Меҳнат ўқитиш методикаси

Меҳнат ўқитиш методикаси
Р. А. Мавлонова
""Mehnat o'qitish metodikasi" o'quv qo'llanmasida fanning mazmuni, boshqa fanlar bilan bog'liqligi, maqsad va vazifalari, dars va unga qo'yiladigan talablar, ta'limni tashkil etish, ta'lim-tarbiya ishini shakl va metodlarini o'tkazish talablari: og'zaki bayon qilish metodi, instruktaj metodlari, mustaqil ishlar, ekskursiya tashkil qilish metodlari: kino, muammoli vazifalar, mehnat ta'limi bo'yicha sinfdan tashqari mashg'ulot, ta'limning noan'anaviy shakllari kabi bo'lim va mavzular keng va batafsil yoritilgan. Dars jarayonida o'quvchilar bajarishlari lozim bo'lgan topshiriqlar va dars ishlanmalaridan namunalar ham kiritilgan. Shuningdek, o'quv qo'llanmadan bolalar madaniyat markazlari, to'garak rahbarlari ham shu sohada qiziqqan keng kitobxonlar ommasi foydalanishlari mumkin."

Mavlonova R.A., Satbayeva M.T.
Mehnat o‘qitish metodikasi: mehnat faoliyatini va darslarni tashkil etish bo‘yicha o‘quv metodikasi

Har qanday millatning ravnaqi, umum-bashariyat tarixida tutgan o‘rni, mavqeyi va shuhrati bevosita o‘z farzadlarining aqliy va jismoniy yetuklikligiga bog‘liqdir.
    I.A.Karimov.


KIRISH
„Ta’lim to‘g‘risidagi Qonun“ va „Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi“ ta’lim sohasidagi siyosatimizni belgilab berdi.
Bu qonunlar mustaqil, har tomonlama kamolga yetgan barkamol inson uchun zarur bo‘lgan ma’naviyat qirralari, iymon-e’tiqod, vatanparvarlik, insonga cheksiz muhabbat, do‘stlik, sadoqatlilik, mehnatsevarlik, milliy g‘urur kabi fazilatlarini shakllantirish lozimligi ta’kidlab o‘tilgan.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: „Har bir insonning, ayniqsa endigina hayotga qadam qo‘yib kelayotgan yoshlarning ongiga shunday fikrni singdirish kerakki, ular o‘rtaga qo‘yilgan maqsadga erishishi o‘zlariga bog‘liq ekanligini, ya’ni bu narsalar ularning sobit qadam, g‘ayrat, shijoatlariga, to‘la-to‘kis fidokorligi va cheksiz mehnatsevarliklariga bog‘liq ekanligini anglab yetishlari kerak.
Prezidentimiz tomonidan 2010-yil yilni „Barkamol avlod yili“ deb nomlanishi bejiz emas. „Barkamol avlod“ Davlat dasturida har tomonlama, yetuk va barkamol jihatdan tarbiyalangan: jismoniy, estetik, mehnat, ahloqiy, aqliy yosh avlodni tarbiyalab kelajakda kasbga yo‘llash ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maktabgacha tarbiya, maktab va akademik litsey hamda kasb-hunar kollejlari, ustoz va murabbiylarining oldiga ulkan ishlarni amalga oshirishdek mas’ulyatli vazifalar qo‘yadi.
Yuqorida qayd etilganlarni amalga oshirish maqsadida pedagogika kollejlari o‘quvchi va o‘qituvchilarning yosh avlodga mehnat tarbiyasi, kasb tanlash sirlarini o‘rgatish maqsadida „Mehnat o‘qitish metodikasi“ deb nomlangan o‘quv qo‘llanmani tavsiya qilmoqdamiz.
Mazkur o‘quv qo‘llanmada kollej o‘qituvchilariga metodik yordam sifatida mehnat o‘qitish metodikasi, DTS, o‘quv dasturi hamda mehnatni o‘qitish, uning maqsad vazifalari, o‘qitish usullari, dars tiplari, dars va unga qo‘yiladigan talablar hamda boshlang‘ich sinflarda o‘tiladigan mehnat darsi ishlanmalari va ko‘rgazmalaridan foydalanish usullari ko‘rsatilgan. Ilovada ish turlaridan namunalar kiritilgan.
Ushbu o‘quv qo‘llanmani tayyorlashdan asosiy maqsad hozirgi kunda pedagogika kollejlari o‘qituvchi va o‘quvchilari uchun mehnat metodikasi fanidan o‘quv qo‘llanma va darsliklar yetishmaydi.
Shuning uchun ushbu o‘quv qo‘llanma e’tiboringizga havola etilmoqda. Darhaqiqat har bir o‘sib kelayotgan yosh avlod kelajakda «Mehnat, mehnatning tagi rohat», «Mehnat qilib topganing, qandu asal totganing» kabi hikmatli so‘zlarga rioya qilib, hayotda o‘zlari sevgan kasb egalari bo‘lib etishadilar va O‘zbekistonimizning ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shadilar degan umiddamiz.

I bob. BOSHLANG‘ICH SINFLARDA MEHNAT TA’LIMI VA TARBIYASINING MAQSAD VA VAZIFALARI

REJA:
1. Меhnat o‘qitish metodikasi fanining maqsadi.
2. Mehnat o‘qitish metodikasi fanining vazifalari.
3. Mehnat ta’limi ixtisoslashtiruvchi o‘quv fanlaridan biridir.
4. Mehnat ta’limi metodikasi pedagogikaning tarmog‘i.
Mustaqil, har tamonlama kamolga yetgan barkamol inson uchun zarur bo‘lgan ma’naviyat qirralari iymon, e’tiqod, vatanparvarlik, insonga cheksiz muhabbat do‘stlik, sadoqatlik, mehnatsevarlik, milliy g‘urur kabi fazilatlarni shakllantirish zarur.
Buyuk allomalarimiz qilgan og‘zaki va yozma ijodiyot avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan iymon, e’tiqod sirlarining nazariy va amaliy jihatdagi bilimlar bilan yoshlarni qurollantirish lozim.
Kichik sinf o‘quvchilarini qo‘l mehnatiga o‘rgatishning asosiy maqsadi, boshlang‘ich mehnat elementlari bosqichlarini, ya’ni bajariladigan ishlarning oddiy elementlari (qog‘ozlarni buklash, qirqish, yelimlash, geometrik shakllarni yasash, applikatsiya ishlari)ni yasash bilan boshlaydilar.
Undan tashqari qo‘l mehnatiga o‘rgatishda „Tikish va bichish”, „Pazandachilik”, „Plastilin bilan ishlash”, „Qog‘oz va karton bilan ishlash”, „Applikatsiya va mozaika ishlari“ turlari bilan bosqichma-bosqich tanishib boradilar. Har bitta bo‘lim o‘quvchilarni hayotga mustaqil qilib tarbiyalashda muhim o‘rin egallaydi.
Yaratilgan mehnat natijalari o‘ziga va yon atrofdagilariga foydasi tegishini ko‘rgan o‘quvchi mehnatni asrab-avaylashga va mehnat kishilarining mehnat natijalarini ham hurmat-izzat qilishga o‘rganadi.
Topshirilgan ishga mas’uliyat hissini va mehnatdagi intizomni tarbiyalash, o‘qitishni ishlab chiqarish bilan birga olib borilishi, salomatlik va yosh uchun foydali, jamiyat uchun kerakli mehnat izchilligini amalga oshiradi.
Boshlang‘ich maktablarda Mehnat ta’limi va tarbiyasining asosiy vazifalari o‘quvchilarni mehnatga tayyorlash, o‘qitish va umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida kasb tanlash izchilligini takomillashtirish, davlat ta’lim standartlari talabi bo‘yicha tarbiyalash hamda o‘quvchilarni kasb-hunar egasi bo‘lib yetkazishda nazariy va amaliy bilim berishlardan tashkil topgan.
Mehnat madaniyatini tarkib topishi uchun darslarda doimo bolalarning e’tiborini asbob va materiallarni saqlash qoidasi hamda joylashtirish tartibiga, ish joyini to‘gri jihozlashga, materiallardan tejamkorlik bilan foydalanish usullariga, ish harakatlarini me’yori va sifatiga, ish ko‘rsatkichini ta’minlovchi tadbirlarga, ishlov berishda olingan aniqlik va tozalikka rioya qilishga va nihoyat narsani chiroyli qilib bezashga talab qilib borish kerak.
Kerakli material va asboblari bilan yetarli ta’minlanmaganlik ham mehnat madaniyatini shakllanishiga salbiy ta’sir etadi. Ba’zan o‘quvchilarning tayyorlanmaganliklari va uyushmaganliklari tufayli o‘qituvchining ko‘p vaqti bekorga sarf bo‘ladi, biri qaychisini, ikkinchisi qog‘ozini olib kelmasdan mashg‘ulotlarga qatnashish, ish qilayotgan o‘rtog‘idan narsa so‘rab chalg‘itadi. Shuning uchun o‘quvchi dars boshlashdan oldin guruh sardorlari yordamida o‘quvchilar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona yordamga tayanib o‘z vaqtida choralar ko‘rish lozim. Biroq har qanday holatda ham o‘quvchini uyga jo‘natmaslik yoki jazo berish tartibida o‘quvchini ishsiz qoldirmaslik kerak.
Mehnat ta’limiga ijodiy tashabbussiz yondashish mehnatning aqliy rivojlanish omiliga aylantirmaydi. Bilimlarni qo‘llash talab qilmaydigan, tafakkurni faollashtirmaydigan mehnat faoliyati aqliy qobiliyatlarni o‘stirmaydi.
Mehnat ta’limi u yoki bu mehnat jarayonida belgilangan tartibda va harakatlar izchilligiga rioya qilish kerakligini muntazam tushuntirib borish bilan birga bo‘ladigan ko‘p marta mashq qilishlar natijasida tarkib topadi.
Maktabdagi mehnat tarbiyasi va ta’limining maqsadi mehnatga muhabbat va mehnat ahliga hurmat tuyg‘usini singdirishdan; o‘qish va ijtimoiy foydali ish jarayonida ularda mehnat ko‘nikmalari va mahoratini hosil qilishdan; ongli ravishda kasb tanlashga va boshlang‘ich hunar ta’limini olishga undashdan iborat. Mehnat ta’limi va kasbga tayyorlash vazifalari boshlang‘ich maktabda butun ta’lim-tarbiya mavzusi hamda barcha o‘quv predmetlari yordamida hal etiladi. Bu o‘rinda mehnat darslari yetakchi rol o‘ynaydi.
Maktabda muntazam mehnat ta’limining boshlang‘ich bosqichi boshlang‘ich sinflardagi mehnat darslari hamda kichik maktab yoshidagi bolalarning qo‘lidan keladigan ijtimoiy foydali ishdir.
Boshlang‘ich maktabdagi mehnat ta’limining asosiy vazifalari tarbiyaning maqsad va vazifalari tomonidan belgilanib, u mehnatga axloqiy va psixologik tayyorlash, o‘quvchilarni boshlang‘ich texnikaga oid bilim bilan qurollantirish, mehnatga amaliy tayyorlash, mehnat malaka va ko‘nikmalari bilan qurollantirish, o‘quvchilarni «mehnat ta’limi jarayonida har tomonlama o‘stirish kabilardan tarkib topadi. Bu vazifalarni keyingi mavzularda alohida o‘rganamiz.

