Бир бола бор

Бир бола бор
Умида Абдуазимова
Aziz bolalar!Shoira Umida ABDUAZIMOVAning qo'lingizdagi kitobida onalarning bolalariga, bolalarning olamlarga aytar so'zlari jamlandi.

Umida Abduazimova
Bir bola bor

UMID
She'r o‘qimas bolajon,
She'rni qanday anglasin?
Nahot eshitmagan u
Onasining allasin?
She'r o‘qimas bolajon
She'rni qanday yodlasin?
Lekin qo‘shiqni tinglab,
Ohangidan shodlansin.
Mening bu bolajondan
Shu-chun ko‘nglim to‘q, axir:
Qo‘shiqni tinglab,anglab,
She'rga ochmoqda bag‘ir.

TELEVIZOR
Gulnoz tug‘ilgan kunda
To‘satdan chiroq o‘chdi.
Ayrim mehmonlar shunda
Tezroq ketishga tushdi.
Ularni to‘xtatib der
Xomush o‘tirgan Gulnoz:
-Televizor qo‘yaylik,
Uyni yoritar bir oz…
Televizorni qo‘yib
yuboring, oyi!
Ko‘rinadi hammaning
o‘tirgan joyi…

YULDUZLAR
Derazamdan kechasi
Osmonga qarab yotdim.
Son-sanoqsiz yulduzlar
Nurini tarab yotdi.
Ular bilan do‘stlashib,
Xayollarga cho‘mdim men.
Keyin xayr-xo‘shlashib,
Asta ko‘zim yumdim men.
Uzun xayol uyquga
Boshlab ketibdi, qarang.
Tongda tursam yulduzlar
Tashlab ketibdi, arang…

SO‘RI
Eshigimiz oldida,
So‘rida,
Qanday o‘ynar ekanmiz,
Ko‘ring-da.
So‘ri-so‘ri emas,
Ko‘k kemamiz.
Kapitan, matrosi yo‘q
Demangiz.
Bir yaxshilab joylashib
Olinglar.
Qani yo‘lga chiqdiik,
Xush qolinglar!..

SINOVCHI BOLA
Qarg‘a boqib ko‘rdi u
yuz yoshini ko‘ray deb.
Chinor ekib ko‘rdi u
ming yoshida yuray deb.
Qarg‘asi o‘lib qoldi,
issiqda lohas bo‘lib.
Chinori so‘lib qoldi
undan bo‘yi past bo‘lib.
Sinovchi bola endi
jo‘jani yurar sizlab.
Odamdek so‘zlashar deb,
yangi kashfiyot izlab.

MASLAHAT
Soat bir dam tinmay hech
Chiq-chiq etib yuradi.
Qolmay deb maktabdan kech,
Shavkat shoshib turadi.
Nonushta qilib tez-tez,
Qarab qo‘yar soatga.
Buni ko‘rgan jajji qiz
Muhabbat der Shavkatga:
-Aka, maylimi biroz
Men soatni to‘xtatsam?
Nonushta qilarsiz soz,
Shunda shoshilmaysiz ham…

MAKTABIM
Tashnadirman ilmga,
Yuraman seni maqtab,
Nur to‘shading yo‘limga.
Qadrdon ona maktab!
Mehring bilan yosh yurak
To‘lib-toshdi limmo-lim.
Bo‘lib bilimdon, ziyrak
Yulduzga yetdi qo‘lim.
Kitobingning har satrin
O‘qirkanman, dil cho‘g‘dir!
Degayman, bilimdan zo‘r,
Qudratli qurol yo‘qdir.

QIZGINA
Qarashlari beozor,
Qiziquvchan qizgina.
Ne deb, ne qilsak uqib,
Oladirsan tezgina.
Bolalikning baxt izlar
Yo‘llarida turibsan.
O‘zingdek pok, beg‘ubor
Xayollarni suribsan.
Yeru osmon orasi
Bilsang,bir laxzalik yo‘l.
Ona yerni asrashda
Shunday tiyrak, ziyrak bo‘l!

AKAMNING KITOBI
O‘qishlarim qiyindir
Bir-biridan.
Lekin "besh"im tayindir,
Algebradan.
"Besh" olmoqlik osonga
Tushmaydi rosti.
"Suflyor" ham bir og‘iz so‘z
Qo‘shmaydi rosti.
To‘g‘ri yozib qo‘yilgan
Javob kitobda.
Akam usta edi-da,
axir hisobda!..

