Уч бақалоқ

Уч бақалоқ
Юрий Карлович Олеша
Yuriy Karlovich Olesha (1899 – 1960)ning bolalar uchun yozgan "Uch baqaloq" ertak-romani jahon xalqlari tillariga tarjima qilingan. Shu kitob asosida yaratilgan balet, kinofilm million-million tomoshabinlarning sevimli san'at asarlariga aylangan. Har avlod yoshligida bu kitobni zavq bilan qo'liga oladi, maroq bilan o'qib chiqadi. Zulm, istibdod, haqsizlik avj olgan Uch Baqaloq mamlakatining mehnatkashlari do-nishmand doktor Gaspar, mohir dorboz Tibul, mard qurolsoz Prospero, tadbirkor qizaloq Suok kabi qahramonlar bilan birgalikda boyonlar saltanatiga qarshi bosh ko'taradilar va g'alaba qiladilar. Ana shu jang-u jadallar ertak janriga xos qiziqarli syujet ipiga tizilgan g'aroyib sarguzasht va voqealar orqali hikoya qilinadi.

Yuriy Olesha
Uch baqaloq

BIRINCHI QISM
DORBOZ TIBUL

I BOB
DOKTOR GASPAR ARNERINING BEHALOVAT KUNI
Sehrgarlar zamoni o‘tib ketgan. Ehtimolki, sehrgarlar aslida bo‘lishmagandir ham. Balki, ularning hammasini odamlar kichkina bolalarga ertak bo‘lsin deb, ichlaridan to‘qib chiqarishgandir. Lekin hayotda shunday mohir ko‘zboyloqchi-fokuschilar bo‘lganki, ular merov odamlarni juda ustalik bilan laqillata olganlar, natijada shu nayrangbozlarni hamma afsungar va sehrgar deb atay boshlagan.
Shunaqa bir doktor bo‘lgan edi. Uning ismi Gaspar Arneri edi. Go‘l odamlar, bekorchi o‘yinqaroqlar, chala mulla talabalar ham uni sehrgar deb hisoblashlari mumkin edi. Aslida esa bu doktor shunaqangi ajoyib buyumlar yasardiki, ularni chinakam mo‘jiza desa bo‘lardi. Lekin u hamma laqma odamlarni ahmoq qilib yuruvchi sehrgar va firibgarlarga sira ham o‘xshamas edi.
Doktor Gaspar Arneri olim edi. Uni salkam yuzta ilmdan xabari bor desa bo‘ladi. Xullasi kalom, butun mamlakatda Gaspar Arneridan donishmandroq, bilimdonroq odam yo‘q edi.
Uning olimligini tegirmonchi ham, askar ham, xonimlar ham, Ministrlar ham – hamma bilardi. Maktab bolalari bo‘lsa, uning to‘g‘risida butun boshli qo‘shiq to‘qib, ko‘cha-ko‘yda kuylab yurishardi; u qo‘shiqning naqorati bunday edi:
Yulduzlarga qanday uchmoqni,
Shum tulkini qay xil tutmoqni,
Toshni qanday eritmoqni ham
Bilar bizning doktor Gaspar, ha![1 - She’rlarni M.Mirzayev tarjima qilgan.]
Yoz kunlarining birida, iyun oyining juda bahavo bir kuni doktor Gaspar Arneri o‘simlik va qo‘ng‘izlarning ayrim turlarini terish ham tutish uchun uzoq sayrga chiqmoqchi bo‘ldi.
Doktor Gaspar Arneri ancha yoshga borib qolgan keksa odam edi; shuning uchun u shamoldan, yomg‘irda ivib qolishdan qo‘rqar va uydan chiqayotganida bo‘yniga qalin sharf o‘rar, ko‘ziga changdan saqlanadigan ko‘zoynak taqar, qoqilib ketmaslik uchun qo‘liga hassa ushlab olar va umuman, sayrga zo‘r ehtiyotkorlik bilan hozirlik ko‘rardi.
Bu safar havo juda yaxshi edi: oftob charaqlab nur sochardi; o‘t-o‘lanlar shunaqangi yam-yashil ediki, hatto ularning shirin ta’mini og‘zingda ham his etarding osmonda qoqi o‘t momiqlari uchib yurar, qushlar chug‘urlashardi: yengil shabboda bamisoli balda kiyiladigan ko‘ylakning etaklari singari yelpinardi.
– Mana bu yaxshi bo‘ldi, – dedi doktor, – lekin shunga qaramay, plashni olish kerak, nimagaki yoz havosi beqaror bo‘ladi. Yomg‘ir yog‘ib yuborishi mumkin.
Doktor uy xodimasiga ro‘zg‘or ishi bo‘yicha farmoyish berdi, «huh»lab ko‘zoynagini artdi, jomadonga o‘xshab ketuvchi yashil charm qoplangan qutichasini qo‘liga oldi-da, yo‘lga chiqdi.
Eng xushmanzara joylar shahar tashqarisida, Uch Baqaloq Qasri joylashgan yerda edi. Doktor ko‘proq shu yerlarga kelib turardi. Uch Baqaloq Qasri kattakon bir bog‘ning qoq o‘rtasida qad ko‘targan edi. Bog‘ gir aylangan chuqur zovur bilan o‘ralgan bo‘lib, bu zovurning har yer-har yeriga qop-qora temirdan osma ko‘priklar qurilgan edi. Ko‘priklarni saroy soqchilari pat qadalgan qora kleyonka shlyapa kiygan gvardiyachilar qo‘riqlab turardilar. Bog‘ning atrofi esa yerning to osmon bilan tutashgan joyigacha gul-chechaklar chaman bo‘lib o‘sgan o‘tloqlar, daraxtzorlar va ko‘llar bilan qoplangan edi. Bu yerlar juda yaxshi sayrgoh edi. Bu yerda o‘t-o‘lanlarning eng alomat turlari o‘sar, eng antiqa qo‘ng‘izlar g‘o‘ng‘illab uchar va eng xushovoz qushlar sayrashardi.
«Yo‘q, piyoda borish uchun u yer uzoq. Yaxshisi, shahar darvozasigacha boraman-da, u yerda izvosh yollayman. Qasr bog‘igacha meni shu izvosh olib borib qo‘yadi», – deb o‘yladi doktor.
Shahar darvozasi oldida bugun odamlar har doimgidan ko‘proq edi.
«Iye, bugun yakshanbami? – deb gumonsiradi doktor. – Yo‘q, undaymas-e. Bugun seshanba-ku».
Doktor olomonga yaqinroq bordi.
Butun maydon odamlar bilan liq to‘lgan edi. Doktor bu yerda yashil qaytarma yoqali, kulrang movut kamzul kiygan hunarmandlarni; rangi so‘niq dengizchilarni; egniga guldor nimcha kiygan o‘ziga to‘q shaharliklarni va ularning yubkalari atirgul butalariga o‘xshab ketuvchi xotinlarini; graflarni; quti ko‘targan baqqollarni; muzqaymoqchi-yu, kabobchilarni; cho‘pdek ozg‘in sayyor artistlarni, go‘yo quroq ko‘rpadan tikilgandek yashil, sariq va olachipor rangli libos kiygan artistlarni; sho‘x malla kuchuklarning dumidan tortib o‘ynovchi jajji bolakaylarni ko‘rdi.
Odamlar shahar darvozasi oldida uymalashib turardilar. Balandligi xuddi uyday keladigan ulkan darvoza taqa-taq yopiq.
«Nega darvoza yopiq ekan?» – deya ajablandi doktor.
Olomon shovqin solar, hamma baqirib-chaqirar, so‘kinar, lekin biror aniq gap eshitib bo‘lmasdi.
Doktor qo‘lida baq-baqaloq moshrang mushuk ushlab turgan bir juvon oldiga borib undan so‘radi:
– Marhamat qilib tushuntirib bersangiz: nima bo‘lyapti o‘zi bu yerda? Nega odam buncha ko‘p, nima sababdan ular bunchalik bezovta, nega darvoza yopiq?
– Gvardiyachilar odamlarni shahardan chiqarishmayapti…
– Nega chiqarishmayapti?
– Darvoza yopilmasidan oldin bir guruh odamlar shahardan chiqishib, Uch Baqaloq Qasriga yo‘l olishgan edi, endi bular ham chiqib ularga yordam berishmasin, deb berkitib qo‘yildi…
– Men hech nimaga tushunmayapman, xonim, shuning uchun meni avf etgaysiz…
– Voy, nahotki eshitmagan bo‘lsangiz, axir bugun qurolsoz Prospero bilan gimnastikachi Tibul Uch Baqaloq Qasrini hujum bilan qo‘lga olish uchun xalqni boshlab ketishdi-ku.
– Qurolsoz Prospero?
– Ha o‘rtoq… Devor baland, uning naryog‘ida gvardiyachi o‘qchilar poylab yotishibdi. Endi hech kim shahardan chiqa olmaydi. Qurolsoz Prospero bilan ketgan odamlarni bo‘lsa, saroy gvardiyasi qirib tashlaydi.
Chindan ham, uzoqdan bir necha o‘q ovozi gumburlab eshitildi.
Ayol baroq mushukni qo‘lidan tushirib yubordi. Mushuk yerga xuddi bir zuvala xamirdek «shalp» etib tushdi. Olomon faryod ko‘tardi.
«Demak, men bu g‘oyat muhim voqeadan bexabar qolibman, – dedi o‘zicha doktor. – Rost, men bir oydan buyon xonamdan tashqariga chiqmagan edim. Eshikni ichidan berkitib olib ishlagan edim. Men ham voqeadan g‘aflatda qolibman…»
Bu payt yana ham olisroqdan zambarakning gumburlagan ovozi eshitildi. Bu gumbur-gumburning aks sadosi xuddi koptokdek sakrab-sakrab shamol esgan tomonga olislab ketdi. Bundan nafaqat doktor qo‘rqib bir necha qadam orqaga tisarildi – balki butun olomon cho‘chib, o‘zini har yoqqa otdi. Bolalar yig‘lab yuborishdi; kaptarlar qanotlarini patillatib gurra uchishdi; itlar pisib olgancha ingray boshlashdi.
To‘p sadolari momaqaldiroqdek dahshatli gumburlardi. Olomon butun maydonni boshiga ko‘tarib shovqin soldi. Odamlar darvozaga yopirilib kelib qichqira boshlashdi:
– Prospero! Prospero!
– Yo‘qolsin Uch Baqaloq!
Doktor Gaspar butunlay gangib qoldi. Olomon orasida uni tanib qolishdi, chunki ko‘pchilik uni ilgariyam ko‘rgan-bilgan edi. Ayrim odamlar, go‘yo undan panoh axtarganday, undan yordam kutgandek u tomon tashlandilar, ammo doktorning o‘zi yig‘lamoqdan beri bo‘lib sarosimaga tushgandi.
– Nima bo‘lyapti u yoqda? Qanday bilsa bo‘larkin-a, darvozadan tashqarida nimalar bo‘layotganini? Balki xalq g‘alaba qozonayotgandir yo bo‘lmasa, allaqachon hammani qirib tashlashgandir.
Shu choq o‘ntacha odam maydonga kelib tutashgan uchta tor ko‘cha tomonga yugurib ketdi. Bu ko‘chalar muyulishida bir uy bo‘lib, uning tepasida baland va ko‘hna minora qad ko‘targan edi. Boshqa odamlar qatori doktor ham minoraga chiqishga qaror qildi. Uning pastki qavatida hammomga o‘xshab ketuvchi kirxona bor edi. U yer xuddi yerto‘ladagidek qop-qorong‘i. Minoraga shu yerdan aylanma zina orqali chiqish kerak edi. Tor-tor darchalardan tushib turgan yorug‘lik zinani g‘ira-shira yoritar, shuning uchun odamlar bu zinadan juda sekin va qiynalib-qiynalib ko‘tarilishardi, buning ustiga, zinaning ancha-muncha pillapoyalari va tutqichlarining ko‘pgina qismi tushib, uzilib ketgan edi. Shunga ko‘ra, minoraning eng yuqori qavatiga chiqish doktor Gaspar uchun qanchalik mashaqqatli va hayajonli bo‘lganini tasavvur qilish qiyin emas. Har holda yigirmanchi pillapoyaga oyoq qo‘ygan zahoti uning:
– Voy, yuragim qinidan chiqib ketay deyapti, buning ustiga poshnamni yo‘qotib qo‘ydim! – deb chinqirgan ovozi eshitildi.
Doktor plashini-ku maydonda turganida, zambarak o‘ninchi marta gumburlagandayoq yo‘qotib qo‘ygan edi.
Minora boshida atrof tosh devorcha bilan o‘ralgan kichkinagina maydoncha bor edi. Bu yerdan kam deganda ellik kilometrlik masofadagi manzara ko‘zga tashlanardi. Garchi bu manzarani tomosha qilish nihoyatda huzurli bo‘lsa ham, hozir buning mavridi emas edi. Hamma to‘qnashuv bo‘layotgan tomondan ko‘zini uzmas edi.
– Menda durbin bor. Men doim o‘zim bilan sakkiz qavat shishali durbin olib yuraman. Mana, – dedi doktor va charm g‘ilofni yechib, ichidan durbinni ola boshladi.
Durbin shu zahoti qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi.
Doktor Gaspar yam-yashil vodiyda son-sanoqsiz odamlar to‘dasini ko‘rdi. Ular shahar tomon yugurib kelishardi. Ular qochib kelishayotgan edi. Odamlar uzoqdan rang-barang bayroqchalarga o‘xshardilar. Ular orqasidan otliq gvardiyachilar bostirib kelishayotgan edi.
Doktor Gaspar, bularning hammasi sehrli fonus ichidagi suratga o‘xsharkan, deb o‘yladi. Quyosh charaqlab turar, o‘t-o‘lanlar tovlanardi. Portlagan bombalar xuddi bir parcha paxtani eslatardi, ularning alangasi esa go‘yo olomonga kimdir ko‘zgu orqali oftob shu’lasini tushirayotganday lip-lip yonib o‘chardi. Otlar ikki oyoqlarini ko‘tarib kishnashar, chirpirak bo‘lib aylanishardi.
Bog‘ ham, Uch Baqaloq Qasri ham sutdek oppoq tutunga burkandi.
– Ular qochishyapti!
– Ular qochib kelishyapti… Xalq yengildi!
Qochib kelayotgan xaloyiq shaharga yaqinlashib qoldi. Odamlar to‘p-to‘p bo‘lishib har yer-har yerga yotib-yotib qola boshladiki, bu manzarani kuzatayotgan kishining ko‘ziga go‘yo yam-yashil o‘tloqqa osmondan rang-barang latta yog‘ilganday bo‘lib tuyulardi.
Maydon tepasidan bomba chiyillab uchib o‘tdi.
Kimdir qo‘rqib ketib, qo‘lidagi durbinni tushirib yubordi. Bomba portladi, shunda minora boshida turgan odamlarning hammasi uymalashib, zinadan pastga tusha boshladi.
Bir chilangarning charm fartugi allanimaga ilinib qoldi. U orqasiga o‘girildi-yu, qandaydir mudhish manzaraga ko‘zi tushib, butun maydonni boshiga ko‘tarib dod soldi:
– Qochinglar! Ular qurolsoz Prosperoni tutib olishdi! Ular hozir shaharga bostirib kirishadi!
Maydonda to‘s-to‘polon boshlandi. Darvoza oldida uymalashib turgan olomon gurra orqaga tashlandi va tor ko‘chalarga qarab tiraqaylab qocha boshladi. Otishmadan hamma gangib qolgan edi.
Doktor Gaspar bilan yana ikkita odam minoraning uchinchi qavatida to‘xtab qolishdi. Ular minoraning qalin devoridagi torgina darchadan tashqariga qaray boshladilar.
Ulardan faqat bittasi tashqariga bosh suqib qarashi mumkin edi: qolganlar faqat bir ko‘z bilangina mo‘ralay olardi. Lekin bir ko‘z uchun ham tashqarida yuz berayotgan hodisa yetarli darajada dahshatli edi.
Bahaybat temir darvoza lang ochildi. Shu payt uch yuztacha odam birvarakayiga darvozadan yopirilib kirib keldi. Bular yashil qaytarma yoqali kulrang movut kamzul kiygan hunarmandlar edilar. Ular qora qonga bo‘yalib, gup-gup yiqilardilar. Otliq gvardiyachilar ularni bosib-yanchib o‘tardilar. Ular qilich chopishar, miltiq otishardi. Sariq patlar xilpirar, qora kleyonka shlyapalar yaltirar, otlar qip-qizil og‘izlarini katta-katta ochar, ko‘zlarining paxtasini chiqarar va har yoqqa og‘izlaridan ko‘pik sochardilar.
– Qaranglar! Qaranglar! Prospero! – deb chinqirdi doktor.
Qurolsoz Prosperoning bo‘yniga sirtmoq solib sudrab kelardilar. U har qadamda yiqilar, yana o‘rnidan turib olar edi. Uning malla sochlari patila-patila bo‘lib ketgan, yuzi qon, bo‘ynida yo‘g‘on sirtmoq bor edi.
– Prospero! Prosperoni asirga olishdi! – deb chinqirdi doktor.
Xuddi shu payt kirxonada bomba portladi. Minora bir tebranib qiyshaydi, shu ko‘yi bir zum turdi-da, so‘ng gumburlab qulab tushdi. Endi ikkinchi poshnasini ham, hassasi bilan jomadonchasi-yu, ko‘zoynagini ham yo‘qotgan doktor o‘mbaloq oshib yiqildi.

