Асарлар. Махтумқули
Махтумкули
3
Maxtumquli
Asarlar
MUNAVVAR SHE’RIYAT
Maxtumquli (Firog‘iy) she’riyati nafaqat turkman xalqining, balki butun turkiy xalqlarning ham faxriiftixoridir. Bir necha asr bo‘ldiki, ulug‘ shoir she’riyatidan millionlab qalblar munavvar bo‘lib keladi. Dunyoviy va tasavvufiy she’riyatning benazir vakili bo‘lgan Maxtumquli she’rlari yurtimizda Ahmad Yassaviy, So‘fi Allohyor, Boborahim Mashrab, Muhammad Fuzuliy kabi shoirlar ijodiyoti qatorida sevib va ardoqlanib o‘qiladi. Elimizda bu shoir she’rlaridan hech bo‘lmaganda bir baytni yod bilmaydigan odam topilmasa kerak, desak, mubolag‘a bo‘lmas.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Maxtumquli she’riyati bilan o‘zbek kitobxonlarini yanada yaqindan tanishtirish maqsadida bir qator zahmatkash tarjimonlarimiz mehnat qilishdi. Bu jarayon hamon davom etayotir. Chunki shoir she’riyati bamisoli bir ummondir. Hali bu shoir she’rlarini tarjima qilishda mahoratli tarjimonlar oldida katta ishlar turibdi. Bu ishlarni amalga oshirish esa tarjimondan malaka, uquvni talab etadi. Asliyatni yetarlicha anglab yetmoq uchun til bilishning o‘zi kifoya qilmaydi (afsuski, turkman tilidan deyarli bexabar bo‘lgan ayrim mutarjimlar ham Maxtumquli she’rlarini o‘girmoqdalarki, bunda yutuqdan ko‘ra kamchiliklar ko‘proq uchramoqda). Maxtumquli she’rlarini o‘zbekchalashtirish uchun kishi tasavvuf adabiyotidan, turkman tilining o‘ziga xos xususiyatlaridan, turkman xalq og‘zaki ijodiyotidan har tomonlama va chuqur xabardor bo‘lmog‘i lozim. Ana shundagina tarjima ko‘ngildagidek amalga oshishi mumkin. Tarjima ishiga kirishgan kishi Maxtumquli she’riyatining ichiga kirib bora olmasa (garchand u turkman tilini bilsa ham), u holda tarjima dag‘al qilib aytganda, “sho‘rvasining sho‘rvasining sho‘rvasi” bo‘lib qoladi. Tarjimalardagi kamchiliklar, ishkalliklar haqida goh unda, goh bunda tanqidiy mulohazalar bildirilayotganligining sababi ham shunda bo‘lsa kerak, deb o‘ylaymiz.
O‘tgan asrning oltmishinchi yillaridan buyon o‘zbek kitobxonlari Maxtumquli she’rlaridan qilingan tarjimalarni Jumaniyoz Sharipov, Ergash Ochilov, Muzaffar Ahmad, Mirzo Kenjabek kabilarning o‘girmalari orqali o‘qib keladilar. Bu mutarjimlar Maxtumquli she’riyatini qanchalik talofatlarsiz o‘zbek kitobxonlariga yetkaza oldilar – buni endi mutaxassisolimlar aytishadi. Bu yerda muhim gap shundaki, shoir she’rlari tobora va tobora o‘zbek kitobxonlari qalbiga singib, o‘rnashib borayotir. Bu esa qutlug‘ jarayondir.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Maxtumquli she’riyatini o‘zbekchalashtirishda surxondaryolik Shayx Abdul Mo‘min (Abdumo‘min Jumayev) hamda Jumanazar Zulpiyevlarning ham tarjimonlar qatorida o‘z o‘rni, mavqei bor. Bu tarjimonlarning asosiy yutuqlaridan biri shuki, ular turkman millatiga mansubdir. Ikkinchidan esa, ikkovlon qariyb o‘ttiz besh yildan buyon Maxtumquli she’rlarini o‘zbekchaga o‘girib keladilar.
Bu ijodkorlar tarjimasi “Kamalak” nashriyoti orqali “Bu naqldir…” (1991-yilda), O‘zbekiston YozMuvacxhtuilmarquuliyushshem’rlaasrii ” ja(2m0g0‘3a-rymiladsai)nnaosmhir iyboiltai n ocrhqoapli“ etildi. Hamkorlikdagi tarjima 2008-yilda “O‘zbekiston” nashriyoti “Saylanma” nomi bilan besh ming nusxada nashr qilindi. Maxtumquli she’riyati muxlislari uchun bir xushxabar shuki, bu ikki zahmatkash tarjimon navbatdagi kitobni nashrga tayyorlashdi. Bemalol aytish kerak: bu kitob hozirga qadar o‘zbek tilida nashr qilingan (Maxtumquli she’riyatidan) salmoqlisi va zalvorlisidir.
Shubhasiz, ushbu kitob ham ikki qadimiy millat, ikki qardosh xalq do‘stligini yanada mustahkamlashda, ularni bir-biriga yanada yaqinlashtirishda, do‘stlikbirodarlik rishtalarini mahkamroq bog‘lashda o‘ziga xos hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Mahmud ABULFAYZ
BILSAYDING!
Qalam olib nomani ko‘ndararim[1 - Ko‘ndararmoq – xat yozib jo‘natmoq.] bilsayding!
Afsun urib, Hud-hudni indirarim bilsayding!
Arsh ustiga ko‘tarib mindirarim bilsayding!
To‘rt kecha, uch kun yig‘lab, tindirarim bilsayding!
Eshak minib Iysodek yeldirarim bilsayding!
Majnun kabi sahroda yig‘lab-yig‘lab kezarman,
Ko‘zim yoshin marjonday tizim-tizim tizarman,
Varqo kabi Gulshodan, o‘lib umid uzarman,
Jo‘shqin berib ishq o‘ti, qaynab-qaynab qizarman,
Shibliy kabi bir tog‘ni yondirarim bilsayding!
Hud-hud kabi Farangdan Chin-Mochinga borarman,
Bog‘ ichinda Bilqisning sochin ochib ko‘rarman,
Sulaymonning taxtidan so‘zlab-xabar berarman,
Qush qo‘nsin deb boshimga, bulbul kuyin qurarman,
Chorshanba kun chosh vaqti qo‘ndirarim bilsayding!
Surohning orqasinda Majnun qurdi joduni,
Bismilloh, deb boshladi, chaqirdi ustodini,
Haqdan g‘ayri bir kimsa eshitmadi dodini,
Qirq oshiq na’ra chekib, olovlatdi o‘tini,
Ko‘z yoshimdan suv olib, so‘ndirarim bilsayding!
Shirvonxonning savdosi, ne ajoyib savdodir,
Qildan bir yon og‘dirsa, qiyomat kun rasvodir,
Yuz yigirma saf qurlib, har safda bir g‘avg‘odir,
Oshiqliq bir jo‘shqindir, oqmas toshqin daryodir,
Bir jur’adan qirq oshiq qondirarim bilsayding!
Yetilmamish shunqorim, qamish qanot, oq turpak,
Dunyo meni toydirdi, bir yonim yetdi urpoq,
Jonon jigar tilibon, tortar, qon qo‘ymas turpoq,
Har tikandan yuz g‘affi[2 - G‘affi – qurigan barg.] har qirq guldan bir yaproq,
Tog‘u toshni elayib, undirarim bilsayding!
Maxtumquli, so‘zlayur, to‘qqiz falak Zuxrasi,
Yetti yulduz qardoshi, Oyning, Kunning porasi,
Diydam nuri shu’lasi, ko‘zim oqu qorasi,
Obi-Zamzam chashmasi, Safo, Marva orasi,
Sulaymondek ahdimni sindirarim bilsayding!
ARSHI A’LOYA…
Yo Ahmad shoh, Yerda yoyilib choving[3 - Choving – xabar shuhrating ma’nosida],
Oting osmon ketar – Arshi a’loya.
Kelgan navkaringdir, kelmagan – oving,
Biyiklik zinasin qil poya-poya.
Eronga qilich ur, yurit sipohi,
Boshingda berk bo‘lsin davlat kulohi,
Humoyun tog‘inda sherlarning shohi,
Go‘yo bir Nahangsan mavju daryoya.
Beshalarning ov ongdigan[4 - Ongdigan – ongdimoq, poylamoq.] sherisan,
Rumiston mag‘z, bayni, devning birisan,
Zol o‘g‘lining olmos-paykon-tirisan,
Gushtosb o‘g‘li kabi uhda baloya…
Peshing Eron bo‘lsa, pushting Turondir,
Ishingdan do‘st xushvaqt, dushman hayrondir,
Iqboling ochilar, ishing davrondir,
Marhamat nazaring solsang har joya.
Firog‘iy der, qo‘llab-quvvatlab dinni,
Shohlarning shohisan, Islomning zayni,
Amringga mute’ et Eron zaminni,
Ro‘zu shab nolishim shuldir Xudoya.
CHILIM CHEKMAGIL
Joningga qasd etma dudkashim, o‘zing,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Pandim shu – ro‘za tut, o‘qi namozing,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Chilimdan yilonlar tushar bo‘yningga,
Og‘zin ochib, «vish-sh»lab, kirar qo‘yningga,
Har zamon zahrini sochar taningga,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Vujuding tiskinar, undan qocharsan,
Suvsizlikdan zahar-zaqqum icharsan,
Ichim yondi deya, og‘zing ocharsan,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Yilon aytar: «Bu kun qocharsan mendan,
Ul Haqning amridir, ayrilmam sendan».
O‘shal vaqtda bezor bo‘larsen undan,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Yolg‘onchi dunyodan istama vafo,
O‘t yemak bo‘larmish bezavqu safo,
Dudkash ummat emas, deydi Mustafo,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Bu dunyo foniydir, bodi-zud kechar,
Ul kim oqil ersa, bil, undan qochar,
Shaytonga yo‘l berma, iymoning uchar,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Omonat joningga qilmagil tuhmat,
Izzat-qadri nedir, kel endi fahm et,
Mahshar kun ne dersan, javobingni ayt,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Iblisga yo‘l berma, yutmagil norni,
Gul deya o‘zingga ep ko‘rma xorni,
Benomuslik qilma, saqlagil orni,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Tark ayla chilimni, to‘g‘ri tur Haqqa,
Har zamon tovba deb, tutaver yoqa,
Derlar, suv bermasmish dudkashga soqqa[5 - Soqqa – soqiy],
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Ichganing zaqqumdir, yeganing o‘tdir,
Bilmassan, shaytonlar kasbingdan shoddir,
Bugun xushnud bo‘lsang, tongla hayhotdir,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Bir safar xatodan chekibdir Ali,
Sayr uchun sahroga chiqibdir vali,
Bir masjidni ko‘rib zarli-safoli,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Masjidni ko‘ribdir ajoyibzoda,
Tomosha aylabon, kirmish piyoda,
Sutuni siyomish, o‘rtanmish o‘tga,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
O‘shal damda qaytib kelmish Rasulga,
Bo‘lganin so‘ylamish sohib usulga,
«Sutuni siyomish, nadir vusula?»
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Rasul aytdi: «Ali, eshitdim so‘zing,
Sifating, surating ko‘ribdir ko‘zing,
Dudkashlik ziyondir, yiroq tut o‘zing,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Ko‘ribsan masjidni, turfa yoronmish,
Shayton bugun senga kayfni berganmish,
Aning uchun ustun o‘tgan burkanmish,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Odamning ustuni – bilgil imoni,
Shaytonning makridan saqlagil oni,
G‘ofil bo‘lsang, yoqar, yo‘qdir gumoni,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
O‘shal fursat Haydar chiqdi maydonga,
Qahr ila qad etdi la’in shaytonga,
Shundan beri shayton bo‘ldi pinhona,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Undan oldin shayton oshkor kezarmish,
Odamlarni aldab, dinin buzarmish,
«Bismilloh» desang, u umid uzarmish,
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
Maxtumquli, panding ellarga so‘yla!
O‘z holing nechukdir, dog‘i fikr ayla,
Safar qilmoq lozim ozuqing shayla…
Hayf erur joningga, chilim chekmagil!
BORSA KERAKDIR
Moyil bo‘lmang bu dunyoga, do‘stlarim,
Barcha bundan uyon borsa kerakdir,
Avval omon, oxir imon tilarman,
Haq qulning murodin bersa kerakdir.
Bir kun Qof tog‘idan Xardajjol chiqar,
Bezab eshagiga zumradlar taqar,
Mahdi yo‘lin to‘sar, tug‘ini tikar,
Savashib Dajjolni qirsa kerakdir.
O‘shal chog‘da Dajjol bezang[6 - Bezang – «Bezangga do‘nar» bo‘lsa kerak. Chunki u maxluq bo‘ynida «zang», ya’ni qo‘ng‘iroqning bir turi bo‘lib, uni va boshqa bezaklarini jang chog‘ida yulib tashlashsa kerak.](?)ga do‘nar,
Qayta boshdan dinning chirog‘i yonar,
Madinada Iyso osmondan inar,
Saf qurib, maydonda tursa kerakdir.
Osmondan Jabroyil alarga kelar,
Mahdi bilan Iyso jahonni olar,
Madina shahrida podishoh bo‘lar,
Qirq yillab davrini sursa kerakdir.
Qirq yildan so‘ng ular qilarlar safar,
Giyohlar qurirlar, daryolar kepar[7 - Kepar – Kepmoq-qurimoq, tomog‘im kepdi deyiladi.],
Ya’juj-ma’juj derlar, mo‘‘jiza qo‘par,
Mag‘ribdan Mashriqqa yursa kerakdir.
Fosh etarman, bir so‘zim bor demoqqa,
Tillarim aylanmas ani aytmoqqa,
Jahon qurib, narsa qolmas yemoqqa,
Bir-birining qonin so‘rsa kerakdir.
Yomg‘ir yog‘ar, Yerning yuzin suv olar,
Vayron bo‘lib, buyuk tog‘lar evrilar,
Hayvon, inson qolmas, barchasi o‘lar,
Zamonning oxiri bo‘lsa kerakdir.
Azroyil o‘z jonin o‘zi olarmish,
Barcha ketib, Haqning o‘zi qolarmish,
Bu jahonga to‘rt farishta[8 - To‘rt farishta – Ulug‘ farishtalar – Jabroyil, Isrofil, Mikoyil va Azroil.] kelarmish,
Isrofil bir sayha ursa kerakdir.
Ko‘karibon Yer yuziga chiqarlar,
Munofiq, zolimni shu kun yoqarlar,
Hisob aylab, xayring, sharring chekarlar,
Yo malak mezonin qursa kerakdir.
Bu fasodlar Yer yuziga kelganda,
Munkir yig‘lab, mo‘‘min bari kulganda,
Go‘r yorilib, tongla mahshar bo‘lganda,
Rasul «Ummatim!» deb tursa kerakdir.
Barchani yaratgan ul go‘zal Alloh,
Deyavering: «La ilaha illalloh»,
Gunohkor ummatin haq Rasululloh,
Sirotdan boshlabon yursa kerakdir.
Ummat bo‘lgan, bilgil, Sirotdan kechar,
Jannat ichra Kavsar sharobin ichar,
Aldanmang, so‘filar, piringiz qochar,
«Dod!» deya Rasulga borsa kerakdir.
Maxtumquli, boshdan ketmas tumanim,
Men Haqqa oshiqman, yo‘qdir gumonim.
Avval damda omon, oxir imonim,
Ro‘zi qilib, bizga bersa kerakdir.
UL HASAN BIRLA HUSAYN
Bir Xudoyimning qulidir ul Hasan birla Husayn,
Mustafoning bulbulidir ul Hasan birla Husayn,
Bog‘i-Rizvonning gulidir ul Hasan birla Husayn,
Alining ikki o‘g‘lidir ul Hasan birla Husayn,
Ikki dunyoning gulidir ul Hasan birla Husayn.
Dovud o‘g‘li Sulaymonni qilibon dodxoh,
Yaqub o‘g‘lin qul qilib, so‘ngra Misrda podshoh,
Hazrati Ayyubni qilding yuz baloga mubtalo,
Men alarni izlabon har dam qilarman oh-voh,
Ikki dunyoning gulidir ul Hasan birla Husayn.
Ne gunoh qildi Alining o‘g‘li, ey Parvardigor,
Karbalo dashtida qilding sen alarni xoru zor,
Ul Hasan birla Husayn, bilsang, edilar shahsuvor,
Egniga qalqon solib, ilgiga oldi Zulfiqor,
Ikki dunyoning gulidir ul Hasan birla Husayn.
Senga dod aylay, ey Alloh, qani shahzodalar,
Senga dod aylay Xalilulloh, qani shahzodalar,
Senga dod aylay Kalimulloh, qani shahzodalar,
Senga dod aylay Valiulloh, qani shahzodalar,
Ikki dunyoning gulidir ul Hasan birla Husayn.
Shamr mal’un-palid kesdi Husaynning boshini,
Tongla mashharda ko‘rarsiz ul Fotima ko‘z yoshini,
Ham yetim qildi o‘g‘il-qiz, ham yana qardoshini,
Ham qarindosh urug‘ ham, yana ham-yo‘ldoshini,
Ikki dunyoning gulidir ul Hasan birla Husayn.
Ul Husayn kirdi urushga bir Xudoni yod etib,
Shamr mal’un kesdi boshin, zulmni bisyor etib,
Ahli olam yig‘lashadur bir Xudoni yod etib,
Ham Ali buni eshitib, nolayi-faryod etib,
Ikki dunyoning gulidir ul Hasan birla Husayn.
Gar Ali bo‘lsa edi, anda berardi dodini,
Ul palidlar tutmagay erdi urushning otini,
Sherday o‘krar, tinglagil, bandaning faryodini,
Aytingiz, bu dunyoda, bu sirlarning bunyodi ne?..
Ikki dunyoning gulidir ul Hasan birla Husayn.
Mustafoni kuydirib, ham bag‘rini biryon etib,
Ul Abu Bakru Umarning ko‘zlarin giryon etib,
Ham taqi Usmon, Alining aqlini hayron etib,
Qul Maxtumni bo‘zlatib, bulbuldayin nolon etib,
Ikki dunyoning gulidir ul Hasan birla Husayn.
OQ IT
(Qildi yoronlar)
Hamd aytayin ul yaratgan Xudoyga,
Ul bizni yo‘qdan bor qildi, yoronlar,
O‘zi ziynat berdi Kun bilan Oyga,
Qudratini oshkor qildi yoronlar.
Barchaning otasi ul Odam-Safiy,
Undan paydo bo‘ldi necha ming nabiy,
Hosil bo‘lmay hech birining matlabi,
Bu dunyodan yig‘lab o‘tdi, yoronlar.
Payg‘ambar borining avvali Odam,
Oxiri Muhammad alardir Hotam,
Chahor-yorlar bo‘ldi alarga hamdam,
Rasulga ko‘p xizmat qildi, yoronlar.
Chori yorlar Haq deb ko‘zda yosh etdi,
Ular yomonlikdan o‘zni tash etdi,
Ali bir elda yo‘q yaxshi ish etdi,
G‘arib Maxtumquli aytdi, yoronlar.
Ali eshigiga bir gadoy keldi,
Qo‘lin qovushtirib, duolar qildi,
«Bir xotinim bordi, xastalab o‘ldi,
Bir qizim yosh qoldi» dedi, yoronlar.
Dedi: «Maqsadim shul, senga arzim bor,
Musulmonman, sunnatim bor, farzim bor,
Bir juhudga qirq ming tillo qarzim bor,
Menga bir xayr eting!» dedi yoronlar.
Shul zamonda bir boy juhud bor edi,
Ali ul juhudning yoniga bordi.
«Sen menga bir qirq ming tillo ber» dedi,
Ikki o‘g‘lin garov qo‘ydi, yoronlar.
Juhud berdi unga qirq ming tilloni,
Ali sheri Xudo yodlab Olloni,
«Hasan imom bilan Husayn sho(h)ni,
Uzguncha garov ol!» dedi, yoronlar.
Juhud bolalarni oldi-da, ketdi,
Ikki shahzodani uyiga eltdi,
Ali olgan pulni gadoyga tutdi,
Gadoy duo qilib ketdi, yoronlar.
Bu ishni eshitdi kofir, musulmon,
Eshitganlar bari qoldilar hayron,
Xudoyimning sheri ul Shohimardon,
Eshitganlar vola qoldi, yoronlar.
Bir juhud bor erdi o‘sha zamonda,
Boyligi ko‘p erdi, g‘amsiz-jahonda.
Eshitgan el hamma tasdiq qilganda,
O‘shal juhud munkir bo‘ldi, yoronlar.
Munkir bo‘lib, tunda uyida yotdi,
Kechasi oqshomdan saharga yetdi.
Qudrat bilan Haq uyqudan uyg‘otdi,
Bir oppoq it bo‘lib turdi, yoronlar.
Oq It bo‘lib el-ulusdan saylanib,
Odam suratidan Itga aylanib,
Aqli joyida-yu, biroq shaylanib,
Eshikdan chiqmoqqa bordi, yoronlar.
Kalla bilan urib qobsani ochdi,
Buning mushkul ishlar boshiga tushdi.
Pushaymonlar qilib, ko‘z yoshin sochdi,
«Voy, mening holimga!» dedi, yoronlar.
Chora topmay, yana eshikdan kirdi,
Bola-chaqa, hamma uyquda erdi.
«Vov-vov» deb ayolin yoniga bordi,
Manglayiga yuzin qo‘ydi, yoronlar.
Xotini havl ila tiskinib turdi,
O‘g‘lon-ushoqlari uyquda erdi,
«Uyda it bor» deya barisi turdi,
Har qaysi bir tayoq oldi, yoronlar.
Bari tayoq olib, itni urdilar,
Har tarafdan ko‘plab ozor berdilar,
To qo‘llari qavarguncha urdilar,
Mashaqqat-azoblar tortdi, yoronlar.
Oxir iloji yo‘q, ul uydan chiqdi,
Ko‘zidan shashqator qonli yosh to‘kdi,
Biror yoqqa ketmay, xotinga boqdi,
Xotini ko‘p hayron qoldi, yoronlar.
Qanday it ekan deb, shunda ul zanon,
Itga rahmi kelib, berdi unga non,
Non bersa non toshga do‘ndi shul zamon,
It cheksiz azoblar ko‘rdi, yoronlar.
Suv berib ko‘rdilar unga ul zamon,
Bo‘g‘zidan o‘tmasdan suv ham bo‘ldi qon,
Hamma ko‘rgan bunga qoldilar hayron,
Ko‘p yomon azoblar tortdi, yoronlar.
Uni yana quvlab yetib urdilar,
«Yit-yo‘qol!» deb cho‘x azoblar berdilar,
Rosa quvlab, u yon bu yon surdilar,
Bir cho‘l-biyobonga qochdi, yoronlar.
It ketdi cho‘l bilan ko‘zlari giryon,
Gala it uchradi unga nogahon,
Oraga olishib, talashdi chunon,
Bor yeri qora qon bo‘ldi, yoronlar.
Ko‘p azoblar tortdi ul It bechora,
Bo‘lib a’zolari qon, pora-pora,
Andomiga tushib sonsiz bir yara,
Itlardan qutulib qochdi, yoronlar.