OG‘RIQ TISH
Haydaralining tishi og‘ridi.
Oldirish uni ko‘p og‘ir edi.
Kecha-kunduzi lunjini ushlab,
Uzolmay qoldi hatto non tishlab.
Bu og‘riqlardan yurakni tig‘lab,
O‘zin tutolmay yubordi yig‘lab.
Shu singan, qora tish deb ezildi.
Tishi ham undan zo‘rg‘a uzildi.
Rosa quritib, tinkasini tish.
Band etdi doktor bankasini tish.
Endi turar jim ogoh etganday.
Dardning oldini oling,– deganday.

BAHOR YOMG‘IRI
Bulut ko‘ksini tilib,
Qo‘yvor,– deb shoshirasan.
Yerda-chi, sho‘xlik qilib,
Ariqni toshirasan.
Sen bahorning yomg‘iri,
Bahordek g‘uboring yo‘q.
Goh yog‘asan bemavrid,
Desak-da, xumoring yo‘q.
Charchatasan shaloblab,
Tiniq chashma, bulog‘im.
Bog‘cha opamlar boplab,
Cho‘zib qo‘ysin qulog‘ing!..

OYMOMA
Osmonga chiroqsan,oymoma.
Nimaga yiroqsan, oymoma?
Yulduzni yetaklab yurasan.
Nuringni etaklab berasan.
Yurishing o‘xshaydi kemaga.
Yiqilib ketmaysan nimaga?
Qayoqqa shoshasan har kuni?
Bildirib tun-kunning farqini?
Oymoma indamas, ehtimol,
Der, o‘zing kel, barin bilib ol.

KALIT QANI?
-Kalit qani, kalit qani?
Shu yerda turgandi-ya?
Shu kalitni Abdug‘ani,
Sherzod ham ko‘rgandi, a?
Yelka qisar Abdug‘ani,
«Sherzod kirdi,chiqdi,»– deb.
«Bundoq turib, mana bundoq
Cho‘ntakka qo‘l tiqdi,»– deb.
«Voy, bu nima, cho‘ntagimga
Tushib olgan kalit-ku!
So‘zlarimdan uyalgancha
Berkinib olibdi-ku»…

"AMALLAYAPMAN…"
Bir Alisherdan
Gap so‘rab ko‘ring.
Bijirlab ketar,
Deb,– siz jim turing.
Bir Alisherga
Buyuring-a ish.
O‘zim qilay, -deb
Orttirar tashvish.
Uyalib qoldim,
"Bolasan" deb man.
"-Bola bo‘lsam ham
Amallayapman!"..

YOMG‘IR
Go‘yo qo‘ng‘iroq,
hovli
Chuvillab ketdi,
Bolajonlar
bir-birin
Quvalab ketdi.
Qo‘ng‘iroq chalib
yana
Jimib qoldi yer.
Barglarni yuvgan suvni
Shimib oldi yer…

MASALA
To‘g‘ri ishlamabsan-ku,
Masalani, Vazira.
Kechagi "besh"dan keyin
"Ikki" qo‘yarkanmiz-da!"
Nega to‘g‘ri bo‘lmasin,
Axir, qarang yaxshilab.
Chunki bunisini ham
Dadam berganlar ishlab.

YIG‘LOQI
Yig‘loqi qiz emishman,
Menga shunday deyishdi.
Yig‘loqisan,-deb battar
Yoshim qo‘shib yeyishdi.
Yeyishdi yeganlarim:
Shirin kulcham, konfetim.
To‘g‘risi, yoshga qo‘shib,
Ularni o‘zim yedim.

TOZA JOY
Qorni ochsa yig‘lashni
Bilar ukam baqirib.
Qushchadek chug‘-chug‘lashni
Bilar bizni chaqirib.
O‘rnini xo‘l qilib u,
Yana dod-voy qiladi.
O‘zi jimjiloqdegu,
Toza joyni biladi.

GILAMDAN
Uyga kirdi Shavkatjon,
Oyoq-qo‘li chang, tuproq.
Polni yuvgandim hozir,
Jaxlim chiqdi-yu shu choq,
-Pol bosib kelgandirsan,
Deb so‘rasam ukamdan,
Deydi,-Xavotir olmang,
Yurib keldim gilamdan.