II BOB
QATL KUNDASI[2 - O‘limga mahkum etilgan odamning boshini chopish uchun qo‘yilgan to‘nka.]
Doktor shuncha balanddan yiqilsa ham? xayriyat shikast emadi, boshi ham yorilmadi, oyoqlari ham butun qoldi. Lekin shunga qaramay, doktor Gaspar Arneridek keksayib qolgan odam uchun bunday balanddan qulash ancha noxush edi-da. Harqalay, doktor qo‘rquvning zo‘ridan hushini yo‘qotib qo‘ydi.
U hushiga kelganida kech kirgan edi. Doktor chor atrofga ko‘z yugurtirib chiqdi.
– Attang! Mana, ko‘zoynagim ham sinibdi. Ko‘zoynaksiz yaxshi ko‘radigan odam ko‘zoynak taqqanda ko‘zi qanday xiralashsa, mening ham ko‘zim endi ko‘zoynaksiz shunaqa xiralashadi. Juda chatoq bo‘ldi-da. Odamning g‘ashiga tegarkan.
Keyin doktor oyoq kiyimining poshnalari uzilib tushganini ko‘rib g‘o‘ldiray boshladi:
– O‘zim shundoq ham pakana odam edim; endi bo‘yim yana to‘rt enlik pasayadigan bo‘ldi, balki sakkiz enlik pasayib ketarman, negaki, ikki poy botinkamning poshnasi ko‘chib, yo‘qolib qolgan-ku… Yo‘q, undaymas-ov, faqat to‘rt enlik pasayaman, albatta.
U g‘isht parchalari ustida cho‘zilib yotardi. Minora deyarli butunlay qulab tushgan edi. Devorning uzun va tor qismi xuddi molning kurak suyagidek dikkayib turardi. Juda-juda olisdan musiqa ovozi kelardi. Bu quvnoq vals ohangini shamol uzoq-uzoqqa uchirib ketganidan u goh eshitilib, goh eshitilmay qolardi. Doktor boshini ko‘tardi. Tepasida qora bo‘g‘otlarning xarilari osilib turardi. Kechki och zangori osmonda yulduzlar g‘ira-shira miltillardi.
– Musiqa qayerda chalinyaptiykin? – deb ajablandi doktor.
Endi u plashsiz junjiy boshladi. Maydon tomondan «tiq» etgan tovush eshitilmasdi. Doktor qalashib yotgan toshu g‘ishtlar orasidan inqillab-sinqillab chiqib oldi. U keta turib yo‘lyo‘lakay allakimning so‘loqmonday keladigan etigiga qoqilib ketdi. Bir chilangar to‘sin ustida ko‘ndalangiga cho‘zilib yotar, uning xira ko‘zlari osmonga baqraygan edi. Doktor uni turtib ko‘rdi. Lekin chilangar turishni istamasdi.
Shunda doktor shlyapasini boshidan olgani qo‘lini ko‘tardi. Chunki chilangar o‘lgan edi:
– Shlyapam ham yo‘qolibdi. Endi qayga borsam ekan?
U axiyri maydondan chiqib ketdi. Har yerhar yerda odamlar cho‘zilishib yotardi; doktor ularning har biri tepasida to‘xtab, engashib qarardi, lekin bu odamlarning katta-katta ochilgan ko‘zlarida yulduzlar aksini ko‘rardi, xolos. Doktor kaftini ularning peshonasiga qo‘yardi. Shunda u odamlarning peshonalari muzlab qolganini va qorong‘ida qorayib ko‘ringan qon tegib namiqqanini payqardi.
– Ana xolos! – deb pichirlardi doktor. – Demak, xalq yengilibdi-da… Endi nima bo‘ladi?
Yarim soatdan keyin u odamlar gavjum joyga yetib oldi. Juda charchagan, qorni ham ochgan, chanqagan edi. Bu yerda shahar odatdagi qiyofada edi.
Doktor uzoq yo‘l yurib toliqqanidan chorrahada to‘xtab dam ola boshladi va: «Taajjub! Bu yerda rang-barang chiroqlar yonyapti, izvoshlar g‘iz-g‘iz o‘tib turibdi, oynaband eshiklar jiring-jiring qilib ochilib-yopilyapti. Yarim doira derazalar oltindek tovlanyapti. Anavi yoqda, qator tizilgan ustunlar yoqalab juft-juft bo‘lib tansa tushishmoqda. U yerda bazmi jamshid avjida. Zulmat qoplagan ko‘l ustida rang-barang xitoy fonuslari chayqaladi. Odamlar kecha qanday yashashgan bo‘lsa, hozir ham o‘sha-o‘sha. Nahotki bugun ertalab yuz bergan falokatdan bexabar bo‘lishsa? Nahot ular o‘q va zambarak ovozlarini, odamlarning dod-faryodlarini eshitmagan bo‘lishsa? Xalq sardori qurolsoz Prosperoning qamoqqa olinganidan nahotki bu odamlar bexabar bo‘lishsa? Balki men o‘sha mudhish voqealarning hammasini tushimda ko‘rgandirman?» – deb xayolidan o‘tkazdi.
Uch shoxli fonus yonib turgan muyulishda yo‘lka yoqalab izvoshlar tizilishib turardi. Gulchi qizlar gul sotishardi. Izvoshchilar gulchi qizlar bilan gurunglashardilar.
– Uning bo‘yniga sirtmoq solishib, shaharning hamma ko‘chalaridan sazoyi qilib olib o‘tishdi. Boyaqish!
– Endi uni temir qafasga solib qo‘yishibdi. U qafas Uch Baqaloqning Qasrida turganmish, – dedi boshiga tasmali havorang silindr kiygan semiz izvoshchi.
Shu payt bu yerga bir xonim qizchasini yetaklab keldi – u gul olmoqchi edi.
– Kimni qafasga solishibdi? – deya sinchkovlik bilan so‘radi xonim.
– Qurolsoz Prosperoni. Gvardiyachilar uni asirga olishdi.
– Voy, xudoga shukur-e! – dedi xonim.
Qizcha hiqillab yig‘lay boshladi.
– Nega yig‘layapsan, tentak qiz? – deya ajablandi xonim. – Qurolsoz Prosperoga achinyapsanmi? Achinish kerak emas unga. U bizga yomonlik qilmoqchi bo‘lgan edi. Mana bu gullarni qara, qanday chiroyli…
Yirik-yirik atirgullar suv va yaproqlar to‘la idishlarda xuddi oqqushlar singari ohista suzib yurardi.
– Mana senga uchta atirgul. Achinma ularga. Ular isyonchilar. Agar ularni qafasga solishmasa, bizning uylarimizni, kiyim-boshlarimizni, hatto gullarimizni ham tortib olishib, o‘zimizni qirib tashlashardi.
Shu mahal bu yerdan bir bola g‘izillab o‘tib qoldi. U avval xonimning yulduzsimon gullar tikilgan plashining etagidan, keyin qizchaning kokilidan tortdi.
– Hechqisi yo‘q, grafinya! – deb qichqirdi bola. – Qurolsoz Prospero qafasda bo‘lsayam, dorboz Tibul ozodlikda!
– Voy, yaramas bola-e!
Xonim jahl bilan yer depsingan edi, sumkachasi qo‘lidan tushib ketdi. Gulfurush qizlar xaxolab kulib yuborishdi.
Semiz izvoshchi bu g‘ala-g‘ovurdan foydalanib, xonimga izvosh tavsiya qildi.
Xonim qizchasi bilan izvoshga chiqib jo‘nab qoldi.
– Shoshma, hoy bolakay! – deb qichqirdi bir gulfurush qiz bolaga. – Beriroq kel-chi! Bilganlaringni bizga ham aytib ber.
Ikki izvoshchi yerga tushishdi-da, yelkapo‘shi besh qavat uzun chakmonlarining etaklariga chalishib, gulfurush qizlar oldiga kelishdi.
«Mana bu qoyilmaqom qamchi ekan! Qamchimisan-qamchi!» – deb o‘yladi bola, izvoshchi qo‘lida o‘ynatib turgan qamchiga ko‘z tashlarkan. Bola ham xuddi shunaqa qamchini orzu qilardi-yu, lekin ko‘p sabablarga ko‘ra bunga erisholmas edi.
– Boya nima deding? – deb so‘radi izvoshchi do‘rillagan ovoz bilan. – Dorboz Tibul ozodlikda dedingmi?
– Shunaqa deyishyapti. Men portga borgan edim…
– Gvardiyachilar uni o‘ldirishmagan degin? – so‘radi ikkinchi izvoshchi ham do‘rillagan ovoz bilan.
– Yo‘q, otaxon… Hoy, go‘zal qiz, menga bitta gulingdan ber!
– Shoshma, tentak. Sen, yaxshisi, bo‘lgan voqeani bir boshdan gapirib ber…
– Xullas, bunday… Oldiniga hamma uni o‘ldiga chiqarib qo‘ygan edi. Keyin uni o‘lganlar orasidan qidirib topisha olmabdi.
– Ehtimol, uni kanalga tashlab yuborishgandir? – deb so‘radi izvoshchi.
Bir gado kelib gapga aralashdi.
– Kimni kanalga tashlashibdi? – so‘radi u. – Dorboz Tibul mushuk bola emas. Cho‘ktirib bo‘psan uni. Dorboz Tibul tirik. U qochib qutulib qoldi!
– Gaping yolg‘on, naynov! – dedi izvoshchi.
– Dorboz Tibul tirik! – deya mag‘rur qichqirishdi gulfurush qizlar.
Bola bitta atirgulni o‘marib, ura qochib qoldi. Ho‘l gul bargidagi suv tomchilari doktorning yuziga sachradi. Doktor xuddi ko‘z yosh singari achchiq suv tomchilarini yuzidan artdi va gadoning gapini eshitish uchun to‘daga yaqinroq bordi. Shu mahal yuz bergan bir voqea suhbatning beliga tepdi. Ko‘chada g‘ayrioddiy bir namoyish paydo bo‘ldi. Oldinda mash’ala ushlagan ikki nafar otliq kelardi. Mash’alalar xuddi olovli soqoldek hilpirardi. Ular orqasidan gerbli qora kareta ohista borardi.
Kareta ketidan esa duradgorlar kelardi. Ular yuz kishi edi.
Ular yenglarini shimarib olib bo‘yinlariga fartuk taqib ishga shay bo‘lib borardilar, qo‘ltiqlariga arra, randa, qutilar qistirib olgan edilar. Bu izdixomning ikki yonida, otliq gvardiyachilar turnaqator tizilib kelayotgan edi. Ular chopishni xohlab o‘ynoqlayotgan otlarning jilovidan tortib borardilar.
– Bu nima o‘zi? – deya bezovta bo‘la boshladi ko‘cha-ko‘ydagi odamlar.
Gerbli qora karetada Uch Baqaloq Kengashining a’zosi o‘tirardi. Gulfurush qizlar qo‘rqib ketishdi. Ular kaftlarini iyaklariga qo‘ygancha Kengash a’zosini kuzatardilar. Uning boshi karetaning oynavand eshigidan ko‘rinib turardi. Ko‘cha charog‘on qilib yoritilgan. Kengash a’zosining parik kiygan qora boshi xuddi jonsizdek chayqalib borardi. Shuning uchun kareta ichida xuddi qush qo‘nib o‘tirganday tuyulardi.
– Chetlaninglar! – deb qichqirishardi gvardiyachilar.
– Duradgorlar qayoqqa ketishyapti? – deb so‘radi bir gul sotuvchi qizcha gvardiyachilar boshlig‘idan.
Shunda gvardiyachi qizchaning yuziga engashib shunaqa dag‘-dag‘a bilan shang‘illab berdiki, sho‘rlik qizchaning sochlari go‘yo qattiq shamol esgandek, tikkayib ketdi:
– Duradgorlar qatl kundasi qurgani ketishyapti! Tushundingmi? Ular o‘nta qatl kundasini qurishadi!
– A!
Qizchaning qo‘lidagi gul solingan idish tushib ketdi, gullari ko‘cha bilan bitta bo‘ldi.
– Ular qatl kundasi qurgani ketishyayti! – deb takrorladi dahshatga tushgan doktor Gaspar.
– Kunda! – deb baqirdi gvardiyachi, yuzini o‘girib, xuddi etikka o‘xshab ketuvchi mo‘ylovi ostidan tishlarini irshaytirib. – Hamma isyonchilarga kunda quramiz! Hammalarining boshini tanalaridan judo qiladilar! Uch Baqaloq hokimiyatiga qarshi bosh ko‘tarishga jur’at qilganlarning hammasini qirib tashlaymiz!
Doktorning boshi aylanib, ko‘zi tinib ketdi. U o‘zini xushidan ketib yiqilayotganday seza boshladi.
«Men shu bir kunning o‘zida judayam ko‘p azob chekdim, – dedi u o‘ziga-o‘zi, – buning ustiga, qornim juda ham och, yana qattiq charchaganman. Tezroq uyimga bormasam bo‘lmaydi».
Darhaqiqat, doktor dam olishi kerak edi. U bugun yuz bergan hamma hodisalardan, barcha ko‘rgan, eshitganlaridan shunchalik hayajonga tushgan ediki, hatto o‘zining minora bilan birga qulab tushganiga, shlyapasi, plashi, hassasi va poshnalarini yo‘qotib qo‘yganiga ham e’tibor bermadi. Albatta, eng yomon tomoni ko‘zoynagining yo‘qolib qolgani edi.
U izvosh yollab uyiga jo‘nab ketdi.

