Барон Мюнхаузен саргузаштлари
Рудольф Эрих Распе
Baron Myunxauzen sarguzashtlari asari XVII asrda Germaniyada yashab o'tgan Myunxauzen ismli baronning hayoti asosida yozilgan. Hikoyalarni uning o'zi tuzganmi yoki boshqa biror kishi tomonidan yozilganmi, bu hali aniqlanmagan, ammo, 1781 yilda uning bir necha hikoyalari chop etilgan edi. 1785 yilda nemis yozuvchisi E.Raspe bu hikoyalarni qayta ishlab chiqqan. Asarga boshqa yozuvchilarning ham Myunxauzen haqida yozgan fantastik hikoyalari qo'shilib ketgan. Ammo kitobning muallifi sifatida E.Raspe qabul qilingan. Bu asarda nemis kishilarining xarakterli tomonlari aks ettirilgan. Kitob mashhur bo'lgach, Myunxauzen ismi insonlar tomonidan yolg'onchi va o'zida yo'q sifatlarni tavsiflovchi, deb atala boshlangan.
Raspe Erix
Baron Myunxauzen sarguzashtlarihikoyalar
DUNYODAGI ENG ROSTGO‘Y ODAM
Chuvakkina, qushburun, keksa bir kishi kamin yonida yonboshlab o‘tirib, o‘z boshidan kechirganlarini hikoya qilar edi. Gapini eshitib o‘tirganlar unga qarab kulishib:
–Voy Myunxauzen-e! Voy baroni tushmagur-e, – deyishardi.
U qanday qilib oyga uchganini, uch oyoqli odamlar orasida qanday yashaganini, qanday qilib uni nahang baliq yutib yuborganini, kallasi tanasidan qanday qilib judo bolib qolganini bamaylixotir hikoya qilar edi. Bir kuni bir yo‘lovchi uning gaplariga quloq solib, turditurdi-da, birdan:
–Hamma gaplaring lof! Sen gapirayotgan voqealar hech vaqt bo‘lgan emas, – deb qichqirdi.
Myunxauzen qovog‘ini soldi-da, gerdayib javob qildi:
–Men o‘zimning eng yaxshi do‘stlarim deb atagan graflar, baronlar, knyazlar va sultonlar meni doim dunyoda eng rostgo‘y odam der edilar.
Hikoyani eshitib turganlar yana qattiqroq xaxolab yubordilar.
–Myunxauzen rostgo‘y odam emish! Xa-xa-xa!
Myunxauzen esa, pinagini ham buzmay, qanday qilib kiyikning boshidan ajoyib daraxt o‘sib chiqqanini hikoya qilaverdi.
–Daraxt?.. Kiyikning boshida-ya?
–Ha. Olcha daraxti. Daraxtda esa olchalar. Shunday mazali, shirinki…
Bu hikoyalarning hammasi shu kitobda bosilgan. Shularni o‘qib, dunyoda baron Myunxauzendan ham rostgo‘y odam bo‘lgan-bo‘lmaganligini o‘zlaringiz ayting.
TOMDAGI OT
Ìen Rossiyaga otliq safarga chiqqan edim.
Qish payti, qor yog‘moqda edi.
Otim charchab, qoqina boshladi. O‘zimni ham rosa uyqu bosdi. Charchaganimdan egardan yiqilib tushishimga sal qoldi. Ammo tunash uchun behuda joy izlabman: yo‘lda bironta ham qishloqni uchratmadim.
Nima qilish kerak edi?
Yalang bir joyda tunashga to‘g‘ri keldi.
Tevarak-atrofda na bir tup buta bor va na bir tup daraxt. Qor tagidan kichkina bir qoziqchagina dikkayib chiqib turardi.
Sovqotgan otimni bir amallab shu qoziqchaga bog‘ladim. o‘zim esa o‘sha yerdayoq qor ustiga yotib, dong qotib uxlab ketdim.
Uzoq uxlab qolibman. bir mahal uyg‘onib qarasam, dalada emas, bir qishloqda yoki, to‘g‘rirog‘i kichkina bir shaharchada yotibman: tevarak-atrofimda uylar.
O‘zi nima gap? Qayerga kelib qoldim ekan? Bu uylar bir kechada qanday paydo bo‘ldi ekan?
Otim qayerda qoldi?
