Амир Темур севган юрт

Амир Темур севган юрт
Хаким Сатторий

Hakim Sattoriy
Amir Temur sevgan yurt

1. TAVOF

CHINOR KUNLAR

(«Amir Temur o‘tgan yo‘llar bo‘ylab» safar, 1-bosqich, 1991-yil, 1–20-avgust)
Zulmat ortidan yorug‘lik kelishi – qonuniy, shubhasiz, bu safargi tong ham hech kimni ajablantirmadi. Albatta, qat’iy belgilab qo‘yganimdek, nonushta qildim va taranglikdan yorilay deb turgan kichkina safar xaltamni ortmoqlab yo‘lga tushdim. Har kuni sumkachamni o‘ynatgancha uydan chiqardim. Bugun esa… Hovliga tushishim bilan bahri-dilim ochilib, g‘o‘dayib ketdim, go‘yo ulkan vazifani ado etishga ketayotgandek edim. Trolleybusda ham ancha sirli tuyulgan bo‘lsam kerak, to‘ladan kelgan, qo‘ng‘irsoch juvon qiziqib gap qo‘shdi, suhbatimiz qo‘r olib, metrogacha chakagimiz tinmadi. Unga ekspeditsiyaga, 20 kunga ketayotganimni ham aytib o‘tdim.
Matbuot saroyi oldida xiyla odam to‘plangan, qoplar, sandiqlar ham bor. Hamrohlarimni g‘ira-shira taniyman. Kelishilganidek, televideniye muxbiri Sadriddin kutib turgan ekan. Bu haqda bilardim.
Mikrofonga qarab ancha kalovlandim, chunki hayajonlanayotganim aniq edi, oxirida o‘zimni bosib olib, vazifalar haqida puxta gapirdim. Yo‘lga tushish tadorigi bir oz cho‘zildi, aytmoqchi, hali avtobusimiz ham yetib kelmabdi.
Qisqagina kuzatish marosimi bo‘ldi. Unda respublika yoshlar tashkilotining sarkotibi, faxriy jurnalist, mashhur shoir va’z aytib, safarga muvaffaqiyat tiladi. Avtobus ham tayyor. Kino, foto, video apparatlar ishlatilmoqda. Suratchi yuk ko‘tarib olgan sayyohdan kuzatuvchi bilan quchoqlashib, ro‘znoma uchun maxsus suratga tushishni iltimos qildi. Qiyofa jiddiy, bir oz ma’yus bo‘lsa ham mayli, axir… qaytib kelmaslik-da mumkin. O‘rindiqlariga yashil niqob qoplangan avtobus liq to‘ldi, orqada shift bo‘yi qilib ko‘rpa-to‘shaklar taxlangan, salonda oziq-ovqatlar, plyonkalar va boshqa lash-lushlar joylashgan yashiklar, qoplar.
Zangiotagacha hamroh bo‘lib borayotgan kuzatuvchilar ham bor. Rustaveli ko‘chasi bilan shahardan chiqib ketdik.
Shunday qilib, safar boshlandi. Uning qanday davom etishi, tugashi haqida biror narsa deyish qiyin. Hozir bu haqda o‘ylayotganim ham yo‘q. Deyarli bir yil shu g‘oya bilan yashadim. Mavridi kelib, bu haqda bosh qotirsam, hozirgidan battar sarosimaga tushib qolardim. Birinchi maqolani taskin bo‘lar, deb, tez va shavq bilan yozdim. Uni tayyor holida ancha olib yurdim, negaki, biror muharrirning iltifot ila qabul qilishiga ishonmasdim. Katta hamkasblar bilan maslahatlashdim, nihoyat, noyabr oyida uni Amirqulga (u yoshlar gazetasining ijodkorlar bilan ishlash bo‘limida xizmat qilardi) topshirdim. Maqolaga «Amir Temur izlari bo‘ylab yoshlar yurishi o‘tkazilsa, yo‘l og‘ir bo‘ladimi?» deya uzun sarlavha qo‘ygandim. U tahririyat papkasida uzoq turib qoldi. Bu orada yil oxirlab borar, yangi rejalar tuzilayotgan edi. O‘rtoqlar bilan maslahatlashib, xayrli ishni yangi yildan boshlashga qaror qildik. Muvaffaqiyatdan umid kam esa-da, nima bo‘lganda ham maqolaning chiqishini juda istardim. Uning sarlavhasi bir oz o‘zgarib bosildi. (Quyida o‘sha maqola aynan keltiriladi).

SOHIBQIRON O‘TGAN YO‘LLAR BO‘YLAB

yoshlar yurishi uyushtirilsa, safar og‘ir bo‘ladimi?
Biz mustamlaka azoblaridan qutulib, o‘zligimizni bir oz anglash sari intilayapmiz. Go‘yo ulkan charxpalakni tinimsiz aylantirishga mahkum etilgan bandi arqonlardan xalos bo‘lib, nafas rostladi-da, deyarli ilk bor: «O‘zi, mening ajdodim kim edi? Nahot ular ham boyning arig‘iga suv tortish bilan mashg‘ul bo‘lib, dunyodan o‘tgan bo‘lsa?!» deya mulohaza qilayotgandek bo‘layapti. Garchi amaliy ish gapdan kam bo‘lsa-da, shunisiga ham shukr qilasan, kishi. Axir kechagina qo‘llarga emas, til-zabonlarga ham kishan solingan edi-ku. Bunday ro‘shnolik rag‘bat uyg‘otadi.
Xalqimiz o‘tmishi, purviqor bobolarimiz bilan qanchalik faxrlanmaylik, biz ularga loyiq bo‘lmasak, bu xufiyona iftixor mushukning «Biz ham yo‘lbarslar avlodidanmiz» qabilidagi maqtanchoqligiga o‘xshab qoladi. Millatdoshlarimizning o‘zligini tanish uchun qilgan amaliy ishi shu bo‘ldiki, biz bobolarimiz qalam surgan alfavitni o‘rgana boshladik. Bilmadim, hazrat Alisher Navoiyni qachon to‘liq o‘qiymiz? Yoki ulug‘ Abdulla Qodiriy tilsimoti qachon har bir o‘zbekka to‘la yetib boradi?
Jumladan, Amir Temur haqida cho‘chib, qimtinib gapira boshlashdi. Ta’riflaganda esa «murakkab shaxs», «O‘rta Osiyo tarixida o‘chmas iz qoldirgan» kabi hammabop sifatlashlar ishlatilmoqda. Holbuki, jahon afkor ommasining e’tirof etishicha, Amir Temur buyuk shaxs, u dunyo xalqlari tarixining davrlar quyuni mahv eta olmaydigan o‘lmas qoyalaridandir. Bizlar Temurga vatandoshligimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi. Biroq hozirgacha bu «faxr» buyuk jahongirning ruhini bezovta qilish – uning qabrini ochishdan nariga o‘tgani yo‘q, aksincha, uyalmay-netmay «mustabid feodal», «qonxo‘r» kabi la’natlar osib kelindi, hatto uni «o‘zbeklarga daxli yo‘q» deguvchi po‘k olimlar ham topildi.
Mayli, har kimning bilgani o‘ziga. Men Amir Temur nomini qadrlovchi kishilarni amaliy harakatga taklif etmoqchiman. Ma’lumki, Temurning o‘smirlik yillari, Movarounnahr taxtini egallashgacha bo‘lgan hayoti jang-u jadallarga, keskin voqealarga boy bo‘lgan. Hayoti turli tarzda kechgan. Goh kichik-kichik to‘dalarga qo‘shilib, tog‘-toshlarni kezgan, goh qurol va lashkar to‘plash ilinjida to‘qnashuvlarga borgan. Bu voqealarning asosiy qismi Shahrisabz atroflarida, Hisor tog‘ tizmalari orasida bo‘lib o‘tgan. Hozir ham bu joylarda o‘sha suronli yillarni eslatib turuvchi obidalarning vayronalari saqlanib qolgan, tepaliklar, g‘orlar, soy-daryolar voqea ishtirokchilari (xususan, Amir Temur) nomi bilan ataladi. Xalq orasida to‘qilgan qo‘shiqlar, afsonalar tildan-tilga o‘tib, hamon aytilib kelinadi. Xullas, yillar xotirasi xuddi uvol bo‘lgan tuproq kabi sochilib yotibdi. Orzu qilamanki, bir nufuzli ekspeditsiya uyushtirilib, Amir Temur izlari bo‘ylab yurish o‘tkazilsa-da, uning materiallari jamoatchilikka e’lon qilinsa, ancha savob ish bo‘lardi.
O‘zimcha, ekspeditsiyani tashkil etish tartiblari, faoliyat jarayoni, taqdirini ham o‘ylab qo‘yganman. Uni tuzishga hozirdan kirishish mumkin va ekspeditsiya 1991-yilning iyun-iyul oylarida o‘z faoliyatini amalga oshiradi. Avvalo, uning homiysi ma’lum bo‘lishi kerak. Men bu sharafga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tarix instituti, Oybek nomidagi O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyi, respublika yoshlar tashkiloti va gazetasini loyiq ko‘rardim.
Ekspeditsiya qatnashchilari tarkibida tarixchilar, folklorshunoslar, tilshunoslar, geograflar, etnograflar, o‘simlikshunoslar, arxeologlardan tashqari jurnalistlar, fotograflar bo‘lgani ma’qul. Ishtirokchilar konkurs asosida tanlab olinadi. Mening taxminimcha, yurish marshruti tekislikdan tashqari qirlar, tog‘lardan ham o‘tadi. Asosan yayov yoki otda (eshakda) yuriladi. Ishtirok etuvchilar shunga tayyor bo‘lishlari kerak. Albatta, har bir soha kishisining qiladigan ishi ma’lum. Maqsad – qaysi hududdan o‘tilsa, o‘sha yerning har tomonlama mukammal manzarasini aks ettirishdir. Shuningdek, o‘sha joylardagi odamlarning bugungi hayoti ham diqqat-e’tiborda bo‘ladi.
Yurish qatnashchilari ikki guruhga bo‘linib harakat qiladilar va bir nuqtada uchrashib, bir-birlarining izidan qaytadilar (yo‘lni almashtiradilar). Har bir guruhda 10–13 kishi bo‘lgani ma’qul.
Ekspeditsiya quyidagi manzillar bo‘ylab harakat qilgani maqsadga muvofiq. Toshkentdan bir kunda yo‘lga chiqilgach, ikki guruhga bo‘linib, Samarqand va Qarshi tarafga ajraladilar.
Samarqand guruhi Amir Temur qabrini ziyorat qilib, Shahrisabzga o‘tadi, Temur va Temuriylar bilan bog‘liq me’morlik yodgorliklarini kuzatadi, odamlar bilan suhbatlashadi. Yakkabog‘ tumanidagi Xo‘jailg‘or, Chiroqchidagi Tarag‘ay qishloqlarida bo‘ladi, ma’lumki, bu qishloqlar Temur va ajdodlari tug‘ilgan qutlug‘ joylar sifatida e’tirof etiladi. Chiroqchi tumanidagi Langar qishlog‘i, uning yaqinidagi Amir Temur g‘ori ham e’tiborda bo‘ladi. Bu joylardagi yumushlar bitgach, Yakkabog‘ qishlog‘iga o‘tiladi, undan Samoq qishlog‘i orqali Haydarbuloq, Suvlisoy, Tog‘tor, Kaltaqo‘l aholi manzillaridan o‘tib, tog‘lar orasidagi Toshqo‘rg‘on qishlog‘iga yo‘l olinadi…
Qarshi guruhi G‘uzor shahri orqali o‘tib Qamashi tumanidagi Qiziltepa aholi punktidan Langar qishlog‘iga boradi. Yo‘lda Temuriylarga daxldor Boburtepani, O‘g‘lonjon ota ziyoratgohini ko‘radi, odamlardan hikoya va afsonalar yozib oladi. Shundan so‘ng Dehqonobod tumanidagi Oybek nomli davlat xo‘jaligi hududidagi G‘urumqishloqqa tomon yo‘lga tushadi, undan o‘tib, To‘rqa dovoni orqali Hisor tizmalarining Boburchi cho‘qqisi etagidagi Amir Temur g‘origa yo‘l oladi.
Samarqand guruhi ham g‘orga tomon yo‘lni davom ettiradi. Ular Toshqo‘rg‘on qishlog‘idan o‘tadilar. Bu qishloq haqida alohida to‘xtalishga to‘g‘ri keladi. Har ikkala guruh ana shu yerda, ya’ni g‘or hududida bir kunda uchrashadi.
Dengiz sathidan 2,5–3 ming metr yuksaklikda joylashgan Toshqo‘rg‘on qishlog‘i odatdan tashqari havosi va zilol suvi bilan ajralib turadi. Inqilobgacha uchta masjid bo‘lgan. Sho‘ro davrida birini buzib maktab qurishgan, ikkitasi hamon bor. Bo‘yoqlari unniqmay, o‘z chiroyini saqlab turibdi, archa daraxtidan tiklangan. Bu qishloq shu o‘ramdagi Zarmas, Vori, Qiziltom, Egrisuv kabi aholi punktlarining markazi bo‘lib kelgan, iqtidorli kishilari Buxoro madrasalarida tahsil olgan. Qishloq atrofida ko‘plab pirlar, aziz-avliyolarning qabri bor. Doimiy elektr toki yo‘q. Faqat 2–3 oy mashina qatnovi bo‘ladi. Qishloq bilan Amir Temur g‘ori orasidagi yo‘lda mashhur dinozavr izlari saqlangan qoya bor (mahalliy aholi tilida «Duldulning izi», deb yuritilardi), u jahon ahamiyatiga ega. Aholisi bundan 15 yil oldin Kasbi tumanidagi «G‘alaba» xo‘jaligiga cho‘lni o‘zlashtirish bahonasi bilan ko‘chirilgan va qishloq tekislab tashlangan. Ayni kunda 3 ming nufusli qishloqda 2 machit, 10–15 xo‘jalik uylari qo‘nqayib turibdi. Ekspeditsiya qatnashchilari taraqqiyotning bu qurbonini ham ko‘rishlari mumkin.
O‘quvchilik yillarida va undan keyin bir necha marta Amir Temur g‘origa sayohatga borganman. Borishda ko‘zingiz tabiatning mislsiz go‘zalligiga to‘yadi. Ilonizi so‘qmoq yo‘llar, chuldirab qo‘shiq kuylovchi chashmalar, ufqqa o‘qtalgan cho‘qqilar. Yana atrofda gullarning ifori-yu, qushlar chug‘uri… (Ta’riflash qiyin, faqat ko‘rish ke rak). G‘orga yayov yoki ot (eshak)da borish mumkin. Shunda ham tog‘ sakirtmalari-yu, tubsiz zovlar labidan o‘tishda cho‘chimaslik kerak. Duldulning izidan o‘tgach, G‘o‘lmarasha (uni «Qal’a» ham deb atashadi) darasiga tushiladi. Shotidan chiqib, bandargoh orqali Qal’ayi sheronga kiriladi. Daryo bo‘ylab ketiladi. Yo‘lda archa (4–5 xil), irg‘ay, uchqat, padbara kabi daraxtlarga, baldirg‘on, chukri, taran (tataron) kabi o‘simliklarga duch kelish mumkin. Qal’ayi sheron shunday joyki, agar bandargohga soqchi qo‘yilsa, biron joydan kirib ham, chiqib ham bo‘lmaydi. Borgan sari kengayib boradi. To‘ri xuddi pichoq bilan kesilgandek ming metrlar balandlikdagi tik qoyalar bilan o‘ralgan. G‘or kunchiqishga qarab ketishda, daryoning chap tarafida. Bu yerda siz o‘zingizni chinakam tabiat muzeyiga tushib qolgandek his qilasiz. Qanchalab ajoyibotlar. Shulardan ikkitasi – Ho‘kiz burun va Baytal dumi sharsharalarini eslash kifoya.
G‘orga taxminan bir kilometrlar qolganda tik qoyadan 150–200 metrlar chamasi tepadan ikkita quvurdan chiqqandek ikki tarnov suv otilib chiqib yotibdi. U yerga tushguncha sochilib, quyoshda tovlanib mislsiz go‘zallik kashf qiladi. Salqin shabada vujudingizga orom bag‘ishlaydi. Entikib-entikib nafas olasiz. Undan ham yuqoridan, ko‘z ilg‘amas joydan bir oqim bo‘ylab suv yomg‘irdek sochilib-sochilib keladi. Bu – Baytal dumi sharsharasi. Tepaga soatlab qarab tursangiz ham charchamaysiz.
G‘orga daryo tomondan 60 gradusdan kam bo‘lmagan o‘rlikdan chiqib boriladi. Yo‘l chag‘ir mayda toshli, yurish oson emas. Charchoqlaringiz g‘orga yetib borgach, butunlay unutiladi. Bu tabarruk maskanni dunyoning turli shaharlaridan har xil maqsadlarda kelib ko‘rib ketishgan, lekin qadam-baqadam o‘rganilmagan. Manbalarda 616 metr, deb ko‘rsatilgan. Odamlar naql qilishicha, undan ketgan kishi Samarqanddan chiqar emish. G‘orni shartli ravishda ikki qismga bo‘lganlar – Otxona va Asosiy qism. Eng katta joyda odimlovchi ekskavator bemalol joylashadi, eng tor joyidan esa o‘rtacha semizlikdagi odam arang emaklab o‘tadi. Juda qorong‘i (hatto qo‘lingizni ko‘rmaysiz), ichi nam, tor izdan yuriladi. Ba’zi zallarda chiroq nurida stalaktit-stalakmitlar podsho saroyidagidek tovlanadi. To‘rida ko‘l bor, unga shovullab suv quyilib turadi, biroq sathi ko‘tarilmaydi. Bir marta borganimizda ko‘l butunlay qurib qolgan ekan. Boshqa safar esa ko‘ldan ham o‘tishga muvaffaq bo‘lganmiz. Uning o‘ng tarafidan kechib o‘tdik-da, tor yo‘lakdan yonlab 15 metrlar yurdik. Keyin keng zalga chiqib qoldik. Uning to‘rida xuddi qo‘lda tekislangandek ulkan tosh supa bor edi. Yuqori tubsiz balandlik bo‘lib, bo‘shliqlar (balki yo‘lakning davomi) ko‘zga tashlanardi. Ularga narvonsiz chiqib bo‘lmasdi.
Bu yerdagi har bir tosh, har bir qadam tilsim. Unda Amir Temur bo‘lgani, balki uzoq makon qurgani shubhasiz, chunki kirish joyidagi g‘orning og‘zida uzunligi 20–25 metr, balandligi 5–6 metr chamasida tosh terib, supa yasashgan. Toshlar g‘isht singari juda silliq terilgan va orasiga baquvvat yog‘ochlar tashlanib, mustahkamlangan…
Ekspeditsiya qatnashchilari ana shu ulkan supa ustida uchrashadilar, bir yoki ikki kecha tunab, atrofni kuzatadilar. Shuningdek, o‘z safarlari taassurotlari bilan o‘rtoqlashadilar, ba’zi hal qilinmagan masalalarni kelishadilar-da, birinchi guruh ikkinchi guruhning yo‘li bilan (va aksincha) ekspeditsiyani davom ettiradilar. Qayta uchrashuv Toshkentda bo‘ladi.
Toshkent–Toshqo‘rg‘on marshruti bo‘ylab o‘tkaziladigan bu ekspeditsiyaga puxta tayyorgarlik ko‘rish kerak. Avvalo, yurish o‘tadigan yo‘l atroflicha o‘rganilishi, har kungi harakat miqyosi (necha kilometr yo‘l bosiladi, qayerda tunaladi kabi masalalar) aniq belgilab olinishi lozim. Yurishni maxsus shtab kuzatib boradi, kerakli yordam uyushtiriladi. Shtab bilan yurish qatnashchilari o‘rtasida radioaloqasi yo‘lga qo‘yilsa, yana ham yaxshi bo‘ladi. Bu safar taassurotlari boshdan-oxir, kunma-kun gazetada yoritib boriladi.
Tashkiliy ishlarning asosiy qismi ekspeditsiya o‘tadigan tumanlar, qishloqlar, xo‘jaliklar bilan ko‘pgina masalalarni hal qilib olishga qaratiladi. Albatta, bu xayrli safar qatnashchilari hamma joyda iliq kutib olinishi, ularning samarali ishlashlari uchun sharoit yaratib berilishi, qatnashchilar bilan o‘quv yurtlarida, xo‘jaliklarda, jamoat joylarida uchrashuvlar tashkil etilishi kerak. Undan juda katta miqyosli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borishda foydalanish ko‘zda tutiladi. Bu borada Qashqadaryo viloyat rahbariyati, Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi, G‘uzor, Chiroqchi tumanlari yoshlar tashkilotlari tashabbuskor bo‘ladilar, degan umiddaman. O‘zaro muloqotlarda, gulxan atrofidagi suhbatlarda, yayov, otda yoki eshakda kezishlarda buyuk g‘oyalar tug‘ilib qolsa, ajab emas.
Xullas, bu yurishning salmog‘i haqida oldindan biror narsa deyish qiyin. Eng asosiysi, biz bobomiz ruhini shod qilgan, Vatanni yana bir karra his etgan bo‘lar edik?!