1.1. O‘quvchilarni mehnatga axloqiy jihatdan tayyorlash
Mehnatga axloqiy tayyorlash deganda eng avvalo, mehnatga ongli munosabatni shakllantirish tushuniladi.
Shu o‘rinda buyuk allomalarning hadislariyu, ilm, mehnat va hunar haqidagi fikrlaridan foydalanamiz:
1. Ey o‘g‘il! Qaysi fan bo‘lmasin, to uni mukammal egallamaguningcha harakatni to‘xtatma, bir ilm ikkinchi ilmni egallashga yordam beradi. Bir ilmni egallashga aqling yo‘l berdimi, uni oxirigacha egallamay turib, chala tashlab qo‘yma!

    A. Sheroziy.
2. Hunarni asrabon ketgumdir oxir,
Olib tuproqqamu ketgumdur oxir.
    Alisher Navoiy.
3. Aziz do‘stlar oltin va kumushi bo‘lmagan odam kambag‘al emas, balki es-xushi va kasb-hunari bo‘lmagan kishi kambag‘aldir.

    Abdulla Avloniy.
4. Mehnat inson hayotini farovon qiluvchi davlatdir.

    Abu Rayxon Beruniy.
5. Mehnat qilmoq insonga xosdur. Agar sen inson bo‘lsang, o‘z xulqingni mehnat tumori bilan beza.

    Alisher Navoiy.
6. Sen avvalo mehnatni qadrla va o‘zgalar qilgan mehnatni ham qadriga yet, shunda sen o‘zingni haqiqiy mehnatsevar deb bilursan.

    Imom al-Buxoriy.
7. O‘z mehnating bo‘lsin doim yo‘ldoshing,
O‘zga minnatidan og‘ritma boshing.
Kunlaring o‘tarkan terib dur-hikmat,
Kunlaring to‘liqdir bo‘lsa hur mehnat.
    Abdurahmon Jomiy.
Agarda boshlang‘ich sinflar o‘quvchilariga tadbiqan gapiradigan bo‘lsak, ularning bu yoshidan mehnatni sevish, shu mehnat natijalariga hurmat bilan yondashishlari nazarda tutiladi. Mehnatga munosabat shu mehnatning muhimligi va zarurligini tushunish, bunday mehnatda jonbozlik ko‘rsatish, ishga shaxsan mas’uliyatni his qilgan holda yondashish ijtimoiy mulkka tejamkorlik bilan munosabatda bo‘lishni anglatadi.
Mehnatga axloqiy tayyorlash – bolalarga jamoada ishlashni, do‘stona o‘zaro yordamni, ijodiy tashabbusni, tashkilotchilik qobiliyatlarini namoyish qilish va mehnatda xatti-harakat normalarini o‘rgatishdan iborat.
Mehnatga ruhiy jihatdan tayyorlash. Mehnatga ruhiy jihatdan tayyorlash murakkab, uzoq davom etuvchi va ko‘p qirrali jarayon bo‘lib, u butun mehnat ta’limi va tarbiyasiga singib ketgandir. U garchi o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lsada, mehnatga axloqiy tayyorlashga juda yaqindir.
Bolani mehnatga ruhiy jihatdan tayyorlash – bu unda mehnatga nisbatan uning yoshiga muvofiq keluvchi ongli va ijobiy munosabatlarni tarkib toptirish, unda amaliy malaka va ko‘nikmalarni egallashga qiziqishni shakllantirish demakdir. O‘qituvchining vazifasi o‘quvchilarga yoshligidan boshlab mehnat – bu har bir kishining vijdoni va burchi ekanligini, inson o‘z mehnati bilan sharaflanishini, faqat Vatan farovonligi yo‘lida qilingan mehnatdagina insonning eng yaxshi sifatlari rivojlanishi hamda takomillashishi mumkinligini anglashlariga yordam berishdir. Bolalarning mehnatga qobiliyati har bir kishi jamiyatning hayoti va faoliyati, uning farovonligi uchun zarur bo‘lgan vositalarni ishlab chiqarishda qatnashishi zarurligini anglashlari juda muhimdir. Shuningdek, bolalar jamiyatda kishi mehnatsiz yashay olmasligini ham uqib olishlari kerak.
Mehnatga ruhiy jihatdan tayyorlash turli psixologik jarayonlarni rivojlantirish va takomillashtirishni nazarda tutadi. Bular sezib anglash, emotsional idrok, diqqat, xotira, tafakkur va shu kabi jarayonlardir. Boshqacha qilib aytganda, ular mehnatning psixologik tarkiblari deyiladi.
Mehnatga o‘rgatishda bolaning imkoniyatlarini nazarda tutib, hissiy bilish jarayonini takomillashtirish zarur. Ma’lumki, mehnat faoliyati, mehnat ta’limi uchun ham turli sezgilar yig‘indisining (ko‘rish, eshitish, his etish, ta’m bilish, teri, muskul harakati) namoyon bo‘lishi xarakterlidir. Shuning uchun o‘qituvchilar quyi sinf o‘quvchilariga yangi materialni yoki asbobni tanishtirayotganlarida bolalardagi sezgining barcha turlarini faollashtiradilar: bolalar qog‘ozni ushlaydilar, silaydilar, aylantirib ko‘rib chiqadilar, uning qanday shitirlashiga quloq soladilar. Sezgilarning bunday faollashuvi ma’lumot haqida to‘liqroq tasavvurga ega bo‘lishga yordam beribgina qolmay, balki bu psixologik jarayonni rivojlantiradi, takomillashtiradi.
Mehnatga tayyorlashning yanada muvaffaqiyatliroq bo‘lishi uchun bolalarning xotiralarini o‘stirish vazifasi ham albatta amalga oshiriladi. Mehnat bo‘yicha o‘quv materiallarini eslab qolish boshqa buyumlarga nisbatan o‘ziga xos xususiyatga ega. Barcha yangi asboblar, materiallar, jarayonlarning nomini boshlang‘ich sinf o‘quvchilari buyumni ko‘rib idrok etish bilan fikran biriktirib, tinglab fahmlaydilar. O‘qituvchi mehnat darsida faqat tushuntiribgina qolmay, balki asosan material va buyumlar namunasini, asboblarni, materialga ishlov berish usullarini, jarayonlarning izchilligini ko‘rsatadi. Shuning uchun mehnat ta’limida eshitish, ko‘rish xotirasi va xarakatlantiruvchi xotira ham muhim o‘rin egallaydi. O‘quvchilarda mehnat darsidan mehnat darsigacha yangidan yangi bilim va ko‘nikmalar mujassamlashib boradi, ularni esa anglash hamda xotirlab qolish kerak.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mehnat malaka va ko‘nikmalarini o‘rgatish natijalari ko‘p jihatdan psixologik jarayonlarining rivojlanganligiga, bosh miya nazorati ostidagi mushak harakat apparatining takomillashganligiga bog‘liqdir.
Mehnat ta’limining to‘g‘ri borishida emotsional jarayonlar ham xarakterlidir. Bolalarni qiyinchiliklarni yengishga, qo‘yilgan maqsadga yerishish yo‘lida matonat va qat’iyat bilan kirishishga, boshlagan ishni chala tashlab ketmay, balki oxiriga yetkazishga o‘rgatish lozim. Bu o‘rinda ijobiy emotsiyalar: mehnatdan quvonish, lazzatlanish va qoniqish hissiyotlarining namoyon bo‘lishi juda muhimdir. Mehnatda turli psixologik holatlar: faollik, diqqatning jamlanishi, qiziqish, mustaqil fikr yuritish, qoniqmaslik kabi tuyg‘ular namoyon bo‘ladi.
Mehnatda shaxsning qiziqish, qobiliyat, temperament kabi individual psixologik xususiyatlari shakllanadi.
Mehnatga ruhiy jihatdan va axloqiy jihatdan tayyorlash jarayoni murakkab va uzoq davom etuvchi jarayondir.
Mehnatga ma’naviy va psixologik tayyorlash o‘zining real bazasiga – texnikaga oid bilim, amaliy malaka va ko‘nikmalarning ma’lum zaxirasiga ega bo‘lishi kerak. Agarda bola mehnat qilishga o‘rgatilmagan bo‘lsa, uning uchun mehnat faoliyati maqbul mashg‘ulotga aylanmaydi, unda kerakli ijobiy emotsiyalarni va boshqa psixologik ko‘rinishlarni keltirib chiqara olmaydi. Bunday hollarda mehnatga munosabatni ifodalovchi mehnatga muhabbat ham boshqa axloqiy sifatlar ham namoyon bo‘lmaydi.

