Oskar va pushti xonim
Erik-Emmanyuel Shmit
Oskar – saraton kasali bilan og‘rigan o‘n yoshli bolakay.
Barcha urinishlar – dori-darmon, operatsiya ham uning umrini uzaytirishiga ozgina bo‘lsa-da umid yo‘q.
Oskar hayot unga shafqat qilmasligini bola qalbi bilan his etadi. Ne tongki, hech qachon umidsizlikka tushmaydi.
Najot farishtasi – kasalxonaning pushti kiyimdagi hamshirasi Roza buvi hamda qahramonimiz o‘rtasidagi suhbatlar asarning asosini tashkil etadi.
Xudoga murojaat qilarkan, Oskar allaqachon hayotining yuz yilini mazmunli yashab o‘tgan minnatdor inson sifatida o‘quvchining yodiga muhrlanadi.
Kitob ilk bor o‘zbek tilida nashr qilinmoqda.
Erik-Emmanyuel Shmitt
Oskar va pushti xonim: qissa
Oskar va pushti xonim
Daniel Daryega bag‘ishlanadi
Xudojon!
Mening ismim Oskar. O‘n yoshdaman. Mushugimiz, kuchugimiz va butun uyga (men, hatto oltin baliqchalarni ham qovurdim deb o‘ylayman) o‘t qo‘yishga muvaffaq bo‘ldim va senga bu haqda birinchi marta yozyapman, chunki avval maktabdagi darslarimdan ortib, xat yozishga vaqt topolmasdim.
Darhol ogohlantiraman: yozish mashqlari meni dahshatga soladi. Buning uchun (bu haqiqatan ham sodir bo‘ldi) endi yozaman degan darajada seni hislar ezib qo‘yishi kerak. Chunki yozuv – bu marjonlar, popuklar, tabassum, bantik va shunga o‘xshash narsalar emas. Yozuv – bu faqatgina o‘ziga tortadigan uydirmalardir. Qisqasi, kattalarning mashg‘uloti.
Buni isbotlab beraman. Xatimning boshlanishini olaylik: «Mening ismim Oskar. O‘n yoshdaman. Mushugimiz, kuchugimiz va butun uyga (men, hatto oltin baliqchalarni ham qovurdim deb o‘ylayman) o‘t qo‘yishga muvaffaq bo‘ldim va senga bu haqda birinchi marta yozyapman, chunki avval maktabdagi darslarimdan ortib, xat yozishga vaqt topolmasdim». Xuddi shunday muvaffaqiyat bilan «Menga «Tuxumbosh» deb nom qo‘yishgan, ko‘rinishim yetti yoshlar chamasi, shifoxonada yashayman, chunki saraton kasaliga chalinganman, senga bir dona so‘z bilan bo‘lsa ham murojaat qilmaganman, chunki borligingga hech ishonmayman», deb yozishim mumkin edi.
Agar shunday yozsam, barchasi teskarisiga o‘girilardi va menga bo‘lgan qiziqishing yo‘qolib qolardi. Men uchun esa sening e’tiboring va qiziqishing hammasidan muhim.
Ayrim masalalarda menga yordam berish uchun vaqt topolsang, yaxshi bo‘lardi.
Hozir hammasini bir boshdan tushuntiraman.
Shifoxona – ajoyib joy, yaxshi kayfiyatdagi kattalar juda ko‘p. Ular juda baland ovozda gapirishadi, bu yerda o‘yinchoqlar bir talay, bolalar bilan o‘ynash ishtiyoqida yonayotgan pushti kiyimdagi xolachalar, shuningdek, Bekon, Eynshteyn va Popkorn kabi do‘stlarim ham bor. Qisqasi, shifoxona – ajoyib, agar sen ham yaxshi bemor bo‘lsang.
Lekin men endi u qadar yaxshi bemor emasman. Suyak iligi ko‘chirib o‘tkazilgandan so‘ng, o‘zimni ancha noqulay his qilyapman. Bugun ertalab shifokor Dyusseldorf meni ko‘rikdan o‘tkazayotganda o‘zimni xuddi uning ko‘nglini qoldirgandek sezdim. U qandaydir xatoga yo‘l qo‘ygandek, hech bir so‘z demay qarardi. Lekin operatsiya vaqtida harakat qildim – o‘zimni yaxshi tutdim, uxlatib qo‘yishlariga ruxsat berdim, og‘riq bo‘lsa-da, ing ramadim, har xil dorilarni itoatkorlik bilan qabul qildim. Ba’zi kunlari unga baqirib yuborgim kelardi, ehtimol, shifokor Dyusseldorf, qora qoshlarini chimirib, operatsiyamni puchga chiqargandir. Shifokorning ko‘rinishi shu qadar g‘amgin ediki, so‘zim bo‘g‘zimda qolgandi. Shifokor Dyusseldorf g‘amgin ko‘rinishi bilan o‘zini qanchalik vazmin tutishga harakat qilmasin, men o‘zimni shunchalik aybdor deb bilardim. O‘zimni xudbin bemorga, shu ma’nodaki, tibbiyotning ajoyib hodisa ekanligiga ishonishni qiyinlashtiradigan, uni shubhalar ostida qoldiradigan bemorga aylanganimni angladim.
Shifokorlarning bu kabi fikrlari yuqumli bo‘lsa kerak. Endi bizning qavatimizda hamma: hamshiralar, amaliyotchilar, tozalovchilar menga xuddi unga o‘xshab munosabat qilishardi. Yaxshi kayfiyatda bo‘lganimda, ular g‘amgin ko‘rinardi; hazil qilsam, kulishga harakat qilishardi, negadir har qachongidan ham qattiqroq kulishar edi.
Faqatgina Roza buvi o‘zgarmagandi. Nazarimda, buvim o‘zgarishi uchun yoshi ancha kattalik qilsa kerak. Bundan tashqari u mening buvim-ku! Ha, aytgancha, Xudojon, seni buvim bilan tanishtirmoqchi emasman; senga yozishni aynan buvim maslahat bergan; u sening yaxshi do‘sting bo‘lsa kerak. Farqli jihati shundaki, faqatgina men uni Roza buvi deb chaqiraman. Kim haqida gapirayotganimni tasavvur qilish uchun sen biroz qiynalishing kerak: bolalarga qarash uchun keluvchi pushti xalatlardagi barcha xolalar orasida u eng yoshi kattasi.
– Roza buvi, siz necha yoshdasiz?
– Oskar, bolajonim, sen o‘n uch belgidan iborat sonni eslab qolaman deb o‘ylayapsanmi?
– Aldayapsiz.
– Unday emas. Bu yerda hech kim men necha yoshda ekanligimni bilishi kerak emas, bo‘lmasa bu yerdan uchib ketaman va biz boshqa hech qachon ko‘risha olmasligimiz mumkin.
– Nega?
– Chunki bu yerga noqonuniy tarzda ishga joylashganman. Menday yoshi katta qarovchilar uchun yosh chegarasi belgilangan. Sening Roza buving esa allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgan.
– Sizning muddatingiz o‘tganmi?
– Ha.
– Qatiqqa o‘xshabmi?
– Sekin…
– Mayli, xuddi baliqlar kabi soqov bo‘laman.
Roza buvining barcha sirlarini bilishim, ularning aynan menga ishonilishi tasavvur qilib bo‘lmas darajada jasurlik edi. Lekin Roza buvi to‘g‘ri qaror qabul qilgandi. Garchi hech kim, hech narsaga shubha qilmagan bo‘lsa-da, men kar va soqov bo‘laman.
Roza buvining ko‘zlari atrofi bo‘ylab yoyilgan ajinlar shu qadar ko‘pki, ular bamisoli quyoshning nurlariga o‘xshaydi.
Keyingi safar men yana bir sirni bilib oldim, bu orqali, Xudojon, sen uni aniq tanib olasan.
Shifoxona bog‘ida sayr qilayotganimizda u oyog‘ini loyga botirib oldi.
– Jin ursin!
– Roza buvi, nega yomon so‘zlarni ishlatyapsiz?
– Quloq sol, kichkintoy, nimani istasam, shuni gapiraman.
– Eh, Roza buvi.
– Qani, harakat qil. Biz sayrga chiqdik, toshbaqalar poygasiga emas!
O‘rindiqqa o‘tirdik, shirinliklarni chiqardik. Keyin men so‘radim:
– Nega siz bunday so‘zlarni ishlatdingiz?
– Bu kasb kasalligi, Oskar. Agar men faqat nazokatli, chiroyli iboralarni ishlatganimda kasbim bilan ancha oldin xayrlashgan bo‘lardim.
– Siz nima bilan shug‘ullangansiz?
– Hech qachon ishonmaysan…
– Qasam ichaman, ishonaman.
– Men kurash, ketch[1 - Professional kurashning bir turi.] bilan shug‘ullanganman, maydonda kurash tushganman.
– Ishonmayman.
– Gaplarim rost. Meni langedoslik bo‘g‘uvchi qiz deya atashardi.
O‘shandan beri qachonki noxush kayfiyatda bo‘lsam, Roza buvi bizni hech kim eshitmayotganiga ishonch hosil qilardi-da, o‘zining mashhur janglari haqida gapirib berardi: langedoslik bo‘g‘uvchi qizning limuzenlik Go‘shtqiymalagich bilan jangi, qariyb yigirma yil davomida ko‘ksi xuddi yadroga o‘xshaydigan senklerlik Iblis bilan kurash olib borgani, shuningdek, jahon kubogi uchun kurashda Buxenvalda ovcharkasi laqabli Ulla-Ullaga, Roza buvi kurashni o‘rganayotganda o‘rnak olgan Temir Ort ham yenga olmagan jangchi bilan kurash olib borganlarini hikoya qilardi.