ATTANG-A!
Vazira vazifani
Bugun ishlab kelibdi.
Misolni oson yechish
Yo‘lin qaydan bilibdi?
Ustozi qoyil qolib,
Rahmat, desa, otangga,
– Dadam ishlab berganin
bildingiz, der, attanga…

KO‘ZGU
-Oyoq-qo‘ling shilingan,
Nazar solgin o‘zingga.
Axir yursang bo‘lmasmi,
Bunday qarab ko‘zingga?
-Ko‘zingga qarab yur, deb
Qiziq gap aytdingiz-ku!
Buning uchun endi men
Olib yuraymi ko‘zgu?

DADALAR
-Mening dadamlar doktor,
Mening dadam injener.
-Mening dadamlar yo‘qdir,
Oyim doim ishda, der.
-Dadam uydalar, kasal…
Dadam zavodda master.
-Mening dadamni bo‘lsa
Buvim piyonista der..

ICHINGIZDA
Aka, o‘qing kitobni
ichingizda.
Uxlay olmay yotganim
bilingiz-da!
Endi pichiringizdan
to‘ydim juda.
O‘qing-da, ichingizning
Ich ichida!

QULOQ
Abduxalil cho‘zilib,
Qizargan qulog‘ini.
Ushlagancha o‘y surib,
Takrorlar so‘rog‘ini:
Nega odam qulog‘i,
Tekis emas, burishqoq?
Dazmollasam dars chog‘i
Eshitarmi yaxshiroq?..

OYOG‘IM "YURAGI"
Voy-voylab, ushlab oyoq
Yig‘lab qoldi Alisher.
Ne gap? – deb, qilsak so‘roq.
Chuchuk tilda shunday der:
-Dumalab kelib tegdi,
Mashinam g‘ildiragi.
O‘shanga og‘riyapti
Oyog‘imning "yuragi…

ABDUMAJID
Abdumajid toy-toy,
Buvalari boy-boy.
Mol bozorga borganda
Olib kelar toy-toy.
Toyni minib kattakon
Ot qiladi, toy-toy.
Otni minib, hammani
Mot qiladi, toy-toy…

ABDUBOSIT
Abdubosit nabiramning
Ko‘zi juda suzuk-da!
Xusni uning nush xulqiga
Ko‘z qo‘ygandek uzukka.
Mehru oqibati o‘sar
Bo‘yi bilan barobar.
Akasi va ukasidek
Hamma unga barobar.

SAMIRA
Sen hali ulg‘ayib,
Oy qiz bo‘lasan.
Kulgusi shalola,
Soy qiz bo‘lasan.
Qo‘llarda xinolar,
Qoshlarda o‘sma,
Sochlari qirq kokil,
Boy qiz bo‘lasan.
Parivash chehrangda
Baxting balqadi,
Ko‘zingda momolar
Mehri qalqadi.
Ismi ham jismiga
Mos qiz, Samira.
Ishi ham, gapi ham
Rost qiz, Samira.

BIZGA O‘XSHAR
Yozda qaray olmasdim,
Quyoshga.
Tik qarasam to‘lardi
Ko‘z yoshga.
Qishda boshqacha bo‘lib
Qolibdi.
Bulutlarga o‘ralib
Olibdi.
Issiq kiyimlar kiyib
Yuribman.
Quyoshga tikka qarab
Turibman.
Yoqimli xayollarga
Berildim.
Quyosh bizga o‘xsharkan,
Deb bildim.

SAXIYLIK
Derazamdan har kuni
Oy mo‘ralab o‘tadi.
Yozda quyosh, qish kuni
Qor bo‘ralab o‘tadi.
Quyosh so‘nar, qor tinar,
Oyning nuri-o‘shadir.
Quyoshdan qarz olib nur,
Nurga mehrin qo‘shadir.
Ayamaydi bo‘lishni,
Boshim uzra kulishni,
Tillaqoshdek tovlanib,
Kanda qilmas to‘lishni.
Derazamdan har kuni
Oy mo‘ralab o‘tadi.
O‘rgatib saxiylikni,
Bor mehrini tutadi.

OYNI OLIB BERING
-Oyi, oyni olib bering,
Olib bering quyoshni.
Cho‘ntagimga oyga qo‘shib,
Solib bering quyoshni.
Bu gapingdan oy-quyoshning
Hushi uchib ketadi.
Seni ko‘rsa osmonidan
Suvga tushib ketadi.
-Suvga tushsa qarmog‘imni
Solib tutib olaman.
Xushi uchsa pufak qilib
Bog‘laydigan bolaman.
-Sen shunaqa hamma ishga
Qodir bola bo‘l, bolam.
Zukko, ishchan bolalarga
Charog‘ondir bu olam.