1.2. Boshlang‘ich texnikaga oid bilim bilan qurollantirish
Boshlang‘ich sinflarda keng ma’nodagi ilmiy asoslar haqida emas, balki texnikaga oid ta’limning elementlari to‘g‘risida gap boradi. Biroq umumta’lim fanlarini o‘qitish mehnat darslarini ma’lum darajada texnikaga oid asoslarda, darsdan darsga texnikaga oid bilimlarni qo‘shib olib borishga yordam beradi.
Mehnat bo‘yicha dasturning istalgan bo‘limini o‘tishda o‘qituvchi bolalarga ma’lum hajmdagi texnikaga oid bilimlarni beradi. Boshlang‘ich texnikaga oid bilim bilan qurollantirish o‘quvchilarga predmetni yasash, ishlov berilayotgan materialning xususiyatlari, texnologik o‘ziga xosliklari, materialga qo‘lda ishlov berilganda qo‘llanadigan asbob va moslamalarning xususiyatlari, ulardan foydalanish qoidalari haqida ma’lumot berishdan iboratdir.
Boshlang‘ich sinflarda keng ma’nodagi ilmiy asoslar ba’zi tarmoqlar, eng ko‘p tarqalgan mutaxassislik va kasblar, korxonalarning asosiy mahsulotlar bilan tanishtirishni nazarda tutadi.
Mehnat bo‘yicha beriladigan texnikaga oid ta’lim o‘quvchilarga nima uchun buyumga unday yoki bunday ishlov berish mumkinligini, nima uchun o‘simlik soya yoki yaxshi ishlov berilmagan yerda yomon o‘sishini, nima uchun inson o‘zi va kiyimlarini toza tutishi kerakligi kabilarni anglashlariga imkoniyat yaratadi.
Texnikaga oid tayyorgarlikka ega bo‘lish qo‘yilgan mehnat vazifalarini bajarishda, asboblardan to‘g‘ri foydalanishda yordam beradi. Shuningdek, bu tayyorgarlik kerakli ishlab chiqarish jarayonlarini qanday va qaysi izchillikda amalga oshirish, qanday asboblarni qo‘llash va uning sabablarini anglashga ko‘maklashadi.
Texnikaga oid bilimlar asosan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida fan-texnika yutuqlariga nisbatan qiziqish uyg‘otadi.
Texnikaga oid bilim doirasi faqat mehnat darslaridagina kengaytirilmaydi. Bunga o‘qitilayotgan boshqa fanlar ham o‘z ulushini qo‘shadi. O‘quvchilarga berilayotgan texnikaga oid bilim, amaliy ko‘nikma va malakalarga o‘rgatishni ma’lum nazariy darajada amalga oshirishga imkon beruvchi zamindir.
Mehnatga amaliy jihatdan tayyorlash
Mehnat ko‘nikmasi va malakalari bilan qurollantirish. Mehnatga amaliy tayyorlash mehnat ta’limining muhim bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi. U o‘zaro bog‘langan bir necha elementlardan: oddiy asbob va moslamalardan foydalana bilish, kerakli jarayonlarni to‘g‘ri va aniq amalga oshira bilish, ya’ni u yoki bu materialga ma’lum izchillikda ishlov bera olish, yo‘l qo‘yilgan xatoni o‘z vaqtida aniqlash va to‘g‘rilay olish kabilardan tarkib topadi.
Mehnatga amaliy tayyorlash faqat kerakli bilimlar bazasidagina amalga oshishi mumkin. U boshlang‘ich maktabda boshlang‘ich texnikaga oid bilimlarga asoslanadi. Mehnat ta’limining mazmuniga muvofiq o‘quvchilar mazkur yosh uchun qulay bo‘lgan materiallarga ishlov berishda qo‘llaniladigan oddiy asbob va moslamalarni ishlatishning amaliy malaka va ko‘nikmalarini egallaydilar.
Oddiy asbob moslamalar maxsus asbob va mashinalarning bosh asosi hisoblanadi.
Amaliy malaka va ko‘nikmalar bilan qurollantirish asosiy ishlab chiqarish jarayonlarini o‘rgatish ham demakdir. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari duch keladigan buyumlar texnologiyasi xilma xildir, biroq bu masalani batafsil o‘rganmasdanoq ish jarayonlarining aniqligini sezib olish qiyin emas, ular: materialni o‘lchash va belgilash ularga egib, qirqib ishlov berish; qismlarini yelimlash, tikish, kesish va bog‘lash kabi yo‘llar bilan birlashtirish va mustahkamlash; detallarni yig‘ish va buyumni montaj qilishdir. Yakunlovchi jarayon buyumni bezashdir. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini mehnatga amaliy tayyorlashga grafik malakalarni shakllantirish ham taalluqlidir.
O‘quvchilardagi mehnatning ma’lum turiga bo‘lgan mayl va qiziqishni o‘z vaqtida aniqlash va ularga mehnat malakalarini sevgan mashg‘ulotlarida takomillashtirishlariga yordam berish juda muhimdir. Sevgan mehnatga bo‘lgan qiziqishdan qo‘shimcha maqsadlarda ham foydalanish mumkin.
Mehnat ta’limi jarayonining o‘sishga ta’siri
Mehnat ta’limining vazifalari haqida gapirilganda o‘quvchilarni har tomonlama: aqliy, axloqiy, jismoniy, estetik o‘stirishni tilga olmaslik mumkin emas.
Bolalarni aqliy o‘stirishda mehnat ta’limining roli ko‘p qirralidir. Mehnat o‘quvchilarning bilim olishga intilishlarini qo‘zg‘ovchi vositagina emas, balki uning manbayi hamdir. Mehnat ta’limi jarayonida o‘quvchilarni aqliy o‘stirishda jismoniy va aqliy mehnatni almashtirib turish muhim ahamiyatga egadir. Biroq har qanday mehnat ham aqliy o‘sishga yordam bermasligini unutmaslik kerak. Mehnat ta’limiga ijodiy tashabbussiz yondashish mehnatni aqliy rivojlanish omiliga aylantirmaydi. Bilimlarni qo‘llashni talab qilmaydigan, tafakkurni faollashtirmaydigan mehnat faoliyati aqliy qobiliyatlarni o‘stirmaydi.
Mehnat eng muhim iroda va axloqiy sifatlarning rivojlanishiga yordam beradi. Mehnat ta’limida mehnatga psixologik tayyorlik, mehnat faoliyatining to‘g‘ri jihatlari tarbiyalanadi, shaxsning har bir ongli mehnatkash uchun zarur bo‘lgan sifatlari shakllanadi.
Darslarning jihozlanganligi o‘z mehnati uchun shaxsiy mas’uliyatni, mehnat madaniyatini tarbiyalashda katta ahamiyatga egadir. Agarda bolalar yomon jihozlangan sinfda, qo‘pol, og‘ir va yoshlariga nomuvofiq asboblar bilan shug‘ullansalar, ish natijalari ko‘ngildagidek bo‘lmaydi. Bunday sharoitda, tabiiyki, mehnatga muhabbatni, tartiblilikni, aniqlikni, asboblarga ehtiyotkorona munosabatni tarbiyalash qiyin bo‘ladi.
Mehnat madaniyatining tarkib topishi uchun darslarda doimo bolalarning e’tiborini asbob va materiallarni saqlash qoidasi hamda joylashtirish tartibiga, ish joyini to‘g‘ri jihozlashga, materiallardan tejamkorlik bilan foydalanish usullariga, ish harakatlari me’yori va sur’atiga ish sifatini ta’minlovchi tadbirlarga, ishlov berishda olingan aniqlik va tozalikka rioya qilishga va nihoyat, narsani chiroyli qilib bezashga jalb qilib borish kerak.
Agarda o‘qituvchining talablari amaldagi faktlardan ajralib tursa va buning natijasida shartli bo‘lib qolsa, agarda bola har bir qadamida tartiblilikka, tozalikka, aniqlikka rioya qilishi lozimligiga ishonch hosil qilmasa, bolalarni mehnatga muhabbat ruhida tarbiyalashda muvaffaqiyatga erishish haqida gapirish qiyin.
Tartiblilik, tozalik, aniqlik, intizomlilik talablari mehnat jarayoni va vositalarini o‘zining ehtiyojidan kelib chiqmay, bu faqat pedagogninggina talabi bo‘lgan hollarda ham mehnatning tarbiyaviy ahamiyati pasayadi.
Mehnat madaniyati malakalari u yoki bu mehnat jarayonida belgilangan tartibga va harakatlar izchilligiga rioya qilinishi lozimligini muntazam tushuntirib borish bilan birga bo‘ladigan ko‘p marta mashq qilishlar natijasida tarkib topadi.
Kerakli material va asboblar bilan yetarlicha ta’minlanmaganlik ham mehnat madaniyatining shakllanishiga salbiy ta’sir etadi. Ba’zan o‘quvchilarning tayyorlanmaganliklari va uyushmaganliklari tufayli o‘qituvchining ko‘p vaqti bekorga sarf bo‘ladi: biri qaychisini unutib, biri qog‘ozsiz kelib ish qilayotgan o‘rtog‘ini narsa so‘rab chalg‘itadi. Shuning uchun o‘qituvchi dars boshlanishidan oldin guruh boshlig‘i yordamida o‘quvchilar o‘rtasidagi do‘stona o‘zaro yordamga tayanib o‘z vaqtida choralar ko‘rishi lozim, biroq hech qanday holatda ham u o‘quvchini uyiga jo‘natmasligi yoki jazo berish tartibida o‘quvchini ishsiz qoldirmasligi kerak, afsuski, bunday hollar amaliyotda uchrab turadi. O‘quvchilar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro yordam esa ularda do‘stlik, birodarlik, jamoa bo‘lib ishlash hissiyotlarini tarbiyalaydi.
Mehnatning tarbiyaviy kuchi bolaning mehnatga munosabatiga ko‘p jihatdan bog‘liqdir. Ishtiyoq bilan berilib qilinayotgan mehnat majburan qildirilayotgan mehnatga nisbatan bolalarning ongiga, hissiyoti va irodasiga kuchliroq ta’sir etadi. Shuning uchun o‘quvchilar biror predmetni yasashga kirishishlaridan oldin o‘qituvchi bu predmetning zarurligini, uni qo‘llash o‘rni va maqsadini tushuntnrishi, so‘ngra uni yasash usullari va jarayonini tushuntirishga o‘tishi mumkin.
Bolalar tayyorlagan buyumlarning o‘z o‘rnida qo‘llanilishi ham katta ahamiyatga egadir. Ular o‘z mehnatlarining foydaliligini ko‘rganlarida, ularda o‘z mehnatlarining natijasidan qoniqish, yana qandaydir foydali, yaxshiroq narsani qilishga intilish paydo bo‘ladi. Ularda o‘z qobiliyatlariga ishonch, narsalarga xushyor munosabatda bo‘lish hissiyoti uyg‘onadi, chunki bolalar atroflaridagi buyumlarning qanday mehnat evaziga yaratilganligini anglaydilar.
Shunday qilib, o‘quvchilarga o‘zi yaratayotgan narsalarning foydaliligini tushuntirish, ularni tayyorlash usullarini ko‘rsatishgina emas, balki bu buyumni mo‘ljallangan o‘rnida ishlatish ham mehnat tarbiyasini to‘g‘ri amalga oshirishni o‘qituvchidan talab qilinadi va bu talab mehnat tarbiyasining zaruriy elementi hisoblanadi.
Hayotda bola „o‘z narsasi“, „o‘z modelini“ avaylab saqlashini va qadrlashini, biroq hech bir o‘ylamay boshqalar yasagan, o‘zinikidan ancha qimmatliroq bo‘lgan buyumni qirqishi, sindirishi, buzib tashlashini ko‘plab uchratish mumkin. Bolalar o‘zlarining narsalarini odatda asraydilar, bu narsalarga fikran va xayolan qaytadilar, chunki bunga ular kuch, mehnat sarflagan, uni yasashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, yana qaytadan tiklab nuqsonlarini to‘ldirgan.
Har qanday mehnatga ijod elementlari qo‘shilsa, uning tarbiyaviy ahamiyati ortadi. O‘quvchilar agarda buyumni bezashni o‘zlari o‘ylab topsalar juda quvonib ketadilar.