Bu janglarning hammasini haqiqatan ham ko‘rganday bo‘lar, do‘stimni ringda tasavvur qilardim: hilpirayotgan pushti xalatda trikodagi odamxo‘rlarning boplab ta’zirini berayotgan kichkina kampir. Bularning hammasi men bilan sodir bo‘layotgandek tuyulardi. Yanada kuchimga kuch qo‘shilar, shu tariqa dushmanlarimdan o‘ch olardim.
Xudojon, yuqoridagi barcha xotiralarga qaramay Roza buvini eslay olmayotgan bo‘lsang, «To‘xta» deyishing va iste’foga chiqishing kerak. Men aniq bayon qildim shekilli, shundaymi?
Ishlarimga qaytaman.
Qisqasi, operatsiyam ularni juda umidsizlantirdi. Kimyoterapiyada ham shunday bo‘lgandi. Ammo hozirgichalik emas, chunki unda miya ko‘chirib o‘tkazish uchun umid bor edi. Endi, menimcha, shifokorlar nima taklif qilishni bilishmayapti, ularga juda achinyapman. Shifokor Dyusseldorf (oyim uni qobiliyatli deb ta’riflaydi, men esa uning qoshlari me’yordan ortiq darajada ko‘p deb o‘ylayman) xo‘sh… hozir u barchaga sovg‘asi yetmagan Qorbobo kabi juda xafa ko‘rinardi.
Bir so‘z bilan aytganda, vaziyat yomonlashdi. Men bu haqda do‘stim Bekon bilan gaplashdim. Aslida, uning haqiqiy ismi Bekon emas, balki Iv, lekin yaxshigina kuyib ketgani uchun biz uni Bekon deb nomladik.
– Bekon, shifokorlar meni umuman yaxshi ko‘rmay qolishdi deb o‘ylayapman, ularga yomon ta’sir qilyapman.
– Yana nima, Tuxumbosh! Shifokorlar osonlikcha taslim bo‘lishmaydi. Ularning zaxirasida har doim sen bilan yana nima qilish mumkinligi haqida ko‘plab rejalari bo‘ladi. Bu yerda shifokorlar menga kamida oltita operatsiyani va’da qilganliklarini hisoblab chiqdim.
– Ehtimol, sen ularni ilhomlantirarsan…
– Aqlga sig‘maydi.
– Lekin nima uchun ular shunchaki mening o‘lib qolishimni aytishmaydi?
Shunda Bekon kasalxonadagi hamma kabi karaxt ahvolga tushgandi. Agar sen bu yerda «o‘lim» so‘zini aytsang, hech kim buni eshitmaydi. Ishonchingiz komil bo‘lishi mumkin, u qandaydir teshiklarga uchib ketadi, chunki ular darhol boshqa narsalar haqida gapira boshlashadi. Men buni hammada sinab ko‘rdim. Roza buvidan tashqari.
Shunday qilib, bugun ertalab uni sinab ko‘rishga qaror qildim.
– Roza buvi, o‘ylashimcha, hech kim menga o‘layotganimni aytmoqchi emas.
U menga qaradi. Agar Roza buvi barcha kabi javob bersa, nima bo‘ladi?
Yolvoraman, langedoslik bo‘g‘uvchi ayol, taslim bo‘lma, karaxt insonga aylanma!
– Oskar, bu shundoq ham ma’lum bo‘lishiga qaramasdan, nima uchun senga buni qayta eslatishlarini istayapsan?
Uf-f! U meni eshitdi.
– Menimcha, Roza buvi, insonlar aslida, boshqa shifoxona ixtiro qilgandek. Ular o‘zlarini kasalxonaga faqat shifo topish uchun yotiladigandek tutishga harakat qilishadi. Lekin bu yerga o‘lish uchun ham keladilar-ku!
– Sen haqsan, Oskar. O‘ylashimcha, xuddi shu xatoni hayotga nisbatan ham takrorlaydilar. Hayotning zaif, nozik, o‘tkinchi ekanligini unutamiz gohida. Boqiy yashaydigandek o‘zimizni har tomonga uramiz.
– Mening operatsiyamdan yaxshi natija chiqmadi, shundaymi, Roza buvi?
Roza buvi javob bermadi. Bu uning «ha» degan javobini anglatadi.
Uni tushunganimga ishonch hosil qilgandan so‘ng, men tomonga egildi va yolvorgandek dedi:
– Men senga hech narsa aytmadim. Qasam ich!
– Qasam ichaman.
Biz yangi xayollarimizni hazm qilish uchun bir zum jim qoldik.
– Oskar, – dedi u birdan, – Xudoga maktub yozsak-chi?
– Yo‘q, faqat siz emas, Roza buvi!
– Nega? Nima uchun men emas?
– Siz emas! Men siz aldashingiz mumkin emas deb o‘ylagan edim.
– Chindan, seni aldamayapman, axir.
– Bo‘lmasa siz nima uchun Xudo haqida so‘z ochdingiz? Men Qorbobo haqidagi ertakni eshitganman. Shuning o‘zi yetarli!
– Lekin Oskar, Xudo va Qorbobo o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q.
– Yo‘q, bor. Bu aynan bir narsa. «Aqlni chalg‘itish» kompaniyasi aksiyadorlik jamiyati!
– Tasavvur qilyapsanmi, men maydonda o‘ttiz yil umrimni sarflab, bir yuz oltmish besh janglarimdan bir yuz oltmishtasida g‘alaba qozonib, ulardan qirq uchtasida nokautda zafar quchganimdan so‘ng, men – langedoslik bo‘g‘uvchi ayol bir soniyaga bo‘lsa ham Qorboboga ishonishim mumkinmi?
– Yo‘q!
– Shunday qilib, men Qorboboga ishonmayman, Xudoga ishonaman.
– Nima uchun Xudoga yozishim kerak? – so‘radim uning so‘zlaridan ilhomlanib.
– Shunda o‘zingni unchalik yolg‘iz sezmaysan.
– Siz ko‘proq ishonadigan mo‘jiza bilan unchalik ham yolg‘izlikni his qilmaymanmi?
Roza buvi boshim tomon egildi.
– Xudoga ishonishing bilanoq, u har safar avvalgiga qaraganda senga yanada yaqinroq kelaveradi. Unga sabr-toqatli ekanligingni ko‘rsat va u albatta, sen uchun mavjud bo‘ladi.
– Unga nima haqida yozishim kerak?
– Ichingdan kechayotgan fikrlaringni ishonib topshir. Aytilmagan fikrlar zararli, ular senga og‘riq berishi, xafa qilishi, harakatchanlikdan mahrum etishi va yangi fikrlar tug‘ilishiga imkon bermasligi mumkin. Agar ularni tashqariga chiqarmasang, u holda miyang eski fikrlarning badbo‘y hidli axlatxonasiga aylanib qoladi.
– Xo‘sh, shunday deb aytaylik…
– Keyin, shuni bilki, Oskar, Xudoga murojaat qilganingda, har safar faqat bitta narsani so‘rashing mumkin. Yodingda bo‘lsin, faqat bitta!
– Roza buvi, sizning Xudoyingiz shunchalik kuchsizmi? Olovuddin o‘zining jin chirog‘iga uchta tilagini aytishi mumkin edi.
– Axir, butun hayoting uchun uchta tilakdan ko‘ra, har kuni bitta tilaging bo‘lgani yaxshi emasmi, Oskar?
– Mayli. Shunday qilib, men undan istagan narsamni so‘rashim mumkin, shundaymi? O‘yinchoqlar, konfetlar, mashina…
– Yo‘q, Oskar. Xudoni Qorbobo bilan adashtirma. Sen undan faqat ichki hissiyotlaring bilan bog‘liq orzularing haqida so‘rashing mumkin.
– Masalan?
– Masalan: jasorat, sabr-toqat, ma’rifat haqida.
– Ha, tushunarli.
– Bundan tashqari, Oskar, sen undan boshqalarga ham rahm-shafqat ko‘rsatishini so‘rashing mumkin.
– Unaqasi bo‘lishi mumkin emas, Roza buvi, kuniga faqat bitta tilak bo‘lsa – men uni aniq o‘zim uchun saqlab qo‘yaman!
Shunday qilib, Xudojon, bu mening senga atalgan birinchi maktubim edi. Dastlab senga meni tibbiyot uchun to‘siq deb ko‘rishuvchi joy – shifoxonada qanday hayot kechirayotganim haqida qisqacha aytib berdim. Endi sendan aniqlik kiritishingni so‘rayman: men tuzalib ketamanmi? Javob ber: ha yoki yo‘q. Bu unchalik qiyin emas shekilli. Ha yoki yo‘q. Keraksiz narsalarni o‘chirib tashladim.
Ertagacha. O‘pib qolaman,
Oskar.
P.S. Menda manziling yo‘q, senga qanday qilib xat jo‘natsam bo‘ladi?
Xudojon!
Qoyil! Kuchli ekanligingga ana endi chindan ishondim. Senga xat yuborishga ulgurmasimdan avval, javob oldim. Qanday qilib buning uddasidan chiqasan?
Bugun ertalab Eynshteyn bilan xollda shaxmat o‘ynayotganimda, Popkorn meni ogohlantirish uchun oldimizga kirib o‘tdi.
– Ota-onang shu yerda.
– Ota-onam?! Ishonish qiyin. Ular faqat yakshanba kunlari kelishardi-ku!
– Men ularning mashinasini ko‘rdim, yuqorisi oq rangli qizil jip.
– Bo‘lishi mumkin emas.