Nima hodisa bo‘lganini anchagacha tushuna olmadim. Birdan qulog‘imga kishnagan tanish ovoz eshitildi. Mening otim kishnayotgan edi.
Ammo o‘zi qayoqda?
Kishnagan ovoz qayerdandir yuqoridan kelardi.
Boshimni ko‘tarib qarayman, iyi, bu qanday gap?
Otim butxona qo‘ng‘iroqxonasining tomida osilib yotibdi! U xuddi butning o‘ziga bog‘lab qo‘yilgan ekan.
Nima voqea bo‘lganini darhol payqadim.
Kecha kechqurun bu shaharchani hamma odamlari va uy-puylari bilan qalin qor bosib, faqat butning uchi qordan chiqib qolgan ekan.
Men buning but ekanligini bilmabman. Menga u kichkina bir qoziqcha bo‘lib ko‘rinibdi-yu, unga otimni bog‘lab qo‘yibman. Kechasi uxlab yotganimda havo qattiq isib, qor erib ketibdi, men sekin-asta yerga tushib qolibman.
Sho‘rlik otim esa shu ko‘yicha yuqorida – tomda qolib ketibdi. Qo‘ngiroqxona tepasidagi butga bog‘lab qo‘yilgani uchun yerga tusholmabdi.
Nima qilish kerak endi?
Men uzoq o‘ylab-netib turmay, to‘pponchamni oldim-da, yaxshi mo‘ljallab turib otdim, o‘q xuddi yuganga borib tegdi, chunki o‘zim hamisha yaxshi merganlardan hisoblanar edim.
Yugan qoq ikkiga bo‘linib ketdi.
Ot shuv etib, yonimga tushdi.
Men lip etib otimga mindim-da, oldinga qarab quyunday choptirib ketdim.
CHANAGA QO‘SHILGAN BO‘RI
Àmmo men qish kuni otda yurish noqulayligini, chanada sayohat qilish yaxshiroq ekanini tezda payqab qoldim. O‘zimga yaxshigina chana sotib oldim-da, momiqday qor ustidan g‘izillatib choptirib ketdim.
Kechga borib bir o‘rmonga yetdim. Ko‘zimni endi uyqu bosa boshlagan edi, birdan otimning jon talvasasida kishnaganini eshitib qoldim. Orqamga o‘girilib qarasam, oy yorug‘ida juda vahimali bir bo‘riga ko‘zim tushib qoldi: bo‘ri og‘zini katta ochib, chanamning orqasidan quvib kelyapti.
Qutulishning hech iloji yo‘q edi. Men darhol chananing ichiga yotib olib, qo‘rqqanimdan ko‘zlarimni chirt yumdim.
Otim jon halpida chopardi. Bo‘rining tishlarini g‘ijirlatgani xuddi qulog‘imning ostida eshitilardi.
Ammo, toleyimga, bo‘ri menga hech parvo qilmadi.
U chana ustidan – to‘ppa-to‘g‘ri boshim tepasidan sapchib o‘tdi-yu, sho‘rlik otimga hamla qilib qoldi.
Bir zumdayoq och bo‘ri otimning orqa qismini yamlab yutib yubordi.
Oldingi qismi esa, hang-mang bo‘lib, og‘rig‘iga chidayolmay, hamon olg‘a qarab chopardi.
Bo‘ri otimni yamlab yutib yubormoqda edi. Men o‘zimga kelib, qamchini qo‘limga oldim-da, ochko‘z bo‘rini savalay ketdim.
Bo‘ri uvlab yubordi va oldinga qarab talpindi.
Otning bo‘ridan omon qolgan oldingi qismi chanadan chiqib, yerga tushib qoldi, otning o‘rniga, shotiga va ot jabdug‘iga bo‘ri kirib qo‘shilganicha qoldi!
Bo‘ri chanadan chiqib keta olmadi: chanaga otdek qo‘shilib qolgan edi.
Men uni bor kuchim bilan savalayverdim.
U chanani tortganicha o‘qday uchib, oldinga chopgani-chopgan edi.
Biz shunday tezlik bilan ketdikki, ikki-uch soat deganda Peterburgga kirib keldik.
Hayratda qolgan peterburgliklar chanasiga ot o‘rniga yirtqich bo‘rini qo‘shib olgan bahodirni tomosha qilgani ko‘chalarga to‘p-to‘p bo‘lib chopishib chiqdilar.