1.3. Mehnat malakalari va ko‘nikmalari
O‘quvchilarni tarbiyalash va ularni bo‘lajak amaliy faoliyatga tayyorlashda mehnat malakalari va ko‘nikmalari katta rol o‘ynaydi. Quyi sinf o‘quvchilariga mehnat ta’limini berish vazifalaridan biri ularda bir qator mehnat malakalari va ko‘nikmalarini shakllantirishdir.
Mehnat malakalari va ko‘nikmalari faqat mehnat ta’limininggina natijasi bo‘lib qolmay, balki o‘quvchilarni mehnat faoliyatiga, ijtimoiy foydali ishlab chiqarish mehnatini bajarishga jalb qilish sharti hamdir.
Ko‘nikma – bu kishining bilim va elementar tajriba asosida egallagan, ma’lum harakatni ongli bajarishga bo‘lgan qobiliyatidir. Masalan, kartonni kesa bilish ko‘nikmasi, qaychini to‘g‘ri ushlay bilish, harakatni aniq muvofiqlashtirish, yo‘nalish, kuch va bosimning tengligini saqlash, qomatni muvofiq keluvchi tarzda tutish degan ma’noni anglatadi. Bu o‘rinda ustalik bilan harakat qilib, ma’lum ish shartlariga, masalan, ishning sur’ati va aniqligiga rioya qilish kerak. Aks holda ish qo‘pol chiqishi mumkin.
O‘quvchilarning bilimlari ish jarayonida bajarilayotgan harakatlarning nazariy asosi hisoblanadi. Harakatning ayrim bosqichlari va ularning izchilligni ana shu bilimlar orqali anglanadi, tushuniladi.
Elementar tajriba o‘quvchilarga faoliyatning ma’lum turi bo‘yicha tasavvur beradi. Bunday tasavvurlarni yaratishda o‘quvchilarning shaxsiy tajribalari ham, o‘zgalar tajribasining (so‘z, grafik tasvir orqali berilgan natural ko‘rsatish va shu kabilarning) ular tomonidan idrok etilishi ahamiyatlidir. Biroq shaxsiy tajriba yetakchi rol o‘ynaydi.
O‘zgalar tajribasini idrok etish faqat shaxsiy tajriba mavjud bo‘lgandagina ijobiy natija ko‘rsatadi. O‘rganuvchilarning shaxsiy tajribasi o‘zgalar tajribasini o‘rganish uchun zamindir deb ta’kidlagan edi. Berilayotganni o‘zlashtirish – bu o‘zgalar tajribasining natijalarini o‘z tajribasining ko‘rsatkichlari bilan qiyoslashdir. O‘zgalar tajribasi bo‘lajak ish uchun o‘ziga xos namuna, yo‘l yo‘riqdir.
O‘zi uchun yangi bo‘lgan harakatni bajarishda o‘rganuvchi dastlab ko‘p ortiqcha harakatlar qiladi, ularni moslashtira olmaydi, harakatlarni no‘noqlik bilan qiladi, tez charchaydi. Mazkur harakat ko‘p karra takrorlanganda o‘rganuvchi mehnat mahoratini va chaqqonlikni egallaydi.
Mehnat harakatlarining mukammallashuvi sintetik bosqichda maxsus mashqlar ta’sirida yuzaga keladi. O‘rganuvchining ongi ayrim harakatlarni yaxlit harakatga birlashtirish jarayoniga yo‘llangan bo‘ladi.
Malaka – faoliyatning mashq qilishlar jarayonida yetilgan, tezlashgan komponentidir. Bu tez va aniq bajarishni mashq qilish tufayli tarkib topgan elementar avtomatlashgan ko‘nikmadir.
Malaka – bu ma’lum miqdordagi mashq va usullar bajarilganda ko‘nikmadan sakrab o‘tish degan ma’noni anglatadi. Shuning uchun mazkur ko‘nikma agarda malakani yuzaga keltirishni nazarda tutgan mashq va usullar to‘g‘ri tuzilgan bo‘lsa, u to‘g‘ri malakaga aylanishi mumkin. Biroq malakaning takomillashuv darajasi o‘qitishning turli bosqichlarida turlichadir. Uning strukturasi ham o‘zgaruvchandir. Mashqlar jarayonida o‘quvchilar bajarayotgan harakatlar murakkablashib borgan sari, asta-sekin oddiy malakalarning murakkab malakalarga birlashuvi sodir bo‘ladi.
Shu bilan birga barcha ko‘nikmalar malakaga aylanavermaydi. Faqat faoliyatning u yoki bu turini, uning ayrim harakatlarini bajarishning texnik tomonigina avtomatlashadi. Faoliyatning o‘zi ongli, ya’ni murakkab ko‘nikma bosqichida davom etaveradi, bu ko‘nikma tarkibiga ko‘pgina elementar malakalar (o‘lchay bilish, asboblarni ishlata bilish va boshqalar) kiradi. Vaqtning cheklanganligi tufayli boshlang‘ich sinflardagi mehnat ta’limi darslaridagi ish ko‘nikma bilan yakunlanadi.
Malaka o‘quvchilarni bilim bilan qurollantirish jarayoni uzviy bog‘liq holda shakllantiriladi va asosan ana shu bilimga tayanadi.
Bilimga tayanmay, faqat boshqalarning harakatlariga mexanik taqlid qilish asosida egallangan malaka texnikaga oid malaka bo‘lolmaydi. Bu tor ma’nodagi malakadir. Ikkinchi tomondan, mehnat malakalari va ko‘nikmalarini faqat fikrlash bilan shakllantirib bo‘lmaydi, buning uchun ma’lum darajada davomli mashq qilish zarur, eng asosiysi o‘quvchilarning amaliy mehnat faoliyatida qatnashishlaridir.
Mehnat ko‘nikma va malakalarini shakllantirish quyidagi asosiy bosqichlardan tarkib topadi:
a) kirish instruktaji;
b) mehnat harakatlarini sinov uchun qilish;
d) ish harakatlari;
e) yakun chiqarish.
Kirish instruktaji bo‘lajak ishni bajarish usullarini, qo‘llanadigan asboblar, mexanizmlar, materiallarning ko‘rsatilishini o‘ziga biriktirgan og‘zaki tushuntirish metodi bilan yoki tarqatma material sifatida yozma, yozma grafik va grafik hujjatlardan, ularning strukturasi hamda qo‘llashning xususiyatlarini og‘zaki tushuntirishni qo‘shgan holda namoyish etish metodidan foydalanib o‘tqazilishi mumkin. Bu vaqtda o‘qituvchining ko‘rsatib borishi katta rol o‘ynaydi. Metodik hamda texnik jihatdan to‘g‘ri bo‘lgan, tushuntirishlar bilan birga olib boriladigan ko‘rsatish o‘quvchilarda bo‘lajak harakat, namuna haqida to‘g‘ri tasavvurning yuzaga kelishiga yordam beradi. O‘qituvchining ko‘rsatishi quyidagi qator talablarga javob berishi:
1. Кo‘rsatilayotgan harakat eng maqsadga muvofiq, barcha munosabatlarda ham namunali bo‘lishi kerak.
2. Кo‘rsatish namunaning ongli idrok etilishiga yordam berishi kerak. O‘qituvchi o‘quvchining e’tiborini harakatning eng asosiy ahamiyatli tomoniga yo‘llashi, boshqa harakatning emas, aynan shu harakatning maqsadga muvofiqligini asoslashi, ularning konstruksiyani ongli egallanishiga erishishi lozim. Shuning uchun ko‘rsatish doimo qisqa tushuntirish bilan birga boradi.
3. Кo‘rsatish harakat namunasining o‘quvchilar tomonidan faol idrok etilishini ta’minlashi kerak. Aktivlik tafakkur faoliyatida hamda ko‘rsatilayotgan narsani idrok etishda analizatorlar miqdorining ko‘payishida ifodalandi. Ko‘rsatishga faqat ko‘ruv emas, balki eshitish, sezish va boshqa qo‘zg‘ovchilarni qo‘shish orqali erishiladi.
4. Ko‘rsatilayotgan harakat barcha detallari bilan har bir o‘quvchiga yaxshi ko‘rinishi kerak.
O‘rganuvchilarning harakatni sinov uchun qilishlari asta sekin ish harakatiga aylanadi. Ayrim harakatlar bir butun harakatga qo‘shilib ketadi, uni bajarish asosida chaqqonlik va ravonlik shakllanadi.
Ko‘rish nazorati o‘rnini asta-sekin harakat analizatorining nazorati egallaydi. Shunga ko‘ra o‘rganuvchining ongi ayrim harakatlardan harakatning yakuniy natijasiga ko‘chadi. Malaka tarkib topadi. Ishga yakun yasashda o‘qituvchi o‘quvchilar bilan suhbat metodini qo‘llaydi, ularning yutuq va kamchiliklarini tushuntiradi, zarur bo‘lsa ayrim harakatlarni bajarish usullarini qayta ko‘rsatadi.
Mehnat malakalari va ko‘nikmalarini shakllantirish jarayonidagi mashqlar.
Mehnat malakalari va ko‘nikmalarini shakllantirishga mo‘ljallangan mashqlar faqat vaqtga ko‘ra taqsimlanganda hamda ma’lum mavzu asosida o‘tkazilgandagina ijobiy natija beradi.
Mashqlar mavzusi quyidagi asosiy talablarni o‘z ichiga oladi:
1. Mashqlarning materiali qiyinlikning ortib borishini nazarda tutgan holda joylashtirilishi lozim.
2. Keyingi materialning hammasi to‘liq tarzda oldingi materialga asoslanishi lozim.
3. Mustaqillik darajasi ortib borishi kerak.
Mehnat malakasining muvaffaqiyatli bo‘lishi bir qator shartlarga bog‘liq.
Malakani shakllantirishdagi muvaffaqiyatning birinchi sharti qo‘yilgan maqsadning aniqligi, faoliyat natijasida nimaga ega bo‘lishini anglashdir. Mehnat darslarida o‘qituvchi o‘quvchilarga yasalishi lozim bo‘lgan buyumnini ko‘rsatadi. So‘ngra uning ayrim detallarini qanday tayyorlash kerakligini tushuntiradi, o‘quvchilar esa o‘z ishlarida o‘qituvchining ko‘rsatmalariga rioya qilib, kerakli harakatlarni egallab boradilar.
Malakani muvaffaqiyatli shakllantirishning ikkinchi sharti faoliyatni rejalashtirishdir. Mehnatni rejalashtirish ishning maqsadini yaxshiroq anglash, mehnat mahsulotini, mehnat natijasini tasavvur qilish, mehnat jarayonlarini, ularning izchilligini o‘ylab chiqish hamda uning nozik joylarini ajratish imkonini beradi. Quyi sinf o‘quvchisiga (garchi o‘qituvchi ish natijasida nimaga ega bo‘lishi, nimaga intilishi lozimligini aytgan bo‘lsada) butun mehnat jarayonini qamrab olish ba’zan qiyinlik qiladi. Shuning uchun ish jarayonini ayrim kichik bosqichlarga taqsimlash va o‘quvchining faoliyati jarayonida yirikroq topshiriqlarga birika oladigan mayda topshiriqlarni ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir.
O‘quvchi o‘z faoliyatini mustaqil rejalashtirmas ekan, uning malakasi hech qachon to‘liq bo‘lmaydi.
Malakani muvaffaqiyatli shakllantirishning uchinchi sharti o‘zini o‘zi nazorat qilishdir. Nazorat ish yakunida hamda ish jarayonida amalga oshiriladi. Nazorat malakani shakllantirish jarayonidayoq faoliyatning qanday bo‘layotganligini, unda qanday nuqsonlar borligini va qanday ijobiy vaziyatlar mavjudligini anglash imkonini beradi.
Nazoratning yo‘qligi ko‘pincha xato va nuqsonlarning mashqlar jarayonida ortib borishiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida yetilmagan harakat va usullarning shakllanishiga sabab bo‘ladi.