P. S. Aziz mushtariylar! Dunyoning taqdirini o‘zgartiradigan ulug‘ va aksincha, ta’siri qariyb sezilarsiz bo‘lgan mo‘jaz g‘oya ham dastlab fikr sifatida bir inson xayolida tug‘iladi. Uning umum fikriga aylanishi uchun juda ko‘p narsa lozim. Shu ma’noda siz yuqorida izhor etilganlarga qanday munosabat bildirasiz? Uning maqsadi, mazmunini boyitish uchun qanday takliflar kiritasiz? Umuman, Amir Temur qadamjolari bo‘ylab safar uyushtirilishiga munosabatingiz ijobiymi?
Sizning ushbu savollarga javoblaringiz muhim rol o‘ynashini ta’kidlamoqchimiz. Tariximizga befarq bo‘lmagan jonkuyar mushtariylardan taklif va mulohazalar kutib qolamiz.
    Turkiston». 1991-yil, 4-yanvar
* * *
Murojaat izsiz ketmadi, ko‘plab xatlar keldi. Umid ko‘zlari ham maktublarga tikilgandek edi. Shuningdek, buyuk Temur shaxsi ko‘plab olimlar, adiblarni ham qiziqtirib yurgani sir emasdi. Jumladan, yirik nazariyotchi olim, professor Ochil Tog‘ay Sohibqiron haqidagi asarlardan shavq bilan tarjimalar qilgan, badiiy esse yozish uchun dalillar to‘plab yurganidan xabarim bor edi. Albatta, ustozga ro‘znoma boshlagan tashabbus ma’lum edi va uni sidqidildan qo‘llab-quvvatlagandi.
Men ul zotga mushtariylarning xatlarini ko‘rsatdim, ularda bildirgan ezgu tilaklarni ma’lum qildim hamda o‘z munosabatlarini bildirib, biror narsa yozib berishlarini so‘radim. Iltimosimni bajonidil qabul qilib, maqola yozdilar.
Sir-sinoatlarga to‘la dunyoning ishlarini qarangki, «Oltin daraxt» ustozning hayotlik davrlarida yorug‘lik yuzini ko‘rgan eng so‘nggi bitiklari bo‘lib qoldi (marhumlarni xudo rahmat qilsin).

OLTIN DARAXT
Ochil TOG‘AY, filologiya fanlari doktori, professor
Amir Temur tarixda shu qadar nodir, bebaho ma’naviy xazinaki, bu xazina uzoq vaqt el ko‘zidan pinhon tutilib, qoralab kelindi. Amir Temur faqat O‘rta Osiyoga, musulmon olamiga, turkiy xalqlarga mansub emas, jahonshumul shaxsdir.
Amir Temurni xush ko‘rmagan, uning raqiblaridan bo‘lgan zamondoshi Ibn Arabshoh (1388–1450) ham buyukligiga tan berib, shunday tavsiflaydi: «Temur bamisoli qadimiy pahlavon avlodlaridan bo‘lib, uzun bo‘yli, tik qomatli, keng peshonali, katta boshli, g‘oyat kuchli va salobatli, bo‘lalik, rangi oq-u qizil, lekin dog‘siz, bug‘doy rang emas, qo‘l-oyoqlari baquvvat, yelkalari keng, barmoqlari yo‘g‘on, poychalari semiz, qaddi-qomati kamoliga yetgan, sersoqol… Ikki ko‘zi bamisoli sham bo‘lsa-da, shodligi bilinmas, yo‘g‘on ovozli edi. U o‘limdan qo‘rqmas, yoshi saksonga borib qolgan bo‘lsa-da, badani to‘la va pishiq, xuddi qurch tosh misoli qattiq edi. U bo‘lib o‘tgan ishga aziyat chekmas va o‘zi erishgan yutuqdan shodlanmas edi… Temur tengi yo‘q fe’l-atvorli, chuqur mulohazali bo‘lib, tafakkur dengizining qa’ri yo‘q va uning tadbiri tog‘iga na tekislig-u na g‘adir-budir orqali yo‘l topilardi (ya’ni bepoyon mushohada va tafakkurga ega shaxs edi) … U fikrini peshlash maqsadida muttasil shatranj (shaxmat) o‘ynardi».
(Ibn Arabshohning Amir Temur haqidagi «Taqdir ajoyibotlari» nomli ushbu yirik va murakkab asarini iste’dodli olim Ubaydulla Uvatov muvaffaqiyatli tarjima qilgan).
Amir Temur tarixda katta bir davr yaratgan shaxs. Bu davrda xalq hayoti va o‘lka taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan barcha iqtisodiy, si yosiy, madaniy, ilmiy-texnik va harbiy masalalarning qaror topishi, rivoji, bu sohalarga doir yangiliklar, kashfiyotlar uning nomi bilan bog‘langan. O‘rta Osiyoda madrasa ta’limi X asrlarda paydo bo‘lgan, ammo uning haqiqiy mukammal rivoji Amir Temur davriga to‘g‘ri keladi, ba’zi manbalarda uni Sharqda oliy ta’limning asoschisi, deb ataydilar. Amir Temurning harbiy nazariya va amaliyot sohasidagi kashfiyotlarining o‘zi bir dorulfunundir. Moskvadagi oliy harbiy ilmgohda, bilishimcha, shu haqda maxsus kurs o‘qitiladi. Uning harbiy tajribasi boshqa xorijiy oliy harbiy ilmgohlarda ham o‘qitilishi shubhasizdir.
Amir Temur davri Movarounnahr, ya’ni O‘rta Osiyo, Turkiston o‘lkasi iqtisodiy hayotida misli ko‘rilmagan mo‘jizadir. Ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning dalolat berishicha, XV asr boshlarida Temur poytaxti Samarqandda shu qadar mo‘l-ko‘lchilik ediki, hatto dumbasi yarim pud (3–10 kilo) keladigan qo‘ylarning bir jufti bir dukat (taxminan uch so‘mlik tillo pul) turar edi.
Men Klavixoning «Amir Temur saroyiga sayohat» kitobini bundan 110 yil muqaddam chop etilgan nusxasidan o‘zbek tiliga tarjima qilish natijasida ulug‘ bobomiz siymosini yana bir bor kashf etdim. Yevropalik diplomat dengiz-u daryolar, quruqliklar, tog‘-u toshlar osha o‘n besh oy yo‘l yurib (1403–1404-yillar), buyuk Temur saroyiga keladi, uning nuroniy siymosi oldida buyuk bir ixlos bilan ta’zim qiladi. Bu – ispan mamlakati podshosining ta’zimi, ovrupoliklarning Amir Temur siyosiy qudrati oldidagi ta’zimi edi. Biz esa o‘z yurtimizdagi bu tarixiy-ma’naviy xazinadan endigina bahramand bo‘la boshladik.
Iste’dodli olim-jurnalist Hakim Sattoriyning Amir Temur izlari bo‘ylab yoshlar yurishi tashkil etish haqidagi taklifi g‘oyat oqilona o‘ylangan ishdir. Biroq bu harakat shu vaqtgacha ko‘nikib kelganimiz yuzaki tashviqot udumi ta’sirida quruq namoyishkorlik bilan yengil-yelpi o‘tkazilmasligi kerak. Buning uchun Amir Temur haqidagi, ayniqsa, Movarounnahr tarixiga oid muhim ilmiy-adabiy, badiiy asarlar ixlos bilan o‘rganib chiqilishi va bu yurishning puxta o‘ylangan reja-kartasi tuzilishi lozim. Samarqanddagi Amir Temur shaxsi va faoliyatiga oid yodgorliklar, Samarqand atrofida o‘sha davrda yaratilgan bir qancha podshohlik bog‘larining o‘rni (manbalarda bunday bog‘larning 13 tasi zikr etilgan), ayniqsa, Amir Temur yetti yillik harbiy yurishdan Samarqandga qaytib, ikki oy davomida g‘alaba to‘yi o‘tkazgan Konigil yalangligi, Shahrisabzdagi Oqsaroy va uning keyingi davrda xarobaga aylanish sabablari, Yakkabog‘ tumanidagi Temur tug‘ilgan qishloq va mashhur Temur g‘ori, Cho‘yanli darasi va boshqa me’moriy obidalar, geografik maskanlar puxta o‘rganiladigan tarixiy joylardir.
Klavixo o‘sha mashhur to‘y kunlarida Konigil yalangligida 20 ming chodir tikilgan edi, deb qayd etadi. Mana shu katta maydonda hozirgacha qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lganligini aniqlash, chodirlarning joylashish tartibi haqida tasavvurga ega bo‘lish katta ahamiyatga egadir. Klavixo to‘yda ishtirok etgan ayollarning rasm-rusumlari va kiyinishlarigacha tasvirlaydi. Saroymulkxonim (Bibixonim)ga tegishli saroy chodirlaridan birida balandligi odam bo‘yicha keladigan, tanasi odam oyog‘i yo‘g‘onligicha bo‘lgan oltin daraxtni ko‘rganligini yozadi: «Daraxtning mevalari sarg‘ish, qizil, zangori yoqutlar, zumradlar, feruzalar va boshqa dumaloq shakldagi yirik-yirik tiniq sara marvaridlardan iborat edi. Bundan tashqari daraxtga sir bilan sayqal berilgan qushchalar qo‘nib turardi. Ba’zi qushchalarning qanoti tushirilgan, ba’zilari tushib ketadiganday bo‘lib, yaproqlarga zo‘rg‘a ilinib turibdi, ayrimlari daraxt mevalarini yeyayotganday yoqut, feruza, marvarid va boshqa toshlarni tumshuqlarida tutib turardi».
Men yuqoridagi satrlarni o‘zbekchalashtirayotganimda ushbu bebaho san’at asari mo‘jiza yuz berib biror joyda, aytaylik, dunyoning biror muzeyida mavjudligi aniqlansa, naqadar ulug‘ ish bo‘lur edi, deb o‘yladim. Majoziy aytganda, Amir Temur siymosi ham biz uchun ana shu oltin daraxtday nodir mo‘jizaviy hodisa. Endilikda oltin daraxtni xuddi o‘sha davrdagi bebaho san’at asari shaklida topish amrimahol, albatta. Biroq uning qoldiqlarini, u haqdagi ma’lumotlarni tiklash katta ahamiyatga egadir.
Yoshlar tashabbusi – xayrli ish. Bu – masalaning bir tomoni. Amir Temur va Temuriylar, ularning avlodlari hayoti, faoliyati va davrga doir, umuman, o‘tmish boy tariximiz va ajdodlarimizga tegishli osori-atiqa buyumlar, ashyolar, shu haqdagi hikoya va rivoyatlar, bularni bilgan kishilar haqidagi xabar va ma’lumotlarni ko‘z qorachig‘iday avaylab to‘plash haqida butun xalqqa, O‘rta Osiyo xalqlariga murojaat qilish kerak. Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo va boshqa viloyatlarimizda Amir Temur va uning keyingi avlodlari haqidagi ma’lumotlarni biladigan keksa ulamolar topiladi. Shahrisabzlik Fayzullo bobo Ismoilov ana shunday kishilardan. Zukko otaxonning mo‘jazgina shaxsiy kutubxonasida o‘tmish asrlarda nashr etilgan nodir qo‘lyozmalar mavjud. Xalq orasida aniqlangan har xil ma’lumotlarni ushbu ro‘znoma tahririyatiga hamda boshqa biror mutasaddi muassasaga, masalan, O‘zbekiston tarixi muzeyiga yuborish kerak.
Xorijdagi ko‘plab mamlakatlarda Amir Temur xotirasi dunyoning buyuk siymolari qatorida abadiylashtirilgan. Aytishlaricha, Parijdagi Amir Temur haykali poyiga «Yevropadan. Xaloskoriga» degan so‘zlar yozilgan. Taniqli o‘zbek raqqosasi Qizlarxon Do‘stmuhamedova 1989-yilda Vashingtonda Amir Temurga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazmada ishtirok etgan («Yosh kuch», 1990-yil, 10-son).
Toshkent, Samarqand, Shahrisabz va boshqa shaharlarda Amir Temur muzeylari tashkil etish vaqti yetdi. Poytaxtimizda chex jurnalisti Yulius Fuchik yoki o‘tgan asrda yashagan rus artisti haqida maxsus muzeylar amal qilayotgan bir sharoitda respublikaimizda Amir Temur muzeyining yo‘qligi milliy shakkoklik emasmi?!
Tashabbuskor yoshlar izlanishlari natijasini jamlab, o‘z takliflarini puxta asoslab, hukumatga tavsiya etishlari lozim. Eng muhimi, joylarga Amir Temur nomini berish, yodgorlik lavhalari o‘rnatish, masalan, Toshkentdagi harbiy oliygohni uning nomi bilan atash, shuningdek, madaniyatimiz tarixiga munosib hissa qo‘shgan arboblar, jumladan, Rui Gonsales de Klavixo, Amir Temurni Chingizxon bilan taqqoslab, yuksak baholagan buyuk mojar olimi Herman Vamberi nomlarini Samarqand, Shahrisabz, Buxoro yoki Xiva shaharlaridan birida abadiylashtirish insofli ish bo‘lar edi.
Vatanparvar yoshlarning bu xayrli tashabbusini qo‘llab-quvvatlayman. Siz qo‘lga kiritgan, aniqlagan material va ma’lumotlar o‘zlaringiz uchungina qiziqarli bo‘lib qolmay, respublika yoshlarining ma’naviy hayotini boyitishga xizmat qilib, fanga yangilik baxsh etishi mumkin.

    «Turkiston», 13 mart
* * *
Tahririyatimizga ko‘plab xatlar keldi, odamlar tashrif buyurishdi. Izhor qilingan istaklardan Sohibqiron Amir Temurning yoshligi kechgan yo‘llar bo‘ylab keng maqsadli ekspeditsiya tashkil qilinishi to‘la ma’qullanadi, takliflar bayon qilinadi. Ular bilan tanishganda, muz parchasi ostidagi yashil maysa esga tushadi. Ertaning umidi bo‘lgan bu tiriklik unsurida yashashga intilish shunchalik kuchliki, u o‘lmagan, taslim bo‘lmagan ruh timsoliga o‘xshaydi.
Quyida xatlarda bayon qilingan fikrlar bilan tanishasiz.
* * *
«Talabalik yillarim Buxoroda bir olim bilan (ism-sharifi esimda yo‘q) tanishib qoldim. U mening yurtimni bilib olgach, o‘zida yo‘q xursand bo‘lib «Sen Amir Temurning vatandoshi ekansan, endi seni Temur deb chaqiraman», dedi-da, so‘radi, «O‘zi, Temurni bilasanmi, kim bo‘lgan?» Hech narsani o‘ylamasdan o‘rgatganlaridek javob berdim. «Zolim…» Shunda olim qattiq iztirob chekkan, yig‘lagudek alfozda menga qahramonona tarixni hikoya qilib bergan edi.
…Yillar o‘tdi, 21 yildan buyon o‘quvchilarga matemaikadan saboq beraman. Imkoni bo‘ldi deguncha, o‘tmish merosimizni xolis tushuntiraman, biroq o‘shanda aytgan bir og‘iz noo‘rin so‘zning azobi meni tinch qo‘ymaydi. Ekspeditsiya o‘tilishi mo‘ljallangan yo‘llarni juda yaxshi bilaman, bir necha marta o‘sha g‘orga borganman. Meni ham saflaringizga qo‘shishni so‘rayman, zora g‘aflatda o‘tkazgan yillarim gunohini shu bilan yuvsam.