KO‘ZLARDAN UCHQUN
Peterburgda yaxshi davr surib yashadim.
Men tez-tez ovga chiqib turardim, mana endi deyarli har kuni ajoyib va g‘aroyib hodisalar uchrab turadigan o‘sha quvnoq kunlarimni xotirlasam, rohat qilaman.
Bir voqea juda qiziq bo‘lgan edi.
Gap shundaki, yotoqxonaning derazasidan kattakon bir hovuz ko‘rinib turar, unda juda ko‘p turli-tuman yovvoyi parrandalar bo‘lardi.
Bir kuni ertalab men deraza oldiga borib, hovuzda yovvoyi c’rdaklar yurganini ko‘rib qoldim.
Hash-pash deguncha miltig‘imni oldim-da, xovliqqancha uydan chopib chiqdim.
Shoshib zinapoyadan tushaman deb, boshimni eshikka shunday qattiq urib oldimki, ko‘zlarimdan o‘t chiqib ketdi.
Bu ham yo‘limni to‘sib qololmadi.
Chopib ketaverdim. Nihoyat, hovuz bo‘yiga ham yetib bordim. Eng semiz o‘rdakni moijallab turib, otmoqchi bo‘luvdim, baxtimga, miltig‘imda chaqmoq tosh qolmabdi.
Chaqmoq toshsiz esa otib bo‘lmas edi. Chaqmoq tosh olib kelish uchun uyga yugursammikan?
Lekin o‘rdaklar uchib ketishi mumkin-ku.
Xafa bo‘lib, miltig‘imni pastga tushirdim-da, o‘zimni-o‘zim koyiy boshladim, shu on birdan miyamga ajoyib bir fikr keldi.
Bor kuchim bilan o‘ng ko‘zimga bir musht tushirgan edim, ko‘zimdan uchqunlar chaqnab chiqib, shu ondayoq porox lovillab o‘t olib ketdi.
Ha-ha! Porox o‘t oldi-yu, miltiq otilib ketdi, men esam bir o‘q bilan o‘nta semiz o‘rdakni otib tushirdim.
Basharti sizlar ham o‘t yoqmoqchi bo‘lsanglar, o‘ng ko‘zinglardan xuddi shunday uchqun chiqaringlar.
AJOYIB OV
Men bundan ham qiziq va ajoyib hodisalarga duch kelganman.
Bir safar kun bo‘yi ovda yurdim-da, kechga borib qalin o‘rmonning o‘rtasidagi katta bir ko‘l bo‘yidan chiqib qoldim; bu ko‘lda g‘ij-g‘ij o‘rdaklar yashar edi. Butun hayotim davomida ham bunday ko‘p o‘rdak ko‘rmaganman.
Baxtga qarshi birorta ham o‘qim qolmagan edi. Men bo‘lsam ayni shu kuni kechqurun bir qancha do‘stlarimni mehmon qilayotgan edim va ularni yovvoyi parranda go‘shti bilan siylamoqchi bo‘ldim. Men, aslida, mehmondo‘st va saxiy odamman. Men uyushtirgan tushlik va kechki ovqat ziyofatlari dong‘i butun Peterburgga ketgan edi. Endi uyga o‘rdaksiz qanday qaytaman?
Ancha vaqtgacha bir qarorga kelolmay turdim-da, birdan ov sumkamda ozroq yog‘li go‘sht borligi yodimga tushib qoldi.
Yashavor! Bu moydan ajoyib qarmoq bo‘ladi. Uni sumkadan olib, suvga otdim.
O‘rdaklar xo‘rakni ko‘rib, shu zahotiyoq moyning oldiga suzib kelishdi. Ulardan biri uni ochko‘zlik bilan yutib yubordi.
Yog‘ sirg‘aluvchan bo‘lgani uchun birdan o‘rdakning ichidan o‘tib, uning orqasidan chiqib ketdi. Shunday yo‘l bilan o‘rdak mening ipimga tushib qoldi. Keyin ikkinchi o‘rdak ham yog‘ga qarab kela boshladi va u ham xuddi shunday holga tushdi. O‘rdak ketidan o‘rdak yog‘ni yutib, chilvirim ustiga ipdagi marjondek tizilib qolishdi. 10 daqiqa ham o‘tmasdan o‘rdaklar unda qatorlashib joylashishdi.