1.4. Mehnat ta’lim o‘qituvchilarni tayyorlash
Mehnat ta’lim o‘qituvchilarni tayyorlash pedagogika kollejlari va pedagogika institutlarida amalga oshiriladi. Mehnat ta’lim o‘qituvchilarni tayyorlash o‘quv rejasida umumiy ta’lim fanlari va maxsus fanlar siklini o‘qitish nazarda tutilgan. Maxsus fanlarni umumtexnik va pedagogika fanlariga ajratish mumkin. Mehnat ta’lim o‘qituvchisi tayyorlashda mehnat ta’lim metodikasi ixtisoslashtiruvchi fan hisoblanadi. Bu fan boshqa fanlarni takrorlama yoki ular bilan yaqin bog‘lanishda bo‘ladi.
Bo‘lajak o‘qituvchi „Mehnat ta’lim metodikasini o‘rganar ekan umumiy ta’lim maktabdagi mehnat ta’limining vazifalarini shu pridmet bo‘yicha o‘quv prossesining tashkiliy prinsiplarini va uning mazmunini anglab olishi, maktab ustaxonalarida ta’lim-tarbiya jarayonini muvaffaqiyatli olib borishda yordam beradigan metodik vositalar tizimini egallash kerak.
„Mehnat ta’limi metodikasi“’ kursining alohida roli shuki, o‘quvchilarni mehnatga tayyorlash jarayonida ularda mehnatga havas, hurmat, to‘g‘ri munosabat tarkib toptirish kerak.
Bo‘lajak o‘qituvchiga ana shu sharoitlardan qanday qilib to‘la foydalanishni ko‘rsatish kursining vazifalaridan biridir.