Hayron bo‘lib, shaxmat taxtasi oldiga qaytib keldim. Ammo diqqatimni jamlay olmadim, bundan tashqari, Eynshteyn sipohlarimni yengib oldi va bu meni yanada ko‘proq g‘azablantirdi. Uning ismi boshqalarga qaraganda aqlli bo‘lib eshitilgani uchungina Eynshteyn emas. Yo‘q. Shunchaki uning boshi biznikiga nisbatan ikki barobar kattaroq. Aytishlaricha, u yerda, ya’ni Eynshteynning boshida suv bor ekan. Afsuski, bu aynan miyada sodir bo‘lgan, aks holda Eynshteyn aql bovar qilmas narsalarni amalga oshirishi mumkin edi…
Musobaqamiz mag‘lubiyat sari ketayotganini ko‘rib, o‘yinni to‘xtatdim va Popkornning ortidan oynalari avtoturargohga chiquvchi xona tomon yugurdim. U haq edi: aniq ota-onam kelishgan.
Senga shuni aytishim kerakki, Xudojon, uyimiz bu yerdan uzoqda joylashgan. Men u yerda yashaganimda buni tushunmasdim, lekin endi, uyda yashamayotganligim uchun, uyimiz bilan kasalxona orasidagi masofa haqiqatan ham uzoqdek tuyuladi. Bundan tashqari, ota-onam haftada faqat bir kun, yakshanba – dam olish kunlari meni ko‘rgani kelishlari mumkin.
– Xo‘sh, kim haq ekanligiga ishonch hosil qildingmi? – dedi Popkorn. – Ota-onang ko‘rgani kelishganini aytganim uchun menga nima berasan?
– Menda yong‘oqli shokolad bor.
– Qulupnaying boshqa qolmadimi?
– Yo‘q.
– Mayli, unda shokolad ham bo‘laveradi.
Albatta, men Popkornga yegulik bermasligim kerak edi, chunki uni vazn yo‘qotishi uchun kasalxonaga joylashtirishgandi. To‘qqiz yoshda – to‘qson sakkiz kilogramm. U kiyishi mumkin bo‘lgan yagona narsa, bu amerikancha yo‘l-yo‘l polo sviteri edi. Bundan tashqari, bu chiziqlarni ko‘rgan hammada dengiz kasalligi boshlanardi.
Rostini aytganda, na men va na do‘stlarimning hech biri u qachondir vazn yo‘qotishiga ishonmaymiz. Chunki Popkornning qorni doimo och bo‘ladi, hammamiz unga achinamiz va yeyishga ulgurmagan ovqatlarimizni beramiz. Bunday katta yog‘ hajmiga nisbatan kichkinagina shokolad nima bo‘pti! Ehtimol, biz haq emasdirmiz, lekin hatto hamshiralar ham unga shamchali muolaja qilishni to‘xtatdilar.
Ota-onam kelishlarini kutib, xonamga qaytib keldim. Dastlab, halloslaganimdan qancha vaqt o‘tganini tushunmadim, keyin ular allaqachon ol dimga yigirma marta kelib-ketishga ulgurgan bo‘lishlari kerakligini angladim.
To‘satdan ular qayerda bo‘lishlari mumkinligi xayolimdan o‘tdi. Yo‘lakka chiqdim, hech kim buni sezmadi; zinapoyadan pastga tushdim, keyin esa yarim qorong‘ilik og‘ushida shifokor Dyusseldorfning xonasiga yetib keldim.
Albatta! Ular shu yerda edilar. Eshik ortidan ota-onamning ovozlari eshitilardi. Tez harakat qilganim uchun kuchimni yo‘qotgandim, shuning uchun bir necha soniya nafasimni rostlab olishim, yuragim bir maromda urishini kutishim kerak edi. Shunda… oshkor etilishi lozim bo‘lmagan haqiqatni eshitib qoldim. Onam dod solar, shifokor Dyusseldorf esa tinmay takrorlardi: «Biz allaqachon barchasini sinab ko‘rdik, ishoning, biz hammasini sinab ko‘rdik». Otam g‘amgin ovoz bilan yon berardi: «Men bunga aminman, doktor bunga aminman».
Temir eshikka qulog‘imni qo‘ygancha, turgan joyimda qotib qoldim. Bilmayman, nima sovuqroq edi: metallmi yoki men o‘zim?
Keyin shifokor Dyusseldorf shunday dedi:
– Uni ko‘rishni istaysizmi?
– Mening irodam yetmaydi, – javob berdi onam.
– U bizni zaif, nochor holatda ekanligimizni ko‘rishini xohlamayman, doktor, – qo‘shimcha qildi otam ham.
Shunda ota-onam shunchaki qo‘rqoq ekanliklarini angladim. Yo‘q, undan ham yomonrog‘i esa ular meni ham o‘zlari kabi qo‘rqoq deb hisoblaydigan qo‘rqoqlardir!
Xonadan surilayotgan stullarning shovqini keldi, ular soniyalar o‘tmay eshik oldida paydo bo‘lishlarini fahmladim va yo‘limda uchragan birinchi eshikka o‘zimni urdim. Shunday qilib, o‘zimni xo‘jalik idishlari saqlanadigan omborxonada ko‘rdim. U yerda tongning qolgan qismini o‘tkazdim, chunki bu shkaflarning eshiklari ichkaridan emas, balki faqat tashqi tomondan ochilishi mumkin edi. Ehtimol, odamlar kechasi bu shvabra, chelak va latta-puttalar qochib ketishi mumkin deb qo‘rqishsa kerak!
Nima bo‘lganda ham, u yerda, zulmatda o‘tirish unchalik qiyin emasdi, chunki endi boshqa hech kimni ko‘rishni xohlamasdim va eshitganlarim ta’siridan keyin qo‘l va oyoqlarim o‘zimga bo‘ysunmayotgandek edi.
Taxminan peshin vaqtida, yuqori qavatda yaxshigina shovqin boshlandi. Qadam tovushlarini eshitdim. Shifoxonaning har bir teshigini tekshirib chiqishayotganini tushundim. Keyin hamma joyda ismimni aytib, chaqira boshladilar:
– Oskar! Oskar! Oskar!
Ismingni aytib chaqirishlarini eshitish va javob bermaslik yoqimli bo‘lar ekan. Negadir shu damda dunyodagi barcha odamlarni aldashni istadim.
Menimcha, biroz mudroq bosib uxlab qoldim, keyin farrosh N’dani oyoq tovushlarini ajrata boshladim. U eshiklarni ochdi va shu on ikkalamiz ham bir-birimizdan qo‘rqib ketdik va ovozimiz boricha baqirdik: u – menga bu yerda duch kelishi mumkinligini kutmaganligi tufayli, men esa – u bunday qora rangda ekanligini unutganligim uchun shu holatga tushdik. Farrosh xonim ham baqirishda hech kimdan qolishmasdi.
Keyin barchasi chalkashib ketdi. Hamma yugurib keldi: shifokor Dyusseldorf, katta hamshira, navbatchi hamshiralar, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar. Hozir hammalari birgalashib adabimni berishsa kerak deb o‘ylagandim, ular esa yig‘lamoqdan beri bo‘lib turishardi va shunda bu vaziyatdan qanday foydalanishim mumkinligini angladim.
– Roza buvini ko‘rishni istayman.
– Lekin sen qayerda eding, Oskar? O‘zingni qanday his qilyapsan?
– Roza buvini ko‘rishni istayman…
– Bu omborxonada qanday paydo bo‘lib qolding? Kimningdir ortidan kuzatganmiding? Sen nimanidir eshitdingmi?
– Roza buvini ko‘rishni istayman…
– Suv ichib ol.
– Yo‘q… Roza buvini ko‘rishni istayman…
– Bir qultum bo‘lsa ham ichgin…
– Yo‘q. Men Roza buvini ko‘rishni istayman…
Granit. Qoya tosh. Beton. Ularning barcha so‘rovlari hech narsaga olib kelmadi. Menga nima deyishmasin, baribir ularni umuman tinglamadim. Shu onda faqat bir narsani – Roza buvini ko‘rishni istardim.
Hamkasblari menga hech qanday ta’sir o‘tkaza olmayotganligidan juda norozi bo‘lgan shifokor Dyusseldorf titradi va qat’iy buyurdi:
– Bu ayolni topib keltiring!
Shunda dam olishga rozi bo‘ldim va bir muddatga orom olish uchun xonamga kirdim.
Uyg‘onganimda, Roza buvi shu yerda edi. U miyig‘ida tabassum bilan shunday dedi:
– Ajoyib, Oskar, sening hujuming muvaffaqiyatli yakun topdi. Ularni boplab ta’zirini berding. Lekin natijada, ular endi menga hasad qilmoqdalar.
– Tupurdim.
– Ular ajoyib odamlar, Oskar. Juda ajoyib.
– Buning menga umuman ahamiyati yo‘q.
– Biror yoqimsiz holat sodir bo‘ldimi?
– Shifokor Dyusseldorf ota-onamga yaqinda o‘lishimni aytdi. Ota-onam esa ortlariga qaramasdan qochib qolishdi. Ulardan nafratlanaman.
Roza buviga hamma narsani batafsil aytib berdim, Xudojon, xuddi bu maktubda senga aytganim kabi.
– M-m-m, – javob berdi Roza buvi, – bu menga atletka Sara Ap-i-Shmyak bilan Betyuneda bo‘lgan jangimni eslatib yubordi. Bu makkor turkiyalik ayol deyarli yarim-yalang‘och kurashardi, yana yetmagandek butun tanasiga yog‘ surtib olar, endi ushlayman desang, qo‘lingdan lip etib sirg‘anib chiqib ketardi. U faqat Betyuneda ringga ko‘tarilar va har yil u yerda g‘alabani qo‘lga kiritardi. Men ham Betyune kubogini qo‘lga kiritishni juda ham istardim!