Bunchalik ko‘p o‘ljani ko‘rganimda naqadar sevinganimni aytsangiz! Endi qo‘lga tushgan o‘rdaklarni suvdan tortib olib, oshxonaga, oshpazimga eltib berishimgina qolgan edi.
Do‘stlarim uchun ketvorgan ziyofat bo‘ladi-da!
Ammo bu qadar ko‘p o‘rdakni ko‘tarib ketish hazilakam ish emas edi.
Men bir necha qadam yurdim-u, juda holdan ketdim. Mening naqadar hayratda qolganimni bilsangiz edi! Birdan o‘rdaklar osmonu falakka parvoz qilib, meni ham bulutlar orasiga olib chiqib ketdilar.
Mening o‘rnimda boshqa odam bo‘lganda, hangmang bo‘lib qolar edi, ammo men botir va uddaburon odamman.
Syurtugimning etagini rul qildim-da, o‘rdaklarni yo‘lga solib, to‘ppa-to‘g‘ri uyga ravona bo‘ldim.
Ammo pastga qanday tushding deng?
Juda-juda oson! Uddaburonligim shu yerda ham asqotdi. Bir necha o‘rdakning bo‘ynini uzib tashlagan edim, biz sekin-asta yerga tusha boshladik.
Men to‘g‘ri o‘z oshxonamning mo‘risiga kelib tushibman! O‘choq boshida, oshpazning ro‘parasida paydo bo‘lganimda uning naqadar hayratda qolganini bir tomosha qilsangiz edi!
Baxtimga, oshpazim o‘choqqa hali o‘t yoqqanicha yo‘q ekan.
SUMBADAGI KAKLIKLAR
Oh, uddaburonlik – ajoyib narsa-da! Bir mahal men bir o‘q bilan yettita kaklikni urib tushirgan edim. Shundan keyin, hatto, dushmanlarim ham, butun dunyoda mening yagona mergan ekanligimga, Myunxauzenday mergan hech qachon bo‘lmaganligiga tan bermay ilojlari yo‘q edi!
Voqea bunday bo‘lgan edi.
Men bor o‘qimni sarflab, ovdan qaytib kelayotgan edim. Birdan oyog‘im ostidan yettita kaklik chiqib qoldi deng. Albatta, bunday ajoyib o‘ljani qo‘ldan chiqarishga yo‘l qo‘ya olmas edim.
Darrov miltig‘imni o‘qladim – nima bilan deng? – sumba bilan! Ha, rasmana sumba bilan, ya’ni, miltiqning quvurini tozalaydigan temir sumba bilan!
Keyin men kakliklarga qarab yugurdim, ularni cho‘chitib yubordim va birma-bir otib tashladim. Kakliklar birin-ketin ko‘tarilishgan edi, yettoviga ham birdaniga sumbani suqib oldim. Yettita kaklik ham oyog‘im ostiga kelib tushdi. Men ularni olib ko‘rib, hayratda qoldim – ular qovurilgan! Xuddi shunday, ular qovurilgan edilar.
Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdi, axir mening sumbam otilaverib, qattiq qizib ketgan edi va kakliklarim ham unga tushib qovurilib qolishgan.
Men o‘t ustida o‘tirib olib, o‘sha zahotiyoq yaxshi ishtaha bilan tushlik qildim.
IGNA USTIDA TULKI
Ha, hayotda eng muhimi – uddaburonlik va dunyoda baron Myunxauzendan ham ko‘ra uddaburonroq odam bo‘lmasa kerak.
Bir kuni qalin rus o‘rmonida menga qoraburun tulki duch kelib qoldi.
Tulkining terisi shu qadar yaxshi ediki, men uni o‘q yoki pitra bilan buzgim kelmadi.
Men bo‘shashmadim va qurol ichidan o‘qni sug‘urib olib, uni uzun tufli ignasi bilan o‘qlab, o‘sha tulkini otib tashladim. U daraxt yonida turgani uchun igna uning dumini daraxtning tanasiga mahkam yopishtirib qo‘ydi.
Men shoshmasdan tulkining yoniga borib, uni qamchi bilan savalay ketdim. U og‘riqdan shunday tipirchilab qoldiki, ishonsangiz, terisidan chiqib, oldimdan yalong‘och qochib ketdi. Terisi esa butunligicha – o‘q ham, pitra ham tegmagan holda o‘zimizda qoldi.