    Yodgor MO‘MINOV,
    Qashqadaryo viloyati, Kasbi tumanidagi
    10-o‘rta maktab o‘qituvchisi
* * *
«Sohibqiron o‘tgan yo‘llar» (1991-yil 4-yanvar) maqolasida «… Langar qishlog‘iga boriladi, keyin G‘urumqishloqqa tomon yo‘lga tushiladi», deyilgan. Holbuki, orada Dara, Ko‘kbuloq, Almat kabi 15 ga yaqin aholi punkti bor. Ularning har birida rivoyat va ertaklarni biluvchi, g‘orga borib kelgan kishilar yashaydi. Jumladan, mening otamdan ham tayinli yo‘l-yo‘riqlar olish mumkin. Safar qatnashchilarining har ikki guruhini esa xonadonimizga tashrif buyurishlarini so‘rayman.

    A’zam RAHMONOV,
    Qamashi tumanidagi Abay nomli maktabning
    10-sinf o‘quvchisi
* * *
Bu ishga xalqimiz o‘z madadini ayamaydi, deb o‘ylayman. Mabodo, ekspeditsiya amalga oshirilmasa, bobomizning ruhini yana bezovta qilgan bo‘lamiz.

    Turdali HASANOV,
    Yangiyo‘l tumani, bezovchi rassom
* * *
Yurish uyushtirilsa, tarix uchun, xalqimiz uchun ham savobli ish bo‘lurdi.

    Ra’no ISMOILOVA,
    Qarshi pedinstitutining 2-kurs talabasi
* * *
Chor Rossiyasi davrida O‘rta Osiyoga turli niyatli ming-minglab ekspeditsiyalar kelganini bilamiz. Har yili 2,5 milliard dollarlik paxtani, bir necha yuz million dollarlik oltinni arzongarovga topshi rayotgan O‘zbekiston uchun kichik bir ekspeditsiyaning xarajati ne bo‘libdi?

    A. G‘UFRONOV,
    Farg‘ona viloyati, o‘qituvchi
* * *
Fidoyilikka har doim o‘rin bor. Yurish tashkilotchilariga shu his doimo hamroh bo‘lsin. Bu xayrli ishda qatnashishni istayman.

    Zaynobiddin ESONOV,
    Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumani, Shirmonbuloq qishlog‘i
* * *
Ekspeditsiya marshruti haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rish lozim. Ehtimol, uning miqyosini kengaytirish kerakdir. Har holda yurish to‘g‘risida hujjatli film yaratilsa, natijasi oynai jahon orqali namoyish qilinsa, yaxshi bo‘lardi.

    A. BO‘STONOV,
    Namangan viloyat o‘lkani o‘rganish muzeyi bo‘lim mudiri
* * *
Kasbim – oshpazlik, uylanmaganman. Yoshim 25 da. Yurishda qatnashmoqchiman.

    Chori MIRZAYEV,
    Koson tumani, Boyg‘undi qishlog‘i
* * *
Oddiy qishloq qizlarining qo‘lidan hech narsa kelmaydi, deb o‘ylamanglar. Shu yurishda qatnashsam, orzularimdan biri amalga oshardi.

    Iroda AShURMATOVA,
    Farg‘ona viloyati, Yozyovon tumani, 23-maktabning
    10-sinf o‘quvchisi
* * *
Suratkashlikda o‘n yillik tajribam bor. Kinohavaskorlar klubida uch yil tahsil olganman. «Krasnogorsk-3», «Zenit-YeT» markali kino hamda foto kameralarim bor. Slayda qilish ham qo‘limdan keladi. Yurishda qatnashishni jon-dildan istayman.

    Qo‘rg‘on QURBONBOYEV,
    Qirg‘iziston, O‘sh viloyati, Arslonbob qishlog‘i, o‘qituvchi
* * *
Jahongir bobomiz sha’niga aytilgan barcha tuhmatlarni fosh qilish sari qo‘yilgan birinchi qadam sifatida yoshlar yurishi uyushtirilishi shart. U haqda film qilinishi lozim.

    Mo‘min XOLMURODOV,
    Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, Qarshi shahri
* * *
Tarixga qiziqaman. Iloji bo‘lsa, yurishda qatnashardim. Muvaffaqiyat yor bo‘lsin.

    Sayriniso SAYVALIYEVA,
    Farg‘ona viloyati, Quva tumanidagi
    2-maktabning 11-sinf o‘quvchisi
* * *
Toshqo‘rg‘on qishlog‘ini bilaman, so‘zamol, dilkash odamlari bilan gaplashganman. Hozir bu makon deyarli bo‘m-bo‘sh. Yurish qatnashchilari mazkur tarix bilan ham tanishadilar.

    Po‘lat TILAVOV,
    Shahrisabz tumani, Tepar qishlog‘i
* * *
Ekspeditsiya qatnashchilari jiddiy tanlovdan o‘tkazilishlari kerak. Ular eson-omon borib kelgach, fikr-mulohazalari asosida kitob yozilsa, ma’naviyatimizga hissa bo‘lib qo‘shilardi.

    Nozima BEKMUHAMEDOVA,
    Toshkentdagi 22-maktabning 11-sinf o‘quvchisi
* * *
Iste’dodli shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar yurishda qatnashsa, uning yutug‘i yuqori bo‘ladi.

    Bulturvoy SIDDIQOV,
     Andijon viloyati, Paxtaobod shahri
* * *
Yo‘l og‘ir bo‘lmaydi. Yurishni tashkil qilish kerak. Maqolada «Chiroqchi tumanidagi Langar qishlog‘i, uning yaqinidagi Amir Temur g‘ori ham e’tiborda bo‘ladi», deyilgan, biroq bizning maftunkor qishlog‘imiz – Tarag‘ay haqida hech gap yo‘q. Holbuki, g‘orga eng yaqin qishloq – shu.
Atrofda 120 dan ortiq soy, jilg‘a, buloq, tepa, qirlar bor, har biri haqidagi qo‘shiq va rivoyatlar saqlangan. G‘or juda ulkan, 50 metrlar yurilgach, uch tomonga yo‘l ketadi, biroq hech kim bu yo‘llarning oxiriga yetgan emas. Unda Shayboniyxon zulmidan qochgan barloslar yashiringan, degan rivoyatlar bor. Har yili bu yerga 1–1,5 ming kishi kelib ketadi.
Yurishda Qarshi muallimlar oliy bilimgohi ham homiylikka taklif etilsa, uning talabalari jalb etilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

    Xo‘jamurod JABBOROV,
    Qarshi muallimlar oliy bilimgohi o‘qituvchisi.
* * *
Marshrutning o‘zi kishini hayajonga soladi. Chunki u juda qiziqarli. Yurishda bilimgohimiz talabalaridan ham qatnashishini xohlardim.

    Gulchehra NAZIRBOYEVA,
    Toshkent muallimlar oliy bilimgohining IV kurs talabasi
* * *
Hech bo‘lmaganda siz «Temur tuzuklari»ni o‘qiganmisiz? Yo‘q? Bo‘lmasa dunyodan so‘qir ketarkansiz. Yurish uyushtirilishiga jazm qilingani juda ulug‘ ish, uning muvaffaqiyatli o‘tishi tarafdoriman. Qo‘shimcha ravishda Samarqandga keluvchi sayyohlar puli hisobiga «Amir Temur» valyuta bankini tashkil qilish, Samarqand-O‘tror marshruti bo‘yicha ham sayohat uyushtirish, haykallar o‘rnatish, ingliz adibasi Hilda Hukhem xonimning «Jahongir Amir Temur» romanini o‘zbekchaga tarjima qilishni tavsiya etaman.

    Tursun SUNNATOV,
    Bekobod tumanidagi Oybek nomli xo‘jalik faxriylar kengashi raisi
* * *
Tyan-Shan tog‘iga chiqqanman, alpinistlikda yetarli malakam bor, kinoga tushira olaman. Ekspeditsiyaga qatnashmoqchiman.

    Miryoqub QOBILOV,
    Kattaqo‘rg‘on tumani, Payshanba shahri
* * *
Napoleonning xoki Avliyo Yelena orolidan keltirilganda Parijda birdaniga 129 ta shohsupa o‘rnatilganini o‘qib, akademik Tarlening «Napoleon» romani bilan tanishib, fransuzlarga havasim kelgandi.
Bizning e’zozlaydigan bobolarimiz kammi? Yurish haqidagi fikrni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash darkor. Birinchi qadam qo‘yilsa, yangi rejalar tug‘ilaveradi. Ehtimol, o‘sha g‘orlar kelgusida muzeyga aylantirilib, butun jahon ahliga namoyish qilinar.
Ekspeditsiya kengayib, bu yog‘i Hindiston, Kavkaz, Turkiya, bu yog‘i Astraxan, Moskvaga borilar. Bu joylarning geografiyasi, tarixi, etnografiyasini aks ettiruvchi xaritalar tuzilishini, kitoblar yozilishini istayman. Xalqlar tarixi instituti bazasida Amir Temur ilmiy tekshirish instituti tashkil qilinsa ham arziydi. Kelajakda barcha ma’lumotlarni yig‘ib, dunyoga mashhur muzey ochilsa, deb umid qilamiz. Bu ishlarga qo‘l urilsa, O‘rta Osiyo xalqlari, butun dunyo qo‘llab-quvvatlaydi. Hatto, xalqaro bank hisobi ochilsa, dunyoning turli mamlakatlaridan mablag‘lar tushadi. Hozircha bular orzu, naqdi esa mo‘ljallangan yoshlar yurishining muvaffaqiyatini ta’minlashdir.

    A. MAVLONOV,
    ToshPI dotsenti, geologiya-minerologiya fanlari nomzodi
    «Turkiston». 1991-yil, 26-mart
* * *
Go‘yo qo‘ldan keladigan, imkoniyat darajasidagi barcha ishlar qilingandek edi. Bu yog‘i jamoatchilikka bog‘liq. Biroq orada uzoq sukunat davri boshlandi, odamlar mavzuni esdan chiqara boshlashdi. Muharrir Jabbor Razzoqov bilan maslahatlashib, mavzuga qaytishga, navbatdagi maqolani tayyorlashga kirishdim.

IKKINCHI QADAM QO‘YILADIMI?
Agar biz bir qarashda shularsiz tirikchilik o‘tmaydigandek tuyulayotgan, aslida mayda tashvishlardan qutulib, yuqoriroq ko‘tarila olsak, o‘z tariximizni his etishda ozgina turtki bo‘lishi ko‘zda tutilgan mashvarat – jahongir Amir Temur izlari bo‘ylab yoshlar yurishini ta’minlash borasida navbatdagi tadoriklar ado etilsa, maqsadga yaqinlashilgan, balki unga erishish naqd bo‘lardi. Gap nima haqida ketayotgani hurmatli mushtariylarga ma’lum bo‘lsa kerak: reja va maqsad «Yosh leninchi» (hozirgi «Turkiston»)ning shu yil 4-yanvar sonida e’lon qilingan maqolada bayon qilingandi. G‘oya jamoatchilikni beparvo qoldirmadi: tahririyatga ko‘plab xatlar keldi, ishqibozlar tashrif buyurishib, qo‘llab-quvvatlashdi. Ilmiy jamoatchilik, ziyolilar ham o‘zaro suhbatlarda shunday ekspeditsiya o‘tkazilishi ayni muddao ekanini ta’kidlab, bu tadbir uyg‘onayotgan xalq ruhiga madad bo‘lishi, o‘z-o‘zini anglashga xizmat qilishi mumkinligini izhor etdilar.
Hurmatli ustoz, professor Ochil Tog‘ay bu tashabbus haqida maxsus maqola yozib, unda vatanparvar yoshlarga qarata: «Siz qo‘lga kiritgan, aniqlagan material va ma’lumotlar o‘zlaringiz uchungina qiziqarli bo‘lib qolmay, respublika yoshlarining ma’naviy hayotini boyitishga xizmat qilishi, fanga yangi omil baxsh etishi mumkin» deb murojaat etdilar («Oltin daraxt», «Turkiston», 1991-yil, 18-mart).
Bunday xayrixohlik kayfiyati sevimli ro‘znomamizda e’lon qilingan o‘ttizga yaqin mushtariyning dil so‘zida ham bilinib turibdi. («Turkiston», 26-mart). Ularda hatto bu g‘oyani umumrespublika darajasiga ko‘tarish, umummilliy tus berish va xalqaro ahamiyat bag‘ishlash istagi ham bor. Yirik folklorshunos olim, professor Malik Murodov ham shu ishga shaxsan alohida rag‘bat bildirdilar va tadbirning tashkilotchi rahbarlari safida bo‘lishlarini izhor etdilar. Xullas, yaxshi niyat aravasi shu joygacha g‘ildirab kelib, amaliy ishlar bosqichiga navbat yetdi.
Xo‘sh, endi nima qilamiz? Shunda noshud dehqon haqidagi hikoyat esga tushaveradi. Emishki, bir kishi yil bo‘yi mehnat qilib, bug‘doydan mo‘l hosil yetishtiribdi. Xo‘p haydab, maydalabdi. Navbat donni somondan ajratishga kelibdi. Bu borada tajribasi yo‘q ekan. Rosa terga tushibdi-yu, ish chiqara olmabdi. Oxiri qo‘rga olov berib, qochib qolibdi. (Bunisidan xudo saqlasin). Bizda esa mana shunday achchiq kinoyaga ham o‘rin bor: «Xalqimiz o‘tmishi, purviqor bobolarimiz bilan qanchalik faxrlanmaylik, biz ularga loyiq bo‘lmasak, bu xufiyona iftixor mushukning «Biz ham yo‘lbarslar avlodidanmiz» qabilidagi maqtanchoqligiga o‘xshab qoladi».
Balki shu nuqtada bugungi avlod qiyofasi namoyon bo‘lar. Gapning indallosi esa Hisor tog‘lari ichida yashiringan Amir Temur g‘origa uyushtirilishi kerak bo‘lgan sayohat taqdiri hal bo‘lmayapti, ya’ni barcha gaplar aytilib, amaliy ishlarga o‘tishda g‘ildirak bir joyda aylanib qoldi. Buning qator sabablari bor.
Avvalo, yurishga kimlar (aniq ism-sharifli shaxs sifatida) qatnashishini aniqlashda turlicha takliflar bo‘layapti: ba’zilar barqaror bir jamoa, masalan, falon oliygoh geografiya fakulteti talabalari bilan jo‘nab ketaverishi kerak, desa, boshqalar qatnashchilarni barcha viloyatlardan (albatta, xohishiga ko‘ra) taklif etish lozim, deyishmoqda. Albatta, birinchi yo‘l oson va qulay, biroq biz ikkinchi taklif tarafdorimiz. Buni uyushtirish esa ancha mushkul, qolaversa, vaqt ziq qolayapti, biroq ishonch bilan aytish mumkinki, uddalasa bo‘ladi.
Endi eng asosiy muammo ko‘ndalang turibdi: yurishga kim homiylik qiladi? Mana shu savolning yechimi hamma narsani hal qiladi. Shuni afsus bilan ta’kidlaymizki, jamoatchilikning bu fikriga birorta tashkilot yoki ilmiy markaz xayrixohligini izhor etmadi. Biz umid qilgan Fanlar akademiyasi tarix instituti, Xalqlar tarixi muzeyi, respublika yoshlar tashkiloti, Samarqand, Qashqadaryo viloyat, Shahrisabz, Yakkabog‘, Chiroqchi va ekspeditsiya marshruti bo‘yicha boshqa tumanlar yoshlar tashkilotlari bir enlik xat bilan o‘z munosabatlarini bildirmadilar. Shunisi ham borki, bizda bu xildagi ekspeditsiyalarni uyushtirish tajribasi yo‘q, shuning uchunmi, ko‘pchilik unga beparvo va hatto loqayd munosabatda bo‘ldi.
Men mushtariy sifatida Moskva matbuoti vakili – «Komsomolskaya pravda» bir nechta jahon miqyosidagi yurishlarni o‘z otalig‘iga olganini bilaman. Jumladan, Everest cho‘qqisini zabt etish va Shimoliy muz okeanining hali inson qadami yetmagan nuqtasi – Shimol tojiga uyushtirilgan ekspeditsiyalar juda hayajonli va esda qolarli tarzda yoritilgandi. Ro‘znoma o‘zining juda katta imkoniyatidan foydalanib, ishtirokchilarga tanlov uyushtirgan, g‘oliblar bilan tanishtirgan, tayyorgarlikning borishini 1–1,5-yil davomida yoritib borgan edi, radioda reportajlar berilgandi. Ishqibozlar o‘z nigohlarini goh tubsiz muzliklar qo‘yniga, goh dunyo tomining eng baland nuqtasiga qadagandilar, yurish qatnashchisining telpagini shamol uchirib ketgani-yu, harorati ko‘tarilib, isitmalab qolganligigacha bilib turgandilar. Ayniqsa, muz parchasi yorilib, inson taqdiri aysberglar qurshovida qolganda butun SSSR hayajonlangan, tuman tezroq tarqalib, vertolyotlar odamlarni eson-omon qutqarishini iltijo qilgan edilar.
«Yosh leninchi» boshlagan sa’y-harakat bunchalar romantikaga boy, vahimali bo‘lmasa-da, Toshkentdan Toshqo‘rg‘on qishlog‘iga hozirgi oddiy zamonaviy transportda ikki kunda borib kelish mumkin esa-da, tomchida quyosh aks etganidek, ezgulikning katta-kichigi bo‘lmaydi. Qolaversa, bizning shikoyatlar va nolishlarga to‘lib ketgan kunlarimizda oddiy, maqsadli sayohatni uyushtirish Amriqo ochishdan qiyin bo‘layapti. O‘ylab qolasan kishi: bizning avlod biror amaliy ish qilishga qodirmi yoki faqat jag‘iga zo‘r beraveradimi? Qo‘ying, odamlarga quyosh va’da qilmaylik, undan ko‘ra nogoh o‘chgan bir shamchiroqni yoqaylik. Orol, deya to‘kilgan ko‘z yoshlar jamlansa ham jilg‘a bo‘lar, undan nabototning bir parchasi bahra olardi. Quriyotgan dengizga bir angishvona suvcha najot berdikmi?
Amir Temurni talashavermaylik-da, uni oldin taniylik. Hozirgacha malomatlar ostida qolib kelayotgan buyuk inson ruhi oldidagi qasam shuki, uni taniganlarni U asraydi. Istak otiga qamchi urib, tog‘dan toqqa sakrab yurgan o‘smirga boshpana bergan muazzam g‘or ostonasidagi tabarruk supa ustida kutib olingan tong yangi zamon yo‘rig‘idan darak bersa, ajab emas.
Xullas, o‘sha beg‘ubor subh kabi orzu yo‘lida hal qilinishi kerak bo‘lgan homiylik masalasiga kelsak, uni (homiylikni) kun tartibidan olib tashlash ham mumkin. Aslida homiyga yurishni moddiy jihatdan (ya’ni, pul bilan) ta’minlash uchun ehtiyoj sezilmoqda. Biz o‘zaro fikrlashib, bir necha takliflarni ko‘rib chiqdik. Ekspeditsiyani 40–45 kun davom ettirib, uni butun janubiy O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazish haqida ham istaklar bo‘ldi. Hatto, unda tuyalar karvoni-yu, vertolyotlardan foydalanish xohishi ham aytildi. Biroq hozirgi ahvoldan kelib chiqib, biz eng sodda to‘xtamga keldik.
Yurish juda tor va cheklangan marshrutda o‘tkaziladi va 10–15 kun davom etadi. U ishtirokchilarning vatanparvarligiga tayanadi: xarajatlarning asosiy qismi o‘z cho‘ntagidan bo‘ladi. Faqat eng zarur narsalarni xarid qilish uchun 4–5 ming so‘m kerak. O‘z hisobidan poezd va avtobuslarda yuriladi. Shu o‘rinda xalqimiz saxovatiga ishonch bildirib, bir narsaga kafolot bera olaman: odamlar bizni mehmon sifatida kutib oladi, tunash uchun joy beradi, yeyish-ichishda qarashadi. Safarni daryo toshqinlari qaytgan, harorat ko‘tarilgan payt – iyulning ikkinchi yarmida o‘tkazish o‘rinlidir.
… Har doim xayrli ishlarda yaxshilar madadkor bo‘ladi, biz ham shundan umid qilamiz.