Bir yozi[9 - Yozi – sahro, cho‘l, yobon…] bor edi-ul Barrimajnun,
Yo‘llar qumloq, havo issiq erdi chin,
Biyobonga borib, holi ko‘p zabun,
Tillari og‘zidan chiqdi, yoronlar.
Ul It bo‘lib shuncha jazosin topdi,
Suvsizlikdan og‘zi, burni ham kepdi[10 - Kepmoq – quruqshamoq, qurimoq…],
Sarob ko‘rsa, suv deb aldanib chopdi,
Ko‘p vaqt tilin sollab yurdi, yoronlar.
Xotinning ko‘ngliga notinchlik tushdi,
Dedi: «Mening erim qayoqqa qochdi.
Oylarim tutildi, kunlarim yoshdi,
Erimdan darak yo‘q dedi, yoronlar.
Ul ayyom bir qari momo bor edi,
Fol-qurra, har ishdan xabardor erdi,
Bir kun borib ayol uni chaqirdi,
Arzi-holin bayon qildi, yoronlar.
«Bir necha kun bo‘ldi, yitibdir erim,
Qayoqlarga ketdi, yo‘qdir xabarim.
Daragin topmasam, yo‘qdir qarorim,
Menga bir fol ochgil!» dedi, yoronlar.
Momo aytdi: «Ering Oq It bo‘libdir,
Barri-majnun degan cho‘lga boribdir
Suvsizlikdan tilin sollab yuribdir,
Sababi – munkirlik» dedi, yoronlar.
«Alining uyiga bir gadoy kelmish,
Qirq ming tillo qarzim bor, deb yolbormish,
Ali ikki o‘g‘lin garovga bermish,
Xalq eshitib hayron qoldi, yoronlar.
Xalq barcha inonib, tasdiq qilibdir,
Hazrati Aliga hayron qolibdir,
Sening ering, unga munkir bo‘libdir,
Shundan Oq It bo‘ldi» dedi, yoronlar.
Ayol der: «Maslahat bergil, momojon,
Ne ish qilsam erim qo‘lga solarman,
Erim topmay nechuk qaror qilarman,
Momo, maslahat ber dedi, yoronlar.
Momo aytdi: «Barri-majnunga borgin,
Ering bir oq itdir, tanigin, ko‘rgin,
Ul cho‘lda boshqa it yo‘q, turur, bilgin,
It ko‘rsang – eringdir» dedi, yoronlar.
«Tanisang, qo‘lingga bir ipni olgin,
Ul ipni Oq Itning bo‘yniga solgin,
Sudrab Madinaga tez ola kelgin,
Payg‘ambarga ko‘rsat» dedi, yoronlar.
Ul folchi momodan so‘zni eshitdi,
Izlab Barri-majnun cho‘liga ketdi,
Mashaqqatlar bilan cho‘lga ham yetdi,
Oq Itni axtarib yurdi, yoronlar.
Yo‘llar qumloq edi, issiq havosi,
Do‘zaxdan ziyoda cho‘lning balosi,
Ul Oq Itni oxir topdi – ul osiy,
Bo‘yniga ip solib, tortdi, yoronlar.
Azob bilan Madinaga keltirdi,
Yo‘lda charchab, necha-palla o‘ltirdi,
Rasul huzuriga erin keltirdi,
Payg‘ambar: «Bu ne sir?» dedi, yoronlar.
Xotin aytdi: «Bu erimdir, bad bo‘ldi,
Buning bad bo‘lmog‘i elga sad bo‘ldi,
Murtazoga munkir bo‘lib, It bo‘ldi,
Sizga olib keldim» dedi, yoronlar.
Rasul aytdi: «Ey zan, bu erdan ketgin,
Har bir ishning bitar joyiga yetgin,
Munkir bo‘lgan bo‘lsa, Aliga eltgin,
Ne qilsa, ul qilar» dedi yoronlar.
Ul xotinning joni qoldi baloga,
Surib-sudrab Itni eltdi sahroga,
Oxir olib bordi sheri Xudoga,
Sheri Xudo Itni ko‘rdi, yoronlar.
Xotin dedi shunda: «Yo, sheri – Alloh,
Bu mening erimdir, o‘zimga hamroh,
Sizga munkir bo‘lgan bu osiy, gumroh,
Xullas, olib keldim» dedi, yoronlar.
«Endi olib keldim, yo Shohimardon,
Qarodir yuzlari , mundadir usyon,
Gunohidan o‘ting, ey, sheri – subhon,
Ixtiyor Sizdadir» dedi, yoronlar.
Ali bu xotindan so‘zni eshitdi,
Unga rahmi kelib, gunohin o‘tdi,
«Ey, munkir!» deb Itga shapati tortdi,
Odam sifatiga keldi, yoronlar.
Karam aylab unga ul sheri – subhon,
Karomat ko‘rsatdi ul Shohimardon,
Juhud bo‘lib o‘z ishidan pushaymon,
Oxir yaxshilikka do‘ndi, yoronlar.
Er-xotin ikkisi «Kalima» aytib,
Musulmon bo‘ldilar ra’yidan qaytib,
Bular ana shunday murodga yetib,
Xudoga ko‘p shukur qildi, yoronlar.
G‘arib Maxtumquli osiy-gunohkor,
Gunohim kechirgil yo Parvardigor,
O‘qigan bandadan ko‘p umidim bor,
Duo qilgin, deya aytdi, yoronlar.
CHAQIR KALLA[11 - Chaqir kalla – bosh chanog‘i.]
(Do‘stlar hey)
Yaratgan Allohning hamdin aytayin,
Ul bizga ko‘p ne’mat berdi, do‘stlar hey.
Yeru Osmon, Behisht, Do‘zax yo‘q erdi,
Me’mori jumlasin qurdi, do‘stlar hey.
Odam maxluqotning yaxshisi bo‘ldi,
Alloh darajasin ko‘p baland qildi.
Payg‘ambar yaratib, kitob yubordi,
Odamga ko‘p rif’at berdi, do‘stlar hey.
Avval bizga tan yaratib, qon berdi,
Aql berdi, ko‘z-qosh bilan, jon berdi.
Hayvonga o‘t berib, bizga non berdi,
Ko‘p daraja ato qildi, do‘stlar hey.
Ko‘zni berdi bu jahonni ko‘rsin deb,
Oyoq berdi yaxshi yo‘lga yursin deb,
Ne’mat berdi shukrin barjoy qilsin deb,
Xullas, bizni hurmat qildi, do‘stlar hey.
Jumla Payg‘ambarning Odam avvali,
Muhammaddir barchasindan afzali.
Abu Bakr, Umar, Usmonu Ali,
Rasulning Choryori bo‘ldi, do‘stlar hey.
Ul er podsho bo‘lib, oldi jahonni,
Har kim munkir bo‘lsa, yo‘qdir imoni,
Uning payg‘ambarlik surgan zamoni,
Ko‘p ajoyib ishlar bo‘ldi do‘stlar hey.
Bir kun Rasululloh masjidda erdi,
Ahli ashob shunda, (barisi ko‘rdi),
Shul asno taqirlab bir Kalla keldi,
Masjid eshigida turdi, do‘stlar hey.
Salmon Forsiy, magar, o‘sha zamonda,
Chodir soqchi ekan bilsang ul onda,
O‘zi Rasulimiz, ul yaxshi banda
Salmonga: «Chiqib ko‘r!» dedi, do‘stlar hey.
Salmon chiqib ko‘rdi aytilgan palla,
Ko‘rdiki, eshikda bir Quruq Kalla,
Bu ishlar hammasi qudrati Ollo,
Ovoz bilan yig‘lab turdi, do‘stlar hey.
Yana Salmon Forsiy ichkari kirdi,
Kelib Payg‘ambarga bosh egib turdi,
Kallani ko‘rganin xabarin berdi,
Payg‘ambar ham hayron qoldi, do‘stlar hey.
Haq Rasuli ul Salmonni chaqirdi,
Kalllani keltir deb buyruq ham berdi,
Salmon darhol borib uni keltirdi,
Kalla yig‘lab salom berdi, do‘stlar hey.
Kalla Payg‘ambarning kamolin ko‘rib,
Sirin bayon etdi zor yig‘lab turib,
Boshga tushgan ishning tafsilin berib,
Uzr bilan so‘zin aytdi, do‘stlar hey.
Dedi: «YO, payg‘ambar, men kofir erdim,
Bir kecha men Sizni tushimda ko‘rdim
Uyqudan uyg‘onib, musulmon bo‘ldim,
Ko‘nglimga iymon jo bo‘ldi, do‘stlar hey.
Bola-chaqalarim barisin olib,
Barchasin Islomga dalolat qilib,
Kalima qaytarib, musulmon bo‘lib,
Uni ham zolimlar bildi, do‘stlar hey.
G‘ozg‘urupbon degan bir dev bor erdi,
Yurtimizda ul dev podishoh erdi,
Zolimlar ul devga chaqib-bildirdi,
Ul bizga ko‘p g‘azab qildi, do‘stlar hey.
G‘azab bilan bizga odam yuborib,
Bizning barchamizni qoshiga terib,
Ul bizga cho‘x yomon azoblar berib,
Barimiz zindonga soldi, do‘stlar hey.
Mening o‘z jasadim ul zolim yedi,
Gavdamni tamom yeb, kallamni qo‘ydi,
Farzandlarim barin yutdi ul yedi,
Xotinim cho‘risi bo‘ldi, do‘stlar hey.
Xotinim ul devga cho‘ri-xizmatkor,
Zolimning bitini terardi nochor,
Har biti go‘yo bir toshbaqacha bor,
Bizni ko‘p azobga soldi, do‘stlar hey.
Quruq Kalla bo‘lib o‘zim qutuldim,
Qon yig‘lab, Xudoga munojot qildim,
Qochib chiqib, Sening yoningga keldim,
Bizlarga karam qil» dedi, do‘stlar hey.
Agar mening so‘zim bovar qilmasang,
Ul zolimdan mening orim olmasang,
Men g‘aribman, menga g‘amxo‘r bo‘lmasang,
Da’vogarim Siz» deb, aytdi, do‘stlar hey.
Rasul aytdi: «Ey ashoblar bo‘linglar,
Zolim devdan buning orin olinglar,
Xudoy uchun jonfidolik qilinglar»,
Deya ashoblarga aytdi, do‘stlar hey.
Rasul muni aytdi uch yo‘li takror,
Ashoblardan na ovoz bor, na so‘z bor.
Shunda sichrab turib ul sheri-Jabbor,
«Ey rasul, men boram» dedi, do‘stlar hey.
Rasul dedi shunda: «YO, sheri-Jabbor,
Necha odam senga bu ishda darkor?»
Besh yuz odam tilab haydari-qarr,
«O‘zim saylab olsam» dedi , do‘stlar hey.
Borguncha u Kalla yo‘l boshlab yurdi,
Ali sheri-Xudo Duldulni surdi,
Kalla ham taqirlab yo‘l bilan bordi,
Dulduldan ham tezroq yurdi, do‘stlar hey.
Ali Duldulini ravona etdi,
Kesik bosh yo‘l bo‘yi «Qur’on» xatm yetdi.
Hamma borib oxir bir joyga etdi,
O‘sha joyda bir choy[12 - Choy – choh, suvsiz quduq.] bordi, do‘stlar hey.
Ali sheri-Xudo yaqin bordilar,
Hamma ko‘rib, hayron bo‘lib turdilar.
«Nechuk choy?» deb ul Kalladan so‘rdilar,
Devning choyi deya aytdi, do‘stlar hey.
Ali dedi: «Meni choyga solinglar,
Belimga ip bog‘lab, ravon qilinglar.
Oxir taqdir, nechuk bo‘lsa, ko‘ringlar,
«Tavakkal Xudoga» dedi, do‘stlar hey.
Beliga ip bog‘lab, Sheri-Xudoni,
Soldilar shu chohga ul Murtazoni.
Murtazo qorong‘i ko‘rdilar oni,
Xudoga munojot qildi, do‘stlar hey!
Xullas, sheri-Xudo ul choyga kirdi,
Ul zamonda devni uyquda ko‘rdi.
Devning bastini ko‘rib, kuzatib turdi,
Uni ko‘rib, hayron qoldi, do‘stlar hey.
Ali aytdi: «Muni men o‘ldirarman,
Uyquda o‘ldirsam, nomard bo‘larman,
Inshoolloh, buning boshin olarman»,
Deya uyg‘otmoqqa bordi, do‘stlar hey.
Devni ko‘rib, qildi-Xudoga zori,
Kallasi gumbazdek, gavda minori,
Har bir qo‘li go‘yo shoxi-chinori,
Barmoqlar fil burni erdi, do‘stlar hey.
Har na ul dev xurrak otib yotganda,
To‘zonlar ichiga kirardi shunda,
Shamollar qo‘pordi dam chiqarganda,
Oy, Quyosh ko‘rinmas edi, do‘stlar hey.
Sheri-Xudo devning yoniga bordi,
Zulfiqorni g‘ilofidan chiqardi,
Qilich oyog‘iga to‘rt barmoq kirdi,
«Chivin chaqyaptimi?» dedi, do‘stlar hey.
«Chivin bor» deb, qars-qars etib qashirdi,
Oyog‘in uzatib, yana yig‘ardi,
Qilichdan xabari magar yo‘q erdi,
Yana-da uyquga botdi, do‘stlar hey.
Ali sheri-Xudo bu sirni ko‘rib,
Qaytadan ul devning yoniga borib,
Dedi: «Bir sinasam bu devni urib»,
Urmoqlik xayolin qildi, do‘stlar hey.
Borib bir shapati urdi ul zamon,
Kuch bilan chaldilar ul sheri-mardon,
Ko‘zlari ochilib, ul dev badnishon,
Hazrati Alini ko‘rdi, do‘stlar hey.
Uyqudan uyg‘onib ul dev badnishon,
«Tishimning darmoni kel» deb ul zamon,
«Og‘zingga sig‘masman» deb Shohimardon,
Devga bir siyosat qildi, do‘stlar hey.
G‘ozg‘urupbon unda sarbasta bo‘lib,
Bir tegirmon toshin qo‘liga olib,
Yuz botmonlik toshni olibon solib,
«Endi qutulmassan» dedi, do‘stlar hey.
Ul tosh qaytib devning o‘ziga keldi,
Tosh tegsa ham ul dev beparvo bo‘ldi,
«Bismilloh!» deb Ali Zulfiqor chaldi,
O‘shal toshni ikki yordi, do‘stlar hey.
Toshni ikki bo‘lib, devni yaralab,
Ul devni bo‘libdir, ko‘rsa, poralab,
Murodin-maqsadin Xudodan tilab,
Qilichini tortib oldi, do‘stlar hey.
Ali qilichini tortib olibdir,
Ko‘rsa, qilich toshni ikki bo‘libdir,
Ul devning ham ishi tamom bo‘libdir,
Ali Haqqa shukur qildi, do‘stlar hey.
Mal’un dev urinib o‘shal zamonda,
«Ya’lat, ya’lat» deya jon berdi shunda,
Murdor bo‘lib qoldi choyning ichinda,
Ali ko‘rib, hayron qoldi, do‘stlar hey.
O‘shal chog‘da Kalla shodlanib kelib,
Alidan xayr ko‘rib, ko‘p rozi bo‘lib,
Zolim badbaxt devning o‘lganin bilib,
Xudoga munojot qildi, do‘stlar hey.
Kalla der Aliga: «Yaxshi ish qilding,
Haq Seni xush qilsin, meni xush qilding,
Ul zolimdan mening orimni olding,
Zo‘rliging oshkora bo‘ldi, do‘stlar hey.
Kalla der: «Yo, Ali, qornini yorgin,
So‘ngaklarin so‘kib, har yon ayirgin,
Tamom a’zolarin poralab ko‘rgin,
Farzandlarim yutdi» dedi, do‘stlar hey.
Ali ul zolimning qornini yordi,
Unda Kesik boshning bir o‘g‘lin ko‘rdi,
Xudo qudratidan salomat erdi,
Ul Kalla shod bo‘lib kuldi, do‘stlar hey.
Suyaklarin kesib, bir yonga terdi,
Chillagacha tegin birma-bir ko‘rdi,
So‘ngra chillachaning qornini yordi,
Kallaning bir qizi chiqdi, do‘stlar hey.
Chap qo‘lini tilib ko‘rgani zamon,
Yana chillachaga qaytdi, begumon,
Kallaning bir o‘g‘li undan sog‘-omon,
Tirik ekan, kulib chiqdi, do‘stlar hey.
O‘ng oyog‘in tilib ul Shohimardon,
Uning bosh barmog‘in yordi shul zamon,
Undan bir qiz chiqdi salomat, omon,
Tirik ekan, kulib chiqdi, do‘stlar hey.
«Yana ne bor?» deya ko‘zladi-yurdi,
Topdi, Kesik Boshning ayolin ko‘rdi,
U ham, ming shukurki, salomat erdi,
U ham qutulgandi, endi, do‘stlar hey.
Ali der: «Ashoblar, beri kelinglar,
Kimga arqon solsam, tortib olinglar,
Bu kun (Sizlar) menga yori[13 - Yori – ko‘makchi, yodamchi va h. k.] bo‘linglar,
Salomat chiqsinlar» dedi, do‘stlar hey.
Ashoblar Alining yoniga keldi,
Sahobalar ipning bir uchin oldi,
Murtazo bir-birdan ip boylab bordi,
Sahobalar tortib oldi, do‘stlar hey.
Oxirida chiqardilar Kallani,
Ali sheri-Xudo yodlab Olloni,
Eru-xotin, bola-chaqa, zanoni,
Barisi salomat chiqdi, do‘stlar hey.
Hammadan so‘ng go‘rdan topib gavdani,
Ip boylab, oldilar ul damda ani.
To‘lgan oydek bo‘lib chiqdi nuroniy,
Sahobalar hayron bo‘ldi, do‘stlar hey.
Ali sheri-Xudo tahorat qildi,
Haqdan hojat tilab, duoda bo‘ldi
Xudoga yolvorib, namozin qildi,
Kallani gavdaga qo‘ydi, do‘stlar hey.
Kallani gavdaga qo‘yib Murtazo,
Allohga yolvorib, qildilar duo,
Sensan podishohim, senga men gado,
Jonin bag‘ishla deb aytdi, do‘stlar hey.
Barcha sahobalar «Omin!» dedilar,
Duoda Aliga ko‘mak berdilar,
Shu zamon Kallani tirik ko‘rdilar,
Ul gavda aksirib, qalqdi, do‘stlar hey.
Gavda aksa urib, so‘ng tura qoldi,
Hazrati Aliga ta’zimlar qildi.
Ali ul zolimdan orini oldi,
Barchalar shodumon bo‘ldi, do‘stlar hey.
Ushbu ishlar Payg‘ambardan shafoat,
Hazrati Alidan bo‘ldi karomat.
Ayrilganlar bari birga-salomat,
Barchasi shod-xurram bo‘ldi, do‘stlar hey.
Ali ashoblarin chaqirib oldi,
Barchasiga bir-bir maslahat soldi,
Ammo oxirgi so‘z Alida qoldi,
«Yuring Madinaga!» dedi, do‘stlar hey.
Kalla birla bola-chaqa, zanoni,
Ali birla hama yo‘ldosh-yoroni,
Rahbar aylab yana sheri-Xudoni,
Madinaga ravon bo‘ldi, do‘stlar hey.
Bular bundan Madina deb yurdilar,
Cho‘l kesib, yo‘l bosib, oxir bordilar.
Payg‘ambarning jamolini ko‘rdilar,
Bari takbir aytib, kirdi, do‘stlar hey.
Barchalari kelib, Salomin berdi,
Kalla xursand, ta’zim bajo keltirdi.
«Oldingiz orimni, yo Rasul!» dedi,
«Sizga rahmat bo‘lsin!» dedi, do‘stlar hey.
Bosh bo‘lib keldilar ul Shohimardon,
Kalla bilan o‘g‘lon-ushoq ham zanon,
Rasulning yonida turib shul zamon,
Barchasi musulmon bo‘ldi, do‘stlar hey.
Rasulning yonida keltirib imon,
Kalima qaytarib, bo‘ldi musulmon,
Bu dunyoga kelib ul Shohimardon,
Bir talay xo‘b ishlar qildi, do‘stlar hey.
Bularning barisi murodga yetdi,
Ko‘ring, sheri-Xudo ne ishlar etdi.
G‘arib Maxtumquli bir doston bitdi,
Duodan umidvor bo‘ldi, do‘stlar hey.
BIR AJOYIB SO‘ZIM BOR
(Va’z)
Quloq soling, qardoshlar,
Bir ajoyib so‘zim bor.
Ne azmoyish aylayur,
Do‘stlariga Biru Bor.
Jahon ishidir jafo,
Kim ko‘rdi andan vafo
Haqning do‘sti Mustafo
Qolmamish bu ro‘zigor.
Payg‘ambar yo‘q izidan,
Nur yog‘ilar yuzidan,
Olam uning so‘zidan
Topdi nizomu qaror.
Ey, din istagan do‘ston,
Bo‘lma moldan may-maston,
Atayin bir xush doston,
Agar bo‘lsang xaridor.
Sas tushgach zaminlarga,
Yo‘l yo‘q bo‘ldi dinlarga,
Masjidda mo‘‘minlarga
Va’z aytardi payg‘ambar.
Rasul minbarga kelmish,
Uch yuz ming uch yig‘ilmish,
Jum’a uchun jam o‘lmish,
Sahobalar-naki bor.
Yoronlar hayron-vola,
So‘z yetishdi bu hola,
Haq-chun berilgan mola
Bir o‘rniga o‘n tayyor.
Dedi Ali: «Borayin,
Ne bor erkan, ko‘rayin,
Alloh uchun berayin
Ozu ko‘p har ne kim bor».
Keldi, dedi: «Ey, Zahro,
Ko‘nglingni keng tut ammo,
Berib olayin bahra,
Gar tanga bo‘lsa tayyor».
Fotima der: «Gar dirham –
Bo‘lsa, taomga bersam,
Bu ikki nuri diydam,
Ikki kundir-och, yig‘lar».
Dedi Ali: «Yo, Subhon»,
Termulib boqib har yon,
Chiqdi tashga nogahon,
Bir soyil bo‘ldi duchor.
Der: «Qilmagil noshod, san,
Ayla boshim ozod, san,
Sen bir mushkul-kushodsan,
Qirq ming tillo qarzim bor.
Xotinim bordi, o‘ldi,
Shirxo‘r[14 - Shirxo‘r – emadigan chaqaloq.] yosh qizim qoldi,
Uyim ham vayron bo‘ldi,
Shuncha bo‘ldim men abgor».
Gadoga: «Sen qol!» dedi,
O‘g‘lonlarga: «Kel!» dedi,
Bir juhudga: «Ol!» dedi
«Bolalarimni, zinhor.
Puling etgum qarz, to‘lov…
Uyimga kelmish birov,
Bolalar tursin garov
Puling bo‘lguncha tayyor».
Juhud saqladi qulni,
Aliga berdi pulni,
Gadoy ham tutdi yo‘lni,
Ketdi xush-xurramivor.
Fotima sokin evda[15 - Ev – uy.],
Bolalari garovda,
Onasi der juhudga:
«Kimniki bu o‘g‘lonlar?»
«Og‘asi der – alarni,
Sotdi Ali bularni,
Ishlatarman qullarni
Pulim bo‘lguncha tayyor».