KO‘R CHO‘CHQA
Ha, men juda ko‘p ajoyib hodisalarga guvoh bo‘lganman. Men bir kuni qalin o‘rmonda chakalakzor orasidan ketayotganimda, qarasam, yovvoyi cho‘chqacha yugurib borayapti; u juda ham kichkina edi. Cho‘chqa bolasi ortidan katta cho‘chqa ham ketib borayapti.
Men o‘q otdim, lekin, afsus, xato ketdi.
O‘qim xuddi cho‘chqa bola bilan katta cho‘chqa orasidan o‘tib ketdi.
Cho‘chqa bola chinqirganicha o‘rmonning ichiga kirib ketib. ko‘zdan g‘oyib bo‘ldu. Katta cho‘chqa esa, qoqqan qoziqday turgan joyida qimir etmay qoldi.
Men: nega u mendan qochmayapti, deb hayron bo‘ldim. Ammo oldiga yaqinroq borib, voqeani tushundim. Cho‘chqa ko‘r ekan, shuning uchun yo‘lni topolmay turgan ekan. U bolasining dumidan tishlab olibgina yura olar ekan.
Men otgan o‘q bolasining dumini uzib yuboribdi, shunga bolasi qochib ketib, katta cho‘chqa yolg‘iz qayoqqa borishini bilmay qolibdi. Og‘zida bir tutam dumni tishlaganicha nima qilarini bilmay turibdi. Shunda mening miyamga ajoyib bir fikr keldi. Shu dumdan ushlaganimcha cho‘chqani to‘g‘ri oshxonamga boshlab keldim. Sho‘rlik ko‘r cho‘chqa, o‘zini ilgarigiday yana bolasini yetaklab ketayotgan gumon qilib, ketimdan indamay ergashib kelaverdi!
Ha, shundoq, takror aytamanki, uddaburonlik – juda ajoyib narsa!
MEN YOVVOYI CHO‘CHQANI QANDAY QO‘LGA TUSHIRDIM
Boshqa bir safar o‘rmonda menga yovvoyi cho‘chqa duch kelib qoldi.
Uni eplash anchagina qiyin bo‘ldi. Hatto, yonimda miltig‘im ham yo‘q edi.
Men ura qochdim, lekin cho‘chqa xuddi quturganday orqamdan g‘izillatib quvib qoldi, agarda o‘zimni duch kelgan eman daraxti panasiga olmaganimda, o‘tkir tishlari bilan meni tilka-pora qilib tashlashi turgan gap edi.
Yovvoyi cho‘chqa g‘izillaganicha kelib, o‘zini eman daraxtiga urdi-da, tishlari daraxtning tanasiga qattiq sanchilib qoldi, tishlarini daraxtdan sug‘urib ololmadi.
– Ha, ha, qo‘lga tushding-ku! – dedim men, eman daraxti orqasidan chiqayotib. – Shoshmay tur hali! Endi mendan qochib qutulolmaysan!
Men qo‘limga tosh olib, cho‘chqaning o‘tkir tishlarini tortib ololmaydigan qilib, daraxtga yanada chuqurroq qoqa boshladim, so‘ngra cho‘chqani pishiq arqon bilan bog‘ladim-da, aravaga o‘ngarib, dabdaba bilan uyga olib keldim. Boshqa ovchilar bu ishimga hayron-hayron qolishdi! Shunday qo‘rqinchli hayvonni bitta ham o‘q sarf qilmasdan tiriklay tutib olish mumkinligini ular xayollariga ham keltira olmasdilar.
G‘AROYIB KIYIK
Menga nuqul g‘alati-g‘alati hodisalar uchraganiuchragan edi.
Bir kuni yo‘lda sotib olgan shirin olchalar bilan o‘zimni siylab, o‘rmonda ketayotgan edim.
Birdan qarasam, ro‘paramda katta, chiroyli, shoxdor bir kiyik turibdi!
Menda esa, o‘chakishganday, bitta ham o‘q qolmabdi.
Kiyik qaqqayib, miltig‘im o‘qsiz ekanini bilganday bemalol menga qarab turibdi.