P. S. Ro‘znomamizda «Sohibqiron o‘tgan yo‘llar» bo‘yicha muvaqqat markaz tuzildi. U yurishni tayyorlash va o‘tkazish bilan shug‘ullanadi. Jamg‘armasi bo‘lishiga kelishildi va bir kishining hissasi 200 so‘m qilib belgilandi. O‘z imkoniyati (vaqti, sog‘ligi va boshqalar)ni hisobga olib, safarda qatnashishni astoydil istagan ishqibozlarning o‘zlari haqidagi to‘la ma’lumotni (2 dona 6 x 9 surat bilan) bizga yo‘llashlarini so‘raymiz. Ko‘rsatilgan miqdordagi pulni 700083, Toshkent–83, Leningrad ko‘chasi, 32-uy, «Yosh leninchi» ekspeditsiyasiga, degan manzilgoh bo‘yicha pochta orqali jo‘natishingizni maslahat beramiz. Shuningdek, yurishga moddiy tomondan ko‘maklashmoqchi bo‘lgan kishilar va tashkilotlarning himmatlari ham rad etilmaydi. Muddat – 2-iyulgacha.
    «Turkiston», 1991-yil 21-may
* * *
Aslida, ilovada aytilgan «markaz» nasiya gap edi, lekin ko‘pchilikning ro‘znoma idorasiga serqatnov bo‘lib qolgani rost. «Turon» ijodiy guruhi bilan kino va videoga tushirish yuzasidan «muzokara»lar olib borildi. Bot-bot yig‘ilib turildi. Baribir tashkiliy ishlarning hal bo‘lishi qiyin kechdi: goh ko‘rpa-to‘shak yetishmaydi, goh oziq-ovqat masalasi hal bo‘lmaydi. Vaqt esa boy berilayotgandi, avgustning o‘nla ridan keyin tog‘larda sovuq boshlanadi. Shoshilinch, qat’iy so‘zni aytish kerak edi.
20-iyulda ham ulgurib bo‘lmadi. Nihoyat, oxirgi muddat sifatida 1-avgust belgilandi. Ashaddiy ishqibozlar «Shu kun piyoda bo‘lsa-da, safar xaltamni ortmoqlab yo‘lga tushaman», deb e’lon qilishdi.
Xayriyat, hammasi yaxshi bo‘ldi, ezgu niyat qog‘ozda qolib ketmay amalga oshadigan fursat yetishdi. Bundan bir oz iftixor qilsa arziydi. Dil izhorimni tunda qog‘ozga tushirdim-da, Jabbor akaga qoldirdim. U «Yasha, vatansevar kuch!» deb sarlavhalangan edi. U biz safardaligimiz paytida gazetaning navbatdagi sonlaridan birida (sarlavhasi o‘zgarib) e’lon qilinibdi.

YASHA, VATANPARVAR KUCH!
Hayajon va iztiroblar ortda qolgandek bo‘ldi, imkoniyat darajasida safar tayyorgarligi ko‘rildi. Va ekspeditsiya belgilangan marshrut bo‘yicha jo‘nab ketadigan bo‘ldi. Yumshoq o‘rindiqli avtobus yo‘ldan g‘izillab bormoqda. Yuraklarda yana yangicha g‘ulu: bu yog‘i endi qandoq bo‘ladi?
Shunday qilib, «Amir Temur o‘tgan yo‘llar bo‘ylab» deya nomlangan ekspeditsiya tug‘ildi. Uning doimiy (muntazam) ishlab qolishi kutilmoqda, faoliyati ilmiy yo‘nalishda bo‘ladi. Albatta, har bir g‘oya o‘zini ko‘rsata olishi uchun vaqt kerak. Yillar o‘tar, avlodlar almashar, lekin, nima bo‘lganda ham, Amir Temur nomi bilan bog‘liq ishlar va narsalarning yashab qolishiga shak-shubha yo‘q. Insoniyat yangi, o‘ta madaniyatli farzandga doya bo‘lmoqchi. Agar shu rost bo‘lsa, buyuk jahongirning salobati hozirgidan bir necha chandon ulug‘vor bo‘ladi. Shu mavzudagi dastlabki maqolani e’lon qilishga kirishganimda ham ana shunday kayfiyatda edim. Ichki bir tuyg‘u oxiri baxayr bo‘lishidan xabar berib turardi. Shunday bo‘lib chiqdi, maqsadga erishildi.
Yo‘q, hammasini folbinlarcha topqirlikka yo‘yib yoki ba’zilar aytadiganidek, «tushimda voqif bo‘luvdi» qabilida talqin etsam, tanishlarim oldida masxara bo‘lib qolishim tayin. Gap boshqa yoqda.
Agar biz ko‘chaning gurungiga ishonsak, yurtda bironta ham vatanparvar qolmagan. Hamma sotqin yoki mamlakat och, odamlar gado. Aslida bunday gaplar fisq-fasoddan, tuhmatdan boshqa narsa emas. Xalq bahodir farzandlarga har doim muhtoj bo‘lganidek, ular har doim tug‘ilib turadilar. To‘g‘ri, o‘smir Temur otining tuyoq izlari bo‘ylab safarga chiqish Prometeydan olovni tortib olish bilan teng jasorat emas, balki ba’zilar talqinicha, shunchaki ko‘ngil istagi, bo‘sh vaqtni «laqillab» o‘tkazish usulidir. Biroq turli hududlarda yashovchi turli kasbdagi kishilarning boshi bir joyga qo‘shilgan ekan, ularning har biri qalbida xalqiga, vataniga muhabbat Temurnikidan kam, deb kim ayta oladi? Shu jamoaga qo‘shilaman, deb orzu qilib yurgan, lekin armonda qolganlar qanchalab bo‘lgandir. Xullas, tushkunlikka berilavermay, millatni ham, jamiyatni ham oydin yo‘lga olib chiqadigan sog‘lom kuchlar borligiga ishonaylik. Axir o‘sadigan el bir-birini «botirim» deb erkalatar ekan.
Yana umidsizlik va hasrat haqida. Amir Temur safari va shunga o‘xshash «xush» xabarlar turmushning minglab mojarolari girdobida navbahor nasimiday kezib yuradi. Hatto ba’zan o‘zbekona chapanilik bilan «Yurakka qil sig‘may turgan paytda…» deb so‘kib yuborishga til aylanib ketadi. Bu gap-so‘zlar ijtimoiy muhitdan yiroq, kitobiy safsatalardek tuyuladi. Aslida ko‘z yoshlarini artib jilmaya olish ham bag‘rikenglik, bir cheti – mardlik emasmi?
Hayot biz o‘ksinganchalik zulmat bilan qoplangan emas. Hali quyosh nur sochib turibdi, odamzod – barhayot, tiriklik – barhaq. Peshtaxtalar «tap-taqir» deya ayyuhannos solinganda peshtaxtalarda hamma narsa bor edi. Bugun «narx osmonda» deya ko‘z yosh to‘kilmoqda-yu, xaridorgir biror narsaning turib qolayotganini hech kim ko‘rmayapti. Aslida bu holga unchalik ajablanmaslik kerak. Negaki, odamlar qanday yashashni xohlasa, shunday ishlaydi. Xullas, mantiq nimada: o‘tkinchi qiyinchiliklar (tirikchilik hech vaqt oson bo‘lmagan, deyishadi)dan nolib, g‘animat damlarni behuda sarflashdami yoki shirin hayotning achchiq azoblaridan lazzatlanib, ertangi kunni sog‘inib yashashdami?
Muborak hadislardan birida: «Kimki dunyo buzilib ketdi desa, uning o‘zi buzilgandir» deyilgan. Gapning indallosi: vahimalarga haddan tashqari berilib, bebaho umrni yengil-elpi o‘tkazib yubormayapmizmi? Biz bajarishimiz kerak bo‘lgan ishlar navbat kutib qolmayaptimi?
30-yillarda o‘zbek madaniyatiga «Alpomish» dostoni kerakmi? yoki «Alisher Navoiy ijodi kerakmi?» degan savollar tegirmonida qanchalab boshlar majaqlanganini bilamiz. Bugungi kunda ham «Amir Temur kerakmi?» degan savol kun tartibidan butunlay olib tashlangani yo‘q. Bunday munosabat buyuk yurtdoshimizni yaxshi bilmaslikdan emasmikan? Ul zot kim bo‘lishidan qat’iy nazar insoniyat olamiga Temuriylar davri Mirzo Ulug‘bek kabi dunyo olimlarining sarlashkarini (Londondagi Qirollik kutubxonasida saqlanayotgan bir suratda Ulug‘bek shunday tasvirlangan ekan), Mir Alisher Navoiy singari dohiy shoirni, Mirzo Boburdek buyuk insonni hadya etdi. Ular jami odamzod ma’naviyatini bir necha qadam olg‘a siljitdilar. Yoki Temur tuzgan davlat musulmon dunyosida eng uzoq vaqt – 480-yil yashadi.
Jahongirning «qonxo‘rligi» haqida e’tirozim shuki, odamkushlik o‘sha zamonning axloqi bo‘lgan. Olaylik, Stendal «Napoleonning hayoti» roman-xronikasida frantsuz lashkarboshisi yurishda xalaqit beradi, deb o‘z yarador askarlarini o‘ldirishga farmon berganligi haqida ishoralar bor. Gannibal armiyasida kutilayotgan ocharchilikni bartaraf etish uchun soldatlarga odam go‘shti yeyishni o‘rgatishgan ekan.
Mayli, insofni o‘zlariga bersin. «Amir Temur o‘tgan yo‘llar bo‘ylab» safar manzillari esa bir-biridan go‘zal, boy. Bu qutlug‘ tadbir O‘zbekistonning to‘lishgan fasliga to‘g‘ri kelganini qarang. Bozorlar meva-chevalar bilan liq to‘la. Atrofni anvoyi hidlar qoplagan. Xonadonlardan qut-baraka ufuradi. Umid qilamanki, yo‘limiz qayerga tushmasin, issiq diydor ustidan chiqamiz. Dala boshida qadrdon dehqon yarimta tabassum bilan qarshi olarkan, «Ha, Amir Temur bobomizni yo‘qlabsizlar-da», deya o‘z xayrixohligini bildiradi. U «Tuzuklar» yoki «Temurnoma»ni o‘qigan chiqadi va bamaylixotir suhbatlashishga hafsalasi bor. Tikuv dastgohi yonidagi hamshahar singlim bir zum ishdan to‘xtamay bizni tinglar ekan, ayollar eng munosib sharaflangan kunlarni qo‘msagandek yoki Navoiyning go‘zal baytlarini qalbida xirgoyi qilayotgandek tuyuladi.
Yana oldinda yangi manzillar. Quloqlarim ostida qachonlardir eshitganlarim jaranglaydi: «Tog‘tor qishloqlik Temur boboda «Temurnoma»ning boshqa nusxasi bor emish». «Kiyik darada Rustam bilan Nusrat qo‘y boqib yurib, bir sandiq kitob ko‘rgan», «G‘orda Ulug‘bekning kutubxonasi yashirilgan»…
Bular sirli olam sari yetaklaydi, ko‘ngilda yangi orzularni palak yozdiradi.
…Shu kunlarda qadrdon yurtning qaysidir go‘shalarida buyuk bobomizning g‘olib «urho»si aks-sadolari kezib yuribdi.

    «Turkiston», 1991-yil 6-avgust
* * *
…Ba’zan barcha istaklarni yengib, ko‘ngil rost gaplarni so‘zlashni mayl qilib qoladi (masalan, «Men – ablahman, chunki xotinimga yolg‘on gapirdim» qabilida). Bu safar ham rost so‘zlash, ham rost so‘z izlash istagi ustun keldi.
«O‘zbek sovet entsiklopeditsiyasi»ning Temur (Amir Temur, Temurlang)ga bag‘ishlangan maqolasi (11-jild, 39–40-bet)da eng ko‘p ishlatilgan so‘zlar «bosib oldi», «xarob qildi», «vayronaga aylantirdi», «taladi», 205 satrli axborotni o‘qib, shunday tasavvur olasiz: go‘yo XIV asrda Movarounnahrda bir ofat paydo bo‘lgan-u, chigirtkadek qayerga qadam qo‘ysa, izidan qip-qizil sahro qolavergan. So‘nggi jumlalar: «…bu davlat Temur o‘limidan keyin ko‘p o‘tmay, XV asrdayoq parchalanib ketdi» esa kishini aldaydi: nahot go‘zal Samarqand – abas, nahot Mirzo Bobur begona yoki Hindistonda tuzilgan buyuk imperiya, uning eng so‘nggi hukmdori Bahodirshoh II ning 1862-yilda vafot etgani (Temur bobomiz tavalludi – 1336-yil) – yolg‘on!
Bir daqiqa orqaga qaytish imkoni bo‘lmaganidek, 650 yil ortga chekinish ham mumkin emas. Faqat rost so‘zlar o‘sha kunlarning haqiqiy manzarasini gavdalantiradi.
Napoleon – faranglar uchun muqaddas, olmon hatto Gitlerni tashlab qo‘ygani yo‘q. Shaxs (gomo-sipienis) kamoli va zavolini o‘lchash uchun mezonlar kerak bo‘lsa, o‘shanday etalonlar qatorida yurtdoshimiz Temurbek ham bor! «Jangda sen raqibni o‘ldirmasang, raqib seni o‘ldiradi» singari aqida hukmron davrning biror farzandi, qolaversa, lashkarboshisi zamon zaylidan chetda bo‘la olmasdi. Hozircha tarix sahifalarida qotgan qon uchun xun talab qilmay, qilich tutgan qo‘lning egasi kimligini atroflicha taniylik…
Ana shunday bezovta tuyg‘ular bizni uyushtirdi. Afsuski, imkoniyatimiz juda cheklangan. Biz nari borsa suratdagi odamni ko‘rsatib, xalqdan «Bu zotni taniysizlarmi?» deb so‘rashimiz, bosh chayqab, «Yo‘q», desa, «Bu – Amir Temur bo‘ladi, ana shu joylarda umrguzaronlik qilgan», deb aytishimiz mumkin.