OYGA BORIB KELAMAN
Ko‘kka boqib Alisher,
Oy nimaga iliq?-, der.
Nega u tushib ketmas,
Nega uni tortmas yer?
Har kun qaygadir shoshar,
Yo‘l bosar,dovon oshar.
Yulduzlarni yetaklab,
Tunlari nur ulashar.
Ko‘rmadim hech tolishin,
Yakkaman deb nolishin.
Bizlar uchun buncha ko‘p,
Nurni qaydan olishin.
O‘ylab-o‘ylabAlisher,
Ko‘zin yumib shunday der:
-Hammasini bilaman,
Oyga borib kelaman.

SHAMOL
Shamol, shamol, hey shamol!
Menga ko‘rsatgin jamol!
Yaylovlardan oshib kel,
Daryolardan toshib kel.
Dengizlardan yetaklab,
Do‘l-jalani etaklab,
Saxrolarga quydirgin,
Tashnalarni to‘ydirgin.
Sochlarimni silab o‘t,
Baxtu omad tilab o‘t.
Dalalarni siypalab,
Dov-butoqni piypalab,
Shabnamlarni sochib uch,
Dovullardan qochib uch.
Yuragimga solib kuch,
Varragimni olib uch!
Shamol, shamol, hey shamol!..

CHAQMOQ
Chaqmoq chaqdi,
Chaqmoq chaqdi.
O‘t-o‘lanlar marjon taqdi.
Soching o‘sar yomg‘irda.
Qoning jo‘shar yomg‘irda.
Yalang oyoq, yur, qani!
Dalaga yugur, qani!
O‘t-o‘lanlar marjoni,
Qo‘ng‘iroqgullar joni.
Yomg‘irni chorlab kelar,
Qilichi porlab kelar.
Chaqmoq chalg‘itmoq bo‘lar.
Balki uyg‘otmoq bo‘lar,
Qo‘rqoqlarni qo‘rquvdan.
Uxloqlarni uyqudan…

BAHOR KELDI
Bahor keldi, hammayoq
isib ketdi.
Varragimni shamollar
uzib ketdi.
Maza qilib uchaman
arg‘imchoqda.
Ninachi-yu kapalak
bilan bog‘da.
Oyim issiq kiyin, deb
urishmaydi.
Sovuq suv ichmagin deb
turishmaydi.
Hatto yurishim mumkin
yalang oyoq.
Gullarga to‘lib ketdi
Hammayoq – bog‘!
Bahor!Bahor!
Bahooor!.. deb,
Vaqtim chog.

KO‘CHAT EKDIM
Bog‘imizda tantana,
Erta tongdan shomgacha.
Chumchuq qo‘nib oladi
Devor osha tomgacha.
Qushlarning ashulasi
Bir-biriga ulanar.
Qaldirg‘och tugul xatto
Bulbul navbat tilanar.
Qushlar bazmiga makon
Bobomlar ekkan daraxt.
Uzumlarpni asrolmay
Ba'zan buvimlar karaxt.
Uzum yetar hammaga
Deyman, bobomdek kulib.
Men ham ko‘chat ekaman
Daraxtga bola qilib…

VARRAK
Darillab turgan varrak,
Dir-dir titrab yugurdi.
Olib uch,– deb shamolga,
Oyoq-qo‘l tirab turdi.
Shamol unga ko‘nmadi,
Varrak sho‘ng‘ib tinmadi.
Qo‘l-oyog‘i yo‘q shamol
Oxir dedi, min mani!
Varrak uchdi osmonga,
Uchgan kabi osonga,
Parvo qilmasdan qo‘ydi.
Bo‘ynidagi tasmaga.
Ketting-a, deb kibrga,
Uni ta'qib etdilar.
Burnini ishqab yerga,
Uzr so‘rattirdilar.

QUYOSH KULYAPTI
Quyosh kulyapti
Bizga qarab.
Nurga to‘lyapti
Hamma taraf.
Quyosh bizniki,
O‘g‘il-qizniki.
Yashaymiz yayrab,
Nur bag‘rida.
Bulbuldek sayrab,
Yurt bog‘ida.
Quyosh bizniki,
O‘g‘il-qizniki.
Bolalarim desin hamma.
Baralla shunday
Desin hamma:
Quyosh bizniki!
O‘g‘il-qizniki!

1-SENTYABR
1-sentyabr
juda ulug‘ kun.
Quyosh nuriga
lim-lim to‘lug‘ kun.
Katta xarfda
yozilar abad.
Surati zarli
chizilar albat.
1-Sentyabr
ko‘kda balqqan oy.
Yashar avlodlar
baxtli, sog‘lom, boy.
1-Sentyabr,ayting,
qanday kun?
Istiqlol bergan
oppoq tongday kun!