Baxtimga, menda yana bir necha dona olcha qolgan edi, miltig‘imni o‘q o‘rniga olcha danagi bilan o‘qladim. Ha, ha, shunday, zinhor kula ko‘rmang, oddiy olcha danagi bilan o‘qladim.
O‘q ovozi chiqdi-yu, lekin kiyik boshini to‘lg‘adiqo‘ydi. Danak uning qoq peshonasiga tegdi-yu, lekin hech qanday ziyon yetkazmadi. Hash-pash deguncha kiyik qalin o‘rmon ichiga kirib ketdi.
Men shunday ajoyib hayvonni qo‘ldan chiqarganimga juda-juda achindim.
Oradan bir yil o‘tgandan keyin, men yana o‘sha o‘rmonga ovga bordim. Albatta, bu vaqtda olcha danagi voqeasini butunlay unutgan edim.
Ikki shoxi orasidan baland, serbutoq olcha daraxti o‘sib chiqqan ajoyib bir kiyik qalin o‘rmon ichidan sakrab chiqqanida mening naqadar hayron qolganimni aytsangiz! Xoh ishoning, xoh ishonmang, u judayam chiroyli, kelishgan kiyik edi; boshida esa – chiroyli bir daraxt! Men darrov payqadim, bu daraxt bultur men o‘q qilib otgan o‘sha kichkina danakchadan o‘sib chiqqan ekan. Bu safar menda o‘q serob edi. Mo‘ljallab turib otdim, kiyik gup etib yiqildi. Shunday qilib, men bir o‘q bilan ham qozon kabob, ham olcha kompotiga ega bo‘ldim, chunki daraxtda yetilib pishgan yirik-yirik olchalar to‘lib yotar edi.
Iqrormanki, butun umrimda bunday shirin olchani tatib ko‘rgan emasman.
AVRA-ASTARI AG‘DARILGAN BO‘RI
Nima uchundir, doimo miltig‘im yo‘qligida va hech narsaga qudratim yetmagan mahallarda eng yirtqich va xavfli hayvonlarni uchratganimga hayronman.
Bir kuni o‘rmondan ketayotsam, ro‘paramdan kattakon bir bo‘ri chiqib qolsa bo‘ladimi! Og‘zini katta ochganicha irillab, to‘g‘ri menga qarab kelaverdi.
Nima qilish kerak? Qochsammikin? Ammo bo‘ri menga chovut solib, yerga ag‘darib, hoziroq kekirdagimni uzib tashlashi turgan gap edi. Mening o‘rnimda bo‘lak odam bolganida, esxonasi chiqib ketgan bo‘lardi, ammo sizlar baron Myunxauzenni yaxshi bilasizlar-ku! Men dovyurak, uddaburon, botir odamman. Bir lahza ham fursatni qo‘ldan bermay, mushtumimni bo‘rining og‘ziga tiqdim-da, qo‘limni g‘ajib olmasin deb borgan sari chuqurroq suqaverdim. Bo‘ri menga ko‘zlarini olaytirib qarardi. G‘azabdan ko‘zlari chaqnardi. Ammo men, basharti qo‘limni og‘zidan sug‘urib olsam, bo‘ri meni qiyma-qiyma qilib tashlashini bilib, tap tortmay, qo‘limni bo‘g‘ziga borgan sari chuqurroq suqaverdim. Birdan miyamga ajoyib bir fikr kelib qoldi, bo‘rining ichidagi butun lash-lushlarini qattiq g‘ijimladim-da, zaptim bilan bir tortib, avra-astarini ag‘darib tashldim!
Ma’lumki, shundan keyin bo‘ri behush bo‘lib, oyog‘im ostiga gupillab yiqildi.
Keyin uning terisidan o‘zimga issiqqina po‘stincha tikib oldim. Gapimga ishonmasalaring, po‘stinimni sizlarga jon-jon deb ko‘rsataman.
QUTURGAN PO‘STIN
Ammo-lekin mening hayotimda bo‘riga duch kelishdan ham xatarliroq hodisalar bolgan.
Bir mahal meni bir quturgan it quvlab qoldi deng.
Men undan jon halpida qochdim.
Ammo ustimdagi zilday po‘stinim qochishga xalaqit berib qoldi.
Men qochib ketayotib, uni yechib tashladim-da, chopib uyga kirib, eshikni mahkam berkitib oldim. Po‘stin esa ko‘chada qolib ketaverdi.