– Siz nima qildingiz, Roza buvi?
– Raqibim ringga ko‘tarilayotganda do‘stlarim uning ustiga un sepdilar.
Yog‘ va un – bu ajoyib non degani. Ikkita tepki va uchta shapaloq bilan bu Sara Ap-i-Shmyakni gilamga ag‘anatdim. Mazkur jangdan keyin uni Betyune qirolichasi deb emas, aksincha juda qo‘pol nom bilan «bulg‘angan baliq» deb ataydigan bo‘lishdi.
– Roza buvi, kechirasiz, lekin men bu yerda hech qanday bog‘liqlikni ko‘rmayapman.
– Men esa uni juda yaxshi ko‘ryapman. Odamda hamisha imkoniyat bo‘ladi, Oskar, har doim biror narsa o‘ylab topish mumkin, un bilan amalga oshirilgan hiyla kabi. Bilasanmi, sen Xudoga nima yozishing kerak? U menga qaraganda ancha kuchli.
– Hatto ringda hammi?
– Ha, hatto ringda ham. Xudo hamma narsani nazorat qiladi. Sinab ko‘r, kichkintoy: nima senga eng ko‘p azob beryapti?
– Nafratlanaman, ota-onamdan juda-juda nafratlanaman!
– U holda ulardan iloji boricha yanada ko‘proq nafratlan.
– Menga shuni maslahat berasizmi, Roza buvi?
– Ha. Ulardan iloji boricha ko‘proq nafratlan. Sening bu holating suyak g‘ajishga o‘xshaydi. Qachonki uni g‘ajib bo‘lsang, shundagina u bunga arzimasligini tushunasan. Maktubingda hamma narsa haqida Xudoga aytib ber, undan seni ziyorat qilishini so‘ra.
– U harakatlana oladimi?
– O‘z istagiga ko‘ra. Ko‘p emas. Kamdan kam hollarda.
– Nima uchun? U men kabi kasalmi?
Roza buvi chuqur xo‘rsindi. Xudojon, menimcha, u sen ham xuddi men kabi o‘zingni yaxshi his qilmayotganligingni tan olishni istamayotgandek ko‘rinardi.
– Oskar, ota-onang hech qachon senga Xudo haqida gapirishmaganmi?
– Ularni qo‘ying. Ota-onam shunchaki ahmoq odamlar.
– Ha, to‘g‘ri. Lekin ular sen bilan hech Xudo haqida gaplashmaganmi?
– Gaplashgan. Faqat bir marta. Ular faqat Qorboboga ishonadilar.
– Kichkintoy, nahotki ular shu darajada ahmoq bo‘lsalar?
– Tasavvur ham qilolmaysiz! Bir kuni maktabdan qaytib keldim va ularga meni ahmoq qilmasliklarini, men ham xuddi do‘stlarim kabi Qorbobo yo‘qligini va umuman bo‘lmaganligini bilishimni aytdim. Ular go‘yo oydan tushib qolgandek tutishdi o‘zlarini. Tasavvur qilib bo‘lmas darajada jahlim chiqdi: maktab hovlisida bunday ahmoq rolini o‘ynashning nima keragi bor, tushunmasdim, ular darhol meni aldashni istamaganliklarini, Qorbobo haqiqatan ham mavjudligiga chin dildan ishonganliklarini aytib, qasam ichishgandi. Ota-onam juda xafa edilar, bu haqiqat emasligini anglab, hafsalalari pir bo‘lgandi! Sizga aytyapman, Roza buvi, ikki karra ahmoqlar ular!
– Shunday qilib, ular Xudoga ishonmaydilarmi?
– Shunday deb o‘ylayman.
– Bu senga hech qanday ta’sir qilmaganmi?
– Agar har turli ahmoqlar nima haqida o‘ylayotganlariga qiziqadigan bo‘lsam, menda aqlli odamlar nima haqida o‘ylashlarini anglash uchun vaqt yetmay qolishi mumkin.
– Sen haqsan. Lekin o‘zing aytganingdek, otaonang ahmoq ekanliklariga keladigan bo‘lsak…
– Ha, to‘g‘ri. Ular haqida shunday fikrdaman, Roza buvi!
– Shunday qilib, mayli, ota-onang adashaverishsin va Xudoga ishonmasinlar, lekin nima uchun sen unga ishonmasliging va undan seni ko‘rgani kelishini so‘ramasliging kerak?
– Mayli. Lekin siz u yotoqqa zanjirlanib qolgan deb aytmaganmidingiz?
– Yo‘q. Uning odamlar huzuriga borish uchun maxsus usuli bor. Xudo seni xayollaring orqali ko‘rgani keladi. U sening ongingda u haqda o‘ylaganing hamon paydo bo‘ladi.
– Menga yoqdi. Qoyilman.
Roza buvi qo‘shimcha qildi:
– Hali ko‘rasan, uning tashriflari senga yaxshiliklar olib keladi.
– Mayli. Bu haqda u bilan gaplashib olaman. Hozircha, menga yaxshilik keltira oladigan biror narsa bor bo‘lsa, buyam sizning tashrifingizdir.
Roza buvi jilmaydi va xiyol namlangan nigohlarini mendan olib qochib, yonoqlarimdan o‘pib qo‘yish uchun asta egildi. Lekin jasorati yetmadi. Nigohlari bilan mendan izn so‘radi.
– Qani, meni quchoqlang. Bu haqda boshqalarga aytmayman. Sizning kurashchi sifatidagi obro‘ngizga putur yetkazmaslik uchun.
Uning lablari yonog‘imga tegdi, issiqlik va yengil mayinlikni his qildim, Roza buvidan yoqimli upa va sovunning hidi kelardi.
– Yana qachon meni ko‘rgani kelasiz?
– Haftasiga ikki marta kelolaman, Oskar.
– Bo‘lishi mumkin emas, Roza buvi! Uzoq davom etuvchi uch kunni kutib o‘tkazish…
– Qoidalar shunday.
– Bu qoidalarni kim o‘ylab topgan?
– Shifokor Dyusseldorf.
– Bu Shifokor Dyusseldorf endi meni ko‘rganda qo‘rqqanidan qayoqqa qochishini bilmaydi. Undan ruxsat so‘rang, Roza buvi. Hazillashmayapman.
U menga ikkilanib qaradi.
– Men hazillashmayapman… Agar siz har kuni meni ko‘rgani kelmasangiz, Xudoga yozishni to‘xtataman.
– Mayli, harakat qilaman.
Roza buvi xonadan chiqib ketdi va men yig‘lab yubordim…
Ilgari qo‘llab-quvvatlovga muhtoj ekanligimni bilmasdim. Qay darajada jiddiy kasal ekanligimni anglamagandim. Roza buvini boshqa umuman ko‘ra olmasligim mumkinligi haqidagi birgina xayolning o‘zidayoq, hammasini tushunib yetdim va ko‘zlarimdan yonoqlarimni yondirib o‘tuvchi marjon yoshlar to‘kila boshladi.
Yaxshiyamki, Roza buvi o‘zimni ancha bosib olganimdan so‘ng qaytib keldi.
– Hammasi hal bo‘ldi, menga ruxsat berishdi. O‘n ikki kun davomida har kuni seni ko‘rgani kelishim mumkin, Oskar.
– Meni va mendan boshqa hech kimnimi?
– Sen va sendan boshqa hech kimni, Oskar. O‘n ikki kun yoningdaman, azizim.
Menga nima bo‘lganini bilmayman, lekin ko‘zyoshlarimga yana erk berib yubordim. Garchi o‘g‘il bolalar yig‘lamasligi kerakligini bilsam-da, bundan ham ko‘proq men tuxumboshim bilan – na o‘g‘il bolaga, na qiz bolaga, balki o‘zga sayyoralikka o‘xshardim. Nima ham qilish mumkin? Shunchaki o‘zimni tutib tura olmadim.
– O‘n ikki kun… Hammasi juda yomon, to‘g‘rimi, Roza buvi?
Bu gapim Roza buvini ham ta’sirlantirdi. Nima deyishini bilmay qoldi. Sobiq sirk xodimasi qalbida yashirinib yotgan chinakam tuyg‘ulari tashqariga chiqishiga izn bermasdi. Ushbu kurashni kuzatish qiziqarli edi va men ishning mohiyatidan biroz chalg‘idim.
– Bugun qanday kun, Oskar?
– Bu qanday savol bo‘ldi? Kalendarimni ko‘ryapsizmi? Bugun o‘n to‘qqizinchi dekabr.
– Bilasanmi, Oskar, bizning hududimizda yakunlanayotgan yilning o‘n ikki kunida sen kelasi yilning o‘n ikki oyi qanday bo‘lishini bilishing mumkinligi haqida afsonalar bor. Bir yilda ob-havo qanday bo‘lishi haqidagi tasvirni bilishing uchun har kuni ob-havoni kuzatish kifoya. O‘n to‘qqizinchi dekabr yanvar oyini bildiradi, yigirmanchi sana – fevralni, yigirma birinchi – martni. Shunday tartibda kelgusi yil dekabr oyi qanday o‘tishini dekabr oyining o‘ttiz birinchi kuniga qarab bilib olaverasan.
– Bu juda zo‘r-ku, Roza buvi…
– Bu afsona. O‘n ikki sehrli kun afsonasi. Biz ikkimiz, sen bilan birgalikda shu afsonani ro‘yobga chiqarishni xohlardim. Bunda ko‘proq sen faol bo‘lishing kerak. Bugundan boshlab, har bir o‘tgan kuningga xuddi u o‘n yilga teng bo‘lgandek qara.
– O‘n yil?!
– Ha. Bir kun – bu o‘n yil.
– Unda o‘n ikki kundan keyin men bir yuz o‘ttiz yoshga to‘larkanman-da!