QO‘YIB QO‘YING…
Bugun Go‘zal negadir
Maktabdan xafa keldi.
Buni ukasi Sadir
Hammadan avval bildi.
-Hisobdan Sobir aka
"Ikki" baho qo‘ydilar,
degani zamon unga
Ukajoni bidirlar:
-Anov Sobir akami,
Baxtiyorning dadasi?
Opa, bitta "ikki" deb,
Xafachilik nimasi?
Dadasiga o‘xshab siz
Bo‘lganingizda katta,
Qo‘yib qo‘ying o‘g‘liga
Shunday "ikki"dan bitta!

"JIM BO‘L!"
Muallim besh minutga
Chiqib ketdi eshikka.
Sinfligin unutgan
Xona o‘xshar beshikka.
Chayqalib to‘polonda,
U yon, bu yon borgudek.
Jim bo‘l,o‘zing jim!,– degan
Xitoblar bosh yorgudek.
Zamon so‘ylar Omonga,
Dildor Dilshod tomonga
O‘girilib bidirlar,
Aqlligin bildirar.
To‘polonda to‘ppisin
Yo‘qotgan bu bolalar,
Ayting, qanday jim bo‘lsin?
Alisher uyga tolar.
Hamma o‘zini tiysa,
"Jim bo‘l!" so‘zini tiysa.

"G‘UNCHA"SAN
Bolalikning hamrohi,
Baxti, ahdi, "g‘am", "ohi",
Sen "G‘uncha"san, gulg‘uncha,
Ochilmagan tuguncha.
"Gulxan"ning quchog‘idan,
Ilm-fan o‘chog‘idan,
O‘sib chiqqansan ko‘klab,
Yelkangga quvonch yuklab.
She'r yozib,rasm chizib,
Tengdoshlaridan o‘zib,
Harf tanigan jajji qalb
Seni o‘qir hijjalab.
Yosharib 50 yoshda
Istiqlol zavqi boshqa.
Yashayapsan mavjlanib,
Yangilanib, avjlanib!..
    2007 yil.

BIRINCHI QOR
-Qara, ko‘cha, hovliga
Yog‘moqda oq kapalak.
Yur, tutamiz, Xolida,
Kapalakdan bir talak!
-Kapalak emas ular,
Ushlasang ketar erib.
Gullarga, chechaklarga
Ketar umrini berib.
Bog‘dagi dov-daraxtlar
Tomirida qondir u.
Shirin-sharbat mevalar,
Rizqimizga jondir u.
-Ko‘rganing birinchi bor,
Ukajon, birinchi qor!

YANGI UY
Yangi uyga ko‘chganda
Eskisi bo‘shab qoldi.
Xovlimizga daraxtlar
bargini to‘shab qoldi.
Kuz keldi-da, daraxtlar
sariq,-dedilar buvim.
Lekin negadir juda
xafa edilar buvim…
-Yuring buvi, yuring tez,
Yangi uy kutayapti!
-Xozir toy, bu uyimiz
xuvillab ketayapti…
Xayr dedik oxiri,
Xayr, sendan rozimiz!
Uy xo‘rsindi, "xa-y-r" deb
qaytardi ovozimiz…

TOLIB
Tolib o‘g‘il bola-yu,
Yig‘loqi.
Yig‘loqining bo‘lmaydi
O‘rtog‘i.
Hamma bezor bo‘ladi,
Yig‘lasa.
Xuddi bozor bo‘ladi.
Yig‘lasa.
Biling, bunday bolaning
Holi voy.
Bitta o‘zi qoladi
Tolibboy.
Yig‘lab-yig‘lab yuvadi
Yuzini.
Yig‘lab-yig‘lab ovutar
O‘zini.

ALLA
Dadam, oyim ishdalar,
Opamlar o‘qishdalar.
Tezda ular kelishar,
Shokoladlar berishar,
Shirinim, yuzing lo‘ppi,
Tinchgina uxla, xo‘pmi?
Buvijonimlar menga
Tikyaptilar ko‘ylakcha.
Men ham tikaman senga,
Guldor ko‘ylak, bo‘lakcha.
Asalim, yuzing lo‘ppi,
Tinchgina uxla, xo‘pmi?
Mening qo‘lim bog‘lamay,
O‘ynamoqqa chog‘lamay,
Qo‘g‘irchoqqinam, lo‘ppi,
Tinchgina uxla. xo‘pmi?..
Shirinim, yuzing lo‘ppi,
Tinchgina uxla, xo‘pmi?