Der ona: «Omon-nurbat,
To kelguncha ul hazrat.
Saqla bularni hurmat,
Boq, ne bo‘lar oxir kor».
Ammo ul juhud etmas,
Onasin so‘zin tutmas.
O‘ttiz quloch ip yetmas,
Qirq quloch qudug‘i bor.
Juhud aytar qullarna:
«Tushing quduq yo‘llarna».
Ipsiz ko‘za qo‘llarna
Berib der: «Suv olinglar!»
Ko‘tardilar ko‘zani,
Ko‘rdi Jabroyil ani.
Mikoyil siqdi Yerni,
Oqdi quduq chashmavor.
Ko‘zani ko‘tardilar,
Chashmadan to‘ldirdilar.
Juhudga keltirdilar,
Juhud bo‘ldi sharmisor.
Ko‘zani xumga to‘kdi,
Tuganmas ariq oqdi,
Choy toshib, tuzga chiqdi,
Juhud ko‘rib etdi zor.
Juhud aylabon xizmat,
Keltirdi nozu ne’mat,
Tutdi bularni hurmat,
Dedi: «Bo‘lmang beqaror.
Shahzodalar salomat,
Ko‘ngillari imorat».
Ali aylab tahorat,
Ko‘nglida g‘ami bisyor.
Haqqa aylabon niyoz,
Dedi: «Ayo, chorasoz!».
Qildi du raka’t namoz,
Ko‘rdi bir qush zarnigor.
Bo‘ynida shoda inju,
Bahosi olam ganji.
Shahzodalar quvonchi,
Deya tutdi boyakbor.
Qush ravon qanot chaldi,
Alini ko‘kka oldi,
«Berk tut!» deb ovoz keldi,
Ketdi Ali borho-bor.
Ul murg‘i zarrin naqqosh,
Osmonlarga urib bosh,
Alini o‘lkadan tosh
Eltib soldi, bir diyor…
Yetishdi bir diyorga,
Hayron bo‘ldi bu korga.
Bilmas-keldi qayerga,
Hech erkak yo‘q, ayol bor.
Der behisob ekansiz,
Ne xushsifat, xush jon siz.
Nechun tamom zanonsiz?
G‘aribam, bering xabar».
Dedi: «Iyd mahalidir,
Xalq ichkari to‘ladir.
Xums, ushr molidir,
Masjidlar xarvor-xarvor».
Ali buni eshitdi,
Qayta tahorat etdi.
Xalqning jam’iga ketdi,
Tutdi bir kunchda qaror.
Voiz chiqdi minbarga,
Xalqqa nasihat bera
So‘zin topmadi sira,
Yig‘lab o‘tirdi nochor.
Nasihating dilpazir,
Topib sendan xalq huzur,
Xalqlar aytar: «Sho, vazir,
El so‘zingga intizor».
Voiz der: «Bo‘ling ogoh,
Esimga kelmas nogoh,
Hoy vazir, hoy podishoh
Munda Muhammadi bor».
Derlar: «Topsak Ahmadni,
Aylarmiz unga badni.
Bor bo‘lsa. Muhammadni,
Poralarmiz sad hazor.
Shirin aylab tillarni,
Aldab olmish ellarni.
Ota-bobo yo‘llarni
Tark etib, bo‘lmish bezor».
Voiz aytar: «Ey mardon,
Ko‘nglim qo‘rqar ul yerdan,
Chaqirayin minbardan
Ul o‘zin etsin oshkor».
Voizga quloq solib,
Ushbu pandini olib,
Barchasi rozi bo‘lib,
O‘tirdilar intizor
Voiz der: «Haq qudrati,
Payg‘ambarning hurmati,
O‘zing bildir, ey fati,
O‘n ikki savolim bor.
Agar o‘zing bildirsang,
Qarshimda kelib tursang,
So‘zim javobin bersang,
Mol beray xarvor-xarvor».
Qahri qaynab boshidan,
Turdi Ali jo‘shidan,
Bordi voiz peshidan,
Der: «Men ham ahmadivor.
Qul bo‘larmiz taqdirga,
Bilmasmiz biz qay yerda,
Ne gaping bo‘lsa, so‘ra,
So‘ngra uch savolim bor.
Masjid ichra zahodek,
Xalqlar aytar: «Suhodek».
Ali bir ajdarhodek,
Surnib turdi ustunvor.
Havl bila tanda jon,
Larzonga kelar jahon,
Voiz deydi: «Ey juvon,
Kelmasin qahring zinhor».
Aytisharga yo‘q tobim,
O‘qirga yo‘q kitobim,
Voiz aytsa javobin
Men so‘rarman boyakbor».
Sher so‘zin tamom etdi,
Xo‘b-durust kalom yetdi,
Navbat kofirga yetdi,
Ko‘ring, savolin so‘rar:
«Bir nedir, ikki bo‘lmas,
Ikki nedir, uch bo‘lmas,
Uch ham nedir, to‘rt bo‘lmas,
Besh, shashga yo‘q barobar.
Besh nadir, olti bo‘lmas,
Olti bor, yetti bo‘lmas,
Etti ham sakkiz bo‘lmas,
To‘qqizdan ayla axbor.
O‘n nedir, o‘n bir bo‘lmas,
O‘n bir o‘n ikki bo‘lmas,
O‘n ikki o‘n uch bo‘lmas?..
Deb, tamom etdi kuffor.
Ali Haqning kitobin,
Ochib ma’rifat bobin,
«Aytay Voiz javobin,
Tinglangiz ey, shahriyor.
Tangri bir, ikki bo‘lmas,
Ikki Oy, Kun, uch bo‘lmas,
Uch vitr ham to‘rt bo‘lmas,
To‘rt anosirdir chahor.
Besh namozdir ul besh vaqt,
Oltidir olti jihat,
Haft do‘zax, sakkiz jannat,
To‘qqizi ne hamlavor.
O‘n Hojiyon ishi xo‘b,
O‘n bir pisari Ya’qub,
O‘n ikki oydir marg‘ub»,
Der: «Yana ne so‘zing bor?»
«Rost» deb so‘z qildi og‘oz,
Xat bitdi olib qog‘oz,
Voiz dedi: «Juda soz,
Ham barcha xaloyiqlar.
Voiz turdi «Bale!»ga,
Qoyil bo‘lib valiga,
Xalqlar aytdi Aliga:
«Sen so‘ra, ne so‘zing bor?»
Ali ochdi Kitobin,
To‘kib ko‘zidan obin,
«Aytsa Voiz javobin
Hamma birdan aytinglar».
Ali der: «Voiz desin,
Voiz so‘zin shoh desin,
Shoh deganni xalq desin,
Men ham so‘ray boyakbor».
Xaloyiq ja’mi ogoh,
Qabul etdilar nogoh,
Voiz, vazir, xalqu shoh,
Barcha etdi ixtiyor.
Sheri Xudo shod bo‘lib,
Xudoga shukur qilib,
Navbat Aliga kelib
So‘rasin sheri-Jabbor:
«Nedir Arshda bitilmish?
Ham Tuboda bitilmish?
Yana qayda bitilmish?»
Deb, tamom etdi guftor.
Voiz ayladi zikr:
Qilmoq kerak deb fikr.
Voiz ko‘rdi, ish chuqur
Aytmoqchi bo‘ldi: «Ey, yor».
«La ilaha illalloh,
Muhammad Rasululloh»,
Uch deb muni xalqu shoh,
Musulmon bo‘ldi kuffor.
Shoh, vazir der: «O‘zlarga
Xor tutmadik ko‘zlarga,
Aytmoq vojib bizlarga,
Dedilar, bo‘ldik iqror».
Xalqqa alam berildi,
Kufurdan din o‘grildi,
Dinga ta’lim berildi,
Qildilar g‘usl kuffor.
Haq shunda rahmat sochib,
Nur kelib, zulmat qochib,
Shoh Ali bo‘ynin quchib,
Qon yig‘ladi zoru zor.
Der: «Ey, shohi viloyat,
Biz xushvaqt bo‘ldik g‘oyat,
Sendan topdik hidoyat,
Sen islom etding oshkor».
So‘rdi nechun kelganin,
Ul ham aytdi bo‘lganin,
Har ne, zar yig‘ilganin,
Etdilar unga nisor.
Yuz ming zar berdi naqdi,
Oldi, Qal’adan chiqdi.
Chap qo‘yniga bir og‘di,
Keldi Oq Qush zarnigor.
Avvalgi kabi etdi,
Qush oyog‘in berk tutdi,
Qush uchib yurtga yetdi,
Ayladi doxili-dor.
Juhudlar qarshi kelib,
E’zozu ikrom qilib,
Barchasi rozi bo‘lib
Mol berdilar beshumor.
Haqqa aylab zorlarin,
Billa olib borlarin,
Keltirdi o‘g‘lonlarin,
Fotima boz bexabar.
Shak aylama bul kuyda,
Ortig‘in qo‘yib uyda,
Qirq ming tilla juhudga
Berdi ul shahi-safdar.
Juhud ham pulni oldi,
Ali masjidga keldi,
Ul Payg‘ambarni ko‘rdi,
Salom ayladi: «Ey, yor».
Bul ish hazratga loyiq,
Rasulga bo‘lmish oyiq,
Rasul aytar: «Xaloyiq,
Ne qilmish sheri-Jabbor,
Ali masjiddan ketdi,
Ko‘r, necha ishlar bitdi,
Bir shahri muslim etdi,
Xalq namozga intizor».
U shu, haqning quli-da,
Beshak shohi-valida,
Rasul aytar: «Alida
So‘ranglar, ko‘p xabar bor».
Ali ul tutgan Qushin,
Haq uchun etgan ishin,
Bir shahr muslim etishin
Jumlaga berdi xabar.
Xabarni berdi Haydar
Derlar: «Allohu Akbar»
Hayron qoldi payg‘ambar,
So‘ng namozga turdilar.
Haq deb ko‘zdan to‘kib xun,
Har kim bunda bersa to‘n,
U dunyoda birga o‘n
Berar ul Parvardigor.
Ali bo‘yla xat yozdi,
Mo‘‘minlar ko‘ngli qizdi,
Bo‘lar oxirat muzdi,
Behisobu beshumor.
Jonim jur’a mastidir,
Ko‘nglim haq payvastidir,
Do‘stim Ali do‘stidir,
Gar ixlosing bo‘lsa bor.
Maxtumquli, men jonga,
Ishonmasman jahonga,
Duoda yod qilganga
Egam bo‘lsin madadkor.
BIR KUN MURTAZO ALI
Ey yoronlar, musulmonlar,
Ko‘ring bu hukmi – dovari.
Ki masjidda o‘ltirmishdi
Bir kun Murtazo Ali.
Orqa qo‘ymish mehroba,
Ko‘zin tikmish Kitoba,
Ulug‘-kichik sahoba
Yig‘ilmish erdi bari.
Ul shohi-safdar bildi,
Bir ko‘kcha kaptar keldi,
Qo‘ndi-yu ta’zim qildi:
«Salom-alayk, yo Ali!
Sensan dinim, imonim,
Senga qurbon bu jonim.
Falon joyda oshyonim,
Yosh bolam bor, yo Ali!
Yeru ko‘k orasinda,
Ximonlar qirrasinda,
Xudoning panohinda,
Kezardim sahrolari.
Tayr etardim har yona,
Shukr etardim Subhona,
Don topolsam, oshyona –
Uchardim bolam sari.
Dushmandan g‘ofil erdim,
Bolamga mashg‘ul edim,
Xurramu xushhol erdim,
Ko‘rdimki, bir shahfari.
Ko‘rdim bir Lochin kelar,
Havoda havolanar
Bildimki, jonim olar,
Omon bermas, yo Ali!
Qo‘rqib betoqat bo‘ldim,
Shirin jondan qo‘l uzdim,
Sendan hifz kutib keldim,
Qutqar meni, yo Ali”
Ali chun voqif bo‘ldi,
Kaptarning holin bildi.
Lutf ila karam qildi,
Dedi: «Kaptar, kel beri!».
Kaptarga «kelgin» deya,
Bermay qush changaliga
Qo‘l uzatib, yengiga
Soldi Kaptarni Ali.
Shul damda Lochin keldi,
Hazratga arzin qildi,
LSaultofmilaatlaay’zkim! y oq,i lAdil,“i!
Har saharlar ovlardim,
Tog‘u toshni elardim,
Bir kaptarni quvlardim,
Kelibdir Sizning sari.
Darmondayam, muhtojman,
Sharmandayam, qalloshman,
Bu kun uch kundir, ochman,
Ovim bergil, yo, Ali!”
Ul sheri Parvardigor,
Ul sohibi Zulfiqor,
Ul shohi Duldulsuvor,
Nido qildi Qambari.
Qambar chun zohir bo‘ldi,
Lutf ila karam qildi,
Dedi: «Xizmat ne bo‘ldi,
Chaqiribsiz bizlari?».
Dedi charxi-chanbarga,
Mushk qotilmish anbarga,
Ali dedi Qambarga:
«Ola kelgin xanjari!»
Ko‘ring emdi ne qila,
Istar-ul karam qila,
Lochin dedi Aliga:
«Siz netarsiz xanjari?»
«Ey, Lochin, men Haydaram,
Sohibi lutfi-karam,
O‘z budumdan et beram,
Sen tilama Kaptari!»
Xanjar chiqdi qinidan,
To et kesa yonidan…
Lochin tutdi qo‘lidan,
Dedi: «Kesma. Yo Ali!
Sening ishing karamdir,
Qo‘llaring muhtaramdir
Bu et bizga haromdir
Ayo. Soqi kavsari!
Lochin sanamang meni,
Kabutar demang ani,
Sinamoq uchun sani
Keluvdik Sizning sari!»
Shohdan ruxsat oldilar,
Qaytib ketar bo‘ldilar,
Uchib, parvoz qildilar,
Ketdilar osmon sari.
Tamom baldi bu so‘zlar,
Etsa kerakdir asar
Maxtumquli – xokisor
Shohimardon chokari.
YOG‘IYDIR-YOG‘IY
Dunyo dushman turur, g‘ofil odamzod,
Mol bilan avlodi yog‘iydir-yog‘iy,
O‘n sakkiz ming derlar kulli olamni,
Gunohi, fasodi yog‘iydir-yog‘iy.
Qul qorabosh, moling, oting, eshaging,
Ot-yarog‘ asbobing, to‘ning, to‘shaging,
Suyguli xotining, o‘g‘lon-ushog‘ing –
Dunyoning barisi yog‘iydir-yog‘iy.
Dunyo bir sarobdir, soz bilan suhbat,
Sipohiga – dastgoh, shohlarga – shavkat,
Shohlardan aylansa dunyo-yu davlat,
Barisi aylandi, yog‘iydir-yog‘iy.
Ot qarisa qolar to‘ydan-bayroqdan[16 - Bayroq – sovrin],
Bo‘ri tishdan qolar, burgut tirnoqdan,
Boylar past ko‘rinar quldan-qirnoqdan,
Bandisi, ozodi yog‘iydir-yog‘iy.
Ul go‘rda ochilar bag‘ring butog‘i,
Joningga balodir xastasi, sog‘i,
Yigitlik mavsumi etishgan chog‘i,
Tegsa xazon bodi yog‘iydir-yog‘iy.
Maxtumquli, haqiqatan tuz so‘zing,
«Sog‘ ko‘zimsan» desang, etmas so‘l ko‘zing,
Mosuvoni tashshab, qo‘ygil majozing,
Bir Haqdan o‘zgasi yog‘iydir-yog‘iy.
FARQI KIMDADIR?
Bizdan Salom O‘rozmengli shoirga,
Musulmon, kofirning farqi kimdadir?
Ul ne qushdir, qo‘nar odam boshiga,
Uning qo‘nar, qo‘nmas erki kimdadir?
Ne bandadir, qulliq etar, zot[17 - Zot – narsa.] olmas,
Ne oshnodir, ming yil ketar yot bo‘lmas,
Ular kimlar-yig‘lar kezar shod o‘lmas,
Qayda suhbat qurar, rizqi kimdadir?
Idris unda qayda, kim-la suhbati,
Bil, kimdadir Yerning, Ko‘kning quvvati,
Ul ne Qushdir, olti mingdir qanoti,
Oy, Kunning, Yulduzning o‘rki kimdadir?
Sarnigun osdilar qaysi og‘ochni,
Haq qaysi do‘stiga berdi Me’rojni,
Bizning payg‘ambarga berilgan tojni,
Xabar bergil, shunday, bo‘rki kimdadir?
Beklar, Maxtumquli lison jo‘sh keldi,
Iyso ko‘kda qaysi shaharga yeldi,
Payg‘ambar, ayt, kimga nasihat qildi,
Asosi, hirqasi, kurki[18 - Kurk – kiyim, kurta.] kimdadir?
HAQQI-CHUN
Yo, Yaratgan, murodimga yetkazgil,
Yo, jamoling, Jalilulloh haqqi-chun!
Karamingdan iqbolimga dast bergil,
Avval Odam Safiyulloh haqqi-chun!
Odobi-ikromi, sharmu hayosi,
Dalilu burhondir uning guvosi.
Olamni g‘arq etdi aning duosi,
Do‘sting Nuhi Nabiyulloh haqqi-chun!
Baytul Muqaddasda, Imron elida,
Otasiz bor bo‘lgan ona belida,
Qudrating oshkordir Mar’yam o‘g‘lida,
Yo, Rab, Iyso Barihulloh haqqi-chun!
Kofirlar o‘stirgan yoshlik chog‘inda,
Bir o‘tga yo‘liqqan do‘st firog‘inda,
Borib roz aytishgan Sino tog‘inda,
Turi Muso – Kalimulloh haqqi-chun!
O‘tlabon, suv ichgan Arshi-A’loda,
Qo‘chqorlar yuborib, qilding ozoda,
Ismoyil qurboning bo‘ldi Minoda,
Ul Ibrohim – Xalilulloh haqqi-chun!
Bu yo‘lda farq etmas beklar, sultonlar,
Yo, g‘oyiblar, to‘g‘ri yo‘lga eltganlar,
O‘n ikki imom, yetti valiy, chiltanlar,
Xizr, Ilyos – Baniulloh haqqi-chun!
Lu* yili tushdi Me’roj g‘alvasiga[19 - G‘alva – bu o‘rinda tashvish, tadoruk.],
Buroq minib chiqdi Arsh pallasiga,
Boshmog‘i toj o‘lmish Ko‘k kallasiga,
Ul Muhammad Rasululloh haqqi-chun!
Azbar aylab o‘qidilar Qur’onni,
«Toho» u «Yosin»ni, «Alhamd» surani,
Abu Bakr Siddiq-Rasul yoroni,
Umar Usmon, Asadulloh haqqi-chun!
Maxtumquli, chorlar Rabbul-ibodni,
Dunyo-yu oxirat ber deb, murodni,
Rasululloh qo‘ymish otin – Ozodni,
Otam – Davlatmamat mullo haqqi-chun!
Lu – baliq yili.
MIFTOHUL JINON
Ey ahli darvish, bilgil,
As-sabru muftohul jinon,
Sabr ila a’mol qilgil,
As-sabru miftohul jinon.
Besabrlar xunob ichar,
Bo‘lar balolarga duchor,
Qulor qapug‘ni sabr ochar,
As-sabru muftohul jinon.
Avrash erur ul shaytondan,
Sabr aylamak Rahmondan,
Mag‘rufat[20 - Mag‘rufat – bu o‘rinda mehribonlik, rahmli.] etar jonondan,
As-sabru miftohul jinon.
Zikr aylaganlar zavqlanar,
Shukr aylaganlar shavqlanar,
Besabrlar barham bo‘lar,
As-sabru miftohul jinon.
Besabr kas ko‘rar ozor,
Boshi bilan bo‘lar bezor,
Shayton bilan yo‘ldan ozar,
As-sabru miftohul jinon.
Haq zikrini ko‘p aylagil,
Jahd aylagil, jahd aylagil,
Sabr aylagil, sabr aylagil,
As-sabru miftohul jinon.
Maxtumquli, bilgil ayon,
Pandu nasihatdir hamon,
As-sabru miftohul jinon.
As-sabru miftohul jinon.
RISMON TAQARLAR
Yer ostida maskan tutgan Sirotga,
Tog‘lar kabi yuz ming rismon[21 - Rismon – arqon.] taqarlar,
Azob bermoq uchun har bir nomardga,
Yetti yer ostidan uni chekarlar.
Yaratgan Allohdan farmon etishsa,
Yetmish ming saf malak chekadir g‘ussa,
Har saf insu jinga yetmish ming hissa,
Olib kelib yer yuzida cho‘karlar.
To‘rt ustun, har ustun o‘ttiz ming boshli,
O‘ttiz ming dahanli, o‘ttiz ming tishli,
Har tishi bu baland tog‘lardan kuchli,
Har tishdan o‘ttiz ming zanjir taqarlar.
Tog‘lardan quvvatli, daryo haybatli,
O‘tkir olmos tishli, nahang sifatli,
Mahshar Haq yonida bo‘lsang uyatli,
Fil bo‘y-enli o‘rgamchilar[22 - O‘rgamchi – ankabut.] chaqarlar.
Maxtumquli, bo‘yin bo‘lgil farmonga,
Qiyomat kun hayfing kelsin bu jonga,
Jahannam qa’ridan chiqsa ziyo, na,
Nor, bug‘ro sifatli uchqun chiqarlar.
CHOG‘DIR BU CHOG‘LAR
Sahar vaqti g‘ofil bo‘lmang, yoronlar,
Dargohlar ochilar chog‘dir bu chog‘lar,
Rahmatga duch keldi bu vaqt eranlar,
Haq nuri sochilar chog‘dir bu chog‘lar.
Osiy bo‘lma, gunohingdan tinaver,
O‘zing tani, menligindan inaver,
Yaxshi vaqtdir, tavba qilib, do‘naver,
YOzuqlar kechilar chog‘dir, bu chog‘lar.
Haq seni saqlasin hijron elidan,
Adashmagil yaxshilarning yo‘lidan,
Muhabbat jomlari do‘stning qo‘lidan,
Hozir bo‘l, ichilar chog‘dir bu chog‘lar.
Ming yil yursang ayshu ishrat surubon,
Tan tuproqqa do‘nar bir kun eribon,
Yo‘qlik maydonida majlis qurubon,
Menlikdan qochilar chog‘dir bu chog‘lar.
Maxtumquli, ketding dunyo ko‘yiga,
Johillikda ko‘ngil qo‘yding o‘yinga,
Endi qadam bosding o‘ttiz uyiga,
Ko‘z yoshi sochilar chog‘dir bu chog‘lar.
ANDADIR
Yaxshilar tutmish bino bir shahri ko‘rdim – andadir,
Ishq matohi sotilar bozori ko‘rdim – andadir,
Xo‘b shajarlar bo‘y chekibdir, bori ko‘rdim – andadir,
Orazi ham ismi Gul-Farxori ko‘rdim – andadir.
Yuz karashma shevali dildori ko‘rdim – andadir.
Qoyim o‘lsang istamaslar, ketsangki ovoz aylayur,
So‘z desang bermas javob, so‘ylamasang roz aylayur,
Ko‘nglingni band aylabon, o‘zingni parvoz aylayur,
Bir pari pinhon o‘tirmish, «Kelma!» deb noz aylayur,
Ul pari-paykar sifatli yori ko‘rdim-andadir.