– Ha! Endi tushundingmi?
Roza buvi meni quchoqladi.
– His qilyapman, sen bunga kirishishni boshlading, – dedi va xonadan chiqib ketdi.
Xo‘sh, shunday qilib, Xudojon, men bugun ertalab tug‘ilganman, buni uncha yaxshi eslolmayman; peshindan keyin hammasi yanada aniqlashdi; besh yoshga to‘lganimda, buni anglashni boshladim, lekin bu uncha yaxshi xabarlarni olib kelmadi; bugun kechqurun o‘n yoshga kirdim, bu aqlning yoshi. Bundan sendan bir narsa haqida so‘rash uchun foydalanaman: agar meni bugun kunduzi bo‘lgandagi kabi voqeadan xabardor qilmoqchi bo‘lsang, iltimos, buni yumshoqroq amalga oshir.
Rahmat.
Ertagacha.
O‘pib qolaman,
Oskar.
P.S. Sendan yana bir narsa haqida so‘ramoqchiman. Bilaman, yaqindagina o‘z huquqimdan foydalandim, ammo buni istak deb ham bo‘lmaydi, balki maslahat kabi.
Men qisqa uchrashuvga roziman. Yuzma-yuz emas, balki xayoliy uchrashuvga.
Bu oson emas. Meni ko‘rish uchun kelishingni juda istayman. Ertalab sakkizdan kechqurun to‘qqizgacha ko‘rgani kelishing mumkin. Qolgan vaqtda uxlayman.
Ba’zan hatto kunduzi ham dori-darmonlar ta’sirida qisqa vaqtga uxlab qolishim mumkin. Agar meni shunday holatda uchratsang, hech ikkilanmasdan uyg‘otaver. Faqat ahmoq odamgina bunday imkoniyatni qo‘ldan boy berishi mumkin!
Xudojon!
Bugun men boshqalar bilan bir qatorda o‘smirlik davrini boshdan kechiryapman. Mana, hikoya qanday bo‘lgan edi! Do‘stlarim, ota-onam bilan bog‘liq juda ko‘p muammolar yuz berdi va ularning hammasi qizlar tufayli. Allaqachon kechqurun bo‘ldi va yigirma yoshga to‘lganligim haqidagi fakt meni uncha xafa qilmayapti, chunki o‘zimga «eng yomoni ortda qoldi» deb ayta olaman. Bu jinsiy kamolot uchun katta rahmat aytaman! Yana bir bor boshdan o‘tkazishim mumkin, lekin keyingisiga hech qachon rozi bo‘lmayman!
Avvalo, Xudojon, senga shuni ma’lum qilmoqchimanki, meni ko‘rgani kelmading. Bugun yosh bilan bog‘liq muammolar tufayli deyarli uxlamadim, demak, sening tashrifingni o‘tkazib yuborishim mumkin emasdi. Keyin senga aytgandim: agar uxlab qolgan bo‘lsam, meni turtib yubor.
Uyg‘onganimda, Roza buvi allaqachon shu yerda edi. Nonushta paytida u kuniga uch kilo xom go‘shtni bir bochka pivo bilan paqqos tushiruvchi belgiyalik, Qirollik vakili bo‘lgan Titki bilan o‘rtalaridagi jang haqida gapirib berdi; menimcha, uning barcha kuchi chiqaradigan nafasida edi: go‘sht bilan birlashib ketgan pivo hidi – uning raqiblarini birma-bir gilamga qulatardi. Titkini mag‘lub qilish uchun Roza buvi yangi usulni o‘ylab topishi kerak edi: ko‘zlar uchun teshiklari bo‘lgan maxsus bosh kiyim kiyish, uni lavanda ifori bilan to‘ldirish va o‘zini Karpentr dahshati deb atash. Roza buvining aytishicha, kurash – miyada ham mushaklar bo‘lishini talab qiladi.
– Kim senga ko‘proq yoqadi, Oskar?
– Bu yerda, kasalxonadami?
– Ha.
– Bekon, Eynshteyn, Popkorn.
– Qizlardan-chi?
Shunda og‘zimdagi gapimni chaynab qoldim. Javob berishni xohlamasdim. Lekin Roza buvi kutardi, jahon miqyosidagi sportchini esa uzoq vaqt kuttirib bo‘lmaydi.
– Moviy Peggi.
Peggi, moviyrang qiz. U so‘nggi xonadan avvalgi xonada yotadi. Deyarli hech narsa demaydi, faqat uyalgancha nimtabassum qiladi. To‘satdan shifoxonada paydo bo‘lib qolgan pari kabi. Uning qandaydir ajoyib kasalligi bor – moviy kasallik, o‘pkaga tushishi kerak bo‘lgan qon u yerga tushmaydi va tana birdaniga moviyrangga aylanadi. Peggi pushtirang bo‘lish uchun operatsiyani kutmoqda. Bu amalga oshishi afsuslanarli, menimcha, moviyrang Peggi ham juda chiroyli. Uning atrofida juda ko‘p yorug‘lik va sukunat bor… Yaqinlashgan zahoting, xuddi yorug‘lik og‘ushiga tushib qolgandek bo‘lasan.
– Sen unga bu haqda aytganmisan?
– Men axir oydan tushgandek birdaniga uning oldida paydo bo‘lib: «Moviy Peggi, men seni yaxshi ko‘raman», deb aytolmayman-ku!
– Aynan. Nega sen bunday qilmading?
– Hatto u mening bu yerda bor yoki yo‘qligimni bilishidan ham xabarim yo‘q, axir.
– Ajoyib imkoniyat bu.
– Siz mening boshimga qarayapsizmi? U o‘zga sayyoraliklarni yaxshi ko‘radi deysizmi, lekin bunga mening ishonchim komil emas.
– Sen menga juda chiroyli bo‘lib ko‘rinasan, Oskar.
Ushbu izohdan so‘ng, suhbatimiz suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi. Albatta, bunday gaplarni eshitish yaxshi, hatto qo‘llaringdagi tuklar ham o‘rnidan turib ketadi, lekin bu yerda nima deb javob berish kerakligi tushunarsiz.
– Roza buvi, u mening nafaqat tashqi ko‘rinishimni yoqtirishini xohlayman…
– Quloq sol, uni ko‘rganingda nimani his qilasan?
– Men uni arvohlardan himoya qilishni istayman.
– Qanday qilib? Bu yerda, arvohlar paydo bo‘ladimi?
– Ha, har kecha. Ular bizni uyg‘otishadi, nima uchunligini esa bilmayman. Bu og‘riqli, chunki ular chimchilashadi. Ular ko‘rinmasligi sabab odamda qo‘rquv uyg‘otadi. Ana undan keyin uxlab bo‘psiz!
– Bu arvohlar oldingga tez-tez kelishadimi?
– Yo‘q. Men qattiq uxlayman. Lekin kechalari ba’zan Moviy Peggining qanday qichqirganini eshitaman. Uni himoya qilishni juda-juda istayman, Roza buvi…
– Bu haqda uning o‘ziga ayt.
– Har qanday holatda ham bunday qila olmayman, chunki kechasi biz xonadan tashqariga chiqish huquqiga ega emasmiz. Tartib shunday.
– Arvohlar tartibga rioya qilishadimi? Yo‘q, albatta. Ayyorroq bo‘l: agar arvohlar Moviy Peggini himoya qilmoqchi ekanligingni bilishsa, u holda kechasi paydo bo‘lishga jur’at etolmaydilar.
– Shunaqamikin…
– Yoshing nechada, Oskar?
– Bilmasam. Hozir soat necha bo‘ldi?
– O‘n. Tez orada o‘n besh yoshga to‘lasan. Senga jasoratli bo‘lish va his-tuyg‘ularingni oshkor qilish vaqti kelgandek tuyulmayaptimi?
O‘ndan o‘ttiz daqiqa o‘tganda, qaror qabul qildim va uning xonasi tomon yo‘l oldim. Eshik ochiq edi.
– Salom, Peggi, men – Oskarman, – dedim dadil tutib o‘zimni.
U xuddiki atrofidagi ahmoq gnomlar uni o‘ldi deb o‘ylayotgan bir paytda shahzodasini kutayotgan Oppog‘oy kabi to‘shagida o‘tirardi. Oq emas, moviyrangdagi qor bilan qoplangan suratlardagi Oppog‘oyga o‘xshab. Peggi menga o‘girildi va shunda o‘zimga savol berdim: unga aslida kim bo‘lib ko‘rinaman – shahzodami yoki gnom? Shaxsan o‘zimni o‘zim tuxumboshim tufayli gnom o‘rniga qo‘ygan bo‘lardim. Lekin Moviy Peggi hech narsa demadi. Eng ajoyib narsa shundaki, u doimo jim turadi va shuning uchun hamma narsa sirliligicha qolib ketaveradi.
– Men… agarda… sen shuni xohlasang, bugungi va undan keyingi hamma kechalarda arvohlar kirmasligi uchun eshigingni qo‘riqlashim mumkinligini aytgani keldim.
U kirpiklarini ko‘tarib, menga qaradi. Xuddi sekinlashtirilgan tasvirga tushib qolgandek bo‘ldim: havo havoga to‘lib ketgandek, sukunat sukunatliroqdek, suv ustida yurgandek edim, uning yorug‘lik bilan burkangan to‘shagiga yaqinlashganim sari hamma narsa o‘zgarib ketardi.
– Ey, to‘xta, tuxumbosh: Peggini men qo‘riqlayman!
Popkorn eshik tirqishidan cho‘zildi, aniqrog‘i, bu tirqishni o‘zi bilan berkitib qo‘ydi. Men titrab ketdim. Agar Popkorn Peggini himoya qiladigan bo‘lsa, eshikdan hech qanday arvoh kirib kelolmaydi.
