Қор одам
Hans Christian Andersen
Andersenning ertaklari bugungi kunda ham eng ko'p o'qilayotgan asarlar sarasiga kiradi. Ularda bolalalarga xos bo'lgan beg'ubor kechinmalar, ezgulikning g'alabasi, orzu-umidlarning ushalishi, yorug' olamda har birimiz har qadamda duch kelib, kundalik hayotimizda yuz berayotgan oddiy voqea, hodisalarning o'zgacha talqini tilga olinadi. Mazkur ertaklar katta-kichik yoshdagi o'quvchilarga mo'ljallangan bo'lib, ular tasavvuringizni boyitadi, aqlingizni charxlaydi. Olis manzillardagi ertaklarning mo'jizaviy ohangi Siz, aziz kitobsevarlarni maftun etadi.
Hans Kristian Andersen
Qor odam
BOTQOQLIK SHOHINING QIZI
Laylaklar o‘z bolalariga botqoqlik va baliqchilar haqida ko‘p ertak aytib berishar ekan. Albatta, bu ertaklar ularning yoshiga, tushunchasiga mos qilib aytilarkan. Bordiyu, eng kichkina laylakchalarga ular yeydigan botqoq jonivorlari nomi zikr etilgan ertaklarni aytsangiz, juda qiziqib tinglasharkan, biroq yoshi kattaroq laylakchalar esa ertaklarda ko‘proq u-bu narsalar bo‘lishini, hech bo‘lmaganda o‘z xususiy oilalari haqida gap borishini talab qilishar ekan. Laylaklar orasida ma’lum va mashhur bo‘lgan eng qadimiy va uzun ertaklardan birini biz ham bilamiz. Unda onasi savatga solib, Nil daryosiga tashlagan Moiseyni fir’avinning qizi topib olib, tarbiyalagani haqida hikoya qilinadi. Keyinchalik u ulug‘ odam bo‘lib yetishgan, biroq qayerga dafn qilingani noma’lum. O‘zi ko‘pincha shunaqa bo‘ladi.
Boshqa bir ertakni bizning yurtimizda to‘qilgani uchun hali hech kim bilmaydi. Mana, ming yillardan beri bu ertak og‘izdan-og‘izga o‘tayapti, ona laylaklar boshqalarga aytib beryapti, har bir ona laylak uni tobora yaxshiroq qilib aytyapti, endi biz ulardan ham durustroq qilib aytamiz.
Mana shu ertakni to‘qigan va ertakdagi voqealarda o‘zlari ham ishtirok etgan dastlabki bir juft laylak yozni Daniyadagi bog‘larda, aniqrog‘i, Yutlandiyaning shimolidagi Iyoring viloyatiga qarashli Venyussel shahrining yovuz botqoqligiga yaqin joylarida o‘tkazishar ekan. Laylakning uyasi viking uyining yog‘och tomida ekan. O‘sha joyda hozir ham juda katta botqoqlik bor, buni muzofot haqidagi ma’lumotlardan ham bilib olish mumkin. O‘sha ma’lumotda aytilishicha, bu joylar bir vaqtlar dengiz tubi bo‘lgan ekan, keyinchalik ko‘tarilib, endilikda bu yerlarda bir necha kvadrat mil botqoqlik maysazori, balchiqzor, buta va yakkam-dukkam daraxtlar o‘sgan torf botqoqligi paydo bo‘lgan ekan. Ana shu joyni hamisha qalin tuman qoplab turar ekan. Ming yil muqaddam bu yerlar qanday bo‘lganini tasavvur qiling! O‘sha zamonlarda ham ko‘p narsalar hozirgi ko‘rinishga ega bo‘lgan. Masalan, to‘q binafsharang gulli qamishlarning bo‘yi hozirgiday baland, tanasi ko‘m-ko‘k bo‘lgan; oq qayinlarning tanasi ko‘zni qamashtiradigan darajada oqarib turgan, mayda yaproqlari shabadada raqsga tushgan, bu yerda yashaydiganlarga kelsak, pashshalar o‘sha zamonda ham hozirgiday tiniq ko‘ylaklar kiyib yurishgan, laylaklar hozirgiday ola-bula rangni juda yoqtirishgan, qizil paypoqlarni afzal ko‘rishgan, o‘sha zamonda faqat odamlargina boshqacha kiyinishgan. Har qanday odam, kimligidan qat’i nazar, ming yil ilgari ham hozirgiday balchiqqa ag‘anab ketishi mumkin bo‘lgan, axir, omonatroq qadam bosilsa bas, darhol kishi o‘zini botqoqlik saltanatida ko‘radi! Uni balchiq podshosi deb atasa ham bo‘laveradi-yu, lekin botqoqlik shohi deyilgani ma’qul. Buning ustiga laylaklar ham uni ana shunday ulug‘lashadi. Botqoqlik shohining idora qilish usuli ko‘plarga ma’lum emas, ma’lum bo‘lmagani ham yaxshi.
Botqoqlikka yaqin joyda, Lim-fiordning naq yuqorisida vikingning uch qavatli, minora va tosh yerto‘lali yog‘och qasri qad ko‘targan ekan. Qasr tomiga laylaklar uya qurishgan ekan. Urg‘ochi laylak katta umidlar bilan tuxum bosib yotar ekan!
Kunlarning birida laylakning eri qayerdadir hayallab qolibdi. Uyasiga hurpaygan, qattiq hayajonlangan holda qaytibdi.
–Hozir senga bir gap aytaman! Turgan-bitgani dahshat! – debdi u xotiniga.
–Oh, iltimos, bas qil bu gaplarni! – debdi xotini. – Tuxum bosib o‘tirganimni, qo‘rqib ketishim mumkinligini, bu esa bolalarimga yomon ta’sir qilishini unutma.
– Quloq solsang-chi! Misrlik xo‘jamizning qizi bir iloji qilib yetib kelibdi! Shunchalik xatarli safardan qo‘rqmabdi! Endi uning ismini bir eslab ko‘r-chi!
– Nima? Misr malikasimi? Axir u hurlar zotidan-ku! Qani, tezroq, tezroq gapira qol! Tuxum bosib o‘tirganimda betoqatlanishim zararli ekanligini yaxshi bilasan-ku!
– Ko‘rdingmi, demak u shifokorlarning, botqoqlikda o‘sadigan gul otang dardiga shifo bo‘ladi, degan gaplariga laqqa tushibdi. Esingdami, buni o‘zing aytib bergan eding? Shunday qilib, u ikkita malika bilan birga patli kiyimda bu yoqqa uchib kelibdi. Bular esa har yili yasharish uchun shimolga cho‘milgani kelishadi. Uchib kelishga kelibdiyu, him-m…
– Voy, muncha ezmalanding! – debdi ona laylak. – Axir tuxumlar sovib qolishi mumkin! Hayajonlanishim oqibati yomon bo‘ladi.
– Hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim! – deb davom etibdi laylak. – Bugun kechki payt balchiq qattiqroq joylardagi qamishlar orasida yursam uchta oqqush uchib ketyapti. Ularning oqqushligi uchishidan bilinib turardi. O‘sha zahoti o‘zimga-o‘zim, bular haqiqiy oqqush emas, ular patdan kiyim kiyib olishgan bo‘lsa kerak, dedim! Onasi, sen ham juda ziyraksan! Nima gapligini darhol payqaysan!
– Bu to‘g‘ri! – debdi laylakning xotini. – Menga malika haqida gapir, pat kiyimlar haqidagi gaplaring jonimga tegdi!
– Botqoqlikning o‘rtasida, o‘zingga ma’lum, uncha katta bo‘lmagan ko‘lga o‘xshash joy bor. Sal bo‘ylansang, shu yerdan ham uning qirg‘og‘i ko‘rinadi! O‘sha joyda o‘sgan qamishzorda zirk daraxtining to‘nkasi bor. Oqqushlar o‘sha to‘nkaga qo‘nishdi, qanotlarini qoqishdi, atrofga nazar tashlashdi; keyin ulardan biri egnidagi oqqush kiyimni yechdi, men Misr malikasini darrov tanidim. Uning egnida hech qanaqa kiyimi yo‘q ekan, uzun sochlari butun tanasini yopib turibdi. Suv tagida ko‘ringan gulni olib chiqqunga qadar pat kiyimlarini qo‘riqlab turishni dugonalaridan iltimos qilganini ham eshitdim. Ular va’da berishdi, keyin uning pat kiyimlarini olishdida, osmonga ko‘tarilishdi. «Eh-he, bular qayoqqa yo‘l olishdi ekan?» deb o‘yladim. Ehtimol, malika buni o‘zi iltimos qilgandir? Lekin buning sababi tezda ravshan bo‘ldi. Ular osmonga ko‘tarilgach, malikaga: «Sho‘ng‘iyver, sho‘ng‘iyver! Endi oqqush bo‘lib uchib bo‘psan! Yurtingni ham ko‘rib bo‘psan! Botqoqlikda o‘tiraver!» deb qichqirishdi, pat kiyimlarni to‘zitib tashlashdi! Patlar osmonda qor uchqunlariday uchib yurdi, yaramas malikalar esa ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi!
– Qanday dahshat! – debdi xotini. – Eshitishga ham madorim qolmadi! Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi?
– Malika yig‘lab, faryod cheka boshladi! Ko‘zyoshlari to‘nka ustiga ariq-ariq bo‘lib oqdi, to‘satdan to‘nka qimirlab ketdi! Bu to‘nka emas, balki balchiqda yashayotgan o‘sha botqoqlik shohi ekan. Uning qanday o‘girilganini ko‘rdim, qarasam, to‘nka emas! U loy va balchiqqa bulangan qo‘llarini malikaga cho‘zdi. Bechora shunaqayam qo‘rqdiki, sakrab tushib, balchiq ustidan qocha boshladi. Qayoqqa qocha olardi! Men o‘zim balchiq ustidan ikki qadam yura olmayman! Malika pastga cho‘kib ketdi, uning orqasidan botqoqlik shohi ham sho‘ng‘idi. Axir uni cho‘ktirgan ham o‘sha-da! Suv betida pufakchalar paydo bo‘ldi, vassalom! Bechora malika botqoqlikka tiriklayin ko‘mildi. Endi gul olib, o‘z vataniga qayta olmaydi. Oh, bu manzarani o‘zing ko‘rganingda toqat qilolmasding, xotinjon!
– Bunaqa hodisalarni menga aytmaganing ma’qul edi! Bu tuxumga ta’sir qilishi mumkin! Malika falokatdan qutuladi! Uni xalos qilishadi! Bordiyu, mening yoki sening, yo bo‘lmasa o‘zimiznikilardan birortasining boshiga shunday kun tushsa, adoyi tamom bo‘lardik.
– Harholda hushyor bo‘lib turaman! – debdi laylak, shunday qilibdi ham.
Oradan ko‘p vaqtlar o‘tibdi.
Kunlarning birida laylak qarasa, botqoqlikning tubidan uzun, ko‘m-ko‘k poya bo‘y cho‘zib chiqibdi, keyin suv betida yaproq paydo bo‘libdi; u o‘sib, tobora kattalasha boribdi. So‘ng suvdan g‘uncha ko‘rinibdi, laylak botqoq ustidan uchib o‘tayotganda quyosh nurlarida g‘unchaning ochilganini, gulning kosasida go‘yo hozirgina cho‘milib chiqqandek jajji qizchaning o‘tirganiga nazari tushibdi. Qizcha Misr malikasiga juda-juda o‘xsharmish, laylak avvaliga bu yana kichkina bo‘lib qolgan malika deb o‘ylabdi, lekin durustroq bosh qotirib, u Misr malikasi bilan botqoqlik shohining qizi bo‘lsa kerak, degan fikrga kelibdi. Shuning uchun ham u gulkosada o‘tiribdi-da.
«Uning bu yerda qolishi mumkin emas! – deb o‘ylabdi laylak. – Bizning uyamiz ham tang-u tor! To‘xta, to‘xta, topdim! Vikingning bolasi yo‘q, bola kerakligi haqida ko‘p gapirgan… Baribir meni birovlarning uyiga bola tashlab ketadi, deyishadi, shu vajdan chindan ham qizchani vikingning xotiniga eltib bersam, rosa xursand bo‘lardi!»
Laylak qizchani olib, vikingning uyiga uchib boribdi, derazani tumshug‘i bilan ochib, bolani vikingning xotini oldiga qo‘yibdi, keyin uyasiga qaytib, bo‘lgan voqeani xotiniga aytib beribdi. Bu gaplarni bolalari ham eshitibdi, ular ancha katta bo‘lib qolishgan ekan-da.
– Mana, ko‘rdingmi, malika o‘lmabdi – qizchasini bu yoqqa yuboribdi, uni joylashtirib qo‘ydim! – deb laylak hikoyasini tugatibdi.
– Avvalgi safar senga nimalarni tayinlagan edim? – debdi laylakning xotini. – Endi o‘z bolalaring haqida ham qayg‘urgin! Uchish vaqtimiz yaqinlashib qoldi! Hozir qanotlarim osti qichishib qoldi. Kakku bilan bulbullar allaqachonlar uchib ketishdi, bedanalar uchish maslahatini qilishyapti, hademay hamroh shamol ham esadi. Bolalarimiz uchish paytida o‘zlarini ko‘rsatishadi, ularni yaxshi bilaman!
Vikingning xotini erta tongda qo‘ynida chiroyli jajji qizcha yotganini ko‘rib juda sevinibdi! U qizchani o‘pib, erkalata boshlabdi, lekin bola baqirib, qo‘l-oyoqlarini tipirchilatib qarshilik ko‘rsatibdi, erkalatish unga ma’qul kelmabdi shekilli. Qizcha kuchi boricha yig‘labdi, baqiribdi va nihoyat uxlab qolibdi, uxlaganda ham uning husniga tikilib, kishi to‘ymasmish! Vikingning xotini sevinganidan o‘zini qo‘yarga joy topolmabdi, quvonchdan terisiga sig‘may ketibdi, hademay erim ham o‘z drujinasi bilan manavi boladay qo‘qqisdan kelib qolsa-ya, deb o‘ylabdi. Qadrdon mehmonlarni munosib kutib olish uchun butun uyni oyoqqa turg‘azibdi. Devorlarga o‘zi va cho‘rilari to‘qigan gilamlarni ostiribdi, gilamlarga xudolardan Odin, Tor va Freylarning surati tushirilgan ekan. Qullar eski qalqonlarni tozalashibdi, ularni osishib, devorlarni bezashibdi; o‘rindiqlarga yumshoq yostiqlar qo‘yishibdi, eng katta yotoqxona o‘rtasidagi o‘choqqa gugurt chaqishi bilanoq lovillab yonib ketadigan quruq palyonlarni qalashibdi. Kechga yaqin vikingning xotini kunduzgi ishlardan horib-charchab dong qotib uxlab qolibdi.
Kun yoyilmasdan oldin, sahar paytida uyg‘onib nihoyatda qo‘rqib ketibdi: qizcha yo‘qmish! O‘rnidan sakrab turib chiroqni yoqib qarasa, o‘rinning chetida qizcha emas judayam katta, jirkanch bir baqa yotganmish. Viking xotini jirkanib qo‘liga eshikning vazmin temir boltini olib baqani o‘ldirmoqchi bo‘libdi, lekin baqa unga judayam g‘alati, qayg‘uli nazar tashlagan ekan, ayol urgani jur’at etolmabdi. Xotin yana atrofga nazar tashlabdi, baqa ingrab yuboribdi: shunda ayol o‘rindan nari ketib, deraza vazifasini o‘taydigan darcha eshigini ochib yuboribdi. Bu payt quyosh chiqib kelayotgan ekan; uning nurlari ko‘rpaga va baqaga tushibdi… O‘sha zahotiyoq dahshatli, ulkan baqaning og‘izlari yumilib kichrayibdi, chiroyli og‘izchaga aylanibdi, tanasi tortishib, boshqa qiyofaga kiribdi – viking xotini qarshisida go‘zal qizchasi namoyon bo‘libdi, baqadan asar ham qolmabdi.
– Bu nima o‘zi? – debdi vikingning xotini. – Yomon tush ko‘rdimmikin-a? Bu yerda bolajonim yotibdi-ku! – U qizchani bag‘riga bosibdi, yuz-ko‘zlaridan o‘pibdi, lekin qizaloq xuddi yovvoyi mushukday tipirchilab tishlab olaveribdi.
Viking o‘sha kuni ham, ertasiga ham qaytmabdi, u yo‘lda kelayotgan ekan. Laylaklarning uchishiga yordam berayotgan hamroh shamol uning yo‘liga g‘ov bo‘libdi, laylaklar janubga uchayotgan ekan-da. Ha, ba’zilarga shamol hamroh bo‘lsa, boshqalarga g‘ov bo‘ladi!
Oradan bir necha kun o‘tibdi, ayol qizchani yovuz jodu ezayotganini payqab qolibdi. Kunduzi qizcha elf singari chiroyli, bejirim bo‘larmish. Lekin fe’li yomon, beboshroqmish, kechasi esa jirkanch baqaga aylanarmish, ammo uning boqishlari ma’sum, qayg‘uli emish. Qizchada ikkita fe’l-atvor mujassamlangandaymish: kunduz kuni laylak viking xotiniga tashlab ketgan bolaga, shundoqqina Misr malikasi bo‘lmish onasiga o‘xsharmish, fe’li bo‘lsa otasinikaga o‘xsharmish; kechasi aksincha, tashqi qiyofasi otasiga o‘xshab, ko‘zlarida onasining ruhi va qalbi charaqlab turarmish. Ana shu yovuz jodudan qizni kim xalos qila oladi? Vikingning xotini g‘am-hasratda, vahimada qolibdi, harholda bu sho‘rlikka tobora mehri ortaveribdi. Bolani sehr o‘rab olgani haqida eriga hech nima demaslikka jazm etibdi: eri o‘sha zamoning rasm-rusmiga ko‘ra bechora bolani kim xohlasa olib ketaveradigan serqatnov yo‘lga chiqarib tashlashga amr qilishi mumkin ekan-da. Vikingning xotini bolaga achinibdi, u shunday yo‘l tutibdiki, qizchani eriga faqat kunduz kuni ko‘rsatibdi.
Kunlarning birida, tong chog‘ida viking qasri ustida qushlarning qanot qoqishi eshitilibdi – kunduzgi safardan horigan yuz juft laylak kechasi tomda hordiq chiqarishgan ekan, endi ular uzoq safarga jo‘nash uchun osmonga ko‘tarilishibdi.
– Erkaklar shay! – deb qichqirishibdi ular. – Ayollar bilan bolalar ham tayyor!
– Naqadar yengilmiz! – deyishibdi yosh laylaklar. – Xuddi tirik baqalar to‘ldirilganday ich-ichimizning qitig‘i kelyapti! Chet mamlakatlarga uchyapmiz! Qanday baxt!
– Galadan qolmanglar! – debdi ularga ota va onalari. – Ko‘p vaysaqilik qilavermanglar, ko‘krakka ziyoni bor!
Shunday qilib hamma laylaklar uchib ketibdi.
Xuddi shu lahzada cho‘l ustida burg‘u ovozi yangrabdi: viking navkarlari bilan qirg‘oqqa yaqinlashibdi. Ular Britaniyadagi xalq dahshatga tushib: «Ey xudo, bizni yovvoyi normalardan o‘zing asra!» deb ibodat qiladigan Galli sohillaridan juda katta o‘lja bilan qaytishibdi.
Vikingning qasrida xursandchilik boshlanibdi. Katta yotoqxonaga asal to‘la bochkani dumalatib keltirishibdi; gulxan lovillabdi, otlar so‘yishibdi, dovrug‘i olamga taraladigan ziyofatga hozirlik boshlanibdi. Bosh kohin issiq ot qonlarini qullarga sochibdi. Quruq o‘tin charsillab yonibdi, tutun shiftga o‘rlabdi, uy to‘sinlaridan ziyofatda o‘tirganlarning ustiga mayda qurumlar yog‘ilibdi, lekin bunga ular ko‘nikib qolishgan ekan. Mehmonlarga katta tuhfalar berilibdi; janjallar, xiyonatkorliklarning hammasi unutilibdi; asallar daryo bo‘lib oqibdi; ichib mast bo‘lib qolganlar kayfichog‘lik alomati sifatida bir-birlariga go‘shti yeb olingan suyaklarni ota boshlashibdi. Bizning xonanda va sozandamizga o‘xshagan, shuning bilan birga urushlarda qatnashgan jangchi bo‘lmish skald nima haqda kuylayotganini bilgani holda erishilgan ajoyib zafarlar to‘g‘risida qo‘shiqlar aytibdi. Har bir she’r: «Molmulk, qarindosh-urug‘, do‘stlar, kishining o‘zi – hammasi o‘tkinchi, hammasi o‘ladi; faqat yaxshi nom o‘lmaydi!» degan naqorat bilan aytilibdi. So‘ng hammalari qalqonlarni mushtlashibdi, pichoq yoki go‘shtsiz suyak bilan stolni urib taqillata boshlashibdi, osmon shovqin-suronga to‘libdi. Vikingning xotini to‘rda egniga ipakli ko‘ylak kiyib, yasanib-tusanib o‘tiribdi; qo‘llarida oltin bilaguzuk, bo‘yniga yirik-yirik donali qahrabo marjon taqibdi. Skald uning ham shuhratini ko‘klarga ko‘tarib kuylashni esidan chiqarmabdi. Eriga farzand hadya etganini ham kuylabdi. Eri chiroyli qizchani ko‘rib judayam quvonibdi, chunki u qizchani kunduzi butun latofati bilan ko‘ribdi. Hatto uning yovvoyiligi ham juda yoqibdi. U, bu qizchadan o‘zini dadil turib himoya qiladigan jasur harbiy chiqadi, bordiyu, tajribali qo‘l o‘tkir qilich bilan hazillashib qalin qoshlarini qirganda ham miq etmaydi, ko‘zini yummaydi, debdi.
Bochkadagi asal tugabdi, yangisini olib kelishibdi, o‘sha zamonlarda asal ichishning havosini rosa olishgan ekan-da! To‘g‘ri: «Hayvon o‘tloqni qachon tark etib uyiga qaytishini biladi, bema’ni odam bo‘lsa o‘z me’yorini bilmaydi!» degan matalni o‘sha vaqtlarda ham bilishgan ekan. Buni har bir odam bilarkan-u, biroq bilish boshqa, bilganni qilish boshqa-da. Hammalari: «Bordiyu, me’yoridan ortiq o‘tirib qolsa, aziz mehmon ham me’daga tegadi», degan boshqa matalni ham bilisharkan: lekin o‘tirishaveribdi, axir go‘sht bilan asal ajoyib narsa-da! Xursandchilik nihoyasidan oshibdi. Kechasi qullar iliqqina qo‘rga cho‘zilishib, yog‘li qorakuyani titkilashib, barmoqlarini yalashibdi. Xo‘p yaxshi damlar ekan!
Xuddi o‘sha yili kuzgi bo‘ronlar quturayotganiga qaramay, viking yana safarga otlanibdi. U o‘z navkarlari bilan Britaniya sohillariga hujum qilmoqchi bo‘libdi, chunki u yer juda yaqin ekan-da. «Qo‘l uzatsak yetadi», debdi viking. Xotini jajji qizchasi bilan uyida qolaveribdi. Ko‘p o‘tmay ayolga ma’sum ko‘zli, oh-voh chekadigan badburush baqa erkalashga tishlash va tirnash bilan javob beradigan yovvoyi go‘zaldan ko‘ra ko‘proq yoqib qolibdi.
Xazonrezgilikni boshlagan, «kemshik bobo» nomini olgan oppoq kuz tumani o‘rmon va cho‘llarni qoplabdi. Patsiz qushchalar, ya’ni qor uchqunlari havoda o‘ynoqlab qolibdi, qish eshik qoqib kela boshlabdi. Chumchuqlar laylaklarning uyasiga kirib olishibdi va uya egalari haqida gurung boshlashibdi. Bu uyalarning egalari qayerda ekan-a, bizning laylak xotini va bola-chaqalari bilan qayerda ekan?
* * *
Laylaklar bizda yoz mavsumida quyosh qanday charaqlab nur sochsa, xuddi o‘shanday serquyosh Misrda bo‘lishibdi. U yerda tamarind va akatsiya daraxtlari gulga ko‘milgan ekan; ibodatxonalarning gumbazlarida yarim oylar charaqlab turganmish; adl minoralarga uzoq safardan horib-charchab kelgan laylaklar qo‘nib olishibdi. Ularning uyalari hashamatli ustunlar va tashlandiq ibodatxonalarning yarim vayrona gumbazlariga qator qurilibdi. Xurmo daraxtlari soyabonsimon uchlarini osmon-u falakka ko‘tarib turganmish. Ildam oyoq tuyaqushlar chopqillab yurgan sahro osmonining har yerhar yerida ehromlarning kulrang soyalari ko‘rinib qolarkan, sher bo‘lsa qumga yarmigacha ko‘milgan yarim odam, yarim hayvon qiyofasidagi marmar haykalga katta, ma’no to‘la ko‘zlarini tikkan ekan. Nil daryosining suvi ko‘payib, sohilga toshibdi, suv ichida g‘ij-bij baqalar; laylaklar uchun bundan ham chiroyli manzara bo‘lmasa kerak. Yosh laylaklar hatto o‘z ko‘zlariga ham ishonishmabdi – qayoqqa qarashsa ko‘zlari yashnarmishda!
– Ha, bu yer mana shunaqa yaxshi, hamisha shunday bo‘ladi! – debdi urg‘ochi laylak. Yosh laylaklarning esa nafslari hakalak otib ketibdi.
– Bu yerda boshqa narsani ko‘rmaymizmi? – deb so‘rashibdi ular. – Nahotki, mamlakatning ichkarisiga bormasak?
– U yoqda hech vaqo yo‘q! – debdi onalari. – Manavi xudo yarlaqagan sohillarning naryog‘ida chirmashib ketgan daraxtlar va o‘simliklar o‘sgan qalin o‘rmon. U yerlardan faqat yo‘g‘on oyoqli fillargina o‘ziga yo‘l ocha oladi. O‘rmonning ilonlari ulkan, kaltakesaklari chaqqon. Bordiyu, sahroga bormoqchi bo‘lsak, ko‘zing qumga to‘ladi, bu holva, qum quyuniga uchrab qolsang rosa adabingni yeysan! Yo‘q, har qalay shu yer yaxshi! Bu yerda baqa bilan chigirtka ancha serob! Men ham, sizlar ham shu yerda qolamiz!
Ular o‘sha yerda qolishibdi. Ota-onalari adl minora ustidagi uyalarida o‘tirishib dam olishibdi, o‘zlariga oro berishibdi, patlarini silliqlashibdi, tumshuqlarini qizil paypoqlariga ishqalashibdi. Pardozlarini tugallashib, bo‘yinlarini cho‘zishibdi, viqor bilan ta’zim qilishib, keng peshanali, ingichka, yarqiroq patlar qoplangan kibr bilan balandga ko‘tarishibdi, mamnunlikdan ma’nodor qo‘yko‘zlari chaqnabdi. Yoshgina oyimqiz-laylakchalar endigina bo‘y cho‘zayotgan qamishzor ichida sipogarchilik bilan sayr qilishibdi, yosh-yosh nar laylakchalarga mo‘ralashibdi, ular bilan darrov tanishib olishibdi, har qadamda bittadan baqani yutishaveribdi, ba’zida tumshuqlarida ilonchani qisib olib silkitib yurishibdi, bu qilig‘imiz o‘zimizga juda yarashadi, deb o‘ylashibdi, buning ustiga ilon ham juda mazali-da! Nar laylakchalar moda laylakchalarni talashib janjallashibdi, qanotlari bilan bir-birlarini urishibdi, tumshuqlari bilan cho‘qib, bir-birlarini qizil qonga bo‘yashibdi! Bir vaqt qarasangiz, bir unisi, bir bunisi kuyov bo‘lib boribdi, moda laylakchalar esa birin-ketin kelin bo‘lishibdi; ularning hammasi faqat shuning uchungina yashayotgan ekanda. Yosh kuyov-kelinlar o‘zlariga uya qurishga kirishibdilar, uya qurishda ham janjallar bo‘libdi, issiq mamlakatlarda hamma qiziqqon bo‘lib qolarkan-da, umuman aytganda, hayot totli, gashtli o‘ta boshlabdi, qariyalar yoshlarga qarab quvonganicha umr o‘tkazishaveribdi, chunki yoshlarga hamma narsa yarashadi-da! Quyosh kun sayin mo‘l-ko‘l nur sochibdi, laylaklarning yegani oldida, yemagani ketida bo‘libdi.
Laylaklar aytganidek, Misr xo‘jasining hashamatli saroyida xursandchilikdan nom-nishon ham yo‘q ekan.
Devorlariga lolaning barglariga o‘xshash gul va naqshlar solingan katta xonada qudratli podsho betob yotar ekan; uning qo‘l-oyoqlari ishlamas, eti suyagiga yopishib, qurib qolgan ekan. Uni qarindosh-urug‘lari va xizmatkorlari qurshab olishibdi. Uni o‘lik deb ham, tirik deb ham bo‘lmas ekan. Botqoqlik gulidan shifo topish umidi ham chippakka chiqibdi. Uni jonidan ham ortiq ko‘radigan qizi ana shu gulni olib kelish uchun uzoq shimolga uchib ketgan ekan. Yosh, sohibjamol qizning diydorini ko‘rolmaydi endi! «U halok bo‘ldi!» deyishibdi vataniga qaytib kelgan malika-oqqushlar. Hatto ular dugonalarining qanday halok bo‘lgani haqida butun bir hikoya ham to‘qishibdi.
