, demoqchiman. Agar ketidan uzoq quvgan bo‘lsangiz-u, u ko‘p chopgan bo‘lsa, guanakoning go‘shtini yeb bo‘lmaydi. Jarkop nihoyatda bemaza bo‘lib pishganining sababi ham shundaki, bu jonivor, umuman, butun poda uzoqdan kelayotgan ekan.
‒ Siz bunga aminmisiz? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Tamomila aminman.
‒ Lekin ularni qanday sabab, qanday tabiiy hodisa qo‘rqitib, tinchgina uxlab yotgan yeridan qochishga majbur qildi ekan?
‒ Men bu savolingizga javob berishdan ojizman, aziz Glenarvan. Bu masalada ortiqcha bosh qotirib o‘tirishning foydasi yo‘q, kelinglar, yaxshisi yotib uxlaylik. Mening o‘lgudek uyqum kelib turibdi. Xo‘sh, mayor, uxlaymizmi?
‒ Uxlaymiz, Paganel!
O‘choqqa o‘tin tashlab qo‘ydilar, so‘ng har kim o‘z ponchosiga o‘ralib, uxlagani yotdi. Ko‘p o‘tmay hamma xurrak torta boshladi, bu xurraklar orkestri ichida geografiya olimining bahodirona tortgan xurrak tovushi alohida ajralib turardi.
Faqat Glenarvanning ko‘ziga uyqu kelmadi. Uni allaqanday bir tashvish kelib bosgan edi. Glenarvanning fikri yana va yana hammasi ham bir tomonga qarab tiraqaylab qochayotgan guanakolar podasiga qaytib kelaverdi. Ularni yirtqich hayvonlar quvib kelayotgan bo‘lishi mumkin emasdi, chunki tog‘ning bunday baland yerlarida yirtqich hayvonlar deyarli yo‘q, ovchilar esa undan ham kam uchraydi. Antuko jarlariga o‘zini urishga ularni nima majbur qildi ekan? Glenarvan allaqanday falokat yaqinlashib kelayotganini oldindan sezib turardi.
Lekin mudroq aralash uning fikrlari boshqa narsalar ustiga ko‘chdi, xavotirlik umid bilan almashindi. Ertaga u o‘z hamrohlari bilan Kordilerdan tushib oladi. Pastda kapitan Grantni astoydil qidirish ishlari boshlanadi, ehtimol, ko‘p o‘tmay uni topishar. Glenarvan kapitan Grant bilan uning ikki matrosini asirlikdan qutqarishlari to‘g‘risida shirin xayol surib yotdi. Bu manzaralar birin-ketin uning ko‘zi oldidan o‘taverdi. Goh-gohida chirs etib o‘choq ustida uchgan uchqun yoki lov etib yonib uxlab yotgan hamrohlarining yuzini yoritgan va kazucha devorlariga soya tushirgan o‘t uning fikrini bo‘lar edi. Keyin yana har xil vahimali xayollar kelib, uni bosar edi. U tashqaridan eshitilgan tiq etgan tovushga ham uyqu aralash quloq solib yotar, lekin bunday balandlikda u nimaning tovushi bo‘lishi mumkinligini izohlab berolmasdi.
Qulog‘iga uzoqdan momaqaldiroq tovushiga o‘xshash gulduragan tovush eshitilganday bo‘ldi, lekin bu tovush osmondan kelmasdi. Aftidan, bu – sayohatchilarimiz turgan yerdan bir necha ming fut pastda, tog‘ yonbag‘rida quturayotgan momaqaldiroqning ovozi edi. Glenarvan buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun kazuchadan tashqari chiqdi.
Oy chiqib kelmoqda. Havo tiniq, tiq etgan shamol yo‘q. Yuqorida ham, pastda ham bir parcha bo‘lsin bulut ko‘rinmaydi. U yerbu yerda o‘t purkab yotgan Antuko vulqonining cho‘g‘lari yalt etib ko‘rinib qoladi. Na momaqaldiroq bo‘lmoqda, na chaqmoq chaqmoqda. Osmonda minglarcha yulduz porlab turibdi. Lekin gumburlagan tovush tinmas, Kordiler bo‘ylab harakat qilib, tobora yaqinlashib kelayotgandek tuyulardi. Glenarvan yana ham battarroq tashvishlangan holda kazuchaga qaytib kirdi. Bu yer ostidan kelayotgan gumburlashlar bilan guanakolar podasining qochishi o‘rtasida qanday bog‘lanish bor ekan-a? Biri birining natijasi emasmikan? U soatiga qaradi. Tungi ikki. Biror xavf yaqinlashib kelayotganiga aniq ishonchi bo‘lmagani uchun dong qotib uxlab yotgan o‘rtoqlarini uyg‘otmadi, o‘zi ham bir necha soat yarim uyg‘oq holda to‘lg‘anib yotdi.
Birdan dahshatli gumburlagan tovushni eshitib, u sakrab o‘rnidan turib ketdi. Bu to‘p snaryadlari ortib, tosh ko‘chani gumburlatib ketayotgan son-sanoqsiz aravalar tovushiga o‘xshar edi. Glenarvan oyog‘i ostidagi yer larzaga kelayotganini sezib qoldi; kazucha lapanglab ketdi, devorlari yorildi.
‒ Trevoga! – deb qichqirdi u.
Hamrohlari darhol uyg‘ondilar. Endi hammalari to‘p bo‘lgan holda yumaloq yostiq bo‘lib, tik yonbag‘irdan pastga tushib keta boshlagan edilar. Tong yorug‘ida ularning ko‘zi oldida dahshatli manzara ochildi. Tog‘larning qiyofasi birdan o‘zgardi: ular pastroq bo‘lib qoldi; uchli tog‘ cho‘qqilari tebranib-tebranib turib, o‘raga tushib ketgandek birdan g‘oyib bo‘lib qolardi. Kordiler tog‘lariga xos hodisa yuz bermoqda edi[60 - 1820-yilda Monblan tog‘ tizmalarida xuddi shunga o‘xshash tabiat hodisasi yuz bergan edi. U dahshatli ofat paytida shamunlik uchta yo‘l boshlovchi halok bo‘ldi (Muallif izohi).]. Bir necha mil masofaga cho‘zilgan tog‘ tizmalari o‘rnidan ko‘chib, pastlikka qulab tushmoqda edi.
Paganel:
‒ Zilzila! – deb qichqirdi.
Geograf yanglishmadi. Bu Chilining tog‘li chegaralarida odat tusiga kirib qolgan tabiiy ofatlardan biri edi: o‘n to‘rt yil ichida Kopiapo ikki marta yakson qilib tashlangan, Sent-Yago esa to‘rt marta vayron qilingan. Yer sharining bu qismi yer osti o‘tlarining harakatiga ayniqsa ko‘p duchor bo‘ladi, bu tog‘ tizmalaridagi yaqinginada vujudga kelgan vulqonlarning klapani esa yer osti bug‘lari va gazlarining chiqib ketishiga yetarli darajada xizmat qila olmaydilar. Mahalliy tilda tramblores deb atalgan to‘xtovsiz zilzilalarning sababi ana shu.
Ko‘chib tushib kelayotgan yassi tog‘ toshlari orasida qo‘rqib ketganidan dovdirab qolgan, to‘rt atrofda o‘sib yotgan lishayniklarga yopishib olgan yetti kishi kuryer poyezdi tezligida, ya’ni soatiga ellik mil tezlik bilan pastga tushib borar edilar. Bu falokatdan qochib qolish yoki o‘zini bir chetga olish u yoqda tursin, hatto qichqirishning ham iloji yo‘q edi. Yer osti gumbur-gumburi, granit va bazalt qoyalarning bir-biriga urilishidan hosil bo‘lgan shovqin, qor to‘zoni fikr almashinishga sira yo‘l qo‘ymas, aslo birov-birovining gapini eshitib bo‘lmasdi. Yaxlit tog‘ tizmalari goh tekis tushib borar, goh to‘lqin quturib turgan dengizdagi kema singari u yoq-bu yoqqa chayqalardi. U yo‘lda uchragan jarliklar ustidan o‘tar, tog‘ jinslaridan hosil bo‘lgan xarsanglar tashlab asriy daraxtlarini tag-tugi bilan qo‘porar, bahaybat bir o‘roqday sharqiy yonbag‘irdagi do‘ngliklarni tekislab, pastga tushib borar edi.
Ellik graduslik qiyalikdan pastga qarab borgan sari tezlashib uchib kelayotgan bir necha milliard tonnali bu bahaybat massaning butun qudratini hatto tasavvur qilish ham qiyin!
Bu tasvirlab bo‘lmaydigan ko‘chishning qancha vaqt davom etganini sayohatchilardan hech kim aytib berolmasdi. Ko‘chib ketayotgan bu bahaybat tog‘ massasi qaysi jarga tushib to‘xtashini ham ulardan hech kim bilmasdi. Hozir ularning hammasi tirikmi yoki birontasi allaqachon biror jar tagida dabdala bo‘lib yotibdimi – buni ham hech kim aytolmasdi.
Tezlikdan nafaslari tiqilib, qaqshatqich shamolda sovuqqa qotib, qor to‘zonida ko‘r bo‘lgan, holdan toygan, deyarlik butunlay hushini yo‘qotgan sayohatchilar zo‘rg‘a nafas olar, o‘z jonini saqlab qolish instinktigina ularni qoyalarga tarmashishga majbur qilardi.
Birdan qudratli siltov ularni ko‘chib tushayotgan oroldan ajratib oldi, ular tog‘ning so‘nggi etagidan pastga dumalab keta boshladilar. Ular tushib kelayotgan yassi tog‘ birdan taqqa to‘xtadi.
Bir necha minutgacha hech kim qimirlamadi. Nihoyat sayohatchilardan biri o‘rnidan turdi. Siltov paytida qulog‘i kar bo‘layozgan esa-da, u oyoqlarini mahkam bosib turardi. Bu mayor edi. U ko‘zlarini to‘ldirib yuborgan changni artib, atrofini ko‘zdan kechirdi. Yoni-verida biri ustiga biri mingashib, hamrohlari yotishardi. Hammasi tosh-tuproqqa qorishib yotar, faqat bittasi – Robert Grant yo‘q edi.
O‘n to‘rtinchi bob
XALOSKOR O‘Q
Kordiler tog‘larining sharqiy yonbag‘ri uzun-uzun, qiya dovonlardan iborat, bu dovonlar sekin-asta pasttekislikka aylanib ketadi. Ko‘chib tushib kelayotgan massiv bo‘lagi xuddi ana shu pasttekislikda to‘satdan to‘xtab qoldi. Bu yangi o‘lkada serhosil yaylovlar yaslanib yotar, qit’a istilo qilingan paytlarda o‘tqazilgan olmazorlarda oltindek sap-sariq olmalar shig‘il pishib yotardi. Go‘yo bu pasttekisliklarga hosildor Normandiyaning bir bo‘lagi ko‘chirib keltirilgandek edi. Boshqa har qanday holda ham sayohatchilarimiz tog‘ bo‘shliqlarining vohaga, qorli cho‘qqilarning ko‘m-ko‘k o‘tloqlarga, qishning yozga bunchalik tez almashinib qolishiga g‘oyatda taajjublangan bo‘lar edilar, albatta.
Yer yana butunlay tinchib qoldi. Zilzila to‘xtadi. Aftidan, yer osti kuchlari o‘zlarining yemiruvchilik faoliyatini boshqa bir uzoqroq joyga ko‘chirgan edi, chunki doimo Kordiler tizmalarining biror yerida zilzila bo‘lib turadi. Bu safar zilzila ayniqsa qattiq bo‘ldi. Tog‘larning manzarasi juda o‘zgarib ketdi. Moviy osmon sathida yaqqol ko‘rinib turgan yangi-yangi cho‘qqilar, qoyalar tog‘ning kechagi manzarasiga mutlaqo o‘xshamas edi, shuning uchun pampaslardagi yo‘lboshlovchilar undagi tanish joylarni endi sira ham topolmagan bo‘lardilar.
Ertalab soat sakkiz edi. Mayorning harakati bilan Glenarvan va uning hamrohlari sekin-asta o‘zlariga keldilar. Ularning quloqlari bitib qolgan edi, bundan boshqa zarar ko‘rmagan edilar. Shunday qilib, Kordilerdan tushib oldilar, agarda hali go‘dak bo‘lgan eng yosh hamrohlari – Robert Grant yo‘qolib qolmaganda ular tabiatning bunday g‘amxo‘rligidan hatto quvongan ham bo‘lardilar.
Bu jasur bola hammaning qalbini maftun etgan edi. Unga ayniqsa Paganel qattiq o‘rganib qolgandi, sovuqqon bo‘lishga qaramay mayor ham uni yaxshi ko‘rardi, lekin Robertni hammadan ham ko‘proq Glenarvan sevardi. U Robertning g‘oyib bo‘lib qolganini bilgach, juda xafa bo‘ldi. Glenarvanning nazarida bechora bola biror jarning tagida uni, o‘zining ikkinchi otasini yordamga chaqirib yotgandek tuyulardi:
‒ Do‘stlarim, do‘stlarim, – derdi Glenarvan yig‘lamoqdan beri bo‘lib, – uni axtarish kerak, uni topish kerak! Qanday qilib uni bu yerda tashlab ketamiz! Butun jarlarni, butun vodiyni sinchiklab tekshirishimiz kerak. Mening belimdan arqon bog‘lab, atrofdagi jarlarga tushiringlar. Men talab qilaman buni! Eshityapsizlarmi: talab qilaman! Ayting-ayting, Robert tirik bo‘lsin! Robertsiz otasining yuziga qanday qaraymiz? O‘g‘lining hayoti evaziga otasini topish ham ish bo‘ldimi!
Glenarvanning hamrohlari unga indamay quloq solib turar edilar. Glenarvan ularning ko‘zlarida juda bo‘lmaganda umid uchquni axtarayotganini sezib, hamrohlari yerga qarar edilar.
‒ Indamayapsizlar, – deb davom etdi Glenarvan, – gapimni eshitdinglar. Nega jimsizlar?! Umidni uzdinglarmi?! Butunlay uzdinglarmi?!
Sukut bir necha minutga cho‘zildi. Nihoyat Mak-Nabbs tilga kirdi.
‒ Do‘stlarim, Robert qachon yo‘qolib qolganini kim eslay oladi? – deb so‘radi u.
Bunga hech kim javob bermadi.
‒ Tog‘dan tushib kelayotganimizda bola kimning yonida edi, juda bo‘lmasa shuni aytinglar, – deb so‘zida davom etdi mayor.
‒ Mening yonimda edi, – dedi Vilson.
‒ Uni qachongacha yoningda ko‘rding? Yaxshilab o‘yla! Gapir!
‒ To‘xtashimiz oldidan bo‘lgan siltovdan ikki minutcha oldin Robert lishaynikka tirmashib, yonimda tushib kelmoqda edi, – deb javob berdi Vilson, – esimda qolgani shu, xolos.
‒ Ikki minutcha oldin deysanmi? Yaxshilab o‘yla, Vilson. Minutlar senga juda uzoq tuyulgan bo‘lishi mumkin. Yanglishayotgan bo‘lmagin tag‘in?
‒ Yanglishayotganim yo‘q, deb o‘ylayman. Ha, xuddi shunday: ikki minutcha oldin, ehtimolki, undan ham kamroqdir.
Mak-Nabbs:
‒ Shunday ham deylik. Robert sening qaysi tarafingda edi: o‘ng tarafingdami, so‘l tarafingdami? – deb so‘radi.
‒ So‘l tarafimda edi. Ponchosining etagi betimga kelib urilib turgani shunday esimda turibdi.
‒ O‘zing bizdan qaysi tarafda eding?
‒ Men ham so‘l tarafda edim.
‒ Demak, Robert faqat mana bu tarafda yo‘qolib qolgan bo‘lishi kerak, – dedi mayor tog‘ tomonga o‘girilar ekan o‘ng tarafni ko‘rsatib. – Shuni ham aytayki, bolaning yo‘qolib qolgan vaqtini nazarga olsak, u anavi tagi tekislik va tepasi ikki ming fut tik devor bo‘lgan joyda yo‘qolgani aniq bo‘ladi. Atrofni o‘zaro bo‘lishib olib, uni xuddi ana shu yerdan qidirishimiz kerak, biz uni ana shu yerdan topamiz.
Mayorning bu taklifiga hech kim bir og‘iz so‘z qo‘shmadi. Hamrohlar bo‘linishib, tog‘ning turli balandligiga chiqdilar va Robertni qidira boshladilar. O‘zlari tog‘dan uchib tushgan yerning o‘ng tomonidagi eng kichkina yoriqlar ichini ham qoldirmay qidira boshladilar, minut sayin jarga qulab ketish xavfi ostida xarsanglar yig‘ilib qolgan jarlar tagiga tushdilar, ular jar ichidan oyoq-qo‘llari qonga belanib, kiyimlari dabdala bo‘lgan holda qaytib chiqar edilar. Uch-to‘rtta sira ham tushib bo‘lmaydigan jarlardan boshqa Kordilerning bu qismi bir necha soat ichida juda sinchiklab ko‘zdan kechirildi, lekin bu jasur odamlarning birontasi ham dam olish to‘g‘risida o‘ylamadi. Ammo butun mehnatlari behudaga ketdi. Aftidan, bechora Robert tog‘larda o‘lim topgan, tog‘ qoyalari esa uning qabri bo‘lgan edi.
Soat birlarda Glenarvan bilan hamrohlari holdan toygan va xafa holda vodiyda yana to‘plandilar. Glenarvan juda xafa edi. U deyarlik hech gapirmas, og‘ir-og‘ir xo‘rsinar, lablaridan faqat:
‒ Bu yerdan ketmayman! Ketmayman! – degan so‘zlargina uchar edi.
Uning o‘jarlik bilan aytayotgan bu fikriga hamma tushunar va unga hurmat bilan qarardi.
‒ Sabr qilaylik, – dedi Paganel, mayor bilan Tom Ostinga, – biroz dam olib, kuch yig‘amiz. Robertni qidirsak ham, yo‘lga chiqsak ham oldin dam olishimiz kerak.
‒ To‘g‘ri, – dedi Mak-Nabbs, – Eduard istar ekan, demak, bu yerda qolamiz. U hali umid qilyapti, lekin nimaga umid qilyapti – bunisini bilmayman.
– Bechora Robert! – dedi Paganel, ko‘z yoshlarini artib.
Vodiyda juda ko‘p daraxtlar o‘sib yotardi. Mayor g‘uj bo‘lib o‘sgan bir necha sershox daraxt tagini tanlab, o‘sha yerga vaqtincha to‘xtash uchun joy qildi. Bir necha odeyal, qurollar, biroz qoq go‘sht bilan guruch – omon qolgan narsalar faqat ana shu edi. Shu oradan oqib o‘tadigan ariqdan yer qimirlagandan keyin hali loyqa bo‘lib oqayotgan suv olish mumkin edi. Myulredi o‘t ustida gulxan yoqib yubordi va ko‘p o‘tmay Glenarvanga issiq kakao uzatdi. Lekin u ichmadi, yerga solgan ponchosi ustida qimir etmay, cho‘zilib yotaverdi.
Shu tarzda kun o‘tdi. Har kungidek osoyishta, tinch tun boshlandi. Hammalari yotdilar, lekin hech kimning ko‘ziga uyqu kelmas edi. Glenarvan esa yana Kordiler yonbag‘irlaridan Robertni qidirgani ketdi. U bola yordamga chaqirmayaptimikan, deb to‘xtab-to‘xtab quloq solar edi. Glenarvan juda balandga chiqdi, goh yerga yotib, nafas chiqarmaslikka tirishib qulog‘ini toshga qo‘yib tinglab boqdi, goh alam bilan Robertni chaqirib qichqirdi.
Bechora Glenarvan tuni bilan tog‘ kezib chiqdi. Tagsiz jarlar yoqasida ehtiyotsizlik qilib, o‘zi ham jarga yiqilib ketmasligi uchun har daqiqa unga yordam berishga tayyor holda goh Paganel, goh mayor u bilan birga yurdilar. Lekin bu oxirgi axtarishlar ham bekor ketdi. Glenarvanning: «Robert! Robert!» – deb chaqirishlariga faqat aks sado javob berardi.
Tong otdi. Glenarvanning do‘stlari uni baland tog‘ tepasidan zo‘rlab pastga olib tushdilar. U tasvirlab bo‘lmas darajada iztirob chekardi. Kim unga hozir yo‘lga chiqishni, bu badbaxt vodiyni tashlab ketishni jur’at etib taklif qila olar edi? Buning ustiga oziq-ovqat yetishmasdi. Shu yaqin oradan katapats aytgan argentinalik yo‘l boshlovchilarni ham, pampaslarda sayohat qilish uchun yaroqli otlarni ham topish mumkin edi. Orqaga qaytish olg‘a yurishdan ko‘ra qiyinroq edi. Bundan tashqari, «Dunkan» bilan Atlantik okeani sohilida uchrashamiz deb kelishilgan edi, axir! Bu muhim sabablar ortiqcha paysalga solishga yo‘l qo‘ymas, umuman otryad vaqtni mutlaqo bekor o‘tkazmay, tezda yo‘lga chiqishi lozim edi.
Mak-Nabbs Glenarvanning fikrini g‘amli o‘ylardan boshqa tomonga tortmoqchi bo‘lib ko‘rdi. U do‘stini o‘z taklifiga ko‘ndirish uchun uzoq urindi, lekin Glenarvan, aftidan, hech narsa eshitmas va faqat «Yo‘q» deganday bosh chayqar edi. Nihoyat u:
‒ Yo‘lga chiqamiz deysizmi? – deb so‘radi.