Popkorn Peggiga qaradi.
– Ey Peggi! Biz sen bilan do‘st emasmizmi?
Peggi shiftga tikildi. Popkorn buni rozilik alomati sifatida qabul qildi va meni xonadan itarib chiqara boshladi.
– Agar senga qiz kerak bo‘lsa, Sandrinani ol. Peggi allaqachon band qilib bo‘lingan.
– Qaysi qonun bo‘yicha?
– Sendan avvalroq kasalxonada mavjud bo‘lgan qonun bo‘yicha. Ma’qul kelmayotgan bo‘lsa, unda jang qilamiz.
– Aslida, bu menga juda ma’qul keladi.
Men charchadim va o‘yin zaliga dam olish uchun bordim.
Sandrina sezgandek allaqachon shu yerda edi. Unda men kabi leykemiya bor, lekin davolash yaxshi ta’sir etgandek ko‘rinardi. Sandrina qora parik taqib yurganligi uchun unga xitoylik qiz deb nom berishgan. To‘g‘ri, yaltiroq sochlar bilan birgalikda peshonasidagi kesilgan sochlar unga xitoylik qiz ko‘rinishini beradi. Sandrina menga qaradi va saqichdan pufak pufladi.
– Agar xohlasang, meni o‘pishing mumkin.
– Nima uchun? Senga saqich yetarli emasmi?
– Sen hatto bunga qodir emassan, ahmoq! Ishonchim komilki, hayotda bir marta bo‘lsa ham hech kimni o‘pmagansan.
– Kulgimni qistatma! O‘n besh yoshimdan kelib chiqib, seni ishontirib aytamanki, men allaqachon bu ishni ming martadan oshiq bajarganman.
– Sen o‘n besh yoshdamisan? – hayron bo‘lib so‘radi u.
Soatlarga qaradim.
– Ha. Allaqachon o‘n beshga to‘lib bo‘ldim.
– Har doim o‘n besh yoshli bola meni o‘pishini orzu qilardim.
– Bu, albatta, g‘aroyib, – javob berdim men.
Shunda u yuzini burishtirdi, lablarini cho‘chchaytirdi va u men shu lahzada qizning o‘pich istayotganligini angladim.
Ortimga qayrilganimda nima tomosha bo‘layotganini ko‘rish uchun odamlar yig‘ilib qolganini ko‘rdim. Menimcha, qutulib qolishning iloji yo‘q.
«Xo‘sh, – dedim o‘zimga o‘zim, – haqiqiy erkak bo‘lishning vaqti keldi». Vaqt bo‘ldi. Uning yoniga bordim va o‘pdim. Sandrina qo‘llari bilan orqamdan ushlab oldi va ogohlantirmasdan saqichini og‘zimga o‘tkazib yubordi. Hayrat aralash saqichni butunlay yutib yubordim va bu holatimdan jahlim chiqib ketdi.
Shu onning o‘zidayoq kimningdir qo‘li yelkamga tekkanini sezdim. Ha, baxtsizlik hech qachon yolg‘iz kelmaydi deyishadi: yelkam osha qarab ota-onamni ko‘rdim. Bugun yakshanba ekanligi butunlay yodimdan chiqibdi.
– Oskar, bizni qiz do‘sting bilan tanishtirmaysanmi?
– Bu mening qiz do‘stim emas.
– Mayli, nima bo‘lsa ham bizni tanishtir.
– Sandrina, bular mening ota-onam.
– Siz bilan tanishganimdan juda xursandman, – dedi xitoylik qiz shirin tabassum bilan.
Ota-onamning oldida Sandrina o‘zini shunday sipo tutdiki, bu mening jahlimni chiqardi.
– Oskar, Sandrina biz bilan birga xonangga borishini istaysanmi?
– Yo‘q. Sandrina shu yerda qoladi.
Yotoqqa borganimda charchoqni his qildim va bir muddatga uxlab qoldim. Hali ham ota-onam bilan gaplashishni istamasdim.
Uyg‘onganimda, ular menga sovg‘alar olib kelishganini ko‘rdim. Shifoxonada qolib ketganimdan beri ota-onam uchun men bilan gaplashish qiyinlasha boshladi, shu-shu, ular menga turli sovg‘alar olib berishar va biz kunni o‘yin qoidalarini va foydalanish usullarini o‘qish bilan o‘tkazardik.
Otam qo‘rqmasdan qo‘llanmalarga hujum qila boshlaydi – xoh ular turk tilida bo‘lsin, xoh yapon, bu uning qo‘llanmani o‘qish shashtidan qaytarolmasdi. Nima taklif qilishingizning ahamiyati yo‘q, uni qo‘llanma bilan qoldirsangiz bo‘ldi. Agar yakshanbani o‘tkazish kerak bo‘lsa, bu borada otamning oldiga tushadigani yo‘q.
Bugun otam menga CD-pleyer olib kelibdi. Bunday ajoyib sovg‘adan keyin o‘zimni risoladagidek tutmasam, uyat bo‘ladi.
– Siz kecha kelmaganmidingiz? – birdan yodimga tushib so‘radim.
– Kecha?! Biz faqat yakshanba kunlari kela olamiz-ku, Oskar. Bu gapni qayerdan olding?
– Kimdir mashinangizni avtoturargohda ko‘ribdi.
– Albatta, butun dunyoda bitta-yu bitta qizil jip bor. Barchasining ko‘rinishi bir xil, axir.
– Ha, ularning ko‘rinishi bir xil. Ota-onadan farqli o‘laroq. Afsus…
Bu gapim bilan men ularni joylariga mixlab qo‘ygandek bo‘ldim. Keyin pleyerni oldim va ularning ko‘z oldida to‘xtovsiz ikki marta «Qarsildoq»ni tingladim. Ota-onam hech bir so‘z demasdan ikki soat menga termilib o‘tirishlariga to‘g‘ri keldi. Ularga shunday qilish kerak edi.
– Senga yoqdimi?
– Ha. Uyqum kelyapti.
Ular ketishlari kerakligini tushundilar. Bugun otam-onam o‘zlarini yonimda ancha noqulay his qilishdi. Shundanmi, ikkovlari birdaniga oyoqqa turdilar. Ular menga biror gap aytishni istashlarini, lekin aytishga tillari aylana olmayotganligini sezdim. Ota-onamning azoblanishini ko‘rish menga huzur bag‘ishladi. Endi ularning navbati kelgandi.
Keyin onam menga yaqin kelib, yelkamdan qattiq ushladi, juda qattiq va titroq ovoz bilan dedi:
– Seni yaxshi ko‘raman, mening kichik Oskarim, men seni juda-juda yaxshi ko‘raman!
Onamning ko‘zlarida yosh ko‘rib, ularning mehr-muhabbatlariga to‘la bo‘lgan kunlarimizni esladim. O‘sha vaqtlar «Men seni yaxshi ko‘raman, Oskar», degan so‘zlari xotirjamlikka to‘la bo‘lib jaranglardi.
Shundan keyin yana uxlashimga to‘g‘ri keldi.
Roza buvi – uyqudan erta turish bo‘yicha chempion. Ko‘zlarimni ochishim bilanoq, u har doim shu yerda bo‘ladi. Shu vaqtning o‘zidayoq uning tabassumi ham shay turadi.
– Shunday qilib, ota-onang borasida nima deya olasan?
– Natija odatdagidek nolga teng. Lekin ular menga «Qarsildoq»ning yozuvini hadya qilishdi.
– «Qarsildoq»?! Ha, bu juda qiziq. Mening shunday laqab olgan dugonam bor edi. Ajoyib chempion. Oyoqlarini siqib qo‘yib, har qanday raqibining bo‘ynini sindira olardi. Xo‘sh… Moviy Peggi-chi, u bilan ko‘rishdingmi?
– U haqda eslatmang. Peggi Popkornni tanladi.
– Uning o‘zi senga shunday dedimi?
– Yo‘q, Popkorn aytdi.
– Aldayapti!
– Menimcha, unday emas. Ishonchim komilki, u Peggiga ko‘proq yoqadi. Popkorn kuchli va bu unga bo‘lgan ishonchni kuchaytiradi.
– Senga aytyapman, aldayapti! Men kichkina sichqoncha kabi ko‘rinishim mumkin, ammo ringda hajmi kit yoki gippopotamniki kabi bo‘lgan sportchilarni yutishimga to‘g‘ri kelgan. Olxo‘rilik zapekankani olaylik – irlandiyalik, vazni bir yuz ellik kilogramm, qorni juda och bo‘lganida shuncha og‘irlik bosadi, yelkalari mening boldirlarimdek, mushaklari son go‘shti kabi va sonlarini ushlashga quchog‘ing yetmaydi. Hech qanday bel yo‘q deyaver – ushlab urish uchun hech narsa yo‘q. Yengilmas!
– Siz nima qildingiz?
– Agar ushlab olishingga yo‘l bo‘lmasa, demak, u yumaloq narsa bo‘ladi va raqibingning bu holati uni dumalatish kerakligini anglatadi. Men uni holdan toyguncha yugurtirdim, keyin bir zarba bilan Olxo‘rili zapekankani ag‘dardim. Keyin uni o‘rnidan turg‘azish uchun ko‘targich kerak bo‘lgan. Kichkintoyim Oskar, sening suyaklaring yengil, kam bifshteks yegansan, bu aniq, lekin joziba suyak yoki go‘shtga bog‘liq emas, u yurakdan keladi. Yurakdan keladigan narsani oladigan bo‘lsak, senda undan ko‘pi bor.
– Mendami?
– Moviy Peggining oldiga bor va unga yuragingda nima bor bo‘lsa, barchasini to‘kib sol.