III BOB
YULDUZ MAYDONI
Doktor uyiga qaytayotgan edi. U hashamatli zallardan ham ravshanroq yoritilgan judayam keng asfalt ko‘chalardan o‘tib borardi. Ko‘zoynagini yo‘qotib qo‘yganligidan ko‘chani kunday yoritib turgan chiroqlar marjoni xuddi osmoni-falakda miltillab turgandek tuyulardi. Ko‘zni qamashtiruvchi fonuslar, baqirlab qaynab turgan sut to‘ldirilgan sharlarga o‘xshardilar. Fonuslar atrofida har turli qanotli hasharotlar g‘ujg‘on o‘ynar va chiroqning taftidan nobud bo‘lib tutday to‘kilardi. Doktor sohilda qad rostlagan tosh devor yoqalab izvoshda ketib borardi. Bu devorning har yer-har yerida bronzadan yasalgan sherlar panjalarida qalqon ushlab, uzun tillarini chiqarib turishardi. Pastda, anhorda esa qatrondek qop-qora va yaltiroq suv lim-lim bo‘lib ohista oqardi. Shu suv sathida butun shaharning aksi to‘nkarilib ko‘rinar, cho‘kar, suv bilan oqib ketayotgandek bo‘lardi-yu, ammo hech oqib ketolmas, faqat nafis, oltin tangachalarga bo‘linib, erib ketardi. Doktor do‘mpaygan bukri ko‘priklardan o‘tib borardi. Pastdan yo narigi qirg‘oqdan qaragan odamga bu ko‘priklar bamisoli hujumga o‘tish oldidan temir yelkasini bukchaytirib olgan bahaybat mushukka o‘xshardilar. Bu yerda har bir ko‘prik og‘zida soqchilar turishardi. Askarlar do‘mbiralar ustiga o‘tirib, trubka chekishar, qarta o‘ynashar va yulduzlarga boqib kappa-kappa esnashardi.
Doktor bularning barini kuzatib, g‘o‘ng‘irg‘o‘ng‘ir gaplarga quloq solib o‘tib borardi.
Ko‘cha-ko‘ydan, uylardan, qovoqxonalarning ochiq derazalaridan, ko‘ngil ochar bog‘larning panjaralari ortidan kuylanayotgan qo‘shiqlarning ayrim so‘zlari eshitilardi:
Chapdast, tanti Prospero
Domga ilindi bexos,
Endi temir qafasda
O‘ltirar u qurolsoz.
Shirakayf bir olifta yigit bu qo‘shiqqa jo‘r bo‘ldi. Bu oliftaning puli judayam ko‘p, pulidan ham yuzidagi sepkillari ko‘p bo‘lib, uning badavlat bir xolasi yaqinda olamdan o‘tgan edi. Xolasining shu oliftadan boshqa bironta ham qarindoshi bo‘lmagani uchun, uning butun boyligiga shu yigit merosxo‘r bo‘lgan edi. Mana shuning uchun ham u xalq ommasining boylarga qarshi bosh ko‘targanidan norozi edi, albatta.
Hayvonot bog‘ida katta tomosha ko‘rsatilayotgan edi. Taxtalardan yasalgan sahnada yunglari hurpaygan uchta beso‘naqay maymun Uch Baqaloq hukmdorga taqlid qilib o‘yin tushardi. Foksterer[3 - Bo‘yi pakana ov iti.] mandolina chalardi. Yelkasiga oltinrang quyosh, qorniga zarrin oy tasviri tikilgan to‘q-qizil kiyim kiygan masxaraboz musiqaga jo‘r bo‘lib she’r o‘qirdi:
Bamisoli uch niq bug‘doy qop –
Ag‘darildi uchta Baqaloq!
Ular uchun qorindan o‘zga
Muhim tashvish ko‘rinmas ko‘zga!
Xushyor bo‘ling, Baqaloqlar, siz,
Ko‘p taltaymang, bitdi kuningiz!
– Bitdi, bitdi kuningiz! – deb chug‘urlab yuborishdi birdan chor atrofda qo‘nib turgan soqoldor to‘tiqushlar.
Shiddatli shovqin-suron ko‘tarildi. Har xil qafaslarda yotgan turli-tuman hayvonlar butun hayvonot bog‘ini boshlariga ko‘tarib, vovullay, irillay, bo‘kira, chiyillay boshladilar.
Sahnadagi maymunlar betoqat bo‘lishib o‘zlarini har yoqqa ura boshladilar. Ularning qo‘llari qayerda-yu, oyoqlari qayerda – bilib bo‘lmasdi. Keyin ular tomoshabinlar orasiga sakrab tushib, tiraqaylab qocha boshladilar. Olomon orasida ham g‘avg‘o ko‘tarildi. Hammadan ham, xo‘ppa semiz baqaloq odamlar ko‘proq shang‘illashardi. Yuzlari lavlagidek qizarib ketgan bu semiz odamlar g‘azabdan butun vujudlari qaqshab, shlyapalarini, qo‘llaridagi durbinlarini masxarabozga ota boshladilar. Bir semiz xonim soyabonini silkigan edi, yonida turgan boshqa bir baqaloq xotinga tegib ketib, uning boshidan shlyapasini uchirib yubordi.
– Voy, voy, voy! – deb chiyilladi qo‘shni ayol qo‘llarini boshiga ko‘targancha, chunki uning boshidan shlyapasi bilan birga parigi ham uchib ketgan edi.
Buning ustiga-ustak, qochib ketgan maymun ham xonimning kal boshiga shapatilab o‘tgan edi, xonim hushidan ketib yiqilib tushdi.
– Ha-ha-ha!
– Ha-ha-ha! – deb qotib-qotib kula boshladi olomonning bir qismi – ancha ozg‘inroq va soddaroq kiyingan odamlar. – Qoyil! Yashavor! Bopla ularni! Yo‘qolsin Uch Baqaloq! Yashasin Prospero! Yashasin Tibul! Yashasin xalq!
Shu mahal kimningdir:
– Yong‘in! Shaharga o‘t ketdi… – deya baqirgan ovozi baralla eshitildi.
Odamlar bir-birlarini bosib-yanchib, o‘rindiqlarni ag‘darib, darvoza tomon otildilar. Qorovullar har tomonga qochib ketgan maymunlarni tutishga tushdilar.
Izvoshchi orqasiga o‘girildi-da, qamchisi bilan uzoqqa ishora qilib doktorga dedi:
– Qarang, gvardiyachilar ishchi mahallalariga o‘t qo‘yishyapti. Ular dorboz Tibulni qidirib topishmoqchi…
Shahar uzra, to‘p-to‘p bo‘lib turgan balandpast qora uylar ustida pushtirang shafaq mavjlanardi.
Doktor tushgan izvosh shaharning Yulduz deb nomlanuvchi eng asosiy maydoniga yetganida to‘xtab qoldi, chunki undan nariga o‘tishning imkoni yo‘q edi. Bu maydonga kiraverishdagi ko‘cha og‘zida son-sanoqsiz izvoshlar, foytunlar, otliqlar, piyodalar tiqilib ketgan edi.
– Nima gap? – deb so‘radi doktor.
Hech kim hech nima deb javob bermadi, chunki hamma maydonda bo‘layotgan voqeaga mahliyo edi. Izvoshchi ham o‘rindig‘idan tikka turib, o‘sha tomonga qaray boshladi.
Bu maydonni Yulduz maydoni deb atashlariga sabab bor edi. Uning tevarak-atrofi balandligi, shakli bir xil uylar bilan qurshalgan, tepasi oynavand gumbaz bilan qoplangan edi, shu sababli u judayam ulkan sirkka o‘xshab ketardi. Gumbazning qoq o‘rtasida, judayam balandda dunyoda eng kattakon fonus yonib turardi. Bu tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada katta shar edi. Temir gardishdan belbog‘i bo‘lgan, juda yo‘g‘on simga osilgan bu sharsimon fonus Saturn sayyorasiga o‘xshab ketardi. Uning shu’lasi shunaqayam charog‘on, yer yuzidagi bironta ham shu’laga sira o‘xshamas ediki, odamlar bu fonusga Yulduz deb antiqa nom qo‘yishgan edi. Keyinchalik butun maydonni ham Yulduz deb ataydigan bo‘lishdi.
Maydonning o‘zida ham, maydon yaqinidagi uylarda ham, ko‘chalarda ham hech bir chiroq yoqishning hojati yo‘q edi. Maydon tevarak-atrofidagi hamma tor ko‘chalarni, hamma uylardagi barcha hujra-yu, qaznoqlarni ham mana shu Yulduz yoritib turardi. Bu yerda yashovchi odamlarda hech qanday chirog‘-u, shamlarga ehtiyoj yo‘q edi.
Izvoshchi o‘zidan oldinda turgan izvoshlar, foytunlar osha, aravakashlarning silindr kiygan boshlari osha (bu silindrlar aptekachilar pufagiga o‘xshab ketardi) qaray boshladi.
– Nimalarni ko‘ryapsiz? Nima bo‘lyapti o‘zi u yoqda? – deya bezovtalanib so‘radi doktor, izvoshchining orqasidan mo‘ralarkan. Lekin kichkinagina jussali doktor hech nima ko‘ra olmas, buning ustiga, ko‘zida ko‘zoynagi ham yo‘q edida, axir. O‘zingiz bilasiz-ku, ko‘zoynaksiz olisni mutlaqo ko‘ra olmasdi boyaqish.
Izvoshchi ko‘rganlarini unga batafsil gapirib turdi.
Mana bu ko‘rgan narsalar:
Maydon judayam g‘ala-g‘ovur edi. Bu ulkan doira maydonning har yer-har yerida to‘p-to‘p odamlar u yoqdan bu yoqqa zir yugurishardi. Go‘yo bu doira maydon misoli ot o‘yin singari aylanayotganga o‘xshardi. Odamlar yuqorida bo‘layotgan voqeani yaxshiroq ko‘rish uchun bir joydan ikkinchi joyga gur-gur ko‘chishardi.
Juda balandda charaqlab yonib turgan bahaybat fonus ko‘zlarni xuddi oftobdek qamashtirar edi. Odamlar boshlarini baland ko‘tarib, ko‘zlari ustiga kaftlarini soyabon qilib osmonga qarar edilar.
– Ana u! Ana! – degan qichqiriqlar eshitilardi.
– Ho‘v, ana, qaranglar! Bu yoqqa!
– Qani? Qani?
– Yuqoriroqqa qara!
– Tibul! Tibul!
Yuzlab odamlarning ko‘rsatkich barmoqlari chap tomonga cho‘zildi. U tomonda olti qavatli oddiy bir uy turardi. Lekin uning hamma qavatidagi derazalar lang ochilgan edi. Har bir derazadan odamlarning‘ boshlari chiqib turardi. Bu boshlar turlicha qiyofada edi: ba’zilari popukli tungi qalpoq kiygan, boshqa birlari pushtirang chepets[4 - Chepets – ayollarning bosh kiyimi.] kiygan, gajaklari kerosin rangida edi; uchinchilari qiyiq ro‘molcha o‘ragandilar; shoirlar, rassomlar, aktrisalardan iborat kambag‘al yoshlar yashaydigan yuqori qavatdan quyuq tamaki tutuni orasidan xushchaqchaq, mo‘ylovsiz basharalar, zarrin sochlari yal-yal tovlanib, yelkalaridan qanot singari o‘sib chiqqanday ko‘rinuvchi ayollarning boshlari ko‘rinardi. Odamlari xuddi qushlarga o‘xshab rang-barang boshlarini lang ochiq derazalardan chiqarib turgan bu uy sa’valarga g‘ij-g‘ij to‘la ulkan qafasga o‘xshab ketardi. Hamma boshlar bo‘yinlarini qulayroq qayirib va jasadlarini sal bo‘lmasa derazadan otilib chiqib, to‘ppa-to‘g‘ri tosh ko‘chaga tushib chilparchin bo‘lish xavfi darajasida tashqariga chiqarib, o‘z tepalaridagi tomda yuz berayotgan qandaydir juda alomat bir voqeani ko‘rishga urinardilarki, kishi ko‘zgu bo‘lmasa o‘z qulog‘ini ko‘ra olmaganidek, ular ham bu manzarani aslo ko‘ra olmasdilar. O‘z uylarida turib, o‘z tomlarida bo‘layotgan voqeani ko‘rmoqchi bo‘lgan odamlar uchun maydonni boshiga ko‘tarib g‘avg‘o qilayotgan olomon o‘sha ko‘zgu vazifasini bajardi. Olomon hamma narsani ko‘rib turar, baqirib-chaqirar, qo‘llarini siltardi: birovlar terisiga sig‘may xursand bo‘layotgan bo‘lsa, birovlar qattiq g‘azablanardi.
Tomda kichkinagina bir odam yurardi. U tomning qiyalab tushgan yeridan asta-sekin, ehtiyotlik bilan dadil yurib kelardi. Uning oyog‘i ostida tunuka taraqlardi.
Sirkda dor ustida o‘ynagan dorboz sariq rang xitoy soyaboni yordamida muvozanat saqlaganidek, tom boshidagi bu odam ham qo‘lidagi plashini silkitib muvozanat saqlab bormoqda.
Bu odam gimnastikachi Tibul edi.
Xalq qichqirardi:
– Otangga rahmat, Tibul! Balli, Tibul!