HAQIQAT – KESKIR QILICH
…Jamoani uyushtirish qiyin bo‘lmadi. Biz, sho‘ro fuqarolari, hamma narsani so‘m bilan o‘lchash eng o‘ng‘ay ekanini yaxshi biladiganlar, mardlar sinoviga 200 so‘m shart qo‘ydik. Buni ro‘znomada e’lon qilishdan oldin chuqur o‘ylab oldik: mabodo, pul yog‘ilib ketsa-chi? Ko‘pchilikni olib ketib bo‘lmaydi-ku! Unda ikkinchi shart qo‘yamiz – kim arab tilini bilsa – boradi. Biroq jonajon O‘zbekistonda cho‘ntagida 200 so‘m jamg‘armasi (va albatta, vaqti, xohishi) bor 13 ta azamat topildi. Kosonlik Ch. Mirzayev pul yubordi-yu, o‘zi bormadi. Andijonlik bir o‘rtoq xatlar yozib, ancha ovora bo‘ldi, dastlabki yig‘ilishda qatnashib (men u kishining issiq diydorini ko‘ra olmadim), 5 ming so‘m pul va yuk mashinasi va’da qilibdilar. Keyin xat-xabar bo‘lmay ketdi – ishqilib xonadonlarida tinchlik bo‘lsin. Safarga «Turon» ijodiy uyushmasi 3 vakil bilan qatnashadigan bo‘ldi. Kasblariga ko‘ra jamoada 4 nafar jurnalist, shuncha ilmiy xodim, 2 nafar muhandis to‘plandi. Rassom va maktab o‘quvchisi ham bor. Bayroqdor – Malik Murodov, u kishining unvonlari (filologiya fanlari doktori, professor) uchrashuvlarda juda asqotishini bilamiz.
Birovdan gina qilib bo‘lmaydi. Vatan, millat deb qon qusib yurganlar son ming. Afsuski, ular ovoz bermadi, balki bundan ham muhim ishlar bilan banddirlar yoki bu harakatning ularga millat ravnaqi, mustaqilligiga daxli yo‘qdir. To‘g‘risi, soya-salqinlarda va’zxonlik qilish bilan yelkada qop orqalab toqqa ko‘tarilish bir xil narsa emas.
Asosiysi – jahongir shaxsiga munosabat atroflicha aniqlangani yo‘q. Yuz yillar davomida tarkib topgan fikr yo‘nalishini birdaniga yangi o‘zanga solib yuborish oson emas. Bu narsa merosxo‘r xalqning ma’naviy saviyasiga ham bog‘liq. Yer yuzining qaysidir shaharlarida, olaylik, saqichni kashf qilgan kishiga yoki aqlli otlarga, itlarga qo‘yilgan yodgorliklarga duch kelish mumkin. Mazkur zaminda qanday millat va xalq yashashidan qat’iy nazar, buyuk Sohibqironga bepisandlik bilan munosabatda bo‘linayotgan ekan, demak, bunday joyda muqaddas narsaning o‘zi yo‘q. Butun odamzot tarixida yaratilgan ma’naviy merosni, asosan, inkor etuvchi, unga zid yo‘nalishni targ‘ib qiluvchi tarbiya o‘z tasarrufidagi hududni ma’naviy murdalarga to‘ldirib tashladi. Kommunistik munosabat tanqid qiladi, rad etadi, lekin mukammal namunani tavsiya eta olmaydi.
* * *
Tag-zamini moddiylikka asoslangan mafkura (materializm) ruhoniylikni o‘zining bosh dushmani deb bilardi, zamonaviy shaxsning qalbi (ruhiyati)ni egallash bilan undan davr fuqarosi – grajdan tarbiyalashga emas, balki ma’lum qolip bilan jihozlangan stanoklarda xuddi mashina yasagan kabi «kommunistik ideologiya» asosida «yangi insonni kamolga yetkazish»ga intilib kelindi. Oqibatda, o‘y-xayoli boshqa – qiladigan ishi boshqa xilqat (maxluq)lar paydo bo‘ldi. Ular og‘izda sotsializmni ulug‘lar, uni tinmay maqtardi, amalda teskari ish qilib, tuzumning obro‘sini bir pul qilardi.
Ana shunday muhitda butun borlig‘i – hurriyatparvarligi, odilligi va shafqatsizligi (zolimligi emas) haqiqat bo‘lgan (ya’ni, til va dil birligini ta’minlagan) zotning – jahongir Temurning qoralanishi qonuniy holdir, chunki buyuk bobomiz asoslagan va ustuvor qilgan tuzum bilan biz yashab kelgan jamiyat tartibotlari o‘rtasida mislsiz va murosasiz ziddiyatlar bor. Bunday ziddiyatlarni umuman va alohida-alohida sohalar bo‘yicha ilg‘ab olish qiyin emas.
Avvalo, dinga munosabatda bu ikki taraf o‘t bilan suv edi. Bu boradagi ashaddiy ixtilof chuqur izohlarsiz ham tushunarli. «Temur tuzuklari»da jahongir o‘zining dunyoga kelishi Ollohning marhamati ekanini va islom dinining navbatdagi (sakkizinchi) ravnaq beruvchisi sifatida vakil qilinganini e’tirof etadi. Uning faoliyati Ollohga, uning g‘oyalari yo‘lida xizmat qilishning benazir namunasidir. O‘zi zabt etgan yurtlarga mahalliy hukmdorlar tayinlagani holda u joylarni ishonchli kishilari – shayxulislomlar ko‘magida nazorat qildi. Masjid, madrasa, xonaqolar qurish uchun alohida topshiriqlar berdi, shaharlarga olimlarni yuborib, musulmonlarga tafsir, hadis, fiqh ilmlaridan dars ayttirdi… Sho‘ro davrida esa bu boradagi munosabatning bayrog‘iga «Din xalq uchun afyundir» deb yozilgan edi va tuzum umrining birinchi kunidan so‘nggi nafasigacha bu ulug‘ ma’naviy merosga qarshi kurashib keldi.
Naql qiladilarki, Sohibqironning uzugiga «Rosti-rusti» (mazmuni: «Kuch – adolatdadir») deb yozilgan ekan. Bu shior bobomizning hayot mazmuniga aylangani haqida tarixda misollar ko‘p. «Tuzuk»larda «Sipoh bilan raiyat o‘rtasidagi ixtiloflarni bartaraf etish uchun har el va har shaharga o‘z oldiga ayricha adolat amiri qo‘ydim», deb yozadilar. «Bir soatlik adolat yuz soatlik toat-ibodatdan afzal» degan naql o‘sha paytlarda paydo bo‘lgan ersa ajab emas. Mashhur uch yillik, besh yillik, yetti yillik yurishlardan keyin poytaxt Samarqandga qaytgach, mashvarat o‘tkazganlar va nohaqlik, zulm qilgan amaldorlarni, beklarni butun shahar ahli ko‘zi oldida jazolaganlar. Bizning kunlarda adolat eng tansiq so‘zga aylandi. Bu dunyoda haqiqat borligiga odamlarda ishonch yo‘qoldi, uni kimdan so‘rashni, kimdan talab qilishni birov bilmaydi. Amaldorlar davlat nomidan chayqovchilik qilishga berilib ketdilar va amalda nohaqlikning himoyachilariga aylanib qoldilar. Hech bir zamonda, hech bir tuzumda buncha xo‘rlik, buncha bedodlik bo‘lmagan. Oqibatda, yillar osha jamiyatning eng ilg‘or kishi lari – gullari ayovsiz qirib turildi yoki ular kuchli ruhiy azob tufayli o‘z-o‘zlarini xarob qildilar. Rahbarlik iqtidorsiz, layoqatsiz odamlar qo‘liga o‘tib qoldi. Albatta, adolatsizlik chirmovuqdek tanini o‘rab olgan jamiyatda Amir Temur g‘oyalarining tarqalishiga yo‘l yo‘q edi, uning nomidan qo‘rqishardi. Shu tufayli taqiqlashdi, badnom qilishdi.
Sohibqironni yuzma-yuz ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lgan ispan sayyohi Rui Klavixoning guvohlik berishicha, Amir Temur bo‘sh vaqtlarida olimlar bilan munozara qilishni yaxshi ko‘rarkan. Sayyoh hayajonlanib yozadi: «O‘zi bilan tortishgan va tortishuvda yutib chiqqan olimni mukofotlagan kishini zolim deb bo‘ladimi?» Bu fakt o‘z o‘rnida qimmatli bo‘lsa-da, uning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, ilm ahli u zamonda juda yuksak qadr topgan. Bunga keyingi avlodning ham podsho, ham jahonshumul olim bo‘lib yetishgani guvohlik beradi (Ulug‘bek – buyuk olim va qirq yil mamlakatni boshqargan podsho). Samarqandda tasarruf qilingan mamlakatlardagi jami yetuk ziyolilar, hunarmandlar to‘plandi, ularga homiylik va mehribonlik qilindi. Hatto shahar darvozasidagi maxsus didbonlar keluvchilar bilan ishi bo‘lmas, ketuvchilarni sinchiklab tekshirardi, negaki, biror sabab bo‘lib mashhur olim, shoir yoki kosib ketib qolmasligi tayinlangandi.
…Sho‘ro davrida «podsho» (hatto eng kichik rahbar) bilan bahslashishning o‘zi og‘ir ko‘rgulik edi. Keyin esa ilm ahliga past nazar bilan qaralardi. [Leninning Gorkiyga xatlaridan birini eslang: 1919-yil 15-sentyabrda yo‘qsillar dohiysi yo‘qsillar yozuvchisiga murojaat etib, «chirkin ziyolilarning hiqillashlariga e’tibor bermay yozish»ga chaqiradi. (To‘la asarlar to‘plami, 51-tom, 54-bet) A. I. Soljenitsinning ma’lumotiga qaraganda, dohiy xalq maorifi komissari Lunacharskiyning ziyolilarni «xalqning miyasi» iborasiga zid o‘laroq axlat (najas) so‘zlarini ishlatgan].
Ularning mehnati va sha’ni tahqirlanardi (bosh kotib, olaylik, mikrobiologiyaning kelajagini belgilab berardi). Faqat bir xil – ma’qullash va maqtash yo‘rig‘ida fikrlashga majbur qilinardi.
Temur va Temuriylar davrida turmushning barcha sohalarida halollik va poklik tantana qildi. Ayniqsa, insoniy munosabatlar oliy ta komiliga erishdi. Xususan, oila muqaddasligi ta’minlandi. Erkak-ayol munosabatlarida g‘ayriaxloqiy xatti-harakatlar qattiq qoralandi. Birovning nikohidagi ayolga ko‘z olaytirgani uchun o‘z farzandini eng og‘ir jazoga mustahiq qilishdan tortinmasdilar. Sho‘ro davrida bunday qadriyatlar ham oyoq osti qilindi, oila o‘z mazmunini yo‘qota boshladi. Joriy qilingan ba’zi tartiblar amalda buzuqlikni rag‘batlantirdi. Chunonchi, nikohsiz bola ko‘rgan ayolga yolg‘iz ona sifatida imtiyozlar berilar, nafaqa to‘lanardi.
Rad etib bo‘lmas faktlarning guvohlik berishicha, Temur aslida urushlarga qarshi bo‘lgan. Bu haqda «Tuzuk»larda davlat ishlariga xos yumushlarning o‘ndan to‘qqiz ulushini maslahat (tinch yo‘l) bilan hal qilganini, faqat chorasiz qolganda qilich tutganini e’tirof etadi. Uzoq yillik harbiy yurishlariga, asosan, yo tashqi yovning hujumi, yo tayinlangan amaldorlarning g‘ayr harakatlari turtki bergan (albatta, jahonni zabt etish istagining bo‘ysunmas kuchini rad etib bo‘lmaydi). Bu holni To‘xtamish yoki Boyazidning xatti-harakatiga munosabatida ham ko‘rish mumkin. Shuningdek, saroydagi qo‘shin bilan yordam berishni o‘tinib so‘raganlaridan so‘ng yo‘lga chiqqan. Biz esa og‘izda tinchlik tayanchi, eng tinchliksevar yurtda yashadik, biroq qurollanishda shunchalar ilgarilab ketilgan ekanki, ommaviy qirg‘in vositalari yerga sig‘may, ko‘kni ham qoplab olibdi. Endilikda ularni asrash va yo‘qotishga bolalar bog‘chalariga sarflanganidan ko‘p mablag‘ isrof qilinmoqda. Bu xarajatlar bugun to‘yib non yeya olmayotgan, usti kiyimga yolchimayotgan oddiy odamlarning og‘zidan rizqini uzib qolish hisobiga bo‘layapti.
Oddiy fuqaroning haq-huquqini hurmatlash va himoya qilish Temur va Temuriylar zamonida doimiy e’tiborda bo‘lganini quyidagi ikki voqea aniq ko‘rsatib turibdi.
Rivoyatda aytishlaricha, Temur navkarlari bilan Qarshida turardi. Bir kun ertalab Sohibqiron otni sug‘orib ketayotgan ayolga ko‘zi tushadi-da, ajablanadi. Erini toptirib, so‘roq qilganda, uyida navkarlar borligini, ularning oldiga xotinini tashlab qo‘yolmasligini bayon etadi. Gap nimadaligini tushungan Sohibqiron shundan keyin odamlarning uyiga tushmaydigan, ochiq joyda o‘tov tikib yashaydigan bo‘la di. Uning yo‘riqlarida kambag‘alning sigiri yoki echkisini o‘g‘irlagan navkarga o‘lim jazosi berilishi yozib qo‘yilgan…
Hazrat Alisher Navoiyning naql qilishlaricha («Hayrat ul-abror», 27-bob), shoh G‘oziy (Sulton Husayn Mansur Boyqaro) aylanib yurganda bir devona kampir o‘ldirilgan yolg‘iz o‘g‘lining xunini talab qiladi, shariat qozisi oldida shohning adolati va insofini guvoh sifatida keltiradi. O‘z adolati va insofi qadrini o‘limdan yuqori ko‘rgan shoh kampirning qo‘liga qilichini tutqazib, bo‘yniga ip bog‘laydi-da, boshini kundaga qo‘yadi…
«Boburnoma»da ta’kidlanadiki, Sulton Husaynning o‘g‘illaridan biri ehtiyotsizlik tufayli bir dehqonni o‘ldirib qo‘yadi. Xun talab qilib kelishganda, pul, mol emas, o‘g‘lining o‘zini berib yuboradi.
Endi siz oddiy mehnatkashning yengil mashina sotib olishini yoki farzandining oliy o‘quv yurtiga kirishini tasavvur qilib ko‘ring. 10–15 yillab navbatda turib, «to‘rtta g‘ildirak»ka ega bo‘la olmayotganlar, bu haqdagi orzulari sarobga aylanganlar son ming. O‘qishga pul bilan kirish esa oddiy hol bo‘lib qoldiki, aslida, u alkogolizm yoki giyohvandlikka o‘xshagan fojia. Bu illatlar jamiyatni qancha buzsa, pul bilan diplom olgan mutaxassis shuncha ziyon yetkazadi. Bu holat hali hech kimni bezovta qilayotgani yo‘q, aksincha, yangi-yangi qirralar bilan boyimoqda.
Amir Temur ona tuproq sha’nini yuksaklarga ko‘tardi, jahon miqyosiga olib chiqdi. Bu – rad etib bo‘lmaydigan haqiqat. Yana bir haqiqat shuki, taraqqiyot har doim kuchli markazlar atrofida aylanadi. Temur poytaxtini dunyoning ko‘plab mamlakatlari vakillari tavob qildilar, o‘zaro aloqalar o‘rnatdilar. Joriy qilingan rasmiy tartibga asosan u egallagan yurtlar qaramlik ramzi sifatida sovg‘a-salom (boj) yuborishdan bo‘yin tovlamasdilar. Jumladan, Moskva ham uzoq yillar bu xizmatini ado etib turdi. Yillar o‘tib, daryolar teskari oqdi, endi poezdlar O‘zbekistondan Moskvaga qatnaydigan bo‘lib qoldi. Yurtimiz tekin va arzon xom ashyo bazasiga aylandi. Xalqini, millatini sotib, shu hisobda yashab yurganlar-chi?! Albatta, ularga rost gap yoqmaydi, tariximizga yolg‘on chaplashdan uyalmaydilar, jumladan, Temur va Temuriylar davri ni o‘z didlariga (aniqrog‘i, o‘z nafslariga) moslab talqin qiladilar. Dunyo esa rost gap bilan tirik.
Mulohazalarning tabiiy oqimidan bobomizni qoralaydigan biror vaj topa olmayman. Aslida, bunga ma’naviy haqqim bormi? Men – kimman? «Tuxumga baho berish uchun tovuq bo‘lish shart emas» – to‘g‘ri. Biroq barcha hayot hikmati tuxum po‘chog‘iga sig‘avermaydi va barcha hikmatlarni tovuq tug‘maydi. Ba’zan alohida shaxsning, balki jami odamzodning aslo shak keltirmay qabul qiladigan muqaddas qadriyatlari bo‘lishi kerak ekan. Masalan, farzand uchun ota, shogird uchun ustozi komil. Shunga ko‘ra, buyuk Sohibqiron Amir Temurdan nuqson izlab qayerga boramiz? Tayoqning ikki uchi borligi, taraqqiyot bir-biriga zid ikki kuchning kurashi asosiga qurilgani rost bo‘lsa, barcha tabaqa va tushunchalarni o‘zida qamrab oladigan, hammani baravar rozi qiladigan zotning bo‘lishi aqldan tashqari hodisa. Yomonlarni yaxshilar yoqtirmaganidek, adolatli shoh zulm tarafdorlariga yoqmasligi tabiiy. To‘g‘rilikni himoya qilish uchun, albatta, o‘g‘rilikka qarshi kurashish kerak, kurash esa qurbonsiz bo‘lmaydi. Amir Temurning yurishlarida qon to‘kilgani, hatto (siyosatda uchraydigan hodisa) nohaq qurbonlar bo‘lganiga shubha yo‘q.
Manzarani aniqroq tasavvur qilish uchun o‘sha zamon iboralarini ham o‘zicha tushunish kerak. Jumladan, ishonchli ma’lumotlarga qaraganda (masalan, «Boburnoma»da) «kalladan minora yasash» degani qattiq g‘azablanish belgisi sifatida, po‘pisa uchun qatl qilingan to‘rt kishining boshini to‘rt xodaga qadab, minoradek qilib qo‘yish ekan. «Tiriklay yerga ko‘mish hollari» haqida esa manbalarda tayinli gap yo‘q, u g‘irt tuhmat bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Nima bo‘lganda ham u kunlar uchun javobgarlik talab qilish befoyda, haqni ham, nohaqni ham Olloh o‘z ixtiyoriga olgan. Biroq baxt-saodat haqida tinimsiz qo‘shiqlar kuylangan mamlakatda millionlab odamlarning kafansiz ko‘milganiga ham tarix guvoh bo‘ldi-ku!
* * *
(Garchi shu tuzum «nash’-u namo»laridan bahramand bo‘lib ulg‘aygan kishining u haqda achchiq ta’nalar aytishi erish tuyulsa-da, noo‘rin to‘kilgan ko‘z yoshlari, iztiroblari, aldovlar, xazon bo‘lgan umr lahzalarining achchiq azobi shuni talab qiladi. Bu tuzumning ko‘rgiligi shu ekanki, esini tanigan har bir fuqaro uni nafratlaydi, negaki, u haqda haqiqatni bilishga qancha intilsangiz, qabihligi shuncha ochilib qolaveradi. «Yolg‘onning umri qisqa», deb shuni aytsalar kerak-da).

TA’BIR
Safar o‘tayotgan kunlar mamlakat hayotida esda qoladigan uch muhim voqea ro‘y berdi: Toshkentda besh respublika (O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston) rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvi (12–14-avgust), O‘zbekiston Prezidentining Hindistonga safari (17–19-avgust) va Moskvada davlat to‘ntarilishiga urinish (18–21-avgust).
Bular hayot oqimini shunchalik tezlashtirib yubordiki, yetmish yildan buyon iskanjaga olib kelgan ba’zi qoliplardan birdaniga voz kechish mumkin bo‘ldi. Jumladan, 31 avgustda O‘zbekiston Respublikasi mustaqil, deb e’lon qilindi.