‒ Ha, yo‘lga chiqish kerak.
‒ Yana bir soat tura turinglar.
‒ Xo‘p, tura turamiz, – dedi mayor.
Bir soat o‘tdi, Glenarvan yana bir soat muhlat berishni o‘tinib iltimos qildi. U o‘limga mahkum etilgan jinoyatchi singari, yolvorib muhlat so‘radi. Shu tarzda soat o‘n ikki bo‘ldi. Keyin Mak-Nabbs boshqa hamrohlari bilan maslahatlashib olib, yo‘lga chiqishni qat’iy talab qildi, ekspeditsiya ishtirokchilarining taqdiri shunga bog‘liq, dedi u.
‒ To‘g‘ri, to‘g‘ri, – dedi Glenarvan, – yo‘lga chiqish kerak, to‘g‘ri.
U shunday deb javob berar ekan, o‘zi Mak-Nabbsga qaramas edi. Uning butun diqqati baland osmonda ko‘ringan allaqanday qora nuqtada edi. Birdan u qo‘lini ko‘tardi va turgan yerida qotdi.
‒ O‘sha yerda, o‘sha yerda! – deb qichqirdi Glenarvan. – Qaranglar! Qaranglar!
Hamma osmonga, Glenarvan zo‘r berib qo‘li bilan ko‘rsatayotgan tomonga tikildi. Qora nuqta endi ancha kattalashib qoldi – bu juda balandlikda parvoz qilib yurgan qush edi.
‒ Bu kondor, – dedi Paganel.
‒ Ha, kondor, – dedi Glenarvan. – Kim bilsin! U shu tomonga yaqinlashib kelyapti, pastlashyapti… Birpas shoshmanglar…
Glenarvan nimaga umid qilayotir? Aqldan ozmadimi ekan? «Kim bilsin!» – degan gapning ma’nosi nima?
Paganel yanglishmadi: u haqiqatan ham kondor edi, qush tobora yaqinlashib kelar va tobora aniq-ravshan ko‘rinardi. Bu ajoyib yirtqich qush janubiy Kordiler tog‘larining podshosi edi. Bu yerlarda u juda katta bo‘ladi. Kondor juda kuchli qush, u ba’zi vaqtlarda hatto ho‘kizlarni ham jarga qulatib yubora oladi. U o‘tloqlarda daydib yurgan qo‘y, echki, buzoqlarga hujum qiladi, ularni o‘tkir tirnoqlari bilan mahkam changallab, juda balandlikka olib chiqib ketadi[61 - Janubiy Amerikada yashaydigan o‘limtikxo‘r yirik yirtqich qush. Kondorning changallari o‘zining tuzilishi jihatdan biron narsani ko‘tarishga qodir emas, ayniqsa bunchalik balandlikka sira ham olib chiqolmaydi. O‘sha vaqtlarda kondorlar to‘g‘risida yurgan juda ko‘p ertaklar Jyul Vernni xato fikrga olib kelgan, kondorlar haqidagi bu gaplarning tamomila noto‘g‘ri ekani keyingi ilmiy tekshirishlarda isbot qilindi.]. Kondor ba’zan yigirma ming fut balandlikda parvoz qilib yuradi. Bunday balandga chiqib olgan osmon podshohini yerdan mutlaqo ko‘rib bo‘lmaydi, u esa o‘sha balandlikda uchib yurib, yerdagi eng mayda-chuyda narsalargacha ko‘rib turadi, bunga tabiatshunos olimlar g‘oyat hayron qoladilar.
Bu kondor nimani ko‘rgan bo‘lishi mumkin? Ehtimol, u Robert Grantning jasadini ko‘rib qolgandir?
‒ Kim bilsin! – deb takrorladi Glenarvan bahaybat qushdan ko‘z uzmay.
Kondor esa goh tekis parvoz qilib, goh bo‘shlikka otilgan jonsiz narsadan pastga otilib yaqinlashib kelaverdi. Mana, yerdan yetti yuz futcha yuqorida u katta doira yasab, charx ura boshladi. Endi kondorni yaxshilab ko‘rib olish mumkin edi: keng yozilgan zo‘r qanotlari o‘n besh futdan ham uzun edi; kondor qanotlarini deyarlik qoqmay parvoz qilib yurardi, chunki mayda hasharotlarning havoda birpas uchishi uchun ming martalab qanot qoqishi kerak bo‘lsa, katta qushlar g‘oyat xotirjamlik bilan uchib yura oladilar.
Mayor bilan Vilson o‘z karabinlarini qo‘lga oldilar. Glenarvan imo bilan ularni to‘xtatdi. Kondor Kordilerning sayohatchilarimiz turgan yerdan chorak milcha naridagi odam bolasi chiqa olmaydigan bir cho‘qqisi ustida aylana boshladi. Kattakon qush qo‘rqinchli changallarini goh yig‘ib olib, goh pastga osiltirib va o‘tkir tumshug‘ini silkib-silkib, haddan tashqari tez uchib yurardi.
‒ O‘sha yerda! O‘sha yerda! – deb qichqirdi Glenarvan.
Uning miyasiga lop etib bir fikr keldi.
‒ Agar Robert tirik bo‘lsa! – deb qichqirdi u dahshat bilan. – Bu qush… Otinglar, do‘stlarim, otinglar!
Lekin endi vaqt o‘tgan edi: kondor baland qoyalar orqasida g‘oyib bo‘ldi. Asrlardek tuyulgan birgina sekund vaqt o‘tdi… Kattakon qush yana ko‘rindi, u yukning og‘irligidan ilgarigidan ko‘ra sekinroq uchib borardi.
Odamlar dahshat bilan qichqirib yubordilar – kondorning changalida jonsiz bir jasad, Robert Grantning jasadi osilib yotardi. Yirtqich qush bolani kiyimidan changallab ko‘targan holda bir yuz ellik futcha balandlikda parvoz qilib lager tepasidan o‘ta boshladi. U sayohatchilarni ko‘rib qoldi-da, bu yerdan tezroq qochib qolish uchun qanotlarini zo‘r berib qoqa boshladi.
‒ A-a! – deb qichqirdi Glenarvan. – Bu qushga yem bo‘lguncha Robertning jasadi qoyalarga urilib parcha-parcha bo‘lsin…
Glenarvan gapini tugatmay, Vilsonning qo‘lidagi karabinni tortib oldi-da, kondorni nishonga ola boshladi, lekin qo‘llari titrar, ko‘zi tinar edi, shuning uchun u qushni nishonga ololmadi.
‒ Menga qo‘yib bering, – dedi mayor.
So‘ng xotirjam, o‘ziga ishongan Mak-Nabbs kondorni nishonga ola boshladi: qush endi uch yuz futcha masofada uchib borardi.
Lekin mayor karabin tepkisini bosishga ulgurmay, vodiy ichkarisida o‘q ovozi yangradi; katta-katta ikki bazalt qoya orasidan oppoq tutun ko‘rindi, qoq miyasidan o‘q yegan kondor qanotlarini keng yoygan holda, aylanib-aylanib, parashyutdek sekin-asta pastga tusha boshladi. U o‘ljasini changalidan chiqarmay, tik ketgan ariq labidan ikki yuz futcha nariga beozor kelib tushdi.
‒ Endi gap bizda qoldi! Bizda! – deb qichqirdi Glenarvan.
Shunday dedi-yu, xaloskor o‘q qayerdan uzilganini ham surishtirmay, kondor tomonga chopdi. Hamrohlari ham uning ketidan yugurdilar. Ular yetib borganlarida qush allaqachon o‘lgan edi. Robertning gavdasi esa uning keng qanotlari ostida deyarlik ko‘rinmasdi.
Glenarvan bola ustiga otildi, uni kondor changalidan ajratib olib, o‘t ustiga yotqizdi-da, qimir etmay yotgan bolaning ko‘kragiga qulog‘ini tutdi.
Odamzotning og‘zidan hali bunchalik xursandlik qichqirig‘i eshitilmagan bo‘lsa kerak.
‒ Tirik ekan! Tirik! – deb qichqirdi Glenarvan.
Bir zumda Robertning kiyim-boshlarini yechib oldilar, yuziga muzdek suv sepdilar. Bola qimirladi, ko‘zini ochdi, Glenarvanni tanib:
‒ Ha, ser, bu sizmisiz… otajon!.. – deb shivirladi.
Hayajondan nafasi tiqilgan Glenarvan unga javob berishdan ojiz edi: u bir mo‘jiza bilan o‘limdan qutulib qolgan bola oldiga tiz cho‘kib, sevinchdan ho‘ngrab yig‘lardi.
O‘n beshinchi bob
JAK PAGANELNING ISPAN TILI
Bir xavfdan zo‘rg‘a qutulib qolgan Robert shu ondayoq ikkinchi xavfga duchor bo‘ldi, har qalay, bunisi undan kam emasdi: uni sayohatchilarimiz quchoqlayverib oz bo‘lmasa ezib qo‘yay deyishdi. Bola bechora hali ancha zaif bo‘lishiga qaramay, sayohatchilardan birontasi ham uni quchoqlab ko‘ksiga bosishdan o‘zini tiya olmadi.
Lekin xursandlik bilan bunday quchoqlashlardan bemor o‘lmasa kerak, har holda, Robert tirik qoldi.
Keyin sayohatchilar Robertning xaloskori to‘g‘risida o‘ylay boshladilar, turgan gapki, uni atrofdan eng oldin mayor axtara boshladi.
Mayorning ko‘zi ariqdan ellik qadamcha narida, shundaygina tog‘ etagidagi tosh ustida qimir etmay turgan juda novcha bir odamga tushdi. U uzun miltiqqa tayanib turardi. Kutilmaganda paydo bo‘lib qolgan bu odamning yag‘rini keng, uzun sochlari ingichka charm qayish bilan o‘rab qo‘yilgan bo‘lib, bo‘yi olti futdan ham baland edi. Qoracha yuzi har xil bo‘yoqlar bilan: ikki ko‘zining o‘rtasi – qizil, qovoqlarining osti – qora va peshonasi oq bo‘yoq bilan bo‘yalgan edi. U Patagoniyaning chegara rayonlarida yashovchilar singari kiyingan bo‘lib, ustiga har xil jimjimador bezaklar taqib, tuyaqush tomiri bilan tikilgan guanako terisidan ajoyib plashch kiygan edi. Plashch ostidan yana tulki terisidan tikilgan kiyim ham ko‘rinib turardi. Uning ustidan belbog‘ bog‘langan bo‘lib, belbog‘da betini bo‘yash uchun ishlatiladigan har xil bo‘yoqlar solingan xaltacha osilib turardi.
Betini har xil bo‘yoqlar bilan bo‘yab olganiga qaramay, patagoniyalik bu kishining chehrasi juda go‘zal bo‘lib, uning aqlli odam ekani yaqqol ko‘rinib turardi. U mag‘rurlik bilan qaddini tik tutgan holda endi nima bo‘lishini kutib turardi. Qimir etmay turgan bu azamat odamning gavdasiga qarab, uni sovuqqonlikni aks ettirgan haykal deb faraz qilish mumkin edi.
Mayor patagoniyalikka ko‘zi tushishi bilanoq uni Glenarvanga ko‘rsatdi, Glenarvan esa darhol uning oldiga yugurdi. Patagoniyalik olg‘a ikki qadam tashladi. Glenarvan uning qo‘lini olib, mahkam qisdi. Eduard chaqnab turgan ko‘zlarida, butun vajohatida shunday qizg‘in minnatdorlik aks ettirdiki, patagoniyalik buni tushunmay iloji yo‘q edi. U boshini sal egib, bir necha og‘iz so‘z aytdi, lekin uning gapini mayor ham, Glenarvan ham tushunmadi.
Shunda patagoniyalik ularga diqqat bilan qarab olgach, boshqa tilda so‘zlay boshladi, lekin u har qancha harakat qilmasin, sayohatchilar bu safar ham hech narsa tushunmadilar. Ammo Glenarvan uning gaplaridagi bir necha so‘zni ispan tilidagi so‘zlarga o‘xshatdi, u ko‘p ishlatiladigan ba’zi ispancha so‘zlarni bilar edi.
‒ Espanol[62 - Ispanmisiz?] – deb so‘radi u.
Patagoniyalik boshini yuqoridan pastga silkib qo‘ydi – bu harakat barcha tillarda bir xil ma’noni bildiradi.
‒ Juda soz, – dedi mayor, – endi gap do‘stimiz Paganelda qoldi. U ispan tilini o‘rganib, yaxshi qilgan ekan!
Paganelni chaqirishdi. U yugurganicha kelib, patogoniyalik oldida fransuzlarga xos nazokat bilan ta’zim qildi, lekin, turgan gapki, patagoniyalik bunday nazokatni tushunmadi. Geografga gapning nimada ekanligini tushuntirdilar.
‒ E, bo‘pti! – dedi Paganel.
So‘ng so‘zlarni aniq va dona-dona qilib aytish uchun og‘zini katta ochib dedi:
‒ Yos sois um homem de bem[63 - Siz juda yaxshi yigit ekansiz.].
Yerli odam diqqat bilan quloq solsa-da, hech narsa deb javob bermadi.
‒ Tushunmayapti, – dedi geografiya olimi.
‒ Talaffuzingiz yomon shekilli, – deb o‘z taxminini bildirdi mayor.
‒ Ehtimol. Juda qiyin til ekan-da, savil!
So‘ng Paganel maqtovli jumlasini yana takrorladi, lekin baribir yana hech natija chiqmadi.
‒ Bo‘lmasa, boshqa narsa deb ko‘raychi, – dedi geografiya olimi va shoshmay, o‘qituvchilardek salmoqlab, patagoniyalikdan so‘radi:
‒ Sem duvida, um Patagao?[64 - Siz patagoniyaliksiz, shundaymi?]
Patagoniyalik yana jim turaverdi.
‒ Dizeime![65 - Javob bering!] – dedi Paganel.
Patagoniyalik yana miq etmadi.
‒ Yos compriendeis[66 - Tushunyapsizmi?], – dedi Paganel tomoqlari yirtilib ketguday baqirib.
Hinduning hech narsa tushunmayotgani aniq edi, chunki u nihoyat ispanchalab javob berdi:
‒ No comprendo[67 - Tushunmadim.].
Endi hayron bo‘lish navbati Paganelga keldi, u asabiylashib, ko‘zoynagini peshonasidan ko‘zi ustiga tushirdi.
‒ Bu badbaxt tildan bir og‘iz so‘z tushunsam o‘lay agar! – dedi u. – U araukan tilida so‘zladi shekilli.
‒ Yo‘g‘-e, – dedi Glenarvan, – u hech shubhasiz ispan tilida gapirdi.
So‘ng patagoniyalikka burilib qarab yana:
‒ Espanol?[68 - Ispanmisiz?] – deb so‘radi.
‒ Si, si[69 - Ha, ha!], – deb javob berdi yerlik.
Paganel hayron bo‘lganidan qotib qoldi. Mayor bilan Glenarvan yer ostidan bir-birlariga qarab olishdi.
‒ Menga qarang, olim do‘stim, – deb gap ochdi salgina jilmayib mayor, – siz o‘zingizga monopoliya qilib olgan parishonlikning qurboni bo‘lgan ko‘rinasiz yana.
‒ Nima? Nima dedingiz? – dedi hushyor tortib Paganel.
‒ Gap shundaki, patagoniyalik hech shubhasiz ispan tilida gapiryapti.
‒ U-ya?
‒ Ha, u! Tasodifan, siz ispan tili deb, boshqa biron tilni… – Mak-Nabbs so‘zini tugatolmadi. Paganel yelkasini qisib va «Ey!» deb qichqirib, uning so‘zini bo‘ldi.
‒ Juda oshirib yubordingiz, mayor, – dedi Paganel quruqqina qilib.
‒ Nima uchun uning tiliga tushunmayapsiz bo‘lmasa? – deb so‘radi mayor.
‒ U ispan tilida yaxshi gapirolmas ekan, shuning uchun tushunmayapman, – deb javob berdi jahli chiqa boshlagan geografiya olimi.
‒ Demak, o‘zingiz tushunmaganingiz uchungina u tilni yaxshi bilmas ekan deb o‘ylayapsizmi? – deb xotirjamlik bilan so‘radi mayor.
‒ Menga qarang, Mak-Nabbs, – deb gapga aralashdi Glenarvan, – bunday bo‘lishi mumkin emas. Do‘stimiz Paganel har qancha parishon bo‘lmasin, har holda bir til o‘rniga ikkinchi tilni o‘rganadigan darajada emas.
‒ Bo‘lmasa, azizim Eduard, siz yoki siz o‘zingiz muhtaram, Paganel, tushuntirib beringlar, bu nima gap o‘zi?
‒ Men hech narsani izohlab o‘tirmayman: men isbot qilaman, – dedi Paganel. – Mana bu men ispan tilini o‘rganish uchun har kuni foydalanadigan kitob. O‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring, mayor, o‘shanda men sizni aldamayotganimga ishonasiz.
Shunday deb Paganel o‘zining son-sanoqsiz cho‘ntaklarini titkilay boshladi va bir necha minutdan keyin juda titilib ketgan bitta kitobni chiqarib, ishonch bilan mayorga uzatdi. Mayor kitobni olib, ko‘zdan kechira boshladi.
‒ Bu nima degan asar? – deb so‘radi u.
‒ Bu «Luiziada», – deb javob berdi Paganel, – ajoyib qahramonlik poemasi, unda…
‒ «Luiziada» dedingizmi? – dedi Glenarvan.
‒ Ha, do‘stim, ulug‘ Kamoens yozgan «Luiziada»ning xuddi o‘zginasi.
‒ Kamoens deysizmi? – deb takror so‘radi Glenarvan. – Bechora do‘stim, Kamoens portugaliyalik-ku, axir! Siz keyingi olti haftadan beri portugal tilini o‘rganayotgan ekansiz!..
‒ Kamoens… «Luiziada»… Portugal tili… – deb g‘uldurab qoldi Paganel.
Uning ko‘zoynak ostidan chaqnab turgan ko‘zlari qorong‘ulashdi, atrofini o‘rab turgan hamrohlarining birdan qah-qah urib yuborganlari qulog‘ini kar qilayozdi.
Patagoniyalik pinagini ham buzmadi. U ko‘zi oldida bo‘layotgan, lekin o‘zi tushunolmayotgan bu ishlarning nima bilan tugashini sabr bilan kutib, jim turardi.
‒ Obbo, men tentag-ey, ovsar-ey, – dedi nihoyat Paganel. – Ana xolos! Demak, haqiqatan ham shunday bo‘pti-da! Buni men qilibman-a, men! Bu qanday badbaxtlik, axir! O‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring: Hindistonga keta turib Chilidan chiqib qoldim! Ispan tilini o‘rganayapman deb, portugal tilida gapirib yuribman! Bunisi endi juda o‘tib ketdi! Agar ish shunday davom etaversa, bir kunmas bir kun derazadan sigaramni tashlab yuborish o‘rniga o‘zimni otib yuboraman-ku!
O‘z muvaffaqiyatsizligiga bunday munosabatda bo‘lganini, o‘zining kulgili bir holga tushib qolganiga bo‘lgan munosabatini ko‘rib, kulmaslikning iloji yo‘q edi. Buning ustiga kulgini eng oldin Paganelning o‘zi boshlab berdi.
‒ Kulinglar, do‘stlarim, chin yurakdan kulinglar! – derdi u. – Lekin ishoninglarki, o‘zimning bu ishimga hammadan ham ko‘proq o‘zim kulaman! – deb u shunday qah-qah urib kular ediki, butun dunyoda bironta ham olim bunchalik kulmagan bo‘lsa kerak.
‒ Lekin, nima bo‘lganda ham, biz tarjimonsiz qoldik, – dedi mayor.
‒ Yo‘q, unday umidsizlikka tushmang, – dedi Paganel, – portugal tili bilan ispan tili bir-biriga shunday o‘xshashki, ko‘rganingizdek, men hatto ularni chalkashtirib ham qo‘yibman, lekin bu o‘xshashlik o‘z xatoimni tez tuzatishga yordam beradi, yaqin kunlarda bu azamat patagoniyalikka o‘zi juda yaxshi egallagan ispan tilida tashakkur bildiraman.
Paganel yanglishmadi: bir necha minutdan so‘ng u hindu bilan bir necha og‘iz so‘zlasha oldi. Geografiya olimi uning ismi Talkav ekanini ham bilib oldi. Talkav degani araukan tilida «momaqaldiroq sochuvchi» degan ma’noni bildirar ekan. Aftidan, bu nom unga miltiqdan yaxshi foydalana olish tufayli berilgan edi.
Lekin Glenarvanni hammadan xursand qilgan narsa patagoniyalikning kasbi yo‘l boshlovchi ekani bo‘ldi, yo‘l boshlovchi bo‘lganda ham qanday deng – pampaslarda yo‘l boshlovchi. Patagoniyalik bilan uchrashuv ayni muddao bo‘ldi, hamma ham endi ekspeditsiya muvaffaqiyat bilan tugaydi deb ishonar, shuning uchun kapitan Grantning qutqarilishiga hech kim shubha qilmas edi.