Ul Hizr, Ilyos ila Ahmad, Sulaymon anda bor,
Ul Salim shoh Maka xoni ibni Sulton anda bor,
Boyazid Sulton, Vayis Xarqon ham So‘fyon anda bor,
Bir necha Majnun kabi choki giribon anda bor,
Tayanar Muso asosi-mori ko‘rdim – andadir.
Bahr aro Baliq ichinda rohat aylab uxlagan,
Imtihon-chun anga ko‘p g‘urmi-kalonlar beklagan,
Do‘st bo‘lib Ollohina dushman qo‘lida saqlagan,
Manjaniqqa bog‘labon, Namrud otashga o‘qlagan,
Ka’ba bunyod aylagan me’mori ko‘rdim – andadir.
Yuz yigirma to‘rt ming, yana yetti yuz payg‘ambari,
Uch yuz o‘n uch mursal ila ham alar toji-sari,
Yuz yigirma to‘rt ming durdonaning sen bosh gavhari,
Ummatining shofi’i, Ma’xtumqulining ham zori,
Ul Muhammad Ahmadi Muxtori ko‘rdim – andadir,
JILO AYLADI
Vasfin bayon aylay Xo‘tan shohining,
O‘z yuzin olamga jilo ayladi,
Barcha malak chirg‘amoqqa qasd etib,
Birdan tasbih aytib, sado ayladi.
Xudoning amrini shayton tutmadi,
Odamni tuproq deb, qabul etmadi,
Hamma bosh qo‘ysa-da, shayton egmadi,
Sajda qilmoqlikdan ibo ayladi.
Xazina o‘rniga to‘ldirib toat,
Umrining boricha qilmay faroqat,
Oxir tushdi anga ul tavqi la’nat,
Alloh mehnatlarin iryo[23 - Iryo – zoye.] ayladi.
Yoronlar, aytoyin yangi hikoyat,
Nusxalarda ko‘rdim shunday rivoyat,
O‘zi eshon erdi – piri hidoyat,
Zamonida bir ish bino ayladi.
Qirq ming muridi ham bor erdi, komil,
O‘zi bir eshondir – piri mukammal,
Oxirinda bir ish qildi ul johil,
Alloh uning yuzin qaro ayladi.
Bo‘lib erdi o‘zi vosili dargoh,
Nomi erdi oning Shayxi Barsiso,
Oxirinda bir ish qildi ul gumroh,
O‘zi o‘zin ro‘yi siyo(h) ayladi.
Shahri Madinaga shuhrati ketib,
Ovozasi butun olamni tutib,
Navbat Hasan otli yigitga yetib,
Muxosim qo‘ymayin, rizo ayladi.
Hasanda bor edi bir toza xohar,
Mohi tobon edi, husni munavvar,
Kimga topshirmoqni aylab mukaddar,
O‘z ko‘ngliga Shayxni barjo ayladi.
Singlisin qo‘lidan tutibon ketdi –
Shoshilib, ul Shayxning yoniga yetdi,
Singlisining holin Shayxga arz etdi,
Shayx unga o‘zini panoh ayladi.
Shayx ul nozaninning jamolin ko‘rib,
Anga ko‘p oshiqi nigoron bo‘lib,
Oshiqlik sharobi uni mast qilib,
Shayx Tangridan qo‘rqib ibo ayladi.
Bir kuni yo‘liqdi u shayxga shayton,
Shayton o‘zin etib azim bir eshon,
Shaytonga inondi ul shayxi-nodon,
Shaytonga ixlosin bajo ayladi.
Shayx aydi: «G‘am bilan oqar ko‘z yoshim,
Aning uchun doim yig‘lamoq ishim,
Bir gunoh qilibman, to‘zmaydir boshim»,
Shayton Shayxni oxir rizo ayladi.
Dedi: «Ishq dardining davosi uchun,
Xudo tutmas aning gunohi uchun,
Haqqa ibodat qil rizosi uchun»,
Shayton mal’un so‘zin ado ayladi.
Barsiso shaytonning so‘ziga kirib,
Sharobdan no‘sh aylab, zinoga yurib,
Mast bo‘lib, ul qizning yoniga borib,
Nolishiga boqmay, zino ayladi.
Ul qizning bo‘ynida homila qoldi,
Shayx qizni o‘ldirib, doshnovga soldi,
Singlisini istab og‘asi keldi,
Shayx dedi: «Qardoshing qazo ayladi».
Hasan yig‘lab ketdi aftonu xezon,
Banogoh oldida uchradi shayton,
«Singlingni o‘ldirdi ul shayxi nodon»,
Hasanning ko‘nglini taboh ayladi.
Hasan qaytib Shayxning uyiga bordi,
Singlisin o‘ligin doshnovda ko‘rdi,
Shayxni olib shohning yoniga bordi,
Hasan arzin shohga bayon ayladi.
Shoh dedi: «Bu Shayxni osmoq xo‘b chora!»
Shayx suvsab, tilini qildi ming pora,
Suv uchun iymonin ul ichi qora,
Shayton suvga ani tabbho ayladi.
Maxtumquli, besh kun sog‘ bo‘lsin joning,
O‘lguncha tilingdan qo‘yma ehsoning,
Nechasini ko‘rdim foniy dunyoning,
Bul qurumsoq kimga vafo ayladi.
UMR ELDEK KELIB, KECHAR, YORONLAR
Sahar vaqti yotmang, tilak chog‘idir,
Umr yeldek kelib-kechar, yoronlar,
Ajal-soqiy yurar qo‘lida jomi,
Ul maydan xaloyiq ichar, yoronlar.
Umr kelib-kechar besh kun davrondir,
Besh vaqt namoz Haqdan bizga farmondir,
Jon qushi bu tanda besh kun mehmondir,
Parvoz etib, har kun uchar, yoronlar.
Odamning aslini so‘rsangiz loydir,
Yuz ming yil yashasang, oxiri voydir,
Bu dunyo, bilsangiz, ko‘hna saroydir,
Xaloyiq karvondir, kechar, yoronlar.
Doim de, Haq yodi bo‘lsin so‘rog‘ing,
Safar qilmoq kerak, tutgil yarog‘ing,
Bu dunyoda qancha yonsa chirog‘ing,
Ajal eli tegib o‘char, yoronlar.
Bu dunyo, bilsangiz, hoyu havasdir,
O‘larsiz, oqibat barcha abasdir,
Bu dunyo mo‘‘minga zindon-qafasdir,
Qaro yer barchani quchar, yoronlar.
Sen o‘lgandan so‘ngra qolgan zuryodlar,
O‘g‘il-qizing, barcha qilar faryodlar,
Kafaning bo‘yingga bichar xayyotlar[24 - Xayyot – tikuvchi.],
Oxirat uyini ochar, yoronlar.
Maxtumquli, tahqiq bilgil alarni,
Chunki ko‘rgan yo‘qdir o‘lmay qolarni,
Tangrini(ng) haqiqat sevar qullari
Dunyoni ko‘rganda qochar, yoronlar.
«BISMILLOH!» DEB AVVAL HAQNI YOR CHEKAR
Tangri suygan Muhammadning ummati
«Bismilloh!» deb, avval Haqni yor chekar,
Beimonlar aslo ko‘rmas jannatni,
Do‘zax ichra ko‘p azoblar bor-chekar.
G‘am cheka oxirat ishin sezganlar,
Haqiqatni, shariatni tuzganlar,
Jafo tortib, Haq yo‘linda kezganlar,
Sahar turib, toatlarin zo‘r chekar.
Odam o‘g‘li, qiyomat kun bo‘lganda,
Mo‘‘minning gunohi qolmasmish tanda,
Pul-sirot ustida, hayhot kuninda
So‘filarni karomatli Pir chekar.
Tar ochilgan toza gullar so‘lganda,
Azroyil odamning jonin olganda,
Qiyomat oxiri mahshar bo‘lganda,
Sudxo‘rlarni, g‘iybatkashni nor chekar.
Safarkashlar yiroq yo‘ldan qaytganda,
Og‘ir yukli shuturlardan, karvonda
Log‘ar[25 - Log‘ar – oriq, kuchsiz tuya.] cho‘kib, yuki qolsa maydonda,
Uning borin[26 - Bor – yuk.] qatordagi nar[27 - Nar – erkak, kuchli, erkak tuya.] chekar.
Maydon ichra borib savash qurilsa,
«Hay-yo, huyt!» deb, arab otlar surilsa,
Bir mard yigit qolib, bo‘yni burilsa,
Uning orin ot yurakli sher chekar.
Kimlar yurar Biru Borga yolvorib,
Kimlar kezar haqiqatda yo‘l yurib,
Bir bechora ko‘rsa-turgan termulib,
Uning ishin ammo sara yer chekar.
Maxtumquli, ishing tushsa mard bilan,
Nomard botir bo‘lmas, garov-shart bilan,
Duch kelganda yo‘ldosh bo‘lsang gurk[28 - Gurk – bo‘ri.]bilan,
«Harchand bo‘lsang ot ustida, «ar!»[29 - Ar chekar» – arilar demoqchi.] chekar.
SAHAR TURIB, BIRU BORGA YUZ TUTSANG
Duo qilsang, dargohga duch bo‘larmi,
Sahar turib, Biru Borga yuz tutsang,
Yo Rab, barhaq do‘sti xushvaqt bo‘larmi,
Bir ko‘ngil-chun yuz hunarga yuz tutsang.
Sahar turib, nolish qilsang Xudoya,
Quyoshga qo‘l kerib, yolvorsang Oya,
Dunyo uchun boqsang davlat Xumoya,
Ganj-chun afsun o‘qib, morga yuz tutsang.
G‘arq bo‘lsang daryoga, duch bo‘lsang dardga,
Ta’ma uchun ochma yuzingdan parda,
Qatlan[30 - Qatlan – chiran, chida, jon chek.], tilab borma kibr-nomardga,
Ishing tushib, do‘sti-yorga yuz tutsang.
Nomardga yuz tutsang, ishing qayirmas,[31 - Qayirmas – bitkazmas.]
Itdan suyak kutgan hech ne ayirmas,
Tulki o‘zin kunda bir ham to‘yirmas,[32 - To‘yirmas – to‘ydirmas.]
Ma’qul, och ham bo‘lsa, sherga yuz tutsang.
Maxtumquli, garchi baxting sho‘r bo‘lar,
Mavlom nazar solsa, davlat yor bo‘lar,
G‘am sendan ayrilar, darding dur[33 - Dur – yiroq, uzoq.]bo‘lar,
Kamolxon afg‘ondek yerga yuz tutsang.
OLQISH OLIB, DARAJASI ZO‘R BO‘LAR
Yaxshilikda elga o‘zin tanitgan,
Olqish olib, darajasi zo‘r bo‘lar
Yomon bo‘lib, yaxshilikni unutgan,
Izzatin yo‘qotib, itdan xor bo‘lar.
Mungli bo‘lar murodiga yetmagan,
Muynli bo‘lar Haq amrini tutmagan,
O‘z rizqiga hech qanoat etmagan
Kas oshiga ko‘zin tikar-zor bo‘lar.
Har kim yomonlasa tengi-to‘shini,
O‘zi mushkul aylar oson ishini,
Kim yo‘qotsa aqli bilan hushini,
Qilar ishin bilmas, sharmisor bo‘lar.
Zehini kaj bo‘lar bodi yang‘ilgan[34 - Yang‘ilmoq – adashmoq.],
Beixtiyor bo‘lar qo‘li tang‘ilgan,
Kurashda yiqilgan, jangda yengilgan
Ichi to‘la nomus bilan or bo‘lar.
G‘ayrati kam bo‘lar ul qahri ozning,
Avji past bo‘ladir motamda sozning,
Uyiga borsangiz, bir beniyozning,
Miqyosi kichrayar, ko‘ngli tor bo‘lar.
Kim baloni sotib olsa boshiga,
Rashk etib, raqiblar kelar qoshiga,
Kim urinsa uhda qilmas ishiga,
Savdosidan kelabilsa, er bo‘lar.
So‘nggin tovba etmas adashgan-ozgan,
O‘t yoqsang, qaynamas bir quruq qozon,
Fahm aylang, har qanda bir fe’li ozgan,
Yovuz musallatga sazovor bo‘lar.
Xazonga aylandi umrim tar guli,
Nazarin past tutar eldan, bergili,
Beiqbol, yozuqli, yomon ko‘rguli[35 - Ko‘rguli – bechora qolgan.],
O‘tru kelsa, bir yomonga yor bo‘lar.
Oldda-ortda ko‘rsang har kas g‘ulomin,
Undan ayamagin Tangri salomin,
Kim o‘qib, unutsa Haqning kalomin,
Qiyomat kun ikki ko‘zi ko‘r bo‘lar.
Holi mushkul bo‘lar kuyib-yonganning,
Imoni shikastli harom yeganning,
Qasddan Ro‘za, Namozini qo‘yganning
O‘zi kofir biling, joyi tor bo‘lar.
Maxtumquli, so‘zla har ne bilganing,
O‘zingga taqsir bil aytmay o‘lganing,
Tarashlab elga tut dilga kelganin,
Sendan so‘nggilarga yodigor[36 - Yodigor – yodgor.] bo‘lar.
FIG‘ON IKLANMAS[37 - Iklanmas – muqim turmas, hayallamas.]
Bulbul makon etgan havoli bog‘lar,
Bulbul sendan ketar, fig‘on qolgaymi!..
Yog‘ishli, yomg‘irli, tumanli tog‘lar
Sellar sendan ketar, tuman qolgaymi!..
Odam yaratilmish balandli, pastli,
Aqlli-fikrli, dalili-mastli,
Yigitlik go‘yo bir gul-bahor fasli,
Baho sendan ketar, zamon qolgaymi!..
Kelganga qarshi chiq bo‘lsa majoling,
Yaxshi tutavergil niyating-fe’ling,
Dunyo davronida ochiq tut qo‘ling,
Davr sendan ketar, davron qolgaymi!
Bu dunyo g‘avg‘odir, bir qiylu qoldir,
Kimi «Berho-berdir», kim «Olho-oldir,
Yigitlar, bu dunyo shunga misoldir,
Barq urar osmonda boron, qolgaymi!
Bir manzildir uch kuncha yeb-ichganda,
O‘rnashib-joylashib beling ochganda,
Uzanging tortarlar to‘rt kun kechganda,
Besh kundan ortiqroq mehmon qolgaymi!
Qo‘ynin ochar bir kun, yer seni gizlar,
Qora qumdan to‘lar bu qora ko‘zlar,
Otingga faxr etma, chamanli tuzlar,
Chaman senda qurir, sayron qolgaymi!
Maxtumquli aytar orif do‘stiga,
Kim qolar tushmayin ajal dastiga,
Falak bir kun solar yerning ostiga,
Dahandan til ketar, zabon qolgaymi!
BEKLAR, XONLAR QOLMASLAR
G‘am chekma, g‘arib odam,
Beklar, xonlar qolmaslar,
Azim-azim shaharlar,
Oq o‘tovlar qolmaslar.
Qolsa so‘zdan qizil til,
Jon javhardir, tan bir kul,
Hazor nag‘mali bulbul,
Biyik bog‘lar qolmaslar.
Shunga yetibdir aqlim,
Yiqilar yetti iqlim,
Yer bo‘lar buklam-buklam,
Erir, tog‘lar qolmaslar.
Haqdan yetishsa farmon,
Na chora bor, ne darmon,
Osmon, Quyosh. Oy larzon,
Ham Yulduzlar qolmaslar.
Na yer qolar, na yurtlar,
Na turk qolar, na kurdlar,
Na qush qolar, na qurtlar,
Parrandalar qolmaslar.
Na gard qolar, na gardon,
Na mard qolar, na mardon,
Fil, pashsha-yu karkidon,
Darrandalar qolmaslar.
Maxtumquli, yosh surgan,
Og‘ir hangomalar qurgan,
To‘lqinlanib, mavj urgan,
Ul daryolar qolmaslar.
BIR KUN OXIRZAMON BO‘LAR
Ey yoronlar, musulmonlar,
Bir kun oxirzamon bo‘lar,
Shundan oldin ko‘p nishonlar,
Yer yuzida chunon bo‘lar.
Adolatsiz bo‘lar xonlar,
Behayo bo‘lar zanonlar,
Ko‘p to‘kilar nohaq qonlar,
Elning fe’li yomon bo‘lar.
Fasod toshar, fisq oz bo‘lmas,
Bul uy ul uy-la soz bo‘lmas,
Yomg‘irlar yog‘ar, yoz bo‘lmas,
Bir kun bodi xazon bo‘lar.
Hiyla aylar, topar yo‘llar,
Sudxo‘rlikdan yig‘ar mollar,
Din yo‘lini tashlab, ellar,
Na maktab, na azon bo‘lar.
Namoz qilmas, so‘zlar yolg‘on,
Otasiga osiy bo‘lgan,
Chog‘ir ichib, zino qilgan,
Azobi ming alvon bo‘lar.
Dastin tut Tangri do‘stining,
Osiy bo‘lma, saqla dining,
Inshoolloh, Firog‘iyning,
Din yo‘ldoshi imon bo‘lar.
YORLIQAGIL GUNOHIMNI
Xudoyo, Sen karam birla
YOrliqagil gunohimni,
Afu qil jurmimni mening,
Yorliqagil gunohimni.
Jafolarga meni tutma,
Gunohkor ahliga chatma,
Do‘zaxning o‘tiga otma,
YOrliqagil gunohimni.
Gunohlarim erur behad,
Mening holimga sen rahm et,
Tilakdan qilmagil novmid,
Yorliqagil gunohimni.
Agar sudu ziyon qildim,
Ki bilmasman yomon qildim,
Senga dardim ayon qildim,
Yorliqagil gunohimni.
Karamli podishohim Sen,
Yaqiyn bildim, Allohim Sen,
Mening pushtu panohim – Sen,
Yorliqagil gunohimni.
Sening zoring bo‘libdirman,
Giriftoring bo‘libdirman,
Gunohkoring bo‘libdirman,
Yorliqagil gunohimni.
Yuzin, Maxtumquli, yo, Rab,
Senga tutdi bo‘lib tolib,
Yo‘q dardimga Senday tabib,
Yorliqagil gunohimni.
O‘RNI-O‘ZI BEHISHTNING
Ko‘kdan yuqorilir, Arshdan ashoqdir[38 - Ashoq – quyi, past.],
Ey yoronlar, o‘rni-o‘zi behishtning,
Hazor ming nag‘masi, yuz ming maqomi,
Doim qurilgidir sozi behishtning.
Xizr yoshin ro‘zi qilsa kezmoqqa,
Dovud kotibligin bersa yozmoqqa,
Kecha-kunduz tursam sharhin tuzmoqqa,
Mingdan bir aytilmas so‘zi behishtning.
Darvish tushda ko‘rib, bo‘lmish oshig‘i,
Tillodan murassa’ farshi, eshigi,
Olamni g‘arq aylar nurdan ishig‘i,
Agar bir ochilsa yuzi behishtning.
Kalom ichra o‘qib aytar mullalar,
Qulliqchi-rizvonlar, incha shillalar[39 - Shilla – bir xilli yupqa mato.],
Murassa’ xalqalar, nozik hullalar,
Tuganmas ne’matu nozi behishtning.
Kalom ichra o‘qib aytar mullalar,
Qulliqchi-rizvonlar, incha shillalar,
Murassa’ xalqalar, nozik hullalar,
Tuganmas ne’matu nozi behishtning.
Sharhini aytmoqqa so‘zim-tilim yo‘q,
Haq O‘zi hokimdir, jabr-zulm yo‘q,
Qayg‘u g‘am yo‘q, qarilik yo‘q-o‘lim yo‘q,
Ayrilmas, sovulmas yozi behishtning.
Yuz sharbatdan ma’jum bo‘lib qotilgan,
Qaro sochlar oq to‘piqda chatilgan,
Quroban, turoban-endi yetilgan,
Siypanar, sollonar qizi behishtning.
Minsa, sayron uchun-Buroq otlari,
Kundan-kunga ortar ko‘ngil shodlari,
La’lu yoqutdandir tugal zotlari[40 - Zot – bisot, narsa.],
Hech bo‘lmas chang-gardi, to‘zi behishtning.
Pishgay alvon, qo‘l tekkizmay, oshlari,
Qudrat bilan biryon bo‘lib go‘shtlari,
Toy kelar dunyoga dirham toshlari,
Ortiqdir har ne bor chizi behishtning.
Har navbat ming turfa sharob ichilgan,
Olmos, inju, yoqut, durlar sochilgan,
Rang-barang behisob gullar ochilgan,
Mushku anbar sochar isi behishtning.
Haq qabul aylabon, do‘stin, ag‘yorin,
Hosil aylab har ne-maqsadin, borin…
Ko‘rsatib ul kunda xalqqa diydorin,
Budir mo‘‘minlarga rozi behishtning.
Maxtumquli, vasfi kelsa tillarga,
Tilga kelsa, bayon etsam ellarga,
Ojiz bandalarga, osiy qullarga,
Yo, Rab, O‘zing ayla ro‘zi behishting.
EVRILAR DOLIM MENING
Ey yoronlar, so‘rmas aslo hech kishi holim mening,
Bo‘lmadi qaddim alifdek, evrilar dolim mening,
O‘tdi armon birla, do‘stlar, foniyda solim mening,
Naylayin, ey do‘stlarim, qonim to‘kar zolim mening,
Bilmasman, qaysi yerda ochilar olim mening.
O‘tdi umrim, do‘stlar-o, bu dunyoga moyil bo‘lib,
El-ulusdan ayrilib, tushdim judo soyil bo‘lib,
Qilmadim Haqqa ibodat, doimo johil bo‘lib,
Har ne bergan kuniga shukr ayladim qoyil bo‘lib,
Ey Xudoyo, Sen og‘ir qil anda a’molim mening.
Johilning ko‘ngli buzuqdir, xor o‘lurmish, bilmadim,
El-ulus, teng-to‘shiga zor o‘lurmish, bilmadim,
Ushbu dunyo keng der edim, tor o‘lurmish, bilmadim,
Kimki eldan ayrilar, bemor o‘lurmish, bilmadim,
Ayting, bizni yod aylasin, teng-to‘shimiz, elim mening.
Kecha-kunduz oh urib, chiqdim magar afg‘onu zor,
Istabon kezdim o‘zimga, topmadim vafoli yor,
Dunyo bir shomor kelindir, zulfin aylab tor-tor,
O‘tkin aylab: «Beri kel!» der, telmurib har yon qarar,
Do‘stlar-o, men ne qilay, unga ketar maylim mening.
O‘rtanur Maxtumquli, yodga tushganda ellarim,
Go‘yo bir daryo turur chashmimdan oqqan sellarim,
Do‘stlar-o, bir yil turur go‘yo menga har kunlarim,
Yuragim toqat qilolmas, so‘zlayur bu tillarim,
Lutf etib qilsin tarahhum[41 - Tarahhum – rahm, muruvvat.] karamli sultonim mening.
YO MUHAMMAD MUSTAFO
Ey sifatingdan takallum har til uzra ming sano,
Podshohi anbiyosan, toji-furqoni avliyo,
Din saning dining erur, gumrohlarga rahnamo,
Barchaning umidi Sendan tongla ul dorul-qazo,
Osiy ummatga shafoat, yo Muhammad Mustafo.