– Bo‘sh kelmaysan! Saylda dorda qanday yurganingni esla.
– Yo‘q, u yiqilmaydi! Mamlakatimizda unga teng keladigan mohir gimnastikachi yo‘q…
– Bu ish unga cho‘t emas. Dorda yurishga qanchalik mohir ekanligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganmiz…
– Balli, azamat Tibul!
– Qoch, oshna! Sen omon qolishing kerak! Prosperoni qutqarishing kerak!
Boshqa birovlar darg‘azab edi. Ular mushtlarini silkitishardi:
– Qochib qutulib bo‘psan, yaramas masxaraboz!
– Lo‘ttiboz!
– Isyonchi! Seni xuddi quyonni otganday otib tashlashadi.
– Shoshmay tur! Biz hali seni tomdan tortib tushib, kundada boshingni chopamiz. Ertaga o‘nta kunda qurilib bitadi!
Lekin Tibul o‘zining xatarli yo‘lida davom etardi.
– Qayoqdan paydo bo‘ldi u? – deb so‘rashardi odamlar. – Qanday kelib qoldiykin bu maydonga? Tomga qanday chiqib qoldiykin?
– U gvardiyachilar qo‘lidan qochib kelgan, – deb javob qilishardi boshqalar. – U qochib ketib, ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan edi, keyin uni odamlar shaharning turli yerida uchratishibdi. U tomma-tom o‘tib kelgan bu yerga. U xuddi mushukdek epchil. Hunari hozir judayam ish berdi unga. Axir butun mamlakatga zo‘r dorboz, deb dovrug‘i bekorga ketmagan-ku!
Maydonda gvardiyachilar paydo bo‘lishdi. Bekorchi tomoshabinlar maydon yonidagi ko‘chalarga tiraqaylab qocha boshlashdi. Tibul tom chekkasidagi to‘siqdan oshib o‘tib, bo‘g‘otga oyoq qo‘ydi. U plash tashlangan qo‘lini yoydi. Yashil plash xuddi bayroqdek hilpiray boshladi.
Xaloyiq sayl va yakshanbalik sayl paytidagi tomoshalarda uni mana shu plash bilan sariq, qora uchburchak matodan quroq qilib tikilgan mana shu triko kiyimda ko‘rishga odatlanib qolgan edi.
Endi bo‘lsa juda balandda, shisha gumbaz ostida kichkinagina, xipcha va olachipor bo‘lib ko‘rinayotgan Tibul xuddi uyning oppoq devoridan o‘rmalab ketayotgan sariq ariga o‘xshardi. Uning plashi hilpiragan chog‘da esa go‘yo sariq ari yaltiroq yashil qanotlarini yoyayotgandek tuyulardi.
– Mana hozir qulab tushasan, masxaraboz! Hozir seni otib tushirishadi! – deb qichqirdi xolasidan meros olgan sepkilli olifta yigit.
Gvardiyachilar Tibulni otish uchun qulay joy tanlashdi. Ofitser tashvishli qiyofada u yoqdan bu yoqqa zir yugurardi. U to‘pponchasini qo‘liga olib olgan. Etigi poshnasiga taqilgan shpor[5 - Shpor – otliq askarlar otning biqiniga niqtash uchun etik poshnasiga taqadigan temir tepki.]lar xuddi konkiga o‘xshash uzun-uzun edi.
Butun maydon suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi. Doktor yuragini changalladi, shu topda uning yuragi vaqirlab qaynab turgan suvdagi tuxumdek irg‘ishlardi.
Tibul bir zumgina tom labida turib qoldi. U maydonning qarama-qarshi tomonidagi tomga o‘tib olishi kerak edi. O‘tib olsa, marra uniki edi – unda bu Yulduz maydonidan ishchilar mahallalariga qochib ketishi mumkin.
Ofitser maydonning qoq o‘rtasidagi sariq va havorang gullar ochilib turgan gulpushtaga turib oldi. Bu yerda doira tosh kosa ichidan otilib chiqayotgan favvora va shu favvora suvi bilan lim-lim to‘lgan hovuz bor edi.
– To‘xtanglar, – dedi ofitser askarlarga, – men o‘zim otib tushiraman uni. Butun polkda merganlikda menga yetadigani yo‘q. Qanaqa otish kerakligini mana, mendan o‘rganinglar.
Maydon atrofidagi to‘qqizta uydan gumbazning qoq o‘rtasidagi Yulduzga qarab to‘qqizta yo‘g‘on po‘lat sim tortilgan edi, simlar yo‘g‘onlikda dengizchilarning arqonidan qolishmasdi.
Go‘yo charaqlab shu’la sochib turgan Yulduz – fonusdan maydon uzra to‘qqizta qora nur taralgandek tuyulardi.
Bu mahal Tibul nimalarni o‘ylayotgani bizga ma’lum emas. Balki u mana bunday qarorga kelgandir: «Men yarmarkalarda arqon ustida qanday yurgan bo‘lsam, hozir ham maydon ustidan tortilgan mana bu simdan yurib narigi tomonga o‘taman. Men yiqilmayman. Mana bu sim to‘g‘ri fonusga qarab tortilgan, fonusdan esa maydonning narigi tomonidagi uyga ham sim tortilgan. Agar men shu ikkita sim ustidan yurib o‘tsam, narigi tomondagi uyning tomiga chiqib olaman-u, qutulib ketaman».
Bu payt ofitser to‘pponchani ko‘tarib, Tibulni mo‘ljalga ola boshladi. Tibul tom labidan yurib sim tortilgan yerga yetib keldi, devordan ajradi va sim ustidan fonus tomon yura boshladi.
Olomon hayratga keldi.
Tibul chaqqonlik va ehtiyotlik bilan oyoq qo‘yarkan, qo‘llarini yoygancha chayqalib goh juda sekin yurar, goh birdan chopqillab ketardi. Har bir daqiqada u yiqilib tushayotganday bo‘lardi. Mana, endi uy devorida uning soyasi paydo bo‘ldi. U fonusga yaqinlashgan sari soyasi devor bo‘ylab pastga tusha boshladi va pastga tushgan sari nursizlanib kattalasha bordi.
Uning tagidagi maydon bamisoli jahannamdek chuqurlikda edi.
U fonusga boradigan yo‘lning yarmiga yetganida sukutga cho‘mgan maydonda ofitserning ovozi eshitildi.
– Hozir otaman. U to‘g‘ri hovuzga kelib tushadi. Bir, ikki, uch!
O‘q ovozi gumburladi.
Tibul yo‘lida ketaverdi, lekin ofitser negadir shaloplab hovuzga ag‘anab tushdi.
U o‘lgan edi.
Gvardiyachilardan birining qo‘lidagi to‘pponcha og‘zidan zangori tutun chiqayotgan edi. Ofitserni shu askar otib tashlagan edi.
– Itdan tarqagan! – dedi gvardiyachi. – Sen xalqning do‘stini o‘ldirmoqchi eding. Men bunga yo‘l qo‘ymadim. Yashasin xalq!
– Yashasin xalq! – deya jo‘r bo‘lishdi unga boshqa gvardiyachilar ham.
– Yashasin Uch Baqaloq! – deb baqirisha boshlashdi bularning dushmanlari.
Ular maydonning har tomoniga sochilib ketib, sim dor ustidan ketib borayotgan odamga qaratib o‘q uza boshladilar.
Tibulning fonusga yetishiga ikki qadam qolgan edi. U fonus shu’lasidan ko‘zini to‘sishga harakat qilib, plashini silkitardi. O‘qlar uning yonginasidan vizillab o‘tardi. Olomon xursandligidan qiyqirardi.
– Paq! Puq!
– Tegmadi!
– Ur-ra! Tekkizolmadi!
Tibul, nihoyat, fonus atrofini o‘ragan gardishga o‘tib oldi.
– Mayli! – deb qichqirishardi gvardiyachilar. – U hali narigi tomonga o‘ta boshlaydi… Yana sim ustidan yuradi-ku. Ana o‘shanda uni otib tushiramiz!
Shu payt hech kimning xayoliga kelmagan bir voqea yuz berdi. Fonus yorug‘ida qorayib ko‘rina boshlagan olachipor kiyingan Tibul fonusning temir halqasiga o‘tirib oldi-da, qandaydir bir muruvvatni buradi, nimadir sharaqlab ketdi-yu, shu zahoti fonus o‘chdi-qoldi.
Hech kim bir og‘iz so‘z aytishga ulgurmadi. Maydon endi xuddi yerto‘ladagidek judayam qorong‘i va jimjit bo‘lib qoldi.
Yana bir daqiqadan keyin esa juda-juda balandda yana bir nima taqillab, jaranglab ketdi. Zim-ziyo gumbaz ostida kichkinagina, xiragina chor burchak darcha ochildi. Hamma shu darcha orqali osmonning bir bo‘lagini va ikkita kichkinagina yulduzchani ko‘rdi. Keyin mana shu darchadan qora bir narsa tirmashib chiqdi va shisha gumbaz ustidan kimningdir shipillab o‘tgan oyoq tovushi eshitildi.
Gimnastikachi Tibul Yulduz maydonidan tuynuk orqali qochib ketgan edi.
Otlar otishmadan va to‘satdan qorong‘i bo‘lib qolganidan hurkib ketishdi.
Natijada doktor tushgan izvoshning ag‘darilib ketishiga sal qoldi. Aravakash ot jilovini keskin burib, doktorni orqa ko‘chalardan olib ketdi.
Shunday qilib, doktor Gaspar Arneri g‘ayrioddiy kun va g‘ayrioddiy kechani o‘z boshidan kechirib, nihoyat uyiga qaytib keldi. Uni uy bekasi Ganimed xola ostonada kutib oldi. Xola judayam qattiq hayajonda edi. To‘g‘ri-da: doktor juda uzoq vaqt yo‘q bo‘lib ketgan edi! Ganimed xola kaftlarini bir-biriga urib, oh-voh qilib, boshini sarak-sarak qilgancha derdi:
– Voy, sho‘rim, ko‘zoynagingiz qani? Sinib qoldi? Voy, doktori tushmagur-e! Plashingiz qayoqda qoldi bo‘lmasa? Yo‘qotib qo‘ydingizmi? Oh, oh!..
– Ganimed xola, men yana ikkala poshnamniyam sindirib tashlab keldim…
– Voy, o‘lmasam, bu ko‘rgilik ham bormidi?!
– Bugun undan ham og‘irroq falokat yuz berdi, Ganimed xola: qurolsoz Prosperoni asirga oldilar. Uni temir qafasga solib qo‘yishganmish.
Ganimed xola kunduzgi bo‘lgan voqealardan bexabar edi. U to‘plar gumburini eshitgan, shahar tepasida yong‘in shu’lasini ko‘rgan edi. Qo‘shni xotin unga Sud maydonida yuzta duradgor isyonchilarni qatl etish uchun kundalar yasashayotganini aytgan edi.
– Men judayam qo‘rqib ketdim. Hamma derazalarning qopqalarini yopdim-da, hech qayoqqa chiqmasdan sizni kutib o‘tirdim. Hadeganda kelavermadingiz. Judayam xavotir oldim. Tushlik ovqatingiz sovib qoldi, kechlik taomingiz ham sovidi, sizdan bo‘lsa darak yo‘q....
Tong otib qolgandi. Doktor yotgani hozirlik ko‘ra boshladi.
U o‘rgangan yuzta ilm orasida tarix fani ham bor edi. Uning charm muqovali kattakon daftari bo‘lib, doktor mana shu daftarga yuz bergan muhim voqealar haqida o‘z mulohazalarini yozib borardi.
– Har qanday vaziyatda ham saranjom bo‘lish kerak, – dedi doktor barmog‘ini ko‘tarib.
Shundan keyin, doktor garchi juda qattiq charchagan bo‘lsa ham, o‘sha charm muqovali daftarini olib, stuliga o‘tirdi-da, yoza boshladi:
«Hunarmandlar, konchilar, matroslar – shaharning barcha qashshoq aholisi Uch Baqaloq hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tardi. Gvardiyachilar g‘olib chiqdilar. Qurolsoz Prospero qamoqqa olindi, gimnastikachi Tibul qochdi. Hozirgina Yulduz maydonida bir gvardiyachi o‘z ofitserini otib o‘ldirdi. Bu demak – yaqinda hamma askarlar ham xalqqa qarshi jang qilishdan va Uch Baqaloq hukumatini himoya qilishdan bosh tortadilar. Lekin Tibulning taqdiri xavotirli…»
Shu yerga kelganda doktor orqasidan bir nimaning taqillagani eshitildi. U orqasiga o‘girildi. U yerda kamin pech bor edi. Mana shu kamindan yashil plash kiygan baland bo‘yli bir odam chiqib keldi. Bu gimnastikachi Tibul edi.