Sayohatchilarimiz hindu bilan birga Robertning oldiga qaytib keldilar. Bola hinduga qo‘lini uzatdi, u esa indamay qo‘lini bolaning boshiga qo‘ydi. U bolani diqqat bilan ko‘zdan kechirib chiqdi, zararlangan a’zolarini ushlab ko‘rdi. Keyin jilmaygancha ariq bo‘yiga borib undan yovvoyi selderey yulib keldi-da, u bilan bemorning badanini ishqadi. Juda ehtiyotlik bilan qilingan bu massaj natijasida bola o‘ziga kuch-quvvat kirayotganini his qildi, u bir necha soat dam olsa, tamom oyoqqa turib ketishi aniq bo‘lib qoldi.
Ertasiga ertalabgacha dam olishga qaror qilindi. Buning ustiga ikkita muhim masala – oziq-ovqat va transport masalasini muhokama qilib, hal etish kerak edi. Sayohatchilarda na oziq-ovqat, na xachirlar yo‘q edi. Bularning baxtiga, endi yonlarida Talkav bor. Sayohatchilarni Patagoniya chegaralari yoqalab boshlab yurishga odatlanib qolgan, mahalliy bakeanoslar ichida eng aqllilaridan biri bo‘lgan bu yo‘l boshlovchi Glenarvanning kichik otryadi uchun hamma zarur narsalarni topib berishni bo‘yniga oldi. Talkav bu yerdan nihoyati to‘rt milcha masofada bo‘lgan hindularning tolderiyasiga borishni taklif qildi: uning aytishiga qaraganda tolderiyadan ekspeditsiya uchun zarur bo‘lgan hamma narsani topish mumkin edi. Bu taklifni u imo-ishoralar va Paganel tushuna olgan ba’zi so‘zlar yordami bilan bayon qildi. Uning taklifi qabul qilindi, shundan keyin Glenarvan hamrohlari bilan vaqtincha xayrlashib, o‘zining olim do‘sti bilan birgalikda, patagoniyalik yo‘l boshlovchi ketidan ariqning yuqori oqimiga qarab darhol yo‘lga chiqdi.
Ular pahlavon Talkavdan orqada qolmaslikka tirishib, katta-katta odimlar bilan tez yurib bir yarim soat yo‘l bosdilar. Kordilerning etaklariga kelib taqalgan bu yerlar juda go‘zal va hosildor yerlar edi. Mahsuldor o‘tloqlar biriga biri ulanib ketgan. Bu o‘tloqlar yuz ming boshlab mollarni boqish uchun yetardi. Kichkina-kichkina ariqchalar bilan bir-biriga ulangan katta-katta hovuzlar ko‘m-ko‘k o‘tloqlarni suv bilan mo‘l ta’minlab turar, ularda qora kalla oq qushlar yayrab suzar edi, zig‘irpoyalar ichida esa juda ko‘p tuyaqushlar chopib yurardilar. Umuman bu yerlardagi qushlar juda chiroyli, sershovqin va nihoyatda xilma-xil edi. Daraxt shoxiga qo‘nib o‘tirgan qanotida oq-oq xoli bor chiroyli ko‘k izakas – musichalar, sariq kardinallar xuddi yangi ochilgan gulga o‘xshar edi. Ko‘chmanchi kaptarlar allaqayoqlarga uchib o‘tib turar, biri ketidan biri quvib yurgan chumchuqlar esa chirqillashib, atrofni boshiga ko‘tarar edi.
Tabiatning bu go‘zalliklaridan Jak Paganel benihoyat lazzat olardi, u goh undan, goh bundan qoyil qolganini bildirish uchun beto‘xtov qiyqirardi. Patagoniyalik esa bunga g‘oyat ajablanardi, chunki u osmonda qushlar uchib yurganini, suvda oqqushlar suzib yurganini, o‘tloqlarda o‘t o‘sib yotganni tabiiy bir hol deb bilardi. Umuman, geografiya olimimiz bu safardan, uning cho‘zilib ketganidan mutlaqo xafa emas edi. Hindular to‘xtagan joyga yetib kelganlarida uning nazarida endi yo‘lga chiqqandek edilar. Tolderiya Kordiler etaklaridagi tizmalar bilan o‘ralgan vodiyning ichkarisida joylashgan bo‘lib, undagi shox-shabbalardan qurilgan chaylalarda o‘ttiztacha ko‘chmanchi hindu yashar edi. Ular chorvachilik bilan shug‘ullanar: sigir, ho‘kiz, yilqi va qo‘y podalarini o‘tloqdan o‘tloqqa haydab boqib yurardilar, bunday sero‘t o‘tloqlar bu atrofda sonsiz-sanoqsiz edi.
Bu ando-peruan hindlari araukan, pexuen va aukas irqlarining aralashuvidan kelib chiqqan. Ular sarg‘ish qora badanli, o‘rta bo‘yli, yag‘rini keng, deyarli dumaloq yuzli, tor peshona, yupqa labli odamlar. Ularning yuz qiyofasi sovuq, lekin jasurona emas.
Qisqasi, ularning qiziqadigan yeri yo‘q edi. Lekin Glenarvanga ularning o‘zi emas, podasi kerak edi. Ko‘chmanchilarda qoramol bilan otlar bor ekan, Glenarvanga bundan bo‘lak hech nimaning keragi yo‘q.
Talkav ular bilan bitishishni o‘z ustiga oldi, bunga ko‘p vaqt ketmasdi ham. Egar jabdug‘i bilan argentina zotli yettita pastak ot, yuz qadoq qoq go‘sht – karki, biroz guruch va suv solinadigan bir necha mesh uchun hindlar yigirma unsiya[70 - Unsiya – 1) oltin va boshqa nodir qimmatbaho metallarning asosiy vazn birligi (troyya yoki tanga u.si) = 31,1035 g; 2) ing. o‘lchov tizimida massa birligi. 1 U. = 16 draxma = 437,5 gran = 28,35 g; 3) dorixonada ishlatiladigan ogʻirlik birligi, hozirgi vaqtda qoʻllanilmaydi; 4) suyuqlik unsiyasi hajm (sigʻim) birligi. AQShda 29,57 sm3 (1/128 gallon), Buyuk Britaniyada – 28,41 sm3 (Muharrir izohi).] tilla olishga rozi bo‘ldilar, chunki sayohatchilarimizda hindular uchun juda qimmat baho bo‘lgan vino yoki rom yo‘q edi, lekin ular tillaning bahosini juda yaxshi bilar edilar. Glenarvan patagoniyalik uchun ham yana bitta ot sotib olmoqchi edi, lekin Talkav buning hech keragi yo‘q ekanini bildirdi.
Ishni bitkazgach, Glenarvan o‘zining yangi «mol yetkazib beruvchilari» bilan – ularni Paganel shunday deb atadi – xayrlashdi, oradan yarim soat ham o‘tmay, ular lagerga yetib keldilar. Ularni lagerda qiyqiriqlar bilan kutib oldilar, to‘g‘ri, bu qiyqiriqlar ularga emas, egarloqlik otlar bilan oziq-ovqatga taalluqli edi. Hammalari ham zo‘r ishtaha bilan ovqatlandilar.
Robert ham biroz ovqat yedi. U endi o‘zini ancha yaxshi his qilardi.
Kunning qolgan qismini faqat dam olib o‘tkazdilar. Har to‘g‘rida jindak-jindak so‘zlashdilar: aziz hamrohlari mis Meri bilan Elenni, «Dunkan»ni, kapitan Jon Mangls va uning azamat matroslarini esga oldilar, Garri Grantni ham unutmadilar, axir kapitan Grant shu yaqin orada bo‘lishi mumkin edi-da.
Paganelga kelsak, u hind yo‘l boshlovchidan bir qarich ham nari ketmas, go‘yo Talkavning soyasi bo‘lib qolgan edi. Hindning oldida o‘zi yosh boladay ko‘rinib qolgan geografiya olimi haqiqiy patagoniyalikni uchratganidan o‘zida yo‘q xursand edi.
Paganel o‘zining ispancha iboralari bilan Talkavning boshini rosa qotirdi, lekin u olimning gapiga sabr-toqat bilan javob qaytarardi. Geografiya olimi ispan tilini endi kitobsiz o‘rganmoqda edi. U tomog‘i, tili va chakaklarini ishga solib baland ovoz bilan ispan so‘zlarini talaffuz qilgani eshitilib turardi.
– Talaffuzimni tuzata olmasam masxara qilmang, – derdi u mayorga qayta-qayta, – ispan tilini menga patagoniyalik hind o‘rgatadi deb mutlaqo o‘ylamagan edim!
O‘n oltinchi bob
RIO-KOLORADO
Ertasiga, 22-oktabr ertalab soat sakkizda Talkav yo‘lga chiqishga signal berdi. Argentina pasttekisligi yigirma ikkinchi va qirq ikkinchi gradus (uzunlik)lar orasida g‘arbdan sharqqa qarab tobora pastlashib boradi: sayohatchilarimiz endi dengiz bo‘yiga qarab borgan sari pastga tushib borishlari kerak edi.
Patagoniyalik otdan bosh tortganda Glenarvan u ham ko‘pgina mahalliy yo‘l boshlovchilar singari piyoda yurmoqchi shekilli, deb o‘ylagandi, chunki bunday uzun-uzun oyoq bilan yo‘l bosish qiyin ish emas albatta.
Lekin Glenarvan yanglishdi.
Yo‘lga chiqish paytida Talkav g‘alati qilib qattiq hushtak chaldi, shu zahotiyoq yaqin oradagi chakalakdan baland bo‘yli ajoyib bir ot chiqib keldi. Bu chiroyli kuchli, mag‘rur, asov, dovyurak qorato‘riq ot edi. Uning kallasi kichkina, nihoyatda kelishgan bo‘lib, kishnaganda burun teshiklari keng kerilar, ko‘zlarida o‘t chaqnardi, oyoqlari baquvvat, yoli uzun, ko‘krakdor – xullas, kuchli, chayir ekanligi shunday ko‘rinib turardi. Ot zotidan yaxshi xabardor bo‘lgan Mak-Nabbs pampas otlarining bu chiroyli namunasidan ko‘z uzolmay qoldi; mayor bu go‘zal jonivorning ingliz gunteriga o‘xshash ketadigan joylari borligini aniqladi. Bu uchqur otning ismi «Tauka» ekan, patagon tilida bu so‘zning ma’nosi «qush» demakdir. Shubhasiz, bu ism unga juda kelishib tushardi.
Talkav bir sakrab o‘z Taukasiga mindi, ot darhol olg‘a otildi. Patagoniyalikka qaragan kishining zavqi kelardi: Talkav ajoyib chavandoz chiqdi. Uning egariga Argentina qirlarida rasm bo‘lgan ikkita ovchilik quroli – bolas va lasso bog‘lab qo‘yilgandi. Bolas bir-biriga charm qayish bilan ulangan uchta shardan iborat. Hindular bolasni quvib borayotgan dushman yoki hayvonlariga yuz qadam masofadan ham otaveradilar, yana shunday ustalik bilan mo‘ljallab otadilarki, u qochib ketayotgan kishi yoki hayvonning oyog‘iga o‘ralib, uni darhol yerga yiqitadi. Bolas mohirlik bilan ishlata bilgan hindu qo‘lida juda qo‘rqinchli qurol. Lasso esa hech qachon ovchining qo‘lidan butunlay chiqib ketmaydi. U ikkita pishiq qayishdan to‘qilgan, bir uchi sirtmoq qilinib, temir halqa o‘rnatilgan o‘ttiz futcha uzunlikdagi charm arqondan iborat. Ovchi bu sirtmoqni o‘ng qo‘li bilan uloqtiradi, chap qo‘li bilan esa uning egarga mahkam bog‘lab qo‘yilgan uchini ushlab turadi. Yelkasiga osib olgan uzun karabin patagoniyalikning uchinchi quroli edi.
O‘zining mag‘rur, bamaylixotir, kelishgan xatti-harakatlari hamrohlarini qanchalik zavqlantirganini sezmay Talkav otryadning oldiga tushib, yo‘l boshladi. Chavandozlar goh ot choptirib, goh mayda qadamlab bordilar, chunki Argentina otlari, aftidan, yo‘rtib yurishni bilmas edi. Robert egarda shunday mahkam o‘tirar ediki, Glenarvan undan mutlaqo xavotir olmay qo‘ydi.
Pampaslar Kordiler tog‘larining xuddi etagidan boshlanadi. Ularni uch qismga bo‘lish mumkin: pastak daraxtlar va chakalaklar bilan qoplangan birinchi qismi Kordilerdan ikki yuz ellik milga cho‘ziladi; ajoyib barra o‘tlar bilan qoplangan va eni to‘rt yuz ellik mil masofaga cho‘ziladigan ikkinchi qismi Buenos-Ayresdan bir yuz sakson mil narida tugaydi. Bu yerdan to okean qirg‘og‘igacha sayohatchilar yovvoyi beda va qushqo‘nmas bilan qoplangan oxiri – poyoni yo‘q o‘tloqlardan o‘tadi, bu pampaslarning uchinchi qismidir.
Glenarvan otryadi Kordiler daralaridan chiqishi bilanoq bu yerlarda «medanos» deb ataladigan qum tepalarga duch keldi. Agar bu qum tepalari o‘simliklar ildizi bilan mahkamlanmagan bo‘lsa shamol ularni dengiz to‘lqinlaridek u yoqdan-bu yoqqa hayday beradi. Bu tepaliklarning qumi nihoyatda mayda bo‘lganidan sal shabada tursa ham uchib ketaveradi, ba’zan juda balandlarga ko‘tarilib ketadigan qum quyunlar hosil bo‘ladi. Bu ayni vaqtda ham juda tomoshabop manzara, ham ko‘zning zavoli. Tomoshabopligi shundaki, qirda daydib yurgan quyunlarni kuzatish, ularning bir-biri bilan to‘qnash kelishini, aralashib ketishini, yerga cho‘kishini, so‘ng yana boshi-keti yo‘q tartibsizlik bilan ko‘tarilishini tomosha qilish juda qiziq; ko‘zning zavoli ekanining sababi shundaki, ko‘chib yurgan bu son-sanoqsiz medanoslarning juda mayda zarralari ko‘zingni qancha qattiq yumsang ham ichiga kirib oladi.
Shimoldan esgan shamol qo‘zg‘agan bu quyunlar deyarlik kun bo‘yi davom etdi. Shunga qaramay otryad tez ilgarilab bordi, shuning uchun kechqurun soat oltilarga borib, qirq milcha orqada qolib ketgan Kordiler tog‘lari oqshomgi tuman orasida bilinar-bilinmas qorayib ko‘rina boshladi.
O‘ttiz sakkiz mil yo‘l bosib anchagina charchagan sayohatchilarimiz dam olish vaqti kelganidan mamnun bo‘ldilar. Ular baland qizg‘ish qoyalar orasidan oqayotgan loyqa suvli, tezoqar Rio-Neukvem daryosi bo‘yida to‘xtadilar. Neukvem daryosini ba’zi geograflar «Ramid» deb, boshqalari esa «Komoe» deb ataydilar, daryo faqat hindularga ma’lum bo‘lgan ko‘llar orasidan oqib keladi.
Bu kecha bilan keyingi kunda hikoya qilib berishga arziydigan biror hodisa yuz bermadi. Hech qanday to‘sqinlikka uchramay, tez ilgarilab bordilar. Tekis yo‘l va mo‘tadil tempe ratura sayohatni juda osonlashtirdi. Lekin, har qalay, tushga yaqin kun isib ketdi, quyosh nurlari badanni kuydira boshladi. Kechki payt janub-g‘arb tomonda ufq qop-qora bulut bilan qoplandi. Bu ob-havoning o‘zgarishidan darak berardi.
Patagoniyalik buni bilmasligi mumkin emasdi, u geografiya olimiga qo‘li bilan ufqning g‘arb tomonini ko‘rsatdi.
‒ Bilaman, – dedi Paganel va o‘z hamrohlariga o‘girilib: – Havo o‘zgaryapti. Biz pampero bilan tanishadiganga o‘xshaymiz, – deb qo‘shib qo‘ydi.
So‘ng darhol pampero – Argentina qirlarida tez-tez bo‘lib turadigan juda quruq janub-g‘arbiy shamol ekanini tushuntirib berdi. Talkav yanglishmadi, kechasi shitob bilan pampero esa boshladi. Faqat bir qavat ponchoga o‘ralib yotgan odamlar uchun bu juda og‘ir mashaqqat edi. Otlar yerga yotdilar, odamlar, esa ular atrofiga to‘p bo‘lib oldilar. Glenarvan bo‘ron yo‘ldan ushlab qolmasa edi, deb tashvishlana boshladi, lekin Paganel o‘z barometriga qarab, uni tinchitdi:
‒ Barometr simobi pastlasha bersa, odatda, pampero uch kun uzluksiz davom etadi. Lekin hozir barometr simobi ko‘tarilyapti, demak, bo‘ron bir necha soat quturadi-yu, bosiladi. Xotirjam bo‘lavering, aziz do‘stim, ertalab yana havo ochilib ketadi.
‒ Siz hamma narsaga javob bera oladigan kitobga o‘xshaysiz-a, Paganel, – dedi Glenarvan.
‒ Men rostdan ham kitobman, – deb javob berdi Paganel, – istaganingizcha varaqlab o‘qishingiz mumkin.
Kitob xato qilmadi: kechasi soat birda bo‘ron birdan tinib qoldi, shundan so‘ng sayohatchilar yaxshilab uxlab, kuch yig‘ib oldilar. Hammalari, ayniqsa Paganel, uyqudan tetik va bardam bo‘lib turdilar: olim mazza qilib kerishar va suyaklarini qirsillatardi.
24-oktabr. Sayohatchilarimiz Talkaguanodan yo‘lga chiqqanlariga o‘n kun bo‘ldi. O‘ttiz yettinchi parallel Rio-Koloradoni kesib o‘tadigan yerga yetish uchun yana to‘qson uch mil[71 - 150 kilometr (Muallif izohi).], ya’ni uch kunlik yo‘l qolgan. Amerika qit’asi orqali bo‘lgan bu sayohat vaqtida Glenarvan kapitan Grant haqida biror ma’lumot olish umidida hindularni uchratishga harakat qildi, u buni Paganel endilikda durustgina gaplashadigan bo‘lib qolgan patagoniyalik Talkav orqali amalga oshirishi mumkin edi. Lekin ular hindular kam yuradigan joylardan o‘tib borar edilar, chunki Argentina respublikasidan Kordiler tog‘lariga olib boradigan yo‘llar shimolroqdan o‘tardi. Shuning uchun sayohatchilarimiz o‘z yo‘llariga katsiklar qo‘l ostida yashovchi na o‘troq, na ko‘chmanchi hindularni uchratmadilar. Mabodo uzoqda biror otliq-ko‘chmanchi ko‘rinib qolgudek bo‘lsa ham, sayohatchilarni ko‘rishi bilanoq, aftidan, begona odamlarga duch kelishni xohlamay, ura qochar edi. Bu yerlardagi qirlarda yakka yurishga jur’at qilgan kishiga bunday otryad haqiqatan ham shubhali ko‘rinar, uchqur otlarga minib olgan sakkizta qurolli kishini ko‘rgan har qanday kishi ham qo‘rqib ketishi, ularni yomon niyatli kishi deb o‘ylashi mumkin edi. Shuning uchun sayohatchilar na tinch aholi bilan, na yo‘lto‘sar qaroqchilar bilan gaplasha olmadilar. Ular hatto restreadoreslar[72 - Qir yo‘lto‘sarlari (Muallif izohi).] shaykasi bilan to‘qnash kelishga ham rozi edilar, hatto ular bilan miltiq otishdan gap boshlashga ham yo‘q demagan bo‘lardilar.
Glenarvanning umidi ro‘yobga chiqib, hindular bilan gaplashishning iloji topilmagan bo‘lsa ham, har holda, hujjatning keyingi izohi to‘g‘ri ekanini tasdiqlaydigan bir hodisa ro‘y berdi.
Otryad o‘z yo‘lida bir necha so‘qmoqni shular orasida Karmendan Mendosga boradigan muhim so‘qmoq yo‘lni kesib o‘tdi. Bu so‘qmoqni unda tez-tez uchrab turgan xachir, ot, qo‘y va ho‘kiz singari uy hayvonlarining suyaklaridan bilib olish qiyin emas edi. Yirtqich qushlar top-toza qilib qo‘ygan va shamolda oppoq bo‘lib ketgan bu suyaklar go‘yo yo‘l ko‘rsatuvchi qoziqlar vazifasini o‘tardi. Bunday suyaklar ming-minglab sochilib yotar, ularga qanchadan-qancha odam suyaklari aralashib ketgan bo‘lsa ajab emasdi.
Talkav shu vaqtgacha sayohatchilar qayerni mo‘ljallab borayotganlari haqida bir og‘iz bo‘lsin so‘ramadi. Lekin sayohatchilar hozir ketayotgan yo‘l pampaslardagi yo‘llardan birontasiga ham aloqasi yo‘qligini, bu tarzda yo‘l yurib na biror shaharga, na biror qishloqqa, na Argentina viloyatlaridan birontasining idoralariga chiqib bo‘lmasligini tushunar edi, albatta.
Otryad har kuni ertalab chiqib kelayotgan quyosh tomonga qarab yo‘lga chiqar va kechgacha hech qayoqqa og‘may, to‘g‘ri yo‘l bosar, kechqurun tunash uchun to‘xtaganlarida, botayotgan quyosh sayohatchilarning orqasida qolardi. Yo‘l boshlovchi bo‘lgani uchun bu tarzda yo‘l yurish Talkavga g‘alati tuyulgan bo‘lsa kerak, chunki sayohatchilarni Talkav emas, aksincha, sayohatchilar uni boshlab borar edilar. Mabodo u bunga ajablangan bo‘lsa ham, hindularga xos og‘irlik bilan buni bildirmay borardi, shuning uchun otryad biror yo‘lni kesib o‘ta turib, unga burilishni istamaganda u hech narsa demas edi. Lekin bugun, otryad yuqorida tilga olingan Karmendan Mendosga boradigan so‘qmoqqa chiqqanda Talkav otini to‘xtatdi va Paganelga o‘girilib:
‒ Bu yo‘l Karmenga boradi, – dedi.