Haq Taolo zoti pokingni yaratmishdir hasib,
Ma’siyat dardiga darmon qilguchi hoziq tabib,
Chunki Mozag‘-al-Basr gulzorida Sen andalib,
Ro‘zi mahshar mehru shafqat birla bo‘lgay(ki), nasib.
Osiy ummatga shafoat, yo Muhammad Mustafo.
Yo, Rasuli olamin, yo Sayyidi Xayrul-bashar,
Kim Sening sha’ningga nozil bo‘ldi ul Shaqq-al-Qamar,
Kim senga inkor etar qasddan-emdan qad kufur,
Bul g‘arib benavolar holiga qilgil nazar,
Osiy ummatga shafoat, yo Muhammad Mustafo,
Hazrati Abu Bakr Siddiq erdi yori avvali,
Umari Xattob odil muhtasiblar afzali,
Ba’d-az on Usmon zunnurayn, andan so‘ng Ali,
Ey bahaqqi hurmati ul to‘rt yoru kimsali,
Osiy ummatga shafoat, yo Muhammad Mustafo.
Ey shahanshohi-nubuvvat, ma’dani-judi-karam,
Anbiyo-yu avliyolar barchasidan muhtaram,
Dini-oini-sharifing barcha olamga ilm,
Hoki-poying to‘tiyo-didai-lavhai-qalam,
Osiy ummatga shafoat, yo Muhammad Mustafo.
Yo Muhammad Mustafo, Siz barchaga pushtu panoh,
Nafsi-nofarmon qo‘lida qilmisham doim gunoh,
Iltifoting bo‘lmasa tongla bo‘lur holim xarob,
Qayga borgayman, men ul-sharmanda-yu, nomi siyoh,
Osiy ummatga shafoat, yo Muhammad Mustafo.
Sendan ortiq mehribonim yo‘q mening, bechora men,
Egasiz itlar kabi nafsim uchun ovora men,
Hech (bir) bilmasmanki, men olam aro ne kora men,
Yo Baniulloh, tarahhum ayla, vajhi qora men,
Osiy ummatga shafoat, yo Muhammad Mustafo.
Yetti qat gardun zamining bo‘ldi Me’roj oqshoming,
Qaba-kavsayn adadno maqdaming, muqaddaming,
Jabroili Alloh erdi ul kecha yori-hamdaming,
Xoki-na’ling ziyoyi-chashmi Arshi-a’zaming,
Osiy ummatga shafoat, yo Muhammad Mustafo.
Maxtumquli bechora bo‘lmishdir gunoh birla asir,
Isti’onat qil anga, yo Sayyidi xatmi Rasul,
Benavolarning duosini Xudo qilgay qabul,
Maqsudi-majmui-ummat bo‘lg‘usi Sizdan husul,
Osiy ummatga shafoat, yo Muhammad Mustafo.
BALO BO‘LDI
Bizning mardlar vafot qilib,
Falak boshga balo bo‘ldi,
Zuryodin padardan olib,
Falak boshga balo bo‘ldi.
O‘t bo‘ldi bu yolg‘on jahon,
Ne xayolda ko‘ngil-gumon,
Qo‘ymadi hech birin omon,
Falak boshga balo bo‘ldi.
Qorunni fe’ldan ayirdi,
Nuhni boq, soldan ayirdi,
Bulbulni gulda ayirdi,
Falak boshga balo bo‘ldi.
Ajal omonat qasdinda,
Maxtumquli poy ostinda,
Bu yolg‘on jahon ustinda,
Falak boshga balo bo‘ldi.
OLAR BO‘LDING
Falak, falak, naylay falak,
Ko‘zdan nurim olar bo‘lding,
Necha jonni aylab halak,
Zindoningga solar bo‘lding.
Falak, falak, qiyo boqib,
Jon olarsan xanjar suqib,
Ancha jonni o‘tga yoqib,
Yolg‘iz o‘zing qolar bo‘lding.
Falak sening nomard gurking[42 - Gurk – bo‘ri.],
Vayron etdi go‘zal yurtim,
O‘tga solib ortiq dardim,
G‘azab aylab kelar bo‘lding.
Maxtumquli, asir qushing,
Zindondan ko‘tarmas boshin,
Falak uribdi qardoshing,
Qahr aylab kelar bo‘lding.
CHEKKUM YUSUF DEYA-DEYA
Men Ya’qubman, ohu zorni
Chekkum Yusuf deya-deya.
Ko‘zlarimdan qonli yoshni
To‘kkum Yusuf deya-deya.
Falak yig‘lar ko‘z yoshimga,
Ne savdo tushdi boshimga,
Majnun bo‘lib, tog‘ boshiga.
Chiqqum Yusuf deya-deya.
Bir tarafdan jilg‘a-jilg‘a,
Bulut o‘ynar, solar ko‘lga
,
O‘n olti tog‘, yetti cho‘lga
Chiqqum Yusuf deya-deya.
Ketdi Yusuf, kelmas xabar,
Turarman yig‘lab har sahar,
Qal’a-qal’a, shahar-shahar
So‘kkum Yusuf deya-deya.
Magar Yusuf tushdi choyga,
Jamolin deb boqqum Oyga,
Iroq zamin, Karbaloga,
Boqqum Yusuf deya-deya.
Hasratimga falak yig‘lar,
Oshiq bo‘ldi tilsiz zog‘lar,
Farhod bo‘lib, baland tog‘lar,
Yiqqum Yusuf deya-deya.
Yusuf o‘tar tildan-tilga,
Shaydo bo‘lib cho‘ldan-cho‘lga,
So‘rog‘ solib eldan-elga,
Chiqqum Yusuf deya-deya.
O‘tar ayyom do‘na-do‘na,
Kechar bu jon yona-yona,
Erta-yu shom Oy-u, Kunga,
Boqqum Yusuf deya-deya.
Maxtumquli, do‘st yuzidan,
Tinmas, yosh oqar ko‘zidan,
Bulbul bo‘lib, Yor so‘zidan
Nutqim Yusuf deya-deya.
SENDAN AVVAL KELIB, KO‘P JON KECHIBDUR
Nodon ko‘nglim, o‘lim bor deb g‘am yema,
Sendan avval kelib, ko‘p jon kechibdir,
Yolg‘on dunyo poyon beribdir kimga,
Ancha yaxshi, ancha yomon kechibdur.
Qani Odam Ato, Havvo onasi,
Qani din bobomiz – Xalilullosi,
Qani Muso Kalim – mo‘‘jaz asosi,
Gohi ko‘prik, gohi yilon kechibdur.
Iskandar, Sulaymon podishoh bo‘ldi,
Xizmatida dev-parilar jam bo‘ldi,
Ne g‘ulg‘ula ham devonlar qurildi,
Ancha shohu sohibqiron kechibdur.
Iysoning damidan jon topdi murda,
Agar ochsa Yusuf yuzidan parda,
Ko‘rgan behush bo‘lib yota shu yerda,
Shunday husni mohitobon kechibdur.
On hazrat – haq Rasul Me’rojga oshdi,
Osmonlar darbadar eshigin ochdi,
Qoba-kavsayn bordi Haqqa qovushdi,
Ul sarvari ikki jahon kechibdur.
Abu Bakr kechdi riyozat bilan,
Umar podsho bo‘ldi adolat bilan,
Usmon o‘tdi Qur’on tilovat bilan,
Din qilichin chalib, Arslon kechibdur.
Hasan, Husayn dinning anvari, mohi,
Qani ul Fotima, hurlarning shohi,
Qudrat-la yaralgan nuri ilohiy,
Shunday mo‘‘jizalar mundan kechibdur.
Ko‘ring, ne jononlar ishqqa ulashdi,
Umrini zoyelab, xorday bo‘lishdi,
Oh urib, ayriliq o‘tida pishdi,
Telmura-telmura, giryon kechibdur.
Ne go‘zallar kechdi-hurlar misoli,
Yuzlari to‘lin oy, dudoqda xoli,
Ne oshiqlar o‘tdi, aftoda holi.
Alarning ishqinda hayron kechibdur.
Ne o‘lkalar qoldi vayron bo‘lishib,
Elu xalqi zor-zabaron bo‘lishib,
Boyqushlar «qu-qu»lab, itlar hurishib,
Ne shog‘ollar qolib, hayron kechibdur.
Qani, hiyla bilan mollar yiqqanlar,
Qani uylar to‘la siym bilan zarlar,
Qani sandiq, huqqa, la’lu gavharlar,
Barin yig‘ib, oshkor, nihon kechibdur.
Ne yaxshilar kelib-suhbatlar tutdi,
Ne davronlar kelib, xush bo‘lib o‘tdi,
Umring o‘tdi, yoshing yetdi, hol ketdi,
Maxtumquli, sendan davron kechibdur.
MOR CHIQAR
Ey yoronlar, oxirzamon bo‘lganda,
Besh kishi deb Xoresh otli mor chiqar,
Bunda yomon yo‘lda yurgan qardoshlar,
Mahshar kuni anda joyi tor chiqar.
Boldandir, sutdandir, oqqan bulog‘i,
Mo‘‘minlarning Buroq bo‘lar ulovi,
Ya’juj-Ma’juj, yerga tegar qulog‘i,
Do‘stim, shunday nishonali xar chiqar.
Dunyo deya dinlarini buzganlar,
G‘iybat so‘zlab, yolg‘on guvoh tuzganlar,
Nomahramga nazar solib kezganlar,
Munda ko‘zli bo‘lsa, anda ko‘r chiqar.
Kofirlarning toshlar inar saridan,
Ali, Xotam chiqmas jannat to‘ridan,
«Voy, ummatim!» deya turar o‘rnidan,
Mahshar kuni Rasul otli er chiqar.
Maxtumquli, bu yo‘llardan chiqmagil,
Tuzilgan rabotdir, dining yiqmagil,
Uzilmas tuhmatni bo‘yna taqmagil,
Haqqa to‘g‘ri kelgan balki sher chiqar.
BIR KUN OXIRZAMON KELAR
Ey yoronlar, musulmonlar,
Bir kun oxirzamon kelar.
Ko‘hi-Qof tog‘idan oshib
Dajjol ul dam ravon kelar.
Xudoyimning rahmati deb,
Haq buyrug‘in berk tutdi deb,
Sahar Haq deb yig‘ladi deb,
Sakkiz behisht xo‘bon kelar.
Ushbu dunyodan kechganlar,
Haqning sharobin ichganlar,
Otasiga yosh bachchalar
Suv ko‘tarib, ravon kelar.
Ummatlarga shafqati deb,
Muhammadning ummati deb,
Uchmoh ichra kiringlar deb,
Xudoyimdan farmon kelar.
Jahondan o‘tdi ne jonlar,
Munda qilib xayr-ehsonlar.
Ey yoronlar, musulmonlar
Anda taxti-ravon kelar.
Maxtumquli, xayrot etsang,
G‘ariblar ko‘ngliga yetsang,
Pulsirotdan omon o‘tsang,
Munda bergan qurbon kelar.
BO‘LMAS ISHLAR BARI BO‘LA BOSHLADI
Avval bu dunyoga ne ish bitildi,
Bo‘lmas ishlar bari bo‘la boshladi.
Payg‘ambar vaqtida aytib ketgan so‘z,
Bari birin-birin kela boshladi.
…Maxtumquli, ani olam chog‘lasin,
Bu ishlarni Egam O‘zi haqlasin,
Bunday balolardan Egam saqlasin,
Sudxo‘rlar imonsiz o‘ta boshladi.
YOMON FE’L BILAN
Ey yoronlar, bu bir shunday ayyomdir,
Odamlari kezar yomon fe’l bilan.
Davlat ketib, bedavlatlik kelmishdir,
Uy uyga yog‘iydir, ellar el bilan.
Qozilari shariatga boqmaslar,
Darvishlari «huv!» deb sano chekmaslar,
Mullalari Kalom so‘zna[43 - So‘zna – so‘ziga.] boqmaslar,
So‘filari yurar qiylu qol bilan.
ICHAR BIR KUN
Bunda «menman» degan odam,
Mavt og‘usin ichar bir kun.
Etsa davron, tugasa dam,
Yer qo‘ynini quchar bir kun.
Nomusini, ham orini,
Sevgili nozli yorini,
Yiqqanlarining barini
Tuproq aro sochar bir kun.
Liboslaring aylab ipak,
Muncha takabbur ne kerak,
Oqil, senga qahba falak,
Kafan to‘nin bichar bir kun.
Bu dunyo kimga jovidon,
Baqosiz, angla, bu makon,
Bu Saroyga tushgan karvon
Besh kundan so‘ng ko‘char bir kun.
Bu libosingni so‘yarlar,
Lahadda seni qo‘yarlar,
Ustingdan ilon, chayonlar,
Har taraf yo‘l ochar bir kun.
Bir dam tinmay ro‘zi, shabi,
Bul ishing ajab ajabi,
Qul Maxtum, iqbol kavkabi
Gumon yo‘qdir, o‘char bir kun.
TUSHDI BIR XO‘SHLUG‘ JAHONA…
Tushdi bir xo‘shlug‘[44 - Xo‘shlug‘ – barakot, xursandchilik, fayz.] jahona nusrating ko‘rgach, Rasul,
Sarnigun bo‘ldi sanamlar oyating ko‘rgach, Rasul,
Kulli olam bo‘ldi iqror suhbating ko‘rgach, Rasul,
Rohi-zulmat bo‘ldi ravshan lam’ating ko‘rgach. Rasul,
Topdi do‘zaxdan omon sunnating ko‘rgach, Rasul.
Sen-ki kelding dunyoya butlar bo‘ldilar sarnigun,
Ortdi islom shuhrati, kofir dahi bo‘ldi nigun,
Ham Abu Bakr, Umar, Usmon chu bo‘lgach rahnamun,
Bo‘ldi kofir zid sanga ismi mukring mo‘‘minun,
Ikki dunyo bo‘ldi xushnud rahmating ko‘rgach, Rasul.
Hurmat ila Haq salom bergan Safiyulloh kabi,
Olamni g‘arq aylagan Nuhi Nabiyulloh kabi,
Ko‘kda Kunga yor o‘lgan Iyso-Bariulloh kabi,
Necha ming payg‘ambar, ul Muso-Kalimulloh kabi,
Qoldilar hayratda lavlok, hil’ating ko‘rgach, Rasul.
Ul shabi Me’roj xabar yetgach Senga Ma’shuqdan,
Arshu farsh bo‘lmish tajalliy, chun muningdek, shavqdan,
Bu muqarrablar basi bobahradurlar bu zavqdan,
Ham bisoti-qurb uza bording, o‘tirding favqdan,
Qo‘ydi tish barmoqda munlar qurbating ko‘rgach, Rasul.
Davri-sabukda o‘tganlar, yo jamoling chun ishin,
Gardishi sha’nina qolgan mu’taqidlardan yaqiyn,
Qullug‘inda Kun xijolat ichra qolmish ham Zamin,
Ham falak uzra malaklar dedilar: «Sad ofarin!»
Bu maqom a’lo bila himmating ko‘rgach, Rasul.
Yo, Habibo, ishqing ila tanda jonim so‘z eta,
Kun yuzin Haq do‘ndara bir ayri mayl ro‘z eta,
Erta mahshar olam ahlin yuz yigirma g‘uz[45 - G‘uz – saf, qator, rad.] eta,
Istasa noru saqar ummatlaring ma’xuz eta,
Daf’ o‘la noru jahannam haybating ko‘rgach, Rasul.
Hamdingdir tillar g‘ururi, arshu farshlar yig‘ladi,
Bedahanu bezabon o‘tlar, sog‘ochlar yig‘ladi,
Ashki-obin jo‘shdirib, bu tog‘u toshlar yig‘ladi,
Etti kun Ka’ba tashinda qurt, qushlar yig‘ladi,
Aytadir Maxtumquli, bu firqating ko‘rgach, Rasul.
CHIN JONDAN SEVARMAN SENI
Yo, Habib, Haq Rasuli San,
Chin jondan sevarman Sani,
Darvishlar qadr kechasin
Sevgandek sevarman Sani.
Aylabon sayr-sayronni,
Gasht etsam kulli Eronni,
Misli Ibrohim Sorani
Sevgandek sevarman Sani.
Ya’qub yurt etdi Kan’onni,
O‘g‘li Misrning sultoni,
Misli Yusuf Zulayxoni,
Sevgandek sevarman Sani.
Bu dunyoni tutdi oti,
Alardir ishqning bunyodi.
Majnun, layli parizodi
Sevgandek sevarman Sani.
Tildi tog‘larning zirhini,
Topmadilar bir-birini,
Oshiq Farhod ul Shirinni
Sevgandek sevarman Sani.
Egdi meni dunyo moli,
Bo‘lmadi ishqim kamoli,
Sayful malik Mohjamolni
Sevgandek sevarman Sani.
Bosdi muhabbat nishoni,
Gasht ayladim chor go‘shani,
Yamanda Varqo Gulshoni,
Sevgandek sevarman Sani.
Ketdi qo‘ldan ixtiyori,
Qolmadi sabru qarori,
Oshiq Navro‘z, Gul-Farxorni
Sevgandek sevarman Sani.
Bir kun yo‘liqib Xizrga,
Turdilar niyoz-nazrga,
Bir-birlarin Vomiq, Uzro
Sevgandek sevarman Sani.
Kezdilar Rumning tuzini,
Berdilar Haqning qarzini,
Orizda Qambar Orzuni,
Sevgandek sevarman Sani.
Tutmadi alar dunyoni,
Qolmadi yori-yoroni,
Misli ul Tohir Zuhroni
Sevgandek sevarman Sani.
Bu dunyo qo‘yibdir kimni,
Xush tuting besh kunlik damni,
Oshiq G‘arib Shohsanamni,
Sevgandek sevarman Sani.
Maxtumquli, dunyo foniy,
O‘tibdir, Rustamlar qani?!
Oy Quyosh, Zamin Osmonni
Sevgandek sevarman Sani.
DOG‘I JONGA DARD O‘LDI
Ko‘ngil berdim bir bevafo mahbubga,
Chiqdi qo‘ldan og‘i jonga dard o‘ldi,
Oshiq der: «Boqmasman endi u xo‘bga,
Yo‘l-ustidan tushdi, ko‘zim to‘rt o‘ldi.
Menlik bilan etdim ishimni zoya,
Iqbolim otini botirdim loya,
Yo bir mardga yiqil, yoxud Xudoya
Banda ishi bosh tutmadi, ort o‘ldi.
Tug‘unim tur bo‘lib[46 - Tug‘un, ya’ni ov qushim ortga chekindi, qochib qoldi, tur bo‘ldi demoqchi (A. J.)], qochdi sayyoddan,
Gavda g‘amdan to‘lib, yurak ham o‘tdan,
Qo‘rqarman, yor bizni chiqarar yoddan,
Boshqa joyda maskan tutdi-yurt o‘ldi.
So‘nam el bermadi, soldim bozimni,
Lochin quvdi, qarg‘a oldi g‘ozimni,
Shuncha faqirlikka urdim o‘zimni,
Tulkilanib kezdim, otim gurk o‘ldi.
Maxtumquli, yuragimda dard unar,
Kim ko‘ribdir, qo‘y ichidan gurk unar,
Ey yoronlar, mard yigitdan mard unar,
Qachon chiqdi-nomard o‘g‘li mard o‘ldi?!!
SO‘LIBDIR FIG‘ON BILAN
Umrim, ey, gul umrim, ey,
So‘libdir fig‘on bilan.
Otash ustiga tushib
Kuyibdir tan jon bilan.
Umrim, ey qaro ko‘zim,
Kimga darkordir so‘zim,
Go‘klang[47 - Go‘klang – joy nomi.] ichra bir o‘zim
Qolibman armon bilan.
Umrim, gulshan bahorim,
Tushmay, ajab, nazarim,
Maxtumquli, ozorim,
Ketdi tanu jon bilan.
NE ZAVQU SAFOLAR YIGITLIK BILAN
Ne zavqu safolar yigitlik bilan,
Bahor bo‘lib o‘tdi, bizdan tash qoldi,
Qarilik yetishdi ming kulfat bilan,
Mezon o‘tdi, xazon keldi, qish qoldi.
Umrimni sarf etdim hoy bilan voyga,
Qulluq-toat aylamadim Xudoyga,
Yigitlik asarin o‘tkazdim zoya,
Endi na kuch-quvvat, na bir jo‘sh qoldi.
Umrimning qolmadi bir zarra shodi,
Hech kimsa eshitmas ohu faryodi,
Jismim kabob etmish ayriliq o‘ti,
Yuraklar qon bo‘lib, ko‘zda yosh qoldi.
Har bir qulga shum ayriliq solindi,
Jismim xazon urdi, guli so‘li(n)di,
G‘aznasi urildi, uyi talandi,
Na anda bir aql, na bir hush qoldi.
Qo‘ydi meni yuz ming ozorga firqat,
Kecham uzun bo‘ldi, tonggacha riqqat[48 - Riqqat – mushkul, qiyin.],
G‘ussa bilan kun kechirmoq mashaqqat,
Na ruhda shod, na ko‘ngilda xush qoldi.
Maxtumquli, ishim qiylu qol bo‘ldi,
Shum ayriliq bilan aqlim lol bo‘ldi,
Bilmadim, ne savdo, nechuk hol bo‘ldi,
Jon tandan ayrildi, quruq losh qoldi.
OQSOQOLLAR, BOQ, DONODIR
Ey, yoronlar, go‘zal umrim
Qarib bora larzonadir,
Kundan-kunga ortib dardim
Darmon istab, parvonadir.
Oshiq yonsa ul yor uchun,
Morgir yursa shomor uchun,
Er yigit nomus-or uchun,
Otga chiqar, mardonadir.
Ne ajoyib davron surgan
Yaxshi-yomon-barin ko‘rgan,
Bizlar bilan hamroh yurgan
Oqsoqollar, boq, donodir.
Maxtumquli ellik yoshing,
G‘amdir, qayg‘udir sirdoshing,
G‘ofil bo‘lma, ko‘tar boshing,
Qarilik bir bahonadir.
ELLIK MING YIL DAVRON SURGAN BANIJON
Ellik ming yil davron surgan Banijon,
Dunyoda qolmadi, yerba-yer kechdi.
Yuz yigirma qarn farzand keltirgan
Odam Havvo bilan sarba-sar kechdi.
Haq o‘zi boshlaydi yo‘lga bandani,
Yo‘lga kirib, umidli tut ertani,
Shis bilan Kayumars kiygan jandani,
Rustam, Zol kiyibon, qalandar kechdi.
Devlarni band aylab dinga yetkazgan,
Sura-sura bu dunyodan o‘tkazgan
Zaminga, daryoga hukmin o‘tkazgan,
Sulaymon sifatli Iskandar kechdi.
Isho’ o‘g‘li Dovud olamni so‘rdi,
Haq unga kitobi Zaburni berdi.
Hazrati Dovudning huzur shogirdi,
Olti ming olti yuz ohangar kechdi.
Ko‘plarni kechirmish bu ko‘hna jahon,
Oxiri Insondir, oldi-Banijon,
Maxtumquli aytar, qolmadi-yakson,
Yuz yigirma to‘rt ming payg‘ambar kechdi.
HOLIMGA MENING
Karam ayla, yo Rab, qudratli Subhon,
G‘arib, g‘amgin qolgan holimga mening,
Aqlim hayrondadir, etarman pushmon,
Bilmaslikda o‘tgan solimga mening.