IKKINCHI QISM
VALIAHD TUTTINING QO‘G‘IRCHOG‘I

IV BOB
SHARFURUSH AMAKINING AJOYIB SARGUZASHTLARI
Ertasi kuni Sud maydonida ish qaynardi. Duradgorlar u yerga o‘nta kunda qurayotgan edilar. Gvardiyachilardan tuzilgan soqchilar duradgorlar ishini nazorat qilardilar. Duradgorlar esa istar-istamas ishlardilar.
– Kosiblar va konchilar uchun kunda yasashni istamaymiz! – deb g‘azablanishardi ular.
– Ular bizning og‘alarimiz.
– Ular mehnatkash ahliga erk berish uchun jonlarini ham ayamadilar!
– O‘chir ovozingni! – deb baqirardi soqchilar boshlig‘i, uning hayqirig‘i shunchalik dahshatli ediki, baqirganida tikka turgan taxtalar yiqilib tushardi. – Jim bo‘llaring, bo‘lmasa hammangni qamchi bilan savalataman!
Bugun ertalabdan boshlab Sud maydoniga har tomondan odamlar to‘p-to‘p bo‘lib kela boshlagan edi.
Kuchli shamol esib chang-to‘zon ko‘tarildi, osma viveskalar tebranar, g‘ijirlar, shamol odamlarning boshidan shlyapalarini uchirib, irg‘ishlab-irg‘ishlab ketayotgan izvoshlarning g‘ildiraklari ostiga olib kirib ketardi.
Bir yerda shamol quturib alomat voqea yuz berdi: bir amaki shar sotib turgan edi, shamol uni shar-mufaklari bilan osmonga uchirib ketdi.
– Ura! Ura! – deb qichqirishdi bolalar bu antiqa parvozni tomosha qilisharkan. Ular xursand bo‘lganlaridan chapak chalishardi: birinchidan, bu manzaraning o‘zi alomat tomosha edi, ikkinchidan esa bolalar shar sotuvchi amakining osmonga uchib, noqulay ahvolga tushganidan bir qadar xursand edilar. Chunki bolalar bu sharchi amakiga doim hasad bilan qarardilar. Hasad – yomon narsa. Lekin iloj qancha! Qizil, ko‘k, sariq sharlar doim bolalar ko‘ziga juda ham ajoyib bo‘lib ko‘rinardi. Bunaqa sharka ega bo‘lish har qaysi bolaning eng shirin orzusi edi. Bu amakida bo‘lsa, bunaqa sharlar judayam ko‘p edi. Shar sotuvchi amaki umrida o‘zining qizil, ko‘k, sariq, sharlaridan birontasini hatto eng odobli bolagayam, eng yoqimtoy qizchagayam sovg‘a qilmagan edi; shunday qilsa, mo‘jiza sodir bo‘lardi-ya! Holbuki, mo‘jiza bo‘lmaydi-da!
Mana endi u shu toshbag‘irligi uchun jazosini oldi. U sharlari bog‘langan iplarga osilgancha shahar tepasidan uchib borardi. Juda balandda – moviy osmonda uchib borayotgan bu sharlarning g‘ujumlari bamisoli rang-barang bir bosh sehrli uzumga o‘xshardi.
– Voy-dod! – deb qichqirardi shar sotuvchi amaki jonidan umidini uzib, oyoqlarini likillatgancha.
Uning chipta kavushlari oyog‘iga ancha katta edi. U yerda yurgan paytida-ku, kavushlarining kattaligi uncha sezilmasdi-ya. Chunki u kavushlari oyog‘idan tushib qolmasligi uchun xuddi yalqov odamday oyog‘ini sudrab bosardi.
Ammo endi osmonga ko‘tarilganida yerdagi hunarini qo‘llay olmay qoldi.
– Padariga la’nat!
Uning oyoqlari xuddi loy tepayotganday likillardi.
– Padariga la’nat!
Uning boshi uzra bir to‘p shar shamolda silkinib, bir-biriga ishqalanib, g‘ijirlardi.
Axiyri uning oyog‘idan bir poy kavushi tushib ketdi.
Pastda shar sotuvchi amakiga ergashib chopib ketayotgan bolalar buni ko‘rib:
– Qaranglar! Xitoy yong‘og‘i! Xitoy yong‘og‘i! – deb qichqirishardi. Darhaqiqat, uchib tushib kelayotgan kavush xitoy yong‘og‘iga o‘xshab ketardi.
Xuddi shu mahal ko‘chadan raqs o‘qituvchisi o‘tib ketayotgan edi. U juda ham nafosatli bo‘lib ko‘rinardi. Uning bo‘yi uzun, dumaloq boshi mushtumdakkina, oyoqlari esa chillakdek ingichka edi – shunga ko‘ra u yo skripkaga, yo chigirtkaga o‘xshab ketardi. Nayning mungli sadosiga va raqs tushuvchilarning muloyim gaplariga moslangan nazokatli quloqlariga bolalarning quvnoq baqiriq-chaqiriqlari qattiq botdi.
– Baqirmanglar! – dedi u achchig‘lanib. – Baqirish odobdan emas, axir! Odam degan o‘z xursandchiligini nafis va xushohang so‘zlar bilan ifoda qilmog‘i lozim… Xo‘sh, masalan…
U viqor bilan gerdayib turib, gap boshlamoqchi bo‘lgan edi, lekin misol keltirishga ulgirolmadi. Hamma raqs o‘qituvchilari singari u ham asosan pastga, oyog‘i ostiga qarashni odat qilgan edi! Attang! U tepada nima bo‘layotganidan bexabar edi.
Xuddi shu mahal shar sotuvchining kavushi uchib kelib uning boshiga tushdi. O‘qituvchining boshi kichkina edi, shuning uchun kattakon chipta kavush uning boshiga loppa-loyiq shlyapadek kiyilib qoldi.
Bu holdan endi nazokatli raqs o‘qituvchisi ham yalqov ho‘kizlar qo‘shilgan aravaning egasidek baqirib yubordi.
Kavush yuzining yarmini berkitgan edi.
Bolalar qorinlarini ushlagancha qotib-qotib kula boshladilar:
– Ha-ha-ha! Ha-ha-ha!
Raqs muallimi Bir-ikk-uchs
Doim o‘ziga berar g‘alat tus.
Kalamushga ham ketadi o‘xshab,
Eh, uning burni uzun edi zab.
Burni uni ko‘p xijolat qipti
Va chipta kavush o‘sib chiqipti.
Devor boshiga o‘tirib olgan bolalar shunday qo‘shiq to‘qishgan edi, lekin ular payt kelishi bilan devorning narigi tomoniga sakrab tushib juftakni rostlashga shay bo‘lib o‘tirardilar.
– Oh! – deb ingrardi raqs o‘qituvchisi. – Oh, men qanday iztirob chekyapman! Baski, boshimga kavush tushishi yozilgan ekan, mana bu jirkanch, dag‘al chipta kavush o‘rniga hech bo‘lmasa, ballarda kiyiladigan jajji tuflicha tushmaydimi!
Bu voqea nima bilan tugadi deng – raqs o‘qituvchisini qamoqqa olishdi.
– Azizim, – deyishdi unga, – qiyofangiz odamlarda dahshat uyg‘otmoqda. Siz jamoatchilik tinchini buzyapsiz. Bunday ish qilish sira mumkin emas, hozirgi hayajonli damlarda esa mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
Raqs o‘qituvchisi oyog‘i kuygan tovuqday bezovtalanardi.
– Bu qanday ig‘vo! – deb nola qilardi u. – Qanday tuhmat! Men valslar va tabassumlar olamida yashaydigan odamman, axir men skripka sarpardasiga o‘xshagan bir zot bo‘lsam-u, jamoatchilik tinchini buzishim mumkinmi?.. O!..
Shundan keyin raqs o‘qituvchisining holi nima kechgani bizga ma’lum emas. Qolaversa, buning qizig‘i ham yo‘q. Osmonda uchib yurgan shar sotuvchi amakining ahvoli nima kechganini bilish bizga muhimroqdir.
U chiroyli momaqaymoq gulidek uchib borardi.
– Bu qanday bema’nilik! – deb faryod solardi sharfurush. – Uchishni xohlamayman. Chunki uchishni mutlaqo bilmayman…
U qancha dod-faryod qilsa ham, baribir, befoyda edi. Shamol yana kuchaya boshladi. Sharlar g‘uji tobora balandga ko‘tarilardi. Shamol uni shahar tashqarisiga, Uch Baqaloq Qasri tomon uchirib borardi.
Ba’zi-ba’zida shar sotuvchi amaki pastga qarab qo‘yardi. Shunda u cherepitsalari xuddi isqirt tirnoqlarga o‘xshab ketuvchi tomlarni, mahallalarni, ingichka zangori tasmani eslatuvchi anhorni, jimitday-jimitday keladigan odamlarni, ayqash-uyqash bo‘lib ketgan yam-yashil bog‘larni ko‘rardi. Shahar xuddi igna uchiga qo‘ndirilganday sharchining oyog‘i ostida har tomonga aylanardi.
Ahvol borgan sari yomonlasha boshladi. «Yana birozdan keyin Uch Baqaloq bog‘iga borib tushadiganga o‘xshayman!» – deb kapalagi uchib ketdi shar sotuvchining.
Lekin bir zumdan keyin o‘sha bog‘ ustidan ohista salobat bilan chiroyli uchib o‘tib ketdi. Endi u tobora pasayib borardi. Chunki shamol bu payt pasaya boshlagan edi.
«Hademay yerga qo‘nsam kerak. Meni tutib olishadi, rosa boplab po‘stagimni qoqishadi, keyin qamoqqa tashlashadi yo bo‘lmasa, pachakilashib o‘tiramizmi, deb shu zahoti oybolta bilan kallamni chopib tashlashadi».
Shar sotuvchini hech kim ko‘rmadi. Faqat daraxt shoxiga qo‘nib o‘tirgan bir gala qushlar uning sharpasidan cho‘chib ketib, «gur» etib har tomonga uchib ketishdi, G‘uj bo‘lib uchib borayotgan rang-barang sharlardan yerga xuddi bulutlardan tushgandek nozik soya tushardi. Bu kamalakrang nafis soya shag‘al to‘kilgan yo‘lkadan, gulpushta ustidan, g‘oz mingan bola haykali va postda turib uxlab qolgan gvardiyachi soqchi ustidan lip etib o‘tib ketdi. Xuddi mana shu paytda mudroq gvardiyachining yuzida mo‘jizali o‘zgarishlar yuz berdi. Avvaliga uning burni o‘liknikidek ko‘kardi, keyin masxaraboznikidek yashil tusga kirdi va nihoyat mast odamnikidek qizardi.
Mash’um daqiqa yetib kelayotgan edi: sharlar qasrning ochiq derazalari tomon uchib borar edi. Shar sotuvchining shu derazalardan birontasiga xuddi pardek uchib kirishiga shubhasi qolmagan edi.
Xuddi shunday bo‘ldi ham.
Shar sotuvchi amaki derazadan ichkariga uchib kirdi. U qasr oshxonasining derazasi ekan. Bu shirapazlik xonasi ekan.
Bugun Uch Baqaloq Qasrida kechagi isyonning muvaffaqiyatli bostirilishi munosabati bilan tantanali nonushta ziyofat berilishi mo‘ljallangan edi. Bu nonushta tugagach Uchala Baqaloq ham, Davlat kengashining hamma a’zolari ham, mulozimlaru hurmatli mehmonlar ham Sud maydoniga borishlari kerak edi.
Do‘stlarim, Qasrning shirapazlik xonasiga kirish hamma uchun ham juda qiziqarli. Negaki, Baqaloqlar shirinlik taomlar mazasiga yaxshi tushunishardi. Buning ustiga yana hozir favqulodda hodisa ro‘y berayotgan edi. Tantanali nonushta! Saroy oshpazlari bilan qandolatpazlari bugun qanday antiqa taomlar hozirlashganini o‘zingiz tasavvur qilishingiz mumkin.