‒ To‘g‘ri, patagoniyalik aziz do‘stim, – deb javob berdi Paganel, ispan so‘zlarini iloji boricha aniq talaffuz qilishga tirishib, – bu yo‘l Karmendan Mendosga olib boradi.
‒ Biz bu yo‘ldan yurmaymizmi? – deb so‘radi Talkav.
‒ Yo‘q, – deb javob qaytardi Paganel.
‒ Biz qayerga ketyapmiz?
‒ Faqat sharqqa.
‒ Unda hech qayerdan chiqmaymiz-ku.
‒ Ko‘ramiz-da!
Talkav jim qoldi va juda hayron bo‘lib geografiya olimiga qaradi. Lekin u Paganel hazillashishi mumkin deb xayoliga ham keltirmas edi. Har narsaga ham doim jiddiy qaraydigan bu hind hazilning nima ekanini bilmasdi.
‒ Demak, sizlar Karmenga ketayotganingiz yo‘q ekan-da? – deb so‘radi u birozdan so‘ng.
‒ Yo‘q. Karmenga ketayotganimiz yo‘q, – dedi Paganel.
‒ Mendosga ham bormaysizlarmi?
‒ Mendosga ham bormaymiz.
Shu payt Glenarvan Paganel oldiga kelib, undan Talkav nima deganini va nima uchun to‘xtab qolganini so‘radi.
‒ U biz Karmenga ketyapmizmi, yo Mendosgami, deb so‘radi, – dedi Paganel, unga izoh berib, – bizning Karmenga ham, Mendosga ham bormasligimizni bilib, hayron bo‘lyapti.
‒ Rost, bizning sayohatimiz haqiqatan ham unga qiziq tuyulsa kerak, – dedi Glenarvan.
‒ Shunaqaga o‘xshaydi. Bunday yo‘l yurishda biz hech qayerdan chiqmaymiz, deydi.
‒ Menga qarang, Paganel, ekspeditsiyamizning maqsadini va nima uchun biz doim sharqqa qarab yurishimizni unga tushuntirib berolmaysizmi?
‒ Bu juda qiyin-da, – dedi Paganel, – geografik graduslarning nimaligini u mutlaqo tushunmaydi-ku, hujjatning tarixi esa unga xayoliy narsa bo‘lib tuyuladi.
‒ Qiziq, – dedi mayor jiddiy, – u so‘zlab berilgan voqeani tushunmasmikan, yoki so‘zlab berayotgan odamning so‘ziga tushunmasmikan?
‒ Eh, Mak-Nabbs! – dedi Paganel. – Hali ham siz mening ispancha so‘zlashuvimga shubha bilan qaraysiz-a!
‒ Bir harakat qilib ko‘ring, muhtaram do‘stim! – dedi mayor.
‒ Harakat qilib ko‘raman.
Paganel patagoniyalik oldiga keldi-da, unga ekspeditsiyaning maqsadini tushuntira boshladi. So‘z boyligi yetishmay qolgandan, shuningdek ekspetsiyaning ba’zi jihatlarini hinducha anglatish qiyinligidan va unga ba’zi tafsilotlarni tushuntirshi juda qiyin bo‘lganidan geografiya olimi tez-tez to‘xtab qolardi. Shu payt geografiya olimiga qarash kayf edi: u har xil imo-ishoralar qilar, ispan so‘zlarini iloj boricha aniq talaffuz qilishga tirishar, umuman shunday jon kuydirar ediki, peshonasidan marjon-marjon ter oqardi. So‘z boyligi yetishmay qolganda u qo‘lini ishga soldi. Paganel sakrab otdan tushdi-da, qumga geografik karta chiza boshladi, qumda birin-ketin meridianlar bilan kesishib o‘tgan parallellar, ikki okean, ular o‘rtasidagi materik va undan Karmenga o‘tadigan yo‘l paydo bo‘ldi. Birorta ham o‘qituvchi bunchalik mushkul ahvolga tushmagan bo‘lsa kerak.
Talkav geografning butun xatti-harakatlarini xotirjamlik bilan yaxshilab kuzatib turdi, lekin uning qiyofasidan tushunayotgan-tushunmayotganini bilib bo‘lmasdi.
Geografiya olimining darsi yarim soatdan ortiqroq davom etdi. Nihoyat Paganel jim bo‘ldi, betidan oqib tushayotgan terni artdi-da, patagoniyalikka qaradi.
‒ Tushundimi? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Hozir bilamiz, – dedi Paganel. – Agar tushunmagan bo‘lsa, men yana tushuntirishdan bosh tortmayman.
Talkav qimirlamadi ham, biror og‘iz so‘z ham aytmadi. U shamol sekin-sekin o‘chirib ketayotgan chizma-chiziq kartadan ko‘z uzmas edi.
‒ Xo‘sh? – deb so‘radi Paganel.
Talkav uning savolini eshitmagandek turardi. Geografiya olimi mayorning lablaridagi istehzoli tabassumni ko‘rib, juda xafa bo‘lib ketdi va o‘zining geografiya darsini yana qayta boshdan boshlamoqchi bo‘lgan ediki, patagoniyalik uni imo bilan to‘xtatdi.
‒ Sizlar asir kishini axtarib yuribsizlar, shundaymi? – deb so‘radi u.
‒ Ha, – dedi Paganel.
‒ Uni kunbotishdan kunchiqishga boradigan mana shu to‘g‘ri chiziqdan qidiriyapsiz, a? – deb so‘radi Talkav, g‘arbdan sharqqa degan tushunchani hinduchasiga aytib.
‒ Ha, balli.
‒ Asirning sirini bahaybat dengiz to‘lqinlariga sizning xudoyingiz topshirganmi?
‒ Ha, xuddi shunday.
‒ Unaqa bo‘lsa, aytgani kelsin, – dedi Talkav, hatto biroz tantana bilan, – sharqqa qarab boraveramiz, agar lozim bo‘lsa quyoshgacha ham boramiz.
Shogirdining so‘zlaridan o‘zida yo‘q quvonib ketgan Paganel uning so‘zlarini darrov hamrohlariga tarjima qilib berdi.
‒ Muncha ham aqli raso xalq ekan bular! – deb qo‘shib qo‘ydi u. – Aminmanki, mening vatanimdagi har bir yigirmata dehqondan o‘n to‘qqiztasi hozirgi gaplarimga tushunmagan bo‘lardi.
Glenarvan Paganeldan: so‘rab ko‘ring-chi, patagoniyalik u yer-bu yerda pampaslardagi hindular qo‘liga chet ellik kishilar asir tushgan-tushmaganini eshitmadimi ekan, deb iltimos qildi. Paganel hindu yo‘l boshlovchidan buni so‘rab, javob kutib turdi.
‒ Ehtimol, – dedi patagoniyalik.
Bu javob darhol ingliz tiliga tarjima qilindi, shunda yetti sayohatchining hammasi patagoniyalikni o‘rab olib, unga savol nazari bilan tikilib qoldilar.
Paganel hayajonlanib va ispancha so‘zlarni zo‘rg‘a topib, ketma-ket savol bera boshladi. Uning xotirjam va vazmin hinduning betiga tikilgan ko‘zlari Talkav javob bermasidan oldinroq uning aytmoqchi bo‘lgan gapini bilib olmoqchiday tuyulardi.
Patagoniyalikning har bir ispancha so‘zini geografiya olimi darhol ingliz tilida takrorlardi, shuning uchun uning hamrohlari ham Talkavning javoblariga o‘z ona tilida eshitgandek quloq solib turdilar.
Paganel:
‒ O‘sha asir kim edi? – deb so‘radi.
‒ U ajnabiy kishi, yevropalik edi, – deb javob berdi Talkav.
‒ Uni o‘zingiz ko‘rganmisiz?
‒ Yo‘q, lekin uning to‘g‘risida yurgan hindularning hikoyalarini eshitganman. U jasur odam edi. Uning yuragi buqaning yuragidek edi.
‒ Buqaning yuragi! – deb takrorladi Paganel. – Patagoniya tili buncha ham ajoyib til-a! Tushunyapsizmi, do‘stlarim? U «dovyurak odam edi» demoqchi!
‒ Otam! Mening otam! – deb qichqirib yubordi Robert Grant. Keyin Paganelga o‘girilib: – Ispanchada: «Mening otam» degan gapni nima deyiladi? – deb so‘radi.
‒ Es mio padre, – deb javob berdi geografiya olimi.
Shunda Robert Talkavning qo‘lidan ushlab, mehribonlik bilan:
‒ Es mio padre! – dedi.
‒ Suvo padre!?[73 - Uning otasimi!?] – dedi patagoniyalik va uning chehrasi yorishib ketdi.
U bolani quchoqlab, egardan ko‘tarib oldi-da, unga ham ajablanib, ham mehribonlik bilan qaray boshladi. Hinduning xotirjam, aqlli chehrasida achinish alomatlari ko‘rindi.
Lekin Paganelning savollari hali tugamagan edi. Asir qayerda edi? U nima bilan band edi? Talkav bu to‘g‘ridagi gapni qachon eshitgan? Bu savollar Paganelga tinchlik bermasdi. Javobini ham darhol eshitdi. Paganel yevropalik kishining Kolorado va Rio-Negro daryolari o‘rtasida ko‘chib yuradigan ko‘chmanchi qabilalardan birida asir ekanini bilib oldi.
‒ Keyingi vaqtlarda qayerda edi u? – deb so‘radi Paganel.
‒ Kalfukur qabilasining katsigi qo‘lida edi, – dedi Talkav.
‒ Biz yo‘l bosib kelayotgan chiziqqa yaqin joydami?
‒ Ha.
‒ O‘sha katsik kim o‘zi?
‒ Poyux hindularining boshlig‘i, ikki tilli, ikki yurakli odam.
‒ Ya’ni u qabila boshlig‘i ikkiyuzlama, labzi yo‘q odam demoqchi, – deb tushuntirdi Paganel, bu chiroyli, obrazli gapni tarjima qilib. Keyin u yo‘l boshlovchiga o‘girilib: – Biz do‘stimizni ozod qila olamizmi? – deb so‘radi.
‒ Hali ham hindular qo‘lida bo‘lsa, ehtimol, ozod qila olarmiz.
‒ Siz buni qachon eshitgan edingiz?
‒ Ancha bo‘ldi. O‘sha vaqtdan beri quyosh pampaslarga ikki marta yoz yubordi.
Glenarvanning quvonchini so‘z bilan bayon qilib bo‘lmasdi. Patagoniyalikning aytgan vaqti hujjatda ko‘rsatilgan vaqtga to‘g‘ri kelardi. Talkavdan so‘raydigan yana bitta savol qolgan edi. Paganel uni ham darhol so‘radi.
‒ Siz bitta asir to‘g‘risida gapiryapsiz, – dedi u, – ular uch kishi emasmidi?
‒ Bilmadim.
‒ Asirning holi hozir nima kechayotganini ham bilmaysizmi?
‒ Bilmayman.
Shu bilan gap tugadi. Uchala asirning bir-biridan ajratib yuborilgan bo‘lishi ham ajablanarlik hol emas edi. Lekin patagoniyalikning gapidan: hindular orasida ular qo‘liga asir tushgan yevropalik kishi haqida gap-so‘zlar yuribdi degan xulosa kelib chiqardi. Uning asir tushgan vaqti ham, turgan joyi ham, asirning mardligi to‘g‘risidagi patagoniyalikning obrazli gapi ham – hammasi, aftidan, kapitan Grantga taalluqli edi.
Ertasiga, 25-oktabrda, sayohatchilarimiz yana yangi ishtiyoq bilan sharqqa yo‘l oldilar. Ular mahalliy xalq tilida «travezias» deb ataladigan, kishini zeriktirib yuboradigan darajada bir xil, bepoyon qirdan o‘tib bordilar. Loy-tuproqli yer shamol ta’sirida tep-tekis bo‘lib ketgan: ko‘z ilg‘agunday masofada na bironta tosh ko‘rinardi, na shag‘al. Qaqrab yotgan biror unumsiz jar tagida yoki hindlar kavlagan hovuzlar qirg‘og‘idagina toshlarni uchratish mumkin. Ahyon-ahyonda uch tomoni qoramtir pastakkina chakalaklar uchrab turardi. Ular orasida bitta-yarimta serbutoq oq daraxtlar ko‘rinib qoladi – ularning o‘zagi shirin, yoqimli va sersuv bo‘ladi. Pista daraxtlari – xanar chakalaklari va turli xil tikanli butalar uchray boshladi, bularning qoq quruqligi yerning puturdan ketganidan darak berardi.
26-oktabrda yo‘l yurish ancha og‘ir bo‘ldi. Tezroq Koloradoga yetib olish kerak edi. Chavandozlar o‘z otlarini shunday qistab haydardilarki, o‘sha kuni kechga yaqinoq pampaslardan oqib o‘tadigan go‘zal daryoga yetib bordilar. Bu daryoning hinducha nomi Kobu-Lebu bo‘lib, «ulug‘ daryo» degan ma’noni bildiradi. U pampaslarda uzoq masofani bosib o‘tib, Atlantik okeaniga kelib quyiladi. Daryoning manbai yaqinida qiziq bir hodisa ro‘y beradi: okeanga yaqinlashgan sari suvning yerga singib ketishidanmi, yoki bug‘lanib ketishidanmi – daryoning suvi tobora kamaya boradi. Fan kamdan-kam uchraydigan bu hodisaning sababini hali tamomila aniqlagani yo‘q.
Koloradoga yetib kelishgach, geograf sifatida Paganel dastavval uning qizg‘ish loyqa suvida cho‘milib chiqishni lozim ko‘rdi. U daryoning juda chuqurligiga hayron qoldi – buning sababi kun isib ketgach, qor erib, suvning ko‘paygani edi. Buning ustiga daryo shunday keng ediki, otlar undan suzib o‘tolmasdi. Sayohatchilarimiz daryoning yuqori oqimiga qarab borar ekanlar, baxtdan bo‘lib, ko‘p o‘tmay hind usulida yaxshi egiladigan tayoqlardan to‘qib, qayish bilan mahkam bog‘langan osma ko‘prikni uchratdilar. Kichkina otryad shu ko‘prikdan daryoning chap sohiliga o‘tib, tunashga to‘xtadi.
Yotib uxlashdan oldin Paganel Koloradoning qayerdan oqib o‘tayotganini aniq belgilamoqchi bo‘ldi. Bu vazifani bajargach, u juda hafsala bilan daryoni kartaga tushirdi – nima ham qilsin, Tibet tog‘lari orasidan oqib o‘tadigan Yaru-Dzangbo-Chu daryosi juda uzoqda edi-da.
Keyingi ikki kunda – 27 va 28-oktabrda – sayohatchilarning yo‘lida hech qanday voqea yuz bermadi. Yo‘l hali ham bo‘m-bo‘sh, qoq dashtdan o‘tib borardi. Bundan ham bir xil, bundan ham zerikarli manzara bo‘lmasa kerak.
Lekin yer tobora zaxlasha bordi. Kanadas deb ataladigan suv bosib yotgan pastliklardan va suv o‘tlari bosib ketgan, hech qachon suvi arimaydigan mayda qumloq ko‘l – esteroslardan o‘tib bordilar. Kechqurun otlar Lankvem degan katta ko‘l oldiga kelib to‘xtadilar, bu ko‘lning suvida mineral moddalar juda ko‘p bo‘lganidan hindular uni Achchiq ko‘l deb atardilar. Bu ko‘l 1826-yilda Argentina qo‘shinlari hindular ustidan qilgan qirg‘inning guvohi bo‘lgan edi.
Sayohatchilarimiz shu yerda kundagidek tunash uchun to‘xtadilar, agar ko‘l atrofida maymunlar bilan yovvoyi it galalari bo‘lmaganda tun tinch o‘tgan bo‘lardi. Bu sershovqin jonivorlar, sayohatchilar sharafiga bo‘lsa kerak, ularning qulog‘ini batangga keltirib, kechasi bilan shunday bir yovvoyi simfoniya ijro etib chiqdilarki, kelajakda biror kompozitor buni ma’qul ko‘rsa ham ehtimol.
O‘n yettinchi bob
PAMPASLAR
Argentina pampaslari o‘ttiz to‘rtinchi va qirqinchi janubiy kengliklar orasida cho‘zilib yotadi. «Pampa» araukancha so‘z bo‘lib, «o‘t bosgan tekislik» degan ma’noni bildiradi, bu nom esa bu yerlardagi qirlarga juda mos tushgan. Pampaslarning g‘arbiy qismida o‘sadigan daraxtsimon mimozalar va sharqiy qismdagi barra o‘tlar unga o‘ziga xos husn bag‘ishlaydi. Bu o‘simliklarning hammasi yerning ustki qatlamiga ildiz otadi, uning tagida qizil yoki sariq qum aralash tuproq qatlami bor.
Amerika pampaslari ham xuddi Ulug‘ Ko‘llar mamlakatidagi savannalar yoki Sibiriya cho‘llari singari o‘ziga xos geografik hodisadir. Pampaslarning iqlimi kontinental bo‘lganidan qishining sovuqroq va yozing issiqroq bo‘lishi bilan Buenos-Ayres viloyati iqlimidan farq qiladi. Pagenalning so‘ziga qaraganda, okean yozda emib olgan issiqni qishda sekin-asta yerga berar ekan. Ana shuning uchun materikning ichkari qismidagi iqlimga qaraganda orollar iqlimi mo‘tadilroq bo‘ladi[74 - Islandiyada qish Lombardiyadagiga qaraganda yumshoq bo‘lishining sababi shu (Muallif izohi).]. Pampaslar g‘arbiy qismining iqlimi ana shuning uchun Atlantik okean sohillaridagi iqlimdan farq qiladi. Pampaslarning g‘arbiy qismida qishda qahraton sovuq, yozda jazirama issiq bo‘ladi, ob-havo keskin o‘zgarib turadi. Kuzda, ya’ni aprel va may oylarida ko‘p yomg‘ir yog‘adi. Lekin biz tasvir qilayotgan paytda havo quruq, kun nihoyatda issiq edi.
Tong paytida sayohatchilar oldindan yo‘nalishni aniqlab olib, yana yo‘lga tushdilar. Daraxt va butalarning ildizi bilan mahkamlangan yer tamomila qattiq bo‘lib qoldi. Medanoslar hosil qiladigan mayda qum tamom bo‘ldi, havoda to‘zg‘ib yurgan chang ham orqada qoldi.
Otlar baland o‘sgan o‘tlar orasidan dadil yurib borardilar. Hindular bu o‘tlar orasiga kirib momaqaldiroqdan yashirinadilar. Har zamonda majnun tollar va chuchuk suvli yer yaqinida o‘sadigan mahalliy Gynerium argenteum o‘simliklari o‘sib yotgan zaxkash pastliklar uchrab qolardi, lekin ular tobora kam uchray boshladi. Bunday pastliklarda suvni ko‘rishi bilan otlar paytdan foydalanib, go‘yo suv zaxira qilib olishga uringandek to‘yib suv ichib olardilar. Talkav atrofni ko‘zdan kechirib va juda xavfli zaharli ilon – xolinaslarni cho‘chitib, oldinda borar edi, bu xolinaslarning chaqishidan hatto buqalar bir soatga qolmay o‘ladi. Talkavning epchil oti xo‘jayinining orqasidan ketayotganlarga yo‘l ochib, qalin o‘sgan butalar ustidan sakrab-sakrab borardi.
Bu tekis qirlardan yurish qiyin emas edi, shuning uchun otryad tez ilgarilab bordi. Qir hech o‘zgarmasdi: yuz mil atrofda biror katta tosh u yoqda tursin, mayda shag‘al ham uchramasdi. Yurakni siqib yuboradigan darajadagi bunchalik bir xil manzara hech qayerda bo‘lmasa kerak! Hech kim hech narsa ko‘rmaydigan bu xildagi yo‘lda ham qiziqadigan biror narsa topa olish uchun Paganel singari shavq-zavqqa to‘lgan olim bo‘lish kerak. Uning diqqatini nima tortardi? U bu savolga javob berishga qiynalgan bo‘lardi. Uning diqqatini biror buta yo, ehtimolki, o‘t tortardi.
Ammo sergap olimning gapga tushib ketishi uchun o‘sha ham kifoya edi. Paganel darhol Robertga dars bera boshlar, bola ham unga jon deb quloq solardi.
29-oktabr kuni ham yo‘lovchilar ertalabdan kechgacha o‘sha bir xil manzarali qirdan yo‘l yurdilar. Kunduz soat ikkilarda chavandozlar oppoq oqarib ketgan uyum-uyum suyaklarni ko‘rdilar. Bu katta bir qoramol podasining qoldiqlari edi. Lekin suyaklar podadagi mollarning yo‘l-yo‘lakay holdan toyib yiqilib o‘lganini ko‘rsatmasdi, ya’ni har yer-har yerda sochilib yotmasdi. Shuning uchun kichkinagina bir maydonchada nima uchun shunchalik ko‘p hayvon skeletlari yig‘ilib qolganini hech kim aytib berolmasdi. Buning sababini hatto Paganel ham bilmasdi, shuning uchun u buni Talkavdan so‘radi. Olimning savoliga javob berish Talkavga qiyin emas edi shekilli, darhol allanarsa deb javob berdi.