– Uchovimiz osmonda uchib ketayotgandik, to‘satdan bizni ovchi ko‘rib qoldi, yoydan o‘q uzdi. O‘q dugonamizga kelib tegdi, bechora vidolashuv qo‘shig‘ini aytib, astagina o‘rmon ko‘lining suviga tushdi. Biz uni o‘sha ko‘lning qirg‘og‘ida oq qayin tagiga dafn qildik. Biroq uning o‘limi uchun qasos oldik: ovchining kulbasida yashovchi qaldirg‘ochlarning dumiga yonib turgan poxol bog‘ladik, uy ham, ovchining o‘zi ham yonib ketdi. Alanga nuri ko‘lning qarama-qarshi tomonidagi oq qayin o‘sib turgan, dugonamiz qora tuproqda yotgan sohilni yoritdi. Ha, endi dugonamiz o‘z yurtini hech qachon ko‘ra olmaydi!
Ularning ikkovlari ham yig‘lashibdi. Bu gaplarni eshitgan laylak tumshuqlarini g‘azab bilan taqillatibdi.
– Yolg‘on, bo‘hton! – deb qichqiribdi u. – Eh, ularning ko‘ksiga tumshug‘imni suqib olsam!
– Tumshug‘ingdan ayrilarding! – debdi xotini. – Xo‘p yaxshi bo‘lardi-da! Undan ko‘ra o‘zing, oilang haqida qayg‘ur, qolganini qo‘yaver!
– Harholda ertaga bemorning kasali xususida kengashish uchun olimlar va donishmandlar to‘planadigan xonaning ochiq peshtoqiga qo‘nib turmoqchiman. Ehtimol, ular haqiqatni ro‘yobga chiqarishar!
Olimlar va donishmandlar to‘planishib, uzoq kengashibdilar, lekin laylak ularning gapidan hech narsa tushunmabdi: podshoning qizi u yoqda tursin, o‘ziga ham naf keltiradigan bir qarorga kelishmabdi. Biroq, olimlarning gapini eshitsak zarar qilmaydi, ko‘p narsani eshitishga to‘g‘ri keladi-ku, axir!
To‘g‘rirog‘i, o‘tmishdan biron-bir narsa eshitsak yo bilsak, tarix bilan yanada yaqinroq tanishamiz; harholda laylaklardan ko‘ra ko‘proq narsa bilib olamiz-da.
«Hayotning asosi – muhabbat! Muqaddas sevgi muqaddas hayotni barpo qiladi! Faqat muhabbat sharofati bilan bemor hayotga qaytishi mumkin!» Donishmandlar podshoni darddan xalos qilish haqida gap ketganda ana shunday dono fikrlarni aytishibdi. Bu gaplar donishmandlarning aytishicha, o‘ta dono va yaxshi fikrlar ekan.
– Fikrlari chakki emas! – debdi o‘shanda laylak xotiniga.
– Men esa negadir mag‘zini chaqa olmayapman! – debdi xotini. – Bu mening nuqsonim emas. Ha, aytganday, bularning menga dahli yo‘q; busiz ham o‘z tashvishlarim boshimdan oshib yotibdi.
Keyin olimlar muhabbatning turli ko‘rinishlari haqida gapira ketishibdi: axir, muhabbatning muhabbatdan farqi bor-da, ota-onalarning o‘z bolalariga yoki o‘simlikning yorug‘likka muhabbati. Masalan, quyosh nuri botqoqdan bo‘sa oladi, natijada undan nihol unib chiqadi. Ularning nutqlari shunchalik chuqur ma’noli ekanki, laylak gapning kalavasini yo‘qotib qo‘yibdi. Hatto gap mazmunini xotiniga ham aytib berolmabdi. U chuqur o‘yga tolib, ko‘zlarini yumib, butun kun bir oyoqda tik turaveribdi. Bilimdonlikni eplay olmabdi.
Lekin laylak podshoning kasali butun mamlakat va xalq uchun katta baxtsizlik ekanini, aksincha, uni darddan xalos etish katta baxt ekanini yaxshi anglabdi. Barcha xalq – xoh kambag‘al, xoh boy bo‘lsin, shu haqda bosh qotirayotganmish. Biroq, shifobaxsh gul qayerda o‘sadi? – deb so‘rashibdi odamlar bir-biridan. Ular ilmiy kitoblarni varaqlashibdi, bu haqda yulduzlardan bir narsa o‘qishga urinishibdi, to‘rt tomondan esadigan shamollardan so‘rashibdi, xullas, turli yo‘llar bilan zarur ma’lumotlarni olishga intilishibdi-yu, hamma harakatlari behuda ketibdi. Shu payt olimlar va donishmandlar oldin «Hayotga asos qurgan – muhabbat; u podshoni ham hayot kechirish uchun ato qilgan!» deb aytgan gaplariga qaytishibdi. Garchi buning ma’nosini ularning o‘zi ham chuqur tushunib yetmasalar-da, bu gapda hikmat katta ekan. Shuning uchun ham bu gapni bir necha bor takrorlab, hatto dori qog‘oziga: «Hayotga asos qurgan – muhabbat!» deb yozishibdi, lekin bu dori qog‘ozi bilan dorini qanday tayyorlash mumkin? Xuddi shu xususda hamma mushkul ahvolda qolibdi. Nihoyat o‘tirganlar bir ovozdan hamma yordamni otasini qizg‘in, chin ko‘ngildan yaxshi ko‘radigan yosh malikadan kutishi kerak, degan qarorga kelishibdi. So‘ng malika nima qilishi lozimligi ustida ham bosh qotirishibdi. Bundan roppa-rosa bir yil muqaddam yangi oyning o‘rog‘i botgan tunda malika sahrodagi marmar haykal tomon yo‘l olgan ekan. Pastroqdagi eshik oldidagi qumlarni suribdi, katta ehromlarning biridagi uzun yo‘lak bo‘ylab yurib, qadimiy fir’avn jasadi qo‘yilgan joyga boribdi – malika marhumning ko‘ksiga boshini qo‘yib, mo‘jiza yuz berishini kutishi kerak edi.
U aytilganlarning hammasini bajo keltiribdi, tushida shimolga, Daniyaga uchib borishi, chuqur botqoqdan nilufar uzishi, u suv tubiga sho‘ng‘iganida gul uning ko‘ksiga tegib ketishi, bu gul otasiga qayta hayot ato qilishi, gul uziladigan joyning o‘zi namoyon bo‘libdi.
Malika oqqush patida Yovuz botqoqligiga ana shuning uchun uchib borgan ekan. Buni laylak bilan xotini azaldan bilisharkan, endi bo‘lsa biz ham uni yaxshiroq bilib olyapmiz. Shuningdek, botqoqlik shohi bechora malikani balchiq ostiga olib kirib ketganini, bu yerda esa uni halok bo‘ldi deb yurganlarini ham bilamiz. Lekin donishmandlarning donishmandi urg‘ochi laylakning: «Malika kulfatdan xalos bo‘ladi!» deb aytgan gapini aytibdi. Oxiri kutishga ahd qilishibdi, bundan boshqa chora qolmabdi-da.
– Anov muttahamlardan oqqush patini sidirib olaman, – debdi laylak. – O‘shanda ular botqoqlikka ortiq uchib borolmaydilar, shumlik ham qilolmaydilar. Patlarini esa har ehtimolga qarshi o‘sha yoqqa yashirib qo‘yaman.
– Qayoqqa? – deb so‘rabdi xotini.
– Botqoq yaqinidagi uyamizga-da! – debdi laylak. – Bolalarimiz patlarni o‘sha yoqqa olib borishga ko‘maklashadi; bordiyu juda og‘irlik qilsa, Daniyaga kelgusi uchishimizgacha biror joyga yashirib qo‘yamiz. Malikaga bitta pat kiyim ham yetadi-yu, ammo ikkita bo‘lsa yana yaxshi, shimolda ortiqcha kiyimga ega bo‘lish ziyon qilmaydi.
– Bu ishing uchun rahmat aytishmaydi! – debdi xotini. – Harholda sen oila boshlig‘isan. Mening esa faqat tuxum bosib o‘tirganimdagina gapim o‘tadi!
* * *
Yovvoyi botqoqlik yaqinidagi, har yili bahorda laylaklar uchib keladigan viking qasrida boshpana topgan qizchaga Xelga deb ism qo‘yishibdi, lekin bu ism uning uchun biroz mayinlik qilar ekan. Chunki bu chiroyli gul badanda yovuz qalb joylashgan-da. Oylar ketidan oylar, yillar ketidan yillar o‘taveribdi, laylaklar esa har yili kuzda Nil sohillariga, bahorda Yovuz botqoqlik tomonga uchaveribdi, qizcha ham balog‘atga yeta boshlabdi, hashpash deguncha o‘n olti yoshga kirib, sohibjamol qiz bo‘lib qolibdi. Biroq uning tashi go‘zal bo‘lsa-da, ichi qo‘pol, xunuk ekan. O‘sha qahrli zulm avj olgan zamonlarda ham Xelga o‘zining yovvoyiligi va beboshligi bilan hammani hayratga solar ekan. U qurbonlik uchun yangi so‘yilgan otning hovuri chiqib turgan qaynoq qonida qo‘lini yuvgandagina ko‘ngli taskin topib yupanarkan, yovvoyilarcha betoqatligi avjiga minganda qurbonlikka atab qo‘yilgan qora xo‘rozning kekirdagini tishlab uzib qo‘yarkan. Kunlardan birida tutingan otasiga behazil shunday debdi:
– Kechasi dushmaning kelib, arqon bilan toming ustiga chiqib, yotoqxonang tomini ochib tashlaganini bilsam ham seni uyg‘otmayman! Bundan ancha yillar oldin qulog‘imda shovla qaynatganding, o‘shaning jarangi hanuzgacha turibdi! Urganingni unutganim yo‘q!
Biroq, qiz behazil gapirayotganiga viking ishonmabdi. Chunki u ham hamma qatori uning go‘zalligiga maftun bo‘lgan, qalbi bilan tashqi qiyofasi ikki xilligidan bexabar ekan. Xelga go‘yo yovvoyi otning belidan o‘sib chiqqanday, uni egarsiz minib jon-jahdi bilan choptirarkan, hatto ot yovvoyi otlar bilan urishib, tishlayotganda ham yerga tushmas ekan. U yechinmasdan baland qoya ustidan o‘zini dengiz ko‘rfaziga tashlab, sohilga yaqinlashayotgan viking qayig‘iga tomon suzib borarkan. U ko‘rkam, qalin sochlaridan eng uzun tutamni kesib olib yoy uchun chilvir to‘qibdi.
– Kishi hamma narsani o‘zi qilishi kerak! Shunisi ma’qul! – der ekan u.
Yillar va odatlanish viking xotinining ruhi va irodasini chiniqtiribdi, lekin baribir u qiziga nisbatan qo‘rqoq, ojiza ayolligicha qolaveribdi. Bularning hammasiga qo‘rqinchli qizni ezg‘ilayotgan yovuz jodu sababchi bo‘layotganini yaxshi bilarkan!
Xelga ko‘pincha onasini qiynab huzur qilar ekan: uning zina yoki hovliga chiqqanini ko‘rishi bilanoq quduqning chetiga o‘tirib, qo‘l-oyoqlarini o‘ynataverarkan, so‘ng tor, chuqur quduqqa sho‘ng‘irkan, suvda baqa singari sho‘ng‘ib, suzib o‘ynarkan, keyin mushukday chaqqon harakat qilib, yuqoriga sakrab chiqarkan, hammayog‘i shilta bo‘lib, katta yotoqxonaga kirib borarkan, soch va ko‘ylaklaridan shovillab suv quyilarkan, polga to‘shalgan ko‘m-ko‘k yaproqlarni yuvib, oqizib ketarkan.
Faqat qorong‘i tushishigina Xelgani biroz jilovlab turarkan. Kechki payt u go‘yo o‘yga tolganday tinchlanib qolarkan, onasining gapidan chiqmas ekan, bunga onasida bo‘lgan tuyg‘u sabab ekan. Quyosh botishi bilanoq Xelga yuvosh, ma’yus baqaga aylanib qolar va burchakda qunishib o‘tiraverar ekan. U oddiy baqaga qaraganda ancha katta bo‘lib, ko‘rinishi dahshatli bo‘lgan ekan. Uning ko‘rinishi baqa boshli, panjalarning orasida suzgich pardasi bo‘lgan badbashara trollga o‘xsharkan. Ko‘zlarida qayg‘u uchqunlari chaqnab, ko‘ksidan yosh go‘dakning o‘ksinib yig‘lashiga o‘xshash ayanchli tovushlar otilib chiqarkan. Xuddi ana shu paytlarda vikingning xotini uni tizzasiga olarkan, uning g‘amgin ko‘zlariga boqib, badbasharaligini ham unutib yuborarkan.
– Rostini aytsam, hamisha soqov baqa qizim bo‘lib qolishingga ham roziman! – der ekan u ko‘pincha. – Husning qaytganda juda qo‘rqinchli bo‘lib ketasan, ko‘ngilga esa g‘ashlik tushadi!
So‘ng u joduni yo‘q qiladigan va dardlarni davolaydigan runlar chizib bechoraning boshidan oshirib tashlarkan, lekin natijasi ko‘rinmas ekan.
– Bir vaqtlar nilufar gulkosasiga siqqaniga kim ishonardi! – debdi laylak. – Endilikda u katta qiz bo‘lib qoldi, xuddi onasi – Misr malikasining o‘zi. Onasini esa boshqa ko‘rmadik! Donishmand bilan sen karomat qilganingday, u kulfatdan xalos bo‘lolmadi, shekilli. Har yili botqoq ustidan uzunasiga ham, eniga ham uchib o‘tyapman, lekin u zarracha bo‘lsin hayot nishonasini bildirgani yo‘q! Ha, ishonaver, menga! Shu yillar mobaynida bu yoqlarga uyamizning u yoq-bu yog‘ini tuzatish uchun sendan oldinroq uchib keldim, tunlarni kunga ulab, boyqush yoki ko‘rshapalakdek kechalari ham botqoq ustida uchdim, hammasi behuda! Zo‘r qiyinchiliklar bilan qo‘lga kiritganimiz va uch marta uchishda bu yoqqa keltirganimiz oqqushlarning pat kiyimlari ish bermadi! Mana, bir necha yildirki, ular uyamizda bekor yotibdi. Yong‘in chiqib, manovi yog‘och kuyib ketsa, undan nom-nishon ham qolmaydi!
– Uyamizning ham kuli ko‘kka sovuriladi! – debdi xotini. – Lekin sen uyamiz xususida anavi pat kiyimlar hamda botqoqlik malikasiga qaraganda kam o‘ylayapsan! O‘zing ham o‘shaning yoniga ketib qo‘ya qol. Sen yaxshi ota bo‘lmading! Bu haqda o‘sha dastlab tuxum bosib o‘tirgan vaqtlarimda aytganman! Hali qarab tur, bu shaddot qiz birontamizni otib qo‘yishdan ham toymaydi! Axir u nima qilayotganini o‘zi bilmaydi! Biz bo‘lsak bu yerda unga qaraganda ko‘proq yashaymiz, hech bo‘lmasa shu tomonini o‘ylagin! Zimmamizdagi majburiyatni ham halol o‘tayapmiz: bir yilda tegishli pat, tuxum, bitta bolani beryapmiz. Hali sen meni oldingi yillardagiday yoki Misrdagiday pastga – hovlimga uchib tushadi, hamma bilan do‘st-inoq bo‘ladi, hech narsani o‘ylamay tumshug‘ini ko‘za hamda qozonlarga tiqadi deb o‘ylarsan? Yo‘q, bu yerda, uyamda o‘tirib anavi qizga g‘ashim kelyapti! Senga ham! Uni gulkosada qoldiravermaysanmi, o‘lib ketmasmidi!
– Tilingga qaraganda diling saxiyroq! – debdi laylak. – Seni o‘zingdan ko‘ra yaxshiroq bilaman!
Shunday debdi-yu, sakrab qanotlarini ikki marta og‘ir qoqibdi, oyoqlarini orqaga uzatib, qanotlarini yelkanday ikki tomonga yozib yuksakka ko‘tarilibdi. Quyosh nuri uning oppoq patlarida jilolanibdi, bo‘yin va boshi oldinga cho‘zilibdi. Ajoyib uchish!
– Erim tushmagur hozir ham hammadan chiroyli! – debdi urg‘ochi laylak. – Biroq, bu gapimni unga aytmayman!
* * *
Bu kuz viking uyiga ancha erta qaytibdi. U juda ko‘p o‘lja va asirlar olib kelibdi. Asirlar orasida qadimiy Shimol xudolarini rad etgan yoshgina xristian ruhoniy ham bor ekan. Keyingi paytlarda viking qasrining asosiy qismida ham Janub mamlakatlariga tarqalgan yangi din haqida gap aylanib qolibdi. Yangi din avliyo Angsariya sharofati bilan hatto Shimolda ham tarqay boshlabdi. Hatto Xelganing o‘zi ham odamlarga bo‘lgan muhabbati va ularni xalos etish uchun o‘zini qurbon qilgan xudolar haqidagi gaplarni eshitibdi. Bu gaplar qizning bu qulog‘idan kirib, u qulog‘idan chiqib ketaveribdi. «Muhabbat» degan so‘z uning qalbiga faqat u baqa qiyofasiga kirib, qulflab qo‘yilgan xonaning burchagiga qisilib o‘tirgan paytlardagina yo‘l topib kiribdi. Lekin vikingning xotini yakka-yu yagona, chinakam xudoning o‘g‘li haqidagi hikoya va rivoyatlarni berilib tinglabdi, bular uning qalbida yangi tuyg‘ularni uyg‘otibdi.
Uylariga qaytgan jangchilar o‘yib, qimmatbaho toshlardan naqsh solingan va vasiyati faqat muhabbat bo‘lgan xudoga atab qurilgan hashamatli ibodatxonalar haqida hikoya qilishibdi. Ular zo‘r hunarmand yasagan, ichidan ajoyib muattar hid taralib turadigan ikkita vazmin oltin idish olib kelishibdi.
Bular mehrob oldida ibodat paytida xristianlarga buxo‘r tutadigan, hech qachon qon sachramagan idishlar ekan. Ana shu mehroblarga vino va nonlar qonga hamda odamlarni, hatto tug‘ilmagan avlodlarni qutqarish uchun jonini qurbon qilgan Isoning tanasiga aylanib qolarkan.
Yosh ruhoniyning qo‘l-oyoqlarini po‘stloqdan eshilgan arqonlar bilan bog‘lashibdi, qal’aning toshdan qurilgan chuqur yerto‘lasiga qamab qo‘yishibdi. U nihoyatda kelishgan yigit ekan! «Xuddi Baldur[1 - Baldur – Skandinaviya afsonalarida nur xudosi.] ning o‘zginasi!» – debdi vikingning xotini asirning og‘ir ahvolidan ta’sirlanib, Xelga bo‘lsa uning tizzasi ostidan yo‘g‘on arqon o‘tkazib, yovvoyi buqalarning dumiga bog‘lanishini juda-juda xohlabdi.
– Men unga ikkita itni qo‘yib yuborar edim: rosa maza qilib tishlashardi! Buqalar uni oldin o‘rmon, botqoq orqali to‘ppa-to‘g‘ri cho‘lga olib chiqishardi! Maza bo‘lardi! Orqasidan izma-iz borsang, undan ham yaxshi!
Biroq, viking asirni boshqacha usul bilan o‘ldirishga hozirlanibdi: ulug‘ xudolarni rad etgan va haqoratlagan xristianni ana shu xudolar uchun qurbon qilmoqchi ekan. Muqaddas chakalakzordagi qurbonlik toshi ustida birinchi marotaba inson qoni to‘kilishi lozim ekan.
Xelga xudo va xalq tasviriga qurbonlik qonini sachratish uchun ijozat so‘rabdi, pichog‘ini qayrab, yonidan chopqillab o‘tib ketayotgan judayam barvasta, qopog‘on itning biqiniga shaxt bilan pichoq uribdi.
– Sinab ko‘rdim-da! – debdi qiz, vikingning xotini esa yovvoyi, yovuz qizga tashvish bilan tikilibdi. Kechasi odatdagiday Xelganing qiyofasi o‘zgarishi bilanoq uni ta’nali so‘zlar bilan koyibdi, bu ta’na so‘zlari og‘zidan qanday chiqib ketganini o‘zi ham bilmay qolibdi.
Badbashara, trollga o‘xshash mudhish qiyofali baqa unga qayg‘uli qo‘yko‘zlarini tikib turaveribdi, onasining har bir so‘zini aqlli odam singari tushunayotgandaymish.
– Sendan o‘tgan alam haqida hech kimga, hatto erimga ham lom-mim demadim! – debdi vikingning xotini. – Senga shunchalik rahm qilaman deb o‘zim ham o‘ylamagandim! Ehtimol, onalik mehri beqiyosdir, ammo qalbing mehr nimaligini bilmaydi! Ko‘ngling o‘zing bino bo‘lgan sovuq balchiqqa o‘xshaydi!
Bu so‘zlar uning tanasini ruhi bilan bog‘laydigan qandaydir ko‘rinmas bir ipga ta’sir etganday badbashara jonivor titrab ketibdi; baqaning ko‘zidan yirik tomchilar dumalab tushibdi.
– Seni sinaydigan vaqtlar ham keladi! – davom etibdi vikingning xotini. – O‘shanda mening boshimga ham katta kulfat tushadi! Oh, jajjigina paytingda ko‘chaga chiqarib tashlasak bo‘lmasmidi; tungi sovuq joningni olsa ham mayli edi!
Shu payt vikingning xotini achchiq-achchiq yig‘labdi, qalbi g‘azab va alamga to‘lib yog‘ochga ilingan, devor vazifasini o‘tayotgan yirtqich hayvon terisidan tikilgan parda orqasiga o‘tib ketibdi.
Baqa qunishib, burchakda yolg‘iz o‘tiraveribdi: sukunatni faqat uning og‘ir, bo‘g‘iq xo‘rsinishlarigina buzib turibdi: baqa qalbining to‘rida iztirob ichida yangi hayot paydo bo‘layotganday bo‘libdi. To‘satdan u eshik tomon yuribdi, biroz quloq solibdi, keyin yana yo‘lida davom etib, ojiz panjalari bilan eshikning vazmin murvatiga tirmashibdi, uni sekin halqadan chiqaribdi. Qarasa, mehmonxonada tungi sham yonib turganmish; baqa uni olib tashqariga chiqibdi: kimningdir qudratli irodasi unga madad berayotgandaymish. Mana, u temir murvatni halqadan chiqarib, uxlab yotgan asirga yaqinlashibdi va uni sovuq, yopishqoq qo‘li bilan turtibdi. Asir uyg‘onibdi, qarshisidagi badbashara hayvonni ko‘rib, yovuz ruhning yo‘ldan ozdiruvchi ko‘lankasi oldida turganday qo‘rquvdan titrab ketibdi. Lekin baqa uning qo‘l-oyog‘i bog‘langan arqonlarni kesibdi, orqamdan yur, degan ishorani qilibdi.
Asir duo o‘qibdi – yovuz ruh g‘oyib bo‘lmabdi, shunda u:
– Bu jonvorlarga oqilona munosabatda bo‘lgan kishi tangri inoyatiga sazovordir. Parvardigor qiyomat kuni bundaylarga karam qilgusidir!.. – debdi. Kimsan o‘zing! Nahotki, hayvon qiyofasidagi mavjudot qalbida shuncha rahm-shafqat, achinish bo‘lsa?
Baqa yana bosh qimirlatibdi. Asirni torgina yo‘lakdan devoriga gilamlar qoqilgan otxonaga boshlab kiribdi va otlardan birini ko‘rsatibdi. Asir otga minibdi. Baqa ham uning oldiga sakrab chiqib, otning yolidan mahkam ushlab olibdi. Asir baqaning maqsadiga tushunibdi va bir o‘zi hech topa olmaydigan aylanma yo‘lga chiqib, ot qo‘yibdi.
Ko‘p o‘tmay baqaning badbasharaligini ham unutibdi, bu maxluq xudoning inoyati deb o‘ylabdi. U to‘xtovsiz kalima keltirib, duo o‘qiyveribdi. Baqa bu duolardanmi yoki tong salqinidanmi titrab ketibdi. Qalbida qandaydir tuyg‘ular tug‘yon uribdi. To‘satdan u ot ustida tik turib, otni to‘xtatmoqchi va pastga sakramoqchi bo‘libdi. Xristian baqani mahkam ushlab olibdi va yovuz sehr-jodu ustidan g‘olib chiqish niyatida baland ovoz bilan duo o‘qishda davom etibdi. Ot yurishini tezlatibdi, tong yorisha boshlabdi. Mana, dastlabki quyosh tig‘i bulut bag‘rini yorib chiqibdi. O‘sha lahzadayoq mo‘jiza yuz beribdi: baqa jin qalbli yosh, chiroyli qizga aylanib qolibdi. Yosh xristian bag‘ridagi go‘zal qizni ko‘rib qo‘rqib ketibdi, otni to‘xtatib, yerga sakrab tushibdi. Ruhoniy, qarshimda yangi jodu paydo bo‘ldi, deb o‘ylabdi. Lekin Xelga ham ko‘z ochibyumguncha yerga sakrab tushibdi: uning kalta ko‘ylagi tizzasiga ham yetmasmish; qiz yonidan pichoq chiqarib, hayratdan qotib qolgan xristianga tashlanibdi.
– To‘xta! – debdi qiz. – To‘xtab tur, pichoqni bu yog‘ingdan suqib, u yog‘ingdan chiqaraman. Bo‘zday oqarib ketganini qara-ya buning! Kul! Ko‘sa!
Qiz bilan asir o‘rtasida olishuv boshlanib ketibdi, lekin yosh xristianga ko‘rinmas kuchlar yordam berayotganday bo‘libdi. U qizning qo‘lini qattiq ezibdi, yo‘l chetidagi qari eman daraxti qizni batamom yengishga ko‘maklashibdi: Xelganing oyoqlari yerdan chiqib turgan dub ildizlariga kirib qolibdi. Xristian uni mahkam ushlaganicha o‘sha joydagi buloq oldiga olib boribdi. Qizning ko‘krak va yuzlariga buloq suvini sepib, unga mahkam yopishib olgan jinlarga qarshi afsun o‘qibdi, boshidan but aylantiribdi, biroq kishining dilini e’tiqod bilan yuvmay turib, suv bilan cho‘qintirishning o‘zi kifoya qilmas ekanda.
Harholda xristianning sirli harakati va so‘zlarida odamning kuchidan zo‘r qandaydir qudrat bor ekan, ana shu qudrat Xelgani yengibdi. U qo‘llarini tushiribdi, yosh yigitga hayajondan bo‘zday oqarib ajablanib qarabdi. Yigit uning ko‘ziga sirli bilimlarni suv qilib ichgan qudratli afsungar bo‘lib ko‘rinibdi. Axir u boshi ustida sirli ishoralarni chizib, afsun o‘qibdi-da! Agar uning boshida o‘tkir bolta yoki pichoqni aylantirishganda, miq etmas ekan-u, negadir yigit peshonasi va ko‘ksida xoch belgisini chizganda qiz ko‘zlarini yumib olibdi. Boshini quyi solib, o‘rgatilgan qushday yuvosh bo‘lib qolibdi.
Shunda yigit uning kecha tunda ko‘rsatgan sevgi jasorati haqida, badbashara baqa qiyofasida kelib kishanlardan ozod qilgani, zindon qorong‘iligidan yorug‘lik va hayot sari olib chiqqani haqida qisqacha gapirib beribdi.
– Lekin, sen men bog‘langan arqonlardan ham pishiqroq arqon bilan bog‘langansan, endi ana shu arqonlarni yechib, seni yorug‘lik va hayot sari yetaklab chiqish mening navbatim, – debdi yigit. Qizni hayot sari, Xedebadagi avliyo Ansgareyga olib borajagini, o‘sha xristian shahrida undagi butun sehr-jodularni olib tashlajagini aytibdi. Garchi qiz yuvosh bo‘lib qolgan bo‘lsada, uni otga mingashtirib olib ketishga jur’at etolmabdi.
– Sen old tomonimga emas, orqamga mingash! Husning yovuz kuchga ega, undan qo‘rqaman! Biroq, Isoning qo‘llab-quvvatlashi tufayli albatta g‘olib chiqaman.
Shu payt u tiz cho‘kib, astoydil duo o‘qibdi, o‘rmon sekin muqaddas ibodatxonaga aylanganday bo‘libdi: qushlar cherkovning yangi namozxonlariday sayrab yuborishibdi, yovvoyi yalpiz buxo‘r o‘rnini bosib, xushbo‘y hidlar taratibdi. Quyidagi muqaddas so‘zlar baland jaranglabdi:
«Zulmatda o‘tirgan xalq yorug‘likka chiqdi, o‘lim soyasi mamlakatida o‘tiruvchilarga nur taraldi».