Mahshar kun bo‘lmasang Sen menga dalda,
Yo, Rab, nechuk bo‘lar ishim u holda,
Imonim matohin oborgan yo‘lda
Rahzanlar qo‘ymagil yo‘limga mening.
Din qilichin chalsam, tanda zo‘rim yo‘q,
Muhtojga non bersam, qo‘lda borim yo‘q,
Bir faqirman, Sendan o‘zga yerim yo‘q,
Bir tasalli bergil ko‘nglimga mening.
Istasa teng-to‘shlar boshga oltin toj,
Faqirlik mulkidan menga bergin boj,
Yo Yaratgan etma nomardga muhtoj,
Tilagim, duch etma zolimga mening.
Ojiz menam, Sendan o‘zga kimim bor,
O‘zing bergan jonga jabr etma, Jabbor,
Maxtumquli aytar, karamli G‘affor,
Boqma qilmishimga, fe’limga mening.
OY-KUNINGIZ BOTMOQQA
Oltmish yoshli yetmish yashar so‘filar,
Oz qolibdir oy-kuningiz botmoqqa,
Cho‘l erlarda tozi ko‘rmay tulkilar,
Xayol qilar yotgan sherni otmoqqa.
Qarg‘a der: «Topmassan menday shahbozni»,
Ming qarg‘a o‘rnini bosmas bir bozi[49 - Boz – lochin.](ng),
Ko‘r, Kunni qarg‘ar ul sariq kelpozni,
Dam chekadir, ajdarhoni yutmoqqa.
Oqsoq kiyik yuz to‘rsiqqa yettirmas,
Sher bolasi ming tulkiga ottirmas[50 - Ottirmas – (otmoq) jismonan (kuchda) tamom ustun kelmoq ma’nosida.]
O‘lik ilon yuz kelpozga yutdirmas,
Aql kerak bu ishlarga etmoqqa.
Yetmish yashab yod etmaslar tovbani,
Shodi-xurram o‘ynatarlar qahbani,
Munkirlar jam bo‘lib, yiqdi Ka’bani.
Yazid ketdi yog‘ochlarin sotmoqqa.
Boqing, bu ayyomga, ko‘ring gardishni,
Faqirga zulm etmak bo‘ldi vorzishi,
Haq yo‘lida to‘g‘ri yurgan darvishni,
Qo‘ymadilar o‘z holiga yotmoqqa.
Yuragim sabrdan, ketdi qarordan,
Yomon ishdir kek saqlasa er erdan,
Ko‘p bezor bo‘libman munday diyordan,
Ming roziman boshim olib ketmoqqa.
Maxtumquli aytar, baxtim bevajdir,
Nasibim, taqdirim, iqbolim kajdir,
Niyatim Ka’badir, xayolim hajdir,
Ixlosim bor haj tavobin etmoqqa.
BEAQL JON ICHINDA
Fikr qildim Yer, Ko‘kni,
Beaql jon ichinda,
Ko‘rdim, jon ham «Alloh!» der
Et, singir[51 - Singir – bo‘ritomir.] qon ichinda.
Ketar yo‘ling bilmasang,
To‘g‘ri yo‘lga kelmasang,
Haqni yodga olmasang,
Qolding armon ichinda.
Yerdan chiqqan nabotlar
Qizil gullar, ko‘k o‘tlar.
G‘ofil odam, bu zotlar
Kulli farmon ichinda.
Nafsing aytar: «Jo‘sh bo‘lsam,
Go‘zallarga duch bo‘lsam,
Yesam-ichsam, xush bo‘lsam,
Yotsam alvon ichinda».
Ko‘ngil, sen bir bozorsan,
Har ishga bir qizarsan,
Tuyrsam[52 - Tuyrmoq – yig‘moq, o‘rab-chirmab olmoq.] deya kezarsan
Jurmu usyon ichinda.
Yoyilar qanot-parlar,
Xo‘b ochilar daftarlar,
Gala-gala kaptarlar
«Huv!» der xirmon ichinda.
Bulbul aytar: «Keshikman[53 - Keshik – soqchi, qorovul.],
Bahorga intiq qushman,
Gulzor uchun oshiqman,
Bog‘u bo‘ston ichinda».
Oshiq aytar: «Illalloh!»
Qaldirg‘och: «Alhamdulloh!»
Laylak der: «Qulhuvalloh!!»
Xannon-Mannon ichinda.
Yorqanot der: «Yo Mavlo,
Solding meni bu yo‘lga,
Berma Oy, Kunga, yelga,
Saqla pinhon ichinda.
Anqo aytar: «Yo‘lchiman!»
Hud-hud aytar: «Elchiman,
Sulaymonga sovchiman,
YOlg‘on jahon ichinda.
Bezgaldak[54 - Bezgaldak – ushoqqina bir qush turi.] qush hayrona,
Hayron boqib har yona,
Dummo‘y chiqib sayrona
Kezar maydon ichinda.
Turna aytar: «Ucharman,
Bag‘dod suvin icharman,
Qish Hindiston ko‘charman,
Lolazoron ichinda».
Boyo‘g‘li der: «Dardim bor,
Tasbihim bor, virdim bor,
Vayronada yurtim bor,
Zoru giryon ichinda».
Ishoq aytar: «Faqirman,
Qullug‘imga haqirman,
Haq yodini o‘qirman,
Shom-shabiston ichinda».
Musicha der: «Ketarman,
Keldim, bildim-o‘tarman,
Uch-to‘rt cho‘pni chatarman,
Qo‘z(i)lab[55 - Qo‘zilab – ya’ni bolalab…], vayron ichinda.
Lochin aytar: «Xo‘shimdan,
Mast bo‘ldim o‘z jo‘shimdan,
Qoldim-Tangri ishimdan,
Bandi zindon ichinda».
Turoch tili sanoda,
O‘rdak tili duoda,
G‘oz «G‘aq-g‘aq!»lab samoda,
Ko‘zi ummon ichinda.
Qumrilar ovoz bilan,
Tovus ishi noz bilan,
Qaqnus qushi soz bilan,
Ul Hindiston ichinda.
To‘ti qushlar rozlashib,
Haq amrini ko‘zlashib,
Odam tilin so‘zlashib
Kezar inson ichinda.
To‘rg‘ay: «Hazor ayyom der,
Ajoyib, xush Egam der,
Do‘zax o‘ti xarom der,
Oxirzamon ichinda».
Bilmas falakning farjin.
Eldir tutmish ko‘k bo‘rchin,
Boz bir to‘da ko‘garchin
«Xuv!» der xirmon ichinda.
Kiyik aytar: «Yig‘larman,
Haqqa sidqim bog‘larman,
Bolalarim dardidan
Yuragim qon ichinda».
Bo‘ri aytar: «Uzarman,
Qaydan qilsam guzar man,
Rizqim terib kezarman
Cho‘l-biyobon ichinda».
Ot aytar: «Aslim zo‘rdir,
Shundan qimmatim bordir,
Ustimga mingan erdir,
Tog‘-tosh, dovon ichinda».
Yobi aytar: «Men ganda,
Ustimga mingan banda,
Xizmatim-azob kunda,
Ushbu jahon ichinda».
Eshak aytar: «Aslim tosh,
Xizmatdadirman – borkash,
Somon topsam, ko‘nglim xo‘sh,
Qish-qahraton ichinda».
Sigir aytar: «Men boshdim,
Yetmas ilojim-kushtim
Dumim tik qila qochdim,
Chivin-g‘ujg‘on ichinda».
Tuya aytar: «O‘tlarman,
O‘tlog‘imni yodlarman,
Bolalarman-bo‘tlarman
Mudom yobon ichinda».
Yetti Yer bo‘lmish bino,
Har sun’ o‘qir bir sano,
O‘tlar ham der: «Rabbano!»
Navro‘z-boron ichinda.
Ko‘ngil aytar gadoga,
Sahar tursam sadoga.
Nolish qilsam Xudoga,
Bo‘lsam imon ichinda.
Qiyomat kun qo‘lingdan,
Xabar bo‘lar holingdan,
Qaytgil yomon yo‘lingdan,
Ko‘rding «Furqon» ichinda.
Umidli bo‘l Yusufdek,
Sabrli bo‘l Ayyubdek,
Gar yo‘liqsang, Ya’qubdek,
Dardga Kan’on ichinda.
Nafsim aytar: «Xo‘sh ayla.
Jomi-jur’a no‘sh ayla.
Karamingga duch ayla
Tongla devon ichinda.
Maxtumquli, o‘zingga
Boq, yosh keltir ko‘zingga.
Ayb aylamang so‘zimga
Yoru yoron ichinda.
UL MEHRIBONIM KELDI
Chiqdi mag‘rib tarafdan
Ul mehribonim keldi.
Yuz ishva-yu noz bilan
Jonu jahonim keldi.
Men yorning sarniguni,
Bog‘layur bu oyini.
To‘kdi jigardan xunni
Shohu sultonim keldi.
Olamga shohi-parvar,
Bo‘ldi ummatga sarvar,
Olam bo‘ldi munavvar,
Durri g‘altonim keldi.
Qomati sarvu Tubo,
Qaddi o‘zi-Muntaho.
Vajhi ro‘yi vaz-zuho,
Sarvi ravonim keldi.
Niqobin yuzga solgan,
Yuz ko‘rsatib, jon olgan,
Shuncha orzulab yongan,
Ohu fig‘onim keldi.
Malak farmonga boqqan,
Oh ursa Arshni yoqqan,
Sidrati-sahro chiqqan
Sohibqironim keldi.
Maxtumquli benavo,
Ko‘zlamas sanad-sivo
Ummatim deb doimo
Hazrat Eshonim keldi.
CHIQSA DAM, KIRMOG‘I GUMON KO‘RINAR
Bu dam g‘animatdir, nega bilmassan,
Chiqsa dam, kirmog‘i gumon ko‘rinar.
Bizdan burun kelgan ko‘chmish tonglaga,
Yo‘l uzoq, qorong‘i, tuman ko‘rinar.
Aqling bo‘lsa, ista bu yo‘lda bir pir,
Rizqingga kafildir, Alloh, muqaddar,
Oltin-kumush, yoqut-olmos bilan dur,
Haqdan g‘ayri tamom ziyon ko‘rinar.
Allohni unutib, aqling yo‘qotma,
Har nafas ogoh bo‘l, g‘aflatda yotma.
Umringni befoyda, behuda tutma,
Dunyo baqosizdir, ayon ko‘rinar.
Xoja, sayyid, podsho – so‘ralmas nasab,
Hashr-nashr bo‘lsa, olarlar hisob.
Haromga azob bor, shubhaga itob,
Munda yaxshi unda yomon ko‘rinar.
Maxtumquli, xabar oldim Qur’ondan,
Asar yo‘qdir avval ketgan karvondan,
Tongla yolg‘iz yotar uying ul go‘rdan,
Qardosh, yilon bilan chayon ko‘rishar.
RAVON O‘TIRMISH
Maxtumquli:
– Bizdan salom bo‘lsin ul O‘roz xonga!
Taxt ustinda ul kim rivoj o‘tirmish?
Qirq kosa may quyib tillodan jomga,
Ul kim, bari jomni boshga ko‘tarmish?
O‘roz xon:
– Bizdan salom sizga, ustoz Firog‘iy!
Sulaymon erk-taxtga rivoj o‘tirmish.
Bilqis quyib qirq kosa may ul jomga,
Eranlar yig‘ilib, boshga ko‘tarmish.
Maxtumquli:
– Ne oshiqdir, yig‘lar, ko‘zda yoshi yo‘q?
Ne gavdadir, ikki kiftda boshi yo‘q?
Ul ne ko‘zdir, kiprigi yo‘q, qoshi yo‘q?
Ko‘zlilardan yaxshi narsalar ko‘rmish?
O‘roz xon:
– Mashrab yig‘lar, ko‘zlarida yoshi yo‘q,
Ul zamindir gavdasi bor, boshi yo‘q,
Ul Oftobdir, kiprigi yo‘q, qoshi yo‘q,
Jahonni sayr eta ko‘p narsa ko‘rmish.
Maxtumquli:
– Ul ne qushdir, qanoti yo‘q, ucharmish?
Ul ne soldir, Ummonlardan kecharmish?
Ul ne erur, yetti daryo kecharmish?
Sakkizini ko‘zlab, mastona bormish?
O‘roz xon:
– Jon qushlari hech qanotsiz ucharmish,
Yuzib Dengiz-Ummonlardan kecharmish,
Yurmasmish, joni yo‘q, lek suv icharmish,
Birin olsa, sakkiz mastona bormish.
G‘IYBATCHI
Ro‘zi-mahshar shikva etar tilingdan,
Rasvoliging shudir sening, g‘iybatchi.
Umring elga berma, ozma yo‘lingdan,
Og‘ritmagil yel-ulusing, g‘iybatchi!
Bulutdek gumburlab, barq kabi gurlar,
Goh muzdan taxt yasar, otashdan erlar.
Xachirdek chayonlar, tuyadek morlar,
Badaningdan so‘rar qoning g‘iybatchi!
Holing ko‘rgan hayron bo‘lib yig‘larlar,
O‘zing Sijjin otli joyda bog‘larlar,
Tiling tortib, temir bilan dog‘larlar,
Qaro bo‘lar ul Kun kuning g‘iybatchi!
Yomon so‘z ayirar yaxshi do‘stingdan,
Gunohing yuk bo‘lib, bosar ustingdan,
Jahannam ichinda tomug‘ ostindan
Falaklarga chiqar uning g‘iybatchi!
Malaklar ko‘tarib gurzi urarlar,
Andomingdan suvdek oqar zaharlar,
Vishillab turarlar tegrangda morlar,
Vujudingdan so‘rar qoning g‘iybatchi!
Bir dam qutulmassan do‘zax noridan,
Taningga tarqagan ilon zahridan,
Shul azobda hasratingdan, zoringdan,
Falaklarga chiqar uning g‘iybatchi!
O‘rin bergay Senga eltib bir joyga,
Kuning kechar kecha-kunduz oh-voyda,
Azobing orttirar sening har oyda,
Chilimkash, hamrohing sening g‘iybatchi!
Ro‘siyosan, mahshar kuni Karimga,
Tangri savobingdan olar jarima,
Imonsiz tan to‘g‘ri eltar jahimga[56 - Jahim – jahannam, do‘zax.],
Gina yetar sendan joning g‘iybatchi!
Maxtumquli aytar: el-yurt ko‘zidan,
Tushibon, xor bo‘lsang, ko‘rgil o‘zingdan,
Tiling tiy, bo‘lmasa harom so‘zingdan,
Shaksiz, barbod bo‘lar dining g‘iybatchi!
OTAMIZ ODAMNING TO‘NIN KIM BICHDI?
Durdi shoir:
– Bizdan salom Maxtumquli ustodga.
Otamiz Odamning to‘nin kim bichdi?
Tumanli boshingga qurbon bo‘layin,
Jumlaga totug‘li mayni kim ichdi?
Maxtumquli:
– Bizdan salom bo‘lsin Durdi shoirga,
Jabroyil keltirdi, rizvonlar bichdi.
Qudrat bilan, shaytonning ol-sharobin
Odam Ato bilan ul Havvo ichdi.
Durdi shoir:
– Olamning tegrasi ne rangli tog‘dir?
Ul ne qushdir, doim unda tussog‘dir
?
Oshiqlar sevgani bu ne bulog‘dir?
Haftoyil abvobin borib kim ochdi?
Maxtumquli:
– Qof degan zabarjad, rangba-rang tog‘dir,
Qaqnus bir qush, doim anda tussog‘dir,
Muqosot deyarlar, ajib bulog‘dir,
Haftoyil abvobin oshiqlao ochdi.
Durdi shoir:
– Ta’lamun tog‘inda, kimdir, kezdilar?
Mo‘‘min munda, barot anda yozdilar,
Ul qay yerda Buroq otni tuzdilar?
Necha yilda Yerdan Ko‘kka etishdi?
Maxtumquli:
– Ta’lamun tog‘ida zohid kezdilar,
Mo‘‘min bunda, barot anda yozdilar,
Shomixotda Buroq otni tuzdilar,
Har qirq yilda(n) Zuhra – ko‘kka yetishdi.
Durdi shoir:
– Tangrining jahonda, bil, tog‘i necha?
Behishtda Tuboning butog‘i necha?
Yuzining mashqining varog‘i necha?
Behishtning kaliti kimga qovushdi?
Maxtumquli:
– Yetti iqlim bordir, yettidir tog‘i,
Etmish ming Tubiyning bargi-butog‘i.
«La ilaha» bo‘lar mashqning varog‘i,
O‘shal miftoh Mustafoga qovushdi.
Durdi shoir:
– Bil, qayda yaratgan sakkiz jannati?
Necha binosi bor, necha kumbati?[57 - Kumbat – gumbaz.]
Maxtumquli:
– Osmonda yaratmish sakkiz jannati,
Olti ming binodir, birdir kumbati.
Ichida to‘rt ariq, Musavvar oti,
Abobil ashobil birla qovushdi.
Durdi shoir:
– Bil, qayda yaratgan saqar do‘zaxi?
Necha qudug‘i bor, necha bulog‘i?
Ichida bir ilon, kimdir so‘rog‘i?
Qudrat bilan ul mor kimga do‘lashdi?
Maxtumquli:
– Yetti qat yerda ul Saqar do‘zaxi,
Vayldir qudug‘i, Sijjin bulog‘i,
Xoresh ilon, g‘iybatchidir so‘rog‘i,
Kazzob, o‘g‘ri, zinokorga do‘lashdi.
– Durdi shoir aytar, yo‘llar uzoqdir,
Men bilmasman, foniy kimga tuzoqdir?
Sharhini bilmasang, joying do‘zaxdir,
To‘qson to‘qqiz ming er qayda qovushdi?
– Maxtumquli, ishq maydoni uzoqdir,
Foniy dunyo mo‘‘minlarga tuzoqdir,
Alloh bitar, kimning joyi do‘zaxdir,
To‘qson to‘qqiz ming er Surda qovushdi.
NE MEHROBDAN SO‘ZLAB CHIQQAN O‘T NADIR?
Bizdan salom bo‘lsin, Durdi shoirga,
Ne mehribon so‘zlab chiqqan o‘t nadir?
Kim u, o‘lib, bir yildan so‘ng bilindi?
To‘qqiz yuzdan tuqqan nim zuryod nadir?
Sen Ko‘zli-Ota bo‘lsang, biz Gerkaz eli,
Cho‘l yerda kezarsan, yod etib xayli,
Bilsang ayt, tamug‘ning chekilgan mili,
Xabar ber aslini, Pul-sirot nadir?
Asliga yetishgil yolg‘onda, chinda,
So‘z[58 - So‘z – o‘t-olov. Topbod.] qisqadir, ma’no ko‘pdir ichinda,
Bilarmisan, qaysi daryo ichinda
Odamzod jigarli yotgan hu(v)t nadir?
Ne og‘ir hurmatdir – qaysi avjda?
Olam xarob bo‘lar necha tovushda?
Qudrat bilan to‘rt yuz nadir bir boshda?
Tebranganda undan chiqqan o‘t nadir?
Ne siyna, ne jondir, so‘zla bu sirdan,
Belidan quyisi bo‘lmish hajardan?[59 - Hajar – tosh, sang.]
Oshiq, bayon ayla, qaysi shajardan?
Ham jonli, ham jonsiz tuqqan zot nadir?
Ul kimdirki, ko‘zda yoshin toshdirdi,
Necha yilda ijobatin ham ko‘rdi?
Ul kim edi, zalolatin jo‘shtirdi?
Murod qo‘lda ekan, nomurod nadir?
Maxtumquli aytar, oshiq bu sirda,
Koyinmasdan to‘g‘ri so‘zla bu yerda,
Yana bilarmisan, qaysi shaharda,
Tarki qulluq etgan ikki zot nadir?[60 - Horut va Morut otli ikki farishtaning ozg‘in bo‘lib, Haq qullug‘in tark etganlari va Bobil qudug‘iga bosh quyi osilgani haqidagi rivoyatga ishora etilyapti. Satrning: «Turkka qulluq etgan ikki zot nadir»var ham bor. (A.J.)]
MUHAMMAD KELAR DEB…
Muhammad kelar deb osmon eshigna[61 - Eshigna – eshigiga.]
Salaklar mushk bilan anbar sochdilar,
Qulfli erdi, ochilmasdi azaldan,
Qirq kun ilgariroq qapug‘ ochdilar.
Muhammad yengildi Badr jangida,
Bir necha musulmon holi tang shunda.
Shohimardon chiqib keldi so‘nginda,
Otning gavdasidan ol-qon sochdilar.
Qirildi, yo‘q bo‘ldi bir necha tarso,
Malak parin otar osmonda ko‘rsa,
Daqyanus davrida necha kimarsa
Bir It bilan hamroh bo‘lib qochdilar.
Rustam tog‘ sudrardi bir af’i bila,
Davlat titrashardi gurz xavfi bila,
Hoja Ahmad Yassaviy qirq so‘fi bila,
Kishtisiz[62 - Kishti – kema.] daryodan shundoq kechdilar.
Maxtumquli, ta’sib etdi bir ishda,
Yer yuzini etmoq uchun sarishta.
Horut, Morut otli ikki farishta
Bobil qudug‘iga-choyga tushdilar.
SAHARLAB O‘QISANG, NAMOZI BOMDOD…
Ertalab o‘qisang, namozi bomdod,
Ro‘zu shab gunohing, shaksiz, yondirar
Uchmohga yuzlansang, yo‘llari obod,
Kavsarda to‘rt ariq suvga qondirar.
Peshinni o‘qisang, uzilar farzi,
Qabuldir Allohdan tilagan arzi(ng),
Behisht eshigini ochar to‘rt farzi,
Qo‘l ochib, munavvar taxtga mindirar.
Allohni yod etib tursang saharda,
Haq bilan o‘rtada qolmagay parda,
To‘rt farzni o‘qisang, namoz digarda,
Alim[63 - Alim – 1.Bilguvchi, olim. 2.Bu o‘rinda Alloh demoqchi.] salot hadisini indirar.
Shomni o‘qiganda, shaytonlar yig‘lar,
Ko‘ksiga tosh urib, siynasin dog‘lar.
Uch farz jahannamning eshigin bog‘lar,
Sabr etsang, do‘zaxning o‘tin so‘ndirar.
Xuftonda vitr o‘qib, yotsang sarishta,
Rozi bo‘lar Sendan Qunut farishta,
Agar barjo etsang ushbu ravishda,
Xayringni fosh aylab, sharring so‘ndirar.
Maxtumquli, munda turmassan boqiy,
Davomat subhu shom yod ayla Haqni.
Besh vaqt namozingni xo‘bu soz o‘qi,
Otashi-do‘zaxning borin so‘ndirar.
SULTON BO‘LUR YER ANDADIR
Barcha «Insonman» deyar, inson bo‘lur er andadir,
Miskin oti bilan o‘t, Sulton bo‘lur yer andadir,
Toatu ro‘za, namoz-qilgan bo‘lur yer andadir,
Shodu xurram bo‘lmagil, hayron bo‘lur yer andadir,
Kimga jannat, kimga nor, farmon bo‘lur yer andadir.