Geografiya olimining: «Yo‘g‘-e!» deb qichqirib yuborishi va bunga Talkavning ishonch bilan bosh silkitib javob berishi sayohatchilarni ham juda qiziqtirdi.
‒ Nima ekan? – deb so‘radilar ular Paganeldan.
‒ Osmondan tushgan o‘t, – deb javob berdi geografiya olimi.
‒ Nima? Yashin shunchalik qirg‘in qilibdimi? – dedi Tom Ostin. – Besh yuz boshli qoramol podasini o‘ldirsa-ya!
‒ Talkav shunday deyapti, u yanglishmaydi. Uning izohiga men ishonaman, chunki pampaslarda momaqaldiroq juda dahshatli bo‘ladi. Ishqilib, biz ham uning qahriga uchramasak bo‘lgani!
‒ Kun juda isib ketdimi, – dedi Vilson.
‒ Termometr soyada o‘ttiz daraja issiqni ko‘rsatayotgan bo‘lishi kerak, – deb javob berdi Paganel.
‒ Bu meni ajablantirmaydi, – dedi Glenarvan, – men a’zoyi badanimda elektr zaryadlari jimirlayotganini sezib turibman. Lekin bunday issiq uzoq davom etmasa kerak.
‒ Aksincha, – dedi Paganel, – ufqda qilt etgan tutun ham ko‘rinmagandan keyin havo o‘zgarar deb umid qilishga hech qanday asosimiz yo‘q.
‒ Ana shunisi yomon-da, – dedi Glenarvan, – otlarimiz jaziramada issiqlab ketdi. Sen-chi, o‘g‘lim, isib ketmayapsanmi? – deb so‘radi u Robertdan.
‒ Yo‘q, ser, – deb javob berdi bola, – men issiqni yaxshi ko‘raman. Issiq – yaxshi narsa!
– Ayniqsa qishda, – ma’nodor qilib gap qistirdi mayor sigarasini tutatib.
Kechqurun qamish tomli tashlandiq bir kulba – rancho yonida tunagani to‘xtashdi. Rancho oldida atrofi poyalar bilan to‘silgan bir ayvoncha bor edi, devorlari qiyshayib qolgan bo‘lsa ham, har holda, otlarni tulkilardan himoya qilishga yarardi. Bu ayyor yirtqichlar otlarning o‘ziga zarar yetkaza olmasa ham, no‘xtalarini g‘ajib ketadi, keyin otlar bundan foydalanib, qochib ketishi mumkin.
Ranchodan bir necha qadam narida bir chuqurcha bor edi, aftidan, u o‘choq edi, chunki ichida sovib qolgan kul ko‘rinib turardi. Ranchoning ichida kursilar, ho‘kiz terisidan qilingan so‘ri, kotelok, six va mate, ya’ni Janubiy Amerikada rasm bo‘lgan, choy o‘rnini bosadigan quruq o‘tni damlash uchun choynak bor edi. Uni ham boshqa ko‘pgina Amerika ichimliklari singari naycha bilan so‘rib ichadilar. Paganelning iltimosi bilan Talkav bir necha piyola mate hozirladi, sayohatchilarimiz odatdagi ovqatlarini mate ichib yedilar, bu ichimlik hammaga ham juda yoqib tushdi.
Ertasiga, 30-oktabr kuni quyosh issiq tuman orasidan nur sochib, yerni juda qizdirib yubordi. Shu kuni havo juda isib ketdi, qirda esa, baxtga qarshi, issiqdan yashirinadigan joy yo‘q edi. Lekin kichkina otryad mardlik bilan yana sharqqa qarab yo‘l oldi. Yo‘lda bir necha marta katta-katta podalar uchradi. Jazirama issiqda ovqat yeyishga ham holi qolmagan mollar erinchoqlik bilan o‘tga ag‘anab yotar edilar. Qorovullar, to‘g‘rirog‘i, cho‘ponlar yo‘q edi. Issiqdan jon saqlash uchun qo‘ylarning sutini emishni o‘rganib olgan itlargina sigir va buqalardan iborat katta-katta podalarni qo‘riqlar edi. Bu yerlarda qoramol juda yuvosh bo‘ladi.
Tush paytiga borib qir manzarasi o‘zgara boshladi, doim bir xil manzaraga o‘rganib qolgan sayohatchilar buni darhol sezdilar. Boshoqli o‘simliklar tobora kamroq uchray boshladi. Ularning o‘rniga ingichka qariqiz o‘tlari bilan bo‘yi to‘qqiz fut keladigan baland-baland qushqo‘nmaslar uchray boshladi, bu o‘tlarni butun dunyodagi eshaklar jon deb yegan bo‘lardi. U yer-bu yerda tikanli pastak-pastak ko‘m-ko‘k butalar ko‘zga chalinib qolardi. Ular qanchalik ko‘rimsiz bo‘lmasin, qaqrab yotgan yerlarda o‘shalar ham ko‘zni quvontirardi. Dashtning loy-tuproqlik qatlamlariga singib qolgan namlik o‘tloqlarni sug‘orardi, shuning uchun ham ko‘m-ko‘k o‘tlar gilamday o‘sib yotar va go‘zal manzara berardi. Lekin endi bu gilamning yirtilgan, toptalgan joylari tez-tez uchray boshladi-yu, uning tagi ko‘rinib yerning zaif, shirasiz bo‘la borayotgani sezilib qoldi. Talkav sayohatchilarning diqqatini bunga jalb qildi.
‒ Bu o‘zgarishdan shaxsan men mutlaqo xafa emasman, – dedi Tom Ostin: – Qayerga qarama – nuqul o‘t. Kishining joniga ham tegib ketar ekan.
‒ To‘g‘ri-ya, – dedi mayor, – lekin o‘t bor joyda, suv ham bo‘ladi-da.
‒ E, suvdan kamchiligimiz yo‘q, – deb gapga aralashdi Vilson, – buning ustiga yo‘lda ham albatta biron daryoni uchratamiz.
Bu gapni Paganel eshitgan bo‘lganda Kolorado bilan Argentina viloyatidagi tog‘lar orasida daryolar juda kam deb aytgan bo‘lar edi, albatta. Lekin xuddi shu paytda u Glenarvanning diqqatini tortib qolgan bir holni tushuntirib berayotgan edi.
Anchadan beri havoni tutun hidiga o‘xshash bir hid bosgan edi, lekin chor atrofda ko‘z ilg‘aydigan yerda bironta ham o‘t ko‘rinmasdi. Uzoqroq biror yerga o‘t tushganidan nishon ham ko‘rinmasdi. Shuning uchun buni oddiy bir narsa deb izohlab bo‘lmas edi. Ko‘p o‘tmay kuyuk hidi shunday kuchayib ketdiki, Talkav bilan Paganeldan boshqa hamma bunga juda hayron bo‘ldi. Har qanday hodisani ham darhol izohlab berishga hozir bo‘lgan Paganel hamrohlarining savoliga bunday javob berdi:
‒ Siz bilan biz yonayotgan o‘tni ko‘rmayapmiz, lekin tutun hidi dimog‘imizga kelib urilyapti. Vaholanki, olov bo‘lmasa, tutun ham bo‘lmaydi, bu matal Yevropada qanchalik to‘g‘ri bo‘lsa Amerikada ham shunchalik to‘g‘ri. Demak, qayerdadir o‘t yonayotgan bo‘lishi kerak. Lekin pampaslar shunday tekis bir joyki, havo oqimi bu yerlarda hech qanday to‘siqqa duch kelmaydi, shuning uchun yonayotgan o‘tning hidi ko‘pincha yetmish besh milcha masofadan ham sezilib turadi.
‒ Yetmish besh mil dedingizmi? – ishoninqiramay so‘radi mayor.
‒ Ha, yetmish besh mil, – dedi Paganel. – Yana shuni ham qo‘shimcha qilishim kerakki, bu yong‘inlar juda katta maydonni qoplab oladi va ba’zi vaqtlarda nihoyatda kuchli bo‘ladi.
‒ Qirga kim o‘t qo‘yadi? – deb so‘radi Robert.
‒ O‘tlar jazirama issiqdan qurib qolsa, ba’zan yashin tushib yonib ketadi, ba’zan esa hindular o‘t qo‘yib yuboradilar.
‒ O‘t qo‘yishning nima keragi bor ularga?
‒ Qanchalik to‘g‘riligini bilmadim-ku, lekin hindularning aytishicha, yong‘indan keyin o‘tlar yaxshiroq o‘sar emish. Bu kul bilan cho‘lni o‘g‘itlash bo‘lar edi. Ammo men, bu yong‘inlardan maqsad mol podalarining joniga tegadigan milliard-milliard kanalarni yo‘qotish bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman.
‒ Lekin bunday katta yong‘inlar vaqtida qirda o‘tlab yurgan ba’zi hayvonlar ham yonib ketishi mumkin-ku, – dedi mayor.
‒ Butun-butun podalar o‘t ichida qolib ketgan vaqtlar bo‘lgan, biroq sonsiz-sanoqsiz podalar ichida bu nima degan gap!
‒ Men hindlarning g‘amini qilayotganim yo‘q – bu ularning ishi, – dedi Mak-Nabbs, – men pampaslardan o‘tadigan sayohatchilarni o‘ylayapman. Ular ham yong‘in ichida qolib ketishi mumkin-ku, axir?
‒ Bo‘lmasam-chi, bo‘lmasam-chi! – dedi zavq bilan Paganel. – Ba’zan shunday ham bo‘ladi, shaxsan men bunday manzarani jon deb tomosha qilgan bo‘lar edim.
‒ Bu gap faqat bizning olim do‘stimizdan chiqishi mumkin, – dedi Glenarvan. – U fanga shunday berilib ketganki, fan yo‘lida tiriklayin yondirib yuborsalar ham yo‘q, demaydi!
‒ Yo‘g‘-e, aziz Glenarvan, men Kuper asarlarini o‘qiganman, uning «Charm Paypoq» seriyasidagi asarlari menga bostirib kelayotgan yong‘indan qanday qilib saqlanishni o‘rgatdi. Buning omili shuki, atrofdan radiusini bir necha sajen qilib o‘tni yulib tashlash kerak. Bundan ham oson ish bormi. Shuning uchun men yong‘inning bostirib kelishidan aslo qo‘rqmayman, aksincha, iloji boricha uni ko‘rishga harakat qilaman.
Lekin Paganelning orzusi ro‘yobga chiqmadi, uning kabob bo‘lishiga sal qoldi, lekin buning sababi yong‘in emas, quyoshning ayovsiz nur sochishi edi. Tropik issiqning zo‘ridan otlar harsillab, zo‘rg‘a nafas olar edilar. Har zamonda bir uchrab qoladigan bir parcha bulut quyosh yuzini to‘sgandagina qirga sal soya tushar edi. Shunday paytlarda chavandozlar otlarini qistab haydashar, shamol sharqqa surib borayotgan bulut soyasidan chiqmay yo‘l yurishga tirishar edilar. Lekin ko‘p o‘tmay otlar bulutdan orqada qolib ketar, yuzi hech narsa bilan to‘silmagan quyosh qovjirab yotgan pampaslarni yana zo‘r berib qizdira boshlar edi.
Yetarli suv zaxiramiz bor deganda Vilson o‘z hamrohlarining bu jazirama issiqda qattiq chanqashlarini hisobga olmagan edi, yo‘limizda bironta daryo uchrab qoladi degan gapni u juda o‘ylamay, o‘rinsiz aytib qo‘ygan edi. Amalda esa bironta ham daryo ko‘rinmasdi (yer kaftdek tekis bo‘lgani uchun suvning oqib o‘tishiga noqulay edi), hatto hindlar kavlagan hovuzlar ham qurib qolgan edi. Qirning har mil sari tobora qaqrab borayotganini ko‘rgan Paganel bunga Talkavning diqqatini jalb qildi va endi u qayerdan suv topishi mumkinligini so‘radi.
‒ Salinas ko‘lida, – deb javob berdi hind.
‒ Unga qachon yetamiz?
‒ Ertaga kechqurun.
Argentinaliklar pampaslarda yo‘l yurganlarida odatda quduq qaziydilar va bir necha sajen chuqurlikdan suv chiqaradilar. Lekin sayohatchilarimizda bunga kerakli asbob-uskuna yo‘q edi, shuning uchun ular quduq qazib suv chiqara olmas edilar. Suv porsiyasini kamaytirishga to‘g‘ri keldi, kichkina otryad chanqoqdan u qadar qattiq qiynalayotgan bo‘lmasa ham, har holda to‘yib suv ichish imkoniyatiga ega emasdilar.
O‘ttiz mil yo‘l yurgach, kechqurun tunash uchun to‘xtadilar. Mazza qilib uxlab, hordiq chiqarmoqchi edilar, lekin iskaptoparlar bilan chivinlar buluti ularga tinchlik bermadi. Bu hasharotlarning paydo bo‘lishi shamol yo‘nalishining o‘zgarishidan darak berar edi. Haqiqatan ham ko‘p o‘tmay shamolning yo‘nalishi o‘zgardi: shimoldan esa boshladi. Bu la’nati hasharotlar esa shamol janubdan yoki janub-g‘arbdan esgandagina g‘oyib bo‘ladilar.
Mayor bunday mayda-chuyda qulaysizliklarga vazminlik bilan chidadi, Paganel esa, aksincha, nihoyatda darg‘azab bo‘ldi. U iskaptopar bilan chivinlarning boshiga la’natlar yog‘dirar, chivinlar chaqa berib bezillab qolgan badaniga surish uchun dori-darmon olmaganidan zorlanardi. Mayorning zo‘r berib tabiatshunoslarga ma’lum bo‘lgan uch yuz xil hasharotlarning faqat ikki xiligagina duch kelganiningizga xursand bo‘lsangizchi, deb ovutishga urinishiga qaramay, Paganel uyqudan ta’bi xira bo‘lib turdi. Ammo otryad yo‘lga tushishga otlanganda Paganelni shoshirishga zarurat bo‘lmadi, negaki bugun Salinas ko‘liga yetib olishlari kerak edi. Otlar juda horib qolgan edi. Sayohatchilar ularning g‘amini yeb, suvdan o‘z hissalarini kamaytirgan bo‘lishlariga qaramay, otlar chanqoqdan o‘layozgan edilar. Suvsizlik tobora ko‘proq ta’sir qila bordi, changto‘zon olib kelayotgan shimoliy shamol esa borgan sari chidab bo‘lmaydigan darajada nafasni bo‘g‘a boshladi.
Oldinda ketayotgan Myulredi birdan otini orqaga burib, hamrohlariga hindular otryadi yaqinlashib kelayotganini xabar qildi. Bu uchrashuvga hamma har xil qaradi. Glenarvanning xayoliga darhol: ulardan «Britaniya»da halokatga uchraganlar to‘g‘risida biror narsa eshitarmiz degan fikr keldi. Talkavning esa ko‘chmanchi hindular bilan uchrashuvga u qadar xohishi yo‘q edi, chunki yo‘l boshlovchi ularni talovchilar deb hisoblar, ulardan nariroq yurishni afzal ko‘rardi.
Uning ko‘rsatmasi bilan kichkina otryad bir yerga to‘planib, qurollarini shay qilib turdi. Har qanday tasodifga tayyor turish kerak edi.
Ko‘p o‘tmay hindular otryadi ko‘rindi. Otryad katta emasdi, hammasi bo‘lib o‘n kishichadan iborat edi. Bu patagoniyalikni tinchlantirdi. Hindular yuz qadamcha joyga kelib qoldilar. Endi ularni yaxshiroq ko‘rish mumkin edi. Ular 1833-yilda general Rozas tor-mor qilgan pampaslik hindular qabilasidan edilar. Baland bo‘yli, keng, do‘ng peshonali, qoramag‘iz tanli bu odamlar hindi irqining ajoyib namunasi edi.
Ular guanako va sassiqko‘zan terisidan tikilgan kiyim kiygan, uzunligi yigirma futcha keladigan nayza, pichoq, palaxmon, bolas va lasso bilan qurollangan edilar. Otda o‘tirishlaridan, mohir chavandoz ekanlari ochiq ko‘rinib turardi.
Hindular sayohatchilardan yuz qadamcha narida to‘xtashdi-da, baqirib chaqirib, qo‘llarini paxsa qilib maslahatlasha boshlashdi. Glenarvan otini ularga tomon haydadi. Lekin u ikki sajen ham yurmasdan, hindular otryadi otlarini shartta burib, hayron qolar darajada tezlik bilan ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Sayohatchilarning holdan toygan otlari ularni quvib yeta olmadi, albatta.
‒ Obbo qo‘rqoqlar-ey! – deb qichqirdi Paganel.
‒ Yaxshi odamlar bunchalik tez qochib qolmaydilar, – deb qo‘shib qo‘ydi Mak-Nabbs.
‒ Bu qanday hindular? – deb so‘radi Paganel Talkavdan.
‒ Gauchoslar.
‒ Gauchoslar, – deb takrorladi Paganel hamrohlariga o‘girilib, – gauchoslar! Unda bunchalik ehtiyot choralari ko‘rmasak ham bo‘lar ekan, chunki hindulardan qo‘rqishning hech hojati yo‘q.
‒ Nima uchun? – deb so‘radi mayor.
‒ Chunki bu gauchoslar – beozor dehqonlar.
‒ Siz shunday deb o‘ylaysizmi, Paganel?
‒ Albatta. Ular bizni qaroqchilar deb o‘ylashdi, shuning uchun qochib ketishdi.
Bu hindlarning kim bo‘lishidan qat’iy nazar ular bilan gaplasha olmaganidan Glenarvan juda xafa bo‘ldi.
‒ Yanglishmasam, gauchoslar hech ham beozor dehqonlar emas, – dedi mayor.
‒ Nimalar deyapsiz, mayor! – dedi Paganel.
So‘ng geografiya olimi bu etnologik masala to‘g‘risida shunday jon kuydirib gapirib ketdiki, hatto mayorni bahslashishga tortishgacha bordi, shunda mayor odatda o‘zini doim xotirjam tutishiga qaramay:
‒ Menimcha, siz nohaq bo‘lsangiz kerak, Paganel, – dedi.
‒ Nohaq dedingizmi? – qaytarib so‘radi Paganel.
‒ Ha. Ularni hatto Talkav ham yo‘lto‘sarlar deb o‘yladi, bu o‘lkani u yaxshi biladi.
‒ Bilsa nima bo‘libdi? Bu safar Talkav yanglishdi, – deb e’tiroz bildirdi biroz keskinroq qilib Paganel: – gauchoslar – tinch dehqon, ular dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanadilar, xolos; pampaslar to‘g‘risida yozgan bir kitobchamda men o‘zim shunday deb yozganman, kitobcham esa bir qadar keng tarqalgan.
‒ Demak, yanglishibsiz, janob Paganel.
‒ Men yanglishibmanmi, janob Mak-Nabbs?
‒ Parishonligingiz natijasida shunday bo‘lgan, – deb davom etdi mayor, – shuning uchun kitobchangizning yangi nashrida ba’zi tuzatishlar kiritishga to‘g‘ri keladi.
O‘zining geografik ma’lumotlari shubha ostida qolgani ustiga, yana hazil-mazax ham qilinayotganini ko‘rgan Paganelning jahli chiqa boshladi.
‒ Shuni bilib qo‘yingki, muhtaram janob, – dedi u mayorga, – mening kitoblarim bunday tuzatishlarga muhtoj emas!
‒ Yo‘q, ayniqsa hozirgi masalada bunga muhtoj, – deb e’tiroz bildirdi birdan o‘jarligi tutib qolgan mayor ham.
‒ Janob, siz bugun nima uchundir tirnoq ostidan kir izlab qoldingiz, – deb gapni shart kesdi Paganel.
‒ Siz esa nima uchundir jirttakilik qilyapsiz, – deb uning gapini rad etdi mayor.
Arzimagan narsa to‘g‘risida boshlangan tortishuv birdan kattalashib ketdi, shuning uchun Glenarvan gapga aralashishni lozim ko‘rdi.
‒ Shubhasiz, tortishuvinglarda tirnoq ostidan kir qidirish ham, jirttakilik qilish ham bor, rostini aytsam, ikkalangiz ham meni hayron qoldirdinglar, – dedi u.
Talkav ikki do‘stning nima to‘g‘risida g‘ijillashayotganini tushunmasa ham, ularning urishib qolishga tayyor ekanini sezib oldi. U jilmayib qo‘ydi-da, xotirjamlik bilan:
‒ Shamol shimoldan esyapti-da, – dedi.
‒ Shamol emish! – dedi Paganel. – Shimoldan esgan shamolning bunga nima aloqasi bor?
‒ Bo‘lmasa-chi, – dedi Glenarvan, – ta’bingizni tirriq qilayotgan ham o‘sha shimoldan kelayotgan shamol. Esimda, Amerikaning janubida shimoldan esgan shamol nerv sistemasiga kuchli ta’sir qiladi, deb bir qulog‘imga chalingan edi.
‒ Avliyo Patrik haqqi, to‘g‘ri aytdingiz, Eduard! – dedi mayor va qah-qah urib kulib yubordi.
Lekin juda achchig‘i chiqib ketgan Paganel bo‘sh kelmadi va Glenarvanga yopishdi, Glenarvanning gapga aralashuvi unga o‘rinsiz hazilday tuyulgan edi.