– Biroz charchadim.
– Charchadingmi? Bu soatda sen nechaga to‘lding? O‘n sakkiz yoshgami? O‘n sakkiz yoshda kishi charchoqni bilmasligi kerak.
Roza buvi nima deyishni biladi, darhol quvvatga to‘la boshladim.
Allaqachon qorong‘i tushgandi va har qanday shovqin zulmatdan qaytib eshitilgandek bo‘lardi, yo‘lakdagi linoleum oy nurida yaltirardi. Men Peggining palatasiga kirdim va unga pleyerimni uzatdim.
– Mana, ol. «Qor parchalari valsi»ni tinglab ko‘r. Bu juda chiroyli! Men uni tinglaganimda, sen haqingda o‘ylayman.
Peggi «Qor parchalari valsi»ni tinglardi. U jilmayar, vals uning dugonasi singari kulgili bir gapni quloqlariga pichirlagandek bo‘lardi.
Peggi menga pleyerni uzatdi va dedi:
– Chiroyli.
Bu uning birinchi so‘zi edi. Haqiqatda ajoyib-a?
– Moviy Peggi, shuni aytmoqchi edimki, seni operatsiya qilishlarini xohlamayman. Shundoq ham juda chiroylisan. Senga ko‘k rang yarashadi.
Gaplarim unga yoqqanini payqadim. Bu gaplarni unga yoqish uchungina aytmadim, lekin bu Peggiga juda yoqdi.
– Oskar, meni arvohlardan aynan sen himoya qilishingni istayman…
– Menga ishonishing mumkin, Peggi.
Juda faxrlanib ketdim o‘zimdan. Axir, oxir-oqibat g‘alaba qozongandim-da!
– Meni o‘p.
Bu barcha qizlarning oddiy istagi. Lekin Peggi xitoylik qiz kabi emas. U yomon qizlarga o‘xshamaydi, Peggi menga yonog‘ini tutdi va men chindan ham uni o‘pganimdan xursand edim.
– Ko‘rishguncha, Peggi.
– Ko‘rishguncha, Oskar.
Shunday qilib, Xudojon, kunim shunday voqealarga boy bo‘ldi. O‘smirlik davrida ko‘ngilga yoqadigan narsalar kam bo‘lishini tushunaman. Bu oson emas. Lekin oxir-oqibat yigirma yoshga yetgunga qadar hammasi hal bo‘lib ketadi. Shuning uchun senga bir iltimos bilan murojaat qilmoqchiman: kelajakda Peggi bilan turmush qurishni istayman. Oila qurish ma’naviy sohaga, sening idorangga bog‘liq ekanligiga ishonchim komil emas. Sen bunday tilakni amalga oshira olasanmi? Chunki bilishimcha, bu holatda ko‘proq nikoh uyiga murojaat qilishadi. Agar bo‘limingda bu amalga oshirilmasa, iltimos, bu haqda menga imkon qadar tezroq xabar ber, shunda istagimni yanada mos keladigan shaxsga yo‘naltira olaman. Seni shoshirishni istamayman, lekin eslatib o‘tmoqchimanki, vaqtim biroz kamroq. Shunday qilib: Oskar va Moviy Peggining to‘yi. Ha yoki yo‘q. Agar sen buni uddalay olsang, juda zo‘r bo‘lardi.
Ertagacha. O‘pib qolaman,
Oskar..
P.S. Haqiqatda ham, sening manziling qayerda?
Xudojon!
Ko‘rib turganingdek, turmush qurdim. Bugun dekabr oyining yigirma birinchi sanasi, men o‘ttiz yosh sari qadam qo‘yyapman va oilaliman. Bolalarga kelsak, biz Peggi bilan buni vaqtning hukmiga tashladik. Aslida, menga u hali tayyor emasdek tuyuldi.
Hammasi kecha kechasi sodir bo‘ldi.
Soat birlarga yaqin menga Peggining hayqirig‘i eshitildi. O‘rnimdan sakrab turib ketdim. Arvohlar! Ular Moviy Peggini qiynashyapti, men esa uni qo‘riqlashga va’da bergandim. Peggi meni va’dasini bajarmaydigan ahmoq deb o‘ylaydi va endi bir so‘z ham aytmaydi. Bu borada esa u haq bo‘ladi.
Yuqoriga ko‘tarildim va ovoz kelgan tomonga yugura boshladim. Moviy Peggining xonasiga yetib borganimda Peggi to‘shakda o‘tirganini va menga hayrat bilan qarayotganini ko‘rdim. Men ham hayratda qotib qolgandek ko‘ringan bo‘lsam kerak, chunki Moviy Peggining og‘zi yopiq edi, lekin hayqiriqlar to‘xtamasdi.
Shunday qilib, keyingi eshik oldiga bordim va to‘shakda kuyishdagi azoblar tufayli hayqirayotgan Bekonni ko‘rdim. Bir lahzaga vijdon azoblari uyg‘ondi, yong‘in uyushtirgan kunimni esladim: uyda olov ko‘tarilgandi, mushugim ham, itim ham, hatto oltin baliqlarim ham qovurilib qolgandi. Natijada ular pishib qolishgan bo‘lishsa kerak deb o‘ylayman. Men ular nimani boshdan o‘tkazishganini tasavvur qildim va o‘yladim: barchasi bundan ham yomon yakun topishi mumkin edi – teri ko‘chirib o‘tkazilishi va har qanday malhamlarga qaramasdan Bekonda bo‘layotgani kabi azob beruvchi xotiralar va og‘riqli kuyishlar.
Bekon to‘p kabi o‘ralib oldi va nola qilishni to‘xtatdi. Men Moviy Peggining oldiga qaytib keldim.
– Shunday qilib, bu sen emasmiding, Peggi? Men har doim kechasi qichqirayotgan sen bo‘lsang kerak, deb o‘ylardim.
– Men esa sen deb.
Ikkalamiz ham uzoq vaqt davomida boshqa narsa haqida o‘ylaganimizni anglab, sodir bo‘lgan voqea haqida boshqa to‘xtalmadik.
Moviy Peggi yanada moviylashdi, bu uning juda xijolat bo‘layotganini anglatardi.
– Endi nima qilmoqchisan, Oskar?
– Sen-chi, Peggi?
Aqldan ozish mumkin, biz qanchalik o‘xshashmiz: bir xil fikrlar, bir xil savollar.
– Bu yerda men bilan uxlashni xohlaysanmi?
Qizlar – ajoyib bo‘lishadi. Menda bunday iboralar soatlar, haftalar, oylar mobaynida ularni aytib chiqarishga muvaffaq bo‘lmagunimcha miyamda aylangan bo‘lardi. Peggi esa buni tabiiy, juda oddiy e’lon qildi.
– Mayli.
Uning yoniga yotdim. Biroz tor edi-yu, lekin xursandchiligimizga arzirdi. Moviy Peggidan yong‘oqlar ifori kelardi, qo‘limning orqa tomonida bo‘lgani kabi, uning butun tanasidagi terisi juda nozik edi. Bir-birimizga qarab uxladik, birga orzu qildik, hayotimiz haqida bir-birimizga gapirib berdik.
Ertasi kuni ertalab katta hamshira madam Gomet bizni bir o‘rinda yotganimizni ko‘rganda, bu yerda albatta, haqiqiy fojia boshlandi. U hayqirib yubordi, navbatchi hamshira ham, ular goh Peggining ustida, goh mening ustimda hayqirishar, eshiklarni ochib-yopishar, hammani guvohlikka chaqirar, bizni «baxtsiz bolalar» deb aytishardi. Ammo biz juda baxtli edik. Nihoyat, Roza buvi bu konsertni to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi.
– Siz bu bolalarni tinch qo‘yasizmi yoki yo‘q? Kimga xizmat qilasiz o‘zi – bemorlargami yoki tartibga? Tartibingizga tupurdim! Endi esa jim bo‘ling! Vahima ko‘tarish uchun o‘zingizga boshqa joy toping! Bu yer sizga bozor emas!
Rozi buvi ishga aralashgandan so‘ng har doimgidek e’tirozlar kuzatilmadi. U meni xonaga olib bordi va qisqa vaqtga uyquga ketdim.
Uyg‘onganimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan voqeani muhokama qildik.
– Shunday qilib, Oskar, Peggi bilan hammasi jiddiymi?
– Ha, Roza buvi, hammasi jiddiy va shunchaki ajoyib. Men baxtliman. Bu kecha biz u bilan turmush qurishga ahdlashdik.
– Turmush qurishga?!
– Ha. Bu haqda jiddiy gaplashib oldik.
– Hali shundaymi?
– Siz meni kim deb o‘ylayapsiz, Roza buvi? Soat necha bo‘lganini bilasizmi? Men allaqachon yigirmaga to‘ldim, tushunganimcha hayotimni qurishga harakat qilyapman.
– Oskar, sen bilan faxrlanaman!
Biroz uxladim. Uyg‘ongach, Roza buvi bilan birgalikda tushlik qildik va men o‘zimni ancha yaxshi his qildim.
– Aqldan ozish mumkin, ertalab qanday charchagan edim.
– Bu odatiy holat, yigirma-yigirma besh yoshlarda kechasi sayr qilish, bayramlar uyushtirish, ko‘cha hayoti bilan bog‘lanish va ayni paytda umuman yo‘q kuchlarni avaylamaslik. Buning uchun to‘lov amalga oshirish kerak. Quloq sol, yur, Xudoni ko‘rib kelamiz.
– Zo‘r-ku, sizda uning manzili bormi?
– O‘ylaymanki, biz uni cherkovdan topa olamiz.