1.5. Mehnat ta’limi metodikasi pedagogikaning tarmogi
Mehnat ta’limi metodikasi fanining tarmog‘i sifatida o‘z obyektlari, vazifalari va tadqiqot metodlariga ega. Mehnat ta’limi jarayoni shu jarayonning hamma jihatlarini, o‘quv materialining mazmuni, o‘qitisn natijalari va boshqalar o‘rganish obyekti hisoblanadi. Bu jarayonining hamma tomonini o‘rganish o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak.
Pedagogika fanining tarmog‘i sifatidagi mehnat ta’limi metodikasi oldiga quyidagi asosiy vazifalarini qo‘ygan:
1. Mehnat ta’limi vazifalarini asoslash, ularning tarbiyaviy va ta’limiy ahamiyatini ochib berish. Mehnat ta’limi vazifalari fan va texnikaning rivojlanishi, hozirgi zamon ishlab chiqarish yoshlarni mehnatga tayyorlash bilan bog‘liq. Mehnat ta’limi jarayoni o‘quvchilarda mehnatga muhabbat, kishilarga hurmat hissini shaklantirish kerak.
2. O‘quv materialini mazmunini asoslash. Ayrim narsalarni yaxlit holatdan yakka tushuntirishga olish ham yaxshi natija beradi. O‘quv materialini tizimli mavzuga solib undan unumli foydalanish kerak.
3. Ta’lim jarayonini tashkil etishning prinsiplarini, usullarini ishlab chiqish va unga rioya qilish kerak. Maktab amaliyotida o‘quvchilar ishini tashkil etishning 3 ta asosiy frontal, brigada va individual formalari o‘zining ijobiyligini ko‘rsatdi;
4. Sinfdan va maktabdan tashqari ishlar mazmuni va metodikasini ishlash davlat ta’lim tizimiga ko‘ra 9-sinfdan keyin kasb tanlash erkinligi, shu bilan birgalikda majburiy ta’lim joriy qilingan:
a) kuzatish – ilmiy bilish metodi;
b) eksperemental – tajribada sinab ko‘rish metodi;
d) ilg‘or pedagogik tajribalarni o‘rganish va umumlashtirish metodi;
e) Nazariy tadqiqotlar – o‘quv jarayonni tashkil etish metodikasi, yosh fiziologiyasi, gigiyena va pediatriya ma’lumotlariga tayanadi.
Bu fanlarning ma’lumotlaridan foydalanib ish rejimi, mashqlarning xarakterli masalalari hal qilinadi, asboblar va jihozlarga doir normativlar ishlab chiqiladi.

Savollar
1. Mehnat ta’limining maqsadi qaysilar?
2. Mehnat ta’limining qanday vazifalari mavjud?
3. Mehnatga qanday munosabatda bo‘lish kerak?
4. Mehnatga doir texnik bilimlar bilan qurollantirish qanday amalga oshiriladi?

Topshiriqlar
1. Qo‘l mehnati darslarida o‘quvchilarning qaysi psixologik xususiyatlari shakllantirilishini amalda ko‘rsatib bering.
2. Mehnat ta’limi jarayonining o‘sish ta’siriga misollar keltiring.

1.6. Mehnat metodikasi fanining boshqa fanlar bilan bog‘lanishi
Mehnat metodikasi fani pedagogika, psixologiya, tabiat, o‘lkamiz tarixi, o‘quv ustaxonasida amaliy mashg‘ulot metodikasi, ona tili, tasviriy san‘at, o‘qish, iqtisod bilan bog‘liq.
O‘quvchilar matematika darslarida o‘rgangan son, sanoq son yig‘indi, ayirma, mavzularini mehnat darsida ishlatishi mumkin. Masalan: O‘quvchilar bir necha gul yaproqlarini sanab chiqib qirqadilar. Gullarni qirqishda sanoq asosida doira shakllari chizib qirqiladi. Barcha olingan bilimlar mehnat darsida mustahkamlanadi.
Ona tili darslarida o‘rgangan mavzular mehnat darslarida ham qo‘llash mumkin. Masalan:
Sifat mavzusi mehnat darsining ko‘p mavzularida qo‘llanadi. Orttirma, qiyosiy daraja, kamaytirma musbat tushunchalar bo‘ladi. Ranglarni bir-biridan farqi: Qizil, qip-qizil, qizg‘ish, katta, kattaroq, kichikroq.
O‘qish darslarida masal, ertak, sh’er, hikoya o‘qishadi. O‘rganilganlar asosida mehnat darsida aplekatsiya yasash mavzusi bo‘ladi. Masalan: 1-sinflarda „Bo‘g‘isoq”, „Sholg‘om“ ertaqlari asosida aplekatsiya yasaladi. Aplekatsiyani bajarishdan oldin o‘quvchi tomondan ertak so‘zlab beriladi.
Tabiyatshunoslik fani bilan bog‘liqligi darslarda o‘quvchilar tabiat in’om etgan barglar, urug‘lar, mevalar, postloq, daraxt shoxlari, parranda patlari, loylardan o‘yinchoqlar, aplekatsiyalar yasashadi.
Tarix fani bilan bog‘liqligi qog‘oz mavzusini o‘tishda uning kelib chiqishi tarixi, kulolchilk, naqqoshlik, kashtachilik, misgarchilik, yog‘ochsozlik tarixi haqida o‘quvchilarga tushuncha beriladi. Bunda o‘quvchilarga milliy an‘analarimizga nisbatan muhabbat uyg‘otishadi.
Tasviriy san’at darsi bilan mehnat darsi chambarchars bog‘liqdir. Bu ikki fan har doim bir-birini to‘ldirib boradi. Chunki yasalgan narsa tasviri avval chiziladi. Shu chiziqlar asosida kerakli shakllar qirqiladi.
Pedagogika fani ta’lim-tarbiya usullarini o‘rgatuvchi fan bo‘lganligi sababli mehnat darsi bilan doim bog‘liq.
Psixologiya fani o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini bilgan holda mehnat darsini olib boradi. Mehnat har bir narsani yasattirayotganda o‘quvchilarning ruhiy jarayonini hisobga olish zarur.
O‘lkamiz tarixi bu fan bilan bog‘liqligi o‘quvchilarni atrofda bo‘ladigan barcha yangiliklar o‘quvchilarni yangi bilimlar asosida dars o‘tishga ularni fikirlash qobilyatlarini kengaytirishga, ekskursiyalar tashkil qilish va ekskursiyalar asosida ko‘rgan narsalarni bajarishga o‘rgatadi.
O‘quv ustaxona amaliy mashg‘ulot bu fanga bog‘liqligi o‘qishda bajaradigan har bir ishlar tayyorlanadigan ko‘rgazmalar va ulardan qanday foydalanish kerakligini qaysi fanlar bilan bog‘liq holda yangi usul bilan dars berish mehnat metodikasi fanida tushincha beriladi.

Mehnatni o‘qitish metodikasi fanining boshqa fanlar bilan bog‘liqligi


1.7. O‘quvchilarga mehnatsevarlik tarbiyasini singdirish, mehnat orqali o‘quvchilarning tarbayaviy rivojlanishi

Reja:
1. Mehnat tarbiyasi va uning mohiyati.
2. Mehnat tarbiyasining maqsadi va vazifalari.
3. O‘quvchilar mehnati faoliyati turlari.
4. O‘quvchilar mehnati faoliyatini tashkil etishga qo‘yiladigan pedagogik talablar.