Shunday qilib, ruhoniy qizga ma’naviy g‘am-g‘ussa tabiatda eng yuksak narsaga intilish haqida gapira boshlabdi, o‘ynoqi ot esa bir joyda jimgina turib maymunjonning yaprog‘ini chimchilab yeyishga tushibdi, sersuv, sershira mevalar go‘yo Xelganing chanqog‘ini qondirmoqchiday uning qo‘liga uzilib tusha boshlabdi.
Xristian qizni otning sag‘risiga o‘tqizayotganda qarshilik ko‘rsatmabdi; Xelga tush ko‘rayotganday bo‘libdi. Xristian ikkita novdan xoch shaklida bog‘lab baland ko‘tarib olibdi. So‘ng ular tobora qalinlashib yo‘llari torayib, ba’zi joylarda esa butunlay yo‘qolib torayib, ba’zi joylarda esa butunlay yo‘qolib borayotgan o‘rmon bo‘ylab yo‘lda davom etishibdi. Tikanli butalar ularning yo‘liga g‘ov bo‘libdi, bunday joylardan aylanib o‘tishga to‘g‘ri kelibdi. Buloq suvi oqmay, bir joyda tek turadigan botqoqqa aylanibdi, uni ham aylanib o‘tishga to‘g‘ri kelibdi. O‘rmon chakalakzorlaridan kishining ko‘nglini xushnud etadigan, unga kuch-quvvat bag‘ishlaydigan va yashartiradigan shabada esibdi. Xristianning zulmat qo‘ynidan yorug‘lik va hayot sari yetaklab chiqishga ruhlantiruvchi so‘zlari, kichkina qalbi ishonch va muhabbat bilan tepayotgan qizning ham ma’sum ko‘ngliga orom bag‘ishlabdi, uni mustahkamlabdi.
Yomg‘ir tomchisi qattiq toshni ham o‘yib tashlaydi, dengiz to‘lqinlari qoyadan qulab tushgan xarsangtoshni o‘tkirlashtiradi yo dum-dumaloq qilib qo‘yadi, deyishadi. Xelganing ruhiga sachragan ilohiy shafqat shabnami tomchilari ham uning qattiq qobig‘ini teshib o‘tib, anchagina muloyimlashtiribdi. Biroq, Xelga o‘z qalbida nimalar bo‘layotganidan bexabar ekan: axir, yerdan endigina bosh ko‘targan o‘simlik samarali shabnamdan qonib ichib, quyoshning iliq nurlaridan to‘yib emarkan, o‘ziga berilgan hayot urug‘i va bo‘lajak mevasi haqida o‘ylamaydi-da.
Ma’nosi bir necha yillardan keyin oydinlashadigan, qulog‘iga chalingan, lekin ma’nosini uqmagan ona allasining ayrim so‘zlari ko‘ngilga bilinmay o‘rnashib olganday xristianning ham hayotbaxsh so‘zlari Xelganing qalbiga o‘rnasha boshlabdi.
Ular o‘rmondan cho‘lga chiqishibdi, so‘ng qalin o‘rmonzorga kirishibdi, kechga yaqin birdan qaroqchilarga duch kelib qolishibdi.
– Bunchalik go‘zal qizni qayerdan ilashtirding? – deb baqirishibdi ular. Otni to‘xtatib, yigit bilan qizni pastga tushirishibdi; ular ko‘pchilik ekan-da.
Xristianda o‘zini himoya qilish uchun Xelga bilan olishib undan tortib olgan pichog‘i bor ekan, xolos. Qaroqchilardan biri unga bolta bilan hamla qilibdi, lekin yigit chap berib qolibdi, bo‘lmasa turgan joyida til tortmay o‘larkan. Bolta tig‘i otning bo‘yniga tegib, anchagina joygacha qirqib yuboribdi; sharillab qon oqibdi, jonivor yerga qulabdi. Shu payt Xelga qattiq uyqudan uyg‘ongan kishiday, jon berayotgan otga mahkam yopishibdi. Xristian qizga qarab kelayotgan qaroqchilarning yo‘lini to‘sibdi, lekin ulardan biri oybolta bilan uning boshiga tushiribdi, qon va miya har tomonga sachrab ketibdi, yosh ruhoniy o‘sha zahotiyoq jon beribdi.
Qaroqchilar Xelganing oppoq qo‘llaridan mahkam ushlab olishibdi, biroq shu payt quyosh botibdi, u esa yana badbashara baqaga aylanibdi. Uning oq-ko‘kish og‘zi qulog‘igacha yetibdi, qo‘l va oyoqlari ingichka, shilimshiq bo‘lib qolibdi, qo‘l panjalari orasida esa yelpig‘ichga o‘xshash pardalar paydo bo‘libdi. Qaroqchilarni dahshat bosib, uni qo‘yib yuborishibdi. Maxluq ular qarshisida ozgina turibdi-da, baland sakrab, o‘rmon chakalakzorlari ichida ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. Qaroqchilar Loke[2 - Loke – Skandinaviya afsonalaridagi makr va hiylagarlik xudosi.] biz bilan hazillashayapti deb o‘ylashib, qochib ketishibdi.
* * *
To‘linoy nurlari atrofni yoritib yuboribdi. Badbashara baqa butalar orasidan chiqibdi. U xristian bilan ot jasadi oldida to‘xtab, ko‘zlariga jiqqa yosh olib, ularga uzoq tikilibdi; ko‘ksidan go‘dakning asta hiqillab yig‘lashiga o‘xshagan ovoz otilib chiqibdi. So‘ng u o‘zini goh unga, goh bunga tashlabdi, o‘liklarga pardali panjalari bilan hovuch-hovuch suv sepibdi. Biroq, o‘likni tiriltirib bo‘larmidi! Buni o‘zi ham bilar ekan. Hademay yovvoyi yirtqichlar kelib, ularni burdalab tashlamasa go‘rga edi! Yo‘q, bunga yo‘l qo‘ymayman, debdi. Ular uchun qo‘lidan kelganicha qabr kavlaydigan bo‘libdi. Qo‘lida faqat yo‘g‘on buta shoxidan boshqa hech narsa yo‘q ekan. Pardali panjalari esa yerni yaxshi kavlay olmas ekan. U shunchalik berilib ishlabdiki, panja pardalari yirtilib ketibdi; qo‘lidan qon oqa boshlabdi. Shundagina qabr kavlay olmasligiga aqli yetibdi: u yana hovuchlab suv olib kelib, o‘likning yuzini yuvibdi. Keyin jasadning ustiga yangi uzilgan ko‘m-ko‘k yaproqlar tashlabdi; ustidan shox bosibdi. Uning ustidan yana yaproq tashlabdi. Keyin uning ustidan katta-katta toshlar bostirib, oralariga yo‘sin tiqibdi. Bunday qabrda jasad bexatar yotadi, deb o‘ylabdi. Ana shu og‘ir ishlar bilan tun o‘tib ketibdi, quyosh chiqibdi. Xelga yana go‘zal qizga aylanibdi, biroq uning qo‘llari qizil qonga bo‘yalganmish. Qizning gul yuzlaridan umrida ilk da’fa ko‘zyoshlari oqa boshlabdi.
Qizga aylanish oldidan uning har ikkala fe’l-atvori omixtalanib ketganday bo‘libdi. Dahshatli tushdan cho‘chib uyg‘onganday a’zoyi badani titrab, atrofga olazarak bo‘lib boqarmish. Keyin tik o‘sgan qora qayin daraxti shoxlariga tirmashib, mushukday epchil harakat qilib, daraxtning tepasiga chiqib ketibdi. U daraxtdagi shoxga mahkam yopishib, kimsasiz o‘rmonda qo‘rqoq olmaxonday o‘tiraveribdi. Kimsasiz o‘rmon! Ha, darhaqiqat, bu yer kimsasiz ekan, lekin havoda goh raqsga tushib, goh bir-birlari bilan olishib kapalaklar uchib yurganmish: chumolilar, mayda hasharotlar to‘lib-toshib yotganmish; osmonda son-sanoqsiz chivinlar, g‘ing‘illab ashula aytadigan pashshalar, tugmacha qo‘ng‘izlar va boshqa qanotli mavjudotlar uchib yurishganmish; yomg‘ir chuvalchangi nam tuproqdan yer betiga chiqibdi; ko‘rsichqonlar tuproq irg‘ita boshlashibdi – xullas, bu yerdagi kimsasizlikni tinch, osoyishtalik degan ma’noda fahmlash kerak. O‘rmonda yashovchilarning hech qaysisi Xelgaga e’tibor bermabdi, faqat u o‘tirgan daraxt ustidan shovqin-suron bilan uchib o‘tayotgan hakkalar unga qiziqib qolishibdi! Ular shoxdan shoxga sakrab, qizga ancha yaqinlashib kelishibdi – ular ana shunaqa jasur va juda qiziquvchan ekanda! Biroq qiz qarashi bilanoq hakkalar har yoqqa uchib ketishibdi; ular bu narsaning nimaligini bilishmabdi, umuman buni Xelganing o‘zi ham durustroq tushunolmabdi!
Kun botish oldidan baqaga aylanib qolishi yaqinlashayotganini sezib, Xelga daraxtdan tushibdi; quyoshning so‘nggi nuri ham so‘nibdi, u yana qo‘lining panja pardalari yirtilgan, qunishgan baqa qiyofasiga kiribdi. Lekin badbashara maxluqning ko‘zlari go‘zal Xelganing ko‘zlaridan ham jozibaliroq bo‘lib qolganmish. Bu ma’sum ko‘zlarda chuqur his etadigan ruh va insoniy qalb aksi namoyon bo‘libdi; bu ko‘zalardan tinmay yosh to‘kib biroz yengil tortibdi.
Qabr oldida xristian yasagan but hali yotgan ekan. Xelga uni qo‘liga olib, o‘zicha qabrga qo‘yilgan toshlar o‘rtasiga qo‘ymoqchi bo‘libdi. Qabr tagida yotgan marhumni eslaganida Xelganing ko‘zidan yana duv-duv yoshlar oqibdi. Qalbining eng tubidan chiqqan qandaydir da’vat kuchi bilan qabr atrofiga but belgilarini chizmoqchi bo‘libdi – shunday qilsam ajoyib ihota hosil bo‘lardi, deb o‘ylabdi. U ikkala qo‘llab dastlabki butni chizishi bilanoq panjalari orasidagi parda dabdalasi chiqqan qo‘lqopday yerga ko‘chib tushibdi. U qo‘lini buloq suvida yuvibdi, oppoq, chiroyli qo‘llariga ko‘zi tushib, hayron bo‘libdi, xuddi o‘shanday belgini o‘zi bilan qabr o‘rtasida havoda chizibdi, lablari titrabdi, og‘zidan yo‘lda marhum bir necha marta takrorlagan Iso payg‘ambarning nomi chiqib ketibdi.
O‘sha zahotiyoq Xelganing egnidagi baqa choponi g‘oyib bo‘libdi, u yana yoshgina go‘zal qizga aylanib qolibdi; lekin boshi horg‘in egilibdi, butun vujudi hordiq talab bo‘lib turganmish, shunday qilib, u uxlab qolibdi.
Biroq, u uzoq uxlamabdi; yarim tunga borib uyg‘onibdi: qarasa, o‘ldirilgan ot qarshisida tirik, nur sochib turganmish, ko‘zlaridan o‘t chaqnayotganmish; bo‘ynidagi yarasidan ham nur taralayotganmish. Otning yonida esa vikingning xotini aytganday, «Baldurdan ham go‘zalroq» o‘ldirilgan xristian turganmish, u ham nurga burkangan emish.
Uning ma’sum ko‘zlari kishi qalbiga bemalol kirib bora oladigan adolatli qozi ko‘zlariday sinovchan, jiddiy nazar tashlab turganmish. Xelga titrab ketibdi, qiyomat kunidagiday xotirasi birdan jonlanibdi. Unga qilingan har bir xayrli ish, u eshitgan har bir shirin so‘z xotirasida bir zum jonlanib, shu kungacha sinovda bo‘lganmish, tirik ruh va o‘lik botqoqning bolasini faqat mehr-muhabbat qo‘llab-quvvatlaganini payqabdi. Bu o‘rinda u nuqul ichki kayfiyati ovoziga quloq solganini, o‘zi uchun hech narsa qilmaganini, unga berilgan hamma narsani u o‘zi emas, balki allaqanday oliy irodaning rahnamoligida ro‘yobga chiqarganini bilibdi. O‘zining ojizligini yaxshi anglab nomus o‘tida qovirilib, qalbining to‘ridan o‘rin olgan, mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lgan odam oldida egilib, ta’zim bajo keltiribdi. Shu lahzada u o‘zida chaqmoqday yorqin ilohiy uchqun, avliyo ruhining uchquni paydo bo‘lganini sezibdi.
– Botqoqlik qizi! – debdi xristian, – botqoqdan, tuproqdan yaralgansan, tuproqdan bosh ko‘taryapsan. Senga hayot ato qilgan quyosh nuri o‘z manbai bilan aylanib qo‘shilishga intilmoqda, lekin uning manbai quyosh emas, xudoning o‘zi! Jahonda hech bir jon o‘lmaydi, lekin yerdagi hayot asta davom etaveradi, abadiylikning yagona lahzasi bor, xolos. Men huzuringga marhumlar maskanidan keldim; qachonlardir sen ham katta vodiy orqali Shafqat va Kamolot maskani bo‘lgan munavvar tog‘ qishloqlariga safar qilasan. Endi seni boshlab boray, faqat cho‘qintirish uchun Xedebyaga eltmayman. Avvalo chuqur botqoq ustidagi pardani yirtishing, hayotingning tirik ildizini va beshigini ozod qilishing, shu bilan o‘z burchingni ado etishing kerak. Shundan keyingina imon keltirishing mumkin.
So‘ng qizni otga mingashtirib, uning qo‘liga vikingning uyida ko‘rgan va unga juda o‘xshagan buxo‘r tutatadigan oltin idish beribdi; idishdan xushbo‘y isiriq hidi taralibdi. Xristianning boshidagi yara tillaqosh singari nur sochibdi. U qabr ustidagi butni olib, boshi uzra baland ko‘taribdi, ular shovillagan o‘rmonzorlar, qahramonlar dafn etilgan maqbaralar, qabr toshlari o‘rniga ularning otliq turgan haykallari qo‘yilgan joylar ustidan uchib o‘tishibdi. Qudratli soyalar ko‘tarilib harakatga kelibdi va maqbaralar ustida to‘xtabdi; oy shu’lasi qahramonlar peshanasini bezab turgan oltin chambaraklarda o‘ynabdi; kamzullari shamolda hilpirabdi. Xazinani qo‘riqlab yotgan ajdar boshini ko‘tarib, samo sayohatchilariga nazar tashlabdi. Ularga tepaliklar, omochda tortilgan egatlardagi past bo‘yli o‘simliklar moviy, qizil va yashil rangda tovlanib ko‘rinibdi, go‘yo qog‘oz kuyib bo‘lgandan keyin qo‘r ustida yuzlarcha uchqunlar o‘tayotganga o‘xsharmish.
Ular o‘rmonlar, cho‘llar, ko‘llar va botqoqliklar ustidan uchib o‘tib Yovuz botqoqlikka yetib kelishibdi-da, uning ustida uchib yurishibdi. Xristian oltinday tovlanayotgan xochni baland ko‘taribdi. Hech to‘xtamasdan muqaddas duolarni o‘qiyveribdi; Xelga ham onasining sayrashiga taqlid qilgan qush bolasiday duolarni takrorlab, buxo‘r yonib turgan oltin idishni silkitaveribdi. Idishdan shunchalik kuchli, o‘tkir, mo‘jizakor isiriq hidi taralibdiki, qiyoq va qamishlar gullab, botqoqlik tubidan hayot pushtiga ega bo‘lgan barcha o‘simlik poyalari ko‘m-ko‘k bo‘lib o‘sib chiqibdi, barg yozibdi, Xudoi taoloning nuridan bahramand bo‘libdi. Botqoqlik ustini nilufar gullarning hashamatli, ko‘rkam gilami qoplabdi, ana shu gul gilami ustida husnda tengi yo‘q yoshgina ayol dong qotib uxlab yotganmish. Xelga botqoqlik suvida o‘z aksini ko‘rganday bo‘libdi, lekin bu Xelga emas, balki uning onasi, botqoqlik shohining xotini, Misr malikasi ekan.
Xristian uyqudagi go‘zalga, otga mining, deb amr qilibdi, ayol muallaq turgan kafandek og‘ir otga asta o‘tiribdi, xristian uning boshidan xochni aylantiribdi. Shunda ruh yana o‘ziga kelibdi. Uchovlari qattiq yerga qo‘nishibdi.
Vikingning hovlisidagi xo‘roz qichqirib yuboribdi, xayol shamol haydagan tumanday tarqalibdi. Ona-bola bir-biri bilan yuzma-yuz qolishibdi.
– Chuqur suv ostida o‘zimni ko‘rmayotganmikanman? – debdi onasi.
– Bu suv oynasida ko‘rinayotgan aksim emasmikan-a? – debdi qizi.
Ular bir-birlariga yaqinlashib, mahkam quchoqlashibdi. Onasining yuragi qattiq ura boshlabdi. U buning sababini tushunibdi.
– Bolaginam, qalbimning guli, suv tubidan o‘sib chiqqan nilufarim!
U qizini yana quchoqlab ho‘ng-ho‘ng yig‘labdi; bu ko‘zyoshlari Xelgani hayot va muhabbatga qaytargan yangi cho‘qintirish bo‘libdi.
– Men botqoqqa oqqush kiyimida uchib keldim, shu yerda uni yechdim! – hikoyasini boshlabdi onasi. – Tubi yo‘q yerga oyoq bosib, botqoqlikka botib ketdim. Bir zumda boshim ham ko‘rinmay qoldi. Ko‘p o‘tmay toza suv oqib kelayotganini, allaqanday noma’lum bir kuch meni tobora pastga tortib ketayotganini payqab qoldim; qovog‘im og‘irlashib, uxlab qolibman… Tushimda yana Misr ehromi ichida turganmishman. Qarshimda botqoq ustida meni dahshatga solgan zirk daraxtining to‘ngagi tebranib turganmish. Uning po‘stloqlaridagi yoriqlarga ko‘zim tushdi, o‘sha yoriqlar nurlanib, mixxatlarga aylandi – ko‘z oldimda mo‘miyolangan murda paydo bo‘ldi. Uning ustki qobig‘i to‘kilib, ichidagi ming yildan beri o‘lik holda yotgan, qumg‘onday qop-qora, etlari semiz o‘rmon qurtiday osilgan, botqoq loyidan ham qora qadimiy podsholardan biri chiqdi. Qarshimda botqoqlik shohimi yo mo‘miyolangan murdami, ajrata olmay qoldim. U qo‘llari bilan meni mahkam quchoqlab oldi, shu payt jonim chiqib ketayotganday bo‘ldi. Ko‘ksimni issiq bir narsa ilitayotgandek o‘zimga keldim: ko‘kragimda qanotlarini qoqib sayrab turgan qushchani ko‘rdim. Keyin u ko‘ksimdan yuqoriga, og‘ir va timqora shipga qarab uchdi, lekin uni menga uzun yam-yashil bog‘ich bog‘lab turardi. Men uning «Erkinlikka, otamning yoniga!» deb sayraganini fahmladim. Shu payt otam, serquyosh yurtim, kechirgan umrim, mehr-u muhabbatimni xotirladim. Bog‘ichni yechib, qushchani otasining yoniga qo‘yib yubordim! O‘sha lahzadan buyon hech qanaqa tush ko‘rmadim, manovi ohang va xushbo‘y hidlar meni botqoq tubidan chiqargunga qadar uyg‘otib bo‘lmaydigan uyquda bo‘ldim!..
Qushchani ona ko‘ksiga bog‘lab turgan yam-yashil bog‘ich hozir qayerda hilpirab turibdi ekan! Uni faqat laylakkina ko‘rgan ekan, yam-yashil o‘simlik poyasi bog‘ichi uning tuguni, chiroyli guli, jajji qizchaning beshigi bo‘lgan ekan. Endilikda o‘sha qizcha go‘zal qizga aylangan ekan, shu topda u yana onasining ko‘ksiga boshini qo‘yib turgan ekan.
Ular bir-birlarini quchoqlashib, botqoqlik chetida turishganda ustlarida laylak aylana boshlabdi. U darhol orqaga – uyasiga qaytib borib, anchadan beri saqlab yurgan oqqush kiyimlarini olib kelibdi va ona-bola oldiga tashlabdi. Ular kiyimlarni darrov kiyishib, oqqush bo‘lib, osmoni falakka ko‘tarilishibdi.
– Endi gaplashib olaylik! – debdi laylak – Garchi qushlarning tumshuqlari har xil bo‘lsa-da, bir-birimizni tushunamiz! Shu bugun kechasi kelganlaring juda soz bo‘ldi: ertaga biz bu yerda bo‘lmas edik. Ertalab men ham, xotinim ham, bolalarim – hammamiz janubga uchib ketamiz! Sizning Nil sohillaringizning eski qadrdoni bo‘lib qolganman! Mana, xotinim ham yonimda, uning qalbi tilidan ham yaxshiroq! U hamisha malika kulfatdan xalos bo‘ladi, deb aytardi. Men bolalarim bilan bu yoqqa oqqush kiyimlarini olib keldik! Qisqasi, juda xursandman! Shu yerda bo‘lganimdan juda baxtiyorman! Tong-saharda hammamiz janubga uchamiz! Biz oldinroqda uchamiz, faqat orqada qolib ketmanglar, yo‘ldan adashib qolasizlar! Sizlarga ko‘z-quloq bo‘lib boramiz.
– Men bo‘lsa yurtimga nilufar gulini olib boryapman! – debdi Misr malikasi. – U yonginamda oqqush kiyimida uchib boradi! Yuragimning guli o‘zim bilan, orzumga yetdim! Endi uyga!
Biroq, Xelga vikingning saxovatli xotini, tutingan onasi bilan diydor ko‘rishmaguncha Daniyani tark eta olmasligini aytibdi. Xelga uning hamma yaxshiliklarini, mehr-u muhabbatga to‘la har bir so‘zini, asrandi qizi tufayli to‘kkan har bir dona ko‘zyoshlarini xotirlabdi, shu lahzada bu onasidan ko‘ra bu onasini ko‘proq sevayotganini his etibdi.
– Biz ham vikingning qasriga uchib borishimiz kerak! – debdi laylak. – U yerda meni xotinim, bolalarim kutishmoqda! Sizlarni ko‘rib ko‘zlari qinidan chiqquday quvonishadi-da, tumshuqlarini ham rosa taqillatishadi! Xotinim ko‘p gapirmasa kerak! U juda kamsuxan, fikrini oqilona, qisqa bayon qiladi, fikrlashi undan ham ziyoda! Hozir kelganimizni ma’lum qilib, tumshug‘imni taqillataman!
Shunday deb, u tumshug‘ini rosa taqillatibdi. Hademay ular viking qasriga yetib borishibdi.
Qasrdagilar hammasi qattiq uyquda ekan. Vikingning xotinini ham uyqu elta boshlabdi. Lekin qo‘rqinch va tashvish anchagacha unga uyqu bermabdi. Asir xristian bilan Xelganing yo‘qolganiga ham uch kun bo‘lgan ekan, ehtimol, asirning qochib ketishiga qiz yordam bergan bo‘lsa kerak deb o‘ylabdi. Chunki otxonada faqat uning oti yo‘q ekan. Biroq, bu qanday sodir bo‘ldi ekan? Vikingning xotini beixtiyor Iso payg‘ambar va unga e’tiqod qo‘ygan kishilarning ajoyib karomatlar ko‘rsata olishga qodir ekanligini eslabdi. O‘ngida xayolidan nari ketmagan bu o‘ylar tushida ham jonlanibdi. Tushida ko‘rpa ustida Xelgani o‘ylab, avvalgiday chuqur xayolga berilib o‘tirganmish. Hammayoqni zulmat qoplab, bo‘ron yaqinlashayotganmi. Har ikki tomonlar – Shimoliy dengiz va Kattegat tomondan qahrli to‘lqinning dahshatli ovozi eshitilayotganmish. Dengizning tubida butun yerni egallab kulcha bo‘lib yotgan juda katta bahaybat ilon jon talvasasidamish. Eskilarning gapiga ko‘ra, qiyomat boshlanib, barcha xudolar ham qazo qiladigan rannar – eng so‘nggi dahshatli tun yaqinlashayotganmish. Mana, burg‘uning jarangdor tovushi eshitilibdi, kamalak ustidan yarqiroq sovutlar kiygan otliq xudolar so‘nggi jangga jo‘nashibdi! Ularning oldida qanotli valxiriyalar uchibdi, orqalaridan esa marhum qahramonlarning poyezdlari jo‘nabdi. Osmon shamol shafag‘i nuriga to‘libdi, lekin zulmat yengarmish. Dahshatli daqiqalar yaqinlashayotganmish.
Qo‘rquvdan yaproqday qaltirayotgan vikingning xotini yonida badbashara baqa qiyofasida Xelga o‘tirganmish, u dahshatdan titrab, unga yopishayotganmish. U baqani tizzasiga olib badbashara bo‘lsa-da, mehr bilan bag‘riga bosibdi. Osmon qilich va gurzilarning ovozidan larzaga kelibdi. O‘qlar hushtak chalib, osmondan do‘lday yog‘ilibdi. Osmon qulab tushadigan, yulduzlar to‘kiladigan, hammasi Surtur[3 - Surtur – Skandinaviya afsonalarida zulmat podshosi.] alangasida yonib bitadigan payt kelibdi.
Biroq, vikingning xotini bulardan keyin yangi osmon va yer paydo bo‘lishini, ilgarigi badjahl dengiz to‘lqinlari o‘ynoqlab oqqan sariq qumli o‘zanda bug‘doyzorlar chayqalishini bilarkan. U allaqanday yangi xudo taxtga o‘tirishini, uning yoniga soya podsholigidan ozod bo‘lgan ma’sum, oyday ravshan Baldur ko‘tarilishini ham bilarkan. To‘satdan qarshisida o‘shani ko‘rib qolibdi. Uni bir qarashdayoq tanibdi – u asir xristian ekan.
– Iso payg‘ambar! – debdi u va uning nomini takrorlab turib xunuk bolasi – baqani o‘pibdi. O‘sha zahoti baqaning to‘ni egnidan tushibdi, qarshisida hamma vaqtdagidek go‘zal, lekin o‘ta ma’sum, ko‘zlaridan mehrigiyo yog‘ilib turgan Xelga namoyon bo‘libdi! Xelga og‘ir sinov kunlarida asrandi qiziga ko‘rsatgan mehr-oqibatlari uchun, ko‘nglida ezgu tuyg‘ular va fikrlar uyg‘otgani, Isoning nomini aytgani uchun minnatdorlik izhor qilganday ayolning qo‘llarini o‘pibdi. Xelga ham Isoning nomini takrorlabdi, to‘satdan u osmonga oqqush bo‘lib ko‘tarilibdi: oq qanoti yozilib, ovozi hammayoqni tutibdi, osmonga bir gala qush ko‘tarilganday bo‘libdi.
Xuddi shu payt vikingning xotini uyg‘onib ketibdi. Chindan ham hovlidan qushlarning qanot qoqqani eshitilibdi. U laylaklarning uchib ketish payti kelganini, bu shovqin o‘shalarniki ekanini payqabdi. Laylaklarga bir nazar tashlab xayrlashgisi kelibdi. O‘rnidan qo‘zg‘alib, darchani ochib yuboribdi. Qasrning qo‘shimcha binolari tomidagi yuzlarcha laylaklarga ko‘zi tushibdi. Baland daraxtlar ustida esa boshqa laylaklar ham gala-gala bo‘lib uchishayotganmish; tutingan onasini qo‘rqitgan go‘zal Xelga hamisha o‘tadigan deraza ro‘parasidagi quduq chetida ma’no to‘la ko‘zlarini unga tikib ikkita oqqush qo‘nib turganmish. O‘zida chuqur taassurot qoldirgan hozirgi tushini o‘ngida ko‘rayotganday bo‘libdi. U oqqush qiyofasidagi Xelgani, xristianni xotirlabdi, sevinchdan yuragi qinidan chiqayozibdi.
Oqqushlar qanot qoqishibdi, unga ta’zim qilganday bo‘yinlarini egishibdi, ayol esa bunga javoban ularga qo‘lini uzatibdi, yosh to‘la ko‘zi bilan o‘ychan kulimsirabdi.
Laylaklar qanotlarini shovqin bilan qoqib, tumshuqlarini qaqirlatib janubga uchish uchun osmonga ko‘tarilishibdi.
– Anovi oqqushlarni kutib o‘tirmaymiz! – debdi laylakning xotini. – Biz bilan birga uchishadigan ekan, imillashmasin! Loyxo‘raklar to‘planguncha bu yerda kutib o‘tirolmaymiz! Qizilto‘shlar yoki boshqa qushlarning uchishiga qaraganda bizning oila bo‘lib uchishimiz yarashadigan ish: ularning erlari o‘z holiga, xotinlari o‘z holiga uchishadi! Bu katta beadabgarchilik! Oqqushlarchi, ularning uchishi ham uchish bo‘ldimi?
– Hamma o‘z bilganicha uchadi! – debdi laylak xotiniga. – Oqqushlar qiyshiq chiziq bo‘ylab, turnalar uch burchak bo‘lib, loyxo‘raklar ilon izi bo‘lib uchishadi!