Roza buvi meni Shimoliy qutbga borayotgandek kiyintirdi, yelkalarimdan ushladi va shifoxona parkining tubida joylashgan, muzlagan maysazorlar bor yerga olib bordi, uning qayerda joylashganligini nega senga tushuntirshga harakat qilyapman, axir bu sening manziling-ku.
Haykalni ko‘rganimda qotib qoldim, nihoyat, sen qanday holatda ekanligingni ko‘rdim, deyarli butunlay yalang‘och, ozg‘in, hamma joyingda yaralar, peshonangda tikanlardan qolgan qonlar, boshing esa kuchsiz egilgan edi. Bu narsa o‘zim haqimda o‘ylashga majbur qildi. Menda norozilik uyg‘ondi. Agar men sen kabi Xudo bo‘lganimda, o‘zimni shu ko‘yga solishlariga yo‘l qo‘ymagan bo‘lardim.
– Roza buvi, to‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, siz kurash bilan shug‘ullangansiz, buyuk chempion bo‘lgansiz, bunga ishonishingiz mumkin emas, to‘g‘rimi?
– Nima uchun, Oskar? Agarda sen katta mushaklarga ega, yaltiroq terili, kurashchi kiyimidagi sport ustasini ko‘rganingda Xudoga ko‘proq ishongan bo‘larmiding?
– Bilmasam…
– O‘ylab ko‘r, Oskar. Senga kim yaqinroq: hech narsa his qilmagan Xudomi yoki azob chekkanimi?
– Albatta, azob chekkani yaqinroq. Agar men Xudo bo‘lganimda edi, u kabi imkoniyatlarim bo‘lganda edi, azob-uqubatlardan chetlanishga harakat qilardim.
– Hech kim azob-uqubatlardan qochib qutula olmaydi. Na sen, na men va na ota-onang.
– Yaxshi. Roziman. Lekin nima uchun azob chekishimiz kerak?
– Aynan. G‘amdan g‘amning farqi bor. Uning yuziga diqqat bilan qara. Nazar sol. U azob-uqubat chekkandek ko‘rinyaptimi?
– Yo‘q. Hatto, bu u uchun og‘riqli emasdek tuyulyapti.
– Ha, to‘g‘ri. Ikki turdagi azobni farqlay bilish kerak, kichkintoy Oskar – jismoniy azob-uqubat va ruhiy azob-uqubat. Jismoniy azob – bu sinov. Ruhiy azob esa tanlovdir.
– Tushunmayapman.
– Agar oyoqlaring yoki bilaklaringga mixlar qoqishsa, og‘riqni boshdan kechirishdan o‘zga hech bir chorang qolmaydi. Sabr qilasan. Aksincha, o‘lim haqida o‘ylaganingda esa og‘riqni boshdan kechirishing shart emas. Buning nima ekanligini bilmaysan. Shunday qilib, bu o‘zingga bog‘liq bo‘ladi.
– Siz o‘lim haqidagi fikrlar ularni quvontiradigan insonlarni bilasizmi?
– Ha, bunday odamlarni bilaman. Onam shunday edi. O‘lim to‘shagida uning lablarida tabassum paydo bo‘ldi, u buni kutgandi, sabrsizlik ko‘rsatardi, sodir bo‘lishi kerak bo‘lgan haqiqat unga oshkor bo‘lishini istardi.
Roza buvining gaplariga qarshi hech qanday qarshi fikrim qolmagandi. Keyinchalik nima bo‘lishi qiziqtirgani uchun o‘zimga eshitganlarim haqida biroz o‘ylab ko‘rishga ruxsat berdim.
– Lekin odamlar ko‘pincha qiziqish hissidan mahrumdirlar, – dedi Roza buvi. – Ular o‘z qobiqlariga o‘ralib olishadi. Misol uchun, Olxo‘rili Zapekankani olaylik, irlandiyalik raqibimni – och qoringa – bir yuz ellik kilogramm chiqadi, bu hali ichimlik ichishidan avval. U har doim menga: «Kechirasan, lekin o‘lishni istamayman, rozi emasman, bunga imzo chekmaganman», derdi. U adashgandi. Axir hech kim uni hayot abadiy bo‘lishi kerakligiga ishontirmagan, hech kim! Lekin o‘zi bunga qattiq ishonar, isyon ko‘tarar, ketishning muqarrarligi haqidagi fikrlarga qarshi chiqar, g‘azablanardi. Natijada tushkunlikka tushdi, vaznini yo‘qotdi. Kurashni tark etdi, o‘ttiz besh kilogina yuk bosadigan bo‘ldi, xuddi baliq skeletlari kabi va oxir-oqibat, sinib qoldi. Tushunyapsanmi, u o‘ldi, dunyodagi hamma kabi vafot etdi, lekin o‘lim haqidagi fikr uning hayotini zaharlagandi.
– Olxo‘rili Zapekanka ahmoq bo‘lgan ekan, to‘g‘rimi, Roza buvi?
– Qishloq kulebyakasi[2 - Kulebyaka – cho‘zinchoq katta somsa.] kabi. Lekin buni juda kam uchraydi deb ham bo‘lmaydi. Odatda, tez-tez uchrab turadigan holat.
Bu o‘rinda men Roza buvining fikrini ma’qulladim va unga to‘liq rozi bo‘ldim.
– Odamlar o‘limdan qo‘rqishadi, chunki ular noma’lumlikdan qo‘rqishadi. Lekin noma’lumlikning o‘zi – aslida nima? Oskar, men senga qo‘rqmaslikni va ishonishni taklif qilaman. Xochga mixlangan Xudoning yuziga qara: u chekayotgan jismoniy azoblariga sabr qilmoqda, lekin ruhiy azobni boshdan kechirmayapti, chunki uning ishonchi bor. U «Bu menga og‘riq yetkazmoqda, lekin bu ruhiy og‘riq yetkaza olmaydi», deya o‘ziga o‘zi takrorlaydi. Mana shunday! Ishonch keltiradigan yaxshilik aynan shunda. Men senga aynan shuni ko‘rsatmoqchi edim.
– Mayli. Roza buvi, agar qo‘rquv meni yengib chiqsa, ishonchni uyg‘otishga harakat qilaman.
U meni quchoqladi. Aslida, Xudojon, men ushbu bo‘sh cherkovda, sening yoningda o‘zimni juda xotirjam, juda yaxshi his qilardim. Xonaga qaytib kelgach, uzoq vaqt uxladim. Kundan kunga yanada ko‘proq uxlayapman. Go‘yo hech qachon uxlamagandek. Uyg‘onganimdan keyin Roza buviga aytdim:
– To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, noma’lumlikdan qo‘rqmayman. Tanigan insonlarimni qachondir yo‘qotishim meni qiynoqqa solmoqda.
– Fikringga qo‘shilaman, Oskar. Moviy Peggini birgalikda choy ichishga chaqirmaymizmi?
Rozi bo‘ldim. Moviy Peggi ham biz bilan choy ichdi, ular Roza buvi bilan juda tez til topishdi, bizni Roza buvining Jiklett opa-singillari bilan bo‘lgan jangi haqidagi hikoya juda qiziqtirdi, bu bir kishi o‘rniga o‘tishga harakat qilgan uch opa-singillar to‘g‘risidagi hikoya edi. Har bir turdan so‘ng, opa-singillardan biri raqibini holdan toydirgandan so‘ng, hojatga borishi kerakligini bahona qilib ringdan sakrab chiqar va singillari bilan o‘rin almashardi. Ular bu ayyorlikni har safar takrorlashardi.
Muxlislar faqat bittagina charchoq bilmas Jiklett borligiga ishonardilar. Roza buvi ularning hiylalarini fosh qilishga muvaffaq bo‘lgan, u raqibining ikki singlisini hojatxonaga qamab, kalitni derazadan tashqariga tashlab yuborgan; qolgani bilan esa jangni oxirigacha davom ettirgan.
Keyin Roza buvi ketdi. Hamshiralar men va Peggiga xuddi hozir portlaydigan bombalarga qaragandek qarashardi. Axir men o‘ttiz yoshga to‘ldim!
Shunaqa gaplar, Xudojon. Bugun sendan nima so‘rashni bilmayapman, chunki bugungi kun ajoyib edi. Ha, aytgancha, ertaga Moviy Peggining operatsiyasi yaxshi o‘tishi uchun biror narsa qil. Meniki kabi emas, nimani aytayotganimni tushunayotgan bo‘lsang kerak.
Ertagacha. O‘pib qolaman,
Oskar..
P.S. Menimcha operatsiyalar ruhiy azoblarga taalluqli emas, ehtimol, buning yechimi sening manzilingda topilmas. U holda operatsiya natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Moviy Peggi uni yaxshilik sifatida qabul qilishini istayman. Men senga ishonaman.
Xudojon!
Bugun Peggini operatsiya qilishdi. Men bu orada o‘n dahshatli yilni o‘tkazib yubordim. O‘ttizdan oshgan kishiga qiyin, bu – ayni tashvishlar va javobgarlik yoshi.
Aslini olganda, Peggi bu kecha umuman oldimga kela olmasdi, chunki navbatchi hamshira madam Dyukryu uni anesteziyaga tayyorlash uchun palatada qoldi. Peggini soat sakkizda zambilga yotqizishdi. Uni qanday olib ketishayotganini ko‘rib, yuragim pora-pora bo‘ldi. Peggi juda kichik va ozg‘in bo‘lib, zumrad-yashil choyshablar orasidan uni ajratib olish qiyin edi, hatto.
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию (https://www.litres.ru/book/erik-emmanuel-shmitt/oskar-va-pushti-xonim-68991184/chitat-onlayn/?lfrom=390579938) на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.
notes
1
Professional kurashning bir turi.
2
Kulebyaka – cho‘zinchoq katta somsa.