Quturgan it po‘stinimga yopishib, uni talay ketdi. Xizmatkorim uydan yugurib chiqib, turadigan shkafga osib qo‘ydi.
Ertasiga erta bilan u yotoqxonamga chopib kirib, rangi-quti o‘chgan holda:
– Turing-chi, turing! Po‘stiningiz quturibdi! – deb qichqirdi.
Men lip etib o‘rnimdan turib, shkafni ochdim-u, nimani ko‘rdim deng? Butun ust-boshlarim parcha-parcha bo‘lib yotibdi!
Xizmatkorim to‘g‘ri aytgan ekan: sho‘rlik po‘stinim quturibdi, chunki kecha kechqurun uni quturgan it talagan edi-da.
Po‘stinim g‘azab bilan yangi mundirimga hamla qildi-da, uni qiyma-qiyma qilib tashladi.
To‘pponchamni olib o‘q uzdim.
Quturgan po‘stin bir damda jim bo‘ldi-qoldi. Shunda odamlarimga: uni bog‘lab, alohida shkafga osib qo‘yinglar, deb buyurdim.
Shundan beri po‘stinim endi hech kimni tishlamaydi, men ham uni hech qo‘rqmasdan, bemalol kiyaveradigan bo‘lib qoldim.
SAKKIZ OYOQLI QUYON
Ha, shundoq, Rossiyada men juda ko‘p g‘alati hodisalarni uchratganman.
Bir kuni men g‘alati bir quyonning izidan quvib qoldim. Quyon bo‘lsa o‘lguday chopqir edi. Irg‘ishlab chopgani chopgan, qani endi o‘tirib bir oz dam-pam olsa!
Otdan tushmasdan ikki kungacha ketidan quvdim, lekin hech yetolmadim.
Vafodor itim Dianka undan bir qadam ham keyinda qolmay quvib bordi, ammo men o‘q yetadigan masofaga hech yetib borolmadim.
Uchinchi kun deganda, harqalay, la’nati quyonni otib qulatishga muvaffaq boldim.
Quyon o‘t ustiga yiqilishi bilanoq, men otimdan irg‘ib tushib, uni borib ko‘rdim.
Bu quyonning o‘z oyoqlaridan bo‘lak yana oshiqcha oyoqlari ham borligini ko‘rganimda, qanday hayron qolganimni bir tasavvur qilsangiz edi. Uning qornida to‘rt, sirtida to‘rt oyog‘i bor edi!
Ha, shundoq, uning orqasida baquvvat chopqir oyoqlari bor edi! Pastki oyoqlari charchasa qornini osmonga qilib o‘girilib, o‘sha ehtiyot oyoqlari bilan chopaverar ekan.
Mening kuyib-pishib, uch kun orqasidan quvlaganim bejiz emas ekan!
AJOYIB NIMCHA
Afsuski, vafodor itim sakkiz oyoqli quyonni rosa uch kun quvaman deb shunday charchabdiki, yerga yiqildi-yu, bir soatdan keyinoq o‘ldi-qoldi.
Xafa bo‘lganimdan yig‘lamoqdan beri bo‘ldim. O‘lgan itimdan yodgorlik bo‘lsin deb terisidan o‘zimga ov nimchasi tikishga amr qildim.
Ana shundan beri menga na miltiq kerak, na it.
Har safar o‘rmonga borganimda nimchamni bo‘ri yoki quyon yashiringan tomonga tortgani-tortgan.
Men ilvasinlarni otar darajada yaqinlashganimda nimchadagi tugmalar o‘z-o‘zidan uzilib, o‘sha hayvon tomonga o‘qday uchib boradi! Ajoyib tugma borib tekkan hayvon qimir etmay yiqiladi-qoladi!
Ana shu nimcham hali-hali ustimda. Gapimga ishonmayotganga o‘xshaysizlar-a, kulyapsizlar? Ammo bu yoqqa qarasangiz, mening rost gapirayotganimga ishonasiz-qolasiz: nimchamda atigi ikkita tugma qolganini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmayapsizmi, axir. Men yana ovga chiqsam, nimchamga kam deganda uch dyujina tugma qadab olaman.
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/book/rudolf-raspe-31899389/baron-munhauzen-sarguzashtlari-69917263/chitat-onlayn/?lfrom=390579938) на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.