1. Mehnat tarbiyasiga ijtimoiy tarbiyaning tarkibiy qismidir. Mehnat tarbiyasining bosh g‘oyasi shaxsda mehnat faoliyatini tashkil etish ko‘nikma va malakalarini hosil qilish, ijtimoiy mehnatni qadrlash, mehnatsevarlik hislatini tarbiyalash sanaladi. Insoniyat tomonidan yaratilgan barcha moddiy va ma’naviy boylik, ijtimoiy taraqqiyot asosida mehnat faoliyati hamda uning samarasi aks etadi. Jamiyatda tashkil etiladigan mehnat tarbiyasi yosh avlodni mehnatsevarlik ruhida tarbiyalash, ularning Vatan ravnaqi, elu-yurt farovonligi yo‘lida mehnat qilish, rivojlangan demokratik va huquqiy davlatni barpo etish jarayonida faol ishtirok etishga bo‘lgan ishtiyoqni uyg‘otish, yagona maqsad yo‘lida harakat qilishga tayyorlashdan iborat jarayonni o‘z ichiga oladi.
Xalq pedagogikasi, Sharq allomalari, yetuk mutafakkirlari mehnatning shaxs kamoloti, shuningdek, jamiyat rivojidagi roliga yuksak baho berishgan. Zero, mehnat insonning ham jismonan, ham ruhan kamolga yetishini ta’minlaydi. Inson o‘z mehnati bilan moddiy va ma’naviy boyliklarini yaratib berar ekan, ayni vaqtda uning o‘zi ham shaxs sifatida shakllanib boradi. Chunki inson aksariyat hollarda o‘z mehnat faoliyati bilan ijtimoiy munosabatlar subyekti (ishtirokchisi)ga aylanadi. Shu bois, insonni yoshlikdanoq mehnat faoliyatiga jalb etish, maqsadga muvofiqdir. Ijtimoiy tarbiyani tashkil etish jarayonida mehnat tarbiyasi o‘quvchilarni ruhiy va amaliy jihatdan mehnatga, mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yishga yo‘naltirilganligi bilan o‘ziga xos o‘rin tutadi. Ijtimoiy jamiyatning umumiy va iqtisodiy rivojlanishi zamonaviy bosqichda bunyod etuvchi, yaratuvchi hamda ishlab chiqaruvchi shaxsga nisbatan yuksak talabalarni qo‘ymoqda. Chunonchi, mehnatga nisbatan eng muhim ijtimoiy burch sifatida yondashish, har qanday mehnat faoliyatiga nisbatan vijdonan munosabatda bo‘lish; mehnat va uning mahsulini qadrlash; mehnatni tashkil etishga jamoa asosida yondashish; doimiy ravishda tashabbuslar bilan chiqish, mehnatni faol, ijodiy tashkil etish; aqliy va jismoniy quvvatga tayangan holda mehnat qilish ishtiyoqining ichki ehtiyojga aylanishi, mehnatni ilmiy tashkil etish, mehnatga nisbatan asosiy hayotiy zarurat sifatida munosabatda bo‘lish, mehnatga, mehnat qilishga ruhiy tayyorlik quyidagi vazifalarni hal etadi:
a) mehnatning maqsad va vazifalarini anglash;
b) mehnat faoliyatini tashkil etish rag‘batini qaror toptirish;
d) mehnatni tashkil etish ko‘nikma va malakalarini shakllantirish.
Ta’lim muassasalarida mehnat ta’limi va tarbiyasini olib borish maxsus dastur asosida amalga oshiriladi. Mehnat ta’limi dasturi namunali xususiyatga ega. Unda maktab, o‘qituvchi va o‘quvchilar mehnat faoliyatini baholash bo‘yicha ta’lim va tarbiya natijalariga nisbatan davlatning minimum (eng kuchli) talablar aks etadi.
Mehnat tarbiyasi jarayonida bu boradagi bilim, ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lish maqsadning o‘zigina va pedagogik faoliyatning yakuniy mahsuli emas, balki eng muhim insoniy layoqat —mehnat qilish layoqatini rivojlantirish uchun vosita hisoblanadi. Shu bois bugungi kunning talabi mehnat ta’limini tashkil etishda reproduktiv metodlar rolini kamaytirib, yuksak darajadagi mantiqiy fikrlash hamda yaratuvchanlik asosini hosil qiluvchi faol tadqiqot metodlaridan foydalanish hisoblanadi.
Mehnat ta’limi va tarbiyasini tashkiliy shakllarini o‘qituvchilar yosh, psixologik xususiyatlari, mahalliy shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda tanlaydigan. Mehnat tarbiyasini yo‘lga qo‘yishga shunday shakl va metodlardan foydalanish lozimki, natijada mehnat insonning eng sevimli mashg‘ulotiga aylansin, shaxs mehnati samarasi, yutug‘i va quvonchi bilan yashay olsin. Umumiy o‘rta ta’lim davrida o‘quv ustaxonalarida, maktabga tegishli o‘quv tajriba maydonlarida, otaliq korxonalari sexlarida anchagina murakkab mehnat faoliyatini tashkil eta boshlaydilar. Bunday sharoitda mehnat qilish egallagan nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llay olish imkoniyatini beradi.
Mehnat ta’limi va kasb tanlashga yo‘llash ishlarini kuchaytirish maqsadida endilikda „o‘quv-ishlab chiqarish“ tizimini umumiy o‘rta ta’lim maktablari faoliayatiga olib kirish maqsadga muvofiq. Zero bozor munosabati sharoitida o‘quvchilar imkoniyati, kuchi bilan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish, hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash, ijodkorlik buyumlarini bunyod etish, sotishni yo‘lga qo‘yish maktab, o‘quvchilar ehtiyojlarini qondirish, iqtidorli bolalarni rag‘batlantish, kam ta’minlangan oilalar farzandlariga yordam ko‘rsatish kabi faoliyatlarni uzluksiz tashkil etish imkonini bergan bo‘lar edi.
Yangi tipdagi o‘quv muassasalarida tashkil etiladigan mehnat ta’limi va tarbiyasini o‘quvchilarga muayyan kasb-hunar yoki mutaxassislik ma’lumotini berishga asoslanadi. Kasb-hunar yoki mutaxassislik ma’lumotini berish ishining muvoffaqiyati o‘quvchilarning mazkur jarayonga tayyorgarlik darajasiga shuningdek, uni tashkil etish sharoitlari bilan oldindan topish ekanligiga bog‘liq. Shu bois umumiy o‘rta ta’lim maktabining VIII—IX sinflarida o‘quvchilar o‘rtasida mavjud kasb-hunar hamda mutaxassisliklar to‘g‘risidagi ma’umotlarni berib borish, ularning xalq xo‘jaligida tutgan o‘rni va ahamiyati borasidagi targ‘ibotni tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
Kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda taxsil oluvchi o‘quvchilar ishlab chiqarish amaliyoti jarayonida kasb-hunar mutaxassisliklar yuzasidan amaliy ravishda tanishadilar. Ularga mehnat ta’limi va tarbiyasini berishga mutaxassislar ishlab chiqarish ustalari katta rol o‘ynaydilar.
Ijtimoiy foydali mehnat yoki avlodni jamiyat hayotining tashkil etish jarayonida faol ishtirok etishga tayyorlaydi.
Ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan ijtimoiy foydali mehnatning turlari xilma-xildir. O‘quvchilarning ijtimoiy foydali ishlari asosan sinfdan va maktabdan tashqari sharoitlarda tashkil etiladi.
O‘qituvchilarning ta’lim muassasalaridagi ijtimoiy foydali mehnatlari ta’lim muassasasi binosi va hovlisini ozoda saqlash, muassasasi binosi va o‘quv anjomlarini ta’mirlash, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarini tirik burchaklarni tashkil etish, sport maydonchalarini bunyod etish, tajriba maydonchalari (issiqxonalarda ishlash va hakozo) kabilarni o‘z ichiga oladi. Maktabdan tashqari sharoitda esa o‘quvchilar qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yig‘ib-terib olish ishida ishtirok etadilar, boshlang‘ich ta’lim o‘quvchilari yoki maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilariga yetakchilik qilish, urush va mehnat faxriylari, nafaqadagilarni otaliqqa olish, ularga xo‘jalik ishlarini yuritishda yordamlashish, dorivor o‘simliklar, temir hamda qog‘oz parchalarini to‘plash, yashil tabiatni muhofaza qilish ishlarida qatnashish kabi faoliyatlar bilan shug‘ullanadilar. Mazkur faoliyatga o‘quvchilarni jalb etishda ularning qiziqishlari, imkoniyatlari yosh xususiyatlari hamda jismoniy quvvati hisobga olinadi.
O‘quvchilar boshlang‘ich sinflaridayoq ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilinadilar. Shunga qaramay boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham o‘zlarining mehnatlari umum foydasiga qaratilganligini ijtimoiy ahamiyat kasb etishini anglay boshlaydilar.
Та’limning keyingi bosqichlarida o‘quvchilar ijtimoiy foydali mehnatning, ijtimoiy-g‘oyaviy asoslari ancha chuqurroq bo‘ladi. Ya’ni ijtimoiy foydali mehnat rag‘bati jamiyat oldidagi ijtimoiy burchni his etish bilan jambarchas bog‘liq bo‘ladi. Jamiyat ravnaqi el-yurt, xalq farovonligi uchun fidokorona mehnat qilish o‘smir va o‘spirin o‘quvchilar mehnatining ijtimoiy-g‘oyaviy asosidir.
Ijtimoiy foydali mehnatni tashkil etishning barcha bosqichlarida mehnat faoliyatini tashkil etishga nisbatan pedogogik talablar qo‘yiladi. Mazkur pedagogik talablar quyidagilardan iboratdir. (1-jadval)