Bu abas dunyoni qo‘y, uqbo ishiga qil havas,
Qil tavakkul Tangriga, zikrida bo‘lgil har nafas,
Munda o‘l, anda tiril, ushbu tiriklikdir abas,
Oqil uldir, oxirat g‘amidan o‘zga g‘am yemas,
G‘am yeganlar ochilib, xandon bo‘lur yer andadir.
Bir mukammal ilgin ol, zikrida bo‘lgil har zamon,
Ko‘p mashaqqatlar ko‘rar yo‘qsa u vaqt bu jismu jon,
Kim uqubat ichra qolgay, kimlari bo‘lgay omon,
Kimlar shodu kimlari ko‘zinda yosh, bag‘rida qon,
Fazl aylasa mushkul ish oson bo‘lur yer andadir.
Foniy bo‘lmoqdir vale bu dunyodan insu pari,
Bu foniyda kim qolar, kechdi Rasuldek sarvari,
Ul Rustami-Doston qani, Haq sheri ham Haydari,
Ro‘zi mahshar Mustafoga yig‘lashib ummatlari,
«Kel, shafoat qil!» deya, giryon bo‘lur yer andadir.
Ko‘p xato ish aylading, chekding jafou dardisar,
Molu mulking barchasi kulli abasdir, bexabar,
Qayta tahorat aylagil, Haq Kitobin ol, qil nazar,
Tangriga zor aylabon, qilgil duolar har sahar,
Qulluq ila dardingga darmon bo‘lur yer andadir.
Zikr ila tanhoda bo‘l, xalqqa ta’malik istama,
Dod berar shoh andadir, sen munda shohlik istama,
O‘zingni kam tut vale, ortiq baholik istama,
Besh kunlik foniy erur, boqiy panohlik istama,
Kim qimmat baholidir, arzon bo‘lur yer andadir.
Noinsof bo‘lding, o‘zing insofga hech keltirmading,
Ajdardek og‘iz ochib, nafsingni bir o‘ldirmading,
Tongla ishin fikr etib, bir dam sukut o‘ltirmading,
Xavfi ko‘p, qilding gunohni, hech kimga bildirmading,
Aybing ochib, olamga doston bo‘lur yer andadir.
Bu ajal sayyodi bir kun qoning ichgay, alg‘araz[64 - Alg‘araz – xullas.],
Xonumoningni buzib, tuproqqa sochgay, alg‘araz,
Bir zamon manzil tutgan bir damda ko‘chgay, alg‘araz,
Zindalikda g‘aflatingdan ko‘zing ochgay, alg‘araz,
G‘aflatda umr o‘tkazib, armon bo‘lur yer andadir.
Shod yurma sen, «Omon qil» ham demagil «Kundir bu kun»,
Yovmul-a’zam atadilar, xavfi ko‘p kundir bu kun,
Oziq ol yo‘ldosh ila, mardon yo‘linda bo‘l bu kun,
Kim jannatni sayr etib, kim nor ichinda sarnigun,
Dini nohak kofirlar yakson bo‘lur yer andadir.[65 - She’r – tugamagan.]
DARGOHDAN TILAN, KO‘NGLIM
Uyg‘on xobi g‘aflatdan, ajalsiz o‘lgan ko‘nglim.
Umid uzib olamdan, dargohdan tilan, ko‘nglim,
Tubsiz daryoga tushdi, ko‘rganga kulgan ko‘nglim,
Mard kerak chiqarmoqqa, bu botib qolgan ko‘nglim.
Jon foniy, jahon foniy, kafanga chulg‘an ko‘nglim,
So‘z aytib, iching bo‘shat, qabz o‘lub, to‘lgan ko‘nglim.
Olimlar so‘zin tingla, nasihatin ol, ko‘tar,
Tur, Haqning Dargohiga munojot qil, qo‘l ko‘tar,
Riyozatning yukini chora-tadbir qil, ko‘tar,
Bu ish mardning ishidir, kel, mardona bo‘l, ko‘tar,
Komil poyiga bosh qo‘y, yolg‘onchidan qo‘l ko‘tar,
Tovba qilib, bir pirning xokiga belan, ko‘nglim.
Ishqim bordir Majnundan oltmish hissa ziyoda,
Quvvatim bordir qirq yil dars berarga Farhodga,
Yuragim yoqib o‘tda, Xojamga borsam dodga,
Karam daryosi jo‘shib, yetkazgaymi murodga,
Qolsa ko‘ngil topilmas, chiqsa bu jon dunyoda,
Mard kerakdir olmoqqa. bu g‘arib qolgan ko‘nglim.
Sahar turib, duo qil, «Omin!» desin farishta,
Ne naf bor g‘ofil yotib, behuda o‘tirishda,
Mulki jahon tutdirmas, aylasang ming sarishta,
Abdol jandasin kiy, bor-devonaga qorish-da,
Yo‘qsa qolarsan tanho, sargashta-yu, g‘amkashda,
Aytgan so‘zingga fe’ling bo‘lmasin yolg‘on, ko‘nglim.
Maxtumquli, no‘sh etdim, g‘am bodasin ikki tos,
Uch icharga rag‘bat yo‘q, chun jondan bo‘ldim xalos,
Sarimda sonsiz savdo, ichda Vasvosul-xannos,
Keling, bir tadbir aylang, bu dardga ayyuxannos,
Tiz cho‘kib, damin ursa Iso, Xizr ham Ilyos,
Tebranmas, zinda bo‘lmas, xud murda bo‘lgan ko‘nglim.
OT YONINDA BILINAR
Eshak o‘zin o‘ksuk bilmas bedovdan,
Qiymat bichsang, ot yoninda bilinar,
Bedov degach, bo‘lmas hamma bedov teng,
Chin bedovlar maydoninda bilinar.
Bolalikda bilmas eding, bek eding,
Yomonga hech yoqmas so‘zing, o‘giting,
Orif bo‘lsang, aslin so‘rma yigitning,
Odobinda, ikrominda bilinar.
Bu jahondan to‘ymas ko‘zing, ser[66 - Ser – siyr, to‘q, och emas.] bo‘lmas,
Har tulkidan qoplon bo‘lmas, sher bo‘lmas,
Yigit degach, hamma yigit bir bo‘lmas,
Chin yigitlar mehmoninda bilinar.
Davlat qo‘nsa bir yigitning boshiga,
Himoyatli eli kerak tashida,
Yigit o‘zin ma’lum etar ishida,
Qilichida, zaboninda bilinar.
Maxtumquli, g‘ariblarning ko‘z yoshi,
Tog‘larni yondirib, eritar toshni.
Faqirga jabr etgan zolimning ishi
Ro‘zi-mahshar devoninda bilanr.
SABR BILAN BITAR TEZ HAM BO‘LMASA
To‘qson turli taom bo‘lsa qoshingda,
Ne lazzat ichida tuz ham bo‘lmasa,
Na bilarsan ne ish bordir boshingda,
Mushkul ishdir boshda ko‘z ham bo‘lmasa.
Oyoq bor yurmoqqa, qo‘l bor olmoqqa,
Qani banda, sog‘liq shukrin qilmoqqa,
Quloq bordir eshitganin bilmoqqa,
Kim tuzatar tilda so‘z ham bo‘lmasa.
Yo‘q yerdan jon berib, yetkazdi nonni,
Ko‘ngil bo‘stonida bitar imoni,
Asling banda bo‘lsa, Egangni tani,
Kelib, senga yuzma-yuz ham bo‘lmasa.
Qismatin haq bilgan rizqin ozlamas,
So‘z bilganlar bilgan so‘zin gizlamas,
Ko‘ngil jo‘shga kelmas, til ham so‘zlamas,
Har yurakda ishqdan ko‘z[67 - Ko‘z – cho‘g‘.] ham bo‘lmasa.
Yildan-yilga fasod ortar ayyomga,
Haqning O‘zi keltirmasa anjomga,
Dunyo so‘zi o‘xshar tuzsiz taomga
So‘z ichida kelin qiz ham bo‘lmasa.
Yum ko‘zingni, qisib tishga tishingni,
Yozga yetsang, unutmagil qishingni,
Tavakkal qil, Haqqa topshir ishingni,
Sabr bilan bitar, tez ham bo‘lmasa.
Maxtumquli, xayol tushib[68 - Bu satrdagi – «tushib» so‘zi, tushib ketmoq emas, voqi’ bo‘lmoq ma’nosidadir. (A.J.)] o‘zimga,
Ko‘p tomosha kelib-kechar ko‘zimga,
Eshitganlar, ayb aylamang so‘zimga,
Ellar kabi so‘zim uz[69 - Uz – xo‘b, badiiy, yaxshi, binoyigina.] ham bo‘lmasa.
IMOMLAR ISHQINDA MENGA BERSA JOM…
Rasul domodidir, o‘z arsloningdir,
Yo imom Ali-yo, kechirgil bizni.
Chashmi chirog‘imdir nury-aynimdir,
Yo imom Hasan-o, kechirgil bizni.
Yolg‘on dunyo kimga berdi vafoni,
Oxiratda olar-surar safoni,
Shamr ila ul Yazid berdi jafoni,
Yo imom Husayn-o, kechirgil bizni.
Nosir-Sayyor, Marvon hakam davrinda,
Imomlar qoldilar jafo-jabrinda,
Choyga ottirdilar Damashq elinda,
Zaynul obidin-o, kechirgil bizni.
Teng-to‘shlar yoninda bir bekamolman,
Oshig‘i Majnunman, shikasta holman,
Siynai Xuroson, zuvvori olam,
Yo, imom Rizo-yo, kechirgil bizni.
Imomlar ishqinda menga bersa jom,
Ochsamu zabonni, o‘qisam kalom.
Allohi bahaq ul Fotmayi qiyom
Muhammad Taqi-yo, kechirgil bizni.
Dunyoda chekdilar yuz dardi-dog‘ni,
Mahshar kun minarlar sayslab Buroqni,
Haqiqat yo‘lining sha’mi, chirog‘i,
Muhammad Naqiy-yo, kechirgil bizni.
Fotimai-Zahro aning anosi,
Zotinda bir zarra yo‘qdir gunosi,
Humoyun tog‘idir oxir binosi,
Muhammad Bakir-o, kechirgil bizni.
Kamoli falakdan, oshibdir Arshdan,
Boshga qo‘ydi jaddi kiygani tojdan,
Uch karomat birla qoldi[70 - Bu o‘rinda «qochib qutuldi» ma’nosida, «qutulib qoldi» demoqchi.] Hajjojdan,
Yo, imom Ja’far-o, kechirgil bizni.
Kim bilar, ishingda qandayin sir bor,
Aql anga yetishmas, qudratli Jabbor,
Dushmaningga do‘stling qilding giriftor.
Yo, Muso Kozim-o, kechirgil bizni.
Yaqiyn ko‘ngil birla mushtog‘am banda,
Yodingiz aylarman to borman zinda,
Oti Kundan mashhur bo‘lmish jahonda,
Yo, imom Askar-o, kechirgil bizni.
Qof tog‘idan yo‘l ochilsa Ya’jujga,
Dunyo yuzi to‘lar zulmga, kuchga,
Zamon oxirida kelar xurujga,
Yo, Sohibzamon-o, kechirgil bizni.
Maxtumquli aytar, men xoki-poyam,
Imomlar yo‘linda ham jon fidoyam,
Kamina bandaman qalbi-gadoyam,
Yo, Abbos Ali-yo, kechirgil bizni.
KO‘NGIL AYTAR, XALQDAN QOLIB…
Ko‘ngil aytar: xalqdan qolib,
Kezsam tog‘lar, toshlar bilan,
YOzug‘imni yodga solib,
Ko‘zim yuvsam yoshlar bilan.
Har kim, ko‘rsam, bir peshada,
Mening ko‘nglim andishada.
Ko‘hi-Qof ichra go‘shada
O‘tirsam og‘ochlar bilan.
Qari dunyo ol ichinda,
Odamzod xayol ichinda,
Jahon qiylu qol ichinda,
Har kim yuz taloshlar bilan.
Allohning ishqida mastlar,
Teng kelolmas zabardastlar,
Ko‘ngil parvoz aylar, do‘stlar,
Tinmas yuz ilojlar bilan.
Ko‘p ko‘ylar bilan o‘tirdim,
Bilmadim, ne ish bitirdim,
Gumroh bo‘lib, yo‘l yitirdim,
O‘tirdim bevajlar bilan.
Bekor qo‘ymay umr-taxtni,
Uyg‘otsak uxlagan baxtni,
Duo qilib sahar vaqti
Nolish qilsam qushlar bilan.
Maxtumquli, tavfiq olsam,
Bir mard topsam, qulluq qilsam,
Ko‘ngil aytar, yo‘ldosh bo‘lsam,
Dam chekkan darvishlar bilan.
CHIQA BILMASSAN
Bu dunyoning g‘avg‘osiga bosh urma,
Ul g‘avg‘oga kirsang, chiqa bilmassan!
Mal’un shayton kabi bezab tosh o‘rma,
So‘ngra mahkam bo‘lar, yiqa bilmassan.
Tilinda o‘girmish haq-u sanoni,
Og‘ritmagil ota birla onani,
Tog‘lardan, toshlardan og‘ir gunohni,
Og‘irdir gunohing, cheka bilmassan.
Nafsing tiyib yurgil harom yemakdan,
Tilingni saqlagil turli g‘iybatdan,
Olimlarga qilma yovuz tuhmatdan,
Iching o‘tdan to‘lar, to‘ka bilmassan.
Darvishlarning boshlarini xor etma,
O‘ksuklaring yig‘latibon, zor etma,
Yetimlarning molin olib, zo‘r etma,
Gunohing o‘zgaga taqa bilmassan.
Ishq daryosi jo‘shar kelar saqodan,
Ko‘nglingni saqlagil yolg‘on vaqodan,
Ajal kelar, tutar bir kun yaqodan,
O‘ngingga, so‘lingga boqa bilmassan.
Yaxshi niyat ayla, yaxshi ish ayla,
Yaxshilarning so‘zin jonga no‘sh ayla,
Safar qilsang, oziq kerak, duch ayla,
Yer ostida ekin eka bilmassan.
Miskin Maxtumquli yoqang tutaver,
Xayr aylabon ol sharobdan yutaver,
Ummat bo‘lsang, Haq yo‘lini tutaver,
Rasulning yuziga boqa bilmassan.
YAXSHI UNAR, YOMON UNAR, EL KECHAR
Ey yoronlar, foniy jahon ichinda
Yaxshi unar, yomon unar, el kechar.
Ajab so‘zlar pista dahan ichinda
Dandon tushar, qimmat qochar, til kechar.
Biz kezgan maydonlar, ajoyib joylar,
Binosi tutilgan ulug‘ saroylar,
Davr aylanib, kelib-ketar kun-oylar,
Yaxshi-yomon, Navro‘zu qish, yil kechar.
Kelib munda bor ko‘rganing fig‘ondir,
Bu kun – tirik, erta bo‘lsa gumondir,
Xazonga qurilgan foniy jahondir,
Yigitlar keksayar, umr-sol kechar.
Falak fig‘oningni ko‘ziga ilmas,
Ul dardingga Luqmon darmoni bo‘lmas,
Yaxshi-yomon, shoh-gadoni siylamas,
Qora ko‘z, kamon qosh, incha bel kechar.
Kim bor tutib qo‘lga olgan jahonni,
Boq, band aylab qo‘ydi ul Sulaymonni,
Bog‘ni xazon urar, so‘lar rayhoni,
Bulbul asir tushar, sarvu gul kechar.
Falak, sen ham bir dam omon aylagin,
Biz nodon asirga davron aylagil,
Maxtumquli, horma, doston aylagil,
Aql-hush tash tushar, sendan til kechar.
HAQ SENI SARVAR YARATDI
Haq Seni sarvar yaratdi, podishohim, yo Rasul,
Anbiyo sardaftari, nuri-ilohim, yo Rasul,
Zulmati tutdi jahonni (bu) dudi ohim, yo Rasul,
Bosh qo‘yib yotsam yo‘lingda, qiblagohim, yo Rasul,
Sen kechirgil nola-yu, faryodu ohim, yo Rasul.
Barchadan a’lo yaratdi asli nuri-pokni,
Qaddiga qildi munosib xil’ati-lavlokni,
Ul muborak qo‘llarinda ham aso-yu misvokni,
Ummatim degaysan omu, osiyu bebokni,
Sen kechirgil nola-yu faryodu ohim, yo Rasul.
Dedilar: «Sultoni olam, ismingni qo‘ydik bo‘la»,
Oy, bulutdan kim ishorat aylading barmoq ila,
Mo‘‘jizangning birisi ko‘rsatgali ul Shaq-q bila,
Arsh ustiga chiqib, roz aytisharsan Haq bila,
Kunbadi-hafronga chiqmishlar guvohim, yo Rasul.
Vaz-zuhodir yuzlaring, har barakayi mohu layl,
«Surayi-Iqra» Sanga mujda keltirdi Jabroyil,
U Xadicha so‘z topmayin imonga keltirdi mayl,
Faxri olam Sensan-u o‘zga nabiylar bir zayl,
Xatm etib arvohingga qildim duoyim, yo Rasul.
«Yo, Rasullulloh!» deya, andan ketar bo‘ldi Buroq,
Laylat-ul-Me’roj kechasi Tangri yetkazdi biroq,
Yetti osmon eshigin ochdi maloyik be so‘roq,
To‘rt to‘n keldi Sanga – Yashil, Qizil, Sariq ham Oq,
Birisin olding suyub, shu bo‘ldi rozing, yo Rasul.
Yod etar Maxtumquli, davronda men qalloshni,
Shafqatingdan noumid etma meni – muhtojni,
Xizmatingda sayr etarlar Laylat-ul Me’rojni,
Ul Xudoy sevgani-chun qo‘ydi boshingga Tojni,
Xat(m) etib arvohingga qildim duoyim, yo Rasul.
JILVALI, POKIZA QIZDIR BU DUNYO
Nasihatim budir, bayon aylasam,
Jilvali, pokiza qizdir bu dunyo,
Shikvasini aytib, ayon aylasam,
Olamga oshkora so‘zdir bu dunyo.
Dajjol xuruj aylar chiqar shikorga,
Namozxonlar tez yetishar diydorga,
Benamoz yuziga chekilar qora,
O‘ttizda, qirq beshda oldi bu dunyo,
Nechalar qon yig‘lab o‘tar zulmatdan,
Muakkal farishta qoqar Sirotdan,
Hech foyda topilmas pirdan, ustoddan,
Rostni, yolg‘oningni bildi bu dunyo.
Xudoning erkasi hazrati Muso,
O‘t yedi, suv ichdi, qo‘lida aso,
Bibi Maryam o‘g‘li hazrati Iso,
Uni qirq yil podsho etar bu dunyo.
Bu dunyoda besh kun sog‘u bor bo‘lsang,
Niyati qisilgan, ko‘ngli tor bo‘lsang,
Yo‘qsillikdan qashshoq bo‘lib zor bo‘lsang,
Mardni nomardga zor qildi bu dunyo.
Bir nechalar jafo bilan mehnatda,
Bir nechalar qayg‘u bilan kulfatda,
Namozxonga qirq farishta xizmatda,
Ishratga sazovor qildi bu dunyo.
Ul sirotda qanotlaring qayrilar,
Nechalar o‘tolmay, bo‘yni burilar,
Bunda rost kezganga behisht berilar,
Bu ko‘ngildan g‘amni oldi bu dunyo.
Nechalar ko‘zda yosh, bag‘ri ham qondir,
O‘tolmay sarg‘aygan talay-tumondir,
Bunda qilgan ishing bari pinhondir,
Pinhoning oshkora qildi bu dunyo.
Maxtumquli so‘zi hech bo‘lmas ado,
Ajal yoqang tutar shohmisan, gado,
Oltmish uchda o‘tdi Rasuli Xudo,
Alarni o‘g‘ilsiz qildi bu dunyo.
QIYOMAT KUN QULLAR KO‘RSA KERAKDIR
Qardoshlar, kun-kundan badtar bo‘libdir,
Yil-yildan bad’atlar kelsa kerakdir,
Xamr[71 - Xamr – chog‘ir, vino, aroq.] ichganu zino qilgan jahonda,
Ma’lum-manshur bo‘lib tursa kerakdir.
Musulmon qardoshlar do‘nmang bu yo‘ldan,
O‘tarsiz Sirotdan, inchadir qildan,
Dajjol kelar derlar bir necha yildan,
Olamga bir g‘avg‘o solsa kerakdir.
Ko‘zi birdir, qora kiymish qaddina,
G‘arib yonar haromining o‘tina,
Shom, Sharifu Rumu Makka, Madina,
Musulmonlar bilan to‘lsa kerakdir.
Iso, Mahdi kelsa odildir, doddir,
Ya’juj, Ma’juj kelsa zulm, hayhotdir,
Go‘shi yer supurar, yovuz bir zotdir,
Qof tog‘ini teshib kelsa kerakdir.
Qalam titrar yetimlarning zorindan,
Jo‘shqin kechar oshiqlarning sarindan,
Ko‘k o‘prilib, tog‘la siljib o‘rnindan,
Isrofil surini chalsa kerakdir.
Daryolar qurirlar, suvlar chekilar,
Oy, Quyosh tutilar, Yulduz to‘kilar,
Baland tog‘lar erir, Yer, Ko‘k yiqilar,
Yolg‘iz Mavlom O‘zi qolsa kerakdir.
Ajal kelsa banda xonumonindan,
Qo‘l uzar el-ulus, shirin jonindan,
Allohning amrindan Haq farmonindan,
Azroyil o‘z jonin olsa kerakdir.
Haqdan g‘ayri jonli jondor qolmagay,
Isrofil jon berar, Surin chalmagay,
Qirq kun yomg‘ir yog‘ar, Yer, Ko‘k bo‘lmagay,
…Bari qayta paydo bo‘lsa kerakdir.
Bir Buroqni hulla bilan bezarlar,
Oltin-kumush, qizil-yashil tuzarlar,
To‘rt Farishta tirilibon kezarlar,
Muhammad qabriga kelsa kerakdir.
Sado chiqar farishtaning paridan[72 - «Biridan» – degan varyant ham bor.],
«Labbay!» deya turib kelar o‘rnidan,
Go‘r yorilib, qum to‘kilar saridan,
«Voy, ummatim!» deya qalqsa kerakdir.
Ko‘ngil qayg‘ulanar Mahshar g‘amindan,
«Qani ummatim?» deb so‘rar Amindan[73 -
Amin – Jabroyilni amin demoqchi.],
Sajdaga bosh qo‘yar, turmas zamindan,
«Tur!» deb, Haqdan ilhom bo‘lsa kerakdir.
Isrofil surini olar qo‘liga,
Ko‘zin tikar qodir Haqning yo‘liga,
Sado-na’ra tortar o‘ngu so‘liga,
Jumla jondor jonga kelsa kerakdir.
Aksirib-chukchirib go‘rdan chiqarlar,
Turarlar, osmonga ko‘zin tikarlar,
Tong-vola tegra-yu tashga boqarlar,
Qirq kun hayron bo‘lib tursa kerakdir.
Ko‘rarlar, qurt-qushlar qochmas yonidan,
Daryolar qizdirib kelmish shonidan,
Har kim ham o‘z sevganining yonidan,
Billa-hamdam bo‘lib qo‘psa kerakdir.
Zaboniya malak gurzisin tutmish,
Tarozi qurilmish, Kun nuri ketmish,
Ot bergan Buroq minar, to‘n ehson etmish,
To‘ni hulla bo‘lib kelsa kerakdir.