ZANGIOTADA
Ekspeditsiyani tayyorlash jarayonidagi hur orzularimizdan biri – dastlabki oq fotihani Toshkentning eng yirik masjidi jomesida mintaqaning eng yirik din peshvosidan olish edi – ruxsat berishmadi. Tortishib o‘tirish o‘rinsiz, maqsad xavf ostida qolishi mumkin. Birinchi ziyoratgoh sifatida esa Zangiota yodgorligi tanlandi. Zangiota – Oyxo‘ja Toshxo‘ja o‘g‘li mashhur Xo‘ja Ahmad Yassaviy hazratlarining jiyani – qadimda shu atrof-tevarakni so‘rab turgan, butun turkiy-islom dunyosida dong‘i ketgan yirik diniy-mazhabiy shaxs hisoblangan. Yodgorlikning tiklanishi bilan bog‘liq shunday rivoyat bor.
Ma’lumki, Xo‘ja Ahmad Yassaviyning mavqeyi Turonzaminda beqiyos bo‘lgan. «Madinada – Muhammad, Turkistonda – Xo‘ja Ahmad» degan muqoyasaning o‘ziyoq buni ko‘rsatib turibdi. Sohibqiron Amir Temur Yassaviy ta’limotini chuqur hurmat qiladi va hazratni o‘zining ma’naviy pirlaridan biri hisoblaydi. Ixlos bilan Yassaviy maqbarasini qurishga kirishadi. Lekin harakatlar zoye ketaveradi – poydevor qulab tushaveradi (cho‘kaveradi). Bu sinoatga mashoyixlar ta’bir qiladilarki, Toshkent va Qovunchi orasida dafn etilgan ulug‘ zot – Zangiota Xo‘ja Ahmad avlodlaridan, uning qabri qarovsiz yotibdi, shu sabab ruhi bezovtadir. Magarki, ishni u yoqdan boshlamoq joizdir. Shunday qilib, Zangiota qabriga maqbara tiklash boshlanadi, shundan keyin Turkistondagi ishlar ham yurishib ketadi.
…Nihoyat, buyuk bobomizni eslatuvchi birinchi maskan. Ko‘cha yuzidagi g‘ishtin darvoza bilan masjid orasi yuz metrlar bor. Yo‘lning ikki tarafi maysazor, gulzor. Ziyoratgoh hovlisiga kichikroq darvozadan kirib borilarkan. Chap tarafdagi masjid yaqinda ta’mirdan chiqarilibdi, ranglariga g‘ubor qo‘nmagan – o‘tkir, toza. To‘rdagi xonaqoh esa yarim vayrona holida.
Qur’on tilovatining sehrli sadolari yangraydi. Hamma qabr atrofida cho‘kka tushgan, ko‘zlar yerga qadalgan, boshlar egik. Ehtimol, boshlangan safarning bexatar o‘tishi haqida iltijo, ulug‘lar ruhini madadga undash chaqirig‘i qalblardan ko‘chayotgandir.
Hovlida imom-xatib Qosimxon hoji bilan suhbatlashdik. Ul zot shu yil haj safarini ado etib kelibdilar. Maqsadimizni eshitib, bag‘oyat xursand bo‘ldilar, dini islomiyaga, milliy qadriyatlarga e’tiborning oshgani faqat naf keltirishini ta’kidladilar. Astoydil duo qilib, har birimizga bittadan oq belbog‘ hadya etdilar. Bu latif odat – oqlik in’om etilgani – ko‘nglimizni ko‘tarib yubordi.
Chiqishda ko‘zimiz gulzor o‘rtasida qo‘nqayib turgan «monument»ga tushdi. G‘alaba sharafiga ekan. Narigi xona muzeymi, rasmxonami emish. Muqaddas qadamjo hovlisiga bularni tiqishtirishni qanday tushunish kerak? Ulkan imoratning ostiga zahri qotil qo‘yilsa, sekin yemirib qulatgan. Bu «ijod» mualliflari ham shuni nazarda tutdimikanlar?! Afsuski, qazigan chohlariga o‘zlari qulashdi (shu haqiqat rost bo‘lsin).
Birinchi yuzlashuvdan keyinoq vazmin va yorug‘ kayfiyat oralab qoldi. Muqaddas joylarning chinakam sehri bor. Qadam qo‘yishing bilan ruhda ajib yengillik, jonda ulug‘vorlik paydo bo‘ladi. Mayin va xush havosi bor bu maskanlarning. Yelkangdan ko‘rinmas kuchning salobati bosib turadi, ilohiy siymo oldida imtihon topshirayotgandek sezasan o‘zingni.
Bu go‘shada Amir Temur nomi ko‘p bor tilga tushdi: goh ma’lum rivoyat sabab, goh bobomizning faqat tiriklarni emas, dunyodan o‘tganlarni ulug‘lagan himmati sabab yoki darvozadagi «XV asr yodgorligi» degan quruq yozuvni o‘qib, jahongirni qayta-qayta esladik.
Buyuk Temurning insoniyat oldidagi mislsiz xizmati haqida so‘z ketganda uni yo‘qdan bor qiluvchi, sehrgar sifatida emas, aniq tarixiy siymo – o‘zigacha tarkib topgan ilg‘or an’analarni davom ettirgan, rivojlantirgan, insoniyat manfaatlariga xizmat qildirgan islohotchi deb qarash kerak bo‘ladi. Zafarli XIV asrgacha ham Movarounnahrda yuksak madaniyat izlari bor edi, Amir Temurning tarix sahnasiga chiqishi ekilgan ezgulik urug‘larining unishini tezlashtirdi, taraqqiyotga yangicha omil bag‘ishladi, uzoq rivojlanishni ta’minladi. Amir Temurning «dunyoga kelishi» ham Turon uchun baxtli tashrif edi. Davrning buyuk hikmati shundaki, tafakkurning barcha ko‘rinishlarida yangilanish boshlandi, ilm-fan, adabiyot-san’at, me’morchilikda ming yillarning tamoyilini belgilab beruvchi zaminga asos solindi, qolaversa, Sharq Uyg‘onishi (Renessans) tezlashdi. Shu tufayli imoratlarda, musiqada va boshqa janrlarda uyg‘unlik bor, biri ikkinchisining tadriji-yu davomiga o‘xshaydi. Temur va Temuriylar jahon madaniyati xazinasida o‘z dastxatlarini o‘lmas qilib qoldirganlar.

TO‘TIYO MANZILLAR
Garchi Zangiota bilan Oqsaroy orasida yuzlab chaqirim yo‘l bo‘lsa-da, umumiy ruh ufurib turibdi.
Oraliqdagi masofani qariyb to‘qqiz soatda bosib o‘tdik. Yo‘lda har xil hangomalar bo‘ldi, turli xotiralar eslandi. Sirdaryoda kosasi 4 so‘mlik lag‘mondan tekin hind choyi ko‘proq yoqqan bo‘lsa, Omonqo‘ton qirlarida Mamatkarim polvon, Namoz botir izlari ko‘milib yotganidan xijolat bo‘ldik. Chiroqchi hududida har qadamda uchray digan yevropacha nomlar tishga tekkan bo‘lsa, Shahrisabzda yo‘lni adashtirib, ancha aylanishga to‘g‘ri keldi.
Qadimgi Keshda Amir Temur ruhi yonma-yon yashayotgandek. To‘ylarda eng ezgu tilak sifatida yosh go‘dakni bobosiga mengzaydilar, farzandlarini ardoqlab, uning nomi bilan ataydilar. Bu yerda XX asrga qo‘yilgan mangu haykal – Oqsaroy xarobalari qad rostlab turibdi – aynigan va g‘orat etilgan asr, jarohatli obida. Hech qachon mavhum tushunchalarni mavjud jismlar yordamida bunchalik aniq ifodalab bo‘lmasa kerak: inson zakovatining betimsol ijodi – nodir san’at asari va unga munosabat. Davr mazmuni haqida istagancha mulohaza qilish mumkin.
…Shahar ostonasida mototsiklining havo signalini yangratib, maxsus faxriy kuzatuvchi kutib oldi, go‘yo tantanali qism boshlandi. Xavoda salanglab turgan mis karnayning hayqirig‘i, unga jo‘r bo‘lgan surnayning ezgin navosi naq Bag‘dod qo‘yniga yetaklab kirdi. Yo‘q, bu «Ming bir kecha» ertaklari emas, qadrdon yurt manzarasi. Mana, «soqollarini silkillatib» sozni giryon qilayotgan mening qarindoshim – Sa’dulla dorboz, yonida – Jo‘ra masxaraboz.
Odamlar to‘plana boshlashdi, gap nimadaligini bilishgach, yurakdan alqab, duo qilishdi, minnatdorchilik bildirishdi: «Xush kelibsizlar Sohibqiron yurtiga!»
Temur o‘z volidai muhtaramasi sharafiga qurdirgan, takrorlanmas va tengsiz oliy imorat bo‘lgan Oqsaroyning bugungi holiga boqish – azob. Uni to‘pdan otishgan, buzib, g‘ishtini olish uchun hasharlar uyushtirilgan. Uzunligi qariyb 250 metr bo‘lgan mahobatli qasrdan kirish portali – uyning darchasigina mung‘ayib turibdi. Uni tiklashga hech kim, hatto adolatli YUNESKO ham qiziqmayapti (kelishilgan 2 million dollarni o‘tkazmabdi).
Shahrisabz, umuman, unutilgan go‘sha holida ekan – bu haqda shahar hokimi huzuridagi suhbatda kuyinib gapirishdi. Yaqinda o‘tadigan Mirzo Ulug‘bek yubileyi tadbirlarida hech narsa ko‘zda tutilmagan. «Buyuk ipak yo‘li» xaritasida yo‘q, tarixi haqidagi kitob nashr etilmay turibdi, yubileyi tilga ham olinmaydi. (Bir mulohazani qistirib o‘tmoqchiman: ekspeditsiya davomida guvoh bo‘ldikki, Amir Temurga taalluqli barcha narsalar ataylab «unutilgan», xaroba holiga keltirilgan. Bu, balki, tariximizdagi nurli sahifalarni yo‘qotmoqchi bo‘lganlarning ishidir). Holbuki, Shahrisabz Sohibqironning ilk poytaxti, bu yerda padari buzrukvori – Muhammad Tarag‘ay Bahodir, piri – Shamsiddin Mir Kulol, juvonmarg bo‘lgan o‘g‘li – Jahongir dafn etilgan. Ulug‘bek qurdirgan Dorut-tilavot shu yerda (gumbazi yodgorliklar sirasida eng katta).
Shuningdek, mashhur muhaddis Ismoil Buxoriy shu joyda tahsil olgan, Xisrav Dehlaviy va Mirzo Bedilning ota shahri, mozaikani birinchi marta VII asrda Kesh ustalari qo‘llashgan. Ana shunday boy o‘tmishga ega maskan qachon o‘z mavqeyiga munosib, zamonaviy shahar bo‘ladi? Shu niyatda yo‘l ochilgan bir davrda tarix yuzidagi g‘uborlar ko‘tarilishini, hamma narsa o‘z o‘rniga qo‘yilishini umid qilaylik.
Suhbatda aytilganidek, islom olami qachondir Muhammad ((s. a. v.))dan keyin Amir Temurni tan oladi. Illo, shu kunlar uzoq bo‘lmasin.
Biz har qadamda odamlarning xayrixohligini, bobomizga nisbatan bardam kayfiyatini his etib turdik. Odatda, badanning biror joyiga zarba tushaversa, qotib, pishib boraveradi. Xalq ruhiga yaqin, uning qiyofasini aks ettiruvchi qadriyatlar temir panjaralar bilan qanchalar to‘silmasin, taqiq nechog‘liq kuchli bo‘lmasin, damba qilingan suv tirqish izlaganidek, o‘sha tomonga qiziqish (bosim) oshaverar ekan. Garchi hadiklar ko‘tarilmagan, jahongirning nomi ko‘plarning rangini o‘chirib turgan bo‘lsa-da, paydo bo‘lgan tirnoqcha ro‘shnolik – bizning bobomiz nomini yo‘qlab, shu tuproqqa qadam qo‘yganimiz katta g‘alaba sifatida kutib olindi.
Odamlar o‘z istaklariga talpinar edilar: bu shunday yengilmas kuch va mayl ediki, otasini sog‘ingan farzand uning bag‘riga ana shunday ishtiyoq bilan intilishi mumkin. Yakkabog‘ shahrida, Xo‘jailg‘orda bu his yana bir necha chandon ortiqroq namoyon bo‘ldi.

YAKKABOG‘ – QADIM BOG‘
Shahar oromgohida bir mahalla bayrami o‘tkazildi. Rang-barang tomoshalar hammasi milliy turmush tarzimizdan olingan, go‘yo ha yot sahnaga ko‘chgan. Uning ijrochilari chollar, kampirlar, uy bekalari –noprofessional kishilar. Qolip (syujet)ga solingan hayot lahzasini to‘liq ifodalash oson emas, biroq tomosha gashtli bo‘layapti.
Charx yigirayotgan kampir xilvatda tanob tortganda, balki murgilab o‘tirarmidi? Ko‘pchilikning nazari unga g‘ayrat bag‘ishlagan, qoqsuyak qo‘llarida urchuq jadal aylanadi, berilib kuylayotgan qo‘shig‘i tobora baland o‘rlaydi. Uning holati yonidagi tengdoshida ham zavq uyg‘otdi shekilli, panog‘ini qo‘liga oldi. Qo‘shiq ham boshqacharoq jaranglay boshladi: «Eshon buvam kelsalar, o‘ynamoqqa zavqim bor».
Kelin mingan ot oldida qulochini keng yozib o‘ynab kelayotgan cholda 20 yoshli yigitning vajohati bor. Qizil durrani qiya o‘ragan boboning yoshi 80 dan oshgan, u chapak chalib, laparga jo‘r bo‘lmoqda, dikonglab chunon raqs etmoqdaki, hali zamon yiqilib tushadi, deysiz – qayerda, yarim soatdan buyon shu hangoma.
Maydon shodon qiyqiriqqa to‘lgan, xalq yoyilib bayram qilmoqda. Ko‘pincha katta-kichik sinovlar haqida gap ketganda, natija tilga olinadi-yu, ruhiy ustunlik qaysi tomonda bo‘lganligiga e’tibor berilmaydi. Holbuki, jamoaning yalpi kayfiyati (jangovarlik yoki tushkunlik) ko‘p narsani hal qiladi. Buyuk Temur qo‘shinini doim yuqori kayfiyatda ushlab turgan bo‘lsa ajab emas. Munkillab qolgan chol-kampirni irg‘ishlatgan kuchning sehri bobomizga ma’lum bo‘lgandir.
To‘y qilayotgan maydonda ulug‘ janglardagi «urho-ur»ning bir epkini kezib yurgandek bo‘ldi. Mezbonlar bugun huzurlariga «Temur ekspeditsiyasi» tashrif buyurganini bilishardi. Tomosha boshlanmasdan oldin o‘zaro muloqot bo‘lib o‘tdi. Har holda biz bu uchrashuvning samimiyligiga ishondik.
Muddaomiz – tarix kitoblarida qayd etilgan mashhur Xo‘jailg‘or qishlog‘ida tunash, uning yulduzlariga termilish edi. Bizga rahnamolik qilgan («o‘rab olgan» desam shakkoklik bo‘lar) mutasaddilar «Mana shu yer – Xo‘jailg‘or» deb «Leninizm» kolxozi idorasi atrofini ko‘rsatishdi. Ishonqiramadik. «Odamlar yashaydigan uylar ko‘rinmaydi. Hamma joyga Xo‘jailg‘orni ko‘chirib kelaversa bo‘ladimi?» «Bizda daraxtlar juda qalin, shu tufayli uylar ko‘rinmaydi. Ishonaveringlar. Yaqinda mana shu ko‘chani Amir Temur nomiga qo‘ydik». Ko‘ndik. Ko‘chlarni tashladik.
Mo‘ljallagan eng katta tadbirimiz – milliy odatlarimizdan kelib chiqib is chiqarmoqchi, bobomiz ruhlariga xudoyi o‘tkazmoqchi edik. Tadorikni boshlab yubordik. Mezbonlar bilan bir oz tortishib oldik – xarajat masalasida. Ular «tashvishlanmanglar» deyishdi, biz esa «xazinamiz bor, pul yiqqanmiz» deb turib oldik va, nihoyat, qo‘y olishga 150 so‘m (arzimagan) ulush qo‘shadigan bo‘ldik.
An’anaviy irim-rasmlarga amal qilib, qon chiqardik – qo‘y so‘ydik. Ma’rakaga odam ko‘p keldi, ularni qo‘lini chaydirib (suv quyib), sochiq tutib kutib oldik. Asfalt yo‘lga chodir-u ko‘rpalarimizni yoyib tashladik. Xo‘jalik, tuman rahbarlari biz bilan birga oyoqqa turib xizmat qilishdi.
Oxirida olti bora duoga qo‘l ochildi: Sohibqiron ruhi, jami o‘tganlar arvohi, zamonning tinchligi, O‘zbekiston kamoli, ekspeditsiya muvaffaqiyati, yoshlar baxti uchun domla Malik Murodov ijobat so‘rayverdilar, uch imom-xatib bosib duo beraverdilar. Ruhimiz ancha yengil tortdi, kayfiyatimiz ko‘tarildi, xuddi yangi kiyim kiygandek dimog‘imiz chog‘ bo‘lib qoldi.
Asta-sekin o‘zgacha qiyofaga kira boshladik, hamma jiddiy tortib qoldi.
Bizni maqsadimiz, asosan, machitlarga, qabristonlarga boshlardi. Ma’lumki, bu ikki go‘sha xalqimizda muqaddas hisoblanadi. Aytish mumkin, jahongir Amir Temur haqidagi xotiralar ana shu muqaddas joylarda yashiringan. Machitlarda ahli mo‘minning suhbati dini islom ravnaq topgan farahli kunlarga taqaladi. Qabristonlarda esa ma’lum yoki noma’lum avliyo dafn etilgan, ul zotning shajarasi ham Temur va Temuriylar davriga borib taqaladi – tirikligimiz o‘sha munavvar ayyomlardan shunchalik quvvat olgan ekan.
Xo‘jailg‘or qabristoni tashqi tomondan juda ko‘rimsiz, ya’ni diqqatni tortmaydi. Ichkarida esa minglab qabrlar (ularning egalarini xudo rahmat qilsin) qurshovida olis tarixga daxldor marmar qabrtoshlar, yozuvlar, sopol parchalari sochilib yotibdi.
Bu yerda katta daxma bor, u xo‘ja Abdurahmon sahoba (xo‘ja Abdurahmon Avf, xo‘ja Ilg‘or)ga taalluqli. Bu zotni islom dinini targ‘ib qilib kelgan arab qo‘shinlari ilg‘or (avangard) qismi lashkarboshilaridan, deyishdi. (Ekspeditsiya davomida Xo‘jaisporos, Xo‘jailmkoni qishloqlarida ham xuddi shunday o‘lchamli, qurilishi o‘xshash daxmalar borligini ko‘rdik).
Yaqin atrofda 4 qishloq, 5 tepalik, 7 chashma bor ekan. Chashmalarning biri (Chillabuloq) bo‘yida haykalga joy belgilanibdi. Tepaliklar esa ko‘zga tashlanmaydi – ular tekislab yuborilgan. Shunda qurol-aslahali odamlarning jasadlari chiqqan ekan. Katta jome masjidi ham buzib tashlangan, uning o‘rni tep-tekis bo‘lib turibdi. Shu yerda hamon juma namozi o‘qilar ekan. Qabriston chetidagi ariqda esa… temir tobutlar qalashib yotibdi. Afg‘onistondan askar yigitlar jasadi kelgan bu sovuq qutilarni ko‘rganda, beixtiyor yurak uvishadi.
Darxon qishlog‘iga yo‘l oldik. U yerda mahalliy o‘qituvchi Juman To‘xliyev uchta rivoyat aytib berdi.
1. Temur Shahrisabz taxtini egallay olmay sarson bo‘lib yurgan paytlarda bir kun shu qishloqlik keksa kampirnikiga tushadi. Kampir – Darxon momo mehmondorchilikka shavla pishiradi. Ochiqib o‘tirgan Temur ovqatning o‘rtasidan olib yeydi va og‘zi kuyadi. Kuzatib turgan momo: «Temurga o‘xshama-da!» deydi. Hayron bo‘lib, gapning ma’nosini so‘raganda «Temur ham sen kabi shoshib, Shahrisabzga hujum qilgandi, yengilib og‘zi kuydi. U oldin atrofdagi qishloqlarni egallashi kerak edi», deydi. Gap nimadaligini tushungan Temur shunday yo‘l tutadi va zafar qozonadi. Darxon momoga shu katta ariqdan pastki ulusning boj-xirojini bag‘ishlaydi.
2. Ishlari yurishmay turgan paytda Temurning esiga Darxon momo tushadi va navkarlarini maslahatga yuboradi. Momo hech narsa demay, bog‘idagi keksa daraxtlarni kesa boshlaydi. Temur ham qari lashkarboshilari o‘rniga yoshlarni tayinlab, maqsadga erishadi.
3. Hindistonni zabt etib qaytayotgan Temur shu yerga yetganda Darxon momoni eslaydi. Uni toptirib kelib, yana bir marta shavla pishirib berishini so‘raydi. «Shavlangiz shirin bo‘lmabdi», deydi bu safar jahongir tatib ko‘rib. «O‘shanda sen och eding, och qolib yeyilgan har qanday ovqat shirin tuyuladi», deb javob beradi momo.
Bu dalil – buyuk shaxsning ustozlaridan biri ayol kishi ekani – noyob hodisa, azaldan ham yurtimiz oqila ayollar vatani bo‘lganining isboti. Darxon qishlog‘i «Sharq yulduzi» kolxozi hududida, shu nomli ariq ham bor.