‒ Demak, sizning o‘ylashingizcha, mening asablarim joyida emas ekan-da, ser?
‒ Albatta, Paganel, buning sababi esa shimoldan esgan shamol. Bu shamol bu yerlarda xuddi Rim atrofidagi shimoliy shamolga o‘xshab odamni ko‘pincha hatto jinoyat qilib qo‘yishgacha olib boradi.
‒ Jinoyatga dedingizmi! – deb qichqirib yubordi geografiya olimi. – Hali men jinoyatchiga o‘xshab qoldimmi?
‒ Men bunday deganim yo‘q.
‒ Yaxshisi, meni so‘yib qo‘ymoqchisan deb qo‘ya qoling!
‒ Shunday qilmasangiz deb qo‘rqaman! – dedi Glenarvan o‘zini ortiq kulgidan tutolmay. – Yaxshi hamki shamol shimol tomondan faqat bir kungina esadi.
Glenarvanning so‘zini eshitgan sayohatchilar xaxolab kulib yubordilar.
Paganel yolg‘izlikda jahldan biroz tushish uchun otini niqtab oldinga choptirib ketdi. Chorak soatchadan keyin u nima to‘g‘rida g‘ijillashib qolganini ham, jahli chiqqanini ham esidan chiqarib yubordi. Doim quvnoq bo‘lgan geografiya olimi ana shu tarzda birpas qizishib oldi, lekin buning sababi, Glenarvan aytgandek, shimoldan esgan shamol edi.
Kechqurun soat sakkizlarda biroz oldinroqda borayotgan Talkav Salinas ko‘liga yaqinlashib kelganlarini xabar qildi. Chorak soatdan so‘ng otryad Salinas ko‘lining tik qirg‘og‘idan pastga tushib bormoqda edi. Lekin ko‘lni ko‘rib sayohatchilarning hafsalasi pir bo‘ldi: ko‘l qurib qolgan edi.
O‘n sakkizinchi bob
CHUCHUK SUV AXTARIB
Salinas ko‘li Serra-Bentan bilan Serra-Guamini o‘rtasida cho‘zilib yotgan kichkina-kichkina ko‘llarning eng oxirgisi. Ilgari Buenos-Ayresdan Salinas ko‘liga tuz chiqarish uchun butun-butun ekspeditsiyalar kelar edi, chunki ko‘lning suvida natriy xlor juda ko‘p. Lekin hozir jazirama issiq bo‘lganidan ko‘lning suvi qurib qolgan, shuning uchun ko‘lning tagiga cho‘kib qolgan tuz uni kattakon oynaga o‘xshatib qo‘ygan.
Talkav Salinas ko‘lidan suv topamiz deganda ko‘lning sho‘r suvini emas, unga kelib quyiladigan chuchuk suvli juda ko‘p ariqlarni ko‘zda tutgan edi. Lekin hozir ular qurib qolgan ekan. Hamma suvni o‘t purkayotgan quyosh ichib qo‘ygan edi. Salinas ko‘lining qurib qolganini ko‘rganda chanqoqdan sillasi qurigan sayohatchilarning nima ahvolga tushganini ko‘z oldingizga keltirish qiyin emas.
Darrov biror chora ko‘rish kerak edi. Meshlarda qolgan ozgina suv ham yarim buzilib, chanqoqni bosa olmaydigan bo‘lib qolgan. Chanqoq esa tobora vujudni o‘rtab borayotir. Shuning uchun bu hayotiy zarurat oldida ochlik ham, charchoq ham bilinmay qoldi. Darmoni qurigan sayohatchilar hindular bir kichikroq jar tagiga qurib, tashlab ketgan charm palatka – ruxa ichiga joylashdilar. Otlar ko‘lning balchiqli sohilida yotib, suv o‘tlari bilan quruq qamish poyalarini ijirg‘anib chaynar edilar.
Hamma ruxaga kirib joylashgach, Paganel Talkavga murojaat qilib, endi nima qilish kerakligi to‘g‘risida uning fikrini so‘radi. Geograf ham, hindu ham tez-tez gapirar edilar, shunday bo‘lsa ham Glenarvan ularning suhbatidan bir necha so‘zni ilib ola oldi. Talkav xotirjamlik bilan so‘zlar, Paganel esa ularning ikkalasi uchun ham zo‘r berib imo-ishoralar qilardi. Ularning dialogi bir necha minutga cho‘zildi, so‘ng patagoniyalik ikkala qo‘lini ko‘kragi ustiga qovushtirib oldi.
‒ U nima dedi? – deb so‘radi Glenarvan. – nazarimda, u ikkiga bo‘linishni maslahat berayotganga o‘xshaydi.
‒ Ha, ikki gruppaga bo‘linishni maslahat beryapti, – deb javob berdi Paganel. – Oti juda sudralib qolganlar o‘ttiz yettinchi paralleldan sekin-asta ilgarilab boraversinlar. Oti hali ancha bardam bo‘lganlar esa birinchi guruhni orqada qoldirib, bu yerdan o‘ttiz bir mil[75 - 50 kilometr (Muallif izohi).] narida San-Lukas ko‘liga quyiladigan Gaumini daryosini qidirib borishlari kerak. Agar bu daryoning suvi yetarli bo‘lsa, ikkinchi otryad birinchisini o‘sha yerda kutib turadi. Agar Guamini ham qurib qolgan bo‘lsa, otryad keyinda kelayotganlar bekorga yo‘l bosmasligi uchun orqaga qaytadi.
‒ Unda nima qilamiz? – deb so‘radi Tom Ostin.
‒ Unda yetmish mil janubdagi Serra-Bentan yonbag‘irlariga tushib borishga to‘g‘ri keladi, u yerda daryo juda ko‘p.
‒ Yomon maslahat emas, – dedi Glenarvan, – biz darhol shunday qilishimiz kerak. Mening otim suvsizlikdan hali unchalik qiynalayotgani yo‘q, shuning uchun men Talkavga hamroh bo‘lishim mumkin.
‒ Ser, meni ham birga olib keting! – deb iltimos qildi Robert, go‘yo ular sayr-tomoshaga borayotgandek.
‒ Bizga yetib yura olasanmi, o‘g‘lim?
‒ Bo‘lmasam-chi! Otim yaxshi. Uchsam deb turibdi… Maylimi, ser?.. Olib keta qoling!
‒ Xo‘p, bora qol, o‘g‘lim, – deb ko‘ndi Glenarvan. Sirasini aytganda, u Robertning o‘zi bilan birga bo‘lishidan xursand edi.
‒ Nahotki, uch kishi biron bir yerdan muzday, toza suv topa olmasak!
‒ Men-chi? – deb so‘radi Paganel.
‒ Aziz Paganel, siz zaxira otryad bilan qolasiz, – dedi mayor. – Siz o‘ttiz yettinchi parallelni ham, Guamini daryosini ham, umuman pampaslarni yaxshi bilasiz, shuning uchun biz bilan qoling. Na Myulredi, na Vilson, na men – birontamiz Talkav tayin qilgan joyni topib borolmaymiz. Jasur Paganel boshchiligida esa biz hech qo‘rqmay olg‘a boraveramiz.
‒ Bo‘ysunishga to‘g‘ri keladi, – dedi geografiya olimi, otryadga boshliq qilib tayinlashganidan boshi osmonga yetib.
‒ Lekin parishonlikni tashlaysiz, – deb qo‘shib qo‘ydi mayor, – bizni hech lozim bo‘lmagan yerga, masalan, qaytadan Tinch okean bo‘yiga boshlab bormang tag‘in!
‒ Aslida shunday qilib bir ta’ziringizni berish kerak ediya, yaramas kishi! – dedi kulib Paganel. – Lekin Talkav bilan qanday gaplashasiz, aziz Glenarvan?
‒ Menimcha, patagoniyalik bilan gaplashishga hojat ham bo‘lmasa kerak, – dedi Glenarvan, – lekin juda zarur bo‘lib qolganda men bilgan ispan so‘zlari bir amallab tillashib olishishimizga kifoya qilsa kerak.
‒ Bo‘lmasa oq yo‘l, qimmatli do‘stim, – dedi Paganel.
‒ Oldin ovqatlanamiz, – dedi Glenarvan, – keyin, iloji bo‘lsa, yo‘lga chiqishdan oldin jindek-jindek mizg‘ib olamiz.
Sayohatchilar quruq ovqat yeb oldilar, lekin bu ularni qondirmadi, albatta, keyin esa yotib olishdan boshqa durustroq ish bo‘lmaganidan darrov uyquga yotdilar. Paganelning tushiga shaldirab oqayotgan ariqlar, sharsharalar, daryolar, anhorlar, hovuzlar, hatto suv to‘la grafinlar, xullas, ichadigan suv bilan aloqasi bor narsalarning hammasi kirib chiqdi. Bu chidab bo‘lmaydigan azob edi.
Ertasiga ertalab soat oltida Talkav, Glenarvan va Robert Grantlarning oti egarlandi. Otlarni meshlarda qolgan suv bilan sug‘ordilar. Ular suvni yutaqib, ammo hech qanday lazzatlanmay ichdilar, chunki meshlardagi suv ko‘ngil aynatadigan edi. Otlarni sug‘orib bo‘lishgach, Talkav, Glenarvan va Robert egarga o‘tirdilar.
‒ Xayr! – deb qichqirib qolishdi orqadan boradiganlar.
‒ Ishqilib, orqaga qaytmaslikka harakat qilinglar! – deb qo‘shib qo‘ydi Paganel.
Ko‘p o‘tmay Talkav, Glenarvan va Robert geografiya olimi boshchiligida qoldirilgan otryad turgan yerdan ko‘rinmay ketdilar.
Chavandozlar hozir o‘tib borayotgan Desertio de las Salinas, ya’ni Salinas ko‘li atrofidagi cho‘l sarg‘ayib, qovjirab yotgan, balandligi o‘n futcha keladigan butalar, pasta-pastak mimoz (kurramamel)lar va yumma degan butasimon sersoda o‘simliklar o‘sib yotgan loy-tuproq tekis yer edi. Ahyon-ahyonda oftobda ko‘zni jimirlashtirib yuboradigan darajada yaltirab yotgan tuz maydonlari uchrab qolardi. Agar kun jazirama issiq bo‘lmaganda bu barreroslarni muzlab yotgan yerlar deb o‘ylash mumkin edi. Qaqrab, qovjirab yotgan yer bilan quyoshda yaltirab turgan tuz maydonlari bir-biridan keskin farq qilar va qirga o‘ziga xos g‘alati bir tus berardi.
Agar Guamini daryosi qurib qolgan bo‘lsa, sayohatchilarimiz tushib borishi lozim bo‘gan sakson milcha janubroqdagi S’erra-Bentanning manzarasi tamom boshqacha. «Bigl» nomli kemada 1835-yilda bu yerga kelgan ekspeditsiyaning boshlig‘i kapitan Fits-Roy tomonidan tekshirilgan bu o‘lka nihoyatda serhosil. Hindu yerlaridagi eng yaxshi, chiroyli o‘tloqlar shu yerda. Serra-Bentanning shimol-g‘arbiy yonbag‘ri barra o‘tlar bilan qoplangan; pastroqda turli xil o‘simliklarga boy o‘rmonlar cho‘zilib ketgan. Bu o‘rmonlarda muguz daraxtlari turiga kiradigan algarobo o‘sadi, uning mevasini quritib yanchadilar, un qiladilar va hindular juda xush ko‘radigan non yopadilar; unda yana bizdagi majnun tolga o‘xshab ketadigan uzun-uzun, egiluvchan navdali oq kvebraxo, bulardan juda pishiq bo‘ladigan qizil kvebraxo; salga yonib ketaverishi uchun tez-tez dahshatli yong‘inga sabab bo‘lib turadigan naubuday, gunafsha rang guli piramidaga o‘xshash bo‘ladigan viraro; nihoyat, balandligi sakson futgacha yetadigan gigant timbo daraxtlari o‘sadi, bitta timboning soyasida butun bir poda dam olishi mumkin. Argentinaliklar bu boy o‘lkani o‘zlariga bo‘ysundirishga ko‘p urinib ko‘rdilar, ammo hindularning qarshiligini baribir sindirolmadilar.
O‘lkaning bunday boy bo‘lishining sababi tog‘lardan oqib tushadigan suvlardan hosil bo‘lgan juda ko‘p soylarning shu yerdan o‘tishi edi, albatta. Haqiqatan, bu soylar eng jazirama issiqlarda ham qurib qolmas edi. Lekin bu yerga yetib borish uchun janubga qarab bir yuz o‘ttiz mil yo‘l yurishlari kerak. Ana shuning uchun oldin Gamini daryosi tomonga borish kerak, deganda Talkav shubhasiz haqli edi, chunki Guamini ham yaqinroq, ham sayohatchilarning yo‘li ustida edi.
Uchala chavandozning oti tez chopib borardi. Bu ajoyib jonivorlar xo‘jayinlari ularni qayerga bunchalik qistab haydayotganini tushungandek ildam borar edilar. Ayniqsa Tauka o‘zini bardam sezardi. U qurib qolgan ariq va kurramamel butoqlari ustidan qushday uchib o‘tardi. Glenarvan bilan Robertning otlari ham undan ibrat olib, Taukachalik epchillik bilan bo‘lmasa ham, har holda dadil ketib borardilar. Egarga quyib qo‘ygandek o‘tirgan Talkav esa chavandozlarga ibrat edi.
Patagoniyalik Robertga tez-tez ko‘z tashlab qo‘yardi. Robertning egarga to‘g‘ri va mahkam o‘tirganini, ko‘kragini sal kerib, oyog‘ini bo‘sh ushlab, tizzalari bilan egarni qisib borayotganini ko‘rgan Talkav qiyqirib o‘zining undan mamnunligini bildirardi. Robert Grant haqiqatan ham uning maqtoviga arziydigan ajoyib chavandoz bo‘lib qolgan edi.
‒ Barakalla, Robert! – dedi Glenarvan bolaning ko‘nglini ko‘tarib. – Talkav sendan juda mamnunga o‘xshaydi.
‒ Nimamdan mamnun bo‘ladi, ser?
‒ Ot minishingdan.
‒ Men egarda mahkam o‘tiribman, xolos, – dedi bola, xursand bo‘lganidan qizarib.
‒ Hamma gap ana shunda, Robert, – deb davom etdi Glenarvan. – Juda kamtarinsan, lekin hozirdanoq aytib qo‘ya qolay, sendan ajoyib sportchi chiqadi.
‒ Sportchi bo‘lsam yaxshi-ku, – dedi kulib Robert. – Ammo otam meni dengizchi qilmoqchi. Bunga u nima derkin?
‒ Biri-biriga xalaqit qilmaydi. Hamma chavandozlar yaxshi dengizchi bo‘la olmasalar ham, hamma dengizchilar yaxshi chavandoz bo‘la oladilar. Reyaga minib o‘tirganingda yiqilib ketmaslik uchun o‘zingni mahkam ushlashni o‘rganasan kishi, otni yugurib ketayotgan yerida taqqa to‘xtatish, uni yonga, orqaga burish o‘z-o‘zidan bo‘lib ketadigan tabiiy narsa.
‒ Bechora otam! – dedi bola. – Qutqarib olganingizda u sizdan shunday minnatdor bo‘ladiki, ser!
‒ Sen uni juda sevasanmi, Robert?
‒ Juda, ser. Otam men bilan opamni shunday yaxshi ko‘rardiki, asti qo‘yasiz! Uning fikri-yodi bizda bo‘lardi. Har bir uzoq safarga borganida o‘sha o‘zi borgan hamma uzoq o‘lkalardan bizga sovg‘alar olib kelardi. Lekin, hammasidan yaxshisi, safardan qaytib kelgach, u biz bilan shunday mehr-muhabbat bilan gaplashar, bizni shunday erkalatar ediki, qo‘yaverasiz! Eh, otam bilan yaqindan tanishsangiz, uni siz ham yaxshi ko‘rib qolasiz! Meri unga o‘xshaydi. Otamning ovozi ham Merinikiga o‘xshagan yushmoq, mayin. Dengizchining ovozi shunday bo‘lishi qiziq-a, to‘g‘rimi?
‒ Ha, juda qiziq, Robert, – dedi Glenarvan.
‒ Men uni xuddi ko‘rib turgandekman, – deb davom etdi bola, go‘yo o‘zi bilan o‘zi so‘zlashayotgandek. – Sevimli, aziz otam! Kichkinaligimda u meni tizzasida tebratib o‘tirib, vatanimiz ko‘llari to‘g‘risidagi eski shotlandcha ashulani aytardi. Hali ham har zamon-har zamonda o‘sha ashulani g‘ira-shira eslayman. Merining ham esida bor. Eh, qanday yaxshi ko‘rar edik uni! Bilasizmi, men nazarimda odam otasini bunchalik yaxshi ko‘rish uchun bola bo‘lishi kerakmi deyman-da!
‒ Lekin uni izzat-hurmat qilish uchun katta bo‘lish kerak, o‘g‘lim, – deb javob berdi yigitchaning samimiy yurak gaplaridan ta’sirlangan Glenarvan.
Ularning bu suhbati vaqtida otlar yurishini sekinlatib, qadamlab keta boshladilar.
‒ Biz uni topamiz-a, to‘g‘rimi? – dedi bir necha minut jim borgan Robert.
‒ Ha, topamiz, – dedi Glenarvan. – Talkav bizga uning izini topib berdi, men unga ishonaman.
‒ Talkav – ajoyib hindu, – dedi bola.
‒ Shubhasiz.
‒ Bilasizmi, nima, ser?
‒ Oldin ayt-chi, bilish-bilmasinmni keyin aytaman.
‒ Men, atrofingizdagi odamlarning hammasini ham ajoyib odamlar demoqchiman: missis Elen, – men uni juda yaxshi ko‘raman! – doim xotirjam mayor, kapitan Mangls, janob Paganel, keyin «Dunkan»ning sodiq va jasur matroslari!
‒ Bilaman buni, o‘g‘lim, – dedi Glenarvan.
‒ O‘zingizning hammadan yaxshi ekaningizni ham bilasizmi?
‒ Yo‘q, bunisini bilmas ekanman.
‒ Bo‘lmasa bilib qo‘ying, ser! – dedi Robert Glenarvanning qo‘lini shart tortib olib o‘par ekan.
Glenarvan sekin bosh chayqab qo‘ydi. U Robert bilan yana gaplashgan bo‘lar edi, lekin Talkav orqada qolmanglar, tezroq yuringlar deb imo qilib qoldi. Orqada qolganlarni unutmaslik, vaqtni bekor o‘tkazmaslik kerak edi.
Uchala chavandoz yana ot choptirib ketdilar. Lekin ko‘p o‘tmay, Taukadan boshqa ikki otning bir tarzda chopishga quvvati yetmasligi ko‘rinib qoldi. Choshgohda otlarga bir soat dam berishga to‘g‘ri keldi. Otlar shunday holdan toygan ediki, jazirama issiqda qovjirab qolgan, nimjon alfafarga, ya’ni yovvoyi bedaga qayrilib ham qaramadilar.
Glenarvanni tashvish bosa boshladi, chunki atrof hali ham qaqrab yotgan dasht bo‘lib, bu juda yomon oqibatlarga olib borishi mumkin edi. Talkav jim o‘tirardi, aftidan, u Guamini daryosining qurib qolgan-qolmaganini aniqlamay turib, umidsizlikka tushishning hojati yo‘q, deb o‘ylardi.
Shunday qilib, u yana yo‘lga tushdi, shpor va qamchin bilan qistoqqa olingan otlar zo‘rg‘a qadamlab yura boshladilar, ulardan bundan ortig‘ini kutib ham bo‘lmasdi.
Talkav o‘z hamrohlarini orqada qoldirib ketishi mumkin edi, agar shunday qilsa Tauka uni bir necha soatda daryo bo‘yiga yetkazib borgan bo‘lardi. Lekin u o‘z hamrohlarini dasht o‘rtasida yolg‘iz tashlab ketishni o‘ylamadi ham. Shuning uchun patagoniyalik uchar otining jilovini tortib borardi.
Tauka bunga bo‘ysungisi kelmadi – u ikki oyoqlab turar, qattiq pishqirardi. Egasi esa uni sekin yurishga majbur qilishdan ko‘ra ko‘proq gap tushuntirar, erkalatardi. Axir Talkav ot bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri so‘zlashardi-da, Tauka unga javob bermasa ham, lekin egasining hamma gapiga tushunardi. Patagoniyalikning dalillari juda muhim bo‘lsa kerak, Tauka birpas «bahslashib» olgach, har qalay xo‘jayinining nasihatlariga ko‘nib, unga bo‘ysundi, ammo hali ham so‘liqni chaynab borardi.
Ammo Tauka Talkavning maqsadiga tushunganidek, Talkav ham o‘z otining nima uchun bunchalik sabrsizlik qilayotganini tushundi. Aqlli jonivor havoda namlik belgilari borligini sezgan edi; ot ochko‘zlik bilan havoni yutar, go‘yo hayotbaxsh suvga tiqmoqchi bo‘layotgandek tilini chiqarib tamshanardi.
Patagoniyalik suvning yaqinligini angladi. U hamrohlariga Taukaning bezovta bo‘layotganini aytib, ularning ko‘nglini ko‘tardi. Ko‘p o‘tmay, qolgan ikkala ot ham suvning yaqinligini sezib qoldi va oxirgi kuchini yig‘ib, Taukaning ketidan chopib ketdi.
Soat uchlarda uzoqdan suv ko‘rindi. U quyosh nurida jimirlab oqib yotardi.
‒ Suv! – deb qichqirdi Glenarvan.