– Iltimos, hozir ilonlarni esga solma! – debdi xotini. – Bolalarimizning ishtahasi ochilib ketadi, bu yerda ularni nima bilan boqamiz?
* * *
– Eshitib yurganim baland tog‘lar ana-ku! – debdi oqqush qiyofasida uchib ketayotgan Xelga.
– Yo‘q, bular tog‘ emas, ostimizda qora bulutlar suzib yuribdi! – deb e’tiroz bildiribdi onasi.
– Anavi yuksaklikdagi oq bulutlar-chi? – so‘rabdi qizi.
– Ular hamisha qor bilan qoplanib yotadigan tog‘lar! – javob qaytaribdi onasi. Ular Alp tog‘laridan oshib o‘tib, O‘rtayer dengizi tomon uchishda davom etishibdi.
* * *
– Afrika! Misr! – sevinganidan qichqirib yuboribdi Nil sohilining qizi yuqoridan o‘z yurtining sarg‘ish egri-bugri sohil chizig‘ini ko‘rib.
Laylaklar ham sohilni ko‘rishib, uchishni tezlatishibdi.
– Mana, Nil balchig‘i hamda sirg‘anchiq baqalarning ham hidi kelib qoldi! – debdi laylakning xotini bolalariga: – Voybo‘y, qornim tatalab ketyapti! Ularning qanchalik mazali bo‘lishini o‘zlaring yeb bilasizlar: iblis, marabu hamda turnalarni ko‘rasizlar. Ular ham bizning toifamizdan, biroq bizchalik chiroyli emas. Lekin judayam kerilishadi! Ayniqsa, iblislarning tumshug‘i osmonda, ularni misrliklar taltaytirib qo‘yishgan; ular iblislarning ichiga xushbo‘y o‘t-o‘lanlarni tiqib mo‘miyo qilishadi. Mening ichimga tirik baqalar tiqishsa jon xudo derdim! Buning mazaligini o‘zingiz ham bilasiz! O‘lib muzeyga tushgandan ko‘ra, tirik va to‘q yurgan afzal! Mening fikrim shunaqa, bu juda to‘g‘ri fikr!
– Mana, laylaklar ham kelibdi! – deyishibdi. Nil sohilidagi qasr egalari. Usti ochiq xonada yumshoq o‘rinda, qoplon terisiga burkanib podsho yotganmish. U hali ham na tirikka, na o‘likka o‘xsharmish, shimolning teran botqog‘ida o‘sgan shifobaxsh nilufar gulni orziqib kutayotganmish. Qarindosh-urug‘lari va xizmatkorlari uni qurshab olishganmish.
To‘satdan bemor yotgan xonaga laylaklar bilan birga kelgan ikkita chiroyli oqqush uchib kiribdi. Ular egnilaridagi oqqush kiyimlarini yechib tashlashibdi, yerda turganlar bir-birlariga nihoyatda o‘xshash ikki go‘zalni ko‘rishibdi. Ular asta-sekin rangida qoni qolmagan, eti suyagiga yopishib ketgan cholga yaqinlashishibdi, uzun sochlarini orqaga tashlashibdi. Xelga bobosiga engashibdi, o‘sha zahotiyoq cholning yuziga qizil yuguribdi, ko‘zlari charaqlab ketibdi, qotib qolgan tanasida hayot jo‘sh ura boshlabdi. Chol o‘rnidan yashargan, sog‘lom, tetik bo‘lib turibdi! Qizi va nabirasi uzoq davom etgan uyqudan so‘ng ertalabki salom-alik qilganday, uning qo‘lini ushlashibdi.
Saroyda boshlangan shodiyonani aytmaysizmi? Laylaklarning uyalarida ham xursandchilik bo‘libdi, chunki yeganlari oldida, yemaganlari ketida bo‘lib, baqalar ham nihoyatda serob ekan-da. Olimlar shoshapisha har ikkala malika hamda o‘zi bilan butun mamlakatga, podsho xonadoniga baxt-u saodat keltirgan shifobaxsh gul tarixini yozishibdi. Laylaklar esa bu haqda o‘z bolalariga hikoya qilib berishibdi, ammo buni o‘z bilganlaricha, qorinlari baqaga liq to‘lishi bilanoq aytib berishibdi, aks holda ularning boshqa mashg‘ulotlari chiqib qolar ekan-da.
– Sen ham bir narsalik bo‘lib qolasan! – deb shivirlabdi urg‘ochi laylak eriga.
– Menga nima kerak? – debdi laylak. – Arzirli nima ham qilgandim! Hech nima!
– Boshqalardan ko‘ra ortiq ish qilding! Sensiz bolalarimiz ham, malikalar ham Misr yuzini umrbod ko‘rishmasdi. Cholni ham darddan xalos etisholmasdi. Bu xizmating, albatta, taqdirlanadi! Ehtimol, senga doktorlik unvonini berishsa kerak, bundan keyin tug‘iladigan bolalarimiz ham, ularning bolalari ham xuddi ana shunday unvon egasi bo‘lishadi! Menimcha, sen hozir ham Misr doktorisan!
Olimlar va donishmandlar bo‘lsa butun voqealar bo‘ylab qizil ip bo‘lib o‘tgan asosiy fikrni rivojlantirishda davom etishibdi, uni turlicha talqin qila boshlashibdi. «Hayotning asosi – muhabbat» – bu ularning asosiy fikri bo‘lib, buni: «Misr malikasi quyosh nuriday botqoqlik mamlakatiga kirdi hamda ularning uchrashuvidan gul bunyodga keldi», deb talqin qilishibdi.
– Ularning nutqlarini gapirib bera olmayman! – debdi olimlarning gaplariga quloq solib turgan hamda shu gaplar mazmunini uyasida so‘zlab berishi lozim bo‘lgan laylak. – Ular shunaqayam uzoq hamda shunday oqilona gaplar aytishdiki, ularga o‘sha zahoti unvonlar berildi, mukofotlar topshirildi: hatto shoh oshpazi ham orden oldi – ehtimol, u pishirgan suyuq oshi uchun taqdirlangandir!
– Senga nima berishdi? – deb so‘rabdi urg‘ochi laylak. – Eng muhim narsani ular unutmasliklari kerak edi, bu yerda eng asosiy shaxs – sensan! Olimlar valdirashdan nariga o‘ta olganlari yo‘q! Ammo sening navbating ham kelsa kerak!
Yarim kechadan keyin saroydagilar shirin uyquga ketishganda, u yerdagi uylardan birida faqat bitta tirik jon uxlamabdi. Garchi u uya yonida bir oyoqlab turgan, lekin qo‘riqchilikda mudrayotgan bo‘lsa-da, u laylak emas, Xelga ekan. U ayvonga chiqib, shimolda yurgan paytlarida ancha katta va yorqinroq bo‘lib tuyulgan yulduzlar bilan bezangan tiniq, musaffo osmonga nazar tashlabdi. Lekin bular o‘sha yulduzlarning o‘zginasi ekan! Xelga viking xotinining ma’sum ko‘zlarini va ana shu ko‘zlardan baqa-qizi ustiga to‘kilgan ko‘zyoshlarini eslabdi. Endi bo‘lsa u Nil sohilidagi yulduzli osmonni aniq zavq bilan tomosha qilayotir, muattar bahor havosidan to‘yib-to‘yib nafas olayotir. Bu budparastning hayvon holida jirkanch, kishi qo‘l tekkizish u yoqda tursin, qarashga ham hazar qiladigan, odam qiyofasida esa hayvontabiat bo‘lgan bu ayanchli mavjudotga qanday mehribonchiliklar ko‘rsatganini, uni zo‘r muhabbat bilan sevganini o‘ylabdi! Xelga charaqlab turgan yulduzlarga boqarkan, o‘ldirilgan xristianning peshanasidan ular o‘rmon va botqoqlar ustidan uchib o‘tayotganda taralgan nurni xotirlabdi. U xristianning orqasiga mingashib ketayotganda eshitgan tovush va so‘zlari quloqlari ostida qayta jaranglaganday bo‘libdi. O‘shanda u qizga muhabbatning tuganmas manbai, butun inson zotini o‘z og‘ushiga olgan ulug‘ muhabbat haqida gapirgan ekan!
Ha, unga ko‘p narsalar nasib qilibdi, murod-maqsadiga erishibdi! Xelga kecha-yu kunduz o‘ziga nasib etgan baxt haqida o‘ylabdi, ajoyib yo‘llar bilan uni eng oliy shodonlik va farog‘at sari olib borayotgan o‘z hayoti haqida mulohaza yurgizibdi, shu ikki narsa hech xayolidan ketmabdi. Bir hadya keltirgan kishiga, bir sovg‘aga qaragan boladek bu mavzularga tez-tez qaytaveribdi. U butun vujudi bilan chinakam baxti, kelgusida uni qarshi oladigan va kutayotgan istiqboli haqidagi o‘ylarga berilib ketibdi, ammo bu baxtni unga kim berganini butunlay unutib yuboribdi. Uning qonida yoshlik g‘ayrat-jasorati jo‘sh uribdi, quvonchdan ko‘zlari o‘tday chaqnab ketibdi. Saroyda ko‘tarilgan katta shovqin-suron qizning xayolini bo‘libdi. U o‘sha shovqin kelgan tomonga qarasa, ikkita bahaybat, kuchli tuyaqush oyoqlarini qo‘liga olib saroy hovlisida chopib yuribdi. Xelga bunday vazmin, bahaybat, beso‘naqay qushlarni umrida birinchi ko‘rishi ekan, shu vajdan ularning qanotlari to‘mtoq bo‘lib ko‘rinibdi. Qushlar go‘yo birov xafa qilganday, zo‘r hayajon va hadik bilan yugurib yurishgan ekan. Xelga buning sababini so‘rab, birinchi marotaba tuyaqushlar haqidagi Misr afsonasini eshitibdi.
Qadim zamonlarda tuyaqushlar o‘z chiroyi bilan dovrug‘ taratishgan ekan: ularning qanotlari uzun va baquvvat bo‘lgan ekan. Kunlarning birida kechki payt boshqa ulkan o‘rmon qushlari tuyaqushga: «Og‘ayni, ertaga, xudo xohlasa, daryoga suv ichgani boramiz!» – deyishibdi. Tuyaqush bo‘lsa: «Xohlasam uchib boraveraman!» – deb javob qaytaribdi. Sahar paytida qushlar uchib ketibdi. Ular tobora yuqoriga ko‘tarilaverishibdi, parvardigorning ko‘zi – quyoshga yaqinlashib qolishibdi. Tuyaqush bo‘lsa hammaning oldida yolg‘iz o‘zi kerilganicha yorug‘lik manbaiga tomon o‘z qudratiga ortiq bino qo‘yib, uchib boraveribdi; u «Xudo xohlasa» demay, nuqul «xohlasam» der ekan. Bundan g‘azablangan qasos farishtasi laqqa cho‘g‘ quyosh yuzidan yupqa pardani pastga tortibdi – o‘sha zahotiyoq tuyaqushning qanoti olov tekkanday kuyib tushibdi, u behol adoyi tamom bo‘lib, yerga qulabdi. O‘shandan beri u, hamda uning avlod-ajdodi ortiq osmonga ko‘tarila olmabdi! Ular hozir ham biror narsadan qo‘rqishsa, jon talvasasida yugurishaverar ekan, yugurishganda ham tor doiradan chiqishmas ekan, bu narsa insonlar uchun saboq bo‘lishi kerak.
Xelga boshini g‘amgin quyi solibdi, yo dahshatdan, yo oydin kechada oppoq devorga tushib turgan aksini ko‘rib bema’ni xursandchilikdan xarsillab yugurayotgan tuyaqushlarga qarabdi, unda jiddiy bir kayfiyat paydo bo‘libdi. Ha, unga baxt to‘la umr nasib bo‘ldi, lekin oldinda uni nimalar kutyapti? «Xudo xohlasa» eng oliy baxt!
* * *
Erta bahorda, laylaklar shimolga uchishi oldidan Xelga tilla uzuk olib, unga o‘z nomini yozibdi, o‘ziga tanish laylakni huzuriga chaqiribdi. U kelganda uzukni laylakning bo‘yniga taqib qo‘yibdi, uni asrandi qizning sog‘-salomatligi, baxtiyor onasini hamisha eslab yurganining nishonasi sifatida vikingning xotiniga yetkazishni iltimos qilibdi.
«Buni ko‘tarib borish ancha qiyin! – o‘ylabdi laylak. – Ammo oltin hamda kishi sha’nini yerga urmaslik kerak! Olib borsam, «Laylak baxt keltiradi!» – deb aytishadi shimoldagilar».
– Sen oltin olib boryapsan, men esa tuxum! – debdi xotini. – Lekin sen uni faqat bir marta olib borasan, men esa har yili tuxum qo‘yaman! Taqdirlanish nimaligini ikkovimiz ham bilmaymiz! Shunisi alam qiladi!
– Ongimizning o‘zi ham yetarli, xotinjon! – debdi laylak.
– Biroq, buni bo‘yningga osib ololmaysan-ku! – javob qilibdi moda laylak. – Senga ozuqa ham, hamroh shamol ham yordam berolmaydi!
Shunday qilib ular uchib ketishibdi.
Tamarind chakalakzorlarida sayrab yurgan jajjigina bulbul ham shimol tomonga uchishga hozirlanibdi, ilgarigi Xelga Yovuz botqoqlik yaqinida uning sayrashlarini ko‘p eshitgan ekan. U bulbulga ham topshiriq beribdi. Xelga oqqush kiyimida uchgandan beri qush tilida gapirishni o‘rganib olgan ekan, tez-tez laylaklar va qaldirg‘ochlar bilan suhbat quribdi, ular ham buni yaxshi tushunibdi. Bulbul ham uning gaplarini yaxshi uqibdi: qiz undan daraxt shoxlari va toshlaridan qad ko‘targan qabr joylashgan Yutlandiya yarim orolidagi qora qayin o‘rmonida istiqomat qilishni tayinlabdi va undan sayroqi qushlarni qabrga qarab turishga, qabr ustida uchib, tinimsiz sayrashga undashni iltimos qilibdi.
Bulbul o‘qday uchib ketibdi, vaqt ham shamolday tez o‘ta boshlabdi.
* * *
Kuz faslida ehrom cho‘qqisida o‘tirgan lochin katta karvonning yaqinlashib kelayotganini ko‘ribdi: ustiga xazina yuklangan tuyalar, yasangan-tusangan qurolli chavandozlar arab tulporlarini gijinglatib kelishayotganmish; quyuq yollari ingichka oyoqlarigacha o‘sib tushgan kumushrang otlar kishnab o‘ynoqlarmish. Aslzoda mehmonlar, ular orasida yosh va go‘zal arab shahzodasi uyalari hozir bo‘sh turgan laylaklarning xojasi, qudratli podshoning saroyiga kelishibdi. Bu payt laylaklar hali shimolda bo‘lib, qaytish vaqtlari ham yaqinlashib qolgan ekan.
Laylaklar saroyda xursandchilik avjiga chiqqan, to‘y boshlangan kuni qaytib kelishibdi. Shoyi kiyimlarga burkangan, qimmatbaho bezaklar taqqan Xelga kelin, yosh arab shahzodasi kuyov emish. Ular to‘y dasturxoni to‘rida, bobosi va onasining o‘rtasida o‘tirishganmish.
Biroq, Xelga kuyovning qorachadan kelgan, qat’iyatli yuziga ham, yuziga husn bo‘lib turgan mayin qo‘ng‘ir soqoliga ham, kelinga mehr bilan boqib turgan o‘tli qora ko‘zlariga ham qiyo boqmabdi. U nigohini yulduzlardan bezak taqqan osmonga tikibdi.
Osmonda to‘satdan qanotlarning shovqini eshitilib qolibdi – laylaklar qaytib kelibdi. Xelganing eski qadrdonlari yo‘lda juda charchaganiga, judayam hordiq chiqargilari kelib turganiga qaramay, ayvonning panjarasiga qo‘nishibdi, ular ikkisi ham saroyda dabdabali to‘y bo‘layotganidan xabardor ekan-da. Mamlakat chegarasiga yaqinlashishlari bilanoq bu xushxabar ularga yetib borgan ekan. Xelga ularning tasvirini saroy devoriga chizishga amir qilgan ekan, bo‘lmasam-chi, laylaklar uning umr tarixi bilan chambarchas bog‘langan-ku.
– Judayam chiroyli! – debdi laylak.
– Nihoyatda chiroyli! – debdi xotini ham, – bundan ortig‘ini umid qilmasa ham bo‘ladi!
Xelga laylaklarni ko‘rgach, o‘rnidan turib, ularning yelkasini silash uchun ayvonga chiqibdi. Keksa laylak bosh egib ta’zim qilibdi, bolalari esa uyada o‘tirib juda ham quvonib ketishibdi.
Xelga yana osmonga nigoh tashlabdi, tobora yorqinroq nur sochayotgan yulduzlarni tomosha qilibdi. Birdan u o‘zi bilan yulduzlar oralig‘ida judayam tiniq, havodan ham musaffo kimsa uchib yurganini ko‘ribdi. Mana, u Xelgaga yaqinlashibdi, qarasa, o‘ldirilgan xristianmish. U ham samoviy uyidan mana shunday tantanali kunda uchib kelibdi!
– Samoviy nur hamda go‘zallik oddiy kishilar tasavvur qilgan hamma narsadan yuqori turadi! – debdi u.
Xelga undan yalinib, o‘zini hech bo‘lmasa bir lahzaga o‘sha yoqqa olib ketishini iltimos qilibdi. Shu paytgacha hech kim bunchalik yalinmagan ekan. U samoviy hashamatga hech bo‘lmasa bir marta ko‘z qirini tashlash uchun izn so‘rabdi.
U qizni yoniga olib, nur, yorug‘lik va go‘zallik maskani sari uchibdi. Ajoyib, totli sado va fikrlar faqat Xelganing tevaragida emas, balki uning ikki dunyosida, qalbining eng chuqur yerlarida ham eshitilib, jilva qilibdi. U tatib ko‘rgan shirin hislar hech ta’rifga sig‘masmish.
– Qaytish vaqti yetdi! Seni qidirishyapti! – debdi u.
– Yana bir lahza! – deb yalinibdi qiz, – yana bir lahza!
– Qaytish vaqting yetdi! Hamma mehmonlar tarqab ketishdi!
– Yana bir lahza! Oxirgisi…
Mana, Xelga yana o‘zini ayvonda ko‘ribdi, biroq… bog‘ va saroy xonalaridagi hamma chiroqlar o‘chibdi, laylaklar ko‘rinmasmish, mehmonlar, kuyov ham yo‘q emish; mana shu uch daqiqa ichida ularning hammasini shamol uchirib ketgandaymish.
Xelga dahshatga tushibdi, katta kimsasiz zaldan boshqasiga o‘tibdi. U yerda chet el jangchilari uxlab yotganmish! U o‘zining yotoqxonasiga olib kiradigan yon tomondagi eshikni ochibdi, boqqa chiqib qolibdi. Hamma narsa boshqacha bo‘lib ketganmish. Ufq qizarib, tong ota boshlabdi.
Qiziq, samoda o‘tkazilgan uch daqiqa yerdagi bir tunga baravar kelibdi-ya! Shu payt Xelganing ko‘zi laylaklarga tushibdi, ularni yoniga chaqiribdi, laylak esa boshini baland ko‘tarib, uning gaplariga quloq solibdi va yaqinlashibdi.
– Sen bizning tilda gapiryapsanmi? – deb so‘rabdi laylak. – Senga nima kerak? Hoy notanish qiz, o‘zing qayerliksan?
– Axir, men Xelgaman! Nahotki meni tanimayotgan bo‘lsang? Bundan uch daqiqa burun sen bilan anavi ayvonda gaplashdim-ku!
– Yo‘q, aldayapsan! – debdi laylak. – Bularning hammasini tushingda ko‘rgan bo‘lsang kerak!
– Yo‘q, yo‘q! – debdi qiz va unga vikingning qasri, yovvoyi botkoqlik va bu yoqqa uchib kelishlarini eslatibdi.
Laylak ko‘zlarini pirpiratib turib shunday debdi:
– E-he, bu qadimiy ertak-ku! Men bu ertakni momomning momosidan eshitganman. To‘g‘ri, shu yerda, Misrda Daniyadan kelgan bir malika bo‘lgan ekan. Biroq, u juda ko‘p yillar muqaddam to‘yi kuni yo‘qolib qolganmish! Bu haqdagi ma’lumotlarni bog‘da turgan yodgorlik xatidan ham o‘qib olishing mumkin. O‘sha yodgorlikka oqqush va laylaklar surati o‘yib naqshlangan, yodgorlikning eng tepasida esa oq marmardan yasalgan o‘z haykalingni ko‘rasan!
Haqiqatan ham xuddi shunday ekan! Xelga yodgorlikni ko‘ribdi, hamma narsani tushunibdi va tiz cho‘kibdi.
Quyosh chiqibdi. Ilgarilari quyosh nuri tegishi bilan Xelga baqa kiyimini tashlab, go‘zal qizga aylangan bo‘lsa, hozir nur bilan tozalangan chirik tana qobig‘idan osmonga, havodan ham tiniq go‘zal ruh ko‘tarilibdi. Shunday qilib, quyosh nuri o‘z yaratuvchisiga qaytibdi!
Tanasi esa kul bo‘lib sovirilib ketibdi. Xelga tiz cho‘kib turgan joyda so‘lib qolgan nilufar yotganmish.
– Ertakning yangicha tugallanishi! – debdi laylak, – kutilmaganda tamom bo‘ldi-ya! Hechqisi yo‘q, u menga yoqadi!
– Bu xususda bolalar nima deydi? – debdi xotini.
– Ha, aytganday, bunisi juda muhim! – debdi laylak.
QO‘NG‘IROQLI GIRDOB
Odense daryosining qo‘ng‘iroq tushib ketgan chuqur yeridan «darang-darang» degan tovush eshitiladi. «Bu qanaqa daryo?» dersiz. Bu daryoni Odense shahridagi katta-kichik – hamma biladi; u bog‘lar chekkasidan, taxta ko‘priklar ostidan, to‘g‘on darvozalaridan oqib o‘tib suv tegirmonga borib, quyiladi. Daryo betida sap-sariq nilufarlar, qamishlarning to‘q jigarrang popuklari va baland baxmalsimon qiyoqlar qalqib yuradi.
Monastir botqog‘i hamda ohakchi o‘tlog‘i yaqinida o‘sgan judayam qari, serbutoq, ichi g‘ovak, egri-bugri tolalari suv betiga egilib yotibdi. Daryoning boshqa sohili bog‘larga burkangan. Bog‘lar ham har xil. Ba’zilarida anvoyi gullar o‘sadi, har yer-har yeriga kishining havasini keltiradigan o‘rindiqlar qo‘yilgan, ba’zilarida esa karamdan boshqa hech narsa ko‘rinmaydi, boshqalarida bu ham yo‘q. Chunki daryo labigacha qalin, sershoh marjon daraxtlari qoplab yotibdi. O‘sha joylarda eshkak botirib, daryo tubiga yetkaza olmaysiz. Daryoning eng teran joyi – Qizlar ibodatxonasining ro‘parasi; u yer qo‘ng‘iroq girdobi deb atalarkan. Shu yerda, suv tubida alvasti yasharkan. Kunbo‘yi quyosh nurlari suviga tushib turganda u uxlar, kechasi oy va yulduzlar nurida esa suv betiga chiqar ekan. U judayam qari ekan. Uning yakka-yolg‘iz yashashi va qadimiy cherkov qo‘ng‘irog‘idan boshqa suhbatdoshi yo‘qligi haqida momom o‘z momosidan eshitgan ekan. Bir vaqtlar bu qo‘ng‘iroq Sankt-Albani cherkovning qo‘ng‘iroqxonasida osilib turgan ekan; hozir esa qo‘ng‘iroqxonadan ham, cherkovdan ham nomnishon qolmagan. «Darang-darang-darang» deb jaranglarkan qo‘ng‘iroq osig‘liq turgan joyida. Kunlarning birida kechki payt qo‘ng‘iroq qattiq tebranibdi-yu, uzilib tushib ketibdi… Shunday qilib botayotgan quyosh nurida ajoyib mis qo‘ng‘iroq to‘q qizil rangda yarqirab ketibdi.
Qo‘ng‘iroq «Darang-darang. Uyquga ketdim!» – deb jaranglabdi-da, to‘ppa-to‘g‘ri Odense daryosining eng chuqur joyiga shaloplab tushibdi. O‘shandan beri qo‘ng‘iroq tushgan joyni «qo‘ng‘iroq girdobi» deb atasharkan. Biroq, qo‘ng‘iroq uxlolmabdi, orom ham ololmabdi; u suv alvastisining uyida ham jaranglabdi, uning tovushini ba’zida qirg‘oqdagilar ham eshitib qolisharkan. Odamlarning aytishiga qaraganda, uning har bir jaranglashi biron odamning o‘lishidan darak berarmish, biroq bu gap g‘irt yolg‘on. Qo‘ng‘iroq suv alvastisi bilan suhbatlashayotganda jaranglar ekan, endi alvasti oldingiday yolg‘iz emas ekan.
Xo‘sh, qo‘ng‘iroq nimalar deb jaranglaydi? Qo‘ng‘iroq juda keksa; aytishlariga ko‘ra, u qo‘ng‘iroqxonada momomning momosi tug‘ilmasdan oldin ham osilib turgan ekan, biroq u ilonbaliq terisidan ishton kiygan, tanga bilan qoplangan kamzuliga tugma o‘rniga sariq nilufar gullari qadalgan, sochlaridan qamish o‘sib chiqqan, soqollari ko‘kimtir balchiqqa botgan suv alvastisiga qaraganda, go‘dakning o‘zi ekan.
Alvasti nihoyatda badburush ekan!
Ammo qo‘ng‘iroq nimalar haqida jaranglayotganini aytib berish uchun bir necha yillar kerak bo‘ladi. Qo‘ng‘iroq biron narsa to‘g‘risida hikoya qiladigan bo‘lsa, ba’zan cho‘zib, ba’zan qisqa, ko‘ngliga yoqqanicha qilib jaranglarkan. U qadimiy, qayg‘uli, qahrli zamonlar haqida jaranglarkan.
«Sankt-Albani cherkovining qo‘ng‘iroqxonasiga yosh, kelishgan, ammo juda ham g‘amgin va o‘ychan kohin yigit chiqibdi. U tuynukdan o‘sha paytlar o‘zani juda keng bo‘lgan Odense daryosiga, ilgarilari o‘rnida ko‘l bo‘lgan botqoqlik va ko‘m-ko‘k monastir tepaligiga qarabdi. U yerda qizlar monastiri qad ko‘targan ekan; monastir hujralaridan birida kohin qiz yasharkan, doim uning hujrasida chiroq yonib turarkan… Yigit uni tanirkan! Qizni o‘ylaganida yuragi battar gupillab urarkan! Darangdarang!»
Qo‘ng‘iroq ana shular haqida jaranglarkan.
«Qo‘ng‘iroqxonaga monastir nozirining aqli zaif shogirdi ham chiqdi. O‘zimning vazmin mis gardishim bilan peshanasini yorib qo‘yishim mumkin edi. Axir, u tebranib daranglayotgan paytimda naq ostimda o‘tirgan edi-da. Sho‘rlik go‘yo sitro chalayotganday ikkita cho‘pni polga urib taqillatib ashula aytardi:
«Bor ekan, yo‘q ekan, bir Kund degan qirol bo‘lgan ekan. U yepiskop va kohinlarga boshi yerga tekkuday ta’zim qilar ekan, biroq u yutlandlarni og‘ir soliqlar bilan qiynab qo‘yganda, qo‘llariga qurol olib, uni yirtqich hayvonday haydab yuborishibdi. U cherkovga yashirinib, uning eshik va derazalarini yopib olibdi. Darg‘azab bo‘lgan olomon cherkovni qurshabdi; shu payt uning bo‘kirgani qulog‘imga chalindi, qarg‘a va zag‘chalar juda qo‘rqib ketishdi va jon talvasasida bir qo‘ng‘iroqxonaga, bir tashqariga uchib chiqishardi, olomonga o‘qrayishar, cherkov derazasidan ichkariga mo‘ralashib, u yerda ko‘rganlari haqida baqiribchaqirishardi. Qirol Kund mehrob qarshisida yotib, ibodat qilayotgan ekan; ukalari Erik bilan Benedikt uning yonida qilich yalang‘ochlab qirolni himoya qilish uchun shay bo‘lib turgan ekan; biroq yovuz niyatli xizmatkori Blake o‘z xo‘jasiga xiyonat qilibdi.
Olomon qirolning qayerdaligini bilib qolib, derazaga tosh otishibdi. Tosh qirolga tegib, u o‘sha zahoti til tortmay o‘libdi… O‘shanda yovuz olomon rosa bo‘kirgan, qushlar chirqillagan, men bo‘lsam darang-darang qilib ashula aytganman».