KATTALAR
Opamlarga hecham men
Muz yemayman? degandim.
Lekin kecha picha men
Berkinib muz yegandim.
Og‘rib qoldi tomog‘im,
Issig‘im ko‘tarildi.
Lo‘qillab tish, oulog‘im,
Aybimni ayon qildi.
Shunda bildim, kattalar
Hamisha haq ekanin.
Endi qilay albatta
Ularning deganini.
Undaymas, bundaydir,– deb,
G‘amimni yeyisharkan.
Tajribaga suyanib,
Bilganin deyisharkan.

BOLAKAY
Endigina ikki oylik
Chaqaloqsan, bolakay.
Kulishlaring bir chiroylik,
Lek yig‘loqsan, bolakay.
Kir-chiring ham tushib turar
Kattalarnikidan mo‘l.
Oyijoning yuvsa agar,
Yig‘lab qolasan nuqul.
Jilmayishni ham bilarsan,
Ish orttirib, bolakay.
Yig‘lab butun tun, tinarsan,
Tong ottirib, bolakay.
Tongda esa emib miq-miq,
Pish-pish uxlab qolasan.
Endigina ikki oylik,
Lek mug‘ombir bolasan!..

SHIRINTOY
Shavatjonning sevgani
Shirinchoy, shirinchoy.
Shunga hamma der uni
Shirintoy, Shirintoy.
Ichar solib novvot, qand,
Shirintchoy, shirinchoy.
Qo‘l yuvmas berguncha pand,
Shirintoy, Shirintoy.
Qo‘li tugul, yuz, quloq
Shirali, shirinchoy.
Dangasa ham erinchoq,
Shirintoy, shirintoy.
Shunday qilsa bermaymiz,
Shirinchoy, shirinchoy.
Erkalatib demaymiz,
Shirintoy, Shirintoy!

SO‘RG‘ICH
Bo‘yniga ilib olib,
Sherzod so‘rg‘ich so‘radi.
Ertalab tura solib,
So‘rg‘ichini so‘raydi.
Guruchdek tishlar bilan,
Tishlab-tishlab qo‘yadi.
So‘rg‘ich turibdimi, deb,
Ushlab-ushlab qo‘yadi.
So‘rg‘ich esa mikrobga
To‘lib borar, bilmaydi.
Mikroblar bir bo‘lishib
Tilin yorar, bilmaydi.
Biyron bo‘lar tilini
Chuchuk qilar, bilmaydi.
Hammadan ham Sherzodni
Kichik qilar, bilmaydi!..

QANDAY SIG‘AMIZ?
Televizorda
kontsert beramiz.
Albatta ko‘ring,
o‘ynaydi Nargiz.
Ashula aytar
Abduhamid ham.
Xayajondamiz
bizlar halitdan.
She'r yodlayman men,
Alisher, Ramz.
Bog‘cha opamlar der,
biroz kammiz.
O‘n besh bolamiz,
deyman, hammamiz.
Televizorga
qanday sig‘amiz?..

BOLAM
Toza xonamni bolam,
Ivirsita qol.
Solib shovqinin olam,
Tinchligimni ol.
Sukunatni jaranglat
Billur shishadek.
Go‘yo shaxzoda Farhod
Tutgan teshadek.
To‘poloning qalbimning
hovurin bossin.
Yolg‘izlikning yovlashgan
Dovulin bossin.
Terak yaproqlaridek
Sezgir et, bolam.
Terakdek adl tursin
Sarvi qad olam.

AZIZA
Aziza qiz, Aziza,
Nega buncha aziz-a?
Ertak aytib buvisi
Paypoq to‘qib beradi.
Ammasi-yu xolasi
Kitob o‘qib beradi.
Dadasi har kun unga

Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/book/umida-abduazimova/bir-bola-bor-69917761/chitat-onlayn/?lfrom=390579938) на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.
Бир бола бор Умида Абдуазимова
Бир бола бор

Умида Абдуазимова

Тип: электронная книга

Жанр: Стихи и поэзия

Язык: на узбекском языке

Издательство: Kitobxon

Дата публикации: 29.04.2024

Отзывы: Пока нет Добавить отзыв

О книге: Aziz bolalar!Shoira Umida ABDUAZIMOVAning qolingizdagi kitobida onalarning bolalariga, bolalarning olamlarga aytar sozlari jamlandi.

  • Добавить отзыв