‒ Ha, suv, suv! – deb qichqirdi Robert.
Endi otlarni qistashning hojati qolmadi. Suvning yaqinligini ko‘rib bechora jonivorlarning kuchlariga kuch qo‘shildi. Ular bir necha minutda Guamini daryosiga yetib bordilar va ko‘kragigacha suvga botib, yutoqib suv icha boshladilar. Otlari bilan daryoga tushib ketgan sayohatchilar ulardan o‘rnak olib, suvga sho‘ng‘idilar, bunga hech kim xafa ham bo‘lmadi.
‒ Oh, qanday maza-ya! – deb qichqirdi daryoning o‘rtasida rohat qilib suv ichayotgan Robert.
‒ Ko‘p suv ichma, Robert, – dedi Glenarvan, ammo o‘zi bunga amal qilishni xayoliga ham keltirmadi.
Hamma ham shoshib-pishib, yutoqib suv ichardi. Faqat Talkav shoshmay, xotirjamlik bilan, patagoniyaliklar tili bilan aytganda, «lassodek uzun-uzun» yutimlar bilan shimirib suv ichardi. U suvdan sira bosh ko‘tara olmasdi, unga qarab turib, daryoning hamma suvini ichib yuborsa-ya, deb cho‘chib ketish mumkin edi.
‒ Do‘stlarimizning umidi puchga chiqmaydigan bo‘ldi, – dedi Glenarvan. – Guamini daryosiga yetib kelishgach, ular istagancha toza suv icha oladilar, lekin Talkav daryoni quritib qo‘ymasa bo‘lgani.
‒ Ularga peshvoz chiqsak bo‘lmaydimi? – deb so‘radi Robert. – Bu bilan biz ularni bir necha soat bekorga tashvish tortishdan va suvsizlik balosidan xalos qilgan bo‘lardik.
‒ To‘g‘ri, o‘g‘lim, shunday qilsak yaxshi bo‘lardi, lekin suvni nimada olib borasan? Meshlarimiz Vilsonda qolgan-ku. Yo‘q, yaxshisi, shartimizga binoan shu yerda kuta turamiz. Ular bosib o‘tadigan masofani, buning ustiga, otlarning oyog‘iga qarab kelishlarini nazarga olsak, bu yerga faqat kechasi yetib keladilar. Shuning uchun ularga yaxshi ovqat bilan yotar joy tayyorlab qo‘yaylik.
Talkav Glenarvanning taklifini kutmay, tunash uchun joy axtarib ketdi. U daryo bo‘yidan bir ramada – uch tomoni devor bilan to‘silgan molqo‘ra topdi. Ochiq havoda yotishdan qo‘rqmaydigan odamlar uchun ramada juda yaxshi joy bizning sayohatchilar esa bundan qo‘rqmas edilar. Shuning uchun ular bundan ham yaxshiroq boshqa joy axtarib o‘tirmay, ho‘l bo‘lib ketgan kiyim-kechaklarini oftobda quritish maqsadida yerga yonboshladilar.
‒ Tunashga joy topdik, – dedi Glenarvan. – Endi faqat qorinning g‘ami qoldi. Bizni ilgari yuborgan o‘rtoqlarimiz mamnun bo‘lishlari kerak, agar yanglishmasam, ularni xafa qilmaymiz ham. Biror soat ov qilsak, vaqtimiz bekor ketmas deyman. Tayyormisan, Robert?
‒ Tayyorman, ser, – dedi bola, miltig‘ini ko‘tarib o‘rnidan turar ekan.
Glenarvanning miyasiga ov qilish fikri kelganiga sabab, Gaumini daryosining sohili atrofdagi butun qirlarda uchraydigan hayvon va qushlarning to‘planadigan joyiga o‘xshardi. Pampaslarda bo‘ladigan qizil kakliklarning bir turi – tinamular, qora chillar, sariq qiziloyoqlar va chiroyli ko‘kish patli suv tovuqlari gala-gala bo‘lib uchib yurardi.
Lekin atrofda to‘rt oyoqli hayvonlar ko‘rinmasdi. Talkav, ular naryoqda deganday, baland o‘sib yotgan o‘tlar va qalin o‘rmon tomonni ko‘rsatdi. Ovchilarimiz bir necha qadam bosishlari bilanoq hayvonotga boylikda dunyoda tengi yo‘q bir joyga yetib bordilar.
Ular parrandadan oldin bir-ikkita to‘rt oyoqli hayvon otib olmoqchi bo‘ldilar: shuning uchun dastlab pampaslarning yirik jonivorlaridan ov qildilar. Ular qarshisidan cho‘chib ketgan yuzlab kosul va guanakolar chiqib qoldi, bu guanakolar Kordiler tog‘ida sayohatchilar ustiga bostirib kelgan guanakolarga o‘xshardi. Ammo bu qo‘rqoq jonivorlar shunday tez qochib qoldilarki, ularga o‘q yetadigan masofada yaqinlashishning iloji bo‘lmadi. Shundan keyin ovchilar parranda otishga kirishdilar. Qushlar guanakolarday hurkak emas, buning ustiga go‘shti ham juda lazzatli bo‘ladi. O‘n ikkita qizil kaklik bilan qiziloyoq otdilar, bundan tashqari Glenarvan ustalik bilan o‘q uzib, bitta tai-tetr ham otib oldi. Juni sarg‘imtir, eti qalin bo‘ladigan bu jonivorning go‘shti juda shirin, shuning uchun unga ketgan poroxga achinmasa ham bo‘lardi.
Ovchilarimiz yarim soatga ham qolmay hech bir qiyinchiliksiz, keragicha narsa otib oldilar. Robert ham quruq qolmadi; u siyrak tishlilar oilasiga kiradigan armadil degan g‘alati bir jonivorni otib oldi, armadil badani suyaksimon harakatchan plastinkalar bilan qoplangan bir yarim fut uzunlikdagi jonivor. U juda semiz ekan, patagoniyalikning aytishicha, undan juda lazzatli taom pishirsa bo‘larkan. Robert o‘z o‘ljasi bilan juda mag‘rurlanardi.
Talkavga kelsak, u tuyaqushning pampaslarda yashaydigan va juda tez chopadigan bir turi – nanduning qanday ovlanishini ko‘rsatdi. Bunday tezchopar jonivorni ov qilganda ayyorlik qo‘l kelmas edi, shuning uchun Talkav nanduga yetib olish uchun Taukani tez choptirib, jonivorning ustiga bostirib bordi, agar u shunday qilmasa, nandu o‘zini goh u yoqqa, goh bu yoqqa urib qochib, ovchini ham, otni ham qiynab qo‘ygan bo‘lardi.
Nanduga keragicha yaqinlashgach, Talkav baquvvat qo‘li bilan qushga qarab bolas uloqtirdi, shunday epchillik bilan otdiki, bolas borib shu ondayoq tuyaqushning oyog‘iga o‘raldi, jonivor chopolmay to‘xtadi. Yana bir necha sekunddan keyin nandu qanotlarini yozib, yerda cho‘zilib yotardi.
Hindu nanduni o‘zining ov qilishga ustaligini ko‘rsatish uchun emas, kechki ovqatga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida tutib keldi, chunki bu tuyaqushning go‘shti juda mazali bo‘ladi.
Bir to‘da qizil kaklik, Talkavning tuyaqushi, Glenarvanning tai-tetri va Robertning armadilini ramadaga olib keldilar. Darhol tuyaqush bilan tai-tetrning qattiq terisini shilib, go‘shtini ingichka-ingichka tilimladilar. Armaduga kelsak, bu jonivorning bir bebaho xususiyati bor: ustida kosasi bo‘ladi, o‘sha kosasida o‘zini qovurish mumkin. Shuning uchun uni darhol o‘z kosasiga solib, laqqa cho‘g‘ bo‘lib turgan ko‘mir ustiga qo‘ydilar.
Ovchilar kechki ovqatda faqat kaklik go‘shti bilangina kifoyalandilar, eng mazali ovqatlarni esa do‘stlariga olib qo‘ydilar. Ovqat ustidan dunyodagi barcha vinolardan ham yaxshiroq tuyilgan top-toza, muzdek suv ichdilar.
Otlarni ham yoddan chiqarmadilar. Ramadada poxol shunday ko‘p ekanki, otlarning yemigagina emas, sayohatchilarning tagiga solib yotishiga ham yetdi.
Hamma tayyorgarlik bitgach, Glenarvan, Robert va Talkav o‘z poncholariga o‘ralib, pampaslardagi ovchilarning oddiy to‘shagi – alfafar ustiga cho‘zildilar.
O‘n to‘qqizinchi bob
QIZIL BO‘RILAR
Tun kirdi, yangi oy ko‘rinishidan oldin bo‘ladigan qorong‘u tunlardan biri. Qirni faqat yulduzlargina sal yoritib turardi. Ufqda tumanga ko‘milib, Zodiak yulduzlari[76 - Zodiak (Qavs, O‘qchi) yulduz turkumlaridan biri bo‘lib, osmonning Janubiy yarim sharida Burgut, Qalqon, Ilon, Ilon eltuvchi, Aqrab, Janubiy Toj, Teleskop, Mikroskop va Jadiy yulduz turkumlari orasida joylashgan (Muharrir izohi).] miltillardi. Guamini daryosi jimgina oqmoqda. Qushlar, sudraluvchilar, jonivorlar – butun tabiat dam olayotir. Bepoyon pampaslar bag‘riga sahro jimligi cho‘kkan.
Glenarvan, Robert va Talkav ham umumdan o‘rnak oldilar: taglariga yumshoq yovvoyi beda yozib, qattiq uyquga ketdilar. Charchab holdan toygan otlar ham cho‘zilib yotib oldi. Faqat haqiqiy zotli ot Taukagina tik turgan holda uxlardi. Tauka uyqudaligida ham uyg‘oqligidagidek qaddini mag‘rur tutardi. U egasining birinchi chaqirig‘i bilanoq qushdek uchib ketishga tayyor turardi. Molqo‘radagi jimjitlikni hech narsa buzmas, zimiston bag‘rida faqat o‘chib borayotgan gulxanning xira shu’lasigina miltillab turardi.
Ammo kech soat o‘nlarda sal ko‘zi ilingan Talkav yana uyg‘ondi. Uning yarim ochiq ko‘zlarida jiddiyat ko‘rindi: Talkav diqqat bilan allanarsaga quloq sola boshladi. Aftidan, u salpal eshitilayotgan sharpani ilib olmoqchi edi. Ko‘p o‘tmay, Talkavning odatda doim xotirjam bo‘lgan chehrasida xavotirlik ko‘rindi. Sayoq hindularning pisib kelayotganini eshitib qoldimikin? Yo qoplonlarning yaqinlashayotganini, yo bo‘lmasa yo‘lbarslarning, daryolar yaqinida uchrab turadigan boshqa yirtqich hayvonlarningmi irillashini eshitib qoldimikin? Bu keyingi taxmin to‘g‘riroq ko‘rindi shekilli, hindu molqo‘ra ichiga uyib qo‘yilgan o‘tin-cho‘pga birrov ko‘z tashlab oldi-da, xavotirligi yana ham ortdi. Haqiqatan ham zaxirada qolgan quruq alfafar gulxanga tashlansa tezlikda yonib tamom bo‘lar, demak, yirtqichlarning shiddatli hujumidan uzoq saqlay olmasdi.
Bunday sharoitda Talkavning nima bo‘lishini kutib yotishdan boshqa chorasi yo‘q edi, shuning uchun kutilmagan xavfning yaqinlashib kelayotganidan uyg‘onib ketgan Talkav har narsaga hozir holda nima bo‘lishini kutib yotdi.
Bir soat o‘tdi. Talkav o‘rnida boshqa odam bo‘lganda atrofdagi jimlikning sira buzilmayotganidan xotirjam bo‘lib, yana uxlab qolgan bo‘lardi. Lekin chet ellik odamlar hech narsa sezmagan bir vaqtda, yerli hinduning o‘tkir tuyg‘usi va tabiiy instinkti xavf yaqinligini sezdi. Talkav diqqat bilan quloq solib, qorong‘uga tikilib qarab yotar ekan, birdan Tauka kishnab yubordi va boshini molqo‘raga kiraverish tomonga burib, burun teshiklarini kergan holda havoni qattiq hidladi. Patagoniyalik irg‘ib o‘rnidan turdi.
– Tauka dushmanni payqadi, – deb o‘zicha po‘ng‘illaganicha ramadadan chiqdi-da, diqqat bilan qirga tikilib qaray boshladi.
Atrof jimjit, lekin qandaydir xavotirli edi. Talkav kurramamellar orasida lip-lip etib, u yoq-bu yoqqa o‘tib yurgan allaqanday soyalarni ko‘rib qoldi. U yer-bu yerda allanarsalar cho‘g‘dek yonib qolardi. Ular bir joyda turmas, g‘ivillab har tarafga surilar, o‘chib qolar, so‘ng yana yonardi. Kattakon ko‘rfaz suvi yuzida allaqanday sirli chiroqlardan tushayotgan shu’lalar o‘ynayapti deb o‘ylash mumkin edi. Chet elli kishi bu o‘chib-yonayotgan cho‘g‘larni pampaslarning ko‘pgina yerida uchrab turadigan yorug‘ qo‘ng‘izlar deb o‘ylashi mumkin, lekin Talkav yanglishmadi, u qanday dushman bilan to‘qnash kelishini angladi. Miltig‘ini o‘qlab, mol qo‘ra og‘zida tayyor holda kutib turdi.
Uzoq kutishga to‘g‘ri kelmadi. Pampaslarda uvlaganga o‘xshash g‘alati tovush eshitildi. Unga javoban karabindan o‘q uzildi, keyin yuzlab yirtqichlar tomog‘idan chiqqandek dahshatli uvullash eshitildi.
To‘satdan uyg‘onib ketgan Glenarvan bilan Robert irg‘ib turdilar.
‒ Nima gap? – deb qichqirdi Robert.
‒ Hindular emasmi? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Yo‘q, – dedi Talkav, – aguarlar.
‒ Aguarlar? – deb qaytarib so‘radi Robert Glenarvanga savol nazari bilan qarab.
‒ Ha, – deb javob berdi Glenarvan, – pampaslarda bo‘ladigan qizil bo‘rilar.
Ular ham miltiqlarini olib, hindning yonida turdilar. Talkav indamay qattiq uvlagan tovushlar eshitilayotgan qir tomonni ko‘rsatdi. Robert beixtiyor bir qadam orqaga tashlandi.
‒ Bo‘rilardan qo‘rqmaysanmi, o‘g‘lim? – deb so‘radi Glenarvan.
‒ Qo‘rqmayman, ser, – deb javob berdi bola dadillik bilan. – Siz bilan birga bo‘lganimda hech narsadan qo‘rqmayman.
‒ Yana ham yaxshi. Aguarlar unchalik xavfli yirtqich emas, bunchalik ko‘p bo‘lmaganda men ularga hech bir e’tibor qilmagan bo‘lardim.
‒ Ko‘p bo‘lsa nima! – dedi Robert. – Biz yaxshi qurollanganmiz. Yaqinlashib ko‘rsinlarchi!
‒ To‘g‘ri, shunday boplaymizki, asti qo‘yaverasan!
Shunday deb, Glenarvan bolani tinchitmoqchi bo‘ldi, lekin o‘zi tunda bostirib kelayotgan bu sonsiz-sanoqsiz yirtqichlardan cho‘chib turardi. Bo‘rilar bir necha yuz bo‘lishi ehtimol, shuning uchun, yaxshi qurollangan bo‘lsalar ham, uch kishining bunchalik ko‘p yirtqichga bas kelishi qiyin edi.
Patagoniyalik «aguar» deganda Glenarvan darhol pampaslarda yashovchi hindular qizil bo‘rilarni shunday deb atashlarini esladi. Tabiatshunoslar bu yirtqichni canis jubatus deb ataydilar. Qizil bo‘rining jussasi kattakon itday keladi, boshi tulkining boshiga o‘xshaydi, yungi to‘q qizil, orqasida dumidan to boshigacha qora yoli bor, qizil bo‘ri juda chaqqon va kuchli yirtqich. Odatda u botqoqliklarda yashaydi, ko‘pincha o‘ljasini suvda ham quvadi. Qizil bo‘ri kunduzi uyasida uxlab, qorong‘u tushishi bilan ovga chiqadi. Ulardan ayniqsa estansiyalarda[77 - Estansiya – Argentina qirlaridagi katta-katta chorva fermalari (Muallif izohi).] qo‘rqadilar. Och aguar hatto qoramolga ham hujum qiladi va ko‘p mollarni qirib tashlaydi. Qizil bo‘ri yakka uchraganda xavfli emas, lekin och bo‘rilar galasi juda qo‘rqinchli. Och qizil bo‘rilar galasiga uchragandan kuguar yoki qoplonga duch kelgan yaxshiroq, chunki ular bilan yakkama-yakka olishish uncha qiyin emas.
Pampaslardan eshitilayotgan uvlash va qirda yugurib kelayotgan soyalarning ko‘pligini ko‘rib, Guamini bo‘yida yuzlab qizil bo‘rilar yig‘ilganiga Glenarvanning shubhasi qolmadi. Bu yirtqichlar mol qo‘rada o‘lja – ot va odam go‘shti borligini sezib, har biri o‘z iniga shu mazali go‘shtdan biror parcha olib ketishning payiga tushgandi. Ahvol juda ham xatarli.
Bo‘rilar borgan sari yaqinlashib kela boshladilar. Uyg‘onib ketgan otlarni dahshat bosdi. Faqat Taukagina tizginni uzib, qirga qochishga urinar va zo‘r berib yer tepinardi. Talkav to‘xtovsiz hushtak chalib, uni tinchlantirishga harakat qildi. Glenarvan bilan Robert yirtqichlar hujumini daf qilishga hozirlanib ramada oldiga turdilar. Ular karabinlarini o‘qlab, bostirib kelayotgan aguarlarning birinchi qatoriga qarata o‘q uzmoqchi bo‘lgan edilarki, birdan Talkav indamay qo‘li bilan ularning miltig‘i og‘zini yuqori ko‘tardi.
‒ Talkav nima demoqchi? – deb so‘radi Robert.
‒ Otmanglar deyapti.
‒ Nima uchun?
‒ Hali erta demoqchi, shekilli.
Lekin hindning bunday qilishiga sabab bu emas, boshqa narsa edi. Talkav bo‘shab qolay degan porox xaltasini olib ko‘rsatganda, Glenarvan buning sababini tushundi.
‒ Nima deyapti! – deb so‘radi Robert.
‒ Poroxni tejashga to‘g‘ri keladi. Kechqurungi ov bizga juda qimmat tushdi: porox bilan qo‘rg‘oshinimiz kam qolgan. Yigirma marta ham o‘q uzolmasak kerak.
Bola hech narsa demadi.
‒ Qo‘rqmayapsanmi, Robert?
‒ Yo‘q, ser.
‒ Barakalla, o‘g‘lim.
Shu payt yana miltiq otildi. Talkav oldinda kelayotgan katta bir bo‘rini cho‘ziltirib qo‘ydi. Zich bo‘lib bostirib kelayotgan bo‘rilar galasi chekindi va to‘siqdan yuz qadamcha narida g‘uj bo‘lib to‘plandi. Hinduning imosi bilan Glenarvan uning o‘rnini egalladi. Talkav esa taglariga solib yotgan yovvoyi bedani, quruq o‘tlarni – xullas, yonishi mumkin bo‘lgan bor narsani yig‘ishtirib, ramadaga kiraverishga bosdi-da, o‘rtasiga cho‘g‘ bo‘lib turgan bir ko‘mirni tashladi. Ko‘p o‘tmay qopqorong‘u osmon sathida gurullab yonayotgan to‘siq ko‘tarildi. Gulxan alangasi qir yuzini uzoq-uzoqlargacha yoritdi. Shunda Glenarvan sonsiz-sanoqsiz yirtqichlar hujumidan saqlanishlari kerak ekanini ko‘rdi. Bunchalik ko‘p och bo‘rini hech kim ham ko‘rmagan bo‘lsa kerak. Talkav yoqib yuborgan gulxan yirtqichlarni darhol to‘xtatdi, lekin ularni yanada battarroq quturtirdi. Shunga qaramay orqadagilarning siqig‘i bilan oldingilaridan bir nechtasi gulxanga juda yaqin kelib, panjalarini kuydirib oldilar. Uvlab kelayotgan bo‘rilar galasining hujumini to‘xtatish uchun har zamon-har zamonda o‘q uzib turishga to‘g‘ri keldi. Bir soatchadan keyin qirda o‘n beshga yaqin bo‘rining o‘ligi cho‘zilib yotar edi.
O‘rovda qolganlarning ahvoli endi juda ham xavfli emasdi. Porox tutaguncha, ramadaga kiraverishdagi gulxan o‘chmaguncha bo‘rilarning bostirib kirishidan qo‘rqmasa ham bo‘lardi. Lekin mudofaaning bu vositalari tugagach nima qilishadi? Glenarvan Robertga qaradi-yu, yuragi ezilib ketdi. Endi u o‘zi to‘g‘risida o‘ylamas, hali bola bo‘lishiga qaramay, shu qadar dovyurak bo‘lgan bechora Robertni o‘ylardi. Robertning rangi oqarib ketgan edi, ammo u, miltig‘ini qo‘lida mahkam ushlab turar va dadillik bilan quturgan bo‘rilarning hujumini kutardi.
Glenarvan ahvolni sovuqqonlik bilan o‘ylab ko‘rdi-da, undan qutulish yo‘lini axtara boshladi.