1-jadval
O‘quvchilar mehnat faoliyatini tashkil etishga qo‘yiladigan talablar


O‘quvchilar mehnat faoliyatining ahloqiy asosda, ijtimoiy-g‘oyaviy ega bo‘lishi, o‘quvchilar mehnat faoliyatiga qo‘yiladigan mazkur talab ularni vatan ravnaqi, xalq baxt-saodati yo‘lida mehnat qilayotganliklari, mehnat faoliyatini tashkil etish jarayonida umumjamiyat manfaatlarini ustun bo‘lishga harakat qilayotganliklarida namoyon bo‘ladi. Mehnat faoliyatini tashkil etish jarayonida o‘quvchilarda fidoyilik, chidamlilik, sabr toqatga ega bo‘lish, onglilik, to‘g‘rilik, halollik, mehnatga nisbatan vijdonan yondoshish kabi hislatlar shakllanadi. Bajarilayotgan mehnat yoki shaxsning o‘ziga shuningdek, atrofdagilarga yoki ijtimoiy jamiyat uchun foyda keltirishini o‘quvchilarga tushuntirib borish maqsadga muvofiqdir. Shuningdek, ularga har qanday mazmun va ko‘lamdagi mehnatning besamar bo‘lmasligini uqtirib o‘tish joiz.
Mehnat faoliyatining jamoa xarakteriga ega bo‘lishi. O‘quvchilar mehnat faoliyatining jamoa xarakteriga ega bo‘lishi muhim pedagogik talab sanaladi. O‘quvchilar mehnat faoliyati ularda jamoatchilik ko‘nikmalarini hosil qilish, o‘zaro yordam va do‘stlik aloqlarini mustahkamlashni ko‘zda tutish lozim. Jamoa asosida tashkil etiladigan mehnat faoliyati jarayonida har bir o‘quvchining yagona maqsad asosida mehnat qilish uchun sharoit yaratiladi. O‘quvchi mustaqil harakat qilish bilan birga o‘rtoqlariga yordamlashadi. Muhim mehnat faoliyatining ijobiy samarasi uchun har bir o‘quvchining mas’ulligi ortib boradi.
Mehnat topshiriqlarini berishda o‘quvchilar imkoniyatini hamma vaqt o‘quvchining kuchi va imkoniyatiga muvofiq bo‘lishi kerak.
Mehnat faoliyati turlarini almashtirib turish jismoniy mehnatni aqliy mehnat bilan yoki dam olish bilan qo‘shib olib borish, mehnat jarayoniga o‘yin unsurlarini singdirish, mehnatni tashkil etish chog‘ida o‘quvchilarni zo‘riqtirmaslik, toliqtirmaslik zarur.
Mehnat faoliyatining tizimli va rejali bo‘lishiga erishish. O‘quvchilar mehnat faoliyati bir o‘quv yili bo‘yicha rejalashtiriladi va mehnat ta’limi o‘quv rejasida, jadvalda qayd etiladi. Ijtimoiy foydali mehnatning tizimli bo‘lishi oddiy mehnat turidan murakkabroq mehnat turiga o‘tish, shuningdek, sinfda, maktabda qilinayotgan mehnatdan maktabdan tashqari sharoitda olib boriladigan ijtimoiy foydali mehnatga o‘tish tarzida olib borish maqsadga muvofiqdir. O‘quvchilar mehnati faoliyatining tizimi bo‘lishi mehnatning o‘quvchi tomondan hayotiy ehtiyoj zarurat sifatida e’tibor etilishiga olib keladi hamda bu borada o‘quvchida ko‘nikma va malaka hosil bo‘ladi.
Mehnat faoliyatining ijodiy xususiyatni kasb etish. Mazkur talab ham muhim pedagogik talab sanaladi. O‘quvchilar mehnat faoliyatining qaysi turiga jalb etilmasin unda aqliy va jismoniy mehnatning uyg‘unlashuviga erishish uchun, unga nisbatan ijodiy yondoshish uchun keng sharoit yaratilmog‘i lozim. Mehnat faoliyatini tashkil etish jarayonida uning har bir bosqichda o‘quvchiga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, maslahat berish to‘g‘ri emas. Aksincha topshiriqni berish chog‘ida uni qanday bajarilishini tushuntirish, lozim bo‘lsa bajarib ko‘rsatish mehnat jarayonida esa o‘quvchining mustaqil fikrlash, mustaqil qaror qabul qilish uchun imkon yaratib beradi. O‘quvchi mehnat jarayonida orttirilgan tajriba asosida, shuningdek, tadqiqotchilik vazifalarini hal etish asosida bajarilganida ijodiy xususiyat kasb etadi. Aynan shu holatda o
quvchining ko‘nikma va malakalari yanada mustahkamlanadi, chuqurlashadi. Bunday mehnat o‘quvchida qiziqish uyg‘otadi, unda mehnatga nisbatan munosabatni qaror toptiradi.
O‘quvchilarni ijodiy mehnatga yo‘naltirishda maktab va maktabdan tashqari ta’lim-tarbiya muassasalarida tashkil etiladigan texnika va qishloq xo‘jaligi to‘garaklari alohida ahamiyatga ega. Bunday to‘garaklar faoliyati o‘quvchilarning aqlini, texnika va qishloq xo‘jalik sohasidagi ijodkorligini o‘stiradi.
Shu sababli mehnat ta’limi va tarbiyasi yuqori o‘ringa qo‘yish lozim oqibatda shaxsga qo‘lga kiritilgan mehnat muvaffaqiyatidan quvonish, o‘z qadr-qimmatini anglash hamda o‘z mehnatidan g‘ururlanish tuyg‘usi qaror topsin. Mehnat tarbiyasiga nisbatan yangicha yondashish o‘quvchilar, tomonidan egallangan bilimlarni amaliyotda qo‘llay olishlarini ta’minlashga olib keladi. Bugungi kunda mehnat tarbiyasining, tarkibiy tuzilmasi ham o‘zgarmoqda. U o‘zida texnika va texnologiyalarni tushunish (tasavvur qilish), amaliy vazifalarni hal etish ko‘nikmasi hamda holatlarini ifoda etadi.
Mehnat tarbiyasini samarali tashkil etishda sinfdan va maktabdan tashqari tarbiyaviy ishlar muhim o‘rin tutadi. Mazkur tadbirlar shaxs uchun ham, jamiyat uchun ham foydali bo‘lib shaxsiy-yo‘lovchilik xususiyatiga egadir.
2. Mehnat ta’limi va tarbiyasining maqsadi o‘quv ishlarida mehnatga nisbatan ongli munosabatni shakllantirishdan iboratdir:
Mazkur maqsadni amalga oshirishda bir qator vazifalarni hal qilish talab etiladi. Mehnat tarbiyasini tashkil qilish orqali hal qiluvchi vazifalar ko‘p qirralidir. U o‘quvchilarning mehnat faoliyatiga amaliy va ahloqiy tayyorgarlikning barcha tomonlarini qamrab oladi. Mehnat ta’limi va tarbiyasini tashkil etishda quyidagi vazifalarni amalga oshiriladi:
1. Mehnatning mohiyatini anglatish orqali o‘quvchilarga mehnatning shaxs kamolati va jamiyat tarqqiyotidagi о’nini ko‘rsatib berish.

Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/book/r-mavlonova/mekh-nat-uk-itish-metodikasi-69866920/chitat-onlayn/?lfrom=390579938) на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.
Меҳнат ўқитиш методикаси Р. Мавлонова
Меҳнат ўқитиш методикаси

Р. Мавлонова

Тип: электронная книга

Жанр: Школьные методические пособия

Язык: на узбекском языке

Издательство: Kitobxon

Дата публикации: 27.04.2024

Отзывы: Пока нет Добавить отзыв

О книге: ""Mehnat oqitish metodikasi" oquv qollanmasida fanning mazmuni, boshqa fanlar bilan bogliqligi, maqsad va vazifalari, dars va unga qoyiladigan talablar, talimni tashkil etish, talim-tarbiya ishini shakl va metodlarini otkazish talablari: ogzaki bayon qilish metodi, instruktaj metodlari, mustaqil ishlar, ekskursiya tashkil qilish metodlari: kino, muammoli vazifalar, mehnat talimi boyicha sinfdan tashqari mashgulot, talimning noananaviy shakllari kabi bolim va mavzular keng va batafsil yoritilgan. Dars jarayonida oquvchilar bajarishlari lozim bolgan topshiriqlar va dars ishlanmalaridan namunalar ham kiritilgan. Shuningdek, oquv qollanmadan bolalar madaniyat markazlari, togarak rahbarlari ham shu sohada qiziqqan keng kitobxonlar ommasi foydalanishlari mumkin."

  • Добавить отзыв