Ulug‘ devon qurlar[74 - Qurlar – qurilar.], bir ish tuzilar,
Kun yuzi chevrilar, olam qizigay,
Miyang «vijir-vijir» qaynab-sizillar,
Bergan noning soya bo‘lsa kerakdir.
Firg‘un[75 - Firg‘un – fir’avn.] Xomon, Shaddod, necha kofirlar,
«O‘luvdik!» deb, hayron bo‘lib turarlar,
«Bizni tiriltirgan kim?» deb so‘rarlar,
Mo‘‘min qullar javob qilsa kerakdir.
Qayg‘u bosib, shodliklari daf’ bo‘lar,
O‘tlar chaqnar, g‘avg‘olari ko‘p bo‘lar,
Oxirida yuz yigirma saf bo‘lar,
O‘n ikki guruh qip sursa kerakdir.
Bir guruhi xinzir bo‘lib kezarlar,
Bir guruhi maymun bo‘lib ozarlar,
Bir guruhi ko‘r, kar bo‘lib kezarlar,
Qilmishi oldiga kelsa kerakdir.
Kimlarning tanida o‘t-yolqin o‘ynar,
Kimlarning og‘zida qon-yiring qaynar,
Amalsiz mullalar tillarin chaynar,
Uni Rabbim shunday qilsa kerakdir.
Kimi o‘t tammonli javranar o‘tar,
Kim bo‘lsa, mast bo‘lib yiqilar-yotar,
Kimlarning oyog‘i olninda bitar,
Boshi bilan yurib kelsa kerakdir.
O‘n qat qizg‘in to‘shak to‘shar o‘rniga,
Navhagarning boshi tushar burniga,
Tillari cho‘zilib, yetar qorniga,
A’moliga bandi qolsa kerakdir.
Mo‘‘min farmon bo‘lar, kofir ichikar,
Nor bug‘ro bilakli ilonlar chaqar,
Xaloyiq dod aylar, farmonda yaksar
Muhammad tug‘ini qursa kerakdir.
Vahim[76 - Vahim – vahima.] tushar Payg‘ambarlar joniga,
O‘g‘il kelmas otasining yoniga,
Muhammad boshlabon mezon tubiga,
Yashil a’lam qurib tursa kerakdir.
Quchoqlar «O‘g‘lim!» deb, Odam payg‘ambar,
Ibrohim Xalil der: «Ayo, Biru Bor!»
Muso, Iso aytar: «Qudratli Jabbor!»
Har kim o‘zin tilab olsa kerakdir.
Necha payg‘ambarlar duosi maqbul,
Na o‘ngin tanir-u na so‘lini ul,
Yoshin sochib yig‘lar Muhammad Rasul
«Voy ummatim!» deya tursa kerakdir.
Xaloyiqlar tiymas ko‘zda yoshini,
Tanishar, so‘rashmas qavmu xeshini,
Maydonda qurilgan Mezon boshini
Isrofil tutibon tursa kerakdir.
Kofirni «be’zar»lar otash to‘niga,
Surarlar-eltarlar do‘zax yoniga,
Faloni xachirdek bo‘lib shoniga
Bug‘roday bad maxluq suqsa kerakdir.
«Dod!» deyar hech qayga etmas «dod-voyi»,
To‘ldirar eshakday hangrab saroyni,
Yegani zahardir, ichgani og‘u,
Abadiy zindonda qolsa kerakdir.
Endi kelsak, mo‘‘min qullar netarmish,
Qaysi ishga, qaysi yo‘lga ketarmish,
Muhammad hurmati – e’zoz etarmish,
Bilmaganlar buni bilsa kerakdir.
Mo‘‘min qullar o‘tib ketarlar yo‘ldek,
Kimi yildirimdek, kimlari yeldek,
Kimlar yugrik otday, kimlari seldek,
Kimlar uchar qushday kechsa kerakdir.
Uch ming yillik yo‘ldir, mingi chiqishdan,
Bir mingi xanvordir, mingi enishdan,
Qarodir kechadan, o‘tkir qilichdan,
Kim kecha-kunduzda kechsa kerakdir.
Kim o‘n kunda kechar, kimi bir oyda,
Qulonday qichqirar kimi Saroyda,
Kim bir yilda kechar, kimi qirq oyda,
So‘nggi qirq ming yilda o‘tsa kerakdir.
Muncha ming yil qonlar yig‘lab o‘tilgach,
Sirot ko‘prigidan nari o‘tilgach,
Kavsar soqisidan sharob ichilgach,
Hamma teng bir yoshga kelsa kerakdir.
Yigitlar yashil toj qo‘yar boshida,
Yusuf jamolinda, Iso yoshida,
Dovudning o‘rninda, o‘ttiz beshida,
Har kim o‘z sevganin olsa kerakdir.
Yetmish hulla kiyib, taxtga qo‘narlar,
Zabarjad lijomli buroq minarlar,
Yeyarlar, icharlar, sayron qilarlar,
O‘lmas, yitmas – boqiy qolsa kerakdir.
Yetmish hur qiz to‘shak solar ostiga,
Yetmish qo‘l qovshurib turar qasdiga,
Tubo og‘och soya solar ustiga,
Haqning jamolini ko‘rsa kerakdir.
«Dunyo bu dunyo» der yotgan sarxushlar,
Inonmagan kofir bo‘lar, qardoshlar…
Maxtumquli aytar, kelar bu ishlar,
Qiyomat kun qullar ko‘rsa kerakdir.
MUHAMMAD MUSTAFO
Avval chirog‘i ziyo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Barchaga pushtu panoh bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Gavhari-qimmatbaho bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummatiga rahnamo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Doimo sohib izo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
Hazratim dedi: «Tanimdan ketdi kulli quvvatim,
Sen ravo qilgin, ilohi, ummatimga shafqatim,
Chun fido bo‘lsin hama ummatga qilgan toatim,
Zikr bo‘ldi chun tilimga qayg‘uyi-kulli ummatim,
Dardi ummatiga davo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
«Ummatimning yo‘liga bo‘lsin mening jonim fido,
Ruhipokimga hama ummatni qilgin oshino,
Ummatimni aylagin, yo Rab, chu ozodi-jazo,
Nuri-pokingga hama ummatni qilgaysan ravo»,
Dardi ummatiga shifo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
«Chun ketarda bandalarni avliyo qilgin, Xudo,
Kulli ummatni gunohdan begunoh qilgin, Xudo,
Nuri imonga hamani oshino qilgin, Xudo,
Ummatimni hasht jannat ichra jo qilgin, Xudo»,
Qo‘l ochib, sohib duo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
Men duo qildim bu ummat haqiga, qilgil, qabul,
Hech ummatni sabo mahsharda qilma malul,
Kulli ummatlarni jannat aro qilgil, duxul,
Kulli ummat haqiga tinmay duo qilgil, rasul,
Ummat uchun dasti-vo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
«Diydordan qilgil hama ummatlarimni bahravar,
Ummat uchun doimo ko‘zlarimdan yoshim oqar,
Ummatimni qilmagaysan kim, giriftori saqar,
Ummatimni yana xushnud aylagil vaqti safar»,
Ummat deb olamda fano bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
«Chun ketarda ummatim dastiga bergil kimiyo,
Ul azozil makridan ummatni sen qilgil judo,
Ro‘zi mahsharda hama ummatga menman peshvo»,
Qo‘l ochib, yig‘lab, duo aylar eli, deb: «Mustafo»,
Ummatiga rahnamo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
«Qayg‘uyi-ummatlardan erur bag‘rimiz-da qon,
Chun safr chog‘ida sen ummatlarimni qil omon,
Sen karam qil, bag‘ishlagil kulli ummatga imon,
Bas, mening ummatimning savobini ayla garon»,
Rahbari-ro‘zi-jazo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
«Ummatimni ro‘zi mahshar qilmagaysan sarnigun,
Kulli ummat haqiga tinmay duo qildim bu kun,
Chun alifdek qomatim ummat g‘amidan bo‘ldi nun,
Kulli ummatlarga oson aylagin, ro‘zi zabun»,
Dardi-g‘amga mubtalo bo‘lgan Muhammad Mustafo.
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
«Ey, Xudovand-o, karam qil shahir Jabroil haqqi,
Chun muqarrab borgoh bo‘lgan chu Mikoil haqqi,
Men duo qildim Vazoil, Isrofil haqqi,
Yana tig‘ ostiga jo bo‘lgan Ismoil haqqi»,
Koni-sir birla oshno[77 - «Oshno» so‘zi o‘rnida aslida «hayya» ya’ni yilon so‘zi ulangan (A.J.)] bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
«Ummatimni ro‘zi mahshar qilmagaysan sharmisor,
Kulli ummatlarni sen qilgin u subh ozodi nor,
Chun tarahhum aylagin ummatga ey Parvardigor,
Nuri rahmatni hama ummatga qilgin, Biru Bor»,
Bandaga nurdan ato bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
«Ey, ba haqqi-nuri-Iso rahmat etgin bandani,
Yo‘lda qolgan ahli isyon osiy – shu sharmandani,
Men duo qildim jami’ bada’folu gandani,
Jannat ichra jo qilgin ro‘zi mahshar bandani»,
Doimo koni-saho bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
Ey, bahaqqi-chun ja’mi anbiyoning hurmati,
Ko‘hi-Tur ustida roz aytgan Musoning hurmati,
Nuh bilan ul dam Xalil bo safoning hurmati,
Arrani boshiga qo‘ygan Zakar’yoning hurmati,
Ummatiga mehribon bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
Ranju zahmat chekkan, ammo Ayyubi anno qani,
Murdalarni zinda qilgan hazrati Iso qani,
Ko‘hi-Tur ustida roz aytgan o‘shal Muso qani,
Qayg‘usi ummatga qolgan ul Rasulullo(h) qani,
Bas, duri, qimmatbaho bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat, ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
«Ummatim!» deb Mustafo aylar edi ohu fig‘on,
Bas muborak bag‘rini ummatlar uchun qildi qon,
Ummatim dedi tanidan to-oxir chiqquncha jon,
Bo‘lma g‘ofil, ummatga bo‘lgay nasib jannat makon,
Oqibat er ichra[78 - Asliyatda «uzra» so‘zi ulangan, ishlatilgan. (A.J.)] jo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
Dardi-bedarmonga uchrabman, o‘zing bo‘lgil tabib,
Nuri rahmatdan hama mo‘‘minga qilgaysan nasib,
Bo‘lma g‘ofil margdan, albatta ul senga qariyb,
Sen tarahhum aylagin, ummatga Fardo, ey, habib,
Nuri Haqdan kimiyo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
Nek bo‘lsang, vaqti-chun raxtiga kimiyo bo‘ldi marg,
Kim yomon bo‘lsa, ani oxirda rasvo qildi marg,
Necha shahbozlarni yer ostida, obil jo qildi marg,
Vo-hasrat-o, Mustafo umrini qo‘toh qildi marg,
Ro‘zi mahshar rahnamo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
Gavhari qimmatbahoni ro‘siyo ummatga ber,
Rahmatingni, ey Xudo-yo, purgunoh ummatga ber,
Hasht jannatni giriftornamo ummatga ber,
Soyayi-Arshni, Xudoyim, purgunoh ummatga ber,
Osiy ummatga davo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
Yetti do‘zaxni ul kun ummatimdan ayla dur[79 - Dur – uzoq, yiroq.],
Kulli ummatlarni etgil ro‘zi mahshar g‘arqi nur,
Banda bo‘lsang, doimo dunyoda bo‘lgil be g‘urur[80 - Bu o‘rinda kamtar bo‘l demoqchi.]
Kulli ummatlarni etgil otashi-ishqingga pur[81 - Pur – ko‘p, boy, mo‘l.],
Bandayi-xosi-Xudo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
Chun saharlar uyg‘onib, ummatiga qildi duo,
«Ummatimni g‘arro qilgil, iloh-o, puri ziyo»,
Ruhi Abu Bakr, Umar, Usmon, Aliyi-Murtazo,
Ey, bahaqqi-nuri-poki ul Husayni-Karbalo,
Dardi-g‘amga oshino bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
«Ummatim!» deb har sahar chekar erdi ohu-voh, –
Ummatimni rahmat etgaysan o‘shal ro‘zi-jazo,
Xasta ummatlarning dardiga o‘zing bergin davo,
Rahmat etgay kulli ummatga qiyomatda pano(h),
Bandalarga bebaho bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
Ey, bahaqqi-ruhi-pokidan hammani rahmat et,
Xastayi-g‘ami-didayi-ummatni ahli jannat et,
YO Muhammad, kulli ummatlarga fardo shafqat et,
Yaxshilar birla davom ummatni Sen hamsuhbat et,
Ruhi chun so‘yi-samo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
Chunki Yahyodek chunon Sen yig‘laya shomu sahar,
Ma’siyatni, ey, Xudo-yo, tanimdan qil badar,
Yig‘ladi Ahmad hama ummat uchun xuni-jigar,
Ummatlarni ro‘zi-mahshar qilgil ozodi-Saqar,
Chun zamin ustida sho(h) bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
Banda, har shomu sahar, kelgil, Xudoni yod qil,
Sen giribon pora qilgil, nolayi-faryod qil,
Ey, Xudo-yo, xastayi-g‘amgin ko‘ngilni shod qil,
Ul qiyomat shiddatidan Sen bandani ozod qil,
Xoki-poyi to‘tiyo bo‘lgan Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
Chun havoyi-nafsga bo‘lma misoli armani,
Sen takabbur bo‘lmagil, asling erur obi-ma’niy,
Dedi Ahmad: «Ummatimni aylagil nurdan, g‘ani!»,
Yo‘qlagay mahshar kunida Mustafo, Maxtum, seni,
Ro‘zi mahsharda peshvo bo‘lgan(y) Muhammad Mustafo,
Ummat ham dedi: «Ado bo‘lgan Muhammad Mustafo».
ALBATTA, BEZOR
Kishi bomdod namoz tark aylasa bor,
Kalomi Haq bo‘lur, albatta, bezor.
Kishi tark aylasa peshin, ey dil,
Maloyiklar ham bo‘lg‘usi bezor.
Qazo qilsa namozi ikindi, ey dil,
Payg‘ambarlar hatto bezor bo‘lar, bil.
Namozi-shomni tark etsa har bor,
Kim imon bo‘lur andin ozori-bezor.
Kishi qasdan taqsir qo‘ysa ishodon,
Xudoy bezor erur andoq kishidan.
Kishi tark aylasa vitrin boyavbor,
Xudo ham Mustafo bo‘lg‘usi bezor.
Taqi bezor bo‘lgay Chahoryorlar ul,
Xudoy dargohiga anga yo‘qdir yo‘l.
Zaminu osmon aytar: «Xudo-yo!»
Yo‘qotgil[82 - «Yo‘qotgil» – aslida «yetirgil» deb berilgan. Arab grafikasidan kirill alifbosiga o‘girishda xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Hattotni turkmancha «yetirgil» va «yitirgil» so‘zlari bir ko‘rinishda yozilishi chalg‘itgan. (A.J).] ushbu mal’unni Iloho!
Va yo dastur bergil(ki), biz yu(v)taylik,
Aning jismini ham nobud etaylik.
Ki Arshi, Kursi ham bezor bo‘lgay,
Xaloyiqning ichinda xor bo‘lgay.
Jami yaxshi mo‘‘minlar yig‘lagay,
Yuzi suvsiz, benamozi shum kelgay.
Yig‘ilsa barcha mo‘‘minlar masjidda,
Turolmasin benamozi-shum anda.
Sanoni benamozi aytsa bo‘lmas,
Salomiga javob ham bersa bo‘lmas.
Hazar qilmoq kerakdir benamozdan,
Xatarlar ko‘p erur ul benamozdan.
Yotar yeri undan zoru dod aylar,
Jahannam nolayi-faryod aylar.
Nesin aytay, do‘stlar, benamozini,
Olib bo‘lmas hatto bersa qizini.
Alarga qiz berilmas, ham olinmas,
Unga eb-ichgulik taom berilmas.
Kishi bersa namoz o‘quvchiga qiz,
Xudoning rahmatidan anga foyiz.
Vafo yo‘q, benamozlarda hayo yo‘q,
Saho yo‘q, benamozlarda safo yo‘q.
Namozi yo‘q kishining dini bo‘lmas,
Aning so‘zlarining hech chini bo‘lmas.
Qochinglar benamozlar suhbatidan,
Hazar aylang alarning ofatidan.
Ajab shul benamozlar shum, murdor,
Janoza o‘qimang o‘lsa bayovbor.
Boribon hol so‘rmang bemor bo‘lsa,
Va yo ul xastayi afgor bo‘lsa.
Bo‘lingiz benamozlardan gurizon[83 - Gurizon – qochinglar.],
Alarning qoshida uftonu-xezon.
Ilohi, benamozlardan panoh ber,
Shariat yo‘llarini bizga bildir.
Kamina Maxtumqulini aylagil shod,
Ikki dunyoda qilgil g‘amdan ozod.
Ki aytgan so‘zlaridir shahdu shakkar,
Qiyomat kuni yo Rab, qilma, muztar.
BESH NAMOZ
(Bu Maxtumquli alayhir-rahmanning Haq Taolo buyrug‘i besh vaqt namoz deb aytgani)
Haq Taolo buyurgan bandasiga besh namoz,
Bandasining niyozi bir kundagi besh namoz.
Haq Taolo aytgani, bandasining tutgani,
Har kundagi etgani bir kundagi besh namoz.
Haq Rasulning ummati, barjo qilar sunnati,
Eranlarning izzati bir kundagi besh namoz.
Haq rasulning so‘zlari, lomakonda yuzlari,
Har kundagi so‘zlari bir kundagi besh namoz.
Namoz qilgan bandalar, ko‘prik o‘tarda alar,
Ra’ddek tez o‘ta qolar, bir kundagi besh namoz
Eranlarning madadi, ko‘ngillarning quvvati,
Ikki jahon davlati bir kundagi besh namoz.
Olimlarning mungdoshi, oqillarning yo‘ldoshi,
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/book/mahtumkuli-32301972/asarlar-mahtumk-uli-69908863/chitat-onlayn/?lfrom=390579938) на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.
notes
1
Ko‘ndararmoq – xat yozib jo‘natmoq.
2
G‘affi – qurigan barg.
3
Choving – xabar shuhrating ma’nosida
4
Ongdigan – ongdimoq, poylamoq.
5
Soqqa – soqiy
6
Bezang – «Bezangga do‘nar» bo‘lsa kerak. Chunki u maxluq bo‘ynida «zang», ya’ni qo‘ng‘iroqning bir turi bo‘lib, uni va boshqa bezaklarini jang chog‘ida yulib tashlashsa kerak.
7
Kepar – Kepmoq-qurimoq, tomog‘im kepdi deyiladi.
8
To‘rt farishta – Ulug‘ farishtalar – Jabroyil, Isrofil, Mikoyil va Azroil.
9
Yozi – sahro, cho‘l, yobon…
10
Kepmoq – quruqshamoq, qurimoq…
11
Chaqir kalla – bosh chanog‘i.
12
Choy – choh, suvsiz quduq.
13
Yori – ko‘makchi, yodamchi va h. k.
14
Shirxo‘r – emadigan chaqaloq.
15
Ev – uy.
16
Bayroq – sovrin
17
Zot – narsa.
18
Kurk – kiyim, kurta.
19
G‘alva – bu o‘rinda tashvish, tadoruk.
20
Mag‘rufat – bu o‘rinda mehribonlik, rahmli.
21
Rismon – arqon.
22
O‘rgamchi – ankabut.
23
Iryo – zoye.
24
Xayyot – tikuvchi.
25
Log‘ar – oriq, kuchsiz tuya.
26
Bor – yuk.
27
Nar – erkak, kuchli, erkak tuya.
28
Gurk – bo‘ri.
29
Ar chekar» – arilar demoqchi.
30
Qatlan – chiran, chida, jon chek.
31
Qayirmas – bitkazmas.
32
To‘yirmas – to‘ydirmas.
33
Dur – yiroq, uzoq.
34
Yang‘ilmoq – adashmoq.
35
Ko‘rguli – bechora qolgan.
36
Yodigor – yodgor.
37
Iklanmas – muqim turmas, hayallamas.
38
Ashoq – quyi, past.
39
Shilla – bir xilli yupqa mato.
40
Zot – bisot, narsa.
41
Tarahhum – rahm, muruvvat.
42
Gurk – bo‘ri.
43
So‘zna – so‘ziga.
44
Xo‘shlug‘ – barakot, xursandchilik, fayz.
45
G‘uz – saf, qator, rad.
46
Tug‘un, ya’ni ov qushim ortga chekindi, qochib qoldi, tur bo‘ldi demoqchi (A. J.)
47
Go‘klang – joy nomi.
48
Riqqat – mushkul, qiyin.
49
Boz – lochin.
50
Ottirmas – (otmoq) jismonan (kuchda) tamom ustun kelmoq ma’nosida.
51
Singir – bo‘ritomir.
52
Tuyrmoq – yig‘moq, o‘rab-chirmab olmoq.
53
Keshik – soqchi, qorovul.
54
Bezgaldak – ushoqqina bir qush turi.
55
Qo‘zilab – ya’ni bolalab…
56
Jahim – jahannam, do‘zax.
57
Kumbat – gumbaz.
58
So‘z – o‘t-olov. Topbod.
59
Hajar – tosh, sang.
60
Horut va Morut otli ikki farishtaning ozg‘in bo‘lib, Haq qullug‘in tark etganlari va Bobil qudug‘iga bosh quyi osilgani haqidagi rivoyatga ishora etilyapti. Satrning: «Turkka qulluq etgan ikki zot nadir»var ham bor. (A.J.)
61
Eshigna – eshigiga.
62
Kishti – kema.
63
Alim – 1.Bilguvchi, olim. 2.Bu o‘rinda Alloh demoqchi.
64
Alg‘araz – xullas.
65
She’r – tugamagan.
66
Ser – siyr, to‘q, och emas.
67
Ko‘z – cho‘g‘.
68
Bu satrdagi – «tushib» so‘zi, tushib ketmoq emas, voqi’ bo‘lmoq ma’nosidadir. (A.J.)
69
Uz – xo‘b, badiiy, yaxshi, binoyigina.
70
Bu o‘rinda «qochib qutuldi» ma’nosida, «qutulib qoldi» demoqchi.
71
Xamr – chog‘ir, vino, aroq.
72
«Biridan» – degan varyant ham bor.
73
Amin – Jabroyilni amin demoqchi.
74
Qurlar – qurilar.
75
Firg‘un – fir’avn.
76
Vahim – vahima.
77
«Oshno» so‘zi o‘rnida aslida «hayya» ya’ni yilon so‘zi ulangan (A.J.)
78
Asliyatda «uzra» so‘zi ulangan, ishlatilgan. (A.J.)
79
Dur – uzoq, yiroq.
80
Bu o‘rinda kamtar bo‘l demoqchi.
81
Pur – ko‘p, boy, mo‘l.
82
«Yo‘qotgil» – aslida «yetirgil» deb berilgan. Arab grafikasidan kirill alifbosiga o‘girishda xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Hattotni turkmancha «yetirgil» va «yitirgil» so‘zlari bir ko‘rinishda yozilishi chalg‘itgan. (A.J).
83
Gurizon – qochinglar.