MULOHAZA
Cafarimiz kutilgandek o‘tmoqda. Firqa xodimi Yusupov boshliq homiylarimiz tashvishlarimizni baham ko‘rib, juda odamgarchilik qilishdi. Rayijroqo‘m muovini Xurram Tuymayev, hatto biz bilan toqqa borishga ham tayyor bo‘lib turibdi. Bizni uyushtirgan umumiy kayfiyat – avlodlar ruhi oldidagi qarzdorlikdan tashqari bobomiz Temur tufayli qarindosh bo‘lib qolgandek edik.
Yo‘l-yo‘lakay uchraydigan muammolarni hal qilishda uyushqoqlik, cho‘chimay mas’uliyatni zimmaga olish, qozonning og‘ir tomonini ko‘tarishga urinish kabi holatlar o‘zbekning to‘yidagi og‘aynilar, qo‘shnilarning jipsligini eslatardi. Xullas, hamma o‘zini Sohibqironning uzoq ajdodi deb bilar, bu mashvaratga halol ishtirok etishni xohlardi.
Ba’zan dil tubida cho‘kib yotgan xudbinlik hislari ham jazavaga kelib qolar, o‘zaro buyuk ajdodimizni talashish, unga o‘zini bevosita «payvandlab qo‘yish»ga urinish hollari ham uchrardi. Xususan, Temurning kindik qoni tomgan tuproq, deganda Ibn Arabshohning asarida Xo‘jailg‘or qishlog‘i ko‘rsatilsa-da, bu ma’lumot nisbiy, u aslida Keshning Shahrisabz mahallasida; Oktbyar posyolkasidagi Tarog‘li qishlog‘ida; Chiroqchi-Qarshi oralig‘ida; Muborakda – Zanjirli quduqda tavallud topgan, degan da’volar aytildi, bular atrofida munozaralar bo‘ldi.
Yakkabog‘da esa bir ziyolinamo kishi hammaning diqqatini o‘ziga tortib, manbalarda Temurning barlos urug‘idan, deyilgani xato, otasi – sayidlar avlodidan bo‘lib, barloslarning piri bo‘lgan, deb qoldi (o‘zi ham sayidlardan ekan). Hatto «falon rassom katta tog‘amga qa rab Ulug‘bek suratini chizuvdi, men esa Temurga o‘xshayman» deb sha’ma ham qildi. Bunday da’volarda qancha miqdorda haqiqat bo‘lishi mumkin, lekin asosiy masalaga daxli kam.
Ehtimol, Sohibqironning tug‘ilgan joyini ignaning uchidek aniqlik darajasida topish, urug‘ini belgilash qandaydir qiziquvchilar klubi uchun kerakdir, biroq bunday ma’lumotlarning fan uchun, xususan, merosxo‘rlik uchun zarracha ham ahamiyati yo‘q, deb o‘ylayman. Mabodo, shu yo‘nalishdagi munozaralarga zo‘r berilsa, ish absurd (betamizlik)gacha – ikki qishloqning bir-biri bilan yoqalashuvigacha borishi mumkin, lekin muddao hosil bo‘lmaydi. Biroq eng katta haqiqat shundaki, Amir Temur mana shu zaminda tug‘ildi, o‘sdi, yashadi, bizga vatandosh, qondosh, dindosh.
E’tiqodni bayroq qilib, buyuk jahongir haqidagi bor gapni jamoatchilikka ma’lum qilish xizmatiga – marhamat! Qolaversa, bobomiz otining izi qolgan har bir qarich joy tadqiqotga muhtoj, negaki, u yerda tariximizning bir parchasi yashiringan. Mana, Yakkabog‘ qishlog‘idagi Yodgor Valloma(t) madrasasi xarobasi. Butun qolgan ikki koshinli minora uch xil rangda, naqshlari ham hamohang emas. G‘isht terilishi, pardozlarda nafislik yetishmaydi, loyihasi o‘ziga xos (nishablikda qurilgan). Sho‘ro davrida hammom, aroq do‘koni, voenkomat bo‘lgan yodgorlik juda ayanchli holda, madrasa hujralari buzilib ketgan, hovli tashlandiq suprindixonaga aylangan. Yakkabog‘liklar uni Temur saltanati ilk davrida (yoki undan ham oldin), hali oliy imoratlar qurish tajribasi bo‘lmagan paytda bunyod etilgan, deb hisoblashadi. Bu gapda qanchalik haqiqat bor, bilmadim. (Yana afsus: yetti asr guvohi yemirilib, yo‘q bo‘lib borayapti. Qanisiz, madaniyatga taalluqli bo‘lsa, otning taqasini ham saqlovchi xalqlar?!)
Yoki Temurning oqsoqligi haqida ham turli taxminlar aytildi. Oyoq sinishini qaroqchilikda, jangda, deb o‘qigandik, Shahrisabzda Qiyomxon hoji kitoblarda ko‘rganlari asosida Temurning oyog‘i Buxoro yaqinida xandaqqa qulab singan (o‘smirlikda) va Qalmoq degan kampirnikida yotib davolangan, shu yerda atala (shavla emas) yeb og‘zi kuygan, deb qoldilar. Yakkabog‘da esa bolaligida ham oqsoq bo‘lganini, tepaga chiqishda kimo‘zarga quvlashmachoq o‘ynashsa, orqada qolib ketar, lekin har doim qalpog‘ini otib, birinchilikni olganini, o‘rtoqlariga «bosh oyoqdan ulug‘, mening bosh kiyimim marraga birinchi keldi», deb vaj aytganini so‘zlab berishdi.
Albatta, bu hikoyalar asl tarjimayi hol oldida yolg‘on, biroq xalqning o‘z farzandini e’zozlab, shunday naqllar ijod qilgani, ularning avlodlar osha yashab kelayotgani e’tiborga molik. Holbuki, jahongir haqida yuzlab rivoyatlar, matallar to‘qilganki, ular deyarli to‘planmagan, o‘rganilmagan. Bu – buyuk ajdodimizga nisbatan sovuq munosabat, uni xalq xotirasidan o‘chirib tashlash istagining ifodasi edi. Endi aybni yuvish fursati keldi.

TEMURBEK IZLARI BILAN
…Avtobusni tog‘ oldidagi Kaltaqo‘l qishlog‘ida qoldirishga to‘g‘ri keldi. Yana homiylarimizning himmati asqotdi. Ular kuchli yuk mashinasi topib berishdi. Ma’lum bo‘lishicha, bizni lash-lushlarimiz bilan bitta mashina toqqa olib chiqa olmas ekan. Ikkiga bo‘linishga to‘g‘ri keldi. Oldinda ketdim, ertaroq borib, ul-bulni tayyorlab turish kerak.
Tog‘ yo‘li tik, o‘nqir-cho‘nqir bo‘lishdan tashqari nihoyatda tor – bir izli. Qarshi tarafdan mashina kelib qolsa, nima bo‘larkan? Motor guvillaydi, zo‘riqadi, ba’zan g‘ildirak joyida aylanib qoladi, yuragimizni hovuchlab, bortga qapishgancha yuqorilaymiz. Ha deganda, tubsiz dara, uning qa’rida oqayotgan daryo ko‘rinaveradi. «Lochin» bo‘lmasak mayli edi, ishqilib xudo asrasin. Ba’zan qisqa tekisliklar to‘g‘ri kelib qoladi, mashina g‘izillab chopadi, tog‘ shamoli sochlarni taraydi, dimoqqa ufor hidlar uriladi. Yuqorilagan sari odam yorug‘lik dengizida g‘arq bo‘layotgandek sezadi o‘zini. Tog‘larda o‘zgacha munavvarlik, musaffolik bo‘ladi. Dimoq kuyishadi, bu havoning siyraklashayotganidan, yurak tezroq ura boshlaydi.
Ko‘zlagan manzilimiz – Toshqo‘rg‘on qishlog‘i, u xuddi chinni piyolaning tubida joylashgandek. Hozir 4–5 kilometr balandlikka chiqamiz, so‘ngra 2–3 kilometr pastga tushamiz. Qishloq kunchiqar tarafda, naqd Qashqadaryo chegarasida. Nari tomon – Surxondaryo, Bovurchi cho‘qqisidan To‘polondaryo irmoqlari boshlanadi, deyishadi.
Respublikamiz xaritasida Toshqo‘rg‘on degan qishloqlar ancha-muncha. Ularning, shubhasiz, o‘ziga xos tarixi bor, lekin umumiy tomonlari bor-yo‘qligi noma’lum. Balki bu so‘z to‘g‘ri ma’nosida – «tosh aylantirilgan qo‘rg‘on» shaklida yasalgandir. Bunday joylar har qadamda uchraydi. Ikkinchi ehtimol esa bu qishloqlarning asosi bir, yagona urug‘dan tarqalgan bo‘lishi ham mumkindir, negaki, Afg‘onistonda shunday otli katta shahar bo‘lgan (hozirgi nomi – Hulm). Mana bu qishloqdagilar o‘z ajdodlarini asli Afg‘onistondan ko‘chib kelgan, deb naql qilishadi. Aholisi, asosan, o‘zbek xalqining turk-qatag‘on urug‘i, oqchepkan (oq chekman?) tarmoqchasidan.
Qishloqda juda qadimgi tarix izlari bor, masalan, toshdan ohan (metall) ajratib olishdan hosil bo‘lgan chiqindilar – g‘ovak qop-qora mux (shlak)larga har qadamda duch kelasiz.
Biz o‘rmalab yurayotgan yo‘lni tirishqoq tog‘liklar hashar yo‘li bilan qura boshlagan edi. O‘sha yil (1975) ko‘klamida vaziyat o‘zgardi – Qizilsuv qo‘riqxonasining barpo etilishi odamlarni tirikchilik vositalari (o‘tin, xashak kabi)dan mahrum qildi va ko‘chishga majbur bo‘lishdi. Shunday qilib, yaxshi niyat bilan avlodlar xizmatiga yaraydi, deb qurilayotgan yo‘ldan ko‘ch-ko‘ronlar ortib o‘tildi, qishloqning necha ming yillik tarixi bitdi. Hozir bu yerda «adashib qolgan» yigirmaga yaqin xo‘jalik yashaydi. Biz ulardan birinikida qo‘noq bo‘lamiz.
Qishloqning ekspeditsiyaga taalluqli tomoni shundaki, uning yuqorisida Amir Temur nomi bilan ataluvchi g‘or bor. U maxsus o‘rganilmagan yoki materiallar jamoatchilikka ma’lum qilinmagan. G‘orda qadimgi hayot izlari saqlangan: tosh taxlab, katta supa qilingan, zinapoyalar bor.
Shunday qilib, urush va mehnat faxriysi Bozor bobo Yorbekov xonadoniga tushdik. Otaxonning o‘n bir farzandi, ko‘plab nabiralari bor. Katta o‘g‘li Nazar – o‘qituvchi, u bizga Yuriy Arakcheevning «В поисках Апполона» degan kitobini ko‘rsatdi. Unda tabiat ishqibozining qizil xolli oq kapalak – Apollonni izlash sarguzashtlari bayon qilingan. Shu qishloq manzaralarining rangli suratlari berilgan. Tafsiloti ko‘p, samolyotga bilet olish oldi-qochdisini ikki sahifada ifodalaydi. Moskvadagi «Мысль» nashriyotidan chiqqan bu kitob pishiq qog‘ozda, chiroyli rangli muqovada bosilgan. Bizda ham shunday kitoblarni chiqarisharmikan?!
Tun fayzli o‘tdi. Ertalab g‘orga otlandik. Besh eshak va ikki otga ko‘ch-ko‘ronni yukladik. Qo‘riqxona bo‘lim boshlig‘i Yodgor va Nazar hamrohlik qiladigan bo‘lishdi. Daryo bo‘yiga tushib, toqqa o‘rladik. Bu yo‘llardan ko‘p yurganman, har bir so‘qmoq tanish. Hamrohlarda ishqibozlik oshgandan-oshgan, ko‘plariga bunday safar yangilik. Eshakka ham eplab minisha olmaydi, biroq ishtiyoq kuchli.
Gazaqo‘tonga chiqquncha bo‘lganimiz bo‘ldi. Yo‘l juda tik, ilonizi, hatto eshaklarning to‘qim-u yuklari tushib qoldi (albatta, qayta ortdik). Tekislik boshlandi, keyin yana o‘r, nishab. Azimbuloqqa yetib, dam oldik.
Ko‘chishdan keyin bu tomonlarga inson qadami kam tekkan, biroq yo‘llar bekilib ketmabdi. Atrof o‘t-o‘langa burkangan. G‘o‘lmarashadan chiqadigan shoti tushib ketibdi, tosh tashib ko‘tardik-da, ulovlarni o‘tkazdik. Qal’ayi sheronga o‘tiladigan ko‘prik o‘rnida 2–3 chirigan xoda turibdi. Topqir Nazar daryodan o‘tishni taklif qildi. Yuklarni ko‘tarib o‘tdik-da, ot-eshaklarni bittalab daryoga itarib tushirib, narigi qirg‘oqqa tortib olaverdik. Hayvonlar sirpanchiq qoyada oyog‘ini tirab olar, qamchi yoki tayoq zarbidan ilojsiz bir metrlar pastga, shovullab oqayotgan tog‘ daryosi gumiga sakrardi. Bu joydan qaytishda aslo chiqib bo‘lmaydi – bu haqda o‘ylash fursati emas, yo‘lda davom etish kerak.
O‘siq butalar, daraxt shoxlari yurishni qiyinlashtirar edi. Manzil ham negadir bu safar ancha uzoq tuyuldi. Kun oqqanda Ho‘kizburun sharsharasiga yetib keldik. Sochilib oquvchi Baytaldumi favvorasi qurib qolibdi. Undan bir kilometrlar yurgach, uzoqdan g‘orning og‘zi ko‘rindi. Daryo bo‘yidagi tekislikda to‘xtadik.
Sohibqiron haqida nima o‘qigan bo‘lsam, hech birida uning g‘orda bo‘lgani haqida batafsil ma’lumot yo‘q. «Temurnoma»da Balxni qo‘lga kiritayotganda bir muddat tog‘-toshlarda, g‘orlarda yashab yurganiga ishoralar bor. Bizning bu savolga aniqlik kiritishga qurbimiz yetmaydi, nihoyati g‘orni borib ko‘rishimiz mumkin. Keksalar Temur bu yerda uzoq vaqt yashagani, mislsiz yurishlariga tayyorgarlik ko‘rgani haqida ishonch bilan gapirishardi.
G‘o‘lmashara darasida ikki qoya (orasi 50–60 metrdan 150–200 metrgacha bor)ga arqon tortib askarlarini osiltirib o‘tkazar ekan. Bunday mashqni, hatto, Qal’ayi sheron darasida (oraliq 2 kilometrlar chamasi, balandlik 500 metrdan kam emas) ham takrorlarkan. Bovurchida shunday tekis maydonlar borki, ming lashkar ham ot surib jang qila oladi. Ho‘kizburun oldida yaqinlargacha tegirmon toshlari (odatdagidan kichikroq) turarkan. Dara tabiiy jihatdan juda qulay, to‘satdan hech kim bostirib kela olmaydi. Uzoq-yaqinni ko‘rgan ekspeditsiya a’zolari bunday manzaralar betimsol va takrorlanmas ekanini tan oldilar.
Ko‘pchilik shu sayhonlikda tunash va g‘orga ertalab jo‘nash taklifini bildirishdi. Chunki tepada suv yo‘q, faqat yayov borish mumkin. Bir guruh «jangovar qism» (olti kishi ajralib chiqdi) supada uxlash istagini izhor qilishdi. «Bo‘linmanglar, bo‘ri ko‘p», deyishdi boshqalar. Tashabbuskorlar esa «Nizomda «Muborak supada tong ottiriladi», deyilgan. Biz buni bajarmas ekanmiz, kelajak avlodlar kechirmaydi» degan da’voni qo‘yishdi. Buni rad etib bo‘lmadi. Men ham ular bilan ketdim.
Bir soatlar tik qiyalikdan tirmashib yo‘l yurdik. Nihoyat, silliq terilgan toshlarga ko‘zimiz tushdi, uzunligi 18–20, balandligi 3–5 metr. Yovvoyi qoyalar orasida inson qo‘lining izlari issiq va madadkor tuyuldi. Supa yuzida besaranjomlik, olov qoldiqlari, toshlar sochilib yotibdi, irg‘itilgan, sindirilgan shishalar ko‘zga tashlanadi. Qo‘lbola supurgi yasab, obdon tozaladik, tosh terib o‘choq yasadik. Atrofda qari daraxtlar rosa yiqilib yotibdi, mo‘l-ko‘l o‘tin hozirladik. Xuddi yozgi ta’tildan uyiga qaytgan shaharlikdek, hafsala bilan bir zumda hamma narsani muhayyo qildik. Endi tong ottirsa bo‘ladi.
Kimdir yerni bir metrlar chuqurlikda kavlabdi, go‘ng va somonli loy qatlami ko‘rinib turibdi. Supaga tik ravishda uch joyda ko‘milgan ustunning o‘rinlari bor. Supadan shipgacha 15 metr keladi. Ehtimol, bir vaqtlar xonachalar bo‘lgandir. G‘orga kirish joyi ulkan xarsanglar bilan to‘silgan. Qorong‘ulik cho‘ka boshladi, harorat – mo‘tadil.
O‘tin to‘plab, olov yoqdik. Gulxan atrofida yarim tungacha gaplashib o‘tirdik, pastda, daryo bo‘yida ham ertalabgacha o‘t o‘chmadi.
Tong g‘ira-shirasida pastdagilar ham shovqin-suron bilan yetib kelishdi. Qisqa mashvaratdan so‘ng sinoatli g‘or safari boshlandi. U ikki qismdan iborat. Otxona deb ataluvchi qism 70 metrlar uzunlikda, juda ulkan, baland. Toshga shunaqa naqshlar o‘yilganki, ular tabiat ijodidan ko‘ra iqtidorli usta san’atiga o‘xshaydi. Ichkaridan bir parcha sopol topib oldim, u yarim santimetrlar qalinlikda, tirnoqning yuzidan kattaroq, botiq shaklda, sirti yashil rangda sirlangan. Qanday kelib qoldi ekan, yo g‘or shiplarida bezak berilgan joylar bo‘lganmi? Ayniqsa, Otxonadan chiqishda, shipda inson qo‘lining izlari aniqroq qolganga o‘xshaydi. Asosiy g‘orga kiraverishda aylanma zinalar yasalgani bilinib turibdi. Ichkari qorong‘u bo‘lishidan tashqari nam, biron hid sezilmaydi. Devorlar tosh sumalaklar bilan shunday bezanganki, faqat kuchli chiroq yorug‘ligida ularning butun sehrini kashf etish mumkin. Vaqti kelib, bu joy muzeyga aylantirilsa, shunda odamlar ashyolardan ko‘ra ko‘proq g‘or devorlarini tomosha qilishsa, ajab emas.
350 metrlardan keyin qilko‘prikdek sinovdan o‘tkazuvchi qisilma keladi. Barvasta odamlar shu yerda qoldi. 30–40 metr faqat emaklab yuriladi. Namlik ortib boradi, daryo shovqinidek kuchli guvlash quloqqa chalina boshlaydi. Nihoyat, ko‘lgacha yetdik. Bu joyga oldin ham 3–4 marta qadamim tekkan. Nazarimda, ko‘l atrofi manzarasi o‘zgargan, chap tarafdagi tosh uyumlari oldin yo‘qdek edi. Bu safar suv bo‘yiga 2 metrlar tepadan kelib qoldik. Zehnim ishlamaydi – ko‘ldan keyingi teshik – g‘orning davomi qayerda? Tosh uyumlaridan sudralib, o‘ng tarafga yurdim. Chiroq yorug‘ida tanish manzara ko‘rindi, faqat suv sathi balandroq edi.
Kechib o‘tishga to‘g‘ri keldi, suv sovuq, etni junjiktiradi. Tizzamdan oshib ketdi. Mayda toshli, qora tuproqli joyga chiqib oldim. Kavak bo‘rining uyasiga o‘xshardi. Emaklab yuqoriladim, so‘ngra qiyalab yurish imkoni bo‘ldi. Izimdan Jumanazar va Nurali yetib keldi. Nihoyat, to‘rga yaqinlashdik, uning shifti juda baland, kavaklar ko‘rinadi, hatto boshi to‘qmoqli qoziqdek tosh ham bor. Ehtimol, pastdan arqon otib, yuqoriga chiqish mumkindir.
Bu marra ekspeditsiyaning cho‘qqisi hisoblanadi, yo‘lga chiqqanimizning yettinchi kuni unga erishdik. Xat qoldirmoqchi bo‘ldik. Uchovda ham qog‘oz-qalam yo‘q ekan. Mayda toshlar (ular g‘orga ko‘tarilgan odamlar soniga teng–21 ta) bilan «Yosh–91» degan shartli so‘zlarni yozdik, ko‘rinib tursin uchun belbog‘dan yirtib, oq surp bilan o‘rab qo‘ydik. «Tantanali» marosim tugab, orqaga yo‘l oldik.
«Odam, inson kabi yashab o‘t!» G‘or og‘zidagi daftarda shu so‘zlar bo‘rttirib yozilgan, XX asr odamining noqis panjasi xilvat g‘or qa’riga ham yetib kelibdi. Ichkarida chaynalib tashlangan suyaklar, maydalangan shisha siniqlari tez-tez uchraydi. Hatto eng to‘rda shunday manzara. Bu – zamondoshimiz ichki dunyosining ifodasi, barcha muqaddas narsalar ustidan kulish, boshiga millat sharafini emas, aroq shishasini kiyib olganligi ramzidir. Nahotki kamdan-kam odamning qadami yetadigan xilvat go‘shaga boshqa niyatni tugib emas, aroqxo‘rlik qilish uchun keladilar? Alkogol vujudnigina emas, ong-tushunchalarni ham zaharlagan.
Bu g‘or bundan o‘ttiz yillar oldin hozirgidan ancha boy, latofatli bo‘lgan. Keyinchalik g‘uzorlik keksa pedagog Abdurahmon Azizov 50-yillarning o‘rtalarida kitoblarni ko‘rganligini, qoziqlar, oxurlarning o‘rni saqlanib turganini aytib berdi. Endi esa ular yo‘q, tashrif buyurganlar ularni talagan (bu yerga chet eldan ham qaysidir yo‘llar bilan kelib turishadi), tashib ketgan. Hatto chiroyli stalaktit-stalakmitlar ham qolmapti, ularni sindirib olib ketishyapti. Demak, g‘orni o‘rganishgina emas, uni muhofaza qilish ham dolzarb masala bo‘lib turibdi.