Shar sotuvchi amaki shirapazlik xonasiga uchib kirdi-yu, bir vaqtning o‘zida ham dahshat, ham hayratdan hang-mang bo‘lib qoldi. Beparvo uy bekasi deraza oldiga qo‘ygan tortga uchib kelgan ari ehtimol, xuddi shunday dahshat va hayratga tushsa kerak.
Shar sotuvchi amaki bu xona ichida atigi bir daqiqagina uchib yurdi; u hech nimani yaxshilab ko‘rib ulgurmadi ham. Avvaliga u o‘zini qandaydir ajib qushlar makoniga tushib qolganday his qildi, uning nazarida go‘yo janubiy o‘lkalardan keltirilgan rang-barang qimmatbaho qushlar chug‘urlasha, sayrasha, chaqchaqlashayotganday edi. Yana bir zumdan keyin esa unga bu yer qushlar qafasi emas, ezilib shirasi oqib yotgan tropik o‘lka mevalariga liq to‘la meva do‘koni bo‘lib tuyuldi. Uning dimog‘iga kishini sarxush qilgudek shirin narsalarning xushbo‘y, hidi kirdi; dim va issiq havodan uning nafasi qaytib ketdi.
Shu zahotiyoq hamma narsa: antiqa qushlar qafasi ham, meva do‘koni ham bir-biriga qorishib omixta bo‘lib ketdi.
Shar sotuvchi amaki birdan «tap» etib bilqillab turgan issiqqina bir narsaga o‘tirib qoldi. Lekin sharlarni qo‘lidan qo‘yib yubormadi – shar bog‘langan iplarni mahkam ushlab olgan edi. Endi sharlar uning boshi uzra qimir etmay turib qoldilar.
Sharfurush ko‘zlarini chirt yumib oldi-da, o‘lsa ham ochmaslikka qaror qildi.
«Endi hammasiga tushundim, – deb ko‘nglidan o‘tkazdi u, – bu yer qush qafasi ham, meva do‘koni ham emas ekan. Bu qandolatxona. Men bo‘lsam kattakon tortga botib o‘tiribman!»
Aslida ham xuddi shunday edi.
U shokolad, apelsin, anor, krem, sukat[6 - Sukat – shakarlangan meva.], qand upasi va murabbolar saltanatida, rang-barang xushbo‘y shirinliklarning sultonidek taxtda o‘tirardi. Taxt esa tort edi.
U hamon ko‘zini chirt yumib o‘tirardi. U qattiq g‘alva ko‘tarilishini, to‘s-to‘polon bo‘lishini kutar va halitdan har qanday azobga ham rozi bo‘lib qo‘ygan edi. Lekin mutlaqo kutilmagan voqea yuz berdi.
– Tort rasvo bo‘ldi, – dedi kichkina qandolatpaz jiddiy va ma’yus ohangda.
Keyin oraga sukut cho‘kdi. Faqat kastryulda qaynayotgan shokolad betidagi sharchalarning po‘killab yorilgani eshitilardi.
– Endi nima bo‘ladi? – deb pichirladi o‘zicha ko‘zlarini chirt yumib o‘tirgan sharfurush, qo‘rqqanidan uning nafasi og‘ziga tiqilib qolgan edi.
Uning yuragi xumchadagi chaqa-tangalarday irg‘ishlardi.
Bosh qandolatpaz ham jiddiy ohangda:
– Hech nima qilmaydi! – dedi. – Mehmonlar tortilgan ovqatni yeb bo‘lishdi. Yana yigirma daqiqadan keyin tortni ham olib kirsak bo‘ladi. Rang-barang sharlar va osmondan tushgan manavi muttahamning ovsar basharasi bu bayram torti uchun ajoyib bezak bo‘ladi, Qandolatpaz shu gapni aytib bo‘lib:
– Kremni olib kelinglar! – deb baqirdi.
Shu zahotiyoq krem hozir bo‘ldi.
– Bu qanday narsa edi?
Uchta qandolatpaz va yigirma nafar shogird bola yeng shimarishib sharfurush amaki ustiga tashlanishdi; ular Uch Baqaloqdan eng baqalog‘ining maqtoviga sazovor bo‘ladigan darajada g‘ayrat va shijoat bilan ishlay boshladilar.
Bir zumda sharfurushning hammayog‘ini o‘rab olishdi. Bechora haliyam chirt yumgan ko‘zlarini ochmasdan o‘tirardi, u hech nima ko‘rmas edi-yu, ammo bo‘layotgan ish nihoyatda mudhish ekanligini sezayotgan edi. Uning hammayog‘iga krem chaplab tashlashdi. Qorniga dastorgul surati solingan choynakka o‘xshab ketuvchi yalpoq basharasigina kremga ko‘milmay ochiq qolgan edi. Qolgan hammayog‘i pushti rang tusda chiroyli bo‘lib tovlanuvchi oq krem bilan chaplab tashlangan edi. Chipta kavushini yo‘qotganday, o‘z qiyofasini ham butkul yo‘qotgan bu sharfurushni hozir har nimaga o‘xshatsa ham bo‘laveradi.
Agar uni shoir ko‘rsa, qanotlari oppoq oqqushga, kirchi xotin ko‘rsa, olamjahon sovun ko‘pigiga, sho‘x bola esa qorboboga o‘xshatgan bo‘lardi.
Tort tepasida sharlar g‘uj bo‘lib turardi. Bezaklar nihoyat darajada antiqa edi, lekin buning hammasi bir yo‘la juda qiziq manzara kasb etgandi.
– Ha, – deb qo‘ydi bosh qandolatpaz, xuddi o‘zi ijod etgan suratdan zavqlanayotgan rassomdek.
Keyin uning ovozi boyagidek yana darg‘azab yangradi:
– Sukatlarni olib kelinglar!
Har xil shakldagi alvon-alvon sukatlar paydo bo‘ldi: ular sal achchiqroq, vanilli, nordon, uchburchak, yulduz, gul shaklida edilar.
Oshpaz bolalar jonlarini jabborga berib ishlardilar. Bosh qandolatpaz uch marta chapak chalib ulgurmasidan, butun tort va krem uyumining hammayog‘i sukatlar bilan qoplanib bo‘ldi.
– Tayyor bo‘ldi, – dedi bosh qandolatpaz. – Endi uni pechga tiqib, sal-pal qizartirib olsak ayni muddao bo‘ladi.
«Pechga! – deya hayratga keldi sharfurush ichida. – Nima? Qanaqa pechga? Meni pechga tiqishmoqchimi?»
Lekin shu mahal bu yerga xizmatkorlardan biri yugurib kirdi.
– Tort! Tortni beringlar! – deb baqirdi u. – Darhol tortni olib chiqinglar! Mehmonlar shirinlikni kutib qolishdi.
– Tayyor! – deb javob qildi bosh qandolatpaz.
«Xudoga shukur-e», dedi ichida sharfurush. Shundan keyin, u ko‘zini xiyolgina suzib ochdi.
U botib o‘tirgan bahaybat tortni livreya[7 - Livreya – burjua mamlakatlarida xizmatkorlar kiyadigan uqa taqilgan maxsus kiyim.] kiygan oltita xizmatkor ko‘tarib olib chiqa boshladi. Shar sotuvchi bu xonadan uzoqlasharkan, shogird bolalarning ustidan xaxolab kulisha boshlaganini eshitdi.
Keng zinadan uni yuqori qavatga ko‘tarib olib chiqishdi. Mehmonlar o‘tirgan zal uning ko‘ziga shu yerda namoyon bo‘ldi. Shar sotuvchi yana bir zumgina ko‘zlarini yumib oldi. Zal odamlar bilan gavjum edi, hammaning vaqti chog‘. G‘ovur-g‘uvur ovozlar, qahqaha, qarsakbozliklar eshitilardi. Ko‘rinishidan, tantanali nonushta juda yaxshi uyushtirilgan edi.
Sharfurushni, yoki aniqroq qilib aytganda, tortni zalga olib kirib, stol ustiga qo‘ydilar.
Shunda sharfurush ko‘zini ochdi.
Uning ko‘zi birinchi navbatda Uch Baqaloqqa tushdi.
Ular shunaqangi semiz edilarki, buni ko‘rgan sharfurushning og‘zi lang ochilib qoldi.
«Darhol og‘zimni yumib olishim kerak, – shu choq degan fikr uning miyasiga keldi, – hozirgi ahvolimda yaxshisi, o‘zimning tirik ekanligimni sezdirmaganim ma’qul».
Lekin – afsus, uning og‘zi hech yumilmadi. Bu hol ikki daqiqa davom etdi. Keyin sharfurushning ajablanishi biroz kamaydi va axiyri o‘zini zo‘rlab og‘zini yumib oldi. Lekin og‘zi yumilgan zahoti birdan ko‘zlari yalt etib ochilib ketdi. U zo‘r qiyinchilik bilan navbatma-navbat goh og‘zini, goh ko‘zini yumib, nihoyat o‘zining sinchkovligiga butkul chek qo‘ydi.
Baqaloqlar zalning to‘rida boshqalardan balandroq yerda o‘tirishardi.
Ular hammadan ko‘p ovqat yeyishardi. Bir mahal ulardan bittasi hatto sochiqni ham yamlab yeya boshladi.
– Siz sochiqni yeyapsiz…
– Nahotki?! Berilib ketibman…
U sochiqni tashlab, shu onning o‘zida Uchinchi Baqaloqning qulog‘ini chaynashga kirishdi. Nega desangiz, uning qulog‘i chuchvaraga judayam o‘xshab ketardi.
Hamma qotib-qotib kula boshladi.
– Hazilni qo‘yaylik, – dedi Ikkinchi Baqaloq, qo‘lidagi vilkani yuqori ko‘tarib. – Oldimizda jiddiy masala turibdi. Tort olib kelishdi.
– Ur-ra!
Hammaga jon kirdi.
«Bu yog‘i qandoq bo‘larkin? – degan savol qiynardi sharfurushni. – Nima bo‘larkin? Ular meni yeb yuborishadi!»
Shu payt soat ikkiga zang urdi.
– Yana bir soatdan keyin Sud maydonida qatl boshlanadi, – dedi Birinchi Baqaloq.
– Birinchi navbatda qurolsoz Prosperoni qatl qilishsa kerak, albatta? – deb so‘radi hurmatli mehmonlardan biri.
– Uni bugun qatl qilmaydilar, – deb javob qildi Davlat kansleri.
– Nega? Nega? Nima uchun?
– Biz hozircha uni o‘ldirmaymiz. Biz undan isyonchilarning rejalarini, eng asosiy fitnachilarning nomlarini bilib olmoqchimiz.
– Hozir qayerda u?
Bu yerga to‘plangan butun jamoani Prospero haqidagi gap qiziqtirib qo‘ygan edi, odamlar hatto tort kelganini ham unutib qo‘yishdi.
– U boyagi-boyagi temir qafasda o‘tiribdi. Qafas shu yerda, qasrda, valiahd Tuttining hayvonotxonasiga qo‘yilgan.
– Bu yoqqa chaqiring uni…
– Bu yoqqa olib chiqing uni! – deb qichqira boshlashdi mehmonlar.
– Darhaqiqat, – dedi Birinchi Baqaloq. – Mayli, mehmonlarimiz o‘sha vahshiy hayvonni o‘z ko‘zlari bilan yaqindan ko‘rsinlar. Hammalaringizni hayvonotxonaga taklif qilgan bo‘lar edim-u, lekin u yerda hayvonlarning bo‘kirishi, chiyillashlaridan quloqlaringiz kar bo‘ladi, undan keyin, u yer sassiq. Aytmoqchimanki, qadahlar jarangi-yu, shirin mevalar hididan ancha badbo‘yroq-da.
– Albatta! Albatta! Hayvonotxonaga tushmaganimiz ma’qul.
– Yaxshisi, Prosperoni shu yerga olib kelishsin. Biz tort yeb o‘tirib, o‘sha maxluqni tomosha qilamiz.
«Obbo, yana tort! – cho‘chib ketdi sharfurush. – Albatta, yeyish kerak ekanmi shu tortni… Mechkaylar!»
– Prosperoni bu yoqqa olib keling, – dedi Birinchi Baqaloq.
Davlat kansleri zaldan chiqdi. Ikki tomonda qator tizilishib turgan xizmatkorlar orqaga tisarilishib, unga ta’zim qilishdi. Natijada yo‘lak devorlari ikki hissa pasayib ketdi. Mechkaylar jim bo‘lib qolishdi.