Cherkov qo‘ng‘irog‘i juda balandda bo‘lib, uzoquzoqlarni ko‘rarkan! Uning huzuriga qushlar uchib kelisharkan, qo‘ng‘iroq ularning tilini bilarkan! Hatto shamol ham darchalardan, barcha yoriq va teshiklardan o‘tib uning mehmoni bo‘larkan. Shamol hamma narsani havodan bilib olar ekan. Qayerda hayot bo‘lsa, o‘sha yerda havo bor, hatto u kishining o‘pkasiga kirib, har bir tovush, har bir so‘z va har bir nafas olishga quloq soladi! Havo hamma narsani bilarkan, shamol esa bularni so‘zlab berarkan, qo‘ng‘iroq unga diqqat bilan quloq solib, butun olamga «darang-darang-darang» qilib taratarkan.
«Men ko‘p narsalarni eshitganman va bilib olganman, biroq bularning hammasini jaranglab hikoya qilishga madorim yetmaydi! Men charchadim, og‘irlashdim, meni ko‘tarib turgan xoda sinib ketdi, men esa havoda bir yalt etib, daryoning suv alvastisi istiqomat qilayotgan eng chuqur joyiga shaloplab tushdim. U yolg‘iz, yil sayin ko‘rgan-kechirganlarimni unga «darang-darang» qilib hikoya qilib beryapman!»
Odense daryosining qo‘ng‘iroq girdobidan ana shunaqa daranglash tovushlari eshitilarkan, men bu haqda buvimdan eshitganman.
O‘qituvchimiz bo‘lsa: «Daryo tubida qo‘ng‘iroq jarangi nima qiladi? U yerda hech qanaqa qo‘ng‘iroq yo‘q! Suv alvastisi ham yo‘q – umuman, suv alvastilari bo‘lmagan! Cherkov qo‘ng‘iroqlarining quvnoq jarangi eshitilib qolguday bo‘lsa, bu jaranglayotgan qo‘ng‘iroq emas, havo, chunki havo o‘zidan tovush chiqaradi», – deydi.
Buvim ham cherkov qo‘ng‘irog‘i qissasidan hissa chiqarib, xuddi shu gapni aytgan edi, uning fikri o‘qituvchiniki bilan bir joydan chiqdi, aslida ham shunday bo‘lsa kerak.
– Hoy bola, har ikkalasi ham to‘g‘ri, ammo o‘z bilganingdan qolma! – deyishadi buvim bilan o‘qituvchim.
Ha, havo hamma narsani biladi! U atrofimizda ham, ichimizda ham bor. U butun fikrlarimizni, qilmishlarimizni suv alvastisi bilan daryo tubida yotgan qo‘ng‘iroqdan ham uzoq-uzoqlarga yoyadi. Bu tovushlar hamon balandga ko‘tarilib, samoviy qo‘ng‘iroqqacha boradi, ular darang-darang qilgancha yo‘lda davom etaveradi.
SHAMOL VALDEMAR DO VA UNING QIZLARI HAQIDA HIKOYA QILADI
Shamol maysalar ustidan yelib o‘tadi; o‘shanda suv beti jimirlaganday maysa yengilgina titrab ketadi; bordiyu, ekinzorlar ustidan o‘tsa, ular dengiz singari chayqaladi, bu – shamolning raqsi. Endi uning hikoyalariga quloq soling! U hikoya qilmaydi, balki kuylaydi, ovozi turli xil ohangda jaranglaydi: o‘rmonda bir xil, deraza, teshik va yoriqlardan uy ichiga kirganda boshqa xil. Shamolning bulutni haydashiga ham bir qarab qo‘ying; bulutlar qo‘y podalari singari yugurishadi! Darvozada uvillashini eshityapsizmi? Xuddi qorovul burg‘u chalganday! U mo‘ri ichida va kaminda yana bir boshqacha ajoyib ovoz chiqaradi! Tarashalar charsillab yonadi, atrofga uchqun sachratadi; alanganing yorug‘ nuri xonaning eng xilvat burchaklarigacha yoritadi. Bunday xona shunaqayam issiq, shinamki, kamin oldida o‘tirish shunaqayam rohatki! Yaxshisi buni shamolning o‘zi hikoya qila qolsin! Uning yakka o‘zi hammamizdan ham ko‘proq ertaklarni biladi. Quloq soling, u ertak boshlayapti:
«G‘uv-g‘u-u! O‘taver!» – bu uning naqorati.
– Katta Bel sohilidagi qo‘rg‘onda qizil g‘ishtdan qurilgan bir boyning uyi bo‘lgan, – deb hikoyasini boshlabdi shamol. O‘sha yerdagi har bitta g‘isht menga tanish: Mark Stig qasrini qurishayotgandayoq bu g‘ishtlarni ko‘rganman; keyin qasr yiqildi, g‘ishtlarini yana ishlatishdi. Ulardan Borrebyu qo‘rg‘onida yangi devor, yangi uy qurishdi, u hozir ham bor.
Qo‘rg‘onning barcha oliy nasab egalarini ham bilaman; ko‘z oldimda juda ko‘p avlodlar almashdi! Endi men Valdemar Do va uning qizlari haqida hikoya qilaman.
Valdemar Do doim gerdayib yurardi, chunki uning tomirlarida qirol qoni ko‘pirib oqardi! Uning qo‘lidan bug‘u quvlash, qadah bo‘shatishlardan tashqari boshqa ishlar ham kelardi. Nimani uddalardi deysizmi? «Vaqti kelib ma’lum bo‘ladi!» derdi u.
Kimxob ko‘ylaklarga burkangan xotini esa gul sochilgan pol ustida viqor bilan qadam tashlardi, uy ichi juda ham serhasham edi: devor guldor gilamlarga, xonalar o‘yib ishlangan mebellarga liq to‘la edi. U sep tariqasida juda ko‘p kumush va oltin idishlar ham olib kelgandi. Yerto‘lalarda nemis musallaslari va boshqa narsalar saqlanardi. Otxonalarda esa ajoyib qora otlar kishnab turardi. Ha, Borrebyu hokimi juda badavlat edi, chunki davlat hali undan yuz o‘girmagan edi-da.
Uning uchta bolasi – uchta nafis gul lolasi: Ida, Yohanna va Anna Dorteya ismli qizlari bor edi, ularning ismi hali ham esimda.
Boshqa qadimiy qo‘rg‘onlarda ko‘rganimdek, bu yerda ham oliy nasab xonimlarning qizlari bilan birga tantanalar o‘tkaziladigan mehmonxonada charx yigirib o‘tirishlarini ko‘rishga muyassar bo‘lganman. Biroq, bu xonim musiqa chalar, faqat qadimiy daniya qo‘shiqlarinigina emas, balki boshqa tilda horijiy ashulalarni ham aytardi. Qo‘rg‘onda hayot gashtli o‘tardi, uzoq va yaqinlardan har kuni aslzoda mehmonlar kelishardi, musiqalar yangrardi, qadahlar jaranglardi, shunchalik shovqin ko‘tarilardiki, ba’zan hatto men ham uni bosishga ojizlik qilib qolardim! Ha, bu yerda juda ko‘p shovqin-suron bo‘lgan, bu yerda oliy zotlarning kibr-havosi hukmron edi, bu yerda janoblar serob edi-yu, xudo yo‘q edi!
– May oqshomlaridan biri edi, – davom etibdi shamol, – men endigina g‘arbdan qaytib kelgandim; o‘sha yoqlarda Yutland sohillariga urilib pachag‘i chiqqan kemalarni ko‘rdim, ko‘m-ko‘k o‘rmonlar bilan qoplangan sohillar hamda cho‘llar ustidan o‘tayotib shovqin soldim. Fyun oroli va Katta Belt suvlari ustida hushtagimni chaldim, faqat Zelandiya sohillariga kelib tinchlandim. Bu yerda Borrebyu yaqinidagi ajoyib eman o‘rmonzorida hordiq chiqardim – o‘sha paytlar bu o‘rmon hali bor edi.
O‘rmonda atrofdan kelgan yigit-qizlar sayr qilib yurishar, quruq shox-shabbalarni yig‘ishtirishar edi. Ular bir bog‘-bir bog‘dan o‘tin qilishib, qishloqlariga qaytishar, o‘tinlarni bir joyga to‘plab, gulxan yoqishar va uning atrofida qo‘shiq aytib, o‘yinga tushishar edi. Qizlar ham yigitlardan qolishmasdi.
– Men jimgina yotgandim, hikoyasini davom ettiribdi shamol, – faqat gulxanga eng chiroyli yigit qo‘ygan shoxni astagina puflardim. U lovillab yonib ketdi, yigitni may qiroli qilib tanlab olishdi, u esa qizlar orasidan qirolicha tanladi. O‘shanda rosayam xursandchilik bo‘ldi! Bu xursandchilik oldida oliy nasablar uyidagi xursandchilik ip esholmay qoldi!
Beshta ot qo‘shilgan zarrin izvosh boy qo‘rg‘oni tomon yo‘l oldi. Unda xonimning o‘zi va uning qizlari – uchta nafis, yosh, chiroyli gullar, atirgul, nilufar va qorday oppoq sunbul o‘tirardi. Qizlarning onasi xuddi barq o‘rib turgan lolaga o‘xshardi, u torday tarang tortib, gerdayib o‘tirardi. Hech kimning salomiga alik olmasdi, hatto dehqonlarning qo‘shiq va raqs bilan qilishgan ta’zimlari ham javobsiz qolardi, bordiyu, ta’zimga ta’zim bilan javob bersa, chiroyli qomati sinib qoladiganday qo‘rqardi! «Xo‘sh, sizlarchi, atirgul, nilufar va sunbulxonlar, vaqti kelganda kimlarning malikalari bo‘lasiz? – deb o‘yladim. Ular kechagiday ko‘z o‘ngimda! – Sizlarning tanlaganingiz olijanob ritsarlar, ehtimol, shahzodalar bo‘lar!»
– G‘uv-g‘u-u! O‘taver, o‘taver!
Izvosh jo‘nab ketdi, dehqonlar yana raqs boshlashdi.
Borrebyu, T’erebyu hamda boshqa atrof qishloqlarda yozni ana shunday kutib olishdi.
– Kechasi uyg‘onib qarasam, – debdi shamol, – aslzoda xonim o‘rniga yotganicha qaytib turmabdi. Boshqa odamlar nima bo‘lsa, u ham shunday bo‘ldi, bu yangilik emas. Valdemar Do bir lahza jim turdi. Biroq, ko‘nglidan «mag‘rur daraxt egiladi-yu, sinmaydi» degan gap o‘tdi. Qizlar yig‘i-sig‘i qilishdi, hovlidagilarning ham ko‘zlarida yosh ko‘rinardi. Lekin Do xonim olamdan o‘tdi, men ham o‘taverdim. G‘uv-g‘u-u! – deb g‘uvillabdi shamol.
* * *
– Men orqaga qaytdim – Fyun orollari va Belt suvlari ustidan uvillab o‘tib, tez-tez orqaga qaytadigan odatim bor edi – eman o‘rmonzori yaqinidagi dengiz sohiliga – Borrebyuga yastandim. O‘rmondagi daraxtlarga baliqchi dengiz lochinlari, yovvoyi kaptarlar, qora qarg‘alar, hatto qora laylaklar uya qurgandi. Erta bahor edi; ba’zi uyalarda tuxum, boshqalarida tuxumdan endigina chiqqan qushchalar chirqillardi. Qush to‘dalari esa shovqin solib, sho‘xlik qilib o‘rmon ustida uchib yurishardi. Ahyonahyonda bolta ovozlari ham eshitilib qolardi; baland-baland emanlar kesiladigan bo‘ldi: Valdemar Do qimmatbaho uch palubali harbiy kema qurmoqchi ekan, uni qirol sotib olsa kerak! Shu vajdan dengizchilarga mo‘ljal, qushlarga boshpana bo‘lib kelgan o‘rmon kesila boshladi. Qarqunoqlar qo‘rqqanlaridan u yoqdan-bu yoqqa uchishardi: ularning inlari buzilib ketdi; o‘z boshpanalaridan mahrum bo‘lgan dengiz lochinlari va boshqa o‘rmon qushlari ham qo‘rquv va alamdan qichqirib, osmonda charx urishdi. Men ularni yaxshi tushunardim! Qarg‘a va zag‘chalar zaharxandalik bilan Qag‘-qag‘! Xonavayron bo‘ldik! Qag‘-qag‘! – deb qichqirishdi.
O‘rmonda, ishchilar yonida Valdemar Do uchala qizi bilan turardi. Eng kenja qizi Anna Dorteyadan boshqa hamma qushlarning jon talvasasiga tushib faryod urishlaridan huzur qilishardi. Qizning bechora qushlarga rahmi keldi; tepasiga qora laylak uya qurgan yarmi qurib qolgan eman daraxtini kesish navbati kelganda, ko‘zida yosh bilan otasidan shu daraxtni kesmaslikni, uyadan boshlarini chiqarib turgan qushchalarni nobud qilmaslikni o‘tinib iltimos qildi. Qora laylak tufayli eman daraxti kesilmay qoldi, bunday daraxt haqida hikoya qilsa arziydi!
Daraxt kesish va arralash qizg‘in tus oldi, uch palubali kema qurilmoqda edi. Kemasoz oliy tabaqa kishilardan bo‘lmasa ham, har qalay zodagonlardan edi. Uning peshanasi va ko‘zidan aqlliligi sezilib turardi. Valdemar Do bu yosh yigitning hikoyalariga jon deb quloq solardi. Bu hikoyalarni Borrebyu hokimining o‘n besh yoshli to‘ng‘ich qizi Ida ham eshitardi. Kemasoz Valdemar Do uchun kema qurayotib, o‘zi va Ida uchun samoviy qasr ham qurdi: ular ana shu qasrda er-xotinday yonma-yon o‘tirishardi! Bordiyu, bu chinakam qasr bo‘lganda, uning toshdevorlari, ko‘tarmalari, xandaqlari, o‘rmon va bog‘lari bo‘lganda chindan ham yaxshi bo‘lardi. Biroq, turnaning raqsiga chumchuqning suqilishi yaxshi emas. Yosh kemasoz qanchalik aqlli bo‘lmasin, baribir kambag‘al edi. G‘uv-g‘u-u! Men charx urdim, u ham charx urib uchdi, bu yerda ortiq qololmadi. Ida esa taqdirga tan berdi, qo‘lidan nima ham kelardi?
* * *
– Otxonalarda qora otlar kishnab turardi, – deb hikoyasini davom ettirdi shamol, – ularga qarasangiz ko‘zingiz quvonardi! Hammaning ko‘zi o‘shalarda edi. Yangi harbiy kemani sotib olish uchun qirol tomonidan yuborilgan admiral o‘ynoqi otlarni ko‘rib zavqlanganidan qiyqirib yubordi. Buni ro‘yi rost eshitdim, chunki men janoblarning izidan ochiq turgan eshiklar orqali kirib, oyoqlari ostiga tillarang somon sochayotgan edim-da. Valdemar Do jaraq-jaraq oltinni, admiral esa qora tulporlarni olish ilinjida edi, shu vajdan u otlarni maqtardi. Biroq, uning dilidagini tushunishmadi, kema savdosi ham bo‘lmadi. Kema xuddi Nuh payg‘ambarnikiday taxtalar bilan qoplanganicha sohilda qolaverdi, moviy dengizda suzish unga nasib qilmagan ekan! G‘uv-g‘u-u! O‘taver! O‘taver! – deb uvillabdi shamol. – U ayanchli ahvolda edi!
Qishda, dalalarga qor oq gilamini yoyganda, Belt daryosida muzlar oqa boshladi, men bo‘lsam to‘lqinlarni qirg‘oqqa haydadim, kemaga bir-biridan qora bir talay qarg‘alar kelib qo‘nishdi; qushlar bo‘m-bo‘sh, huvillab yotgan tashlandiq kemaga qo‘nib olishib, kesilib ketgan o‘rmon, buzib tashlangan qadrdon uyalari, o‘zlarining boshpanasiz qolganliklari haqida alam bilan qag‘illay boshladilar.
Nima uchun shunday bo‘ldi! Umrbod suv yuzini ko‘rmay yog‘och uyumi bo‘lib yotadigan mana shu mag‘rur kema deb shunday bo‘ldi-da!
Qorlarni to‘zitgandim, uchqunlari kema atrofiga to‘lqinsimon shaklda qo‘ndi. Kemaga qo‘shiq va muzikamni eshitish imkonini berdim, mayli, eshitsin, ko‘niksin, chunki u kema! G‘uv-g‘u-u! O‘taver!
Qish ham o‘tib ketdi; qish bilan yoz men kabi tez uchib o‘tadi, daraxt shoxlaridan qor, bahorda gul, xazon-rezgilik paytida barg to‘kilganday o‘tib ketaveradi. O‘tavering! O‘tavering! Odamlar ham o‘taversin!
Biroq, qizlarning hali o‘n gullaridan bir gullari ham ochilmagan edi. Ida kemasoz yigit ko‘ngil qo‘ygan paytlardagidek hamon bir husniga o‘n husn qo‘shilib borardi. Men uning uzun oltinrang kokillarini o‘ynardim; u esa olmaning tagida o‘ychan turaverardi, parishon sochlariga olma gullarini yog‘dirayotganimni payqamasdi. U quyuq daraxtlar orasidan charaqlab turgan quyoshga, osmondagi to‘lin oyga tikilardi.
Uning singlisi Yohanna boshini viqor bilan orqaga tashlagan adl, chiroyli nilufar gulning o‘zi edi, bellari onasinikiday ingichka, sambitdek edi. U ajdodlarining suratlari osilgan xonaga kirishni yaxshi ko‘rardi. U yerda baxmal va shoyi kiyimlar kiygan, mayda kokillarini yopib turuvchi, gavharlar qadalgan shapkali aslzoda xonimlar tasvirlangan suratlar turardi. Ular juda ham chiroyli edilar. Erkaklar esa sovut yoki tik va baland yoqali kamzullarda tasvirlangan. Qilichlari beliga emas, balki yonlariga osilgan edi. Vaqti kelib bu yerga Yohannaning portreti ham qo‘yiladi. Lekin olijanob umr yo‘ldoshining qiyofasi qanaqa bo‘larkin? Qiz faqat shu haqda o‘ylar, lablari faqat shuni pichirlardi. Men yo‘lakdan u yoq-bu yoqqa yurib, katta xonaga kirib, bularning hammasini eshitdim.
O‘n to‘rt yoshli oq sunbul gul Anna Dorteya esa yuvosh va o‘ychan qiz edi. Uning katta-katta moviy ko‘zlari jiddiy va g‘amgin boqardi, lekin lablaridan tabassum arimasdi. Men unga hatto puflashga ham jur’at etolmasdim, buni xohlamasdim ham.
Men Anna Dorteyani ko‘pincha bog‘da, yo‘lda va dalada uchratardim; qiz otasiga kerak bo‘ladigan gullarni, o‘to‘lanlarni yig‘ib kelardi: otasi esa ulardan ichimlik hamda turli tomchilar tayyorlardi. Valdemar Do mag‘rur, dadil, shu bilan birga bilimdon ham edi! U ko‘p narsani bilardi! Hamma uni bilar va u haqda shivir-shivir qilardi. Uning xonasida olov hatto yozda ham o‘chmasdi, eshigi doim qulflog‘liq bo‘lardi, kecha-yu kunduz o‘sha yerdan chiqmas, o‘z ishi xususida boshqalar bilan suhbatlashishni yoqtirmasdi; hademay u dunyoda eng yaxshi, eng qimmatbaho bo‘lgan qizil oltinni topadi!
Mo‘risidan tutun to‘xtovsiz burqsab chiqib turishining sababi ham shunda edi. «Kaminda o‘tin charsillab yonardi! Uni puflashga o‘zim yordam berardim! – deb hikoya qilibdi shamol. – Valdemar Doga mo‘ri orqali: Bo‘ladi! Bo‘ladi! Hammasi tutun, qurum, is, kul bo‘ladi! Ishingning pachavasi chiqadi. G‘uv-g‘u-u! O‘taver! O‘taver! Bo‘ladi! Bo‘ladi! – deb uvullardim. Ammo Do o‘jarlik qilaverdi».
Otxonasidagi ajoyib tulporlar qayoqqa yo‘qoldi? Shkaflardagi kumush va oltin idishlar-chi, dalalaridagi sigir-buzoqlar-chi, butun mol-mulk-chi? Ha, bularning hammasini eritish, qizdirish… oltin eritadigan idishda eritish mumkin, ammo bulardan oltin olib bo‘lmaydiku!
Omborlar, yerto‘lalar, chordoqlar bo‘shab qoldi. Odamlar kamayib sichqonlar ko‘paydi. Deraza oynasining biri darz ketsa, boshqasi sinadi, endi mening faqat eshik orqali xonaga kirishim shart emas. «Qayerda mo‘ridan tutun chiqsa, o‘sha yerda taom tayyorlanadi», bu yerda esa qizil oltin olish uchun jamiki taomlarni kemiradigan mo‘ridan tutun burqsiyapti!
Men qo‘rg‘on darvozasi oldida qorovul singari burg‘u chaldim, lekin endi bu yerda qorovul turmasdi! Men minora ustidagi flyugerni aylantirdim, u bo‘lsa mezanada qorovul xurrak otganday g‘ijirladi, lekin u yerda ham qorovul yo‘q edi! Faqat kalamush va sichqonlargina sanqib yurishardi. Uning uyiga qashshoqlik dasturxon yozdi, shkaf va bufetlarga joylashib oldi; eshiklar oshiqmoshig‘idan chiqib ketdi, hammayoqda yoriq va teshiklar paydo bo‘ldi – bu esa menga yaxshi: ichkariga kirish osonlashdi! Shuning uchun ham u yerda nima bo‘layotganini yaxshi bilaman.
Tutun va kuldan, zo‘r tashvish va uyqusizlikdan Borrebyu hokimining soch va soqollari oqarib ketdi, yuzi za’faron bo‘lib ajin bosdi, lekin ichiga botib ketgan ko‘zlari hamon orziqib kutayotgan oltin jilosini ko‘rish ishtiyoqida boqardi.
Men uning yuzi va soqollariga kul bilan tutun puflayverdim. Lekin hadeganda oltindan darak bo‘lavermadi, ammo uning qarzlari kun sayin oshib bordi. Men singan derazalar, yoriq va teshiklarda qo‘shig‘imni aytaverdim, hatto qizlarniig kiyilaverib to‘zigan, yirtilgan kiyimlari solingan sandiq ichigacha kirdim, kiyimlar hadeb kiyilaverganidan shu holga kelgan-da! Ha, qizlar beshiklari ustida aytilgan alladagi shirin orzular ro‘yobga chiqmadi! Boy odamning turmushi g‘am-kulfatga to‘lib ketdi. Faqat mengina u yerda baland ovoz bilan kuylayverdim. Uylarni qorga ko‘mib tashladim, aytishlaricha, qor isitarmish; ularning o‘tini ham yo‘q edi; o‘rmon esa allaqachonlar kesilib ketgan. Sovuq kuchaygandan kuchaydi. Men uy ichida u yoq-bu yoqqa borib kelaverdim, yoriq va tuynuklardan kirib, tom hamda devorlar ustida charx urdim, axir, sal sergak turish ham kerak-da! Aslzoda qizlar bo‘lsa sovuqdan ko‘rpalariga burkanib olishdi, otalari esa jun adyolning ostiga kirib ketdi. Na ovqat, na o‘tin bor – boy odamning turmushi ana shunaqa bo‘lib qolgandi! G‘uv-g‘u-u! O‘taver! Bo‘ladi! Bo‘ladi! Biroq, Do janoblariga hamma narsa kam edi.
«Qishdan keyin bahor keladi, – derdi u, – Qashshoqlik o‘rnini sho‘xlik egallaydi! Biroq, u o‘zini ancha kuttiradi. Endi yer-suv garovga qo‘yilgan, ortiq kutish mumkin emas, hademay, pasxa bayramiga oltin albatta bo‘ladi!»
Men uning o‘rgimchakka: «Hafsalali jajji to‘quvchisan, meni sabr-toqatga o‘rgatyapsan. To‘ringni yirtib yuborishsa, yangisini to‘qiy boshlaysan, uni ilgarigi holiga keltirasan! Yana yirtib yuborishsa, yana, yana boshqatdan to‘qiyverasan! Xuddi ana shunday qilish kerak! Mukofoti oldinda bo‘ladi!» – deb shivirlayotganini eshitdim.
Mana, pasxaning dastlabki kuni ham yetib keldi; qo‘ng‘iroqlar jarangladi. Osmonda quyosh charaqladi. Valdemar Do tuni bilan o‘lib-tirilib ishladi, bir narsalarni qaynatdi, sovutdi, aralashtirdi, siqdi. Men uning xo‘rsinganini, ibodat qilganini eshitdim, ish ustida nafas olishga ham qo‘rqib o‘tirganini ko‘rdim. Uning chirog‘i o‘chib qoldi, buni payqamadi. Men ko‘mirni pufladim, cho‘g‘lar uning bo‘rday oppoq yuzini va botiq ko‘zlarini yoritdi. To‘satdan uning ko‘zlari kattalashib ketdi, kosasidan chiqquday bo‘ldi!
Shisha idishga qara! Yarqirayapti! Nuri olovday lovillayapti… Qandaydir yarqiroq, vazmin! U shisha idishni titroq qo‘llari bilan ko‘tardi, hayajondan nafasi ichiga tushib: «Oltin! Oltin!» – deb baqirdi. U gandiraklardi, sal puflab uni yiqitishim mumkin edi. Lekin unday qilmadim, faqat ko‘mirni pufladim, uni esa qizlari sovuqdan muzlab o‘tirgan xonaga kuzatib qo‘ydim. Uning kiyimlari ham, soqoli va hurpaygan sochlarini ham kul bosgan edi. U qaddini rostladi. Nozik idishdagi xazinani boshi uzra baland ko‘tardi… «Topdim! Topdim! Oltin!» – deb qichqirdi va quyoshda jilo berib turgan idishni ularga uzatdi, biroq… uning qo‘li titrab ketdi. Idish yerga tushib chilparchin bo‘ldi! Oxirgi umidi ham sovun ko‘pigiday o‘chdi-qoldi! G‘uv-g‘u-u! O‘taver! Men esa alximikning uyidan chiqib ketdim.
Qisqa kunlar boshlandi, tuman nam pardasini yoyib, suvini yalang‘ochlanib qolgan daraxtlar, qizil mevalar ustidan tomiza boshlagan kech kuz payti edi. Men bardam va tetik holda qaytib keldim. Guvillab osmonni bulutlardan tozaladim, aytganday, chirib yotgan shoxlarni sindirib tashladim – bu ish xudo bilsin qanaqayu, ammo qilishga to‘g‘ri keldi. Borrebyudagi hokim uyi boshqacha did bilan yog‘ tushsa yalaguday qilib tozalab qo‘yilgan edi. Valdemar Doning dushmani basneslik Ove Ramel Borrebyuga garov xat bilan keldi: endilikda uy ham, butun mol-mulk ham uniki bo‘lgan edi! Men siniq derazalarga kuchimning boricha go‘villab puflay boshladim, ilgagidan chiqqan eshiklarni taraqlatdim, yoriq va teshiklardan hushtak chalib o‘tdim: «G‘uv-g‘u-u! Mayli, janob Ovega bu yer yoqmay qolsin, dedim! Ida bilan Anna Dorteya achchiq-achchiq ko‘zyoshi to‘kib yig‘lashdi; Yohanna bo‘lsa qaddini g‘oz tutib turgan bo‘lsa ham, yuzi murdaday oqarib ketgan edi, barmog‘ini shunday tishladiki, qoni tirqirab ketdi. Lekin bundan hech qanday foyda yo‘q edi! Ove Ramel Do janoblariga shu uyda umrining oxirigacha yashashga ijozat berdi, biroq bu marhamatga hech kim minnatdorchilik izhor qilmadi. Uysiz qolgan dvoryanning boshini mag‘rur ko‘targanini, qaddini rostlaganini ko‘rdim. Shu payt tom va keksa arg‘uvon daraxtiga jon-jahdim bilan shunaqayam zarba berdimki, chirimagan bo‘lishiga qaramay, yo‘g‘on bir shoxi sinib, darvoza oldiga qulab tushdi. U supurish lozim bo‘lganda supurgi bo‘ladiganday o‘sha yerda qolaverdi. O‘sha supurgi bu yerning sobiq egalarini supurib yubordim!
Og‘ir kun, mashaqqatli, aziyatli onlar yetib keldi, biroq ularning ruhi tetik, qaddilari bukilmagan edi.
Ularning kiyib yurgan kiyimlaridan ko‘p narsalarni va’da qilib, oxiri umidlarni chippakka chiqarib to‘kilib ketgan boyliklari solingan yangi sotib olingan shisha idishlaridan boshqa hech narsalari qolmagan edi. Valdemar Do xazinani qo‘yniga yashirdi, qo‘liga hassa oldi: bir vaqtlar mana shu mulkning boy-badavlat egasi bo‘lgan kishi yoniga uchala qizini olib Borrebyudan chiqib ketdi. Men muzdekkina shabadam bilan uning lovillab turgan yuzini sovutdim, soqollari va oppoq sochlarini siypadim, qo‘limdan kelganicha qo‘shig‘imni aytdim: «G‘uv-g‘u-u! O‘taver! O‘taver!»
Dvoryanlikka xos hashamat ana shunday barham topdi!