MUNOJOT
Qaytishda kinochilar guruhi cho‘qqini aylanib o‘tishga ahd qildi. Bu yo‘lni ko‘rmaganim uchun qiziqib men ham qo‘shildim. Asosiy to‘da bilan ma’lum joyda ko‘rishishga kelishib, xayrlashdik.
Qoya bo‘ylab ketgan iz qiyalab boradi-da, yuqoriga o‘rlaydi. Yo‘l yo‘q, faqat uning belgilari qolgan. Qadimda shu iz orqali otda qatnaganlarini naql qilishardi, rostdan, onda-sonda ko‘ndalang tashlangan yo‘g‘on yog‘ochlar uchraydi. Toshlar orasidan o‘tgan yo‘l tugab, etlam (tuproqli) yerga chiqdik. Pastlik ko‘zga tashlanadi, yerni chitirlar payvas qoplab olgan.
Obdon charchagan hamrohlar yonlab yurishni taklif qildilar. Menimcha, yo‘lni cho‘qqiga qarab tikka olish kerak. Og‘ir bo‘lsa ham shunday qilish shart, bo‘lmasa, qoziqda aylangandek yuraveriladi. Bir kilometrlar tikka ko‘tarilishga to‘g‘ri keldi. Ter chiqmaydi, biroq kuchli toliqasiz. Bosh kiyim ham og‘irlik qilib qoldi, bizda esa kino va videoapparatlar, yana ancha lash-lushlar bor.
Bu joylarga, ehtimol, birinchi marta shunday kishilar qadam qo‘yayotgandir. Maqsadimiz – xolis, niyatimiz – ezgu. Nima bo‘lsada, kino ishlab, maqola (kitob) yozib, surat chiqarib, tabiatning bu unutilgan go‘shalariga jamoatchilikning nazarini tortib, bebaho xazinani xalqimiz manfaatiga xizmat qildirishga hissa qo‘shish. Zora, vaqti kelib vatandoshlarimiz chet eldagi mashhur kurortlardan voz kechib, mahalliy oromgohlarga intilsalar. Bu yerlarda ham eng yuqori talablardagidek xizmat ko‘rsatadigan salomatlik va madaniyat maskanlari qurilsa, degan umiddamiz.
Qayerga duch kelishimizni hech kim bilmasdi, qirga tirmashib chiqdik. Shundan keyin Bovurchi cho‘qqisi bag‘ridagi Oshxona degan ziyoratgoh ko‘rindi. Bu yer menga tanish, bir necha marta bo‘lganman. Yengil tin olib, hordiq chiqarishga o‘tirdik.
Quyosh har kuni shu cho‘qqi orqasidan chiqib, Toshqo‘rg‘onga salom berardi. Bugun unga qo‘l yetgudek joydaman. Qorning epkini sezilib turibdi, undan boshlangan buloq yonginamdan jildirab oqayapti. Uzoqda, kunbotish tarafda ona qishlog‘im harir parda ortidan ko‘rinmoqda. Kindik qoni tomgan, bosh ilk marta yerga tekkan joy haqida farzandlar qalbida iliq xotiralar yashaydi.
Men Toshqo‘rg‘onning bir oylab uzluksiz to‘y bo‘lgan shodon damlariga guvohman, yigirma ikki yoshimgacha yaxshi-yomon kunlarim uning quchog‘ida o‘tdi. Qadimiy qabristonda otamning mubo rak xoki uning tuprog‘iga qo‘shilib yotibdi. Bugun odamlarni sig‘dira olmagan ko‘chalar, maydonlar huvillaydi, uylarning o‘rnida ola ko‘zli chaqirtikanaklar o‘sgan. Kulbalarning qoldiqlari mozorni eslatadi.
Baland cho‘qqidan mavhumlik sari tikilib turarkanman, miskin tuyg‘ular qalbimni ezdi, faqat Ollohning irodasi bilan bu go‘shalar qayta obod bo‘lishi mumkinligini eslab, taskin oldim.
Toshqo‘rg‘onni viloyatda yaxshi bilishadi, o‘ziga xos shiringina ta’rifi – tarixi bor. «Bosmachi»lar unga qo‘l tegizmaganlar, chunki himmatli boylari – G‘ofir oqsoqol, Mamasharif o‘z xazinasidan ularni rozi qilib turgan. Madrasada tahsil olgan Eson domullo, mullo Abdurahmonlar haqida «Buxoroning yarim ilmini olib ketdi» deb gapirishar, ilm ahli o‘rtasida yechilmagan masala bo‘lsa, «toshqo‘rg‘onlik Kasal domullodan so‘ra» degan iboralar yurar ekan.
Keksa o‘qituvchi Jabbor Muhammadiyevning hikoya qilishicha, qishloqqa kelgan ilmiy xodim unga 1895-yilda chiqqan kitobni ko‘rsatgan. Unda sayyoh xotiralari keltirilgan. Jumladan, u Toshqo‘rg‘onda duch kelgan kishidan nari-beri o‘zbekchalab «G‘or qayerda?» deb so‘ragan. U odam ruscha javob qaytargan. (Ajab, mahalliy odamlardan rus tilini bilgan kim?)
Urush yillari chekka qishloq dorulomonlikda yashagan, uning «tuprog‘i ham don bo‘lib ketibdi» degan gap tarqalgan. Urushdan keyin ko‘p o‘tmay suv elektrstantsiyasi qurilib ishga tushirilgan, bu paytda viloyat markazida ham doimiy elektr manbayi bo‘lmagan. Dalalarida turli ekinlar, ayniqsa, kartoshkadan mo‘l hosil olingan. Kartoshka mislsiz ko‘p bo‘lar, tashib olishga Termizdagi harbiy gornizondan mashinalar (har safar o‘ttiztagacha) kelarkan. Odamlarning g‘ayrati shunday kuchli bo‘lganki, oddiy ish qurollari – bel va ketmon bilan avtomobil yo‘li qurgan (qariyb 70 kilometr). To‘rt metrdan kam bo‘lmagan kenglikda, o‘n metrlab qiyalikdagi cho‘ng tog‘ zaminini qirqib tushirish oson emasligini tasavvur qiling.
Yana ko‘plab maqtovlarga loyiq qishloq endilikda o‘rnida yo‘q. Bor bo‘lish ham, yo‘q bo‘lish ham qiyin emas ekan. Tanish so‘qmoqlardan zildek xotiralarni yuklab, qorong‘u tushganda qishloqqa qaytdik.
Hamrohlar bilan yo‘lda uchrashish imkoni bo‘lmadi. Uyda xuddi adam sahrosidan qaytgandek ko‘rishdik. Ma’lum bo‘lishicha, Nazar Qal’adaryo o‘zani bo‘ylab yo‘l boshlabdi, unga Yodgorning (u biz bilan edi) o‘rgatishlari yoqmay, o‘zicha yo‘l tutibdi.
Hammasi soz, gashtli davom etarkan. G‘ordan eson-omon chiqishdi, qiyin davr o‘tdi, bu yog‘i tez ketadi. Odamlarda g‘olibona kayfiyat, hayvonlarda… Manavi ayg‘ir anavi baytalga xushtor bo‘lsa kerak, hayvoniy ishq bilan sevadi chog‘i – tezagini iskab chunonam nash’a qiladiki, to‘xtab qolsa, o‘lsa – yurmaydi. Toychoqning otasi ham o‘zimikan? Birdan… oyog‘i daraxt tomiriga kirib qolgan ot gursillab daryoga quladi. Qo‘liga arqon ilashib qolgan odam ham siyrilmadan suvga tushib ketdi. Bor bo‘yi shalabbo bo‘ldi. Ko‘tarib qirg‘oqqa chiqarishdi. «Tani-joni sog‘» ekan. Hushi o‘ziga kelgach, ko‘zlariga yosh quyildi. Daryoda «jang» davom etardi, hamma suv ichida, yuk xaltalar qalqib yuribdi.
Qora to‘nli kishi qo‘lini beixtiyor salanglatib oqib borayapti, hoynahoy u behush yoki… bo‘lsa kerak. Qirg‘oqdagi odam yoshli ko‘zlari bilan uni aniq ko‘rdi va bor ovozi bilan «ketdi, ho-ketdi» deb baqirdi. Tog‘lar jarangladi, ota-onasi, bolalari bir zumda nigohidan o‘tdi-da, baralla o‘kirib yig‘lab yubordi. U uzoq diyda giryon qildi, «ketgan»ni ham tutib olishdi. U, aslida, oddiy yuk xaltasi bo‘lib, yirtilgan joyidan choponning yengi chiqib qolgan ekan… Bu kurash hammani charchatdi, toliqib manzilga qaytishdi.
Ertasiga charchoqlarni chiqarish, tabiat qo‘ynida dam olish uchun Ko‘hnaqishloq oromgohiga bordik. Ota-bobolarimiz pokiza, go‘zal joylarni ziyoratgohlarga aylantirganlar. Bu yer ham shunaqa. Uzoqdan qaraganda sutdek tuyuladigan Oqsuv bir kechada otilib chiqadi va bir kechada quriydi. Bu mo‘jizani hech kim «tutib olgani» yo‘q. Boshqa bir buloq bo‘yida Tursunxo‘ja eshonning qabri bor. O‘zlari Qarshi taraflardan bo‘lgan ul zot shu atrofdagilarning piri ekanlar. Surxondaryo tomonlik bir shayx bilan tortishib, olov yoqilgan lahmda namoz o‘qiydilar, joynamozning bir cheti sarg‘ayadi, xolos. Nafasi o‘tkir, ilmi zo‘r kishi bo‘lganliklarini naql qilishadi. «Xudodan qo‘rqaman, bo‘lmasa, daryoni teskari oqizardim», derkanlar…
Avgustning o‘rtalarida gilos, o‘rik endi pishibdi.
9 avgust ertalab usta Meyliqul Salohiddinov (u «Rulni ushlab qaridim», deydi) tog‘ yo‘llaridan avaylab, tekislikka tushirib qo‘ydi.

Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/book/hakim-sattoriy/amir-temur-sevgan-urt-69917980/chitat-onlayn/?lfrom=390579938) на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.
Амир Темур севган юрт Хаким Сатторий
Амир Темур севган юрт

Хаким Сатторий

Тип: электронная книга

Жанр: Популярно об истории

Язык: на узбекском языке

Издательство: Kitobxon

Дата публикации: 27.04.2024

Отзывы: Пока нет Добавить отзыв

О книге: Амир Темур севган юрт, электронная книга автора Хаким Сатторий на узбекском языке, в жанре популярно об истории

  • Добавить отзыв