– U judayam qo‘rqinchli, – dedi Ikkinchi Baqaloq. – U hammadan kuchli. U hatto sherdan ham kuchliroq. Uning nafratli ko‘zlari o‘t bo‘lib yonadi. Unga tikilib qarashga hech kimning yuragi dov bermaydi.
– Uning kallasi judayam vahimali, – dedi Davlat kengashining kotibi. – Naq xumday keladi. Ustun ravoqiga o‘xshaydi. Sochi mallarang, ko‘rgan odam uning boshi alanga olib yonyapti deb o‘ylashi mumkin.
Endi, qurolsoz Prospero haqida gap ochilganidan keyin mechkaylarning ko‘ngli bir xil bo‘lib ketdi. Ular ovqat yeyishdan to‘xtashdi, hazil-huzulga, shang‘illab gapirishga barham berishdi, qorinlarini ichiga tortib olishdi, ba’zilarining hatto rangi o‘chib ketdi. Ko‘pchilik mehmonlar endi Prosperoni ko‘rish istagini bildirganlaridan afsuslanayotgan edilar.
Uchala Baqaloq jiddiy tus oldi, hatto xiyolgina ozganday ham bo‘ldi.
Birdan hamma sukutga toldi. Hamma yoq suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi. Baqaloqlarning har biri, go‘yo ikkinchisining orqasiga bekinmoqchi bo‘layotganday g‘imirlay boshladi.
Zalga qurolsoz Prosperoni olib kirdilar.
Oldinda Davlat kansleri kelardi. Mahbusning ikki yonida esa qilich yalang‘ochlab gvar diyachilar kirdi, ular zalga kirishganda ham qora kleyonkadan tikilgan shlyapalarini yechmadilar. Zanjir sharaqladi. Qurolsozning qo‘llariga kishan solingan edi. Uni stolga yaqin olib kelishdi. U Baqaloqlardan bir necha qadam narida to‘xtadi.
Qurolsoz Prospero boshini pastga egib turardi. Uning rangi o‘chgan edi. Uning peshonasida, chakkalarida va patila-patila bo‘lib ketgan malla sochlari ostida qon qotib qolgan edi.
Mana, u boshini ko‘tarib Baqaloqlarga tikilgan edi, shu yerga yaqin stollarda o‘tirgan hamma odamlarning hushi uchib ketdi.
– Nega olib keldingiz uni bu yerga? – deb chiyilladi mehmonlardan biri. Bu – mamlakatda eng badavlat tegirmonchi edi. – Men undan qo‘rqaman!
Shu gapni aytib turib, tegirmonchi hushidan ketib, oldida turgan kiselga tumshug‘i bilan tushdi. Ba’zi mehmonlar eshik tomonga qocha boshladilar. Endi tort hech kimning ko‘ngliga sig‘may qolgan edi.
– Mendan nima istaysizlar? – deb so‘radi qurolsoz.
Birinchi Baqaloq yurak yutib gap boshladi:
– Biz nusxangni bir ko‘rmoqchi bo‘luvdik, – dedi u. – O‘zing-chi, meni qo‘lga olganlar kim ekan, deb qiziqmadingmi?
– Sizlarga qarashdan jirkanaman.
– Hademay boshingni tanangdan judo qilamiz. Ana o‘shanda bizga qaramaydigan bo‘lasan – biz bunga kafilmiz.
– Men o‘limdan qo‘rqmayman. Mening boshim bitta. Lekin xalqning yuz minglab boshi bor. U boshlarni oyboltangiz bilan chopa olmaysiz.
– Bugun Sud maydonida qatl bo‘ladi. U yerda jallodlar sening do‘stlaringni gumdon qilishadi.
Mechkaylarning ko‘ngli biroz taskin topdi. Tegirmonchi hushiga keldi va hatto yuziga yopishgan kisel yuqini tili bilan yalab ham oldi.
– Ko‘zingizni yog‘ bosgan, – derdi Prospero. – Sizlar o‘z qorinlaringizdan boshqa qech nimani ko‘rmaysizlar…
– Gapini qarang-a! – dedi ranjigan ohangda Ikkinchi Baqaloq. – Xo‘sh, bizlar nimani ko‘rishimiz kerak ekan?
– Ministrlaringizdan so‘rang. Mamlakatda nimalar bo‘layotganini ular yaxshi bilishadi.
Davlat kansleri noaniq tomoq qirib qo‘ydi. Ministrlar o‘z likoplarini barmoqlari bilan do‘mbira qilib chala boshladilar.
– So‘rang ulardan, – deb gapida davom etdi Prospero, – ular aytib berishadi sizga…
U gapini tugatmay to‘xtadi. Hamma qulog‘ini ding qilib turardi.
– Ular sizga hammasini aytib beradilar: siz dehqonlarning ter to‘kib, og‘ir mashaqqat chekib uidirgan g‘allalarini tortib olgan edingiz, mana shu dehqonlar hozir katta yer egalariga qarshi isyon ko‘tarmoqdalar. Ular xo‘jayinlarining qo‘rg‘onlariga o‘t qo‘yadilar, ularni mulklaridan quvib chiqaryaptilar. Konchilar ko‘mir qazishdan bosh tortyaptilar, chunki qazib chiqarilgan ko‘mirni sizlar tortib olasiz. Ishchilar, sizlarning boyligingizni oshirish uchun ishlashdan voz kechib, mashinalarni sindiryaptilar. Matroslar sizlarning yuklaringizni dengizga uloqtiryaptilar. Askarlar sizlarga xizmat qilishdan bosh tortyaptilar. Olimlar, xizmatchilar, sudyalar, aktyorlar xalq tomoniga o‘tyaptilar. Ilgari sizning xizmatingizni qilib, xizmati evaziga faqat sariq chaqa olgan, lekin, ayni paytda, sizlarni semirtirgan, hamyoningizni qappaytirgan mana shu baxti qaro, sho‘rpeshona, och yalang‘och, ozib cho‘p bo‘lgan yetim-yesir, mayib-majruh, qashshoqlar – hammalari sizlarga qarshi, qorni katta, toshbag‘ir boylarga qarshi urush ochib bosh ko‘taryaptilar.
– Nazarimda, ancha ortiqcha gapirib yubordi bu jinoyatchi, – deb gapga aralashdi Davlat kansleri.
Lekin Prospero gapida davom etdi:
– Men xalqimizga sizlardan va sizlarning hokimiyatingizdan nafratlanishni o‘n besh yildan beri o‘rgatib kelaman. O, bizlar juda ko‘pdan buyon kuch yig‘ib kelamiz! Mana, endi sizlarning kuningiz bitdi…
– Bas! – chiyilladi Uchinchi Baqaloq.
– Uni tezroq qafasiga olib borib tiqish kerak, – dedi Ikkinchi Baqaloq.
Birinchi Baqaloq bo‘lsa:
– To biz gimnastikachi Tibulni qo‘lga olmagunimizcha, sen qafasda yota turasan. Biz ikkovingni birga qatl etamiz. Xalq senlarning jasadlaringni ko‘radi. Ana shunda uning biz bilan jang qilish ishtiyoqi uzoq vaqtgacha daf bo‘lib ketadi.
Prospero jim turardi. U yana boshini egib olgan edi.
Baqaloq gapida davom etdi:
– Sen kim bilan jang qilmoqchi bo‘layotganingni unutib qo‘yibsan. Biz, Uch Baqaloq kuchli va qudratlimiz. Hamma narsa bizning ixtiyorimizda. Men, Birinchi Baqaloq butun mamlakatimizda unadigan g‘allaning xo‘jayini bo‘laman. Ikkinchi Baqaloqqa butun ko‘mir konlari qaraydi, Uchinchi Baqaloq esa hamma temirlarni sotib olgan. Biz hammadan boyroqmiz. Mamlakatdagi eng badavlat odam ham bizdan yuz chandon kambag‘alroqdir. Biz o‘z oltinlarimizga xohlagan narsalarni sotib olishimiz mumkin.
Shundan keyin hamma mechkaylarning jazavasi tutib ketdi. Baqaloqning gaplari ularga dalda bo‘lgan edi.
– Qafasga tashlash kerak uni! Qafasga, – deb qichqira boshlashdi ular.
– Hayvonlar ichiga!
– Qafasga!
– G‘alamis!
– Qafasga tiqish kerak!
Prosperoni olib chiqib ketishdi.
– Endi tort yeymiz, – dedi Birinchi Baqaloq.
«O‘ldim!» – dedi ichida sharfurush.
Hamma ko‘zini unga tikdi. U ko‘zini yana yumib oldi. Mechkaylar vaqtichog‘lik qila boshlashdi.
– Ho‘-ho‘-ho‘!
– Ha-ha-ha! Qanday ajoyib tort-a! Tepasida sharlari ham bor!
– Sharlar judayam chiroyli.
– Anavi nusxaga qarang!
– Antiqa nusxa.
Hamma tort sari yurdi.
– Manavi tasqaraning ichi nima ekan? – deb so‘radi kimdir va sharfurushning peshonasiga og‘ritib bir chertdi.
– Ichi to‘la konfet bo‘lsa kerak.
– Yo shampan vinosidir…
– Juda qiziq! Juda qiziq!
– Kelinglar, oldin mana bu boshni uzamiz, ko‘raylik-chi, nima bo‘larkin…
– Voy!
Sharfurush og‘riqqa chiday olmay, aniq qilib: «Voy!» deb yubordi va ko‘zlarini katta ochdi.
Uning boshi ichida nima borligini bilishga qiziqqanlar cho‘chib ketib, orqaga tashlandilar. Xuddi shu payt rovondan bir bolaning baralla chinqirgani eshitildi:
– Qo‘g‘irchoq! Mening qo‘g‘irchog‘im!
Hamma o‘sha yoqqa o‘girilib, quloq sola boshladi. Hammadan ham Uchala Baqaloq bilan Davlat kansleri ko‘proq bezovta bo‘la boshlagan edi.
Chinqiriq yig‘iga aylandi. Rovonda bir bola negadir xun bo‘lib, ho‘ngrab yig‘lardi.
– Nima gap? – deb so‘radi Birinchi Baqaloq. – Axir bu yig‘layotgan valiahd Tutti-ku!
– Valiahd Tutti yig‘layapti! – deb bir ovozdan takrorlashdi Ikkinchi va Uchinchi Baqaloqlar.
Keyin uchovlarining ham ranglari o‘chib ketdi. Ular judayam qo‘rqib ketishgan edi.
Davlat kansleri, bir nechta Ministr va xizmatkorlar rovonga chiqadigan yo‘lak sari otildilar.
– Nima gap? Nima bo‘ldi? – deya pichirlasha boshlashdi zalda o‘tirganlar.
Bola moylangan tuflisini yaltillatib zalga yugurib kirdi. U Ministrlar va xizmatkorlarni turtib, o‘ziga yo‘l ochib, sochini silkitgancha baqaloqlar oldiga chopqillab bordi. U ho‘ng-ho‘ng yig‘lab bir nimalar derdi, ammo gapini hech kim tushunmasdi.
«Bu tirrancha hozir meni ko‘rib qoladi! – deb xavotirlana boshladi sharfurush. – Mening nafas olishimgayam, hatto, barmoqlarimni harakat qilishigayam xalaqit qilayotgan shu yaramas krem, albatta, bu bolaga yoqib qoladi hozir. Endi, bola yig‘lamasin deb, albatta, tovonimni qo‘shib bir bo‘lak tort kesib berishadi unga».
Lekin bola tortga hatto qayrilib ham qaramadi. Hatto sharfurushning dum-dumaloq boshi uzra turgan ajoyib sharlar ham bolaning diqqatini tortmadi.
U achchiq-achchiq yig‘lardi.
– Nima gap o‘zi? – deb so‘radi Birinchi Baqaloq.
– Nega valiahdimiz Tutti yig‘layapti? – deb so‘radi Ikkinchi Baqaloq.
Uchinchi Baqaloq esa tumshayib lunjlarini shishirdi.
Valiahd Tutti o‘n ikki yoshda edi. U Uch Baqaloqlar qasrida tarbiyalanardi. U xuddi kichkina shahzodadek yashardi. Baqaloqlar o‘zlari uchun voris o‘stirayotgan edilar. Ularning bolalari yo‘q edi. Uchta Baqaloqning butun mol-davlati hamda mamlakatni idora qilish keyinchalik shu valiahd Tuttining qo‘liga o‘tishi kerak edi.

Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/book/uriy-olesha/uch-bak-alok-69918430/chitat-onlayn/?lfrom=390579938) на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.

notes

1
She’rlarni M.Mirzayev tarjima qilgan.

2
O‘limga mahkum etilgan odamning boshini chopish uchun qo‘yilgan to‘nka.

3
Bo‘yi pakana ov iti.

4
Chepets – ayollarning bosh kiyimi.

5
Shpor – otliq askarlar otning biqiniga niqtash uchun etik poshnasiga taqadigan temir tepki.

6
Sukat – shakarlangan meva.

7
Livreya – burjua mamlakatlarida xizmatkorlar kiyadigan uqa taqilgan maxsus kiyim.
Уч бақалоқ Юрий Олеша
Уч бақалоқ

Юрий Олеша

Тип: электронная книга

Жанр: Книги для детей

Язык: на узбекском языке

Издательство: Kitobxon

Дата публикации: 29.04.2024

Отзывы: Пока нет Добавить отзыв

О книге: Yuriy Karlovich Olesha (1899 – 1960)ning bolalar uchun yozgan "Uch baqaloq" ertak-romani jahon xalqlari tillariga tarjima qilingan. Shu kitob asosida yaratilgan balet, kinofilm million-million tomoshabinlarning sevimli sanat asarlariga aylangan. Har avlod yoshligida bu kitobni zavq bilan qoliga oladi, maroq bilan oqib chiqadi. Zulm, istibdod, haqsizlik avj olgan Uch Baqaloq mamlakatining mehnatkashlari do-nishmand doktor Gaspar, mohir dorboz Tibul, mard qurolsoz Prospero, tadbirkor qizaloq Suok kabi qahramonlar bilan birgalikda boyonlar saltanatiga qarshi bosh kotaradilar va galaba qiladilar. Ana shu jang-u jadallar ertak janriga xos qiziqarli syujet ipiga tizilgan garoyib sarguzasht va voqealar orqali hikoya qilinadi.

  • Добавить отзыв