Ida bilan Anna Dorteya otalari yonida borishardi. Yohanna darvozadan chiqib, orqasiga o‘girildi. Nega deysizmi? Axir, baxt qaytib kelmaydi-ku. Qiz Mark Stig qasrining g‘ishtlaridan qurilgan qizil g‘ishtli devorlarga boqdi, uning qizlarini esladi.
Kattasi kenjasin qo‘lidan tutib
Jahonni kezmoq-chun otlandi yo‘lga.
Yohanna bu qo‘shiqni xotirladimikin? Hozir haydalganlar uch qiz, yonlarida otalari ham bor. Bir vaqtlar karetada yurgan yo‘llardan sudralib keta boshlashdi. Yiliga o‘n marka to‘lash sharti bilan ijaraga olingan Samizstrun dalasidagi hujralari tomon yo‘l olishdi. Boy odamning yangi manzili yalang‘och devorlar, bo‘mbo‘sh idishlar. Qarg‘a va zag‘chalar esa zaharxanda bilan «Qag‘! Qag‘! Xonavayronlik! Qag‘-qag‘!» – deb qichqirishdi, bir vaqtlar Borrebyu o‘rmonidagi daraxtlar kesilayotganda ham shunday qichqirishgan edi. Ularning quloqlariga bor kuchim bilan puflab tursam-da, Do janoblari va uning qizlari bu qichqiriqlarning ma’nosini yaxshi tushunishdi.
Ular hujralariga kirishdi, men esa botqoqliklar va dalalar, «yalang‘och butazorlar va daraxtlari qiyratilgan o‘rmonzorlar ustidan ochiq dengiz, boshqa mamlakatlar tomon guvillaganimcha yo‘l oldim. G‘uv-g‘u-u! O‘taver! O‘taver! Shu zaylda yillar o‘tib bordi.
* * *
Xo‘sh, Valdemar Do bilan uning qizlarining taqdiri nima bo‘ldi, dersiz? Buni hozir shamol hikoya qilib beradi.
– Oq sunbul gul Anna Dorteyani oxirgi marta uchratganimda bukchaygan kampir bo‘lib qolibdi, axir oradan ellik yil vaqt o‘tib ketgandi-da. Qolganlari o‘lib ketgan, u esa endi ko‘pni ko‘rgan bir kampir edi. Viborg shahri yaqinidagi cho‘lda bir ruhoniyning qizil g‘ishtdan qurilgan hashamatli uyi bor. Uning mo‘risidan quyuq tutun buralib chiqmoqda. Ruhoniyning mehribon xotini va go‘zal qizi deraza oldida, bog‘dagi tog‘olcha butalari orasidan cho‘lga qarab o‘tirishardi. Xo‘sh, u tomonda bularni nima qiziqtirib qoldi ekan? Ular yarim vayrona uycha tomidagi laylak uyasini kuzatishmoqda edi. U yerni yo‘sin va yovvoyi piyoz qoplab olgan edi. Aslida esa tomni laylak uyasi eplab turibdi! Uycha yamalib-yasqalib tursada, uni laylak epaqaga keltirib turardi.
– Uychaga faqat qarash mumkin edi, biroq zinhor unga tegib bo‘lmasdi! Bu yerdan nihoyatda ehtiyotkorlik bilan esib o‘tardim, – deb hikoya qilibdi shamol. – Faqat laylak uyasining borligidan uychani qoldirishgandi, bo‘lmasa uni allaqachonlar buzib yuborishardi. Ruhoniy oilasidagilar laylakni haydab yuborgilari kelmadi, shu vajdan uycha omon qoldi, ichida esa bir bechora kampir yashardi. Shu yerda boshpana topib turgani uchun kampir laylakdan minnatdor, ehtimol bir vaqtlar Borrebyu o‘rmonida yashagan qoramtir akasining uyasini buzishga yo‘l qo‘ymaganligi uchun laylak kampirdan xursanddir. O‘sha zamonlarda qashshoq kampir muloyimgina qiz, dvoryan oilasidan chiqqan oq sunbul gul edi. Anna Dorteya bularning hammasini yaxshi xotirlaydi.
«Oh! – Ha, odamlar, ham shamol qamishzor yoki qiyoqzorda oh urganday oh uradi! – Oh, Valdemar Do, qabring ustida qo‘ng‘iroqxona qo‘ng‘iroqlari jaranglamadi! Uysiz-joysiz qolgan Borrebyu hokimini tuproqqa qo‘yishayotganda bechorahol maktab o‘quvchilari kuylashmadi ham! Ha, hamma narsaning, hatto baxtsizlikning ham oxiri bo‘ladi! To‘ng‘ich opasi Ida bir dehqonga turmushga chiqdi. Ana shu hol otaga qaqshatgich zarba bo‘lib tegdi. Axir, kuyovi har qanday janob biyaga o‘tqizib qo‘yishi mumkin bo‘lgan jirkanch bir qul-da! Hozir, ehtimol u ham, opasi Ida ham tuproq ostida yotishgandir! Ha, shunaqa! Faqat men bechoraga xudo qazo yetkazmayapti! Ey, parvardigor, mendan ham omonatingni olsang-chi!»
Anna Dorteya laylak sharofati bilan omon qolgan hujrasida o‘tirib ana shunday iltijo qilibdi.
– Opa-singillarning eng sog‘lom hamda eng dadiliga o‘zim g‘amxo‘rlik qildim! – deb davom etibdi shamol. – U o‘ziga ma’qul bo‘lgan kiyimlarini kiydi: yigitchasiga kiyinib, kemaga matros bo‘lib yollandi. Qiz kamgap, qat’iyatli edi, ammo o‘z ishini do‘ndirib bajarardi, bitta aybi shu ediki, yuqoriga tarmashib chiqolmasdi! Boshqalar uning ayol kishi ekanligini bilib qolishmasdan suvga puflab yubora qoldim, xo‘p ish qildim!
Valdemar Do oltin topdim deb o‘ylagan kunidagidek pasxaning dastlabki kunida laylak uya qurgan tom ustidan Anna Dorteyaning oxirgi toat-ibodat ovozini eshitib qoldim.
Hujraning derazasi ham yo‘q edi, uning o‘rnida dumaloq tuynukcha bor edi; oltin barkashday bo‘lib chiqqan quyosh nurlari shu tuynuk orqali hujraga tushdi. Uy ichi munavvar bo‘lib ketdi! Anna Dorteyaning nigohi bu nurga bardosh berolmadi. U ko‘zini asta yumdi; yuragi esa urishdan to‘xtadi! Bu o‘rinda quyoshning hech qanday aybi yo‘q edi, bordiyu u o‘sha tongda yuz ko‘rsatmaganida ham shunday bo‘lardi.
Laylak Anna Dorteya vafot etgunga qadar unga boshpana berdi. Men esa uning qabri ustida ham, otasi qabri ustida ham ashulamni aytaverdim, boshqalar bilmasa ham, men ularning qabri qayerdaligini yaxshi bilaman.
Yangi zamonlar, boshqa zamonlar! Eski qatnov yo‘l endilikda atrofi o‘rab olingan poliz yonidan o‘tadi, qabrlar ustidan esa yangi yo‘l o‘tadi. Hademay qator vagonlarini sudrab, unutilgan qabrlar ustidan pishqirib parovoz o‘tadi. G‘uv-g‘u-u! O‘taver!
– Valdemar Do hamda uning qizlari qissasi ana shunaqa. Qo‘lingizdan kelsa uni durustroq hikoya qilib bering! – deb gapini tugatibdi shamol va boshqa yoqqa qarab yo‘l olibdi.
Shu bilan uning qorasi ham ko‘rinmay qolibdi.
NONNI BOSGAN QIZ
Siz kavushim iflos bo‘lib qolmasin, deb nonni bosgani uchun yomon ahvolga tushib qolgan qizcha haqidagi hikoyani eshitgansiz. Bu haqda yozilgan ham, bosilgan ham. U kambag‘al, biroq mag‘rur, kekkaygan bir qiz ekan. Uning bema’ni qiliqlari ko‘p ekan. Jajjigina qizchalik paytlarida pashshalarni tutib olib, qanotlarini yulib tashlashni yaxshi ko‘rarkan; uchadigan pashshalar o‘rmalaydigan bo‘lib qolganda juda quvonar ekan-da. U tillaqo‘ngiz va go‘ng qo‘ng‘izlarni tutib, to‘g‘nag‘ich sanchib qo‘yar yoki oyoqlarining ostiga yashil yaproq yo bo‘lmasa bir parcha qog‘oz yopishtirib qo‘yar ekan. Bechora tirmashib, to‘g‘nag‘ichdan ozod bo‘lish uchun aylanib, bukilaverarkan, Inge bo‘lsa qotib-qotib kulaverarkan:
– Tillaqo‘ng‘iz o‘qiyapti! Sahifalarni varaqlashini qarang! – deyarkan u.
U katta bo‘lgan sari yomon qiliqlari ko‘payaveribdi. Baxtga qarshi, u juda chiroyli ekan. Uni ko‘p urishishar ekan-u, lekin yaxshilab tanbeh berib qo‘yishmas ekan.
– Yaxshilab bir adabingni berib qo‘yish kerak! – der ekan onasi. – Bolaligingda peshbandimni rosa toptagan eding, katta bo‘lganingda qalbimni toptamasang go‘rga edi, deb qo‘rqaman.
Xuddi shunday bo‘libdi.
Inge uyidan zodagonlar xonadonida xizmat qilgani jo‘nab ketibdi. Zodagonlar unga o‘z qizlariday munosabatda bo‘lishibdi. Inge yangi kiyimlarda yanada ochilib ketibdi. Shu bilan birga, uning dimog‘dorligi oshgandan oshibdi. U xo‘jayinining uyida bir yil yashabdi, kunlarning birida ular qizga:
– Inge, ota-onalaringni bir ko‘rib kelsang yaxshi bo‘lardi! – deyishibdi.
Shunday qilib, u yo‘lga chiqibdi, biroq ota-onasini ko‘rib kelish uchun emas, balki egnidagi liboslarini ko‘zko‘z qilish maqsadida uyiga yo‘l olibdi. U hademay qadrdon qishlog‘i chekkasiga yetib kelibdi. Bundoq qarasa, anhor yoqasida qiz va yigitlar chaqchaqlashib turishganmish. Sal nariroqda esa tosh ustida o‘rmondan yiqqan bir bog‘lam o‘tinini quchoqlaganicha qari onasi dam olib o‘tirganmish. Inge shartta orqaga qaytibdi: shunday yasangan-tusangan oyimqizning mana shunaqa juldurvoqi onasi bo‘lishi, buning ustiga o‘tinni o‘rmondan o‘zi terib kelishidan u or qilibdi. Inge ota-onasi bilan diydor ko‘rishmaganiga zarracha afsuslanmabdi, qaytaga zardasi qaynabdi, xolos.
Oradan yana yarim yil o‘tibdi.
– Inge, ota-onalaringni ko‘rib kelishing kerak! – deyishibdi yana xo‘jayinlar, – Mana senga oq non, buni olib borib qariyalarni bir xursand qilib kelgin, haqingga duo qilishadi!
Inge eng yaxshi liboslarini, oyog‘iga esa yangi kavushini kiyibdi, etagini sal ko‘tarib, kavushim iflos bo‘lib qolmasin deb, ehtiyotkorlik bilan yo‘lga tushibdi, buning uchun uni koyimasa ham bo‘ladi. Biroq, yo‘lka botqoq tomonga burilibdi; loy bosib yurishga to‘g‘ri kelib qolibdi: Inge o‘ylab-netib o‘tirmay qo‘lidagi nonni loyga tashlabdi, uni bosib, ko‘lmak suvdan oyog‘ini ho‘l qilmay o‘tib olmoqchi bo‘libdi. U nonga oyog‘ini qo‘yishi bilanoq non qiz bilan birga pastga cho‘ka boshlabdi, ko‘lmak suv ustida qopqora puffakchalar paydo bo‘libdi, qiz bilan nondan nomnishon qolmabdi!
Ana shunaqa xunuk hodisa yuz beribdi.
Inge qayoqqa botib ketdi? U botqoqlik alvastisining pivo pishiradigan joyiga cho‘kib ketibdi. Botqoqlik alvastisi alvastilar hamda o‘rmon devlarining xolasi ekan, bu hammaga ma’lum narsa, bular haqida kitoblarda ham yozilgan, qo‘shiqlar to‘qilgan, bir necha bor ularning suratlari chizilgan, botqoqlik alvastisi haqida esa hali ko‘p narsa ma’lum emas; yoz oylarida o‘tloqlar ustidan tuman ko‘tarilsa odamlar: «Botqoqlik alvastisi pivo pishiryapti! – deyishadi. Shunday qilib, qiz ana shu pivoxonaga tushib ketibdi, u yerda uzoq turishga hech kim bardosh berolmas ekan! Axlat o‘ra botqoqlikdagi pivoxonaga qaraganda ming bor pokiza ekan! Pivo pishiradigan har bir idishdan kishi ko‘nglini behuzur qilib yuboradigan badbo‘y hid kelib turganmish, idishlar bir-biriga zich joylashganmish; oralari sal ochiq joylarga yiltiroq, semiz baqalar o‘rnashib olganmish. Inge ana shunday joyga tushib qolibdi! Qiz o‘zini ana shunaqa sovuq, yopishqoq, jirkanch tirik qorishma ichida ko‘rib dahshatdan titrab ketibdi; badani qota boshlabdi. Non uning oyog‘iga yopishib olib, qahrabo soqqa xasni tortqilaganday hadeb pastga tortarmish.
Botqoq alvastisi uyida ekan; o‘sha kuni pivoxonaga mehmonlar kelishgan ekan, bu mehmonlar shayton bilan uning eng katta momosi – zaharli kampir ekan. Kampir hech qachon bekor o‘tirmas ekan, hatto mehmonga ham birorta ermak olib borarkan: teridan kavushlar tikarkan, bu kavushni kiygan odamlar oromini butunlay yo‘qotib qo‘yisharkan. Kampir yana tuhmatlarni yoki odamlarning og‘zidan chiqqan bejo, shaloq so‘zlarni to‘qirkan, xullas, uning turgan-bitgani inson zoti uchun koni ziyon ekan! Ha, shaytonning momosi tikishga ham, to‘qishga ham juda chechan ekan!
U Ingeni ko‘rib qolibdi, ko‘zoynagini to‘g‘rilab qizga qarabdi-da, so‘ng:
– Ie, bundan ish chiqadiganga o‘xshaydi-ku! Uni bugungi tashrifimdan xotira qilib menga berilishini iltimos qilaman! Undan chevaramning dahlizi uchun ajoyib but chiqadi, – debdi.
Botqoq alvastisi Ingeni kampirga beribdi, u esa do‘zaxga tushibdi, qo‘lidan yomon ish keladigan odamlar do‘zaxga to‘g‘ri yo‘l bilan emas, balki aylanma yo‘l bilan tusharkan!
Dahliz oxiri yo‘q joyda ekan, qiz oldinga qarasa ham, orqaga qarasa ham boshi aylanaveribdi. Hammayoq holdan toygan, shafqat eshigining ochilishini zoriqib kutayotgan gunohkorlar bilan to‘lib ketgan ekan. Ular ancha vaqtdan beri kutib o‘tirishganmish. Judayam bahaybat, semiz, arang lapanglab yurgan o‘rgimchaklar ularning oyoqlarini ming yillik iplar bilan o‘rab tashlabdi. Bu arqonlar ularni iskanjaday mahkam tutib turganmish, mis zanjirlardan ham mustahkam kishanlanganmish. Bundan tashqari, gunohkorlarning jonlari abadiy azob beruvchi tashvishda qiynalayotganmish. Masalan, xasislar kalitini pul soladigan yashigi qulfida qoldirgani uchun qiynalayotganmish. Boshqa ba’zilar… hamma gunohkorlarning tortayotgan azob-uqubatlarini sanayveradigan bo‘lsak, ado bo‘lmaydi!
Inge but bo‘lib turish qanchalik qiyinligini tushunibdi, oyoqlari xuddi nonga parchinlab qo‘yilgandaymish.
«Mana, oliftagarchilikning oqibati! Kavushim iflos bo‘lmasin deb shu ahvolga tushib o‘tiribman-a! – debdi u o‘ziga-o‘zi. – Anavilarning menga o‘qrayishini qarang!»
Chindan ham gunohkorlarning butun hirslari ko‘zlarida chaqnab, baralla sezilib turardi; ularga bir qarashning o‘zi dahshat edi!
«Xo‘sh, menga qaraganning bahri dili ochiladi-ku! – deb o‘ylabdi Inge. – Go‘zalman, kiyimlarim ham chakki emas!» – Qiz kiyim-boshiga ko‘z qirini tashlabdi. Chunki uning bo‘yni qotib qolgan ekan. Oh, u botqoq alvastisining pivoxonasida balchiqqa bulanib ketibdi-ku! Bu haqda o‘ylamagandi ham! Kiyimlari boshdan-oyoq shilimshiq bo‘lib ketibdi, sochlariga ilon chirmashib olib, dumi bilan bo‘yniga shapillatib urayotganmish, ko‘ylagining har bir qatidan semirib ketgan laychaday hurayotgan baqalar mo‘ralab turganmish. Naqadar ko‘ngilsiz! «Boshqalarning ahvoli menikidan yaxshi emas-ku!» deb o‘z-o‘ziga tasalli beribdi Inge.
Biroq, hammasidan ham ochlik azobi yomon bo‘libdi. Nahotki egilib, o‘zi bosib turgan nondan bir burda sindirib ololmasa? Yo‘q, qaddi egilmabdi, qo‘l-oyoqlari qimirlamabdi, hammayog‘i toshday qotib qolganmish. Faqat ko‘zlari u yoqbu yoqqa qaray olarmish, xolos. Ko‘z soqqasini aylantirib orqa tomonga ham qarab bo‘larmish. Tfu, naqadar qabihlik! Bu ham yetmaganday pashshalar paydo bo‘lib, uning ko‘zidan u yoq-bu yoqqa yura boshlabdi; u kiprik qoqibdi, lekin pashshalar uchib ketmabdi, ularning qanotlari yulib olingan ekan, faqat o‘rmalay olishar ekan, xolos. Bundan ortiq azob bormi? Buning ustiga ochlik azobi! Bora-bora Ingega ichi o‘zini-o‘zi yeb bitirganday, qorni judayam bo‘mbo‘shday tuyulibdi!
– Agar bu ahvol uzoq davom etsa, ortiq chidolmayman! – debdi Inge, lekin chidashga majbur bo‘libdi; hech nima o‘zgarmabdi.
Birdan boshiga issiq bir tomchi tomibdi, yuzidan dumalab ko‘ksiga, so‘ng nonga tushibdi; shundan keyin issiq tomchilar duv-duv to‘kilaveribdi. Inge uchun kim ham achchiq-achchiq yig‘lashi mumkin?
Axir, yer ustida onasi qolmaganmi? Onaning bolasi uchun to‘kkan achchiq ko‘zyoshlari hammavaqt farzandiga yetib boradi. Biroq, uni azobdan xalos qilolmaydi, balki uning azobiga azob qo‘shib kuydiradi. Eng yomoni dahshatli, bardosh berib bo‘lmaydigan ochlik edi! Nonni bosib turish, undan bir burda sindirib ololmaslik qanday dahshat! Nazarida ichi o‘zini yeb bitirganday tuyulibdi, o‘zi esa har bir ovozni ichiga tortib oladigan ingichka g‘ovak qamishday bo‘lib qolibdi. U yuqorida, yer betida o‘zi haqida aytilgan gaplarni ro‘yi rost eshitibdi, lekin hammasi yomon gaplarmish. Hatto unga chin yurakdan kuyib-yonib yig‘layotgan onasi ham: «Dimog‘dorlik yaxshilikka olib bormaydi! Dimog‘dorlik seni xarob qildi, Inge! Meni judayam kuydirding-ku, qizim!» – deb zorlanayotganmish.
Ingening onasi ham, tepadagilarning hammasi ham uning qilgan gunohidan, nonni bosib, yer tubiga cho‘kib ketganidan xabardor ekanlar. Bularning hammasini bir podachi tepalik ustidan ko‘rib turgan ekan, o‘sha podachi bu haqda boshqalarga ham aytib bergan ekan.
– Onangni rosa kuydirding-ku, Inge! – deb takrorlabdi onasi. – Boshqa narsani sendan umid qilmagandim ham!
«Dunyoga kelmaganim ming marta yaxshi edi! – debdi Inge o‘ziga-o‘zi. – Endilikda onamning men haqimda kuyib-yonishining nima foydasi bor?»
Inge bir vaqtlar uni o‘z qiziday ko‘rib munosabatda bo‘lgan hurmatli zotlar – xo‘jayinlarning ham: «U og‘ir gunoh egasi. U parvardigorning nasibasini behurmat qildi, oyog‘i bilan ezg‘iladi, unga marhamat eshigi haliberi ochilmaydi!» degan gaplarini eshitibdi. «Menga qattiq turib, yaxshi tarbiya berishganda edi! – o‘ylabdi Inge, – yomon qiliqlarim qolib ketardi!»
Inge odamlarning o‘zi haqida to‘qigan «kavushim iflos bo‘lmasin deb nonni bosgan dimog‘dor qiz haqida»gi qo‘shiqni ham tinglabdi. Qo‘shiqni mamlakatning hamma yerida kuylashayotganmish.
«Bu quloq o‘lgur nimalarni eshitmayapti-ya! Aybim uchun qanchalar azob chekyapman-a! – deb o‘ylabdi Inge. – Boshqalar ham qilmishiga yarasha jazolansalar edi! Anchagina odam qiynalardi! Voy, jonim qiynalib ketdi!»
Ingening joni yanada dag‘allashib, yanada shafqatsizlanib ketibdi.
– Manovilar orasida yaxshi bo‘lib bo‘psan! Yaxshi bo‘lishni xohlamayman ham! Bularning o‘qrayib qarashini ko‘ring! – debdi u, nihoyat o‘sha yerdagilarni yomon ko‘rib, zardasi qaynabdi. – Tomosha topildi bularga, sevinishlarini qara. Voy, jonim qiynalib ketyapti!
Qiz o‘zi haqida to‘qilgan qissani bolalarga aytib berishganini ham, go‘daklar uni xudosiz deb aytishganini ham eshitibdi.
– U shunaqayam jirkanch, ablahki, asti qo‘yavering! Endi jazosini tortsin! – deyishibdi bolalar.
Inge bolalarning og‘zidan ham faqat la’natlar eshitibdi.
Yana boshqa gal u ochlik va g‘azabdan azob chekib turganida o‘z nonini va o‘zi haqidagi qissani takror eshitibdi. Qissani norasida bir qizchaga aytib berishayotgan ekan, qizcha, dimog‘dor, hovliqma, Ingega rahmi kelib, zor-zor yig‘labdi.
– Nahotki, u hech qachon yuqoriga qaytib chiqmasa? – deb so‘rabdi.
– Hech qachon qaytmaydi! – deb javob qaytarishibdi unga.
– Bordi yu kechirishlarini so‘rasa-chi, endi hech qachon bunday qilmaslikka va’da bersa-chi?
– U umuman uzr so‘ramoqchi emas!
– Uning uzr so‘rashini juda-judayam xohlardim! – debdi qizcha, shunday keyin anchagacha tinchlanmabdi. – Agar uni yerga qaytarishsa qo‘g‘irchoq uyimni berardim! Bechora, sho‘rlik Inge!
Bu so‘zlar Ingening qalbigacha yetib boribdi: ko‘ngli ancha taskin topganday bo‘libdi: «bechora Inge!» degan tirik jon endi topildi-ya! Uning gunohi haqida bir og‘iz ham lom-mim demadi-ya! Jajjigina begunoh qiz yig‘lab uning gunohi kechirilishini tilabdi! Ingening qalbini allaqanday tuyg‘u egallabdi; yig‘lab yuborgisi kelibdi, lekin yig‘lolmabdi, chunki yana yangi azob boshlanarkanda!
Yer ustida yillar shamolday tez o‘ta boshlabdi, yer ostida esa ahvol avvalgiday qolaveribdi. Inge o‘z nomini kamdan-kam eshita boshlabdi! Yer ustida uning nomini tobora kamroq tilga oladigan bo‘lishibdi. Biroq, kunlardan bir kun qulog‘iga, «Inge! Inge! Meni rosa kuydirding-ku! Shunday bo‘lishini bilardim-a!» – degan nido kelibdi. O‘shanda onasi jon berayotgan ekan.
Ba’zan Inge o‘z nomini qari xo‘jayinlari og‘zidan ham eshitib qolarkan. Xo‘jayinning xotini hammavaqt hokisorlik bilan: «Inge, ehtimol sen bilan yana diydor ko‘risharmiz! Kim qayoqqa tushishini hech kim bilmaydi», – der ekan.
Biroq, Inge xo‘jayinining xotini o‘zi tushgan joyga tushmasligini yaxshi bilarkan.
Vaqt juda sekin o‘ta boshlabdi. Nihoyat, Inge yana o‘z nomini eshitibdi, tepasida ikkita yorqin yulduz chaqnab ketibdi: yer ustida bir juft ma’sum ko‘z abadiy yumilibdi. Jajjigina qizcha «bechora Inge!» deb betinim yig‘lagandan buyon ko‘p vaqtlar o‘tibdi; o‘sha qizcha balog‘atga yetib, qarib, Xudoning dargohiga borishga ham ulguribdi. Butun umrining xotiralari jonlanadigan oxirgi lahzada o‘layotgan ayol Inge uchun to‘kkan ko‘zyoshlarini eslabdi va beixtiyor: «E, Xudo, ehtimol, men ham Inge singari sen hadya etgan rizq-ro‘zingni bilmay oyoq osti qilgandirman. Ehtimol, ruhim ham dimog‘dorlik bilan zaharlangandir. Faqat sening marhamatinggina qo‘llab-quvvatlab, tubanlikka tushishimga yo‘l qo‘ymadi! Umrimning oxirgi damlarida menga marhamatingni darig‘ tutmagin!» – deb yuboribdi.
O‘layotgan ayolning ko‘zlari yumilibdi, biroq jonining ko‘zlari Inge tomon boqibdi, chunki oxirgi lahzada uning fikri-xayoli Inge bilan band bo‘lgan ekan-da, natijada u o‘zining ruhiy nigohi bilan yerdagilarga mavhum bo‘lgan manzarani, ya’ni Ingening qanchalik tuban tushganini ko‘ribdi. Bu manzarani ko‘rgan taqvodor ruh yig‘labsiqtabdi, Xudoning dargohiga borib, gunohkor ruhning gunohidan o‘tishni go‘dakligidagiday yig‘lab, yalinibyolvorib iltimos qila boshlabdi. Bu yig‘i va yolvorishlar azobdan qiynalayotgan jonni o‘rab olgan qobiqda akssado bo‘lib yangrabdi, unga bo‘lgan tasodifiy mehr-u muhabbatdan Ingening ruhi qayta tug‘ilganday bo‘libdi. Xudoning farishtasi ham uning holiga yig‘labdi. U bunday marhamatga qanday musharraf bo‘ldi? Azoblangan jon butun o‘tgan umriga nazar tashlabdi, o‘z qilmishlarini ko‘z oldiga keltirib, to‘lib-to‘lib yig‘labdi. Inge ilgari bunaqa yig‘i nimaligini hech bilmagan ekan. U o‘ziga bo‘lgan shafqat hissi bilan to‘lib ketibdi; nazarida uning uchun shafqat eshigi mutlaqo ochilmaydiganday tuyulibdi! U xuddi ana shu narsani chuqur anglashi bilanoq yer qa’riga bolalar hovlida tikkaytirib qo‘ygan qorboboni ham bir zumda eritib yuborishga qodir bo‘lgan kuchli quyosh nuridan ham o‘tkir bir nur tushibdi. Bu nur Ingening jonini o‘rab turgan qattiq qobiqni eritib yuboribdi. Jajjigina qushcha tubanlikdan erkinlikka o‘qday uchib chiqibdi. Biroq, u o‘zini yorug‘ dunyoda ko‘rib uyat va dahshatdan qunishib ketibdi. Shosha-pisha yarim buzilgan qandaydir devorning qorong‘i kovagiga kirib yashirinibdi. U o‘sha yerda kunini qunishib, butun vujudi titrab, hech bir ovoz chiqarmay o‘tkazibdi, aytganday, ovozi ham yo‘q ekan-da. U atrofni tomosha qilishga jur’at etolmay, o‘sha yerda uzoq o‘tirib qolibdi. Ha, atrofdan baxra olishga arzigulik manzaralar ko‘p ekan! Havo musaffo, yoqimli ekan, oy mo‘l-ko‘l kumush nur taratar, daraxt va butalardan muattar hidlar anqib turarkan. Qushcha yashirinib olgan joy biram shinam, o‘zining pat va parlari shunaqayam toza, chiroyli ekanki! Parvardigorning olami mehr-muhabbatga, go‘zalliklarga to‘lib-toshib yotganmish! Qushchaning qalbida uyg‘ongan barcha o‘y-fikrlar tashqariga qo‘shiq bo‘lib chiqqisi kelibdi. Biroq, u qancha chiranmasin sayray olmabdi; u kakku singari kukulolmabdi ham, bulbul kabi to‘lib-toshib sayray olmabdi ham! Biroq, parvardigor qurtlarning ham unsiz hamd-u sanosi, shukronasini eshitadi. U qushchaning ham shukronasini eshitibdi. Bu shukrona Dovudning qalbida jaranglagan duoday so‘zsiz, ohangsiz yetib boribdi.