‒ Biror soat o‘tar-o‘tmas poroximiz ham, o‘qimiz ham tugaydi, gulxanimiz o‘chadi, – dedi u, – lekin o‘sha paytni kutib o‘tirmay biror chora topishimiz kerak.
U Talkav oldiga bordi-da, o‘zi bilgan butun ispancha so‘zlarni ishga solib, so‘zlashmoqqa boshladi, ularning suhbati o‘q uzilgan paytlarda tez-tez bo‘linib turdi.
Ular bir-biriga zo‘rg‘a gap tushuntira oldilar. Yaxshi hamki, Glenarvan qizil bo‘rilarning odat va xususiyatlarini bilardi, bo‘lmasa u patagoniyalikning imo-ishoralarini tushunmagan bo‘lardi. Shunday bo‘lsa ham Glenarvan Talkav bilan qilgan suhbatining mazmunini Robertga aytib berguncha chorak soat vaqt o‘tdi.
‒ U nima dedi? – deb so‘radi Robert Grant.
‒ Nima qilib bo‘lsa ham ertalabgacha dosh berishimiz kerak dedi. Aguar faqat kechasi ovga chiqadi, tong otishi bilan iniga qaytadi. U tun yirtqichi juda yuraksiz bo‘ladi, yorug‘dan o‘lguday qo‘rqadi – to‘rt oyoqli boyqush deganday gap.
‒ Bo‘pti, tong otguncha turib beramiz!
‒ Ha, o‘g‘lim, miltiq foyda bermay qolganda pichoq bilan o‘zimizni himoya qilamiz.
Talkav allaqachon mudofaaning bu usulini ham qo‘llay boshladi, bironta bo‘ri gulxanga juda yaqin kelsa, patagoniyalik pichoq ushlagan uzun qo‘lini gulxan orasidan cho‘zib, bo‘riga hamla qilar, har safar pichog‘i yirtqichning qoniga bo‘yalib qaytar edi.
Bu orada himoya vositalari tugay deb qoldi. Kechasi soat ikkilarda Talkav bir quchoq qilib, oxirgi bedani gulxanga tashladi; hammasi bo‘lib beshta o‘q qolgandi.
Glenarvan atrofga g‘amgin nazar tashladi. U yonida turgan bolani, o‘rtoqlarini, barcha sevgan kishilarini o‘ylardi. Robert jim turardi. Uning bola tasavvurida bu xavf yengil-yelpi narsaday tuyulayotgan bo‘lsa ehtimol. Lekin Robert uchun ham Glenarvan tashvishlanardi. Uning ko‘ziga dahshatli o‘lim, bo‘rilarga tiriklayin yem bo‘lish manzarasi ko‘rinib ketdi. Ortiq o‘zini tuta olmay, Robertni yoniga tortdi va uni mahkam ko‘ksiga bosib, ko‘z yoshlarini tiyib turolmay bolaning peshonasidan o‘pdi.
Robert unga kulib qaradi.
‒ Men qo‘rqayotganim yo‘q, – dedi u.
‒ To‘g‘ri, o‘g‘lim, qo‘rqishning hojati ham yo‘q, – dedi Glenarvan. – Ikki soatdan keyin tong otadi, qutulamiz… Barakalla, Talkav! Yasha, patagoniyalik botir do‘stim! – deb qichqirdi u, hindning gulxan ustidan sakrab o‘tmoqchi bo‘lgan ikkita katta bo‘rini miltiq qo‘ndog‘i bilan urib, cho‘ziltirib qo‘yganini ko‘rib.
Lekin shu payt Glenarvan o‘chayotgan gulxan yorug‘ida bir gala bo‘ri zich bo‘lib ramadaga bostirib kelayotganini ko‘rib qoldi.
Qonli fojianing oxiri yaqinlashib kelmoqda edi. Gulxan sekin-asta o‘cha boshladi. Shu paytgacha alanga yoritib turgan qirni zulmat qopladi, bo‘rilarning ko‘zi yana cho‘g‘ bo‘lib yona boshladi. Bir necha minutdan so‘ng och yirtqichlar galasi to‘siq ichiga bostirib kiradi.
Talkav miltig‘idan oxirgi o‘qni otib, yana bitta bo‘rini o‘ldirdi. Patagoniyalik butun o‘q-dorisini tugatib, qo‘lini ko‘kragi ustiga qovushtirganicha turib qoldi. Boshi quyi egildi. U allanarsani o‘ylayotgandek edi. Quturgan bo‘rilar hujumini qaytarish uchun biror mardona, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan usul axtarayotgan edimi? Unga savol berishga Glenarvanning yuragi dov bermadi.
Shu payt birdan bo‘rilarning harakati o‘zgarib qoldi: ular uzoqlashib keta boshladilar, ovozlari ham birdan eshitilmay qoldi. Qir bag‘riga sovuq sukunat cho‘kdi.
‒ Qaytib ketishdi, – dedi Robert.
‒ Shunday bo‘lishi ham ehtimol, – dedi qir tomonga quloq solib turgan Glenarvan.
Lekin bular nima to‘g‘risida gaplashayotganini anglab olgan Talkav, yo‘q degandek bosh chayqadi. Patagoniyalik, och bo‘rilar ikki qadamgina joydagi o‘ljani tong yorib, ularni qorong‘u uyalariga quvib yuborguncha tashlab ketmasliklarini bilardi.
Ammo bo‘rilarning taktikasi o‘zgardi. Endi ular ramadaga eshik tomondan bostirib kirishdan voz kechdilar, biroq tanlagan yangi usullari oldingisidan ham battar edi. Aguarlar, juda qattiq turib o‘t va o‘q bilan himoya qilinayotgan ramadaning old tomonidan hujum qilishdan kechib, uni aylanib o‘tdilar va orqa tomonidan hujum boshladilar. Ko‘p o‘tmay qamaldagilar yirtqichlarning tirnoqlari to‘siqning chirib qolgan yog‘ochlarini timdalayotganini eshitib qoldilar. To‘siqning qimirlab qolgan qoziqlari orasidan bo‘rilarning qonga bo‘yalgan kuchli panjalari va tumshuqlari ko‘rinib qoldi. Hurkib ketgan otlar arqonni uzib, qo‘rquvdan aqldan ozib, qo‘ra ichida u yoqdanbu yoqqa yugurib yurardilar.
Glenarvan bolani ushladi va uni imkoni boricha himoya qilishga ahd qilib, ko‘ksiga bosdi. U Robert bilan birga qochib qutulishni o‘ylay boshlagan edi, birdan ko‘zi hindga tushib qoldi. Hozirgina qafasga tushgan yirtqichdek u yoqdan bu yoqqa tez-tez yurib turgan Talkav birdan sabrsizlik bilan dir-dir titrayotgan otining oldiga bordi-da, bironta ham qayi shini xayoldan qochirmay uni hafsala bilan egarlay boshladi. Yirtqichlarning battar zo‘raygan uvlashi uni zarracha ham tashvishga solmayotgandek edi. Glenarvan patagoniyalikka dahshat bilan qarab turardi.
‒ Bizni tashlab ketmoqchi! – deb qichqirdi Glenarvan, Talkavning minishga hozirlangan kishidek otning jilovidan ushlaganini ko‘rib.
‒ Talkavmi? Hech vaqt! – dedi Robert.
Haqiqatan ham hind do‘stlarini tashlab qochmoqchi emas, o‘z hayotini tahlika ostiga qo‘yib bo‘lsa ham, ularni qutqarmoqchi edi.
Tauka egarlandi: u so‘liq chaynar va sabrsizlik bilan turgan joyida irg‘ishlar, ko‘zlaridan o‘t chaqnardi. Ot egasining maqsadini tushundi. Hindu jilovdan ushlab endi egarga minmoqchi bo‘lib turganda Glenarvan titroq qo‘llari bilan uni ushlab qoldi.
‒ Ketmoqchimisan? – deb so‘radi u qirning bo‘rilardan bo‘shab qolgan tomonini ko‘rsatib.
‒ Ha, – dedi hindu, Glenarvanning imosiga tushunib. Keyin ispan tilida qo‘shib qo‘ydi: – Tauka – yaxshi ot! Uchqur! Bo‘rilarni ergashtirib ketadi.
‒ Oh, Talkav! – dedi Glenarvan.
‒ Tezroq, tezroq! – deb shoshirdi hindu.
‒ Robert! O‘g‘lim! Eshityapsanmi? – dedi Glenarvan hayajondan ovozi titrab. – U bizni deb jonini qurbon qilmoqchi! Bo‘rilarning butun g‘azabini o‘ziga qaratib, bizni qutqazish uchun pampaslarga qarab ot qo‘ymoqchi!
‒ Do‘stim Talkav! – dedi Robert patagoniyalikning oyog‘i ostiga o‘zini tashlab. – Do‘stim Talkav, bizni tashlab ketma!
‒ Yo‘q, u bizni tashlab ketmaydi, – dedi Glenarvan va hindga o‘girilib, qo‘shimcha qildi: – Birga ketamiz!
U qo‘rquvdan dir-dir titrab, bir burchakka tiqilib olgan otlarni ko‘rsatdi.
‒ Yo‘q, – dedi uning maqsadini tushungan hindu. – Yomon otlar. Qo‘rqib ketgan. Tauka – yaxshi ot.
‒ Mayli, sen aytgancha bo‘lsin, – dedi Glenarvan. – Talkav seni tashlab ketmaydi, Robert. U mening nima qilishimni ko‘rsatdi. Men ketaman, u sen bilan qoladi!
Shunday dedi-da, u Taukaning jilovidan ushladi:
‒ Men ketaman!
‒ Yo‘q, – dedi xotirjamlik bilan patagoniyalik.
‒ Men ketaman deyapman! – deb qichqirdi Glenarvan, Talkavning qo‘lidan jilovni tortib olishga tirishib. – Sen bolani qutqar! Uni senga ishondim, Talkav!
Hayajonlanib ketgan Glenarvan ispancha so‘zlar bilan inglizcha so‘zlarni aralash qilib gapirardi. Lekin bunday paytda til nima degan narsa! Bunday dahshatli minutlarda butun fikrmaqsad imo-ishora bilan bayon qilinadi, odamlar ham bir-birlariga darhol tushunadilar.
Lekin Talkav so‘zida turib oldi, tortishuv cho‘zilib ketdi, xavf esa sekund sari orta borardi. To‘siqning g‘ajib tashlangan yog‘ochlari bo‘rilarning siqig‘iga taslim bo‘la boshladi.
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/book/zhul-vern/kapitan-grant-bolalari-69183931/chitat-onlayn/?lfrom=390579938) на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.
notes
1
Bizan-machta – kemaning quyruq tomonidagi machta.
2
Grot-machta – yelkanli kemada: o‘rtadagi eng baland machta. Vimpel – harbiy kemalarda: uzun, kambar bayroqcha, taniqlik belgisi.
3
Yut – kemaning old tomoni.
4
Yard – 0,91 metr.
5
Rubka – kema palubasi ustiga qurilgan va kemani boshqarish postlari turadigan joy.
6
Fut – 30 santimetrdan sal ortiq.
7
Koroner – Angliyada biror kishi to‘satdan va shubhali bir tarzda o‘lib qolganda tekshirish ishlari olib boradigan kishi.
8
Inglizcha so‘zlar ma’nosi: sink – halokatga uchramoq; lost – yo‘qolgan; atand – yerda; that – bu; and – va; skipper – savdo floti kapitani; monition – hujjat; assistance – yordam.
9
Austral – janubiy.
10
Aborder – yetib olmoq, chiqib olmoq.
11
Continent – qit’a, materik.
12
Cruel – shafqatsiz.
13
Longitude – uzunlik.
14
Jon Franklin (1796 – 1848) – mashhur ingliz dengiz sayyohi, Shimoliy Muz okeaniga sayohat paytida yo‘qolgan. Angliya uni topish uchun bir qancha ekspeditsiyalar uyushtirgan (Muharrir).
15
Farvater – suvning kemalar yura oladigan chuqur joyi, kema yo‘li.
16
Valter Skott (1771 – 1832) – ingliz yozuvchisi, tarixiy roman janrining asoschisi. Shotland xalq balladalarini toʻplab, 3 jildli «Shotland hududlari qoʻshiqlari» toʻplamini (1803) nashr etgan. U 9 doston, 26 roman, bir necha qissa hamda adabiy-tanqidiy va tarixiy asarlar muallifi (Muharrir).
17
Admiralteystvo – harbiy flot boshqarmasi.
18
Lord – Angliyada: dvoryanlarning avloddan-avlodga o‘tib keladigan oliy unvoni va shu unvonga ega bo‘lgan odam.
19
«Passajirlardan rulevoy bilan gaplashmaslik so‘raladi».
20
Xristofor Kolumb Amerikaga to‘rtinchi marta sayohat qilganda to‘rt kemada borgan edi. Bu kemalardan eng kattasi – Kolumbning o‘zi tushgan karavella yetmish tonna hajmli, eng kichigi esa ellik tonna hajmdagi kema edi. Ular faqat qirg‘oq bo‘ylab suzishga yaraydigan kemalar edi, xolos (Muallif izohi).
21
Marsel – machtadagi pastdan ikkinchi yelkan.
22
Bram-stenga – stenga (machtaning yuqori qismi; u machtaning pastki asosiga ulangan bo‘ladi)ning davomi. Fok-machta – kemaning oldingi machtasi.
23
Shtanga – uzun metall sterjen.
24
Kliper – uch machtali, tez yurar yelkanli kema.
25
Patent-lag – strelka yordamida kemaning harakat tezligini ko‘rsatadigan siferblatli asbob.
26
Dengiz mili 1852 metrga baravar.
27
Kambuz – oshxona.
28
Shkiper – savdo kemasining kapitani; dengiz kemasida: xo‘jalik boshlig‘i.
29
Klan – oila, urug‘.
30
Piper-bag – polk surnaychilari (Muallif izohi).
31
Ingliz flotida matroslarni jazolash uchun ko‘pincha qamchin ishlatilar edi (Muallif izohi).
32
Styuard – bufetchi.
33
Baken – suv yo‘llarida xavfli joylarni va kemalar yo‘lini ko‘rsatuvchi suzg‘ich.
34
Lotsman – kemalarga yo‘l ko‘rsatuvchi mutaxassis.
35
Kubrik – kemada komanda joylashadigan umumiy xona.
36
Keb – bir otli izvosh.
37
Pipa – 50 gektolitrga teng (Muallif izohi).
38
Bushprit – kemaning tumshuq tomonidagi machta.
39
Aleksandr Gumboldt (1769 – 1859) – nemis tabiatshunosi, sayyoh, geograf. 1799 –1804-yillarda fransuz botanigi E.Bonplan bilan birga Markaziy va Janubiy Amerikani tadqiq qilib Yevropaga qaytgach, toʻplagan kolleksiyalarini 30 jildli asarida umumlashtirdi (1807 – 1834). 1829-yil Rossiya va Oʻrta Osiyoga kelgan (Muharrir).
40
Topografiya – geodeziyaning yer sathini o‘lchash hamda uni plan va kartalarda ifodalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi. Klimatologiya – iqlim turlarini, ularning yuzaga kelishi va ta’sirini o‘rganuvchi fan. Etnografiya – xalqlarning kelib chiqishini, turmushini, moddiy va ma’naviy madaniyatini o‘rganadigan fan. Gipsometriya – biror joyning balandligini o‘lchash (Muharrir).
41
Korvet – uch machtali yelkanli kema.
42
Veragua – Panamaning eski nomi.
43
Liman – ko‘rfaz, qo‘ltiq.
44
XVIII – XIX asr geograflari asarlarida Janubiy Amerikaning etnografik nomlari bo‘yicha chalkashliklar mavjud edi. O‘sha paytlarda Patagoniya Buenos-Ayres kengligidan Olovli Yergacha bo‘lgan hududning nomi bo‘lgan. Aslini olganda, patagoniyaliklar texuelche hindular guruhi bo‘lib, ular shimoliy va janubiy to‘dalarga bo‘lingan (Muharrir).
45
Reya – kema machtalarida yelkan bog‘lanadigan ko‘ndalang yog‘och.
46
Faktoriya – ajnabiy savdogarlarning mustamlaka mamlakatlardagi savdo-sotiq olib boradigan manzili, kontorasi.
47
Forshteven – kema tagyog‘ochining kema tumshug‘iga o‘tgan tomoni.
48
And tog‘lari (ink xalqlari tilida anta – mis konli tog‘lar) – dunyodagi eng uzun (qariyb 9000 km) va eng baland (6960 m) tog‘ tarmoqlaridan biri. Eni 800 km gacha. And togʻlari Janubiy Amerikani butun uzunligi bo‘ylab g‘arb tomonidan o‘rab turadi. U ko‘plab parallel, asosan meridional tizmalardan iborat bo‘lib, ular Kordiler deb ataladi. Shu bois And tog‘lari Kordiler tog‘lari deb ham yuritiladi (Muharrir).
49
Pampas (kechua indeyslari tilida pampa – oʻtloq) – Janubiy Amerikadagi, asosan, oʻt oʻsimliklari oʻsadigan baʼzi bir tekisliklarning nomi. Aslida Argentina hududining 29 – 39° janubiy kengliklar orasi va gʻarbda Sʼyerras-de-Kordova togʻlarigacha boʻlgan joylar Pampas deyiladi (Muharrir).
50
Tom Sayers – londonlik mashhur boksyor (Muallif izohi).
51
Kabeltov – dengizda: 185,2 metrga teng uzunlik o‘lchovi.
52
Katsik – hindu qabila boshlig‘i.
53
Arrob – 11 kilogrammga to‘g‘ri keladigan mahalliy og‘irlik o‘lchovi.
54
Araukaliklar (o‘zlarini mapu-che deb ataydilar) – Chilining indeys aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi xalq. Ispanlar kelgunigacha araukaliklar hozirgi Chilining butun hududiga tarqalganlar. Ularning bosqinchilar va mustamlakachilarga qarshi kurashi 300 yildan ortiq davom etgan. Hozirgi araukaliklar Markaziy Chilining janubiy qismida to‘plangan; ularning anchagina qismi rezervatsiyalarda yashaydi (Muharrir izohi).
55
Ispan mustamlakachilari Araukaniyani bosib olishga muttasil harakat qilishgan, araukanlarni mamlakatning chetki viloyatlariga siqib chiqarishgan. 1773-yilda Ispaniya hukumati Araukaniyaning mustaqilligini rasman tan oldi. XIX asrning 80-yillarida u Chili tarkibiga qo‘shib olindi (Muharrir izohi).
56
Sajen, sarjin – uch gazga yoki 2,134 metrga teng uzunlik o‘lchovi; dengiz sarjini 1,83 m (Muharrir izohi).
57
Janubiy yarim sharda qish Shimoliy yarim shardagi yoz oylariga to‘g‘ri keladi.
58
Morena – muzliklar bilan birga ko‘chib kelgan tog‘ jinslari uyumi (Muharrir).
59
Taxminan har 324 metr balandlikda suv bir gradus past temperaturada qaynaydi (Muallif izohi).
60
1820-yilda Monblan tog‘ tizmalarida xuddi shunga o‘xshash tabiat hodisasi yuz bergan edi. U dahshatli ofat paytida shamunlik uchta yo‘l boshlovchi halok bo‘ldi (Muallif izohi).
61
Janubiy Amerikada yashaydigan o‘limtikxo‘r yirik yirtqich qush. Kondorning changallari o‘zining tuzilishi jihatdan biron narsani ko‘tarishga qodir emas, ayniqsa bunchalik balandlikka sira ham olib chiqolmaydi. O‘sha vaqtlarda kondorlar to‘g‘risida yurgan juda ko‘p ertaklar Jyul Vernni xato fikrga olib kelgan, kondorlar haqidagi bu gaplarning tamomila noto‘g‘ri ekani keyingi ilmiy tekshirishlarda isbot qilindi.
62
Ispanmisiz?
63
Siz juda yaxshi yigit ekansiz.
64
Siz patagoniyaliksiz, shundaymi?
65
Javob bering!
66
Tushunyapsizmi?
67
Tushunmadim.
68
Ispanmisiz?
69
Ha, ha!
70
Unsiya – 1) oltin va boshqa nodir qimmatbaho metallarning asosiy vazn birligi (troyya yoki tanga u.si) = 31,1035 g; 2) ing. o‘lchov tizimida massa birligi. 1 U. = 16 draxma = 437,5 gran = 28,35 g; 3) dorixonada ishlatiladigan ogʻirlik birligi, hozirgi vaqtda qoʻllanilmaydi; 4) suyuqlik unsiyasi hajm (sigʻim) birligi. AQShda 29,57 sm3 (1/128 gallon), Buyuk Britaniyada – 28,41 sm3 (Muharrir izohi).
71
150 kilometr (Muallif izohi).
72
Qir yo‘lto‘sarlari (Muallif izohi).
73
Uning otasimi!?
74
Islandiyada qish Lombardiyadagiga qaraganda yumshoq bo‘lishining sababi shu (Muallif izohi).
75
50 kilometr (Muallif izohi).
76
Zodiak (Qavs, O‘qchi) yulduz turkumlaridan biri bo‘lib, osmonning Janubiy yarim sharida Burgut, Qalqon, Ilon, Ilon eltuvchi, Aqrab, Janubiy Toj, Teleskop, Mikroskop va Jadiy yulduz turkumlari orasida joylashgan (Muharrir izohi).
77
Estansiya – Argentina qirlaridagi katta-katta chorva fermalari (Muallif izohi).