Qushchaning unsiz shukur qilishi kun sayin ko‘paya boribdi, xayrli ishlarga qo‘shilish uchun fursat poylabdi.
Rojdestvo bayrami arafasi ham kelibdi. Bir dehqon devorga yog‘och qo‘yib, uning uchiga boshog‘i yanchilmagan bir bog‘ suli ilib qo‘yibdi – qushlar ham rojdestvo bayramini huzur qilib o‘tkazishsin, debdi.
Rojdestvo bayrami tongida quyosh chiqib, bir tutam sulini yoritibdi; unga sayroqi qushlar yopirilishibdi. Devor kovagidan ham chirq-chirq degan tovush eshitilibdi. Qushchaning fikrlari tovushga qo‘shilib ketibdi, uning ojiz chiyildoq ovozi chinakam shodlik gimniday jaranglabdi; uning fikrlari xayrli ishlarda ko‘zga tashlanish uchun hozirlanibdi, qushcha o‘z qarorgohidan uchib chiqibdi. Osmondagilar uning qanaqa qushcha ekanligini yaxshi bilishar ekan.
Qish qattiq kelibdi, suv beti qalin muz bilan qoplanibdi, qushlar va o‘rmon hayvonlari uchun og‘ir kunlar boshlanibdi. Kichkinagina qushcha chanalar yurib o‘tgan qorli yo‘l ustida uchib yurib don axtarib topar, otxonalarda non uvoqlarini topib olsa, o‘zi bir dona uvoqni yeb, qolganlariga och qolgan boshqa chumchuqlarni chaqirarkan. U shaharlarga ham uchib boribdi. Atrofni kuzatib borarkan, derazalarda saxiy qo‘llar maydalab qo‘ygan non uvoqlarini ko‘ribdi, yana ulardan faqat bir donagina yeb, qolganlarini boshqalarga beribdi.
Qish davomida qushcha juda ko‘p non uvoqlarini topib, boshqa qushlarga ulashibdi, agar ularning hammasini jamlansa, Inge kavushini avaylab bosgan non og‘irligiga teng kelarkan. Eng oxirgi uvoq topilib, boshqa bir qushchaga berilgach, uning kulrang qanotlari oqarib, keng quloch yoyibdi.
– Ana, dengiz qaldirg‘ochi uchyapti! – deyishibdi oppoq qushni ko‘rgan bolalar. Qush goh to‘lqinlarga sho‘ng‘ib, goh quyosh nurlari tomon uchib, birdan ana shu nur ichida yo‘qolib ketibdi. Uning qayoqqa yo‘qolganini hech kim ko‘rmabdi.
– U quyoshga uchib ketdi! – deyishibdi bolalar.
QO‘NG‘IROQXONA QOROVULI OLE
U dunyoda hammaning martabasi yuqorilayveradi, pastlayveradi, yuqorilayveradi, pastlayveradi! Men bundan ortiq martabaga erisha olmasam kerak! – derdi qo‘ng‘iroqxona qorovuli Ole. – Martabang ulug‘lashadi, pastlashadi, ulug‘lashadi, pastlashadi, buni hamma sinab ko‘rgan! Borib-borib hammamiz qo‘ng‘iroqxona qorovullariga aylanib qolamiz – hayotga hamda boshqa narsalarga yuqoridan pastga qaraganday qaraymiz.
Xushchaqchaq, gapga chechan qo‘ng‘iroqxona qorovuli bo‘lmish oshnam ana shunday derdi. Sirtdan qaraganda, dili nima desa, tili ham shuni aytayotganday bo‘lardi-yu, ammo ko‘p narsalarni ko‘nglining to‘rida yashirib yurardi. Uning nasl-nasabi ham chakki emas ekan, odamlarning aytishiga qaraganda, u ulug‘ martabali bir amaldorning o‘g‘li ekan, o‘zi ham o‘shanaqa odam bo‘lishi mumkin ekan; ma’lumotli bo‘lgach, avvaliga o‘qituvchining qo‘lida ishlabdi, so‘ng ruhoniyga yordamchilik qilibdi, biroq bundan hech foyda chiqmabdi!
Ole ruhoniynikida bo‘lganida har ishga hozir-u nozir bo‘lib turarkan; u o‘sha vaqtlarda yosh yigitcha bo‘lganidan o‘ziga ortiqcha zeb berarkan; bir kuni u etigi uchun yaltiroq moy talab qilibdi, ruhoniy esa unga oddiy etik moyi beribdi, ana shu bahona bo‘lib oralari buzilib qolibdi. Biri xasissan desa, ikkinchisi bekorchisan, debdi. Etik moyi bahona, ular bir-birlari bilan yuz ko‘rmas bo‘lib ketishibdi. Baribir Olening talabi qondirilmay qolaveribdi: u keyingi hayoti davomida ham dunyodan yaltiroq etik moyi talab qilsa, oddiy etik moyi olaveribdi; u odamlardan yuz o‘giribdi, darvesh bo‘lib ketibdi. Biroq, darveshlik hujrasini, bir burda nonni faqat katta shaharlardagi qo‘ng‘iroqxonalardangina topish mumkin ekan. Ole katta shahar qo‘ng‘iroqxonasiga boribdi, minora tepasida trubkasini tutatganicha yakka-yolg‘iz yashayveribdi. U pastga ham qarabdi, yuqoriga ham, ko‘rgan-bilganini, kitoblardan o‘qigani-yu ko‘nglida to‘qigani haqida so‘zlab berarkan. Men uni tez-tez yaxshi kitoblar bilan ta’minlab turardim: Ole pand-nasihatdan iborat ingliz kitoblarini, g‘ir-g‘ir shabada va gul yaproqlarini tarannum qiluvchi fransuz romanlarini yoqtirmasdi. U mendan kishilar turmushi, tabiat mo‘jizalari haqida yozilgan kitoblardan keltirishimni ko‘proq iltimos qilardi. Men Ole huzuriga kam deganda bir yilda bir marta, odatda yangi yildan keyinroq tashrif buyurardim; bu paytgacha oshnam menga bir olam gap to‘plab qo‘yardi, uning bisotida albatta yil o‘zgarishiga oid biror gap bo‘lardi.
Bu o‘rinda uning huzurida ikki marta bo‘lganim haqida so‘zlab beraman. Olening so‘zlarini qanday bo‘lsa, xuddi o‘shanday bayon qilaman.
Birinchi tashrif
Olega oxirgi marta olib kelgan kitoblarim orasida xarsangtoshlar to‘g‘risidagi bir kitob bor edi, shunisi unga juda ma’qul tushibdi.
– Xarsangtoshlar yubileyini o‘tkazish kerak ekan! – dedi menga Ole. – Ularning yonidan o‘tib ketaverishadiyu payqashmaydi. Yuzlarcha xarsangtoshlar yumalab yotgan dala va sohillar bo‘ylab sayr qilib yurganimda o‘zim ham shunday qilardim. Tosh yo‘lga terilganlarini esa oyoq bilan bemalol toptashaveradi! Men ham shunday qilganman! Mana endi tosh yo‘lning har bir toshiga chuqur ehtirom bilan qarayman! Manavi kitob uchun katta rahmat! Bu kitob meni o‘ziga maftun qildi, odatdagi hamma fikrlarimni bir chetga surib qo‘ydi, endi bo‘lsa ana shunaqa kitoblardan ko‘proq o‘qisam deb betoqatlanyapman. Zamin romani boshqa romanlardan ko‘ra maroqliroq! Afsuski, uning dastlabki boblarini o‘qish mumkin emas: bular biz o‘rganmagan tilda yozilgan: ularni yerdagi turli tosh davrlariga bo‘lib o‘qishga to‘g‘ri keladi, asosiy qahramonlar Odam Ato bilan Momo Havo faqat oltinchi bobda ko‘rinishadi. Ayrim kitobxonlar uchun bu kechikib ko‘rinayotganday tuyuladi: ularga qolsa romanning boshidayoq tirik qahramonlar qatnasha qolsa, menga esa baribir. Ha aytganday, bu roman judayam maroq bilan o‘qiladi, bu romanda hammamiz tilga olinganmiz! Biz suvda shapir-shupir qilib cho‘milamiz, g‘imirlashamiz, o‘rmalaymiz, biroq hech joyimizdan qimirlamaymiz, yer kurrasi bo‘lsa okeanni ustimizga ag‘darib yubormay aylanaveradi, aylanaveradi. Biz yuradigan yer qatlami qattiq, shu sababli botib ketmaymiz. Roman million-million yillarni qamrab oladi, oxiri esa ko‘rinmaydi. Toshlar haqidagi kitob uchun rahmat. Barakalla ularga! Gapirishni bilishganda ko‘p narsalarni aytib berishardi! Rostini aytsam, manovi yerda, minoraning ustida o‘tirib olib, hammamiz o‘zimizning yarqiroq etik moylarimiz, ordenlarimiz, oldinga intilishimiz – hammasi yer yuzida bir zumlik, chumolicha hayot singari ahamiyatsiz bir narsa ekanligini xotirlash juda qiziq narsada! Ha, million yoshli xarsangtoshlar oldida o‘zingni bir go‘dakday his etasan, o‘ng‘aysizlanib ketasan kishi. Men bu kitobni Yangi yil arafasida o‘qib chiqdim. Kitobga shunchalik berilib ketibmanki, odatdagiday «Amagerga yovvoyi to‘daning yelib borishi»ni huzur qilib kuzatishni ham unutibman. Aytganday, bundan siz bexabarsiz!
Alvastilarning jinlar bazmiga uchib borishini hamma biladi; ular Ivan tunida Broken tepaligiga uchib kelishadi. Biroq, biz tomonlarda Yangi yil kechasi Amagerda o‘zimizning mahalliy, zamonaviy jinlar bazmi bo‘ladi. Barcha no‘noq shoir va shoiralar, sozandalar, jurnalistlar va boshqa hech vaqoga arzimaydigan ustabuzarmonlar Yangi yil kechasi Amagerga uchib kelishadi. Ular mo‘yqalam yoki g‘oz patlariga minishib uchishadi, po‘latdan yasalganida uchisha olmaydi, chunki ular juda qattiq bo‘ladi, egilmaydi. Men hali aytganimday, bu yovvoyi jin to‘dalarini har yili tomosha qilaman, ana shu sayohatchilarning ba’zilarini nomma-nom aytib berishim ham mumkin, biroq yaxshisi, ularga ishingiz tushmasin! Har yili kechasi pat minib Amagerga uchib kelishlarini boshqalardan nihoyatda sir tutishadi. Lekin mening baliq bilan savdo qiladigan, uchta e’tiborli gazetani haqoratli so‘zlar bilan ta’minlab turadigan bir qarindoshim bor. Ana shu ayol bir gal jinlar bazmida mehmon bo‘lgan ekan. Patda ucholmagani uchun o‘sha yoqqa uni jinlar ko‘tarib olib borishibdi. Bu haqda u menga batafsil gapirib berdi. U aytgan narsalarning yarmi g‘irt yolg‘on, qolgan yarmi ham yolg‘ondan holi emas. Bayram qo‘shiqlar bilan boshlanibdi;
har bir mehmon o‘zi yozgan ashulasini kuylabdi. Shunday bo‘lgach, har kimniki o‘ziga yaxshi ko‘rinaveradi-da! Baribir emasmi? Hamma bir maqomda ashula aytibdi! Keyin «til zahmatkashlari» kichik-kichik to‘da bo‘lib yurish boshlabdi. Bu to‘dalarda uylarga qo‘ng‘iroq qiladigan qo‘ng‘iroqchilar bor ekan. Keyin esa istaganlar oddiy bo‘yoqni yaltiroq moy o‘rnida o‘tkazish uchun imzosiz maqolalar yozadigan yozuvchilar bilan tanishisharkan. Ular orasida jallod bilan uning yordamchisi bor ekan; yordamchining tili o‘ta zahar ekan, aks holda unga hech kim e’tibor bermagan bo‘lardi. Bu yerda yashikdan har gal axlat ilib olayotganda: «Yaxshi, juda yaxshi, ajoyib!» – deb turadigan bir axlat yig‘uvchi ham bor ekan! «Xursandchilik» rosa avjiga minganda axlat o‘radan ingichka poya, daraxt, judayam xunuk gul, haddan tashqari katta qo‘ziqorin, butun bir tom o‘sib chiqibdi; bu hurmatli anjumanning «archa»si ekan; archaga eski yil davomida nima yaratgan bo‘lsalar, hammasini osishgan ekan. Archadan beqaror olovlar sachrarmish; bular o‘zlashtirib olingan fikrlar va shu anjuman qatnashchilari foydalanayotgan ijaraga olingan g‘oyalar ekan. Endi ular ozod bo‘lib, mushak singari osmonga o‘rlayotganmish. Shundan keyin «darra o‘yin» boshlanibdi, yosh ijrochilar «qalb yondi» o‘yini qilishibdi, so‘zamollar bir-biriga o‘tkir so‘zlarni qota boshlabdi. O‘tkir so‘zlar eshikka bo‘sh ko‘za yoki kul to‘la ko‘za urilib singanday gumburlay boshlabdi. Qarindoshimning gapiga qaraganda, ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan ajoyib xursandchilik bo‘libdi! Rostini aytsam, u yana bir talay mudhish, lekin oqilona fikrlarni ham aytdi, men ularni takrorlab o‘tirmayman; tanqidchi bo‘lgandan ko‘ra, ko‘ngilchan odam bo‘lgan ma’qul. Endi ana shunaqa bayramdan xabardor bo‘lganim holda har yili Yangi yil kechasi jinlarning yovvoyi galasi ko‘chishini ko‘rishdan mahrum bo‘lib qolishdan qo‘rqishimni fahmlagan bo‘lsangiz kerak. Ba’zi yillar oldingi sayohatchilar yoniga yangilari qo‘shilib qolganini ham ko‘raman. Bu yil esa tomoshadan quruq qoldim. Men xarsangtoshlar bilan birga million yil oldingi o‘tmishga sayohat qildim, ularning Shimol qoyalaridan uzilib tushishlari, pastga qulashlari, muz ustida Nuh payg‘ambar kemasi qurilguncha suzib yurganini, suvga dumalab tushganini, teranlikka cho‘kib ketganini, keyin yana «Bu yer Yangi Zelandiya!» – deb baqirgan qumli sohil bilan yuqoriga ko‘tarilganini ko‘rdim. Ana shu toshlarning zoti bizga ma’lum bo‘lmagan qushlar uchun boshpana bo‘lganini, biz nomini bilmagan yovvoyi drujinalar boshlig‘i uchun taxt vazifasini o‘taganini ham ko‘rdim; nihoyat, ba’zi xarsang toshlarni bolta bilan taroshlab, ularga turli belgilar o‘yishganini ko‘rdim. Shunday qilib, ana shu toshlarga vaqt o‘lchovida alohida o‘rin ajratilgan. O‘zim esa vaqt haqidagi har qanday tasavvurni mutlaqo yo‘qotdim, ahamiyatsiz bir narsa bo‘lib qoldim… Shu payt osmonda uch-to‘rtta chiroyli yulduzlar uchdi, fikrlarim ham o‘zgarib ketdi. Uchar yulduzlar nimaligini bilasizmi? Olimlar buni bilishmaydi! Men ularga boshqacha ko‘z bilan qarayman.
Ko‘pincha odamlar ajoyib, xayrli ishlar qilgan kishilarga pinhona, unsiz rahmat yo‘llaydilar; rahmat so‘zi aytarli jarangdor bo‘lmasa-da, hech behuda ketmaydi. Menimcha, ana shu unsiz, pinhona rahmat quyosh nuriga singib, so‘ng rahmat olgan odam boshidan sochilsa kerak. Bordiyu, butun bir xalq allaqachonlar o‘lib ketgan yaxshi odamga minnatdorchilik yo‘llasa, uning qabriga osmondan yarqiroq guldasta, ya’ni yulduzlar uchib tushadi. Ana shunaqa minnatdorchilik guldastasi olishga sazovor bo‘lgan yaxshilarni Yangi yil kechasi payqab olishdan olam-olam huzur qilaman. Eng oxirgi marta yulduz janubi-g‘arbiy sohilga uchib tushdi; bu juda ko‘p odamlarga yo‘llanma, son-sanoqsiz rahmatlar edi! Kimlarga deysizmi? Menimcha, yulduz Flemsborg ko‘rfazining qiya sohillariga, Shlepnegrel, Lesse hamda ularning o‘rtoqlari[4 - Bu yerda gap birinchi Daniya-Prussiya urushida (1848–1850) qahramonlarcha halok bo‘lgan Daniya ofitserlari haqida boradi.] yotgan qabrlar ustiga, Dannebrog bayrog‘i hilpirab turgan joyga tushgan bo‘lsa kerak. Boshqa bir safar yulduz mamlakatning qoq o‘rtasiga – Soryoga, Xolberg qabriga tushganini ko‘rdim. Bu uning antiqa komediyalari uchun kitobxonlar yo‘llagan rahmatdir.
Qabringga ana shunday yulduz kelib tushganini payqash naqadar zo‘r, quvonchli narsa! Mening qabrimga birorta ham yulduz tushmaydi, ozgina quyosh shu’lasi ham rahmat keltirmaydi – bunga arziydigan ish qilganim yo‘q! Men yarqiroq etik moyini ham qo‘lga kirita olmadim: oddiy etik yog‘iga qanoat qilish qismatim.
Ikkinchi tashrif
Yangi yilning birinchi kuni qo‘ng‘iroqxonaga chiqdim. O‘sha kuni Ole eski yilni kuzatib Yangi yil kutilganda sipqariladigan qadahlar haqida gap boshladi. Shunda undan qadahlar haqidagi hikoyani eshitdim, bu fikrlari ham chakki emas.
– Yangi yil arafasida soatlar o‘n ikkiga zang urishi bilanoq, odamlar qo‘lda qadahlar bilan joylaridan turishadi hamda Yangi yilning yaxshi kelishi uchun qadah ko‘tarishadi. Yilni qo‘lda qadah bilan boshlashadi – ichkilikbozlar uchun bu yaxshi qadam! Yangi yilni uyquga yotish bilan boshlashadi – yalqovlar uchun bu ham yaxshi! Chindan ham uyqu bilan qadah yil bo‘yi muhim rol o‘ynaydi! Qadahning ichida nimalar borligini bilasizmi? – so‘rab qoldi Ole mendan. – Uning ichida sog‘liq, baxt va xursandchilik bor! Lekin ularda musibat va baxtsizlik ham yo‘q emas! Qadahlarni hisoblash, bu mastlik darajasini hisoblashdir.
Dastlabki qadah – salomatlik! Unda salomatlik guli o‘sadi; uni uyingga o‘tkazsang, yil oxirida salomatlik kursisida o‘tirasan!
Ikkinchi qadahga kelsak, undan bir qushcha uchib chiqadi; u xursand, beg‘araz sayraydi, kishi unga quloq solib o‘tirib beixtiyor: «Hayot naqadar go‘zal! G‘amga berilish kerak emas! Dadil olg‘a intilmoq lozim!» – deb yuboradi.
Uchinchi qadahdan kichkinagina qanotli bir maxluq uchib chiqadi, uni farishta deb bo‘lmaydi – u uy jinlari zotidan, ammo sizni masxara qilmaydi, balki hazillashadi. U kishining qulog‘iga yopishib olib, qiziq-qiziq uydirma to‘la hikoyalarni shivirlab ayta boshlaydi, kishining qalbiga kirib oladi, uni shunaqayam isitadiki, kishi hazillashgisi, sho‘xlik qilgisi keladi, o‘ziga o‘xshash askiyabozlarning fikricha, chindan ham askiyaboz bo‘lib qoladi.
To‘rtinchi qadahda na gul, na qush, na qanotli hazilkash bor; uning ichida kishi aqlini loyqatadigan shayton o‘tiradi, shu vajdan to‘rtinchi qadahga o‘tmagan ma’qul.
Bordiyu beshinchi qadah sipqariladigan bo‘lsa, kishi o‘z ahvoliga yig‘laydi, ko‘ngli vayron bo‘ladi yoki shovqin solib, dunyoni boshiga ko‘taradi; qadah ichishdan sho‘x, tilini jilovlay olmaydigan karnaval shahzodasi sapchib chiqadi! U seni ergashtirib ketadi, e’tiborli odam bo‘lsang qadr-qimmatingni ham yo‘qotasan! Qo‘lingdan kelgandan ham ko‘proq narsani unutib qo‘yasan. Qo‘shiq, raqs, qadahlar jarangi!.. Niqoblar seni girdikapalak bo‘lib aylanishga da’vat qiladi. Ko‘z oldingda shaytonning qizlari harir, shoyi ko‘ylaklarda sochlarini yozib g‘amza qiladi, qomatlari kelishgan, chiroyli… Ulardan ko‘z uzib bo‘psan!
Oltinchi qadah! Uning ichida bashang kiyingan, so‘zamol, istarasi issiq, o‘ta xushfe’l qiyofadagi shaytonning o‘zi o‘tiradi! U seni yarim so‘zingdayoq tushunadi, hamma fikrda sening haqligingni ta’kidlaydi, u sening ikkinchi bir timsolingga aylanadi, qo‘lida bir fonus tutib seni uyiga boshlab ketaveradi. Aytganday, qadimiy afsonalardan birida bir avliyoga, yettita gunohdan birini tanlab ol, deyishibdi. U eng yengil gunoh deb ichkilikbozlikni tanlabdi, biroq ichkilikning kasofati bilan qolgan gunohlarga ham botib ketibdi. Oltinchi qadahda shayton qoni bilan inson qoni aralashgan bo‘ladi. Uni ichishing bilanoq qalbingda yashirinib yotgan yomonlik urug‘lari darhol unib barg yozadi, injildagi xantal urug‘iday bir zumda shoxlab katta daraxtga aylanadi, o‘z soyasi bilan butun olamni qoplaydi. Ko‘p odamlar shundan keyin qaytadan o‘ziga keltirish uchun jo‘natiladi!
– Qadahlar tarixi ana shunaqa! – deb gapini tamomladi Ole. – Uni yarqiroq etik moyidek qiyomiga yetgan gaplar bilan ham, oddiy etik moyidek oddiy so‘zlar bilan ham hikoya qilib berish mumkin. Men unaqasigayam, bunaqasigayam so‘zlayveraman.
Bu Olening huzuriga ikkinchi tashrifim edi; yana hikoya tinglamoqchi bo‘lsangiz, uchinchi marta ham tashrif buyurishim mumkin.
ANNE LISBET
Anne Lisbet yosh, quvnoq, husnda tengi yo‘q, naqsh olmaday bir qiz edi. Tishlari ko‘zni qamashtiradigan darajada oppoq, ko‘zlari yonib turardi, qushday yengil raqsga tushardi, hayot kechirishi esa undan ham yengilroq edi! Xo‘sh, undan qanday farzand tug‘ildi? Jirkanch bir o‘g‘il dunyoga keldi! Shunaqayam hunukki, asti qo‘yavering! Uni tarbiyalash uchun yer qazuvchining xotiniga berishibdi. Anne Lisbetning o‘zi esa graf qasrida, hashamatli xonada istiqomat qila boshlabdi; uni shoyibaxmallarga o‘rab tashlashibdi, hatto unga shamolni ham ravo ko‘rishmabdi, hech kimning unga qattiq gapirishga haddi sig‘mas ekan: agar shunday qilishadigan bo‘lsa, uning ko‘ngli vayron bo‘lishi, kasal bo‘lib qolishi ham hech gap emas ekan. Axir u emizikli, yosh grafzodani boqarkanda! Grafzoda shunaqayam muloyim, nozik ekanki, bu shahzodani ko‘rsang xuddi farishtaning o‘zi deysan. Anne Lisbet unga shunaqayam mehribon ekanki, asti qo‘yaverasiz! Uning o‘z o‘g‘li esa bo‘tqa o‘rniga sassiq ig‘vo gaplar qaynab turgan yer qazuvchining uyida yashabdi, u xonada yolg‘iz qolib, kuni bo‘yi yig‘lab baqiraverar ekan. Hech kimning unga rahmi kelmas ekan! U holdan toyib uxlab qolguncha yig‘lar ekan, uyquda esa kishi ochlikni ham, sovuqni ham sezmaydi, umuman olganda uyqu ajoyib kashfiyot! Yillar ketidan yillar o‘tibdi. Anne Lisbetning o‘g‘li ham o‘sib katta bola bo‘libdi. U yer qazuvchining xonadonida qolib ketibdi. Anne Lisbet buning uchun ularga uzil-kesil haq to‘labdi. O‘zi shaharlik xonim bo‘lib qolibdi. U juda yaxshi yashay boshlabdi, hatto boshiga shlyapa kiyib yuribdi, biroq yer qazuvchi xotinning uyiga bir marta ham bormabdi. Borib nima ham qilardi. Bola endi ularniki bo‘lsa. Bolaga non yeyishni bilgandan keyin uni topishni ham bil, deyishibdi. Qo‘lidan ish keladigan bo‘lib qolgan ekan, unga Made Yensenning malla sigirini boqishni topshirishibdi.
Bo‘yoqchining hovlisidagi zanjirband it havo ochiq kunlari uyasining tomiga chiqib olib, o‘tgan-ketganlarga hurar, yomg‘irli kunlar esa iniga kirib ketar ekan: u yer quruq va issiq ekan-da. Anne Lisbetning o‘g‘li havo ochiq kunlari ariq bo‘yida yog‘och yo‘nib xayol surib o‘tirarkan: bahorda ariq labidagi uch dona maymunjon gulini ko‘zlab qo‘ygan ekan, «ehtimol, ular meva tugsa kerak», deb o‘ylabdi. Ana shu o‘y unga dunyo-dunyo quvonch bag‘ishlar, biroq mevaning pishishidan hech darak bo‘lmabdi. U yomg‘irda ham, shamolda ham ariq bo‘yida o‘tirarkan, kiyimlari ivib ketarkan, qattiq shamol uni yana quritib qo‘yarkan. Bordiyu boyning uyiga borib qolsa, uni shapaloq va tepkilar bilan siylasharkan, qiz va yigitlar uni isqirt, xunuk, jirkanch deb atasharkan. U bo‘lsa mehrmuhabbatsiz, shirin so‘zsiz hayot kechirishga o‘rganib qolibdi!
Xo‘sh, Anne Lisbetning o‘g‘li bu yorug‘ dunyoda nima ko‘rdi? Uning boshiga qanday kunlar tushdi? Har qanday mehribonchilik va erkalatishlardan bebahra yashabdi!
Nihoyat uni yer yuzidan ham surishibdi – shaloq bir kemada dengiz safariga jo‘natishibdi. U rul boshqaribdi, kapitan esa hadeb ichaveribdi. Bola isqirt va badnafsligi bilan nom chiqaribdi. U umrida to‘yib ovqat yemagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylasharkan odamlar. Ha, u ana shunaqa ekan.
Kech kuz, hammayoq nam, qorong‘i, sovuq ekan; dengiz shamoli qalin kiyimlardan ham o‘tib, suyaksuyaklargacha zirqiratarkan. Suvda esa ichida ikkita, ikkita emas, bir yarimta odami bor bir yelkanli shaloq kema suzib borarkan. Bu bir yarimta odam kapitan bilan bola ekan-da. Kunbo‘yi nimqorong‘i bo‘lib, quyosh yuzini ko‘rsatmabdi, kechqurunga borib, hammayoq zimiston bo‘lib ketibdi, sovuq kuchaygandan kuchayibdi. Kapitan sovqotmay deb ichaveribdi; stol ustidan shisha bilan ryumka tushmabdi; ryumkaning oyog‘i sinib ketganidan o‘rniga moviy rangga bo‘yalgan yog‘och poya qo‘yilgan ekan. «Bir qultumi yaxshi, ikki qultumi undan ham yaxshi», – o‘ylabdi kapitan. Bola esa qoramoyga bo‘yalgan dag‘al qo‘llari bilan rulni mahkam ushlaganicha o‘tiraveribdi. U nihoyatda xunuk ekan: sochlari dag‘al, yuzlari so‘niq, turqi sovuq… Ha, yer qazuvchining bolasi, cherkov kitoblari bo‘yicha esa Anne Lisbetning o‘g‘li boshiga ana shunday kunlar tushibdi.
Shamol suvni o‘z bilganicha, kema ham o‘z bilganicha to‘lqinlantirib boraveribdi. Yelkan shishibdi, shamol kemani surib ketibdi, kema o‘qday uchibdi. Hammayoq nam, qop-qorong‘imish. Biroq, bu hammasi emas! To‘xta, to‘xta! Nima bo‘ldi o‘zi? Bu qanaqa silkinish bo‘ldi? Kema nega ko‘tarilib tushdi? Qanday voqea yuz berdiykin? Mana, u aylanib, chirpirak bo‘lib ketdi… Nima balo, jala quyib, kemani to‘lqinlar qa’riga olyaptimi? Rul boshqarib borayotgan bola «e xudo!» deb baqirib yuboribdi. Kema suv osti qoyasiga borib urilibdi, u ariqqa tushib ketgan eski kavushday cho‘ka boshlabdi. Odamlar aytganday, «barcha odamlari-yu sichqonlari» bilan g‘arq bo‘lib ketibdi. Kemada sichqon yo‘q ekan-u, ammo bir yarimta odam: kema egasi bilan yer qazuvchining o‘g‘li bor ekan. Baqiroq chag‘aloq va baliqlardan boshqa hech kim bu halokatni ko‘rmabdi, hatto ular ham durustroq ko‘risha olmabdi, chunki suv cho‘kayotgan kemaga shovqin va qahr bilan yopirilganda ular qo‘rqqanlaridan har qayoqqa tiraqaylab qochib ketishgan ekan. Kema suv ostiga bor-yo‘g‘i bir sarjin chuqurlikka cho‘kibdi! Kapitan bilan bola suv ostida qolib unutilib ketishibdi. Suv betiga moviy rangga bo‘yalgan yog‘och poyali ryumka suzib chiqibdi, ana shu yog‘och taglik ryumkani yuqoriga suzib chiqishga majbur qilibdi-da. To‘lqinlar uni surib ketibdi, sindiribdi va sohilga chiqarib tashlabdi. Qachon, qayerda? Baribir emasmi? Axir u yoshini yashab, oshini oshab olgan-ku. Anne Lisbetning o‘g‘lidan ko‘ra arzandaroq bo‘lgan-ku! Biroq, samoviy qasr ichiga qadam ranjida qilgan har bir jon bir umr na mehr-oqibat, na mehribonchilikdan bahra olmaganligini butunlay unutib yuboradi!
Anne Lisbet shaharda yashay boshlaganiga ancha yil bo‘libdi. Endi unga hamma «xonim» deb murojaat qilarkan. Bordiyu gap u graf uyida yashagan, karetalarda yurgan, grafinya va baronessalar bilan suhbat qurgan zamonlar xususida ketsa, burni juda ko‘tarilib ketar ekan! Eh, grafning o‘g‘ilchasi judayam chiroyli, farishtalarga o‘xshagan bola edi, uning jon-u dili edi! Ular bir-birlarini nihoyatda yaxshi ko‘rishardi! Bir-birlarini o‘pishardi, silab-siypalashardi; bolakay uning quvonchi, umridagi ishongan tog‘i edi.
Endilikda kap-katta bola bo‘lib qolgan, yoshi ham o‘n to‘rtda. U turli fanlarni egallashga kirishibdi. Biroq Anne Lisbet uni qo‘lida ko‘tarib yurgan zamonlardan beri ko‘rmagan ekan. O‘shandan beri grafning qasrida ham bo‘lmagan ekan, chunki u ancha uzoqda yashar ekan-da.
– Qachon bo‘lmasin o‘sha yoqqa bir borib kelaman! – debdi Anne Lisbet. – Davlatim, grafginamning diydoriga bir to‘yishim kerak! U hozir meni rosa sog‘ingandir, meni o‘ylayotgandir, meni avvalgiday chuqur, mehr-muhabbat bilan sevsa kerak! Axir, momiq qo‘lchalari bilan bo‘ynimdan quchoqlab, endi chiqayotgan shirin tilida «An Lis!» – degan paytlari ham bo‘lgan. Ovozi yoqimli musiqaning o‘zginasi edi! Ha, borib ko‘rish, uning diydoriga to‘yish kerak!
Shunday qilib, u yo‘lga tushibdi; u tor va keng yo‘llardan yura-yura oxiri graf qasriga yetib boribdi. Qarasa, qasr ilgarigiday ulug‘vor, hashamatli emish, qasrga kiraverishdagi bog‘ ilgarigiday yashnab turganmish, ammo xizmatkorlar yangi emish. Ular Anne Lisbetning kimligini, ilgari bu xonadonda kim bo‘lganini bilishmas ekan. Hechqisi yo‘q, grafinyaning o‘zi ham, grafning o‘g‘li ham bu haqda ularga uqtirishadi. Grafning o‘g‘ilchasini shunaqayam sog‘inganki!
Mana, nihoyat Anne Lisbet ichkariga kiribdi, u ancha kutib qolibdi, kishi kutganda vaqt juda sekin o‘tadi! Janoblar dasturxonga o‘tirishlaridan oldin uni grafinya huzuriga chaqirishibdi, grafinya uni juda iliq, yaxshi kutib olibdi. Anne Lisbet aziz grafvachchasini tushlikdan keyingina ko‘ribdi. Zodagonlar ovqatlanib bo‘lishgach, uni huzurlariga yana chaqirishibdi.
Kichik grafning bo‘yi ancha cho‘zilib, ozg‘inlashib qolibdi! Ammo ko‘z va og‘izlari hamon ilgarigidaymish! Kichik graf unga qarabdi-yu, hech nima demabdi. Tanimagan bo‘lsa kerak. U ketmoqchi bo‘lib endi burilgan ekan, Anne Lisbet uning qo‘llarini mahkam ushlab, lablariga bosibdi. «Xo‘p, yaxshi, yaxshi!» – debdi bola va xonadan chiqib ketibdi. Uning ishongan tog‘i, mehr-u muhabbati, g‘ururi u bilan shunchalik sovuq so‘rashibdi-ya!
Anne Lisbet qasrdan xomush bo‘lib chiqibdi. Kichik graf uni xuddi begonalarday qarshi olibdi, butunlay unutib yuboribdi. Bir vaqtlar kecha-yu kunduz qo‘lidan qo‘ymay ko‘tarib, endilikda esa uni yod etib yurgan enagasiga bir og‘iz bo‘lsa-da, iliq so‘z aytmabdi.
Birdan Anne Lisbetning oldidan kattakon qora qarg‘a uchib o‘tibdi va bir necha bor qag‘illabdi.
– Eh, shum niyatli qush! – debdi Anne Lisbet. Anne Lisbet yer qazuvchining kulbasi yonidan o‘tib ketayotgan ekan, qarasa, eshik oldida xotinlar gurunglashayotganmish.
– Voy-bo‘, munchayam lorsillab ketibsan! – debdi yer qazuvchining xotini. – Semiz, sog‘lom! Turmushing yaxshiga o‘xshaydi!
– Chakki emas! – debdi Anne Lisbet.
– Ular bo‘lsa kemalari bilan g‘arq bo‘lib ketishdi! – deb gapida davom etibdi ayol. – Ikkovi ham: kapitan Lars bilan bola cho‘kib ketishdi! Hammasi tamom! Men bo‘lsam bola ulg‘ayib, yonimizga kirib qolar, degan umidda edim! Anne Lisbet, sen uchun uning bir chaqaliq qadri yo‘q edi!
– Ular g‘arq bo‘lishdimi? – debdi Anne Lisbet, so‘ng bu haqda boshqa gap bo‘lmabdi. Axir u judayam xafa ekanda. Chunki kichik graf u bilan ganlashmadi! Uni judayam sevardi, uni deb, diydoriga bir boqay deb qancha yo‘l yurib kelgandi, qanchadan-qancha sarf-xarajatlar qilgandi! Hammasi behuda ketdi. Lekin u bu haqda lom-mim demabdi, yer qazuvchining xotini oldida xasrat qilishni istamabdi. Anne Lisbet graf oilasida hurmatini yo‘qotib qo‘yibdi deb o‘ylashlari mumkin ekan-da! Shu payt uning boshi ustida yana qarg‘a qag‘illabdi.
– Hu qo‘riqlamay o‘lgur! – debdi Anne Lisbet. – Nega bugun meni hadeb qo‘rqitaverasan?
U safarga chiqish oldidan yoniga qahva va unga qo‘shib qaynatilgan ba’zi bir ildizlar solib olgan ekan; yer qazuvchining xotinini siylash uchun bulardan bir chimdim berib qo‘yishining o‘zi boyaqish ayolga ko‘rsatilgan katta himmat bo‘larkan. O‘zi ham undan bir piyolagina ichmoqchi bo‘libdi. Yer qazuvchining xotini qahva qaynatgani chiqib ketibdi. Anne Lisbet esa stulga o‘tirganicha pinakka ketibdi. Buni qarangki, g‘aroyib bir tush ko‘ribdi: tushida biror marta xayoliga kelmagan odamni uchratibdi. Uning tushiga xuddi shu kulbada och qolib yig‘lagan, qarovsiz katta bo‘lgan, hozir esa dengiz tubida yotgan o‘z o‘g‘li kiribdi. Tushida hozir o‘tirgan joyida o‘tirganmish, yer qazuvchining xotini qahva qaynatish uchun tashqariga chiqqanmish, mana, qahvaning xushbo‘y hidi dimog‘iga urilibdi, ostonada grafning o‘g‘ilchasidan ham xushro‘y bir bola paydo bo‘libdi, unga yuzlanib:
«Qiyomat boshlandi! Endi etagimdan mahkam ushla, harholda onamsan-ku! Samoda seni himoya qiluvchi farishtang bor! Etagimni mahkam tut!» debdi.
U bolaning etagidan mahkam ushlabdi, o‘sha zahoti shunaqayam zo‘r shovqin va momaqaldiroq guldurabdiki, dunyo go‘yo chok-chokidan so‘kilib ketganday bo‘libdi. Farishta osmon-u falakka ko‘tarilibdi. Anne Lisbet uning etagidan mahkam ushlab olibdi, yerdan oyog‘i uzilganini ham payqabdi. To‘satdan uning oyog‘iga qandaydir og‘ir narsa osilibdi, yelkasiga ham og‘ir bir kimsa o‘tiribdi. Uning oyog‘iga yuzlarcha ayollar tarmashib olishibdi, hammasi: «Agar sen qutulib ketadigan bo‘lsang, biz ham qutulamiz! Unga tarmashinglar, tarmashinglar!» deb qichqirisharmish. Ular Anne Lisbetga mahkam yopishib olishibdi. Og‘irlik ortgandan ortibdi. Qo‘llari og‘irlikka bardosh berolmay, qulab tushibdi. Dahshatdan uyg‘onib ketibdi, sal bo‘lmasa o‘zi o‘tirgan stuldan yiqilib tushay degan ekan. Miyasidagi fikrlar aralash-quralash bo‘lib ketibdi. Hatto hozir nima tush ko‘rganini ham xotirlay olmadi, yomon tushmish!
Qahva ichishib, biroz chaqchaqlashib o‘tirishibdi. Anne Lisbet yaqinroqdagi shaharchalardan biriga jo‘nab ketibdi. U yerda uni shu bugun kechqurunoq uyiga kuzatib qo‘ymoqchi bo‘lgan dehqon kutib turgan ekan. Biroq, u dehqon ertaga oqshom paytidan oldinroq yo‘lga chiqa olmasligini aytibdi. Anne Lisbet qarasa, shaharda yana bir kun qolib ketadigan. Agar u qatnov yo‘l bilan emas, balki sohil bo‘ylab ketsa ikki milya oz yurishiga aqli yetibdi. Havo ochiq, oydin kecha, hammayoq yop-yorug‘ ekan, shu vajdan Anne Lisbet piyoda ketaverishga qaror qilibdi. Shunda ertasigayoq uyida bo‘lar ekan.
Quyosh allaqachon botib ketgan bo‘lsa ham, qo‘ng‘iroqxonalar hadeb qo‘ng‘irog‘ini chalaveribdi. Yo‘q, umuman bu qo‘ng‘iroqlar ovozi bo‘lmay, balki hovuzlardagi baqalarning vaqillashi ekan. Keyin ularning ham tovushi tinibdi, qushlarning sayrashi eshitilmay qolibdi; kichkina sayroqi qushlar uyquga ketishgan ekan, boyqushlar esa uylarida bo‘lmasa kerak.
O‘rmonda ham, sohilda ham sukunat hukmronmish. Anne Lisbet oyog‘i ostida qumlar g‘ijirlarmish, dengiz to‘lqinlari qirg‘oqqa kelib urilmasmish, dengiz tubi ham osoyishta emish; dengiz jonivorlarining o‘ligi ham, tirigi ham sado bermasmish.
Anne Lisbet hech narsani o‘ylamay yo‘lida ketaveribdi. O‘ziga qolsa hech narsani o‘ylagisi yo‘q ekan-u, ammo har xil fikrlar unga tinchlik bermabdi. Fikr hech qachon odamdan ajralmaydi, hatto o‘z ishini qilib, xotirjam bo‘lib, bir lahzaga mudrab oladigan, ruhimizda hali uyg‘onishga ulgurmagan fikrlar ham ortda qolmaydi. Biroq shunday payt keladiki, ular uyg‘onadi, miyamizda darbadar kezadi, bizni aqlli qiladi.
Bizga «yaxshi ish qilsang yetasan murodga!» deb o‘rgatishgan. «Gunohda ajal urug‘i yotadi», – bu ham azaldan ma’lum gap. Ko‘pgina hikmatli gaplar bor, lekin hamma ham bularni xotirlarmikan? Anne Lisbet xotirlovchilar toifasiga kirmaydi. Biroq, har kimsa uchun ertami-kechmi uyg‘onish, ko‘z ochish payti keladi.
Qalbimizda, hammaning qalbida, senikida ham, menikida ham barcha illatlar hamda yaxshiliklarning kurtagi yashiringan bo‘ladi. Ular ko‘zga ko‘rinmas, mayda urug‘lar holida yotadi; to‘satdan kishi qalbiga quyosh nuri tushadi yoki unga yovuz qo‘l tegadi. Shunda sen yo o‘ngga, yo chapga burilasan, xuddi ana shu burilish hamma narsani hal qiladi: ko‘zga ko‘rinmas urug‘ silkinadi, unadi, barg yozadi, uning shirasi qoning bilan aralashib ketadi, ana o‘shanda hammasi tamom. Bu – o‘ta dahshatli fikrlar! Biroq, kishi yarim uyquda yurganda buni payqamaydi, bu fikrlar miyada noaniq kezib yuradi. Anne Lisbet ham ana shunday yarim uyquda yurar edi. Fikrlar esa o‘z navbatida uning vujudida keza boshlabdi! U holatdan bu holatga o‘tgunga qadar kishi qalbi ko‘p narsalarni hisob daftariga yozib qo‘yarkan; uning har bir sahifasida kishi ruhining bir yillik hisobi jamuljam qilingan bo‘larkan. Bu sahifaga hamma narsa, hatto biz unutib yuborgan narsalar ham kirarmish, gunohdan iborat bo‘lgan barcha so‘z va o‘ylarimiz, hatto xudo va odamlar hamda o‘z vijdonimiz oldidagi gunohlarimiz o‘z aksini topgan bo‘lar ekan!
Anne Lisbet singari biz ham bular haqida o‘ylamaymiz. U davlat qonunlariga zid jinoyat qilgani yo‘q, muhtaram ayol sifatida nom chiqardi, hamma uni hurmat qilardi, yana nimani o‘ylasin?
U sohil bo‘ylab tinchgina keta turib birdan to‘xtab qolibdi; yo‘lda yotgan nima o‘zi?! Sohilga chiqarib tashlangani-chi? Qarasa, erkak kishining bosh kiyimimish. Bu yerda nima qilib yotibdi ekan? Kemadan tushib qolgani aniq. Anne Lisbet yaqinroq kelib qarabdi. Oh, bu nima o‘zi? U qo‘rquvdan titrab ketibdi, biroq qo‘rqishga arzigulik hech narsa yo‘q emish: qarshisida suv o‘tlari bilan qoplangan uzunchoq tosh yotgan ekan, dastlabki qarashda u qumda cho‘zilib yotgan odamga o‘xsharmish. Endi bo‘lsa u toshni ham, suv o‘tini ham aniq ko‘ribdi, biroq hamon qo‘rqaveribdi. U yana yo‘lida davom etibdi, bolaligida eshitib yurgan dafn qilinmaganlar arvohi haqidagi rivoyatni xotirlabdi. G‘arq bo‘lgan kishining o‘zi hech qimga yomonlik qilmasa-da, uning arvohi yakka yo‘lovchini ta’qib qilarkan, uning etagiga tarmashib, xristianchasiga dafn qilishini so‘rarkan. «Tarmash! Tarmash!» – deb qichqirar ekan arvoh. Shunda u ko‘rgan tushini eslabdi, etagidan mahkam ushlab olgan onalarning «Tarmashinglar! Tarmashinglar!» degan qichqirig‘i aniq eshitilganday bo‘libdi. U tushini: qiyomat kuni dunyoning ostin-ustun bo‘lganini, yordamga kelgan o‘g‘lining qo‘lidan yengi uzilib tushib ketganini xotirlabdi. Umrida xayoliga ham keltirmagan, hech qachon sevmagan o‘z o‘g‘li hozir dengiz tubida yotibdi. U hozir g‘arq bo‘lganlar arvohi sifatida paydo bo‘lishi, «Tarmashaver! Tarmashaver! Meni xristianchasiga dafn qil!» deb baqirishi mumkin. Bu fikrlardan yuragi «shuv» etib ketibdi, qadamini tezlatibdi. Birov uni sovuq ho‘l qo‘li bilan ezganday dahshat uning qalbini ezg‘ilay boshlabdi. Esi og‘ishiga sal qolibdi.
Shu orada dengiz ustidagi tuman quyuqlashib boribdi; sohildagi butun daraxt va butalar ham tuman bilan o‘ralib g‘alati, dahshatli tusga kiribdi. Anne Lisbet oyga qarabdi. Uning ko‘rinishi naqadar sovuq va nursiz emish. Allaqanday dahshatli bir og‘irlik bosib, u qo‘zg‘alolmay qolibdi. Xayoliga yana, «Tarmashaver! Tarmashaver!» – degan fikr kelibdi. U yana oyga boqibdi, nazarida oyning kumush nuri unga yaqinlashganday, yuziga tik qaraganday bo‘libdi, tuman esa yelkalarida kafanday ilashib turganmish. U «Tarmashaver, tarmashaver! Meni dafn et!» – degan nido yana eshitilarmikan deb, quloq solibdi. Chindan ham allaqanday bo‘g‘iq, ayanchli nola quloqqa chalinibdi… Bu – ko‘lmakdagi baqaning vaqillashi ham, qarg‘aning qag‘illashi ham emas ekan, chunki tevarak-atrofda bunaqa joy ko‘rinmas ekan. Nihoyat, «Meni dafn et!» degan nido ro‘yi rost eshitilibdi. Ha, bu uning dengiz ostida yotgan o‘g‘lining arvohi! Uning jasadini qabristonga olib borib, yer bag‘riga qo‘yilmaguncha orom nimaligini bilmaydi! Uni mumkin qadar tezroq qabristonga olib borib, dafn etish kerak! Anne Lisbet cherkovga yo‘l olibdi, shunda u o‘zini ancha yengil his etibdi. U yana orqaga, qisqa yo‘l bilan uyiga qaytmoqchi ham bo‘libdi-yu, ammo sira iloji bo‘lmabdi. Unga yana og‘ir bir narsa osilib olibdi. «Tarmashaver! Tarmash!» Yana baqa vaqillaganday, allaqanday qush qichqirganday bo‘libdi. «Meni dafn et! Meni dafn et!» degan ovoz aniq eshitilibdi.
Sovuq, nam tuman hech siyraklashmabdi; Anne Lisbetning yuz va qo‘llari dahshat va qo‘rquvdan namiqib, muzlab ketibdi. Butun vujudi iskanja orasida qolganday bo‘libdi. Shunda birdan uning fikrlash doirasi kengayib ketibdi. Ilgari hecham bunaqa bo‘lmagan ekan.
Bahor faslida shimoldagi qoraqayin o‘rmonlari bir kechaning o‘zida barg yozadi; quyosh chiqishi bilanoq ular bahor libosini kiyib oladi. Xuddi shunga o‘xshash o‘tmish hayotimiz – o‘yimiz, fikr-u zikrimiz yoki ishimiz bilan qalbga tushgan gunoh urug‘i bir lahzada barg yozishi mumkin. Vijdonimizning bir lahzalik uyg‘onishi bilanoq bu gunohimiz ko‘zga tashlanadi qoladi. Mutlaqo kutilmaganda parvardigor vijdonimizni uyg‘otib yuboradi. Ana o‘shanda o‘zimizni oqlashga o‘rin qolmaydi: qilgan ishlarimiz o‘zimizga qarshi guvohlik berib turadi, o‘ylarimiz so‘zga aylanadi, so‘zlar esa butun olamga yoyiladi. O‘zimizda ardoqlab olib yurgan kalondimog‘lik va yomonlik urug‘lariga dahshat bilan qarab turamiz. Ha, qalb bisotimizda hamma xayrli ishlarimiz, shuningdek, yomonliklarimiz yashirinib yotadi. Unisi ham, bunisi ham yer unumsiz bo‘lsa-da, jonlanaveradi.
Anne Lisbetning xayolida xuddi shu biz aytgan narsalar keza boshlabdi; ana shu o‘ylar yuki uni bosib yerga o‘tqazib qo‘yibdi, bir necha qadam emaklabdi ham. Qulog‘iga: «Meni dafn et! Meni dafn et!» degan tovush kiribdi. «Bularni eshitgandan ko‘ra o‘zim o‘lib qo‘ya qolsam bo‘lmaydimi?! – o‘ylabdi u, – o‘shanda bu gaplar abadiy unutilib ketardi!» Anne Lisbetning vijdoni uyg‘onadigan jiddiy, dahshatli onlar yetib kelibdi. U ruhiy dahshatdan azoblanar va o‘rtanarkan. Ilgarilari hech bir ahamiyat bermagan narsalar xayoliga kelibdi. Ilgari eshitib yurgan narsalari oydinli tundagi bulut soyalariday ko‘z oldidan ovozsiz o‘ta boshlabdi. Uning yonginasidan to‘rtta ot pishqirganicha chopib o‘tibdi; ularning ko‘z va burun kataklaridan olov chiqib turganmish; otlar lovillab yonib, cho‘qqa aylanib ketgan karetani tortib borayotganmish, karetada bundan yuz yil muqaddam shu atroflarda hammaga zulm o‘tkazib, ozor berib yurgan bir pomeshchik o‘tirganmish. Aytishlariga qaraganda, u har kuni yarim kechada o‘z qasriga borib, o‘sha zahoti orqasiga qaytarkan. U murda singari qonsiz emas, balki ko‘mirday qorayib ketganmish. U Anne Lisbetga bosh irg‘ab, qo‘lini silkibdi: «Tarmashaver, tarmashaver! O‘shanda yana garf karetasida yurasan, o‘z tuqqan farzandingni unutasan!» debdi.
Anne Lisbet jon-jahdi bilan oldinga yuguribdi, hademay bir qabristonga yetibdi. Ko‘ziga qora butlar va qora qarg‘alar ko‘rinibdi. Qarg‘alar o‘zi kunduzi ko‘rgan qarg‘a singari qag‘illayotganmish, lekin hozir ularning qag‘illashini tushunib bo‘larmish. Ularning har biri: «Men qarg‘aning onasiman! Men qarg‘aning onasiman!» – deb qag‘illarmish. Anne Lisbet bir vaqtlar o‘zi ham shu nomga sazovor bo‘lishi mumkinligini o‘ylabdi. Agar hoziroq qabr qazishga kirishmasa, u ham mana shularday qora qarg‘aga aylanib qolishi va ularga o‘xshab hadeb qag‘illayverishi mumkin ekan.
U o‘zini yerga otibdi, qattiq yerni qo‘llari bilan tatalab, qabr qaziy boshlabdi; tirnoqlari qonga bo‘yalibdi.
Tinimsiz: «Meni dafn et! Meni dafn et!» – degan tovush eshitilib turibdi. Anne Lisbet: ishqilib, qabr kavlab bo‘lgunimcha xo‘roz qichqirib, tong otib qolmasin-da, deb o‘ylabdi. Unda hammasi tamom. Mana, xo‘roz ham qichqiribdi, ufq qizarib, tong otibdi. Qabrning esa yarmi qazilibdi, xolos! Muzday sovuq qo‘l, bosh va yuzidan sirg‘anib yuragiga tushibdi. «Faqat yarimta qabr!» deb xo‘rsinibdi arvoh va dengiz tubiga tushib ketibdi. Ha, bu sohil arvohi ekan! Anne Lisbet qalbi majruh holda yerga hushsiz yiqilibdi.
U tushga yaqin o‘ziga kelibdi; ikki yigit uni yerdan ko‘taribdi. Anne Lisbet bundoq qarasa, qabristonda emas, balki dengiz sohilida o‘zi qazigan chuqur tepasida turganmish. Siniq ryumka qo‘lini kesib yuboribdi, uning o‘tkir sinig‘i moviy rangga bo‘yalgan yog‘och dastaga o‘rnatilganmish. Anne Lisbet tamoman holdan toygan ekan. Vijdoni fol ochib, endilikda Anne Lisbetning joni yarimta, qolgan yarmini o‘g‘li dengiz tubiga olib tushib ketgan, deb xulosa chiqarib qo‘ygan ekan. Endi u jonining dengiz tubidagi yarmini qaytarib olmagunicha parvardigor uni o‘z dargohiga qabul qilmaydi! Anne Lisbet uyga tamomila boshqa odam bo‘lib qaytibdi. Fikrlari kalava singari yumaloq bo‘lib o‘ralib qolganmish, faqat bittagina uchi uning qo‘lida qolibdi. Bu – sohil arvohini qabristonga olib borib dafn etish fikri ekan, ana o‘shanda uning joni yana butun bo‘lib qolarmish.
Uni bir necha bor to‘xtatib qolishibdi, ko‘pincha sohilda arvohni kutayotgan holda uchratishibdi. Shu alfozda bir yil o‘tib ketibdi. Bir kuni kechasi u yana yo‘qolib qolibdi, biroq uni axtarib topisholmabdi: ertasiga kuni bo‘yi qidirish ham bekor ketibdi.
Kechki payt kichik ruhoniy xudojo‘ylarni kechki ibodatga chorlash uchun qo‘ng‘iroq chalayotib, mehrob oldida cho‘zilib yotgan Anne Lisbetni ko‘ribdi. U sahardan beri shu yerda yotgan ekan; u butunlay holdan toygan bo‘lsa-da, ko‘zlari o‘tday chaqnab turganmish, yuziga qipqizil shafaq rang o‘tib qolgan emish; quyoshning ana shu qizg‘ish nurlari mehrobda hamda Iso payg‘ambar kitobining «Libosingizni emas, qalbingizni pora qiling, so‘ng parvardigorga elaning!» degan so‘zlar yozilgan sahifasiga qo‘yilgan injilning yaltiroq xatcho‘pida jilolanib turarkan.
– Tasodifni qarang-a! – deyishibdi odamlar odatdagiday.
Quyosh nuri yoritib turgan Anne Lisbetning yuzida tinchlik va osoyishtalik balqib turarkan, u huzur-halovat og‘ushida ekan! Endi u o‘zini yelkasidan tog‘ ag‘darilganday yengil his qilibdi: kechasi o‘g‘lining sohildagi arvohini ko‘ribdi, u: «Sen men uchun yarimta qabr kavlading, biroq mana bir yildirki, meni qalbingga jo qilib olib yuribsan, onaning qalbi esa bola uchun eng ishonchli boshpanadir!» – debdi. U onasining yarim jonini qaytarib beribdi va cherkovga olib boribdi.
– Endi men xudoning uyidaman, – debdi ayol, – najot ham xuddi shu yerda. Quyosh botgandan keyin ayolning, ruhi Anne Lisbet singari kurashib, azob chekishdan mutlaq qo‘rqmaydigan joy – osmon-u falakka qarab yo‘l olibdi.
PAT QALAM VA SIYOHDON
Kunlarning birida kimdir shoirning yozuv stoli ustida turgan siyohdonga qarab: «Qiziq, bu siyohdondan qanday gaplar chiqmaydi deysiz! Bu safar nima chiqarkin? Ha, bu judayam qiziq!» – debdi.
– Xuddi shunday! Bu aqlga sig‘maydi! Buni hamisha o‘zim ham ta’kidlayman! – debdi siyohdon stol ustidagi pat qalamga va boshqa eshita oladiganlarga qarab. – Ajoyib! Mendan ajoyib narsalar chiqadi! Bunga aql bovar qilmaydi! Inson siyohimga qalamini tekkizib olayotganda mendan nimalar chiqayotganini o‘zim ham bilmayman! Bir tomchim yarim sahifani to‘ldiradi, bu sahifalarga nimalar joylashmaydi deysiz! Ha, men mo‘jizaning o‘ziman! Mendan har xil she’riy ijodiyot namunalari chiqadi! Bularning hammasi kitobxonlar biladigan tirik odamlar, bular haqiqiy tuyg‘u, yumor, tabiatning beqiyos ta’rif-tavsifi! Bularning barchasi menda mujassamlashganiga hech aqlim yetmaydi, chunki tabiatning nimaligini yaxshi bilmayman-da! Lekin haqiqatan ham bu shunaqa! Mendan xayoliy, qomatdor qizlar obrazi, pishqirib, o‘ynoqlab turgan ot mingan jasur ritsarlar chiqqan va chiqadi. Sizni ishontirib aytamanki, bularning hammasi mutlaqo tasodifan ro‘y beryapti!
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/book/gans-hristian-andersen/k-or-odam-69866737/chitat-onlayn/?lfrom=390579938) на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.
notes
1
Baldur – Skandinaviya afsonalarida nur xudosi.
2
Loke – Skandinaviya afsonalaridagi makr va hiylagarlik xudosi.
3
Surtur – Skandinaviya afsonalarida zulmat podshosi.
4
Bu yerda gap birinchi Daniya-Prussiya urushida (1848–1850) qahramonlarcha halok bo‘lgan Daniya ofitserlari haqida boradi.